Masita quduq yonidagi ariqda yuz-qo‘lini yuvib oldi. Arqonda ilinib turgan sochiqni olib, badanini arta boshladi. Qishloq suv quygandek jim-jit. Barcha shirin uyquda. Quduq yoniga ekilgan daraxtlarning barglari tongi shabadada lipillab o‘ynardi. Xo‘rozlarning qichqirig‘i va qushlarning sayrashi tobora avjga chiqqan. Masita nangka va savo daraxtlari orasidan olislarga boqdi – osmon qizara boshlagan edi. Uyi tomon yo‘l oldi. Bir nechta qadam bosib, taqqa to‘xtadi. Quduq tomon kelayotgan erkak kishiga ko‘zi tushdi. Quduqdan uyigacha yuz metrcha masofa bor. Bu bexosiyat yer yigirma yildan beri, xuddi nimadir sodir bo‘ladigandek, doim Masitaning qalbiga g‘ulg‘ula solib keladi.
Ayolning yuragi tez-tez urib, yaqinlashib kelayotgan erkakni kutdi. Agar manavi erkak o‘ziga tashlanib qolguday bo‘lsa, Masita qichqirib yordam so‘raydi! Bir qichqirsa, tamom– butun qishloq chopib keladi!
– Oyi, ishingizni tugatdingizmi? – degan o‘g‘lining ovozi eshitildi. Masita endi yengil nafas ola boshladi. Ovoz aniq eshitildi. Bu Jali edi. Uning yolg‘iz o‘g‘li.
– Ha, – javob berdi u.
Jali ham cho‘milishga kelayotgan ekan. Masita asta-sekinlik bilan uyi tomon odimlay boshladi.
– Ey, Xudo, qishlog‘imizni o‘z panohingda asra, – deya iltijo qildi u. Janub tomon uchib ketayotgan samolyotlar guldurashini eshitdi. Yuqoriga qarab, ularni go‘yo uchib o‘tayotgan turnalarga o‘xshatdi. Qushlari Singapur tomon uchayotgandi.
– Urush hali-beri tugamasa, erimni o‘zing panohingda asra! – deya Masita duosini davom ettirdi. – Erimga munosib xotin bo‘lishimni, urush qiyinchiliklarini birga yengib o‘tib, har doim mustahkam va baxtli oila bo‘lib qolishimizni o‘zingdan so‘rayman.
Samolyotlar uzoqlashib, osmondagi shovqin pasaya boshladi. Uyiga ketayotib, Masita to‘satdan yana notanish kimsaga duch keldi. U qichqirmoqchi bo‘ldi, biroq haligi erkak uning og‘zini kafti bilan mahkam yopdi. Bu – urushdan qaytgan eri Budin edi.
Uyga yetib kelgan Masita ko‘zadagi suv bilan oyoqlarini yaxshilab yuvdi. Ko‘zani yerga qo‘yib, quyosh chiqayotgan tomonga tikildi. Quyosh asta-sekin charaqlab, kunni yorita boshladi. Masita zinadan chiqib, yotoqxonaga yo‘l oldi.
– Quduq yonida kim bor? – so‘radi eri.
– Jali.
Budin jimgina xotiniga tikildi. U derazani ochib yuborgan edi, quyosh nuri zulmatni haydab, xonani yoritib yubordi.
Masita oshxonada Sumi va Salmining nonushta tayyorlayotganini ko‘rdi. Ular shunday tez gaplashardilarki, Masita ularning nima haqda gaplashayotganini tushunmadi. “Qizning bo‘yi yetib qoldi, – o‘yladi Masita. Yaqinda sovchi kela boshlaydi, so‘ng turmushga chiqishadi. Erlari noma’lum yoqlarga olib ketishadi. Ota-onalari bilan tez-tez ko‘risha olishadimi? Uzoqda bo‘lganlarida kasal bo‘lib qolsak, nima bo‘ladi? Kim bizga g‘amxo‘rlik qilib, xolimizdan xabar oladi?” – o‘yladi Masita.
Masita ust-boshini almashtirdi, so‘ng oyna oldiga o‘tirib, sochlarini taray boshladi.
– Masita, o‘g‘illik bo‘lishni xohlayman, – gap boshladi Budin.
–O‘g‘il? Nega endi qiz emas? – dedi eriga Masita.
– Hozir urush payti. Urush qachon tugashi noma’lum. Xudo saqlasin agar bizga biron gap bo‘lsa, o‘g‘il bola qizga qaraganda oilani yaxshiroq boshqaradi. U vatanini, hech bo‘lmaganda qishlog‘imizni himoya qiladi.
Budin xotiniga nega bunchalik ko‘p gapirganini o‘zi ham tushunmadi. Chunki u xotinidan hech narsani yashirmay, dilidagi bor gapni ochiq-oydin aytmoqda edi.
– Urush haqida boshqa gapirmang. Qo‘rqib ketayapman, – dedi Masita. Budinning og‘ushiga kirib, qo‘rquvini yashirishga urindi. Erining qo‘ynida u o‘zini butunlay xotirjam va urushdan himoyalangandek his etdi.
* * *
– Men farzand kutyapman, azizim.
– Nima? – Budin cho‘chib tushdi. Yelkasidan sochiqni olib, oyna yonida o‘tirgan xotiniga yaqinlashdi. – Shunday hazil qilmasam, turmas edingiz.
– Yana farzand kutyapsanmi, Masita?
– Yo‘g‘-e. Hazillashdim, sizni uyg‘otish juda qiyin. Quduq yoniga boring. Kech bo‘lib qoldi. Jali cho‘milib bo‘ldi, chamamda.
– Hazilingni yaxshi ko‘raman-da, Masita. Sen bilan birga bo‘lsam, sira zerikmayman, – dedi Budin. U egilib xotinini o‘pdi-da, xonadan chiqib ketdi.
Masita o‘rnidan turib, karovot ustiga yopinchiqni yopdi. Uchta yostiqni olib, deraza raxiga qo‘ydi.
Sumi bilan Salmi oshxonada kuymalanishardi. Masita Sumining bodring to‘g‘rayotib, Salmiga “choy qaynab ketdi!” deb baqirganini eshitdi. Ular birdan jim bo‘lib qolishdi, Jali kelgan, deb o‘yladi ona. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, ularning suhbati yana jonlanib ketdi, ora-chora Jalining ham ovozi eshitilib turardi. “Opa-singillar akasi bilan naqadar axil”, o‘yladi Masita. – Oralaridagi mehr tuyg‘usi yanada oshsin-da.
– Dadajon, o‘g‘lingizni bizdan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rasiz, – deya o‘pkalandi Sumi.
– U bizdan oq bo‘lgani uchunmi? – deya Salmi ham gapga suqildi.
– Eh, yana shu gapmi! – Budin qizlarini koyiy boshladi. – Nega endi Jaliga yaxshi, sizlarga esa yomon munosabatda bo‘lishim kerak? Jali ham, sizlar ham suyukli farzandlarimizsiz, onangiz bilan sizlarni birdek yaxshi ko‘ramiz. Eshityapsizmi? Birdek! Qanday qilib sizlarni bir-biringizdan ajratish mumkin?
Masita ham erining gapini ma’qullab kallasini liqillatib qo‘ydi. Sumi ham, Salmi ham otasining gapiga jilmaydilar. Sumi bu mavzuda ko‘p gap ochardi, Masita esa bundan xafa bo‘lardi.
– Dada, kechiring. Rostdan ham Jali terisining rangi biznikidan boshqacharoq-da.
– Yetar! Bas! – Budin qizlarni urishdi. – Sumi, sen, albatta bahsda yengib chiqishim shart deb o‘ylaysan, shundaymi? – Axir u o‘g‘il bola-ku, terisining rangi sizlarnikidan farq qilishi mumkin emasmi? Ko‘ryapsanmi, buning ajablanadigan joyi yo‘q…
* * *
Uyda jimlik hukmron edi. Masita oshxonada boshqa tovush eshitmadi. Hoynaxoy, ular biron-bir jumboq ustida bosh qotirayotgandirlar.
Budin cho‘milib uyga qaytib kelganida:
– Cho‘milib keldingizmi? – so‘radi xotini.
– Ha.
Masita o‘rnidan turib, javon eshigini ochdi, u yerdan Budinning maykasi, oq ko‘ylagi va qora shimini olib, karavot ustiga qo‘ydi.
– Kiyimlaringizni karavot ustiga qo‘ydim, kiyinib chiqing, sizni dasturxon atrofida kutyapmiz.
Budin ma’qul deganday kallasini qimrlatib qo‘ydi. Masita eshikni qiya yopib, xonadan chiqib ketdi. Taomning yoqimli xidi dimog‘ni qitiqlardi.
Masita oshxona tomon yurdi. Uning qulog‘iga farzandlarining ovozi eshitilib turardi.Jalining ovozi hammadan baland chiqmoqda.Uning jarangdor ovozi bir voqeani eslatib yubordi.O‘shanda Jali yalingannamo gapirgandi: – “Oyi, meni kechiring, sizga haqiqatni aytishim kerak…”
Masitaning hayoliga nelar kelmagandi o‘shanda.
– “Gapir, bolam nega qaltirayapsan? Onalar farzandlariga yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Dardingga har doim quloq tutganman, to‘g‘rimi?
– Nima deyishni bilmayapman. Menga yordam bera olasizmi?
– Nima bo‘ldi o‘zi? Kech bo‘lmasdan barini so‘zla, o‘g‘lim.
– Oyi, men… Xatijani…
– Axir, qanday qilib?!.. – esi og‘ayozdi Masitaning. Ko‘zlariga yosh olib, nima deyishni bilmay o‘g‘liga qarab qoldi. Hamma gapni eshitdi. Ko‘z yoshlarini artib, Xatijaning onasini axtarib ketdi. Yoniga borib, voqeani ochiq-oydin so‘zlab berdi, kechirim so‘rab, yalinib-yolvordi. Faqat shu ish qo‘lidan kelardi, xolos.
Baxtiga Xatijaning onasi to‘palon ko‘tarmadi. O‘zini bosdi, chunki bu xabar yoyilsa, oila sha’niga o‘chmas dog‘ tushdi, deyavering. U Parvardigorga iltijo qila boshladi.
Bu mash’um voqeadan so‘ng bir necha oy o‘tdi. Jali siri ochilmaganligiga xursand edi. Masita Xatijaga nisbatan o‘g‘lining ko‘nglida nima borligini surishtira boshladi. Agar u qizni xo‘rlagan bo‘lsa, buning uchun javob berishi shart. Qizlar har doim o‘z nomusini pokiza saqlashi lozim. Teginib qo‘ygan yigit endi qizni xurmat qilishi, uning or-nomusini asrashi kerak. Masita har gal bu haqda og‘iz ochganida, Jali o‘zini olib qochar yoki gapni boshqa mavzuga burishga harakat qilardi.
– “Nima haqda gapiryapsan?” – so‘radi Masita undan bir kuni.
– Romandagi voqealarni aytyapman, oyi. Ayting-chi, nima uchun menga faqat sevgi haqidagi romanlar yoqadi?
– Shunday degin.
Bu – dengizchi haqida, to‘g‘rirog‘i, dengizchi bo‘lishni yoshligidan orzu qilgan va faqat dengiz haqida o‘ylaydigan bir bola haqidagi roman. U yashaydigan bandargoh gullab-yashnab, kun sayin kengayib borardi. Bandargohga ko‘plab kemalar qatnaydi. Bir kuni: “Nega men bu yerda o‘tiribman? Dengizning u yog‘ida nimalar bor ekan?” – deb o‘ylab qoladi. Keyin dengizchi bo‘lib, dunyoni kezishga tushadi. U borgan har bandargohda juda ko‘p chiroyli qizlarni uchratadi. Portlardagi yuzlab qizlar… Topib ko‘ring-chi, qaysi birini tanlagan ekan?
– Balki u birorta chet ellik qizga uylangandir? – Masita taxmin qilib so‘radi.
– Yo‘q, topolmadingiz!
– Mayli. O‘zing ayta qol.
– O‘zi yashaydigan kichik bandargohda bir qizni uchratib qoladi. Qiz yosh, quvnoq, ko‘zlari esa juda chiroyli. U qizni chin dildan sevib qoladi. Keyin yaxshilab o‘ylab ko‘rib, sayohat qilishdan voz kechib, uyiga qaytib keladi. Qiz ham unga ko‘ngil qo‘ygan edi.
– Kim?
– Albatta, haligi qiz-da. Yigit ketib qolganidan so‘ng, qiz uni sog‘ina boshlaydi. Portga kelib qolmasmikin, deb qiz tez-tez u yerga borib turardi. Nihoyat, qiz orziqib kutgan kun yetib keladi. Yigit qiz bilan uchrashish uchun uyiga qaytadi. Qiz yigitni portda ko‘rib qoladi. Ular bir-biriga tikilib, yon-atrofdagi odamlarga ham e’tibor bermay, yig‘lab yuborishadi. Nihoyat, ular uzoq sog‘inchdan so‘ng turmush qurishadi.
* * *
– Oyi, nonushta tayyor bo‘ldi, – oshxonadan onasini chaqirdi Sumi. Shunda Masita o‘ziga keldi. Bir necha daqiqadan so‘ng eri Masitaga qarab:
– Masita, nonushta tayyor bo‘libdi, – dedi.
– Siz boravering, – dedi Masita eriga. – Quduq oldida bir narsa esimdan chiqib qolibdi.
Ona quduq tomon ketayotib, Sumining Jali ustidan kulayotgani va Jalining o‘z ishlari bilan maqtanayotganini eshitdi. Jali esa “hammalaring men bilan faxrlanishlaring kerak” – deb uqtirardi.
Masita va Budin o‘g‘lining iqtidorli ekanligini yaxshi bilishardi. O‘qituvchilarining unga bo‘lgan e’tibori, maqtovi, chet elga o‘qishga yuborishlari kerakligi haqidagi tavsiyalari, albatta, ota-onani sevintiradi-da. Jali Sumi va Salmiga umuman o‘xshamaydi, deb qo‘yishardi ular.
Ota Jalini chet elga yuborishga astoydil harakat qildi. Ammo pul to‘lash muammosini yechishning ilojini topolmadi. Masita bu ishlar erini ham, o‘g‘lini ham xafa qilganini yaxshi bilardi. Otasi o‘g‘lini ovutishga harakat qilib: Xudo xohlasa, bir kun kelib orzularimiz albatta ro‘yobga chiqadi, – deb dalda berardi.
Quduq yonidagi daraxt yaprog‘i uzilib suvga tushdi. Masita yuqoriga qaradi – suvga tushgan nangka daraxtining bargi ekan. Nahotki bu Jali tug‘ilganidan so‘ng ekilgan o‘sha daraxt bo‘lsa? Sumi tug‘ilganidan so‘ng ekkan savo daraxti-chi? Hozir u ham baland bo‘lib ketgan. Salmiga homilador bo‘lib yurgan kezlari, uning xom mevalarini yeganlari esida. “Menga uning achchiqroq ta’mi yoqadi. Pishgan vaqtida ular qushlarga yem bo‘ladi”, derdi Masita Budinga.
Masita tush ko‘ribdi… ularning qulog‘iga samolyotlarning gumburlashi eshitilarmish. Yuqoriga qaraganida, osmon uzra janub tomon uchib o‘tayotgan yuzlab samolyotlarga ko‘zi tushdi. Samolyotlar kumushrang-oq turnalarga o‘xshab uchardi. Qattiq tovushdan qulog‘ini berkitib oldi, bir mahal ortidan bir erkak kelib, quchoqlab oldi. Masita shu holatda qancha turganini bilmaydi…
– Qo‘yib yuboring meni, – qichqirarmish Masita tushida.
– Senga nima bo‘ldi, Masita? – xotinini turtdi eri.
Masita Budinga yopishib oldi. Sumi va Salmi ularni kuzatib turganini ko‘rib eridan o‘zini olib qochdi, chuqur nafas oldi-da, samolyotlar uchadigan tomonga qaradi. U yerda uchishga shaylanayotgan samolyotga ko‘zi tushdi.
– Oyi, xavotir olmang, hammasi yaxshi bo‘ladi, – Salmi uni yupatishga tushdi. Jali uchuvchi bo‘lish uchun o‘qishga kirmoqchi. Albatta uchuvchi bo‘ladi. Axir Tokio bizdan unchalik uzoq emas-ku.
Masita ko‘z yoshlarini artib:
– Ha, Jali Tokioda besh yil o‘qishi kerak, bu ayni haqiqat, endi bunga ko‘nikishim lozim, – dedi o‘ylanib.
Sumi onasining qo‘lini ushlab olgan, Salmi esa uning sochini silardi. Budinning chap qo‘li xotinining belida edi. Havoga ko‘tarilgan samolyotdan hech kim ko‘z uzmasdi. Samolyot shimol tomonga uchib, tobora uzoqlashib borardi. Oxir-oqibat butunlay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Masita kaftini ocharkan, pichirlab duo o‘qiy boshladi:
“Xudoyim, o‘g‘lim olis yurtga ketdi, Marhamating bilan baxtli oila yaratdim. Hademay besh yil o‘tib, o‘g‘lim qaytib keladi. O‘sha paytlarga yetguncha menga kuch-quvvat ato et. Omin”.
Rus tilidan Abror Umarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son