Aytishlaricha, sevgi kishini muloyim qilib qo‘yar ekan. Men esa sevib qolgan kunimdan boshlab muntazam kimgadir yolg‘on gapirishimga to‘g‘ri keldi. Atay qilmasdim. Shunchaki menga shunday savollar berishardiki, ularga rost javob bera olmas edim.
– Buncha sochingni tarayverding? Ko‘ylakniyam har kuni alishtirasan?
– Maktabimizda sanitar komissiya ishlayapti.
– Nimani buncha o‘ylayverasan? Ko‘zlaring ma’yus. Nega xo‘rsinaverasan?
– Baholarim sabab… Ikkilar paydo bo‘lib qoldi.
– Yo‘q ediku! Qayerdan keldi?
– Menam shuni o‘ylayapmanda!
Aslida esa Lilya Tarasova haqida o‘ylar edim.
U bizga boshqa maktabdan keldi. Esimda, katta tanaffusda Vladik Babkin oldimga kelib, befarq bir tusda “Haligi…Yangi qizni ko‘rdingmi?” dedi.
– Qanaqa yangi qiz?
– Bittasi keldi… O‘quvchi. Seni yoningda bo‘sh joy bor. O‘tirmoqchi bo‘lsa, bu yer band, degin. Bo‘ptimi? Men tomonga jo‘natvor. Menam o‘zim o‘tiraman…Bo‘ptimi?
– Nega?
– Tushuntirib berolmayman… Lekin ishon – bu jiddiy masala!
Besh daqiqalardan keyin yangi qiz oldimga kelib so‘radi:
– Bu joy bo‘shmi?
Men unga qaradim-u, bir soniya esimni yo‘qotib qo‘ydim. Har holda, kamida Vladik va uning iltimosini unutdim.
– O‘tirsam bo‘ladimi? – so‘radi u.
– Bo‘ladi, – shivirladim men. O‘sha darsdayoq birinchi ikkimni oldim. Men ikkini besh olishni juda istaganim uchun oldim. Lilya Tarasovaning oldida o‘zimni ko‘rsatmoqchi edim!
O‘shandan buyon uning oldida qandaydir g‘ayrioddiy yoki shunchaki yaxshi ko‘rinishni istar edim. Bir so‘z bilan aytganda, unda yaxshi taassurot qoldirmoqchi edim.
Oxiri tushundimki, bunga faqat muz saroyiida erisha olar ekanman. Chunki men muzda juda yaxshi uchar edim! Shunday qilib, uni muz saroyiga taklif qildim.
Qayerdadir o‘qigandim, muvaffaqiyatli kishilarning “o‘z shaxsiyati” bo‘lar ekan.
Lilya hech kimga hech qaysi jihatdan o‘xshamas edi! Yumshoq olcharang portfelining ikkita tilla surgichi bor edi. Kitob-daftarlari chiziqchali pushti qog‘ozga o‘ralgan, ularda bir dona ham dog‘ yoki ortiqcha joyi yo‘q edi. Daftarlari rasmli, qalamining uchida sarg‘ish o‘chirg‘ichi bor, kundaligi chiroyli, muqovasida taqvimi bor edi. Ko‘zlari haqida gapirmay qo‘ya qolay!
Lilya xuddi shu kundaligidagi taqvimga qarab aytdi:
– Yigirma sakkizinchi fevral – shanba. Juda yaxshi! Muz saroyiga yakshanbada boramiz – yigirma to‘qqizinchida.
– Buncha kech?
– Sen bu huquqga munosib bo‘lishga ulgurishing kerak-ku!
– Qanaqa…huquq?!
– Men bilan muz saroyiga boorish huquqi! – U mening ko‘zlarimga tik qarab, so‘radi: – Men uchun nimalarga tayyorsan?
– Hamma narsaga!
– Juda yaxshi! Men seni sinab ko‘raman. Avval mening bir tilagimni bajar.
– Istaganingni so‘ra! – dedim baqirgudek bo‘lib.
– Men avval Valya bilan o‘rtoq edim. Keyin urushib qoldik. Menda Valyani kitobi qolib ketgan. O‘zim borgim kelmayapti…
– Tushunaman! – dedim. – Qayerda yashaydi u? Manzilni aytsang bas. Nima bo‘lsayam kitobni yetkazaman!
– Juda yaxshi. U shunday bizning tagimizda, ikkinchi qavatda turadi…
– Demak, sen uchinchi qavatda turasan? – darrov mulohaza qildim.
Yana u yashaydigan uyni ko‘rishimni, u har kuni yuradigan zinalardan ko‘tarilishimni…tasavvur qildim. Buning hammasi men uchun katta ahamiyat kasb etardi! Shunday katta-ki, men avvaliga yettinchi qavatga chiqdim, keyin uchga tushdim, uning eshigi oldida biroz turib, xo‘rsinib, yana bir qavat pastga tushdim.
Eshikni o‘n uch yoki o‘n to‘rt yoshli yigitcha ochdi. Erkak kishining tashqi ko‘rinishi muhim emas deb eshitgandim. Shunday bo‘lsa ham, darrov bu bola mendan balandroq va chiiroyliroq ekan, deb o‘yladim. Kayfiyatim buzildi…O‘zimni qo‘lga olib, so‘radim:
– Valya uydami? Kitobini berishim kerak edi.
– Menman Valya! – dedi bola. Demak, oldin shu bilan do‘st bo‘lgan ekanda! Ahvolim juda achinarli holga keldi.
– Sen nima, uni xizmatkorimisan? – dedi Valya.
Baland va chiroyli odamlar xohlagan savollarini beradilar. Men indamay uyimga qaytdim…
Uydagilar hammasidan xabar topishgan edi. Buvim menga ta’sir o‘tkazishga urinardi. Har doimgidek, o‘z uslubida.
– Yettinchida o‘qiydigan qo‘shnimni o‘g‘li avval maktabni, keyin institutni tamomlab, oyoqqa turib, shundan so‘nggina boshqa narsalarni o‘ylab ko‘raman debdi! – dedi buvim.
Bundan men xulosa qilishim kerak ediki, Lilya Tarasovani muz saroyiga institutni tugatgach taklif qilishim kerak.
Buvim o‘sha kuni kechqurun oyimga shunday dedi:
– Beshinchi sinfda senga Seryoja Potapov yoqib qolgan paytda, eslayman, a’lochi bo‘lib qolgan eding. Bu seni ilhomlantirgan edi!
Tushundimki, men ham a’lochi bo‘lishim kerak.
Keyingi kun men fizikadan minus uch oldim.
– Seni tanimayapman! – dedi fizika o‘qituvchisi.
O‘zim ham o‘zimni zo‘rg‘a tanib turardim! Kim bilandir maslahatlashib olishim kerak edi. Qo‘shni pod’ezdda yashaydigan geolog-talaba Yurani esladim. Uning ota-onasi ham geolog edi va tez-tez komandirovkaga ketib turishardi. Bir kuni ular yo‘qligida Yura qandaydir jiddiy kasallikka chalinib qoldi. Albatta, kasalni yuqtirib olishim mumkin edi. Ammo buvimning xavotirlari va ogohlantirishlariga qaramay, Yuraga g‘amxo‘rlik qilar, dorilar olib kelar va hatto bir marta xantal ham yopishtirgan edim.
– Hayotingda biror muammo paydo bo‘lsa, oldimga kel, – degandi Yura.
Men uning oldiga borib hammasini aytib berdim. U kuldi.
– Endi, og‘ayni, bu jiddiy muammo emas. Oltinchi sinfmiding? Esimda, esimda…Bo‘lgan bizdayam! Lekin buning hammasi bo‘lmag‘ur gap. Axir sen men uchun hayotingni xavf ostiga qo‘ygansan-ku. Endi shuni qaytarmoqchiman. O‘zi yordam beradigan gap ham yo‘q. Hammasi o‘z-o‘zidan to‘g‘rilanib, joyiga tushib ketadi. Tutunday, tonggi tumanday…
Bir haftalardan keyin Lilya aytdi:
– Pod’ezdimda navbatchilik qilishni istamaysanmi?
– Istayman! U nima degani?
– Endi, birdan menga yordaming kerak bo‘lib qolsa…Sen esa yonimda, shunday pod’ezdda bo‘lsang!
– Kun bo‘yi turishgayam roziman!
– Juda unchalikmas, kuniga bir-ikki soat yetadi.
U meni sinashda davom etardi.
– Qo‘rqma. Sen u yerda zerikmaysan, – dedi Lilya. Sen bilan birga Vladik Babkin ham navbatchilik qiladi!
Demak, u ham sinovda.
Vladik ikkimiz navbatchilik qila boshladik. Lilya pastga tushganda bozor yoki do‘kongacha kuzatib qo‘yar edik. Biz orqada sumkalarni ko‘tarib yurardik. U uyi oldidagi hovlidan o‘tib ketar, u yerda esa ikkinchi qavatda yashaydigan Valya xokkey o‘ynardi.
U to‘xtab, klyushkasini qimirlatib Vladik ikkimizni albatta nimadir deb mayna qilardi. “Muhtaram hammollar” miyey, “Musiqiy jo‘rlik” miyey, “yopishqoqlar” miyey…Har safar pod’ezdda bizni Vladik har xil zaharxanda so‘zlar bilan kutib olar edi.
Hammasiga chidardim. Men yigirima to‘qqizinchi fevralni kutardim! Madaniyat va istirohat bog‘ida bitta ma’ruzachi meni yoshimdagi bola sevib qolsa, albatta qizning kokillaridan tortadi, yoki hatto uradiyam, degan edi.
Men esa Lilya Tarasovaning kokilini tortishni umuman istamasdim. O‘zi umuman unda kokil yo‘q edi. Men u bilan muz saroyiga borishni juda istardim. Va kutardim…
Bir kuni Lilya tepadan tushib, shunday dedi:
– Bu yerda bir kishi qolishi kerakdek tuyulmayaptimi sizlarga? – dedi.
– Kim?! – so‘radim men.
– Buni o‘zinglar halol kurashda hal qilinglar. Erkakka o‘xshab!
Vladik oldimga kelib burnimga musht tushirdi…
Zum o‘tmay Lilya ikkinchi qavatga ko‘tarilib, qichqirdi:
– Valya! Ajrat ularni! Bular bir-birini o‘ldirib qo‘yadi!
Valya shoshilmasdan pastga tushib, burnimni ko‘rdida, “Mana, Lilya, seni deb qon ham to‘kildi” dedi.
U Lilyaga hurmat bilanmi-ey, undanam jiddiyroq nimadir bilanmi-ey qaradi…
Ro‘molcham qonga belangan edi. Lekin men na qonni, na og‘riqni sezardim, chunki hammasi shanba kuni, yigirma sakkizinchi fevralda sodir bo‘layotgan edi.
Kechqurun Lilya Tarasovaga qo‘ng‘iroq qildim:
– Bugun yigirma sakkizinchi! Demak, ertaga yigirma to‘qqiz…Muz saroyiga boramiz!
– Adashding, – dedi Lilya. – Ertaga birinchi mart!
Esimdan chiqibdi…Bu yil kabisa yili emasligi, hech qanday yigirma to‘qqizinchi fevral bo‘lmasligi esimdan chiqibdi.
– Men ham unutibman, qara – dedi Lilya. Va kulib yubordi.
– Xo‘p, nima qipti? Baribir ertaga yakshanbaku! – dedim men. – Yigirma to‘qqizinchi fevralmi, birinchi martmi, nima farqi bor?
– Katta farqi bor! – dedi Lilya. Birinchi mart menda band. Men muz saroyiga borishga va’da berib qo‘yganman…
– Kimga? – dedim so‘zini bo‘lib.
Javoban u yana kuldi. Afsuski men bunday javob qilolmadim.
Ertasiga ertalab Lilyaning uyi oldidagi burchakka berkinib olib, kuzata boshladim.
Sovuq edi. Lekin men qizib ketardim…
U ko‘chaga ikkinchi qavatdagi Valya bilan chiqdi.
O‘zim ham bilgandim! Valya qo‘lida ikki juft konki ushlab turardi – o‘ziniki va Lilyanikini. Va unga xuddi kechagidek qarab turardi: qanaqadir hurmatmiyey, yana nimadirmiyey…Lilya esa jilmayib turardi.
Ana shu damda angladimki, faqatgina muhabbatga arziydigan kishini sevish kerak ekan!
Men buni juda aniq tushundim…Lekin bundan hech qanday engil tortmadim.
Geolog-talaba Yuraning oldiga keldim.
– Sen aytgandingki…Juda yomon holatga, qandaydir qiyinchilikka tushsam…
– Yana o‘sha gapmi?
– Ha…
– Qo‘ysangchi! Kulgim kelyapti. Seni yoshingda-ya? Jiddiy masala emas. Bekorchilik.
Lekin bu bekorchilik emasdi. Bu shu qadar jiddiy masala ediki, ertasiga men yana ikki oldim. Darsni yodlamaganim uchun emas, boshqa hech narsani o‘ylay olmaganim uchun.
Bir so‘z bilan aytganda, “makon tasavvuri” yetishmasdi…
Rus tilidan Odilxon Orifjonov tarjimasi