Anton Chexov. Ro‘za arafasida (hikoya)

— Pavel Vasilich! — deb Pelageya Ivanovna erini uyg‘otadi. — Hoy, Pavel Vasilich! Borib Stepaga qarashib yuborsang bo‘lardi, kitobi ustida yig‘lab o‘tiripti. Yana biron yeriga tushunmayotganga o‘xshaydi!
Pavel Vasilich o‘rnidan turadi-da, esnab ochilgan og‘zini cho‘qintiradi va muloyim tovush bilan:
— Hozir, jonginam! — deydi.
Uning yonida uxlab yotgan mushuk ham turadi, dumini cho‘zib, belini kamalak qiladi, ko‘zlari qisiladi. Hamma yoq jimjit… Faqat devorga yopishtirilgan guldor qog‘ozlar orqasida sichqonlar yugurishib yurganigina eshitiladi. Uyqudan betlari tirishib, qovog‘i shishib turgan Pavel Vasilich, etigi va choponini kiyadi-yu, yotoqdan yemakxonaga chiqadi; u kirganda derazadagi baliq sardagini hidlab turgan boshqa bir mushuk derazadan yerga sakrab tushadi-da, javon orqasiga yashirinadi.
— Seni hidlab ko‘r, deyishuvdimi! — deydi jahli chiqib, baliq ustiga gazet qog‘oz yopaturib. — Shunday qilgan bo‘lsang, mushuk emas, cho‘chqa ekansan!..
Bolalar bo‘lmasiga yemakxonadan kiriladi. Hamma yog‘i dog‘ bo‘lib, o‘yilib-timdalanib ketgan stol orqasida gimnaziyaning ikkinchi sinf o‘quvchisi Stepa o‘tiribdi — ko‘zlari yosh, yuzida xarxasha ko‘rinadi. U iyagigacha ko‘tarib olgan tizzalarini quchoqlab, xitoy larzon guliga o‘xshash chayqalib, hisob masalalari kitobiga jahl bilan tikilib o‘tiradi.
Pavel Vasilich stol yoniga o‘tvdradi-da, esnab turib:
— O‘qiyapsanmi? — deb so‘raydi. — Ishlar shunaqa, og‘ayni… O‘ynadik-kuldik, boplab uyquni urdik, chalpakni ham xo‘p tushirdik, mana endi ertaga non qoqisini yeymiz, tavbamizga tayanamiz-u, ishga qarab yuguramiz. Har qanday vaqtning chegarasi, pallasi bo‘ladi. Xo‘sh, ko‘zing yoshli, yig‘ladingmi? Yodlash joningga tekkan deyman, a? Ha, shiringina chalpakdan keyin ilm me’daga yoqmas ekanda, a? Shunaqaga o‘xshab qoldi.
— Hoy, bola bechorani mazax qilib nima qilasan? — deb Pelageya Ivanovna narigi uydan qichqiradi. — Mazax kilguncha, ko‘rsatib bersangchi! Sho‘rim kursin, ertaga yana bir olib keladi!
Pavel Vasilich Stepadan:
— Nimasiga tushunmayapsan? — deb so‘raydi.
— Manavi… kasrni bo‘lishga! — deydi bola, zarda qilib. — Kasrni kasrga bo‘lishga…
— Him… voy tentag-ey! Shunga-ya? Buning nimasiga tushunmaysan? Qoidasini qoyilcha qilib yodlab olsang — olam guliston-da, og‘ayni… Kayerni kasrga bo‘lish uchun, ya’ni masalan shu maqsadga erishish uchun birinchi kasrning suratini ikkinchi kasrning maxrajiga ko‘paytirasan, vassalom… ana shu hosilning surati bo‘ladi… Xo‘sh, so‘ngra birinchi kasrning maxrajini…
Siz aytmasangiz ham buni o‘zim yaxshi bilaman! — deb Stepa uning so‘zini bo‘ladi-da, stolda yotgan yong‘oq po‘chog‘ini chertib yuboradi. — Menga isbotini aytib bering!
— Isbotinimi? Xo‘p, aytib beraman. Bo‘lmasa qalam ber. Quloq sol. Masalan, sakkizdan yettini beshdan ikkiga bo‘lish kerak bo‘lib qoldi. Shundaymi? Bunda hamma bir, og‘ayni, kasrlarni bir-biriga bo‘lishda… Samovar qo‘yilganmi?
— Bilmadim.
— Choy vaqti ham bo‘lib qoldi-da… Soat yettidan oshdi… Xo‘p, endi quloq sol. Bo‘lmasa, bunday deb faraz qilayliyu masalan, sakkizdan yettini beshdan ikkiga emas, ikkiga bo‘lish kerak, deyaylik, ya’ni faqat suratga bo‘ldik. Qancha chiqdi?
— O‘n oltidan yetti.
— Balli, azamat. Gapning po‘skallasi shundaki, og‘ayni, agar biz… ya’ni masalan, ana shuni ikkiga bo‘lsak, V holda… Shoshma, o‘zim ham adashib qoldim. Shu topda bir narsa esimga tushib ketdi: bizning gimnaziyada Sigizmund Urbanich degan hisob o‘qituvchisi bor edi, polyaklardan. Boyaqish har darsda adashib qolaverardi. Teoremani isbot qila boshlardi-yu, birdan adashib qolib, qip-qizarib ketardi; keyin, orqasiga xuddi birov bigiz sanchib olganday, sinfda u yoqdan bu yoqqa yugurib yurardi, burnini besh-olti marta qoqib olib, keyin yig‘lashga o‘tirardi. Biz bo‘lsa, o‘zimizni sezmaganga solamiz, — quling o‘rgilsin degan bolalar edik-da. Ha, «nima bo‘ldi, Sigizmund Urbanich? Tishingiz og‘riyaptimi?» deb so‘rardik. Nimasini aytasan, og‘ayni, sinfdagi bolalarning hammasi ham shumtaka, kalla kesar bolalar edi-da. Shunday bo‘lsa ham, og‘ayni, olijanoblikni qo‘ldan bermasidik! Mening yoshlik vaqtimda senga o‘xshagan churvaqalar yo‘q edi, hammasi ham biri-biridan zo‘r, so‘tak, novcha bolalar edi. Men senga aytsam, og‘ayni, gimnaziyamizning uchinchi sinfida Mamaxin degan bola o‘qirdi. Yo nauzambillo, to‘nkaning o‘zi edi-ya! Bilasanmi, so‘takning bo‘yi bir sajen, yursa yer larzaga kelardi, mushtini ko‘rsang — gurzimi deysan, orqanga bir musht tushirsa bormi — joning hiqildog‘ingdan chiqib ketadi! Biz tugul, o‘qituvchilar ham qo‘rqishardi undan! Ana shu Mamaxin deganimiz gohida…
Eshik orqasidan Pelageya Ivanovnaning oyoq tovushi eshitiladi. Pavel Vasilich eshik tomonga imo qilib pichirlaydi:
— Onang kelyapti. Kel, darsni qilaylik. Shunday qilib, og‘ayni, — deb u ovozini baland ko‘tarib gapiradi, — mana bu kasrni mana bunisiga ko‘paytirish kerak. Xo‘sh, buning uchun birinchi kasrning suratini ikk…
— Chiqib choy ichinglar! — deb Pelageya Ivanovna qichqiradi.
Pavel Vasilich bilan o‘g‘li, hisobni yig‘ishtirib qo‘yib, choy ichgani chiqadi. Yemakxonada esa Pelageya Ivanovna, uning yonida indamas bir xolasi, yana bir gung xolasi va Stepani tug‘dirgan enaga Markovna buvi o‘tiribdi. Samovar bug‘ chiqarib, vishillab turadi, undan buralib chiqayotgan bug‘ shipga to‘lqinli, haybatli soyalar tushiradi. Uxlayverib lallayib qolgan mushuklar dahlizdan dumlarini gajjak qilib kirib keladilar. ..
— Murabbo bilan ich, Markovna, — deydi Pelageya Ivanovna, enagaga qarab, — ertaga ro‘za, bugun to‘yib ol.
Markovna qoshiqni to‘ldirib murabbo oladi, uni, xuddi poroxday, hadiksirab og‘ziga keltiradi-da, Pavel Vasilichga qiya boqib qo‘yib, og‘ziga soladi; yeb turib, xuddi ana shu murabboday shirin kulimsiraydi.
— Murabbo biram shirin bo‘ptiki, — deydi u. — Onajonim Pelageya Ivanovna, o‘zingiz pishirdingizmi-ya, aylana qolay?
— O‘zim. Bo‘lmasa kmm pishiradi? Hammasini o‘zim qilaman. Stepajon, senga choyni sovuqroq quymabmanmi? Voy, ichib bo‘psan-ku! Kel, jonimni qoqay, yana quyib beray.
— Shunday qilib, og‘ayni, ana shu Mamaxin, — deb Pavel Vasilich Stepaga qarab olib so‘zini davom etdiradi, — frantsuz tili o‘qituvchisini jini yoqtirmasdi. «Men dvoryanman, frantsuzning menga kattalik qilishiga chidab turolmayman! O‘n ikkinchi yilda frantsuzlarni biz do‘ppaslaganmiz-a!» deb baqirardi. Shu gapi uchun o‘zini ham xo‘p kaltaklashardi… Juda qattiq kaltaklashar edi! U-chi, kaltaklashmoqchi bo‘lib turganlarini fahmlab qoldimi — bo‘ldi, hayt deb derazadan tashlardi-yu, qo-ochardi, ke-etardi! Ana shundan keyin besh olti kungacha gimnaziyaga qorasini ko‘rsatmasdi. Onasi direktorning oldiga kelib, xudoning zorini qiladi: «Direktor janoblari, xudo xayringizni bersin, Mishkamni topib o‘lguday tayoqlang, yigit o‘lgurni!» deydi. Direktor bo‘lsa: «Hay-hay, begoyim, bolakayingizga bir men emas, beshta qorovul ham bas kelolmaydi-yu!» deydi.
Pelageya Ivanovna yuragi chiqquday bo‘lib eriga qaraydi-da:
— Voy xudo-ey, shunaqayam xudo urgan bola bo‘ladimiya! Onasining sho‘ri-da! — deydi.
Oraga jimlik tushadi. Stepa qattiq esnab, o‘zi choydonda ming marta ko‘rgan xitoy suratini tomosha qiladi. Ikkala xolasi bilan Markovna likopchada sekin-sekin choy ho‘playdi. Havo qimir etmaydi, pechka issig‘idan dim… Hammaning yuzida tanballik nishonalari bor, qorinlari qappayib ketganidan qimirlashga erinadilar. Shunday bo‘lsa ham ovqat yeyish kerak! Samovar, piyolalar, dasturxon yig‘ishtirib olinadi, ammo odamlar stol atrofida qolaveradi… Pelageya Ivanovnani vahima bosib, birdan o‘rnidan turadi-da, kechki ovqat to‘g‘risida gaplashgani oshpaz xotin oldiga chopib chiqib ketadi. Ikkovi xolasi ham avvalgi alpozda: qo‘llarini ko‘kraklarida qovushtirib, qimir etmay, qo‘rg‘oshinga o‘xshab qolgai ko‘zlarini chiroqqa tikib olib, mudrab o‘tiradi. Markovnani har minutda hiqichoq tutadi, u nuqul:
— Nimaga hiqichoq tutar ekan, unaqa narsalarni yeganim yo‘g‘idi shekilli… Ichganim yo‘q… Hiq. — deydi.
Pavel Vasilich bilan Stepa, boshlarini bir-biriga tegizib, yonma-yon o‘tirishadi, stol ustiga engashib olib, 1878 yilda chiqqan «Niva» jurnalini ko‘rishadi.
— «Milanda Viktor Emanuil gallereyasi oldiga o‘rnatilgan Leonardo da Vinchi haykali». Voy-vo‘y… Bamisoli g‘alaba darvozasi-ya!.. Sarvoz oyimi bilan… Ho uzoqdagi kichkina odamlarni qara…
— Anovi kichkina odam bizning gimnaziyada o‘quvchi Niskubinga o‘xshar ekan, — deydi Stepa.
— Varaqla u yog‘ini… «Oddiy pashshaning mikroskopda ko‘ringan og‘zi». Ana og‘iz-u! Qandingni ure, pashshavoy! Bordi-yu, qandalani mikroskopga solib qaralsa qanday bo‘larkan-a, og‘ayni? Sasib ketar bachchataloq!
Zaldagi qadimiy soat zang uradi-yu, shamollab qolganday xirillab, o‘n marta yo‘taladi. Yemakxonaga oshpaz xotin Anna kiradi-da, gup etib, o‘zini xo‘jayinning oyog‘iga tashlaydi!
— Hazrati Iso alahissalomning yuzi xotiri uchun gunohlarimni kechiring, Pavel Vasilich! — deydi u, o‘rnidan qip-qizarib turib.
— Sen ham hazrati Iso alahissalomning yuzi xotiri uchun gunohlarimni kechir, — deb Pavel Vasilich parvosizgina javob beradi.
Anna oilaning boshqa a’zolari oldiga ham ana shu tartibda boradi, — oyoqlariga yiqilib, gunohlarini o‘tishlarini so‘raydi. Faqat Markovnani orada qoldirib ketadi, chunki uni aslzoda bo‘lmagani uchun ta’zimga loyiq ko‘rmaydi.
Jimlik va xotirjamlik ichida yana yarim soatcha vaqt o‘tadi… «Niva» endi divanga uloqtirilgan, Pavel Vasilich esa, barmog‘inm bigiz qilib, bolalik chog‘larida o‘rganib olgan bir lotincha she’rni yoddan o‘qiydi. Stepa uning nikoh uzugi taqilgan barmog‘iga tikilib olib, o‘zi tushunmagan tilga quloq soladi, uni mudroq bosadi: mushti bilan ko‘zlarini uqalaydi, ko‘zlari bo‘lsa yana besh badtar yumilib ketadi.
— Kirib uxlayman… — deydi u kerishib, esnab turib.
— Nima, nima? Uxlayman? — deb so‘raydi Pelageya Ivanovna. — Ro‘zaga og‘iz yopmay, a?
— Men xohlamayman.
— Nima balo, esingni yeb qo‘yganmisan? — deydi onasi qo‘rqib. Og‘iz yopmay bo‘larmishmi? Ro‘za tugamaguncha taqiq qilingan ovqatni ko‘rmaysan endi, bolam!
Pavel Vasilich ham qo‘rqib ketadi.
— Ha, ha, shunaqa, og‘ayni, — deydi u ham. — Taqiq qilingan ovqatni yetti haftagacha bermaydi onang. To‘g‘ri kelmaydi, og‘izni yopib olish kerak.
— Bore, uyqum kelyapti! — deydi Stepa, injiqlik qilib.
— Bo‘lmasa, darrov dasturxon tuzanglar! — deb Pavel Vasilich xavotirlanib qichqiradi. — Anna, nimaga anqayib turibsan, ahmoq? Chop, dasturxon tuza!
Pelageya Ivanovna qo‘llarini silkitadi-da, xuddi uiga o‘t ketganday vahim bilan oshxonaga yuguradi.
— Tezroq! Tezroq! — degan tovush bosadi butun uyni, — Stepajonning uyqusi kepti! Anna, voy xudo-ey bu nimasi? Tezroq bo‘l!
Besh minutdan so‘ng dasturxon tuzaladi. Mushuklar, yana dumlarini gajjak qilib, bellarini kamalak singari bukadilar-da, kerishib, yemakxonaga kirib keladilar… Oilaning hamma a’zosi ovqatga o‘tiradi. Hech kimning ovqat yegisi kelmaydi, hammaning ham qorni kappayib ketgan, ngunday bo‘lsa ham ovqat yeyish kerak!

Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi