Akutagava Ryunoske. Tansiq taom (hikoya)

Bu voqea Genkey hukmronligi davrining oxiri, ehtimol, Ninna hukmronligi davrining boshlarida ro‘y bergandir. Umuman olganda, aniq vaqt hikoyamizda ahamiyat kasb etmaydi. O‘quvchi uchun uzoq o‘tmishda, Xean mulkchilik davrida nimalar ro‘y bergani va Mototsune Fudzivara muzofotida samuraylar orasida allaqanday bir goi* xizmat qilganini bilishning o‘zi kifoya.
Uning haqiqiy ismini keltirib o‘tmoqchiydim, ammo afsuski, qadimgi solnomalarda tilga olinmagan ekan. Ishonch bilan aytamanki, u eslab o‘tirishga arzimaydigan haddan ziyod chakana odam bo‘lgan. Yana shuni ham aytib o‘tish kerakki, qadimgi solnomalar mualliflari chakana odamlar va odatiy hodisalar bilan unchalik qiziqmagan. Aynan shu qarashlari bilan ular yapon naturalist yozuvchilaridan tubdan farq qilgan. Xeyan davri romannavislari soyaparvar bo‘lmagani ajablanarli hol emas. Qisqasi, hikoyamizning qahramoni Mototsune Fudzivara muzofotida xizmat qilgan allaqanday bir goi.
Uning aft-angori haddan ziyod ko‘rimsiz bo‘lgan. Ta’rifini bo‘yining pakanaligidan boshlaymiz. Burni qizil, qovoqlari salqigan. Ko‘sa. Lunji ichiga botganidan engagi bir burda ko‘rinadi. Lablari… Eh-he, ta’rifini obdon keltiradigan bo‘lsak, ko‘p gapirishga to‘g‘ri keladi. Gapning po‘stkallasini aytganda, goimizning turqi-tarovati kam uchraydiganlar xilidan.
Bu nusxa qachon va qanday qilib Mototsune xizmatiga kelib qolgani haqida hech kim bilmaydi. Bilganimiz, u allaqachonlardan beri bir xil ishni bir xil kiyimda — rangi uniqqan suykan* va xuddi shunday g‘ijimlangan ebos bajarib yurardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hech kimning miyasiga shu odam ham bir paytlar yosh bo‘lgan, degan fikr kelmasdi. (Biz ta’riflayotgan davrda harbiy qirq-ni qoralab qo‘ygandi). Hammaga uning qizil burni Sudzyak yelvizagida qolib shamollagan va mo‘ylab deyishga ham arzimaydigan murti endigina sabza urib chiqqandek tuyulardi. Yoppasiga hamma, Mototsune janoblaridan tortib uning xizmatidagi podachigacha g‘ayrishuuriy tarzda shunday o‘ylar va buning rostligiga shubha qilishmasdi.
Atrofdagilarning bunday ko‘rinishdagi odamga munosabati aslida yozib o‘tirishga ham arzimaydi. Samuraylar kazarmasidagilar bizning qahramonimizga chivinchalik e’tibor berishmasdi. Hatto uning qo‘l ostidagilar ham — unvonliyu unvonsizi bir bo‘lib yigirmaga yaqin edi ular — hayratlanarli darajada bepisand va loqayd qarashardi unga. Harbiy nimadir desa, ular safsatasini to‘xtatib, qayrilib qaragan tasodif hech uchramagan. Aftidan, goimizning jussasi ularning ko‘ziga o‘ta mayda ko‘rinar, hatto ko‘rinmasdi desa ham bo‘ladi. O‘zini katta oladigan uy-ro‘zg‘or boshqaruvchisimi yo kazarma boshlig‘iga o‘xshash har turli lavozimdagilar bo‘lsa, tabiat qonuniga bo‘ysunganday unga e’tibor berishdan qat’iy bosh tortishardi. O‘zlarining go‘daklarcha bema’ni yovqarashlarini sovuqonlik bilan niqoblaydiganlar u bilan muloqotda imo-ishora bilan cheklanishardi. Biroq odamzodga til bejizga berilmagan, uning ham o‘z o‘rni bor. Tabiiyki, imo-ishora bilan til topishish imkoni bo‘lmagach, nutq vujudga keldi. Uning ovsarligi bois ham ba’zan so‘z ishlatishga to‘g‘ri kelardi. Bunday hollarda uning boshidan oyog‘igacha — ebos shapkasining uchidan tortib yirtiq poxol chorig‘igacha ko‘z yugurtirishar, keyin oyog‘idan boshigacha qarab chiqishar, undan keyin esa jirkanib to‘ng‘illagancha orqa o‘girib olishardi. Shundayam goi hech xafa bo‘lmagan. U qanchalik nafsoniyatsiz bo‘lsa, shunchalik jur’atsiz ham edi, buning ustiga, nohaqlikning nohaqlik ekanini ham his etmasdi.
Samuraylar baravariga nima qilib bo‘lsa ham uning ustidan kulish payida bo‘lishardi. Uning badbashara ko‘rinishini qariyalar og‘izlaridan tupuk sachratib masxaralashsa, yosh-yalanglar ham ulardan qolishmaslik uchun undan gap ochilganda o‘zlarining badiha to‘qish qobiliyatlarini ko‘z-ko‘zlab qo‘yishardi. Goining yonida ham yuzing- ko‘zing demasdan uning burniyu mo‘ylabidan tortib shapkayu suykanigacha muhokama qilishdan charchashmasdi. Muhokama uchun mavzu ko‘pincha uning tepsa dumalab ketgudek dum-dumaloq, piyanista-rohiba, sobiq o‘ynashi bo‘lardi. Aytishlaricha, bir paytlar ikkalasi apoq-chapoq bo‘lishgan ekan. Vaqt o‘tib, ular tufayli juda qaltis hazillar yuzaga keldi. Bu juftlikni birgalikda tasavvur etish qiyin, ammo ular qanday qilib goining suvdonidan birgalashib sake ichishganiyu keyin ishtonlarini ho‘llab qo‘yishganini eslatib o‘tsak, qolganini o‘quvchining o‘zi ko‘z o‘ngiga keltirib olaveradi.
Bu qilig‘ini goining o‘zi mutlaqo sezmagan. Turli ehtimollarga ko‘ra sezmagan. Bu haqida qancha gapirishmasin, uning hatto bir tuki ham qilt etmasdi. U faqat el og‘zida latifabop mo‘ylabini silab qo‘yib, o‘z ishida davom etaverardi. Haqoratlar chegaradan oshib tushgandagina, masalan, boshining qoq o‘rtasiga parcha qog‘ozni qo‘yib, sochiga bog‘lamoqchi bo‘lishsa yoki poxol chorig‘ini pichoq bilan kesishga urinishsa, kulgisi qistagan yo yig‘lamoqdan beri bo‘lgan odamday aftini g‘alati burishtirib:
— E-ey, bunday qilish yaxshimas-ku… qo‘ysanglar-chi… — deb qo‘yardi.
O‘sha holatda kimdir uning yuzini ko‘rib yoki ovozini eshitib qolsa, bexosdan dilida shafqat tuyg‘usi uyg‘onardi. (Bu achinish hissi faqat qizilburun goigagina emas, uning timsolidagi qalbsizlikda ayblanuvchi mutlaqo notanish ko‘plab odamlarga ham tegishli edi). Bu tuyg‘u ularning yuragidan bir lahzagina g‘ira-shira bo‘ylab o‘tardi, xolos. To‘g‘ri, kimlardadir u bir qancha vaqt saqlanib turgan, ammo bu toifa odamlar juda kamchilikni tashkil etadi. Va bu kamchilikning ichida Tamba viloyatidan kelgan juda yosh bir oddiy askar ham bor edi. Shu qadar yoshki, mo‘ylabi endigina sabza urayotgandi. Albatta, u ham avvaliga qizilburun goidan hamma qatori besabab nafratlangan. Ammo kunlarning birida: “E-ey, bunday qilish yaxshimas-ku… qo‘ysanglar-chi…” degan ovozni eshitib qoldi. Va bu nola uning miyasidan anchagacha ketmay yurdi. Goi uning ko‘z o‘ngida mutlaqo bosh-qa odamga aylandi. Rangpar, omi, to‘mtoq qiyofa ichida u qo‘pol muomalalardan azob chekayotgan Insonni ko‘rib qoldi. Har gal goi haqida o‘ylasa, butun dunyo odamlari qabihlik botqog‘iga botib borayotganday tuyulaverdi. Va bir vaqtning o‘zida sovuq urgan qizilburun hamda siyrak mo‘ylabli badburush turq ko‘z o‘ngiga kelsa, uning qalbiga taskin inganday ham bo‘lardi…
Ammo bunday vaziyatni uning o‘zi yuzaga keltirdi. Shuning uchun ham goi atrofdagilarning bepisandligiga uchradi va hayoti chinakamiga it yotish mirza turishga aylandi. Gapni uning birorta ham durust kiyimi yo‘qligidan boshlaymiz. Uning bisotida yakkayu yagona kulrangtob suykan va xuddi shunaqa yakkayu yagona ishtoni bor bo‘lib, uning azbaroyi unniqib ketganidan asl rangi qanaqaligini aniqlashning iloji yo‘q edi. Yelkalari andak osilgani hamda bog‘ich va kashtalari antiqa rang kasb etishini aytmaganda, suykanning ahvoliga chidasa bo‘lardi, ishtonga kelsak, uning tizzalari o‘ta achinarli ahvolda edi. Goi ichki kiyim kiymasdi, qiltiriq oyoqlari yirtiq joylardan mo‘ralab, tashqi ko‘rinishi nafaqat kazarmada yashovchi battollarni ijirg‘antirar, balki har qanday odamga o‘lamsa ho‘kiziga to‘rt oyoqli g‘ildirakni torttirib ketayotgan qoqsuyakni eslatardi. Uning qilichi ham almisoqdan qolgan: sopi liqillab, g‘ilofining bo‘yog‘i ko‘chib ketgan edi. Bejiz emaski, u o‘z qizil burni va qiyshiq oyoqlari bilan poxol chorig‘ini sudrab, odatdagidan ham ko‘proq bukchayib va odamlarga ilhaq nigoh tashlab ko‘chada sovuq qish osmoni ostida ketayotganida hamma uni turtkilab, masxara qilardi. Hatto ko‘cha yugurdaklari ham bundan istisno emasdi.
Bir kuni u Sandze ko‘chasidan Sinsen parki tomoniga ketayotganida yo‘l chetidagi bir to‘da bolalarga ko‘zi tushdi. Bolalar varrak uchirishayapti shekilli, deb o‘yladi va qiziqib ularga yaqinlashdi. Qarasa, bolalar bir daydi kuchukchani tutib, bo‘yniga sirtmoq solib qiynashayotgan ekan. Tortinchoq goiga rahmdillik begona emasdi, ammo shu paytgacha u hech qachon buni ko‘rsatishga harakat qilmagandi. Hozir esa qarshisidagilar hammasi bolalar bo‘lgani uchunmi, o‘zida jur’at topa bildi. Ming mashaqqat bilan yuziga tabassum yugurtirib, bolalardan kattasining yelkasiga sekin urib dedi:
— Qo‘yvorsangiz bo‘larmidi, itniyam joni bor-ku…
Bolakay u tomon qayrilib, nopisandlik bilan bezraydi. Bolaning bezrayishi goiga u buyruqni miyasiga sig‘dirolmay turgan paytida kazarma boshlig‘ining o‘qrayishini eslatib yubordi. Bola bir qadam ortga chekindi-da, kekkaygancha labini cho‘chchaytirib:
— Maslahatingga zor emasmiz. Qani, tuyog‘ingni shiqillat, qizilburun! – dedi.
Bu gap bilan goining yuziga shapaloq tortilganday bo‘ldi. Yo‘q, u haqoratlangani, jahli chiqqani uchun emas, o‘ziga daxli bo‘lmagan ishga aralashib, o‘zini yerga urgani uchun shunday his etdi. O‘ng‘aysizlanganini yashirish uchun zo‘rma-zo‘raki tirjaydi va bir so‘z ham demay Sinsen parki tomon ketdi. Yelkama-elka turgan bolalar uning orqasidan tillarini chiqarib, har xil qiliqlar bilan masxaralashdi. Albatta, u buni ko‘rmadi. Mabodo ko‘rganida ham o‘z qadr-qimmatini bilmagan goi uchun bundan ne naf!
Ammo hammaning nafratini qo‘zg‘atish uchun dunyoga kelgan hikoyamiz qahramonida hech qanday xohish-istak yo‘q, deya ta’kidlash xato bo‘lardi. Bir necha yillardan buyon u batat bo‘tqasiga g‘aroyib ishtiyoq bilan yashaydi. Batat bo‘tqasi o‘zi nima? Odatda uni tayyorlash uchun tog‘da o‘suvchi shirin batatni xumga solib, uzum sharbati qo‘shib bo‘tqa holatiga kelgunicha qaynatiladi. Bir paytlar bu shohona taom hisoblanib, uni hatto imperatorlar dasturxoniga tortishgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, yiliga bir marta, ya’ni yillik marosimdagina goi darajasidagi odamning unga og‘zi tegishi mumkin edi. Shundayam juda oz, tishning kavagida qoladigan darajada tegardi, xolos. Batat bo‘tqasini istagancha bearmon to‘yib-to‘yib yeyish bizning goimizning ko‘pdan beri yuragida saqlab kelayotgan yakkayu yagona orzusi edi! Albatta, bu orzusini u hech kim bilan o‘rtoqlashmagan. Nima ham deyish mumkin, balki uning o‘zi ham butun hayoti shu istakdan iborat ekanini anglamagandir. Shunga qaramay, u aynan shu istagini amalga oshirish uchun yashaganini qo‘rqmay aytish mumkin. Zero, boshqa odamlar ham ba’zida umrini amalga oshish oshmasligi noma’lum bo‘lgan istaklarga bag‘ishlaydilar-ku. Shuningdek, kimki bu g‘ayrioddiylik ustidan kulsa, demak, u inson tabiati haqida hech narsa bilmaydi.
Goining “batat bo‘tqasidan bo‘kib yeyish” istagi kutilmaganda osonlik bilan amalga oshganiga ajablanmay bo‘lmaydi. Shu voqea haqida sizga so‘ylab berish uchun ham “Batat bo‘tqasi” hikoyasi yozildi.
Qaysidir bir yili ikkinchi yanvarda Mototsune muzofotida yillik marosim uyushtirildi. (Yillik marosim bu – regent, imperatorning birinchi maslahatchisi imperator va uning vorislariga minnatdorchilik ifoda etish maqsadida har yili bir marta uyushtiradigan katta bazmi jamshid. Yillik marosimga barcha dvoryanlar, vazirdan tortib quyi tabaqalargacha taklif etiladi va ibodatxona marosimlaridan deyarli farq qilmaydi). Shu kuni goilar va boshqa samuraylar mo‘tabar mehmonlardan qolgan-qutgan nushxurt ovqatlar bilan siylandilar. O‘sha paytlarda nushxurtlarni mulozimlarga berish hali odat tusiga kirmagani uchun ham samuray-drujinachilar bir xonaga to‘planishib, ularni paqqos tushirardilar. Shunday qilib ular mazkur bazmi jamshid ishtirokchilariga aylangandek bo‘lardi, lekin voqea qadimda bo‘lgani uchun gazaklar miqdori ishtahalar darajasiga to‘g‘ri kelmasdi. Guruch unidan tayyorlangan non, yog‘da ko‘pchib pishgan kulcha, bug‘da dimlangan midiya, parranda sur go‘shti, Uzdi malgasi, Omi zog‘orabalig‘i, nimtalangan olabug‘a, ikrali losos, qovurilgan sakkizoyoq, katta qisqichbaqalar, katta va kichik mandarinlar, sixda pishgan xurmo va boshqa ko‘pgina yeguliklar dasturxonga tortilardi. Va ular orasida, albatta, batat bo‘tqasi ham bor edi. Goi har yili batat bo‘tqasidan maza qilib yeyishni orzu qilardi. Ammo ziyofatda hamisha odam ko‘pligidan unga deyarli hech nima qolmasdi. Ayniqsa bu gal bo‘tqa juda kam bo‘ldi. Va shu sababdan u goiga o‘ta mazaliday tuyil-di. Goi bo‘shab qolgan idishlardan ko‘z uzmay, mo‘ylabiga yopishgan tomchini kafti bilan artib, o‘zicha g‘o‘ng‘illadi:
— Qiziq, qachonlardir mengayam shundan to‘ygunimcha yeyish nasib qilarmikan? – va xo‘rsinib qo‘shib qo‘ydi: — Oddiy samurayni batat bo‘tqasi bilan kimam siylardi…
Bu so‘zlar og‘zidan chiqishi bilan kimdir qah-qah otib kulib yubordi. Bu askarlarga xos erkin, dag‘al qah-qaha edi. Goi boshini ko‘tarib, tortinchoq nigoh tashladi. Kulayotgan odam juda baquvvat, yelkalari keng, baland bo‘yli Mototsunening tansoqchisi, fuqarolik ishlari vaziri Tokunagining o‘g‘li Tosixito Fudzivara edi. U pishirilgan arg‘uvon yong‘og‘ini tishi bilan chaqar va ustidan qora sake ichardi. U shirakayf edi.
— Esiz-esiz, — dedi u goining bosh ko‘targanini ko‘rib, istehzo va nafrat bilan. – Umuman olganda, agar xohlasang, Tosixito seni burningdan chiqquncha to‘ydiradi.
Xo‘rlangan it oldiga tashlangan suyakka darrov tumshug‘ini cho‘zmaydi. Goi aftini odatdagiday yig‘lamsirabmi, kulimsirabmi, tushuniksiz burishtirib, dam bo‘sh idishga, dam Tosixitoning yuziga qarardi.
— Xo‘sh, xohlaysanmi?
Goi indamadi.
— Gapir, nima deysan?
Goi yana indamadi. U butun vujudi bilan hamma unga tikilayotganini his qilardi. Hozir javob bersa, ustiga mazaxlar toshday yog‘iladi. Hatto goi tushundiki, javob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, uni tahqirlashadi. U ikkilandi. Ehtimol, Tosixito diqqati oshib gap qotmaganida, u dam bo‘sh idishga, dam Tosixitoga alanglashda davom etaverardi.
— Agar xohlamasang, ayt shuni.
Buni eshitgan goi hayajonlanib javob berdi:
— Yo‘g‘-e, unaqamas… Sizdan nihoyatda minnatdorman.
Buni eshitib, yig‘ilganlar xoxolab kulib yuborishdi. Kimdir masxaralab uning gapini qaytardi: “Yo‘g‘-e, unaqamas, sizdan nihoyatda minnatdorman”. Guldiros kulgi bilan birga samuraylarning uzun va dumaloq qalpoqlari baravariga rang-barang yeguliklar to‘ldirilgan katta-katta idishlar, savatlar ustida xuddi to‘lqinlar kabi harakatga keldi. Tosixitoning o‘zi quvnoq va hammadan baland ovozda qah-qah otdi.
— Unday bo‘lsa, seni o‘zimning uyimga taklif qilaman, — dedi u. Shu paytda ichidan otilib chiqmoqchi bo‘lgan kulgisi hozirgina ichgan sake bilan bo‘g‘zida to‘qnashib, basharasi burishib ketdi. – Bo‘pti, shunday bo‘laqolsin…
— Sizdan juda minnatdorman, — takrorladi goi tutilib va qizarib.
O‘z-o‘zidan yana kulgi ko‘tarildi. Hammaning diqqatini o‘ziga jalb etishga uringan Tasixitoga kelsak, u yelkalari silkingancha hammadan oshirib xoxolardi. Bu shimollik maxluq hayotda vaqt o‘tkazishning faqat ikki usulini tan olardi: birinchisi – bo‘kib sake ichish, ikkinchisi – xoxolab kulish.
Yaxshiyamki, ular haqidagi gap-so‘zlar tez yakun topdi. Nima bo‘ldi, bilmayman. Jamoaning e’tibori qanaqadir qizilburun goiga qaratilgani boshqa guruhlarga yoqmagan bo‘lsa kerak. Harholda suhbat mavzusi o‘zgardi, gazak bilan sakening tagi ko‘rinib qoldi, qanaqadir qurolbardor otga minaman deb shoshganidan ikki oyog‘ini ishtonining bir tomoniga tiqib olgani haqidagi yangi hangoma hammaning e’tiborini chalg‘itdi. Faqat goi hech nimani eshitmagan bo‘lsa kerak. Balki uning butun fikru zikri ikki so‘z bilan band edi: batat bo‘tqasi! Dasturxonda uning oldida qovurilgan tustovuq turardi, ammo goi unga qo‘l uzatmadi. Uning idishi qora sakega to‘latilgan edi, ammo u idishni qo‘ligayam olmadi. Bo‘layotgan gaplarning o‘ziga hecham aloqasi yo‘qday qo‘lini tizzalariga qo‘ygancha qimir etmay o‘tirar va sovchi kelgan qizday hayajondan yuzi tugul oq oralagan sochlarining ildizigacha qizarib ketgandi. U qay makon va zamondaligini ham unutib, batat bo‘tqasidan bo‘shagan sirlangan qora idishga qarab, bema’ni irjayib o‘tirardi…
Oradan bir qancha vaqt o‘tib, bir kuni ertalab Avataguti yo‘lidan Kamogava daryosi bo‘ylab ikkita otliq shoshilmay borardi. Ulardan biri qalin havorang kariginu* va shu rangda xakama* kiygan ajoyib sochli, qora mo‘ylabli ko‘rkam yigit uzun qimmatbaho qilich taqib olgandi. Ikkinchisi esa qirqni qoralab qolgan sho‘lqillagan qizilburun samuray unniqqan suykan ustidan kiygan issiq paxtali ki-yimining belbog‘ini hafsalasiz bog‘lagan, umuman olganda, uning ko‘rinishi shu qadar shalviraganki, bu haqida gapirib o‘tirish ortiqcha. Biroq ikkalovining otiga ham gap yo‘q, uch yoshli to‘riq toy, dumi va yoli qora tulporga o‘tkinchi savdogarlar, samuraylar to‘xtab, orqalaridan qarab qolishardi. Yana ikki kishi otliqlarning orqasidan ergashib kelardi, aftidan, ular qurolbardor va xizmatkor edi. Suvoriylar Tosixito va goi ekanini o‘quvchiga tushuntirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak.
Qish bo‘lishiga qaramay kun osuda va ochiq, oppoq biyobonda xo‘mraygan badburush toshlar orasida ariq bo‘ylarida qolgan qurigan yovshan poyalarini sal-pal qimirlatadigan shabada ham yo‘q edi. Barglari to‘kilgan pakana majnuntollarni haroratsiz quyosh nurlari yoritar, daraxtlar ustida uzun dumini o‘ynatib o‘tirgan jablajibonlarning soyasi oppoq yo‘lga tushib turardi. Xigasiya adirlari quyuq yashilligi tepasidagi dumaloq tog‘lar muzlagan baxmal to‘lqinlarga o‘xshardi. Suvoriylar qamchilarini ishga solmay, shoshilmasdan ketishar, egarlardagi naqshlar quyoshda sadafday tovlanib, ko‘zni qamashtirardi.
— Qayerga ketayotganimiz haqida sizdan so‘rasam bo‘ladimi? – so‘radi goi qovushmagan harakat bilan otning tizginini tortarkan.
— Hademay yetib boramiz, — javob berdi Tosixito. — Bu o‘ylaganingdan yaqinroq.
— Avatagutimi?
— Shunday bo‘lsayam ajabmas.
Bugun ertalab Tosixito goini laqqa tushirish maqsadida Xigasiya tomonlarga birga ketishlarini, u yerda qaynoq buloq borligini aytdi. Qizilburun goi bu gapga oppa-oson ishondi-qo‘ydi. U anchadan beri hammomda cho‘milmagan, badani chidab bo‘lmas darajada qichishib yurardi. Batat bo‘tqasi bilan siylashsa, buning ustiga, qaynoq suvda cho‘milsa, unga yana nima kerak? U Tosixitoning zaxiradagi to‘riq toyida silkinib ketarkan, faqat shu haqida orzu qilardi. Qishloqlar birin-ketin orqada qolayapti, biroq Tosixitoning hali to‘xtash niyati yo‘q. Mana, Avatagutidan ham o‘tib ketishdi.
— Bundan chiqdi Avataguti emaskan-da-a?
— Yana birpas chida, — miyig‘ida kulib javob berdi Tosixito.
U hech nima bo‘lmaganday oldinlab boraverdi, faqat goining yuzini ko‘rmaslik uchun teskari qarab oldi. Yo‘l chetidagi xaroba kulbalar borgan sari kamayar, keng qishki dalalarda yemak axtargan qarg‘alaru tog‘lar soyasida saqlanib qolgan befayz ko‘kimtir qorlardan bo‘lak hech nima ko‘rinmasdi. Havo ochiq edi, ammo tiniq osmonga sanchilgan gujum shoxlarini ko‘rib odamning eti junjikardi.
— Bundan chiqdi Yamasinaga yaqin ekanda-a?
— Yamasina ana, bu sal nariroqda.
Haqiqatan Yamasino ham orqada qoldi. Yamasino nima emish. Sekiyamu ham bildirmay qolib ketdi. Vaqt peshindan o‘tganda ular Miidera ibodatxonasiga yetib kelishdi. Ibodatxonada Tosixitoning rohib og‘aynisi bor ekan. Ular rohib bilan tushlik qilishdi va shohona ovqatlardan keyin otlariga amal-taqal minib, yana yo‘lga tushishdi. Endi ularning yo‘li ilgarigidan farqli ravishda qup-quruq cho‘ldan iborat edi. Shuni ham aytish kerakki, o‘sha paytlarda shu atrofda qaroqchilar to‘dalari izg‘ib yurardi.
— Hali uzoq yuramizmi?
Tosixito tirjaydi. Bu hol nojo‘ya ish ustida qo‘lga tushgan bolakayning tirjayishiga o‘xshardi. Burnining uchiga ajin yig‘ilgan, ko‘z atrofi miyiqlari tortilgan, qattiq kulib yuborishdan beri bo‘lib, jazm qilolmay turgan bolaning tirjayishiga.
— Ochig‘ini aytsam, seni o‘zimiz tomonga, Suruguga obormoqchiydim, — dedi nihoyat u va kulib qo‘lidagi qamchisi bilan uzoqlarni ko‘rsatdi. U yerda Omi ko‘li quyosh nurlari ostida ko‘zni qamashtiradigan darajada yaltillab ko‘rinardi.
Goi sarosimaga tushdi.
— Siz Surugu haqida gapiryapsizmi? Etidzen viloyatidagi-a? O‘shami?
Arixito Fudzivaraning kuyovi bo‘lmish Tosixito ko‘p vaqtini Suruguda o‘tkazishi haqida bugun ertalab uning qulog‘iga chalinganday bo‘lgandi. Lekin shu daqiqagacha Tosixito uni o‘sha yoqqa sudrab borishi xayolining ko‘chasiga ham kelmagan. Birinchidan, bor-yo‘g‘i ikkita xizmatkor kuzatuvida ikkovlon tog‘lardan oshib, daryolarni kechib Etidzen viloyatiga eson-omon yetib olishi mumkinmi? Tag‘in hamma yerda qaroqchilarga yo‘liqib, talon-taroj bo‘lgan bechora yo‘lovchilar haqida mish-mishlar o‘rmalab yurgan bir paytda-ya? Goi Tosixitoga iltijoli nigoh tashladi:
— Bu qanday bo‘ldi-ya? Men Xigasiyaga boramiz deb o‘ylovdim, biz esa Yamasinaga borarkanmiz. Yamasinaga yetib kelsak, Mideruga borish kerak ekan… Mana, endi Surugaga, Etidzen viloyatiga boramiz, deyapsiz… Bunaqa qilish… agar boshidan shuni aytganingizdayam… siz esa qanaqadir malayday meni ergashtirib kelaverdingiz. Surugamish… axir bu bema’nilik-ku…
Goi yig‘lamoqdan beri bo‘ldi. Agar “batat bo‘tqasidan to‘yib yeyish” umidi unda shijoat uyg‘otmaganida, shu zahotiyoq Tosixitoni tashlab Kiotaga qaytib ketardi. Tosixito uning sarosimaga tushganini ko‘rib, yengil qovoq uyib istehzo bilan dedi:
— Tosixito sen bilan ekan, mingta odam bilan ketayapman, deb faraz qilaver. Hech xavotirlanma, yo‘lda seni jinam urmaydi.
Keyin u qurolbardorini chaqirdi, undan o‘qdonini olib, yelkasiga osdi va qora loki yaltillagan kamonini ham olib, egarining old tarafiga ko‘ndalang qilib qo‘ydi-da, otiga qamchi urib, ilgarilab ketdi. Nafsoniyati mudroq goining Tosixitoga bo‘ysunishdan boshqa chorasi qolmadi. U kimsasiz dalaga hadiksirab nigoh tashladi-da, yarmi esidan chiqqan “Kannon-ke” degan sutruni g‘o‘ldirab o‘qigancha qizil burni egariga tegar darajada bukchayib olib, charchoq otining lo‘killashiga monand chayqalib ketaverdi.
Tevarak-atrofda miskant butazorlari sarg‘ayib yotar, tuyoqlar ovozi kengliklarga aks-sado taratardi. U yer-bu yerda uchrab qolgan ko‘lmaklarda bo‘z osmon sovuq aks etar, shuning uchun ham bugungi qish kechasida ular muz bilan qoplanishiga ishonish qiyin edi. Quyosh uzoq-uzoqlardagi tog‘ tizmalarining ortiga yashiringan, tog‘lar to‘q nafarmon soyaday ko‘rinar, erimay qolgan qorlar odatdagiday yaltillab ko‘zga tashlanmasdi. Harholda miskant butazorlari goh-gohida bu mungli manzarani sayyohlar ko‘zidan bekitib turardi… Tosixito to‘satdan jonlanib, goi tomon qayrildi:
— Ana, bizga kerakli xabarchiyam topildi! Hozir men uni Surugaga yuboraman.
Tosixito nimani nazarda tutganini goi tushunmadi. U Tosixito kamoni bilan ko‘rsatgan tomonga qo‘rqa-pisa qaradi, atrofda odam zoti ko‘rinmasdi. Faqat botayotgan quyosh nurida qizg‘ish rangli yungi yaltillab quyuq novdalar oralab o‘tib ketayotgan bir tulkiga ko‘zi tushdi. Uning qarashi bilan tulki cho‘chib sakrab tushdi-da, tiraqaylab qochdi. Sababi, Tosixito qamchisini o‘ynatib, uning orqa-sidan ot solgan edi. Hamma narsani unutgan goi ham otini ular tomon burib, qamchi urdi. O‘z-o‘zidan ayonki, xizmatkorlar ham jim qarab qolishmadi. Bir qancha vaqt ichida tuyoqlarning bir maromdagi dupuri cho‘lu biyobonni tutib ketdi. Tulki qo‘lga tushgandi. Tosixito uni orqa oyoqlaridan ushlab, boshini yerga osiltirib egariga tirkab turardi. Tulki holdan toygunicha Tosixito uning orqasidan quvib, ushlab olgan bo‘lsa kerak. Goi qattiq hayajonda siyrak mo‘ylabiga sizib chiqqan terlarini artib, uning yoniga keldi.
— Qani, tulki, meni yaxshilab eshit-chi! – dedi Tosixito tulkini yuziga yaqin keltirib, jo‘rttaga balandparvoz ovozda. – Shu kechadan qolmay tsurugulik Tosixitoning mulkiga borib, u yerdagilarga aytasan: “Tosixito uyiga mehmon chorlashni ixtiyor etdi. Ertaga Ilon vaqtida unga peshvoz chiqish uchun odamlar yuborilsin va ular o‘zlari bilan ikkita egarlangan ot olib kelsin”. Eslab qoldingmi?
Oxirgi so‘zini aytayotib u tulkini bir silkitdi-da, butazorga qarab uloqtirib yubordi. O‘sha paytda yetib kelgan xizmatkorlar xoxolab chapak chalib tulkining orqasidan qichqirishdi: “Yugur, jonivor! Yugur!”. Jonivor xazon rangli yungi bilan lip-lip yaltillab, tosh va ildizlar orasida yo‘lga ham qaramay, joni boricha qochardi. Odamlar turgan joydan butun kenglik kaftday ko‘rinar, chunki aynan shu yerdan tekislik qiyalab, qurigan daryo o‘zaniga tutashib ketgandi.
— Antiqa xabarchi, — dedi goi.
U do‘lvorlarcha qoyil qolib, pastdan yuqoriga – hatto tulkiniyam chuv tushirgan yovvoyi jangchining yuziga haddan ziyod ehtirom bilan tikildi. Lekin o‘zi va Tosixitoning o‘rtasida nechog‘lik farq borligi haqida o‘ylab ko‘rishga uning vaqti yo‘q edi. U faqat shuni aniq bilardiki, Tosixitoning inon-irodasida bo‘lgan kengliklarning chegarasi yo‘q, uning irodasi ham o‘sha kengliklarga tobe. Endi Tosixito ixtiyor etsagina u erkin bo‘lishi mumkin… Goining ahvolida o‘zgalarga xushomad paydo bo‘lishi tabiiy. Va bundan keyin qizilburunning fe’l-atvorida masxarabozga xos xususiyatlarni ko‘rib ham uning asl tabiati haqida shubhaga bormaslik kerak.
Uloqtirilgan tulki qiyalikdan o‘mbaloq oshib yugurgilagancha, toshlar orasidan juda epchillik bilan sirg‘alib chiqib, qurigan daryo o‘zanidan narigi sohilga o‘tib ketdi. Yugurib ketayotib orqasiga qayrilib qaradi. Uni tutgan samuraylar haliyam uzoqdagi qiyalikning cho‘qqisida o‘z otlari ustida turishardi. Uzoqdan ular tulkiga barmoqday kichkina ko‘rinishdi. Ayniqsa, to‘riq bilan saman aniq ko‘zga tashlandi: botayotgan quyosh nuri ostida ular xuddi qishning sovuq havosiga chizilgandek ko‘rinardi.
Tulki yana bir bor orqasiga qayrildi-da, qurigan chakalakzor orasidan shamolday yelib ketdi.
Kelishilgandek, ertasiga Ilon vaqtida yo‘lovchilar Takasimaga yetib kelishdi. Bu Biva ko‘li sohilida joylashgan osuda qishloqcha bo‘lib, qovog‘i soliq osmon ostida har yer-har yerda tomi poxol bilan yopilgan uylar uchrardi. Sayqal berilmagan oynaga o‘xshash ko‘l yengil jimirlagancha kulrang tovlanib, sohil bo‘yidagi qarag‘aylar orasidan sovuq gezarib turardi. Tosixito goiga qayrilib, dedi:
— Anavi yoqqa qara. Odamlarim kutib olishga chiqibdi.
Goi qarasa, haqiqatan ham sohil tomondagi qarag‘aylar orasidan yenglari sovuq shamolda hilpirab, ikkita otni yetaklab yigirma-o‘ttiz chog‘li suvoriy va piyodalar kelishayapti. Belgilangan masofada to‘xtab, suvoriylar shoshib otdan tushishdi, piyodalar esa yo‘l chetida itoatkorona boshlarini egib, Tosixitoning kelishini izzat-ikrom bilan kuta boshlashdi.
— Tulki topshirig‘ingizni bajaribdi-ya.
— Bu tulki tabiatan afsungar ekan, men aytgan topshiriqni bajarish unga cho‘t emaskan.
Tosixito va goi shu yo‘sinda suhbatlashib kutayotganlarga peshvoz borishdi.
— Jilovdorlar! — chaqirdi Tosixito.
Itoatkorona bosh egib turgan odamlar chopqillab borib otlarning jilovidan olishdi. Hammaning yuz-ko‘zida ajib xursandchilik zohir edi.
Tosixito va goi otdan tushishdi. Ular jun kigizga o‘tirishlari bilan jigarrang suykan kiygan oqsoch xizmatkor Tosixitoning yoniga kelib:
— Kecha bir g‘aroyib voqea ro‘y berdi, — dedi.
— Nima bo‘ldi? – erinib so‘radi Tosixito xizmatkorlar olib kelgan gazak to‘la qutilar va bambuk idishlarni goiga uzatayotib.
— Aytishga ruxsat berasiz. Kecha oqshom It vaqtida bekamiz birdaniga hushdan ketib qoldilar. Behushliklarida: “Men Sakamotadan kelgan tulkiman. Yaqinroq kelib, yaxshilab quloq solinglar, sizlarga bugun xo‘jayin nimalar aytib yuborganini yetkazaman”, — dedilar. Hamma yig‘ilganida bekamiz bizga lutf qildilar: “Xo‘jayin kutilmaganda mehmon chaqirishni ixtiyor etdilar. Ertaga Ilon vaqtida Takasimaga u kishining istiqboliga bir nechta odam va ikkita egarlangan ot yuborish kerak ekan”.
— Rostdanam qiziq ish bo‘pti, — goi ularni xursand qilish uchun ma’qullagan bo‘lsa ham dam xo‘jayinga, dam xizmatkorlariga ishonqiramay nigoh tashlardi.
— Lekin bu bekamiz aytgan gaplarning hammasi emas. Shundan keyin ular dahshatli qaltirab: “Kechga qolmanglar, aks holda xo‘jayin meni otameros uyimdan haydab chiqaradi!”, — deya baqirdilar va ho‘ngrab yig‘lay boshladilar. Ularni hech ovutib bo‘lmadi.
— Xo‘sh, keyin-chi?
— Keyin uyquga ketdilar. Biz chiqishimizda ular hali uyg‘onishni lozim topmagan edilar.
Xizmatkor gapini tugatgach, Tosixito goiga qarab:
— Qalay? – dedi tantanavor ohangda. — Ko‘rdingmi, hatto hayvonlaram Tosixitoga xizmat qiladi!
— Qoyil qolish kerak, — dedi goi boshi egilgan ko‘yi qizil burnini qashlab. Keyin nihoyatda hayratlanganday og‘zini ochib, toshday qotib qoldi. Mo‘ylabida sake tomchisi ilinib turardi.
Kun o‘tib, tun keldi. Goi Tosixito uyining xonalaridan birida uyqusi qochib shamchiroq nuriga parishon tikilib yotardi. Kechagi taassurotlar – ular o‘tib kelgan Matsuyama, Ogava, Kareno, o‘t-o‘lanlar, xazonlar, toshlarning hidlari, bulturgi sabzavotlar poyalari gulxanlari tutuni hamda uyga yetib kelishganida yelkasidan tog‘ ag‘darilganday yengil tortgani va tumanli kecha qorong‘isida qip-qizil lovillab ko‘ringan o‘choqlardagi ko‘mir otashlari xayolidan birma-bir o‘tardi. Hozir to‘shakda yotib shular haqida o‘ylarkan, unga hammasi uzoq o‘tmishda bo‘lib o‘tganday tuyuldi. Sariq issiq yopinchiq ostida u oyoqlarini rohatlanib cho‘zdi va ichki nigoh bilan hozirgi holatiga o‘ychan nazar tashladi. Ko‘rkam yopinchiq tagidan Tosixito vaqtincha marhamat qilgan shoyidan tikilgan ikkita paxtali kimono kiygandi. Shu kiyimning o‘zidayoq terlab ketish hech gap emasdi. Bundan tashqari, kechki ovqatda to‘yib ichilgan sake ham uning badanini qizdirayotgandi. Bosh tarafidagi deraza ortida haybatli hovli qirovdan yaltillab yotibdi, ammo bunday rohatli damlarda bu uning uchun qo‘rqinchli emas. Kiotodagi samurayga shogird tushgan paytlari bilan bugungi kunning o‘rtasidagi farq osmon bilan yercha-ya. Shunga qaramay, bizning goimizning ko‘nglida qandaydir tushuniksiz xavotir uyg‘onmoqda edi. Birinchidan, vaqt juda sekin o‘tayotgandi. Bundan tashqari, u xuddi tong otishini istamayotganday, hatto batat bo‘tqasidan lazzatlanish istagi tezroq amalga oshishiga ham ishtiyoqi yo‘qday. Va mana shu ziddiyatli his-tuyg‘ular qurshovida, ahvolning keskin o‘zgarishi natijasida kechagi kuchli hayajoni qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan, uning diydasi bugungi qish havosiga monand qotib qolganga o‘xshardi. Va bular hammasi bir bo‘lib unga xalal berar, hatto u yo‘l bo‘yi kutgan uy harorati ham uning tinchgina uxlashiga qo‘ymasdi.
Hovlida gumburlagan tovush yangradi. Aftidan, bu ovoz kecha ularni yo‘lda kutib olgan oqsoqol xizmatkorniki edi. Bu quruq ovoz sovuqda jaranglagani uchunmi, goiga juda qo‘rqinchli tuyular, har bir so‘z izg‘irin shamol kabi uning suyak-suyagiga sanchilayotganday bo‘lardi.
— Hoy yugurdaklar, buyruqni eshitinglar! Xo‘jayinning istaklarini ijobat etish maqsadida ertalab Quyon vaqtida har biringiz uch sun enli va besh syaku uzunlikdagi tog‘ batatlaridan bir qopdan olib kelishingiz shart! Esingizdan chiqmasin! Quyon vaqtida!
Oqsoqol bu buyruqni bir necha marta takrorlagach ovozi o‘chdi va tashqari yana qish hukmida qoldi. Jimjitlikda shamchiroq moyining vijillashi eshitilardi. Qizil shoyi tasmasiga o‘xshagan chiroq miltillardi. Goi esnadi, tamshandi va yana uzuq-yuluq o‘ylarga cho‘mdi. Tog‘ batatlarini olib kelish buyrug‘i, albatta, batat bo‘tqasi pishirish uchun… Goi shu haqida o‘ylashi bilan, hovlidagi ovozga quloq solib turganida esidan chiqqan bezovtalik hissi yana qalbiga qaytdi. O‘zida batat bo‘tqasi bilan siylanish damlarini iloji boricha orqaga surish xohishi paydo bo‘lganini his qildi va bu his uning ongiga nihoyatda mustahkam o‘rnashib oldi. “Batat bo‘tqasidan to‘yib yeyish” istagi osongina amalga oshish vaqti kelganida yillar davomida sabr-toqat bilan kutgani endi unga mutlaqo bema’nilik bo‘lib tuyula boshladi. Yeyish mumkin bo‘lganda nimadir to‘sqinlik qiladi, yeyish-ga imkon bo‘lmaganda bu to‘siq yo‘qoladi, mana, kuta-kuta nihoyat yetib kelganida ziyofatni eson-omongina o‘tkazib olishni xohlab o‘tiribdi… Shunga o‘xshash fikrlar goining miyasida u holdan toyib, birdan o‘likday qotib uxlab qolgunicha vizvizakday tinimsiz aylanaverdi.
Ertasiga ertalab uyg‘onib, u darrov tog‘ batatlari haqida esladi va shoshgancha darpardalarni ko‘tarib derazadan qaradi. Aftidan, u uxlab qolganga o‘xshaydi, Quyon vaqti allaqachon o‘tib ketibdi. Hovlida uzun-uzun bo‘yralarda minglab dumaloq xodaga o‘xshash buyumlar tom baravar uyilib yotardi. Qarab turib tushundi, bularning hammasi eni uch sun va uzunligi besh syaku keladigan g‘oyatda haybatli tog‘ batatlari edi. U uyqusiragan ko‘zlarini ishqalab, hayrat bilan va hatto dahshatga tushib hovlida bo‘layotgan ishlarga angrayib qoldi. Hamma yerda yangi yasalgan chorpoyalarda qator-qator bo‘lib besh-oltitadan qozonlar turar, atrofida o‘nlab oq libosli mayda-chuyda xotinlar kuymalanib yurardi. Ular batat bo‘tqasi pishirish uchun tayyorgarlik ko‘rishardi – biri o‘tin yoqqan, boshqasi o‘choqni kuldan tozalagan, yana biri yangi yog‘och xumlarda qozonlarga uzum sharbatini quygan, ularning lip-lip yugurib-elishlaridan goining ko‘z oldi jimirlab ketdi. O‘choqdan chiqqan tutun, shinnidan chiqqan bug‘ tarqab ulgurmagan ertalabki tumanga qorishib, butun hovlini kulrang to‘zonga to‘ldirgan, faqat bu to‘zon ichida qozon tagidan o‘rlayotgan alanga qizil dog‘day yorqin ko‘zga tashlanardi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitganlarning hammasi yo urush bo‘layotgani, yo yong‘in chiqqani tasvirlangan to‘palon sahna ko‘rinishiga o‘xshardi. Goi mana shu ulkan batatlar ulkan qozonlarda batat bo‘tqasiga aylanishini aniq va tiniq tasavvur qildi. Yana o‘yladiki, Kiotodan shu yerga, Surugaga, uzoq Etidzen viloyatiga atay shu batat bo‘tqasini yeyish uchun sudralib keldi. Qancha ko‘p o‘ylagani sari u shunchalik siqilardi. Bu vaqtga kelib goimizning achinishga loyiq ishtahasining yarmigina qolgandi, xolos.
Bir soatdan keyin goi Tosixito va uning qaynotasi Arixito bilan nonushta qilib o‘tirardi. Uning oldida birgina kumush qozoncha turar, bu qozoncha og‘zigacha to‘la bo‘lib, unda olamjahon batat bo‘tqasi bor edi. Goi boyagina o‘nlab yosh yigitlar chopqilar bilan tom bo‘yi yig‘ilgan tog‘day batatlarni apil-tapil maydalab tashlashganini ko‘rgandi. Yana ko‘rgandiki, oqsoch ayollar maydalangan batatlarni oxirgi bo‘lagigacha qozonlarga solish uchun hovliqib yugurib yurishgandi. Va nihoyat, buyralarda bittayam batat qolmaganda qozonlardan batatlar va uzum shinnisining hidi bilan qorishib ketgan qaynoq bug‘lar tiniq tong osmoniga o‘rlayotganini ko‘rgandi. U bularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandi va hozir bo‘tqaga liq to‘la qozoncha oldida o‘tirib, hali unga qo‘l uzatmasdan u o‘zini to‘q his qilishining hech hayratlanarli yeri yo‘q edi… U o‘ng‘aysizlanib peshonasining terini artdi.
— Sen hali batat bo‘tqasidan maza qilib to‘yib yeganing yo‘q, — dedi Arixito. – Tortinmay olaver.
Xizmatkorlariga qayrilib qaragandi, uning buyrug‘i bilan dasturxonda yana bir nechta kumush qozonchalar paydo bo‘ldi. Ularning hammasi qulog‘igacha batat bo‘tqasi bilan to‘ldirilgandi. Goi ko‘zlarini yumib oldi, uning qizil burni battar qizardi, bo‘tqaga sopol cho‘michni tiqib, zo‘r-bazur yarmigacha yeyishning uddasidan chiqdi. Tosixito yana bir to‘la qozonchani uning yoniga surib qo‘yib, beshafqatlarcha kuldi:
— Otam senga nima degandi. Bo‘l, uyalmay ol.
Goi ishlar chatoqligini tushundi. Bu yerda uyalish haqida gapirish ortiqcha, boshidanoq ana shu bo‘tqani ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi. Yarim qozonchasini bir amallab yutdi. Uning boshi qotdi. Agar hozir yana bir qoshiq yesa, qayt qilib yuboradi, yeyishdan bosh tortsa, Tosixito bilan Arixitoning maylini qaytarishdan qo‘rqadi. Goi yana ko‘zini chirt yumib, qolgan bo‘tqaning uch qismini yutdi. Tomog‘idan boshqa bir tomchiyam o‘tmasdi.
— Sizga chin dildan tashakkur bildiraman, — g‘o‘ldiradi goi. – Qornim to‘ydi… Boshqa yeyolmayman, chin dildan tashakkurimni bildiraman.
Uning ko‘rinishi juda ayanchli edi, mo‘ylabi va burnining uchida jazirama yozdagiday yirik-yirik ter tomchilari osilib turardi.
— Sen hali oz yeding, — dedi Arixito va xizmatkorlariga qarab qo‘shib qo‘ydi: — Aftidan, mehmon uyalayotganga o‘xshaydi. Nimaga qarab turibsizlar?
Arixitoning buyrug‘i bilan xizmatkorlar endi cho‘michga qo‘l uzatib to‘la qozonchadan bo‘tqa olmoqchi edilar, goi bechora qo‘llarini xuddi pashshani haydaganday silkitib, xo‘rlanib rad etdi:
— Yo‘q-yo‘q, endi yetarli… Uzr… uzr, menga yetarli.
Ehtimol, Arixito goini qayta-qayta siylashda davom etardi, ammo shu payt Tosixito to‘satdan qarshisidagi uyning tomini ko‘rsatib: “Oh-o, uni qaranglar!” deb qoldi. Goining baxtiga, u hammaning diqqatini chalg‘itdi. Hamma Tosixito ko‘rsatgan tarafga qaradi. Tom tonggi quyoshning zarrin nurlariga ko‘milgandi. Va u yerda ko‘zni qamashtirgudek bo‘lib allaqanday yaltiroq yungli hayvoncha toblanib o‘tirardi. U Tosixito o‘tgan kuni cho‘lda tutgan sakamotalik tulki edi.
— Tulkiyam batat bo‘tqasining hidini olib keldi, — dedi Tosixito. – Ey, kim bor, anavi hayvongayam beringlar, savobga qolasizlar.
Buyruq tezda bajarildi. Tulki tomdan sakrab tushib mehmondorchilikda ishtirok etdi.
Goi bo‘tqani chapillatib yalayotgan tulkiga g‘amgin iyib tikilib o‘tirarkan, xayolan o‘zini ko‘rdi: bu yerga kelishdan oldin u qanaqa edi? U shunday ediki, ko‘pgina samuraylar ustidan kulardi. U shunday ediki, hatto ko‘cha bolalari ham masxaralab, qizilburun deb chaqirishardi. U shunday ediki, unniqqan suykan va yirtiq xakamada Sudzaku ko‘chalarida daydi itday izg‘ib yurgan g‘amgin va yolg‘iz bir kimsa edi. Va lekin Batat bo‘tqasidan to‘yib yeyish orzusini yuragida opichlab yurgan inson… U ongu shuurida endi umrida hech qachon batat bo‘tqasini og‘ziga olmaslik haqida o‘ylaganida yuragiga osudalik indi va terlari qotayotganini his etdi, hatto burnining uchidagi tomchi ham qurib qoldi. Ertalab bo‘lishiga qaramay Suruga quyoshli edi, ammo shamolning zahri suyakni yorardi. Goi shoshilib burnini ushladi-da, kumush qozonchaga qarab baland ovozda aksirib yubordi…

Rus tilidan Oydinniso tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 9-son.
_________________
* G o i — Kichik harbiy unvon
* S u y k a n — ustki kiyim
* K a r i g i n u — qishki kiyim
* X a k a m a — qalin ishton