Bu xotinning sochi ko‘kimtir rangga bo‘yalgan bo‘lsa ham, peshonasiga osilib tushgan uch tutami oqish ko‘rinardi. Ko‘zidan oqqan yosh betidagi bo‘yog‘ini chaplashtirib yuborgan. Ich ko‘ylagining bog‘ichi yaponcha ko‘ylakning chap yelkasidan osilib tushgan. U shu alfozda hovliqib politsiya bo‘limiga kirib keldi:
— Bolaginamdan ayrilib qoldim! Yolg‘izimni olib qochibdi! Voydod, yordam bering.
— Kim o‘g‘irladi? — deb so‘radi undan komissar.
— Erim o‘g‘irladi, komissar to‘ra, yashamagur erim!
Uning irkit yuzidan ko‘z yoshi tinmay dumalab turibdi. U eri bilan qo‘ydi-chiqdi bo‘lganini, ajralish haqida sudga ariza berganini, eri besh yashar o‘g‘li Metinni olib qochganini yig‘lab gapirib berdi.
— O‘g‘ilginamni topib bering, komissar to‘ra. Bolaginam u muttahamning qo‘lida xarob bo‘ladi!
Uning gapdon xotinligi bilinib turibdi, o‘zi ham rosa shallaqiga o‘xshaydi. Komissar uni tinchlantirib, kursiga o‘tqazgandan keyin erining turar joyini surishtirdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ikki politsiyachi bilan bir kishi va besh yoshlardagi bola ichkari kirishdi. Boyagi xotin bolani ko‘rishi bilan o‘zini unga tashladi, ammo eri ham anoyi emas ekan, bo‘sh kelmadi. Er-xotin Metinni ikki qo‘lidan ushlab, ikki tomonga tortqilay ketishdi. Uy ichi bolaning dodlab yig‘laganidan, er-xotinning qiy-chuvidan to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Metinni ajratib olishga politsiyachilarning kuchi yetmadi. Unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa tortaverganidan bolaning qo‘li chiqdi-yu, otasi qo‘yib yubordi.
Xotin bolaga bir hamla qilib, uni qo‘ltig‘idan oldida, ko‘chaga qochdi. Eri orqasidan quvlamoqchi bo‘lib bir silkingan edi, politsiyachilar ushlab qolishdi.
— Komissar afandim, — dedi u, — xotinimning kimligini bilmaysiz. Mening maqsadim o‘g‘limni yurtga foydali odam qilib tarbiyalash. Bu xotinning qo‘lida qolsa, tarbiyasi buzilib ketadi.
Komissar javob berdi:
— Bolaning yoshi beshda ekan, u onasining qo‘lida qolishi kerak.
— Axir, bu mumkin emas-ku. Sud ham bolani menga hukm qiladi. Nega deganda onasi…
U, xotini yengil oyoq bo‘lganligi uchun politsiya qo‘liga tushganligini, bunaqa xotinga bola tarbiyasini ishonib bo‘lmasligini aytdi.
Oradan o‘n besh kun o‘tdi. Er-xotin bu gal kasalxonaning oldida janjallashib qolishdi. Onasi qo‘li chiqqan Metinni kasalxonadan olib chiqayotganda, eri kelib qolib bir hamla bilan bolani olib qochdi. Xotin ham kalxatdek unga tashlandi. Metinning bir qo‘li taxtakachlanganligi uchun ona oyog‘idan, ota esa sog‘ qo‘lidan tortardi. Bu gal bolaning boshqa joyi mayib bo‘ldi — chap qo‘li yelkasidan chiqib ketdi. Olishuvda ota ustun keldi. U og‘riq azobidan chinqirib yig‘layotgan o‘g‘lini sudraganicha o‘zini tor ko‘chaga urdi. Endi bola bechoraning ikkala qo‘li ham mayib bo‘ldi. Lekin ota shunisiga ham rozi edi:
— Bu xotinning tarbiyasini olgandan ko‘ra, bolamning bir umr mayib bo‘lgani yaxshi.
Oradan bir oy o‘tdi. Kunlarning birida kechqurun ko‘cha yuzida mashina to‘xtadi. Mashinadan tushgan ayol ko‘chada o‘ynab yurgan bolalarning oldiga yugurib keldi-da, Metinga yopishdi. Lekin shu zahotiyoq qayerdandir bolaning dadasi paydo bo‘la qoldi. Bola yana arosatda qoldi, uning dod-faryodini eshitib odamlar to‘plandi.
— Bola bechorani muncha qiynaysiz, xonim, axir uni o‘ldirib qo‘yasiz-ku, — deyishdi yig‘ilganlar.
— Shu sullohning uyida qolib rasvo bo‘lgandan ko‘ra, shu yerda o‘lgani yaxshi! — deb qichqirardi onasi zo‘r berib bolaning bir oyog‘idan tortar ekan.
Metin-ku o‘lgani yo‘q, lekin olishuvda er-xotin uning ikki oyog‘idan ikki tomonga cho‘zib tortgani uchun avvaliga uning ishtoni, keyin choti yirtildi. Ona bolani bag‘riga bosib mashinaga solib qochdi.
Metin bir oy kasalxonada yotib chiqdi. Ona qo‘ltiqtayoqda chiqqan o‘g‘lini suyub bag‘riga bosdi.
— Bo‘taginam, — dedi onasi, — o‘zim xor bo‘lib yursam ham, seni, albatta odam qilaman.
Sud er-xotinning ajralish haqidagi arizasini ko‘rayotgan kuni zalda to‘polon ko‘tarildi. Xotin bolani olib qochgan erining orqasidan quvlab qoldi. Naq zinaga yetganida u eriga changal solib, bolani undan yulib oldi. Yulib oldi-yu, shu mahal oyog‘i chalishib ketib, qo‘lidagi Metin bilan birga zinadan dumalab tushdi. Boshi yorilgan bola hushidan ketdi.
Xotin o‘rnidan tura solib, o‘g‘lini bag‘riga bosganicha eshikka yugurdi. Ko‘chaga yugurib chiqishi bilan orqasidan eri yetib keldi. Biri bolaning boshidan, ikkinchisi oyog‘idan o‘ziga tortdi. Hali ham hushiga kelmagan Metin og‘riq azobini sezmas edi.
— Bolaginamni senga bermayman!
— Ko‘raman bermaganingni!
Politsiya o‘rtaga tushdi. Oxiri Metinni otasi olib ketdi.
Uzoq davolanishdan keyin Metin tuzalib chiqdi. Ba’zi jarohatlarni hisobga olmaganda, bola sog‘ edi. Ota-ona o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ikki olishuvda uning ikki qo‘li mayib bo‘ldi. Er-xotinning uchinchi to‘qnashuvida Metinning oyog‘i sinib, taxtakachlandi, singan oyoq narigisidan uch santimetr kalta bo‘lib qoldi. Ota-onaning ilgarigi jamiki olishuvlari keyingisining oldida holva edi. Boshi bilan zinadan yumalagan bola bir ko‘zidan ajraldi, o‘zi esa butunlay telba bo‘lib qoldi.
Sud bolani onaga hukm qildi. Ota hukm ustidan shikoyat yozdi, keyin natijasini kutib o‘tirmay, o‘g‘lini sobiq xotinining uyidan olib qochdi. Ammo oxirgi paytda ishi yurishmay qoldi. U ota-onasini ajratolmay qolgan Metinni uyiga olib kiray deb turganida, orqadan xotini yetib keldi.
Yarim kechada qiy-chuv boshlandi. Bechora Metin bir necha marta qo‘ldan qo‘lga o‘tdi. Janjalni eshitib, ko‘cha qorovuli bilan politsiyachi yugurib keldi.
— Ovunchog‘imni bu zolimning qo‘lidan olib bering! — ularga yolvordi xotin. — Men uni katta odam qilib tarbiyalayman.
Metin esa ho‘ngrab yig‘lardi.
— Voy sharmanda-ey, men uni vatanim uchun tarbiyalayman desam bermaydi-ya, — pishillaydi ota xotinining qo‘lidagi bolani bo‘ynidan tortib.
Bu suronda quloqdan ajrab, qovurg‘asi singan Metin onasida qoladigan bo‘ldi. Biroq onaning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi. Oliy sud otaning da’volarini to‘g‘ri deb topib, bolani unga hukm qilib berdi. U politsiyaning yordami bilan Metinni qaytarib oldi. Ochig‘ini aytganda, qaytarib oldi deyish unchalik to‘g‘ri emas. Bolani ikkala mayib qo‘lidan mahkam ushlab olgan ona dod soldi:
— Voydod, o‘ligimni olsang ham, bolamni ololmaysan. Sen buni rasvo qilasan!
— Qo‘yib yubor deyman, shallaqi! — bo‘sh kelmadi ota ham. — Qo‘yib yubor buni, men uni odam qilaman.
Xayriyat, politsiya o‘rtaga tushdi, bo‘lmasa bolani onasining qo‘lidan tortib ololmasdi.
* * *
Metin uchun bo‘lgan tortishuv nihoyat tugadi.
Metin janjal-suronda na boshidan va na oyog‘idan ajradi, na u tarvuzning ikki pallasiday bo‘linib, yarmi otada, yarmi onada qoldi. Ikki o‘rtadagi tortishuv uning olamdan ko‘z yumishi bilan poyoniga yetdi.
Ota, vatanga munosib farzand tarbiyalab berish niyatida boshqatdan uylandi. Ona esa hozir og‘iroyoq — bunisini, albatta katta odam qilib tarbiyalaydi.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi