Zbignev Bjezinskiy. Buyuk shaxmat taxtasi (kitobdan boblar)

MUQADDIMA

QUDRATLI DAVLAT SIYoSATI

Taxminan 500 yil muqaddam qit’alar siyosiy jihatdan o‘zaro aloqa qila boshlaganlaridan beri Yevrosiyo jahon qudratining markazi bo‘lib keldi. Yevrosiyoda yashaydigan xalqlar, asosan, uning G‘arbiy Ovro‘pa qismida istiqomat qiluvchi xalqlar turli zamonlarda turli yo‘llar bilan dunyoning boshqa mintaqalariga kirib borganlar va u yerlarda hukmronlik qilganlar. Holbuki, shu vaqtning o‘zida ayrim Yevrosiyo davlatlari o‘zlari uchun alohida maqomga erishganlar va jahonning yetakchi davlatiga xos imtiyozlardan foydalanganlar.
XX asrning so‘nggi o‘n yilligida dunyo ishlarida kuchli zilzilalarga o‘xshab ketadigan siljishlar sodir bo‘ldi. Tarixda birinchi marta o‘laroq Yevrosiyoga mansub bo‘lmagan davlat — AQSh davlati nafaqat Yevrosiyo davlatlari orasidagi munosabatlarda qozikalonlik vazifasini o‘tadi, balki jahondagi eng qudratli davlat ham bo‘lib qoldi. Sovet Itifoqining mag‘lubiyati va barbod bo‘lishi G‘arbiy yarim sharda joylashgan Qo‘shma Shtatlarning yagona va haqiqatan ham tom ma’noda birinchi global davlat sifatida shohsupaga ko‘tarilishida eng so‘nggi sado bo‘ldi.
Lekin shunga qaramay, Yevrosiyo o‘zining geopolitik ahamiyatini saqlab qolmoqda. Nafaqat uning g‘arbiy qismi – Ovro‘pa jahonning siyosiy va iqtisodiy qudratining katta qismi jam bo‘lgan joy sifatida ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q, balki uning sharqiy qismi – Osiyo ham so‘nggi vaqtlarda iqtisodiy taraqqiyotning va tobora o‘sib borayotgan siyosiy ta’sirning hayotiy muhim markazi bo‘lib qoldi. Shunday qilib, global manfaatlarga ega bo‘lgan Amerika Yevrosiyo davlatlari o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni qanday qilib eplaydi va, ayniqsa, u xalqaro maydonda ustivor va antagonistik Yevrosiyo davlatining paydo bo‘lishining oldini ola biladimi degan savollar Amerikaning butun dunyo miqyosida hukmronligini amalga oshirishga qobilligini aniqlashda markaziy savollar bo‘lib qolmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, o‘z qudratining turli-tuman yangi qirralarini (texnologiyalar, kommunikatsiyalar, axborot tizimlari, savdo-sotiq va moliyaviy masalalar) rivojlantirishga qo‘shimcha ravishda Amerika o‘zining tashqi siyosatida geopolitik vaziyatni kuzatib borishni davom ettirmog‘i kerak va o‘zining Yevrosiyodagi ta’siridan shunday foydalanmog‘i joizki, buning oqibatida Qo‘shma Shtatlar siyosiy masalalarda qozikalon sifatida ish yuritayotgan qit’ada barqaror muvozanatni yuzaga keltirish mumkin bo‘lsin.
Binobarin, Yevrosiyo shunday bir shaxmat taxtasiki, unda jahonga hukmdorlik qilmoq uchun kurash davom etmoqda va bu kurash geostrategiyaga ham daxldordir, ya’ni geopolitik manfaatlarni strategik boshqarishni taqozo etadi. Shuni qayd qilmoq kerakki, qadim o‘tgan zamonlarda emas, yaqinda – 1940 yilda jahonda hukmdorlik qilishga da’vogar bo‘lgan ikki odam – Adolf Gitler va Iosif Stalin – 1940 yilning noyabr oyidagi maxfiy muzokaralar vaqtida ma’nosi ayon ko‘rinib turgan bitim tuzishgan edi. Bu bitimga ko‘ra Amerika Yevrosiyodan chetlatilishi kerak edi. Ularning har qaysisi shuni yaxshi tushunganki, Amerikaning qudrati Yevrosiyoga yoyiladigan bo‘lsa, bu ikki arbobning jahonda hukmdorlik qilish masalasidagi da’volariga chek qo‘yadi. Ularning har qaysisi Yevrosiyo dunyoning markazidir va kimda-kim Yevrosiyoni nazorat qilsa, u butun dunyoning ustidan ham nazorat o‘rnata oladi degan nuqtai nazarga ega bo‘lgan. Oradan yarim asr o‘tgach, masala boshqacharoq tarzda qo‘yila boshladi: amerikaliklarning Yevrosiyodagi ustivorligi yana davom etadiki va undan qanday maqsadlarda foydalanish mumkin?
Amerika siyosatidan kuzatilgan pirovard maqsad ezgu va yuksak bo‘lmog‘i kerak. Bu – insoniyatning uzoq muddatli tamoyillari va fundamental manfaatlariga muvofiq tarzda chindanda hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan jahon hamjamiyatini barpo etishdir. Ammo bir narsani nazardan soqit qilmaslik kerak – siyosiy maydonda Yevrosiyoda hukmronlik qilishga qodir bo‘lgan, binobarin, Amerikani kurashga chorlay oladigan raqibning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shu vajdan mazkur kitobdan kuzatilgan maqsad – keng qamrovli va izchil Yevrosiyo geostrategiyasini shakllantirib berishdir.

Zbignev Bjezinskiy

4-bob
“QORA O‘PQON”

1991 yilning oxirida hududi jihatidan dunyoda eng katta bo‘lgan davlatning yemirilishi Yevrosiyoning qoq markazida “qora o‘pqon”ning maydonga kelishiga yordam berdi. Bu – quruqlikning markaziy va geopolitik jihatdan muhim qismini yer yuzidan supurib tashlaganday bir voqea bo‘ldi.
Amerika uchun yangi va boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadigan bu yangi gepolitik vaziyat g‘oyatda muhim hodisadir. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bunga darhol javob qaytarish vazifasi tug‘ildi. Bu vazifa – iloji boricha siyosiy boshboshdoqlik tug‘ilishi imkoniyatini kamaytirishdan yoxud parchalanib ketayotgan bo‘lsa-da, hali-hanuz juda qudratli yadroviy arsenalga ega bo‘lgan davlatda biron-bir dushmanlik ruhidagi diktaturaning tiklanishiga yo‘l quymaslikdan iborat edi. Uzoq muddatli vazifa esa quyidagilarda namoyon bo‘ladi: qanday qilib Rossiyadagi demokratik o‘zgarishlarni hamda iqtisodiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlash kerag-u, ayni chog‘da Yevrosiyo imperiyasining yana qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka erishsa bo‘ladi? Bundan imperiya Amerikaning geostrategik maqsadini ro‘yobga chiqarishga xalaqit berardi. Amerikaning geostrategik maqsadi esa hozirgidan yirikroq yangi Yevroatlantik tizimni barpo etishdan iboratdir. Rossiya kelajakda bu tizim bilan mustahkam va ishonchli tarzda bog‘langan bo‘ladi.

ROSSIYaNING YaNGI GEOPOLITIK AHVOLI

Sovet Ittifoqining halokati qudratli Sovet-Xitoy kommunistik blokining asta-sekin yemirilishida so‘nggi bosqich bo‘ldi. Bu blok nisbatan qisqa muddatda o‘z hududini Chingizxon tasarrufidagi yerlarga tenglashtirib oldi, ba’zi bir zonalarda esa hatto undan oshib ham ketdi. Ammo transkontinental xarakterdagi Yevrosiyo bloki uncha ko‘p yashamadi, Tito Yugoslaviyasining undan ajralib chiqishi va Mao Xitoyining itoatdan bosh tortishi millatchilik intilishlari qarshisida kommunistik blokning ojizligidan dalolat berar edi. Millatchilik intilishlari mafkuraviy sirtmoqlardan kuchliroq bo‘lib chiqdi. Xitoy-Sovet bloki o‘n yilga yaqin umr ko‘rdi, Sovet Ittifoqi esa taxminan 70 yilcha yashadi. Ammo geopolitik jihatdan ko‘p asrlik tarixga ega boshqaruv markazi Moskvada bo‘lgan buyuk Rossiya davlatining barbod bo‘lishi yanada muhimroq hodisa bo‘ldi. Bu imperiyaning parchalanib ketishi sovet tuzumining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy halokati tufayli tezlashdi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, uning illatlarining ko‘p qismi mamlakatda mavjud bo‘lgan maxfiylik tizimi va o‘z qobig‘iga berkinib olish vajidan deyarli eng so‘nggi damlarga qadar saqlanib qolgandi. Shuning uchun butun dunyo Sovet Ittifoqining juda tez sodir bo‘lganday ko‘ringan yemirilishi qarshisida lol qoldi. 1991 yil dekabr oyida atigi ikki hafta mobaynida avval Rossiya, Ukraina va Belorusiya respublikalarining boshliqlari namoyishkorona tarzda Sovet Ittifoqining tarqab ketganini e’lon qilishdi, keyin uning o‘rniga mujmal bir tuzum barpo etishganini aytishdi. Bu tuzumga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi deb nom qo‘yishdi. U Boltiqbo‘yi respublikalardan boshqa hamma sobiq Sovet respublikalarini birlashtirdi, so‘ngra sovetlarning prezidenti o‘zi xohlamaygina iste’foga chiqdi. Kreml minorasining tepasidagi sovet bayrog‘i esa, imi-jimida tushirildi va nihoyat, Rossiya Federatsiyasi paydo bo‘ldi. Hozirgi paytda ko‘proq rus milliy davlati bo‘lgan bu davlat 150 million aholiga ega. Bu davlat o‘zini sobiq Sovet Ittifoqining de-fakto vorisi deb e’lon qildi. Holbuki, yana 150 million kishilik aholiga ega bo‘lgan qolgan respublikalar mustaqillik va suverenitet sohasida o‘zlarining haq-huquqlarini turli darajada ajratib oldilar.
Sovet Ittifoqining halokati butun dunyoni aql bovar qilmaydigan darajada sarosimaga soldi. Rossiyaliklar Sovet Ittifoqining yaqinlashib kelayotgan halokati to‘g‘risida boshqa mamlakatlarning odamlariga qaraganda kamroq ma’lumotga ega edilar. U 14 kun mobaynida o‘zlari uchun kutilmagan holda endilikda ortiq qit’alararo imperiyaning xo‘jayinlari bo‘lmay qolganlarini ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldilar. Boshqa respublikalarning chegaralari Rossiya bilan yana avvalgi – eski chegaralar bo‘lib qoldi. Kavkazdagi chegara 800 yillar boshidagi ahvolga, O‘rta Osiyodagi chegara 1800 yillarning o‘rtalaridagi ahvolga qaytdi. Bu voqea G‘arbda bir muncha g‘alvaliroq va seraziyatroq kechdi – u yerdagi chegaralar taxminan 1600 yildagi, ya’ni Ivan Grozniy podsholik qilgan zamondagi ahvolga qaytdi. Kavkazdan mahrum bo‘lish darhol Turkiya ta’siri borasida strategik xavotirlarni maydonga keltirdi. O‘rta Osiyodan mahrum bo‘lish juda katta miqdordagi energetik va mineral resurslardan ajralib qolish tuyg‘usini qayta tug‘dirdi, shu bilan birga, potentsial musulmonlar muammosi ham turli xavotirlar tuyg‘usini tug‘dirmay qo‘ymasdi. Ukrainaning mustaqilligi Rossiyaning butun panslaviya dunyosida bayroqdor bo‘lishdek ilohiy vazifasi haqidagi da’volarini chipakka chiqardi.
Asrlar mobaynida chor Rossiyasiga tobe bo‘lib kelgan bir asrning to‘rtdan uch qismi mobaynida Sovet Ittifoqi tasarrufida bo‘lgan hududda endilikda o‘n ikkita davlat maydonga keldi. Ularning ko‘pchiligi (Rossiyadan tashqari) hali chinakam suverenitet olishga unchalik tayyor ham emas edilar, buning ustiga bu davlatlarda aholining soni ham bir-biridan farqlanadi: unda 52 million aholiga ega bo‘lgan Ukraina kabi yirik davlat bilan bir qatorda aholisi 3,5 million kishini tashkil qiluvchi Armaniston ham bor. Ular ko‘p ham yashashga qobil emasday ko‘rinardi, shu bilan birga Moskvaning yangi voqelikka doimo moslashishga tayyorligi ham oqibatini avvaldan ko‘ra bilish qiyin bo‘lgan voqealar sirasiga kirardi. Ruslar boshidan kechirgan tarixiy hang-manglik yana shu bilan kuchaydiki, rusiyzabon 20 million odam hozirgi paytda doimiy ravishda xorijiy davlatlar hududida istiqomat qilmoqda. Bu joylarda siyosiy hokimiyatni tobora millatchilik kayfiyatlari kuchayib borayotgan kuchlar o‘z qo‘llariga olib olgan. Ular o‘nlab yillar mobaynida davom etgan ozmi-ko‘pmi majburiy ruslashtirish siyosatidan keyin o‘zlarining milliy o‘ziga xosliklarini qaror topdirishga ahd qilgan. Rossiya imperiyasining halokati Yevrosiyoning qoq markazida kuchlar borasida bo‘shliqni vujudga keltirdi. Zaiflik va parokandalik nafaqat yangi, endigina mustaqillik yo‘liga qadam quygan davlatlargagina xos edi, balki Rossiyaning o‘zida ham bu larzali hodisalar juda jiddiy tanazzulni tug‘dirdi. Bu tanazzul – “butun tizimni larzaga soldi, uning ta’siri, ayniqsa, siyosiy to‘ntarish yoniga sovet jamiyatidagi eski ijtimoiy-iqtisodiy modelni kunpayakun qilishga urinish qo‘shilganda yanada kuchliroq sezildi. Millat jarohati Rossiyaning Tojikistondagi mojarolarga harbiy aralashuvi tufayli yanada kuchaydi. Bunday aralashuv endigina mustaqillik yo‘liga qadam quygan yangi davlatni musulmonlar bosib olib qo‘ymasmikin degan xavotir ham tug‘dirdi. Ammo bundan ham ortiqroq darajada vaziyat Rossiyaning Chechenistonda ham siyosiy jihatdan, ham iqtisodiy jihatdan fojeona, qonli, haddan tashqari qimmatga tushgan mag‘lubiyati bilan yanada keskinlashdi. Ammo masalaning eng og‘riqli jihati – Rossiyaning xalqaro maydonda obro‘yi ancha-muncha pastlab ketganini idrok etish edi. Bir vaqtlar jahon miqyosidagi ikkita eng qudratli davlatdan biri bo‘lgan Rossiya bugun siyosiy doiralarda ko‘plar tomonidan shunchaki “uchinchi dunyoning” mintaqaviy davlati sifatida baholanmoqda. To‘g‘ri, u hali ham kattagina miqdordagi yadroviy arsenalga ega, lekin bu arsenal tobora ko‘proq eskirib bormoqda.
Vujudga kelgan geopolitik bo‘shliq Rossiyadagi ijtimoiy tanazzul ko‘lamiga bog‘liq ravishda ko‘paya bordi. Kommunistik boshqaruv chorakkam bir asr mobaynida Rossiya xalqlariga mislsiz biologik zarar yetkazdi. Juda katta miqdordagi yuksak iste’dodli va qo‘lidan ish keladigan odamlar GULAG lagerlarida o‘ldirib yuborildi yoki bedarak yo‘qoldi. Ularning soni millionlarni tashkil qiladi. Shuningdek, mamlakat birinchi jahon urushi yillarida katta talafot ko‘rdi, davomli fuqarolar urushi yillarida behisob qurbonlar berdi, ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘pgina muhtojliklar va vahshiyliklarni boshidan kechirdi. Hukmron kommunistik kuchlar butun mamlakatga zo‘rlab kishini bo‘g‘adigan ortodoksal nazariyalarni singdirardi, buning ustiga uni butun dunyodan ajratib tashladi. Mamlakatning iqtisodiy siyosati zamonning ekologik muammolariga mutlaqo befarq qaragan holda olib borilar edi. Buning natijasida tevarak-atrofdagi muhit ham anchagina zarar ko‘rdi, odamlarning salomatligi ham yomonlashdi. Rossiyaning rasmiy statistik ma’lumotlariga qaraganda 90-yillarning o‘rtasida yangi tug‘ilayotgan chaqaloqlarning faqat 40 foizigina sog‘lom tug‘ilar ekan, Rossiya maktablarida birinchi sinfda o‘qiydigan yo hamma bolalarning 20 foizi aqliy jihatdan rivojlanishda orqada qolar ekan. Ruslarning o‘rtacha yashash muddati 57,3 yoshga tushib qoldi, bundan tashqari, ruslar o‘rtasida tug‘ilishga qaraganda o‘lish ko‘proq. Rossiyadagi ijtimoiy sharoitlar “uchinchi dunyoda”gi o‘rtacha toifadagi davlatnikiga mos keladi.
Shu asr mobaynida rus odamlari boshiga g‘oyatda katta azob-uqubatlar va iztiroblar tushdi. Madaniylashgan tarzda normal hayot kechirish imkoniga ega bo‘lgan loaqal bitta rus oilasini bemalol topish ancha mushkul ish. Quyidagi hodisalarning ijtimoiy oqibatlarini ko‘rib chiqaylik.
x) 1905 yildagi Rossiya uchun tahqirli mag‘lubiyat bilan tugagan rus-yapon urushi;
x) turli shaharlar hududlarida son-sanoqsiz zo‘ravonliklarni tug‘dirgan 1905 yildagi “proletar” inqilobi;
x) 1914-1917 yillardagi millionlab odamlarning qurbon bo‘lishiga va iqtisodiyotdagi ko‘p sonli qoida buzishlarga sabab bo‘lgan birinchi jahon urushi;
x) 1918-1921 yillardagi fuqarolar urushi. U ham yana bir necha million odamning yostig‘ini qurutgan va butun mamlakatni qon-qaqshatgan;
x) Rossiyaning mag‘lubiyati bilan tamom bo‘lgan, 1919-1920 yillardagi Rossiya-Polsha urushi;
x) 20-yillar boshida GULAG tizimini barpo etish. Buning yoniga inqilob arafasidagi ziyolilar vakillarini mahv etilishi va ularning Rossiyadan ommaviy qochishini qo‘shish kerak;
x) 30-yillarning boshi va o‘rtalarida amalga oshirilgan sanoatlashtirish va kolxozlashtirish jarayonlari. Ular ham Ukraina va Qozog‘istonda ommaviy ochlikni vujudga keltirdi va millionlab odamlarning umriga zomin bo‘ldi;
x) 30-yillarning o‘rtalari va oxirida amalga oshirilgan “ulug‘ tozalash va qirg‘in-barot”. Bunda millionlab mahbuslar mehnat lagerlariga qamalgan, milliondan ortiq odam otib tashlangan, bir necha millionlab odam shafqatsiz muomala natijasida nobud bo‘lgan;
x) 1941-1945 yillardagi ikkinchi jahon urushi. Bu urushda bir necha millionlab harbiylar va fuqarolar halok bo‘ldi. Urush iqtisodiyotga juda katta vayronliklar keltirdi;
x) 40-yillarning oxirida Stalin qirg‘in-barotining takrorlanishi natijasida yana ommaviy qamashlar va qatllar boshlandi;
x) 40-yillarning oxirida boshlangan va 80-yillarning oxirigacha davom etgan Qo‘shma Shtatlar bilan o‘tgan 44 yillik qurollanish poygasi davlatni xarob etgan asosiy sabab bo‘ldi;
x) 70-80-yillar mobaynida Karib havzasida. Yaqin Sharqda va Afrikada majburlab sovet hokimiyatini joriy qilishga urinish butun mamlakat iqtisodiyotini butkul izdan chiqardi;
x) 1979-1989 yillar davomida Afg‘onistonda juda cho‘zilib ketgan urush har jihatdan mamlakatning sillasini quritdi;
x) Sovet Ittifoqining kutilmagan halokati, u bilan birga sodir bo‘lgan fuqarolar o‘rtasidagi tartibsizliklar, mashaqqatli iqtisodiy tanazzul, Chechenistondagi qonli va tahqirli urush…
Nafaqat mamlakat ichidagi tanazzul va xalqaro maqomning boy berilgani Rossiyani, ayniqsa, rus siyosiy doirasini qattiq iztirobga soladi, balki Rossiyaning o‘ta noqulay geopolitik vaziyatga tushib qolgani ham ularni tashvishlantiradi. Sovet Ittifoqining yemirilish jarayoni oqibatida G‘arbda Rossiyaning chegaralari tubdan o‘zgarib ketdi, o‘zgarganda ham uning uchun noqulay tomonga o‘zgardi, uning geopolitik ta’sir doirasi esa keskin ravishda qisqarib ketdi. Boltiqbo‘yi davlatlari 1700 yildan beri Rossiyaning nazorati ostida bo‘lib kelgan, Riga va Tallin kabi portlarning qo‘ldan ketishi Rossiyaning Boltiq dengiziga chiqishini ancha cheklab qo‘ydi. Yangi, rasman mustaqillik maqomini olgan, lekin juda yuqori darajada ruslashib ketgan Belorusiyada Rossiya siyosiy jihatdan ustivor holatini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, hali bu yerda oxir-pirovardida nima bo‘lishi unchalik ravshan emas – bu yerda millatchilik infektsiyalari ustun kelib qolishi ham hech gap emas. Sobiq Sovet Ittifoqi hududlaridan tashqarida Varshava shartnomasi Tashkilotining yemirilishi shuni bildiradiki, Markaziy Ovro‘padagi sobiq satellitlar (ular orasida Polsha birinchi o‘ringa chiqib olgan edi) juda tez sur’atlar bilan NATO va Yevropa Ittifoqi sari ro‘yixushlik bildirmoqdalar.
Bu ishlar ichida eng alam qiladigani Ukrainadan mahrum bo‘lish bo‘ldi. Mustaqil Ukraina davlatining paydo bo‘lishi nafaqat hamma rossiyaliklarni o‘zlarining siyosiy va etnik mansubliklarini qayta idrok etishga undadi, balki Rossiya davlatining geopolitik jihatdan juda katta muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ham anglatar edi. Ukrainaning mustaqilligi shuningdek, Rossiyani Qora dengizdagi ustivorlik holatidan ham mahrum etdi. Bu yerda ayniqsa, Odessa O‘rta dengiz mamlakatlari bilan va butun dunyo bilan savdo-sotiq ishlarini olib borishda hayot-momot ahamiyatiga molik port vazifasini bajarardi. Ukrainadan mahrum bo‘lish geopolitik jihatdan yana shu sababdan muhim ahamiyatga ega bo‘ldiki, u Rossiyaning geostrategik imkoniyatlarini ancha cheklab qo‘ydi. Rossiya hatto Boltiqbo‘yi respublikalarisiz va Polshasiz ham, Ukraina ustidan nazoratini saqlab qolganda, qat’iyat bilan harakat qilayotgan Yevrosiyo imperiyasida o‘zining yetakchilik o‘rnini saqlab qolishga harakat qilib ko‘rishi mumkin edi. Bu imperiya ichida Moskva sobiq Sovet Ittifoqining janubida va janubi sharqida yashaydigan noslavyan xalqlarni o‘z irodasiga bo‘ysundirib olmog‘i mumkin edi. Ammo 52 million noslavyan aholiga ega bo‘lgan Ukrainasiz Moskvaning Yevrosiyo imperiyasini tiklash sohasidagi har qanday urinishi, aftidan, faqat bir narsaga olib kelishi mumkin edi, xolos. Bu intilishlar Rossiyaning o‘z milliy va diniy manfaatlarini himoya qilishga bosh ko‘targan noslavyan xalqlar bilan o‘ta chigal va davomli to‘qnashuvlarda Rossiyaning yolg‘izlanib qolishiga yordamlashardi. Checheniston bilan bo‘lgan urush buning birinchi misoli bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Qolaversa, Rossiyada tug‘ilishning keskin kamayib ketganini va O‘rta Osiyo respublikalarida tug‘ilish borasida bamisoli portlash ro‘y berganday keskin ko‘payish yuzaga kelganini e’tiborga olsak, faqat Ukrainasiz Rossiyaning o‘zining hukmronligiga asoslanadigan har qanday yangi Yevrosiyo davlati har bir yil o‘tgan sari muqarrar tarzda yevropachaligi kamayib, osiyochalagi ortib borardi. Ukrainadan mahrum bo‘lish nafaqat markaziy geopolitik hodisa bo‘ldi, balki shuningdek, geopolitik katalizator ham bo‘lib qoldi. Ayni Ukrainaning xatti-harakatlari – 1991 yilning dekabrida uning mustaqilligini e’lon qilish, Belovej o‘rmonidagi juda muhim muzokaralarda Sovet Ittifoqini ancha erkinroq bo‘lgan Mustaqil Davlatlar Hamjamiyati bilan almashtirish masalasida qat’iy turish va, ayniqsa. Ukraina zaminida joylashtirilgan Sovet Armiyasi qo‘mondonligini majburiy tarzda Ukraina harbiylarining qo‘mondonligiga o‘tkazish (bu hodisa ancha ichki harbiy to‘ntarishga ham o‘xshab ketardi) – bularning hammasi MDHning biroz federallashtirilgan SSSRning nomi o‘zgartirilgan yangi nusxasiga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymadi. Ukrainaning siyosiy mustaqilligi Moskvani hang-mang qilib qo‘ydi va shunday bir ibratga aylandiki, boshqa sovet respublikalari avval hayiqibroq bo‘lsa-da, keyinchalik komil ishonch bilan undan namuna oldilar.
Rossiyaning Boltiq dengizidagi yetakchilik makonidan mosuvo bo‘lishi Qora dengizda ham takrorlandi. Bunga sabab — Ukrainaning mustaqillik kasb etishigina bo‘lgani yo‘q, balki Kavkazning yangi mustaqil davlatlari ham Turkiya uchun bir vaqtlar bu mintaqada boy bergan mavqelarini tiklab olish imkoniyatlarini kuchaytirdi. 1991 yilga qadar Qora dengiz Rossiya uchun o‘zining harbiy dengiz qudratini O‘rta dengiz rayoniga yo‘naltiradigan manba bo‘lib xizmat qilardi. Lekin 90-yillarning o‘rtalaridan boshlab, Rossiya ixtiyorida Qora dengizning uncha katta bo‘lmagan ensizgina sohili qoldi. Shuningdek, sovetlar Qora dengiz flotining qoldiqlarini Qrimda joylashtirish huquqi masalasida Ukraina bilan olib borilgan muzokaralar ham oxiriga yetmay, chala qoldi. Rossiyaning har qancha achchig‘i kelmasin, endi Ukraina bilan NATOning birgalikda o‘tkazgan harbiy dengiz va dengiz desanti bo‘yicha mashqlarini tomosha qilib turishdan boshqa iloji qolmadi. Shuningdek, Rossiya Turkiyaning Qora dengiz mintaqasida kuchayib borayotgan rolida ham hech narsa qilolmadi. Shuningdek, Rossiya Turkiyadan Chechenistondagi qarshilik kuchlariga samarali yordam ko‘rsatyapti deb gumon qilardi.
Geopolitik to‘ntarish janubi-sharqiy zonada — Kaspiy havzasida va O‘rta Osiyoda ham Rossiyaning maqomida yuqoridagilarga o‘xshash muhim o‘zgarishlarni vujudga keltirdi. Sovet Ittifoqining halokatiga qadar Kaspiy dengizi amalda Rossiyaning ixtiyoridagi ko‘l edi. Faqat uning janubiy qismigina Eron chegarasida joylashgan edi. Mustaqil va qat’iy millatchilik ruhi bilan sug‘orilgan Ozarbayjon (bu respublikaga shosha-pisha hovliqib yetib kelgan G‘arbiy neft investorlari uning mavqeini birmuncha mustahkamladi), xuddi shunga o‘xshagan mustaqil Qozog‘iston va Turkmanistonlarning paydo bo‘lishi bilan Rossiya Kaspiy dengizi boyliklariga da’volik qiluvchi beshta davlatning birigina bo‘lib qoldi. Rossiya bu boyliklardan o‘z xohishiga ko‘ra istagancha iste’foda qilaman deb ortiq komil ishonch bilan ish yurita olmasdi.
O‘rta Osiyoda mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishi Rossiyaning janubi-sharqiy chegaralarining ba’zi bir joylarda shimoliy yo‘nalishda minglab milyaga qisqarib ketishini anglatar edi. Yangi davlatlar hozirgi paytda mineral va energetik boyliklar chiqadigan joylarning ko‘p qismini nazorat qilmoqdalar. Tabiiyki, bu joylar xorijiy investorlarning diqqatini jalb qilmay qolmaydi. Shu narsa muqarrar bo‘lib qolmoqdaki, bu respublikalarda nafaqat yuksak rutbali toifalarning vakillari, balki oradan ko‘p o‘tmay, oddiy odamlar ham tobora ko‘proq darajada millatchilik kayfiyatlari bilan sug‘orilib bormoqda. Aftidan, ular bundan keyin musulmon dinining ta’siriga ko‘proq berilsalar ajab emas. Qozog‘iston juda katta tabiiy boyliklar zahirasiga ega bo‘lgan bepoyon mamlakat. Shu bepoyon hududda salkam 20 million aholi yashaydi, ularning taxminan yarimi qozoq bo‘lsa, yarimi slavyan millatiga mansub odamlar. Menimcha, ular o‘rtasidagi milliy va lingvistik kelishmovchiliklar kuchayishi tamoyiliga ega ko‘rinadi. Taxminan 25 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda aholi etnik jihatdan yakrangroq holatda. Uning rahbariyati mamlakatning tarixdagi ulug‘vorligiga ko‘proq diqqatni jalb qilmoqda. Bu respublika mintaqaning postkolonial maqomini belgilashda tobora faolroq bo‘lib bormoqda. Turkmanistonning Rossiya bilan qandaydir tarzda bevosita aloqa qilishiga Qozog‘iston hududi xalaqit berib turadi. Bu respublika Eron bilan yangi aloqalarini faol o‘rnatib, rivojlantirib bormoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa jahon bozorlariga chiqishda Rossiya tizimlaridan o‘zlarining avvalgi qaramliklarini zaiflashtirishdir.
Turkiya, Eron, Pokiston va Saudiya Arabistonidan madad olayotgan O‘rta Osiyo respublikalari Rossiya bilan hatto foydali iqtisodiy integratsiyalar evaziga ham o‘zlarining siyosiy mustaqilliklarini chakana sotishni istamayaptilar, holbuki ko‘pgina ruslar hamon shunga umidvor bo‘lib yurishipti. Bu respublikalarning Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarida juda oz miqdorda bo‘lsa hamki keskinlik va dushmanlik nishonalari zuhur etishi muqarrar, lekin Checheniston va Tojikistondagi noxush voqealarni e’tiborga olganda, taxmin qilish mumkinki, voqealarning yanada yomonroq tomonga rivojlanish imkoniyatini butunlay soqit qilib ham bo‘lmaydi. Rossiyaning butun janubiy jabhasi bo‘ylab joylashgan musulmon mamlakatlari bilan (ular aholisining soni Turkiya, Eron va Pokiston bilan qo‘shib hisoblaganda 300 million kishini tashkil qiladi) yuz berishi mumkin bo‘lgan nizo qirralari ruslar uchun doimiy tashvish manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Va nihoyat, sovet imperiyasining yemirilish paytida Rossiya, shuningdek, Uzoq Sharqda ham yangi tahdidli geopolitik vaziyatga to‘qnash keldi, lekin bu hol mintaqada na hududiy, na siyosiy o‘zgarishlarni vujudga keltirmadi. Bir necha asrlar mobaynida Xitoy Rossiyaga qiyosan olganda loaqal siyosiy va harbiy sohalarda zaifroq va qoloqroq davlat hisoblab kelinardi. O‘z mamlakatining kelajagidan tashvishga tushgan va bu o‘n yillikdagi keskin o‘zgarishlar natijasida sarosimaga tushib qolgan ruslardan hech qaysisi hozirgi paytda Xitoy o‘zgarish va rivojlanish yo‘liga kirganiga va buning oqibatida Rossiyaga nisbatan rivojlanganroq, harakatchanroq, farovonroq bo‘lib qolishi aniq ekaniga beparvo qaray olmaydi. Xitoyning iqtisodiy qudrati uning 1,2 milliardlik aholisining tinib-tinchimas g‘ayratiga jamlangan holda ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy tenglikni juda jiddiy o‘zgartirmoqda. Yana shuni ham inobatga olmoq kerakki, Sibirning odam yashamaydigan hududlari go‘yo xitoylarning o‘zlashtirishiga ko‘z tutib yotganday ko‘rinaveradi.
Bunday beqaror yangi voqelik Uzoq Sharqdagi hududlari masalasida Rossiyaning xavfsizlik tuyg‘usiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Rossiyaning O‘rta Osiyodagi manfaatlari masalasida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. Uzoq muddatli istiqbol nuqtai nazaridan bunday o‘zgarishlar Rossiyaning Ukrainadan mahrum bo‘lishining geopolitik ahamiyatini yanada chuqurlashtirishi mumkin. Bunday vaziyatning Rossiya uchun strategik oqibatlari to‘g‘risida postkommunistik davrda Rossiyaning Qo‘shma Shtatlardagi birinchi elchisi, keyinroq esa Davlat dumasida tashqi ishlar bo‘yicha Qo‘mitaning raisi bo‘lgan Vladimir Lukin juda yaxshi aytgan edi: “O‘tmishda Rossiya garchi Ovro‘padan orqada bo‘lsa-da, o‘zini Osiyoning boshida ko‘rmoqchi edi. Ammo keyin Osiyo juda tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi va biz o‘zimizni o‘zimiz “zamonaviy Ovro‘pa bilan qoloq Osiyo o‘rtalig‘ida emas, balki ikkita “Ovro‘pa” o‘rtasida allanechuk g‘alatiroq bir mavqeni egallab turgan holda ko‘rdik.
Xullas, Rossiya yaqin-yaqinlargacha juda katta hududda ulug‘ davlat barpo etgan mamlakat edi. U satellit davlatlar blokining mafkuraviy yetakchisi edi. Bu blokning hududlari Ovro‘paning salkam markazigacha yetib borgan va hatto bir vaqtlar Janubiy Xitoy dengizigacha cho‘zilib ketgan edi. Endilikda u boshdan-oyoq tashvishlarga botgan milliy davlatga aylanib qoldi. Hozir u tashqi dunyoga olib chiqadigan erkin jo‘g‘rofiy yo‘lga ham ega emas. Hozir u g‘arbdagi, janubdagi va sharqdagi qo‘shnilari bilan ixtilofda ancha nochor ahvolga tushib qolishi, bu ixtiloflardan aziyat chekishi va yanada zaiflashishi mumkin. Geopolitik jihatdan faqat shimoliy kengliklargina Rossiya uchun bexatar va xavfsiz makon bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Lekin u yerlarga yetib borish juda qiyin, u yerlar hamisha muzlar iskanjasida qisilib yotadi, ularning ustini doimo qor qoplagan. Shimoliy kengliklar yashash uchun mos emas.

OLA-QUROQ GEOSTRATEGIK MANZARA

Shunday qilib ko‘ramizki, Rossiyada imperiya qulagandan keyingi davrda tarixiy va strategik sarosimali davrning vujudga kelishi muqarrar edi. Sovet Ittifoqining kishini lol qoldiradigan darajada tarqab ketishi va, ayniqsa, ulug‘ Rossiya imperiyasining odamni larzaga soladigan tarzdagi, umuman olganda, kutilmagan yemirilishi Rossiyada yangi jarayonning boshlanib ketishiga yo‘l ochdi. Bu – keng ko‘lamda qalbni qidirish jarayoni edi. Hozirgi paytda Rossiya keng ko‘lamda tarixiy ma’noda o‘zligini qanday aniqlamog‘i kerak degan masalada qizg‘in bahslar boshlanib ketdi, shunday masalalar bo‘yicha behisob tarzda ommaviy va xususiy mulohazalar maydonga keldiki, yirik mamlakatlarning ko‘pchiligida bunaqa masalalar hatto ko‘tarilmaydi ham. Mana, o‘sha masalalar “Rossiya nima degani? Qani Rossiya? Rus bo‘lmoq qanday ma’noni anglatadi?
Bu savollar shunchaki nazariy savollar emas, ularga beriladigan har qanday javob juda muhim geopolitik mazmunga to‘la bo‘ladi. Rossiya milliy davlatmi, yo‘qmi? Agar milliy davlat bo‘lsa, uning asosini faqat ruslar tashkil qiladimi? Yoki Rossiya deb ta’riflangan narsa shu ta’rifdagidan kattaroqmi (masalan, Buyuk Britaniyaga o‘xshagan — u Angliyadan kattaroq)? Agar shundoq bo‘lsa. taqdirning o‘zi unga imperiya bo‘lishni ravo ko‘rganmi? Tarixan, strategik va etnik jihatdan Rossiyaning haqiqiy hududlari qanaqa? Mustaqil Ukrainani ana shu tarixiy strategik va etnik tushunchalar doirasidagi vaqtincha chekinish deb qaramoq kerakmi? (Ko‘pchilik ruslar aynan shunday deb hisoblashga moyildirlar). Rus bo‘lmoq uchun rus kishisi etnik jihatdan rus bo‘lmog‘i kerakmi yoxud u siyosiy jihatdan rus bo‘lmog‘i shart-u, etnik jihatdan rus bo‘lmasa ham bo‘laveradimi? (Ya’ni “rossiyalik” deganga to‘g‘ri keladi. “Britaniyalik” degani “ingliz” degani emas). Masalan, Yeltsin va yana ba’zi bir boshqa ruslar chechenlarni rus deb hisoblamoq mumkin va hatto zarur deb isbotlashga urinishgan edi (To‘g‘ri, bu juda xunuk oqibatlarga olib keldi).
Bunday chalkash sharoitda avvaldan taxmin qilish mumkin bo‘lganidek, “Rossiya qayoqqa ketyapti va “Rossiya” deganining o‘zi nima?” degan savolga ko‘plab xilma-xil javoblar maydonga keladi. Rossiya va Yevrosiyoning ulkan masofalari ko‘pdan beri elitaning geopolitik tarzda fikrlashiga ko‘mak berib keladi. Postimperialistik va postkommunistik Rossiyaning birinchi tashqi ishlar vaziri Andrey Kozirev yangi Rossiya xalqaro maydonda o‘zini qanday tutishi kerakligini aniqlash borasidagi dastlabki urinishlarida shunday fikrlash tarzini tasdiqlab bergan. Sovet Ittifoqi yemirilgandan keyin bir oy o‘tib ulgurmay, u shunday deb yozgan edi: “Xaloskorlik da’vosidan voz kechib, biz pragmatizm yo‘lini tutdik. Biz juda tez fursat ichida geopolitika mafkura o‘rnini bosar ekan degan tushunchaga keldik”. Umuman aytganda, Sovet Ittifoqining yemirilishiga reaktsiya sifatida uchta umumiy va bir-biri bilan kesishadigan variant maydonga keldi. Bularning har qaysisi oxir-pirovardida Amerika bilan taqqoslaganda Rossiyaning o‘z maqomini tushirib yubormaslik haqidagi tashvishlari bilan bog‘langan va ular ba’zi bir ichki variantlarga ega. Fikrlashdagi ana shu bir necha yo‘nalish quyidagicha tasnif qilinishi mumkin:
1. Amerika bilan “etuk strategik hamkorlik”ning ustivorligi haqidagi fikrlar. Bu g‘oyaning ba’zi bir tarafdorlari nazarida aslida bu atama zamirida global kondominizm yashirib yotadiganday ko‘rinadi.
2. Rossiyaning manfaatlarini o‘zida jamlagan muhim ob’ekt sifatida asosiy e’tiborni “yaqin xorijga” qaratish. Bunda ba’zilar Moskvaning ustivor rolini ta’minlagan holda biror iqtisodiy integratsiya modelini joriy qilishni yoqlashadi, boshqa birovlar esa qay bir darajada imperiyaga xos nazoratni qayta tiklash imkoniyatidan umidvor bo‘lishadi. Ular shu yo‘l bilan Amerika va Ovro‘pa o‘rtasidagi muvozanatni saqlab turishga ko‘proq qobil bo‘lgan davlat tuzishni o‘ylashadi.
3. Amerikaga qarshi yo‘naltirilgan Yevrosiyo koalitsiyasiga o‘xshagan biror bir aksilalyansni barpo etish. Bu aksilalyans Amerikaning Yevrosiyodagi ustivorligini kamaytrishni maqsad qilib oladi.
Garchi birinchi g‘oya dastavval prezident Yeltsinning yangi hukmdor komandasi a’zolari o‘rtasida ustivor bo‘lgan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay, ikkinchi g‘oya siyosiy davralarda birinchi g‘oyadan keyin qisman Yeltsinning geopolitik tamoyillarining tanqidi sifatida shuhrat qozonadi, uchinchi g‘oya esa biroz keyinroq – 90-yillarning o‘rtalarida postsovet Rossiyasining geostrategiyasi aniq emas va ishlanayapti degan kengayib borayotgan kayfiyatlarga qarshi reaktsiya sifatida vujudga kelgan edi. Odatda bunday voqealar tez-tez bo‘lib turadi – uchala variantning hammasi ham tarixiy nuqtai nazardan ancha beso‘naqay bo‘lib chiqdi va ular hozirgi Rossiyaning qudratiga, xalqaro miqyosdagi imkoniyatlariga hamda xorijdagi manfaatlariga ancha mujmal va chalkash qarashlar asosida yuzaga kelgan ekan.
Sovet Ittifoqi vayron bo‘lishi bilanoq, dastlabki paytlarda Yeltsinning qarashlarida hamisha ardoqli bo‘lib kelgan, lekin hech qachon to‘la muvaffaqiyatga erisha olmagan rus siyosiy fikrining bir kontseptsiyasi o‘z in’ikosini topgan edi. Bu kontseptsiya “g‘arbparastlar” tomonidan olg‘a surilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Rossiya g‘arb dunyosiga mansub davlat, binobarin, u G‘arbning bir qismi bo‘lishi kerak va o‘z rivojlanishida G‘arbga imkoni boricha ko‘proq taqlid qilmog‘i kerak. Bu nuqtai nazarni Yeltsinning o‘zi va uning tashqi ishlar vaziri qo‘llab-quvvatlardi. Shunisi ham borki, Yeltsin Rossiyaning imperiyalik davrlaridan qolgan merosni oshkora qoralardi. Yeltsin 1990 yilning 19-noyabrida Kiyevda nutq so‘zladi va shunday fikrlarni olg‘a surdiki, keyinchalik ukrainlar va chechenlar bu fikrlarni uning o‘ziga qarshi qaratmoqlari mumkin bo‘ldi. Yeltsin bunday degan edi:
“Rossiya biron bir yangi imperiyaga o‘xshagan markazga aylanishga intilmaydi. Rossiya bunaqa rolning halokatli ekanini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi, negaki, ayni Rossiya uzoq zamonlar davomida shu rolni o‘ynab kelgan. Bu unga nima berdi? Ruslar erkinroq bo‘lib qoldilarmi? Baxtliroq bo‘ldilarmi? Tarix bizga o‘rgatadiki, boshqalarga hukmronlik qiladigan xalq hech qachon baxtiyor bo‘lolmaydi!”
G‘arb va, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning yangi rahbariyatiga nisbatan ongli ravishda do‘stona munosabatda bo‘ldi. Bu esa sho‘rolardan keyingi davrlardagi “g‘arbparastlarni” Rossiyaning tashqi ishlari borasida birmuncha faol bo‘lishiga dalda berdi. Ularning Amerikaga moyillik kayfiyatlarini ancha kuchaytirdi va ularning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi. Yangi rahbarlar dunyoda yagona bo‘lgan o‘ta qudratli davlatning siyosatini shakllantiruvchi oliy rutbali mansabdor shaxslar bilan yaqin bo‘lganlaridan manmansirab ketdilar va ular osongina chalg‘ib, “o‘zimiz ham o‘ta qudratli davlatning rahbarlarimiz” degan fikrga kelishdi. Amerikaliklar Vashington bilan Moskva o‘rtasida “etuk strategik sherikchilik” haqdagi shiorni muomalaga kiritishganda, ruslarga shunday tuyuldiki, go‘yo bu bilan avvalgi davrlardagi raqobatchilik o‘rniga kelgan yangi demokratik Amerika-Rossiya kondominumiga oq fotiha berildi.
Bu kondominium ko‘lamiga ko‘ra global bo‘ladi. Shu tariqa Rossiya nafaqat sobiq Sovet Ittifoqining haq-huquqlar borasida qonuniy vorisi bo‘ladi, balki de-fakto (amalda) dunyoni tom ma’noda tenglik asosida qayta qurishda sherik ham bo‘ladi. Buning oqibatida Rossiya rahbarlari quyidagi fikrni zo‘r berib olg‘a surishda davom etdilar: Rossiyaning bunaqa teng huquqli sherikligi nafaqat dunyoning boshqa mamlakatlaridan Rossiyani Amerika bilan teng ko‘rishni talab qiladi, balki bironta global muammo Rossiyaning ishtirokisiz muhokama ham qilinmaydi yoki uning ijozatisiz hal ham qilinmaydi. Garchi bu to‘g‘rida oshkora gapirilmasa-da, bu xomxayolga boshqa bir nuqtai nazar qo‘shilib ketdi. Bu nuqtai nazarga ko‘ra, Markaziy Ovro‘pa mamlakatlari qay bir yo‘sinda bo‘lmasin, siyosiy jihatdan Rossiyaga juda yaqin mintaqa bo‘lib qolmoqlari yoki qolishga qaror qilmoqlari kerak bo‘ladi. Varshava shartnomasining va O‘IYoQ ning tarqatib yuborilishi ularning sobiq a’zolarini NATOga va yoki hatto faqat Ovro‘pa Ittifoqiga jalb bo‘lishlariga olib kelmasligi zarur.
Bu orada G‘arbning beradigan yordami Rossiya hukumatiga mamlakat ichkarisida islohatlar o‘tkazishga, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligiga, demokratik institutlarni mustahkamlash uchun sharoit yaratib berishga imkon beradi. Rossiya tomonidan iqtisodiyotning tiklanishi, uning Amerikaning teng hukuqli sherigi sifatidagi maxsus maqomi va uning shunchaki jozibadorligi yaqinda tashkil topgan mustaqil davlatlarni Rossiya bilan yaqindan muloqotda bo‘lishiga undaydi. Bu davlatlar o‘zlarining xavfsizliklariga tahdid solmayotgani uchun Rossiyadan minnatdor. Ular Rossiya bilan ittifoqda bo‘lishning foydali tomonlarini tobora ko‘proq anglab boradilar. Shuning uchun ham u bilan iqtisodiy munosabatga kirishadilar, keyin esa siyosiy integratsiya ham amalga oshiriladi. Shu tariqa bu mamlakatning hududlari kengayib boradi va uning qudrati yanada kuchayadi.
Masalaga bunday yondashuvning muammoli jihati shundaki, u tashqi siyosiy va ichki siyosiy realizmdan mahrum. Garchi “etuk strategik sherikchilik” kontseptsiyasi quloqqa yaxshi eshitilib, ko‘zga yoqimli ko‘rinsa-da, aslida, u kishini aldab qo‘yishi mumkin. Amerika hech qachon kurrai zamindagi hukmdorlikni Rossiya bilan baham ko‘rish niyatida bo‘lgan emas, va mabodo buni xohlaganda ham bunday qila olmas edi. Yangi Rossiya haddan ziyod zaif edi. U 75 yillik kommunistik boshqaruv oqibatida haddan ziyod talon-toroj bo‘lgan va ijtimoiy jihatdan haddan ziyod qoloq bir ahvolda edi. Shuning uchun u Amerikaning dunyodagi hamkori bo‘la olmaydi. Vashingtonning fikricha, Germaniya, Yaponiya va Xitoy ham kam darajada ahamiyatli emas. Qolaversa, Ovro‘pada, Yaqin Sharqda va Uzoq Sharqda Amerikaning milliy manfaatlari hududiga kiradigan ba’zi bir markaziy geostrategik masalalar bo‘yicha Amerika va Rossiyaning intilishlari bir-biridan ancha uzoq turadi. Siyosiy quvvat sohasidagi, moliyaviy sarf-xarajatlar, texnologik yangiliklar va madaniy jozibadorlik borasidagi tafovutlar sababli muqarrar tarzda ixtiloflar chiqa boshlashi bilanoq “etuk strategik sherikchilik” g‘oyasi sun’iy va shishirilgan bo‘lib ko‘rina boshladi va bu Rossiyani aldash uchun atayin o‘ylab chiqarilgan deb hisoblay boshlashdi.
Ehtimol, bunday ko‘ngilsizliklarni chetlab o‘tish ham mumkin edi, ammo buning uchun Amerika avvalroq – Amerika-Rossiya munosabatlarining “asal oyi” kechayotgan davrda NATOni kengaytirish kontseptsiyasini qabul qilmog‘i kerak edi va muayyan tarzda Rossiyaga shunday bir bitishuvni taklif qilmog‘i shart ediki, “undan voz kechishning sira iloji bo‘lmasin”, ya’ni Rossiya bilan NATO o‘rtasida alohida hamkorlik munosabatlarini joriy qilmog‘i shart edi. Agar Amerika aniq-ravshan tarzda qat’iyat bilan alyansni kengaytirish kontseptsiyasini qabul qilsa va bunda Rossiyaning ham qay bir tarzda shu jarayonga jalb qilinishini ta’kidlaganida, aftidan, keyinchalik Moskvada paydo bo‘lgan “etuk sherikchilik” g‘oyasidan ko‘ngilsizlik tuyg‘usini chetlab o‘tish, shuningdek, Kremldagi “g‘arbparastlar”ning siyosiy mavqelarining tobora zaiflashib borayotganining oldini olish mumkin bo‘lardi.
Bunday qilishning eng qulay vaqti 1993 yilning ikkinchi yarimi edi. O‘shanda avgust oyida Yeltsin Polshaning transatlantik alyansga qo‘shilishga intilishi “Rossiya manfaatlari”ga zid kelmaydi degan fikrni bayon etgandi. O‘shanda temirni qizig‘ida bosish o‘rniga Klinton ma’muriyati hamon “Rossiyani afzal ko‘rish” siyosatini olib borishda davom etdi va yana ikki yil davomida taraddudlanib yurdi, bu vaqt ichida esa Kreml “qo‘shig‘ini o‘zgartirib oldi” va NATOni kengaytirish borasidagi Amerikaning endi tug‘ilib kelayotgan, lekin hali uncha qat’iy bo‘lmagan niyatlarini tobora kuchliroq tarzdagi dushmanlik ruhi bilan qarshi ola boshladi. 1996 yilda Amerika NATOni kengaytirishni yanada yirikroq va yanada xavfsizroq yevroatlantik hamjamiyat barpo qilish borasidagi o‘z siyosatining markaziy vazifasiga aylantirishga qaror qildi. Ruslar buni o‘ta noxushlik bilan qarshi olishdi. Binobarin, 1993 yilni boy berilgan tarixiy imkoniyatlar yili deb hisoblash mumkin.
Rossiyaning NATOni kengaytirish borasidagi hamma xavotirlari ham qonuniy asoslardan mahrum emasligini tan olmaslik mumkin emas. Bunday munosabat hamma vaqt ham Rossiyaning g‘ayirligidan tug‘ilgan emas. NATOni kengaytirish g‘oyasining ba’zi bir dushmanlari va, o‘z-o‘zidan ayonki, ayniqsa, Rossiyaning harbiy doiralaridagi odamlar sovuq urush davrining mentalitetidan foydalanishdi va NATOning kengaytirilishini Ovro‘pa taraqqiyotining ajralmas qismi sifatida qabul qilishmadi, balki Amerika rahbarligidagi va hamon dushmanlik ruhidagi alyansning Rossiya hududlariga yaqinlashishi deb qaradilar. Rossiyaning tashqi siyosat sohasidagi rahbariyatining ba’zi bir vakillari (ularning ko‘pchiligi aslida sobiq sho‘rolar davridagi mansabdor odamlar edi) bir zamonlardagi geostrategik nuqtai nazarga yopishib olganlar. Bu nuqtai nazarga ko‘ra, Yevrosiyoda Amerikaga o‘rin yo‘q va NATOni kengaytirish ko‘p jihatdan Amerikaning o‘z ta’sir doirasini kengaytirish xohishi bilan bog‘liq. Qay bir darajada ularning muxolifligi ko‘ngillaridagi bir orzu-umid bilan bog‘langan. Bu orzu shundan iboratki, Rossiya “tuzalib qolganda”, Markaziy Osiyoning hech kim bilan bog‘liq bo‘lmagan mamlakatlari bir kun kelib Moskvaning geopolitik ta’siri doirasiga qaytadi.
Biroq Rossiyaning ko‘pgina demokratlari shuningdek, NATOning kengaytirilishi Rossiyaning Ovro‘padan tashqarida qolishini anglatadi, Rossiya siyosiy jihatdan yolg‘izlanib qoladi va uni Ovro‘pa tsivilizatsiyasi institutlariga a’zo bo‘lishga arzitishmaydi deb xavotir olishdi.
Madaniy xavfsizlikning yo‘qligi siyosiy xavotirlarning yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi. Natijada NATOning kengayishi G‘arbning Rossiyaga nisbatan yuritgan siyosatining avj nuqtasiday qilib ko‘rsatdi. Ma’lumki, bu siyosat Rossiyani yolg‘izlantirib qo‘yishga va shu yo‘l bilan uni turli-tuman dushmanlari qarshisida ojizlantirib qo‘yishga yo‘naltirilgan edi. Bundan tashqari, Rossiya demokratlari na Markaziy Ovro‘pa aholisining Moskvaning yarim asrdan ortiqroq davom etgan hukmronligidan noroziligini, na ularning yirikroq Yevroatlantik tizimning uzviy qismi bo‘lish xohishini tushunmadi.
Boshqa tomondan olganda, Rossiya “g‘arbparastlari”ning na ko‘ngillari qolishining, na zaiflashishining oldini olib bo‘lmas edi. O‘z-o‘zicha olganda uncha ahil bo‘lmagan Rossiyaning yangi elitasi va qat’iy geostrategik rahbarlikni ta’minlashga qodir bo‘lmagan prezident bilan uning tashqi ishlar vaziri yangi Rossiyaning Ovro‘pada nima istashini aniq-ravshan belgilay olmadi, xuddi shuningdek, Rossiyaning zaifligi bilan bog‘liq bo‘lgan mavjud mahdudliklarni ham haqqoniy tarzda baholay olmadi. Uzluksiz siyosiy olishuvlar bilan band Rossiya demokratlari demokratik Rossiyaning transatlantik demokratik hamjamiyatining kengaytirilishiga qarshi emasligini va o‘zi ham unga kirish istagida ekanini dadillik bilan baralla aytishga o‘zini o‘zi majbur qila olmadi. Dunyoda Amerika bilan bir xil maqomga ega bo‘lish ishtiyoqi siyosiy elitaning bir g‘oyadan voz kechishini qiyinlashtirdi. Bu – nafaqat sobiq Sovet Ittifoqi hududida, balki Markaziy Ovro‘paning sobiq sattelit davlatlariga nisbatan ham Rossiyaning imtiyozli geopolitik holati haqidagi g‘oya edi.
Sharoitning bunday tus olishi millatchilarga va militaristlarga qo‘l kelib qoldi. 1994-yilda yana millatchilarning ovozi ko‘tarilib qoldi, militaristlar esa bu vaqtga kelib, mamlakat ichkarisida Yeltsinning muhim tanqidiy tarafdorlari bo‘lib olishgandi. Ularning Markaziy Ovro‘pa mamlakatlarining orzu-umidlariga munosabati borgan sari keskinlashib, tahdidli tus ola boshladi. Bu esa sobiq sattelit mamlakatlarning qarorini yanada mustahkamladi. Ular o‘zlarining Rossiya hukmronligidan vaqtinchagina xalos bo‘lishganini yaxshi bilishadi va shuning uchun NATO qanoti ostida bexatarroq panoh topishni orzu qilishardi.
Moskva bilan Vashington o‘rtasidagi jarlik Kremlning Stalin tomonidan fath etilgan hamma hududlardan voz kechishni istamaganligi yanada chuqurlashtirdi. G‘arb jamoatchiligining afkor ommasi va, ayniqsa, Skandinaviya mamlakatlaridagi, shuningdek, Qo‘shma Shtatlardagi jamoatchilik fikri Boltiqbo‘yi respublikalariga nisbatan Moskvaning mujmal munosabati vajidan ancha tashvishda edi. Rossiya rahbariyati ularning mustaqilligini tan oldi va ularni MDHga a’zo bo‘lishga majbur qilmadi. Ammo Rossiyaning demokratik kayfiyatdagi rahbarlari ham Stalin hukmronlik qilgan zamonlarda bu mamlakatlarga atayin olib borib joylashtirilgan ko‘plab rus aholisi uchun turli imtiyozlarga erishmoq maqsadida vaqt-vaqti bilan do‘q-po‘pisalar qilishdan o‘zlarini tiymadilar. Kreml Germaniya bilan Sovet Ittifoqi o‘rtasida 1939 yilda tuzilgan maxfiy bitimni bekor qilishni istamaganini atayin hammaga ko‘z-ko‘z qildi va bu sharoitni yanada mushkullashtirishga olib keldi. Bu maxfiy shartnoma Boltiqbo‘yi respublikalarini majburiy tarzda Sovet Ittifoqiga qo‘shib olishga yo‘l ochgan edi.
Sho‘rodan keyingi Rossiya elitasi ochiqdan-ochiq G‘arbning sho‘rodan keyingi hududda Rossiyaning yetakchilik rolini tiklashga yordam beradi yoki jilla bo‘lmasa, bunga xalaqit bermaydi deb kutgan ko‘rinadi. Shuning uchun ham sho‘ro zamonidan keyin yaqinda mustaqillik olgan mamlakatlarga o‘zlarining yangicha tarzdagi siyosiy hayotlarida barqaror oyoqqa turib olishlariga G‘arbning yordam bermoqchi bo‘lgani Rossiya elitasini darg‘azab qildi. Hatto “Qo‘shma Shtatlar bilan oshkora nizolardan qochgan ma’qul” deb ogohlantirganda ham AQShning oliy siyosati masalalari bilan shug‘ullanuvchi yuksak rutbali Rossiya siyosatchilari bir narsani isbot qilishga urinishadi. Ularning fikricha, “Qo‘shma Shtatlar jamiki Yevrosiyo bo‘ylab, davlatlararo munosabatlarni qayta tashkil qilishga erishmoqni ko‘zlaydi… Buning oqibatida ular qit’ada bironta ham yetakchi davlat bo‘lmasligini, aksincha. ko‘pgina o‘rtacha, nisbatan barqaror va quvvati ham o‘rtamiyona davlatlar bo‘lmog‘ini xohlashadi. Biroq bu davlatlar ayrim-ayrim olganda ham, hammasini qo‘shib olganda ham, albatta, Qo‘shma Shtatlarga qiyosan olganda ancha zaifroq bo‘lmoqlari shart”. Bunday mulohazalarni olg‘a suradigan Rossiya siyosatchilari hammavaqt ham xato qilgan deb bo‘lmaydi.
Bu jihatdan Ukraina benihoya muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. AQShning Amerika-Ukraina munosabatlariga alohida ustivor xarakter berishga moyilligi va yaqinda erishgan milliy erkinligini saqlab qolishga yordam berishga intilishi Moskvadagi ko‘pgina siyosatchilar tomonidan va hatto “g‘arbparastlar” tomonidan ham Rossiya uchun hayot-momot ahamiyatiga molik bo‘lgan, oxir-pirovardida Ukrainani umumiy yotoqqa qaytarish bilan bog‘liq bo‘lgan manfaatlarga daxl qiluvchi siyosat sifatida qaraldi. AQShning bunday mayllari, ayniqsa, 1994 yilga kelganda ancha kuchaygan edi. Vaqti-soati kelib, Ukraina qay bir tarzda bo‘lmasin yana “asl ahvoliga qaytadi” degan ishonch Rossiyaning ko‘pgina yuksak martabali siyosatchilarining bugungi e’tiqodlarida markaziy o‘rin tutadi. Ukrainaning mustaqil maqomi masalasidagi Rossiyaning geopolitik va tarixiy shubha-gumonlari oqibatida AKShning imperialistik mayllarga ega bo‘lgan Rossiya demokratik mamlakat bo‘laolmaydi degan nuqtai nazari bilan to‘qnash keldi.
Bundan tashqari sof ichki dalillar ham bor ediki, ularning natijasida ikkita “demokratiya” o‘rtasidagi “etuk strategik sheriklik” xomxayol bo‘lib chiqdi. Kommunistik boshqaruv oqibatida Rossiya haddan ziyod zaiflashib qolgan va talon-toroj qilingan edi. Shuning uchun u Qo‘shma Shtatlarning yashashga qobil demokratik sherigi bo‘lishga yaramas edi. Va bu asosiy haqiqatni sherikchilik haqidagi balandparvoz safsatalar yashirib keta olmas edi. Bundan tashqari sho‘rolardan keyingi Rossiya o‘tmish bilan aloqasini qismangina uzgan edi, xolos. Rossiyaning deyarli hamma “demokratik” yetakchilari – hatto ular o‘tmishdagi sho‘rolar tuzumidan chin yurakdan ko‘ngilsiz bo‘lib qolgan bo‘lsalar-da, nafaqat sovet tuzumida tarbiya ko‘rib ketishgan edilar, balki o‘tmishda hukmron elitaning yuksak martabali a’zolari bo‘lgan odamlar edi. Ular o‘tmishda xuddi Polsha yoxud Chexiya respublikasidagi kabi dissidentlar bo‘lgan emas. Sho‘ro hokimiyatining ruhan parokanda ahvoldagi koppumpiya botqog‘iga botgan hamma muhim institutlari garchi zaifroq shaklda bo‘lsa-da, saqlanib qoldi. Bu voqelikning ramzi, kommunistik o‘tmishning iskanjalari hamon uloqtirib tashlanmaganining ramzi – Moskvaning tarixiy markazidir – u yerda hamon Lenin mavzoleyi qimir etmasdan o‘z o‘rnida turipti. Baayni qiyos qilingki, natsistlardan xalos bo‘lgan Germaniyada o‘rta bo‘g‘inga mansub sobiq natsist “gaulyayterlari hukmronlik qiladi, ular og‘izlarini to‘ldirib, demokratik shiorlarni aytishadi va ayni chog‘da Berlinning qoq o‘rtasida Gitlerning mavzoleyi qanday turgan bo‘lsa, shunday turaveradi. Rossiyadagi iqtisodiy tanazzulning ko‘lankalarining o‘zi yangi demokratik elitaning zaifligini yanada kuchaytirdi. Iqtisodiyotdan davlatni mosuvo qilish yo‘lida keng islohotlar o‘tkazish zaruriyati G‘arbdan, ayniqsa, AQShdan beriladigan yordamga haddan tashqari katta umid bog‘lashga olib keldi. Bu yordam, ayniqsa, Germaniya va AQSh tomonidan berilgan yordam asta-sekin har qancha katta xarjlarni tashkil qilmasin, hatto juda qulay sharoitlar bo‘lgan taqdirda ham, baribir, iqtisodiy ko‘tarilishning tez sur’atlarini ta’minlay olmas edi. Natijada yuzaga kelgan ijtimoiy norozilik hafsalasi pir bo‘lgan tanqidchilar doirasining kengayishida qo‘shimcha omil bo‘ldi. Ular Qo‘shma Shtatlar bilan sherikchilik aldovdan o‘zga narsa emas edi, u AQSh uchun foydali bo‘lgan, Rossiyaga ega katta zarar keltirgan deya jar sola boshlashdi.
Xullas kalom, Sovet Ittifoqi yemirilgan dastlabki yillarda global tarzdagi samarali sherikchilik uchun na ob’ektiv, na sub’ektiv sharoit yo‘q edi. Demokratik kayfiyatdagi “g‘arbparast”lar juda ko‘p narsani xohlar edilar-u, lekin qo‘llaridan juda oz narsa keldi. Ular AQSh bilan tenghuquqlilik asosida sherikchilik qilishni istar edilar; ular MDH ichida nisbatan erkin harakat qilishni xohlashardi va geopolitik nuqtai nazardan “hech kimga qarashli bo‘lmagan” Markaziy Ovro‘pada ham bemalol harakat qilmoqni orzu qilishardi. Ammo sovet tarixiga mujmal munosabat, global hokimiyatga qarashda realizmning yo‘qligi, iqtisodiy tanazzulning chuqurligi va jamiyatning hamma tabaqalarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yo‘qligi ularning barqaror va tom ma’nodagi demokratik Rossiyani barpo etaolmasliklaridan dalolat berardi. Holbuki, “tenghuquqli sheriklik” kontseptsiyasi ayni ana shunday Rossiya mavjud bo‘lishini taqozo qiladi. Rossiya uzoq davom etadigan siyosiy islohotlar jarayonini boshidan kechirmog‘i kerak, keyin demokratiyaning barqarorlashi jarayonidan o‘tmog‘i lozim – bu jarayon ham ancha davomli bo‘ladi, shundan so‘ng yanada davomliroq ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar jarayoni o‘tilishi lozim. Shundan keyin imperiyaparastlik tafakkuridan milliy tafakkur tomon ancha jiddiy qadam qo‘ymoqqa jahd qilmoq zarur. Bu milliy tafakkur na faqat Markaziy Ovro‘padagi, balki va, ayniqsa, balki sobiq Rossiya imperiyasi hududidagi yangi geopolitik voqelikni ham hisobga olmog‘i lozim. Ana shundan keyingina Amerika bilan sherikchilik qilish sharoit rivojining chindan-da amalga oshirsa bo‘ladigan geopolitik variantiga aylanadi. Bunday sharoitda “yaqin xorij”ga munosabatning ustivor qo‘yilishi g‘arbparast kuchlarning tanqididagi asosiy unsur bo‘lib qolganida, shuningdek, ilk tashqi siyosat bobida bir muhim yo‘l bo‘lib qolganida hayron qoladigan hech narsa yo‘q. U shunday bir dalilga asoslanadiki, unga ko‘ra, “sherikchilik” kontseptsiyasi Rossiya uchun o‘ta muhim bo‘lgan bir holatga, aniqroq aytganda, uning sobiq sovet respublikalari bilan munosabati masalasiga e’tiborsiz qaraydi. “Yaqin xorij” muayyan siyosatni himoya qiluvchi muxtasar ibora bo‘lib qoldi. Bu siyosatda asosiy e’tibor bir vaqtlar Sovet Ittifoqi egallab turgan hududdagi geopolitik maydon doirasida boshida Moskva turgan va qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan yashovchan tizim yaratish zaruriyatiga qaratilgan. Ana shu dastlabki shart-sharoitni inobatga olib, jamiyatning keng qatlamlari bir to‘xtamga kelishdi. Bunga ko‘ra, hamma diqqatni G‘arbga va, ayniqsa, AQShga qaratish siyosati kam foyda keltiradi, holbuki, juda qimmat turadi. U G‘arb uchun Sovet Ittifoqining yemirilishi bilan vujudga kelgan imkoniyatlardan foydalanishni yengillashtirdi.
Ammo “yaqin xorij” kontseptsiyasi shunday bir soyabon ediki, uning tagiga bir qancha turfa xil geopolitik kontseptsiyalar to‘planishi mumkin edi. Bu kontseptsiya o‘z bayrog‘i ostiga bir qancha iqtisodiy funktsionalizm va determinizm tarafdorlarini to‘pladi. Ular orasida “g‘arbparastlar” ham bor edi. Ular MDHning Ovro‘pa Ittifoqining Moskva rahbarligidagi varianti tomon yuksalishiga ishonar edilar. “Yaqin xorij” kontseptsiyasi bayrog‘i ostiga iqtisodiy integratsiyada imperiyani tiklash qurolinigina ko‘radiganlar ham yig‘ilgan edi. Bu qurol yo MDH “soyaboni” ostida ishlashi mumkin edi yoxud 1996-yilda Rossiya bilan Belorusiya, so‘ngra Rossiya, Belorusiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida tuzilgan maxsus bitimlar doirasida faoliyat ko‘rsatmog‘i mumkin edi. Bunga romantik-slavyanparastlar ham tarafdor edilar. Ular Rossiya, Ukraina va Belorusiya tashkil qiladigan “Slavyan ittifoqi”ni yoqlab chiqishgan. Nihoyat, yana bir guruh bor ediki, ular qay bir darajada miltiq xarakterga ega bo‘lgan tasavvurlar tarafdori edilar. Bu tasavvurlarga ko‘ra Yevrosiyolik Rossiyaning doimiy tarixiy missiyasidagi asosiy belgilardan birini tashkil qiladi.
Uning eng tor ma’nosida “yaqin xorij”ga munosabatdagi ustivorlik juda ma’qul takliflarni o‘z ichiga olardi – Rossiya avval yaqinda tashkil topgan mustaqil davlatlarga munosabat masalalarida o‘z xatti-harakatlarini jamlamog‘i kerak. Buning alohida sababi shundaki, ularning hammasi ham o‘zaro iqtisodiy qaramliklarini rag‘batlantiruvchi sovet siyosati tomonidan maxsus qo‘llab-quvvatlangan amaliylar orqali Rossiyaga bog‘liq holatda qolib kelmoqda edi. Bu ham iqtisodiy, ham geopolitik ma’noga ega. Rossiyaning yangi rahbariyati tez-tez tilga olib turadigan “umumiy iqtisodiy muhit” shunday bir amaliy ediki, yaqinda tashkil topgan mustaqil davlatlarning boshliqlari unga bepisand qarashlari mumkin emas edi. Kooperatsiyalashish va hatto qay bir darajadagi integratsiyalashish juda qat’iy iqtisodiy zarurat edi. Shunday qilib, MDH mamlakatlari uchun mushtarak institutlar barpo etishga yordam berish, shu tariqa Sovet Ittifoqining siyosiy yemirilishi tufayli tug‘ilgan iqtisodiy dezinformatsiya va iqtisodiy parchalanish jarayoniga to‘siq qo‘yish shunchaki normal bir hol emas, balki ancha-muncha zarurat ham edi. Shu tariqa, ba’zi bir ruslar uchun iqtisodiy integratsiyaga ko‘maklashish ro‘y bergan hodisaga funktsional ta’sirchan va siyosiy jihatdan mas’uliyatli reaktsiya edi. Tez-tez Yevropa ittifoqi bilan SSSR yemirilgandan keyingi vaziyat o‘rtasida taqqoslar qilib turildi. Iqtisodiy integratsiyaning eng mu’tadil tarafdorlari tomonidan imperiyani tiklash g‘oyalari qat’iyan rad etildi. Masalan, 1992 yilning avgust oyidayoq Tashqi va mudofaa kengashi tomonidan e’lon qilingan “Rossiya uchun strategiya” degan muhim dokladda bir guruh taniqli shaxslar va yuksak martabali davlat arboblari “ma’rifatli postimperialistik integratsiya”ni ancha-muncha puxta dalillar bilan postsovet iqtisodiy muhiti uchun eng to‘g‘ri harakat dasturi sifatida himoya qilingan edi. Biroq “yaqin xorij”ga urg‘u berish – mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikda siyosiy jihatdan beozor doktrina bo‘lgan emas. Uning geopolitik mazmuni zamirida imperiyaparastlik mayli bor edi. hatto 1992 yilda qilingan ancha-muncha mo‘tadil bo‘lgan ma’ruzada ham qaddini tiklab olgan Rossiya haqida gapiriladi. Bu Rossiya, – deyiladi ma’ruzada, – oxir-pirovardida G‘arb bilan strategik sheriklik o‘rnatadi, bu sheriklikda “Rossiya “Sharqiy Ovro‘padagi, O‘rta Osiyodagi va Uzoq Sharqdagi sharoitni boshqarib boradi. Bu ustivor tamoyilning boshqa tarafdorlari ancha behayoroq chiqib qolishdi. Ular uyalmay-netmay, ochiqchasiga postsovet muhitida Rossiyaning “favqulodda roli” to‘g‘risida jar soldilar va G‘arbni Rossiyaga qarshi siyosat yuritishda ayblashdi. G‘arb bu siyosatni Ukrainaga va yaqinda tashkil topgan boshqa mustaqil davlatlarga yordam berish yo‘li bilan amalga oshirayotgan ekan.
Garchi unchalik g‘alvali bo‘lmasada buning tipik misolini Yu.Anbartsumovning mulohazalarida ko‘rish mumkin. 1993 yilda u tashqi ishlar bo‘yicha parlament qo‘mitasining raisi edi. O‘sha kezlarda u sheriklik g‘oyasining ustivorligi tarafdori edi. U sobiq sovet hududi faqat va faqat Rossiyaning geopolitik ta’sir doirasini tashkil qiladi deb astoydil isbotlashga urindi. Avvallari g‘arb bilan sherikchilik ustivorligining g‘ayratli tarafdori, Rossiyaning tashqi ishlar vaziri Andrey Kozirev 1994 yilning yanvarida uni qo‘llab-quvvatladi. U shunday dedi: Rossiya “yuzlab yillar mobaynida o‘zining ta’sir doirasida bo‘lib kelgan mintaqalarda harbiy kuchlarini saqlab qolmog‘i kerak. Darhaqiqat, 1994 yilning 8 aprelida “Izvestiya” gazetasi Rossiya yaqinda mustaqillik kasb etgan davlatlar hududida kamida 28 ta harbiy bazasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgani to‘g‘risida xabar beradi. Shuningdek, gazetadagi maqolada Kaliningrad viloyati, Moldova, Qrim, Armaniston, Tojikiston va Kuril orollaridagi harbiy bazalarning xaritada tutashgan chizig‘i sobiq Sovet Ittifoqining chegara chizig‘iga mos kelishi ma’lum qilingan.
1995 yilning sentyabrida prezident Yeltsin Rossiyaning MDHga nisbatan yuritadigan siyosati to‘g‘risida rasmiy hujjat e’lon qildi. Unda Rossiyaning maqsadlari shunday tasnif qilingan:
“MDHga nisbatan Rossiya siyosatining asosiy vazifasi iqtisodiy va siyosiy jihatdan bir-biriga integratsiya qilingan davlatlar hamjamiyatini barpo etish bo‘lmog‘i kerak. U jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rinni egallashga da’vogarlik qilishga qodir bo‘lmog‘i kerak. Shuningdek, sho‘rolardan keyingi hududda davlatlararo siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning yangi tizimini shakllantirishda Rossiya yetakchi rol o‘ynaydigan kuch bo‘lmog‘i kerak. Bu intilishlarning siyosiy ko‘lamini alohida ta’kidlash lozim. Unda alohida huquqqa ega bo‘lgan sub’ekt ko‘rsatilgan. Bu sub’ekt jahon tizimida o‘zining o‘rniga da’vogarlik qiladi, ana shu yangi huquq sub’ektning ichida Rossiyaning yetakchilik rolini o‘ynashiga da’vo qiladi. Shunga muvofiq Moskva Rossiya bilan yangi tashkil topgan MDH o‘rtasida siyosiy va harbiy aloqalarni mustahkamlashni talab qildi, hatto yagona harbiy qo‘mondonlik tuzish zarurligini, MDH davlatlarining harbiy kuchlari o‘zaro rasmiy shartnoma bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligini, MDHning “tashqi” chegaralari markazlashgan nazorat (“Moskva nazorati” deb o‘qisa ham bo‘laveradi) ostida bo‘lmog‘i joizligini, Rossiya qo‘shinlari MDH mamlakatlari ichidagi istalgan tinchlikparvarlik operatsiyalarida hal qiluvchi rol o‘ynamoqlari shart ekanini, MDH davlatlarining mushtarak tashqi siyosati shakllantirilishi zarurligini, uning institutlari avval 1991 yil sentyabrida hal qilinganidek, Minskda emas, Moskvada joylashtirilmog‘i lozimligini va nihoyat, Rossiya prezidenti MDH tomonidan oliy darajada o‘tkaziladigan hamma uchrashuvlarda raislik qilmog‘i shartligini bayon qildi
Bunisi hali holva ekan. 1995 yil sentyabrdagi hujjatda shunday deb aytilgan:
“Yaqin xorij” mamlakatlarida Rossiya televideniyesi va radiosi dasturlarining tarqatilishi kafolatlangan bo‘lmog‘i kerak. Shuningdek, mintaqalarda Rossiyadagi nashrlarning tarqalishiga har tomonlama ko‘mak berilishi shart. Rossiya MDH mamlakatlari uchun milliy kadrlar tayyorlab bermog‘i lozim.
Postsovet hududida Rossiyaning asosiy ma’rifiy markaz sifatida qayta tiklanishiga alohida ahamiyat bermoq lozim. Bunda MDH mamlakatlarida yosh avlodni Rossiyaga nisbatan do‘stlik ruhida tarbiyalash zarurligini e’tiborga olmoq lozim”.
Shunday kayfiyatlarni aks ettirgan Rossiyaning Davlat dumasi bu masalalarda shu qadar chuqurlashib ketdiki, hatto 1996 yilning boshida Sovet Ittifoqining tugatilishi yuridik jihatdan noqonuniy harakat bo‘lgan deb e’lon qildi. Bundan tashqari o‘sha yilning bahorida Rossiya MDHning gapga ko‘nadigan ba’zi bir mamlakatlari bilan yaqinroqdan, iqtisodiy va siyosiy integratsiyani ta’minlovchi bitimlar imzoladi. Bitimlardan biri juda katta dabdabayu as’asalar bilan imzolangan bo‘lib, Rossiya bilan Belorusiya o‘rtasida ittifoq tuzishni nazarda tutgan edi. Bu ittifoq “Suveren respublikalar hamjamiyati” doirasida bo‘lmog‘i lozim edi (Bu iboraning ruschasidagi so‘zlarning qisqartilishidan SSR” degan so‘z kelib chiqadi, u esa o‘z navbatida ma’nodorlik bilan “SSSR” so‘zini eslatib turadi). Ikkinchi bitim Rossiya, Qozog‘iston, Belorusiya va Qirg‘iziston tomonidan imzolangan bo‘lib, kelajakda “Birlashgan davlatlar hamjamiyati”ni tuzishni nazarda tutar edi. Har ikki tashabbusda ham Rossiyaning MDH davlatlari ichida birlashishning sekin sur’atlar bilan borayotganidan noroziligi va birlashish jarayoniga ko‘maklashishga qat’iy qaror qilgani aks etgan edi.
Shu tariqa “yaqin xorij”da MDHdagi markaziy mexanizmlarni kuchaytirishga berilgan urg‘uda ob’ektiv iqtisodiy determinizmga bog‘liqlikning ba’zi bir unsurlari bilan anchagina kuchli sub’ektiv imperiyaparastlik mayllari birlashib ketdi. Ammo na birinchi bitim, na ikkinchi bitim “Rossiya nimadir va uning haqiqiy vazifasi qanday, haqiqiy hududlari qanaqa?” degan falsafiyroq savolga javob bermadi va loaqal biron bir tuzukroq geopolitik maslahat ham chiqmadi.
Bu hamon o‘sha eski bo‘shliq edi. Bu bo‘shliqni jozibadorligi borgan sari ortib borayotgan Yevrosiyochilik nazariyasi to‘ldirishga harakat qilardi, faqat endi bu nazariyaning dikqat-e’tibori markazida “yaqin xorij” turardi. Bu mo‘ljalni belgilab beruvchi atamalar ko‘proq madaniyat sohasi va hatto mistika bilan bog‘liqdir. Uning boshlang‘ich nuqtasi muayyan bir qarashda ifodalangan. Bu qarashga ko‘ra, geopolitik va madaniy jihatlardan olganda Rossiya to‘laligicha Ovro‘pa mamlakati emas va to‘laligicha Osiyo mamlakati ham emas. Shuning uchun ham uni bus-butun holda Yevrosiyo davlati deb qaragan ma’qul. Bu xususiyat faqat unga xos. Bu – Markaziy Ovro‘pa bilan Tinch okean oralig‘idagi juda katta hudud ustidan g‘oyatda noyob nazoratning Rossiyaga meros bo‘lib qolganidir. Bu nazoratni Moskva o‘zining to‘rt asr mobaynida sharqqa siljishi natijasida barpo etgan. Ana shu siljish oqibatida Rossiya qo‘pdan-ko‘p rus bo‘lmagan va ovro‘pali bo‘lmagan xalqlarni o‘ziga singdirib oldi va bu yo‘l bilan siyosiy va madaniy jihatdan yaxlit individuallik kasb etdi.
Evrosiyochilik nazariya sifatida Sovet Ittifoqining yemirilishi bilan paydo bo‘lgan emas. U birinchi marta XIX asrda paydo bo‘lgan edi, lekin XX asrda sovet kommunizmiga qarshi aniq shaklga kirgan alternativa sifatida va go‘yoki G‘arbning tanazzuliga reaktsiya sifatida ancha keng tarqaldi. Rus muhojirlari, ayniqsa, sho‘ro yo‘liga alternativa sifatida bu nazariyani faollik bilan tarqatgan edilar. Ular Sovet Ittifoqidagi rus bo‘lmagan xalqlarning milliy uyg‘onishi milliylikdan yuqori turadigan keng qamrovli nazariya talab qilishini yaxshi tushunishgan. Faqat shu yo‘l bilangina kommunizmning uzil-kesil halokati Umumrossiya imperiyasining yemirilib ketishiga olib kelmasligini ular bilishgan. O‘tgan asrning 20-yillarining o‘rtasidayoq Yevrosiyochilik g‘oyasining atoqli namoyandasi N.S.Trubetskiy tomonidan bu fikr juda aniq ifodalab berilgan edi. U shunday deb yozadi:
“Kommunizm aslini olganda yevropoizmning buzilgan bir nusxasidir. U rus jamiyatining ma’naviy asoslarini va milliy noyobligini barbod qiladi, unda moddiyunlik me’yorlarining keng tarqalishiga yo‘l ochadi. Ayni ana shu moddiyunlik me’yorlari amalda Ovro‘pani ham, Amerikani ham boshqarib turadi.
Bizning vazifamiz butkul yangi madaniyat yaratishdir. Bu madaniyat o‘zimizga xos va o‘zimizga mos madaniyat bo‘lmog‘i kerak. U Ovro‘pa tsivilizatsiyasiga o‘xshamagan bo‘lishi shart. Shundagina Rossiya ortiq Ovro‘pa tsivilizatsiyasining aynigan in’ikosi bo‘lmaydi, shundagina u yana qaytadan o‘zligini kasb etadi. Rossiya-Evrosiyo bo‘lib qoladi, Chingizxonning ongli merosxo‘ri va uning ulug‘ merosini o‘ziga singdirib olgan voris bo‘lib qoladi”.
Bu nuqtai nazar o‘ta chalkash postsovet sharoitida juda yaxshi kutib olindi. Bir tomondan, kommunizm rus provaslav ruhoniyligiga va alohida mistikaga yaqin turuvchi “rus g‘oyasi”ga sotqinlik, xiyonat sifatida qoralangan edi, ikkinchi tomondan esa “g‘arbparastlik” ham rad etilgan edi. G‘arb madaniyati nuqtai nazaridan chirigan va aksilrus yo‘nalishga ega deb qaralardi, shuningdek, u Rossiyaning Yevrosiyo hududlarini nazorat qilishga bo‘lgan tarixan va jo‘g‘rofiy jihatdan asoslangan da’volarini rad qilishga moyil deb hisoblanardi.
Asarlaridan tez-tez va ko‘plab iqtibos olib turiladigan tarixchi, geograf va etnograf Lev Gumilev yevrosiyochilik kontseptsiyasiga akademik jilo berdi. U o‘zining “O‘rta asrlar Rossiyasi va Ulug‘ Dasht”, “Evrosiyo ritmlari” va “Tarixiy davrda etnos jo‘g‘rofiyasi” degan asarlarida Yevrosiyo alohida rus etnosi uchun tabiiy jo‘g‘rofiy muhit hisoblanadi, bu muhit rus xalqi bilan dala-dashtlarda yashaydigan rus bo‘lmagan xalqlarning tarixan qorishib ketuvi (simbioz) natijasida vujudga kelgan, bu qorishuv oxir-oqibatda g‘oyatda noyob Yevrosiyo madaniyati va ma’naviyatini vujudga keltirgan degan qarashlarga juda baquvvat nazariy zamin yaratib berdi. Gumilev G‘arbga moslashish rus xalqini o‘z “etnosidan va qalbidan mahrum bo‘lish xavfiga duchor qilmog‘i mumkin” deb ogohlantirgan edi.
Garchi Gumilevdan ancha jo‘nroq bo‘lsada bu qarashlarni Rossiyaning turli-tuman millatchi siyosatbozlari takrorlashdi. Masalan, sobiq vitse-prezident Aleksandr Rutskoy shunday degan edi: “Mamlakatimizning jo‘g‘rofiy ahvoli shuni taqozo qiladiki, Rossiya Osiyo bilan Ovro‘pani tutashtirib turuvchi yagona ko‘prikdir. Bu hududning xo‘jayini bo‘lgan odam butun dunyoning xo‘jayini bo‘ladi”. 1996 yildagi prezident saylovlarida Yeltsinga raqiblik qilgan Gennadiy Zyuganov marksizm-leninizmga tarafdorligiga qaramay, Yevrosiyoning bepoyon hududlarida rus xalqining alohida ma’naviy va missionerlik roli masalasida yevrosiyochilikka berilayotgan mistik urg‘uni qo‘llab-quvvatladi. Zyuganov shu tariqa Rossiya zimmasiga jahonda rahbarlik mavqeiga ega bo‘lmoq uchun g‘oyatda noyob madaniy rol yuklangan, shuningdek, unga bag‘oyat qulay jo‘g‘rofiy vaziyat ato qilingan deya isbot qilmoqchi bo‘ladi.
Erosiyochilikning bundan ko‘ra ishonchliroq va amaliyroq varianti Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev tomonidan olg‘a surildi. Nazarboyev o‘z mamlakatida tub aholi bo‘lmish qozoqlar bilan ko‘chirib keltirilgan ruslar o‘rtasidagi nifoqqa duch keldi. Ular son jihatidan deyarli teng edi. Nazarboyev Moskvaning siyosiy integratsiyaga yo‘naltirilgan tazyiqini biror darajada bo‘lsa hamki bo‘shashtirish uchun tussiz va samarasiz MDHga muqobil variant sifatida “Evrosiyo ittifoqi” kontseptsiyasini oldinga surdi. To‘g‘ri, uning variantida Yevrosiyo borasidagi bundan ko‘ra an’anaviyroq qarashlarga xos bo‘lgan mistika yo‘q edi va unga asos qilib ruslarning Yevrosiyodagi alohida yetakchilik roli haqidagi qarash asos qilib olinmagan edi. U boshqa bir nuqtai nazarga asoslangan edi. Bu nuqtaiy nazarga ko‘ra, jo‘g‘rofiy jihatdan Sovet Ittifoqining avvalgi hududlariga mos keladigan hududlar doirasida belgilanadigan Yevrosiyo yaxlit bir organizm bo‘lmog‘i kerak va u siyosiy o‘lchovlarga ham ega bo‘lmog‘i shart.
Rossiyaning geopolitik tafakkurida “yaqin xorij”ga oliy maqom berishga urinish ma’lum darajada o‘rinli edi. Postimperialistik Rossiya bilan yaqinda mustaqillikka erishgan davlatlar o‘rtasida qay bir darajada tartib va murosa o‘rnatish xavfsizlik va iqtisodiyot nuqtai nazaridan mutlaqo zarur edi. Ammo bu munozaraning ko‘pgina qismi muayyan darajada syurrealistik jilolarga ega bo‘ldi. Bunga sabab sobiq imperiyaning “birlashishi” to‘g‘risidagi anchadan beri davom etib kelayotgan eski tasavvurlar bo‘ldi. Bunga ko‘ra, bunday birlashish ixtiyoriy (iqtisodiy sabablar vajidan) bo‘lganida yoki Rossiyaning Yevrosiyodagi yoxud slavyan dunyosidagi alohida roli to‘g‘risida gapirmaganda ham, uning boy berilgan qudratini tiklashning pirovard natijasi bo‘lganida “birlashish”ni amalga oshirish ancha oson ko‘char va ma’qulroq bo‘lardi.
Bu jihatdan Ovro‘pa ittifoqi bilan tez-tez qilinib turiladigan taqqoslarda juda muhim bir tafovut inobatga olinmaydi: Ovro‘pa Ittifoqida garchi Germaniyaning alohida ta’siri sezilib tursa-da, unda birorta davlat ustivorlik qilmaydi. Birorta davlat Ovro‘pa Ittifoqining hamma a’zolarining o‘rnini bosa olmayli. Ovro‘pa Ittifoqi biron-bir milliy imperiyaning vorisi ham emaski, uning ozodlikka chiqqan a’zolari “integratsiya” deganda bu so‘zning zamirida tobelikni qayta tiklash yotipti deb shubha qilishsin. Bu holda oson tasavvur qilish mumkin — agar Germaniya rasmiy ravishda uning vazifasi Ovro‘pa Ittifoqidagi rahbarlik rolini mustahkamlash va kengaytirishdan iboratdir deb e’lon qilsa, Ovro‘pa mamlakatlarining munosabati shubhasiz salbiy bo‘lar edi. Holbuki, 1995 yilda Rossiyaning rasmiy bayonotida uning MDHdagi roli to‘g‘risida xuddi shu gap aniq aytilgan. Buni biz yuqorida keltirgan iqtibosdan ochiq ko‘rishimiz mumkin. Ovro‘pa Ittifoqi bilan taqqoslaganda yana bir nuqson bor. G‘arbiy Ovro‘pa mamlakatlarining ochiq va nisbatan iqtisodiy jihatdan rivojlangan tuzumlari demokratik integratsiyaga tayyor edilar va g‘arbiy ovro‘paliklarning ko‘pchiligi bunaqa integratsiyaning siyosiy va iqtisodiy foydalarini aniq sezib turishardi. G‘arbiy Ovro‘paning nisbatan kamroq darajadagi boy davlatlari ham katta-katta dotatsiyalardan ancha foyda ko‘rishlari mumkin edi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq yaqinda mustaqillikka erishgan davlatlar Rossiyaning siyosiy jihatdan barqaror emasligini ko‘rib turishardi. Hali ham boshqalarga xo‘jayinlik qilish ishtiyoqida yurgan Rossiya iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda ularning jahon iqtisodiyotida ishtirok etishga va ular uchun o‘ta zarur bo‘lgan xorijiy investitsiyalarga erishishda to‘siq bo‘lishi mumkin edi.
Moskvaning “integratsiya” sohasidagi g‘oyalariga nisbatan muxoliflik, ayniqsa, Ukrainada kuchli edi. Uning rahbarlari bunaqa “integratsiya”, ayniqsa, Rossiyaning Ukraina mustaqilligi masalasidagi tarxashligini inobatga olsa, oxir-pirovardida Ukrainaning milliy suverenitetidan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin edi. Bundan tashqari yangi Ukraina davlati bilan munosabatda Rossiyaning bepisandligi, uning Ukraina chegaralarini tan olishni istamayotgani, Ukrainaning Qrimga haq-huquqi masalasidagi ikkilanishlari, uning Sevastopol ustidan yakka o‘zi nazorat o‘rnatishni talab qilib turib olgani – bularning hammasi Ukraina uyg‘ongan milliy tuyg‘ularga oshkora aksilrus yo‘nalishini berdi. Shu tariqa yangi ukrain davlatining shakllanishida eng og‘ir bosqichda o‘z taqdirini o‘zi belgilash jarayonida an’anaviy aksilpolyak yoki aksilrumin mavqeidan Rossiyaning istalgan takliflariga qarshi turish mavqeiga o‘tib oldi. Ukraina rahbariyati MDH davlatlarini ko‘proq integratsiya qilishga yo‘naltirilgan, alohida slavyan hamjamiyatini (Rossiya va Belorussiya bilan birgalikda) barpo etishni ko‘zda tutgan yoki Yevrosiyo ittifoqini tuzishga undovchi har qanday taklifini Rossiyaning imperiyaparastlik bobidagi taktik usullari sifatida fosh qilib bordi.
Ukrainaning o‘z mustaqilligini saqlab qolish borasidagi qat’iyati xorijdan ko‘mak topdi. To‘g‘ri, avvaliga G‘arb va, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar mustaqil Ukraina davlatining mavjudligi geopolitika nuqtai nazaridan g‘oyatda muhim ahamiyatga ega ekanini tan olishga kechikib qolishdi, ammo 90-yillarning o‘rtasiga kelib, AQSh ham, Germaniya ham Kiyev mustaqilligining qat’iy tarafdorlari bo‘lib qolishdi. 1996 yilning iyunida AQShning mudofaa vaziri shunday degan edi: “Men butun Ovro‘paning xavfsizligi va barqarorligi uchun Ukrainaning mustaqil davlat sifatida mavjudligi juda katta ahamiyatga ega deb bilaman”. O‘sha yilning sentyabrida esa Germaniyaning kantsleri Yeltsinni har qancha qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, bu masalada yanada keskinroq fikr aytdi. U “Ukrainaning Ovro‘padagi mustahkam o‘rni ortiq hech kim tomonidan shubha ostiga olinishi mumkin emas. Ortiq hech kim Ukrainaning mustaqilligi va hududlarining butunligiga egri ko‘z bilan qaray olmaydi”, dedi. AQSh siyosatini shakllantiruvchi odamlar ham Ukraina-Amerika munosabatlarini “strategik sherikchilik” deb atay boshladilar. Ular bu masalada ongli ravishda amerika-rossiya munosabatlarini belgilovchi iboralarni qo‘llay boshladilar. Yuqorida qayd qilinganidek, Ukrainasiz imperiyani tiklash ishi na MDH zaminida va na yevrosiyochilik zaminida amalga oshmog‘i juda qiyin ish edi. Ukrainasiz imperiya shunday ma’noni anglatadiki, Rossiya yana ko‘proq darajada Osiyo davlati bo‘lib qoladi va u Ovro‘padan yana ko‘proq uzoqlashadi. Bundan tashqari yevrosiyochilik g‘oyasini shuningdek, yaqindagina mustaqillikka erishgan O‘rta Osiyo davlatlarining fuqarolari ham uncha xushlamadilar. Faqat ulardan ayrimlarigina Moskva bilan ittifoq tuzishni xohladilar. O‘zbekiston Ukrainaning MDHni hamma millatlar ustidan turadigan bir tashkilotga aylantirishga va umuman, Rossiyaning MDHni kuchaytirishga qaratilgan har qanday tashabbusiga qarshi turishini qat’iy ravishda qo‘llab-quvvatladi.
MDHning boshqa a’zolari ham Moskvaning niyatlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ldilar va O‘zbekiston bilan Ukraina tevaragida jipslashishga moyillik ko‘rsatdilar. Shu tarzda ular Moskvaning siyosiy va harbiy integratsiyani yanada jisplashtirish yo‘lidagi urinishlariga qarshi turdilar va uning tazyiqini chetlab o‘tdilar. Bundan tashqari mustaqillikka yangi erishgan davlatlarning deyarli hammasida milliy ong tuyg‘usi chuqurlashdi. Uning diqqat markazida o‘tmishdagi mustamlaka sharoitidagi tobelikni qoralash va eski davrning har qanday merosini tubdan sug‘urib tashlashga intilib turardi. Mohiyatan olganda, 90-yillarning o‘rtasida Rossiyaning MDHdan siyosiy integratsiya sohasida bir qurol sifatida foydalanishga qarshilik ko‘rsatuvchi norasmiy bir blok yuzaga keldi. Bu blokning boshida Ukraina turar, uning a’zolari esa O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon, ba’zan esa Qozog‘iston, Gruziya va Moldova edi.
Ukrainaning cheklangan va asosan iqtisodiy masalalar borasidagi integratsiya uchun qat’iy turishi “Slavyan ittifoqi” degan tushunchani har qanday ma’nodan mahrum qildi. Ba’zi bir slavyan nofinlar tomonidan targ‘ib qilingan va Aleksandr Soljenitsinning qo‘llab-quvvatlashi tufayli birmuncha shuhrat qozongan g‘oya Ukraina tomonidan rad qilinishi bilanoq, o‘zining geopolitik ma’nosini o‘z-o‘zidan yo‘qotdi-qo‘ydi. Bu Belorusiya bilan Rossiya ikkovlarini yolg‘izlantirib qo‘ydi, shuningdek, bunda Qozog‘istonning parchalanib ketish xavfi ham maydonga keldi. Negaki, uning ruslar ko‘p yashaydigan shimoliy qismlari potentsial jihatdan bu ittifoqning bir qismi bo‘lib olishi mumkin edi. Bunday variant, tabiiyki, Qozog‘istonning yangi rahbarlariga ma’qul bo‘lolmas edi. U qozoqlarning milliy ongidagi aksilrus yo‘nalishini kuchaytirdi, xolos. Belorusiya uchun Ukrainasiz “Slavyan ittifoqi” Belorusiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni anglatardi, xalos. Bu esa millatchilarning noroziligini tug‘dirishdan nari o‘tmadi.
“Yaqin xorij” masalasidagi siyosat borasidagi tashqi to‘siqlar ancha-muncha darajada juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ichki cheklovchi omillar — rus xalqining kayfiyati tufayli ham vujudga keldi. Sobiq imperiya hududida Rossiyaning alohida vazifasi to‘g‘risidagi safsatalar va siyosiy elitaning hovliqishlariga qaramay, rus xalqi qisman haddan ziyod toliqqani uchun va ayni chog‘da sog‘lom aqlga amal qilib imperiyani tiklash dasturiga nisbatan unchalik zavq-shavq bilan munosabatda bo‘lmadi.
Ruslar chegaralarni ochib qo‘yishni, savdo-sotiq erkinligini, odamlarning harakat erkinligini, rus tilining alohida maqomini ma’qulladi, lekin siyosiy integratsiya, ayniqsa, u mablag‘ sarflash yoki qon to‘kilishi bilan bog‘liq bo‘lsa. unchalik ma’qul bo‘lmadi. Anjuman ahli Ittifoqning tarqab ketganiga taassuf bildirishdi, uni tiklashga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishdi, ammo Chechenistondagi urushga jamoatchiliknng munosabati shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiy imkoniyatlardan ortiqcha biron narsani qo‘llash bilan bog‘liq har qanday siyosat yoki siyosiy bosim xalqning ma’qullashiga sazovor bo‘lmasligi ayon bo‘lib qoldi.
Xullasi kalom, “yaqin xorij”ga mo‘ljal qilishning ustivorligi geopolitik jihatdan nochor ahvolda edi. Bu shunda ko‘rinar ediki, Rossiya o‘z irodasini majburan o‘tkazmoq uchun siyosiy jihatdan yetarli darajada baquvvat emas edi, yangi davlatlarni o‘ziga jalb qilmoq uchun esa iqtisodiy jihatdan yetarli darajada jozibador emas edi. Rossiya tomonidan ko‘rsatilgan bosim ko‘proq xorij bilan birinchi navbatda G‘arb bilan va ba’zi hollarda hatto Xitoy bilan va janubdagi islom davlatlari bilan aloqa o‘rnatishga undadi. NATOni kengaytirish g‘oyasiga javoban Rossiya “harbiy blok” tuzamiz degan dag‘dag‘a bilan javob berganida, o‘z-o‘ziga “kim bilan?” degan alamli savol bergan va unga “Belorusiya va Tojikistondan boshqa hech kim yo‘q” degan yanada alamliroq javob olgan.
Agar istasangiz, yangi davlatlar tobora ko‘proq darajada Rossiya bilan integratsiyaning avvallari o‘zini oqlagan va zarur bo‘lgan shakllariga ham ishonmaslikka moyillik bildirmoqdalar, negaki, ular siyosiy oqibatlar ro‘y berganidan qo‘rqishadi. Ayni chog‘da go‘yoki Rossiyaga xos bo‘lgan yevrosiyochilik missiyasi va slavyancha sirlilik haqidagi gap-so‘zlar Rossiyani Ovro‘padan va yaxlit olganda butun G‘arbdan yanada ko‘proq ajratib tashladi. Shu tarzda postsovet davrining tanazzuli ancha cho‘zilib ketdi va rus jamiyatini zaruriy tarzda modernlashtirish va vesternlashtirish ishini ancha to‘xtatib qo‘ydi. Holbuki, Kamol Otaturk Turkiyada Usmoniylar saltanati qulagandan keyin xuddi shu yo‘ldan borgan edi. Shunday qilib, “yaqin xorij”ga urg‘u berish Rossiya uchun masalani geopolitik hal qilish emas, balki geopolitik adashish bo‘ldi.
1996 yilning boshida Yeltsin o‘zining G‘arbning etagidan tutgan tashqi ishlar vaziri Kozirevni tajribasi ancha boy, lekin ortodoksalroq Yevgeniy Primakov bilan almashtirdi. Sobiq Komintern bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan bu odamning manfaatlari ko‘pdan beri Eron va Xitoy bilan bog‘liq edi. Ba’zi bir Rossiya ijrochilarining taxminiga ko‘ra, Primakovning bu mamlakatlarga moyilligi yangi “aksilgegemonistik” koaliziyani tuzishga urinishlarni tezlashtirib yubormog‘i kerak edi. Bunday koalitsiya ana shu uchta mamlakat atrofida bo‘lib AQShning Yevrosiyodagi juda katta ta’sirini cheklashga qaratilgan juda ulkan geopolitik mo‘ljalga ega bo‘lardi. Primakovning ba’zi bir dastlabki safarlari va sharhlari bunday taassurotni kuchaytirganday bo‘ldi. Bundan tashqari Xitoy bilan Eron o‘rtasida qurol savdosi sohasida mavjud bo‘lgan aloqalar, shuningdek, Eronning atom energiyasiga ko‘proq erishish borasidagi urinishlariga yordam berishga Rossiyaning moyilligi, bir qarashda, yanada yaqinroq siyosiy muloqotlar olib borishga va oxir-pirovardida, alyans tuzishga juda ajoyib imkoniyatlar yaratib beradiganday ko‘ringan edi. Buning natijasida loaqal nazariy jihatdan olganda dunyodagi yetakchi slavyan davlatining, dunyodagi eng jangari islom davlatining, aholisining soniga ko‘ra dunyodagi eng yirik va Osiyodagi eng baquvvat davlatning boshlari bir-biriga qo‘shilmog‘i hamda shu tarzda qudratli bir koalitsiya maydonga kelmog‘i mumkin edi. Bunga o‘xshash istagan aksilalyansni barpo etishning boshlanish nuqtasi ikki tomonlama Rossiya-Xitoy munosabatlarini qaytadan tiklash bo‘lmog‘i lozim edi. Bunga esa har ikkala davlat oliy doiralarining AQShning dunyoda yagona o‘ta qudratli davlat bo‘lib olganidan noroziliklari asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 1996 yilning boshida Yeltsin Pekinga davlat tashrifi bilan bordi va u yerda deklaratsiyaga imzo chekdi. Unda global “gegemonistik” tendentsiyalar ochiq-oydin qoralangan edi. Shu tariqa bu deklaratsiyada Rossiya bilan Xitoy Qo‘shma Shtatlarga qarshi ittifoqqa kirishishlari nazarda tutilgan edi. 1996 yilning dekabrida Xitoy bosh vaziri Li Pen javob tashrifi bilan Moskvaga keldi va har ikkala tomon “bitta davlat ustivorlik qiladigan xalqaro tizimlarga qarshi ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar. Lekin ular bu bilangina cheklanib qolmasdan, mavjud alyanslarni ham ma’qullashlarining kuchaytirilishini ham ta’kidladilar. Rossiyaning sharhlovchilari voqealarning bunday rivojini juda ma’qulladilar, ular buni NATOning kengaytirilishini qo‘llab-quvvatlayotgan Qo‘shma Shtatlarga qarshi munosib javob va kuchlarning global nisbatini saqlashda ijobiy burilish sifatida qaradilar. Ba’zilar hatto Rossiya-Xitoy alyansi Qo‘shma Shtatlarga berilgan munosib zarba bo‘ldi deb juda xursand bo‘ldilar.
Ammo Rossiyaning Xitoy va Eron bilan koalitsiyasining bir vaqtda paydo bo‘lishi uncha oson emas. Buning uchun Qo‘shma Shtatlar uzoqni ko‘rolmaydigan siyosat yuritishlari va Xitoy bilan Eronda bir vaqtning o‘zida o‘zlariga qarshi antogonizm tug‘dirishlari kerak bo‘ladi. Albatta, bunaqa imkoniyatni istisno qilib bo‘lmaydi va AQShning 1995-1996 yillardagi harakati Qo‘shma Shtatlar Tehron bilan ham, Pekin bilan ham antogonistik munosabatlarga kirishmoqqa intilyapti degan fikrni deyarli oqladi. Ammo na Eron, na Xitoy o‘z taqdirlarini global va zaif Rossiya bilan bog‘lashga tayyor emas edilar. Har ikkala davlat ham yaxshi bilar edilarki, muayyan maqsadlarni ko‘zda tutgan taktik ko‘lamdan jinday chetga chiqishlari bilanoq, ularning ancha rivojlangan mamlakatlar bilan munosabatlari xavf ostida qoladi. Bu davlatlar favqulodda katta investitsion imkoniyatlarga ega, ularda yuksak texnologiyalar bor, bular Eronga ham, Xitoyga ham juda zarur. Bu bilan hisoblashmaslik mumkin emas. Aksilgegemonistik yo‘nalishga ega bo‘lgan koalitsiyada chinakamiga munosib sherik bo‘lmoq uchun Rossiyaning imkoniyatlari juda kam edi.
Mushtarak mafkuradan mahrum bo‘lgan va faqat “aksilgegemonistik” tuyg‘ular vajidangina birlashgan bunday koalitsiya mohiyatan “uchinchi davlatlar”ning eng rivojlangan davlatlarga qarshi yo‘naltirilgan alyansining bir qismigina bo‘ladi, xolos. Bunaqa koalitsiyaning bironta ham a’zosi durustroq natijaga erisha olmaydi. Xitoy esa, ayniqsa, daryoday oqib kelayotgan investitsiyalar oqimidan mahrum bo‘lib qolishi hech gap emas. Rossiya uchun ham xuddi shunday. Bunday ittifoq oqibatda uning hamma ishtirokchilarini – ular ikkita bo‘ladimi, uchta bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, uzoq muddatga dunyodan ajralib, yakkalanib qolishga va ular uchun mushtarak qoloqlikka mahkum etadi.
Bundan tashqari, bunaqa “antigegemonistik” koalitsiya tuzish borasidagi Rossiyaning har qanday urinishida Xitoy yetakchi sherik bo‘lib oladi. Xitoyning aholisi son jihatidan ko‘proq, sanoat masalasida u ko‘proq taraqqiy etgan, u ko‘proq darajada novatorlik yo‘lidan boradi, ko‘proq harakatchan, dil-dilidan esa Rossiyaga nisbatan muayyan territorial rejalari ham yo‘q emas. Shunday bo‘lgandan keyin Xitoy muqarrar tarzda Rossiyani kichkina sherik maqomiga tushirib qo‘yadi, ayni chog‘da, Rossiyaga uning qoloqligini yengib o‘tishga yordam uchun vositachini namoyish etadi. Shunday qilib, Rossiya kengayib borayotgan Ovro‘pa bilan ishtahasi zo‘r Xitoy o‘rtasida bir halqa holiga tushib qoladi.
Va, nihoyat, yana bir muhim gap: xalqaro ishlar bo‘yicha ba’zi bir rossiyalik ekspertlar hamon bir narsadan umidvor bo‘lishda davom etib kelmoqdalar. Ovro‘pa integratsiyasi boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Bunga, ehtimol, NATOning kelajakdagi modeli bo‘yicha G‘arb davlatlari o‘rtasida mavjud bo‘lgan ichki ixtiloflarni ham qo‘shmoq joizdir. Bularning bari oxir-pirovardida Rossiyaning Germaniya yoxud Frantsiya bilan “oshnachilik” qilmog‘i uchun loaqal taktik imkoniyatlarning vujudga kelishiga imkon tug‘dirishi mumkin, lekin har nima bo‘lganda ham bu Ovro‘pa bilan AQSh o‘rtasidagi transatlantik aloqalarga mutlaqo xalal bermaydi.
Shunday qilib, bunday istiqbol allanechuk kutilmagan bir yangilik bo‘lishi amrimahol edi, negaki, butun sovuq urush yillari mobaynida Moskva vaqt-vaqti bilan frantsuz yoki german kartasini o‘yinga solishga harakat qilib kelgan. Shunga qaramay, Moskvadagi ba’zi bir geopolitiklar bir masalada haqli qarashga ega edilar. Ular Ovro‘pa ishlarining boshi berk ko‘chaga kirib qolgani shunday bir qulay taktik sharoitlar yaratmog‘i mumkinki, ulardan AQShning zarariga foydalansa bo‘ladi deb hisoblaydilar. Ammo bu — sof taktik variantlardan o‘zga narsa emas. Germaniya yoki Frantsiya AQSh bilan aloqalaridan kechishi mumkin deb o‘ylash ehtimoldan xiyla uzoq. Keyinchalik bo‘lajak muayyan “oshna-og‘aynigarchiliklar”ni, ayniqsa, Frantsiya bilan biron-bir torroq masala yuzasidan bitishuvga kelishni istisno qilib bo‘lmaydi, albatta, ammo alyanslar qurilmasini geopolitik jihatdan o‘zgartirmoq uchun avval Ovro‘pa ishlarida keng ko‘lamda to‘ntarish yuz bermog‘i, Ovro‘pa birligi va transatlantik aloqalar barbod bo‘lmog‘i kerak. Biroq shunda ham Ovro‘pa mamlakatlarining yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan Rossiya bilan chindan-da juda keng ko‘lamdagi geopolitik ittifoqqa kirish niyatini izhor qilmog‘i g‘oyatda ehtimoldan uzoqdir.
Shunday qilib, yaqindan sinchiklab qaraganda, aksilalyans variantlaridan birontasi ham muqobil variant sifatida yashashga qobil bo‘lib chiqmaydi. Rossiyaning geopolitik dilemmasi na aksilalyansda, na AQSh bilan tenghuquqli strategik sheriklik to‘g‘risidagi xomxayolda, na sobiq Sovet Ittifoqi hududlaridagi biron-bir yangi siyosiy yoki iqtisodiy “integrallashgan” qurilmada o‘zining yechimini topa oladi. Ularning hech qaysisida Rossiyaning ixtiyorida mavjud bo‘lgan yagona yechim inobatga olinmaydi.

YaGONA MUQOBIL ChORA DILEMMASI

Rossiya uchun yagona geostrategik chora bor. Faqat ana shu birdan-bir chora oqibatidagina u xalqaro maydonda real rol o‘ynay oladi va o‘z jamiyatining shaklini o‘zgartirish hamda modernlashtirish borasida eng yuksak darajadagi imkoniyatlarga ega bo‘la oladi. Bu — Ovro‘padir. Ovro‘pa bo‘lganda ham, shunchaki allaqanday Ovro‘pa emas, balki o‘zining kengayib borayotgan Ovro‘pa Ittifoqiga va NATOsiga ega bo‘lgan transatlantik Ovro‘padir. Bunday Ovro‘pa borgan sari seziladigan shaklga kirib borayotir va bundan tashqari u avvalgiday Amerika bilan yaqindan bog‘liq bo‘lishda davom etadi. Rossiya geopolitik jihatdan xatarli yakkalanib qolish xavfidan qutulishni istasa, ana shunday Ovro‘pa bilan munosabatga kirishishga to‘g‘ri keladi.
Amerika bilan sherikchilik qilmoq uchun Rossiya hali bag‘oyat darajada zaif, lekin shunchaki uning sadaqasi bilan kun ko‘radigan darajada ham emas. Buning uchun u avvalgiday bag‘oyat kuchli. Ko‘proq shunday bir vaziyatning vujudga kelish ehtimoli bor: Agar Amerika biron mavqeni ishlab chiqib, uning yordamida ruslarni ularning mamlakati uchun eng yaxshi yo‘l transatlantik Ovro‘pa bilan mustahkam aloqalarni rivojlantirish ekaniga ishontira olmasa, Rossiya Amerika uchun muammoga aylanadi. Garchi uzoq muddatli Rossiya-Xitoy va Rossiya-Eron shartnomalarining strategik ittifoqi tuzilishining ehtimoli kam bo‘lsa-da, Amerika uchun Rossiyaning diqqatini zarur bo‘lgan geopolitik tanlovdan chalg‘itadigan siyosatni chetlab o‘tish g‘oyatda muhimdir. Shuning uchun ham imkoni bor qadar Amerikaning Xitoy va Eron bilan munosabatlari shakllantirilar ekan, bunda ularning ruslarning geopolitik hisob-kitoblariga ta’sirlarini ham inobatga olmoq kerak. Ulug‘ strategik variantlar haqidagi xomxayollarning saqlanib qolishi og‘ir xastalikdan qutulish uchun ruslar amalga oshirishi lozim bo‘lgan tarixiy tanlovni orqaga surib yuborishi mumkin, xolos.
Ovro‘paning xoh iqtisodiy asnoda bo‘lsin, xoh geopolitik asnoda bo‘lsin, yangi realliklarini qabul qilishni istagan Rossiyaning Ovro‘paning savdo-sotiq, kommunikatsiya, sarmoya yotqizish va ta’lim sohalarida tobora kengayib borayotgan qit’alararo hamkorligidan xalqaro ustunliklarga erishmog‘i mumkin. Shuning uchun Rossiyaning Ovro‘pa Ittifoqida ishtirok etmog‘i juda to‘g‘ri yo‘nalishda qo‘yilgan qadamdir. U yangi Rossiyaning kengayib borayotgan Ovro‘pa bilan bo‘lg‘usi qo‘shimcha institutsion aloqalaridan darak beradi. Bu yana shunday ma’noni bildiradiki, u Rossiya agar shu yo‘lni tanlaydigan bo‘lsa, oxir-pirovardida uning Usmoniylar saltanati qulagandan keyin Turkiya tanlab olgan yo‘ldan borishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Ma’lumki, o‘shanda Turkiya o‘zining imperiyaparastlik da’volaridan kechib, hamma narsani sinchiklab hisoblab ko‘rib, jamiyatni modernlashtirish, ovro‘palashtirish va demokratlashtirish yo‘liga kirgan edi.
Amerika bilan bog‘liq bo‘lgan zamonaviy, badavlat, demokratik Ovro‘padan boshqa hech narsa Rossiya qarshisida zarur ustunliklarni namoyon qila olmaydi. Boshqa davlatlarga ko‘z olaytirib qaramaydigan demokratik davlat bo‘lgan Rossiya uchun Ovro‘pa bilan Amerika hech qanaqa tahdid tug‘dirmaydi. Ularning Rossiyaga hech qanday xududiy da’volari yo‘q. Go‘zal kunlardan birida bunday da’vo Xitoyda paydo bo‘lib qolishi mumkin. Amerika bilan Ovro‘pa, shuningdek, Rossiya bilan uncha mustahkam bo‘lmagan, bir kun emas bir kun portlashi mumkin bo‘lgan mushtarak chegaralarga ega emas. Holbuki, Rossiyaning janubdagi musulmon davlatlari bilan etnik va hududiy jihatdan olganda mujmal chegaralarga ega. Aksincha, Ovro‘pa uchun ham, Amerika uchun ham milliy va demokratik Rossiya geopolitik nuqtai nazardan juda ma’qul sub’ektdir, o‘zgaruvchan Yevrosiyo hududida barqarorlik manbaidir.
Binobarin, Rossiya ikkita imkoniyat qarshisida turipti — sezilarli ustunliklarga ega bo‘lish maqsadida Amerika va Ovro‘pa sari olib boradigan yo‘l tanlansa, bu birinchi navbatda o‘tmishdagi imperiyaparastlikdan so‘zsiz voz kechishni talab qiladi; ikkinchidan esa, Ovro‘paning xavfsizlik va siyosat bobida Amerika bilan kengayib boradigan munosabatlari masalasida hech qanaqa mujmallik bo‘lmasligi kerak. Birinchi talab — sobiq Sovet Ittifoqi hududida tarqalgan geopolitik plyuralizmga ko‘nishni taqozo etadi. Bunday rozilik iqtisodiy hamkorlikni istisno qilmaydi — bu hamkorlik eski Ovro‘pa zonasidagi erkin savdo-sotiq modeli asosida sodir bo‘lsa ma’qulroq bo‘lar edi. Lekin bu hamkorlik yangi davlatlarning siyosiy suverenitetini qay bir darajada cheklashni o‘z tarkibiga ololmaydi. Buning sababi juda oson — ular buni istamaydi. Bu jihatdan Ukrainaning alohida mavjudligini, uning chegaralari va milliy o‘ziga xosligini Rossiya tomonidan aniq-ravshan va so‘zsiz tan olinishi g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchi talabga ko‘nish, ehtimol, yanada qiyinroq bo‘lar. Transatlantik hamjamiyatlar bilan hamkorlik qilishni bir printsip asosiga qurib bo‘lmaydi, ya’ni Rossiyaning xohishi bilan hamjamiyatning a’zosi bo‘lishni istagan Ovro‘paning demokratik mamlakatlarini ko‘kraklaridan itarib, chetga chiqarib qo‘yib bo‘lmaydi. Bu hamjamiyatni kengaytirilishida shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va tabiiyki, aksilrossiya mavzusidan foydalangan holda buni qo‘llab-quvvatlab bo‘lmaydi. Biroq bu jarayonni siyosiy buyruqlar yo‘li bilan to‘xtatish aslo mumkin emas va to‘xtatishning keragi ham yo‘q. Siyosiy buyruqlar xavfsizlik borasida Ovro‘pa munosabatlaridagi eski tushunchalarni o‘zida aks ettiradi. Ovro‘paning kengayish va demokratlashish jarayoni muddatsiz tarixiy jarayon bo‘lmog‘i kerak va siyosiy jihatdan har xil jug‘rofiy cheklashlar unga zo‘rma-zo‘rakilik bilan singdirilmasligi kerak.
Ko‘pgina ruslar uchun bu yagona muqobil choraning ikki muammosi kelgusida avvaliga ma’lum vaqt mobaynida hal qilinishi haddan tashqari qiyin bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Buning uchun juda katta siyosiy iroda talab qilinadi. Buning uchun, ehtimol, shu yo‘lni tanlashga qodir bo‘lgan va demokratik milliy tom ma’nodagi zamonaviy va ovro‘pacha Rossiyani qanday ko‘rishini ifodalab beraoladigan baquvvat rahbar ham kerak bo‘lar. Buning yaqin o‘rtada ro‘y berishi amrimahol. Postkommunistik va imperiyaparastlikdan keyingi tanazzulni yengib o‘tish uchun Markaziy Ovro‘pada postkommunistik qayta qurishga ketgandan ko‘ra ko‘proq vaqt talab qilinadi. Bundan tashqari, uzoqni ko‘ra oladigan, barqaror rahbariyat ham paydo bo‘lmog‘i kerak. Hozirgi paytda ufqda hech qanaqa rus Otaturki ko‘rinayotgani yo‘q. Shunga qaramay, ruslar oxir-oqibatda Rossiyadagi milliy sarishtalanish — taslim bo‘lish emas, xalos bo‘lish yo‘lidagi qadam ekanini tan olish kerak bo‘ladi. Ularga Yeltsinning 1990 yilda Kiyevda so‘zlagan Rossiyaning kelajagi imperiyaparastlikdan xoli bo‘lajagi haqidagi nutqi mutlaqo joiz ekanini ma’qullashga to‘g‘ri keladi. Tom ma’noda imperiyaparastlikdan xoli bo‘lgan Rossiya ulug‘ davlat bo‘lib qolaveradi va ulug‘ davlat sifatida Yevrosiyoni birlashtirib turadi. Yevrosiyo esa hamon dunyodagi eng katta hududiy birlik bo‘lib qoladi.
Harholda “Rossiya nimadir va Rossiya qaydadir?” degan savollarga javob izlash jarayoni, aftidan, asta-sekin sodir bo‘ladi va buning uchun G‘arb juda dono va qattiq mavqeda turmog‘i zarur bo‘ladi. Amerika va Ovro‘pa Rossiyaga yordam bermog‘i zarur. Ular Rossiyaga maxsus bitim tuzishni yoki NATO bilan xaritani imzolashni taklif qilish bilan cheklanib qolmasliklari shart, ayni paytda ular Rossiya bilan birgalikda kelajakda amalga oshishi ehtimol bo‘lgan hamkorlik va xavfsizlik qit’alararo tizimning bo‘lg‘usi shakllarini o‘rganish jarayonini boshlab yubormoqlari joiz. Bu tizimning ko‘lami ancha-muncha darajada Ovro‘pa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OBSE)ning noaniq doiralaridan tashqarida yashaydi. Agar Rossiya o‘zining ichki demokratik institutlarini mustahkamlasa va erkin bozor iqtisodiyotidan sezilarli rivojlanishga erishsa, unda Rossiyaning NATO va Ovro‘pa Ittifoqi bilan yanada yaqinroqdan hamkorlik qilish imkonini soqit qilish kerak emas.
Ayni vaqtda G‘arb uchun va, ayniqsa, Amerika uchun Rossiyaga yagona muqobil chora dilemmasining hech qachon yo‘qolib ketmasligiga yo‘naltirilgan siyosat yurgizish Postsovet davrida paydo bo‘lgan davlatlarning siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqarorlashuvi Rossiyaning tarixan o‘z-o‘zini qayta baholashini zaruriyatga aylantiruvchi asosiy omildir. Binobarin, sobiq sovet imperiyasi doirasida geopolitik plyuralizmni ta’minlash uchun yangi davlatlarga madad berib turish Rossiyani aniq-taniq Ovro‘paning etagidan ushlashga undashga yo‘naltirilgan siyosatning tarkibiy qismi bo‘lmog‘i lozim. Bu davlatlar ichida uch mamlakat — Ozarbayjon, O‘zbekiston va Ukraina alohida ahamiyatga ega. Mustaqil Ozarbayjon G‘arb uchun energetik resurslarga boy Kaspiy dengizi havzasi va O‘rta Osiyoga olib boradigan yo‘lak bo‘lmog‘i mumkin. Va aksincha, Ozarbayjon mute bo‘lsa, bu O‘rta Osiyoni tashqi dunyodan ajratib quyishga imkon tug‘dirar edi. Rossiya O‘rta Osiyoni qaytadan qo‘shib olish maqsadida bosim o‘tkazadigan bo‘lsa, bu tahdid qarshisida u siyosiy jihatdan ancha zaiflashib qolardi. Milliy nuqtai nazardan O‘rta Osiyodagi aholisi eng zich joylashgan mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston Rossiya tomonidan mintaqada nazoratni tiklash yo‘lidagi eng asosiy to‘siqdir. O‘zbekistonning mustaqilligi O‘rta Osiyodagi boshqa davlatlarning yashab ketmog‘i uchun juda katta ahamiyatga egadir. Bundan tashqari u Rossiya uchun bosim o‘tkazishga eng qiyin davlatdir. Lekin hammasidan ko‘ra Ukraina ko‘proq ahamiyatga ega. Ovro‘pa Ittifoqi va NATOning kengaytirilishi bilan bog‘liq ravishda oxir-pirovardida Ukraina u yoki boshqa tashkilotning bir qismi bo‘lmoqni istaydimi-yo‘qmi — buni o‘zi hal qilmog‘i mumkin. O‘zining alohida maqomini kuchaytirish uchun Ukraina har ikkala tashkilotga birvarakayiga kirmog‘i ham mumkin, negaki, ular Ukraina bilan chegaradosh. Shunisi ham borki, Ukraina o‘zida sodir bo‘layotgan ichki o‘zgarishlar oqibatida bu tashkilotlarga a’zo bo‘lish huquqini qo‘lga kiritadi. Lekin buning uchun muayyan vaqt talab qilinadi. Kiyev bilan iqtisodiyot va xavfsizlik borasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash bilan shug‘ullanadigan G‘arb Ukrainani yuqoridagi tashkilotlarga a’zo qilishni ma’qul muddati sifatida 2005-2015 yillar orasidagi o‘n yillik davr deb ko‘rsatsa, bu G‘arb uchun unchalik erta muddat bo‘lmaydi. Buning natijasida Ukrain xalqida Ovro‘paning kengaytirilishi Polsha-Ukraina chegarasiga kelib to‘xtab qolishi mumkin, degan xavotirning paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.
Noroziliklarga Rossiya damini ichiga yutib, 1999 yilda NATOning kengaytirilishiga ko‘nsa kerak va Markaziy Ovro‘pa mamlakatlaridan bir qatorining NATO tarkibiga kirishiga indamasa kerak. Kommunizm yiqilgandan beri o‘tgan vaqt ichida Markaziy Ovro‘pa mamlakatlari bilan Rossiya o‘rtasidagi madaniy va ijtimoiy ayirmaning kengaygani shunday qilishga imkon tug‘diradi. Va, aksincha, Ukrainaning NATOga kirishiga Rossiyaning rozilik berishi beqiyos darajada qiyin bo‘ladi, chunki bunga rozi bo‘lish Ukrainaning taqdiri Rossiyaning taqdiri bilan ortiq chambarchas bog‘liq emas degan omilni tan olish bilan barobardir. Biroq, Ukraina o‘z mustaqilligini saqlab qolishni istasa, unga Yevrosiyoning emas, Markaziy Ovro‘paning bir qismi bo‘lishga to‘g‘ri keladi va agar bordi-yu u Markaziy Osiyoning bir qismi bo‘lishni istasa, u Markaziy Osiyoning NATO va Ovro‘pa Ittifoqi bilan aloqalarida to‘la-to‘kis ishtirok etishga to‘g‘ri keladi. Shunda bu aloqalar Rossiya tomonidan qabul qilinsa, bu Rossiyaning ham Ovro‘paning qonuniy qismi bo‘lmoqqa qaror qilishini belgilab berardi. Rossiyaning bundan voz kechishi esa Ovro‘padan voz kechish bilan barobar bo‘lardi va Rossiyaning o‘z qobig‘iga biqinib olgan “evrosiyocha” mustaqillik hamda hammadan ajralgan holda hayot kechirish yo‘liga yuz burganidan dalolat berardi.
Masalaning quyidagi asosiy nuqtasini nazarda tutmoq kerak: Rossiya Ukrainasiz Ovro‘pa tarkibida bo‘la olmaydi. Ukraina ham Ovro‘pa tarkibiga kirmog‘i kerak. Lekin Ukraina Rossiyasiz ham Ovro‘pa tarkibiga kirmog‘i mumkin. Ukraina uchun Rossiyaning Ovro‘pa tarkibiga kirmog‘i shart emas. Agar Rossiya o‘z taqdirini Ovro‘pa bilan bog‘lash to‘g‘risida bir qarorga keldi deb faraz qilsak, bundan kengayib borayotgan Ovro‘pa tizimlariga Ukrainaning qo‘shilishi oxir-pirovardida Rossiyaning tub manfaatlariga mos keladi degan xulosa kelib chiqadi. Darhaqiqat, Ukrainaning Ovro‘paga munosabati Rossiyaning o‘zi uchun burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi. Biroq bu yana shunday ma’noni ham bildiradiki, Rossiya bilan Ovro‘pa o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning ruhini belgilash-avvalgidek kelajakning ishi bo‘lib qolmoqda. Bu o‘rinda “belgilash” shu ma’noda qo‘llanyaptiki, Ukrainaning Ovro‘pa etagidan mahkam tutishi – Rossiya tomonidan uning tarixiy rivojining navbatdagi bosqichiga taalluqli qarorlar qabul qilishni diqqat markaziga chiqarib qo‘yadi, ya’ni Rossiya yo Ovro‘paning bir qismi bo‘lmog‘i kerak, yoxud Yevrosiyoning bir qismi sifatida aroyo‘lda qolib ketavermog‘i lozim, ya’ni tom ma’noda na Ovro‘paga, na Osiyoga mansub bo‘ladi-da, “yaqin xorij” mamlakatlari bilan nizolar botqog‘iga botib qolaveradi.
Umid qilish mumkinki, kengayib borayotgan Ovro‘pa bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari ikki tomonlama rasmiy aloqalar doirasidan chiqib, iqtisodiyot, siyosat va xavfsizlik borasidagi juda ma’nodor va mas’uliyatli vazifalar darajasiga ko‘tariladi. Shu tariqa, navbatdagi asrning dastlabki yigirma yili mobaynida Rossiya o‘z ichiga nafaqat Ukrainani qamrab olgan, balki yo‘li O‘rolgacha yetib borgan va hatto undan ham nariga o‘tib ketgan Ovro‘paga tobora faol integrallashib boradi. Rossiyaning Ovro‘pa va transatlantik tizimlarga qo‘shilishi va hatto ularga a’zolikning muayyan shakllari o‘z navbatida uchta Zakavkaziya mamlakati uchun bu tizimlarga kirish yo‘lini lang ochib berardi. Ma’lumki, bu mamlakatlar jon-jahdlari bilan Ovro‘paga qo‘shilish ishtiyoqida yuripti.
Bu jarayon qanchalik tez sodir bo‘lishini oldindan aytib berib bo‘lmaydi, lekin bir narsa ayon: agar geopolitik vaziyat tezroq bir shaklga tushsa va Rossiyaning boshqa tomonlarga chalg‘imay, shu yo‘nalishdagi siljishlarini rag‘batlantirib tursa, jarayon tezlashib ketadi. Rossiya Ovro‘pa tomon qancha tez harakat qilsa, tobora zamonaviylashib va demokratiya printsiplaridan ko‘proq bahramand bo‘lib borayotgan jamiyat Yevrosiyodagi “qora o‘pqon”ni shuncha tez to‘ldiradi. Va chindan ham, Rossiya uchun yagona muqobil chora dilemmasi ortiq geopolitik yo‘l tanlash muammosi bo‘lmay qoladi. Bu masala omon qolishning g‘oyatda muhim ehtiyojidir.

5-bob
EVROSIYo BOLQONLARI

Ovro‘pada “Bolqon” degan so‘z darhol etnik ixtiloflar manzaralarini ko‘z oldingizga keltiradi va siz bu mintaqadagi ulug‘ davlatlarning o‘zaro mojarolarini eslab ketasiz. Yevrosiyo ham o‘zining “Bolqonlari”ga ega, biroq “Evrosiyo Bolqonlari” hajmiga qaraganda ancha katta, aholisi yanada qalin va etnik jihatdan turfa xildir. Ular juda katta hududga joylashgan bo‘lib, global beqarorlikning markaziy zonasini tashkil qiladi va o‘z ichiga Janubi-Sharqiy Ovro‘pa rayonlarini, O‘rta Osiyoni, Janubiy Osiyo qismlarini, Fors qo‘ltig‘i va Yaqin Sharqni oladi.
“Evrosiyo Bolqonlari” juda katta hududning ichki markazini tashkil qiladi. Bu hudud tashqaridan qaraganda uzunasiga cho‘zilib ketgan shaklga ega. U hududni qurshab olgan tashqi zonadan ancha keskin farq qiladi. O‘zini olib qarasangiz, qandaydir kuchlar yig‘ilib yotgan bo‘shliqqa o‘xshaydi. Garchi Fors qo‘ltig‘i va Yaqin Sharqda joylashgan ko‘pchilik davlatlarda barqarorlik yetishmasa-da, bu mintaqada amerikaliklar hakamlik qiladi. Tashqi zonaning beqaror mintaqasi shu tariqa yagona bir kuch gegemonlik qiladigan bir joydir va shu gegemon kuch uni o‘z qaramog‘ida tutib turadi. Aksincha, “Evrosiyo Bolqonlari” haqiqatan ham Janubi-Sharqiy Ovro‘padagi ancha ko‘hna va durustroq tanish bo‘lgan Bolqonlarni eslatadi. Undagi siyosiy sub’ektlarda nafaqat beqaror vaziyatlarni kuzatish mumkin, balki ularning o‘zi baquvvatroq qo‘shnilarini doimo jalb qilib turadilar. Bu qo‘shnilarning har qaysisi bu mintaqada ustivorlik qiluvchi kuchga egalikni ko‘rsatish ishtiyoqiga to‘la bo‘ladi. Ayni ana shu allaqanday kuch yotadigan bo‘shliq bilan kuchning so‘rib olinishining chatishib ketgani “Evrosiyo Bolqonlari” degan atamani oqlaydi.
An’anaviy Bolqonlar Ovro‘pada hukmronlik qilish uchun kurashda da’vogarlik qiladiganlarga potentsial geopolitik ob’ekt bo‘lib xizmat qilar edi. “Evrosiyo Bolqonlari” muqarrar tarzda mayda keladigan temir yo‘l tarmog‘ining har ikki tomonida joylashgan. Bu temir yo‘l tarmog‘i Yevrosiyoning eng boy rayonlari va G‘arbning sanoati juda rivojlangan rayonlarini Sharqdagi eng chekka nuqtalar bilan eng qisqa to‘g‘ri yo‘l orqali birlashtirmog‘i kerak edi. Shundoq bo‘lgach, uning ikki chekasida joylashgan “Evrosiyo Bolqonlari” ham geopolitik nuqtai nazardan juda katta ahamiyatga molikdirlar. Shunisi ham borki, “Evrosiyo Bolqonlari” tarixiy da’volar va xavfsizlik da’volari nuqtai nazaridan ham loaqal uchta eng bevosita va eng qudratli qo‘shnilar o‘rtasida ham juda katta ahamiyatga ega. Bular — Rossiya, Turkiya va Erondir. Lekin Xitoy ham bu mintaqaga qiziqishi tobora kuchayib borayotganini o‘qtin-o‘qtin namoyish qilib turadi. Biroq “Evrosiyo Bolqonlari” potentsial iqtisodiy imkoniyatlar maskani sifatida ham beqiyos ahamiyatga ega — bu mintaqada oltin va boshqa foydali qazilmalar bilan bir qatorda juda katta miqdorda tabiiy gaz va neft zahiralari ham mavjud. Kelgusi yigirma-o‘ttiz yil ichida butun dunyoda energiya iste’mol qilish ancha-muncha ko‘payishi kutiladi. AQSh Energetika vazirligining hisob-kitoblari bo‘yicha 1993-2015 yillar oralig‘ida jahonda energetikaga talab 50 foizdan ortiqroqqa ko‘payishi kerak. Bunda energetikaga ehtiyoj, ayniqsa, Uzoq Sharqda juda katta miqdorda ortadi. Osiyoning iqtisodiy rivojidagi ko‘tarilish yangi energiya manbalarini qidirib topish va ekspluatatsiya qilish borasida allaqachon juda katta bosimni tug‘dirmoqda. Holbuki, Markaziy Osiyo mintaqasi zahiralarida va Kaspiy dengizi havzasida shunaqa ko‘p tabiiy gaz va neft zahiralari saqlanmoqdaki, ular Quvayt, Meksika qo‘ltig‘i va Shimoliy dengiz zahiralaridagi gaz va neftdan ko‘plik qiladi. Bu boyliklarga erishish va ularning taqsimotida ishtirok etish ishtiyoqi natijasida shunaqa maqsadlar maydonga keladiki, ular milliy da’volarni junbushga keltiradi, korporativ manfaatlarga jon ato qiladi, yana yangidan tarixiy da’volarni o‘t oldiradi, imperiyaparastlik orzularini qayta tiriltiradi va xalqaro raqobatlarni avj oldiradi. Vaziyat borgan sari beqarorroq bo‘la boradi. Bunday bo‘lishiga sabab — nafaqat mintaqaning bag‘rida allanechuk qudrat yashiringan vakuum ekanligidagina emas. Unda ichki beqarorlik ham mavjud. Har qaysi mamlakat juda jiddiy ichki muammolar iskanjasida qiyinchilik tortadi. Ularning hammasida shunday chegaralar borki, ularga yo qo‘shnilari da’vogarlik qiladi yoki bu chegaralar hududida turli-tuman etnik xafagarchiliklar, gina-kuduratlar yig‘ilib qolgan, juda kamdan-kam chegaralarida milliy tarkibi nuqtai nazaridan yakranglik mavjud, ba’zi birlarida esa allaqachon hududiy, etnik va diniy tartibsizliklar jo‘sh urmoqda.

ETNIK ZIDDIYaTLAR QOZONI

“Evrosiyo Bolqonlari” to‘qqizta mamlakatni o‘z ichiga oladi — ular yuqorida keltirilgan ta’rif-tavsiflarga mos keladi. Bundan tashqari yana ikkita mamlakat bor — ular potentsial nomzodlardir. Bu to‘qqiz mamlakatga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gurjiston (avvallari bularning hammasi sobiq Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan) va, shuningdek, Afg‘oniston kiradi. Bu ro‘yxatga kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar qatorida Turkiya bilan Eronni ko‘rsatish mumkin. Bu ikki mamlakat boshqalari bilan siyosiy va iqtisodiy nuqtai nazardan taqqoslaganda yashashga ko‘proq qobildirlar, ikkovlari ham mintaqa miqyosida “Evrosiyo Bolqonlari”ga ta’sir ko‘rsatmoq uchun faol kurash olib boradilar va shuning uchun ham bu mintaqada muhim geostrategik o‘yinchilar hisoblanadi. Ayni chog‘da har ikkala mamlakat ham ichki etnik ixtiloflari jihatidan olib qaraganda anchagina ojizliklarga ega. Agar bu mamlakatlarning birida yoxud ikkovlarida birvarakayiga to‘satdan vaziyat beqaror bo‘lib qoladigan bo‘lsa, mintaqaning ichki muammolari nazorat ostidan chiqib ketmog‘i mumkin, Rossiyaning mintaqada o‘z hukmronligini tiklash borasidagi urinishlari esa hatto befoyda bo‘lib chiqmog‘i mumkin.
Kavkazortidagi uchta davlat – Ozarbayjon, Armaniston va Gurjiston to‘g‘risida esa shuni aytish mumkinki, bu uch davlat tom ma’noda tarixan shakllangan millatlar asosida tashkil qilingan. Buning oqibatida ularning millatchiligi tarqalish tamoyiliga ham, kuchayish tamoyiliga ham ega, tashqi ixtiloflar esa ularning tinchini buzadigan juda muhim muammolar bo‘lib qolishi mumkin. Aksincha. O‘rta Osiyoning beshta yangi davlati hali millatni barpo qilishning muayyan bosqichida turishibdi, shunisi ham borki, ularda hamon urug‘chilik bilan va etnik mansublik bilan bog‘liq kayfiyatlar ustunlik qiladi, buning natijasida esa ichki ziddiyatlar asosiy muammolar sifatida namoyon bo‘ladi. Istagan tipdagi davlatda bu zaifliklardan imperiyaparastlik da’volaridan voz kechmagan kuchliroq qo‘shni bemalol foydalanishi mumkin.
“Evrosiyo Bolqonlari” etnik jihatdan qaraganda mozaikaga o‘xshab ketadi. Bu davlatlarning chegaralari 20-30-yillarda sovet xaritalarini tuzgan mutaxassislar tomonidan o‘zlari xohlagan va ko‘ngillariga kelgan tarzda belgilab ketaberilgan. O‘sha kezlarda O‘rta Osiyoda sovet respublikalari tuzilmoqda edi. (Hech qachon Sovet Ittifoqi tarkibiga kirmagan Afg‘oniston bundan mustasnodir.) Bu davlatlarning chegaralari asosan, etnik printsiplarga asoslanib belgilangan edi, biroq Kreml bu respublikalarda ichki ziddiyatlarning saqlanib qolishidan manfaatdor edi. Shu yo‘l bilan Rossiya imperiyasining janubiy mintaqasini tobe’likda tutib turish osonroq ko‘chardi. O‘shanda belgilangan chegaralarda Rossiyaning ana shu manfaatdorligi yaqqol aks etgan.
Shunga muvofiq ravishda Moskva O‘rta Osiyo millatchilarining (ularning ko‘pchiligi hali millatchilik nima ekanini tuzukroq anglab ham yetgan emas edi) O‘rta Osiyoning turli xalqlarini siyosiy jihatda yaxlit qilib, masalan, “Turkiston” degan nom ostida birlashtirish haqidagi takliflarini rad etdi. Buning o‘rniga Moskva beshta mustaqil respublika tuzishni ma’qul ko‘rdi. Bularning har qaysisi uni boshqalardan ajratib turadigan nomga va jimjimador chegaralarga ega edi. Aftidan, Kreml ayni ana shunday mulohazalarni inobatga olib, yagona Kavkazorti federatsiyasini tuzish rejalaridan ham voz kechgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham Sovet Ittifoqi qulagandan keyin Kavkazning uchta davlatidan bittasi ham va O‘rta Osiyoning beshta davlatidan birontasi ham yangi mustaqillik maqomini qabul qilishga to‘la ravishda tayyor bo‘lmaganida, shuningdek, zarur bo‘lgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga astoydil kirishmaganida hayron qoladigan joyi yo‘q.
Kavkazda to‘rt milliondan kamroq aholiga ega bo‘lgan Armaniston va sakkiz milliondan ortiqroq aholiga ega bo‘lgan Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ning maqomi uchun darhol oshkora urush boshlab yubordilar. Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon territoriyasida joylashgan edi, biroq u yerda, asosan, armanlar istiqomat qilar edi. Bu ixtilof oqibatida keng ko‘lamda etnik tozalashlar o‘tkazildi, yuz minglab qochoqlar va o‘z yurtidan quvilgan odamlar esa turli tomonlarga tirqirab qochib ketdi. Armanlar xristian, ozarbayjonlar musulmon ekanini hisobga olganda, ixtilof diniy ranglarga ham ega bo‘lgandi. Iqtisodiyot uchun halokatli ta’sir ko‘rsatgan urush bu mamlakatlarning baquvvat mustaqil davlatlar sifatida shakllanishini ancha qiyinlashtirdi. Armaniston ko‘proq Rossiyaning yordamiga tayanishga majbur bo‘ldi, Rossiya unga ancha-muncha harbiy yordam berdi. Holbuki, Armaniston o‘zining mustaqilligi va barqarorligi uchun Tog‘li Qorabog‘ni berib qo‘yishi mumkin edi. Ozarbayjonning zaifligi mintaqa uchun ancha jiddiy oqibatlarga olib kelmog‘i mumkin edi. Negaki, o‘zining jug‘rofiy joylashgan o‘rniga ko‘ra Ozarbayjon geopolitik tayanch nuqtasi hisoblanadi. Ozarbayjonni Kaspiy dengizi havzasi va O‘rta Osiyo boyliklari solingan “shisha”ning og‘zidagi “tiqin”ga qiyoslash mumkin. Bu jihatdan u hayot-momot ahamiyatiga ega. Mustaqil turkiyzabon Ozarbayjon hududidan neft quvurlari o‘tadi. Ular qo‘shni Turkiya tomon cho‘zilib ketgan. Turkiya esa shunchaki qo‘shni emas. Uning til va din jihatidan Ozarbayjonga yaqin qarindoshligi ham bor va unga siyosiy jihatdan yordam ko‘rsatadi. Bu omil Rossiyaning mintaqada yakka o‘zi davri davron surishiga jiddiy xalaqit bergan bo‘lardi va shu tarzda uni O‘rta Osiyodagi yangi davlatlar siyosatiga ta’sir ko‘rsatishda muhim siyosiy omildan mahrum etardi. Shunga qaramay, Ozarbayjon shimol tomondan qudratli Rossiya tomonidan, janub tomondan esa Eron tomonidan ko‘rsatiladigan bosim qarshisida anchagina nochor ahvolda qoladi. Eronning shimoli-g‘arbida Ozarbayjonning o‘z territoriyasidagiga qaraganda ikki baravaridan ko‘proq Ozarbayjonlar istiqomat qiladi (ba’zi bir hisob-kitoblarga qaraganda 20 million kishiga yaqin). Bu Eronni o‘z hududida yashab turgan ozarbayjonlar o‘rtasida separatizm xurujlari namoyon bo‘lishi xavfidan qo‘rqishga majbur qiladi. Shuning uchun ham Eronda Ozarbayjonning mustaqil maqomiga nisbatan mujmal bir munosabat shakllandi, holbuki, Eronda ham, ozarbayjonda ham musulmon aholi istiqomat qiladi. Shuning uchun Ozarbayjonning G‘arb bilan amaliy ish munosabatlarini cheklash maqsadida Rossiya ham, Eron ham unga qattiq bosim ko‘rsata boshladilar.
Ozarbayjon va Armanistondan farq qilaroq (har ikkala davlat ham etnik jihatdan yetarli darajada yakrang ko‘rinishga ega) 6 million kishilik aholiga ega bo‘lgan Gurjiston xalqining 30 foizini mayda millatlar tashkil qiladi. Bunisi ham yetmaganday, ana shu uncha katta bo‘lmagan, turmush tarziga ko‘ra ko‘proq qabilaga o‘xshab ketadigan jamoalar gruzinlarning hukmronligiga qarshi keskin norozilik bildira boshladilar. Sovet Ittifoqi qulagandan so‘ng osetinlar bilan abxazlar Gurjistondagi ichki siyosiy kurashdan foydalanmoqchi bo‘ldilar va Gurjiston davlati tarkibidan chiqmoqqa urinib ko‘rdilar. Rossiya esa Gurjistonni o‘zining bosimlariga yon berishga majbur qilmoq va uning MDH tarkibida qolishiga erishmoq uchun (avvaliga Gurjiston MDH tarkibidan butkul chiqib ketmoqchi edi), kishi bilmas tarzda osetin va abxazlarni qo‘llab-quvvatlab turdi. Uning bundan ko‘zlagan yana bir maqsadi bor edi — bu yo‘l bilan Rossiya Gurjiston hududidagi o‘z harbiy bazalarini saqlab qolish uchun ruxsatga erishmoqchi va shu tariqa Turkiyani Gurjistonga olib keladigan yo‘lni yopib qo‘ymoqchi edi.
O‘rta Osiyoda beqarorlikni vujudga keltirishda ichki omillarning ahamiyati yanada kattaroq bo‘ldi. Madaniyat va til nuqtai nazardan qaraganda O‘rta Osiyodagi beshta yangi mustaqil bo‘lgan davlatning to‘rttasi turkiyzabon dunyoning bir qismini tashkil qiladi. Lingvistik va madaniy nuqtai nazardan qaraganda Tojikistonda forsiylar ustivorlik qiladi. Holbuki, Afg‘onistonda (sobiq Sovet Ittifoqi hududlaridan tashqarida) etnik jihatdan rang-barang manzaraga duch kelamiz. Bu rang-baranglikni patonlar, pushtunlar, tojiklar va boshqalar tashkil qiladi. Olti mamlakatning hammasi — musulmon mamlakati. Uzoq vaqtlar mobaynida ularning ba’zilari Eron, Turkiya va Rossiya imperiyasining vaqtincha ta’sirida bo‘lgan. Biroq bu tajriba ularda mintaqadagi manfaatlar mushtarakligi ruhini mustahkamlamadi. Aksincha, etnik tarkibi turli-tuman bo‘lgani uchun ular ichki va tashqi ixtiloflarda ojizliklari bilinib qoladi, bu esa, oxir-pirovardida, ularning ba’zi bir qudratli qo‘shnilarining tajovuzkorlik borasidagi ishtahalarini qo‘zg‘atib turadi.
O‘rta Osiyodagi yangi tashkil topgan beshta mustaqil davlatdan O‘zbekiston bilan Qozog‘iston eng muhim rol o‘ynadi. Mintaqada uyg‘onib kelayotgan turfa xil milliy tuyg‘ular uchun Qozog‘iston – qalqon, O‘zbekiston jon bo‘ldi. Qozog‘iston o‘zining jo‘g‘rofiy joylashishi va ko‘lami bilan boshqa mamlakatlarni Rossiya tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan bevosita jismoniy bosimdan himoya qiladi. Negaki, faqat Qozog‘istongina Rossiya bilan bevosita chegaradosh. Biroq Qozog‘istonning aholisi masalasiga keladigan bo‘lsak, u 18 million kishini tashkil qiladi, uning taxminan 35 foizi ruslardan iborat (mamlakatda rus aholisining soni tobora qisqarib bormoqda). 20 foizi esa qozoqlardan tarkib topgan. Buning natijasida yangi qozoq hukmdorlari etnik va lingvistik asosda millatni barpo etish siyosatini amalga oshirishda tobora qiynalmoqdalar. Shuning uchun ularning o‘zlari borgan sari ko‘proq darajada millatchilik mavqeiga og‘ib ketishyapti, lekin, baribir, mamlakat aholisining taxminan yarminigina vakili bo‘la oladilar, xolos.
Tabiiyki, yangi davlatda istiqomat qilayotgan ruslar yangi qozoq rahbariyatidan xafa bo‘ladi. Biroq ular sobiq mustamlakachi hukmdor sinfga mansubdirlar, binobarin, ularning ma’lumotlari ham yuqoriroq, jamiyatda yaxshiroq mavqega ega bo‘lganlar. Shuning uchun ular o‘zlarining imtiyozlaridan mahrum bo‘lishdan qo‘rqishadi. Qolaversa, ular yangi qozoq millatchiligiga o‘zlarining madaniy yuksakliklaridan turib, mensimay qarashlarini yashirishga ko‘p ham moyil emaslar. Qozog‘istonning shimoli-g‘arbiy va shimoli-sharqiy mintaqalarida bir vaqtlar ko‘chirib keltirilgan ruslar ancha-muncha darajada ustivor bo‘lganlari uchun agar Qozog‘iston va Rossiya munosabatlari jiddiy ravishda yomonlashadigan bo‘lsa. shimoliy qismda istiqomat qiluvchi aholi mamlakat hududining muayyan qismini ajratib olish xavfini ham tug‘dirmog‘i hech gap emas.
Ayni chog‘da qozoqlardan bir necha yuz ming kishi davlat chegarasining Rossiyaga tegishli tomonida istiqomat qiladi, yana bir qanchalari sharqi-shimoliy O‘zbekistonda yashaydi. Bu davlatni qozoqlar O‘rta Osiyoda yetakchilik uchun kurashda o‘zlarining asosiy raqiblari deb hisoblaydilar.
Amalda O‘zbekiston O‘rta Osiyoda mintaqaviy yetakchilik roliga asosiy nomzod hisoblanadi. Garchi O‘zbekiston hududlari jihatidan kichikroq bo‘lsa-da va uning tabiiy boyliklari Qozog‘istonnikichalik ko‘p bo‘lmasa-da, uning aholisi ko‘proq — 25 million kishi atrofida. Lekin bundan ham muhimi shundaki, bu aholi Qozog‘iston aholisiga qaraganda ancha ortiq darajada yakrangdir. O‘zbeklarda bola tug‘ilishining sur’atlari kattaroq ekanini va avvallari ustivor o‘rin tutgan ruslarning mamlakatdan asta-sekin chiqib ketayotganlarini hisobga olsak, yaqin orada mamlakat aholisining 75 foizini o‘zbeklar tashkil qiladi deb bemalol aytish mumkin bo‘ladi. Shunisi ham borki, bu yerda ozchilikni tashkil qiluvchi kam miqdordagi ruslargina qoladi. (Ular, asosan, mamlakat poytaxti Toshkentda qolgan.) Qolaversa, bu mamlakatning yangi siyosiy elitasi yangi davlatni atayin ongli ravishda Sohibqiron Amir Temur (1336-1404 y.) O‘rta asrlarda barpo etgan ulkan imperiyaning bevosita vorisi deb e’lon qilmoqdalar. Amir Temur davlatining poytaxti Samarqand dini islom, ilmi nujum va san’atlarni o‘rganish bobida mashhur mintaqaviy markazga aylangan edi. Bugungi O‘zbekistondagi o‘zbeklarni o‘zining tarixiy merosxo‘r ekanini chuqur his etish va qo‘ni-qo‘shnilariga nisbatan diniy da’vatkorlik vazifalarini bajarib kelganini anglash tuyg‘usi qo‘llab-quvvatlab turipti. Haqiqatan ham, ba’zi bir o‘zbek yo‘lboshchilari O‘zbekistonni O‘rta Osiyodagi yagona mustaqil qurilmaning milliy dunyosi deb hisoblaydilar. Toshkentni esa uning poytaxti, deb qarasalar ham ehtimol. O‘rta Osiyodagi boshqa har qanday davlatga qaraganda ortiqroq darajada o‘zbek siyosiy elitasi va unga qo‘shilib, allaqachondan beri millatchi davlat muvaffaqiyatlarini baham ko‘rayotgan uning xalqi ham ortiq hech qachon mustamlaka maqomiga qaytmaslik fikriga to‘la-to‘kis qo‘shiladilar.
Shu holat tufayli O‘zbekiston postetnik davrdagi millatchilik tuyg‘ularini tarbiyalashda yetakchilik rolini ham o‘ynaydi, ayni chog‘da, qo‘shnilarida muayyan xavotirlik tuyg‘usini ham uyg‘otadi. Garchi o‘zbek yo‘lboshchilari millatni barpo etishda sur’atni yuqori olgan bo‘lsalar-da va o‘z-o‘zini ta’minlashda mintaqa imkoniyatlaridan kengroq foydalanish g‘oyalarini faol targ‘ib qilayotgan bo‘lsalar-da, mamlakatning nisbatan ortiqroq darajada milliy yakrangligi va milliy o‘z-o‘zini anglashning faolroq namoyon bo‘layotgani Turkmaniston, Qirg‘iziston va hatto Qozog‘iston hukmdorlarini tobora ko‘proq xavotirga solmoqda. Mintaqadagi O‘zbekistonning yo‘lboshchiligi uning hukmronligiga aylanib ketmasa edi, deb qo‘rqishadi. Bu tashvish yangi tashkil topgan mustaqil davlatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga yo‘l qo‘ymayotir. Tabiiyki, bunday hamkorlikni ruslar ma’qul ko‘rishmaydi, chunki uning yo‘qligi mintaqaga doimiy ojizlik baxsh etib turadi. Ammo boshqa mamlakatlardagi kabi O‘zbekistonda ham etnik munosabatlarda qisman bo‘lsa-da, keskinlik mavjud. Janubiy O‘zbekistonning bir qismida, ayniqsa, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy va madaniy markazlar tevaragida tojiklar zich joylashgan bo‘lib, ular Moskva belgilab bergan chegaralardan norozi bo‘lishda davom etmoqdalar. Vaziyatni yanada keskinlashtiradigan bir holat shundaki, Tojikistonning g‘arbida o‘zbeklar yashaydi, shuningdek, Farg‘ona vodiysida iqtisodiy jihatdan Qirg‘iziston uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan joylarda o‘zbeklar bilan tojiklar yashaydi (bu joylarda so‘nggi yillarda etnik zaminda qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi). O‘zbeklarning shimoliy Afg‘onistonda ham mavjudligini aytmay qo‘ya qolsa ham bo‘ladi.
Rossiyaning mustamlakachilik boshqaruvidan xalos bo‘lgan O‘rta Osiyoning Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston kabi uchta boshqa davlatidan faqat bittasigina nisbatan etnik jihatdan yakrangdir. Uning 4,5 millionlik aholisining taxminan 75 foizi turkmanlardir, ruslar bilan o‘zbeklar esa har qaysilari umumiy aholi sonining 10 foizini tashkil qiladi. Turkmaniston jo‘g‘rofiy jihatdan muhofazalangan: u Rossiyadan nisbatan olis masofada joylashgan. O‘zbekiston bilan Eron bu mamlakatning kelajagi uchun kattaroq geopolitik rol o‘ynaydi. Bu rayon hududidan nefteprovod o‘tkazilishi bilanoq Turkmanistonning tom ma’nodagi ulkan gaz zahiralari uning xalqining farovonligini ta’minlaydi.
Qirg‘iziston aholisi (uning soni 5 million kishidan iborat) etnik jihatdan ancha-muncha rang-barangdir. Qirg‘izlarning o‘zi butun mamlakat aholisining 55 foizini tashkil qiladi. O‘zbeklar — 13 foiz, rus aholisining soni 20 foizdan keyingi paytlarda 15 foizdan sal ortiqroqqa tushib qoldi. Mamlakat mustaqillik olmasdan avval ruslar, asosan, injener-texnik ziyolilar tarkibiga kirar edi. Ularning ketib qolishi mamlakat iqtisodiyotiga katta zarba bo‘ldi. Garchi Qirg‘iziston qazilma boyliklarga g‘oyatda boy bo‘lsa-da va uning tabiati g‘oyatda xushmanzara va go‘zal bo‘lsa-da, (Qirg‘izistonni O‘rta Osiyoning Shveytsariyasi deb atashlari bejiz emas, shu vajdan kelajakda bu yerda yangi turistik markaz tashkil qilish ham mumkin) o‘zining geopolitik holatiga ko‘ra, Xitoy bilan Qozog‘iston orasida siqilib qolgan, uning mustaqillikni saqlab qolishi ko‘p jihatdan Qozog‘istonning muvaffaqiyatlariga bog‘liq.
Tojikiston etnik jihatdan jinday yakrangroq, xolos. Tojikistonning 6,5 millionlik aholisidan kam deganda uchdan ikki qismi tojik va 25 foizdan ko‘prog‘i o‘zbeklardir (tojiklar o‘zbeklarga biroz dushmanlik ko‘zi bilan qaraydilar). Bu mamlakatda ruslar esa bor-yo‘g‘i 3 foizni tashkil qiladi, xolos. Biroq boshqa mamlakatlarda ham bo‘lgani kabi, hatto ustivor etnik jamoa ham qaysi qabila va urug‘ga mansubligi jihatidan bir-biridan keskin ajralgan, bu masalada hatto zo‘ravonlik hollari ham uchrab turadi, shunisi ham borki, hozirgi zamon millatchiligi shaharda siyosiy elita o‘rtasida tarqalgan. Buning oqibatida mustaqillik nafaqat shaharlarda keskinlikni tug‘dirdi, Rossiya uchun o‘z armiyasini mamlakatdan olib chiqib ketmaslik uchun qulay bahona ham bo‘ldi. Mamlakat chegaralaridan tashqaridagi rayonlarda Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismida tojiklarning ko‘pligi etnik vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Amalda Tojikistonda qancha tojik yashasa, Afg‘onistonda ham shuncha etnik tojik aholisi istiqomat qiladi. Bu — mintaqadagi barqarorlikni susaytiradigan yana bir omildir.
Garchi Afg‘oniston ortiq sovet respublikasi bo‘lmasa-da, undagi hozirgi boshboshdoqlik sho‘rolarning merosiga o‘xshaydi. Sovetlar istilosi va unga qarshi olib borilgan uzoq muddatli partizan urushi oqibatida alohida-alohida qismlarga ajratib tashlangan Afg‘oniston hozir faqat qog‘ozdagina milliy davlat sifatida mavjuddir, uning 22 millionli aholisi esa etnik jihatdan keskin tarzda ajratib tashlangan. Shuni ham aytmoq kerakki, bu mamlakatda istiqomat qiladigan pushtunlar, tojiklar va xazarlar o‘rtasidagi ixtiloflar tobora kuchayib bormoqda. Ayni chog‘da, rus bosqinchilariga qarshi e’lon qilingan jihod dinni mamlakatning siyosiy hayotidagi ustivor omilga aylantirdi. Bu omil shundoq ham juda keskin tus olgan ziddiyatlarni diniy ehtiroslar yordamida yanada alanga oldirdi. Shunday qilib, Afg‘onistonni O‘rta Osiyodagi etnik muammolarning bir qismi sifatidagina qarash kerak emas, balki u, shuningdek, siyosiy jihatdan qaraganda ko‘p tomondan “Evrosiyo Bolqonlari”ning ham bir qismiga to‘g‘ri keladi.
Sobiq O‘rta Osiyo respublikalarining hammasida, shuningdek, Ozarbayjonda ham, asosan, musulmon aholi istiqomat qiladi, lekin shunday bo‘lsa-da, ularning asosan sho‘ro davrining mahsuloti bo‘lmish siyosiy elitasi diniy qarashlarni qo‘llab-quvvatlashmaydi va bu davlatlar rasman dunyoviy davlatlardir. Ammo ularning aholisi birlamchi qavmchilik va qabilaviy ongdan hozirgi davrdagi ko‘lami ancha kengroq milliy ongga o‘tayotgan ekan, bu, aftidan, chuqurlashib borayotgan islomni anglashdan ilhom oladi. Islomning qayta uyg‘onishiga tashqaridan nafaqat Eron, balki Saudiya Arabistoni ham faol yordam bermoqda. Bu hol amalda milliy mustaqillik ishtiyoqida kuchayib borayotgan intilishlarga yanada kuchli turtki bo‘lishi ham turgan gap. Bunday intilish tarafdorlari istagan shakldagi Rossiya nazoratining qayta tiklanishiga, binobarin, kofirlar nazoratiga tushib qolishga tish-tirnoqlari bilan qarshidirlar.
Darhaqiqat, islomlashtirish jarayoni Rossiyaning o‘zida istiqomat qiluvchi musulmon aholisiga ham juda kuchli ta’sir o‘tkazmog‘i mumkin. Ular 20 million kishi atrofida. Ular O‘rta Osiyoning mustaqil davlatlarida yashashda davom etayotgan va u yerlardagi yangi tartiblardan norozi bo‘lgan ruslardan (9,5 million kishi) ikki baravar ko‘pdirlar. Shunday qilib, Rossiyadagi musulmonlar mamlakatning umumiy aholisining 13 foizini tashkil qiladi. Shundoq bo‘lgandan keyin, diniy va siyosiy o‘ziga xoslik borasida ularning o‘z haq-huquqlarini qat’iyroq talab qilib chiqishlari mutlaqo muqarrar bir holdir. Hatto Chechenistonda bo‘lgani kabi bu intilishlar to‘la mustaqillik uchun kurash yo‘llarini qidirish tusini olmasa-da, ular Rossiya uchun muayyan muammolarni tug‘dirmasligi mumkin emas. Rossiyaning yaqin o‘tmishdagi imperiyaparastlik kayfiyatlarini inobatga olganda va yangi davlatlarda ozchilikni tashkil qiluvchi rus qatlamlari mavjudligini e’tiborga olganda, bunday muammolar hozir ham O‘rta Osiyoda Rossiya oldida ko‘ndalang bo‘lib turipti.
“Evrosiyo Bolqonlari”dagi beqarorlikning kuchaya borishiga va vaziyat borgan sari xatarli tus olib borayotganiga sabab shuki, bir-biriga qo‘shni ikkita yirik davlat (ular mintaqada tarixiy jihatdan olganda imperiyaparastlik, madaniy, diniy va iqtisodiy manfaatlarga ega), aniqroq aytganda, Turkiya bilan Eron o‘zlarining geopolitik mo‘ljallarida muqim bir nuqtada turmaydilar va ichki jihatdan olganda muayyan zaiflikka egadirlar. Agar bordi-yu, ana shu ikki davlatda vaziyat beqarorlashsa, butun mintaqa ommaviy tartibsizliklar ichida qolishi mumkin. Shunisi ham borki, unda-bunda ko‘rinib qoladigan etnik va hududiy mojarolar nazorat ostidan chiqib, mintaqadagi zo‘r-bazo‘r erishilgan kuchlar muvozanati buziladi. Binobarin, Turkiya va Eron geostrategik jihatdan nafaqat muayyan faoliyat egalaridir, balki ular shunday geopolitik markazlardirki, ularning ichki vaziyatlari mintaqa taqdiri uchun bag‘oyat muhimdir. Har ikkala davlat ham ko‘lamlariga qaraganda o‘rtacha davlatdir, lekin ularning mintaqaviy ishtiyoqlari juda zo‘r va tarixda o‘ynagan rollari uchun g‘ururlari ham g‘oyatda baland. Lekin shunga qaramay, bu ikki mamlakatning geopolitik mo‘ljallari qanday bo‘lishi va hatto ularning milliy jipslashuv borasidagi ishlari qanday bo‘lishi ma’lum emas.
Turkiya — hali ham o‘z maqsadlari va unga olib boradigan yo‘lni aniqlash jarayonini boshidan kechirayotgan davlatdir. Bu davlatni uch tomonga tortqilashyapti. Modernchilar bu davlat timsolida ovro‘pacha davlatni ko‘rmoqchi bo‘lishadi, binobarin, ular G‘arbga ko‘z tikishadi, Islomparastlar ko‘proq Yaqin Sharqqa va musulmon hamjamiyatiga moyillik ko‘rsatadilar, binobarin, ular Janubga qarashadi, tarixga mukkasidan ketgan millatchilar esa Kaspiy dengizi havzasidagi va O‘rta Osiyodagi turkiy xalqlari mintaqadagi zimmalariga yuklangan yangi vazifalar to‘g‘risida gapiradilar, binobarin, ular Sharqqa qarashadi. Bu istiqbollarning har qaysisi har xil strategik maqsadlar tevaragida girdikapalak bo‘lib turibdi va Mustafo Kamol inqilobi davridan beri bunday qarashlar tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar birinchi marta Turkiyaning mintaqadagi roli masalasida shubha-gumon tug‘dirmoqda.
Qolaversa, Turkiyaning o‘zi to‘la darajada bo‘lmasa hamki, loaqal qisman darajada mintaqaviy etnik ixtiloflarning qurboni bo‘lishi mumkin. Garchi 65 millionlik Turkiya aholisining asosiy qismi turklardan iborat bo‘lsa-da, uning 80 foizi turklarga to‘g‘ri keladi (bu hisobga cherkaslar, albanlar, bosniylar, bolgarlar va arablar ham kiradi), 20 foizini yoki undan ortiqrog‘ini esa kurdlar tashkil qiladi. Asosan, mamlakatning sharqiy mintaqalarida yashaydigan kurdlarning Eron va Iroq kurdlari o‘zlari olib boradigan milliy ozodlik harakatiga faol jalb qilishadi. Turkiyada davlatni umumiy boshqarish masalasida yuzaga keladigan har qanday keskinlik, shak-shubhasiz, kurdlarni alohida millat maqomini olish maqsadidagi bosimlarini yanada shiddatliroq qilishga undaydi.
Eronning kelgusidagi yo‘nalishi qanday bo‘lishi yanada mujmalroq ko‘rinadi. 70-yillarning oxirida g‘alaba qozongan fundamentalistik shialar inqilobi “termodorian” bosqichga ko‘tarilgan ko‘rinadi va bu holat Eronning geostrategik roli masalasida muayyan dudmallikni tug‘diradi. Bir tomondan, daxriy Sovet Ittifoqining qulashi Eronning shimoldagi yangi mustaqillik olgan qo‘shnilari uchun boshqa dinni qabul qilish imkonini yaratdi, ikkinchi tomondan esa, Eronning AQShga nisbatan dushmanligi Tehronni loaqal taktik jihatdan Moskvaga moyillik mavqeini egallashga undadi. Bundan tashqari, Ozarbayjonning mustaqillik olishi Eronning ichki ahvoliga muayyan ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ham Tehronni shunday yo‘l tutishga rag‘batlantirdi.
Bu xavotir Eronning etnik ixtiloflar nuqtai nazaridan zaifligi bilan bog‘liqdir. Mamlakatning 65 millionlik aholisidan (Eron bilan Turkiya deyarli bir xil miqdordagi aholiga ega) yarimidan jinday ortiqrog‘igina forslar, xolos. Aholining salkam to‘rtdan bir qismini ozarbayjonlar tashkil qiladi, qolgan aholi tarkibiga esa kurdlar, baluchilar, turkmanlar, arablar va boshqa xalqlar kiradi. Kurdlar bilan ozarbayjonlarni mustasno qilganda, hozirgi paytda boshqa xalqlar Eronning territorial yaxlitligiga tahdid solmaydilar. Hatto forslarning juda yuksak darajadagi milliy ongliligini va ong qatlarida yotgan imperiyaparastlik tuyg‘ularini hisobga olganda ham, yuqoridagi xatar mavjud deb aytib bo‘lmaydi. Biroq Eronning siyosatida yangi tanazzul yuz beradigan bo‘lsa, bunday vaziyat juda tez o‘zgarib qolishi mumkin.
Bundan so‘ng hozirgi paytda bu bir qator yangi mustaqil davlatning mavjudligining o‘zi va million kishilik chechenlarning o‘z siyosiy orzu-havaslarini himoya qila bilganlari shak-shubhasiz kurdlarga ta’sir qiladi, shuningdek, Erondagi boshqa hamma mayda millatlarni harakatga undaydi. Agar Ozarbayjon o‘zining barqaror siyosiy va iqtisodiy rivojlanishida muvaffaqiyatlarga erishadigan bo‘lsa, aftidan, Eron Ozarbayjonlari o‘rtasida Katta Ozarbayjonni barpo etish g‘oyasi mustahkamlana borsa kerak. Binobarin, Tehrondagi siyosiy beqarorlik va ixtiloflar Eron davlatining jipsligiga rahna soluvchi muammoga aylanishi mumkin. Bu bilan “Evrosiyo Bolqonlari”ning hududi yanada kengayadi va unda sodir bo‘layotgan voqealarning ahamiyati yanada ortadi.

KO‘PTOMONLAMA RAQOBAT

An’anaviy tarzda “Evrosiyo Bolqonlari” deb ataladigan hodisa uchta imperiya — Usmoniylar imperiyasi, Avstro-Vengriya imperiyasi va Rossiya o‘rtasidagi bevosita to‘qnashuvlar oqibatida yuzaga kelgan edi. Bundan tashqari bu kurashda yana uchta bavosita ishtirokchi bor edi. Ular katta imperiyalardan qaysi biri muvaffaqiyatga erishganda ham o‘zlarining Ovro‘padagi manfaatlari zarar ko‘rishidan xavotirlanar edilar. Germaniya Rossiyaning qudratidan qo‘rqardi, Frantsiya, Avstro-Vengriyaga qarshi turardi, Buyuk Britaniya esa Bolqon ustidan nazorat o‘rnatishda boshqa raqiblaridan birortasining ishtirok etishidan ko‘ra, Dardanell bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishda Usmoniylar imperiyasining zaiflashganini ko‘rmoqni afzal biladi. XIX asrda bu davlatlar qolgan raqiblarining manfaatlariga zarar yetkazmagan holda Bolqonda ixtiloflarni jilovlab ola bildilar, ammo 1914 yilga kelganda ular buning uddasidan chiqa olmadilar. Mojaroning zo‘rayishi esa hammalari uchun juda katta vayronagarchiliklar keltirdi.
“Evrosiyo Bolqonlari” uchun hozirgi kunda borayotgan raqobat ham uchta qo‘shni davlatni bevosita bir-biriga bog‘lab qo‘ydi. Bular Rossiya, Turkiya va Erondir. Ammo bu mojarolarda oxir-pirovardida asosiy ishtirokchilardan biri Xitoy ham bo‘lib qolishi mumkin. Bu raqobatga biroz olisroqdan turib bo‘lsa-da, Ukraina, Pokiston, Hindiston va ulardan ancha olisda joylashgan Amerika ham jalb qilingan. Bu masala bilan oshkora tarzda bog‘liq raqiblarning har qaysisi nafaqat geopolitik va iqtisodiy ustunliklarni qo‘lga kiritish ishtiyoqida harakat qilmoqda, balki ularni juda kuchli tarixiy sabablar ham rag‘batlantirib turibdi. Ularning har qaysisi o‘z vaqtida mintaqada siyosat va iqtisodiyot masalalarida ustivorlik qilgan. Ularning har qaysisi bir-biriga gumonsirab qaraydi. Garchi ularning orasida bevosita qurolli to‘qnashuvlar bo‘lishi ehtimoldan uzoq bo‘lsa-da, ular o‘rtasidagi nizolarning o‘ziyoq mintaqada yuzaga kelgan boshboshdoqlikni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Rossiyaga kelsak, uning Turkiyaga dushmanlik ruhidagi munosabati yo‘rgakda tekkan dardga o‘xshab ketadi. Rossiya matbuoti turklarni mintaqa ustidan nazorat o‘rnatishga intiladigan odamlar sifatida, Rossiyaga qarshilik ko‘rsatishga undovchi ig‘vogarlar tarzida (Checheniston voqealari buni qisman tasdiqlaydi) va Rossiyaning umumiy xavfsizligiga tahdid soluvchi kuchlar sifatida tasvirlaydi. Matbuot tasvirida bu tahdid shu darajaga yetkazib qo‘yilganki, u Turkiyaning haqiqiy imkoniyatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Turklar ham shunga yarasha javob berishadi — ular o‘zlarini qardosh birodarlarini uzoq davom etgan Rossiya zulmidan ozod etuvchi xaloskor sifatida ko‘rsatmoqchi bo‘ldilar. Turklar bilan eronliklar (forslar) ham tarixan bu mintaqada bir-birlariga qarshi turib kelganlar. So‘nggi yillarda bu ixtilof shunday bir sharoitda qayta tiklandiki, bu sharoitda Turkiya islom jamiyatining eroncha talqiniga doimiy dushman sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Garchi bu raqiblarning har biri to‘g‘risida u o‘z ta’sir doirasiga ega bo‘lmoqchi degan gapni aytish mumkin bo‘lsa-da, shunga qaramay, Moskvaning da’volari ancha keng ko‘lamga ega. Ayniqsa, imperiya sifatidagi nazorat haqida xotiralar hali uncha eskirmaganini, bu mintaqada bir necha million ruslar istiqomat qilishini va Kremlning Rossiyaga global ko‘lamdagi yirik davlatlardan biri sifatidagi maqomini qaytarish borasidagi ishtiyoqlarini hisobga olganda bu yanada ochiq namoyon bo‘ladi.
Rossiyaning tashqi siyosat bobidagi bayonotlari shundan dalolat beradiki, u sobiq Sovet Ittifoqining hamma hududida o‘zining alohida geostrategik manfaatlari mavjud deb hisoblaydi va bu yerda tashqaridan hech qanday siyosiy va hatto iqtisodiy ta’sirga ham yo‘l qo‘yish mumkin emas deb biladi.
Bundan farq qilaroq Turkiyaning mintaqaviy ta’sir ko‘rsatishga intilishlari olis o‘tmishdagi imperiyaparastlik tuyg‘ularining muayyan qoldiqlariga ega bo‘lsa-da (Usmoniylar imperiyasi o‘z rivojining eng yuksak nuqtasiga 1590 yilda erishgan edi, o‘shanda u Kavkaz bilan Ozarbayjonni bosib olgandi, lekin uning tarkibiga O‘rta Osiyo kirgan emas), Turkiya mazkur mintaqadagi turkiy xalqlar bilan qarindoshlik qilmoq uchun etnolingvistik nuqtai nazardan chuqurroq ildizlarga ega. Agar Turkiyaning siyosiy va harbiy qudrati hozirgidan ko‘ra ancha cheklanganroq bo‘lganida u hech qanaqa siyosiy ta’sir doirasiga mutlaqo erisha olmagan bo‘lardi. Aksincha, Turkiya o‘zini turkiy tilda gaplashadigan mamlakatlarning mujmal hamjamiyatida potentsial yetakchi rolida ko‘radi va bunda u o‘zining ancha jozibador va nisbatan zamonaviy rivojlanish darajasini, tilining birligini, o‘z iqtisodiy imkoniyatlarini ro‘kach qiladi. Bu imkoniyatlar mintaqada sodir bo‘layotgan millatlarning shakllanish jarayonida eng kuchli ta’sir kuchiga ega bo‘lgan yetakchi kuch bo‘lishiga yo‘l qo‘yadi.
Eronning ishtiyoqlari hozircha uncha aniq emas, lekin kelajakda ular Rossiyaning da’volariga tahdid soluvchi qudrat kasb etishlari mumkin. Forslarning ahmoniylar davlati juda katta hududlarni egallagan edi. Juda qadim zamonlarda paydo bo‘lgan va o‘z rivojining eng yuksak nuqtasida (taxminan meloddan avvalgi 500 yil) bu davlat hozirgi uchta Kavkaz davlatining, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston davlatlari hududini, shuningdek, Afg‘oniston, Turkiya, Iroq, Suriya, Livan va Isroil hududlarini egallagan edi. Garchi Eronning bugungi geopolitik intilishlari Turkiyanikiga nisbatan torroq bo‘lsa-da va ular, asosan, Ozarbayjon hamda Afg‘onistonga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, shunga qaramay mintaqaning musulmon aholisi va hatto Rossiyaning o‘zining musulmon aholisi ham Eronning mintaqaviy manfaatlari uchun ob’ekt bo‘lib xizmat qiladi. Chindan-da, O‘rta Osiyoda islomni qayta tiklash hozirgi Eron hukmdorlari intilishlarining tarkibiy qismi bo‘lib qoldi. Turkiya, Eron, Rossiya manfaatlari bir-birlariga ziddir. Rossiyaning geopolitik manfaatlari aniq janubga — Ozarbayjon va Qozog‘istonga yo‘naltirilgan, Turkiyaniki Ozarbayjon va Kaspiy dengizi orqali O‘rta Osiyoga yo‘naltirilgan, Eronniki esa shimolda Ozarbayjonga, shimoli-sharqda — Turkmaniston, Afg‘oniston va Tojikistonga qaratilgan. Bu manfaatlar bir-birlari bilan shunchaki kesishibgina qolmaydi, balki ular bir-birlari bilan to‘qnashmoqlari ham mumkin.
Hozirgi bosqichda Xitoyning roli ancha-muncha cheklangan, maqsadlari esa ayon ko‘rinib turmaydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, Xitoy G‘arbda o‘z qarshisida Rossiya imperiyasini emas, uning o‘rnida bir nechta mustaqil davlatlarni ko‘rishni afzal biladi. Mustaqil davlatlar hech bo‘lmaganda oraliqdagi bir to‘siq bo‘lib xizmat qiladi, shu bilan birga Xitoy, baribir, bir holatdan tashvishlanishda davom etmoqda: Sintszyan viloyatida Xitoyga qaram turkiy qavmga mansub qashqar millati yashaydi — yangi O‘rta Osiyo davlatlari ular uchun ibratli o‘rnak bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuning uchun Xitoy Qozog‘istondan xorijiy mayda millatlarning faolligini bostirilishi masalasida kafolatlar olishga intilmoqda. Oxir-pirovardida, biz tekshirayotgan mintaqaning energoresurslari Pekinning alohida manfaatlari doirasiga kirmog‘i lozim va Moskvaning hech qanday nazoratisiz ularga erishish Xitoyning asosiy maqsadi bo‘lib qolmog‘i kerak. Shunday qilib, Xitoyning umumiy manfaatlari Rossiyaning ustivorlik rolini o‘ynashga intilishlari bilan to‘qnashuvga kirishuv tamoyiliga ega va Turkiy hamda Eronning intilishlariga qo‘shimcha bo‘ladi.
Ukraina masalasiga keladigan bo‘lsak, uning uchun asosiy muammo — MDHning kelgusida qanday xarakterda bo‘lishidir va energiya manbalariga hozirgidan ko‘ra erkinroq erishish imkonlarini qo‘lga kiritishdir. Bu esa o‘z navbatida Ukrainaning Rossiyaga qaramligini ancha zaiflashtiradi. Shuning uchun Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan yanada yaqindan aloqa o‘rnatish va ularni rivojlantirish Kiyev uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi, mustaqillik kayfiyatlari kuchliroq bo‘lgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash esa Ukraina uchun Moskvadan mustaqilligini mustahkamlash yo‘lidagi urinishlariga qo‘shimcha bo‘ladi. Shunga muvofiq ravishda Ukraina Gurjistonning Ozarbayjon nefti G‘arbga Gurjiston hududi orqali o‘tishi kerak degan xohishini qo‘llab-quvvatladi. Bundan tashqari Ukraina Turkiya bilan hamkorlikka kirishdi. Bundan ko‘zlangan maqsad — Rossiyaning Qora dengizdagi ta’sirini zaiflashtirish edi, shuningdek, O‘rta Osiyodan keladigan neft oqimini Turkiya terminallariga yo‘llash borasidagi xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Pokiston bilan Hindiston hozircha bu jarayonga jalb qilingani yo‘q — bu keyinroq bo‘ladigan ish, ammo bu mamlakatlardan hech qaysisi “Evrosiyo Bolqonlari”da sodir bo‘ladigan voqealarga befarq qarab turolmaydi. Pokiston birinchi navbatda geostrategik jihatdan mustahkamlanib olishdan manfaatdor. Buning uchun u Afg‘onistonga siyosiy ta’sir ko‘rsatmog‘i lozim (shu yo‘l bilan Eron tomonidan Afg‘oniston va Tojikistonga ko‘rsatiladigan bosimning oldi olinadi). Shu tariqa Pokiston O‘rta Osiyoni Arab dengizi bilan bog‘laydigan biron-bir quvur qurilishidan o‘ziga tegishli foydani chiqarib oladi. Hindiston Pokistonning bu urinishlariga javoban va ehtimolki, mintaqada Xitoyning gegemon bo‘lib qolishidan xavotirlanib, Eronning Afg‘onistondagi ta’siriga va sobiq SSSRning bu yerlarga yaqin hududlarida Rossiyaning turishiga ancha-muncha ro‘yixushlik bilan qaraydi.
Garchi Qo‘shma Shtatlar olisda joylashgan bo‘lsa-da, mintaqada ularning ahamiyati tobora ortib borayotgani yaqqol sezilib turadi. Avvalo AQSh post-sovet Yevrosiyosida hamisha geopolitik keskinlik saqlanib turishini xohlaydi. Shuning uchun u bu mintaqadagi jarayonlarda bavosita ishtirokchi shaxs sifatida qatnashadi va nafaqat mintaqadagi boyliklarni taqsimlashda o‘z ulushini qo‘ldan chiqarishni istaydi, balki mintaqaning geopolitik hududida yolg‘iz Rossiyaning o‘zining ustivorlik qilishiga yo‘l qo‘ymaslik tadorikini ham ko‘radi. Shu tariqa harakat qilgan Amerika nafaqat Yevrosiyodagi keng ko‘lamli strategik maqsadlarini oshkor qiladi, balki o‘zining o‘sib boruvchi iqtisodiy manfaatlarini ham namoyish etadi, shuningdek, Ovro‘pa bilan Uzoq Sharq ham shu paytga qadar yopiq bo‘lgan rayonga cheklanmagan tarzda kirishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatadi.
Shunday qilib, boshni qotiruvchi bu katta o‘yinda dovga geopolitik qudrat, potentsial boyliklarni qo‘lga kiritish imkoniyati, milliy (yoki diniy) maqsadlarga erishuv hamda xavfsizlikni ta’minlash qo‘yilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, talashib-tortishuvlarga sabab bo‘layotgan birinchi narsa mintaqaga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishdir. Sovet Ittifoqi yemirilganiga qadar bu yerlarga kelib-ketish faqat Moskvaning ijozati bilan bo‘lar edi. Ja’miki temir yo‘llarda yurish va yuk jo‘natish, quvurlar orqali neft va gaz mahsulotlarini uzatish va hatto samolyotlarda u yerdan bu yerga uchib borishlar ham markazning ruxsati orqali amalga oshirilar edi. Rossiya geopolitiklari hamma narsani avvalgidek qoldirishni istashardi, negaki, ular yaxshi tushunishadi ya’ni bu mintaqaga kelib-ketish masalasida kim ustivorlik qilsa, geopolitik va iqtisodiy jihatdan o‘sha yutib chiqadi. Ayni ana shunday mulohazalar Kaspiy dengizi havzasi va O‘rta Osiyo neft yoki gaz quvuri o‘tkazish masalasini mintaqaning kelajagi uchun juda muhim ahamiyatga ega masala qilib qo‘yadi. Agar mintaqadagi quvur yo‘llari hamon avvalgidek Rossiya hududi orqali o‘tib, Qora dengiz bo‘yidagi Novorossiysk terminallariga borib quyilsa, unda Rossiya tomonidan hech qanaqa kuch namoyish qilmasdanoq buning siyosiy oqibatlari ko‘rinadi-qoladi. Mintaqa Moskvaga siyosiy qaramligicha qolaveradi, mintaqaning yangi boyliklarini qanday taqsimlash masalasini hal qilar ekan, Moskvaning mavqei hamisha kuchli bo‘laveradi. Aksincha, agar yana bitta quvur yo‘li Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga va undan o‘tib, Turkiya orqali O‘rta dengizga yetib borsa, ikkinchisi Afg‘oniston orqali Arab dengizi tomon qurilsa. Bu mintaqaga egalik qilish masalasida hech qanday yakka hokimlik bo‘lmaydi.
Rossiyaning siyosiy elitasida shunday odamlar borki, ular agar mintaqa boyliklariga qo‘llari yetmasa va o‘zlari to‘la nazorat qila olmasalar ularni umuman, qazib olinmasligini afzal ko‘rishganday harakat qilishadi. Bu hol tashvishlantirmay qo‘ymaydi. Agar Rossiyaning ichlariga muqobil ravishda xorijiy investitsiyalar boshqa davlatlarning iqtisodiy ehtiyojlarini, binobarin, siyosiy manfaatlarini ham bevositaroq qondirishga olib keladigan bo‘lsa, mintaqa boyliklari qayta ishlanmasdan qolib ketavergani ma’qul. Bunday xususiy mulkchilik xarakteridagi yondashuv tarixda o‘z ildizlariga ega va ularni o‘zgartirmoq uchun vaqt va tashqaridan bosim kerak bo‘ladi.
Kavkaz va O‘rta Osiyoni bosib olish uchun chor Rossiyasi taxminan uch asr mobaynida kurash olib bordi, lekin uning yaqindagi barbodi juda tez va qo‘qqisdan ro‘y berdi. Usmoniylar imperiyasining quyoshi so‘na borgani sari Rossiya imperiyasi janubga — Kaspiy dengizi sohillari bo‘ylab Eron tomonga kengayib bordi. 1556 yilda bu imperiya Astraxan xonligini yutib yubordi va 1607 yilda Eronga yetib bordi. 1774—1784 yillar mobaynidagi urush natijasida Qrim bosib olindi, so‘ngra 1801 yilda Gurjiston podsholigi qo‘lga kiritildi. XIX asrning ikkinchi yarimida esa Rossiya Kavkaz tizma tog‘larining har ikkita tomonidagi qabilalar va qavmlar qarshiligini bartaraf qildi (faqat chechenlargina hayron qoladigan matonat bilan qarshilik ko‘rsatdi). 1878 yilda esa Armaniston bosib olindi.
O‘rta Osiyoni bosib olishda raqobatlashuvchi imperiyagina dog‘da qoldirilgani yo‘q, balki dunyodan ajralib qolgan va yarim ibtidoiy sharoitda hayot kechiruvchi xonliklar va amirliklarni zabt etmoq kerak edi. Ular tuzukroq qarshilik ko‘rsatishga layoqatli emas, faqat ayrim joylardagina matonat bilan kurasha olar edilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston 1801-1881 yillar davomida amalga oshirilgan bir nechta harbiy yurishlar oqibatida zabt etildi. Turkmanistonni esa 1873 yildan 1886 yilgacha bo‘lgan davrdagi harbiy muxorabalar oqibatida qo‘lga kiritishdi. Shunday bo‘lsa-da, 1850 yilga kelganda O‘rta Osiyoning asosiy qismi bosib olinib bo‘lingan edi. To‘g‘ri, ayrim joylarda qarshiliklar ko‘rsatib turildi. Bunday qarshiliklar hatto sovet davrida ham ro‘y berib turardi.
Sovet Ittifoqining yemirilishi natijasida voqealarning hayron qoladigan darajadagi teskari oqimi boshlanib ketdi. Bor-yo‘g‘i bir necha oy mobaynida O‘rta Osiyodagi Rossiya territoriyasini tashkil qiluvchi joylar kutilmaganda taxminan 20 foizga qisqarib ketdi, Rossiya hukmronligi ostidagi O‘rta Osiyoda yashaydigan aholining soni 75 million kishidan taxminan 30 million kishiga qisqardi, bundan tashqari yana Kavkazda istiqomat qiluvchi 18 million odam Rossiyadan ajralib qoldi. Voqealarning bunday tus olishi Rossiya siyosiy elitasining ongiga yanada qattiqroq botdi — chunki bu rayonlarning iqtisodiy potentsiali xorijiy mamlakatlar manfaatlarining ob’ektiga aylanib qolardi. Investitsiyalar uchun ularning moliyaviy imkoniyatlari kattaroq edi, holbuki, yaqin zamonlargacha ularning boyliklaridan faqat Rossiyagina istifoda qilib kelardi.
Shunday bo‘lsa-da, Rossiya bir dilemma qarshisida turipti — bu mintaqani tashqi kuchlar uchun yopib qo‘yay desa, bunga siyosiy jihatdan ojizlik qiladi, bu viloyatlardagi boyliklarni faqat o‘z kuchi bilan qayta ishlay desa, o‘zi haddan tashqari qashshoq. Qolaversa. Rossiyaning sog‘lom fikrlaydigan yetakchilari tushunadiki, hozirgi paytda yangi davlatlarda sodir bo‘layotgan demografik jarayon juda muhim bir jihatga ega: ularning iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashdagi muvaffaqiyatsizliklari Rossiyaning butun janubiy chegaralari bo‘ylab vaziyatni g‘oyatda keskinlashtirib, portlovchi ahvolga keltirib qo‘yishi mumkin. Ayniqsa, bir zamonlar mazlum bo‘lgan xalqlar o‘rtasida millatchilik va islomparvarlikning qayta uyg‘onayotgani hisobga olinsa, Qora dengizdan Mo‘g‘ulistongacha bo‘lgan chegara bo‘ylab, yangi Afg‘oniston va Chechenistonning paydo bo‘lishi hech gap emas.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, agarda Rossiya Turkiya va Eron ta’sir doirasining kengayishiga to‘siq qo‘yishni istasa, yangi davlatlarning o‘zlarining asosiy raqiblariga moyilliklarini chegaralamoqchi bo‘lsa, O‘rta Osiyoda chindan-da mustaqil bo‘lgan biron-bir hamkorlikning paydo bo‘lishini xohlamasa, Amerikaning geopolitik ta’sir doirasini yangi mustaqil davlatlarning poytaxtlari bilangina cheklab qo‘yishni xohlasa, unda qandaydir tarzda bo‘lmasin postimperiya davrining voqeligiga moslashmog‘i kerak bo‘ladi. Shunday qilib, gap ortiq imperiyani tiklash to‘g‘risida borishi mumkin emas, bu haddan tashqari serchiqim ish va bu juda keskin qarshilikka uchrashi turgan gap — aksincha, o‘zaro munosabatlarning yangi tizimini barpo etishni taqoza etadi. Bu tizim esa yangi davlatlarni jilovlab turmog‘i va Rossiyaga geopolitik va iqtisodiy masalalarda ustivor mavqeini saqlab turish imkonini bermog‘i kerak. Bu vazifani hal qilishda asosiy vosita sifatida MDH tanlab olindi, biroq ba’zi bir hollarda Rossiya tomonidan qurolli kuchlarning ishlatilishi va “parchalab tashlab hukmronlik qil” printsipining ustalik bilan tatbiq qilinishi ham Kreml manfaatlariga yaxshi xizmat qildi. Moskva o‘z vositalari tizimidan foydalanib, yangi davlatlarni “hamjamiyat”dagi o‘sib borayotgan “integratsiya” to‘g‘risidagi o‘z tasavvurlari maksimal darajada mos kelishlariga erishmoqchi bo‘ldi va MDHning tashqi chegaralarining markazdan turib boshqariladigan nazorat markazini barpo qilish uchun xatti-harakatlarini ayamadi, shunday qilinsa, mushtarak tashqi siyosat borasida harbiy sohadagi integratsiyani mustahkamlash mumkin bo‘ladi deb o‘ylashdi. Shu yo‘l bilan Rossiyani chetlab o‘tuvchi biron-bir yangi quvur yo‘lini qurmasdan mavjud quvurlar tarmog‘ini (aslida sovet davrida qurilgan) kengaytirish mumkin deb rejalar qurdilar. Rossiyaning strategik tahlillari oshkora tarzda shundan dalolat beradiki, Moskva bu mintaqani o‘zining alohida geopolitik hududi deb o‘ylaydi, holbuki, bu hududlar ortiq sobiq imperiyaning tarkibiy qismi bo‘lmay qolgan.
Rossiyaning geopolitik intilishlarini tushunib olishga yordam beradigan bu omil shundaki, Kreml juda katta qat’iyat bilan yangi davlatlar hududidagi o‘zining harbiy kuchlarini joy-joyida qoldirishga urindi. Abxaziyadagi separatistik harakatdan juda ustalik bilan foydalangan Moskva Gurjistonda harbiy bazalar qurish huquqini qo‘lga kiritdi, armanlar Ozarbayjon bilan urushda madad izlashga majbur ekanini ro‘kach qilib, Armanistonda harbiy kuchlarini saqlashni qonunlashtirdi. Qozog‘istonda o‘zining harbiy bazalarini barpo etishga ruxsat olmoq uchun Qozog‘istonga siyosiy va moliyaviy bosim ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Tojikistondagi fuqarolar urushi u yerda sobiq Sovet Armiyasi qismlarini doimiy olib qolishga yordam berdi.
O‘zining siyosiy yo‘nalishini aniqlar ekan, Moskva bir narsani kutishga o‘tdi — uning taxminicha, O‘rta Osiyo bilan o‘zaro munosabatlarda barpo etayotgan yangi imperiyaparastlik tizimi asta-sekin bir-biridan ajralgan va zaif davlatlarning suvereniteti mohiyatini so‘rab olmog‘i kerak edi. Buning oqibatida ular “integrallashgan” MDHning qo‘mondonlik markaziga qaram bo‘lib qolmoqlari kerak edi. Bu maqsadga erishmoq uchun Rossiya yangi davlatlarni o‘z qurolli kuchlarini barpo etishdan qaytarmoqqa urindi, ularni ona tillarini tiklamaslikka urindi, tashqi dunyo bilan yaqindan aloqa qilmaslikni maslahat berishdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Arab dengizi va O‘rta dengiz sohillaridagi terminallarga borib ulanadigan yangi quvurlar qurish niyatlaridan qaytarmoqchi bo‘ldi. Bu siyosat muvaffaqiyatliroq bo‘lganida Rossiya ularning tashqi siyosatlari bobida ustivorlik qilar va daromadlarni taqsimlashda hal qiluvchi ovozga ega bo‘lur edi.
Bu siyosatga amal qiluvchi Rossiya siyosatchilari tez-tez Ovro‘pa Ittifoqini misolga olib turadilar. Ammo amalda esa Rossiya siyosatchilarining O‘rta Osiyo va Kavkazga munosabatlari farangizabon Afrika mamlakatlari hamjamiyatidagi vaziyatni eslatadi. U yerda frantsuz harbiy kontingentlari va frantsuzlar berib turgan moliyaviy mablag‘lar frantsuz tilida gaplashadigan postkolonial Afrika davlatlarining siyosiy hayotini va siyosiy yo‘nalishini belgilab turadi.
Agar Rossiya tomonidan mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy ta’sirini imkon darajasida maksimal qayta tiklash umumiy vazifa bo‘ladigan bo‘lsa va MDH esa bu vazifani bajarishda asosiy vosita bo‘lsa, Moskvaning o‘ziga tobe’ qilish borasidagi birinchi mo‘ljallari Ozarbayjon va Qozog‘iston bo‘lmog‘i kerak. Rossiyaning qarshi hujumi muvaffaqiyatli chiqmog‘i uchun Moskva nafaqat bu mintaqaga kirib-chiqishni batamom to‘xtatmog‘i kerak, balki uning jo‘g‘rofiy to‘siqlarini yengib o‘tmog‘i ham lozim.
Ozarbayjon Rossiya uchun ustivor maqsadga aylanmog‘i kerak. Uni bo‘ysundira olish O‘rta Osiyoni g‘arbdan va, ayniqsa, Turkiyadan ajratib qo‘yishga yordam bergan bo‘lardi, bu esa Rossiyaning bo‘ysunmagan O‘zbekiston va Turkmanistonga ta’sir ko‘rsatishdagi vositalarini yanada kuchaytirar edi. Bu jihatdan olganda Kaspiy dengizining tubida neft quduqlarini kavlash bo‘yicha kontsessiyalarni taqsimlash kabi murakkab masalalarda Eron bilan taktik hamkorlik qilish juda muhim maqsadga erishishga xizmat qiladi — shu yo‘l bilan Bokuni Moskvaning xohishlariga ko‘ndirish osonroq kechadi. Ozarbayjonning yaltoqlanishi Rossiyaning Gurjiston va Armanistondagi ustivor mavqeini ham mustahkamlar edi.
Qozog‘iston ham birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan jozibador maqsadni tashkil qiladi, negaki, uning etnik jihatdan zaifligi hukumatiga Moskva bilan ochiqchasiga ixtilofga kirishishga yo‘l qo‘ymaydi. Moskva, shuningdek, Xitoyning kuchayib borayotgan faolligi munosabati bilan Qozog‘istonning ko‘nglidagi xavotirlikdan va qo‘shni Sintszyan viloyatida o‘tkazilayotgan xitoylashtirish siyosatining ko‘lamidan Qozog‘istonning ranjiyotganidan ham foydalanib qolishi mumkin. Qozog‘istonni asta-sekin tobe’ qilib olish oxir-oqibatda shunga olib kelishi mumkin ediki, Qirg‘iziston bilan Tojikistonni avtomatik tarzda Moskvaning nazorat doirasiga jalb qilib olish uchun geopolitik imkoniyat tug‘ilar edi. Bu esa O‘zbekiston bilan Turkmanistonni zaiflashtirib, ularga Rossiya tomonidan oshkoraroq bosim o‘tkazishga yo‘l ochardi. Ammo Rossiyaning strategiyasi “Evrosiyo Bolqonlari”da joylashgan deyarli hamma mamlakatlarning intilishlariga zid bo‘lmoqda. Ularning yangi siyosiy elitasi mustaqillik tufayli qo‘lga kiritgan hokimiyat va imtiyozlardan o‘z ixtiyorlari bilan voz kechmaydilar. Mahalliy ruslar o‘zlari ilgari egallab turgan imtiyozli mansablarni bo‘shata borganlari sari yangi tashkil topayotgan elita darhol harakatchan va ijtimoiy jihatdan yuqumli jarayon bo‘lmish suverenitetga qonuniy qiziqish bilan qaray boshlaydi. Bundan tashqari bir vaqtlar siyosiy jihatdan passiv bo‘lgan aholi (Gurjiston bilan Armanistondan tashqari) ko‘proq darajada millatchiroq bo‘la boradilar va o‘zlarining islomga mansub ekanlarini chuqurroq idrok eta boshlaydilar.
Tashqi siyosat masalasiga keladigan bo‘lsak, Gurjiston bilan Armaniston ham (Armanistonning Ozarbayjonga qarshi kurashida, Rossiyaning madadidan qaramligiga qaramay) asta-sekin Ovro‘pa bilan ko‘proq yaqinlashishni istaydilar. Resurslarga boy bo‘lgan O‘rta Osiyo davlatlari, ular bilan birga Ozarbayjon ham o‘z hududlarida amerika, ovro‘pa, yapon, yaqindan beri esa koreys sarmoyalarining iqtisodiy faoliyatini imkon qadar kengaytirib, ularning yordamida o‘zlarining iqtisodiy rivojlanishlarini anchagina tezlashtirishga va mustaqilliklarini mustahkamlashga umid bog‘lamoqdalar. Bu jihatdan ular Turkiya bilan Eronning roli kuchayib borayotganini juda ma’qullaydilar, negaki, ularning siymosida Rossiyaning qudratiga qarshi turadigan kuchni va Janubga — ulkan islom dunyosiga olib boradigan ko‘prikni ko‘radilar.
Masalan, Turkiya va Amerika tomonidan rag‘batlantirib turilgan Ozarbayjon nafaqat uning hududida harbiy baza qurish to‘g‘risidagi Rossiyaning taklifini rad etdi, balki, Qora dengizdagi Rossiya portiga birgalikda bitta neft quvuri o‘tkazish haqidagi taklifiga oshkora tarzda beparvo qaradi, buning o‘rniga u tortisha-tortisha boshqa bir yechimning — Turkiyaga Gurjiston hududi orqali ikkinchi neft quvuri qurish to‘g‘risidagi variantning qabul qilinishiga erishdi.
(Janubga Eron orqali neft quvuri qurish to‘g‘risida ham taklif bor edi. Bu qurilishni moliyaviy jihatdan amerikaliklar ta’minlamog‘i kerak edi. Biroq AQSh tomonidan Eron bilan har qanday oldi-berdilarga embergo qo‘yilganini inobatga olib, bu variant rad etildi.) 1995 yilda karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda Turkmaniston bilan Eronni bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi qurildi. Buning oqibatida Ovro‘pa O‘rta Osiyo temir yo‘l orqali Rossiya hududini chetda qoldirib, savdo qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bu asnoda Rossiya ortiq O‘rta Osiyoni Rossiyadan ajratib qo‘yishga qurbi yetmay qolgan bir sharoitda qadimgi “ipak yo‘li” tiklangani munosabati bilan ramziy ma’nodagi dramatizm ko‘rinishlari ham sodir bo‘ldi.
Rossiyaning “integratsiya” bobidagi intilishlariga qarshi O‘zbekiston ham tobora ko‘proq darajada o‘z muxolifligida qat’iylashib bormoqda. 1996 yilning avgustida uning tashqi ishlar ministri juda qat’iy ohangda “O‘zbekiston boshqaruvni markazlashtiruvchi vosita sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan MDHning millatlar ustidan turuvchi institutlarining tuzilishiga qarshidir” degan edi. Ochiq ko‘rinib turgan bu millatparastlik ruhidagi mavqe Rossiya matbuotida darhol O‘zbekiston sha’niga keskin fikr-mulohazalarning o‘rin olishiga olib keldi:
“O‘zbekiston iqtisodiyoti oshkora tarzda g‘arbparastlik yo‘lini tutmoqda. U MDH doirasida integratsion bitimlar tuzishni keskin tanqid ostiga olmoqda. U hatto Bojxona ittifoqiga kirishdan ham keskin bosh tortdi. O‘zbekistonda izchil ravishda ruslarga qarshi millatchilik siyosati yuritilmoqda (hatto rus tilidan foydalanadigan bolalar boqchalari ham yopilmoqda). Osiyo mintaqasida Rossiyani zaiflashtirishga yo‘naltirilgan siyosat olib borayotgan Qo‘shma Shtatlar uchun bunaqa mavqe ma’qul kelmasligi mumkin emas”.
Hatto Qozog‘iston ham Rossiyaning bosimiga javoban Rossiya hududini chetlab o‘tadigan qo‘shimcha neft quvuri qurilishini tabriklab chiqdi — o‘zining tabiiy boyliklarini chetga yetkazishda Qozog‘iston ham bu quvurdan foydalanmog‘i mumkin edi. Qozog‘iston Prezidentining maslahatchisi Umirserik Kasenov shunday deydi:
“Qozog‘istonning muqobil quvur qurilishi borasidagi izlanishlari tug‘ilishiga Rossiyaning o‘zining harakatlari sabab bo‘ldi. Rossiya Qozog‘iston neftining Novorossiyskka yetib borishini cheklab qo‘ydi, Tyumen neftining Pavlodar neftni qayta ishlash zavodiga yetib kelishini kamaytirib qo‘ydi. Turkmanistonning Eronda neft quvuri qurishi yo‘lidagi urinishlarining boisi qisman shuki, MDH mamlakatlari jahon bahosining 60 foizinigina to‘laydilar yoki butunlay to‘lamaydilar”.
Turkmaniston ham o‘sha mulohazalardan kelib chiqib, Afg‘oniston va Pokiston orqali Arab dengizi sohillari tomon yangi quvur qurilishi masalasini faollik bilan o‘rgandi. Bu quvur — Turkmanistonni shimolda Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan, janubda esa Eron va Afg‘oniston bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishiga qo‘shimcha bo‘lmog‘i kerak edi. Dastlabki muzokaralar Qozog‘iston, Xitoy va Yaponiya o‘rtasida ham olib borildi. Bu muzokaralarda O‘rta Osiyodan Janubiy Xitoy dengizi sohillariga yetib boradigan yangi quvur qurilishining ilk loyihalari muhokama qilindi. Neftegaz sohasiga nisbatan uzoq muddatli investitsion majburiyatlar Ozarbayjonda taxminan 13 milliard dollarga yetadi. Qozog‘istonda esa ular 20 milliard dollardan ancha oshib ketadi (1996 yil raqamlari). Agar ular amalga olsa, Rossiya tomonidan ko‘rsatiladigan global iqtisodiy bosim sharoitida va Rossiyaning moliyaviy imkoniyatlari cheklanganini inobatga olganda bu mintaqani iqtisodiy va siyosiy jihatdan yakkalab qo‘yish masalasi o‘z-o‘zidan tushib qoladi.
Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan xavotirlar O‘rta Osiyo davlatlarini yanada yaqinroqdan mintaqaviy hamkorlik qilishga undadi. 1993 yilning yanvarida barpo etilgan O‘rta Osiyo iqtisodiy Ittifoqi avvaliga harakatsiz turdi-da, asta-sekin faollashib ketdi. Hatto Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ham avvaliga “Evrosiyo Ittifoqi”ni tuzishga qattiq tarafdor bo‘lib turdi-da, keyinchalik O‘rta Osiyoda jipsroq hamkorlik qilish g‘oyasi tarafdorlari qatoriga o‘tdi. U hatto mintaqa davlatlari orasida ko‘proq darajada muvofiqlashgan harbiy hamkorlikka tarafdor bo‘ldi. Kaspiy va Qozog‘iston neftini Turkiya orqali neft quvurlari yordamida olib o‘tish masalasida Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatladi, Rossiya va Eronning ba’zi bir urinishlariga nisbatan birgalikda muxolif mavqeini egallashga rozi bo‘ldi. Bu urinishlar Kaspiy dengizi tubidagi neft va boshqa tabiiy boyliklar zahiralarini sohil bo‘yidagi davlatlar o‘rtasida sektorlarga ajratib olishga qarshi yo‘naltirilgan edi.
Mazkur mintaqadagi tuzumlar kuchli avtoritarizmga moyilligini e’tiborga olganda, ayrim rahbarlar o‘rtasida shaxsiy murosai-madora muammosi yanada kattaroq ahamiyat kasb etadi. Hammaga ma’lumki, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining o‘zaro munosabatlari unchalik iliq va do‘stona emas edi (ular bu to‘g‘rida xorijdan kelgan mehmonlarga oshkora tarzda gapirgan edilar). Shaxsiy nizolar azal-azaldan Kremlga juda qo‘l kelib kelgan — Kreml undan foydalanib, bir-birlariga qarshi gijgijlatish bilan shug‘ullanganlar. 90-yillarning o‘rtalariga kelganda ularning har qaysisi ular o‘rtasidagi yaqin hamkorlik o‘z mustaqilliklarini saqlab qolish uchun zarur ekanini anglab yetdilar va hammaga go‘yo qalin do‘stona munosabatlari borday qilib ko‘rsata boshladilar. Shunday qilar ekanlar, bundan buyon tashqi siyosat borasidagi ishlarini ham muvofiqlashtirib olib borishlarini ma’lum qilishdi.
Biroq bundan ham muhimroq hodisa shu bo‘ldiki, MDH ichida Ukraina va O‘zbekiston boshchiligida g‘ayrirasmiy koalitsiya yuzaga keldi. O‘zbekiston “integratsiyalashgan” hamkorlikni emas, “kooperativ” hamkorlikni ma’qul ko‘rardi. Shu maqsadlarda Ukraina O‘zbekiston, Turkmaniston va Gurjiston bilan harbiy bitim imzoladi. 1996 yilning sentyabr oyida esa Ukraina va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari benihoya yuksak darajada ramziy ma’noga ega bo‘lgan bir ishni qilishdi — ular birgalikda Deklaratsiya e’lon qilishdi. Bu deklaratsiya e’lon qilingan paytdan boshlab bundan keyin hamisha MDH a’zolari bo‘lmish mamlakatlar vakillarining oliy darajadagi yig‘ilishlari faqat Rossiya prezidenti raislik qilmasligini, balki MDHga a’zo bo‘lgan hamma mamlakatlarning prezidentlari navbatma-navbat raislik qilishini talab qildilar.
Ukraina va O‘zbekiston hatto Moskvaning markaziy o‘rinni egallashga bo‘lgan intilishlariga ehtirom bilan qarovchi rahbarlarga ham ibrat bo‘ldi. Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev va Gurjiston rahbari Eduard Shevardnadze “bizning respublikalarimiz mustaqilligiga jinday tahdid tug‘iladigan bo‘lsa, biz MDH a’zoligidan chiqamiz” dedilar. Kreml, ayniqsa, shu gapni eshitgandan keyin juda tashvishga tushib qolgan bo‘lishi kerak. O‘rta Osiyo davlatlari va Ozarbayjon MDHga qarama-qarshi harakat o‘laroq Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidagi faoliyatlarini bir darajada yuqori ko‘tardilar. Mintaqadagi islom davlatlarining hali ham nisbatan erkin bo‘lgan bu uyushmasi o‘z ichiga Turkiya, Eron va Pokiston kabi davlatlarni ham olar hamda o‘z ishini uyushma a’zolari o‘rtasida moliyaviy, iqtisodiy va transport aloqalarini kengaytirish vazifasiga bag‘ishlagan edilar. Moskva bu tashabbusni ochiqchasiga qoralab chiqdi. Uni MDH davlatlarining a’zoligiga putur yetkazuvchi hodisa sifatida baholadi. Moskva o‘zining bu bahosida haq edi. Ana shu tarzda asta-sekin Turkiya bilan va kamroq darajada Eron bilan aloqalar mustahkamlandi va kengayib bordi. Turkiyzabon mamlakatlar Turkiyaning yangi milliy zobitlar korpusini tayyorlashda harbiy ko‘mak berish va 10 mingga yaqin talabani o‘qishga qabul qilish haqidagi taklifini xursandlik bilan qabul qildilar. Turkiyzabon davlatlar vakillarining Turkiyaning yaqindan ko‘magida tayyorlangan va 1991 yilning oktyabr oyida Toshkentda o‘tgan yuqori doiralardagi to‘rtinchi uchrashuvi asosan o‘zining e’tiborini transport aloqalarini va savdo-sotiqni kengaytirishga, shuningdek, maorif masalasida mushtarak me’yorlarni ishlab chiqishga, shuning barobarinda, Turkiya bilan madaniy hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratdi. Turkiya ham, Eron ham yangi davlatlarga o‘zlarining televizion dasturlari bilan yordam berishni bo‘ynilariga oldilar va shu yo‘l bilan keng ommaga bevosita ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldilar.
Qozog‘iston poytaxti Olmatida 1996 yil dekabrida o‘tkazilgan marosimlar Turkiyaning mintaqa davlatlarining mustaqilligiga munosabatini namoyish qilishda bag‘oyat darajada ramziy ma’noga ega bo‘ldi. Qozog‘iston mustaqilligining 5 yilligi munosabati bilan 28 metrlik zarhallangan obidaning ochilish marosimi bo‘ldi. Unda prezident Nazarboyevning yonida Turkiya prezidenti Sulaymon Demirel turdi. Tantanalarda Qozog‘iston vakillari “Qozog‘istonning mustaqil davlat sifatidagi rivojlanishining har bosqichida Turkiya uning yonida turgani uchun” Turkiyani ko‘klarga ko‘tarib maqtadilar, bunga javoban Turkiya Qozog‘istonga 300 million dollar miqdorda qarz berdi. Bu davrda Qozog‘iston xususiy tadbirkorlar tomonidan yotqizilgan sarmoya 1,2 milliard dollarga yetib qolgan edi.
Garchi na Turkiya, na Eron Rossiyani mintaqadagi ta’siridan mahrum etishga qodir bo‘lmasalar-da, yuqoridagi kabi harakatlar bilan Turkiya va (kamroq darajada) Eron yangi davlatlarning shimoldagi qo‘shnilari va sobiq xo‘jayinlari bilan qaytadan integratsiyalashishga qarshilik qilishga tayyorliklariga va bu boradagi imkoniyatlariga yordam berishdi. Bu esa — shak-shubha yo‘qki, mintaqaning geopolitik kelajagini ochiq saqlab qolishga yordam beradi.

NA DOMINION, NA ORQADA QOLGAN

Amerika uchun qanday geostrategik oqibatlar bo‘lishi ayon ko‘rinib turipti. Amerikaning juda olisligi uning Yevrosiyoda ustivor bo‘lishiga imkon bermaydi. Lekin u haddan tashqari qudrati, shuning uchun bu mintaqadagi hodisalarga aralashmay tamoshabin bo‘lib qololmaydi. Mintaqaning hamma davlatlari Amerikaning ishtirokiga o‘zlarining yashab qolmoqlari uchun zarur hodisa deb qarashadi. Rossiya haddan ortiq darajada zaif — u mintaqada avvalgidek imperiya sifatidagi ustivorligini tiklashga ojizlik qiladi. Yoki uning taqdirida ishtirok etayotgan boshqa kuchlarni mintaqadan chiqarib yuborishga ham kuchlari yetmaydi. Biroq u ancha yaqin joyda joylashgan va zaif bo‘lsa hamki, hali yetarli kuchga ega. Shuning uchun unga e’tibor bermaslikning ham iloji yo‘q. Turkiya va Eron ta’sir ko‘rsatmoq uchun yetarli kuchga ega, ammo ularning o‘zlarining zaifliklari mintaqaga bir vaqtning o‘zida ham Shimoldan bo‘ladigan tahdidni, ham mintaqaning ichki ziddiyatlarini bartaraf qilishning uddasidan chiqa olmaydi. Xitoy juda kuchli, shuning uchun Rossiya bilan O‘rta Osiyo davlatlari undan xavfsiramay tura olmaydilar, ammo shunga qaramay, uning shu yerda hozirligi va iqtisodiy faolligi O‘rta Osiyo davlatlarining jahon maydoniga yanada kengroq ko‘lamda chiqishlariga bo‘lgan intilishlarini ro‘yobga chiqarishda yordam beradi.
Bundan faqat bitta xulosa kelib chiqadi. Amerikaning birinchi darajali manfaati shuni taqoza qiladiki, u muayyan bir vaziyatni vujudga keltirmoqqa yordam bermog‘i kerak. Bu vaziyat shunday bo‘lmog‘i kerakki, unda bironta ham davlat mazkur geopolitik hududni o‘z nazorati ostiga ola bilmasin, jahon hamjamiyati esa bu yerda bemalol, hech qanday to‘siqsiz moliyaviy va iqtisodiy ish yuritish imkoniga ega bo‘lsin.
Neft quvurlari va temir yo‘l tarmoqlari bu mintaqani bevosita O‘rta dengiz va Arab dengizi orqali, shuningdek, quruqlik orqali jahon iqtisodiy faoliyatining yirik markazlari bilan bog‘lagan taqdirdagina geopolitik plyuralizm barqaror reallikka aylanib qoladi. Binobarin, Rossiyaning bu yerlarga kelib-ketishni monopoliyalashtirish borasidagi xatti-harakatlariga mintaqadagi barqarorlikka zarar yetkazuvchi harakatlar sifatida zarba berish kerak.
Biroq Rossiyani mintaqadan mosuvo qilish uncha ma’qul emas va bu amalga oshadigan ish ham emas. Ayni chog‘da, mazkur mintaqadagi yangi davlatlar bilan Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatlarni puflab shishirishga ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Darhaqiqat, mintaqani rivojlantirish ishlarida Rossiyaning faol iqtisodiy ishtiroki bu hududdagi barqarorlik uchun juda muhim ahamiyatga ega. Rossiyaning hamma narsaga bosh-qosh bo‘lishga intiladigan xo‘jayin sifatida emas, balki sherik sifatidagi ishtiroki ham juda muhim iqtisodiy foydalar bermog‘i turgan gap. Mintaqa hududida yuzaga keladigan mustahkam barqarorlik va yuksak darajadagi farovonlik bevosita Rossiyaning ham farovonligiga yordam berar va “MDH” degan qisqartirilgan so‘z yordamida va’da qilingan “hamkorlik”ka chinakam ma’no baxsh etgan bo‘lardi. Ammo shuhratparastlik yo‘lida tuzilgan va allaqachon tarixan eskirib qolgan bir qator rejalar bor — ular Bolqon masalasida tuzilgan dastlabki rejalarni eslatib, dilni xira qilib turadi. Bu rejalar muvaffaqiyat bilan rad etilgandan keyingina ana shunday kooperativ yo‘l Rossiyaning siyosatiga aylanishi mumkin.
Amerika tomonidan juda kuchli geopolitik madad berishga arziydigan davlatlar Ozarbayjon, O‘zbekiston va mazkur mintaqadan tashqarida Ukrainadir. Ularning hammalari geopolitik markazlardir. Ukraina Rossiyaning kelgusidagi evolyutsiyasiga daxldor davlatdir. Shuning o‘zi Ukrainaning favqulodda ahamiyatga molik bo‘lgan davlat sifatida roli benihoya kattaligini dalillaydigan omillardan biridir. Ayni chog‘da, Qozog‘iston ham (uning ko‘lamini, iqtisodiy imkoniyatlarini va hududining jo‘g‘rofiy jihatdan muhim joyda joylashganini e’tiborga olib) oqilona xalqaro madad berishga va uzoq muddatli iqtisodiy yordam ko‘rsatishga arziydigan davlatdir. Ammo etnik nifoqlar tufayli vujudga kelgan jarliklar bu O‘rta Osiyo qalqonini Rossiya bosimi qarshisida ancha zaif qilib qo‘yadi. Shoyadki, vaqt-soati kelib. Qozog‘istondagi iqtisodiy o‘sish shu jarlik ustidan ko‘prik qurishga yordam bersa…
Mazkur mintaqada Amerika nafaqat barqaror, g‘arbparast Turkiya bilan, balki Eron va Xitoy bilan ham mushtarak manfaatlarga ega. Amerika munosabatlarining asta-sekin yaqinlashib borishi mazkur hududga kelib-ketishni global tarzda kengaytirishga yordam bergan bo‘lur edi va agar yanada aniqroq aytsak, Ozarbayjonning yashashiga xavf soladigan tahdidlarni ancha kamaytirgan bo‘lur edi. Mintaqaning iqtisodiy hayotida Xitoy ishtirokining kengayayotgani va uning regional mustaqilligini qo‘llab-quvvatlayotgani ham Amerikaning manfaatlariga mos keladi. Pokistonning Afg‘onistondagi xatti-harakatlarining Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham ijobiy hodisadir, negaki, Pokiston-Afg‘oniston munosabatlarining yanada jipslashishi Turkmanistonga borib keladigan xalqaro kuchlarning ishini yanada yengillashtirar edi. Shuning bilan birga (agar Qozog‘iston ikkilanmasa) bu davlatni ham, O‘zbekistonni ham mustahkamlanishiga ancha yordam berardi.
Kavkaz davlatlarining kelajagida, aftidan, Turkiyaning evolyutsiyasi va qanday yo‘lni tanlab olishi muayyan ahamiyatga ega bo‘ladiganga o‘xshaydi. Agar Turkiya Ovro‘pa sari o‘z yo‘lini matonat bilan o‘tsa va Ovro‘pa uning yuziga eshigini yopib qo‘ymasa, Kavkaz davlatlari ham Ovro‘pa orbitasiga tortiladiganga o‘xshaydilar, ular esa ayni ana shu istiqbolga erishmoqni jon-jahdlari bilan istaydilar. Biroq ichki yoki tashqi sabablarga ko‘ra Turkiyani ovro‘palashtirish muvaffaqiyatsiz chiqsa, unda Gurjiston bilan Armanistonda Rossiyaning manfaatlariga moslashishdan boshqa iloj qolmaydi. Bu holda ularning kelajagi Rossiyaning tobora kengayib borayotgan Ovro‘pa bilan munosabatlariga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Eronning roli masalasi yanada chalkashroq bo‘ladiganga o‘xshaydi. G‘arbparastlik mavqeiga qaytilsa, shubhasiz, bu mintaqadagi barqarorlikni ta’minlagan bo‘lardi, undagi kuchlarning jipslashuviga ham yo‘l ochardi, shuning uchun strategik nuqtai nazardan Amerika uchun Eronning xatti-harakatlaridagi bunday burilishga yordam berish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ammo bu ro‘y bermagunga qadar Eron, har holda, salbiy rol o‘ynashda davom etsa kerak — u Ozarbayjonning istiqboliga anchagina nomaqbul ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. O‘rta Osiyoda diniy merosni idrok etish jarayonini kuchaytiruvchi bugungi fundamentalizmning mavjudligiga qaramay, Eron qolgan jahon uchun Turkmanistonni ochib berishga o‘xshagan ijobiy qadamlar qo‘yayotgan bo‘lsa-da, ahvol uncha o‘zgargani yo‘q.
Oxir-pirovardida O‘rta Osiyoning kelajagi yanada murakkabroq vaziyatlar ichida shakllanadigan ko‘rinadi. Bunda O‘rta Osiyo davlatlarining shakllanishiga va taqdiriga Rossiya, Turkiya, Eron va Xitoy manfaatlarining o‘zaro chatishib ketgan munosabatlari ta’sir ko‘rsatadi, tabiiy, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga munosabatlarini uning yangi mustaqil davlatlarga hurmati darajasiga nechog‘liq bog‘liq qilib qo‘yishi ham muhim rol o‘ynaydi. Bunday o‘zaro aloqalarning chinligi har qanday manfaatdor geostrategik siymo tomonidan imperiya yoki monopoliyani muhim geostrategik maqsad sifatida tanlab olishni soqit qiladi. Buning o‘rniga boshqa bir tanlov ko‘ndalang bo‘lmog‘i mumkin. Bu — bir tomondan, omonatgina mintaqaviy muvozanat (bu muvozanat mazkur mintaqani asta-sekin tug‘ilib kelayotgan global iqtisodiyot qatoriga jalb qilishi mumkin, bu vaqt mobaynida esa mintaqadagi davlatlar tobora jipslasha bormoqlari va hatto borgan sari aniq ifodalanadigan islomiy belgilar kasb etib bormog‘i mumkin), ikkinchi tomondan, etnik konfliktlar, siyosiy parchalanishlar va ehtimolki, hatto Rossiyaning janubiy chegararalari bo‘ylab oshkora to‘qnashuvlardir. Ana shu mintaqaviy muvozanatga erishish va uni mustahkamlash AQShning Yevrosiyoga nisbatan keng qamrovli geostrategiyasining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmog‘i kerak.

Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 1-2-son