1-tarjima
LOYXO‘RAK
Bu voqea 1880 yil may oyida, kechga tomon sodir bo‘ldi. Ikki yil o‘tgach, Yasnaya Polyanaga qayta tashrif buyurgan va shu yerda mehmon bo‘lib turgan Ivan Turgenev hamda qo‘rg‘onning xo‘jayini graf Tolstoy Voronka daryosi ortidagi o‘rmonga loyxo‘rak ovlash uchun jo‘nashdi.
Bu ikki keksa yozuvchi bilan birga ovga Tolstoyning yoshgina xotini va bolalari hamda iti sherik bo‘lishdi.
Voronkagacha bo‘lgan yo‘l javdar dalalari orqali o‘tardi. Kunbotarda esaboshlagan mayin shabada boshoqlar uzra ohista suzarkan, yerning hidini ergashtirib kelardi. Miltiqni yelkasiga osib olgan Tolstoy oldinda borar, har zamonda orqaga o‘girilib, xotini bilan yonma-yon kelayotgan Turgenevga gap qotardi. “Otalar va bolalar”ning muallifi har gal ko‘zlarini ajablangansimon ko‘tarib, yumshoq ovozda xush kayfiyat ila javob berar va ayni paytda vaqti-vaqti bilan xirillagan ovozda kular, kulganda esa yelkalari titrab-titrab qo‘yardi. Tolstoyning dag‘alligi bilan solishtirganda uning so‘zlashuv yo‘sini latofati bilan ajralib turar va ayni vaqtda u zaifalarga xos nazokat ila so‘ylardi. Yo‘l adir bo‘ylab yuqorilaganda ularning yoniga, aka-ukalar bo‘lsa kerak, ikkita qishloqlik bolakay yugurib kelishdi. Tolstoyga ko‘zlari tushishi bilan ular taqqa to‘xtashdi va ta’zim qilishdi. Keyin esa yalang oyoqlarini pildiratib, yana zing‘illagancha toqqa qarab yugurib ketishdi. Orqadan Tolstoyning farzandlaridan biri ularga qarata nimadir deb qattiq qichqirdi. Lekin bolakaylar eshitmaganday chopishda davom etishdi va javdar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
— Qishloq bolalari g‘aroyib! — dedi Tolstoy Turgenevga, yuzini botib borayotgan quyosh tomon qaratarkan. — Bu bolakaylarning gap-so‘zlariga quloq tutib, goho nutqning oddiy, bevosita qo‘llanish uslublarini o‘rganamanki, biz kattalar ularni hatto xayolimizga ham keltirmaymiz.
Turgenev o‘girilib qaradi. U endi avvalgi Turgenev emasdi. Avvallari Tols-toyning so‘zlari uni xuddi bolalarday hayajonga solar va u hazil-mutoyiba qilardi…
— Yaqinda, bu bolakaylarga saboq berganimda, — davom etdi Tolstoy, — ulardan biri birdan sinfdan chiqqisi kelib qoldi. Men undan so‘radim: “Qayoqqa?” U esa: “Bo‘r tishlab kelaman” dedi. “Bo‘r olib kelaman” ham, “bo‘r sindirib kelaman” ham demadi, aynan “tishlab kelaman” dedi. Bunday so‘zni bo‘rni haqiqatan ham tishi bilan tishlab sindiradigan rus bolalarigina ishlatishi mumkin. Biz kattalar bunday deya olmaymiz.
— Rost, bu faqat rus bolalarininggina qo‘lidan keladi. Shunday gaplarni eshitganimda Rusiyaga qaytib kelganimni yanada teranroq his qilaman. — Turgenev javdar dalalarini xuddi ilk bora ko‘rib turgandek atrofga alangladi. – Haq gap. Farangistonda hatto bolalar ham papiros chekishdan uyalishmaydi.
— Ha, aytganday, axir siz ham so‘nggi vaqtlarda chekishni umuman tashladingiz, shekilli? — Tolstoyning rafiqasi mehmonni erining kesatiq gaplaridan mohirlik bilan qutqarib qoldi.
— Shunday, chekishni umuman tashladim: Parijda ikki sohibjamolni tanirdim, ular mendan tamaki hidi anqib turishini va shu bois ul go‘zallardan bo‘sa olishimga yo‘l qo‘ya olmasliklarini aytishardi.
Bu gal Tolstoy irshayib qo‘ydi.
Shu orada ular Voronka daryosidan o‘tishdi va loyxo‘raklar ko‘p uchraydigan joyga kelib qolishdi. Bu daryodan uncha uzoq bo‘lmagan, o‘rmon siyraklashgan yerdagi serbotqoq yalanglik edi.
Tolstoy Turgenevga eng yaxshi joyni taklif etdi, o‘zi esa, chamasi, bir yuz ellik qadam narida, yalanglik burchagida to‘xtadi. Mezbonning rafiqasi Turgenev yonidan joy oldi, bolalar esa har tomonga tarqab ketishdi.
Osmon hali shafaqlanardi. Osmonni to‘sib olgan daraxtlarning shoxlari g‘ira-shira ko‘rinar, bu, albatta, endi ko‘karib chiqqan xushbo‘y barglarning chuvalashishi tufayli edi. Turgenev qo‘lida miltiq bilan turar va barglarga havas ila boqardi. Nim qorong‘i o‘rmon qa’ridan ahyon-ahyonda sezilar-sezilmas shabadaning yengil shitiri kelib turardi.
— Malinovka* va sa’valar sayrayapti, — o‘zicha gapiringanday dedi Tolstoyning rafiqasi, boshini yon tarafga egarkan.
Imillab, sukut ichra yarim soat o‘tdi.
Bu orada osmon suv yanglig‘ ko‘rinish oldi. Faqat u yer-bu yerdagina qayinlarning tanasi oqarib ko‘rinardi. Malinovka va sa’valarning nolishi o‘rniga endi boshqa bir qushning qichqirig‘i elas-elas eshitilardi… Turgenev yana barglarga tikilgancha qotdi. Lekin o‘rmon ichkarisida hamma narsani kechki zulmat qoplagan edi.
Birdan o‘rmon bo‘ylab o‘q ovozi yangradi. U aks-sado berib ulgurmagan ham ediki, nariroqda kutib turgan bolalar it bilan oldinma-ketin o‘ljani axtarish uchun otilishdi.
— Turmush o‘rtog‘ingiz meni dog‘da qoldirdi, — dedi Turgenev tabassum ila Tolstoyning rafiqasi tomon o‘girilarkan.
Zum o‘tmay qalin o‘tlar orasidan Tolstoylar oilasining ikkinchi o‘g‘li Ilya onasi yoniga yugurib keldi. U Tolstoy loyxo‘rak otganini ma’lum qildi. Turgenev gapga aralashdi:
— Kim topdi uni?
— Dora. It loyxo‘rakni axtarib topganida u hali tirik edi.
Hayajonlanganidan tip-tiniq yuzi yal-yal yonayotgan bolakay yana onasi tomon o‘girilarkan, Dora loyxo‘rakni qanday topganini entikib gapirib bera boshladi.
Turgenevning tasavvurida “Ovchi yon daftaridan” asari boblaridan biri kabi hikoya tasviri jonlandi.
Ilya ketgach, yana avvalgiday sukunat cho‘kdi. Zim-ziyo o‘rmon qa’ridan yosh barglarning bahoriy ifori va nam tuproqning hidi quyilib kelardi. Ahyon-ahyonda uzoqdan allaqanday mudroq qushning qichqirig‘i eshitilib qolardi.
— Bu-chi?
— Zyablik*, — shu zahoti javob berdi Turgenev.
Zyablik birdan sayrashdan to‘xtadi. Bir muddat o‘rmonning kechki g‘ira-shirasida tiq etgan ovoz eshitilmasdan turdi. Osmon… nim shabada ham tindi, asta-sekin osmon o‘zining ko‘kimtir pardasini jonsiz o‘rmon ustiga tortdi, va birdan bosh uzra ayanchli qichqiriq ila zarg‘aldoq uchib o‘tdi.
Unsiz o‘rmon sukunatini bir soatdan so‘ng yana o‘q ovozi buzdi.
— Ko‘rinib turibdi, Lev Nikolayevich loyxo‘rak ovida ham meni changida qoldirib ketyapti, — ko‘zlari bilangina kulib dedi Turgenev yelka qisarkan.
Yugurayotgan bolakaylarning tapir-tupuri, har zamonda Doraning hurishi… Atrofga yana jimlik cho‘kkan mahalda osmonning har yer-har yerida yulduzlar porlay boshladi. Ko‘z ilg‘ar masofada o‘rmon tungi sokinlik libosiga o‘rangan, birorta shoxcha ham qimir etmasdi. Yigirma daqiqa, o‘ttiz daqiqa… vaqt sekin o‘tar, shu bilan birga namtob qorong‘ulik ichra oyoqlar ostiga oqish tuman o‘rlab kelardi. Lekin loyxo‘raklar paydo bo‘lishidan darak beradigan hech qanday belgi yo‘q edi.
— Bugun ularga nima jin urdiykin? — bidirladi Tolstoyning rafiqasi, uning so‘zlarida achinish ohangi sezilib turardi. — Onda-sonda shunday bo‘ladi, lekin…
— Eshityapsizmi? Bulbul sayrayapti.
Turgenev so‘zlashuv mavzuini atayin boshqa tomonga burib yubordi.
Zulmatday o‘rmon ichkarisidan chindan ham bulbulning jarangdor ovozi taralardi. Ikkalalari ham bir muddat jim qolishdi va har biri o‘z fikri bilan mashg‘ul bo‘lib, bulbulning xonishiga quloq tutishdi…
Va birdan, Turgenevning o‘z ta’biri bilan aytganda, “va birdan – meni faqat ovchilargina tushunishadi”, birdan sal nariroqdagi o‘tlar orasidan, shak-shubhasiz, loyxo‘rak qichqirgancha parr etib uchib chiqdi. Qanoti ostidagi oqishlarini ko‘z-ko‘z qilarkan, u zulmat qa’riga singib ketish ilinjida osilib turgan shoxlar oralab ucha boshladi. Turgenev shu zahotiyoq miltiqni rostladi va tepkini bosib yubordi.
Tutun chiqib, o‘t chaqnadi va o‘rmonning osoyishtaligini o‘q ovozi buzdi.
— Tekkiza oldingizmi? — unga yaqinlasharkan, baland ovozda so‘radi Tolstoy.
— Tekkizdim! Toshday quladi…
Bolalar va it Turgenevning atrofini qurshab olishga ulgurishgandi.
— Axtaringlar uni! — buyurdi ularga Tolstoy.
Itning ortidan ergasharkan, bolalar o‘ljani qidira boshlashdi. Biroq qanchalik axtarishmasin, o‘q tekkan loyxo‘rak topilmadi. Har zamonda to‘xtab, norozi ohangda g‘ingshiganini hisobga olmasa, Dora kuchining boricha yugurib-elardi.
Nihoyat, bolalarga yordamlashish uchun Tolstoy va Turgenev yetib kelishdi. Lekin loyxo‘rak qayerga tushganidan darak beruvchi na biror narsa, na bir pat ham topilmadi.
— Siz uni o‘ldirolmagansiz, shekilli, — murojaat qildi Turgenevga Tolstoy yigirma daqiqalar o‘tgach daraxtlar orasidagi qorong‘ulikdan.
— Qanday o‘ldirmagan bo‘lishim mumkin? Axir toshday qulaganini ko‘rdim-ku.
Shunday deya Turgenev yon-atrofdagi o‘tlar orasini qidira boshladi.
— Tekkizishga-ku, tekkizgandirsiz, ammo, hoynahoy, faqat qanotidan yaralagansiz. U yiqilgandir ham, lekin qochib qolgan bo‘lishi mumkin.
— Yo‘g‘-e, qanotiga tekkizmadim, axir. Har holda uni o‘ldirganim aniq.
Tolstoy shoshib qoldi va quyuq qoshlarini chimirdi:
— Unda it qushni topgan bo‘lardi. Otib tushirilgan o‘ljani Dora har doim olib keladi.
— Biroq uni o‘ldirganimni aniq bilamanmi, bas, — achchiqlangannamo javob berdi Turgenev, qo‘lida miltiqni hamon ushlab turarkan. — O‘ldirdimmi, o‘ldirmadimmi, buning farqini yosh bola ham biladi. Men aniq ko‘rdim.
Tolstoy Turgenevga istehzoli nazar tashladi:
— Unda itga nima bo‘lganiykin?
— Itga nima bo‘lganini bilmayman. Men faqat ko‘rganimni aytyapman. Toshday uchib tushdi, — dedi Turgenev kutilmaganda chinqiroq ovoz bilan, Tolstoyning ko‘zlari mug‘ombirona chaqnab turganini ko‘rarkan. — Il est tombe comme pierre, je t’assure*.
— Unda Dora qushni topmasligi mumkin emasdi.
Xayriyatki, shu vaqtda ularning yoniga kulimsirab yaqinlashgan Tolstoyning rafiqasi hech narsa ko‘rmaganday keksa yozuvchilarning gapini bo‘lib qo‘ydi. U ertaga ertalab bolalarni bu yerga qushni izlash uchun yana bir marta jo‘natishini, hozir esa hammasiga qo‘l siltab, qo‘rg‘onga qaytish lozimligini aytdi. Turgenev shu zahotiyoq rozi bo‘laqoldi.
— Unda bolalardan o‘zim iltimos qilaman. Ertaga albatta bilib olamiz.
— Ha, ertaga anig‘ini bilamiz, — achchiq kinoya bilan gap qotdi Tolstoy, hanuz norozi qiyofada Turgenevga teskari turib oldi va ildam qadamlar bilan o‘rmondan chiqib ketdi…
Shu kecha Turgenev o‘zining yotoqxonasiga o‘n birlarda ketdi. Nihoyat yolg‘iz qolgach, kursiga og‘ir cho‘kdi va atrofga olazarak alangladi.
Turgenevga ajratilgan xonadan Tolstoy odatda kabinet sifatida foydalanardi. Katta kitob javonlari, taxmondagi byust, uch-to‘rtta portret, devorda ilig‘lik bug‘u kallasi – bularning bari shamchiroq yorug‘ida didsiz ko‘rinar, ularda quvnoqlikdan asar ham yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, uning aqalli shu kecha yolg‘iz qolganining o‘ziyoq Turgenevni g‘alati tarzda quvontirardi.
…Yotog‘iga o‘tishdan oldin mehmon butun kechani stol atrofida oila a’zolari bilan suhbat qurib, choyxo‘rlik qilib o‘tkazdi. Turgenev mumkin qadar qiziqib suhbat qurish va kulishga urindi. Biroq Tolstoy qovog‘ini ochmadi va suhbatga ham deyarli qo‘shilmadi. Bundan Turgenev o‘zini ham noxush sezdi, ham xafa bo‘ldi. Shu sababli mezbonning sukut saqlashini sezmaslikka atay harakat qildi va oila a’zolariga odatdagidan ko‘ra ko‘proq iltifot ko‘rsatdi.
Turgenev muvaffaqiyatli hazil qilganida har gal yoppasiga kulgi ko‘tarilardi. U bolalarga Gamburgdagi zoologiya bog‘ida fil qanday qichqirishini mohirlik bilan ijro etarkan va parijlik ko‘chabezori bolaning qiliqlarini ko‘rsatib berarkan, kulgi yanada avjiga mindi. Lekin stol atrofida quvnoq kulgi avj olgan sayin Turgenevning ko‘nglidagi g‘ashlik kuchaya bordi va u o‘zini o‘ng‘aysiz his eta boshladi.
Suhbat frantsuz adabiyotiga ko‘chganida Turgenev yasama quvnoqlikka ortiq dosh bera olmadi va birdan Tolstoy tomon o‘girildi va unga atayin yengil-elpi ohangda gapira boshladi:
— Yaqinda kelajagi porloq yangi yozuvchi paydo bo‘lganidan xabaringiz bormi?
— Yo‘q, xabarim yo‘q. Kim ekan u?
— De Mopassan. Gi de Mopassan. Har holda, u tengi yo‘q, o‘ta sezgir yozuvchi sanaladi. Jomadonimda aynan uning “La maison Tellier”* hikoyalari to‘plami bor. Vaqt topsangiz, o‘qib chiqarsiz.
— De Mopassan? — Tolstoy mehmonga shubhalangannamo qarab qo‘ydi. Lekin hikoyalarni o‘qishi yoki o‘qimasligi haqida lom-mim demadi.
Yoshligida yovuz, o‘zidan katta bolalardan qanchalik jabr-sitam ko‘rgani Turgenevning yodida… Uning yuragini shu tobda xuddi shunday ranj-alam kemira boshlagandi.
— Yangi yozuvchilar haqida gap boshlagan ekanmiz, bizda ham bitta antiqasi paydo bo‘ldi.
Uning sarosimalanganini payqagan xotini shu zahotiyoq g‘alati mehmonning tashrifi haqida gapira ketdi. Bir oycha burun, kechga tomon anchayin faqirona kiyingan yosh yigit tashrif buyurib, Tolstoy bilan albatta gaplashishi lozimligini aytadi va uni ichkariga olishadi. Tolstoyni ko‘rishi bilan aytgan ilk so‘zlari shu bo‘ladi: “Zudlik bilan kaminaga bir ryumka aroq va selyodkaning dumini keltirishingizni so‘rayman”. Shu gaplari bilangina u hammani lol qoldirgandi, lekin o‘sha g‘alati yosh yigit ma’lum ma’noda dovrug‘ qozonib ulgurgan havaskor yozuvchi ekanligi yanada ajablanarli edi.
— Bu Garshin edi.
Turgenev bu nomni eshitganida unda Tolstoyni suhbatga chorlashga yana bir bor urinish istagi tug‘ildi: Tolstoyning begonalarcha muomalasi uning g‘ashiga ko‘proq tega boshlaganidan tashqari, endi qulay bahona tug‘ilgan edi: bir vaqtlar u birinchi bo‘lib Tolstoyning e’tiborini Garshinning asarlariga qaratgan edi.
— Nahotki Garshin bo‘lsa? Menimcha, uning hikoyalari chakki emas, shekilli. O‘shandan keyin uning qaysi asarlarini o‘qiganingizni bilmadim-u, lekin…
— Chakki emas, shekilli.
Har holda Tolstoyning javobidan uning mavzuga qiziqish bildirmagani va osongina qutulmoqchi bo‘lgani sezilib turardi…
Turgenev o‘rnidan turdi va oppoq oqargan boshini sarak-sarak qilgancha kabinet bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Uning stolda turgan sham yorug‘ligidan hosil bo‘lgan soyasi devorda akslanar va u bir kattalashar, bir kichrayar edi. U indamas, qo‘lini orqasiga qilib olgan va g‘amgin ko‘zlarini polning taxtalaridan uzmasdi.
Turgenevning xayolida yigirma yillik xotiralar, ya’ni Tolstoy bilan do‘st bo‘lgan paytlaridagi voqealar yaqqol namoyon bo‘la boshladi. O‘sha vaqtda zobit bo‘lgan Tolstoy bir necha tunni aysh-ishrat bilan o‘tkazib, tunash uchun o‘zining Peterburgdagi kvartirasiga ko‘p bor kelganligi… Tolstoy Nekrasovning mehmonxonasida unga g‘olibona nazar tashlab, Jorj Sandga malomat toshlarini yog‘dirayotganda borliqni unutishi… Aynan o‘sha vaqtda “Ikki gusar”ni yozgan Tolstoy bilan Spasskiy o‘rmonida sayr qilisharkan, uning to‘xtab, yozgi bulutlarning go‘zalligidan bahramand bo‘lganligi… Va nihoyat, Fetning uyida mehmon bo‘lib turgan Tolstoy ikkisi qo‘llarini musht qilib tugganicha bir-biriga kurakda turmaydigan haqorat so‘zlarini aytishlari… Mazkur xotiralarning qay birini olmang, doim qaysar Tolstoyning o‘zgalardagi hech qanday samimiylikni tan olmaydigan inson ekanligi, boshqalarning xatti-harakatida soxtalik mavjud, degan fikrga moyilligi ko‘zga yaqqol tashlanardi. O‘zgalarning tutayotgan ishi o‘zinikidan farq qilgan holatlardagina emas, boshqa vaqtlarda ham ahvol shu edi. Agar bo‘lak odam xuddi o‘zi kabi aysh-ishratga berilganida edi, uning illatlarini xuddi o‘zini kechira olgani kabi kechira olmasdi aslo. Boshqa bir kishi yoz osmonidagi bulutlardan xuddi o‘zi kabi bahra ola bilishiga ham ishonmas edi hatto. Jorj Sanddan ham nafratlanishiga sabab uning samimiyligiga shubha bilan qarashi edi. Bir vaqtlar Turgenev bilan ajralib ketishlariga ham sabab shu bo‘lgan. Yo‘g‘-e, hozir ham, xuddi avvalgidek, Turgenevning loyxo‘rakni otib o‘ldirganligi yolg‘on, deya uqtirmoqda…
Turgenev chuqur tin oldi va taxmonning qarshisida to‘xtadi. Uzoqroqdagi sham yoritib turgan taxmonda marmar byust g‘ira-shira ko‘rinardi. Bu Lev Tolstoyning katta akasi Nikolayning byusti edi. Nimasini aytasiz, Turgenev uchun ham aziz bo‘lgan, insonlar bilan tez kirishib ketadigan Nikolay bu dunyoni tark etganiga yigirma yildan oshibdi. Agar ukasi ham aqalli Nikolay kabi boshqalarning his-tuyg‘ulariga quloq tuta olganidami… Bahor tunida soatlar qanday o‘tayotganini sezmaganday, Turgenev taxmon oldida nimcharog‘on byustga g‘amgin tikilgancha uzoq vaqt tik qotdi…
Ertasi kuni Turgenev bu uyda yemakxona bo‘lib xizmat qiluvchi zalga ancha erta kirib bordi. Zal devorlarida ajdodlarning portretlari osig‘liq bo‘lib, ulardan biri ostida Tolstoy stolda o‘tirgan ko‘yi xatlarni ko‘zdan kechirardi. Zalda undan bo‘lak hech kim yo‘q edi.
Keksa yozuvchilar salomlashishdi.
Turgenev Tolstoyning yuz ifodasiga nazar solar ekan, unda xayrixohlikdan darak beruvchi arzimas ishorani sezganida ham u bilan yarashib olishga tayyor edi. Biroq Tolstoy asabiy bir-ikki so‘z qotgancha o‘sha-o‘sha sukut ila maktublarni ko‘zdan kechira boshladi. Turgenev yaqin oradagi stulni surib, stol ustidagi gazetani oldi va o‘zi ham xohlar-xohlamas, indamay o‘qishga tutindi. Bir muddat nimqorong‘i zalda qaynab turgan samovarning biqillashidan bo‘lak birorta ham tovush eshitilmadi.
— Kechasi yaxshi uxladingizmi? — deb murojaat qildi Tolstoy Turgenevga maktublarni ko‘rib bo‘lgach, go‘yoki bir narsa haqida o‘ylab olganday.
— Yaxshi.
Turgenev gazetani qo‘ldan qo‘ydi va Tolstoy yana gap boshlashini kutdi. Lekin mezbon, kumush finjonga samovardan choy quyarkan, boshqa bir so‘z ham aytmadi.
Bu bir-ikki bor takrorlandi va, xuddi kecha kechasi bo‘lganidek, Tolstoyning norozi yuziga termulish Turgenevga tobora og‘ir bota boshladi. Ayniqsa hozir, ertalab, begonalar yo‘qligida, u o‘zini o‘ta dilgir his qilardi. “Tolstoyning rafiqasi kela qolsa ham mayli edi”, bir necha marotaba xayolidan o‘tkazdi u, ich-ichidan hayajonlanarkan. Lekin nimagadir hanuzgacha hech kim kelmasdi.
Besh daqiqa, o‘n daqiqa… Boshqa chiday olmaydiganday, Turgenev gazetani tashladi va ikkilangancha o‘rnidan turdi.
Shu payt eshik ortidan baland ovozlar va oyoq tovushlari eshitildi. Zina bo‘ylab bir-birlarini quvgancha chiqib kelishayotganligi bilinib turardi… Shu zahotiyoq eshik lang ochildi va xonaga g‘ala-g‘ovur qilib bolalar va qizlar yugurib kirishdi:
— Dada! Topildi!
Boshqalardan oldinda turgan Ilya qo‘lida ushlab turgan narsasini tantanavor silkitib qo‘ydi.
— Men birinchi bo‘lib ko‘rdim! — deya qichqirdi onasiga o‘xshab ketadigan Tatyana akasiga bo‘sh kelgisi kelmay.
— Aftidan, qulayotganda ilingan. Qayinning shoxiga osilib qolgan, — nihoyat izoh berdi ularning eng kattasi bo‘lmish Sergey.
Tolstoy hayrat to‘la ko‘zlari bilan bolalarni ko‘zdan kechirardi. Lekin kechagi loyxo‘rak oxir-oqibat topilganini anglagach, uning soqol qoplagan yuzida birdan yaqqol tabassum paydo bo‘ldi.
— Shunaqa de? Daraxtning shoxiga ilinib qolgan ekan-da? Shuning uchun ham it uni topa olmagan.
O‘rnidan turib, u bolalar qurshovida turgan Turgenevning yoniga keldi va unga o‘zining kuchli qo‘lini uzatdi:
— Ivan Sergeevich! Endi men ham tinchlanishim mumkin. Yolg‘on gapiradigan odamlar toifasidan emasman. Agar bu qush yerga tushganida, Dora uni albatta topgan bo‘lardi.
Turgenev uyalgancha Tolstoyning qo‘lini siqdi. Kim topildi – loyxo‘rakmi yoki “Anna Karenina”ning muallifimi? “Otalar va bolalar” muallifining ko‘ngli shu qadar ko‘tarildiki, bu savolga javob topa olmadi.
— Men ham yolg‘on gapirmayman. Qarang — har holda uni o‘ldirgan ekanman-ku. O‘q ovozi yangraganda u shu zahotiyoq o‘qday qulab tushdi, axir.
Qariya yozuvchilar atroflariga qarab qo‘yishdi va kelishib olganday xaxolab yuborishdi.
Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son
IZOHLAR
* Malinovka – chumchuqsimonlarga mansub sayroqi qush.
* Zyablik – sayroqi qush.
* Il est tombe comme pierre, je t’assure – Seni ishontirib aytamanki, toshday uchib tushdi (frants.).
* “La maison Tellier” – “Tele muassasasi” (frants.).
2-tarjima
LOYXO‘RAK OVI
Bu 1880 yilning may oyida, oqshom chog‘i yuz bergandi.
Oxirgi marta bundan ikki yil burun Yasnaya Polyanada mehmon bo‘lib ketgan Ivan Turgenev hozir uy sohibi graf Tolstoy bilan birga Varonka ortidagi o‘rmonga loyxo‘rak ovi uchun otlandi. Bu ikki yozuvchiga Tolstoyning xotini hamda bolalari hamroh bo‘lishdi. Varonkagacha yo‘l bug‘doyzor oralab o‘tgandi. Oqshomoldi ko‘tarilgan yengil shamol bug‘doyzor uzra o‘ynab, dimoqqa yer isini keltirardi.
Tolstoy miltig‘ini yelkasiga osgancha oldinda borar, vaqti-vaqti bilan ortiga o‘girilib, Sofya Andreevna bilan birga kelayotgan Turgenevga so‘z qotardi. “Ota va bolalar” asarining muallifi ulug‘ yozuvchiga hayratga to‘la ko‘zlari ila boqar, uning savollariga sevinib, muloyimlik bilan javob qaytarar, hirqiroq ovozda kular, bu kulgi uning yelkalarini silkitib-silkitib qo‘yardi. Tolstoyning biroz tundligi bilan solishtirganda uning so‘zlashi iltifotli hamda o‘ta nazokatli edi.
Yo‘l yam-yashil tepalikka yetganda ularning yoniga (ko‘rinishidan aka-uka bo‘lsa kerak) ikki bola chopib keldi. Tolstoyni ko‘rib, ikkisi ham to‘xtadi-da, ta’zim qildi. So‘ngra shu zahoti yalang tovonlarini yaltiratgancha tepalik tomon yugurib ketishdi. Tolstoyning bolalaridan biri ularning ortidan nimadir deb qichqirdi, biroq ular hech nima eshitmaganday chopa ketishdi va daraxtlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
– Qishloq bolalari juda ajoyib! – dedi Tolstoy botayotgan quyosh tomon yuzini burarkan. – Ba’zan bu churvaqalarni eshitib, biz hali ham anglab yetmagan sodda xalq tilini o‘rganaman.
Turgenev Tolstoyga qaradi, endi uning nigohi avvalgidek hayratga to‘la emasdi. Avvallari Tolstoyning har bir so‘zi uni yosh boladek quvontirardi. Bugun esa u Tolstoyga istehzo bilan qaradi.
– Yaqinda bu bolalarga dars berayotganimda, – davom etdi Tolstoy. – Ulardan biri darsxonadan chiqib ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi. “Qayerga?” deya so‘radim men. U esa “Bo‘rni tishlab ko‘rmoqchiman”, dedi. U bo‘rni “olib ko‘rmoqchiman”, “bo‘lib ko‘rmoqchiman” demadi, aynan tishlab ko‘rmoqchiman, dedi. Ular chindan ham bo‘rni tishlab ko‘rishadi. Biz kattalar buni qayoqdan ham bilardik? Darhaqiqat, faqat rus bolalarigina shunday deya oladi. Ha, shunday so‘zlarni eshitganimda men o‘zimning Rossiyada yashayotganimni ich-ichimdan his etaman.
Turgenev xuddi bug‘doyzorlarni birinchi marta ko‘rib turgandek atrofga alangladi.
– Ha, Frantsiyada hatto bolalar ham papiros chekishdan tortinishmaydi.
– Aytgandek, shu kunlarda siz chekishni butunlay tashlagan ko‘rinasiz? – mehmonni noqulay ahvoldan qutqarish uchun atay so‘zga aralashdi Tolstaya xonim.
– Ha, men chekishni butunlay tashladim: Parijda xonimlar sizdan tamaki isi kelyapti deb, o‘pgani ruxsat etishmadi.
Bu safar Tolstoy istehzoli kuldi. Bu vaqtda ular jarlikdan o‘tib, ov uchun mo‘ljallangan joyga yetib kelishgandi. Bu yer o‘rmon yoqasidagi daryoga tutash botqoqlik edi. Tolstoy Turgenevga qulay joyni qoldirib, o‘zi yuz qadamcha nariga ketdi. Tolstaya xonim Turgenevning yonida qoldi, bolalar esa har tarafga chopib ketishdi.
Osmon hamon shafaq rangida, daraxtlarning ko‘kka bo‘y cho‘zgan uchlari xira tortgan, shoxlardagi muattar yaproqlar g‘ujum bo‘lib qolgandi. Turgenev qo‘lida miltig‘i bilan turar, uning o‘tkir nigohlari go‘yo daraxt yaproqlarini teshgudek bo‘lib tikilar, dam-badam qorong‘i o‘rmon ichkarisidan yengil esgan shamolning shitirlashi eshitilardi.
– Tog‘ chumchuqlari sayrayapti, shekilli, – dedi Tolstaya xonim go‘yo o‘zi bilan o‘zi so‘zlashgandek boshini bir tomonga egib.
Sukunat ichida yarim soat o‘tdi. Osmon musaffo, u yer-bu yerda qayinlarning tanasi oqarib ko‘rinardi. Endi tog‘ chumchuqlarining o‘rniga ahyon-ahyonda musichalarning sayrashi quloqqa chalinardi. Oqshom qorong‘iligi o‘rmon uzra yoyilib borardi.
Birdan o‘rmon tarafdan o‘q ovozi yangradi. Bolalar xuddi shuni kutib turgandek itlarining ortidan yugurib, o‘ljani izlay ketishdi.
– Eringiz mendan o‘zib ketdi, – dedi Turgenev kulib Tolstaya xonimga qararkan.
Tolstoyning ikkinchi o‘g‘li Ilya qalin o‘tlar orasidan o‘tib, onasi tomon shoshib kelarkan, Tolstoyning loyxo‘rak otganligini aytdi. Turgenev so‘zga aralashdi:
– Uni kim topdi?
– Dora! Itning laqabi shunday. Dora topganda loyxo‘rak hali tirik edi!
So‘ngra bola onasi tomonga o‘girilib, sog‘lom, qip-qizil yuzida hayajon aks etgancha Dora loyxo‘rakni qanday qilib topganligini batafsil hikoya qila ketdi.
Turgenevning xayolida “Ovchining kundaligi” yoki shunga o‘xshash sarlavha qo‘yilgan biror-bir hikoya yozish fikri milt etdi. Ilya ketgach, atrofga yana avvalgidek sukunat cho‘kdi.
Qorong‘i o‘rmon qa’ridan yashil barglarning bahoriy ifori va yerning zax isi kelardi. Ahyon-ahyon olislarda qandaydir qushning sasi quloqqa chalinardi.
– Bu nima?
– Qizilto‘sh, – darhol javob berdi Turgenev.
Birdan qush ovozi tindi. Tun qorong‘isida tiq etgan tovush eshitilmasdi. Hatto havodagi yengil shamol ham tik qotgan, osmon jonsiz o‘rmonni sekin-asta o‘z qorong‘iligiga o‘rab borardi. Birdan g‘amgin sayragancha yuqoridan zarg‘aldoq uchib o‘tdi. Qariyb bir soat cho‘zilgan sukunatni otilgan o‘q ovozi buzdi.
– Ko‘rinib turibdiki, Lev Nikolayevich loyxo‘rak ovida ham meni dog‘da qoldiryapti, – dedi Turgenev yelkalarini qisib, miyig‘ida kulgancha.
Bolalarning qadam tovushi, Doraning akillashi – bularning bari tingan vaqtda osmonning u yer-bu yerida yulduzlar xira nur socha boshlagan edi. O‘rmonning ko‘z ilg‘agudek kengliklari qorong‘i sukunatga cho‘mgan, birorta shox-shabba qimir etmas, yigirma daqiqa, yarim soat… vaqt cho‘zilgandan cho‘zilar, namchil havoda allaqayoqlardan tushib kelgan oqish tuman oyoq ostida o‘ralashardi. Biroq loyxo‘rakdan darak yo‘q edi.
– Bugun nima bo‘lgan o‘zi? – deya shivirladi Tolstaya xonim. Uning ovozida hamdardlik zohir edi. – Bunday hol kamdan-kam bo‘lardi.
– Eshiting-a, bulbul sayrayapti! – Turgenev suhbat mavzusini atay boshqa tomonga burdi.
Qorong‘i o‘rmon qa’ridan chindan ham bulbulning sayroqi kuyi eshitilardi. Ularning ikkisi ham bir nafas jim qolib, o‘z xayollariga berilgancha bulbul kuyini eshitishdi. Birdan… (Turgenevning o‘z iborasi bilan aytganda: “Birdan va faqat ovchilar tushunar meni”) birdan o‘tlar orasidan chug‘urlagancha loyxo‘rak uchib chiqdi. U qanotlarini keng yoygancha shoxlar orasidan uchib o‘tdi-yu, tun qorong‘iligiga yashirindi. Shu onda Turgenev miltig‘ini qo‘lga olib, tepkini bosdi. Tutun isi tarqab, olov sachradi va butun o‘rmonga o‘q ovozi yangradi.
– Nishonga tegdimi? – baland ovozda so‘radi Tolstoy unga yaqinlasharkan.
– Ha, tegdi! Shunday uchib tushdi o‘zi ham!
Bolalar itni yetaklagancha Turgenevning atrofida o‘ralashardi.
– Bora qolinglar, o‘ljani izlanglar, – buyurdi Tolstoy ularga.
Bolalar itni oldilariga solib, hamma yoqni izlay ketishdi. Ammo qancha urinishmasin, urib tushirilgan loyxo‘rak topilmadi. Dora jon-jahdi bilan yer iskar, faqat ahyon-ahyonda to‘xtab, norozi g‘ingshirdi. Nihoyat, Turgenev bilan Tolstoy ham yordamga kelishdi. Biroq atrofda loyxo‘rakning pati ham ko‘rinmasdi.
– Balki siz uni otolmagandirsiz? – so‘radi yigirma daqiqalarcha izlagach, hafsalasi pir bo‘lib Tolstoy.
– Axir, ko‘z o‘ngimda yerga quladi-ku! – Turgenev shunday deb, maysalar ustini sinchiklab ko‘zdan kechirdi.
– Balki, o‘q uning qanotiga tekkandir. Yerga yiqilganu qochib qolgandir.
– Yo‘q, o‘q uning qanotiga tegmadi. Men unga aniq tekkizdim!
Tolstoy qalin qoshlarini chimirarkan, sarosima ichra dedi:
– U holda it uni topgan bo‘lardi, chunki Dora otilgan o‘ljani aniq topadi.
– O‘ldirganimdan keyin o‘ldirdim deyman-da! – dedi asabiylashgan Turgenev miltig‘ini mahkam ushlab. – Axir, o‘lganmi-o‘lmaganmi, buning farqini yosh bola ham biladi. Men aniq ko‘rdim!
Tolstoy Turgenevga istehzo bilan qarab “U holda, it-chi?” deb so‘radi.
– Unisini bilmadim. Men faqat ko‘rganimni aytyapman. Axir yerga quladi!
Turgenev Tolstoyning ko‘zlaridagi istehzoni ko‘rdi-yu, birdan dahshatli ovozda qichqirdi:
– Axir, aytyapman-ku, yerga quladi!
Shu vaqt ikki qariya yozuvchining bahsiga go‘yo hech gap bo‘lmagandek Tolstaya xonim aralashdi:
– U holda Dora o‘ljani topolmabdi.
Sofya Andreevna ovchilar tomon jilmayib yaqinlasharkan, ertaga tongdayoq bolalarni o‘ljani yana bir bor izlab ko‘rishga yuboraman, bahsni hoziroq to‘xtatib, hammamiz uyga qaytaylik, dedi. Turgenev shu zahoti rozi bo‘ldi.
– Ha, ertagayoq bolalardan so‘rab, hammasini bilib olamiz.
– Ha, ertaga bilib olarmiz, – dedi Tolstoy zaharxanda qilib.
U norozi qiyofada Turgenevga orqasini o‘girgancha, tez-tez odim tashlab yurib ketdi…
* * *
Bu kech Turgenev o‘z yotog‘iga chamasi soat o‘n birlarda kirdi. Nihoyat, yolg‘iz qolarkan, kursiga cho‘kib, atrofga o‘ychan nazar soldi. Turgenev uchun Tolstoyning ish kabineti o‘rnidagi xona ajratilgandi. Xonadagi ulkan kitob javonlari, byust, portretlar, devorga osilgan kiyik shoxi – bularning barchasi sham yorug‘ida tund, zerikarli, shavqu zavqdan xoli ko‘rinari. Ammo Turgenevni bu oqshom yolg‘iz qolganligi xafa qilmadi.
U oqshomni uy sohibining oila a’zolari bilan dasturxon atrofida o‘tkazdi. Turgenev xushchaqchaqlik bilan hazil qilar, kular, biroq Tolstoy qovog‘ini solgancha jim o‘tirar, deyarli suhbatga aralashmasdi. Turgenevga bu og‘ir botar, shuning uchun u oila a’zolariga xushmuomalalik bilan iltifot etarkan, uy sohibining tund qiyofasiga atay parvo qilmasdi. Har gal Turgenev biror hazil gap tashlaganda dasturxon atrofida kulgi ko‘tarilar, ayniqsa, bolalarga Gamburg hayvonot bog‘idagi filning o‘kirishini qoyilmaqom qilib o‘xshatib berganda yoki Parijdagi ko‘cha bolalariga taqlid qilganda kulgi baralla yangrardi. Lekin dasturxon atrofida xursandchilik bo‘lgani sari Turgenevning ko‘ngli xijil tortib borardi.
Suhbat mavzusi frantsuz adabiyotiga burilganda Turgenev ortiq toqat qila olmay Tolstoy tomon o‘girildi va undan beparvo ohangda so‘radi:
– Eshitgan bo‘lsangiz kerak, Frantsiyada qandaydir yosh bir yozuvchi haqida gapirishyapti?
– Yo‘q, xabarim yo‘q. Kim ekan u?
– De Mopassan. Gi De Mopassan. Nihoyatda zehni o‘tkir yozuvchi. Aytganday, men o‘zim bilan uning “La maison Tellier” hikoyalar to‘plamini olib kelganman. Agar vaqtingiz bo‘lsa, o‘qib ko‘ring.
– De Mopassan?
Tolstoy mehmoniga shubha aralash qaradi. Biroq taklif etilgan kitobni o‘qib chiqadimi, yo‘qmi, bu haqda og‘iz ochmadi. Turgenev bolaligida katta yoshli bolalar unga ozor berganini esladi. Hozir ham xuddi o‘shanday og‘riq uning tomog‘iga tiqilgandi.
– Ha, yangi yozuvchi deng… Bizda ham shunaqasi paydo bo‘lgan, – dedi Tolstaya xonim mehmonni noqulay ahvoldan chiqarish uchun va o‘sha yozuvchining o‘zlarinikida mehmon bo‘lganini ayta ketdi:
– Bir oy burun oqshom payti uyimizga odmigina kiyingan bir kishi kirib kelib, darhol Lev Nikolayevichni ko‘rishim kerak, dedi. Uni Tolstoy huzuriga olib kirishganlarida u Lev Nikolayevichga qarab nima dedi deng! “Keltiringiz menga darhol sho‘r baliq va bir qadah araq, toki bo‘lsin kayfimiz taraq!” Bu qofiyali gapi bilan u hammaning og‘zini ochirib qo‘ydi. Hammadan ham qizig‘i, bilsak, u ancha-muncha mashhur yosh yozuvchilardan ekan.
– Ha, bu Garshin edi.
Bu nomni eshitgan Turgenev Tolstoyni yana suhbatga tortishga urindi, chunki Tolstoyning indamay o‘tirishi uni xunob qilgandi. Endi esa unga yaxshi bahona topilgan, sababi qachonlardir uning o‘zi Garshinning asarlarini Tolstoyga tavsiya etgandi.
– Nahotki, Garshin bo‘lsa? Menimcha, uning hikoyalari yomon emas. Bilmadim, o‘qib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Biroq…
– Menimcha ham yomon emas.
Ha, Tolstoy shunchaki beparvo, quruqqina qilib javob bergandi.
…Turgenev o‘rnidan turdi. Xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yurarkan, oppoq sochlarini silkitib boshini chayqadi. Sham yorug‘ida uning devordagi soyasi goh uzayar, goh qisqarar, u qo‘llarini orqaga qilgancha xona bo‘ylab yurarkan, ko‘zlarini polning yalang‘och taxtasidan uzmasdi.
Turgenevning ko‘z oldidan Tolstoy bilan do‘stlashgan vaqtlardagi, qariyb yigirma yil oldingi yorqin xotiralar suzib o‘tdi. Uning ko‘z o‘ngida, o‘sha vaqtlar ofitser bo‘lib, bir necha kun kayfdan boshi og‘rib, Peterburgdagi uyiga uni tez-tez yo‘qlab borib turgan, qachonlardir Nekrasovning mehmonxonasida yuzingda ko‘zing bormi demay, Jorj Sandni tanqid qilgan, bir vaqtlar “Ikki gusar”ni yozib tugatgach, u bilan birga o‘rmonda sayr qilarkan, bir zum to‘xtab, yozgi bulutlarning go‘zalligiga maftun bo‘lgan, va nihoyat, Fetning uyida musht o‘qtalgancha bir-birlariga eng haqoratli so‘zlarni yog‘dirgan o‘sha Tolstoy gavdalandi. U bu xotiralarning qay birini eslamasin, qaysar, o‘jar Tolstoyni, boshqalardagi samimiyatni tan olmaydigan, boshqalarning samimiyatiga hamisha shubha bilan qarovchi inson ekanligini ko‘rardi. U nainki boshqalarning xuddi o‘zi kabi qilgan a’moliga, balki kayfu safosiga ham shubha bilan qarar, u boshqalarni o‘zini kechirgandek kechira olmas, chunki boshqalar ham xuddi uning singari yozgi bulutlarning chiroyini his etishiga ishonmasdi. U Jorj Sandning xuddi o‘zidek samimiyligiga ishonmaganligi uchun uni yomon ko‘rardi. Ha, Turgenev borasida ham xuddi shunday. Ha, u Turgenevning o‘sha loyxo‘rakni otganligiga ishonmayapti.
Turgenev chuqur xo‘rsindi va tokcha yoniga kelib to‘xtadi. Tokchadagi byustni xonadagi shamning olis yog‘dusi xira yoritib turardi. Bu Lev Tolstoyning katta akasi Nikolayning byusti edi. Ha, unga ham qadrdon bo‘lib qolgan Nikolayning olamdan o‘tganiga yigirma yildan oshibdi. Qani edi, Tolstoy jilla qursa, akasidek inson qalbini tushuna olganda edi!
Turgenev ko‘zlarini xira yoritilgan byustga tikkancha, bahor oqshomining o‘tkinchi lahzalariga ham parvo qilmay, tokcha oldida uzoq turib qoldi…
* * *
Ertasi kuni Turgenev tongdanoq yemakxona vazifasini o‘tovchi kattakon zalga kirib keldi. Zal devorlariga sulola ajdodlarining suratlari osilgan bo‘lib, ana shu suratlardan birining ostida Tolstoy kelgan xatlarni ko‘zdan kechirib o‘tirardi. Yemakxonada undan bo‘lak biror kishi yo‘q edi. Keksa yozuvchilar salomlashishdi. Turgenev Tolstoyning yuzida xayrixohlik alomatlarini izlar, hozir ham u bilan yarashishga tayyor edi! Biroq Tolstoy betoqatlik bilan bir-ikki og‘iz so‘z aytgancha miq etmay xatlarni ko‘zdan kechiraverdi. Turgenev ham stulni yaqin surib, istar-istamas gazeta o‘qishga kirishdi. Bir necha vaqt nimqorong‘i zalda samovarning viqirlab qaynashidan bo‘lak ovoz eshitilmadi.
– Tunni yaxshi o‘tkazdingizmi? – dedi Tolstoy xatlarni bir chetga surib Turgenevga yuzlanarkan nimanidir eslashga uringanday.
– Yaxshi.
Turgenev Tolstoyning yana biror gap aytishini kutib, gazetadan boshini ko‘tardi. Biroq uy sohibi o‘ziga samovardan kumush finjonga choy quyarkan, bir og‘iz ham so‘z demadi. Turgenev xuddi kecha oqshomdagidek Tolstoyning norozi qiyofasiga qarashga og‘rina boshladi. Uning yuragi tobora xijil bo‘lib toqatsizlanarkan, qani endi, hech bo‘lmasa, Tolstoyning xotini kela qolsa, deb o‘ylar, lekin negadir hamma yoq jimjit edi. Oradan besh, o‘n daqiqa o‘tdi. Turgenev ortiq toqat qilolmay, gazetani nari surib o‘rnidan turdi. Bir vaqt eshik ortidan oyoq tovushlari, bolalarning shovqin-suroni eshitildi. Shu ondayoq eshik lang ochilib, g‘ala-g‘ovur ko‘targancha bolalar kirib kelishdi.
– Dada, topildi!
Hammadan oldinda turgan Ilya nimanidir qo‘lida baland ko‘targancha silkitardi.
– Uni birinchi bo‘lib men ko‘rdim! – dedi onasiga o‘xshab ketadigan Tatyana akasiga gal bermay.
– U qulayotib qayin shoxiga ilinib qolgan bo‘lsa kerak, – dedi nihoyat Tolstoyning to‘ng‘ich o‘g‘li Sergey.
Tolstoy hayrat bilan bolalariga qarab qoldi. Nihoyat, kechagi loyxo‘rakning topilganini ko‘rib, uning sersoqol yuzi yashnab ketdi.
– Ha, daraxt shoxiga ilinib qolgan. Shuning uchun it uni topolmagan…
U o‘rnidan turib, bolalar orasida turgan Turgenevning yoniga keldi va unga baquvvat qo‘llarini uzatdi.
– Ivan Sergeevich, men ham endi xotirjam tortdim. Mening yolg‘on gapiradigan odatim yo‘q. Agar bu qush yerga qulaganda edi, Dora uni albatta topgan bo‘lardi.
Turgenev qizargancha Tolstoyning qo‘lini siqdi. Kim topildi? Loyxo‘rakmi yoki “Anna Karenina”ning muallifimi? Ivan Sergeevichning qalbi shu qadar quvonchga to‘ldiki, u bu savolga javob topa olmadi.
– Men ham bir so‘zli odamman. Qarang, axir men uni otmadimmi? Axir, u o‘q yangragan paytdayoq qulagandi.
Ikki keksa yozuvchi bir-biriga qarab qah-qah urib kulib yuborishdi.
Rus tilidan Oygul Asilbek qizi tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 1-son