Ann Filip. Bir lahza (qissa)

G‘am insonni kamolot cho‘qqisidan qulatadi.
Spinoza

I

Men barvaqt uyg‘onaman. Hali tong otmagan. Ko‘zimni ochmasdan, yana uyquning teran tubiga g‘arq bo‘lgim keladi, ammo urinish behuda. Xuddi qandaydir qayg‘uli va nochor ko‘rinishdagi qirg‘oqqa kelib qolgandek bo‘laman, bamisli alag‘-chalag‘ tush ko‘rayotganga o‘xshayman. Eng yaxshisi, chiroqni yoqib, kitob o‘qish – boshi-keti yo‘q xayollarimning har tarafga adashib-uloqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Lekin qattiq charchaganim sababli, yorqin xotiralar ummoni sari suzaman. Ba’zan ularga shunchalik berilib ketamanki, hatto xayolni voqelikdan ajratolmay qolaman. Mudrab yotganim yoki idrokim yetmayotganidan emas, yo‘q, uyqu aralash xotiralar girdobiga tushib qolganim uchun – boshqa sababi yo‘q. Beixtiyor ilgarigidek o‘ng tomonga qo‘yilgan yostig‘ing tarafga o‘girilaman va men tomonga qarab qolgan jonsiz yuzingga tikilib qolaman, ochiq ko‘zlaring, sokin, lekin har qanday ifoda tark etgan ma’nisiz qiyofangga va oxirgi nafasing chiqquniga qadar joning mutlaqo azob chekmagani, so‘nggi lahzalarda hech qanday qo‘rquv, vahima qiynoqqa solmaganidan ogoh qilgandek yozilgan, ochiq holicha qolgan kaftlaringga ko‘zim tushadi. Senga uzoq tikilib, muzdek qo‘llaringni qo‘llarimga olib, yuzingni titrab-qaqshab silab chiqqandan keyin go‘yo sohilda osuda dam olayotgandek o‘rnimizda yotganingni sezib qolaman, meni esa – hali tirik ekanim uchun – o‘z ixtiyorimsiz, roziligimsiz, allaqanday tezob suv oqimi oqizib ketardi. Sen endi toabad yashamaysan, men esa bor-yo‘g‘i tirik bo‘lganim uchun hali birmuncha vaqt hayot kechirsam kerak. O‘lim bir-birimizdan umrbod judo qildi.
Men ko‘zimni ochaman, chiroqni yoqaman, o‘zimni qo‘lga olish uchun amallab o‘rnimdan turaman. Tong ota boshlaydi, u bitmas-tuganmas g‘am-kulfatdan boshqa hech narsa keltirolmaydi. Har kuni bir-birimizga termilib, ko‘zlarimizdan go‘yo ma’nili ishora va ehtiroslar chig‘anog‘ini terib yotardik. Bugun men kimning ko‘zlariga tikilaman, shirin so‘zlarimni kimga aytaman? Hayotimning kimga qizig‘i bor? Hech kimga! Shunday bo‘lishidan qo‘rqardim, to‘g‘risi. Har bir kuning intihoga, tomog‘ingdan o‘tayotgan taom – oxirat luqmasiga aylanishi mumkin bo‘lgan kezlar, sening ko‘zlaringga tikilib menga atagan, doim hadya qilgan sevging dunyosini axtarardim-u, uning o‘rniga o‘lim ro‘yosi ko‘rinardi. “Sen ham ko‘zlarimga yaxshilab boqqin, ko‘ryapsanmi, mening nigohimda loaqal xotiralar aksi saqlanib qolgan-u, sening ko‘zlaringda esa shuyam aks etmayapti, – deya o‘kinardim, – hammasi o‘tib ketadi, sen hatto eslolmaysan. Fanoi muqarrar! Sen ham tez orada o‘sha dorulfanoga ravona bo‘lasan…” Bir paytlar sen borliging uchun bag‘rim to‘la edi, senga yor, xayollaringga oshno, mayl-havaslaring, o‘tli boqishlaring ta’sirida jismim yayrab-quvnab, nastarin gullari yanglig‘ barq urardi. Tabassum qilishing uchun senga jilmayib qarar, meni bag‘ringga bosib, bo‘salarga ko‘mib tashlashingni bilganim uchun barmoqlaringdan o‘par edim. Meni qandy o‘pishingni ko‘raman deb, avval barmoqlaringga labimni bosardim. Senga tegishli har bitta bo‘sa mening har bir muchamda abadiy saqlanib qolishini, mening har bir erkalashim esa sening a’zoyi badaningga yetguvchi zararni yo‘q qilib yuborishini istardim. Men yutib chiqishimga ko‘zim yetmasligini ko‘ra-bila turib shunga intilardim.
Men bir lahza bo‘lsin tinmasligim lozimligi haqida o‘ylardim. Chunki, nazarimda, faqatgina shunday qilsam, yashay olaman. Men hayotda sen bilan hamqadam bo‘lishni yaxshi ko‘rardim. Bundan ham afzal, go‘zal amal bormi dunyoda? Bugun qayerga borsam bo‘ladi? Holbuki, bormoq – qadam tashlab borishdangina iborat emas-ku! Nima maqsadda? Men bir qoidaga qat’iy amal qilaman: yashash va bolalar uchun sharoit yaratish kerak! Bu oson, qo‘limdan keladi bunday qilish, mana shu taxlit ishonching komil bo‘lsa, muqaddar burchingni ado eta olasan.
Jimjit qish kunlari, zamin uxlayotgan, har xil hidlar gurkiramayotgan paytni yaxshi ko‘raman. Men ham shunaqa uyquchi bo‘lib qolaman. Bahor kelgach, oqim oqizib ketsa, deb xayol qilaman. Men ham borliq kabi, oftob, yozila boshlagan kurtaklar, havoni tutgan xushbo‘y hidlar, qushlar sayrog‘iga g‘arq bo‘laman.
Ilk ochilgan gulga boqib, nahot unga mahliyo bo‘lmaslik, xuddi unga o‘xshab oddiygina yashashga intilmaslik mumkin?
Sen bo‘lmagan kelajak, istiqbol kerakmi menga?
Men Lyuksemburg bog‘ida ketib borayapman. Esimda, ikki yil avval xuddi shu yo‘lkalardan yurgan edik. Unda endigina tong otayotgan palla edi. O‘rindiqlar bo‘m-bo‘sh. Bir-ikkita o‘quvchi maktabga shoshilardi. Garchi bugungiga o‘xshab qish yaqinlashib qolgan bo‘lsa ham, namgarchilik yo‘q, favvoraning sharillab otilayotgan suvi tongning zumrad yog‘dusiga qo‘shilib ketardi. Yaproqlar tinmay to‘kilar, shamol ularni xiyobon bo‘ylab uchirib yuborar, men ularni bitta-bitta bosib borardim. O‘rniga boshqa yaproqlar chiqadi. Biroq o‘sha kezlar, sen vafot etgach, o‘rningga kimdir tug‘ildi-yu, deb o‘zimga tasalli bera olarmidim? Tanish va biz sevgan yo‘lkalar bo‘ylab bemaqsad aylanib yurardim. Daraxtlar poyasi panjaraning temirlariga o‘xshab qaqqayib turgandek ko‘rinadi. Men endi hech qachon bir-birimizga aytolmaydigan gaplarimni aytib yurardim. Ko‘ksimni to‘ldirib nafas olib huzur qilardim. O‘tirishga botinolmas, umuman, biron yerda to‘xtashga yuragim betlamasdi. Chuqur-chuqur nafas olgancha boshim oqqan tomonga ketaverardim. Men seni saqlab qolish yo‘llari haqida qayg‘urmas, chunki hukm ijro etilgan. Mudhish hukm, mash’um ijro. Boshqa nima ham bo‘lardi?
Ungacha men o‘lim haqida biror marta ham o‘ylab ko‘rmagandim. U men uchun mavjud emasdi. Meni faqat hayot qiziqtirardi, o‘ziga jalb etardi. O‘limmi? O‘lim muqarrar, lekin shunga qaramay hech qachon uning qo‘lidan ko‘p narsa kelmaydi, hayot shamini o‘chirishgagina qodir, chunki u kelganda biz ketgan yoki yo‘q bo‘lamiz. Uning huquqi jonimiz uzilgandan keyin kuchga kiradi. Yo u, yo biz. Bizning ongli ravishda unga peshvoz chiqishga haqqimiz bor, lekin modomiki o‘zi chaqmoqdek bir lahzada kelgan bo‘lsa, qanday qilib uni bir daqiqa qarshilash mumkin! Dunyoda haddan ziyod sevgan kishimdan umrbod judo bo‘lish taqdir etilgan edi. Bundan buyon mening sevgimdan o‘zga hech narsa bizni birlashtirolmasligini bilardim. Agar, hattoki, jon, ruh deb ataladigan allaqanday o‘lmas hujayralar abadiy tirik bo‘lgan taqdirda ham, bizning xotiralarimizga molik bo‘lolmaydi va ayriliq manguga cho‘ziladi. Men o‘zimga o‘zim o‘lim, bu – hali chidab bo‘lmaydigan dahshat emas, uning yaqinlashib kelish jarayoni dahshatliroq, deb ta’kidlardim: jismonan azob chekish va yaqinlaringni, boshlagan ishingni umrbod tashlab ketayotganing alami hammasidan og‘ir. Shularning bari sening ixtiyoringsiz sodir bo‘ladi. O‘sha lahzalar sen mavjud bo‘lmaysan!
Qayg‘uli, g‘amgin xotiralar jismimni to‘la qamrab oladi. Men bolaligim haqida o‘ylamasdim, shu xayollarim oxirida, albatta, yana zim-ziyo zulmat va achchiq tutun bosib keladi va nazarimda, xuddi ming-ming tonna qum meni so‘rib-turtib ketayotgandek bo‘ladi. Kimdir meni bo‘g‘ayotgandek tuyuladi. To‘rt yoki besh yashar qizchaman. Onam bilan vokzalda turibmiz. Kassa darchasi oldida, navbatimiz kelganda onam: “V.ga borib kelishga bitta bilet, bola uchun faqat borishga yana bir bilet…” deb tushuntirdi. Men onam gapirayotgan odamni ko‘rmasam ham hammasini eshityapman va onamning bag‘riga suqilaman. Ehtimol, suqilmagandirman, balki, eslolmayotgandirman, biroq vujudimda mavjud bo‘lgan har bir hujayra bilan dunyodagi bitta-yu bitta mehribonimga talpinganimni yaxshi eslayman. Biz poyezdda ketayapmiz. Har bitta stantsiya yaxshi tanish Bu yo‘llardan birinchi yurishim emas. Meni nima kutayotganini ham bilaman. Xayolan onam bilan yana qancha vaqt birga bo‘lishimni hisoblab chiqaman, ayriliq uzoq davom etmasa-da, men uchun juda uzoq, davomli tuyuladi. Men endi yig‘lamaslikka o‘rganib qolgandim. Biroq ichimda allaqanday sakkizoyoq yuragimni siqib bo‘g‘zimgacha ko‘tarayotgandek va shuning uchun so‘laklarim achchiq bo‘lib borayotgandek tuyuladi. Ko‘pgina bolalarga o‘xshab, men ham turmushi buzilgan, ko‘ngli sovigach, bir-biridan o‘ch olish payiga tushgan ota-onaning farzandiman; men qasos quroliman. Qisqasi, odatdagi mojarodan so‘ng men uchun otam bilan yashash payti kelgan, biroq endi kunlarim otam bilan emas, amakim va kelinoyimning uyida o‘tadi. Poyezd V.ga borib to‘xtaydi. Demak, chorak soat vaqt qolibdi, ot qo‘shilgan to‘rt g‘ildirakli aravaga o‘tirgach, yana onamni quchoqlab olaman. Otlar arang yuradi, chunki Frans ko‘chasi egri-bugri yo‘llar orqali toqqa o‘rlab ketgan. Mana oxirgi muyulish. Bir qavatli oppoq uy ko‘rinadi. Kim keldi, kim ketdi – xabardor bo‘lib turish uchun birinchi qavatiga toshoyna o‘rnatilgan. Men yana yigirmagacha sanab borsam bo‘ladi, chunki arava aylanib o‘tishi kerak – uy yo‘lning chap betida. Oyim meni bor kuchi bilan bag‘riga bosadi, men uning quchog‘idan chiqmay yuzlaridan cho‘lpillatib o‘paman. U o‘sha aravada qaytib ketadi, hatto tushmaydi ham. Men bo‘lsam kelinoyim yonidan jilmay unga qo‘l silkib xayrlashaman – riyokor xayrlashuv! – yuragim zirqirab onamning izidan qarab qolaman, lekin bir narsaga o‘rgandim – bu yerda g‘am-alamni oshkor qilish mumkin emas. Uyga kiraman. Chap tarafdagi birinchi xona – mehmonxona. U yerga hech kim kirmaydi. Javonlarning g‘ilofi, gilamlar, devor – hammasi bir xil rangda. Undan keyin yemakxona keladi. U yerdan kichkina eshikcha orqali chog‘roq hovliga chiqiladi; bir necha pillapoyadan boqqa tushiladi. Yemakxonada ortiqcha narsa yo‘q, hayhotday oyna bor, xolos. Ana o‘sha oyna – men uchun bir jazo, ovqatlanayotganimizda doim o‘shaning ro‘parasida o‘tiraman. Boshimni ko‘tarib qarasam – tamom: “Oynaga qarayverma hadeb!” – deb urishishadi. Men yana boshimni quyi solgancha, indamay kavshana boshlayman, biroq nimadir tomog‘imga tiqilib o‘tmay qoladi. “Tezroq yesang-chi!” Jimjitlik, qoshiqlarning taqirlab taqsimchalarga urilgani eshitiladi, xolos. Amakim bilan kelinoyim o‘zaro gaplashishmaydi. Ular bir-birini yaxshi ko‘rmaydi, er-xotin, xolos, buning ustiga befarzand ham.
Nimasini aytay, men u yerda o‘zimni baxtsiz sezardim. Keyinchalik, ulg‘aygach, bunga qarshi isyon ko‘tarib, o‘z baxtimni o‘zim barpo etishga qat’iy ahd qildim.

II

– Necha kun davom etadi bu? – deb so‘radim jarrohlik xonasining yonginasidagi chog‘roq xonaga taklif etgan do‘xtirdan.
– Bir oy, uzog‘i bilan yarim yil.
– Uxlayotganida qaytib uyg‘onmasligi uchun biror nima qilsangiz bo‘lmaydimi?
– Yo‘q, xonim.
Besh daqiqa avval, kutish zalida qadrdon do‘stlarimiz bilan o‘tirgan edim. Hamshira kelib: “Xonim, sizni so‘rashyapti”, – dedi. Unga ergashib ortidan borar ekanman: “Buncha tez. Boya bir yarim soatcha davom etadi, deyishgandi, olib ketishganiga yigirma daqiqa ham bo‘lgani yo‘q-ku”, deb o‘yladim. To‘rt nafar oq xalatli do‘xtirlarni ko‘rgach esa hammasini tushundim. Ularning jiddiy qiyofalarida aks etgan shafqatsiz ifodalarni ko‘rib, barini angladim. Oralarida yoshi ulug‘rog‘i indamasdan stulni men tomon surib qo‘ydi. Nima gapligi ravshan. Meni qatl etish marosimi boshlanadi hozir, hukm qilingan esa, mendan bir necha qadam narida uxlab yotardi.
– Qiynaladimi u?
– Yo‘q, ochig‘i, yuragi to‘xtaguncha yotadi.
Men yana pastki qavatga tusha boshladim. Yuragimga qil ham sig‘masdi. Faqat kimgadir: “Hech qanday umid yo‘q ekan”, deganim esimda. Qo‘ng‘iroq qilib, sizni so‘rashyapti, deb chaqirishgandi, bu safar yolg‘on gapirishga majbur bo‘ldim. Sal keyinroq palataga kirdim, sen o‘sha yerda yotar eding. Hamshira chap oyog‘ingning tomiriga dori tomizg‘ichni ulayotgan ekan. Burunga qo‘yiladigan naycha tufayli harsillab nafas olarding, koshki hammasi o‘zgacha bo‘lsa: sen narkozdan so‘ng hali hushiga kelmagan odamdek – ranging bo‘zday oqargan ko‘yi, ayanchli ahvolda yotsang-u, ke­yinchalik, biror hafta yoki uzog‘i bilan o‘n kunlardan keyin esa hammasi ilgarigidek joyiga tushsa. Umidvor bo‘lgan paytlarimda aynan shunday deb o‘ylagandim: uch kun sabr qilsam bo‘ldi – o‘tadi-ketadi va biz uchun yana baxtga to‘la kunlar nasib etadi. Iztirobli uch kun ham o‘tdi, keyin sen jon berding, o‘rtamizga yolg‘on aralashgani qoldi.
Hatto uxlab yotganingda senga noumid bo‘lib qarashga jur’atim yetmasdi. Iloji boricha o‘zimni xotirjam va tetik tutishga urinar, behush yotganingdan foydalanib bolalardek shu ahdimdan bexos chalg‘ib ketmaslik mashqini olardim – birga kechirgan hayotimizning so‘nggi kunlari shu taxlit tugaydi, deb sira o‘ylamagandim. Sanitar seni maxsus aravachaga yotqizayotgan mahal bir-birimizdan muhabbat to‘la ko‘zlarimizni uzolmagan edik.

III

Bu voqea sakkiz yil avval, seshanba kuni yuz bergandi. Havo salqin edi. Parijda hali ko‘klam nafasi sezilmas, lekin shahar tashqarisida osmonni qora bulutlar qoplab, daraxtlarning hali kurtak ochmaganiga qaramay, bahor boshlanayotgani sezilardi.
Biz ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanuvchi vakolatxona xodimi aytgan manzilni axtarib yurar edik. To o‘sha qishloqqa yetib borib, katta temir darvozali uyni topguncha ozmuncha adashdikmi? Darvoza ham, o‘rtadagi kichkina eshik ham qulflog‘liq ekan. Xiyobon bo‘ylab yana ozgina yurgan edik, qarshimizda fayzsizgina, sarg‘ish va to‘q qizil rangga bo‘yalgan, o‘rtasiga beo‘xshovgina soyabonli ayvoncha qurilgan uy ko‘rindi. Uning cherepitsa qoplangan eski tomi chiroyli edi. Chog‘roq o‘tloqda o‘t o‘rayotgan o‘rta yashar bir kishi bizni ko‘rib, yonimizga keldi. U zobitlarga o‘xshagan qaddi g‘oz kishi edi. Chiroyli bog‘langan bo‘yinbog‘i, qattiq karton yoqasi, a’lo navli kigizdan tikilgan shlyapasi, kulib boquvchi ko‘zlari hamon yodimda. Bizni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirar ekan, u savollarimizga lo‘nda va aniq javob qaytarar edi.
Ha, uy-joy sotiladi. Uni ko‘rib chiqsak bo‘ladimi? “Nega bo‘lmas ekan, bo‘ladi. Ammo uy mening tasarrufimda emas, – deya qo‘shimcha qildi u. – Agar xo‘p desangiz, xonimni chaqiraman”. Xonim uning rafiqasi ekan. U xotinini chaqirib kelgani chiqib ketdi, birozdan so‘ng pushti shol ro‘molga o‘rangan, qo‘lida bir shoda kalit ko‘targan o‘rta bo‘yli, istarali ayol keldi. Bizga alohida hurmat ko‘rsatib salomlashgach, ichkariga tak­lif etdi. Deraza darchalarini ochib, kun yorug‘ida uyni ko‘zdan kechirib chiqdik, ana shu paytda tasavvurim jonlanib ketsa bo‘ladimi! Derazalardan ko‘rinayotgan manzara haddan ziyod jozibali va so‘lim edi. Uydan yigirma qadamlar narida daryo oqib o‘tar, hammayoqda yam-yashil daraxtlar qad roslagan edi. Tevarak-atrof jimjit. Uyni bugun bo‘lmasa ertaga didimizga moslab istalgancha o‘zgartirsa bo‘ladi. Ishonchim komilki, bir kun kelib u muhabbat saltanatiga aylanadi.
Bog‘bon ko‘cha eshigi oldida kutib turardi. U bizni boqqa olib bordi. Har bitta daraxt yonida to‘xtab, uning tanasini silab qo‘yar va xiyla bo‘rtib qolgan mittigina kurtaklarni ko‘rsatardi.
– Afsuski, faqat uy oldida o‘sayotgan kashtanlar qoldi, boshqalarini sovuq urib ketdi, – dedi u. – Kashtanning qip-qizil gullari judayam chiroyli ochiladi. Shunaqa paytda uyni bir ko‘rsangiz edi. Yaqin atrofda manavinaqa eman yo‘q, o‘ziyam juda noyob, tanasining tikligini qarang. Tepada esa, qayinzor yonida, kedr xiyoboni bor, uni barpo qilishgan paytlarni yaxshi eslayman, yanglishmasam, o‘sha daraxtlarni hovli-joyning avvalgi egalaridan biri ekkan edi, daraxtning tirik jon ekanini yolg‘iz o‘sha odam tushunar va e’zozlab, qadriga yetardi, boshqalari esa Mejev bilan Moviy sohilni afzal ko‘rishardi. Qishloqni his qilish va sevish kerak. Sizlar qishloqni yaxshi ko‘rasizlarmi?
– Ha, qishloq jonu dilimiz.
– Butun umrim shu yerda o‘tdi, – dedi bog‘bon. – Lekin men bor-yo‘g‘i bir bog‘bonman, xolos, xohlagan paytda haydab yuborishlari mumkin. – Bu gapni u o‘z qadrini bilishini sezdirmaydigan insonga o‘xshab, allanechuk faxrlanib aytdi.
Shu lahzadan e’tiboran men mose B.ni yoqtirib qoldim. Uchta shiypon joylashgan bog‘da u bizga mevali daraxtlarni ko‘rsatdi, bir kesakni olib barmoqlari bilan maydalagancha tuproq haqida gapirib berdi. Biz gir aylana toshcho‘p bilan o‘rab olingan, sabzi, yertut va qohu ekilgan jo‘yaklar, qulf urib o‘sayotgan piyongullarni ko‘rdik. Kashtanlar qad rostlagan xiyobonning narigi tarafi esa changalzor edi, yo‘sin va pechakgul o‘z holicha o‘sib yotibdi. U tomondagi qarovsiz yerda katta-katta xarsangtoshlar ko‘p edi. Keyin biz Uaza daryosi yoqalab cho‘zilgan so‘qmoq bo‘ylab ketdik.
Tikka ko‘tarilgan qirg‘oqdan turib barjadagi matroslarga qo‘l silkib salomlashib qo‘ydik. Mose B.ni daryo qiziqtirmas ekan.
– Yozda cho‘milsa bo‘ladimi bu yerda?
Savolimiz unga bema’ni tuyulgan bo‘lsa, ajab emas.
– Xohlasangiz, bemalol. Cho‘milish ishqibozlari doim topiladi, biroq suvga mazut va o‘lgan mushuklarni oqizadilar.
O‘tloqlardan birining chetida mose B. o‘z san’atining yuksak namunalarini g‘urur bilan namoyish etdi: daraxt shoxlari xo‘roz va allaqanday parrandalar shaklida butalgan edi.
– Ish degani, sizga aytsam, mana shunaqa qoyilmaqom bo‘lsin ekan. Daraxtlarni bunaqa kesish uchun qunt va mahorat kerak. Hozirgi bog‘bonlar buni bilishni ham, eshitishni ham xohlashmaydi. Ularga tushuntirganing bilan baraka topmaysan. Ovoragarchilikka arzimasmish!
Bizning nazarimizda daraxtlarni bunday kesish uchiga chiqqan bachkanalikdan boshqa narsa emasdi, bunaqa sun’iy, g‘ayritabiiy narsalarni jinimiz suymasdi, lekin shunga qaramay, bog‘bonning ko‘ngliga qattiq tegmasin uchun, odob yuzasidan qilgan ishini maqtab qo‘ydik.
O‘sha kuni boshqa hech narsani ko‘rmadik. Bog‘-hovlidan chiqib ketayotganimizda tepalikda to‘xtab tevarak-atrofga birqur nazar soldik. Uaza suvlari chopiqdan chiqqan qoramtir ekin maydonlari oralab bulutlar aksini oqizib borardi; olislarda, deyarli ufqqa tutash yerda, uylar qurshovidagi cherkov ko‘zga tashlanadi. Bu manzara juda chiroyli bo‘lganidan, indamay ketishga ko‘nglimiz bo‘lmay, uni biroz tomosha qilib turdik. Bizni o‘ziga rom etgan tabiatning mana shu sehridan mutaassir bo‘lib, nogahon yuragimda tug‘yon ura boshlagan his-tuyg‘ular bahonasida senga bir gapni aytgim keldi, biroq lom-mim demadim. Chunki, birinchidan, gumonam borligiga hali o‘zimning ham ishonchim komil emasdi; ikkinchidan, hali aniq bo‘lmasdan turib, seni quvontirishdan nima foyda?!
Ikki haftalardan so‘ng bu yerga yana keldik. Avji bahor edi. Mashinani o‘sha, oldingi joyimizda qoldirdik. Nayza bo‘yi ko‘tarilgan quyosh sukunat og‘ushidagi tuman bag‘rini chok-chokidan so‘ka boshlaganida, biz sotib olgan hovli-joydagi daraxtzor ichra qad rostlagan imoratning qizg‘ish tomi cho‘g‘dek ko‘zga tashlanardi.
Yillar o‘tdi. Bolali bo‘ldik. Farzandlarimizga qarab ko‘zimiz quvonardi. Bugungi oqshom ham odatdagidek tinch va osuda. Seni intizorlik bilan kutayapman. Men mashina shovqinini eshitsam, qayerda tezlikni oshirgansan yoki, aksincha, qayerda sekinlashgansan, hatto kayfiyating qanaqaligigacha bilaman. Ko‘zlarimni yumib yotgan bo‘lsam-da, tiq etgan tovushni eshitaman. Mana, nihoyat kelding. Sen to‘xtab, darvozani ochish uchun mashinadan tushasan va uni shundayligicha qoldirasan – chunki darvoza boshqa taraqlamadi, qolaversa, charchagansan, yoqmaydi, g‘ildiraklar ostida shag‘al shaldiraydi, chiroqlar shu’lasi yopiq deraza darchalarini siypab o‘tadi, sen itga bir-ikki gap qotasan-da, zinadan ko‘tarilib yuqoriga chiqasan, meni uyg‘otib yubormaslik uchun poyabzalingni asta yechasan. Xonaga sekin kirasan. Mana, nihoyat sen uydasan. Bu – hayot.
Men shovqin ko‘tarmay sekingina boqqa chiqqanimda uyda hamma mast uyquda edi. Nihoyatda ajib, o‘zimning iboram bilan aytganda, aql bovar qilmas palla. Daryo yengilgina bug‘lanib oqadi, o‘tloqdan hali tungi shabnam ketmagan, bog‘ bilan gulxonaga o‘rnatilgan suv purkagich uskuna chir aylanyapti, bog‘bon sabzavot yig‘adi va biz birgalikda mevali daraxtlarni ko‘zdan kechiramiz – shoxlardagi larzon mevalar pishay deb qolgan. Har kuni barvaqt qayinlar bilan kedr daraxtidan, shaftoli va anjirlardan xabar olgani va barq urib ochilgan gullar uzgani kelaman. Sen uyg‘onganingda bog‘imizdagi yangiliklar haqida aytib beraman.
Sentyabr tuni, biz olis sayohatdan qaytardik. Har qancha chaqirsak ham hech kim ovoz bermadi, aksiga olib it ham akillamadi, xursandligini bildirib, oyoqlarimizga suykangancha g‘ingshidi. Daryo sohiliga qurilgan tosh to‘siqqa o‘tirdik. To‘lin oy bizga har bitta g‘ishti qadrdon bo‘lib qolgan uy bilan so‘lim bog‘ni kumush nurlarga chulg‘aydi.
Uzoq yillar muqaddam biz kun kelib, yuragimizda to‘lib-toshgan sevgi-muhabbat tufayli bitmas-tuganmas saodat eshiklari ochilishini oldindan sezardik, farzand ko‘ramiz, ularni mo‘tabar kishilarning bolalaridek tarbiya qilamiz, ish bilan shug‘ullanamiz, do‘stlar orttiramiz, o‘z uyimizda, farog‘atda yashaymiz, balki, kim bilsin, noumid shayton, olamni bundan ham munavvar qilishga o‘z hissamizni qo‘sharmiz, deb ichimizda orzu qilardik. Shu ezgu niyatlar ro‘yobga chiqadigan vaqt kelgandi. Biz tahsinga sazovor bunyodkor ekanmiz. O‘sha kech xorijga borib kelganimiz ilhom berdimi yoki dilbar tun ta’siridami, bir paytlar yuragimizda saqlagan orzularimiz to‘liq amalga oshganligini birdaniga chuqur his qildik.
Sening o‘limga mahkumligingni eshitganimda, men boshqa hech qachon bu uyga qadam bosmasligimni fahmlagandim. Shunga qaramay bir marta, o‘shanda ham sening iltimosingga binoan borishimga to‘g‘ri kelgan edi. Mose B., ilk bor ko‘rganimizdek, ish bilan mashg‘ul edi: keksa kashtanning o‘tloqqa to‘kilgan yaproqlari bilan qirmizi gullarini bir joyga to‘playotgandi. Quyuq so‘rashdik. U eng avval sening salomatliging haqida bilishga qiziqdi. Yomon emas, deb javob berdim. Do‘xtir yurishga ruxsat bergan kuni ko‘rgani boraman, dedi.
Bolalar miriqib o‘ynashdi. Biz doim sening mashinang kirib keladigan xiyobondan ko‘z uzmay, men damlab kelgan choyni ichib o‘tirdik. Qaytib bu yerlarga kelmadim, shu oxirgisi edi. Bu bog‘-hovli, shu dov-daraxtlar men uchun bir paytlardagi ko‘rkini, ham fayzini butunlay yo‘qotgan edi. Biz bu yerda bunyod qilgan narsalar bizsiz ham yashayveradi. Men jazava ichida daraxtlar, gullar, it, qushlar va ayniqsa, mavjudligi davom etayotgan buyumlardan yozg‘irar edim – bu devorlar, javonlar, mayda-chuyda narsalar, javondagi tartib bilan ilib qo‘yilgan ki­yim-kechaklarni ko‘rgim kelmas edi. Jonsiz, “kim” emas, “nima” degan savolga javob beruvchi, lekin chirimay, nobud bo‘lmay, uzoq turadigan buyumlar ustunlikka erishayotgan edi. O‘sha tushlikdan keyin, nazarimda, sening joning uzilgan mahal yer yorilib, bu yerdagi hamma narsani yutib yuborsa, adolatli, shu bilan birga, tabiiy bo‘lardi, deb o‘ylagandim.

IV

Hozir yolg‘iz bir o‘zim sayr qilib yurgan bog‘da sen bilan o‘tkazgan bir kecha sira yodimdan chiqmaydi. Bu yer, sening o‘limingdan keyin men qadam bosmaslikka harakat qilayotgan manzillaradan biri edi.
Yarim kecha edi. Biz teatrdan eng oxirida chiqdik. Qor yog‘ardi. Biz bir-birimizning qo‘llarimizni ushlab bitta-bitta qadam tashlab borardik. Gapirgimiz kelmas, buning hojati ham yo‘q edi. Hech qanday maqsadimiz yo‘q edi-yu, lekin bu to‘g‘risida o‘ylab, ikkilanib ham o‘tirmas edik. Biz birga, oshiq-ma’shuqlar singari xushhol va botiniy sevinchimizni oshkor qilishni istamasdik, o‘sha lahzalarda har kim o‘z xayoli bilan band edi. Har zamon-har zamonda sekin, beshovqin mashinalar o‘tib qolardi. Huvillagan ko‘chalar kimsasiz, tirik jon yashamaydigandek tuyulardi, ehtimol, sevgi tufayli dunyo ko‘zimizga ko‘rinmagani uchun shunday deb xayol qilgandirman. Sirdoshimiz, balki hamrohimiz ikkita edi – tun bilan osmon! Parij ancha uzoqda edi. Vaven ko‘chasi orqali Lyuksemburg bog‘ining darvozasi oldidan chiqdik. “Kiramizmi?” – deding.
Biz to‘siqdan oshib o‘tdik va afsonaviy olamga tushib qolgandek bo‘ldik: oyoqlarimiz ostidan qor sachrardi. O‘zimizni behad shod va masrur sezardik. Dunyoda hamma narsa yaxshilikdan iborat, olam go‘zal, hayot shirin ekaniga komil ishonch bilan iqror bo‘ladigan nurli va xurram lahzalar! Sen egningdagi paltoni yechib qor ustiga to‘shading, biz shunga o‘tirdik. Qorong‘ilik qo‘ynida bir-birimizga termilardik. Sening sokin ko‘zlaring bilan birozgina qor ingan kipriklaringga shaydo bo‘lardim. Panjara to‘siqdan ikki qadam narida bizni shahar qurshab olgandi. Soat uchga zang urdi. Negadir birdan xayolimga baxtsizlik haqida o‘y keldi. Bizning boshimizga tushishi mumkinmi, deb emas, albatta, chunki bu xususda xayol qilishning o‘zi menga aqlga sig‘maydigan favqulodda holatday tuyulgandi o‘shanda, balki o‘zgalarning baxtsizligi haqida xayol surdim. Aynan shu daqiqalarda qayerdadir odamlar jon bermoqda, kimlardir qotillik qilyapti; oilalar buzilyapti; yetim qolgan bolalar qon-qon yig‘layapti; erkaklar bilan ayollar taqdirga tan berib o‘tiribdilar. Juda olislarda, aytaylik, Hindiston va Xitoyda, odamlar jon talvasasida azob chekmoqda yoki o‘zgalarni qiynamoqda. Hayot paydo bo‘libdiki, har lahzada kimdir tug‘iladi, kimdir dard chekadi, kimningdir quvonchi kimningdir azob chekishiga sabab bo‘ladi; to dunyo bor ekan, shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biz go‘yo baxt qushini ushlab olganmizu unga shikast yetkazib qo‘ymaslik uchun issiq bag‘rimizga beozorgina bosib o‘tirardik; shuningdek, biz bu ne’matni to‘la-to‘kis qabul qilolmayotgan oshufta yurakning zarbalariga chidayolmasligimiz ham mumkinligini his qilib, dalda bo‘lish uchun bir-birimizning pinjimizga suqilib o‘tirardik. Ikkovimizdan birimiz, menimcha, sen shivirlading: “Agar bir kun kelib boshimizga musibat tushsa, o‘zimizni munosib tutishga harakat qilamiz”. Men: “So‘z beraman, ont ichaman shunday qilishga”, – dedim javoban.
Biz Lyuksemburg bog‘idan shahar endi uyg‘onayotgan mahal chiqib ketdik. Uyga yetib kelgach, uxlab, dam olish xayolimizga ham kelmadi. Men o‘sha bedor etgan go‘zal va hech qanday dunyoviy lazzat tenglasholmaydigan tun nash’asini shunchalik yaxshi ko‘rardimki, azbaroyi uning bir lahzasi uchun jonimdan kechishga tayyor edim.

V

Shunday damlar bo‘ladi: irodamga, sobitligimga ishonolmay qolaman, demak, kutilmagan hodisalarga doimo shay turishim zarur. Negaki qo‘qqisdan dosh berolmasligim mumkin. Buning uchun nima qilishim kerak? Avvalambor, muttasil nima bilandir band bo‘lishim shart! Chumoliga o‘xshab tinim bilmasligim shundan. O‘ylash, xayol surishni taqiqlab qo‘ysam, o‘zim uchun ayni muddao bo‘lardi. Bir narsani maqsad qilib olganman: bir o‘zim qolsam, to yonimga kimdir kelmaguncha nima bilan bo‘lmasin shug‘ullanaman, hech narsani o‘ylamayman. Biroq shunday deyman-u, ba’zan yuragimda qattiq og‘riq qo‘zg‘aladi, bu makkor alam qachon oraladi ko‘ksimga, sezmay qolaman. Ertalablari o‘zimni bardamroq sezishim uchun xayolimga bolarilardek bemavrid yopirilgan fikru o‘ylardan quvonaman. Boshqa ilojim yo‘q. Men munofiqona yashash yo‘llarini o‘rgandim. Vaziyatga qarab goh u tomonga, goh bu tomonga og‘ib ketaman, bu taxlit hayot kechirishga o‘zimni majbur qilyapman, lekin, eng achinarlisi, bu odat tusiga kiryapti va mening vujudimga singib borayapti. Shunga qaramay, yotsam ham, tursam ham, fikru zikrim senda. Ishga boraman, suhbat quraman, talashib-tortishaman, shu bilan birga ko‘nglim senda bo‘ladi, xayolimda sen bo‘lasan. Gohi-gohida ko‘z oldimda sening qiyofang bamisli havaskor suratkash olgan rasmdek xira holda qalqib chiqadi. Mana shunday damlarda hushyorlikni unutib qo‘yaman. Tasavvur qilginki, mening dardu alamim o‘zim jilovlagan va itoatgo‘y qilib qo‘ygan yo‘rg‘a bo‘lsa, bu yuganni o‘zim yechib yuborganim bilan barobar. Bir bora yanglishsam, bas, qopqonga tushaman-qo‘yaman. Sen baayni yonimdasan. Sening ovozing kelayapti, yelkamga qo‘ygan qo‘llaringni sezayapman yoxud eshik oldida qadaming tovushlarini eshitayapman. Men o‘zimni idora qilolmayapman. Kuchim yetmayapti. Ich-ichimdan ezilgancha, bu xo‘rlik qachon o‘tib ketadi deb kutishdan o‘zga iloj topolmayman.
Men bamisli haykaldek qotib tursam-da, xayollarim go‘yo urib tushirilgan samolyot. Yolg‘on, sen bu yerda emassan, o‘sha muz-kesak fanoga ravona bo‘lgansan. Nima gap? Qanday sado, hid, qanaqa sirli, mushtarak his-tuyg‘ular seni yetaklab keldi huzurimga?
Garchi har qancha nomardlik bo‘lsa ham sendan xalos bo‘lgim kelayapti, sendan qutulsam deyman, biroq adolatsizlikni qarangki, aynan shunday daqiqalarda jonu jahonimni chulg‘ab olishingga to‘la ruxsat berish uchun kuch-quvvatim yetmaydi. Xonada hukm surgan sukunat oldida dunyodagi benajot faryod, nola ham hech gap emas. Men o‘zimizni o‘tmishdagi hayotimiz og‘ushida ko‘rayapman, biroq qayerda va qaysi paytda ekanini ajratolmayman. Mening aksim vujudimdan ajralib chiqadi va u o‘sha kezlar nimaiki qilgan bo‘lsam, shuni takrorlaydi.
Men, daf’atan qiyomat kunidan boxabar bo‘lgan odam Parij yoki Nyu-Yorkda qay ko‘yga tushsa, xuddi shunday ahvolda bir xonadan ikkinchi xonaga o‘tib, so‘ng yana qaytib, dovdirab yurardim. Qiyomat bu sening o‘liming ekanini va dunyoda hayot sensiz ham davom etishi muqarrarligini endi angladim.
Shunday bo‘lsa ham, mening mahrimga tushgan ekan, nima qilish lozim bo‘lsa, shuni ado etdim. Haligacha qanday qilib hech nima yuz bermagandek o‘zimni tutib yurganimga hayron qolaman. Men nikoh to‘yining ertasiga saodatli, yosh kelin singari o‘zimni toshoynaga solib, diqqat bilan yuz-ko‘zimga razm soldim. Yo‘q, qiyofamdan hech kim biron nima sezmaydi hozir, buning imkoni ham yo‘q. Musibat unga o‘z muhrini keyinroq bosadi, hozircha esa, yaqinginada boshdan kechirgan baxtli kunlar ifodasi hali aks etib turardi. Shunday xotirjam qiyofada oldingda yura olamanki, sen hech narsani payqamaysan: yuz ifodam va tabassumim qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan. Odatlarim ham o‘sha-o‘sha. Men vannada, sen esa bitta xona narida yotgan bo‘lganingda suhbatlashib o‘tirardim. Ora-sira ovozingni yaxshiroq eshitish uchun ko‘zlarimni yumib olardim. Hech qachon gaplaringni bunchalik diqqat berib tinglamagan bo‘lsam ham, baribir komil ishonch bilan aytaman, shunday kun keladiki, sening ovozing xotiramdan o‘chib ketadi va men: “Fikringcha, ikki haftalardan so‘ng vanna qabul qila olarkanman-da?” – deganingni hatto unutib yuboraman. Men telefonda kim bilandir gaplashardim. Senga atab guldasta yuborishganiga minnatdorchilik izhor qilayotgan edim. Operatsiya ko‘ngildagidek o‘tdi, sen bilan shoshilinch xatlarga javob yozdik, so‘ng men mashinkada ko‘chirib berdim, dedim so‘raganlarga. Xarajatlar uchun men chek yozaverar, pul sarf bo‘laverardi. “Mart oyida ishga chiqaman, shekilli, – deding sen. So‘ng qo‘shimcha qilding: – O‘zimni tetik sezayapman”. Go‘yo birov boshimga kaltak bilan urgandek bo‘ldi. Maqsad nima bunday deyishdan, yuragimga nashtar sanchishmi yoki lutfu karamingmi bu? Men ko‘zlaringga qarab turib indamadim, shuning o‘zi xoinlikning ilk alomati! Inson hayotida shunday soniyalar bo‘ladiki, indamaslik, sukut saqlash fazilat sanalmaydi, u donolik belgisi deb e’tirof etilmaydi, bil’aks, xiyonat bilan barobar qo‘yiladi. Men ana shunday vaziyatni boshdan kechirmoqda edim. Zero, seni jahannam tepasiga olib bordim, evaziga qutlovlar, tahsinlar eshityapman. Kezi kelganda nomusdan boshimni ko‘tarolmasdim, biroq yolg‘on gapirishdan o‘zga chora ham topolmas edim, negaki, daf’atan kishi ixtiyorini olib qo‘yadigan, ilgarilari men uchun jamiki narsalardan ustun bo‘lgan vijdon, haqgo‘ylikdan boshqa kuchliroq bir nima bor ekan, ana shu narsa meni shunday qilishga chorlardi. Ha, ha, bir oydan keyin dam olishga boramiz. Yog‘ochdan ishlangan ayvonchali uy, pastda qor bosgan dala, orqa tomoni – o‘rmon, oftob nurida jilvalanuvchi tog‘. Yo‘q, hech qachon, hech qachon boshqa takrorlanmaydi bu. Bir kunda o‘n marta to‘g‘risini aytishga chog‘lanib yoningga borardim. Shivirlagudek bo‘lib gap ochar va o‘sha zahoti fahmlab olasan, deb o‘ylardim. “Senga aytishim lozimki…” yoki: “Bizni judolik kutyapti” yoki: “Senga yolg‘on aytishyapti”. Nima uchun, kim huquq berdiki, birinchi navbatda senga taalluqli gapni sendan yashirishyapti, nima uchun seni bardoshing yeta oladigan haqiqatdan yolg‘on-yashiq bilan ehtiyot qilishyapti? Ishonchim komil, sen bu xabarni mardlarcha kutib olarding. Men nima haqda tashvish chekayapman-u, sen bo‘lsang mendan gina qilib qo‘yishni unutmasding: “Nuqul mening tashvishimni qilasan, ahvolim yaxshi, hech qayerim og‘rimayapti, axir”. Oyoqlaringga suyanib jimgina yotarkanman, meni silab-siypab erkalayotganingda daf’atan ko‘nglimdan o‘tgan xayoldan nafasim ichimga tushib ketdi; mabodo bor haqiqatni aytishga jur’at etsam, ahvoling ne kechishini bilaman: sen ajaling yetguncha o‘lim haqidagi fikru xayoldan qutulolmas, menga esa yengil bo‘lardi, o‘shandagina seni bag‘rimga bosib, baxtli hayotimiz haqida eslab qon-qon yig‘lagan bo‘lardim.
Men badaningning choklab tikilgan joyini ko‘zdan kechirardim. U sen uchun ermak bo‘lib qolgandi.
– Bir kun kelib qornimni yorishadi, deb o‘ylamagandim!
Sen menga horg‘ingina kulimsirab qaraysan, buni men lablaringdan emas, ko‘zlaringdan sezaman. Bu xasta odamning ko‘zlari edi: qandaydir tussiz, sarg‘ish-yashil, bamisli qamish rangida, gardishi siyohrang, oqi esa sadafdek yaltiraydi. Gohi-gohi baqrayib turadi. Bechora sevikli yorim! Kunlar Sena daryosi kabi bir tekis oqardi, biroq umring tugashiga sanoqli kunlar qolganidan bexabarsan. Ikkimizning hayotimizga so‘nggi nuqtani qo‘yishi mumkin bo‘lgan qanchadan-qancha imkoniyatlar bo‘la turib, bu dunyoni yolg‘iz bir o‘zing tark etayapsan. Holbuki, zilzila, biron yo‘l halokati, tom bosib qolishidek falokatlar yuz berishi bir vaqtning o‘zida istiqboldagi hayotimizdan mahrum eta olardi.
Ba’zan derazadan ko‘chani tomosha qilaman, uylarga, yo‘lovchilarga, yo‘lkalarga yaqin kelib to‘xtagan mashinalarga tikilib qolaman – hamma yerda: “U o‘lishga mahkum”, – degan hukm yozib qo‘yilgandek tuyuladi.
Men tizzangga bosh qo‘yib yotaman va sendan ko‘z uzmay jilmayaman, astoydil, samimiyat bilan boqaman, chunki shu soniyalarda o‘zimni purg‘am his qilaman – sababi, aytib qo‘ya qolay, bitta – sen yonimda, birga ekanliging uchun. Men shu damlarni to‘xtatib qololsam, vaqt oqimida shu soniyalarni chog‘roqqina orolchaga aylantirishning iloji bo‘lganda edi, afsuski, buning iloji yo‘q, bunga chora topolmayman. Ertangi kunga eltuvchi yo‘l yopiq, o‘tish uchun zarracha imkon yo‘q! O‘zimni ming ko‘yga solganim bilan yakun-xulosam bitta: bu yo‘l boshi berk ko‘chadan boshqa hech qayerga eltmaydi. Bil’aks, eltadi – jahannamga.
Har safar tansiqroq taom keltirilganda yutoqib yeya boshlaysan, mening esa tomog‘imdan o‘tmasdi.
– Go‘sht chandir, pishmagan, – deding bir kuni kechki ovqat mahal, – siyog‘idan yosh buzoqning go‘shtiga o‘xshaydi.
Yosh, barra, yangi deganlari – bundan chiqdi, jonivor yaqindagina o‘ldirilgan degani. Boshim aylanib ketdi.

VI

Parijda kamdan-kam hollarda osmonga qarashadi. Har safar sayohatga yoki dam olishga ketayotgan mahal, shahar chegarasida osmon shunchalik chiroy kasb etadiki, azbaroyi mahliyo bo‘lib qolardik. To‘lin oy bilan son-sanoqsiz yulduzlarni tomosha qilar ekanman, men doimo mana shu bepoyon olamning bir zarrasi ekanimdan o‘zimni baxtiyor his qilardim. Bordi-yu, xayrlashadigan bo‘lib qolsak, sen o‘sha yulduzlarning birida ko‘rishamiz, deb uchrashuv joyini tayinlar eding, shunda sevgimiz rishtasi menga yorqin chiziqlar – olovli izlardek tuyular, ularning Orion burjida tutasholganini ko‘rgandek bo‘lardim.
Ko‘pincha tungi osmonni tomosha qila turib men o‘zimning shodumon hayotimda kechayotgan tashvish va quvonchlar qadriga yetar, bunga ich-ichimdan shukronalar aytar hamda beixtiyor olam haqida, bu olamda bizning vazifamiz nimadan iboratligi, yolg‘izlik va Troil Kressidaga aytgandek: “Quyoshga – maysalar, oyga – toshqin suvlar, ohanraboga – temir, nar kabutarga – modasi” sodiq qolishidek fidoyi muhabbat haqida xayol surardim.
Sen vafot etgandan so‘ng, ancha vaqtgacha osmonga boqib xayol surish yuragimga sig‘may qoldi. Holbuki, ruhan ezilgan, siqilganlarimda necha-necha martalab osmon meni xayol surishga va shu tariqa insoniy bardoshimni saqlab qolishimga imkon yaratishga chorlagandek bo‘lgandi. Yoz kunlarining birida, aniqrog‘i, 28 avgust kuni kechasi, yana o‘sha odatim bo‘yicha samoga boqdim. Men son-sanoqsiz yulduzlar ichra ardoqli va qadrdon yulduzimni izlayman, ne baxtki, bir zumda topishga muyassar bo‘laman. U jilva qilgancha osmon gumbazining sharqiy qismiga ohista siljib borardi. Uni inson tasavvuri va zakovati bunyod etgan va “Aks sado-2” deb atagan. O‘sha yulduz tungi osmon bilan o‘rtamizda uzilgan rishtalarning yana bog‘lanishiga sabab bo‘ldi. O‘sha yulduz topishtirdi. Shu kecha uning boshim uzra yana charaqlashini uyga ham bormay uzoq kutdim. Nazarimda, menga zafar yor bo‘lgandek. Men Jazoirda to‘kilayotgan qon uchun nomus qilar, mamlakatdan badarg‘a qilish va isnod keltirishi muqarrar nomaqbul siyosiy o‘yinlardan yuragim larzaga kelardi; shu bilan birga men inson qadami ilk bor koinotga yetgan zamonda tug‘ilib yashayotganimdan faxrlanar edim. Biroq men hozir sendan qolgan yodgorlikdan bir necha yuz qadam naridagi maskanda yolg‘iz, bir o‘zim o‘tiribman. Sen tug‘ilayotgan bu yangi olamni hech qachon bilmaysan. Senga hayotimizning endi mutlaqo aloqasi yo‘q. Men odamzod tinchlik yo‘lida xizmat qilayotgan dunyodagi eng mukammal raketalardan ko‘ra seni o‘limdan saqlab qoluvchi dorilar ixtiro qilishi afzalligi haqidagi xayollarimdan haligacha forig‘ bo‘lolmayman. Rozmarin isi kelardi, itlar akillar, yo‘l tushgan tarafdan mashinalar shovqini hamda yo‘lovchilarning kulgani eshitilardi. Har safar o‘zgalarning baxtiyorligini ko‘rsam yo sezsam hayotimning barbod bo‘lganini yanada kuchliroq his qila boshlayman.
Ochig‘ini aytganda, bu ilk bor xotiralar ummoniga g‘arq bo‘lishim: nimanidir qo‘msayman, nimadandir najot kutaman, o‘tgan kunlarni eslab xayollarga tutqun bo‘laman. Ba’zan bu judolik uchun sendan yozg‘iraman. Meni yolg‘iz qoldirib tashlab ketdi, deyman. Yo yolg‘onmi? Sen tufayli kurrai osmon bilan kuz yomg‘irini, tillarang yaproqlar va bir vaqtlar menga bahor elchilaridek tuyulguvchi qop-qora, yalang‘och daraxtlarni tomosha qilolmayman. Tong pallasi bilan g‘ira-shira oqshom ko‘nglimga g‘ussa soladi, quyoshning oltin nurlari va oyning zafar yog‘dusidan ming qaraganim bilan bahra ololmayman. Men chaqqon va harakatchan edim, endi shalviragan oyoqlarimni zo‘rg‘a sudrab bosaman. Tez charchab qolaman.
Men seni ortiq hech qachon hech qayerdan izlamayman, kutmayman. Uzoq paytgacha o‘zing nogahon ko‘z o‘ngimda paydo bo‘lib qolarding. Sen bilan birga sayr qilmagan, sen ila yurmagan so‘qmoq, ko‘cha, daryo bo‘yi bormi o‘zi? O‘sha yerlardan yo nariroq yurish yoki o‘sha yerga borib qolishdan qo‘rqmaslik kerak edi. Odamlar orasida ham, o‘rmondagi yolg‘izoyoq so‘qmoqda ham ko‘zimga faqat sen ko‘rinsang nima qilay, aqlga quloq solsam, u bu saroblarga qarshi, yuragim esa qo‘msaydi, ularga talpinadi. Sen bor eding, endi esa yo‘qsan. Men xayolan o‘zimga-o‘zim murojaat qilaman, savol beraman: bu qanaqasi – mening yuragim ursa-yu, seniki urishdan to‘xtasa! Ba’zan seni eslaganda dunyodan o‘tgan bo‘lsa ham, qalbimizda, biz bilan birga yashayapti, deganlarini eshitib qolaman. Bu fikrga qo‘shilaman. Munozara qilishning nima keragi bor? Biroq, o‘ylashimcha, o‘zgalarning o‘limini shunday qabul qilish ayrimlar uchun osonroq ekan. Ular, dunyodan o‘tib ketsam, meni ham eslab turishsin, degan umiddami, ishonchdami, shu gapni o‘ylab topishgan bo‘lishsa kerak.
Men seni shunchalik yaxshi ko‘rganim uchunmikan, jisming yo‘q bo‘lib ketgani bilan ruhing qolishiga ishongim kelmasdi, tasavvurimga sig‘masdi. Qanaqa qilib ajratishadi keyin – mana bu uning jasadi, mana bu uning ruhi debmi? Sening tabassuming, nigohing, yurishlaring, ovozing – nima bu, moddiy narsalarmi yoki ruhiymi? Menimcha, unisi ham, bunisi ham. Ularni ajratib bo‘lmaydi. Ba’zan ko‘nglimdan qaltis xayollar o‘tardi: men sevgan oliyjanob inson sifatida tirik qolishing uchun a’zoyi badaningning qayerini kesib yoki dabdala qilib tashlasa bo‘lardi? Agar menga bog‘liq bo‘lsa, qaysi qismini ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim? Eng yomoni, bunaqa tuturuqsiz xayollar mendan so‘ramasdan, mening ixtiyorimsiz boshimda charx urardi. Qiynab yuborardi bunday fikrlar.
Ayrimlar menga, qachonki odamlar bir-birining ham zohiriy, ham botiniy jihatlarini haddan ziyod yaxshi ko‘rsa, bilsa, bu narsa ularning sevgisiga zomin bo‘ladi, kungaboqarga quyosh nuri qanchalik zarur bo‘lsa, ikki kishining sevgisiga maxfiylik shunchalar darkor, deyishadi va buni dalillamoqchi bo‘ladilar ham. Holbuki, sirni pinhon tutishga urinish, u haqda doim, birov ko‘rib yoki bilib qolmasin, deya tashvish chekib yurish – uning mo‘rtligi, zifligiga iqror bo‘lish degani emasmi? Yo‘q, sir bo‘lmasligi kerak, ikki kishiga hammasi ayon bo‘lishi lozim. Ammo bu narsani – sirni, qanchalik teran tushunishga harakat qilsak, uning mavjudligi shunchalik ayon bo‘lib boradi.
Men sening qanday uxlashingni tomosha qilib yotaman; ayni shu lahzada qaysi olamda ekaning, miyig‘ingda kulib qo‘yganing sababi, pirpirab qo‘yayotgan kipriklaring, yalang‘och, nimjon badaning – mana shular men uchun sir.
Men iliqqina, tiniq suvda cho‘milayapman. Sen shu atrofdasan, pechakgulga o‘ralib qachon kelarkansan, deb eshik tirqishidan qarab qo‘yaman. Men bilan salomlashasan, xayrli tong tilaysan. Sening tushingga nimalar kirdi, qanday xayollar bilan uyg‘onganinggacha bilaman, lekin baribir men uchun sen tagiga yetish amrimahol mo‘jiza – sir bo‘lib qolaverasan.
O‘zaro gaplashyapmiz: ovozing, fikr-mulohazalaring, menga aytib bermoqchi bo‘layotgan xayollaringni aniq ifodalash uchun tanlagan so‘zlaring odatiy. Birimiz boshlagan jumlani birimiz tugatib qo‘yishga qurbimiz yetadi. Shunga qaramay sen men uchun sirlisan va ikkovimiz ham bir-birimiz uchun shunday bo‘lib qolamiz. Sening arzimas harakatlaring oldida Jokondaning nimtabassumida sir-asror kamroq.
Sevgi nima? Bu bir chashma, chashmaning boshlanishi, dunyoning tengsiz boyligi, bu hayrat, bu birinchi marta duch kelgan va ayni choqda senga tanish bo‘lgan mo‘jiza, bu yo‘qolgan jannatga qaytish, ruhning tana bilan birlashmog‘i, bizning qudratimiz va zaifligimizni ilg‘ash, hayotga sadoqat va o‘limdan qo‘rqmaslik tuyg‘usi, har kuni yangitdan qo‘lga kiritish lozim bo‘lgan, mustahkam sabot va ayni chog‘da beqarorlik.
Sen meni yashashga o‘rgatgan beayb murabbiy eding. O‘limga tik boqishga o‘rgatgan ham o‘zingsan. Bir kun kelib, u meni olib ketgani kelganida, sen bilan o‘sha boqiy olamda uchrashishga umid qilmasam-da, go‘yo tanish yo‘ldan o‘tib borayotgandek bo‘laman, chunki bu yo‘ldan bir paytlar sen o‘tgansan.

VII

Bugun quyosh baxtga o‘xshab, ko‘rinmaydi – qayergadir yashiringan. Men uning qayerga yashiringanini izlab lojuvard osmonga tikilaman. Odamlarga o‘xshab yashashim uchun quvonch manbalarini qaytadan axtarib topishim kerak. Hayotga talpina boshlaganimda ko‘nglim talabini qondirish uchun qora xayollardan xalos bo‘lishim shart, faqat yuragimda saqlanayotgan sen haqingdagi xotiralarga ziyon yetmasa, bas. Men bir paytlar hayotim asosini tashkil etgan ruhiy osoyishtalikka erishmoqni istayman, ba’zan unga erishgandek bo‘laman ham, taassuf, bir necha kundan so‘ng yana mahrum bo‘lganimni sezmay qolaman. Bu o‘jarlikdan nima foyda, nega bunaqa qilaman – o‘zim ham bilmayman. Dunyoning azaliy qonuniyati shundan iborat emasmi: yo ko‘nikishga majbursan yoki halok bo‘lasan!
Hech bir manzara sahroning ko‘rinishichalik tasavvurga beqiyos erkinlik baxsh etolmaydi. Hatto gulga ko‘milgan vodiy ham yo‘l yoqasidagi daraxt yoki osmonda parvoz qilayotgan bir juft qushchalik hayotni to‘la aks ettirishga qodir emas. Eslolmayapman, men sen bilan gaplashayotganmidim yoki ikkimiz jimgina otda ketayotgan edikmi? Mening shirin xayollarim tumandek tarqab, sening qiyofang ham xayol ko‘zgusidan o‘chgan chog‘da g‘amga botmadim. Sen yonimdasan, biz bir-birimizni uchratdik – bo‘ldi, qolgan narsalarning nima qizig‘i bor? Hali birga emasmiz, hammasi oldinda.
VIII

Sanitar uni olib ketgani keldi. Karavotdan ko‘tarib olib aravaga yotqizdi. Biz bir-birimizdan ko‘z uzolmay qotib qoldik. Uni kuzatib yurishimga ruxsat berishmadi. Ostonaga dovur bordim. Sanitar uning yuzini mendan to‘smoqchi bo‘lardi. Menga sanitarning qadam tovushlari, arava g‘ildiraklari shaldiragani eshitilar va nazarimda, ular hech qachon uzun hamda top-toza yo‘lkaning adog‘iga yetib borisholmaydigandek tuyulardi.
Kim bilsin, o‘shanda sen bilan bir umrga vidolashib qolgandirman. Sen choyshabga o‘ranib yotgan o‘sha lahzalar baxtli kunlarimning so‘nggi lahzalari edi. Salkam bir soatdan keyin seni yana ko‘rdim. Uxlayotgan eding, sochlaring to‘zg‘igan, yuzing – oppoq. Vaqtning o‘tishi nima bilan o‘lchanadi? Minoradagi soatning yana bir soat o‘tganidan ogohlantirib chalgan zangi bilanmi yoki shu payt ichida yuz bergan voqealar bilanmi? Dunyo ostin-ustun bo‘lib ketgandi. Bir soat oldin qanday edingu hozir, operatsiyadan keyin ko‘z o‘ngimda qanday yotibsan – orada ming yil o‘tgandek. Sen hamon qotib uxlayotgan bo‘lsang-da, baribir tikilib qarashga botinolmas, ahyon-ahyon ko‘z qirimni tashlab qo‘yardim, xolos. Men yoningda murdadek qotib o‘tirar, o‘z yumushlari bilan band hamshiralar, do‘xtirlar u yoqdan-bu yoqqa yugurishar, men bo‘lsam senga o‘lim tilab o‘tirardim. Yarimta bo‘lib yotganingdan ko‘ra o‘lib ketganing afzal. Nahotki shu niyat ham sevgining alomati bo‘lsa? Sen tirik qolishing uchun dunyodagi jamiki boyliklardan, hatto jonidan ham kechishga tayyor odam, bir soatdan so‘ng senga o‘limni ravo ko‘rsa-ya! Vaholanki, men hozirgina uyqudan uyg‘onishingga yo‘l qo‘ymasliklarini yolvorib so‘ragan edim. Qay biri ezgulik, qay biri yovuzlik?
Tun uzoq davom etadi. Shiftga termilib karavotda yotibman. Miyamdan ketmayotgan badxayollardan xalos bo‘lishga holim yo‘q.
U o‘ladi. U o‘limga mahkum.
Men jonim boricha mana shu fikrni yengishga tirishardim, azbaroyi a’zoyi badanim qaqshab og‘rir, o‘sha xayolni bir amallab uloqtirib tashlasam, yana ko‘nglimga kanadek yopishar, yuragimni siqar, noumid qilar edi. Oxiri unga bo‘ysundim, itoat etdim, yer qa’riga ham tushishga rozi bo‘ldim. Ha, u o‘limga mahkum. U xazon bargidek chiriydi. Mana shu haqiqat – taqdir, taqdirga tan berish lozim. Balki seni unutib yuborsam, yengil tortarman? Qog‘oz oppoq, unga hali hech narsa yozilmagan bo‘lsa. Top-toza sahifa. Menga kechagidek hech narsa yozilmagan qog‘oz kerak. Qo‘limdan kelsa, tarixni bir kun orqaga qaytargan bo‘lardim. Men hammasini bir boshdan xayolimda tiklayman. Seni operatsiyaga tayyorlashyapti. Biz xonada yolg‘iz o‘zimiz qoldik. Deraza ortida basavlat bir odam sayr qilib yuribdi. Biz sening karavotingda yonma-yon yotibmiz. O‘ng qo‘ling bilan chap qo‘limni ushlab olgansan. Faqatgina o‘qiyotgan kitobimizni varaqlashimiz lozim bo‘lganda qo‘lingni ajratib olasan. Xona jimjit. Ba’zan boshingni yelkamga qo‘yib mudraysan. Soat uchga zang uradi, yana ikki soat kutish kerak.
– Uyqu doridan ukol qilishgach, uxlab qolsam, kelib yurmagin, xo‘pmi, shunaqa paytda odam bedavo bo‘lib yotadi, noqulay. Kelmaysanmi? So‘z ber!
– Yo‘q, men yoningda bo‘laman, lekin sira unaqa qiyofaga tushmaysan. Uxlayotganingda senga tikilib o‘tirishni yaxshi ko‘raman, bilasan-ku.
– Bu boshqa narsa.
– Xo‘p, yaxshi, so‘z beraman.
Sanitar kelib, seni olib ketdi. Xonani yig‘ishtirib qo‘ydim. Derazani lang ochib, shamollatdim. Pastak osmon zalvorli edi. Kutish zaliga borib o‘tirdim. Hayal o‘tmay chaqirishdi, hamshira bilan shartta yuqori qavatga chiqdik. Hamshira eshikni ochib, meni kichkina xonaga olib kirdi, u yerda bir necha stuldan boshqa narsa ko‘rinmadi. Shu payt ketma-ket qadam tovushlari eshitildi-yu, to‘rt nafar shifokor kirib keldi. Ulardan biri menga stul berib, o‘tirishga taklif etdi. Ular churq etishmasdi. Men ularga talmovsirab qaradim. Qaysi biri so‘z qotadi? To‘g‘ri ko‘zimga tikilib turganimi? Shunday damlar bo‘ladiki, taqdirning oldini olish lozim bo‘lsa, vaqtni to‘xtatib qo‘yish kerak. Oppoq devor yo‘q. Har bir puchmoqda, bo‘yog‘i ko‘chib ketgan devorda, elektr chirog‘ida, eshikning yuqorisidagi tirqishdan o‘tib yerga to‘shalgan nur tasmasida – hamma yerda bitta narsa yozib qo‘yilgandi: “U o‘ladi!”
Sen mening shundoqqina yonimda, lekin endi men borolmaydigan olamda eding. Bundan buyon sen mahkumga, men esa jallodning sherigiga aylangandim. Qushxonada o‘limga mahkum hamjinslari bilan qassobning oldiga birga boradigan serkalar haqida aytib berishgandi. Ular so‘yilmas ekan. Mening qismatim ham shu taxlit kechadi, shekilli.
Men ertalabga qadar ich-etimni yeb, jon achchig‘ida o‘zim bilan o‘zim bahslashib, ruhan adoyi-tamom bo‘lib, uxlolmay chiqardim. Biroq tong yaqinlashib kelayapti. Senga bu ahvolda, umidsiz, so‘lg‘in qiyofada ko‘rinishim mumkin emas. Hayotda eng muhim qarorlar bir-ikki soniyada qabul qilinishi menga ma’lum. Men ikki yo‘ldan birini tanlashim kerak: yo sen baxtli bo‘lasan yoki bir zumda baxtdan judo bo‘lasan. Men o‘ylab-o‘ylab, oxiri bir qarorga keldim, sening azob chekishingga, vahimaga yem bo‘lishingga iloji boricha yo‘l qo‘ymaslik kerak. Qo‘limdan bundan ortiq hech narsa kelmaydi. Biz ko‘rgan ajoyib kunlar quvonchi yuragingni tark etmasin, derdim. Keyinchalik to‘g‘ri qildimmi, yo‘qmi, deya qiynalib yurmaslikka, his-tuyg‘u bilan aql-idrok o‘rtasida sarson bo‘lmaslikka urinardim. Hayotimga baxtsizlik chang soldi. Barcha voqea-hodisalar, ko‘rgiliklarga sabab shu edi. Bu qora kunlar meni o‘zgartirib yubordi. Ehtimol, bir kun kelib, men ilgarigidek hayotda baxt bilan baxtsizlik doim yonma-yon yuradi, ular bilan yuzma-yuz bo‘lishga tayyor turish kerak, deb o‘ylab qolarman. Balki dunyoning hikmati ham shundan iboratdir?
U kechasi bilan, ertasiga choshgohgacha qotib uxladi. Vaqti-vaqti bilan o‘ziga kelib ko‘zlarini ochardi-da, menga tikilib qolardi, meni ko‘rdimi, yo‘qmi, bilolmasdim va u yana hushini yo‘qotardi.
Sening ilk nigohing. U ilgari butunlay o‘zgacha edi, sira bunday emasdi, jilla qursa, men hech qachon bunaqa nigoh tashlaganingni ko‘rmagandim, boqishlaring qandaydir bir begona odamning merovlarcha qarashlariga o‘xshaydi. U mening ko‘zlarimni izlayapti. O‘sha ondanoq ko‘zim bilan seni aldadim: “Hammasi joyida”.
Sen jilmayding, ko‘zlaring yumilib, qo‘limni ushlading. Shu daqiqalardan e’tiboran, kutilmagan tarzda, faqat sening yoningda o‘zimni xushhol sezadigan bo‘ldim. Bizni qurshab olgan zulmat quyuqlashib borardi, biroq zohiran zarracha o‘zgarmagan qiyofada mening yonimdaliging ozgina xotirjamlik baxsh etardi. O‘zing sezmagan holda og‘irimni yengil qilarding – o‘zingni xushbaxt sezishing mug‘ambirlik qilishimga yo‘l ochib berardi. Men bir marta bo‘lsa ham yanglisholmasdim, qolaversa, hammasiga qo‘l siltab ham qo‘yolmasdim. Munofiqona hayot kechirish peshonamga yozilgan ekan. Odamning boshiga tushgan og‘ir kulfat uni hissiz yoki bag‘ritosh qilib qo‘yadi, deyishadi. Bu noto‘g‘ri, men atrofimdagi odamlarni, yuz bergan voqealar, narsalarni, hozirgidek yuragimga yaqin olmagandim.
O‘sha oqshom men uyga bordim. Bolalarimning beg‘ubor kulgisini eshitib shunchalar ta’sirlandimki, asti qo‘yaverasan, ko‘nglim buzilib beixtiyor ko‘zlarimga yosh qalqdi, menga nima bo‘ldi, sendan yashirgan ko‘z yoshlarimni bolalaringga oshkora qilmoqchimanmi? Bu ma’sum bolalarni shundoq ham taqdirning mash’um zarbasi kutayotgan bo‘lsa! Nima qilish kerak? Bu masalada ham men ojizman – javob berolmayman. Dumaloq stol atrofida sen o‘tiradigan stul bo‘sh. Mana bizning yotog‘imiz. To‘shagimiz. Sen shu to‘shakda yotgancha jon berasanmi? Darvoqe, qayerda jon berishingning nima ahamiyati bor? Men bir o‘zim qolaman. Hali buni o‘ylab ham ko‘rmaganman. Yolg‘izlik nimadan iborat? Sen hech kimni ko‘rmaysan, seni hech kim kutmaydi. Kasalxonaga qaytib bordim. Meni intizor bo‘lib kutayotgan ekansan. Sen hali tiriksan, ehtimol, ertaga ham tirik bo‘larsan, biz bir-birimizning yuragimizda mavj urayotgan his-tuyg‘ular po‘rtanasini ko‘zlarimiz orqali sezamiz. Xayolimga daf’atan, “foydalanmoq” degan bir sovuq, yoqimsiz so‘z keldi. Quyoshning so‘nggi nurlaridan foydalanamiz, hali imkon borida foydalansak bo‘ladigan narsalar… Naqadar palid va qurumsoq so‘z!
Men uxlab qolarsan, deb ancha kutdim, so‘ng – birinchi marta – holdan toyib, o‘zimni “gup” etib o‘ringa tashladim-da, uyquga ketdim.
Ertasiga barvaqt uyg‘ondim. Birinchi qilgan ishim, sening qanday nafas olayotganingni kuzatish bo‘ldi. Bilaman, shunday kun keladiki, hech narsa eshitilmaydi. Men o‘zimni aldagim kelmasdi. U o‘ladi, o‘ladi, o‘ladi baribir, bugun bo‘lmasa ertaga, bir haftadan so‘ng, deb o‘zimga o‘zim ta’kidlardim. Yolg‘ondan foyda yo‘q baribir. Bilish shart. Keyin bilishingni unutib, hech narsa bo‘lmagandek yashayverish kerak. Xayol faromush bo‘lmasligi lozim – o‘rindan turish, yuvinib, tishni tozalab, odatdagidek bolalarni maktabga otlantirish kerak.
Sen uyqudan uyg‘onganingda hammasi o‘rniga tushadi, uyda ikkovimizdan boshqa hech kim yo‘q. Bu hol qancha davom etarkan, deya o‘ylab o‘tirgim kelmadi. Bir lahza menga bir soatdek tuyular, bir kun esa ko‘z ochib yumguncha o‘tuvchi vaqtga o‘xshardi. Qancha yashagan taqdirimizda ham bu vaqt mangulik oldida nima degan gap. Bir soniya! Undan ortiq emas! Bashariyat tarixi g‘orda yashagan ajdodlarimizdan tortib, hozirga qadar yashab kelayotgan jamiki odamlar hayotidan iborat. Sen tez orada dunyodan o‘tasan, men esa xiyol keyinroq orqangdan boraman baribir. O‘shanda zanjirning bitta halqasiga aylanamiz.

IX

Operatsiyadan keyin besh kun o‘tgach, ertalab palataga sanitar kirdi va senga xonada yurib ko‘rsatishni so‘radi. Sen qiynalib o‘rningdan turding, men xonaki poyabzalingni kiydirib qo‘ydim. Bo‘ychan bo‘lganing uchun, shekilli, egningdagi xalat osilib turardi. Sanitar bir tomonga, men bir tomonga o‘tib, seni qo‘ltiqlab oldik. U biron nimani bilarmidi? Mening hammasidan xabarim borligini-chi? Men hech kimga ko‘nglimdagini aytmaslikka qaror qildim.
Avvaliga bog‘ni tomosha qilgani deraza oldiga bordik.
– Qishloqni biram sog‘indimki!.. – deding sen.
Ko‘nglingga kelgan narsani sezib, yana tinchgina yotishingga ko‘ndirmoqchi bo‘ldim, lekin, xuddi o‘ylaganimdek, sen vannaxonaga bording-da, o‘zingni toshoynaga solding. Chiroq nuri seni chalg‘itishi uchun bor-budimni berishga tayyor edim o‘shanda! Sen oynaga tikilgancha yuz-ko‘zingni sinchiklab ko‘zdan kechirding va eski odating bo‘yicha to‘zg‘igan sochlaringni barmoqlaring bilan tarab qo‘yding. So‘ng oldinga engashib oynadagi aksingga tikilib qolding. Men shoshganimdan sendan oldinroq gapirib yubordim:
– Hali oynaga qarab xursand bo‘lishingga erta!
– To‘g‘ri aytasan, hali ertaroq ekan…
– Chunki boyadan beri tik oyoqdasan, charchading. Yotib dam olganingdan keyin o‘zimning ko‘zgumni beraman. Ana o‘shanda ko‘r, ranging qizarganini.
Darhaqiqat, sen yotganingda qon quyilib yuzing o‘zgarardi, faqat nursiz, so‘nik ko‘zlaringni ko‘rib tashvishga tushardim.
Sen borib o‘rningga yotding.
Bundan o‘n besh yil muqaddam biz endi tanishib, bir-birimizga ko‘ngil qo‘ygan paytimizda senga qanday qaragan bo‘lsam hozir ham shunday – mehr va ehtiros-la tikilardim. Tavba, nazarimda, seni birinchi marta ko‘rayotgandek bo‘laman. Ko‘z oldimda qolgan sodda va go‘zal qiliqlarimiz, shu bilan birga sening betakror ko‘ngil ovlashlaring, ilinj bilan termilishlaring, dilimga o‘t yoqqan erkaliklaring yana esimga tushar va bir tomondan yuragim orziqib ketsa, ikkinchi tomondan “bu boshqa takrorlanmaydi” degan xayolga yo‘g‘rilgani tufayli cho‘g‘ bo‘lib kuyayotgan yuragimni bir alam tirnar, qonga bulg‘ardi. Endi nimalar o‘tmishga aylandi, nimalar qaytib kelmaydi, menga ayon edi. Sen endi hech qachon gulxanga o‘tin tashlamaysan, bolalarni azamat yelkalaringga o‘tqazmaysan. To‘g‘ri, hali kitob sahifalarini qanday varaqlashing, bilagimni silab-siypalashlaring, maktub yozishlaringni ko‘rish baxtiga muyassarman. Ammo deyarli barcha harakatlaringda xastaliging sezilar, vuvjudingga og‘ir dard muhri bosilgan edi: xiyol egilib, ehtiyotkorlik bilan qadam tashlarding, soqolingni bir emas, ikki-uch qayta qirtishlar, qo‘llaringga tayanib o‘ringa o‘tirarding.
O, jonginam! Nahotki o‘liming shunchalar yaqinlashib qolganki, har bitta harakatingga sezdirmasdan o‘zining mash’um tamg‘asini bosishga ulgurgan bo‘lsa! Yo‘q, albatta, yo‘q, menga shunday tuyulayapti, xolos, hamma gapni bilganim uchun vahima qilayapman chog‘i. Kechqurun qanday yotishingga qarab o‘tirdim: sen tinchgina uxlar, biroq bo‘yningdagi shohtomir qanday urayotgani sezilardi. U keyinchalik ham shunday urarmikan? Xayriyat, hali tiriksan. Demak, bugungi kun foydaga qoldi hisob. Qay ahvolda jon berarkansan? O‘limning sharpasini oldinroq sezarmikanman? Men o‘lim alomatlarini ilg‘ashga urinaman, ammo bilishim gumon, chunki hayotimda ilk bor u bilan yuzma-yuz kelishim. Uning yaqinlashayotganidan ogoh bo‘larmikanman? Men uchun sen Sfin­ksga aylanganding, biroq qanday jumboqli savolga tutganingni o‘zing ham bilmas eding. Sen bu haqda o‘ylab ko‘rmagansan, lekin men javobni o‘zingdan kutgandim. Sening ovqat yeyishingni ko‘rib, tushunolmas edim, nima bu, jasoratmi, deb hayron bo‘lardim, demoqchimanki, tezroq quvvatga kirish uchun o‘zingni bunga majbur qilarmiding yoki o‘lim arafasida ham yoshlik seni orqa-oldiga qaramay ovqatga tashlanadigan och bo‘riga aylantirib qo‘ydimi?!
Kasalxonadan eson-omon chiqasanmi-yo‘qmi, bilmayman. Ko‘pincha oppoq devorga tikilgan ko‘yi xayol surib o‘tirganimda, nahotki aynan shu yerda kuning bitishi taqdirga yozilgan bo‘lsa, deb o‘ylab qolaman. Yo‘q, qaytaga sen sog‘aya boshlagandek bo‘lding va kunlardan bir kun ertalab uyga ketishingiz mumkin, deya e’lon qilib qolishdi.
Men ikkovimizga tegishli narsalarni yig‘ishtirib, jomadonga joyladim. Havo ochiq bo‘lgani uchun deraza yonida bir qancha vaqt tomosha qilib turdik. Men yig‘loqi ayollardan emasman. Xona biz bu yerga kelgan kuni qanday bo‘lsa, yana shunday – befayz, ko‘ngilsiz bir ahvolga tushdi, faqatgina deraza tokchasidagi og‘iz chayish uchun qo‘llaniladigan stakanda so‘liyozgan gul o‘zining so‘nggi damlarini yashamoqda edi. Yangi bemor joylashsa bo‘ladi. Nimasini aytay, bu mash’um xona biz uchun halokat keltirdi… Ketar oldidan biroz yotib, dam olsang bo‘lardi, dedim senga rahm qilib, biroq sen bir dunyo ishlarni rejalashtirib qo‘ygansan, shekilli, biz tez orada borib joylashadigan tog‘dagi uy haqida yana gapirib berishimni iltimos qilding.
Uy o‘rmon yoqasida, quyoshga qarata qurilgan. Sen chang‘ida ucholmasliging sababli ijaraga chana olib, yo‘rg‘aning hidi o‘tirib qolgan choyshabni ustimizga tashlab qo‘yamiz. Qor bosgan daraxtlar ostida sayr qilib, ko‘kish olmaxonlarni qo‘lga o‘rgatamiz. Taxtadan ishlangan peshayvonda o‘tirib nonushta qilamiz, tushlik ham, kechki ovqat ham o‘sha yerda o‘tadi va oqshomlari qoramtir osmon bilan daraxtlarning qop-qora uchlari zavolga yuz tutgan quyoshning qonli bo‘yoqlariga chulg‘anib tovlanishini tomosha qilib o‘tiramiz. Sen do‘xtirning ko‘rsatmasiga binoan, oz-ozdan kuniga olti mahal ovqatlanishing va oftobda toblanib davolanishing lozim edi.
Sen karavotda o‘tirib olding va men kiyinishingga ko‘maklashdim. Bu yerga kiyib kelgan kostyuming endi xiyla katta, loppa-loyiq shiming tushib ketay derdi. Bo‘yning bilan ko‘ylaging yoqasi orasiga bemalol kaftim sig‘ardi.
Yo‘lak bo‘ylab ketayotganingda sendan ko‘z uzmaslikka harakat qilaman. Sen ostonadan o‘tgach, biroz to‘xtab turasan, chuqur nafas olib, ko‘zing qisilgancha quyoshga qaraysan. Ko‘z oldimga maydonga chiqayotgan buqa keladi. To‘rt kishi mashinaga joylashamiz. Sen oldinga o‘tirasan, men orqadan chiqaman. Sening yuzing menga o‘ng tomondan ko‘rinib turadi. Parij naqadar chiroyli – u jasorat va mehr maskani. Horg‘in quvonchingga sherik bo‘lish niyatida men yo‘l-yo‘lakay borliqqa sening ko‘zlaring bilan tikilmoqchi bo‘laman, biroq o‘siq sochlaring to‘sib qo‘ygan yosh qayin niholining tanasi kabi nozikkina bo‘yning ko‘proq e’tiborimni jalb qiladi. U yigirma yashar paytingda shunday bo‘lgan. O‘shanda, agar o‘zingdan ko‘ngling to‘lmasa, yugurib borib so‘qmoq chekkasiga uyib qo‘yilgan o‘t-o‘lanni kaltak bilan tapillatib urar eding. Keyin birdan yonimga kelib yelkamdan quchib olar va biz baravariga kulib yuborardik. Xudo ko‘rsatmasin, mabodo sendan bir daqiqa bo‘lsin, ilgariroq kulib yuborsam bormi, o‘sha zahoti tirishib olarding.
Sen o‘rindiq suyanchig‘iga qo‘lingni tashlab olasan va silab-siypab qo‘yishimni kutasan. Shunchalar ozib-to‘ziganing yetmagandek, oppoq oqarib ketganingni qara! Parij, Parij! Nimalar bo‘lyapti, a? Odamlar qayoqqa ketishyapti? Nega ular bunchalik hovliqadi? Men yo‘lovchilar bilan mashinalarning jazavaga tushgandek yelib-yugurishlari, bir soniya ham chalg‘imasdan oldinga intilishlari, svetoforning qizil va yashil chiroqlariga hamohang tarzda paydar-pay harakat qilishlariga qoyil qolardim. Hech narsani o‘ylash, tasavvur qilish degan narsa yo‘q. Muhimi – tartibni saqlash, boshqa hech narsa kerakmas. Manovi yo‘lovchi, ehtimol, kechqurun o‘lib qolar yoki u xayoliga keltirmagan dardga mubtalo bo‘lgandir?! Hechqisi yo‘q, nima bo‘pti! O‘lim haq, u seni har daqiqada olib ketishi mumkin. Muhimi – bu haqda o‘ylamaslik! Unutish kerak. Sokin oqayotgan Sena daryosining suvini, quyosh nurlarining ko‘prikni qoplaganini tomosha qilish kerak undan ko‘ra; o‘sha yerda turib xayol surish kerak, lekin baxt va baxtsizlik, o‘tmish va istiqbol haqida o‘ylab, bosh qotirishning hojati yo‘q. Shu daqiqa bilan yashash lozim.
Bu bizing so‘nggi safarimiz va sening yuragimizni zabt etgan, ko‘nglimiz yayragan makonga so‘nggi vidolashuv tashrifing edi go‘yo. Endi hech qachon Parij bo‘ylab birga sayr qilolmaymiz, oqshomlari Bak ko‘chasi yoki Sen-Mishel maydonidan o‘tayotganimizda ilgari necha-necha bor tuygan qadrdon yerlarning tafti, tarovatini qaytib birgalikda his qilolmaymiz. O‘sha tomonlardan qaytib kelayotganda subhidam jozibasi xotiramda qalqib, yuragim takror-takror iztirobga to‘ladi. Bonapart ko‘chasi orqali Senaga chiqardik, sohilda namoyon bo‘lgan go‘zal manzaralarni mahliyo bo‘lib, faxr bilan tomosha qilganlarimiz-chi?!
Bu betakror lahzalar edi, bilaman, endi buni yalinib ham takroran uyushtirib bo‘lmaydi. Seni oldinda eng so‘nggi – men buni bilardim – uchrashuv kutardi.
Biz bir-birimizni poygadan keyin qidirib topardik. O‘sha uchrashuvlar biz uchun bir dafina edi, ular xurramlik va saodat, ma’naviy boylik va musaffo xayollar manbai edi. Biroq o‘sha makkor dard bularga zomin bo‘ldi. Shunday damlar bo‘lar ediki, oxir-oqibat nima qilishimni bilolmay, chehrangdagi o‘zgarayotgan va yangi paydo bo‘layotgan o‘lim sharpasini izlashga berilardim. Yonoqlaring salqib yoki og‘riqdan yuzing tirishib ketganida, esimni yeb qo‘ygandek, ana u keldi, uning joniga chovut solayapti, deb dod solib yoki uvvos solib yuborishimga sal qolardi, agar o‘zingni bardam sezib, kayfiyating ko‘tarilsa, xursand bo‘lish o‘rniga sarosimaga tushardim, o‘limdan oldin odam o‘zini bir yengil, hatto xushhol sezadi, buni bekorga aytishmagan, deb adoyi-tamom bo‘lardim. Oxiri hech qanday yordam berolmasligimni fahmlagach, buni o‘ylamaslikka harakat qilardim. Faqat yoningda so‘nggi damlargacha tursam bo‘ldi… O‘sha mashinada birga ketayotgan paytimizni eslasam, sening qo‘llaringdan o‘tayotgan harorat bolarining ignasidek ta’sir qilganmidi yoki kapalak qanoti singarimi, deb o‘ylayverib, noxush xayollardan qutulolmayman. Bir oydan keyin esa, ehtimol, o‘zimni o‘shanda do‘zaxning saqar qatlamiga tushib qolgandek sezganim uchunmi, o‘sha lahzalardagi hayotim uchun hozir yetti iqlim boj-xirojini bergan bo‘lardim, shekilli.
Sen zinadan o‘zing ko‘tarilmoqchi bo‘lasan. Men monelik qilmay ortingdan boraman. Oxirgi marta zinadan chiqayotganingni bilganim uchun qarshilik qilmay ko‘nglingga qarayman. Ilgari esa ikkita zinani bitta qilib, besas irg‘ib chiqarding. Eshik taqillagach, zinada hukm surgan jimjitlik sening qaytib kelganingdan ogoh etardi. Bir soniya o‘tib, eshikka o‘rnatilgan qulflarga suqilgan kalitning shiqillagani eshitilardi.
O‘sha kuni ehtiyot shart ortingdan chiqib borayapman-u, qo‘shnilardan bitta-yarimtasi ro‘para kelib qolmasin-da, deb ich-ichimdan Xudoga iltijo qilardim. Ozib-to‘zib bir ahvolga kelib qolgan zahil yuzingni birov ko‘rmasin, derdim, sen suyanib arang ko‘tarilayotgan zinapoya panjarasi qiyofangni dam ochib, dam to‘sib qo‘yardi. Yuqoriga harsillab chiqayotganingda yonoqlaring bo‘rtib-bo‘rtib ketardi. Biz go‘yo qiyomat minorasiga ko‘tarilib borardik. Zinapoyaning bunaqa balandligini hech payqamagan ekanman, bamisli uning oxiri yo‘qdek tuyulardi.
Uyga kirgach, duch kelgan stulga o‘tirding. Boshing quyi solingan, ko‘zlaring tizzangda behol shalviragan qo‘llaringga qadalgan. Birdan ikkovimiz nikoh uzugi barmog‘ingga anchayin katta kelib qolganini sezdik; uni yechib shimingga ishqab-ishqab, so‘ng chuqurroq taqib olding.
Yotoqxonamizning gulxonadan farqi yo‘q edi, lekin gullar hozir ko‘zlarimni quvontirolmasdi. Yaqin kunlar ichida bunaqa gullar quchoq-quchoq, gulchambar yoki guldasta sifatida keladi. Sen gullarga ko‘milib yoshgina o‘lib ketasan.

X

Ikkimiz bolalarimizning birinchi qadamlarini yashirincha kuzatib turganlarimiz hamon esimda. Hozir sen ichingda o‘lim kurtagini olib yurganingdek, o‘sha paytda men qornimda hayot chechagini ko‘tarib yurardim.
Qish tongi. Men sen bilan bolamiz o‘rtasida uxlab yotardim. Naqadar farog‘atli, huzurbaxsh damlar! Men bamisli shisha idishchaga o‘xshardim, zohiran mo‘rt tuyulgani bilan botinda bebaho boylikni saqlab kelayapman, shu lahzalarda tashqi ko‘rinishga emas, ichki olamning qadriga yetmoq lozim, bu mukammal olamning mehvarida, mitti yuragim ostida yana bir olam vujudga kelayotgan edi. Hammasi bir-biriga bog‘liq, bu ikkimizning sharofatimiz va ayni chog‘da baxtimizdir. Baxtsizlik va o‘lim – juda olis-olisdagi, xayoliy bir narsa, bir kun kelib ular bizni g‘aflatda qoldirishiga qaramay, baribir shu bugungi uyg‘unlikka putur yetkazolmaydi.
Bugungi kun men uchun o‘ta og‘ir, uni hayotda shunday ahvolga tushgan odamgina his qilishi mumkin. Biz o‘lim haqida gaplashib qolganlarimizda, men eng yaqin kishingdan ayrilish og‘ir deb o‘ylardim: hozir esa, bunga shubha qilaman, haqiqatni topishga ming uringanim bilan, izlashga chek qo‘yolmayman, chunki o‘zga bir xulosa chiqarmay ilojim yo‘q. Bahor havosi bo‘g‘zimga tiqilib, bolalarimni eson-omon ko‘rsam, har safar hayot nafasidan bahramand bo‘lib, seni bir necha soniya unutib bo‘lsa-da, lazzatlansam – chunki sen buning uchun vaqt qoldirmaysan – bilamanki, ikkovimizdan birimiz, ya’ni, sen qurbon bo‘lgansan. Biroq boshimga musibat tushib, hayotimni zulmat chulg‘aganda angladim, o‘lim, bu – eng dahshatlisi emas, deb hisoblaganlarimiz to‘g‘ri ekan. Yaqin kishingdan judo bo‘lish haqiqiy fojia. Men devona bo‘lib qolgandekman, dam sayin aytgan fikrimga qarshi boraveraman, to‘g‘ri deb bilgan narsalarimning hammasi omonat, noto‘g‘ri, mantiqsiz bo‘lib chiqaveradi. Sendan judo bo‘lganimga ham chidashga roziman, ham toqat qilolmayman, deb qo‘rqaman. G‘am haddan ziyod kuchayib, inson bardoshi ko‘tarolmaydigan darajaga yetganda, undan qutulishning ilojini topolmay, qiynalib ketganlarimda taskin-tasalli izlab qolaman. Biroq nafasimni rostlab olish va ruhiy azoblardan biroz bo‘lsada xalos bo‘lish uchun o‘zimga imkon bersam, tamom, seni unutib qo‘yishdan, omonatgina halovat ilinjida va hayotga nisbatan yuragimda beixtiyor mavj urgan muhabbatni deb, sen bilan kechgan so‘nggi kunlar xotiramdan o‘chib ketishidan qo‘rqardim.
Bu hol uzoq davom etsa kerak. Bunga bardoshim yetadi. Ammo ba’zan haddan ziyod toliqqanimni sezib qolaman, o‘zingni o‘ylasang-chi, o‘lgan o‘ldi, sen tiriksan, yashashing kerak, deya shayton vasvasa qiladi. Shunday lahzalarda zamin bag‘rida orom olib, sug‘urga o‘xshab uyquga ketsam yoki haykaldek yashasam ham cho‘chimayman.
Kasalxonadan chiqqanimizning ertasiga sen juda kech uyg‘onding. “Shunchalar ham charchabmanki!..” – deding menga. Tushunarli, bejiz emas, deb javob qildim, zinadan chiqish og‘ir kelgan yuragingga, endi ko‘proq yotib dam olishingga to‘g‘ri keladi. Biz qimir etmay, ahyon-ahyon so‘z qotib, karavotda yonma-yon yotar edik. Har kim o‘z xayoli bilan band edi. Nazarimda, xayollarimiz tutun kabi boshimizda aylanib yurar, o‘zaro qo‘shilib ketmay, o‘z holicha qanot qoqardi. Biz sen yaxshi ko‘rgan andante kuyini tinglar edik. Faqatgina musiqa odam qalbiga shunaqa hayajon solar, osuda kayfiyat baxsh etib, yurakda sog‘inch tuyg‘ularini uyg‘otar, bezovta qilar va sokin xayollar surishga chorlar edi. Sening bir og‘iz “Biram charchadimki!..” deganing yuragimning bir maromda urishiga putur yetkazgan bo‘lsa, bu musiqa yana o‘z holiga qaytarardi.
Faqat vahima qilmaslik lozim, zero, bu narsa, boya do‘xtir ham aytganidek, zinapoyadan ko‘tarilganing sababli yuzaga kelgan toliqish edi; tez orada yuzingga qizillik yuguradi, yegulik so‘raysan, balki o‘rningdan turib karavotda o‘tirarsan. Shunda mangulikdan yana bir kunni tortib olgan bo‘larding. Biroq bunaqa uzoq rejalar tuzib, umidvor kutib yurmaslik lozim, bil’aks, hozir, tushlikdan keyin qilinajak ishlar haqida o‘ylagan, imkoniyatga yarasha mo‘ljal qilgan ma’qul yoki aksincha, dunyoga yuksaklikdan nazar solish kerak, xuddi mana shu, men tinglayotgan va hayot tinimsiz harakatdan iborat olamda barcha narsalar o‘zgaradi, ammo mehr-muhabbat o‘limga ergashib ketmasligi kerak, deb ta’kidlanayotgan qo‘shiq kabi juda baland fikrlar bilan yashamog‘i darkor odamzod. Biroq ozgina yengil tortsam, bas, butun vujudim shu xulosaga qarshi isyon ko‘tarardi. Shunday qilish oson bo‘lsa kerak. Men shu zamindaman, sog‘lom, baquvvatman, yoz faslidan umidvorman, farazandlarimizning o‘sib-ulg‘ayishining shohidi bo‘laman. O‘limni qay ahvolda kutib olarkanman? To‘g‘risini aytsam, ilk bor hayotim xavf ostida qolgan paytda, menga o‘lim qo‘rqinchli tuyulmagandi, negaki o‘t bilan o‘ynashganim uchun o‘limning o‘zi emas, bor-yo‘g‘i uning vahimasi tajovuz qilgan edi. Ammo qay biri yengilroq – o‘zingning o‘lishingmi yoki qadrdon kishingdan ayrilishmi? Bilmadim. Bu safargi vaziyatni hech nimaga qiyoslab bo‘lmasdi. Agarda sening omon qolishing uchun yakka-yu yagona imkoniyating bo‘lganda edi, sen bilan, eng avvalo, o‘sha haqida maslahatlashar, imkonsiz ishni qilishga urinib ko‘rar, pirovardida, kim biladi yana, tuyqus biron natijaga erishib qolarmidik? “Mutlaqo umid yo‘q”, – deyishgandi shifokorlar, harqalay, men shunday ekanini anglab yetgandim.
Basharti, agar sendan qanday hayotni tanlagan bo‘larding, go‘zal, lekin juda qisqa davom etuvchi hayotnimi yo uzoq, ammo nursiz o‘tadigan umrnimi, deb so‘rashganda, ishonchim komilki, ikkilanib o‘tirmay birinchisini tanlarding. Nega bunaqa, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aftidan, yer yuzidagi barcha odamlar ikki toifaga bo‘linadi, sen hayoti yoz oqshomida yorqin nur sochib, tez so‘nadigan uchar yulduzdek o‘tishini istaydiganlar toifasiga mansub eding.

XI

Deraza ortida hayot bir maromda davom etardi. Darpardani surib qo‘yib ko‘cha bilan hovlidagi hayotni tomosha qilib turardim, u endi butunlay o‘zgacha edi. Hammasi o‘zgargan, ilgarigi hayotdan mutlaqo farq qilardi. Xuddi men birinchi marta eshitayotgandek ko‘chadagi ovozlar meni ajablantirar, odamlarning kulgisi bamisli boshqa olamdan kelayotgandek bo‘lar, har kuni ertalab sudrab o‘tishadigan chiqindi yashiklarining g‘ijirlashi qatlga tayyorgarlik ko‘rilayotgan paytdagi tovushlarni eslatardi menga. O‘limga mahkum qilingan har kuni ertalab men uchun gilotina qurilmayaptimi deb xavotirga tushadi, shekilli. Lekin, sen tongga yaqin qattiq uxlab yotarding, men esa uyg‘onib ketar va ojizligimdan ich-etimni yeb o‘tirardim. Hozirgi taqdirimga qarab ertangi kunimdan noumid bo‘lardim. Uxlab uxlayolmasdim, o‘rnimni tark etib turib ketolmasdim. Meni quvontiradigan yagona narsa – oppoq yostiq uzra to‘kilib yotgan tolalar orqali tanish bo‘lib ketgan sening sochlaring, yana qadrdon vujuding. Sen olamdan o‘tgan kuning ertalab ham vujuding haroratini tuygan edim. Darvoqe, sen tinchgina uxlayotganingda, dard so‘nggi hamlaga tayyorlanayotgan ekan. Men eshikni yopib, chiqib ketayotganda seni oxirgi marta ko‘rayotganimga shubha ham qilmagandim. Tushga yaqin seni o‘tgan zamonda eslasha boshlaydi. U yaxshi ko‘rar edi, u shuni xohlardi, u mehnat qilardi, u xavotir olardi va hokazo. O‘tgan zamon –ajalga tegishli zamon. Bilmadim, kim birinchi bo‘lib tilga oldi uni – do‘xtirlarmi, yetib kelgan do‘stlarmi yoki o‘zimmi? Ehtimol, o‘zimdir.
Sen xushqomat, go‘zal yigit eding; so‘nggi bor nurafshon balqib yotarding, ertaga esa boshqacha qiyofa kasb etgan bo‘lasan. To‘g‘ri, bu yotgan jasadda endi sen yo‘qligingni bilsam-da, qandaydir kuch o‘sha tarafga chorlar edi. Men hali senga to‘yib boqishim, qo‘llaringdan uzoq ushlashim va betingni mehr bilan silashim mumkin edi. Ertaga shundan ham mahrum bo‘laman. Sen unda tobutda yotgan bo‘lasan. Toabad yashirinib yotasan. Ikki kun o‘tgach, ortingdan boraman, uchinchi kun esa umrbod ajralamiz. Baxtiyor yashayotganimizdan keyin yigirma kun ham o‘tmabdi, mana, oqibat hammasi tugadi.
Men sensiz yashashga ko‘nika olarmikanman? Holbuki, og‘iriga – vafot etganingga ko‘nikdimmi, vaqt o‘tgach, sensiz yashashga ham o‘rgansam kerak, faqat bu jarayon uzoqroq cho‘ziladi, shekilli. Xullas, endi har kuni erta bilan birov miyamga burov solib parmalab uyg‘otmaydi yoki sening o‘limingni takror va takror yodimga solish uchun sirena ovozi chinqirib uyqumni buzmaydi. Men yana ob-havo, o‘qigan kitoblarim haqida o‘ylay boshladim, bugun qiladigan ishlarimni rejalashtiradigan bo‘ldim. Mana, bir necha oydan buyon sendan boshqa narsalar haqida qiziqib o‘ylay boshladimmi, shu xalos bo‘lganimni bildiradi.
Shunga qaramay, har kuni, erta-yu kech tanholik changalida asira ekanimni sezib yashayman. Bu og‘ir. Odam esdan og‘ib qolishi mumkin. Biron yerga chiqib kelmoqchi bo‘lsam, kechqurun chiroqni o‘chirmay ketaman. Qaytib kelayotganimda parda ortidan chiroqning sarg‘ish shu’lasini payqab, ustaligimga qoyil qolib kulimsirab qo‘yaman, biroq soddalikni qarangki, uyga kirgan zahoti, bir lahza o‘tar-o‘tmay yana o‘sha yolg‘izlik domiga tushaman. O‘zimni chalg‘itish uchun javon eshiklarini ochib-yopaman, hech bir sababsiz shisha idishlarning o‘rnini almashtiraman, jo‘mrakni oxiriga qadar burab, sharillatib suv oqizib qo‘yaman, biroq sensiz, og‘ir sukunatning ayovsiz kishanlaridan qutulolmayman. Bir vaqtlar sukunat ovozini tinglasam derdim, yo‘q, shart emas ekan, gohida u riyokorga aylanar va zang temirni chiritganidek, odamning asabini yemirar ekan. Bitta ojizona chorasi – uxlash, faqatgina uyqu, vaqtinchalik bo‘lsin, uning zulmidan xalos qiladi va qolaversa, sening yo‘qligingni ozgina muhlat unutishga yordam beradi.
Men sening qiyofangni xayolimda tiklashga urinaman va uni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun o‘tgan kunlarni ko‘z oldimga keltiraman. Keyin yotog‘imizdagi ikkovimizga manzur va qadrli bo‘lib qolgan buyumlardan ko‘z uzolmayman, oxiri sening izlaringni izlab, zulmat qa’ridan chiqib kelishingni zoriqib kutaman va sen sekin-asta yorug‘ olamga qaytasan. Afsus, ming afsus, bu nuqul xotirada sodir bo‘ladi. Yotog‘imiz devorida biz uchun tabarruk bo‘lib qolgan bir joy bor: o‘sha yerga doim bir paytda nur tushib turadi. Bir kun ertalab, o‘lishingdan uch kun avval, quyosh chiqdi, o‘shangacha uch-to‘rt kun tinmay yomg‘ir yog‘ib, bezor qilib yuborgandi. Men darpardani surib qo‘ydim, shunda sen: “Odamning yuziga quyosh nuri tushib tursa, huzurli ekan”, – deding. Men nur ko‘p va uzoqroq tushib tursin uchun, karavotni o‘sha tomonga ozgina surib qo‘ydim. Sen bir daqiqa ko‘zlaringni yumib olding va: “Naqadar yaxshi”, deya shivirlading.
Vaqt sekin o‘tardi. Men senga top-toza kiyimlaringni keltirib berdim, sen uning orasidan ko‘kish pijamangni ajratib olding. Quyosh nuri endi sening yuzingdan devorga o‘tgandi. Undan oxirgi marta bahramand bo‘lishing edi. Ertasiga yana sharros yomg‘ir yog‘di, indiniga ham tinmadi, keyingi kun ertalab sen vafot etding. Men bu noyabr quyoshining rangini sira unutmayman. Uning yuz-ko‘zingni erkalagandek paypaslaganlari, so‘ng asta qochib devorga tushgani xotiramdan o‘chmaydi. Hatto quyosh ham senga xoinlik qildi. Sen jang maydonida yolg‘iz qolding.
So‘nggi yozni sen bilan birga o‘tkazgan edik. Havo naqadar ajoyib edi-ya o‘shanda. Qanchadan-qancha rejalar tuzib qo‘ygandik. Orzularimiz-chi, bir dunyo edi.
Biz beg‘am-betashvish yashar edik. Doimiy hamdamimiz – quyosh va shamolga qarab kun tartibini belgilab olardik. Kundan kunning farqi yo‘q, hech qanday kutilmagan voqea yuz bermas, hayotimizning bu qadar purg‘am va osuda ekanidan boshimiz ko‘kka yetardi. Har jihatdan ko‘nglimiz to‘q, buni ta’riflashga so‘z topolmayman. Bizga bunchalar xurramlik ato etilgani haqida o‘ylab ham o‘tirmas edik. Parvoz qilayotgan qush uchish baxtiga muyassar bo‘lish nimadan iborat ekanini his qiladimi?
Biz qumloqda ko‘z yumgancha soatlab yotardik, dengiz to‘lqinlarining shovqini arang qulog‘imizga chalinar, haroratli vujudimizni sho‘rtakkina sarin shamol yalab-yulqigandek bo‘lardi. Isib ketgan paytimizda, dengizga qarab yugurardik, osmon bilan dengiz orasidagi uyg‘unlikka putur yetmasligi uchun dolg‘ali to‘lqinlar ortga qaytishini kutib, so‘ng huzurbaxsh suvga tushardik.
Qoq tushdan keyin quyosh uyimizdan o‘tib, tepalik yonbag‘rini yoritayotgan mahal, sen shu bugun, uch-to‘rt soat ilgari kashf etgan joylarda sayr qilish uchun borardik. Biz u yerdan qayin yong‘oqlaridan terib qaytardik, ba’zan toshbaqa tutib olardik, uni ko‘rgan bolalar qanchalar quvonardi-ya! Deyarli har kuni quyosh nurlarini qayin daraxtlarining shoxlaridan, keyin ishkomlar ustidan yig‘ishtirib olishi va oxiri tepalik ortiga yashirinishini tomosha qilib o‘tirardik. Ko‘pincha bolalarni ham birga olib borardik. Agar yolg‘iz qolishni istasak, asta xufiyona qochib qolish payida bo‘lar, ba’zan buning uddasidan chiqolmas, ikki nafar jajji bolalarning tepalik yonbag‘ridan tushib, biz tomonga kelayotganini ko‘rib xoxolab kulib yuborardik. Ular yetib kelib nafaslarini rostlab olgach, albatta, ertak aytib berishimizni so‘rashardi. Ba’zan esa javob topish qiyin savollarga tutishardi: “Nega quyosh har kuni bitta chiziq bo‘ylab o‘tadi?” Keyin tevarak-atrofni egallab olgan go‘zallikka shunchalik mahliyo bo‘lib qolishardiki, oqibat, biz ularning bidirlashlari, ertak aytib beringlar, deb xarxasha qilishlaridan qutulardik. Ular ham bizga o‘xshab bunday ulug‘vor manzara – quyosh zavolga yuz tutishiga maftun bo‘lib jim qolishardi.
– Agar u boshqa qaytib kelmasa-chi? – deb so‘rab qolardi ulardan biri.
Biz ularga yotig‘i bilan, ertaga barvaqt, uxlab yotganlaringda quyosh yana qayta chiqadi va shu o‘tirgan joyimizni yana yoritadi, deb tushuntirishga harakat qilardik.
– U kechasi bilan tinmas ekan-da?
– Ha, u hech qachon to‘xtab qolmaydi, shuning uchun bizda qorong‘i bo‘lsa, boshqa yerda yorug‘ bo‘ladi.
Bolalar bilan gaplashishdan ko‘ra qiyinroq ish yo‘q, asli. Ular hamma narsani bilgilari kelganidan, juda vahimali savollar berib, narsalarning mohiyatiga yetishga intiladilar. Biz ular bilan o‘lim haqida tez-tez suhbatlashib turardik. O‘shanda ko‘p o‘tmay o‘lim ularning turmushiga chang solishini xayolimizga ham keltirmagandik. “U o‘lgan, bunisi uxlayapti”, – deyishardi ular, bemalol jonsiz chigirtka yoki kaltakesak inining yoniga borib olib. Nima bo‘pti – hech narsa. Biroq ko‘p o‘tmay hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi.
Bir necha oydan keyin, ular “hech qachon qaytib kelmaydi”, degan gapning ma’nosini tushunib yetishdi, kattasi, ko‘proq qiynalgani menga gapirib qoldi:
– Demak, dadamiz o‘lgan bo‘lsa, boshqa dada olib keling, lekin xuddi o‘shanaqa bo‘lsin.
Men bir nimalar deb tushuntirishga urinib, mehr-muhabbatning barhayotligi haqida gapirdim.
– Ammo o‘lgan odamni yaxshi ko‘rib bo‘lmaydi, chunki uni qaytib ko‘rmaysiz, – dedi tushuniksiz gaplarimga javoban o‘sha bola. – Dadam hozir qayerda? Bizni ko‘rayaptimi?
– Menimcha, yo‘q, ko‘rmayapti. Lekin biz uni xotiramiz orqali ko‘rishimiz mumkin.
– Uning ko‘zi bilan labi menga o‘tgan-a, to‘g‘rimi? – dedi u g‘urur bilan.
– Menga esa, uning yurishi o‘tgan.
– To‘g‘ri, shunaqa.
– Uni qayerga ko‘mdingiz?
Men tepalikka, deb javob berdim, mozorga deyishga tilim bormadi. Tepalikka… Iloji bo‘lsa, men seni chindan ham tepalikka dafn etardim: tobutsiz, bir o‘zingni biz aylanib yurishni yaxshi ko‘radigan yerdagi biron-bir daraxt ostiga ko‘mardim. Dafn marosimlarimiz namuncha g‘amgin, soxta, g‘ayritabiiy o‘tadi-a? Men bolalarimiz seni tirik paytingda qandoq bo‘lsang, o‘shanday eslasinlar, hech qachon xazon yaprog‘idek chirib ketishingni bilmasinlar, deb qayg‘uraman. Shu xayol bir necha oy davomida meni qon qaqshatib keldi. Sendek ko‘rkam, yoqimli, xushqomat odam bedavo bo‘lib qaytishingni tasavvur ham qilolmasdim. O‘zimni har qancha ovutganim, kimyoviy moddalarning ta’sirida odam jismi o‘zgaradi, deb o‘ylaganim bilan tinchiyolmayman. Holbuki, eng asosiysi bu emas-ku, muhimi, shularni bilmay o‘tganing.
Men ular seni qanday bo‘lsang, shundayligingcha yaxshi ko‘rib eslashlarini xohlardim, dedim. Ular seni qanaqa bo‘lgan, deb eslasharkan, o‘zi? Ammo bir voqeani bot-bot yodga olishadi, vaholanki, uni bolalarga qachon aytib berganimni ham eslolmayman. Aytishlari bo‘yicha, o‘shanda sen bir quloch keladigan ilonni o‘ldirgan ekansan. Avvaliga unchalik ahamiyat berishmagan ekan, biroq keyin, uyimiz oldida aylanib yurganimizda, bahaybat bir maxluqni yakson qilgan ekansan, shu ularning xotirasida qolgan! Ular uchun sen mardlik va abjirlik timsolisan, men sayr paytida ro‘y bergan yanayam qiziqarli boshqa voqealarni aytib bersam deyman, ammo ular oxirida yana o‘sha ko‘rganlarini hikoya qila boshlashadi.
Ular seni qo‘msashadi, sen haqingda o‘ylashadi, sen haqingda ko‘p gaplashadilar, yodlarida qolgan manzaralarga fotosuratlar, sen haqingdagi hikoyalar orqali vujudga kelgan elas-elas xotiralarni qo‘shib, o‘zlari uchun yaxlit siymongni yaratib olishgan, men ba’zan shularni xayolan kuzataman, ularni birdan larzaga solgan arzimas narsalarga mahliyo bo‘lishayotganini ko‘rib, murg‘ak tasavvur egalarini nima alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborganini bilish umidida suhbatlar quraman. Shunda bir narsani aniq sezdimki, ular sensiz o‘zligini topolmaydi.
Ularning senga naqadar o‘xshashligini ko‘rib mutaassir bo‘laman va ko‘nglim eziladi, ba’zan alam, xo‘rlik, zoriqqan tuyg‘ular tomirlarimda evrilib, ko‘z yoshlari hosil bo‘layotganini sezib qolaman. Yetimlik nimaligini hozircha his qilishmayapti, lekin ulg‘aygach ham bilmay qolishlari uchun nima qilishim lozimligi haqida xayolga tolaman. Faqat mening emas, o‘ksik dunyoning zor-zor fig‘onlari ham bu shum, ayanchli va badbaxt taqdirdan qutulishga yordam berolmasligidan yuragim yumshab osmonga qarayman. Osmon uzoq. Iltijo amr-farmonga o‘xshamas.
Sening hayotingni boshidan oxirigacha xayolan tiklashga urinaman va seni hali tanimagan paytimda qanday bo‘lganingni tasavvurimda yarataman. Bolalarimizning fe’l-atvori, xulqini o‘smir yoshingdagi qiyofangga mengzab, shu orqali seni yanada yaxshiroq bilib olaman.

XII

O‘sha kuni tong otar-otmas eshikni lang ochib qo‘yishdi. Yarim kun sening ortingdan qolmadim. Yo‘llar, daraxtlar, biz yonidan yelib o‘tgan mashinalardan ko‘z uzmasdim, shuning uchunmi, faqat shular yodimda qoldi. Ortiq hech narsani eslolmayman. Hatto Liondan o‘tganimizdan keyin Janubiy yo‘lda yakkam-dukkam uchray boshlagan mahzun sarv daraxtlari va chinorlar qurshagan favvoralarni payqamadim ham. Janubda osmon boshqacha tusda tovlanadi va hatto yog‘ayotgan yomg‘ir ham o‘zgacha tuyuladi, shamol esa shiddatli esadi. Avvallari bunday o‘zgarishga ajablanardik.
Bu ahmoqona poyganing mayda-chuyda tafsiloti haligacha yodimdan ketmaydi. Tobut ortilgan qora mashina yonilg‘i quyish shoxobchasi yonida to‘xtadi, uning orqasidan ergashib biz ham to‘xtadik, bu bema’nilikdan boshqa narsa emasdi. Ammo sening bir o‘zingni tashlab ketolmaymiz, chunki ruhing allaqachon bizdan olisda bo‘lsa ham, badaningda uzoq davom etadigan irish boshlanishi mumkin edi. Kechqurun biz tunagani mehmonxonaga joylashdik. Sen garajda qolding. Men kirib uxlashga ko‘nglim bo‘lmay, o‘sha atrofda yurdim: dam gulchambarni ushlab ko‘raman, dam tobuting ustiga yopilgan qora matoni silayman, mashina kuzovini paypaslayman. Men anchagacha uning, aslida esa sening tegrangda girdikapalak bo‘laman. Bu, axir, kurakda turmaydigan ish-ku: sen garajda bo‘lsang, men tepada, issiqqina o‘rinda yotsam yoki sen mashinalar to‘xtagan yerda qolsang-da, men nonushta qilsam, shuyam insofdanmi?! Men yerdim, ichardim, aza tutib yig‘lashni esa istamasdim. Na ertalabki hayot, na ikki kundan beri qorasini ko‘rmagan bolalarim esimga kelardi, ular keyin aytib berishadi o‘rtoqlari bilan miriqib o‘ynab yurishganlarini.
Ikkinchi kuni qabristonga yetib bordik. Ana u yerda, harqalay, biroz o‘zimga keldim. Esimda, tobut ustiga gullar to‘pirlab tushdi, bu tovush qulog‘im ostidan haligacha ketmaydi, keyin – belkuraklar bilan tashlangan nam tuproq xuddi yumshoq gilamga to‘kilgan shag‘alga o‘xshardi, oxiri tobut tuproq ostida ko‘rinmay qolayozgan chog‘da ijro etilgan pastgina musiqa sadolarini sira unutolmasam kerak. Keyin hamma nari ketgach, dunyoda yolg‘iz ikkimiz qoldik – sen dafn etilgancha qabrda, men esa – mozoring tepasida. Nigohim yog‘och va qo‘rg‘oshin oralab o‘tishga harakat qilardi. Men shu damlarda dunyoning butun boyliklaridan – ha, ha, jamiki boyliklardan! – voz kechishga tayyor edim, birdan aksa urib, lahaddan tiriklayin chiqib kelsang-u, sen bilan ikkimiz yoqtirgan tepalik bo‘ylab sayr qilsak yoki jimgina dengiz sari yuzlanib tursak, bas, ko‘p emas, atigi o‘n daqiqa, keyin, mayli, o‘lim abadulabad bag‘riga olsa ham roziman, mayli, azob bersin – nima qilsa qilsin, faqat seni bir bor ko‘rib qolsam bo‘lgani.
O‘shanda hayotda birinchi marta iloji yo‘q narsani tilashim edi. Keyinchalik bolalarimizdan biri o‘tinib so‘raydi mendan: “Oyi, axir, qo‘lingizdan kelmaydigan ish yo‘q-ku dunyoda, shunday qilingki, otam bir kun kelib biz bilan bo‘lsin, faqat bir kungina; bayram uyushtiramiz, aqlli, odobli bola bo‘lib o‘tiramiz yonida. Otam bizdan rozi bo‘lib ketadi”. Bu mening ixtiyorimda emasligini bir amallab tushuntirishga majbur bo‘ldim, murg‘akkina bolaning “endi hech qachon” degan dahshatli so‘zlarning ma’nosini o‘zimga o‘xshab tushunishni istamayotganligi sezilib turardi.
Hayot menga vafo qilmadi, jafo qildi, vafo qilmasa qilmasin, jafo qilmasa bo‘lardi-ku! Boz ustiga, ikki o‘t orasida qiynab, hol-jonimga qo‘ymasdi: “Xoh o‘l, xoh qol”, – derdi u, men beixtiyor surat bo‘lib qotardim – yemay-ichmay, tiriklayin o‘z yog‘ingda qovurilib yurasan, o‘z g‘amingni ko‘z-ko‘z qilishni namuncha yaxshi ko‘rmasang! Hayot meni ayblamoqchi bo‘lardi. Men qo‘rqoq ham, botir ham emasman. Bolalarimizga suyanib yurardim, ular yonimda bo‘lishsa, o‘zimni qo‘lga olishdan o‘zga chora topolmasdim, ularning yoshligi tufayli xuddi senga o‘xshab ko‘p narsalardan bexabarligi jonimga oro kirardi, xolos. Mening quruq soxt-sumbatim qolgandi. Tirik murdaga aylanish nima ekanligini his qildim. Jonimdan to‘yib ketganim, xayolan, ruhsiz, nochor bir ahvolda, meni yoningga olib ket, deya astoydil nola qilganlarimni ma’sum bolalarimizga qanday aytaman! Qotib uxlash, hushdan ketish, tun og‘ushiga g‘arq bo‘lish… Mana, najot yo‘llaridagi belgilar! Biroq ko‘zlarimni yumdim deguncha kipriklarim tagida ko‘zni oluvchi, yarqiragan olov chirsillab otilardi-yu, seskanib o‘rnimdan turib ketardim. Seni deb shu ko‘yga tushdim, sening qiyofang ko‘z oldimdan ketmaydi, nafas ololmayman, zarracha yashashga imkon bermaydi, hamma ko‘rgiliklarimning sababi – sening o‘liming. Men sening xayollaring bilan tirikman. Tirik murdaman.
Hali musiqa tinglashga botinolmayman, chunki u hozirgi holatimdan xalos qilgani bilan, yuragimni jarohatlaydigan dunyoga eltadi, men esa o‘sha dunyoda yashashga qo‘rqaman. Hamma narsadan ko‘nglim qolib ketgandi, o‘zim ham bilmasdim ertaga nima bo‘lishimni, girdob qa’riga g‘arq bo‘lamanmi yoki halovat topamanmi? Qorong‘i tunga la’natlar o‘qisam-da, undan qochib qutulolmasdim.

XIII

Birinchi marta hali umid bor, deya qachon o‘ylagandim – sira eslolmayman. Nimaning ta’sirida shu fikr miyamga kelgan? Ko‘nglimga hayot zavqini solgan go‘dakning beg‘ubor kulgisi tufaylimi yoki o‘zim istamagan yerda ko‘zim tushib qolgan mungli nigoh sabablimi? Yoki bu javobgarlik hissidan tug‘ildimi? Yo bo‘lmasa oddiygina hayot talabi kuchlilik qildimi? Haqiqatning qirralari shunchalar ko‘pki, oyoqlarim ostida yana zaminni his qilishimga aynan nima sabab bo‘lganini aytib berishga ojizlik qilaman. Ittifoqo, bir paytlar alam va umidsizlik bilan og‘zimdan chiqqan: “Mening yolg‘iz soxt-sumbatim qolgan”, degan da’vodan uyala boshlayapman. Chunki tirik odam sifatida butun jismim-vujudim o‘z talablarini namoyon etmoqda. Bugunga qadar hayotim faqat tushkunlik og‘ushida o‘tayapti. Bunga chidash uchun metin iroda, bardosh kerak. Men, axir, temir emasman. Ana shu xayollar hayotim yana izga tusha boshlaganidan ogoh etmoqda edi.
Esimda, bir oqshom qandaydir kitobni varaqlab o‘tirardim, birdan sen bilan bir necha bor birga tomosha qilgan haykal rasmiga ko‘zim tushdi. Haykaltarosh ayol jussasini tasvirlagandi. Ham go‘zal, ham fikr yuritishga ozuqa beradi. Bamisli vujudning o‘z ustuvorligini namoyon etish uchun talpinishi aks etgandi. Ayol gavdasi go‘yo uning ruhidan kam emasligini ko‘rsatishni istagan-u, shuni isbotlash ilinjida falakka talpinayapti. O‘zim ham haykaldek qotib qoldim, ayol tasviri shunday ta’sir qilgandi menga, kitobning o‘sha sahifasini varaqlashga qo‘lim bormadi. O‘tmish hayotim yana ko‘z oldimdan lip-lip o‘ta boshladi, men nihoyasi yo‘q, uzundan-uzoq film tomosha qilayotgandek, zafar sururini tinglayotgandek bo‘ldim – bu tuyg‘ularning bari bir paytlar, noyabr oyining mash’um bir kunida yakson qilib tashlangan edi. Men botqoqdan sog‘-salomat chiqib kelayotganga o‘xshardim. Xonada yolg‘izman, lekin ko‘nglimda hayotga muhabbat chechaklari gullamoqda edi. Yana hayotning jo‘shqin oqimida suza boshlayapman, shekilli. Go‘zallik va nafosatdan zavqlanish tuyg‘usidan bahramand bo‘la boshlaganimni fahmladim.
Sen xastalik paytingda tez-tez borishga to‘g‘ri keladigan Sen-Syulpis maydonini iloji boricha aylanib o‘tardim. O‘shanda bir kuni ertalab cherkov yonidagi qulay yerda joylashgan dafn marosimi uchun zarur buyumlar do‘koni e’tiborimni jalb etdi. Vitrinaga tantanali dafn marosimida olingan suratlar, atrofi gir aylana ulkan shamlar o‘rnatilgan bahaybat tobutlar aks ettirilgan rasmlar ilib qo‘yilgan ekan. Lop etib miyamga senga zarur narsalar uchun ham shu yerga kelishsa kerak degan fikr keldi. O‘sha yerdan tezroq ketishga shoshilmasam-da, yuragim chunonam dukilladiki, kaftlarimni ter bosdi. O‘sha paytda yagona istagim – seni tirik ko‘rish edi. Uyga shoshildim, bora solib yotoqxonamizga otildim, qarasam, uxlayotgan ekansan. Bo‘shashib oyoq uchida chiqib ketdim va qo‘limga kitob olib, chalg‘irman, degan umidda o‘qiy boshladim. Ochig‘ini aytsam, bir qator ham o‘qiyolganim yo‘q, lekin biroz xotirjam tortdim. Uyg‘onib meni chaqirganingda yoningga odatdagidek xushhol qiyofada bordim va seni o‘pib qo‘yar ekanman, hali-hanuz menga tegishli baxtning loaqal urvog‘idan bahramand bo‘lish uchun shunday qilayotganimni angladim. Ustimga po‘rtanalar yopirilar, ularga qarshi turolmaslikka aqlim yetardi, biroq, shunga qaramay, qadam-baqadam kurashishda davom etardim. Sen-Syulpis maydonidan kelayotganimda bitta-yu bitta umidim seni tirik ko‘rish edi. Shukr qilib, baxtning uvoqlari bilan bo‘lsa-da, qanoatlandim.

XIV

Dafn marosimi kuni qabristondan ketayotganimda, bu yerga hali tez-tez kelib turaman deb niyat qildim. Birinchi kecha xonamda deraza qopqalarini yopayotganimda, daf’atan poyonsiz, oysiz, zalvorli osmonga ko‘zim tushdi. Men bir o‘zim yerda qolgandim. O‘sha lahzalarda boshim uzra suzib o‘tayotgan qora bulutlar meni o‘zlari bilan olib ketsalar, deb xayol qilgandim. Darpardani siltab yopdim – mitti yirtqich jonivor o‘z uyasini shunday ko‘mardi. Osmonga ortiq qarashning hojati yo‘q va umuman, ilgari o‘zim yaxshi ko‘rgan odamlarni o‘z holiga qo‘yib turmasam bo‘lmaydi. Bolalarimizga qanday ko‘rinaman bu ahvolda? Uch kundan beri ular sira esimga kelmabdi.
Ertasi kuni seni ziyorat qilishga bordim. Bema’ni, befoyda tashrif, yana bir javobsiz monolog. Men boshqa olamda edim, ortga qaytib borishga majolim yo‘q edi. Har qancha yozg‘irmay, foydasi yo‘q. Ana sening qabring, men unga tikilib turdim, bemaqsad, nega bunday qilayotganim haqida o‘ylab ham o‘tirmasdan, bir hovuch tuproq oldim qo‘limga. Hozir kelasan, odatdagidek ozgina kechikayapsan, deb o‘ylardim, hozir yetib kelasan, ikkimiz birgalikda yangi qabrdan ko‘z uzmay turamiz.
Sening vafot etganingni juda yaxshi bilaman, ammo yana ko‘zimga har xil narsalar ko‘rinib, allaqanday telbanamo bir umid vujudimni qamrab olgandi.
“Ha, u mashinada”. U yerda yo‘qligingni ko‘rib, yana o‘zimni yupatdim: “U tepalikda aylanib yuribdi”. Uyga qaytgach, do‘stlaring bilan gaplashib turibman-u, ko‘zim yo‘lda, ishonmasam-da, hozir kelib qoladi, deb o‘ylayman.
O‘sha kuni Parijga qaytdim. Nazarimda, senga yana xoinlik qildim.
Shu ketgancha qabringni ziyorat qilgani kelgusi yili keldim. Sensiz o‘tayotgan ilk ta’til. Parijdan ketayotganda kun haddan tashqari issiq edi. Tongda tepaliklar, sarv daraxtlari, ishkomlar, keyin osmon singari bepoyon dengiz ko‘rindi. Yana o‘sha, bir yil avvalgi manzara. Men yana sen bilan uchrashgani keldim. Holbuki, boshqa qadam bosmayman u yerga yoki jilla qursa bir-ikki yil kelmay turaman, deb mo‘ljallagandim. Yana ikki xil xayol, yana sendan qochishga va senga talpinishga bo‘lgan vasvasa, sen bilan dardlashish istagida qabring tepasiga borib, bundan buyon sen farzandlaring xotirasida yashaysan, deb ko‘ngildagi gaplarni yetkazishga intilish.
Er yuzida sen yo‘qliging uchungina hech nimani o‘zgartirish qo‘limdan kelmaydi. Bolalarni o‘ynagani jo‘natib, o‘zim qabring yoniga ko‘tarildim. Quyosh tikkaga kelib, gullar so‘liy boshlagan palla edi. Daraxtlar yuksalibdi, yerlar cho‘kibdi. Men doim qabristonga borib turish kerak, yengil tortadi odam, deya hisoblardim. Biz Over shaharchasidagi Van Gog va uning ukasi Teoning qabrlarini ziyorat qilardik. Ayniqsa, qabrlarni qoplagan pechakgul e’tiborimizni jalb qilar, ular xuddi qabr ichidagi hayotdan darak berayotgandek tuyulardi. Lekin ko‘p o‘tmay, bu sokin joy odam qalbiga ming taskin bermasin, baribir o‘z uyingda tinchgina o‘tirganing afzal, deb o‘ylab qolardik-da, o‘sha zahoti uyga qaytardik. Choy ichardik, oyning havolanib borishini kuzatib, boyqushning noxush sayrog‘iga quloq solardik. Ammo o‘sha kuni sen bilan xayolan yolg‘iz qolganimda qoramtir sarv daraxti, moviy osmon va sarin shabada bizning baxtiyor onlarimizni bezagan dekoratsiya vazifasini o‘tagandi, xolos.

XV

Oylar, yillar o‘tadi, fasllar almashadi. Yoz o‘rnini kuz egallaydi. Hayot davom etayapti. Mana yana ko‘klam keldi. Qilt etmayotgan havo bag‘rida bahorning gurkuragan bo‘ylari jismimga uriladi, u dam menga kuch-quvvat, umid baxsh etadi, dam o‘zi bergan his-tuyg‘ularga zomin bo‘ladi. Ba’zan bildirmasdan, ba’zan sitamkor – yuragimning tubiga qadar kirib boradi. Iliqqina havo, qushlarning sayrog‘i, hovlimizdagi dov-daraxtlarning shoxidagi ko‘z uqalagan kurtaklar, sharros quygan yomg‘ir shovqini, derazam ortida yangragan kulgilar tufayli uning borligi tatimay qoladi. Men qo‘lga kiritgan sokinlik, men faxrlanib qo‘yadigan zukkolik, amalga oshirmoqchi bo‘layotgan ahdu qarorlar, hayotbaxsh orzular, ado bo‘lgan g‘am-alam – men mustahkam deb hisoblagan qo‘rg‘on-qal’alar bir kunda qumga qurilgan qasrdek to‘kilib ketadi. Yonginamda go‘yo fursat yetdi deguncha ustimga bostirib kelishga shay bo‘ron mudrab yotibdi. Moviy osmon jilva qilib, kurtaklar barg yoza boshlashi bilanoq u hamlaga o‘tadi.
“Bahor keldi, oq pay­pog‘imni olib bering, oyi!” deb qichqiradi qizim shodlanib.
Ha, nimasini aytay, bu savqi-tabiiy his-tuyg‘ular yashovchan bo‘ladi. Men esa yana o‘zimni lohas sezaman. O‘sha holatdan chiqsam, goh asabiy bo‘lib qolaman, goh g‘amga botaman. Aybni sendan izlayman, meni tashlab ketganing uchun shunday bo‘layapti deb o‘ylayman.
Men ko‘pincha ikkita kampirni kuzatib yurardim. Ular ko‘chani deyarli bir soatda kesib o‘tishadi. Derazadan kampirlarni tomosha qilaman. Birining qaddi juda bukchayib qolgan, narigisi uni qo‘ltiqlab olgan; ular hech kimga e’tibor bermay, hech kim bilan salomlashmay ketishmoqda. Yana ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshashini qarang, ajratolmay qolasiz – boshdan-oyoq qora kiyinishgan, kulrang yuzlariga qarab ular yoshligida qanaqa bo‘lishganini bilolmaysiz ham. Kampirlar bahor kelganidan bexabarmikan? Nahotki hali tik oyoqda yurayotganlari, yura olishlari va yuraklari urib turgani uchungina ularni tirik deyish mumin bo‘lsa? Kim biladi yana, ehtimol, kuch-quvvatga to‘lgan, sevgi-muhabbat uchun jonini fido qilishga tayyor yigit yoki senga o‘xshagan kelishgan, basavlat kishiga qaraganda bu kampirlar ko‘proq hayotning qadriga yetar.
Bahor alamzada yuragimga og‘riq soladi. Undan rahm-shafqat tilashga rozi bo‘laman. Har yili uning go‘zalligini lazzatlanib tomosha qilishdan umid qilaman yoki ko‘nglimdan chiqarib tashlagim keladi. Demak, hamon o‘sha-o‘sha xayolparastligimcha qolibman, zarracha o‘zgarmabman. Nahotki, bir umr shunday bo‘lsam – tinim bilmay, kuyunib yashayman? Qachon bo‘lmasin, o‘z o‘rnimda xotirjam yotish nasib qilarmikan?
Bahor havosi o‘tgan kunlarim haqida shirin xayol surishga yetaklaydi. Men esa, agar sen yonimda bo‘lganingda hozir, shunday beg‘ubor pallada nima qilgan bo‘lardik, deya xayol suraman. Bilaman, bu xayollar – bugungi hayotda yashashga qiynalayotganim oqibati. Men hayot oqimi bo‘ylab suzib borayapman, o‘zimni ortiqcha qiynamasdan, tashvish chekmay yashashga harakat qilayapman. Yana bir zamonlardagi kabi irodali, o‘ziga ishongan ayolga aylanishimni kutib yashayapman. Bilaman, o‘sha damlar albatta keladi, chunki hayot shavqi hali yuragimni butkul tark etmagan. Men bu vasvasalardan qutulishni istayman, biroq seni unutib yuborishni ham xohlamayman.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 4-son