Anton Chexov. Boloxonali uy (hikoya)

(Rassom hikoyasi)

I

Bu voqea bundan olti-etti yil avval, men T. gubernasining uyezddaridan birida, pomeshchik Belokurovning mulkida yashab turganimda ro‘y bergan edi. Belokurov yosh yigit bo‘lib, saharlab o‘rnidan turib, beli burma kamzul kiyib yurardi va kechqurunlari pivoxo‘rlik qilardi. U menga hech qayerda bironta hamdard topilmasligidan hamma vaqt shikoyat qilib yurar edi.
U bog‘chadagi uyda yashardi, men esa, o‘zim yotib uxlandigan keng divan va o‘zim karta yoyadigan stoldan bo‘lak jihozi bo‘lmagan boyning eski uyidagi yo‘g‘on-yo‘g‘on ustunlik katta bir zalda turardim. Bu zaldagi eski amos pechlari ichida, hatto havo ochiq vaqtlarida ham, nimadir guvillab turar, momaqaldiroq turganda butun uy zirillar, mayda bo‘laklarga ajralib ketayotgandek tuyulardi. Ayniqsa kechalari, chaqmoqdan o‘nta katta deraza to‘satdan yaraqlab ketganda esa, bir oz vahimali bo‘lar edi.
Taqdir taqozosi bilan men biror ish bilan shug‘ullanmay, uyning oynalaridan soatlab osmonga, qushlarga, xiyobonlarga qarab o‘tirardim, pochtadan nima keltirsalar shuni o‘qirdim va uxlar edim. Goho men uydan chiqib ketar edim-da, qorong‘i tushguncha biror yerda sanqib yurardim.
Bir kun uyga qaytishda allaqanday bir qo‘rg‘onga adashib kirib qoldim. Quyosh bota boshlagan, yashnab turgan javdarlar ustiga kechki soya tushgan edi. Zich o‘tkazilgan ikki qator baland-baland qari archa daraxtlari, qopqora ko‘rkam bir xiyobon tashkil qilib, ikki devordek turadi. Men to‘siqdan osongina oshib o‘tdim-da, shu xiyobon bo‘ylab yerni to‘rt enlikcha qoplab yotgan archa barglari ustidan toyg‘ana-toyg‘ana yurib ketdim. Jimjit va qorong‘i bo‘lib, daraxtlarning tepasida onda-sonda ravshan nur tovlanib ketib, o‘rgimchak uyalarida jilvalanar edi; ignabargli daraxtlar hidi nafasni qaytarish darajasida anqib turadi. Keyin men arg‘uvon daraxtli uzun xiyobonga burildim. Bu yerda ham qarovsizlik va keksalik; o‘tgan yilgi xazonlar oyoqlar tagida yoqimsiz shitirlaydi, shom qorong‘iligida daraxtlar orasida soyalar berkinmachoq o‘ynaydi. O‘ng tarafda, qarib qolgan meva bog‘ida zaif bir ovoz bilan istar-istamas, zarg‘aldoq sayraydi. Ehtimol u ham keksayib qolgandir. Mana, arg‘uvon daraxtlari ham tamom bo‘ldi; men ayvonlik va boloxonali oq uyning yonidan o‘tdim, ko‘z o‘ngimda barin hovlisi, atrofida to‘da-to‘da ko‘m-ko‘k tollar o‘sgan, cho‘miladigan joylari ajratilgan katta hovuz paydo bo‘ldi. Hovuzning narigi betida, qishloq cherkovining baland, ingichka qo‘ng‘iroqxonasi tepasidagi krest botayotgan quyoshni aks etdirib turar edi. Men shu manzarani qachondir bolalik chog‘imda ko‘rgandek bo‘ldim, allaqanday juda qimmatli, tanish narsa bir lahza xayolimni band etdi.
Qo‘rg‘ondan dalaga chiqaverishdagi oq toshdan ishlangan qadimiy mustahkam sherdor darvoza oldida ikkita qiz turar edi. Ulardan biri — kattarog‘i baland bo‘yli, rangpar, nihoyatda go‘zal, qalin qo‘ng‘ir soch, og‘zi bejirim, jiddiy qiyofali bo‘lib, menga bir nazar tashlab qo‘ydi. Ikkinchisi esa, yoshgina o‘n yetti-o‘n sakkizdan oshmagan edi. U ham kattasiga o‘xshash baland bo‘yli, rangpar, ammo og‘zi katta, shahlo ko‘z bo‘lib, men ularning oldidan o‘tar ekanman, menga taajjub nazari bilan qaradi-da, inglizchalab bir nima dedi va o‘zi xijolat tortib qizarib ketdi. Bu ikki yoqimli yuz ham menga allaqachyundan beri tanishdek bo‘lib tuyuldi. Men uyga yaxshi tush ko‘rgan odamdek bir tuyg‘u bilan qaytib keldim.
Shundan ko‘p o‘tmay, bir kuni men Belokurov bilan tush paytida uyning oldida sayr qilib yurgan edim, to‘satdan o‘tlarni shitirlatib o‘sha qizlardan biri o‘tirgan ressorlik izvosh qo‘rg‘onga kirib keldi. Bu o‘sha qizlarning kattasi bo‘lib, yong‘indan zararlanganlarga yordam varaqasiga imzo chekishga da’vat qilib kelgan edi. Qiz yerdan ko‘zini uzmay Siyanov qishlog‘ida qancha uy-joy kuyib ketganini, qancha erkak, xotin va bolalar boshpanasiz qolganini va uning o‘zi hozirda a’zo bo‘lgan yong‘indan zararlanganlar komiteti dastlab qanday tadbirlar ko‘rish niyatida ekanini jiddiy va batafsil so‘zlab berdi. U bizlarni varaqaga imzo chektirib, varaqani joylab qo‘ydi-da, shu ondayoq xayrlashdi.
— Bizni juda unutib yubordingiz, Petr Petrovnch, — dedi u Belokurovga, — boring, agar monsieur N. (u familiyamni atadi) ham u kishining iste’dodlarini qadrlovchilar qanday yashayotganligiga bir nazar solishni istasalar va biznikiga borsalar, oyim ikkalamiz juda xursaad bo‘lamiz.
Men ta’zim qildim.
U ketgandan keyin Petr Petrovich so‘zlay boshladi. Uning so‘zicha, bu qiz yaxshi oiladan bo‘lib, ismi Lidiya Volchaninova ekan, u o‘z onasi va singlisi bilan yashaydigan mulkning va hovuzning narigi betidagi qishloqning nomi Shelkovka ekan. Qizning otasi bir vaqtlar Moskvada boobro‘ odam bo‘lib, tayniy sovetnik darajasiga yetganda vafot etgan ekan. Volchaninovalar, yetarli mablag‘ga ega bo‘lsa ham, yozin-qishin hech qayerga bormasdan qishloqda yashar ekan. Lidiya o‘zining Shelkovka qishlog‘idagi zemstvo maktabida muallimalik qilar, oyiga yigirma besh so‘m maosh olib, o‘z shaxsiy xarajatlari uchun shu pulnigina ishlatib, o‘z mehnati bilan yashayotganiga faxrlanar ekan.
— Ajoyib oila, — dedi Belokurov. — Balki bir borib kelarmiz. Siz borsangiz ular juda xursand bo‘ladi.
Bayram kunlaridan birida, tushki ovqatdan keyin, nima bo‘ldi-yu, Volchaninovalarni eslab qoldik va ularnikiga — Shelkovkaga jo‘nadik. Volchaninovalar, ikki qiz va onasi uyda ekan. Onasi, Yekaterina Pavlovna, ko‘rinishidan bir vaqtlar go‘zal bo‘lgan, hozir esa yoshiga nomunosib xomsemiz, nafas siqish kasaliga uchragan, ma’yus, parishonxotir xotin rassomlik san’ati haqida gap boshlab mening ko‘nglimni ochishga harakat qildi. Mening Shelkovkaga kelishim ehtimoli borligini qizidan eshitib, u Moskvadagi vistavkada ko‘rgan mening peyzajlarimdan ikki-uchtasini shoshilinch ravishda xotiriga keltirib, endi mendan o‘sha peyzajlarda nimalarni ifodalamoqchi bo‘lganimni so‘radi. Lidiya yoki, uni uyda atashlaricha, Lida mendan ko‘ra Belokurov bilan ko‘proq gaplashar, undan nega zemstvoda xizmat qilmasligi, nega shu vaqtgacha bironta ham zemstvo majlisida ishtirok etmaganini jiddiy qiyofada so‘rar edi.
— Yaxshi emas, Petr Petrovich, — derdi u, ta’na bilan. — Yaxshi emas. Uyat.
— To‘g‘ri, Lida, to‘g‘ri, — deb ma’qullardi onasi. — Yaxshi emas.
— Bizning uyezdimiz tamoman Balaginning qo‘lida, — davom etdi Lida menga murojaat qilib. — U mahkamaning raisi, uyezddagi qolgan barcha lavozimlarni esa jiyanlari va kuyovlariga bo‘lib bergan. Nimani istasa, shuni qiladi. Kurashish kerak. Yoshlar o‘zlaridan kuchli bir partiya tashkil qilishlari lozim, ammo, mana, bizning yoshlarimiz qanday ekanligini ko‘rib turibsiz. Uyat, Petr Petrovich!
Kenja qiz, Jenya, zemstvo haqida gap borayotganda jim o‘tirdi. U jiddiy suhbatlarga qo‘shilmas, oilada uni hali balog‘atga yetmagan deb bilishar va bolalik chog‘ida murabbiyasi missni misyus degani uchun, kichik qizchaday uni Misyus deb atasharkan. Suhbat davomida Jenya menga qiziqib qarab turdi. Men albomdagi suratlarni ko‘zdan kechirayotgan vaqtda esa; «Bu amakim… Bu tutingan dadam» deb barmoqchasini suratlar ustidan yurgizib, menga tushundirdi. Shu vaqtda u bolalardek yelkasini menga tekizar, men uning zaif, yaxshi yetilmagan ko‘kragini, nozik yelkalarini, kokillarini va belbog‘ bilan tarang tortilgan oriqqina tanasini yaqindan ko‘rar edim.
Biz kroket va lown tennis o‘ynadik, bog‘da sayr qildik, choy ichdik, keyin bahazur ovqatlanib o‘tirdik. Ustunlari bahaybat kattakon bo‘sh zalda yashab yurganimdan, devorlarida rang-barang rasmlar bo‘lmagan bu mo‘jazgina uyda, xizmatkorlarga ham sizlab muomala qilinadigan bu oilada men o‘zimni juda yaxshi sezdim. Lida va Misyusning borligi tufayli mening ko‘zimga hamma narsa yosh, pokiza, hamma narsada tartib-intizom bordek ko‘rinar edi. Kechki ovqatdan keyin Lida yana Belokurov bilan zemstvo haqida, Balagin haqida, maktab kutubxonalari haqida gaplashdi. Bu g‘ayratli, sofdil, e’tiqodli bir qiz edi. Maktabda gapirib o‘rganib qolganidan bo‘lsa kerak, u baland ovoz bilan gapirar, shunday bo‘lsa ham uni tinglash maroqli edi. Ammo bizning Petr Petrovich esa studentlik davridan qolgan odati bo‘yicha, har bir gapni tortishuvga olib borishga tirishar va o‘zini aqlli, ilg‘or kishi qilib ko‘rsatishga urinib, zerikarli, sust va uzoq vaqt gapirar edi. U qo‘lini paxsa qilib gapirayotib, yengi bilan sous idishini ag‘darib yubordi, dasturxon bulg‘andi, ammo buni mendan boshqa hamma ko‘rmagandek bo‘lib o‘tiraverdi.
Biz uyga qaytayotganimizda qorong‘i tushgan va hamma yoq jimjit edi.
— Kishining yaxshi tarbiya olganligi, uning dasturxon ustiga sousni ag‘darib yubormasligida emas, boshqa biror kishi bexosdan shunday qilgan taqdirda, uni payqamagandek bo‘lib ko‘rinishda, — dedi Belokurov va chuqur nafas olib qo‘ydi. — Haqiqatan juda ajoyib, madaniyatli oilada. Men yaxshi odamlardan uzoqlashib ketdim, voy-bo‘, qanchalik orqada qoldim. Hammasiga ham ish sabab. Ish!
U o‘rnak bo‘larli dehqon xo‘jaligi bo‘lish uchun juda ko‘p mehnat qilish kerakligini gapirar, men esa, bu qanday tepsa tebranmas, ish yoqmas odam! — deb o‘ylardim. U biror masala ustida jiddiy so‘zlagan vaqtida «e-e-e» deb cho‘zar, ish bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtda ham xuddi gapirganidek imillab, hamma vaqt kechikib, fursatni o‘tkazib ishlar edi. Pochtaga eltib tashlashni iltimos qilib bergan xatlarimni haftalar davomida cho‘ntagida olib yurishining o‘zidanoq men uning ishchanligiga yaxshi ishonmas edim.
— Hammadan ham kishiga alam qiladigani, — deb g‘o‘ldirardi u, mening yonimda keta turib, — hammadan ham kishiga alam qiladigani shuki, ertayu kech ishlaysan-u, bironta odamning xayrixohligini sezmaysan. Bironta hamdard topilmaydi!

II

Men Volchaninovalarnikiga borib-kelib turadigan bo‘lib qoldim. Odatda, ayvonning pastki zinasiga o‘tirib, o‘yga cho‘mar edim; o‘z-o‘zimdan norozilik meni azoblar edi. Shu qadar tez va maroqsiz o‘tayotgan umriga achinardim, bunday vazminlashib ketgan yuragimni yulib tashlagim kelar edi. Shu vaqtda ayvonda gaplashishar, kitob varaqlashar, ko‘ylaklarning shitirlagani menga eshitilib turar edi. Lidaning kunduzlari kasallarni qabul qilishiga, kitoblar tarqatishiga, boshyalang holda soyabon tutib tez-tez qishloqqa borib-kelib turishiga, kechqurunlari esa baland ovoz bilan zemstvo va maktablar haqida gapirishlariga men tezda o‘rganib qoldim. Bu novdaday, go‘zal, hamisha jiddiy qiyofali va nafis jajji og‘izli qiz, har gal biror ishga doir suhbat boshlanayotganda menga qarab, sovuqqina qilib:
— Siz uchun buning hech qizig‘i yo‘q, — deb qo‘yar edi.
U meni yoqtirmas edi. Mening peyzajist bo‘lganim, o‘z rasmlarimda xalqning ehtiyojlarini aks ettirmaganim uchun, u qattiq ishongan narsaga, uning nazarida, men beparvo qaraganim uchun u meni yomon ko‘rardi. Men bir vaqt Baykal qirg‘og‘ida ketayotganimda menga ko‘k dabadan tikilgan keng ko‘ylak va lozim kiygan otliq bir buryat qizi duch kelgani, men undan trubkangni sotmaysanmi deb so‘raganim va biz gaplashib turar ekanmiz, u mening yevropolik yuzimga, shlyapamga nafrat bilan qarab turgani va bir pasdayoq men bilan gaplashishdan zerikib, hayt debotiga qamchi berib, mendan uzoqlashib ketgani esimda. Shunga o‘xshash, Lida ham meni yotsirab nafratlanar edi. Meni yoqtirmasligini u tashqi ko‘rinishidan hech sezdirmas, ammo men buni his qilib turar edim. Ayvonning pastki zinasida o‘tirib, asabiylashib: vrach bo‘lmay turib mujiklarni davolash — ularni aldashdir, ikki ming desyatina yerga ega bo‘lgach, oliy himmat bo‘lish hech gap emas, deb o‘ylar edim.
Uning singlisi, Misyus esa hech bir tashvishsiz bo‘lib, o‘z umrini menga o‘xshab butunlay bekorchilik bilan o‘tkazar edi. U ertalab tura solib kitobga yopishar, ayvondagi chuqur kresloda oyoqlari yerga tegar-tegmas bir holda o‘tirib olib, o‘qishga berilar yoki kitobni olib arg‘uvon daraxtlari xiyoboniga kirib ketar, yoki bo‘lmasa, darvozadan chiqib, dalaga tomon yo‘l olar edi. U zo‘r ishtiyoq bilan kitobga tikilib olib, kuni bo‘yi o‘qir, uning qarashlari charchoq, esankiraganidan, yuzi qattiq bo‘zarib ketganidan, o‘qish uning miyasini charchatib qo‘yganini bilish mumkin edi. Men kelgan vaqtlarda u meni ko‘rib bir oz qizarar, kitobni qo‘yar va shahlo ko‘zlarini menga tikib, men yo‘g‘imda nima voqealar bo‘lganini, masalan, xizmatkorlar xonasida qurum yonib ketganini yoki xizmatkor hovuzdan katta baliq tutib olganini so‘zlab berar edi. Oddiy kunlarda u rangdor ko‘ylakcha va to‘q ko‘k yubka kiyib yurardi. Biz birga sayr qilar, murabbo qilish uchun olcha terar, qayiqqa tushardik. U olchani uzib olish uchun sakragan yoki eshkak tortgan vaqtlarida keng yeng orasidan uning nafis, nozik bilaklari ko‘rinib ketar edi. Goho men etyud chizish bilan shug‘ullanardim. Misyus bo‘lsa mening yonimda zavq bilan qarab turar edi.
Yakshanba kunlaridan birida, iyul oyining oxirlarida men Volchaninovalarnikiga ertalab soat to‘qqizlarda keldim. Uzimni uydan uzoqroq olib, bu yil juda ko‘p bitgan oq zamburug‘larni topib, keyinroq Jenya bilan birga terib olish maqsadida, ularni belgilab qo‘yib, bog‘chada aylanib yurdim. Garmsel shamoli esib turardi. Jenya onasi bilan cherkovdan qaytib, uyga o‘tganini ko‘rdim. Ikkisi ham rangdor bayram kiyimida edi. Jenya shamol uchirib ketmasin deb shlyapasini ushlab borar edi. Bir oz keyinroq men ularning ayvonda choy ichayotganlarini sezdim.
Mendek betashvish, o‘zining doimiy bekorchiligini oqlashga biror vaj axtaruvchi kishi uchun bizning qo‘rg‘onlardagi bu yozgi bayram tonglari hamma vaqt favqulodda ko‘rkam bir tusda ko‘rinadi. Hali ko‘tarilmagan shudringdan nam ko‘m-ko‘k bog‘ oftob nurida yarqirab quvonchli ko‘rinadi; uyning atrofida qalampir gul va tol gullar anqib turadi; yoshlar hozirgina cherkovdan qaytib kelib, bog‘da choy ichib o‘tiribdi; ular juda chiroyli kiyinishgan, xushchaqchaq; nihoyat, bu sog‘lom, to‘q, ko‘rkam yigitlar butun uzoq kun bo‘yi hech ish qilmasliklarini bilgach, butun umr shunday bo‘lishini kishi xohlab qoladi. Men hozir ham shu haqda o‘ylab bog‘da aylanib yurardim va hech qanday maqsadsiz, ishsiz butun kun bo‘yi, butun yoz bo‘yi shunday yurishga tayyor edim.
Savatcha ko‘tarib Jenya kelib qoldi; men bilan bog‘da uchrashishini oldindan bilganligi yoki sezganligi uning qiyofasidan ko‘rinib turardi. Biz gaplashib yurib zamburug‘larni yig‘ib yurdik. U mendan biror narsani so‘raganda, yuzimni ko‘rib turish uchun oldinga o‘tib olar edi.
— Kecha bizning qishloqda bir mo‘jiza yuz berdi, — dedi u. — Oqsoq Pelageya bir yildan beri kasal bo‘lib yotar, hech qanday tabib va dori-darmonlar unga yordam bermas edi. Kuni kecha duoxon kampir bir dam solgan edi, o‘rnidan turib ketdi.
— Buning ahamiyati yo‘q, — dedim. — Mo‘jizalarni faqat kasallar va kampirlarning oldidan qidirish kerak emas. Axir sog‘lomlik ham mo‘jiza emasmi? Hayotning o‘zi-chi? Nima narsaga tushunib bo‘lmasa — o‘sha mo‘jiza.
— Siz tushunarli bo‘lmagan narsadan qo‘rqmaysizmi?
— Yo‘q. Men o‘zim tushuna olmagan hodisaga dadil qarayman, bo‘ysunmayman. Men ulardan yuqori turaman. Kishi o‘zini sher, yo‘lbarslardan, yulduzlardan tabiatdagi barcha narsalardan, haggoki tushunib bo‘lmaydigan, mo‘jiza bo‘lib ko‘rinadigan narsalardan ham ustun bilishi lozim. Aks holda u odam emas, har bir narsadan qo‘rqa beradigan sichqondir.
Jenya men rassom bo‘lganim uchun, ko‘p narsani biladigan, bilmaganlarini esa to‘g‘ri payqaydigan odam deb o‘ylar edi. Jenya men uni abadiyat va go‘zallik olamiga, uning fikricha, men o‘z kishisi bo‘lgan kiborlar jamiyatiga yo‘llashimni istar, shuning uchun ham u men bilan mangu hayot va ajoyibotlar haqida so‘zlashar edi. Men esa vafot etganimdan keyin o‘z tasavvurlarim bilan abadiy hok bo‘lajagimga ishonmaganim tufayli: «Ha, kishilar mangu yashaydilar», «Ha, bizni mangu hayot kutadi», deb javob berar edim. U mening so‘zlarimni tinglar, ishonar va hech qanday dalil keltirishimni talab qilmas edi.
Biz uyga qaytib ketar ekanmiz, u yo‘lda to‘satdan to‘xtadi-da, gap boshladi:
— Bizning Lida juda ajoyib odam. To‘g‘ri emasmi? Men uni g‘oyat sevaman; kerak bo‘lsa uning uchun jonimni beraman. Ammo, aytingchi, — Jenya mening yengimga barmog‘ini tekkizdi, — aytingchi, nega siz u bilan har doim tortishasiz? Nega muncha asabiysiz?
— Chunki u nohaq.
Jenya norozilik bilan boshini tebratdi va ko‘ziga yosh oldi.
— Men hech narsaga tushunolmayman! — deb qo‘ydi u.
Shu vaqt qo‘lida navda ushlagan Lida qayerdandir hozirgina kelib, xushqomat, go‘zal bir suratday oftob nurida, zinapoya yonida xizmatkorga nimanidir buyurib turar edi. U baland ovoz bilan gapirib, shoshilinch ravishda ikki-uchta bemorni qabul qildi, keyin jiddiy, tashvishli qiyofada goh u shkafni, goh bu shkafni ochib-yopib xonalarda aylanib yurdi, boloxonaga chiqib ketdi; uni ancha qidirishdi, ovqatga chaqirishdi, u esa biz sho‘rvani ichib bo‘lgach keldi. Bu mayda-chuyda tafsilotlarning hammasini men negadir yodimda saqlab qolganman va ularni sevaman; garchi aytarli hech qanday hodisa yuz bermagan bo‘lsa ham, o‘sha kungai juda ravshan xotirlayman. Tushki ovqatdan keyin Jenya chuqur kresloga cho‘mib, kitob o‘qishga kirishdi, men esa ayvonning pastki zinasida o‘tirdim. Biz sukutga cho‘mdik. Butun osmonni qora bulut qoplab oldi, siyrak, mayda yomg‘ir sevalay boshladi. Garmsel shamol allaqachon bosilgan, havo dim, bu kun hech tugamaydigandek tuyular edi. Biz o‘tirgan ayvonga uyqudan qovoqlari salqigan Yekatirina Pavlovna qo‘lida yelpig‘ich ushlab chiqib keldi.
— Oh, oyijon, — dedi Jenya, uning qo‘llarini o‘pa turib, — kunduzi uxlash senga zarar qiladi.
Ular bir-birini qattiq sevardilar. Bittasi bog‘ga chiqib ketayotgan bo‘lsa, ikkinchisi darrov ayvonga chiqib olar va bahaybat daraxtlarga qarab, «Au, Jenya!» yoki bo‘lmasa «Oyijon, qayerdasan?» deb turar edi. Ular ikkisi hamma vaqt birga ibodat qilar, e’tiqodlari ham bir xil va hatto jim turganlarida ham, bir-birlarinint fikrlariga yaxshi tushunar edilar. Ularning kishilarga bo‘lgan munosabatlari ham bir xil edi. Yekaterina Pavlovna, qizi Jenyadek menga tezda odatlanib va mehr qo‘yib qoldi. Agar men ularnikiga ikki-uch kun bormay qolsam, u odam yuborib, mendan xabar oldirar edi. Mening etyudlarimni u ham zavq bilan tomosha qilar va Misyus kabi ochiq-yorig‘, oqko‘ngillik bilan, sodir bo‘lgan voqialarni menga so‘zlab berar, ko‘pincha o‘zining oila sirlarini ham menga ishonib aytar edi.
Ekaterina Pavlovna katta qizini juda hurmatlar edi. Lida hech qachon erkalik qilmas, faqat jiddiy masalalar haqida so‘zlar edi; u o‘zgacha bir hayot kechirar, doimo o‘z kayutasida o‘tiruvchi admiral, matroslar uchun qanday muqaddas va qanday sirli bo‘lsa, u ham o‘z onasi va singlisi nazarida shunday muqaddas va sirli edi.
— Bizning Lida juda ajoyib odam, — derdi, ko‘pincha onasi. — To‘g‘ri emasmi?
Hozir ham, tashqarida yomgir sevalab turar ekan, biz Lida haqida gaplashar edik.
— U ajoyib odam, — dedi onasi va cho‘chib atrofiga alanglab fitnachidek shivirlab qo‘ydi: — Garchi men bir oz tashvishga tusha boshlagan bo‘lsam ham, baribir, bunaqa odamlarni kunduzi ham qidirib topib bo‘lmaydi. Maktab, dorixonalar, kitoblar — bu hammasi juda yaxshi, ammo haddan oshishning nima keragi bor? Axir u, mana, yigirma to‘rtga qadam qo‘ydi, o‘z turmushi haqida jiddiy o‘ylash vaqti keldi. Shu ahvolda kitoblar, dorixonalar ketidan yugurib yurib, hayot qanday o‘tib ketganini bilmay qoladi… Erga tegish ham kerak.
Uqiy berib rangi oqarib ketgan, sochlari gijimlangan Jenya boshini kitobdan bir oz ko‘tardi-da, o‘z-o‘zi bilan gaplashayotgandek, onasiga qarab:
— Oyijon, hamma narsa xudoning irodasiga bog‘liq! — deb qo‘ydi. Yana kitobga sho‘ng‘idi.
Beli burma kamzul va kashta gulli ko‘ylak kiygan Belokurov kirib keldi. Biz kroket va lown tennis o‘ynadik, qorong‘i tushgach, bahuzur ovqatlandik. Lida yana maktablar haqida, butun uyezdni o‘z qo‘liga qamrab olgan Balagin haqida gapirdi. Bu kecha, Volchaninovalarnikidan qaytar ekanman, men bekorchilik bilan o‘tkazilgan uzun kunning taassuroti bilan, shu bilan birga dunyoda qanchalik uzoq bo‘lmasin, baribir, tamom bo‘lmaydigan hech bir voqia yo‘q degan qayg‘uli fikrga cho‘mgan holda borar edim. Darvozagacha bizni Jenya kuzatib qo‘ydi; u ertalabdan kechgacha butun kunni men bilan birga o‘tkazgani uchunmi, usiz men zerikib qoladiganga o‘xshaganim uchunmi, bu yoqimli oila menga juda yaqin, qadrdon ekanini his qildim; shundan keyin, butun yoz bo‘yi birinchi marta rasm ishlashga ishtiyoq tug‘ildi.
— Aytingchi, nega siz bunday zerikarli, nash’asiz hayot kechirasiz? — deb so‘radim Belokurovdan, u bilan uyga qaytayotib, — mening hayotim zerikarli, mashaqaqatli, bir xil, chunki men rassomman, ajib bir kishiman; men yoshlik kunlarimdanoq hasad bilan, o‘z-o‘zimdan norozilik, o‘z kasbimga ishonchsizlik bilan azoblanib, asabiylashib qolganman; men hamma vaqt qashshoq, darbadarman, ammo sizchi, siz sog‘lom, es-hushi joyida odamsiz, pomeshchiksiz, xo‘jayinsiz, — nima sababdan siz bunday maroqsiz yashaysiz, hayotdan juda oz bahra olasiz? Nima sababdan siz, shu vaqtgacha, masalan, Lidanimi yoki Jenyanimi sevib qolmagansiz?
— Siz mening boshqa xotinni sevishimni unutyapsiz, — deb javob berdi Belokurov.
U o‘zi bilan birga bog‘chadagi uyda yashovchi Lyubov Ivanovnani aytayotgan edi. Men bu to‘ladan kelgan, lo‘ppigina, bo‘rdoqiga boqilgan g‘ozga o‘xshash, dimog‘dor xonimni marjonlar taqib rus kiyimida, zontik tutib bog‘da sayr qilib yurganini har kuni ko‘rardim. Xizmatkor xotin uni goh ovqatlanishga, goh choyga chaqirib turardi. Bu xotin bundan uch yil ilgari bog‘lardagi uyning birini ijaraga olib kelgan-u, shu bo‘yicha Belokurovnikida, yashab qola bergan ekan. U Belokurovdan o‘n yoshcha katta bo‘lib, uni o‘z hukmiga juda bo‘ysundirib olgan. Belokurov uydan biror yoqqa bormoqchi bo‘lsa, undan ruxsat so‘rashi lozim edi. Bu xotin ko‘pincha yo‘g‘on, erkaklarnikiga o‘xshash ovoz bilan yig‘lashga tushar, shunday vaqtlarda men uning oldiga odam yuborib, agar u yig‘lashdan to‘xtamasa uyni tashlab ketishimni bildirar edim. Shundan keyin u yig‘idan to‘xtar edi.
Biz uyga qaytgach, Belokurov divanga o‘tirib, qovog‘ini solib chuqur o‘yga toldi, men esa sevib qolgan kishidek, bir oz hayajonlanib zalning u boshidan bu boshiga borib-kelib turdim. Volchaninovalar haqida gapirgim kelardi.
— Lida faqat o‘ziga o‘xshagan, dardi-fikri shifoxona va maktablar bo‘lgan zemstvo xodimiga ko‘ngil berishi mumkin, — deb gap boshladim. — Oh, bunday qiz uchun zemstvo xodimi bo‘lishgina emas, ertaklarda aytilganidek, temir kavushni kiyib to‘zdirish ham mumkin. Misyus-chi? Qanday latofatli bu Misyus!
Belokurov gap orasida «e-e-e» deb cho‘zib, asrimizning kasali — pessimizm haqida gapga tushib ketdi. U ishonch bilan, men bilan bahs talashayotgandek bir ohangda gapirar edi. Yuz chaqirimlab boshdan-oyoq bir xil ko‘rinishdagi bo‘m-bo‘sh qovjiragan, giyohsiz dasht-biyobonda yo‘l yurish ham kishini ro‘parada o‘tirib gap sotayotgan, qachon turib ketishi noma’lum bitta odamdek xafa qilmaydi.
— Gap pessimizmda ham, optimizmda ham emas, — dedim qizishib, — kishilarning yuzidan to‘qson to‘qqiztasining fahm-farosati yo‘qligida.
Belokurovga bu gap tegib, xafa bo‘ldi-da, chiqib ketdi.

III

— Knyaz Malozyomovo qishlog‘ida mehmondorchilikda yuribdi, senga salom aytib yubordi, — dedi Lida onasiga qayerdandir qaytib kelgach, qo‘lqopini yecha turib. — Ko‘p qiziq gaplarni so‘zlab berdi… Malozyomovoda meditsina punkti ochish masadasini guberna majlisida qaytadan ko‘tarishni va’da qildi, ammo, umid kam, deydi. — So‘ng menga qarab gap tashladi: — Kechirasiz, bu narsa sizni qiziqtirmasligini men hamma vaqt esimdan chiqaraman.
Mening g‘ashim kelib:
— Nega endi qiziqtirmas ekan? — deb so‘radim yelkamni qisib. — Mening fikrimni bilishga sizning maylingiz yo‘q, ammo, ishontirib aytamanki, bu masala meni g‘oyat qiziqtiradi.
— Shunaqami?
— Ha. Menimcha, Malozyomovoda meditsina punkti ochishning hech hojati yo‘q.
Uning ham g‘ashi kelib, menga qaradi-da, ko‘zlarini qisib so‘radi:
— Bo‘lmasa nima kerak? Peyzajlarmi?
— Peyzajlar ham kerak emas. U yerga umuman hech narsa kerak emas.
U qo‘lqopini yechib bo‘ldi-da, pochtadan hozirgina keltirilgan gazetani ochdi; bir oz vaqt o‘tgach, aftidan, o‘zini tutib, past ovoz bilan gapira boshladi:
— O‘tgan hafta Anna degan xotin tug‘olmay o‘ldi, agar biror yaqinroq joyda meditsina punkti bo‘lganda edi, u tirik qolardi. Janob peyzajistlar ham bu haqda qandaydir bir fikrga ega bo‘lsalar, menimcha, yomon bo‘lmas edi.
— Bu haqda men juda aniq bir fikrga egaman, bunga amin bo‘ling, — deb javob berdim, u bo‘lsa mening gapimni eshitgisi kelmagandek, gazeta bilan yuzini berkitib oldi. — Menimcha, mavjud sharoitda meditsina punktlari, maktablar, kutubxonalar, aptekalar xalqni asoratga solish uchungina xizmat qiladi. Xalq ulug‘ bir zanjir bilan chulg‘ab tashlangan, siz esa bu zanjirni uzish o‘rniga unga yana yangi halqalar qo‘shasiz, xolos — mana sizga mening fikrim.
U menga nazar tashladi-da, istehzo bilan iljaydi, men esa, asosiy fikrimni topib olishga urinib, gapda davom etdim:
— Bitta Annaning tug‘olmay o‘lganining ahamiyati yo‘q. Muhimi shundaki, barcha Annalar, Mavralar, Pelageyalar tong otgandan qorong‘i tushguncha bellarini bukib ishlaydilar, og‘ir mehnat natijasida kasalga chalnnadilar, umr bo‘yi och-yalang‘och, kasal bolalari uchun kuyadilar, butun umr bo‘yi o‘limdan, kasalliklardan qo‘rqadilar, umr bo‘yi davolanadilar, juda erta so‘liydilar, barvaqt keksayib qoladilar, oxiri iflos badbo‘y joylarda jon beradilar; ularntstsg bolalari katta bo‘lgach, shu nag‘mani chaladilar, shu ahvolda yuzlab yillar o‘tadi, milliardlab kishilar hayvonlardan ham battar, faqat bir burda non uchun, doimiy qo‘rqinch ostida yashaydilar. Ularning bunday fojiali ahvolda ekanliklarining sababi shundaki, ular ma’naviy faoliyat haqida o‘ylashga vaqt topolmaydilar, o‘z qiyofalari va siyohlarini xotirga olishga ham vaqt topolmaydilar. Ochlik, sovuq, doimiy qo‘rqinch va og‘ir mehnatlar qor ko‘chkinlaridek ularning ma’naviy faoliyatga intilish yo‘llarini to‘sib tashlaganlar va shu bilan kishini hayotga rag‘batlantiruvchi odamni hayvondan ajratuvchi birdan-bir g‘oyadan ularni mahrum etganlar. Siz shifoxona va maktablar bilan ularga yordamlashmoqchi bo‘lasiz. Ammo, bu bilan ularni asoratdan ozod qilolmaysiz, aksincha, ularni yana ham battarroq asoratga solasiz, chunki siz ularning turmushiga yangi taassublar kirgizar ekansiz, — ular talablarining sonini ham ko‘paytirasiz; malhamlar, kitobchalar uchun ular zemstvoga pul to‘lashlari, demak, yana ham ko‘proq bel bukib ishlashlari lozim ekanligini gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi.
— Men siz bilan tortishmayman, — dedi Lida gazetani yuzidan tushira turib. — Men bu gapni allaqachon eshitganman. Sizga faqat bitta narsani aytib qo‘ymoqchiman: qo‘l qovushtirib o‘tirish kerak emas. To‘g‘ri, biz insoniyatni qutqarib qolayotganimiz yo‘q, ko‘p masalalarda xato ham qilayotgandirmiz, ammo biz qo‘limizdan nimaiki kelsa, shuni qilyapmiz va biz — haqlimiz. Madaniy kishining eng ulug‘ va muqaddas burchi — o‘z yaqinlariga xizmat qilishdir, biz ham qo‘limizdan kelgancha xizmat qilishga tirishyapmiz. Bu sizga yoqmaydi, albatta, ammo hammaning ham ko‘nglini olib bo‘lmaydi.
— To‘g‘ri, Lida, to‘g‘ri, — dedi onasi.
Lidaning oldida u hamma vaqt hayiqib turar, biror ortiqcha yoki noo‘rin so‘z aytib qo‘yishdan qo‘rqib, uning betiga tashvishli nazar tashlar va hech qachon unga e’tiroz bildirmas, doimo uning fikrini ma’qullab: to‘g‘ri Lida, to‘g‘ri, derdi.
— Sizning derazalaringizdan tushayotgan nur mana shu kattakon bog‘ni yorita olmaganidek, mujikchasiga savodlilik ham, ojiz nasihat ham, qochiriqlar bilan to‘lgan kitobchalar va meditsina punktlari ham na nodonlikni va na xalqning ko‘p o‘lishini kamaytira olmaydi, — dedim. — Siz hech yengillik keltira olmaysiz, aksincha, bu bechoralarning hayotiga aralashish bilan faqat yangi ehtiyojlar va og‘ir mehnagga undovchi yangi sabablar keltirasiz, xolos.
— Ey, xudoyim-ey, biror narsa qilish kerak-ku, axir! — dedi Lida alam bilan, uning so‘z ohangidan, u mening mulohazalarimni ahamiyatsiz bir narsa deb hisoblab, nazar-pisand qilmayotganligi sezilib turar edi.
— Kishilarni og‘ir jismoniy mehnatdan ozod qilish lozim, — dedim. Ular butun umrlarini dalada, pechlar va jomashovlar yonida o‘tkazmay, balki o‘zlarining ma’naviy faoliyatlari haqida, xudo haqida o‘ylashga ham vaqt topa olishlari, o‘zlarining ma’naviy qobiliyatlarini har taraflama ko‘rgaza olishlari uchun ular tortayotgan jabr-zulmlarni bir oz yengillashtirish, ularga bir oz tinim berish lozim. Har bir kishining ma’naviy faoliyatdagi burchi — haqiqatni va hayot ma’nosini uzluksiz axtarishdadir. Dag‘al, mashaqqatli mehnatni ular uchun nozarur holga keltiring, ularga, o‘zlarini ozod his qilishlari uchun sharoit tug‘diring, ana shunda siz bu kitobchalar va aptechkalarning, haqiqatda, qanday masxarabozlik ekanligini anglaysiz. Kishi o‘zining hayotdagi haqiqiy burchini anglar ekan, uni bu bo‘lmag‘ur narsalar emas, din, ilm va san’atlargina qoniqtira oladi.
— Mehnatdan ozod qilish? — deb istehzo bilan gap tashladi Lida. — Bu mumkinmi, axir?
— Mumkin. Ular qilayotgan mehnatning bir qismini o‘z zimmangizga oling. Biz hammamiz, shahar va qishloq aholilari, hech kimni istisno qilmasdan, umuman insoniyat tomonidan jismoniy ehtiyojlarini qondirish uchun sarflanayotgan mehnatni o‘zaro teng bo‘lib olishga rozi bo‘lganimizda edi, bizlarning har birimiz bir kunda ikki-uch soatdan ortiq ishlamagan bo‘lardik. Axir o‘ylab ko‘ring-a, biz hammamiz, boylar ham, kambag‘allar ham bir kunda faqat uch soatgina ishlaymiz, qolgan vaqtimiz bo‘sh. Yana o‘ylab ko‘ring, biz o‘z gavdamizga kamroq tobi bo‘lish, mehnat mashaqqatlarini kamroq tortish uchun qo‘l mehnatining o‘rnini bosadigan mashinalar ixtiro qilamiz, o‘z ehtiyojlarimiz sonini imkon boricha kamaytirishga tirishamiz. Anna, Mavra, Pelageyalar kabi bolalarning sog‘liqlari ustida doimiy jon kuydirmasligimiz uchun biz o‘zimizni va sovuqdan, ochlik dahshatidan qo‘rqmasliklari uchun bolalarimizni chiniqtirib boramiz. Tasavvur eting, biz shifolanib yurmaymiz, aptekalar, tamaki fabrikalari va aroq zavodlari qurmaymiz, — natijada bizda qancha vaqt bo‘sh qoladi! Bu vaqtni esa biz hammamiz birgalashib ilmga, san’atga bag‘ishlagan bo‘lur edik. Mujiklar goho jamoat jam bo‘lib yo‘llarni tozalaganlaridek, biz ham hammamiz birgalashib, jamoat jam bo‘lib, haqiqatni, hayotniig ma’nosini axtargan bo‘lar edik, hamda, — men bunga aminmanki, — haqiqat tezda ochilgan, kishilar bu iztirobli o‘lim vahimasidan, hattoki o‘limning o‘zidan ham qutulgan bo‘lur edi.
— Biroq siz o‘z fikringizga o‘zingiz qarshi chiqyapsiz, — dedi Lida. — Siz ilm, ilm deysizu, o‘zivgiz savodxonlikni inkor etasiz.
— Kishi faqat qovoqxonalar eshigiga osilgan viveskalarni va ahyon-ahyonda o‘zi tushunmaydigan kitoblarni o‘qiydigan savodxonlik bizga kerak emas, — bunday savodxonlik bizda Ryurik zamonlaridan beri davom etib kelmoqda, Gogolning Petrushkasi allaqachonlardan beri o‘qishni biladi, holbuki qishloq aholisi Ryurik zamonida qanday bo‘lsa, hozir ham shunday. Savodxonlik emas, ma’naviy faoliyatni keng miqyosda yuzaga keltirish uchun ozodlik kerak. Maktablar emas, universitetlar kerak.
— Siz meditsinani ham inkor qilyapsiz-ku.
— Ha. U kasalliklarni davolash uchun emas, ularni faqat tabiat hodisalari sifatida o‘rganishgagina kerak bo‘lur edi. Davolaganda ham, kasalliklarni emas, ularning sabablarini yo‘qotish kerak bo‘lardi. Asosiy sabab bo‘lmish jismoniy mehnatni yo‘qoting, ana unda kasalliklar ham bo‘lmaydi. Men davolash bilan shug‘ullanuvchi ilmni hech inobatga olmayman, — dedim hayajonlanib. — Ilm va san’atlar, agar ular haqiqiy bo‘lsa, muvaqqat, ayrim maqsadlarga emas, abadiy va umumiy maqsadlarga intiladilar va ular haqiqatni, hayotning ma’nisini qidiradilar, xudoni qidiradilar, ularni kundalik ehtiyoj ham voqealarga, aptechka va kutubxonalarga bog‘lab qo‘yilganda esa, ular hayotni murakkablashtirib, mushkullashtirib yuboradilar, xolos. Bizda ko‘p mediklar, farmatsevtlar, yuristlar bor, savodli kishilar ko‘paydi, ammo biologlar, matematiklar, faylasuflar, shoirlar esa, butunlay yo‘q. Butun aql, butun g‘ayrat muvaqqat, o‘tkinchi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan… Olimlarning, yozuvchilarning, rassomlarning ishlari yurishgan, ularning sharofati bilan hayot qulayliklari kundan-kunga ortib bormoqda, kishilarning jismoniy talablari ko‘paymoqda, ammo shunga qaramay haqiqat hali juda yiroq, inson ilgarigidek eng vahshiy, eng nopok jonivorligicha qolib kelmoqda va bu hammasi aksar insoniyatning buzilishga, hayot qobiliyatini abadiy yo‘qotishga yaqinlashib borayotganidan darak beradi. Bunday sharoitda rassbmning hayoti hech qanday ma’noga ega emas, u qanchalik iste’dodli bo‘lsa, uning roli ham shunchalik ajib va mavhum. Negaki, o‘ylab ko‘rilganda, u mavjud tuzumni yoqlar ekan, mazkur nopok vahshiy jonivorga ermak tayyorlash uchun ishlaydi, xolos. Mana shuning uchun ham men ishlashni istamayman va ishlamayman ham… Hech narsaning keragi yo‘q, mayli butun borliq, jahannamga qulasin!
— Misyuska, — chiqib tur, — dedi Lida singlisiga aftidan, mening so‘zlarimni yosh qiz uchun zararli hisoblab.
Jenya opasiga va onasiga ma’yus boqdi-da, chiqib ketdi.
— Bunday yoqimli gaplarni, odatda, kishilar o‘z beparvoliklarini oqlamoqchi bo‘lgan vaqtlarida aytadilar, — dedi Lida. — Shifoxona va maktablarni inkor qilish, davolash va o‘qitishdan ko‘ra yengilroq, albatta.
— To‘g‘ri, Lida, to‘g‘ri, — dedi onasi.
— Siz ishlamayman deb po‘pisa qilyapsiz, — deb davom etdi Lida. — Chamasi, siz o‘z asarlaringizni juda qadrlasangiz kerak. Bahslashishni to‘xtatib qo‘ya qolaylik, biz siz bilan hech qachon kelisha olmaymiz, chunki siz hozir shunday nafrat bilan baho bergan shifoxonalar va maktablarniig eng mukammal bo‘lmaganini ham men dunyodagi barcha peyzajlardan afzalroq ko‘raman. — Shu zahotiyoq, onasiga qarab, butunlay boshqa ohangda gapira boshladi: — Knyaz biznikiga kelib-ketgandan beri juda oriqlab, o‘zgarib ketibdi. Uni Vishiga yuboryaptilar.
Lida men bilan gaplashmaslik uchun onasiga knyaz haqida gapirayotgan edi. Uning yuzlari yonar va o‘zining hayajonlanganini yashirish uchun, yaqindan ko‘radigan kishiga o‘xshab stolga engashib olib, o‘zini gazeta o‘qiyotgan qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lar edi. Mening bu yerda turishim o‘ng‘aysiz edi. Men xayrlashdim-da, uyga qarab jo‘nadim.

IV

Tashqarida jimjitlik; hovuzning narigi betidagi qishloq allaqachon uyquga tolgan, bironta ham shu’la ko‘rinmaydi, faqat hovuzdagina yulduzlarning so‘niq aksi miltillab ko‘rinardi. Sherdor darvozaning oldida ko‘zatib qo‘yish uchun, Jenya meni kutib tik turar edi.
— Qishloqdagilar hammasi uyquda, — dedim unga, qorong‘ida uning yuziga nazar tashlab, uning menga tikilgan qop-qora ma’yus ko‘zlarini ko‘rdim. — Qovoqxonachi ham, ot o‘g‘rilari ham bahazur uxlamoqda, bizday tuppa-tuzuk kishilar, bir-birimizning g‘ashimizga tegamiz, tortishamiz.
Ma’yus avgust kechasi, — chunki kuz hidi kelib qolgan; to‘q qizil bulut bilan o‘ralib chiqib kelayotgan oy yo‘lni va uning atrofidagi qop-qora yerlarni arang yoritardi. Tez-tez yulduzlar uchib-turadi. Jenya yo‘lda yonginamda borar hamda degadir uni qo‘rqinchga solayotgan uchib tushayotgan yulduzlarni ko‘rmaslik uchun osmonga qaramaslikka tirishar edi.
— Menimcha, siz haqlisiz, — dedi u shabnamdan titrab. — Agarda kishilar hammalari birgalashib ma’naviy faoliyatga berilganlarida edi, ular tezda hamma narsani bilib olgan bo‘lar edi.
— Albatta. Bizlar — tabiatning eng oliy mahsulimiz, agarda, haqiqatan ham biz kishilik ulug‘ iste’dodining butun kuch-quvvatini anglab, faqat oliy maqsadlar uchun yashasak, biz xudoga yaqinlashib qolgan bo‘lardik. Ammo, hech qachon bunday bo‘lmaydi, insoniyat buziladi, ulug‘ iste’dodlardan asar ham qolmaydi.
Darvoza ko‘zga ko‘rinmay qolgach, Jenya to‘xtadi-da, shoshib-pishib mening qo‘limni siqdi.
— Xayrli kech, — dedi titrab, u faqat bitta ko‘ylakda bo‘lib, sovuqdan junjib turar edi. — Ertaga keling.
O‘zimdan ham, kishilardan ham norozi, asabiy bir holda yolg‘iz qolishni o‘ylab, vahimaga tushdim, endi men ham uchib tushayotgan yulduzlarga qaramaslikka tirishar edim.
— Yana birpasgina men bilan bo‘ling, — dedim. — Iltimos qilaman.
Men Jenyani sevar edim. Ehtimolki u meni kutib olish va kuzatib qo‘yishlari uchun, menga mehr va zavq bilan boqishlari uchun sevgan bo‘lsam. Uning rangpar chehrasi, ingichka bo‘yni, nafis qo‘llari, uning. nozikligi, bekor yurishi — hammasi men uchun naqadar ta’sirli edi. Uning aqli-chi? Mening gumonimcha u nihoyatda aqlli bo‘lib, jiddiy, go‘zal, meni yomon ko‘ruvchi Lidadan boshqacharoq fikr yurytgani tufayli, uning masalaga qarashlarining rasoligi meni g‘oyat zavqlantirar edi. Jenya meni rassom sifatida yaxshi ko‘rardi. Men uning qalbidan o‘z iste’dodim bilan joy olgan edim. Men faqat Jenya uchun ishlashni istar va u haqda shirin xayollarga cho‘mar ekanman, uni shu daraxtlar, shu tuman dalalar, shu go‘zal tong ustidan, men o‘zimni uning bag‘rida umrbod yolg‘iz, keraksiz deb his qilgan mana shu ajoyib, jozibador tabiat ustidan men bilan birga hukmronlik qiluvchi o‘zimning jajji malikam deb o‘ylar edim.
— Yana bir oz to‘xtang, — deb yolbordim. — O‘tinaman sizdan.
Men paltomni yechib, uning sovqotgan yelkasiga yopdim. U erkak paltosida g‘alati ko‘rinishdan xavfsirab kuldida, paltoni yelkasidan tushirib yubordi. Shu topda men uni quchoqlab oldim, uning yuzi, yelkalari, qo‘llaridan ehtiros bilan o‘pa boshladim.
— Ertagacha xayr! — deb shivirladi u va kecha sukunatini buzishdan qo‘rqqandek, astagina meni quchoqladi. — Biz uyda bir-birimizdan hech narsani yashirmaymiz, men hoziroq hammasini oyimga va opamga aytib berishim kerak… Bu juda qo‘rqinchli. Oyim-ku mayli-ya, oyim sizni yaxshi ko‘radi, ammo Lida!
U darvoza tomon chopib ketdi.
— Xayr! — deb qichqirdi u.
Keyin men birpas uning chopib ketayotganini eshitib turdim. Mening uyga ketgim kelmasdi, borganda ham nima qilardim. Bir oz o‘ylab turdim-da, Jenya yashaydigan yoqimli, sodda, o‘z boloxonasining oynalari bilan menga qarab, butun ahvolimni tushunayotgandek bo‘lib ko‘ringan eski uyga yana bir qarash uchun asta-sekin orqaga qaytdim. Men ayvon oldidan o‘tib, lown tennis o‘ynaydigan maydoncha chetida, eski qayrag‘och tagida, qorong‘i joyda turgan skameykaga o‘tirib, shu yerdan uyga qarab o‘tirdim. Misyus turadigan boloxonaning oynalarida avval yorqin nur yarqiradi-da, so‘ng osoyishta yashil rangga aylandi, — lampaga qalpoq qo‘yildi, soyalar tebranib ketdi… Butun qalbimni mehr, sukunat va o‘zimdan mamnunlik — birovga ko‘ngil qo‘yolganligim va seva olganligimdan mamnunlik qoplagan edi, ammo, ayni vaqtda, mendan bir necha qadam narida, shu uyning xonalaridan birida meni yoqtirmovchi, balki menga nafrat bilan qarovchi Lida yashayotganini o‘ylab o‘ng‘aysizlanar edim. Men Jenya chiqib qolmasmikin, deb kutib o‘tirardim, diqqat bilan quloq solardim, menga xuddi boloxonadagilar gapirishayotgandek bo‘lib tuyular edi.
Bir soatcha vaqt o‘tdi. Yashil nur so‘ndi, soyalar ham ko‘rinmay qoldi.
Endi oy balandda, uyning tepasida porlab, jimlikka botgan bog‘chani, yo‘lchalarni yoritib turar, uy oldidagi gulzorga o‘tqazilgan kartoshka gullar, atir gullar bir ranglidek bo‘lib ko‘rinar edi. Sovuq tobora zo‘rayib borardi. Men bog‘chadan chiqdim-da, yo‘ldan paltomni topib olib, shoshmasdan uyga qarab jo‘nadim.
Men ertasi kuni tushdan keyin Volchaninovalarnikiga kelganimda, bog‘chaga qaragan oynavonli eshik lang ochilib yotardi. Men shu topda gulzor orqasidagi maydonchami yoki xiyobonlardan biridami Jenya ko‘rinib qolishini yoki xonalardan biridan uning ovozi eshitilib qolishini kutib, ayvonda bir oz o‘tirdim; keyin mehmonxonaga o‘tdim. Bironta ham odam ko‘rinmas edi. Mehmonxonadan o‘tib uzun yo‘lakdan oldingi xonaga chiqdim, keyin yana orqaga qaytdim. Bu yo‘lakda bir nechta eshik bo‘lib, ularning biridan Lidaning ovozi kelib turardi.
— Bir joyda olaqarg‘aga… xudo… — derdi u baland ovoz bilan cho‘zib, aftidan diktovka qilayotgan bo‘lsa kerak. — Xudo bir parcha pishloq beribdi… Bir joyda olaqarg‘aga… Kim u? — qichqirib so‘radi u birdan, mening oyoq tovushimni eshitib.
— Bu men.
— E! Kechirasiz, hozir siziing oldingizga chiqolmayman, men Dasha bilan mashg‘ulot o‘tkazyapman.
— Yekaterina Pavlovna bog‘chadamilar?
— Yo‘q, ular singlim bilan Penza gubernasiga, xolamlarnikiga ketdilar. — Bir oz jim turgach: — Qishda esa, ular chet ellarga sayohatga borishsa kerak… — deb qo‘shib qo‘ydi u, — bir joyda olaqarg‘aga xu-udo bir parcha pishloq beribdi… Yozib bo‘ldingmi?
Men oldingi xonaga chiqdim va hech narsani o‘ylamay u yerdan hovuzga va qishloqqa tikilyb turdim, mening qulog‘imga esa:
— Bir parcha pishloq… Bir joyda olaqarg‘aga xudo bir parcha pishloq beribdi… — degan ovoz eshitilardi.
Shu bilan men qo‘rg‘onni tashlab bu yerga birinchi bor kelgan yo‘lim bilan qaytib ketdim. Faqat ilgarigining aksicha, avval uyning yonidan o‘tib hovlidan bog‘chaga, so‘ng arg‘uvon daraxtlari xiyobonidan… Bu yerda orqamdan bir bola quvlab yetib, qo‘limga bir xat tutqazdi. «Men hammasini opamga so‘zlab berdim, u siz bilan ajralishimni talab qilyapti, — degan so‘zni o‘qidim. — Men opamning izmidan chiqib, uni ranjitishga qodir bo‘la olmas edim. Tangri sizga baxt yo‘llasin, Meni afv eting. Onam va men xun-xun yig‘layotganimizni bilsangiz edi!»
So‘ng qorong‘i archa xiyoboni, qulagan devor… Ilgari javdar yashnab turgan, bedanalar sayragan dalada hozir sigirlar, to‘shoviga chalkashgan otlar daydib yuradi. Unda-bunda balandliklarda kuzgi ekinlar ko‘karib ko‘rinadi.
Mening vujudimni kundalik hushyor kayfiyat chulg‘ab oldi, Volchaninovalarnikida aytgan hamma gaplarimni o‘ylab o‘z-o‘zimdan uyalib ketdim, shundan keyin hayot ilgarigidek zerikarli bo‘lib qoldi. Uyga qaytib kelib, narsalarimni joylab, kechqurun Peterburgga qarab jo‘nadim.
Bundan keyin men Volchaninovalarni hech ko‘rmadim. Yaqinda, Qrimga ketayotganimda men vagonda Belokurovni ko‘rib qoldim. U ilgarigidek beli burma kamzul va kashta gulli ko‘ylak kiygan bo‘lib, men undan hol-ahvol so‘raganimda u: «sizning duolaringiz bilan» deb javob qildi. Biz suhbatlashishga boshladik. U o‘z yer-mulkini sotib, boshqa kichikrog‘ini olibdi va Lyubov Ivanovna nomiga yozdiribdi. Volchaninovalar haqida u juda oz ma’lumot berdi. Uning aytishicha, Lida qadimgidek Shelkovkada yashar, maktabda bolalarga dars berar ekan; u asta-sekin, o‘ziga yoqqan kishilardan to‘garak tashkil qilibdi. Ular o‘zlaridan kuchli bir partiya tuzib, oxirgi zemstvo saylovlarida shu vaqtgacha butun uyezdni o‘z qo‘lida ushlab turgan Balaginni «qulatib» yuborishibdi. Jenyaga kelganda, Belokurov uning o‘z uyida yashamayotganini, qayerdaligi noma’lum ekanini gapirdi.
Men endi boloxonali uyni unuta boshladim. Faqat goh-goh yozib yoki o‘qib o‘tirgan paytlarimda, to‘satdan, derazadan ko‘ringan yashil nurmi yoki sevgi xayollariga berilib sovqotgan qo‘llarimni bir-biriga ishqalab uyga qaytayotgan vaqtlarimdagi tinch dalada, kecha sukunatini buzib, yangragan o‘zimning oyoq tovushimmi beixtiyor yodimga tushib ketadi. Bundan tashqari, yolg‘izlik tinkamni quritgan, qayg‘u girdobiga cho‘mgan chog‘larimda boloxonali uy xotirimga g‘ira-shira keladi, shundan keyin negadir, sekin-asta, meni kimdir eslayotgandek, meni kutayotgandek va men u bilan uchrashadigandek bo‘lib tuyuladi…
Qayerdasan, Misyus?

A. O‘rinboyev tarjimasi