Bir paytlar ota-onam o‘qigan maktabda endi men o‘qiyapman. Dadamni negadir maktabda hech kim eslolmaydi. Oyimni esa ko‘pchilik eslab qolgan ekan. “Uning ko‘rinishi ajoyib edi!” – degan edi bir kuni adabiyotdan kiradigan o‘qituvchi opa menga o‘ychan tikilib. Bunisiyam mayli, tashqi ko‘rinish uchun hech kim baho qo‘ymagan hali. Lekin ma’lum bo‘lishicha, oyimning ichki olami ham menikidan ancha yaxshi bo‘lgan ekan. Har holda konserva bankalarini tayoq bilan o‘ynab yurmagan ekanlar. Oyimning yoshligi haqida boshqa hech qanday tafsilotdan xabarim yo‘q edi. Lekin bir kuni oyimga qarashgani kelgan buvim aytib qoldi:
– Seryoja Butunrossiya tanlovida laureat bo‘pti!
– Qaysi Seryoja? – so‘radim men.
– Seryoja Potapov. Uni hamma madaniyatli insonlar taniydi!
– Endi eshitishim. Kim o‘zi u? – so‘radim men. Shunda birdan dadam menga mehrli nigoh bilan qarab qo‘yganini sezdim. Aniqroq aytganda, minnatdor nigoh bilan.
Men hech narsani tushunmadim…
Faqat keyin, oshxonada buvim menga Seryoja Potapov bir paytlar iqtidorli bolalar musiqa maktabida o‘qiganini, beshinchi sinfda oyim uni yaxshi ko‘rganini aytib berdi.
Musiqa maktabi bizning maktabning shundoq ro‘parasida, yo‘lning u betida joylashgan.
Agar bizning maktabdan biror o‘quvchi chiqsa, iqtidorlimi-yo‘qmi, bilib bo‘lmaydi. Ro‘paradagi maktabdan chiqsa, hammasi ma’lum: bu iqtidorli bola!
Biz maktabdan portfel ko‘tarib chiqamiz, iqtidorlilar – g‘ilof. Avvaliga Seryoja Potapov o‘zining boshqalarnikidan katta g‘ilofi bilan e’tibor tortgan, chunki u violenchel chalardi. Keyin, beshinchi sinfda, oyim uni yaxshi ko‘rib qolgan. Menimcha, oyim ham iqtidorli bo‘lgan bo‘lsa kerak, chunki men mana oltinchi sinfda o‘qisam ham, hali hech kimni sevib qolganimcha yo‘q.
– Ha, Seryoja uzoqqa bordi! – dedi buvim kechki ovqat ustida.
Dadam tamaki tutatdi. Odatda buning uchun yo‘lakka yoki oshxonaga chiqardi.
– Qo‘ysang-chi! Bu uzoq o‘tmish… Bu telba bolalik! – dedi onam kulib. U juda quvnoq edi. Dadam bo‘lsa tuni bo‘yi biror marta tabassum qilmadi.
– Uzoqqa bordi! Uzoqqa! – qaytarardi buvim, idishlarni yig‘ishtirar ekan.
Buvim bizni tarbiyalashni yaxshi ko‘rar edi. Lekin buni qandaydir o‘zgacha, o‘z uslubida qilardi.
“Qo‘shnimning o‘g‘li sho‘rva qaynatishni o‘rganib olibdi”, – derdi u, shu bilan men ham o‘rganishim kerakligini anglardim.
“Sen bilan birga tibbiyot institutini tugatgan Kolya bo‘lim mudiri bo‘ldi” – derdi dadamga. Dadam ham mudir bo‘lishi kerakligini anglashi lozim edi.
“Ha, Seryoja uzoqqa bordi!” – bu jumla dadamga u ham qayoqqadir borishi kerakligidan darak bermog‘i lozim edi.
Ikki yil oldin men bezlarimni oldirdim. “Pistapo‘choq operatsiya” – derdi hamma. Lekin men negadir bunday his qilmadim. Ularni olib tashlagan jarroh meni hayratda qoldirdi. U menga qattiq azob berardi, men esa undan nafratlanish o‘rniga, havas bilan qarardim. Qo‘rquv va havas bilan! Tasavvur qilolmasdim u ham oq xalati, rezina qo‘lqopini yechib, boshqalardek bo‘lib qolishini. Balki, oshxonaga ham borar…
Dadam deyarli har kuni operatsiyalar qiladi. Balki unga ham har kuni xuddi men anavi jarrohga qaragandek qarashar.
– Sizni hech operatsiya qilishganmi? – deb so‘radim buvimdan.
Oltmish yil ichida biror marta operatsiya bo‘lmagan ekan! Bunaqa odam dadamga to‘g‘ri baho bera olarmidi?
– Odamlar ham Seryoja Potapovga o‘xshab muvaffaqiyatga erishsa-ku! – derdi buvim paltosini kiyar ekan.
– Unda migreningiz xuruj qilganda vrachni emas, o‘sha…violenchelchingizni chaqiring! – dedim men. – O‘sha sizga yordam bersin!
Uxlashdan oldin hammomda tishimni yuvayotgan edim, onamning gapini eshitib qoldim:
– Kulgim kelyapti… – u, dadamdan farqli o‘laroq, haliyam shodon edi. – Yo‘q, o‘lay agar, qayoqdagi gap. Axir bu beshinchi sinfda edi!
– Beshinchida boshlangan… – dedi sekin dadam. Shunda his qildimki, dadamning qo‘llari cho‘ntak aro yana tamaki qidirayotir.
Men seskanib ketdim.
Demak, beshinchi sinfda endi boshlangan? Qiziq, unda qachon tugagan? Oltinchida bo‘lsa-ku, mayli. Yettinchi, yoki hatto to‘qqizinchida bo‘lsachi?
“Axir dadam oyim bilan bitta sinfda o‘qigan, – o‘yladim men. – Iqtidorlilar maktabi, xuddi hozirgidek, yo‘lning narigi betida bo‘lgan. Demak, dadam ularning sevgisiga guvoh bo‘lgan. Eh, bechora, qancha qiynalgan ekan! Hozir ham qiynalayotgan bo‘lsachi?”
Nimadir qilish kerak edi. Lekin nima? Axir buni kim bilandir maslahat qilib bo‘larmidi?
Masalan, buvim bilan maslahatlashsam, “Qo‘shnimning o‘g‘li kattalarni ishiga aralashmas edi!”, deyishi aniq.
Balki, rostdanam, bu mening ishim emasdir? Balki…
Bir necha kundan so‘ng, maktabga otlanar ekanman, ko‘rsatuvlar dasturini eshitib qoldim. Unda kechki payt Sergey Potapov televizorga chiqishi aytilar edi. Xudoga shukr, buni mendan boshqa hech kim eshitmadi.
Kechqurun, Butunrossiya tanlovi sovrindorlari kontserti boshlanishiga chorak soat qolganda, televizor bor xonaga o‘tirib oldim.
– Ertaga imtihon bor! – dedim men. Hamma oyoq uchida yura boshladi.
Bir haftadan keyin Sergey Potapov radioda chiqish qilishini bilib qoldim. Uning chiqishidan o‘n besh daqiqa oldin, daftarlarimni radio turgan oshxonaga olib kirdim.
– Ertaga yana imtihon bor! – dedim men.
Tuni bo‘yi radioning ovozi chiqmadi.
Lekin Sergey Potapov oilamizni ta’qib qilishda davom etardi!
Bir kuni, kinodan qaytayotib, har kuni dadam bilan oyim tramvayga o‘tiradigan yerda uning portreti tushirilgan afishani ko‘rib qoldim.
Avvaliga afishani yirtib tashlagim keldi. Bordim, qaradim, ushladim…Lekin baribir yirtolmadim.
Uyga qaytgach, tramvaydan ko‘ra trolleybusda yurish qulay, deb ota-onamni ishontira boshladim.
– Lekin trolleybus bekati juda uzoq-ku, – e’tiroz bildirdi dadam.
Eh, bilganidami!
– Men sizni aylanma yo‘ldan olib boraman, yaqinligini ko‘rasiz. Shundoq yonginamizda! – dedim men.
– Aylanma yo‘llar doim qarovsiz va xavfli bo‘ladi, – luqma tashladi buvim.
Xuddi atayin oyimni o‘tmishi bilan yuzlashtirmoqchiga o‘xshaydiya!
Ertalab ota-onamni aylanma yo‘ldan olib bordim.
– Ko‘ryapsizmi, qulayligini, – dedim men. – Juda yaqin! Sizlar ham zamonaviy transportda yurasizlar… To‘g‘ri, metroda emas, lekin, har holda, tramvayda ham emas! Biz xuddi mening maktabimgacha birga ketishimiz mumkin!
Aslida, har kun ertalab ota-onam hammaning oldida oltinchi sinf bolasini yetaklab yurishlarini istamasdim. Lekin hozir mutlaqo hamma narsaga tayyor edim! Ishqilib, ularni anavi afishadan uzoqlashtirdim…
Albatta, oyim bu afishani boshqa joyda ko‘rib qolishi mumkin edi. Unda mening qo‘limdan nimayam kelardi?!
Bir necha kundan so‘ng ma’lum qildim:
– Biz “kelajakdagi kasbim” mavzusiga insho yozdik. Ishonasizmi, deyarli hamma vrach bo‘lishni istar ekan! Deyarli hamma…Uchuvchi emas, g‘avvos emas…violenchelchi emas, balki vrach! O‘qituvchimiz aytdiki, buni hayron qolarli joyi yo‘q ekan. Eng sharafli kasb! Davolash, shifo berish, qutqarishni istaydilar…
Yakshanba kuni uyga o‘rtog‘im Vasya Paganinini olib keldim.
Paganini – albatta, laqab. Vasya iqtidorlilar maktabida o‘qiydi, skripka chaladi.
– Sen Sergey Prokofevni yoqtirasanmi? – so‘radim Vasyadan, butun oilamiz jamuljam bo‘lganda.
– Bo‘lmasam-chi! – dedi Vasya.
– Sergey Raxmaninovnichi?
– Uni kim yoqtirmaydi?
– Sergey Potapovnichi?
– Unaqasini bilmayman…
– Hech eshitmaganmisan? O‘ylab ko‘r. Esla…
– Yo‘q, eshitmaganman. Sen nega qiziqib qolding o‘zi shu… haligi, familiyasi nima edi? O‘sha bilan! Nega? – juda tabiiy hayron bo‘ldi Vasya, xuddi o‘n besh daqiqa oldin bu sahnani hammomda mashq qilmaganimizdek.
– Endi Paganini uni tanimasa! – xitob qildim barcha oila a’zolarimizga qarab chiqib.
Lekin oyimning o‘tmishi chekinmas, ortga qaytmas edi!
Bir kuni maktabimizdan pochta orqali ikkita taklifnoma keldi. Umuman, maktabdan ota-onamga har xil chaqiriqlar yuborishlarini yoqtirmayman. Xullas, o‘sha taklifnomalarni o‘qidim…Bu safar so‘z men haqimda emasdi. Ota-onamni birdaniga ikkita maktab: bizning va musiqiy maktab bitiruvchilarining an’anaviy “qo‘shma” kechasiga taklif qilishgan edi.
Bir hafta oldindan taklif etib, tanigan-bilgan sinfdoshlariga yetkazish so‘ralgan edi.
U yerda Serey Potapov ham qatnashishini darrov tushundim. “Eski o‘quvchilarni xursand qilish uchun kecha tashkil qilishyapti, – o‘yladim men. – Lekin oyimning har xil xotiralari qaytalansa, dadam xursand bo‘larmidi? U xotiralar, bir daqiqaga bo‘lsa ham, qaytalanadi. Keyin yo‘lakka ham chiqmay, cheka boshlaydi…”
Taklifnomalarni portfelimga solib, yashirib qo‘ydim.
Maktab hovlisida birinchi bo‘lib ko‘rgan narsam an’anaviy “qo‘shma” kecha haqidagi ulkan e’lon bo‘ldi. Ostiga oq-qora harflarda “Badiiy qismda Butunrossiya tanlovi laureati S.Potapov chiqish qiladi” deb yozilgan edi.
“Xo‘sh, tushunarli… – o‘yladim men. – Demak, u hammaning oldida o‘z san’atini namoyish qiladi. Uni olqishlaydilar. Dadam hammaning oldida o‘z san’atini namoyish qilolmaydi. Axir u shundoq sahnada kimnidir appenditsitini kesolmaydi-ku!”
Men portfelimni ochib, taklifnomalarni ichkariroqqa tiqib qo‘ydim. An’anaviy kechaning ertasiga oyimning tashqi ko‘rinishini yaxshi eslab qolgan adabiyotdan o‘tadigan opa so‘radi:
– Oying nega kelmadi?
Xuddi dadam ham borligini unutgandek so‘radi o‘ziyam. Men yelka qisdim.
Allaqachon shu usulni bilib olganman: “ha” yoki “yo‘q” deyishni istamasang, savolomuz yelka qisib qo‘y. Istagan xayollariga borishsin!
O‘sha kuni ishdan qaytgan oyim xonaga shundoq paltoda kirib keldi. Yo‘lakda to‘xtamasdan, birdan xonaga o‘tsa, darhol qandaydir noxushlik bo‘lganini anglayman.
– Dadang ikkimizga maktabdan hech narsa kelmadimi? – so‘radi oyim.
Men yelka qisib qutulmoqchi edim. Lekin oyim qaytaraverdi:
– Bizga hech narsa yuborishmadimi?
– Nimadir bor edi, shekilli – dedim men.
– Nima deganing u “nimadir”? Anig‘ini bilmaysanmi?
– E haa! Esladim! Sizlarga taklifnoma kelgan edi. Men hayolda yo‘q portfelimga solib qo‘yibman. O‘sha kuni imtihonimiz bor edi-da…
– Nima, sizlarda har kuni imtihon bo‘lyaptimi?
– Har kuni emasku…Lekin ko‘p bo‘lyapti. Ha, mana taklifnomalar!
Taklifnomalarni oyimga uzatdim. Lekin oyim ularga qarab ham qo‘ymadi: u mendan ko‘z uzmas edi!
– Nima ish ko‘rsatgan eding, maktabga borishimizdan shunchalik qo‘rqadigan?!
– Hech nima qilganim yo‘q. Qo‘rqmadimam. Shunchaki unutibman, xolos.
– Axir u yerda e’lon osilgan edi, deyishdi-ku!
– Negadir e’tibor bermabman…
– Unutganmish! E’tibor bermaganmish! Eng yomoni shu. Chunki bu loqaydligingdan dalolat beradi. Jahlimni chiqaryapsan! Nahotki shuncha yildan beri ko‘rmagan sinfdoshlarim bilan uchrashish meni qanchalik xursand qilishini o‘ylamading!
Oyim paltosining tugmalarini ham yechmay, stulga o‘tirib qoldi.
– Mayli. Menga-ku, xursandchilik ravo ko‘rmading. Hech yo‘q dadangni o‘ylamadingmi?! Nahotki senga uning ham qizig‘i bo‘lmasa?
Nima ham deya olardim? Baxtimga, shu payt xonaga buvim kirib,
– Qo‘shnimning o‘g‘li yana besh opti. Kompot qaynatishniyam o‘rganibdi! – deb qoldi.
Rus tilidan Odilxon Orifjonov tarjimasi