Mening aziz bir do‘stim bor.
Nima haqda yozishimni bilmay, bir kuni ishxonada xunob bo‘lib o‘tirgan edim, bir odam kirib keldi. Kirdi-yu, yugurib oldimga kelib, peshanamdan cho‘lpillatib bir o‘pdi.
— Qoyilman, mard yigit ekansan! — deya hayqirdi u.
Mardligim o‘zimga ham ma’lum bo‘lgani uchun iltifotiga e’tibor bermadim. U gapida davom etdi:
— O‘zing ham zap yozuvchisan-da. Qalamingdan zahar tomib turadi-ya!
Zahar tomib turadigan qalamim uchun bir kuni zaqqum yutishim mumkinligini o‘sha kezda butunlay unutib, shirin so‘zlariga mahliyo bo‘lib qoldim.
— Boplayver bu xumparlarni! Qancha ursang, shuncha oz ularga! Bu yaramaslarga faqat sening qalaming bas keladi. Aslo tap tortma! Ha, dadil bo‘laver!
Shu-shu u bilan inoqlashib ketdik. Eh, harqalay biz shirin gapning qulimiz-da.
Faylasuflar odam bolasiga turlicha ta’riflar berishgan. Lekin mening o‘ylashimcha, odam — bu o‘zini inson deb yurgan eshakning o‘zi. Nega desangiz, o‘shanda men odamligimga bordim. Do‘stimning shirin gaplariga uchib, qalamimga yana zo‘r berdim. Hali-hali esimda — ertasi kuni prokurorga ro‘para bo‘ldim. Undan bir amallab qutulib kelayotgan edim, mendan maslahatini ayamagan boyagi oshnamni ko‘chada ko‘rib qoldim. U meni ko‘rmadi.
Yonidagi ikkita sherigiga uqtirayotgan gaplari qulog‘imga chalindi:
— Shunaqa ham yozib bo‘ladnmi, azizim?! Axir bu xiyonat-ku! Axir u ajnabiy odam emas-ku!
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Bir kuni o‘sha oshnam o‘pkasini qo‘ltiqlaganicha oldimga yugurib keldi. Oldingidan ham zo‘rroq mehribonlik bilan bo‘ynimga osildi:
— Kechagi feletoningni rosa miriqib o‘qidim, do‘stim. O‘ziyam antiqa chiqibdi. Qalamingga xudo quvvat bersin. Vatanimizni sizlar qutqarib qolasiz. Aslo bo‘sh kelma, dadil yozaver.
Chindan ham odam degani o‘zini inson hisoblab yurgan eshakning o‘zginasi ekan. Vatanimizning omon qolishi mening feletonlarimga bog‘liq ekan-da, dedimu, yozadiganimni yozib tashladim. Bu gal bir emas, ikki politsiyachi oyog‘imni yerga tekkizmay o‘tirgan joyimdan to‘g‘ri tergovga olib bordi. So‘roq berib qaytar chog‘imda yana oshnamning hasratini eshitib qoldim. U yonidagi odamga zo‘r berib gapini ma’qullayotgan edi:
— Afandim, mamlakatdagi ahvolni yaxshilash kelib-kelib shunga qolibdimi? Bunaqa ishga tumshug‘ini suqib nima qiladi? Har kim o‘zining chegarasini bilishi kerak-da, axir. Chegaradan tashqari chiqishga hech kimning haqqi yo‘q. Bunaqa qilaversa tergovga tushish emas, dorga osilishi hech gap emas-a!
Bu safar ham jazodan omon qoldim. Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deganlaridek, endi ancha ehtiyot bo‘lib, yo‘q narsalarni yozib yurdim.
Eshitsam, aziz do‘stim yana mendan rozi emasmish.
— Bilamiz, biz bunaqa odamlarni, — deb yurganmish u. — Bir cho‘qishlik holi bor ekan, mana endi adoyi tamom bo‘ldi. Bunday yozuvchilar bir marta yalt etadi-yu, keyin so‘nib ketadi. Bo‘lmasa ikki marta tergovga tushdim, deb allaqayoqdagi bo‘lmag‘ur narsalarni yozib yurarmidi.
Ilojim qancha, do‘stimning gapi to‘g‘ri. Bir payt o‘zi ham kelib qoldi.
— Bu xomkallalar hajviya nimaligini tushunishmaydi. Sen, oshnam, yozuvingdan qolma. Ha, dadil bo‘l, bir gap bo‘lsa, bu yoqda biz bormiz, — dedi u.
Dalda bergani uchun minnatdorchilik bildirdim. Modomiki orqamizda suyanadigan shunaqa zo‘r tog‘ bor ekan, suyanamiz-da. Ertasiga to‘ppa-to‘g‘ri politsiya qo‘liga tushdim.
Qamoqdan chiqqan kunim ko‘chada do‘stimga ro‘para keldim. Suyunganimdan bag‘rimga bosay deb, o‘zimni tashlagan edim, lip etib gavdasini chetga oldi. Zarb bilan borib do‘kon oynasiga urildim. O‘zimga kelib qarasam, oshnam tushmagur juftakni rostlab qopti.
Endi ehtiyot bo‘lib, yengilroq yozmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Shunday qildim ham.
— Ha, endi, ertami-kechmi shunaqa bo‘lishi kerak edi. Esiz, esiz, bu bechora ham pulga uchib, sotilib ketibdi-da, — do‘stim shunaqa deb menga achinib yurganmish.
Do‘stlarimni hech xafa qilgim kelmaydi. Yana qalamimga zo‘r berdim. Birinchi gal yengil qutuldimu, lekin ikkinchisida oyog‘im osmondan keldi.
Ancha vaqt ishsiz tentirab yurdim, kirmagan ko‘cham, uchramagan idoram qolmadi. Oxiri ming azobda bir joydan zo‘rg‘a ish topdim. Sal o‘zimga kelib, orqa-o‘ngimni endi olib yurgan edim, yana o‘sha oshnam ko‘rinib qoldi.
— Qoyilman senga, juda serg‘ayrat, juda botir odam ekansan. Azizim, sen yo‘qni bor qiladigan kishisan, — deya sayrab ketdi, so‘ngra men bilan xayrlasha turib qo‘shib qo‘ydi. — Bilasanmi, shu kunlarda bir oz puldan siqilib yuribman. Menga yuz lira topib berolmaysanmi?
Do‘stimga ko‘proq yordam ko‘rsatolmasligim uchun uzr aytib, so‘raganini berdim.
— Asti qo‘rqma, orqaga chekinma, sening qilayotgan ishing — bu xalq ishi, — dedi u chiqib ketayotib.
Men ham orqaga chekinmadim. Oqibat shu bo‘ldiki, bu gal meni to‘ppa-to‘g‘ri qamoqqa tiqib qo‘yishdi.
Meni ko‘rgani kelgan bir o‘rtog‘im yo‘lda do‘stimni uchratganini gapirib berdi.
— Afandim, — debdi u o‘rtog‘imga, — unga ko‘p nasihat qildik, gapimizga kirmadi. Har bir ishning o‘z mavrudi bo‘ladi. Ko‘ngling nimani istasa, shuni yozishing mumkin, lekin yo‘li bilan, mavridi bilan qilish kerak-da. Mana oqibati nima bo‘ldi: qulog‘idan cho‘zib, avaxtaga tiqib qo‘yishdi.
Men chinakam do‘st, asl og‘ayni mana shunaqa bo‘lishi, yuragida bor gapni ochiq-yoriq aytishi kerak, deb hisoblayman.
Qamoqdan qutulib chiqqanimdan keyin ancha vaqtgacha ish qidirib tentirab yurdim. Nihoyat, bir joyga o‘rnashdim. O‘zimga o‘zim «ishqilib bu yog‘iga ehtiyot bo‘l» dedim-da, ishni boshlab yubordim. Qalamim ham joyida, qimirlab turibdi. Umringdan baraka topkur do‘stim bir mahal mendan xabar olgani kelib qoldi.
— Buyursin, do‘stim, buyursin, — dedi u meni ko‘ra solib. — Joying o‘zingga yarashib turibdi. Yozishni faqat senga chiqargan, senga. Bu yog‘iga yozaver endi, ha, yozaver. Sening yozgan narsalaringni xalq o‘z fikrining ifodasi deb bilmoqda. — Keyin ikki qo‘lini baland ko‘tarib, xonada o‘tirganlarga eshittirib hayqirdi: — Sen dono odamsan, afandim, donosan.
Keta turib «Ishimning mazasi yo‘qroq…» deya gap boshlagan edi, bu yog‘ini eshitib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmay, darrov yonimni titkilab ko‘rdim.
— Aybga buyurmaysan, do‘stim. Ikki yuz lira pulim bor ekan, shuni baham ko‘ramiz.
Jahli chiqqanga o‘xshadi:
— Hazilingni qo‘y, azizim. Senga xudo yetkazsin. Menga sal ko‘proq pul kerak edi.
— Yuz ellik lira yetadimi?
— Hammasini beraver.
— Mayli, ola qol. Menga atigi o‘n lirasini qoldirsang bas.
— Unaqa qilma, do‘stim. Hammasini beraver.
— Xudo haqqi, yonimda boshqa pul yo‘q. Loaqal o‘zimda besh lira qolsin.
— Iloji yo‘q-da, azizim. Juda zarur menga.
— Mayli undoq bo‘lsa ola qol. Menga kechki ovqatga ikki yarim lira bersang bo‘ladi.
— Iya, shuncha pul ishlab, kuning ikki yarim liraga qoldimi?
— Nima qilay, xonasi shunaqa bo‘lib qoldi. Xo‘p, bu yog‘ini bir iloj qilarman, sigaretga yetadigan qilib qoldirsang bo‘lar.
Do‘stimni jo‘natgach, qilgan nokasligim uchun o‘zim uyalib ketdim. Unga ko‘proq yordam ko‘rsatsam arzimaydimi?
Shu zaylda o‘zimga o‘zim dashnom berayotgan edim, to‘satdan do‘stim tutaqib kirib qoldi:
— Bu nima qilganing? Puling yuz sakson ikki yarim qurush kam-ku?!
Lovlagidek qizarib ketdim.
— Kechirasan, uzr. Lekin o‘zim ham qancha berganimni bilmay qolibman.
— Qani, qolganini bu yoqqa cho‘z! — deb o‘shqirdi u.
O‘shqirsa, haqqi bor, bergan pulim kam chiqibdi. Yetmaganini bittasidan qarz olib berdim. U keta turib, nasihat qilishni unutmadi:
— Qalamingni charxla, tig‘i o‘tkir bo‘lsin, bu vijdonsizlarning ko‘ksiga xanjar bo‘lib botsin!
Qalamim haddan tashqari o‘tkir bo‘lib ketgan ekan shekilli, bu gal men ishlab turgan gazetani yopib, o‘zimni yana avaxtaga tiqishdi.
Temir panjarali kamerada yotibmanu, lekin do‘stimning barcha gaplari varaqa singari menga yetib turibdi.
— Battar bo‘lsin, — debdi u mening qamalganimni eshitib, — chegaradan chiqib ketishni kim qo‘yibdi unga. O‘zing bir mijg‘ov yozuvchi bo‘lsang. Qadamingni bilib bos-da, zang‘ar. Orqa-o‘ngingga qaramay, nima qilib qo‘yding asti? Bilasanmi, bu zamonda avval u yoq-bu yoqqa qarab olib og‘iz ochish kerak-da! Til degan suyaksiz narsa, qo‘yib bersa nimalar demaydi u. Tilning uzuni— boshning kaltagi. Mana endi jazosini tortsin, bu xomkalla. Zora endi aqli kirsa!
Nachora, do‘stim tamoman haqli. Jazomni tortishim kerak ekan, tortdim. Qamoqdan qutulib chiqqanimda endi jazo tortadigan holim qolmagan edi.
To‘g‘ri chiqib, do‘stimning oldiga bordim.
— Og‘ayni, juda nozik paytda kelding-da, — dedi u, so‘ngra qo‘lidagi soatiga qaradi. — Bittasi bilan va’dalashgan edim, shunga borishim kerak.
Birgalashib ko‘chaga chiqdik.
— Sen qaysi tomonga borasan? — deb so‘radi mendan.
— O‘zim ham bilmayman. Qayoqqa bo‘lsa o‘sha yoqqa ketaveraman.
Do‘stim tutoqib ketdi:
— Qanaqa beqaror odamsan o‘zing? Borar joyingni bilib yursang bo‘lmaydimi.
— Azbaroyi xudo, hali o‘ylab ko‘rganimcha yo‘q edi. Manovi tomonga yursam ham bo‘ladi, — dedim chapdagi ko‘chaga ishora qilib.
— Buni qara, shu yerda ajrashar ekanmiz-da, mayli, seni yo‘ldan qo‘ymay, men bu yoqqa boraman, — dedi-da, teskari tomonga burnlib ketdi.
Uzoq vaqt ishsiz yurdim. Shu orada bir necha marta do‘stimni yo‘qlab, uyiga ham bordim. Lekin bafurja gaplashgani imkon bo‘lmadi — yo uyida bo‘lmaydi yo haddan tashqari band bo‘ladi.
Bir kuni ozroq qarz so‘ramoqchi bo‘lib uyiga bordim, lekin ancha vaqt so‘ragani tilim bormay turib qoldim.
Uch-to‘rt marta qultillatib tufugimni yutdim. Endi yurak yutib, «Sen yaqin do‘stimsan, senga aytmasam, kimga aytaman. Ikki kundan buyon ichimga bir burda ham non kirgani yo‘q» demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edim, sapchib o‘rnidan turdi, bufetga yaqinlashib bir stakanga to‘ldirib vino quydi.
— Garov o‘ynayman, umringda bunaqa vinoni tatib ko‘rmagansan, — dedi u stakanni menga uzatar ekan.
Och qoringa tushgan vino ko‘zimning ola-kulasini chiqarib yubordi.
— Shu kunlari juda toliqib yuribman, — ahvolidan nolib ketdi do‘stim. — Shu vaqtgacha uyimdan ichkilik arimagan edi. Kecha kechqurun bitta do‘ndiqcha bilan gaplashib qo‘ygan edim, bugun uyga kelmoqchi. Yaxshilab kutib olish kerak, hayronman, yonimda sariq chaqa pul yo‘q. Agar puling bo‘lsa…
— Afsus, bir mirim ham yo‘q.
— Hamma vaqt qurib yurasan-da. Mana qirq yil bo‘libdi, qachon so‘ramay, hamisha puling bo‘lmaydi.
Nima qilsamikin? Shunaqa og‘ir paytda do‘stingga yordam bermasang, qachon berasan?
Do‘stim:
— Endi bir amallab ozroq pul topib bermasang bo‘lmaydi! — degan edi, miyamga bir fikr kelib, irg‘ib o‘rnimdan turdim.
Sotib yemagan buyumlarimdan bitta avtoruchka qolgan edi, o‘shani yarim bahosiga bo‘lsa ham pullab keldim. Qo‘limga arzimagan pul tushdi, do‘stim uchun yo‘qdan ko‘ra harna-da.
— Uh, keldingmi, — eshikning oldida kutib oldi do‘stim. — Darrov borib bifshteks, do‘lma bilan ikki shisha vino olib kel!
Yugurib borib, aytganlarini keltirdim. Qornim ochganidan ko‘zim tinib ketyapti, tik turishga majol yo‘q. U eshik oldida qo‘limdagi narsalarni oldi, keyin birma-bir bularning pulini hisoblashga tushdi. Avtoruchkani qanchaga pullaganimni surishtirib bilgach, mendan so‘radi:
— Yuz o‘n qurush pul ortib qolgan bo‘lishi kerak. Qani o‘sha?
— Men aytgan mehmon xotin kelib o‘tiribdi, — dedi u mendan ortgan pulni olgach. — Bo‘lak tanishlar ham bor. Agar sen uyga kiradigan bo‘lsang…
— To‘g‘ri, kiyimim…
— Bir tomondan, kiyiming to‘g‘ri kelmaydi, ikkinchi tomondan, o‘zing bilasan, zamon nozik.
— Gaping to‘g‘ri, ilojim qancha, — dedimu betiga qaramay ketib qoldim.
Yana allaqancha vaqt sarson bo‘lib yurgandan keyin, nihoyat bir ishga kirib oldim. Gazetamizning birinchi soni chiqqan kuni do‘stim mehribonchilik qilib mendan hol-ahvol so‘ragani kelib qoldi.
— Bu safar sen shu ishning xudosi ekanligingni ko‘rsatib qo‘yding. Barakalla, sendagi bu katta kuch-g‘ayrat, qo‘lingdagi bu zo‘r qalam, yuragingdagi bu o‘chmas o‘t, sendagi bu…
Og‘ziga kelgan gapni qaytarmay, rosa bidillab bergach, bir payt botinkasnni naq burnimga tiqqudek qilib ko‘rsatdi:
— Ko‘ryapsanmi buni, shuni kiyib bo‘ladimi, axir?
— Ha, oyog‘ingni qisyaptimi?
— Iya, ko‘zing bormi, shuni kiyib bo‘ladimi axir?
O‘zimnikini ko‘rsatishga yuzim chidamay, oyoqlarimni stol ostiga yashirdim.
— Oyoqqa biror narsa olmasam bo‘lmaydi, sen endi…
— Picha sabr qilib tur. O‘zim endi ish boshlagan bo‘lsam.
— Yo‘q, o‘t-betdan pul topib bermasang bo‘lmaydi. Shu ahvolda yursam nomusga qolaman-a.
Ustiga qo‘shib berish sharti bilan tanishlardan o‘ttiz besh lira topib bergan edim, ko‘nmadi:
— Namuncha ziqna bo‘lmasang? Topgan pulingni go‘ringga olib ketmoqchimisan?
Yana bittasidan qarz ko‘tarib, qo‘liga oltmish lira tutqazdim. Ketayotib do‘stim yelkamga bir qoqib qo‘ydida, engashib qulog‘imga shivirladi:
— Seni juda yaxshi ko‘raman. Ishonaver, mening so‘zim bilan ishim bir. Azizim, sen shunday qilib yozishing kerakki, toki qalamingdan chiqqan har bir so‘z bu benomuslarning boshiga qilich bo‘lib tushsin.
Qilich faqat ularning emas, o‘zimning ham boshimga tushdi. Bo‘ladiganim bo‘ldi toza. Endi odamlar ko‘chada meni ko‘rib qolishsa chumchuqday tiraqaylab qochadigan bo‘lib qolishdi.
— Biz unga ko‘p nasihat qildik, lekin gapimizga quloq solgani yo‘q, — deya gap tarqatibdi do‘stim, — o‘zboshimchalik qildi, qadamini chakki bosdi. Qalami sal o‘tkirroq bo‘lganda ham mayli edi, yozish nimaligini bilmaydi-yu, qiladigan ishi odamlarga tuhmat yog‘dirish. Qolaversa tanish-bilishlarining ham boshini baloga qo‘ydi. O‘ziga yaxshilik istamagan odamning xalqqa yaxshiligi tegarmidi?
Go‘yo mening yozgan narsalarim mamlakatda erkinlik va demokratiya bo‘lishiga to‘sqinlik qilib turganmish. Bu yog‘ini so‘rasangiz, hukumat tepasida turgan ulug‘larimiz ozgina erkinlik in’om qilay deb turganlarida o‘rtada «lop» etib men paydo bo‘larmishmanu, hamma narsani alg‘ov-dalg‘ov qilib ketarmishman. Shundan keyin kattalarimiz erkinlik berish, demokratiya o‘rnatish fikrlaridan qaytib qolisharmish. Mamlakatda demokratiyaga xilof juda ko‘p qonunlarimiz bor-a? Shularning hammasi mening ovozimni o‘chirish uchun chiqarilgan ekan. Meni deb xalqimiz ham jabrga qolayotgan emish.
Men to‘g‘ri tanqidni tan olaman. Qolaversa, yozuvchi degan odam, agar u yaxshi asar yozmoqchi bo‘lsa, achchiq tanqidlarga ham quloq solishi kerak.
Yaqinda do‘stimdan bir xat oldim. U xatida shunday debdi: «Do‘stim, bu dunyoning ishlari o‘zingga ma’lum. Hozir zamon shunaqa — tirnoq tagidan kir qidirib yurishadi. Demoqchimanki, sening kuning menga tushmasin. Mabodo ko‘chada bir-birimiz bilan uchrashib qolguday bo‘lsak, o‘zimizni tanimaganga olib o‘tib ketaylik».
Menga shu xatni keltirgan odam do‘stim hozir ishsiz yurganligini aytgan edi, «borib ayt, ob-havoni kuzatadigan stantsiyaga uchrasin, o‘sha yerga barometr kerak ekan» deb yubordim.
Dunyoda qanday ajoyib odamlar bor-a! Vaziyatning qaltisligini ko‘rib, yoru birodarlari bilan uchrashish, ko‘ngil ochib, suhbatlashish lazzatidan mahrum bo‘ladilar. Bunaqa odamlardan qancha kerak bo‘lsa shuncha topiladi. Rostini aytsam, shu toifadagi do‘stlaring bo‘lmasa, bu o‘limtik dunyoda jindakkina yashashning ham qizig‘i qolmasa kerak.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi