Akutagava Ryunoske. Do‘zax azoblari (hikoya)

I

Xorikavadek yana bir zoti oliylari ilgari o‘tmagandir, albatta, bundan keyin ham o‘tmasa kerak. Go‘yo uning tavalludi oldidan mo‘tabar volidalari qarshisida avliyo Dayitoku namoyon bo‘lganmish, degan mish-mishlar yuradi. Nima bo‘lganda ham u tug‘ilishdan boshlaboq oddiy odamlarga o‘xshamas edi. Necha martalab u qilgan ishlarga hayron-lol qolganmiz. Loaqal uning Xorikava daryosi bo‘yidagi saroyini ko‘ring. Ulug‘vor, hayratangiz deyishning o‘zi kamlik qiladi. Shunaqa qurilganki, bizdaqalarning aqlu shuuri yetishi qiyin. Odamlar zoti oliylarini shunaqa osmonga ko‘tarib aytishadiki, hatto uni Shi Xuan-di va Yan-dilarga* teng qo‘yishadi. Bu endi ko‘r odamning filni silab baho berganiday gap. Lekin zoti oliylari faqat o‘zi, zeb-ziynati, shon-shavkatini o‘ylagani yo‘q. U quyi tabaqani ham yoddan chiqargan emas; u hammaning xursandchiligiga sherik bo‘ldi, u ana shunday oliyhimmat, karami keng edi.
Shuning uchun ham Nidzyo saroyida yovuz ruhlarning yozgi tartibsizligi chog‘ida unga hech qanday ziyon-zahmat yetmadi. Hatto, aytishlaricha, bu qasr Siogama va Mitinoku qiyofasining sumbati tasviri bilan g‘oyib bo‘ldi, mana shunday kuch-quvvat sohibi edi zoti oliylari. Butun poytaxt ahli – keksayu yosh, erkagu ayol – hamma u haqida bamisoli jonli Budda haqida so‘zlayotganday ehtirom bilan gapirardi. Turli mish-mishlar yuradi: saroydan olxo‘ri bayramidan qaytishayotgan chog‘ zoti oliylarining g‘ildirakli aravasini kutilmaganda aravaga qo‘shilgan buqalar olib qochadi, arava bir cholning oyog‘ini bosib ketadi, chol bo‘lsa zoti oliylaridan xafa bo‘lish o‘rniga qo‘l qovushtirib, minnatdorchilik bildiradi.
Mana shunaqa gaplar. Janob oliylarining hayoti haqida kelgusi avlodlarga aytib qoldiradigan voqealar ko‘p. Bir ziyofatda butun boshli o‘ttiz otini mehmonlarga sovg‘a qilib yuborgani, Nagara ko‘prigi qurilishi chog‘ida suyukli o‘spirinini qurbonliqqa suvga bostirishga izn bergani, shifokorlikdan xabardorligi, sonidagi chipqonni kesib tashlagani haqida xitoylik rohibga gapirib bergani… Barini birma-bir aytaversa, oxiriga yetib bo‘lmaydi. Sanoqsiz hikoyalardan eng dahshatlisi – zoti oliylarining uyidagi do‘zax azoblari tasvirlangan parda qanday paydo bo‘lgani. Axir hech narsadan hayron-lol bo‘lmagan, ko‘ngli buzilmagan zoti oliylari ham bu matohni ko‘rib qotib qolgan ekan-da. Biz, yonidagi xizmatkorlarning-ku, yuragimiz yorilishiga oz qolgan edi! Hatto zoti oliylari huzurida o‘ttiz yil xizmat qilgan kamina ham umrimda bunaqasini ko‘rmagandim. Bu haqda hikoya qilishdan oldin do‘zax azoblarini chizgan usta-musavvir Yosixide haqida gapirish lozim.
U ma’lumu mashhur musavvir edi, mo‘yqalam ushlaganlardan hech qaysisi unga teng kelolmasdi. O‘sha paytlar, chamasi, ellik yoshlarda edi. Ko‘rsangiz, pakana, ozg‘in, eti ustuxoniga yopishgan, qovog‘i soliq chol deysiz. Zoti oliylari saroyiga egnida qoramtir-sariq kiyim – karigina, boshida momiebo* kiyib kelardi. Fe’l-atvori rasvoi jahon edi, lablari yoshiga yarashmaydigan qizil, yoqimsiz bo‘lib, allaqanday maxluqni eslatardi. Aytishlaricha, Yosixide yurish-turishi bilan maymunga o‘xsharkan, hatto “Saruxide” degan laqab ham olgan ekan.

II

Modomiki “Saruxide”* degan ekanman, yana bir narsani aytib o‘tay. O‘sha paytlarda zoti oliylari saroyiga uning o‘n besh yashar yolg‘iz qizini oqsoch qilib olishgan ekan. Yoqimtoy qiz otasiga mutlaqo o‘xshamasdi. Buning ustiga, onasidan erta ajragani uchunmi, o‘ychan, mulohazali, shuning uchun saroy boshqaruvchisidan boshlab barcha ayollar uni yaxshi ko‘rardi. Qaysidir munosabat bilan zoti oliylariga Tamba viloyatidan o‘rgatilgan maymun olib kelishdi. Hukmdorning uchiga chiqqan to‘polonchi, shumtaka o‘g‘li maymunni Yosixide deb atadi. Yosixide shusiz ham kulgili edi, bunaqa laqab olgach, saroy ahli o‘zini kulgidan to‘xtata olmadi. Kulishgani ham mayli-ya, lekin maymun bog‘dagi daraxtga chiqib tatamini rasvo qilganda odamlar ermak uchun “Yosixide, Yosixide” deya shovqin solar va musavvirning joniga tegar, qonini qaynatar edi. Bir kuni Yosixidening qizi uzun yo‘lakdan olxo‘ri butog‘i qadalgan xatni eltayotganda qarshisidagi eshikdan oqsoqlanib maymun chiqib qoladi, aftidan, oyog‘i shikast yegan va avvalgiday ustunga chiqolmayotgan edi. Orqasidan xipchinini o‘ynatgancha, kim deng, hukmdorning o‘g‘li qichqirgancha quvib kelardi:
– Yaramas o‘g‘ri! To‘xta, to‘xta!
Buni ko‘rib, Yosixidening qizi boshda dovdiraganday bo‘ldi, shu on maymun qizning etagiga yopishdi va ma’yus g‘ingshidi. Qizning jonivorga rahmi keldi – bir zum nima qilishini bilmay qoldi. So‘ng butoqli xatni yengiga qistirdi-da, maymunni quchog‘iga olib, erkalab, yigitchaga ta’zim qilgancha yumshoq ohangda murojaat etdi:
– Axir bu hayvon-ku. Iltimos, uni kechiring.
Yosh janob uning oldiga kelib bo‘lgan edi. U qahr bilan qovog‘ini uyib yerni tepdi-da:
– Nega yonini olasan! Maymun mandarinlarni o‘g‘irladi, – dedi.
– Axir bu hayvon… – takrorladi qiz jur’atlanib, so‘ng mungli tabassum-la qo‘shib qo‘ydi: – Buning ustiga uni Yosixide deyishadi. Demak, siz otamga qahr qilayapsiz, men esa bunga befarq qarab turolmayman.
Buni eshitib yosh janob o‘ziga kelganday bo‘ldi:
– Shunaqami!.. Ha, mayli, otang uchun so‘rayotgan ekansan, kechirganim bo‘lsin, – shunday dedi-da, tayoqni istamaygina yerga tashlab, ortiga qaytib ketdi.

III

Yosixide qizining maymuncha bilan do‘stligi shunday boshlandi. Bo‘yniga chiroyli qizil lenta bog‘lab, yosh janob oliylari sovg‘a qilgan qo‘ng‘iroqchani osib qo‘ygach, maymuncha qizning yonidan ketmaydigan bo‘ldi. Bir gal Yosixidening qizi shamollab, to‘shakka yotib qolganda, maymuncha qizning yonidan sira ketmay qo‘ydi; u boshini g‘amgin qimirlatar, nuqul tirnoqlarini tishlar edi. Shundan beri – g‘alati hol – hech kim maymunchani avvalgiday qiynamaydigan bo‘ldi. Aksincha, uni kam-kam erkalatadigan bo‘lishdi, hatto yosh janoblarining o‘zi ba’zan uning oldiga persimon yoki kashtan tashlardi, bu ham yetmaganday xizmatkorlardan kimdir maymunchaga ozor berganda qattiq jahli chiqqandi, aytishdiki, tez orada zoti oliylari Yosixide qizini maymuncha bilan birga huzuriga chaqirar emish, o‘spirinning g‘azablanganini eshitib shunday qilganmish. Buning ustiga qizginaning maymunchani yaxshi ko‘rishi, erkalashlari uning qulog‘iga yetib boribdi.
– Qizgina yaxshi. Maqtagulik.
Hukmdorning xohish-amri bilan oqsoch qiz mukofotga qizil akome* oldi. Maymunchaning odamday egilib akomeni qo‘lga olib ko‘rmoqchi bo‘lganiga ko‘zi tushgan zoti oliylarining battar zavqi keldi. Yosixidening qizi otasini behad e’zozlashi tufayli maymunga mehr qo‘ygani zoti oliylariga ma’qul bo‘ldi, unga marhamat ko‘rsatishi shundan, aslo shahvatparastligi uchun emas, deyishdi odamlar.
To‘g‘ri, shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi – besabab bunday mish-mishlar paydo bo‘lmaydi, lekin men shoshilmay turay, keyinroq bu haqda bafurja hikoya qilarman. Hozircha shuni aytishim joizki, har qancha go‘zal bo‘lmasin, zoti oliylari qandaydir musavvirning qiziga mahliyo bo‘ladiganlar sirasidan emasdi. Shunday qilib, Yosixidening qizi zoti oliylari huzuridan iffati basalomat chiqdi, aqlli-hushli bo‘lgani tufayli boshqa oqsochlarning havasi-hasadini keltirdi.
Lekin hozircha qizginani qo‘yib turayin-da, otasi Yosixide haqida ham gapiray. Ha, tez orada hamma maymunchaga mehr qo‘yib qolishdi, lekin Yosixidening o‘zini ko‘rishga avvalgidek toqat qilisholmas, ko‘rgani ko‘zi yo‘q, orqasidan Saruxide deb mayna qilishardi. Faqat saroyning ichidagina emas. Yokagavalik ruhoniy ota, Yosixidening nomini eshitishi hamonoq, xuddi shaytonni eshitgan-ko‘rganday, ko‘zlari olayib ketar, undan nafratini yashirib o‘tirmasdi. To‘g‘ri, bunga sabab qilib Yosixide ruhoniy otani hazil suratlarda tasvirlaganini ko‘rsatishadi, lekin balki bu amali past xizmatkorlarning fisqi-fasodidir. Qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘riligini aytolmayman. Shunisi rostki, uni hamma joyda so‘kishar, malomat qilishardi. Ikki-uch musavvir og‘aynisigina, yana kartinalarini ko‘rgan, o‘zini bilmaydigan odamlar u haqda yomon gap aytishmasdi. Lekin Yosixide nafaqat basharasi xunuk, fe’l-atvori jirkanch, tuban kas edi, boshiga tushadigan savdolar axloqiga yarasha deyish lozim bo‘ladi.

IV

Fe’l-atvoriga keladigan bo‘lsak, ziqna, vijdonsiz, yalqov, ochko‘z, manman, takabbur odam edi. Mamlakatda birinchi musavvirligi burnini jiyirishidan ham ma’lum edi. Rasm-tasvir bobida-ku, mayli, shundaydir, lekin boshqa sohalarda ham hech kimdan ortda qolgisi kelmas, ularning odobi, odatlarini ro‘y-rost masxara qilardi. Yosixidening eski shogirdi menga shunday hikoya aytib bergandi: qachonlardir taniqli juvon, mashhur kohina Xigaki ruhini arvoh bezovta qilib, dahshatli tovushda baqira boshlagan ekan, Yosixide uni eshitgisi ham kelmabdi-da, saqlab qo‘ygan mo‘yqalamini olib, bamaylixotir kohinaning qo‘rqinchli qiyofasini chizibdi, arvoh vasvasasini shunchaki bolalarcha firibgarlikka yo‘yibdi. Mana shunday qabih odam edi u: budda Kissyoten* qiyofasini bironta yaramas odamdan ko‘chirib chizadi; gunohkorlarni jazolovchi budda avliyosi Fudo* tasvirini ashaddiy quvg‘indidan oladi. Bunaqa yaramas ishlarining son-sanog‘i yo‘q, ta’na qilishsa, yuziga solishsa, masxaraomuz hushtak chalib: “Nima bo‘pti, Yosixide ma’bud va buddalarni chizgan bo‘lsa uni jazolash kerakmi? G‘alati-ku!” – derkan. Bunaqa gaplar hatto shogirdlarini ham qo‘rqitar, ko‘plari o‘z kelajagidan qo‘rqib uni tashlab ketarkan. Nima bo‘lganda ham zamonasida o‘zidan zo‘r odam borligiga ishonmasdi u.
Mo‘yqalam san’atida Yosixide qanday yuksak cho‘qqini zabt etganini gapirmasa ham bo‘ladi. To‘g‘ri, uning kartinalari ham mazmuni, ham rangi bilan boshqa musavvirlarning ishlaridan ajralib turardi, yoqtirmovchi hamkasblari uni lo‘ttiboz, firibgarga chiqarishardi. Ularning so‘zlariga qaraganda, Kavanari*, Kanaoka* va boshqa qadimiy mashhur ustalar haqida xalq orasida ajoyib hikoyalar yuradi: eshik tabaqasiga chizilgan suratlardan to‘lin oyli tunlarda olxo‘rining xushbo‘y hidi taraladi, pardalarda tasvirlangan saroy ahli go‘yo ray* chalayotganday tuyuladi… Yosixide kartinalari haqida faqat g‘alati va vahimali gaplarni aytishadi. Masalan, Ryugaydzi ibodatxonasi darvozasiga Yosixide chizgan “Hayot va o‘lim girdobi” surati yonidan kechasi o‘tgan kishiga xudojo‘ylarning fig‘oni, bo‘zlashlari eshitilib turarmish. Bundan ham dahshatlisi, ba’zilar hatto murdalarning badbo‘y hididan ko‘ngillari aynishini aytishadi. Zoti oliylarining buyrug‘i bilan chizilgan ayollar suvrati-chi? Aytishlaricha, qaysi ayol tasvir etilgan bo‘lsa, uch yil o‘tar-o‘tmas kasalga chalinarmish, go‘yo ruhi sug‘urib olinarmish va o‘larmish. Lafzi o‘tkir odamlarning gapiga quloq sol, bu – Yosixide kartinalarining sehr-jodusi borligi isboti.
Yosixide, aytganimdek, alohida odam bo‘lgani bois dimog‘iga xoda yetmasmish. Bir kuni zoti oliylari “Sen badburushlikni yoqtirasan shekilli?” – deb hazil qilganda, yoshiga nomunosib qizil lablarini cho‘chchaytirib, “Ha, soxta rassomlar badburushlikning go‘zalligini qaydan bilsin!” – deya kulgan ekan. Mayli, u mamlakatda peshqadam musavvirdir, lekin zoti oliylarining oldida maqtanishi… Men avval eslatib o‘tganim shogirdi maqtanchoqligi, takabburligi uchun bejiz unga Tiradzyu degan laqab taqmagandi. Siz balki bilarsiz: qadim zamonlarda bizga Xitoydan kelgan shaytonni Tiradzyu deb atashgan.
Lekin Yosixide – hech kimni, hech narsani nazar-pisand qilmaydigan bu kas ham insoniy hissiyotdan benasib qolmagan ekan.

V

Yosixide yagona farzandi – o‘sha oqsoch bo‘lib ishlaydigan qizini haddan tashqari yaxshi ko‘rardi. Aytib o‘tganimdek, qizi nozik, xushro‘y, aqlli bo‘lib, otaning unga muhabbati dilbandining hissiyotidan kam emasdi. Ibodatxonalarga hech qachon biror narsa atamagan bu odam qizining kiyim-kechagi, sochlarining pardoz-andoziga sira pulni ayamagan desam yolg‘on bo‘lmas. Aytmoqchi, Yosixidening qiziga mehri faqatgina uni erkalatishdan iborat edi, lekin unga yaxshi kuyov topish xayoliga ham kelmasdi. Bu-ku, mayli-ya, mabodo birortasi qiziga royish qilgudek, ko‘nglini ovlamoqchidek bo‘lsa bormi, u kallakesarlar yollash bilan dovyurakning jilovini tortib qo‘yish, o‘ldirtirishdan ham toymasdi. Shuning uchun ham zoti oliylarining xohish-irodasi bilan qizini oqsochlikka o‘tkazishganda chol juda norozi bo‘lgan va hatto hukmdor oldida qovog‘ini uygan edi. Zoti oliylari qizning husni-malohatiga shaydo bo‘lgani uchun uni saroyda saqlayapti degan ovozalaar tarqalgani boisi shu bo‘lsa kerak. Lekin mish-mishlar yolg‘on bo‘lsa-da, Yosixide qiziga mahri-shafqati kuchli bo‘lganidan unga saroydan javob berishlarini so‘ragani-so‘ragan edi. Bir kuni zoti oliylari buyrug‘iga ko‘ra chaqaloq Mondzyuning* suratini chizarkan, hukmdorning suyukli farzandi yuzini qoyilmaqom qilib tasvirlaydi. Behad xursand bo‘lgan xo‘jayin:
– Nima so‘rasang shuni beraman, qani, tortinmay aytaver, – deydi. Shunda Yosixide – yo bafarmoni xudo – dadil turib:
– Iltimos, qizimga ijozat bersangiz, – deydi.
Boshqa saroylarni bilmadig-u, lekin zoti oliylariga sidqidildan xizmat qilganlarning izzat-hurmati bo‘lakcha… Qanday kas bunday betakalluflikka jur’at eta oladi? Bu hatto zoti oliylaridek fe’li keng odamning ham jahlini chiqardi, shekilli, u bir muddat jim qoldi, Yosixidening yuziga tikilib turdi-da, shartta: “Yo‘q, mumkinmas”, – dedi va o‘rnidan turib ketdi. Shu-shu, zoti oliylari Yosixideni ko‘rganda xo‘mrayib oladigan bo‘ldi. Qizgina ham, otasi uchun xavotirlanganidan bo‘lsa kerak, oqsochlar xonasiga tez-tez kirib, yengini tishlagancha achchiq-achchiq yig‘lardi. Shunda zoti oliylari Yosixidening qiziga ko‘ngli sust ketdi degan mish-mishlar tarqaldi. Hatto, do‘zax azoblari chizilgan parda qiz rozilik bermagani sababli paydo bo‘ldi deguvchilar ham topildi; lekin bu bo‘lmagan gapdir, balki. Mening tushunishimcha, zoti oliylari yosh qizning taqdiriga achingani bois uning saroydan ketishini istamasdi. Marhamatli hukmdor qizning qaysar otasi uyiga borgandan ko‘ra saroyda bemalol yashab yurishini ma’qul ko‘rgan edi. Turgan gap, u yoqimtoy qizga marhamat ko‘rsatardi. Ko‘nglida boshqa, hirsiy niyatlar bor edi degan mish-mishlar shunchaki uydirma, uydirmagina emas, hech tagi yo‘q gaplar edi. Lekin Yosixide nima bo‘lganda ham, qizi tufayli yoqmay qolayozgan kezlarda zoti oliylari nimalarni o‘yladi, bilmayman, bir kuni huzuriga musavvirni chaqirdi-da, do‘zax azoblari chizilgan parda yaratishni buyurdi.

VI

“Do‘zax azoblari chizilgan parda”, – deyilishi bilan ko‘z o‘ngimda dahshatli manzara jonlandi. Do‘zax azoblarining boshqa tasvirlarini oladigan bo‘lsak, shuni aytmoq kerak: Yosixide chizgan narsa boshqa musavvirlarning suvratlariga aslo o‘xshamaydi. Eng avvalo, joylashtirilishi bilan. Tavaqaning bir burchagida jahannam azobidagi o‘nta bek ushoq qilib chizilgan; bo‘shliqning qolgan qismi bo‘ylab shunday shiddatli yomg‘ir quturyaptiki, asti qo‘yaverasiz! Faqat allaqayerdadir do‘zax xizmatkorining sariq yo ko‘k rangli xol-xol kiyimi ko‘zga tashlanib qoladi, hamma narsa qip-qizil alanga og‘ushida; qayoqqa qaramang olov tilini cho‘zadi. Mandzi* xochi kabi egilib-buralib osmonga o‘rlayotgan qora tutun, chars-churs qilib yonayotgan odam gavdasi, tillarang chang-to‘zon…
Shuning o‘ziyoq qilqalam qanday kuch-quvvatga egaligidan dalolat berib turibdi, ammo tipirchilayotgan, qovrilayotgan gunohkorlar do‘zaxning boshqa tasvirlarida bunaqasini ko‘rishi qiyin. Ko‘pdan-ko‘p gunohkorlar ichida Yosixide yuqori martaba sohiblaridan tortib eng quyi qismigacha – unvonli, unvonsiz odamlarni tasvirga olgan. Serhasham kiyimdagi kekkaygan saroy amaldorlari, ipak libosdagi yosh, sohibjamol xonimlar, tasbehli budda rohiblari, baland asidali* yosh xizmatkorlar, uzun tor kiyimli bo‘yqizlar, taqir-tuqurli folbinlar –sanagan bilan ado bo‘lmaydi! Ho‘kiz va otboshli do‘zax xizmatkorlari tomonidan azoblanayotgan osiy bandalar lovullagan alanga va tutun ichida, shamolda uchgan barglardek, duch kelgan tomonga o‘zlarini urishadi. U yerda sochlaridan panshaxaga ildirilgan ayol, chamasi, kohina, qo‘l-oyoqlarini, panjalarini o‘rgimchak kabi changak qilib, jon holatda tipirchilatadi. Bu yoqda ko‘kragidan qilich teshib o‘tgan erkak, biror noib bo‘lsa kerak, boshini ko‘rshapalakdek pastga osiltirib yotibdi. Kimnidir temir tayoqlar bilan savalashayotibdi; kimnidir minglab odamlar o‘rnidan qo‘zg‘atolmaydigan zil-zambil toshga bostirishgan, kimnidir yirtqich qushlar o‘tkir tumshuqlari bilan cho‘qiyotibdi, kimgadir zaharli ilon tishlarini botirgan – gunohkor qancha ko‘p bo‘lsa, azob turlari undan ham ko‘p. Eng qo‘rqinchlisi – tepadan vahimali qulab tushayotib daraxtga ilinib qolgan arava yirtqich hayvonning tishlarini eslatadi. Jahannam shamollarida chayqalib, buralib turgan bambuk parda ortida uzun qora sochlari, yasan-tusan libosini olov tili yalab borayotgan sohibjamol ayol; uning qaddi-basti jizg‘anak bo‘lib kuyayotgani tasvirda shunday bo‘lsa, aslida qanday yuz berganini o‘zingiz bilib olavering. Chidab bo‘lmas azob chekayotgan ayol, charsillab, qarsillab yonayotgan arava – tasvirdagi do‘zax azoblarini ko‘rib beixtiyor titrab-qaqshaysan, kishi. Bu shundayin noinsoniy san’at namunasi ediki, tasvirga qaraganingda beixtiyor ko‘zlaring jimirlab ketadi, quloqlaring dahshatli qiy-chuvni eshitganday bo‘ladi, kechalari uyqularing qochib, bosinqirab chiqasan.
Ha, mana shunaqa asar, uni chizish uchun o‘sha dahshatli hodisa yuz bergan edi. Axir Yosixidening o‘zi ham jahannam azoblarini qanday qilib bu qadar jonli tasvirlay oldi ekan? Bunday asarni yaratish uchun u shunday azob-uqubatlarni boshdan kechirdiki, pirovardida hayotning qizig‘i qolmadi. Aytish mumkinki, tasvirdagi do‘zax – Yosixidening o‘zi – mamlakatning peshqadam musavviri tushadigan do‘zaxning o‘zi edi. Do‘zax azoblari aks etgan bu g‘aroyib parda haqida so‘zlashda shoshma-shosharlik qilgandirman, chog‘i. Keling, endi barini tartib bilan davom ettiray va Yosixide zoti oliylaridan do‘zax azobini tasvir etishga qay tariqa buyruq olganiga o‘tay.
Besh-olti oylar Yosixide saroyda umuman ko‘rinmadi va faqat o‘z mashg‘uloti bilan band bo‘ldi. G‘alati hol, o‘ziga-o‘zi: “Xo‘p, ishga kirishaman!” – deyishi bilan bu bolajon ota hatto qizini ham unutdi. Yuqorida eslatib o‘tganim shogirdining menga aytishicha, Yosixide ishga tutingan chog‘larda bamisoli uning ichiga tulki joylashib olganday bo‘larkan. Rost, o‘sha kezlarda Yosixide baxt ma’budiga ont ichgani tufayli o‘ziga nom orttirgan, shuhrat qozongan degan gaplar tarqalgandi. Buning isboti uchun aytishardiki, Yosixide ishlayotgan chog‘da sekin nazar tashlansa, uning atrofida – oldida, orqasida, yon tomonlarida tulkilar sharpasi gir-gir aylanarmish. Shunisi ham rostki, mo‘yqalamni qo‘lga olishi bilan u o‘z ishidan boshqa hamma narsani butkul unutarkan. Kechasiyu kunduzi uyda qamalib o‘tirar, tashqariga kam chiqar ekan. Do‘zax azoblari chizilgan parda tayyor bo‘lganda u haqiqiy fidoyiga aylangandi. Bu ham yetmaganday, xonasida kunduzi ham pardalarni tushirib, sham yorug‘ida sirli ravishda bo‘yoqlarni ezib, iylab yoki shogirdlariga suykan yoxud karigina* kiydirib, har qaysisidan sinchiklab nusxa ko‘chirarkan. Bunday g‘alati qiliqlardan hech qachon, hatto do‘zax azoblarini chizayotganda, istagan yumushni ado etayotganda ham voz kechmas ekan. Ryuygadzi ibodatxonasida “Hayot va o‘lim almashinuvi” tasvirini chizish jarayonida ko‘chada cho‘zilib yotgan murdalar oldida bemalol o‘tirib olib – bunaqa paytlarda boshqa har qanday odam shartta burilib jo‘naydi – buzilib, irib ketayozgan qo‘l, oyoq, yuzlardan erinmay nusxa olarkan. Qanday qilib bunga jur’ati yetadi – tushunish qiyin. Hammasini aytishga vaqt yetmas, lekin eng muhimini hikoya qiladigan bo‘lsak, voqea mana bunday yuz bergandi.
Bir kuni Yosixidening eslatib o‘tganim shogirdlaridan biri bo‘yoqlarni ezib maydalayotganda nogoh uning yoniga kelib:
– Men jinday mizg‘ib olmoqchiman. Keyingi paytlarda faqat yomon tushlar ko‘rayapman, – deydi.
Buning hech hayron qoladigan joyi yo‘q edi, shuning uchun shogirdi ishini to‘xtatmay javob beradi:
– Yaxshi.
Lekin Yosixide – vo ajabo! – bag‘oyat g‘amgin qiyofada, xijolatpazlik bilan iltimos qiladi:
– Men uxlayotganimda yonimdan ketmay turasanmi?
Usta qandaydir tushlarni yuragiga qattiq olgani shogirdga g‘alati tuyuladi, lekin iltimosi osonligi uchun rozi bo‘ladi. Shunda usta yana bezovta bo‘lib, uyalib davom etadi:
– Unday bo‘lsa, narigi xonaga o‘t. Agar boshqa shogirdlar kelsa, yonimga kirishmasin.
Bu o‘sha – pardalar tushirilib, sham yorug‘ida tasvirning hozircha qalam bilan chizilgan xomaki nusxasi tayyor bo‘lgan xona edi. Xonaga kirishganda, Yosixide boshini tirsagiga qo‘yib, charchab tamom holdan toyganday qattiq uxlardi. Lekin ko‘p o‘tmay yonida o‘tirgan shogirdining qulog‘iga qandaydir notanish, xuddi olisdan kelayotganday dod-faryodlar chalina boshlaydi.

VII

Tobora balandlashayotgan ingroqlar, fig‘onlar ko‘p o‘tmay to‘xtovsiz dod-faryodga aylandi – go‘yo cho‘kayotgan odam suv yutib qichqirayotganday.
– “Nima deding?” – “Oldimga kel!” – “Qayerga kelay?” – “Do‘zaxga kel. Olovli do‘zaxga kel!” – “Kimsan o‘zing? Men bilan gaplashayotgan kim? Kim deding?” – “Kim deb o‘ylaysan, kim?”
Shogird beixtiyor bo‘yoqni ezishni to‘xtatdi va qo‘rqa-pisa ustaga qaradi: cholning ajinli yuzi oqarib ketgan, peshonasidan reza-reza ter chiqar, siyrak tishli og‘zi, quruqshagan lablari katta ochilgan, go‘yo nafasi qisayotganday edi. Og‘zida nimadir, xuddi ipda tortganday tez-tez qimirlardi – ha, ha, bu uning tili edi. Uzuq-yuluq so‘zlar shu yo‘ldan chiqayotgandi.
– “Kim deb o‘ylaysan, kim?” – “Ha, bu men”. – “O‘zim ham sen deb o‘ylagan edim. Sen menga keldingmi? Kel!.. Do‘zaxda meni qizim kutayapti”.
Shogirdini vahima bosadi, xuddi pardadan qandaydir liqilloq, allambalo soyalar sirg‘alib tushayotganday tuyuladi. Turgan gapki, shogird qo‘lini Yosixidega cho‘zib, uyg‘otish uchun joni boricha turta boshlaydi, lekin usta uyquda hamon alahlar, sira uyg‘onmasdi. Shunda shogirdi o‘zini tutib olib, ustaning yuziga mo‘yqalam yuvadigan suvdan sepadi.
– U kutayapti, aravaga o‘tir… O‘tir bu aravaga va do‘zaxga jo‘na!..
Shu ondayoq uning so‘zlari ingrashga aylanadi, xuddi birov tomog‘idan bo‘g‘ayotganday. Yosixide ko‘zini ochdi-da, nina sanchilgandek sapchib o‘rnidan turib ketdi. Lekin hali ham tushida ko‘rgan g‘aroyib hodisalar og‘ushida bo‘lsa kerak, bir muddat og‘zini katta-katta ochgancha qo‘rqa-pisa qarshisiga qaradi-da, nihoyat, o‘ziga kelib buyurdi:
– Men endi yaxshiman, chiq!
Ustaga gap qaytarib bo‘lmasligi, aks holda hayfsan olishini bilgan shogirdi xonadan chiqdi, quyoshning yorug‘ nurini ko‘rib yengil nafas oldi, yomon tush ko‘rib uyg‘onganday sezdi o‘zini.
Bu hali hech narsa emas, bir oy chamasi vaqt o‘tgach Yosixide xonaga boshqa shogirdini chaqiradi. Kirganda mo‘yqalamni tishlagan ko‘yi shamning xira nurida o‘tirgan usta shogirdiga keskin o‘girilib deydi:
– Eshit, sendan iltimos, yalang‘och bo‘lib yechin!
Avvallari ham usta bunaqa buyruqlar berardi, shu bois shogird ko‘p ajablanmasdan kiyimlarini bir-bir irg‘itib qip-yalang‘och bo‘lib oladi. Shunda Yosixide g‘alati qiyshayib:
– Men zanjirlangan odamga qaramoqchiman, seni urintirayotganimga achinaman, biroz iltimosimni bajarib tur, – deydi sovuqqonlik bilan. Bu shogird qaddi-qomati kelishgan, qo‘llari mo‘yqalam tutishdan ko‘ra qilich tutishga loyiq azamat yigit – hatto qo‘rqib ketadi. Keyinchalik bu voqeani xotirlab nuqul takrorlardi: “Usta aqldan ozmadimi, meni o‘ldirish niyati yo‘qmidi, deb o‘yladim”. Lekin yigitning taraddudlanishi ustaning sabr-kosasini to‘ldirgandi, chamasi, qo‘llariga qayerdadir yotgan ingichka temir zanjirni olib, dushmanga tashlangan odamday shaxd bilan shogirdining yelkasidan ushlaydi, kuch bilan qo‘llarini qayirib, gavdasini zanjir bilan o‘rab chiqadi va bir uchidan qattiq tortadi, muvozanatini yo‘qotgan shogird gurs etib polga qulaydi.

IX

Ayni damda shogird to‘ntarilgan sake shishasini eslatardi, qo‘l-oyoqlari shafqatsiz bog‘lab-chirmab tashlangani bois faqat boshini qimirlata olardi. Buning ustiga zanjir tanasini shunday siqqandiki, tomirlarida qon to‘xtab qolganday edi, faqat yuzi va ko‘kragi emas, butun tanasi qip-qizarib ketgandi. Lekin bu Yosixideni zarracha bo‘lsin bezovta qilmas, u ag‘darilgan shishaga o‘xshash gavda atrofida aylanib, har tomondan unga razm solib qarar ekan, birin-ketin chizmalar chizardi. Shogird qanday azob-uqubat chekayotganini aytmasa ham bo‘ladi. Kutilmagan bir hodisa yuz bermaganda bu azob hali-veri tugamaydiganday edi. Baxtiga (baxtsizligiga deyish to‘g‘ri bo‘lar balki) xona burchagidagi xumchadan birdan qoramoy to‘kilganday bir nima oqib chiqdi. Boshda yopishqoq suyuqlik sekin jilganday edi, lekin bora-bora tezroq o‘rmalay boshladi, yaltirab shogirdning burni oldiga kelib to‘xtadi. Shunda u hushidan ketayozib zo‘rg‘a ingradi: “Ilon, ilon!” Ilonning sovuq tili sal bo‘lmasa zanjir chirmagan gavdasiga tegib ketay dedi. Bu kutilmagan holat hatto berahm Yosixideni ham cho‘chitib yubordi. Shoshib mo‘yqalamni tashladi-da, egilib ilonning dumidan ushladi, boshi osilib qolgan ilon aylanib to‘lg‘onar, lekin harchand urinmasin boshi ustaning qo‘liga yetmasdi.
– Shunday rasmni yo‘qqa chiqarding, – jahl bilan po‘ng‘illadi usta, ilonni burchakdagi xumchaga tashlarkan. So‘ng istamaygina zanjirni yechdi. Shuncha narsa bo‘lib o‘tdi-yu, biroq shogirdiga loaqal minnatdorchilik ma’nosida bir so‘z ham qotmadi. Shogirdini ilon chaqishi mumkinligi xavfidan ko‘ra rasm chiqmay qolganiga ko‘proq xafa bo‘ldi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, nusxa olish uchun ilonni atayin saqlab yurgan ekan.
Uning haddan tashqari berilib, shiddatli ishlashini tasavvur etish uchun shu yetar, shekilli. O‘rni kelganda boshqa bir shogirdi – o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli o‘spirin do‘zax azoblari chekilgan parda sabab o‘lib ketishiga oz qolganini ham aytib o‘tay. Bu bolaning badani ayollarnikiday oppoq edi. Bir kuni usta uni xonasiga chaqiradi, o‘smir sira xavfsiramay boradi. Qarasa, Yosixide sham yorug‘ida qandaydir notanish qushga qo‘lidan ovqat beryapti. Qushning kattaligi mushukday edi. Ikki tarafdan turtib chiqqan qanotlari, katta, dumaloq qahrabo ko‘zlari ham mushuknikiga o‘xshardi.

X

Yosixide uning ishiga birov burnini tiqishiga toqat qilolmasdi. Hikoya qilganim ilon voqeasi ham shunday bo‘lgandi, umuman, xonasida nimalar qilinishini shogirdlariga aytmasdi. Chizadigan rasmiga qarab stolida kutilmagan narsalar, goh bosh suyagi, goh kumush zo‘ldirchalar, yaltiroq patnislar paydo bo‘lardi; bularni keyin nima qiladi, hech kim bilmasdi. Baxt xudosi uni qo‘llaydi degan mish-mishlar boisi shu, shekilli. Shuning uchun bola bu notanish qush ham do‘zax azoblari chiziladigan pardaga kerakdir deb o‘yladi, chamasi, hurmat bilan so‘radi:
– Xo‘sh, xizmat?
Lekin Yosixide go‘yo uning gapini eshitmaganday qizil lablari bilan yalandi-da, iyagi bilan qushga ishora qildi.
– Nima, qo‘lga o‘rgatilganmi u? Qanaqa qush ekan? Bunaqasini hech ko‘rmagan edim, – dedi shogirdi quloqlari dikkaygan qushga xavfsirab qarar ekan.
– Nima, ko‘rmaganmiding? – tirjaydi Yosixide.– Shaharda tarbiya ko‘rgansan-da, attang… Bu qushni ukki deydilar, bir necha kun burun kuramalik ovchi sovg‘a qilgandi. Faqat qo‘lga o‘rgatilganlari kam uchraydi.
Shu so‘zlarni aytib oziqlanib bo‘lgan qushni sekin qo‘liga oldi va dumidan yuqoriga qarab silay boshladi. Yo tavba, shu zahoti qush vahimali qichqirgancha o‘tkir tirnoqlarini kerib bolaga tashlanib qolsami! Agar shogird qo‘llari bilan yuzini to‘sib qolmaganda naq g‘ajib tashlashi aniq edi. Qo‘rqqanidan qichqirib qo‘llarini silkitgancha ukkini haydashga urindi, ukki esa tumshug‘ini shaqillatib tag‘in bolaga tashlandi… Bolapaqir bu yerda ustoz borligini ham unutib tik turgan ko‘yi hamlani daf etar, dam o‘tirib haydamoqchi bo‘lar, yirqich qush esa goh tepaga ko‘tarilar, goh pastga sho‘ng‘ir, bolaning naq ko‘zini mo‘ljalga olardi, shu asnoda qanotlarini vahimali qoqishi, shildiratishidan bargi xazonningmi-ey, irigan mevaningmi-ey achimsiq, badbo‘yiga o‘xshash bir narsa kelardiki, buni dahshat desa kamlik qiladi. Shogirdning yuragi siqilib ketdi, shamning xira shu’lasi, ustozning sirli xonasi – bamisoli iblislar makon qurgan tog‘ darasini eslatdi.

XI

Lekin shogirdni qo‘rqitgan narsa ukkining hujumigina emasdi. Yo‘q, uning sochlari tikrayib ketishi boisi – Yosixidening bu to‘s-to‘polonga befarq qarab, xotirjam qog‘oz ochgani, mo‘yqalam olib dahshatli voqeani – o‘smirga yirtqich qush azob berayotganini chizayotgani bo‘ldi. Bir ko‘zini ochib, buni ko‘rgan yigitni qo‘rquv bosdi, hatto usta meni o‘ldirmoqchi, degan xayolga bordi. Chindan ham, usta bunday ishga qodir emas, deb bo‘lmasdi. Shogirdini qushning changaliga tashlash, jon holatda har yoqqa yugurishini chizish uchun atayin chaqirgan deb o‘ylash haqiqatga yaqinga o‘xshaydi. Shuning uchun shogird ustaning nima qilayotganini ko‘rgach, boshini qo‘llari bilan bekitdi-da, tovushi boricha baqirdi va xonaning eshikka yaqin burchagida bukchayib o‘tirib oldi. Shunda Yosixide qandaydir cho‘chib qichqirdi va o‘rnidan turdi, bu payt qush qanotlarini yanada qattiqroq silkitdi, quloqni qomatga keltiradigan gumburlash eshitildi, nimadir yerga qulab, singanday bo‘ldi. Qo‘rquvdan yarimjon holga kelgan o‘smir beixtiyor yengini tushirib, boshini ko‘tarib qarasa, xona qop-qorong‘i, faqat ustaning jahl bilan shogirdlarini chaqirayotgani eshitilardi.
Nihoyat, uzoqdan shogirdlardan biri tovush bergancha qo‘lida sham bilan shosha-pisha kirib keldi. G‘ira-shira yorug‘da sham ag‘darilgani, yer va gilamga moy to‘kilgani, bir qanotini zo‘rg‘a qoqayotgan ukki ko‘rinardi. Bir alfozda qotgan Yosixide stol ustidan zo‘rg‘a ko‘tarilib, esankiragan ko‘yi allanimalarni g‘o‘ldiraydi, hayratlanarlisi, ukkining oldida uning boshi va gavdasining yarmini o‘ragancha qora ilon yotardi. O‘smir bo‘sag‘a oldida bukchayib xumchani tushirib yuborgan bo‘lsa kerak, ilon o‘rmalab chiqqan, ukki uni cho‘qimoqchi bo‘lgan – to‘s-to‘polon shundan boshlangan. Shogirdlar bir-biriga qo‘rqib qo‘yishadi, ro‘y bergan g‘alati hodisadan hayratga tushishadi, tez-tez chiqib ketishadi. Keyin ukki va ilonga nima bo‘ldi – hech kim bilmaydi.
Bunday hodisalarning had-hisobi yo‘q. Aytishni unutibman – do‘zax azoblari chizilgan pardani yaratish ustaga kuzning boshida buyurilgan, mana, qishning yarmi ham o‘tibdiki, ustaning tentaknamo qiliqlaridan qo‘rqib yashashadi. Lekin qish oxirida ustaning ishi o‘ng kelavermadi, turqi yanada sovuqlashdi, asabiy tarzda gapiradigan bo‘lib qoldi. Pardadagi suvratning uchdan biri chizilgan ko‘yi boshqa siljimayotgandi. Ustiga-ustak musavvir ba’zan ilgari chizilgan rasmlarini ustidan bo‘yab tashlaydigan bo‘ldi – bu qancha davom etadi, noma’lum edi. Nimasi ko‘nglidagiday chiqmayapti – hech kim bilmasdi. Birontasi bilishga qiziqmasdi ham. Achchiq tajriba ko‘zini ochgan shogirdlar o‘zlarini yo‘lbars yoxud bo‘rining qafasiga qamalganday his etishar, ustaning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qilishardi.

XII

Bu orada hikoya qilishga arzigulik biror voqea bo‘lmadi. Faqat… qaysar chol yig‘laydigan odat chiqardi – bir o‘zi yolg‘iz qoldimi, ko‘z yosh to‘kardi. Shogirdlaridan biri menga aytib berdi. Bir marta nimagadir boqqa kirib qolgan ekan, shunda ko‘ribdi: usta ayvonda turib bahor osmoniga qararkan-u, ko‘zlari jiqqa yoshmish. Shogird o‘zini noqulay sezibdi, indamay burilib jo‘nab qolibdi. G‘alati emasmi, “Hayot va o‘lim almashinuvi”ni ko‘chalarda cho‘zilib yotgan murdalarga qarab chizgan takabbur bu odam asarini ko‘nglidagiday chiqarolmagani uchun boladay yig‘lab o‘tirsa.
Yosixide tasviri ustida jon kuydirib, aql-hushini yo‘qotgudek bo‘lib ishlar ekan, qizi nimagadir tobora g‘amgin bo‘lib borardi, bot-bot ko‘z yoshlarini qult-qult etib ichiga yutganini ham kuzatgandik. Hamisha o‘ychan, bosiq qiz ko‘zlari ichiga botib, tamom qayg‘uga cho‘mgan edi. Boshda biz taxmin qildik: balki otasini sog‘ingandir, balki ishq-muhabbat savdosiga giriftor bo‘lgandir. Keyin mish-mishlar tarqaldiki, go‘yo zoti oliylari uni o‘zlariga g‘unchachilikka mayl bildirganmish, shundan keyin gap-so‘zlar suv sepganday tinchidi-qoldi, uni unutib ham yuborishdi.
Bir kuni kechasi, posbonlar o‘rnini egallashganda, o‘zim yolg‘iz yo‘lakdan o‘tib ketayotgandim. Birdan qayerdandir maymuncha Yosixide chopib keldi-da, etagimdan tortqilay boshladi. Iliq tun, oy xira yoritib turibdi, olxo‘ri hidi dimoqqa uradi. Oy yorug‘ida ko‘rdimki – nima deb o‘ylaysiz? – maymuncha oppoq tishlarining oqini ko‘rsatgancha irshayib, basharasini bujmaytirib turibdi. Xuddi es-hushini yo‘qotganday. Hayron bo‘ldim, yangi kiyimimni tortqilaganidan ranjidim, itarib yuborib yo‘limda davom etmoqchi bo‘ldim-u keyin o‘yladim: axir bir gal xizmatkor uni xafa qilib, yosh janobning qahriga uchragandi-ku. Buning ustiga maymuncha bekorga shunday qilmasligi aniq edi. Gap nimadaligini bilmoqchi bo‘lib meni tortqilagan tomonga bir necha qadam tashladim. Yo‘lak burchakdan burilar, u yerdan qarag‘ay shoxlariaro hovuz ko‘rinib turar ekan, hovuz uzoqdan ham yarqirab ko‘zga tashlanarkan. Birdan xonadan xavotirli, ayni chog‘da allaqanday sokin shovqinni, kimlarningdir bahslashayotganini eshitib qo‘rqib ketdim. Tevarak-atrof jimjit, inson tovushi eshitilmas, faqat tun qorong‘isida baliqlar shatir-shuturi eshitilayotganday bo‘ladi. Bu tovushlarni tinglab beixtiyor to‘xtab qoldim. “Qarab tur, kimdir shumtakalik qilayotgan bo‘lsa, ko‘rsatib qo‘yaman!” – deb o‘yladim-da eshik tomon yo‘l oldim.

XIII

Maymunga imillayotganday tuyuldim, shekilli, u oyoqlarim ostida betoqat o‘ralashardi, keyin uni xuddi bo‘g‘ishayotgandek mungli ingray boshladi va bir sapchib yelkamga minib oldi. Men beixtiyor boshimni yon tomonga burdim, undan qutulmoqchi bo‘lganimda maymuncha yerga tushmasdan yengimga yopishib oldi, men o‘zimni yo‘qotib chayqalib ketdim. Sustkashlik qiladigan vaqt emasdi. Tez eshikni ochdim-da, oy yorug‘i tushmagan xonaga kirmoqchi bo‘ldim, biroq qo‘rqib to‘xtab qoldim, negaki qarshimda o‘qdek otilib chiqqan qandaydir ayol paydo bo‘ldi. Eshikda menga to‘qnashib ketishiga oz qoldi, tashqariga chiqasolib tizzasi bilan yiqildi, entikkancha menga vahimali tikilar ekan, go‘yo qarshisida dahshatli bir maxluq ko‘rgandek edi. U Yosixidening qizi edi. Lekin bu kech qiz hech o‘ziga o‘xshamasdi. Ko‘zlari katta-katta ochilgan, yonoqlari qizarib ketgan. Bo‘lmasa, g‘ijimlangan kiyimlari har doimgi, yoshlik chog‘laridagiday ko‘rk, joziba berib turardi. Nahotki bu Yosixidening o‘sha noziknihol, hurkak qizi bo‘lsa! Devorga suyanib qizning oy yorug‘ida balqib turgan ofatijon jamoliga mahliyo bo‘lib, kimningdir shoshqin qadamlariga quloq solar ekanman, ko‘zlarim beixtiyor “Kim u?” derdi. Lekin qiz, lablarini tishlagancha, jimgina bosh chayqadi. Ko‘rinishi parishon, dili siyoh edi. Shunda men egilib, labimni qulog‘iga tekkizib shipshidim: “Kim?” U yana bosh chayqadi va hech narsa demadi. Uzun kipriklarida yosh o‘ynab turar, lablari yanada qattiqroq qimtilgan edi.
Men tabiatan to‘poriroqman, hammaga tushunarli narsalardan boshqasiga fahmim yetavermaydi. Shu bois yana nimadir deyishim kerakligini bilmadim, bir muddat eshik yonida qimir etmay, yuragim urishiga quloq solganday turib qoldim. Undan yana nimalarnidir so‘rash yaxshi emasligini angladim…
Bu holat qancha davom etdi, bilmadim. Nihoyat, eshikni itardim, biroz o‘ziga kelgan qizga qarab, iloji boricha yumshoq ohangda: “Xonangga bora qol”, dedim. So‘ng ko‘nglimda qandaydir xavotirlik paydo bo‘ldi: go‘yo allaqanday noxush, nojoiz narsani ko‘rganday, o‘zimni noqulay sezib – kimning oldida bilmayman – yo‘limda davom etdim. Lekin o‘n qadamcha ham yurmagan edimki, kimdir orqamdan kelib etagimdan tortganday bo‘ldi. Cho‘chib ortimga qaradim. Xoh ishoning, xoh ishonmang – oyoqlarim ostida maymun Yosixide turibdi, oltin qo‘ng‘iroqlarini jiringlatib odamga o‘xshab menga nazokat bilan ta’zim qilayapti.

XIV

Ushbu voqeadan keyin oradan bir oycha vaqt o‘tdi. Bir kuni Yosixide kutilmaganda saroyga keldi-da, zoti oliylarining qabuliga kirmoqchi ekanligini so‘radi; musavvir past tabaqadan bo‘lsa ham zoti oliylarining marhamatiga noil odam edi. Va zoti oliylari, garchi uning qabuliga kirish oson bo‘lmasa-da, bu safar bajonidil rozilik berdi va darhol uni huzuriga chorladi. Yosixide hamishagi qoramtir-sariq kariginasi va g‘ijimlangan momiebosida edi: qovog‘i odatdagidan ham soliq bo‘lib, zoti oliylariga tavoze qildi va xirildoq ovozda so‘z boshladi:
– Gap do‘zax azoblari tasvirlangan parda ustida. Siz, zoti oliylari, uni chizishni menga buyurgan ekansiz. Men kuch-g‘ayrat bilan qo‘lga mo‘yqalam olib, kechayu kunduz ishlab talay muvaffaqiyatga erishdim. Ishimning katta qismi bajarib bo‘lingan.
– Ajoyib. Men xursandman.
Ammo zoti oliylarining ovozi qandaydir sust, ruhsiz chiqdi.
– Yo‘q. Hech qanday ajoyibligi yo‘q! – Yosixide jahli chiqqan alfozda ko‘zini yerga tikdi. – Ishning katta qismi qilingan. Lekin bitta narsani hech chizolmayapman.
– Bu nima deganing? Nega chizolmayapsan?
– Ha, chizolmayapman. Hech qachon ko‘rmagan narsamni chizgan emasman. Chizganda ham ko‘nglimdagiday chiqmaydi. Demak, baribir chizolmayman.
Bu so‘zlarni eshitib zoti oliylari istehzoli kulimsiradi.
– Demak, do‘zax azoblari chizilgan pardani yaratish uchun do‘zaxni ko‘rishing kerak ekan-da, a?
– Shunday. Zoti oliylari, haqiqatni aytishga izn bering. Bir necha yil burun, katta yong‘in vaqtida o‘z ko‘zlarim bilan shunday shiddatli olovni ko‘rgandimki, do‘zax alangasi o‘rnini bosar edi. “Yodziri-Fudo” suratida alangali yong‘inni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun aniq tasvirlagan edim. Zoti oliylari, bu asarimni bilarsiz?
– Gunohkorlarni-chi? Do‘zax malaylarini ko‘rmagan bo‘lsang kerak!
Zoti oliylari shunday qiyofada, og‘ir ohangda savollarni qalashtirib tashladiki, ular go‘yo Yosixidega yetib bormaganday edi.
– Men zanjirlangan odamni ko‘rdim. Boshqa odamni yirtqich qush azoblaganini to‘liq chizdim. Meni gunohkorlarning azoblanishini mutlaqo bilmaydi, deb bo‘lmaydi… Do‘zax malaylari… – Yosixide zaharxandalik bilan tirjaydi, – do‘zax malaylari tushimda ham, o‘ngimda ham ko‘p bor oldimga kelgan. Buqabashara shaytonlar, uch yuzli, olti qo‘lli otkalla kaslar ohista qarsak chalib, og‘izlarini shovqinsiz ochib kun bo‘yi, tun bo‘yi meni qiynash, azoblash uchun kelishadi. Yo‘q, men istamayman, chizolmayman – bu boshqa narsa.
Bunday keskir gaplar hatto zoti oliylarini ham hayratlantirgan bo‘lishi kerak. Zoti oliylari bir muddat Yosixidega norozi bo‘lib qaradi-da, qoshlarini viqor bilan kerib, uzib-uzib so‘z qotdi:
– Ayt, nimani chizolmaysan?

XV

– Men pardaning qoq o‘rtasiga yuqoridan arava qulab tushayotganini chizmoqchiman.
Shunday deb Yosixide birinchi bor zoti oliylariga teshib yuborguday tik qaradi. Chizgan suvratlari haqida gapirayotib u aqldan ozar darajaga yetadi, deb eshitgandim. Ayni daqiqada uning qarashi chindan-da qo‘rqqulik edi.
– Aravada, – davom etdi musavvir, – go‘zal saroy ayoli alanga ichida qora sochlarini to‘zg‘itib, to‘lg‘anib azob chekib turishi kerak. Tutundan nafasi bo‘g‘ilib, qoshlari qiyshayib, yuzini orqaga tashlaydi. Balki o‘t yomg‘irlaridan qutulish uchun qo‘llari g‘arov pardalarini tortqilaydi. Uning ustida tumshuqlarini shiqirlatib o‘nta, yigirmata yirtqich qush gir-gir aylanib uchib yuradi… Aravadagi mana shunday xonimni hech-hech chizolmayapman!
– Xo‘sh, nima bo‘ladi? – negadir mamnun qiyofada musavvirni shoshiltirdi zoti oliylari.
Yosixide bezgak xuruj qilganday titroq qizil lablari bilan tag‘in bir marta, xuddi tushdagiday, takrorladi:
– O‘shani, saroy xonimini chizolmay turibman… – Va birdan keskin, birovga tashlanganday, qichqirdi: – Zoti oliylari, iltimos, ko‘zim oldida aravani yondirsangiz. Undan tashqari, mumkin bo‘lsa…
Zoti oliylarining yuzi qorayib ketganday bo‘ldi, birdan baland ovozda qah-qah urib kuldi va kulgisini bosib, dedi:
– So‘raganlaringning barini bajaraman. Mumkinmi-mumkin emasmi – buni muhokama qilishga o‘rin yo‘q.
Bu gaplarni eshitgan zahoti yuragim o‘rtanib, qo‘rqib ketdim. Ha, chindan ham, zoti oliylarining qiyofasi, vajohati o‘zgacha edi – og‘zi ko‘pikli, qoshlari chimrilgan – go‘yo Yosixidening jinniligi unga yuqqanday… Zoti oliylari jim qolgan bo‘ldi, lekin birdan xayolidan nimadir o‘tdi, chog‘i, qattiq kulib dedi:
– Aravani yondiraman! Unga saroy xonimlarining yasan-tusan libosidagi ko‘rkam ayolni o‘tqazaman. So‘ng aravadagi ayol alanga va qora tutun ichida azoblanib o‘ladi. Shuni tasvirlayman degan fikrga kelgan rassom, haqiqatan ham, dunyodagi eng yetuk san’atkor! Maqtagulik. Ha, maqtagulik!
Zoti oliylarining bu so‘zlarini eshitib, Yosixidening birdan rangi oqarib ketdi. Faqat go‘yo og‘zi bilan havo simirayotgandek, bilinar-bilinmas qimirlar edi. Keyin birdan butun vujudi bo‘shashdi, qo‘llarini yerga tekkizib sekin, eshitilar-eshitilmas ovozda minnatdorchilik bildirdi:
– Bu buyuk baxt!
Zoti oliylari bu so‘zlarni irod etar ekan, yovuz niyati butun dahshati bilan ko‘z o‘ngiga kelgan bo‘lsa kerak. Umrim davomida faqat hozir bir martagina unga rahmim keldi.

XVI

Bu voqea ikki-uch kundan keyin kechasi sodir bo‘ldi. Zoti oliylari, va’dasiga muvofiq, aravaning ko‘zi oldida yonishini ko‘rishi, chizishi uchun Yosixideni chaqirishlarini buyurdi. Turgan gapki, bu Xarikava daryosi bo‘yidagi saroyda ro‘y bergan emas. Aravani bir vaqtlar zoti oliylarining singlisi istiqomat qilgan shahar chetidagi villada yoqishdi. Villani oddiygina qilib, Yukige saroyi deb atashardi.
Ushbu Yukige saroyida ko‘pdan beri odam yashamasdi, kattagina bog‘ qarovsiz qolgan, butkul tashlandiq holga kelgan edi. Zoti oliylarining bu yerda vafot etgan singlisi haqida turli mish-mishlar yurardi, go‘yo hozir ham qorong‘i kechalarda uning qizil kiyimi uzun ayvon bo‘ylab, yerga tegmay, sirli suratda muallaq yurarmish. Bu yer kunduz kunlari ham qorong‘i, vahimali edi. O‘shanda ham oysiz, qorong‘i tun edi. Shamlar yorug‘ida zoti oliylarini saroy libosi – sariq naosi* va gerbli to‘q qizil hakamada* ayvon chetida oyoqlarini chalishtirib, oq hoshiya qadalgan yostiqqa suyanib o‘tirganini ko‘rish mumkin edi. Uning atrofida yaqinlari ta’zim qilib turishardi. Ular ichida bir polvon yaqqol ko‘zga tashlanardi. Aytishlaricha, yaqinda Mitinoku urushida u och qolib odam go‘shtini yegan, shundan beri tirik bug‘uning shoxlarini sindiradigan kuchga ega ekan. Polvon keng belbog‘ taqib, qilichi sopini yerga tirab, haybati-salobati bilan mag‘rur turardi. Shamol sham yorug‘ini tebratganidan odamlar goh ko‘rinib, goh g‘oyib bo‘lar, bularning bari tushga o‘xshar va negadir qo‘rqinch tug‘dirardi.
Bog‘da esa tilla bezaklarini yaltiratib, qo‘shilmagan, shotisi yerga tiralgan arava turardi. Uning tepasini qalin tuman qoplagan, bel, oyoqlar sovuqdan junjikar, ko‘klam yaqinlashayotgani sezilib turardi. Guldor uqali ko‘kish g‘arov pardasi tushirib qo‘yilganidan ichida nima borligi ma’lum emasdi. Arava atrofida qo‘llarida mash’al tutgancha tutuni ayvonga o‘tmasligiga ko‘z-quloq bo‘lib xizmatkorlar shay turardi.
Yosixidening o‘zi uzoqda, ayvon qarshisida cho‘kka tushib o‘tirardi. Hamishagi kariginu va g‘ijim telpagi – momiebo boshida qandaydir juda kichkina, ayanchli bo‘lib ko‘rinardi, go‘yo yulduzli osmon uni bosib, ezib turganday. Uning ortida xuddi shunday kostyumda ustaga hamrohlik qilgan shogirdi o‘tiribdi. Ikkovi ham uzoqda, qorong‘i joyda bo‘lgani uchun ayvon tagidagi o‘rnimdan hatto kostyumlarining rangini ilg‘ay olmadim.

XVII

Vaqt yarim tunga yaqinlashib borardi. Bog‘, dov-daraxtlar va ariqchalarni chulg‘agan qorong‘ilik hamma tovushlarni yutib yuborgandi, sukunatda hatto nafas olishing ham eshitgulik; yengil shabadada qurum hidi va mash’al tutuni atrofga taraladi. Zoti oliylari birmuncha muddat ushbu antiqa manzarani jimgina tomosha qilib turdi-da, keyin engashib, keskin ovozda chaqirdi:
– Yosixide!
Musavvir nimadir deb javob qaytargan bo‘ldi, lekin qulog‘imga notanish ingroq eshitilganday bo‘ldi.
– Yosixide! Bugun men, sen xohlaganday, aravani yoqaman!
Shunday deb hukmdor yaqinlariga naridan-beri nazar tashladi. Bu daqiqada ular bir-birlariga ma’nodor qarab, kulimsirab qo‘yishdi, balki menga shunday tuyulgandir. Yosixide boshini ko‘tardi va ayvonga hurmat yuzasidan qarab qo‘ydi, lekin hech narsa demadi.
– Yaxshilab ko‘rib qo‘y! Bu men eng ko‘p yurgan arava. Sen uni, menimcha, taniysan. Hozir uni yondirmoqchiman va senga olovli do‘zaxni ko‘rsatmoqchiman, – zoti oliylari jim bo‘ldi va yana a’yonlariga nazar tashladi. Keyin birdan qat’iyat bilan dedi: – Ichida qo‘llari bog‘langan jinoyatchi ayol o‘tiribdi. Hozir aravani yoqishadi, gunohkorning tanasi yonib ko‘mirga aylanadi, azob chekib o‘ladi. Sening pardang uchun bu betakror qiyofa. Imkonni boy berma, oppoq terining alanga olishini ko‘r. Qora sochlari lovullab uchqun sachratishiga yaxshilab qara. – Zoti oliylari jim bo‘ldi, lekin keyin xuddi bir narsani eslaganday va kulib – bu safar eshitilmas darajada, faqat yelkalari titrab, dedi: – Bunday tomoshani asr oxirigacha ko‘rmaysan. Men ham uni tomosha qilmoqchiman. Qani, pardani ko‘taringlar. Ichida kim o‘tirganini Yosixide ko‘rib qo‘ysin.
Buyruqni eshitgan xizmatkorlardan biri mash’alni baland ko‘tarib arava yoniga bordi va bir zarb bilan pardani ko‘tarib yubordi. Mash’al alangasi aravaning ichini yoritdi. Beshafqatlarcha zanjirlangan ayol. O, kim adashgan bo‘lishi mumkin? Olcha gullari bilan bezangan serhasham ipak libosga yaltiroq qora sochlar tushib turar, unga taqilgan oltin to‘g‘nog‘ichlar chiroyli yarqirardi. Kostyumidan tanib bo‘lmasa ham nozik qomati, oppoq bo‘yni va ma’yus-iboli chehrasi… Bu Yosixidening qizi edi! Qichqirib yuborishimga oz qoldi.
Shu on ro‘paramda o‘tirgan polvon o‘rnidan turdi va qilichi dastasini mahkam siqqancha Yosixidega qahr-la qarab qo‘ydi. Qo‘rqib ketdim, Yosixidening esa es-hushidan ajrayozganini ko‘rdim. Bungacha tizzasi bilan pastga qarab o‘tirgan chol sapchib o‘rnidan turdi, ikkala qo‘lini oldinga cho‘zib, o‘zini unutib arava tomon otildi. Baxtga qarshi u mendan uzoq bo‘lgani va qorong‘iligi uchun yuz ifodasini ko‘rolmadim. Bunga achinishimga hali ulgurmay Yosixidening oqarib ketgan, qonsizlashgan yuzi, yo‘q, yuzi emas, butun gavdasi qandaydir ko‘rinmas kuch bilan bo‘shliqqa cho‘zilganday, zulmatni yorib, birdan ko‘z o‘ngimda aniq namoyon bo‘ldi. Zoti oliylarining “Yondiring!” so‘zi-ishorasi bilan xizmatkorlar mash’allarni otishdi, rassomning qizi o‘tirgan arava lov etib alanga oldi.

XVIII

Alanga aravaning tomini bir zumda qamrab oldi. Chetlariga osilgan nafarmon popuklar shamolda chayqalar, pastdan oqish tutun ko‘tarilar, ipak parda iplarimi, ayol libosi yenglarimi – yomg‘ir singari yog‘ilar, sonsiz uchqunlar sachrardi… Bundan-da dahshatlisi bo‘lmas! Alanganing olovli tili taxtiravonni qamrab, chirmab osmonga qarab o‘rlardi, buni qanday ifodalab bo‘ladi? Go‘yo ko‘kdan quyosh dumalab tushganday, dunyoni olov o‘z domiga tortganday. Dastlab men sal bo‘lmasa qichqirib yuborayozgandim, lekin endi qalbim huvillab qolgan, faqat og‘zimni ochgancha bu dahshatli manzaraga qarab turardim, xolos. Lekin ota Yosixide…
Yosixidening yuzini haligacha unuta olmayman. U o‘zini unutib aravaga tashlanmoqchi bo‘lgandi, lekin shu on lov etgan alangani ko‘rib to‘xtab qolgan, o‘sha yoqqa qattiq tikilgan, aravani o‘ragan tutun o‘ziga tortayotganday edi. Uning ajinli, xunuk yuzi olov yorug‘ida soqolining uchigacha ko‘rinar edi. Katta ochilgan ko‘zlari, qiyshaygan lablari, titrab-qaqshayotgan yuzi… Butun dahshat, tushkunlik, qo‘rquv yuziga qalqib chiqqan, qalbini o‘rtagan edi. Qatl oldidagi o‘g‘rida ham – o‘n ayb, besh jinoyat sodir etib jahannam qarshisida turgan gunohkorda ham bunday ayanchli, jafokash yuz bo‘lmasa kerak! Hatto kuchli polvonning ham rangi oqarib ketdi va qo‘rqib zoti oliylariga qaradi. Lekin hukmdor labini tishlagancha va ba’zan xunuk kulimsirab aravadan ko‘z uzmasdi. U yerda esa… ko‘rganlarimni aytishga menda na kuch, na ruh yetadi. Bu ayolning tutundan nafasi qaytib yuzini orqaga tashlashi, olovda to‘zg‘ib jingalak bo‘lgan uzun sochlar, olcha gullari bilan bezangan ko‘rkam libos – hammaning ko‘z o‘ngida olovga aylangani… O, bu qanday dahshat edi! Ayniqsa, tungi olov tutunni arava ichiga haydab, ikki tomonga yoyilgan alanga komida qizning og‘zini bog‘lagan lattani tishlamoqchi bo‘lib zanjirni uzgudek holatda uringan daqiqada, o, bu mash’um daqiqada, mendan boshlab anov polvongacha hammaning sochlari tikka bo‘lib ketgandi, biz o‘z ko‘zimiz bilan do‘zax azoblarini ko‘rayotgan edik!
Mana, tungi shamol daraxt uchlarigacha yetib, tebrata boshladi… Barcha shunday deb o‘ylagan edi. Qorong‘i osmon qa’ridan bunday tovush kelishi hamon birdan qora bir narsa, yerga tushmay, osmonda parvoz qilib, saroy tomidan to‘p singari yonayotgan aravaga otilib tushdi. Va tutab turgan to‘siqqa yopishgan qizning yelkasiga yopishdi-da, keskin, uzoq mungli chinqirdi… Yana… yana… chinqirdi. Hammamiz o‘zimizdan ketgudek bo‘lib qichqirib yubordik: alanga yorug‘ida yonayotgan qizga yopishib olgan sharpa maymuncha Yosixide edi.

XIX

Jonivor bir lahzagina ko‘zga tashlandi, xolos. Tillarang uchqunlar shu’lasi lov etib ko‘tarilgach, shu lahzada nafaqat maymuncha, qizgina ham burqiragan tutun orasida g‘oyib bo‘lishdi. Endi bog‘da aravagina charsillab, lovullab yonar edi. Yonayotgan arava emas, olovli ustun yulduzli osmon sari o‘rlamoqda edi, deyilsa to‘g‘ri bo‘lar…
Yosixide bu olovli ustun qarshisida toshdek qotib turardi. Lekin, taajjub: shunga qadar do‘zax azoblariga chidab berayotganday ko‘ringan odam, go‘yo hukmdor shu yerdaligini unutganday, qo‘llarini qovushtirib turar, ko‘zlari allaqanday, ifoda etib bo‘lmaydigan darajada, aytmoqchi edimki, o‘zini unutish darajasida chaqnar, porlar edi. Uni qizining qanday azobda o‘layotganini ko‘rmadi deb o‘ylash mumkin edi. Qip-qizil alanga go‘zalligi va olovda jizg‘anak bo‘layotgan ayol tanasi yuragiga zavq-shavq bag‘ishlar, tamom o‘ziga rom qilib olgan edi. Va uning nigohi, yakka-yagona qizining o‘lim talvasasini ko‘rayotgan onlardagi nigohi nurli edi, deyish kamlik qilar. Bu daqiqada Yosixideda sirli-sehrli, deyarli noinsoniy ulug‘vorlik zuhur etdiki, buni quturar darajada darg‘azab sherning ulug‘vorligiga o‘xshatish mumkin. Va hatto kutilmagan tungi alangadan qo‘rqib, qichqirib osmonda charx urayotgan sonsiz-sanoqsiz qushlar, hatto ular – balki shunday tuyulgandir – uning g‘ijimlangan telpagiga yaqin yo‘lashmas edi. Hatto rahm-shafqatdan begona qushlar ham bu g‘alati ulug‘vorlikni – Yosixidening boshiga qo‘ngan shuhrat tojini ko‘rishdi.
Hatto qushlar ham. Biz-ku hammamiz, xizmatkorlarga qadar, nafasimizni yutib, vujudimiz titrab Yosixidedan ko‘z uzmay qarab turdik, go‘yo yangi buddani ko‘rganday bo‘ldik, kimlar shodlandi, kimlar qayg‘uga cho‘mdi. Yonayotgan arava alangasi, osmonni yoritgan yog‘du, unga mahliyo bo‘lib tosh qotgan Yosixide… O, qanday ulug‘vorlik, qanday shod-xurramlik! Yolg‘iz bir odam – hukmdor yuqorida, ayvonda yuzi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, oqarib ketgan, og‘zi ko‘pik, ikkala qo‘li binafsha ipak yopilgan tizzasiga tiralgancha, tomog‘i qurigan yirtqich hayvon yanglig‘, nafasi qaytib, og‘zi bilan nafas olardi…

XX

Bu kecha zoti oliylari Yukige saroyida aravasini yoqqani o‘z-o‘zidan hamma joyda ovoza bo‘lib ketdi va turli mish-mishlar urchidi: hukmdor nega Yosixidening qizini yoqib o‘ldirdi? Rad qilingan sevgisi uchun o‘ch oldi deyishdi ko‘pchilik. Lekin zoti oliylarining fikri mutlaqo boshqacha bo‘ldi: u o‘z kartinasi, shon-shuhrati uchun aravani yoqish va odam o‘ldirishga ham tayyor darg‘azab rassomning ta’zirini berib qo‘ymoqchi edi. Haqiqatan ham, buni zoti oliylarining o‘z og‘zidan eshitgan edim.
Ko‘z o‘ngida qizi yonib kul bo‘lgan Yosixide tasviriy san’at asarini yaratishdek qat’iy niyatidan qaytmadi, aksincha, bu niyat unda kundan-kunga kuchayib bordi. Uni so‘kkanlar, haqorat qilganlar ko‘p bo‘ldi, odam qiyofali, hayvon yurakli yovuzga, chizgan ishi uchun otalik mehrini unutgan ablahga chiqarishdi. Yokagavalik ruhoniy ota ham shunday kufrona fikrda bo‘lib, ba’zan aytguvchi edi: “San’at, mahorat bobida qanchalik ustun bo‘lmasin, u abadiy munosabatlarning besh qonunini tushunmas, rioya etmas ekan, joyi – do‘zaxda”.
Bir oydan keyin do‘zax azoblari tasvirlangan parda, nihoyat, tayyor bo‘ldi. Yosixide uni darhol saroyga olib bordi va hurmat bilan zoti oliylari hukmiga havola etdi. Ayni shu payt o‘sha yerda bo‘lgan ruhoniy ota suvratga qarab, tasvirlangan do‘zax azobi, dahshatli olov bo‘ronini ko‘rib, hayratga tushdi. Ilgarilari Yosixidega xo‘mrayib qarab yurgan ota bu safar “Ajoyib!” deyishdan o‘zini tiyolmadi. Buni eshitgan zoti oliylari tirjayib qo‘yganini hamon esimdan chiqara olmayman.
Shundan beri hech kim, harqalay, saroyda, Yosixide haqida biror yomon gap aytmadi. Ehtimol, avvalgi g‘azab-nafratga qaramay, endi pardaga nazar solgan har bir kishi kartinaning g‘aroyib ta’siridan ezilib, olovli do‘zaxning beqiyos azoblarini ko‘z o‘ngiga keltirgandir, ehtimol.
Lekin bu paytda Yosixide tiriklar safida emasdi. Pardaga chizilgan suvratni tugatib, egasiga topshirgach, kelgusi tun o‘z xonasida o‘zini osib qo‘ydi. Yakka-yagona qizini yo‘qotgach, unda yashashga boshqa kuch, xohish qolmagan bo‘lsa, ajab emas. Uning jasadi ilgari uyi bo‘lgan joyga ko‘milgan, hozir ham o‘sha yerda. Aytganday, oddiy qabr toshi yillar davomida qor-yomg‘ir, shamol-do‘l ta’sirida po‘panak bosib, o‘t-o‘lan ko‘karib ketganidan kimning qabri ekanini hech kim bilmaydi.

Rus tilidan Saydi Umirov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 12-son
_____________
* Shi Xuan-di va Yan-di – Xitoy imperatorlari. Birinchisi eramizgacha III asrda, ikkinchisi eramizgacha VI asrda hukmronlik qilgan.
* Momiebo – qirrasi oldinga bukilgan erkaklar bosh kiyimi.
* Saruxide – maymun.
* Akome – eski zamondagi yapon libosi.
* Kissyoten – buddaviylik ma’budi.
* Fudo – gunohkorlarni jazolovchi buddaviylik ma’budi.
* Kavanari Kudara (780–853) – yapon rassomi.
* Kose-no Kanaoka – yapon rassomi.
* Ray – cholg‘u asbobi.
* Mondzyu – buddaviylik ilohi.
* Mandzi – qadimgi hind qarashlarida baxt va saxovat timsoli.
* Asida – yog‘och kovush.
* Suykan, karigina – ayollarning kalta ustki kiyimlari.
* Naosi – qadimgi saroy libosi.
* Hakama – erkaklarda – shalvor, ayollarda – yubka, ko‘ylak.