Anton Chexov. Hodisa (hikoya)

Ertalab quyoshning ravshan nurlari deraza oynalarini qoplagan uqaday muzlar orasidan bolalar bo‘lmasiga kirmoqda. Sochlari olingan, burni tugmachaday Vanya va uning to‘rt yashar, jingalak soch, miqqiday semiz, yoshiga qaraganda bo‘yi qisqa ko‘rinadigan Nina uyqudan uyg‘ondi-yu, krovatning panjaralari orasidan bir-birlariga xo‘mrayib qaradi.
— Hu-u, uyatsizlar! — deb jovray ketdi enaga — Otalik olti to‘ydi, onalik yetti to‘ydi, sizlar haliyam ko‘zlaringni ochmaysizlar…
Quyosh shu’lasi xuddi bolalarni o‘ynamoqqa imlab chaqirganday, gilam va devor yuzida hamda enaganing etagida jilvalanar, bolalar esa, buni payqamas edi. Ular uyqudan ta’bilari g‘ash bo‘lib uyg‘ondi. Nina lablarini cho‘chchaytirdi, aftini burishtirdi va cho‘zib:
— Cho-y! Enaga, cho-y! — dedi.
Vanya esa, peshonasini tirishtirib, ho‘ngrab yig‘lash uchun bahona qidiradi. U ko‘zlarini chirt-chirt yumib, og‘zini endi ochgan ediki, mehmonxonadan onasining tovushini eshitib qoldi:
— Mushukka sut berish esingizdan chiqmasin. Endi uning bolalari bor!
Vanya bilan Nina lab-lunjlarini yig‘ishtirib, bir-biriga hayron bo‘lib qarashdi, ikkalalari ham birdan krovatdan o‘zlarini tashlashdi va chinqirib, yalangoyoq, ko‘ylakchan holda oshxonaga yugurishdi va:
— Mushuk tug‘ipti! Mushuk tug‘ipti! — deb qichqirishdi.
Oshxonadagi skameyka ostida kichkina yashchik turibdi. Bu yashchikda Stepan pechkaga ko‘mir keltirar edi. Yashchik ichidan mushuk qarab turar edi. Uning kulrang yuzidan qattiq horg‘inlik seziladi, gavharlari hora ko‘k ko‘zlari esa, toliqqan, erkalanib boqadi… Ammo shunday shodlik paytida u mehr qo‘ygan «yori» — bolalarining otasi kerakligi mushukning basharasidan bilinib turadi! Uning miyovlagisi keladi, og‘zini katta ochadi, ammo bo‘g‘zidan xirillagan ovozgina chiqadi… Mushuk bolalarining chiyillagan tovushi eshitiladi.
Bolalar yashchikning yoniga cho‘nqayishadi va qimir etmay, nafaslarini ichlariga olib, mushukka qarab qolishadi… ular hayronlikdan, quvib kelgan enaganing jovrashini ham eshitmaydi. Ikkovlarining ham ko‘zlarida shodlik porlaydi.
Bolalarning tarbiyasida va hayotida uy hayvonlarining ahamiyati kam sezilsa ham, shubhasiz yaxshi ta’sir qoldiradi. Bir xil baquvvat, ammo odamga vafodor ko‘ppaklarni, tekin tomoq laychalarni, qafasda erksizlikdan o‘lib qoladigan qushchalarni, kekkayib yuradigan, befahm kurkalarni, o‘ynashib dumini bosganimizga chidaydigan yuvosh qari mushuklarni qaysi birimiz bilmaymiz? Menga ba’zan shunday tuyiladiki, uy hayvonlariga xos chidam, vafodorliklar, kechirishlar va samimiyat Karl Karlovichning uzundan-uzun quruq va yuzaki nasihatlaridan yoki bolalarga suv kislorod va vodoroddan iboratligini tushuntirishga uringan guvernantkaning betayin safsatalaridan ko‘ra, bolalarning miyasiga kuchliroq, yaxshiroq ta’sir etadi.
— Qanday kichkina-ya bular! — deydi Nina, ko‘zlarini katta ochib va sho‘x-sho‘x kulib. — Xuddi sichqonlarga o‘xshaydi!
— Bitta, ikkita, uchta… — deb sanaydi Vanya. — Uchta mushukcha ekan. Demak, bittasi menga, bittasi senga, bu bittasini biror kishiga beramiz.
— Xurr… xurr… xurr… — qilib turibdi ona mushuk, — bolalarning e’tibor berganidan mamnun bo‘lib. — Xurr.
Bolalar mushukchalarni tomosha qilib bo‘lgach, onasining tagidan qo‘llariga olib ko‘rdilar va bu bilan ham qanoatlanmay, ko‘ylaklarining etaklariga solib, chopqillagancha uyga kirib:
— Oyi, mushuk tug‘ipti! — deb qichqirishdi.
Onalari mehmonxonada notanish bir janob bilan gaplashib o‘tirgan edi. U bolalarni yuvinmagan, kiyinmagan, etaklari ko‘tarilgan holatda ko‘rib xijolat chekdi va ko‘zlari chaqchayib ketdi.
— Etaklaringni tushiringlar, uyatsizlar! — dedi u, — Ketinglar bu yerdan, bo‘lmasa men odoblaringni beraman.
Ammo bolalarning ona do‘qi bilan ham, begona kishi borligi bilan ham ishlari yo‘q. Ular mushukchalarni gilamga qo‘ydilar-da, quloqni kar qiladigan darajada qichqirdilar. Ularning yonida mushukchalarning onasi yuradi va yolvorib miyovlaydi. Biroz vaqt o‘tgach bolalarni o‘z xonalariga olib kirib kiyintirishadi, cho‘qintirishadi va choy ichqazishadi Ular esa, bunday mashmashalardan tezroq qutulishga shoshiladilar va yana oshxona tomon chopadilar.
Bolalar o‘zlarining ilgarigi mashg‘ulot va o‘yinlarini naryoqqa yig‘ishtirib qo‘ydilar.
Mushukchalarning dunyoga kelishi hamma narsani bosib ketib, ajoyib bir yangi ermakka aylandi. Agar shu topda Vanya bilan Ninaga har bir mushukchani bir pud konfet yoki ming tanga pulga berasizlarmi deyilsa, ular hech ikkilanmasdan rad etardi. Ular, enaga va oshpaz ayolning dod-voyiga qaramay, tushlik ovqatgacha oshxonadagi yashchikning yonida o‘tirib, mushukchalar bilan ovora bo‘lishdi. Ularning yuzlari jiddiy, o‘ychan, mushukchalarga mahliyo bo‘lib qolgan edi. Bolalarni mushukchalarning hozirgi ahvoligina emas, kelajagi ham bezovta qilar edi. Ular mushukchalardan birini ona mushukni yupatish uchun uyda qoldirishmoqchi, ikkinchisini boqqa oborishmoqchi, uchinchisini kalamushi ko‘p yerto‘lada saqlashmoqchi bo‘lishdi.
— Nimaga ular qaramaydi-ya? — deydi hayron bo‘lib Nina. — Ko‘zlari gadoylarnikiga o‘xshash ko‘r ekan.
Bu masala Vanyani ham bezovta qiladi. U mushukchalardan birining ko‘zini ochmoqchi bo‘lib, ancha pishillab, chiranib ko‘radi, ammo uning urinishi natija bermaydi. Ular berilgan go‘sht va sutni mushukchalar hidlab ham ko‘rmasliklaridan bezovta bo‘ladilar. Ular mushukchalarning tumshug‘i tagiga ovqat oborib qo‘yadilar, bu ovqatlarni onasi — kulrang mushuk yeb qo‘ya beradi.
— Mushukchalarga uy qilib beraylik! — deydi Vanya. — Ularning har qaysisi boshqa-boshqa uyda turadi, mushuk ularga mehmonga keladi…
Oshxonaning burchaklariga shlyapa qutilari qo‘ydilarda, ichiga mushukchalarni soldilar. Ammo bunday ajratishga hali erta edi: mushuk yolvorgan va erkalangan qiyofada qutilarga borib, bolalarini olib, eski joyiga keltirib qo‘yar edi.
— Mushuk bularning onasi bo‘ladi, — deb uqdirdi Vanya, — otasi kim?
— Ha, otasi kim? — deb takrorlaydi Nina.
— Ularga ota kerak.
Vanya bilan Nina mushukchalarga nimani ota qilsak ekan, deb uzoq o‘ylashadi va nihoyat, ombordagi zinagyuya ostida, o‘yinchoqlar orasida, ko‘p vaqtdan beri yotgan dumi yulingan katta jigarrang otni ota qilmoqchi bo‘lishadi-da, uni ombordan olib chiqib, yashchikning yoniga qo‘yishadi.
— Qarab turgin! — deb do‘q urishadi unga. — Shu yerda qarab turgin, tag‘in ular tartibsizlik qilmasin.
Ularning bu gaplari va harakatlari g‘oyat jiddiy ravishda va g‘amxo‘rlik bilan qilinar edi. Vanya bilan Ninaning ko‘ziga yashchik bilan undagi mushukchalardan boshqa narsa ko‘rinmaydi. Hozir ular quvonchining chegarasi yo‘q, lekin og‘ir, azobli damlarni ham o‘tkazadilar.
Tushlik ovqatga yaqin Vanya otasining kabinetida o‘tirib, stolga xayol surib qarardi. Chiroqning yonida gerbli qog‘ozning ustida mushukcha yumalab yotardi. Vanya uning harakatlarini ko‘zdan kechirar va tumshug‘iga goh qalam, goh gugurt donasi nuqar edi… Shu payt yerdan chiqqanday, stolning yonida, to‘satdan uning otasi paydo bo‘lib:
— Bu nimasi!? — dedi g‘azab bilan.
— Bu… bu mushukcha, dada…
— Hu, mushukchang qursin! Uni qara, nimalar qilibsan, sen yaramas bola! Qog‘ozlarimning hammasini bulg‘otib yuboribsan.
Vanya, otasi mushukchani yoqtirmaganini va quvonish o‘rniga qulog‘idan cho‘zib:
— Stepan, anov falokatni yo‘qot, — deb qichqirganini eshitib hayron bo‘lib qoldi.
Tushlik ovqat chog‘ida ham janjal bo‘ldi… Ikkinchi ovqat yoyilayotganda, o‘tirganlar, birdan, chiyillagan tovush eshitdi. Chiyillagan nima ekan deb izlashib, Ninaning fartugi tagidan mushuk bolani topib olishdi.
— Nina, stoldan ket nari! — deb jahl qildi otasi. — Mushukchalarni tezdan oborib kir o‘raga tashlanglar! Bunday irkit jonivorlar uyimizda turmasin!..
Vanya bilan Nina juda ham qo‘rqib ketdilar. Mushukchalar kir o‘rada shafqatsizlik orqasida o‘lishlari bilan birga ona mushuk va yog‘och ot bolalaridan judo bo‘ladi, yashchik bo‘sh qolib, bolalarning rejalari barbod bo‘ladi-ku, ular mushukchalardan birini ona mushukni yupatish uchun uyda qoldirishmoqchi, ikkinchisini boqqa yuborishmoqchi, uchinchisini kalamush ko‘p yerto‘lada saqlashmoqchi edi… Bolalar yig‘laydi va otasiga yalinib, mushukchalarga rahm qilishini so‘raydi. Otasi esa, ularga oshxonaga kirmaslik va mushukchalarga tegmaslik sharti bilan rozi bo‘ladi.
Ovqatdan keyin Vanya bilan Nina hamma xonalarni aylanib, zerikadi va azoblanadi. Oshxonaga kirish man etilganidan ular juda ma’yus, shirinlik bersa yemaydi, onalariga injiqlik va qo‘pollik qiladi. Kechqurun tog‘alari Petrusha kelganda uni bir chekaga olib chiqib, otasining mushukchalarni kir o‘raga tashlamoqchi bo‘lganidan unga zorlanishadi.
— Petrusha tog‘a! — deb so‘raydi ular. — Oyimga ayting, mushukchalarni bolalar xonasiga qo‘ysin. Ay-ti-ng!
— Xo‘p, xo‘p… yaxshi! — deb, tog‘asi ularga qo‘l siltaydi. — Mayli.
Tog‘alari Petrusha odatda bitta o‘zi kelmas edi. U bilan Daniya zotidan Nero degan katta it birga kelar edi. Itning quloqlari shalpaygan, dumi esa tayoqday qattiq edi. Bu ko‘ppak indamas, qovog‘i soliq, o‘ziga bino qo‘ygan, gerdaygan edi. U bolalarga sira ham parvo qilmaydi va ularning yonidan o‘tar ekan, dumi bilan urib ketadi. Bolalar uni butun vujudlari bilach yomon ko‘radilar, lekin bu safar bir mulohaza ularning sezgilaridan ustun keldi.
— Bilasanmi, Nina? — deydi Vanya, ko‘zlarini katta ochib, — otning o‘rniga Nero ota bo‘la qolsin! Otning joni yo‘q, bu tirik!
Ular otalarining karta o‘ynashga o‘tirishini va Neroni birovga sezdirmay oshxonaga olib o‘tish paytini kutdilar… Mana, pirovardida otasi karta o‘ynashga kirishdi, onasi esa, samovar qaynatish bilan ovora bo‘lib, bolalarini ko‘rmaydi… Qulay fursat keldi.
— Yur, boramiz! — deb shivirlaydi Vanya singlisiga.
Ammo shu on Stepan kirib keladi va kulib turib:
— Beka! Nero mushuk bolalarini yeb qo‘ydi! — deydi.
Nina bilan Vanya ranggi o‘chib ketadi, vahimaga tushib, Stepanga qaraydi.
— Az-baro-yi xu-do, yeb qo‘-ydi, — deb kuladi malay. — Yashchikning oldiga bordi-da, yeb qo‘ydi.
Bolalar bu xabardan, uyda bor hamma odamlar hayajonga kelib, yovuz Neroga baravar yopiriladi, deb o‘ylashgan edi. Ammo odamlar o‘z joylarida tinch o‘tirishadi, faqat bu katta itning ishtahasiga hayron qolishadi. Otasi bilan onasi esa kulishadi… Nero stolning yonida u yoq bu yoqqa yuradi, dumini likillatadi va lab-lunjini yalaydi… Faqat mushuk bezovta edi. U dumini sudrab, xonadan-xonaga kiradi, odamlarga shubhalanib qaraydi va ularga yolvorib miyovlaydi.
— Bolalar, soat to‘qqizdan oshdi! Uxlanglar endi! — deb qichqiradi onasi.
Vanya bilan Nina yotishadi. O‘rinda yig‘lashadi va xafa bo‘lgan mushuk hamda jazolanmagan rahmsiz, surbet Nero haqida uzoq o‘ylashadi.

S. Ibrohimov tarjimasi