Alber Kamyu. Bodom guli (esse)

Bilasizmi, meni hammasidan ko‘ra nima ko‘proq hayratga soladi! — dedi Napoleon Fontanga*, — Zo‘ravonlik kuch-qudratining yaratuvchilikka qodir emasligi. Dunyoda faqat ikki hokim bor — qilich va aql-idrok; oxir-oqibatda har doim aql-idrok qilich ustidan g‘alaba qozonadi.»
Ko‘ryapsizki, jahongirlar ham gohida ma’yuslanib, ruhan tushkunlikka berilishgan. Qanchalik dabdabali bo‘lsa shunchalik behuda va o‘tkinchi shon-shuhrat uchun qandaydir to‘lov ham berish kerak-da. Ammo bundan yuz yil muqaddam qilich uchun adolatli sanalgan ishlarning bugungi kunda tanklarga hech bir daxldorligi yo‘q. Jahongirlar ulkan g‘alabalarga erishdilar, xo‘rlangan Yevropa uzra, aql-idrok mahv etilgan barcha o‘lkalarda ham uzoq yillar bir badqovoq sukunat hukm surdi. Flandriya uchun bo‘lgan qabih urush yillarida ham Gollandiya rassomlari o‘z asarlarida qushxonalarni, qo‘noqdagi xo‘rozlarni tasvirlash imkonini topa oldilar. Bugun Yuz yillik urush unutilgan bo‘lsa ham, Sileziya dindorlarining duolari ba’zi yuraklarda hamon tirik. Endilikda hammasi o‘zgargan; rassom ham, ruhoniy ham — barcha-barchamiz dunyo uchun birday mas’uldirmiz. Aql-idrok o‘zining qachondir jahongir ham tan olgan shohona qat’iyatini yo‘qotdi, hamon kuch-qudratni la’natlab, o‘z imkoniyatlarini sarf etmoqda. Zero endi uni bo‘ysundirishga qodir ham emas.
Ezgulikka esh qalblar bu holni dard, xastalik deb biladi-lar. Bu xastalikmi, yo‘qmi — bizga noma’lum, ammo bilamizki, bugungi voqelik xuddi shunday. Xulosa; bu bilan hisoblashmoq darkor. Faqat puxta anglash lozim — biz nima istaymiz? Biz faqat bir narsani — endi qech qachon qilichga yengilmaslikni, aql-idrokka xizmat qilmaydigan kuch-qudratni endi hech qachon tan olmaslikni istaymiz.
To‘g‘ri, bu benihoya ulkan, qamrovsiz vazifa. Biroq bizning ishimiz — ortga chekinmaslik. Mening aql-idrokka bo‘lgan ishonchim taraqqiyotga yoki qaysidir Tarix falsafasiga umid bog‘lash darajasida emas. Ammo, har holda shunga ishonamanki, odamlar doim o‘z taqdirini yanada chuqurroq anglab yetishga intiladilar. Biz hayot, tiriklik shart-sharoitlari bilan o‘zaro bog‘langanmiz. Ayni choqda hamma borgan sari yaxshiroq sharoitlarni tanlayotir. Bilamizki, ziddiyatlar oramizga nifoq soladi, lekin ular bilan murosa qilmaslik, qanday bo‘lmasin, bu ziddiyatlarni yumshatish kerakligini ham bilamiz. Biz — insonlarmiz. Ozod yuraklarning adoqsiz sog‘inchini qondirish bizning burchimizdir. Nimaiki tilka-pora qilingan bo‘lsa, uni qaytadan butlash, bo‘laklarga ajralgan bo‘lsa, birlashtirish, ochiqdan-ochiq adolatsiz dunyoda baholi qudrat adolat mezonini o‘rnatish, asr xastaligi bilan zaharlangan xalqlarda baxt-saodat ro‘yobiga ishonch uyg‘otishimiz lozim. Albatta, bu favqulodda, kishi qo‘lidan kelmaydigan ish. Ammo shuni ham unutmaylikki, uzoq yillar zo‘r beriladigan sa’y- harakatni talab qiluvchi maqsadlarni ham hamisha kishi qo‘lidan kelmaydigan ishlar deb hisoblashgan.
Maqsadni aniq belgilab olsak, faqat shundagina kuch-qud-rat, u hatto qandaydir g‘oya yoki moddiy boylik qiyofasiga ki-rib yo‘ldan ozdirmoqchi bo‘lganida ham biz aql-idrokdan yuz o‘girmaymiz. Asosiysi — noumid qolmaslikdir. Bari behuda deb jar solayotganlarning qichqiriqlariga quloq tutavermaslik kerak. Sivilizatsiyalar osonlikcha yo‘qolib ketmaydi, agar bu dunyoning halokati tayin bo‘lsa ham, avvalo boshqa dunyolar barbod bo‘ladi. Ha, turgan gapki, biz fojialar zamonida yashamoqdamiz. Ammo juda ko‘pchilik odamlar fojiani nochor umidsizlikdan farq qilolmaydilar. «Fojia baxtsizlikka beriladigan qaqshatqich zarbaga aylanishi kerak»,— degan edi Lourens. Mana, sira kechiktirmay amalga oshirish mumkin bo‘lgan sog‘lom fikr. Ana shunday zarba o‘rnini bosuvchi fojialar bugun juda ko‘plab topiladi.
Jazoirda yashagan yillarim, har o‘tgan qish fasli mening sabr-bardoshimni orttirdi. Chunki men bir ajoyib tunda, fevralning sovuq va oydin bir kechasida Elchilar Vodiysida bodom gullashiga qattiq ishonardim. Nozikdan-nozik, qorday oppoq bu harirlikning yomg‘irga va dengiz shamollariga qanday bardosh berishini ming hayratda kuzatar edim. Ammo u har yil qishda meva bog‘lash uchun qancha lozim bo‘lsa, shuncha muddat turib berar edi.
Bu timsol emas. Timsollar yordamida biz baxtga erisholmaymiz. Bu yerda birmuncha jiddiyroq boshqa narsa bor. Men hayot jabr-jafolari haddan tashqari og‘ir bo‘lib borayotgan, baxtsizliklar bilan to‘la Yevropada turib, hozirgacha harakatga kelmagan qancha-qancha kuchlar mavjud bo‘lgan quyoshli mamlakatlarga takror murojaat qilayotirman. Men bu mamlakatlarni juda yaxshi bilaman. Ular — mumtoz o‘lkalar, ularda aql-mushohada va jasorat mutanosibligini paydo qilish mumkin. Ularning tajribasi ustida bosh qotirar ekanman, doim bir haqiqatga amin bo‘laman: agarda aql-idrokni qutqarib qolish niyating bo‘lsa, saxovatpeshalarning shikoyatomuz oh-vohlariga uchmay, o‘z kuching, o‘z fazilatlaring bilan ilhomlanib, kurashmog‘ing lozim. Dunyomiz baxtsizliklar bilan og‘ulangan, go‘yo bu og‘uni ichib, miriqayotgandek tuyuladi. U boshdanoyoq faylasuf Nitsshe jafokashlik, jabrdiydalik deb atagan dardga mubtalo bo‘lgan. Unga hamdardlik izhor qilib o‘tirmaylik. Aql-idrok va ruhga aza tutish befoyda, uning kelajagi uchun ishlash kifoyadir.
Biroq savol tug‘iladi: aql-idrokning ustivorliklari nimada? Nitsshe bularni jabrdiydalikning ashaddiy dushmani deb atagan edi. Bular mustahkam iroda, talabchanlik, eng oddiy, «zaminiy» baxt, bukilmas sabot va g‘urur, donishmandning sovuqqon vazminligi. Bu fazilatlar bugun har qachongidan ko‘ra ko‘proq kerakli, har kishi o‘ziga mos, eng to‘g‘ri keladiganini tanlab olishi mumkin. O‘z zimmangga shunday katta mas’uliyat olar ekansan, har qanday holatda ham kuchli irodani unutib qoldirmaslik kerak. Saylovoldi minbarlarida darg‘azab xo‘mraygan va do‘q-po‘pisaga o‘tishdan saqlana olmaydigan irodani emas, balki oq harirligi va shirasi dengizdan esadigan barcha shamollarga bardosh qila oladigan irodani unutmaslik darkor. U — butun dunyoni muzlatgan qish chillasida bodomning meva tugishi uchun yagona sabab, yolg‘iz kafolat.

Rus tilidan Abdul Jalil tarjimasi
__________________
* Lui de Fontan (1757—1821) — adabiyotchi, Imperiya zamonida universitet rektori