Qo‘rqinchli va qorong‘u noyabr kechalaridan biri edi.
Atrofda etni junjiktiradigan bir ayoz hukmron, ustiga ustak yomg‘ir ham chelaklab quyardi. Paltonimning yoqasini ko‘targancha, dildirab, zulmat mahv etgan ko‘chadan loylarga botib, sirpana-sirpana ketib borardim. Yo‘llar o‘ta notekis, aksiga olganday bugun fonar qurg‘urni ham uyda unutib qoldirgandim. Ahyon-ahyonda toyib, gandiraklab ketar, biroq yana muovazanatni tiklab yo‘lda davom etardim. Ming bir azob bilan sotib olgan paltonimga tirnoqday loy tegishi ham yoqimli emas axir albatta.
Manzilga juda uzoq edi. Bunday mahalda avtobuslar qolmas, taksilar esa otambahoda, shu tufayli uyga qisqa yo‘llardan yetib olishim mumkin edi xolos.
Yolg‘izlik, qorong‘ulik, shuningdek, kechaning bunchalik osuda va kimsasizligi yuragimga g‘ulg‘ula solardi. Bu g‘ulg‘ulani unutish uchun qo‘shiq hirgoya qila boshladim. Qo‘shiq ohangi va so‘zlarini qadamlarimga moslab, olg‘a borardim. Shu onda ichimdagi qo‘rquv bir qadar yo‘qolganday bo‘ldi. Buning faqat birgina salbiy jihati bor ekan. Ya’ni hirgoya qilishim ichimdagi havotir bilan birga diqqatimni ham tortib olgandi. O‘z hirgoyamga mahliyo bo‘lib to‘satdan loyda sirpanib ketdim, ko‘lmakchaga botdim va shimim tizzamgacha ho‘l bo‘lganini sezdim. O‘zimcha qarg‘andim, qo‘shiq ham yarim qoldi. Bundan keyin yana qanchalik hirgoya qilishga urunmay, qo‘limdan kelmadi. Kayfiyatim buzilgan, biroz avalgi baxtiyorlik o‘rnini avvalgidan ham battar qo‘rquv egallab olgandi. U birozdan so‘ng yanada kuchaydi. Ko‘chadagi xira fonar sababli tushgan har qanday soya men uchun qo‘rqinchli, katta gavdali odamga o‘xshab ko‘rinar, kamiga xayolimda dunyoning eng qo‘rqinchli hikoyalari jonlanardi. Havoning o‘ta sovuq bo‘lishiga qaramay terlay boshladim. Bir burchakka to‘xtab nafas rostladim. Endigi yo‘lim tor bir so‘qmoqdan o‘tardi. “Agar shunday ikki so‘qmoqdan o‘tib olsam uyimning ko‘chasiga chiqib olaman…” Shunday xayol og‘ushida qadamlarimni yanada tezlatdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay qarshimdan kelgan o‘ta qo‘rqirchli va bo‘g‘iz ovozdan o‘rnimda qotib qoldim:
— To‘xta! Qimirlama!
To‘g‘ri ko‘zlarimga yo‘naltirilgan cho‘ntakfonar na atrofni, na qarshimdagi odamni ko‘rishga imkon berardi. Hali o‘zimga kelib ulgurmay haligi bo‘g‘iq ovozli kishi ikkinchi buyruqni berdi:
— Cho‘ntaklaringni bo‘shat! Hamyoningni uzat! Agar qimirlaguday yo baqirguday bo‘lsang, o‘zingni murda hisoblayver.
Ovozim titrab, o‘zim qaltirab unga yolvordim:
— Iltimos, iltimos qilaman sizdan. Ozgina rahm qiling. Axir men…
U qat’iy ohangda:
— Sening diydiyongni eshitishga vaqtim yo‘q! — dedi.
Cho‘ntagimda yotaverib ilvirab ketgan 7 rublimni chiqarib, unga uzatdim:
— Janob, boru yo‘g‘im shu. Istasangiz o‘zingiz tekshirib ko‘rishingiz mumkin.
U fonari bilan meni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi.
— Paltoning juda ajoyib ko‘rinyapti ko‘zimga… — dedi. — Yangi shekilli-a, qani, paltoni yech.
Yig‘lamsirab:
— Bunday qilmang iltimos, — dedim. — Biroz marhamat ko‘rsating, janob. Axir oilam, bolalarim bor. Yana palton sotib olishga imkoniyatim yo‘q…
— Yolg‘on gapirma! Paltoni yech dedimmi, yech! Qani, bo‘l! Quruq qolmaysan yaramas, senga o‘z paltomni beraman.
Fonarini pastga qaratganida uni ko‘rishga imkoniyat tug‘ildi. Sinchiklab razm soldim. U qo‘lida yarim shisha sharob tutgan, boshiga katta shlyapa qo‘ndirib olgan, yuz-ko‘zi aralash sharf o‘ragan, ko‘zlari qo‘rqinchli odam edi. Boshqa choram yo‘q edi, paltoni yechib, unga uzatdim. U ham menga o‘z paltosini yechib, uzatdi. Istab-istamay kiydim. Paltondan sassiq bali hidi anqir, dimog‘imga urilgan hiddan ko‘nglim aynib, yo‘tala boshladim.
Bo‘g‘iz ovoz yana bir marta buyruq berdi:
— Qani, orqannga qaramay jo‘na! Agar biror qaltis harakat qilsang yoki baqirsang, tamom, boshingga ko‘p balolar yog‘iladi. Shu holingga shukr qilib yo‘lingda davom et, yaxshiyamki meningdek marhamatli odamga duch kelding. O‘zing ayt, senib so‘yib tashlab butun ko‘ylak-po‘ylagingni yechib olsam, yaxshi bo‘larmidi-a?! Qani, sur!
Charchagan, g‘amgin ahvolda uyga keldim. Uy kaliti paltonimning cho‘ntagida qolgani uchun eshikni taqillatishga majbur bo‘ldim. Eshikni ochgan ayolim uyquli ko‘zlari bilan meni taniyolmadi. Dod solib, eshikni qayta yopdi. Meni tanib olishi uchun faqat ikkalamiz biladigan bir-ikki so‘zni aytishimni so‘radi. Uyga kirganimdan so‘ng avvaliga ahvolimga hayrat bilan boqdi, boshimdan kechgan voqeani aytganimdan so‘ngra birdan xo‘ngrab yig‘lab yubordi. O‘g‘ri menga bergan paltondan yog‘ va baliqning hidi kelar, bu hidi ko‘ngilni ozdirardi. O‘sha kech uni balkonga chiqarib qo‘yishga to‘g‘ri keldi.
Ertasiga ishga borolmadim, kechagi yomg‘ir haligacha davom etar, mening esa kiyishga boshqa paltom yo‘q edi. Ayolim bilan maslahatlashib shu paltoni yuvishga qaror qildik.
Ayolim suv isitdi, paltoni hammomga tashladik, cho‘tkalay boshladik. Hammomni ham, butun uyni ham sasigan baliq hidi tutib ketdi. “Meni tunagan o‘g‘ri ehtimol baliqchi bo‘lsa kerak…”, deb o‘yladim.
Men suv qo‘yar, ayolim esa ishtiyoq bilan cho‘tkalardi. Cho‘tkalashni palto yoqasidan boshlagan, jarayon yoqadan etak qadar davom etar, kir suvlar cho‘tka harakati bilan etak sari qarab oqardi. Ayolim bir-ikki marta yaxshilab cho‘tkalayu yuvsak kiysa bo‘lishini ta’qidladi. Tozalash jarayonida cho‘tka etakka yetganda mushtday bir narsaga tegdi. Ayolim uni to‘g‘irlash uchun qo‘lidagi cho‘tkani bir chekkaga qo‘ydi va musht kattaligidagi shishni to‘g‘irlashga harakat qildi.
— Tovba, bo‘lmayapti… — dedi ayolim ko‘zlarini o‘ynatib. — Mana shu yerda, palto astarida nimadir bor menimcha. Menimcha, qog‘oz bo‘lsa kerak.
Paltoni aylantirib, o‘sha shishni astar ostida ekanini ko‘rdik.
Ayolim qo‘lini paltoning cho‘natigiga suqdi va u yerdan kichkina teshikcha topdi. Barmog‘ini teshikka suqib o‘sha shishlikni tortib chiqardi. Qarasak, bir dasta pul. Bu 10 rubllik kupyuralardan iborat, jami 320 rubl edi. Sevinchdan qahqaha otib kula boshladik.
Ayolim hayrat bilan ko‘zimga boqib:
— Bu qanaqasi axir? — dedi. — Sizni tunagan o‘sha o‘g‘ri juda ahmoq ekan…
— Yo‘q, — dedim, — aslo unday emas! U ehtimol mendan avval biror baliqchini tunagan bo‘lsa kerak. Paltomni yangiligini ko‘rib o‘z paltosini avval o‘g‘irlaganini, cho‘ntaklarini tekshirishni unutgandir. Har holda u yomon odam emasdi…
Paltoni yuvganimizdan so‘ng binoiydek bo‘ldi, men hali hamon uni kiyib yuribman.
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi