Kallai sahardan yomg‘ir quymoqda. Oh-oh, chak-chak tovushlari biram yoqimliki. Xudo xohlasa, bu yomg‘ir uch kun tinmaydi. Agar u shanba kuni yog‘a boshlasa, bu uch kun davomida yetti xayrli ish bo‘lishini anglatadi. Haftaning boshqa kunlari shunchaki siyqasi chiqqan kunlar. Ha endi bu shunchaki bir umumiy gap-da. Ammo bu borada maxsus tasniflar ham yo‘q emas. Deylik, agar yomg‘ir seshanba kuni azonda quya boshlasa, bulutlarning gumbur-gumburi uch kungacha tinmaydi. Agar u chorshanba ertalabdan boshlansa, bulutlar tushga yaqin tarqab ketadi. Payshanba va juma haqida ham nimadir aytilgandi, biroq shunisi xotirimizdan faromush bo‘libdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, u qalin ko‘rpaga burkanib olish uchun yetarli bahona bo‘la oladi. Hech bo‘lmaganda o‘q tovushidan uch kungina quloq tin olishi mumkin. Axir qurol va o‘q-dorilar shundoq kuchli jaladayam quloqni qomatga keltiraversinmi? Bir necha kunlik osoyishtalikka yetkizganiga shukr.
Ammo, shundoq bo‘lishi kerakmidi o‘zi? Bandasi deydi o‘ttiz… Shu choq eshikning o‘ta kuchli, zarb bilan taqillashidan kuzning tonggi yomg‘iri sababli turgan mayin izg‘irin shafqatsizlarcha parcha-parcha bo‘lib ketdi. Hammasi tugadi. Harbiylarni deb bari kunpayakun bo‘ldi. Ana, eshik tagida turgan o‘sha harbiylar shekil. Yo Xudoyim! U “Yo, Olloh, o‘zing pok zotsan, zolimning zulmidan asraguvchi o‘zingsan”, deya eshikka yaqinlashdi. O‘tgan oylar ichida u Qur’ondagi sanoqsiz suralarni yod olishiga to‘g‘ri keldi. Har safar ko‘chaga chiqqanda, harbiylar qay zamon paydo bo‘lishini bilmagani uchun, beshta kalimani darhol tilining uchida tutib, tez-tez qaytaradigan bo‘ldi. Shunga qaramay, bilib-bilmay xato qilib qo‘yishi muqarrar edi. U ayni kerakli oyatlarni yodlab olgan, ammo boshiga oddiygina shapka kiyishni unutgandi.
Ana, ikkita metall murvatli taxta eshik ochilib, shiddatli shamol va yomg‘ir zarrachalari ila maktab direktorining yugurdak elchisi kirib keldi. Tuf-tuf, O‘ziga beadad shukrlar bo‘lsin, yaxshiyam harbiylar emas ekan. Uning ko‘ngli taskin topib, yugurdakni o‘pib olgisi keldi. “Janobimiz sizga salom yo‘lladi”, dedi elchi jiddiy ohangda. Lekin o‘sha zahotiyoq ozg‘in yuziga cho‘p ilashgan bu inson avvalgi gapidagi nazokatni to‘g‘irlagan bo‘lib, gapni qisqa qildi: “U sizni olib kelish uchun meni yubordi. Hoziroq borishingiz lozim ekan”.
“Nima bo‘ldi, tinchlikmi o‘zi?”
“Behuda vaqt o‘tkazmay oldimga tushing, kecha tunda kimdir kollej devori yaqinida bomba portlatibdi.”
“Bu nima deganing?”
“Fosiqlar transformatorni buzib, qaytishda direktorimizning uyiga granata otib ketishibdi. Darvozaga ham shikast yetgan.”
Bu chindan ham o‘ta vahimali. Transformator kollejni o‘rab turgan devor bilan yonma-yon joylashgandi. Devor orqasida bog‘ va tennis maydonchasi, uning yonida esa kollej binosi qad rostlagandi. Binoning narigi tarafidan kattakon futbol va kriket maydoniga o‘tilardi. Sal chaproqqa yurilsa, kollej direktorining uyi oldidan chiqilardi. Hammasiga shu harbiy lager balogardon. U ayni paytda kollej sportzalida joylashgandi. Direktor qarorgohining darvozasiga hujum qilish harbiy lagerga hujum qilishday gap edi. Tavba, qandoq qilib shundoq keng maydonlardan oshirib, kollej devoriga granata uloqtirishdiykin? Qandoq qilib?
Direktorning xizmatkori qayoqdan xabar topdiykin? U “Buni o‘zingiz bilasiz”, deb aytdi. Bu nima deganiykin? Nahot xizmatkor uni ham fosiqlarning sherigi deb o‘ylayotgan bo‘lsa? Tabiiy, ko‘ngli g‘ash bo‘lganini bildirmaslikka tirishib, lablaridan «Marhamat, Ishoq Miah, o‘tirib, bir piyola choy bilan shirinliklardan yeb tur, men olti-etti daqiqada tayyor bo‘laman» degan so‘zlar uchdi.
«Yo‘q».
Bu iltifotni rad etgan Ishoq dedi:
«Abdusattor Mridhaning ham uyiga borishim kerak. Siz ham tezroq bormasangiz bo‘lmas. Polkovnik allaqachon o‘sha yerda. Hamma o‘qituvchilar chaqirtirildi. Bo‘laqoling».
Kollej va uning xodimlarini polkovnik ixtiyoriga topshirgan Ishoq jug‘rofiya o‘qituvchisning uyiga ravona bo‘ldi. U o‘zini naq polkovnikka qiyoslardi. Albatta, ayni paytda u o‘z lavozimini leytenant polkovnik darajasiga tushirildi, deb his qilishi mumkin edi, chunki asl polkovnik kollejda ertalabdanoq paydo bo‘lgandi. U lavozimini yanada quyiroqqa tushirsa bo‘lardi, biroq allaqanday tayinsiz kapitanga o‘xshab qolish hech imkonsizdek tuyulardi. Harbiylar kelganidan buyon u deyarli hammani qaqshatib chiqdi hisob. Aprel oxirlarida u bangla tilini ishlatmay qo‘ydi. Qachonlardir asfalasafilinga rihlat qilgan ota-bobolari Uayt Sohibning katta xizmatchisi bo‘lib ishlagan shekilli, Ishoq endi urdu tilida chuldiray boshlagandi. Jussasi kichik, ammo baqaloqqina kollej direktori urducha gapiradigan yugurdagini o‘ziga moslashtirish uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri kelgandi. Buzuq urdu tilida direktor:
“Ishoq Miah, mamlakat boshiga katta kulfat yog‘ilmoqda. O‘qituvchilardan ogoh bo‘lishni, har turli oldi-qochdi gaplarga e’tibor bermaslikni so‘ra. Hozir eng muhim vazifamiz harbiy sohiblarga yordam berishdan iborat”, degandi.
“Shubhasiz”, dedi Ishoq uning gapini uch karra tasdiqlagan ko‘yi oriqqina gavdasining tepasiga naq namchil poroxning mitti zo‘ldiriday o‘rnatib qo‘yilgan kichkinagina boshini liqillatib. Portlashga o‘xshash tovush eshitilganda Ishoqning ifodali qilib “shubhasiz” degan kalimasi quloqlar ostida jaranglab turgandi. Yomg‘irdayam to‘xtamas ekan-da, a, yana boshlandimi? Yo‘q… Xayriyat, u momoqaldiroqning gumbur-gumbur tovushi ekan. Aftidan yomg‘ir hali chelaklab quyishda davom etadi. Hoziroq boshlansa qaniydi. Mayli, Xudoning aytgani bo‘ladi.
“Borishingiz shartmi? Bevaqt quyib turgan shundoq yomg‘irda tag‘in ko‘chaga chiqib nafasingiz qisishi battar zo‘riqib ketmasa, deb qo‘rqaman”.
Xotinining bundoq mehribonchiligiga quloq solsa qani. Direktor tinmay tanbeh bergan mahal ham shu xotini yonini ola bilarmikin? Buning ustiga polkovnik janoblari qorasini ko‘rsatib ketdi. Bugun peshonaga nima bitilgani yolg‘iz Allohga ayon. Mabodo uni otishga hukm etishsa, peshonasidan darcha ochib qo‘yishni so‘rab polkovnikka yuzlanish imkoni bo‘larmikin? Va yo direktor uning nomidan bu iltimosni qondirishni so‘rab himoyaga o‘tarmikin?
Direktor tunu kun Pokiston uchun ibodat qilardi. Kun uzzukun u ko‘z yosh to‘kib qo‘llarini duoga ochgancha Xudoga iltijo qilar, ora-sira hamkasblarini tergashga ham vaqt ajratardi. Aprel oyining o‘rtalari edi. Direktor kattagina harbiylar guruhiga murojaat qilgan, agar Pokiston asrab qolinishi kerak bo‘lsa, bu Shoid Minorlar maktab va kollejlardan chetlatilishi lozim edi. Bunday vakolatsiz tizimlar hindularning Shiv Lingami kabi bo‘lib, ular Pokiston tanasiga qadalgan tikonlar edi. Tananing sofligini ta’minlash uchun o‘sha tikonlarni sug‘urib olmoq darkor. Harbiylar doktor Afaz Ahmadga quloq tutishdi. Qay qishloq yo go‘shaga borilmasin, birinchi bo‘lib ana shu Minorlar o‘qqa tutilardi. Biron maktab yo kollej yo‘qki, Minor urug‘iga shafqat qilingan bo‘lsa. Direktor ularga o‘ta qimmatli maslahat bergan, buning evaziga ular bechora Voizni peshonasidan otib tashlasharmidi? U ham direktorga shunday xizmat qilgandi, nahot direktor o‘z hamkasbiga, uzr, qo‘l ostidagi xodimiga, undan oshirib bir narsa qilolmasa?
Ivirsib shimini kiyarkan, u xotinining oshxonadan turib javraganini eshitdi:
“Tezroq borib keling. Yomg‘ir boshlashidan sal avval Mirpur ko‘prigi tarafidan o‘q tovushi kelayotganini eshitdim. Nima bo‘lishini kim bilib o‘tiribdi deysiz?”.
Shu gaplarni aytishga nima hojat bor edi! Radio-televideniye tinmay vaziyat normal ekanini vaysab turgan bo‘lsa. Dushman tor-mor keltirilgan. Barcha g‘alamislar yo‘q qilingan. Prezident mamlakatga demokratiya shabadalari qaytib kirdi, deya bong uryapti axir. U o‘z chiqishlarida hokimiyatni xalq saylagan vakillarga o‘tkazish asosiy maqsad ekanini aytib kelmoqda. Hamma narsa go‘yo o‘z ishiga tushmoqda edi. Shundoq ekan, nega xotini bunaqa noxush gaplarni aytyapti tag‘in? Asma o‘zi g‘alati ayol-da. O‘tgan kecha u yotoqda u yoqdan bu yoqqa ag‘anayverib, tun qorong‘usini kesib uchib o‘tgan bir juftgina o‘q tovushini eshitmasa, hecham uyqusi kelmayotganini aytib noliyotgandi. Xudo biladi bu ayolni deb boshimizga yana qanday ko‘rguliklar tusharkin?
“Azizim, bu soyabon sizni ho‘l bo‘lishdan asrashga yaramaydi. Mintuning yomg‘irpo‘shini egningizga ilib olsangiz bo‘lmaydimi?” qistadi xotini tag‘in.
Oh, yo‘q! Yana o‘sha Mintumi? Bu qayn ukam tushmagur rosa boshog‘rig‘i bo‘ldi-ku. U bu yerdan ketgandi, ha, ha, Mag‘bozordagi shu ikki xonali kvartiramizdan iyunda, yanayam aniqrog‘i 23 iyunda boshqa joyga ko‘chgandi. Birinchi iyulda biror kishi shubhalanmasin degan o‘yda uyni yana almashtirishimizga to‘g‘ri keldi. Qaynukam ketganidan uch kun o‘tib, dum-dumloq yuzli yon qo‘shnimiz “Bhabi, ukangiz ko‘rinmay qoldimi?” deb so‘rab qoldi. Shu gapning o‘ziyoq yetarli bo‘ldi. Xotin iloji boricha tezroq bu yerdan ketish taraddudiga tushdi. Harbiylardan kelgandan beri bizga uy almashtirish cho‘t bo‘lmay qoldi o‘ziyam. Bu galgini qo‘shib hisoblaganda to‘rtinchi marta ko‘chishimiz. Shu yerga kelganimizdan keyin pastki qavatdagi muloyim janob “Ukamizni shaharga jo‘natsak bexatarroq bo‘larmidi? Atrofdagi har turli gap-so‘zlar vajidan uni qishloqqa yuborish eng to‘g‘ri qaror, deb o‘ylayman”, deya shipshitdi. Bu gapni eshitib, yurak gupillab urib ketdi; birov sening qayning haqida shunday deb tursa, oson tutib bo‘larmidi? Axir o‘zini xavfliroq sezishi uchun shu yerga ko‘chib o‘tmaganmidi? Kollej, qarindosh-urug‘lar va tanish-bilishlardan yiroq bir joy. Shahardan ham anchagina uzoq. Yetarli darajada yiroq maskan, deb o‘ylagandim. Sharq tomondagi derazadan qaralsa, ko‘llarni, sholipoyalarni ko‘rish mukin edi. Baxtga qarshi, qo‘liga qurol ushlab, qayiqda suzib kelayotgan yosh-yalangnlar ko‘zga ko‘proq tashlanardi. Bu tomonlarda odamlar qayiqlarni, ularga yuklangan qurol-aslahalarni ko‘radi. Mana endi xotinining ukasi bilan qator harbiylar ularning uyiga bostirib kelishi mumkin. Xotini ikkalovi Mintu qayerdaligini yaxshi bilardi. Ayol mahalladigi bolalar oldida maqtanar, mittivoylar esa “Tog‘amiz Xonning soldatlarini o‘ldirishga ketdi” deb o‘ynoqlab har tomonga chopishardi. Bundoq bemaza gaplar qanday natijalar keltirib chiqarishini kim bilsin? Xo‘sh, Asma xonim shunchalik jasur ayol bo‘lsa, negayam ukasiga qo‘shilib ketmadi? Albatta, bu savolni hech undan so‘ragan emas, lekin bir kun lop etib og‘zidan chiqib ketishi turgan gap. Unut uni, Asma, unut. Yonimizni oladigan, biz bilan yelkama-elka turadigan hech kim yo‘q. Janob Kissinjer bu – mamlakatning ichki ishi, deb aytdi. Odamlar mahv bo‘lmoqda, uylar, molu mulklar, qishloqlar tep-tekis qilinmoqda-yu, biron kimsaning parvoyiga kelmasa. “Ichki ish” bo‘lmay qolsin. Yo‘q, yo‘q, bunday xayollarga erk berib bo‘lmas. Pastki qavatda payvandchilik ustaxonasi xo‘jayini yashaydi. Uning og‘ir-vazmin qaynotasi bo‘lib, haftasiga ikki yo uch marta qizining kvartirasiga muzlatgich, magnitofon, yumshoq divan, ventilyator, karavot va shunga o‘xshash narsalarni yuborib turadi. Bir safar bu vajlarga qo‘shib hatto hindu ma’budasi (tillodan bo‘lsa ne ajab!) ham yuboribdi. Yuk mashinlari kelib-ketveradi. Mabodo o‘sha kishi tepa qavatda yashaydigan Ustozning “fosiq” qayin ukasi borligidan xabar topsa bormi, boshiga jahannam kunlari tushdi deyavering. Ehtimol, Asma butun umr uyqusini keltiradigan o‘q tovushlarini aniq eshitib turishi kerak bo‘lardi. Bunday narsalarni gapirishdan ehtiyot bo‘lish lozim.
“Qani, kiyib ko‘ring-chi”, – dedi Asma yomg‘irpo‘shni keltirib. So‘ng eriga uni kiyishga yordamlasharkan, “Mintu sizdan ancha novcha, bu sizga mos kelarkmikin?” deb so‘radi. Ana, yana boshladi u ukasini maqtashni. Jigarini yaxshi ko‘rish Asmachalik bo‘lar-da.
“Yaxshi keldi, tizzangizdan sal pastroq tusharkan. To‘pig‘ingiz ho‘l bo‘lmaydi endi”. Asma eriga mehribonchiligini hali tugatgani yo‘q. Zipillagancha qalpoq keltirib, erining boshiga kiygizdi.
“Mintu juda pala-partish-da”.
Nega Asma bunday deyapti? Balki Mintu yomg‘irpo‘shni ilgichga ilgani, kapyushonni esa kiyim shkafining ustida qoldirgani uchundir? Asma uni ehtirom yuzasidan odatda shkafda saqlanadigan muborak Qur’oni karimni olgani borgandagina ko‘rib qoluvdi.
Qayin uka yana biror narsani nogahon yashirib qo‘ymaganmikin? Shkaf ustiga qo‘yilgan lash-lushlar orasini tekshirib ko‘rish kerak. Mag‘bozorda harbiylar bir uyga kirib, u yerdagi karavot ostidan uchta xitoycha miltiq topib olgan, biroq bechora uy egasi – g‘aribgina shifokor – bundan mutlaqo bexabar emish. Shunday ekan, uyda nima boru nima yo‘qligini har kuni tekshirib turish foydadan xoli emasga o‘xshaydi.
“Dadam Mintu amakimga o‘xshab qoldi, dadam Mintu amakiga o‘xshab qoldi”, – dedi uyqudan turgan jajji qizalog‘i. Uyqusiragan qizaloqning gapi otasini sergak torttirdi. Mintu uyga qurol ko‘tarib kirganmidi? Shundoq bo‘lsa, harbiylar uning izidan tushishi aniq. Bu degani… Yo‘q… eshik zich yopiq va tambalangan. Ikki yarim yashar go‘dak karavotida o‘tirgancha “Dadam – Mintu amakim, dadam – Mitnu amakim” derdi chapak chalib.
Nahot u Mintuga o‘xshasa? Harbiylar uni yanglishib Mintu deb hisoblashi mumkinmi? Ana, besh yashar o‘g‘ilchasi ham uni kuzatib turarkan, “Dadam Mintu amakiga o‘xshaydi. Bizning dadamiz ham ozodlik kurashchisi, shunaqami?” dedi.
Dahshat-ku. U oynaga qarashdan ham qo‘rqdi. Yomg‘irpo‘sh na bo‘z, na ko‘k tusda edi. U namchil tuproq rangiga ham o‘xshab ketar, ammo bir ko‘rgan kishida katta taassurot qoldirardi. Bir qarasang, harbiylarning kiyimiga ham o‘xshar, ammo uni kiyib, odamlarga ko‘rinish berish ancha noqulay edi. Harbiylar uni kamuflyaj o‘rnida qabul qilishi va darhol harbiylar shaharchasiga yuborishish mumkin. Yo‘q… bunchalik o‘ylash yarashmaydi. Yomg‘irli kunda ustingga yomg‘irpo‘sh tashlab olishning nimasi jinoyat bo‘lsin axir? Harbiylarning aqli yo‘qmi shunga yetadigan? Direktor, doktor Afazning “Menga qarang, harbiylar aniq bir sababsiz odamlarni ushlab turmaydi. Qo‘lga tushganlar doim qandaydir qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etganlar bo‘lib chiqadi”, degan gapi to‘g‘ri. Ammo ayni paytda uning miyasiga kelgan fikrlar bu gaplardan yiroq emasmi? To‘g‘ri, qayin ukasi chegarani kesib o‘tib, vatanga qaytgach, hech tap tortmay harbiylarni o‘ldira boshladi. Xo‘sh, bu ishda uning singlisiga uylangan kishining qanchalik aybi bor? Shahar bo‘ylab avj olgan talon-tarojlik, buzg‘unchilik, sanoqsiz kishilarning pashshaday qirg‘in qilinishi, ayollarning o‘g‘irlanishiga qarshi biror og‘iz so‘z aytoldimi? Harbiylar kollej direktorining uyi yaqinida lager tikladi. Darslar to‘xtatildi. Talabalar sira ko‘rinmaydi. O‘qituvchilar ishga kelishi talab qilindi, lekin ularning ko‘pi ancha avval Dakkaga ketib qoldi. Ustozlar xonasiga yig‘ilib olgan o‘qituvchilar qaysi ko‘prik portlatilgani, yosh bolalar portlatgan bomba tagida yetti nafar soldat halok bo‘lgani, kollejdagi necha nafar bola frontga ketgani va hokazolar haqida turli gaplarni muhokama qilganda, bunday bahslarning birontasiga qo‘shilgan paytlar bo‘ldimi o‘zi? Qachon shunday suhbatlar boshlansa, darhol o‘rnidan turib, direktor xonasiga ravona bo‘lguchi edi. Doktor Afaz qaltiroq ovozida Hindustan va “fosiqlar”ning muqarra taqidiridan fol ochgan bo‘lardi. Bir necha o‘rtoqlar direktor xonasiga yaqin kelishardi. Direktor urdu tili o‘qituvchisi Akbar Sojidga qaraganda ancha hurmatga sazovor kishi edi, garchi urdu muallimi direktorni u qadar xushlamasa ham. Gohida u direktorning bengalcha-urduchada aytadigan “Sog‘liging yaxshi deb o‘ylayman” degan gapini qaytarib mazax qilgan bo‘ladi. Bunga javoban doktor Afaz lom-mim demaydi, chunki u mamlakat birligidan ko‘proq tashvishga tushadi yoki urdu tilida grammatik jihatdan to‘g‘ri gap tuza olmaslgidian xijolat bo‘ladi.
Ammo, u javob olmagani uchun professor Sojidning jahli chiqishi mumkinligidan xavotirga tushardi, shu bois “Ha, albatta, barcha yaxshilik sizga bo‘lsin”, deb g‘uldurardi. Sojid bo‘lsa darhol bu gapga e’tiroz bildirar, agar biron yaxshilik qilinayotgan bo‘lsa, u generalga nisbatan aytilishi lozim edi. Direktor urdu tilida gaplashishga no‘noqligi bois bahsni ortiq davom ettira olmasdi. Urdu tili o‘qituvchisi bilan bog‘liq bir muammo bor edi: uning qachon zaharxanda qilishi-yu qachon samimiy munosabatda bo‘lishini hech kim hech qachon anglolmasdi. Bir safar direktorning urush jarayonini tahlil qilishini eshitgach, shunday deb luqma tashlagandi: “Siz harbiy fanlar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yozsangiz bo‘larkan, ser. Yaqinda Muhammadpurda limfotsitlarga ixtisoslashgan bir shifokor allopatiyaga qo‘shib gomeopatiyani o‘rgana boshladi. Mahallasidagilar uni “qo‘shaloq doktor” deb chaqirishadi. Siz ham o‘shanga o‘xshab qo‘shaloq bo‘lardingiz-da”. Bu gapga direktor urdu tili o‘qituvchisiga qo‘shilib mayin kulib qo‘ygan, ammo hamkasblari na kulishni, na tasdiqlashni bilmay, serrayib qolishgandi.
Mintu qoldirgan yomg‘irpo‘shni egniga ilar ekan, uning oyoqlari qaltiray boshladi. Vaqtni paysalga solish noqulay. Direktor chaqirtirganiga ham ozmuncha fursat bo‘ldi. Bugun ko‘chada rikshalar ham yo‘q aksiga olib. Qachon kelarkin, deb kutib o‘tirish yaramaydi. Yomg‘irpo‘shni ilib, avtobus bekatiga piyoda yurib borish juda qo‘rqinchli emasdir-ov. Yomg‘iri tushmagur ustidan tinimsiz quymoqda. Yaxshiki badaniga biror dona bo‘lsin tomchi tushmayapti. Shapkasining chetidan sachrayotgan tomchilar lablariga tegib o‘tadi. Yomg‘ir suvining ta’mini tuyadi u. Shapkasining kattaligi sizayotgan suv tomchilariga ta’sir etdimi? U endi harbiylarga o‘xshab qoldimi? Panjob artilleriyasi yo Baluch polki, Qo‘mondon kuchlari v yo harbiy politsiyagami o‘xshaydi? Ularning kelib-chiqish tarixiyu turish-turmushi turlicha edi. Bu yomg‘irpo‘sh uni qandaydir boshqa bir yangi diviziyaga aloqador qilib ko‘rsatmayaptimi? Nima bo‘lsa bo‘lar. U tez-tez yurib bormoqda. Kechki kuz havosi etni junjiktirar darajada sovuqligi seziladi. Ammo yomg‘irpo‘sh ichi huzurbaxsh va iliq. Mintu o‘zidan esdalik qilib shuni qoldirib ketgani qandoq ham yaxshi bo‘lgan ekan. Uni olib ketishga tag‘in qachon keladi, Xudo biladi. Kim bilsin, bunday vahimali ob-havoda qaysi daryo qirg‘og‘ida payt poylab o‘tirganikin? Balki Mintu hozirgina butun qishloq kulini ko‘kka sovurib, yuzlab tinch aholini tilka-pora qilib, qirib tashlagan, mashinalariga mehnatga yaroqli asirlar, yosh erkak va ayollarni yuklab ketib borayotgan pokistonlik jangarilar qo‘shinini nishonga olish uchun miltig‘ini shaylab turgandir? Barcha harbiylarni asfalasofilinga yuborgach, uning qayin ukasi qiz-juvonlarni asrab qola bilarmikin? Bu ishni uddalay olarmikin? Shu topda allaqanday harbiy mashinaga ko‘zi tusharkan, uning xayoli bo‘lindi. Xayollarini yashirish uchun ko‘zlarida qotgan bir ehtirom bilan mashinaga qaraydi. Yo‘q, harbiylarga bunchalik tikilib turmagani ma’qul. Mashina shimol tomonga ketib borardi, demak u janubga yuzini burishi lozim. Biroq, yomg‘irda shalabbo bo‘lgan mashinani ko‘zdan qochirish unchalik ham oson emasdi. Asma Mirpur ko‘prigi tarafda otishma bo‘lganini eshituvdi, harbiylar o‘sha yoqqami yo‘l oldi? Shungayam bosh qotirib o‘tirish kerakmi? Qolaversa, Asmaning qulog‘iga o‘q tovushi har kuni chalinadi. Hammasi turgan-bitgan mish-mish xolos. Direktor “mish-mish yaratish va tarqatish bir xil jinoyat. Xuddi bir she’rda aytilganidek, “noto‘g‘ri ish qiladigan ham, unday ishlarga toqat qiladigan ham birday jazolanishi darkor”, deb bejiz aytmagan. Balki bu she’r qaysidir hind shoiri qalamiga mansubligi va yo uning qolgan satrlari xotiridan faromush bo‘lgani uchunmi, direktor tafsilotlarga berilib o‘tirmagandi. Buning o‘rniga u urdu tilida professor Sojidga qarata “Barcha mish-mish asli qarg‘ish” deb aytgandi. Sojid buni darhol mushohada etarkan, unga qofiyadosh misra tuzishga kirishadi: “Gujob (mish-mish) … bo‘lsa netar…” Zavqqa to‘lgan direktor xitob qiladi: “Iqboldan iqtibos keltirdingizmi? Hozir, bir daqiqa to‘xtab turing, daftarimga yozib olay!” Akbar Sojid esa, “Menga qarang, “gujob” bengalcha so‘z bo‘lsa, qanday qilib bu she’r Iqbolga tegishli bo‘lishi mumkin?”, deya uni to‘xtatadi. Bunga javoban direktor yaxshisi Sojid sohib hozirgina aytgan misralarni yana bir takrorlashini, uni yozib olishni judyam istayotganini iltimos qiladi.
Ammo direktor Sojid o‘qigan bandni tushunolmay halak. Sojid tap tortmay o‘qiy boshlaydi:
“Na mish-mishki bo‘libdir qarg‘ish,
Amirning matlabi ijobat bo‘lmish,
Alloh vohid, rasul bitta, Pokiston ham bir,
Kimki bunga inonmasa, ul aniq go‘ldir.
Pokistonning jangchilari doimo hushyor,
Qayda xoin ko‘rsa yakson etmoqqa tayyor”.
O‘qituvchilar xonasi to‘rida o‘tirgan Sojid agar bu she’r biror mayor yo polkovnik huzurida o‘qilsa, direktorning holiga maymunlar yig‘lashini aytadi. Hamkasblarning birontasi churq etib og‘iz ocholmaydi. Shu kunlarda Sojidga bir nima deyishga hech kimsa yurak betlolmaydi. Hatto uning do‘sti Ali Akbar ham beparvo. Direktor jahd bilan bengal yozuvida bitilgan satrlarni o‘qir ekan, she’r deyarli xuddi uning qalamidan to‘kilganday taassurot qoldiradi. She’rni o‘qirkan, u o‘zini huzur-halovat og‘ushida yotganday ko‘zlarini chirt yumib oladi.
Yomg‘ir shu she’rdagi ohang misoli yomg‘irpo‘shni tak-tak savalaydi. Direktor ayni damda o‘sha she’rni polkovnik oldida o‘qib o‘tirgan bo‘lsa ajabmas. Polkovnik daf’atan “gujob” so‘zining urdu tilidagi muqobilini so‘rab qolsa-yu, o‘zi istagan javob ololmay jahl otiga minsa nima bo‘ladi? Urdu tili muallimi Akbar Sojid ko‘pincha harbiylarni kalaka qilishni xush ko‘rardi. Jug‘rofiya o‘qituvchisi Abdusattor Mridhaning pichirlab aytishicha, Sojid o‘z tilidan bir vosita sifatida foydalanadi va “fosiqlar”ga xizmat qiladi. Ingliz tili muallimi esa hammani Sojid aytgan gaplarga e’tibor bermaslikka da’vat etadi. U shunchaki odamlarning e’tiborini o‘ziga jalb qilishga urinayotgan bo‘lishi mumkin emish. U armiya tomonidan atayin oraga suqilgan shaxs bo‘lishi ham mumkin. Darhaqiqat, Sojid bir necha kun o‘ta sipo bo‘lib yurdi. U o‘qituvchilar xonasiga kirganda, hamma o‘zini noqulay seza boshladi. U direktor xonasiga kirishni ham xushlamasdi. Boshqalarga quloq solib, yaxshisi Sojiddan sal nariroq yurgan afzal. Ammo yomg‘irpo‘shga burkanib jalada turarkan, u bir necha daqiqagina Sojid bilan suhbatlashishni shunchalik istadiki… Jin ursin, bu nimaning belgisi ekan? Yo‘q, bunaqa qilish yaxshimas. Bengal yo urdu tilida harbiylar to‘g‘risida bitilgan hajviy she’rlarga chuqur berilib ketish yaramaydi.
Bekatga kelgach, u shimol tarafdan keladigan avtobusni kutishiga to‘g‘ri keldi. Na harbiy mashina, na u chiqadigan avtobusdan darak bor. Ko‘chada o‘zidan bo‘lak g‘imirlagan jonni uchratish mahol. Yo‘l chetidagi do‘konchada o‘tirgan kishi pardani sekin ochib, shimol tarafga mo‘raladi. U yoqda nimadir sodir bo‘ldimi? Do‘kondor vaysaqi bir nusxa edi. U so‘zsiz bir nimalar deb g‘o‘ldirashga tayyor edi: “Voy, kecha nima ro‘y berganidan xabaringiz yo‘qmi?” Yoki “Ular kanal orqali ikkita qayiqni to‘ldirib kelishdi, so‘ng bitta jip va besh nafar jangchini yondirib yuborishdi”. Va yo “BBSdan xabar qilishlaricha, Rangpur-Dinajpurdagi ko‘p yerlar ozod etildi”, yoxud “Radiodan uzatilgan so‘nggi maktubni eshitdingizmi?” va hokazo. Umuman olganda, vaysaqining do‘kon bilan ishi yo‘q, uning oldida turish xatarli, biror kimsa undan bunday gaplarni eshitganingizni bilib qolsa bormi, baloning uyasiga suqildim, deyavering. Ammo mish-mishlar odamni rosa qiziqtirib qo‘yishi ham bor gap. Sovuq havo yo-da yomg‘irpo‘sh tufayli his etayotgani xavfsizlik ortidan u istisno tariqasida o‘sha do‘konga yaqinlashdi. Vaysaqi do‘kondordan turli-tuman mish-mishlarni eshitish umidida undan oxirgi avtobus qachon kelib ketganini so‘radi.
“Qanaqa avtobus? Qayoqdan keladi u?” dedi do‘kondor va parda ortida ko‘zdan yo‘qoldi. Tavba, bu nimasi endi? Avtoparkka hujum qilishdimi yo? Asma eshitgan o‘q tovushi o‘sha avtopark tarafdan kelganmikin? Harbiylar mashinasi shu tarafgami ravona bo‘ldi? Avtopark orqasida bir kulba bo‘lguchiydi, harbiylar uni vayron qilishga ketishdimi yo? U joy bekatdan uncha uzoq emas; yo borib, o‘zi tekshirib kelsinmi? Eh, endi kech. Chunki davlatga qarashli qizilrang avtobus o‘sha lahza bir oz pasaygan yomg‘irda qizil nur taratib, bekatga kelib to‘xtadi.
Avtobusda bir necha kishi o‘tirardi. O‘rindiqlarning yarmi bo‘sh. Yomg‘irpo‘shidan quyilayotgan suv birpasta avtobus polini jiqqa ho‘l qildi. Boshqa payt bo‘lganda bu ishi uchun qo‘pol tanbeh eshitgan bo‘lardi, ammo bugun hech kim churq etmadi. Bo‘sh joy juda ko‘p. U miyig‘ida kulib qo‘ydi. Bu mayin kulguga nima sabab bo‘ldi? Nega avtobusni ho‘l qilib qo‘ygan bo‘lsa ham biror kimsa shikoyat qilmayapti? Yo egnidagi libosning ta’sirimi bu?
Avtobus bo‘m-bo‘sh ko‘chada g‘izillab borardi. Xo‘sh, qaysi joyga o‘tirsa ekan? Bittasiga borib o‘tirdi, lekin joy unga yoqmadi, darhol boshqasiga ko‘chdi. Birdan ikki nafar yo‘lovchi hovliqqanicha o‘rnidan qo‘zg‘olib, haydovchini avtobusni to‘xtatishga undadi va hali sekinlashga ulgurmagan ulovdan urra tushib qochdi. Aftidan ikkisi ham uni ko‘riboq qochib qoldi. Shubhasiz, ular jinoyatchilar edi. Biri – o‘g‘ri, ikkinchisi – kissavur. Tushar ekan, sal baquvvatrog‘i ortiga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. Uning ko‘zlarida qattiq qo‘rquv borligi aniq-tiniq sezilardi.
Yaxshigina joy toparkan, unga tappillab o‘tirib oldi, hatto o‘rindiqning avra-astari ko‘chib ketganday bo‘ldi. Oldinroqda o‘tirgan yo‘lovchilar boshini o‘girib, u tomonga qaradi. Shunda ular ham ko‘ziga o‘g‘riyu cho‘ntakkesarga o‘xshab ko‘rindi. Kim bilsin, balki hatto qaroqchidir. Yo harbiylar kulbaning kulini ko‘kka sovurgach, bu kabi nusxalar undagi qolgan-qutganni talash maqsadida uchib boradi. Va yo harbiylar talon-taroj qilgan joylarni battar shilib ketishga shay turadi bular. Uchchalovi ham bezovtalanib, tezroq qochish taraddudiga tushdi. Avtobus to‘xtashi zahoti shosha-pisha undan uchib chiqdi. Birontasi, nomiga bo‘lsin, unga qayrilib qarashga betlagani yo‘q. Uchtasi ham nigohlari uniki bilan to‘qnashib ketishidan juda qo‘rqqanini payqash qiyin emasdi.
Qoyil-ey! Mintuning yomg‘irpo‘shi chindan ham o‘z kuchini ko‘rsatdi. Tumtaraqay qochganlarning bari o‘g‘ri-kazzoblar, qaroqchiyu kissavurlar edi. Avtobus ichida yaxshi odamlar qolgan bo‘lsa kerak, mana endi tartib-intizomli kishilar bilan birga manzilga yetib oladigan bo‘ldi.
Bir necha nafar yo‘lovchi “Asad darvoza” oldida tinmay quyib turgan yomg‘ir ostida avtobus kelishini kutardi. Ularning ba’zilari qo‘lida soyabon tutgan, lekin ko‘pchiligida u yo‘q edi. Soyaboni yo‘qlar soyaboni borlar tarafga suirilib, aqalli boshlariga yomg‘ir tushmasligi harakatini qilardi. Avtobus to‘xtagach, unga to‘qqiz nafar yo‘lovchi chiqdi. U bu yo‘lovchilarni zimdan kuzatib bordi. Uchtasi unga ko‘zi tushishi zahoti birdaniga tezroq avtobusni tark etgisi kelib qoldi. Oxirgi chiqqani aftidan mayda o‘g‘riga o‘xshar, birinchi uchtasi esa harbiylarning ketiga paxta qo‘yib, chiroyli qiz-juvonlarni ko‘rganda ularga shipshitib qo‘yuvchilar toifasidan edi. Yoxud ular harbiylarning qurol-yarog‘ini ko‘targancha, mahallalar oralab yurib, harbiy lagerlarga yuborilishi mumkin bo‘lgan dilbar qizlarni o‘ziga jalb qilish maqsadida “Pokiston Zindobod, Pokiston Zindobod” deya qo‘shiq aytuvchilarga mengzardi. Bir so‘z bilan aytganda, ular qo‘shmachilar edi. Bunday iflos nusxalardan qutulib, yana yaxshi odamlar bilan hamroh bo‘lishni istadi u. Deraza ortida sovuq shamol esib, mayin yomg‘ir quyar, o‘sha manzaragina qalbga bir oz xushnudlik baxsh etib turardi. Bunday shirin tuyg‘uni haydovchining keskin tormoz bosishi tarqatib yubordi. Chap tarafga qaragandi, yangi qurilayotgan masjidga ko‘zi tushdi. Avtobus ichiga eshik orqali sovuq yomg‘ir shabadasi uchib kirib, uning burun kataklarini kengaytirdi, yuragini hapqirtirdi. Beshafqat tun ortidan tong ota boshlagan, o‘q-yoylarning vizillab uchishi masjid muazzinini tomdan pastga tushishga majbur qilgandi. Yomg‘irpo‘sh badanni shunchalik iliq tutardiki, etni junjiktiruvchi sovuq havo ham iliqqina bo‘lib tuyular, hatto tanani kuydirardi. Ular ilgari shu masjid ro‘parasidagi uyning uchinchi qavatida yashashgandi.
O‘shanda tanklarning na’rasi, pulemyot va avtomatlarning tarillashi, xaloyiqning dodu faryodi biron kimsaga xotirjam orom olishga imkon bermas, butun oila tunni karavot tagiga biqinib o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgandi. Subhi sodiqqa yaqin harbiylar o‘t ochishdan to‘xtagan mahal go‘daklar uyquga ketar, u pardani ko‘tarib, tashqariga nazar tashlardi. Muazzin masjid tomiga chiqib, azon aytishga shaylanardi. U muazzinning namozga chaqirishiga quloq tutishni istarkan, deraza oldidan uzoq jilmay turgandi. Chiroq o‘chiq, masjid mikrofoni ishdan chiqqan. Muazzin bor mahoratini ishga solib “Allohu akbar” deya baland ovozda azon ayta boshlagandi. Biroq u ikkinchi bor bu kalimani aytishga ulgurolmay qolgan, g‘alati ovoz chiqargancha tomdan pastdagi ko‘chaga qulab tushgandi. O‘sha tongda yomg‘ir yog‘mayotgan edi. Nahot bugungiday yomg‘irli kunda harbiylar yana o‘sha voqeani takrorlashni o‘ylayotgan bo‘lsa? Ayni lahzalarda biror namoz payti emas, azon chaqirilishga hojat yo‘q edi. Kimnidir azon aytishga majburlashga qanday haddilari sig‘di? Ha-ya, esim qursin, axir ular istasa namoz vaqtlarini o‘zlari xohlagan mahalga o‘zgartirishlari, yangicha tartib joriy etishlari mumkin-ku!
Harbiylar har qanday ulovni to‘xtatayotgandi. Mashinalardan tushib, ko‘cha betida turgan yo‘lovchilar talaygina edi. Bir guruh soldatlar qurolini naq qaqqaygan yo‘lovchilarga qaratib turardi. Boshqa bir guruh esa ust-boshlarni tekshirar, kiyim ustidan odamlarning jinsiy organlarini paypaslab ko‘rardi. Ular o‘zlariga ma’qul kelgan yo‘lovchilarni shu yaqin orada turgan yuk mashinasi tomonga itarishardi. Shu payt basavlat, yuzi cho‘tir bittasi avtobusga tirmashdi.
Shovqin-suron ko‘tarilmadi, havo mo‘tadil. Yo‘lovchilarning yuragi bir tekis urar, uning boshida esa bir narsalar aylanardi. Negadir qayirma qalpog‘ining uchi yonib ketayotganday tuyulib, uchqunlari ko‘zlariga urilganday bo‘ldi. Bir alfozda u joyidan qimirlab qo‘ydi. Yuragining haddan ortiq gupillab urishi-yu boshining g‘uvillashiga e’tibor bermagan ko‘yi u zobitning yuziga tik qaradi. Harbiyning o‘tkirdan-o‘tkir ko‘zlari unga qadaldi. U ham qolishmay keskin va o‘tli nigohini zobitning qirra burni, burgutnikidek ko‘zlari, qoramtir qabog‘i va mo‘yloviga qadadi. Shunday qilishi ish berdi. Harbiy endi o‘tkir nigohini uning yuzlaridan burib yomg‘irpo‘shga nazar tashladi. U xuddi yomg‘irpo‘shda qotgan yomg‘irning mayda-mayda tomchilarini sinchiklab sanayotganga o‘xshardi. Tomchilar yomg‘irpo‘sh egasining ichidan chiqayotgan hovur tufayli qizil tusga kirdimikan? Nega buncha bir necha suv tomchisi shu zobitni dong qotirib qo‘ymasa? Nahot u sersuv bir o‘lkaning xalqini mahv etishga kelgan bo‘lsa? Bu qon to‘kilishidan darak emasmi? Birdan o‘ziga kelgan zobit “Olg‘a!” deya buyruq berdi. Avtobus tezda o‘rnidan qo‘zg‘olib, yo‘lida davom etdi. Yo‘lovchilar qutulganlari uchun chuqur-chuqur nafas olib, shukrona keltirishdi, shu orada avtobus Dakka koleji darvozasi oldiga yetdi. Yangi bozor ro‘parasiga kelganda, u o‘rnidan turib, haydovchidan to‘xtashni so‘radi. Avtobus sekinlashgach, pastga inish asnosida u yo‘lovchilarga zaharxanda qarash qildi. Uning qanday kulishini avval ko‘rganlar bu qarashni samimiy tabassum deb o‘ylashi aniq edi.
Direktorning xonasidagi kresloda og‘ir-vazmin bir harbiy o‘tirardi. Tushunib bo‘lmaydigan aft-angoriga qaraganda u polkovnik, general mayor, mayor yoki hech bo‘lmasa brigadir bo‘lishi kerak. Direktorning yuzi qizarib ketgan. Magistr, fan doktori, yana allaqanday unvonlar sohibi, doktor Afaz Ahmad uni tinishtirmoqchi bo‘lib g‘ulduraydi: “Bu ustoz Nurul Huda”.
Direktor shu zahoti to‘g‘irlagan bo‘ladi: “Uzr, u o‘qituvchi emas, balki ximiya fani bo‘yicha ma’ruzachi”.
“Jim bo‘linsin!”
Direktor churq etmaydi.
Abdusattor Mridha bilan birga uni harbiy mashinaga chiqarishdan avval bu mayor yoki polkovnik bo‘lmish jiddiy ohangda harbiylarga qarshi satira yo hajviy she’rlar bitish haqorat ekanini aytadi. Shu payt uning qiyofasi o‘zgaradi, ammo direktordan nazarini qochirmaydi. Direktor hammasiga urdu tili o‘qituvchisi Akbar Sojid balogardon ekanini yurak betlab aytolmaydi.
Nurul tashvishlana boshladi, agar Sojid berkinib olmagan bo‘lsa, Nurulning taqdiriga nimalar bitilgani yolg‘iz Xudo va shu harbiylarga ayon.
Ularning ko‘zlarini bog‘lab, mashinaga o‘tqizisharkan, ulov egri chiziq chizib olg‘a ketaberdi. Bir mahaldan so‘ng ularni allaqayoqdagi balandlikda joylashgan xonaga uloqtirishdi. Ko‘zga bog‘langan lattalar yechilganida Nurul Mridha bor-yo‘qligini ko‘rolmadi. Bu tamoman notanish joy edi. U bukma stulga o‘tirgancha uzoq kutdi. Axiri bir harbiy kelib uning qarshisidagi stulga cho‘kdi. Unga ingliz tilida har turli savollar berdi. Nurul savolarga javob qaytaraverdi. Bu harbiy ketgach, o‘rniga boshqasi kirdi va undan boshqacha savollar so‘ray boshladi. Savolar deyarli bir-biriga o‘xshagani sababli javoblar ham shunga yarasha biri ikkinchisini takrorlardi. Misol uchun, bir necha kun avval kollej sotib olgan temir shkaflarni kim keltirib berdi, degan savol berildi. Nurul hammasi bo‘lib o‘nta temir shkaf sotib olindi, deb javob qaytardi. Uchtasi idoraga, bittadan botanika, tarix va jug‘rofiya bo‘limiga, yana bittasi esa ingliz tili bo‘limiga. Bularni aytishga hojat yo‘q edi. Shkaflar kollejga bir nechta aravalarda keltirilgan, aftidan Nurul ularni olib kelgan, tergovchi zo‘r berib surishtirayotgan kishilarning kim ekanini yaxshi bilardi. Ammo Nurul Huda ularni qayoqdan bilaman men, deb turib oldi. Axir ular oddiy yuk tashuvchilar, u esa oddiy bir ma’ruzachi bo‘lsa.
Shundoq ekan, nega shuncha vaqtdan beri ular bilan pachakilashib o‘tiribdi?
Direktor undan shkaflar yasalgan temirning qalinligi, rangi, g‘aladonlar soni va o‘lchamini, qulf va kalitlar sifatini, ularning hujjatda ko‘rsatilganiga muvofiq kelishini tekshirishni so‘ragandi.
Harbiy past ovozda bir necha nafar nobakor yuk tashuvchi qiyofasida kollej hududiga kirganligini aytdi. Buni Nurul Hudadan boshqa yana kim ham yaxshiroq bilardi? Mana bugun ular qo‘lga tushib, Nurul Hudaning ismini sotib qo‘yishdi. U bir shaykaning a’zosi bo‘lib, ular bilan doimiy aloqa bog‘lab turguchi edi.
Nuru Huda “Mening ismim deysizmi? Ular shunday deyishdimi? Rostdan ham mening otimni aytishdimi?” dedi ovozini ko‘tarib. Harbiylarning jahli chiqmadi, bundan u yanada to‘lqinlanib, o‘ziga o‘zi yuk tashuvchilarning asli niqobdagi nobakorlar ekanini takrorlayberdi. Kollej xodimlari orasidan ular faqat Nurul Hudaning otini aytishganmish.
Nurul Huda bunga ishonmay tikilib turardi. Nahot ular buni bilishsa? Shkafni ximiya xonasiga joylshtirayotganda ularning biri Nurulga yaqinroq turgandi. Yomg‘irlar faslinig qoq o‘rtasi edi o‘shanda. Dakkaga xos bo‘lmagan kuchli jala yog‘ardi. Nurul tinim bilmas bu yomg‘ir haqida nimadir deb g‘o‘ldiragandi. Hammol esa bunday yomg‘irli fasl naqadar rohatbaxsh ekanini aytgandi unga javoban. Bu yomg‘ir hali yana uch kun davom etadi, inshoolloh. Agar u shanba kuni boshlasa, bu uch kun yettita xayrli tadbir bo‘lishidan darak beradi. Haftaning qolgani shunchaki siyqasi chiqqan kunlardir. Ha endi, bu shunchaki bir umumiy gap-da. Ammo bu borada maxsus tasniflar ham yo‘q emas. Deylik, agar yomg‘ir seshanba kuni azonda quya boshlasa, bulutlarning gumbur-gumburi uch kungacha tinmaydi. Agar u chorshanba ertalabdan boshlansa, bulutlar tushga yaqin tarqab ketadi. Payshanba va juma haqida ham nimadir aytilgandi, biroq bu xotirimizdan faromush bo‘lmish. Nima bo‘lgan taqdirda ham, u qalin ko‘rpaga burkanib olish uchun yetarli bahona bo‘la oladi. Hech bo‘lmaganda o‘q tovushidan uch kungina quloq tin olishi mumkin. Axir qurol va o‘q-dorilar shundoq kuchli jaladayam quloqni qomatga keltiraversinmi? Bir necha kunlik osoyishtalikka yetkizganiga shukr.
Harbiylar vaqti-vaqti bilan ayni bir narsani so‘rashda davom etaverdi. Jo‘yali javob ololmagach, Nurulning yuziga ikki marta gurziday musht tushdi. Birinchi zarbada u bir oz qalqib ketdi, ammo ikkinchi zarba zo‘ridan u polga quladi. Zobitlar uni poldan dast ko‘tarib olarkan, Nurulning o‘sha nobakorlar yashiringan joyni juda yaxshi bilishini takrorlardi. U esa “ha” deb javob qildi.
Unga ozroq sut va non berishdi. Agar o‘sha nobakorlarning manzilini aytsa, darhol qo‘yib yuborishga ishontirishdi. Zobitlar unga o‘ylab ko‘rish uchun fursat berib, oldidan chiqib ketishdi. Bir muddat o‘tgach, bir zobit qaytib kirib, Nurul nobakor-fosiqlarning manzilini juda yaxshi bilishini yana takrorladi. Nurul tag‘in “ha” deb javob qaytardi. Ammo bundan boshqa hech narsa demagani uchun uni boshqa xonaga olib o‘tib, shiftga ilmoq bilan osib qo‘yishdi. Arqon tugunlari uning tanasini kesib o‘ta boshladi. Uzoq osilib turgani sababli noxush voqea sodir bo‘lishi aniqqa o‘xshadi Nurulga. Birdan Mintuning yomg‘irpo‘shi ustidan yomg‘ir quyayotganday tuyuldi. Ular yomg‘irpo‘shni yechib olishgandi, uni qayoqqa tashlashganini Xudo biladi. Ammo yomg‘irpo‘shning tafti hamon uning badanida saqlanib turardi. Yomg‘ir misoli arqon uning yomg‘irpo‘shga o‘xshash terisini shilib o‘ta boshladi. U bo‘lsa o‘sha nobakorlarning manzilini bilishini aytaberdi-aytaberdi. U nafaqat o‘z qayin ukasi va niqobdagi kishilarning manzilini bilardi, balki ular ham uni yaxshi bilishar va unga juda-juda ishonishardi. Bunday paytda ular bilan tuzilgan bitimga oxirigacha amal qilish uchun o‘zida kuch topgani, bunday bitim tuzishdan shunchalik zavqu shavqqa to‘lganidan arqonning o‘z kuchini ko‘rsatayotganiga butunlay, butunlay e’tibor ham bermas edi Nurul.
Ingliz tilidan A’zam Obid tarjima qildi