Yakov Rapoport. “Shifokorlar ishi” yuzasidan esdaliklar

1953 yilning 13 yanvarida juda tor doira kishilari biladigan, bilganlarning ayrimlari tevarak-atrofdan uzib tashlanganligi uchun ichini yora olmaydigan bo‘lsalar, boshqalari katta bir tor doira deyishga ham arzimaydigan kishilargagina yuragini bo‘shata oladigan hodisa ochiq-oydin bo‘lib qoldi.
Ushbu kun barcha markaziy gazetalar “Xronika” rubrikasi ostida TASSning quyidagi bildirishini e’lon etgan edi:
Bir guruh zararkunanda shifokorlarning qamoqqa olinishi birmuncha vaqt ilgari Davlat xavfsizligi tashkiloti tomonidan noto‘g‘ri davolash yo‘li bilan Sovet Ittifoqining ko‘zga ko‘ringan arboblari umrini qisqartirishni maqsad qilib olgan terrorchi shifokorlar to‘dasi fosh qilindi.
Ushbu terrorchi to‘da a’zolari quyidagilardan tashkil topgan ekan: terapevt shifokor, professor M.S.Vovsi; terapevt shifokor, professor V.N.Vinogradov; terapevt shifokor, professor M.B.Kogan; terapevt shifokor, professor P.I.Egorov; otolyaringolog shifokor, professor A.I.Feldman; terapevt shifokor, professor Ya.G.Etniger; nevropatolog shifokor, professor A.M.Grinshteyn; terapevt shifokor G.I.Mayorov.
Hujjatlardagi ma’lumotlar, tekshirishlar, meditsina ekspertlarining xulosalari hamda mahbuslarning e’tirofiga ko‘ra, mazkur jinoyatchilar xalqning yashirin dushmanlari bo‘lib, bemorlarni zararli yo‘llar bilan davolab, ularning sog‘lig‘iga ziyon yetkazish bilan mashg‘ul bo‘lganliklari aniqlandi.
Tergov jarayonida aniqlandiki, terrorchi to‘da a’zolari o‘zlarining shifokorlik mavqeidan foydalanib va kasallar ishonchini suiiste’mol qilib, ularning salomatligiga qasddan zarar yetkazganlar, kasallik tarixining xolis ma’lumotlaridan ataylab ko‘z yumganlar, ularning kasalligiga mos kelmaydigan noto‘g‘ri tashxis qo‘yib, noto‘g‘ri davolash bilan umrlariga zavol bo‘lganlar.
Jinoyatchilar o‘rtoq A.A.Jdanovning xastaligidan foydalanib, kasaliga noto‘g‘ri tashxis qo‘yganlar va uning miokard infarkti bo‘lganligini yashirib, ushbu og‘ir kasallikka to‘g‘ri kelmaydigan parhez belgilash bilan uning o‘limiga sabab bo‘lganliklarini o‘zlari e’tirof etishdi. Tergov jarayoni halokatli parhez belgilash, o‘tkir ta’sir qiluvchi dorilar berish kabi noto‘g‘ri usullar qo‘llash bilan o‘rtoq A.S.Shcherbakovning umri qisqartirilib, uni o‘lim tomon yetaklaganini ham aniqladi.
Jinoyatchi shifokorlar, avvalo, sovet askariy rahbar xodimlari salomatligiga putur yetkazib, mamlakat mudofaasini kuchsizlantirib ishdan chiqarishga intilganlar. Jumladan, ular marshallar A.M.Vasilevskiy, L.A.Govorov, I.S.Konev, armiya generali S.M.Shtemenko, admiral G.I.Levchenko va boshqalarni safdan chiqarishga uringanlar, biroq jinoyatchilarning qamalishi ularning jirkanch rejalarini buzib yubordi va ular o‘z niyatlariga yeta olmadilar.
Inson nomiga isnod keltiruvchi, fan xodimi unvonini bulg‘ovchi, ilm bayrog‘ini toptovchi qattol shifokorlarning barchasi chel el razvedkasining ayg‘oqchilari ekanligi tasdiqlandi.
Terrorchi to‘da a’zolarining aksariyati (M.S.Vovsi, M.B.Kogan, A.I.Feldman, A.M.Grinshteyn, Ya.G.Etinger va boshqalar) Amerika razvedkasi tomonidan boshqa mamlakatlardagi yahudiylarga go‘yo moddiy ko‘mak ko‘rsatish uchun tuzilgan “Joynt” yahudiy xalqaro burjua-millatchilik tashkiloti bilan aloqada bo‘lishgan. Bu tashkilot aslida Amerika razvedkasi rahbarligida ko‘pgina mamlakatlarda, jumladan, Sovet Ittifoqida keng josuslik, terrorchilik va boshqa qo‘poruvchilik faoliyatini olib boradi. Mahbus Vovsi tergovda, SSSRning rahbar xodimlarini qirish haqida AQShdan moskvalik shifokor Shimeliovich va mashhur yahudiy millatchisi Mixoelslar orqali ko‘rsatma olganligi haqida bayon qildi.
Terrorchi to‘daning (V.N.Vinogradov, M.B.Kogan, P.I.Egorov kabi) a’zolari Angliya razvedkasining eski ayg‘oqchilari bo‘lib chiqdi.
Tergov ishlari yaqin orada tugallanadi.
Bildirishning matni ancha zamon o‘tganligi uchungina emas, balki unda hamma narsa ochiq aytilmaganligi uchun ham izohu sharhga muhtojdir. Masalaning bir tomoni yana shundaki, ushbu bildirishda zikr etilganlardan tashqari millati rus bo‘lmish bir sira shifokorlar ham qamalgan edilar (V.X.Vasilenko, V.F.Zelenin, V.S.Preobrajenskiy, M.N.Egorov), yahudiy mahbuslar to‘dasi esa I.A.Shershevskiy, M.Ya.Sereyskiy, Ya.S.Temkin, A.M.Grinshteyn, B.I.Zbarskiy, M.I.Pevzner, I.I.Feygel, V.E.Nezlin, A.A.Vilk kabi professorlar bilan “yaxshilab to‘ldirilgan” edi. Ushbu qatorda mazkur satrlarni bituvchi kamina ham bor edi. Yana bir ajib holat: mazkur “ish” qo‘zg‘atilib, gunohkorlar hibsga olingunga qadar yuqorida nomi tilga olingan M.B.Kogan, M.I.Pevzner va Ya.G.Etniger (bu zot 1951 yilda hibsga olinib, qamoqda vafot etgan edi)lar o‘lib bo‘lgan va ular o‘limidan so‘ng “qamalgandilar”. TASS bildirishida zikr etilgan Shimeliovich va “taniqli burjua millatchisi Mixoels ham hayotdan ko‘z yumgan bo‘lib, Botkin kasalxonasi bosh shifokori B.A.Shimeliovich 1952 yil avgustida Yahudiy antifashist qo‘mitasi a’zolari bilan birgalikda tuhmatga uchrab otilgan, Davlat Yahudiy teatrining bosh rejissyori, SSSR xalq artisti S.Mixoels 1948 yilda Minskda yuk mashinasi bosib ketishi kabi shubhali vaziyatda halok bo‘lgan edi.
Shuni ta’kidlamoq kerakki, o‘sha chog‘da sovet jamoasi ruhiy jihatdan “shifokorlar ishi” bunyodga kelishi uchun (boshqa biron “ish”ga ham, albatta) tap-tayyor edi. 1948 yildan boshlangan “kosmopolitizmga qarshi kurash” jarayonida, “asli zoti tayini yo‘q kosmopolitlar” yoppasiga yahudiylardan iborat ekanligi (asosan, adabiy, musiqiy va teatr tanqidchilari) oydinlashib qolgandi. E.Bagritskiy, M.Svetlov, V.Grossmanlar ijodi qoralandi, hatto konservatoriyaning katta zalidan Mendelsonning portreti olib tashlandi.
Yozuvchilar ichidagi kosmopolitizmga qarshi kurashchilar yahudiy yozuvchilar asarlarini millatini belgilab bo‘lmaydigan taxalluslar bilan emas, balki to‘liq ismi shariflari bilan e’lon qilishlarini talab qilib chiqdilar. Bu jarayonda antisemitizm haqida oshkora gapirilmasa ham, tadbirning yo‘nalishi buni ochiq ko‘rsatib turardi.
“Zararkunanda shifokorlar” qamalishi haqidagi bildirish e’lon qilinganidan bir hafta o‘tib, gazetalarda L.F.Timashuk “zararkunanda shifokorlarni fosh etishda hukumatga ko‘rsatgan yordami uchun” Lenin ordeni bilan mukofotlangani haqidagi SSSR Oliy Sovetining farmoni chiqdi. Bir hafta muqaddam “zararkunanda” deb atalganlar endi ochiq-oydin “qotil” deb nomlanar va bu jinoyatchilar faoliyatini fosh etuvchisi esa Kreml kasalxonasining kamsuqum shifokori, bir panada yurgan oddiy ayol edi. Gazeta va radio muharririyatlariga oqib kelayotgan minglab xatlar tibbiyot sahnasida hech kimning nazariga tusha olmagan bu ayolni yangi milliy qahramonga aylantirib ulgurdi. Men bu ayolni ko‘klarga ko‘tarish zaminini tahlil qilmoqchi emasman (balki bu ayol shunday ish tutishga zo‘rlangandir), biroq bu tadbir “Shifokorlar ishi yoxud inson zoti g‘addorlari” ijodkorlari niyatiga to‘laligicha mos ekanligini jarayonning davomi ko‘rsatib turardi: “aholining katta bir qismi, jumladan, tibbiyot xodimlari TASS bildirishi mazmunini va L.F.Timoshukning mukofotlanishini shundayligicha qabul qildi. Ta’sir ikki xil ko‘rinishda namoyon bo‘ldi: bir tomondan, “inson zoti g‘addorlari”ga qarshi vahshiyona nafrat, ikkinchi tomondan, “oq xalat kiyganlardan” qotildan qo‘rqqandek cho‘chish vahimasi.
Omma orasida turli mish-mishlar tarqalib ketdi. Mish-mishlar orasida “aniq, tayinli” xabarlar ham bo‘lib, ularda tug‘ruqxonalarda tug‘ilgan chaqaloqlar o‘ldirilgani yoki kasalxonada bemorning aynan shifokor ko‘rib ketgandan so‘ng vafot etgani va o‘sha shifokor shu zamoni qamoqqa olinib otilgani haqida gapirilardi. Poliklinikalarga qatnash siyraklashdi, dorixonalar so‘ppayib qoldi.. O‘sha kezda men ishlayotgan Nazorat institutiga qo‘lida penitsillinning bo‘sh flakonini tekshirtirish uchun bir juvon keldi. Uning aytishicha, bolasi o‘pkasi shamollagani uchun unga penitsillin bergan va bolaning ahvoli birdaniga og‘irlashgan. Antibiotiklar bilan tananing chiqishmasligi tez-tez uchrab turadigan holat, biroq bu ayol bolasining og‘irlashishini penitsillin dorisi ichiga zahar qo‘shilganidan, deb bilishini hamda bundan buyon bolasini mutlaqo davolatmasligini aytardi. Men unga bunday yo‘l tutishingiz bolangizni nobud qiladi, desam, u menga javoban: mayli, men o‘z qo‘lim bilan bergan zahardan o‘lganidan ko‘ra, kasaldan o‘lsa o‘laqolsin, dedi.
Matbuot ham junbushni alangalatishga xizmat qilardi. “Krokodil” jurnalida ochiq tajovuzkor hajviy suratlar chop etilardi.
“Shifokorlar ishi” garchi qamalganlar orasida rus shifokorlari ham bo‘lishiga qaramay, antisemit yo‘nalishi kasb etdi. Qamalgan ruslar ham asli rus emas ekan, degan mish-mishlar kezib yurardi, buning ham asosi topilgan edi: rus familiyalari so‘zma-so‘z yahudiy tiliga tarjima qilinardi, masalan, Vinogradov — Vayntraub, Zelenin — Grinbaum kabi. Ustiga-ustak, mish-mish tarzida emas, balki “yuqoridan axborot” sifatida “zararkunanda shifokorlar ustidan bo‘ladigan ochiq sud ularni o‘limga hukm qiladi va ba’zilarini ochiqcha omma oldida otadilar, bu esa o‘z navbatida yahudiylarni qirg‘in qilishga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, xalqning g‘azab va nafratidan yahudiylarni saqlab qolish uchun ularni Sibirda maxsus tayyorlangan joylarga ko‘chirish kutilmoqda” degan gaplar tarqatilgan edi.
“Xalq nafrati, g‘azabi”ni ifoda etishga yahudiy millatiga mansub mashhur musiqachilar, artistlar, adabiyotshunoslar, harbiylar ham jalb qilingandi. Ular o‘zlari muharririyatlarga yo‘llagan xatlarida “inson zoti g‘addorlarini” qoralab, ularni ayovsiz jazolashni talab etishlari lozim edi. Xatning matni tayyorlab qo‘yilgan bo‘lib, shunday xatga qo‘l qo‘yganlardan birining menga aytishicha, muammo xatning mazmunida emas, balki “g‘addorlar”ni qanday sifatlar bilan badnom qilishda qolgan edi.
Bunday imzo qo‘yish taqdim etilganlarning deyarli barchasi, ushbu hujjat mazmuniga e’tibor ham bermay, hatto o‘qib chiqmay befarq holda qo‘l qo‘yib berganlar. Men imzo chekkanlarning — kimga qarshi imzo chekkan bo‘lsa, xuddi shular bilan bir qatorda o‘sha zamon qurbonlarining ismlarini bilmayman, biroq oqibatini bilgan holda taqdim etilgan xatlarga imzo chekishdan mardona bosh tortganlarning ismi sharifini tilga olib o‘tishni o‘zimning burchim deb bilaman. Menga ayon bo‘lgan bu mardlar: SSSR xalq artisti Mark Reyzen, Sovet Ittifoqi Qahramoni, o‘sha chog‘da general-polkovnik, keyinroq armiya generali Yakov Kreyzer, yozuvchi Ilya Erenburglardir. Shukrki, o‘sha hujjat yorug‘ dunyo yuzini ko‘rmagan, ammo voqeaning o‘zi ko‘p narsaga imo qiladi…
“Shifokorlar ishi” tarixiga nazar tashlansa, dastlab bu borada qamalgan va mazkur “ish” boshlanishida turgan kishi ajoyib shifokor, Stalinning shaxsiy shifokori bo‘lish kabi baxtiqarolikka taqdir qilingan V.N.Vinogradov ekanligi ko‘rinadi.
Umrining oxirlarida Stalin qon bosimi va miya arteriosklerozi bilan og‘rigan. Uning miyasida qon aylanishi tez-tez buzilib turishi oqibatida qisman qon quyilishlari bo‘lib turganligi uning vafotidan so‘ng (u miyaga yalpi qon quyilishidan o‘lgan) miya to‘qimalarining patologoanatomiya yorib ko‘rish natijasida tasdiqlangan. Bunday o‘zgarishlar (xususan, miyaning peshona doirasidagi, ya’ni ruhiy faoliyatni boshqaruvchi qismidagi) va uning oqibatida ruhiy jihatdan usiz ham qattiqqo‘l, shafqatsiz mijozining kasalini yanada avj oldirgan.
1952 yilning boshlarida V.N.Vinogradov so‘nggi bor Stalinning huzurida bo‘lib, mijozining salomatligi yomonlashganini ko‘radi va kasallik varaqasiga to‘liq parhezga o‘tish hamda har qanday faoliyatni to‘xtatish lozimligini qayd qiladi. Ta’kidlamoq lozimki, Stalin o‘limidan keyin professor Vinogradov qo‘ygan tashxis to‘laligicha tasdiqlandi. Biroq “dohiy” tirik chog‘ida o‘z kasbining ustasi, qo‘li yengil shifokorlik siyosiy soddalik bilan qo‘shilib uning erkiga chang soldi, sal bo‘lmasa hayotiga chang solishiga bir bahya qoldi. Uning tavsiyasi Stalinni har qanday faoliyatdan, tabiiyki siyosiy faol faoliyatdan chetlatishga urindi, deb baholandi. Stalinning davolanishining nazoratchisi hisoblanmish Beriya Vinogradovning xulosasi va tavsiyasini Stalinga yetkazganida, u mislsiz g‘azablanib, tutoqib baqiradi: “Kishanga solinsin!”
Professor qamoqqa olinadi.
Biroq o‘ttizinchi yillar mezoni bo‘yicha “professor Vinogradovning ishi” juda tor bo‘lib, o‘rnashib qolgan an’anaga nomuvofiq edi, ularga keng miqyosli, ya’ni biror guruhning, guruh bo‘lganda ham josus va terrorchilardan iborat guruhning fitnasi kerak edi. Shuning uchun ham Kremlning davolash-sanitariya boshqarmasida qama-qama boshlandi, bu yerda birinchi bo‘lib boshqarma boshlig‘i professor A.A.Bugalov qamaldi. Shu tariqa bu tobora o‘pqon tusini olayotgan tadbir boshqarmadan Sovet arboblarini davolovchi ko‘plab mohir va taniqli shifokorlarning yo‘qolib ketishiga olib keldi. Qamalmaganlari esa ishdan haydalib, bir panada meni olib ketgani kelib qolarmikan, degan qo‘rquvda qoldi. Shunday arosatda qolganlar orasida V.R.Menjinskiy va G.I.Orjonikidze kabilarning murdasini yorib tekshirib ko‘rgan hamda ularning o‘limi sababi soxtalashtirilganini yaxshi bilgan yirik sovet patologoanatomi A.I.Abrikosov ham bor edi.
“Shifokorlar ishi” o‘zining ilk chog‘ida hali milliy bir bo‘yoqqa ega bo‘lmagan edi, biroq keyinroq Davlat xavfsizligi vazirligi maxsus muhim ishlar bo‘yicha tergov bo‘limining boshlig‘i M.B.Ryuminning urinishlari bilan u “yahudiy o‘zaniga” oqizib yuborildi. Ryumin Stalinga Amerika razvedkasi tashkil etgan “yahudiy burjua millatchilari” to‘dasi borligini va bunday fitnachilar mavjudligini mahbus professor Ya.G.Etniger ko‘rsatmalari bo‘yicha SSSR Davlat xavfsizligi vaziri Abakumov ham bilishini aytadi. Lekin, Ryuminning so‘zlaridan kelib chiqilsa, Abakumov noma’lum sabablarga ko‘ra olgan mazkur ma’lumotlarini sir tutgan va Ya.G.Etniger fosh qilib qo‘ymasligi uchun, qamoqda uni o‘ldirtiradi. Natijada, Abakumov mansabidan ayriladi, hatto qamaladi ham. Ryumin esa mahbuslardan “yahudiy burjua millatchilari fitnasi” mavjudligi va ular Sovet arboblariga nisbatan davolashda terror qo‘llashni maqsad qilib olganliklari haqida dalil sug‘urib olishga jon-jahdi bilan kirishadi. Uning bu jahdiga Stalinning o‘limigina nuqta qo‘ydi, bu tovlamachi hasadgo‘yning niyati juda sodda ekan: qamalgan xo‘jayinining bo‘sh joyini egallash.
Nafsilambirini aytganda, shifokorlarning siyosiy vajlar asosida hukm qilinishi yigirmanchi va o‘ttizinchi yillarda ham bo‘lgan edi, bu shifokorlarning alohida bir shaxslari bilan chegaralangan edi. Sana jihatdan bu borada dastlabki ish, menimcha, xirurg Xolinning — yigirmanchi yillar oxirida to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolgan ishi edi. Menga aytishlaricha, uning qamalish sababi M.V.Frunzeni operatsiya qilishda qatnashishidir. Mish-mishlarga ko‘ra, bu achchiq ichak operatsiyasi Stalinning azmi bilan o‘tkazilgan edi. Mish-mishlardan Stalin operatsiya muvaffaqiyatsiz chiqishidan umidvor edi degan ma’noni ilg‘ab olish mumkin. Aytganday, ushbu imo taniqli sovet yozuvchisi Boris Pilnyakning “So‘ndirilmagan oy rivoyatlari” asariga syujet bo‘lgan.
Shifokorlik kasbini siyosiy maqsadda qurbon qilish jinoyatining dastlabki qurboni doktor Xolin bo‘lsa, ajab emas. Hayot bu faqat muqaddima ekanligini ko‘rsatdi.
O‘ng trotskiychilar qanoti ustidan SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi 1938 yil o‘tkazilgan ancha shov-shuvli jarayonda A.M.Gorkiy, V.R.Menjinskiy va V.V.Kuybishevlarni “zararli usullar bilan davolab” o‘ldirishda uch shifokor ayblandi. Bular doktor I.N.Kazakov, doktor L.G.Lovin va professor D.D.Pletnevlar edi. Ularning dastlabki ikki nafari otib o‘ldirilgan, professor Pletnev esa bir umr qamoq jazosiga hukm etilgan.
Keksa avlod o‘quvchilari A.M.Shvernikning KPSSning XXII s’ezdidagi chiqishini eslasa kerak, shunda u, jumladan, shunday degan edi: “1937 yilda Molotovga Sovnarkom raisi sifatida tashqi ishlar xalq komissarligida ishlovchi bir professor murojaat qiladi. U Molotovga otasi qamalgani, bu biror anglashilmovchilik oqibati deb o‘ylashi va otasi taqdirini hal etishga aralashishni so‘rab yozadi. Bu bir insoniy iltimosni ko‘rib chiqish o‘rniga Molotov ariza ustiga: Yejovga! Haliyam bu professor NKVDda emas, Tashqi ishlar xalq komissarligidami? — deb yozadi. Shundan keyin xat muallifi qonunsiz ravishda qamalgan”. U mutlaqo yo‘q bo‘ldi. U doktor L.G.Levinning to‘ng‘ich o‘g‘li edi.
Men baralla taxmin qilamanki, D.D.Pletnev va L.G.Levinlarni aybdor qilinishida “A.M.Gorkiyni o‘ldirib yuborish”dagi shubha emas, balki 1932 yilda sodir bo‘lgan aniq bir hodisa, ya’ni Stalinning xotini A.S.Alliluyeva chakkasiga o‘q otib o‘z joniga qasd qilishidir. O‘limning haqiqiy sababini Kreml kasalxonasi bosh shifokori A.Yu.Kanel, uning o‘rinbosari L.G.Levin va professor D.D.Pletnevlargina bilardi (Kanel va Levinlar qotillikning ertasi kuni A.S.Alliluyevani to‘shakda o‘ng chakkasidagi o‘q jarohati bilan yotgan holda ko‘rishgan). Bu uch nafar shifokorning hammasiga, u ko‘richak xuruji natijasida o‘lgan, degan tibbiy byulletenga imzo chekish taklif etilgan, lekin uchalasi ham rad etgan. Byulletenga boshqalar imzo chekishdi, bebosh shifokorlar taqdiri esa fojeaga yuz burdi (To‘g‘ri, A.Yu.Kanel bir oz oldinroq — 1936 yilda o‘lgan edi).
Mana, endi sahnada yakka “zararkunanda shifokorlar” zamoni tugab, davlat xavfsizligi tashkiloti xodimlarining tazyiqi va “yuqori doira”ning fatvosi tufayli sahnaga bir to‘da “shifokor zararkunandalar” bo‘lib chiqa boshladi.
…1951 yilning yozida men direktorning o‘rinbosari lavozimida (direktor A.I.Abrikosov) va laboratoriya mudiri sifatida ishlayotganim SSSR MFAning Morfologiya instituti tarqatib yuborildi, lekin men tez orada o‘z kasbim va unvonimga loyiq ishga — A.A.Tarasevich nomidagi Infektsiyaga qarshi dori-darmonlarni ilmiy nazorat qilish Davlat institutida patomorfologiya laboratoriyasiga mudirlikka erishdim.
Mening tibbiy mutaxassisligim — patologoanatom, shuning uchun ham kasalni tekshirishning eng oxirigi bosqichida — yorib ko‘rishda ishtirok etaman. Har qanday o‘lim, agar u tabiiy o‘lim bo‘lmasa, tibbiyotning hayot uchun kurashdagi mag‘lubiyatidir, yorib ko‘rishning maqsadi ham, mag‘lubiyatni chetlash uchun hamma imkoniyatlar ishga solinganmi yoki yo‘qligini aniqlashdir. Har bir alohida olingan mazkur jarayon og‘ir, qiyindir va jarrohdan ham yuqori malaka, ham xolislik talab etadi. Yorib ko‘rishning asosiy vazifasi va klinik yo‘yimning aniqligi, falokatga olib kelgan kasallik tabiati davolovchi shifokor tomonidan to‘g‘ri belgilanganligi, davo muolajalarining maqsadga muvofiqligi va uning yorib ko‘rish natijasida aniqlangan kasallik tabiatiga muvofiqligini tekshirishdan iborat. Bu, ayniqsa, jarrohlik aralashgan holatlarga ko‘proq taalluqlidir. Bemor hali tirik chog‘idagi yo‘yim juda qo‘pol xato bo‘lgan taqdirdagina patologoanatom xastaning qismatiga u qanday ta’sir qilganligi haqida xulosa chiqarishi mumkin.
Izohlarim go‘yo ishga taalluqli emasday ko‘rinishi mumkin, biroq “shifokorlar ishiga” mening mutaxassisligim bevosita daxldor. Bu ishni uyushtirganlar nazarida patologoanatom ancha muhim va salmoqli zot edi, chunki u “ziyonli maqsadlari” yo‘lida “terrorchi shifokorlar faoliyati” izlarini xaspo‘shlab, ularga sherik bo‘lishi mumkin. “Shifokorlar ishi”ni o‘ylab chiqargan niyati qora, o‘zlari chalasavod va olchoq kimsalar shifokorlarning xolis tadqiq etish murakkabliklarini tahlil qila olmas edilar, ammo ular bunga intilmaganlar ham, aniqrog‘i, bu holat ushbu “ishda” ularga xalaqit berardi. Uzoq muddat ijodiy va texnik ziyolilarni, zukko harbiylarni, olimlar Sovet hukumati va kommunistik partiya xodimlarini qirg‘in qilishda ham xalaqit qilib kelgandi…
“Zararkunanda shifokorlar” qamalishi haqida TASS bildirishi e’lon etilgan kunning ertasi — 14 yanvarda men Shaharning 1 kasalxonasi bosh shifokori L.F.Chernishev huzuriga chaqirildim. U kishi men o‘rindoshlik asosida jarrohlik lavozimida ishlayotganim sababli, mazkur kasalxonadan bo‘shatilganim haqidagi buyruqni qo‘limga tutqazdi. Haydalishim vaji yuzaki ekanligi ravshan edi, chunki professor unvonli bo‘lim boshliqlarining ko‘pchiligi uchun professorlik lavozimini egallab turgan tashkiloti asosiy ish joyi hisoblanardi. Shu asnoda, bosh shifokor buyruqning adolatli-adolatsiz ekanligini surishtirib o‘tirmaslikni qat’iy bir ohangda tavsiya qildiki, bu yuqori tashkilotlar irodasi yoki jilla qurmasa ular bilan kelishilganligiga ishora edi. Uning tavsiyasisiz ham hamma narsa oydin edi. Obro‘li olim, salohiyatli mutaxassis (men o‘sha chog‘da shunga erishgan edim), KPSS a’zosi, hukumat mukofotlari, jumladan, Lenin ordeni sovrindori bo‘lgan bir kishini kasalxonadan haydash vajlarini men juda aniq anglardim.
Jarrohlik (prozektura)ga buyruq daragi men kelguncha ma’lum ekan, u yerda hamma motamsaro edi. Birgalikda o‘ttiz yil ishlashganimiz laborantim feldsher Ye.X.Rojkovaning ko‘z yoshlari meni ezib yubordi.
Haydalishdan ikki kun o‘tgach, menga kasalxonadan qo‘ng‘iroq qilishdi va TASS bildirishiga bag‘ishlangan mitingga taklif etishdi. Bildirishda asosiy zararkunandalar qatorida professor Ya.G.Etniger nomi ham bo‘lib, u kishi bilan mening oramizdagi shaxsiy va amaliy aloqalarimiz hech kimga sir emasdi. Kasalxonadan haydalgan kishi sifatida men taklifdan bosh tortishim mumkin edi, biroq mitingda qatnashishdan ongli ravishda bosh tortgan, deb ayblamasliklari uchun men borishga qaror qildim. Men shunchaki qatnashib qo‘ya qolmay, balki o‘sha kezlardagi tushuncham asosida kechayotgan hodisalarga munosabatimni ham bildirmoqchi bo‘ldim.
Nutqimda men ko‘pchiligi bilan do‘stlashgan, ko‘p yillik qadrdonim bo‘lgan shifokorlarning mudhish jinoyatlari haqidagi xabardan larzaga kelganligimni aytdim. Men ularning hurmat va obro‘ga sazovor ekanligini ham bilar edim, bu yerda hozir bo‘lganlar ko‘pchiligi kabi ularning bunday qabihliklar qilishini xayolimga ham keltirmaganman. Bu kishilar haqida uzoq yillar tanishlik natijasida hosil bo‘lgan taassurotlarim yaxshilab niqoblangan maqsad natijasi ekanligini hali ham tasavvur qila olmayapman, Etniger ko‘pdan beri vatan xoini va mumkiniy qotillikni ko‘rganlariga men qo‘shila olmayman, aks holda mening fuqarolik va partiyaviy burchim hissi buni payqagan bo‘lar edi, deb so‘zladim.
Men uchun qaro kun bo‘lgan 1953 yilning 3 fevrali yaqinlashib kelardi. Shu kezlarda mening do‘stlarim va tanish-bilishlarimning qamalishi va boshqa alomatlar tevaragimda portlayotgan snaryadlarning navbatdagisi menga atalganini ochiq-oydin anglab yetdim.
Xotinim bilan qamalish ehtimoli haqida bir necha bor suhbatlashganmiz. Xotinim negadir, dahshati haqida mish-mishlar kezib yurgan qiynoqlarga bardosh bermay, talab qilingan ko‘rsatmalarga qo‘l qo‘yganlar otib yuborilishiga ishonchi qat’iy edi. Shuning uchun u mendan sobit va qat’iyatli bo‘lishni, butun mardlikni ishga solib, o‘ylab chiqarilgan jinoyatlarni tan olib imzo chekmaslikni iltijo qilardi. Uning bu iltimosini doim esda tutdim, qamoqdagi eng og‘ir damlarimda u menga katta madad berdi.
O‘sha kuni tunda soat birlarda uyga qaytdik va tun yarmida liftni qulflab uyiga ketadigan liftchi ayolni ko‘rib hayron bo‘ldik. Uning yonida bokschi kelbatli fuqaro kiyimidagi kishi turardi (so‘ng ayon bo‘ldiki, tezkor guruh xodimi ekan, qamoqqa olishga kelgan ekan).
Yuqoriga ko‘tarilib, xonamiz eshigini ochdim, kiraverishda KGB kiyimida (qorako‘l yoqali yashil palto va qorako‘l quloqchin) yana bir kishi meni tirjayib kutib oldi. Bunday uchrashuvga men ruhan shu darajada tayyor edimki, og‘zimdan “E-e, assalom” deb yuboribman, shekilli. Bu jasorat ham, sertakalluflik ham emasdi, menimcha, o‘limni kutish dahshatini ajal bartaraf qilishi edi. “Mehmon” mening takallufimga cho‘ntaklarimni titkilab, o‘rganib ketgan odatiy savollaridan berardi: “Quroling bormi?” O‘zicha qanoat hosil qilib, u meni yemakxona tomon o‘tkazib yubordi. Bu yerda kiyimi oldingilarnikiga o‘xshash bir keksaroq polkovnik va MGB formasida ikki-uch kichik harbiy zobit hamda quti o‘chgan farroshimiz bilan uy xizmatkorimizni ko‘rdim.
Polkovnik menga uyda tintuv o‘tkazish hamda meni qamoqqa olish haqidagi orderni ko‘rsatdi. Men uni o‘qib ham chiqmadim, faqat berilgan sanasiga ko‘zim tushdi: 2 fevral ekan. …Zinadan tushib ketayotganimizda polkovnik: — Qo‘shnilarimiz uchrab qolsa, komandirovkaga ketyapman deng, dedi.
Uning bu maslahati menga erish tuyuldi, chunki o‘sha kezlarda MGB (Moskva Davlat xavfsizligi) xodimlari kuzatuvida qanaqa “komandirovkaga” borilishini bilmaydigan zotning o‘zi yo‘q edi.
Keyingi voqealar jamini men xuddi tushimda kechganday tasavvur qilaman, esimda, ayrim parchalarigina yaxshi saqlanib qolgan bo‘lib, yaxlit manzara hosil qilish qiyin. Esimda qolgani shuki, dastlabki voqeaning men uchun katta fojea ekanligini anglab yetmadim, hatto mashinada olib ketayotganlarida meni nimalar kutayotganiga o‘ziga xos sinchkov bir qiziqish hissi qamrab olgandi.
Buni uzoq kutmaslikka to‘g‘ri keldi. Mashina Lubyanka hovlisida to‘xtadi. Qisqa muddat boksda bo‘ldim, so‘ng bir xonaga olib kirishdi. Bu yerda davlat xavfsizligining yosh xodimi harbiy kiyimda stol yonida o‘tirgan ekan, uning cho‘ziq yuzida qat’iyat, zukkolik, ayyorlik bir paytda ifodalanib turganday ko‘rindi menga. Mening ehtiyotkorlik bilan bergan salomimga (xushmuomalalik ko‘nikmasi?) tergovchi zo‘rg‘a ilg‘ab olish mumkin bo‘lgan bosh irg‘ashu mo‘rashga o‘xshagan qandaydir ovoz chiqarib alik olganday bo‘ldi.
So‘ng esa hech qanday “berdi”siz e’lon qildi:
— Siz yahudiy millatchisi, sovet xalqi dushmani sifatida qamoqqa olindingiz. Qilgan jinoyatlaringizni gapirib bering.
Bu bayonotdan bo‘ynimga nimani osib qo‘yishar ekan, degan qiziqishim qanoat hosil qilgan bo‘lib, biroz yengil tortdim: men yahudiy burjua millatchisi bo‘lmaganligimni isbot qilishim oson edi, sovet xalqi dushmani ekanligimni isbotlash esa hech gap emas. Oldinroq aytib qo‘yaqolay, qattiq yanglishgan ekanman, men MGB xodimlari yahudiy burjua millatchisi tushunchasini qanday tushunishlari, izohlashlari va umuman uning mazmunini mutlaqo bilmas ekanman.
Men Vatanimga sodiqligim, uni samimiy sevib, unga mehrim cheksizligiga ko‘plab dalil va isbotlar keltirishim mumkin edi, biroq g‘ururim bunday qilishga imkon bermasdi. Bu shaxsiy g‘urur qamoqda ham meni tark etmadi, agar esimdan chiqmagan bo‘lsa o‘shanda men tergovchiga hech vaqt yahudiy burjua millatchisi bo‘lmaganim va sovet xalqiga qarshi hech qanday jinoyat sodir etmaganligimni qat’iy va ishonchli tarzda bildirdim. Tergovchi ayblovni takrorladi hamda yashirmay jinoyatlarimni gapirib berishimni talab qildi. Menga nisbatan qo‘yilayotgan ayblarni oydinlashtirishni ana shunda menga yopishtirilayotgan jinoyatni sodir etgan yoki etmaganligimni aytishim mumkinligini bildirdim. Bu gap unga yashinday ta’sir qildi va menga: “E-e-e, yo‘q. Siz o‘zingiz, so‘zlab berishingiz kerak”, — dedi. Ma’lum bo‘ldiki, bu yerda ayblov bo‘yniga qo‘yilmaydi, balki uni tergovga tortilganlar o‘ylab topishi kerak ekan. Men bunday yo‘l tutishdan qat’iy bosh tortganligimni payqagan tergovchi tahdid qildi: “Yo kerakli ko‘rsatmalarni berib shu yerda qolasiz, garchi bu yer oromgoh bo‘lmasa-da, shart-sharoiti ancha tuzuk, oyoq tirab turib olsangiz, men boshliqlarga yetkazaman va sizni maxsus joyga o‘tkazadilar”.
Bu po‘pisa mazmunini o‘sha paytlarda anglab yetmasdim, shuning uchun unga parvo qilmadim. Bir soatlar chamasi oyoq tirab turib olganimdan so‘ng tergovchi nimalarnidir yoza boshladi, keyin ma’lum bo‘ldiki, u tergov bayonini yozgan ekan. Men shu yerda birinchi bor bayonnoma deb atalmish uslub bilan tanishdim. Bitik savol va javobdan tashkil topgan bo‘lib, bu hujjatning boshlanish qismini xotiramda so‘zma-so‘z tiklashga urinaman.
S o‘ r o q. Siz — Rapoport yahudiy burjua millatchisi, xalq dushmani sifatida qamaldingiz. Jinoyatlaringizni bayon qiling.
J a v o b. Men hech qanaqa jinoyat sodir etmaganman.
S o‘ r o q. Yolg‘on va munofiqona (aynan shunday “munofiqona” deb yozilganligi aniq esimda) bayon.
J a v o b. Hech qanday munofiqlik yo‘q.
S o‘ r o q. Gapni burmang va o‘zingizning qabih qilmishlaringizdan so‘zlang.
J a v o b. Mening hech qanday qabih qilmishlarim yo‘q.
S o‘ r o q. Rapoport, siz qabih qilmishlaringizga javob berishdan qutulib keta olmaysiz.
J a v o b. Men hech qanaqa jinoyat qilmaganman…
Yozilganlarni menga o‘qitib, imzosi bilan tasdiqlab, mening ham imzo chekkanimga qanoat hosil qilgach, tergovchi ketdi.
Bir fursatdan keyin uning o‘rniga bir kimsa kirib keldi va mening yelkamga sartaroshlarning ishlatilaverib unniqib qolgan matosini tashladi. Meni mahbuslik maqomiga o‘tkazish udumiga binoan sochimni qirtishlab olib tashladi. Keyin majburiy g‘uslga navbat keldi. (Keyin bildimki, MGB qamog‘ida ozodalikka qat’iy rioya qilishgan.) Yuvinganimdan so‘ng meni bir iliq batareya yoniga olib kelib “Badaningni quritib ol” deb buyurdilar. Ushbu buyruqni astoydil bajarishga kirishar ekanman, mening shimim, kostyumim va botinkam sinchiklab ko‘zdan kechirildi. Qandaydir firmalar yozuvi bo‘lgan tugmalar qirqib olindi, shim unda qolgan yagona yozuvsiz — “savodsiz” tugma va menimcha, o‘z xo‘jasiga sadoqat tufayligina tushib ketmay turardi. Agar tugmalarda qandaydir ashaddiy antisovet tashviqoti yurgizadigan yozuvlar bor, deb gumon qilmasangiz shim va kostyumlar tugmalarini qirqib olish siriga yetishingiz amrimahol. Botinkaning bog‘ichlari yechib olinishi tushunarli, ya’ni o‘shalar yordamida o‘zini osib qo‘yishning oldi olinadi.
Sochim olingan, yuvintirilgan va tugmasizlantirilgan holda meni maxsus mashinaga tiqishdi. Avom orasida “qora qarg‘a”, yoki sodda qilib “qarg‘acha” deb atalmish mashinada meni noaniqlik tomon eltdilar.
O‘sha onlarda, keyinroq xotinimning so‘zlab berishicha, xonadonimizda erinmay tintuv o‘tkazishayotgan bo‘lib, dastlab u umidvorlar mo‘ljalini chippakka chiqaradigan (xususan, uy egasining terroristik tashkilotga taalluqli kishi ekanligini ko‘rsatuvchi dalillar borasida) natija bilan tugaydi. Biroq shu tobda katta matoh — zahar topiladi! U kartondan qilingan qutichadagi atropin ampulasi bo‘lib, sirtiga inson bosh chanog‘i aks etgan surat yopishtirilgan narsa edi. Bu topilmaga mening uyimdan pulemet topilganiga teng izoh berildi: zahar bu shifokor terroristning quroli bo‘lib, u mo‘mingina mijozlarini o‘ldirishdan boshqa narsaga yaramaydi!
Topilma haqida xabar shu zahotiyoq tarqatilib, o‘sha dahshatli quticha sinchiklab o‘rganiladi va surg‘uchli muhr bilan muhrlanadi. Keyinroq uni menga tergovchi ko‘rsatdi va “Zahar sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldi? Qamalmoqchi bo‘lganlarida ichmoqchimidingiz?” — deb so‘radi. Men unga, zahar ichishimga hech qanday asos yo‘q, shuning uchun bunga urinishimga ham hojat yo‘qligini aytdim.
Quyidagi ampulalarning biri ochilgani va undagi modda tekshirilib, ampuladagilar zahar emas, balki dori ekanligi ma’lum bo‘lganligini payqadim. Biroq tergovchida men kishilarni zaharlashim haqidagi taxminidan qaytadigan kayfiyat ko‘rinmasdi.
Menga ayb qo‘yish uchun dalil bo‘ladigan ashyolardan biri o‘tmas bir fin pichog‘i hamda o‘rtasida fashistlik svastikasi bo‘lgan kichkina qizil bayroqchalarni topilishi edi. Pichoqni menga Korel jabhasidagi gospitallardan birining boshlig‘i sovg‘a qilgan bo‘lib, o‘sha vaqtlarda fin pichog‘i jabha sovg‘alari udumiga kirgandi. Fashistik bayroqcha esa mening zafar g‘animatim edi: biz Rigani xalos qilganimizda, nemis shtabi yozuv kursisidan topib olganman, buni o‘sha bayroqchaga “Riga, 13 oktyabr, 1944 y.” degan bitigim ham tasdiqlaydi.
Mening izohlarimdan so‘ng tergovchi bu masalalarga qaytmagan bo‘lsa ham, pichoq va bayroqcha meni qoralovchi ashyoviy dalillar bo‘lib xizmat qilishi ham mumkin edi. 1944 yil “organ” tomonidan “Otalarimiz uchun o‘ch olamiz” (bunga qatag‘on qilingan sovet va partiya xodimlarining bolalari, jumladan, otib o‘ldirilgan RSFSR Xalq komissarlari soveti raisi D.N.Sulimovning o‘g‘li ham a’zo bo‘lganligi haqida ovozalar) degan fitnachilar guruhi fosh etilgani va fitna qatnashchilarining biri uyida tintuv paytida bolalar o‘ynab yurib Moskva tevaragidan topib olgan nemis pulemetining egilib ketgan stvoli topilgani, bolalardan biri tergov qiynoqlariga chidamay, Stalin Arbatdan o‘tayotganida o‘sha pulemetdan uni otishni mo‘ljallashganini tan olganligi haqidagi gaplar mening esimdan chiqqan emasdi. Egilib ketgan pulemet stvoli kabi ahmoqona ashyoviy dalil sudda shubha ham uyg‘otmadi, hatto Stalin otilishi kerak bo‘lgan uyning derazasi Arbatga emas, hovli ichiga qaragani ham sudni o‘z fikridan qaytara olmadi. Ana shuning uchun ham tergov mendan topilgan atropin, fin pichog‘i va fashistik bayroqchani osongina unutib yuborishiga ishonchim yo‘q edi.
Har kuni biz bilan non-qatiq bo‘lgan, bizning oilamizni yaxshi bilganlarga mening qamalishim qanday ta’sir ko‘rsatdi? Keyinroq xotinimning aytishi bo‘yicha, unga nisbtan umuman hamdard bo‘lishgan, biroq bu hamdardlik sukunatli hamda ma’nisini anglash qiyin bo‘lgan. Ahyon-ahyonda mening haqimda biroz sergaklanib bo‘lsa ham sas chiqarib so‘ragan kimsalar ham bo‘lgan ekan.
Jiddiy va faol hamdardlar ham bo‘lganligini, bular orasida bizdan bir qavat pastda yashagan Beklemishevlar oilasini chuqur va doimiy minnatdorchilik bilan tilga olishim lozimdir. Oilaboshi Vladimir Nikolayevich Beklemishev mashhur entomolog olim, SSSR MFAsining akademigi Turgenev, Tolstoy, Chexov kabi rus yozuvchilari asarlarida aks ettirilgan, hozir yo‘qolib ketgan inqilobgacha bo‘lgan rus ziyolilari toifasidan edi. Oila ko‘rkiga quvnoq, oqko‘ngil va kirishimli xotini — Nina Petrovna ham bir bezak bo‘lib tushgan edi.
Vladimir Nikolayevich mening qamalishimga o‘ziga xos bir munosabatda bo‘ldi. Boshqalar meni xotinimni ko‘rganda, yaqin do‘stlarim ham, salom-alik qilishdan o‘zini olib qochishgan bir paytda, xotinim bilan uchrashib qolganda Vladimir Nikolayevich boshidan shlyapasini olib, xuddi boshi yerga tekkuncha ta’zim bajo qilib yurgan. Bu ta’zim faqat hamdardlikni emas, azobga giriftor etilgan insonga ta’zimni ifodalar edi. Nina Petrovna esa, mening qamalishimning ilk kunlaridayoq biznikiga kelib xotinimga moddiy yordam taklif etgan.
Ko‘p yillar bolalarimga enagalik qilgan Kseniya xola bizning oilamizga sodiq va mehribonligicha qoldi. Bolalarimiz voyaga yetgach ham, Kseniya xola bizning uyimizda liftchi sifatida ishlab qoldi. Meni qamashganida u rohibdan “yahudiy uchun ham Xudoga iltijo qilsa bo‘ladimi”, deb so‘ragan ekan. U, bo‘ladi, deb javob beribdi. Kseniya xola shu tariqa meni Xudodan so‘rab olganini, bo‘shaganimdan so‘ng gapirib berdi. Yana bir boshqa qari juhud ayol ham bo‘shashim uchun duo qilib yurgan ekan. Tinimsiz duo qilishdan tashqari uch kun ro‘zani ham menga atab tutibdi. Agar pravoslav va yahudiy xudolarining birgalikdagi irodalari bilan tahlika ostida qolgan bir xudosiz qutqarilmasa Arshi a’lo o‘rnidan qo‘zg‘algan bo‘lardi.
Insoniy olijanoblik va dardkashlikning bu qadar samimiy ko‘rinishini, bir umr esdan chiqarmasman.
Boshqa toifa kishilar borligi, shubhasiz, tabiiyki, ular mening qismatimga va umuman menga o‘zgacha munosabatda edilar. Ular orasida ruslar ham, yahudiylar ham bo‘lib, bu borada millat hech qanday ahamiyatsiz ekan. Men esdaliklarimda ularni tilga olmasligimning boisi, undaylar yo‘qligi yoki kamligida emas, balki mening qismatimga munosabatda o‘shalarning xarakter xususiyatlari va tuyg‘ulari zaminidagi narsalarning namoyon bo‘lishi edi.
Endi men o‘sha chog‘larda bo‘lgan joyimga — yakka kishilik kameraga qaytaylik. Bu yerda ustiga yupqa to‘shak to‘shalgan temir karovat, ustida oshxona servisi bor (alyumin tovoq, emallangan krujka va qoshiq) stolchalar jihozni tashkil etadi. Kamera tor bo‘lib, eni bir yarim, bo‘yi uch mertcha keladi, temir eshik ro‘parasidagi devorda uning deyarli shipga ulangan joyida panjarali darcha, eshikning o‘ng tomonida panjaraga o‘ralgan markaziy isitish tizimiga ulangan batareyasi bor. Yakkalik kameraning juda katta ustun tomoni — karovat ro‘parasidagi devorda vodoprovod krani bor bo‘lib, kanalizatsiyaga ulangan.
Ikki kecha mijja qoqmay qiynalganimdan keyin yolg‘iz qolgach, o‘zimni karovatga tashladim, shu ondayoq “maxsus kamera” nima ekanligi sabog‘ini oldim. Osmondan tushganday ko‘z o‘ngimda qamoq nazoratchisi kiyimida bir ayol paydo bo‘ldi va: “Tur o‘rningdan! Kunduzi yotish taqiqlanadi!” deb baqirdi. Men ikki tun uxlamaganimni aytib uni yumshatmoqchi bo‘ldim, ammo bu unga parvo qilmadi. Juda holdan toyganim uchun bir necha daf’a yotishga urindim, biroq eshikdagi teshikdan ko‘z uzmay tikilib turgan bu “sharpa ayol” o‘sha lahzada oldimda paydo bo‘lar va meni tik qaqqayib turishga majburlar edi.
Birinchi kun kechasi uyqusirab toliqib karovatda o‘tirganimda qo‘shni kamera tomonidan kimningdir taqillatayotganini eshitib qoldim. Bir javob bermoqchi ham bo‘ldim, biroq ig‘vo bo‘lsa-chi, degan xayolga borib, o‘zimni tiydim. Ko‘rib bo‘lmas qo‘shnim ham oxiri tinchib qoldi.
Tergovchi talab qilgan ko‘rsatmalarni berishdan bosh tortganimdan keyin meni olib kelishgan maxsus qamoqdagi shart-sharoit haqida so‘zlab berishning ham payti keldi.
Soat oltida kameraga tashqi olam bilan bog‘lab turadigan darcha ochilib, nazoratchining “turilsin!” degan ovozi tarqaladi. Buning ma’nisi: tik turish vaqti yetganligi, ertalabki yuvinish va bir piyola qamoq kofesi, bir kecha-kunduzlik non ulushi, ikki chaqmoq qand, bir tovoq bug‘doy bo‘tqalardan iborat yemakni qabul qilishga tayyorgarlik deganidir. Nonushtadan keyingi og‘ir o‘ylarni tushlik buzadi. Tushlik ichida pashshaday hajmda bir necha go‘sht parchalari bo‘lgan shchi hamda bir tovoq bo‘tqadan iborat bo‘ladi. Keyin kechki ovqatgacha (bir tovoq ichida mayda baliq go‘shti parchalari bo‘lgan sho‘rva va choy deb ataladigan ichimlik) xayol surish, so‘ng esa tergovdan avvalgi og‘ir damlar boshlanadi.
Roppa-rosa 21.30 da, uyqudan yarim soat oldin, nazoratchi paydo bo‘ladi. Tonggi soat beshgacha cho‘ziladigan tergov boshlanadi, rasmiylashtirilgan uyqu vaqtidan bir soatgina nasib etadi. Biroq ushbu bir soatni ham o‘z vazifasiga yo‘naltirishning iloji bo‘lmay qoladi: bir tomondan tergovchi bilan o‘tkazilgan ko‘p soatlik olishuvdagi asabiy charchoqni tarqatib bo‘lmasa, ikkinchi tomondan, talab etiladigan mahbusning shaxsiy parhezi xalaqit beradi. Qamoq ma’muriyati shaxsiy parhez haqida shunchalik astoydil qayg‘uradilarki, tergovdan so‘ng tez-tez g‘usl qilishga jo‘natadi. G‘usldan qaytasiz, qarabsizki, “turilsin!” deb baqirib turishibdi. Shu zaylda kun ketidan kun uyqusiz o‘taveradi.
Ba’zida men kunduzi tik oyoqda turib mizg‘irdim, biroq madorsiz oyoqlarim gavdamni ushlab turolmay, shu zahoti uyg‘onib ketardim. Agar o‘tirgan holda ko‘zim yumilib ketsa, darrov ko‘zimni ochib, o‘rnimdan turishim haqida buyruq-baqiriq eshitardim.
Ayniqsa, ko‘rinishidan vahshatli, tishlari chirik bir nazoratchi nihoyatda quturgan, badfe’l edi. Ko‘pdan beri uxlay olmaganim uchun uyquni qochira olmayotganim, bunga kuchim yetmayotganini bir insonga tushuntirgancha tushuntirishlarimning foydasi yo‘q edi. “Uyqung bossa yuvin. Bo‘lmasa o‘zim cho‘miltirib qo‘yaman” derdi u.
Qamoqdagi tuzumning eng muhim unsuri uyqudan mahrum qilish bo‘lib, tergaluvchining irodasini sindirishga yo‘naltirilgani tayin edi. Hozirgi kunda; mutlaqo uyqusiz qancha vaqtni o‘tkazganimni ayta olmasam kerak, biroq men fahmimni o‘tmaslashishigacha olib boradigan uyqusizlikka chiday olishimga ko‘zim yetmasdi.
Bir kuni men o‘zimni tuta olmadim va tergovchiga meni uyqudan mahrum etishgani uchun norozilik bayon qildim va javobiga nima eshitding deng: “Sizni bu yerga uxlash uchun emas, ishlash uchun olib kelishgan”. Uning javobidagi “ishlash” fe’li meni tong qoldirdi. Aslida ham bu uning uchun “ish” edi, biroq nega endi bu men uchun ham ish bo‘lishi kerak!..
Uzoq muddat taomga mutlaqo hushim bo‘lmadi. Ilm tili bilan aytilsa, ruhiy anoreksiya sodir bo‘lib, ba’zan u tserebral kaxeksiyaga, ya’ni bosh miyaning mo‘tadil ishlashining buzilishiga aylanishi mumkin (ruhiy jarohat olgan ruhiy kasallar, markaziy asab tizimining ayrim organik jarohati). Qamoqdagi mening nazoratchilarim bu holatni odatiy bir holatga yo‘yishdi: bu norozilik oyligi. Har qanday norozilik, xususan tutumli qamoqda, o‘rnida bostirilishi kerak. Binobarin, bir kuni (adashmasam, qamalishimning to‘rtinchi yoki beshinchi kuni) kameramga davlat xavfsizligining semiz polkovnigi (ma’lum bo‘lishicha, qamoqning sobiq bosh shifokori) kirib keldi. Unga men istamaganim uchun emas, balki yeyolmayotganim uchun ovqatlanmayotganimni tushuntirishimga qaramay, zo‘rlab ovqatlantirishlari haqida po‘pisa qilib chiqib ketdi. Uning do‘qi amalga oshishidan cho‘chib, men berilgan ovqatni qaytarmay, kanalizatsiyaga ohista tushirib yuboradigan bo‘ldim.
Mening kameramni sukunat o‘ragan deb bo‘lmasdi, qulog‘imga yaqin va uzoq olam tovushlari yetib kelardi. Mahbuslarning baland ovozli baqiriqlari (ular, hushini yo‘qotganlar bo‘lib, o‘sha ovozlar hozir ham qulog‘imdan ketmaydi) yaqin olamdan bo‘lsa, qamoqxonaga qo‘shni joylashgan aerodinamik quvurlarning shovqini eshitilar, bu shovqin devorni larzaga keltirardi. Uni dastlab meni birinchi bor sayrga — baland beton devorlari bilan o‘ralgan maydonchaga — olib chiqqanlarida eshitdim (bu yerdan osmonning bir parchasi va soatli minoraning uchigina ko‘rinardi). Bu qo‘raga tushganim zamon quvurlar shovqini — guldurashi eshitildi. Bu tasodifan to‘g‘ri kelib qolgani aniq, biroq o‘sha chog‘da xayolimga bu beton qutiga meni otish uchun olib keldilar, dahshatli guvillash esa, o‘qning ovozini bosish uchun, deb o‘ylagandim.
Ana shunaqa sayl qilganman… Bora-bora bu guldurashga ko‘nikib ketdim, hatto undan foydalanish yo‘lini ham topdim: go‘yo shovqindan qulog‘imni bekitgan bo‘lib paltomning yoqasini ko‘taraman, aslida esa ko‘zimni nazoratchidan yashirib, yumib mizg‘ib olaman.
Tergovchim menga aytmagunicha, qaysi qamoqda ekanligimni ham bilgan emasman. Mening savolimga u “Leford qamog‘ida” deb bamaylixotir javob qildi. Etim jimirlab ketdi, chunki Moskva qamoqlari ichida dahshati bilan dovrug‘i ketgan edi. Negadir bu yerdan hech kim tirik chiqmaydi. Lefordga qamalishning o‘zi o‘lim hukmiga teng, deb hisoblanardi. Xotinimning meni Lefordda, deb o‘ylashining o‘zi talvasaga solib qo‘yardi, shukrki, u meni Lubyankada deb bilgan.
Leforddagi uyqusiz tunlarim, yakshanbada tanaffus olardi, chunki tergovchi Sovet Ittifoqining barcha fuqarolari kabi o‘zining dam olish huquqidan foydalanardi. Tergovchi meni qayerda ekanligimni bildirib qo‘yish bilan birga, menga alohida taskin beruvchi ohangda otilishim xavfi yo‘qligini ham aytib qo‘ydi. Mening kelajagimni bashorat qilish bilan bir qatorda, u mendan o‘z-o‘zimni eng og‘ir jinoyatlarda ayblab, o‘sha jinoyatlarga to‘liq iqror bo‘lishimni ham kutgan ko‘rinadi. Men qayerdaligimni, kimlarga bog‘liqligimni aniq bilish bilan birga, menga qo‘yilgan moddalar mohiyatini ham anglar edim (58—8—sovetlarga qarshi tashviqot; 58—10—faol terroristik harakatlar; so‘nggi — 58—11-modda esa yuqoridagilarni tasdiqlab kuchaytiruvchi bo‘lib, o‘sha harakatlarni ko‘pchilik orasida, uyushgan tashkilot tarkibida amalga oshirishni anglatardi). Shuning uchun ayblangan har bir moddada oliy jazo tayyor bo‘lgani holda, meni bunday jazodan istisno tutishlariga ishona olmasdim.
Shifokor-qotillarning terroristik harakatida ishtirokimnigina emas, balki bunday harakatning o‘zi bo‘lganligini ham meni bo‘ynimga qo‘ya olmaganiga qanoat hosil qilgach, tergovchi boshqa bir yo‘l tutdi. “Siz boobro‘ odam mavqeidasiz-u, lekin o‘zingizni ahmoqlarday tutyapsiz”, — dedi-da, menga M.S.Vovsining tergovda o‘zini qanday tutishini misol keltira boshladi.
— Mana, Vovsini oling, o‘zini aqlli kishi ekanligini ko‘rsatdi, bu bilan u o‘z jonini saqlab qolishi mumkin. Shunda men uning o‘zi menga o‘lim jazosi xavfi yo‘qligini aytganligini esiga tushirdim. Uning javobi shunday bo‘ldi: “Endi, buyog‘i xalqning talabiga bog‘liq”. Xalq albatta otilishimni talab qilishini mening ishtirokimda u va kasbdoshlarining otilishi jarayoni haqidagi suhbatidangina emas, qamalishimdan oldingi eshitganlarim asosida yaxshi bilardim. To‘g‘risini aytsam, xarakterimdan kelib chiqqan holda men bunday xavfni tasavvur qila olmasdim. Men uchun u hali mavhum bir holat bo‘lib, faqat amalga oshishi oldidagina oydin bir ko‘rinish kasb etishi mumkin edi.
Hali tungi bedorlik davom etayotgan, yahudiy burjua millatchiligining yalpi ko‘rinishi va uning terroristik harakatlarida mening ishtirokim masalasini tergash tugamagan edi.
Yahudiy burjua millatchiligi nima ekanligini fahmlashda menga tergovchining o‘zi ko‘mak berdi. Buning uchun u mahbuslardan birining SSSR FA Morfologiya instituti tazyiqqa uchragan yahudiy xodimlarini men qanday himoya qilganligim haqidagi ko‘rsatmasini o‘qib berdi. Bu ko‘rsatma haqiqatga mos edi: men rostdan ham, bor gunohi millati bo‘lgan bu xodimlarni ish joyida va turmushida ataylab to‘siqlarga duch qilinganlarga yordam berishga intilganman. To‘g‘risi, men tushuna olmaydigan holat bor edi: qonun bilan man etiladigan ana shunday sun’iy to‘siqlar yaratish jinoyat hisoblanmay, jabrlanganlarni himoya qilish jinoyat — yahudiy burjua millatchiligi jinoyatchi deb hisoblanishini hazm qila olmayman. Mana shu nuqtada tergovchi bilan mening nuqtai nazarim mos tushmadi, tushishi ham mumkin emasdi.
Mening ilmiy-jinoiy tarjimai holim rang-barang bo‘lib chiqdi. Tergovga mening Lepeshinskiy va Boshyanlar kashfiyotiga munosabatimdan tashqari akademik Lina Selomonovna Shtern tadqiqotlari himoyasi yo‘lida “patologiyadagi yangi yo‘nalish” tashviqotchilari bilan bo‘lgan bahs-munozarada chiqishim ham ma’lum ekan. Tergov meni I.P.Pavlov ta’limotining ashaddiy dushmani deb topdi, aslida men ushbu ta’limotni bachkanalashtirishga qarshi edim, xolos. Ikki semiz jildli “inim”da mening chiqishlarimdan parchalar ham o‘rin olgan edi. Bir kuni to‘satdan shunday deb qoldi: “Zamonamizning buyuk olimi bo‘lmish Boshyanni o‘lik otga qiyoslab, qanchalik tuban ketganimizni bilasizmi!” Haqiqatan ham Moxovoydagi anatomik bino auditoriyasida Boshyan degan kimsaning kashfiyoti muhokama qilingan bo‘lib, sog‘liqni saqlash idorasining bir ulug‘ arbobi uni tibbiyotdagi yangi “Injil” darajasiga ko‘tarib qo‘ygan edi. (“Eski mikrobiologiya tugadi — mana sizga yangi mikrobiologiya!”) Chalasavod va sharlatan Boshyan o‘zining kitobchasida Paste ta’limotini oyog‘ini osmondan ilib, buzib, mikroorganizmlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi, degan nazariyasini ilgari suradi (keyinroq u ko‘zbo‘yamachi sifatida fosh etildi, ilmiy darajalari bekor qilinib, bedaraklikka sho‘ng‘idi). Ushbu “daho”ni men rostdan ham “o‘lik ot”ga mengzab taxminan shunday degan edim: “Mening ixtisosligim bo‘lmagani uchun virusologik tomoniga to‘xtamayman. Biroq muallif o‘lik otlarni yorib ko‘rish bayonnomasini ham bunga kiritgan. Men bir patologoanatom sifatida qayd etishim kerakki, bunday bayonnomalarni olim kishi yozishiga ko‘zim yetmaydi, uni ot o‘z o‘limi oldidan yozgan. Bu o‘layotgan otning alahsirashidir!” Mana, mening tubanlik darajam!
O‘sha zamonning A.Ya.Vishinskiy kabi ulug‘ allomasi tomonidan asoslangan huquqiy bilim bo‘yicha saboq olishimga to‘g‘ri keldi. Men qamalgunimga qadar gunohim aniqlanib, jazoim tayinlangan bo‘lsa-yu, go‘yo sodir etgan jinoyatlarimni nega va nima uchun bo‘ynimga olishim zarurati borligiga qiziqdim. Tergovchi menga ayblanuvchining jinoyatini (bu jinoyat tergovchilar tomonidan o‘ylab chiqarilgan bo‘lsa ham) bo‘yniga olishining ahamiyati va mavqeini bajonidil tushuntirib berish bilan birga men ishtirok etgan antisovet to‘dasi Vishinskiy bo‘yicha hatto ikki kishidan ham iborat bo‘lishi hamda antisovet rejalariga ega bo‘lmay, sovetlarga qarshi suhbatlashgani ham kifoya qilishini bildirdi.
Tergovchi meni aybimga — yahudiy burjua millatchisi ekanligimga iqror qilish bo‘yicha bir necha kecha-kunduzlik o‘z faoliyati yakunidan ham, mening o‘zimdan ham qoniqmadi. “Bu qanaqa ma’lumot bo‘ldi: Xaimni ishdan bo‘shatishdi, Abramni ishga qo‘ymadi. Bunday ma’lumotni men har qanday mahalliy qo‘mitadan bilib olardim” — deb xitob qildi u. Men ham — har qanaqa mahalliy qo‘mitadan bilib olish mumkin bo‘lganidan ortiq ma’lumot bera olish imkoniga egamasligimni aytdim. Shunga qaramay, bor ma’lumotlarning o‘zi meni RSFSR Jinoiy kodeksining 58—8, 58—10, 58—11-moddalarida ayblashga yetarli deb topildi.
Tergov keyingi bosqichga — shifokorlarning terroristik faoliyatida mening ishtirokim masalasiga ko‘chdi. Meni burjua yahudiy millatchisi ekanligim haqidagi hatto — harakat va xulosalarni (davlat xavfsizligi sharhi bo‘yicha, albatta) inkor qilgan bo‘lsam, terrorni, xususan, hibsga olingan klinik shifokorlar tomonidan uyushtirishi haqidagi o‘y-fikrni ham, ularda mening ishtirokimni ham qat’iyan va uzil-kesil rad qildim. Ularning barchasini tanishimni, ko‘pchiligi bilan faqat ish yuzasidan muloqot bo‘lmay, do‘stona aloqalarimiz borligini, ular o‘z ishiga sodiq, ajoyib shifokorlar ekanligi uchun ham o‘z mijozlariga ziyon-zahmat yetkazishi mumkin emasligini aytdim. Ushbu masaladagi mening sobitligim uning jig‘iga tegdi, shekilli, quyidagi savol bilan meni izdan chiqarmoqchi bo‘ldi: “Hali erkinlikda yurgan vaqtingizda — 13 yanvarda TASSning bu haqdagi bildirishini o‘qiganmidingiz?“ O‘qiganman, ammo bildirishdagi biror gapga ishonmadim, deyishdan bo‘lak choram qolmagandi. “Hali siz bu MGBning bo‘htoni deb hisoblaysizmi?!” deya dag‘dag‘a qilishdi.
Ertasi kuniyoq qasd olindi (hozir qaysi kunligi yodimda yo‘q). Odatga xilof ravishda, meni kunduzi, tushlikkacha tergovga chaqirishdi. Tergovchimni bu mahalda ish o‘rnida ko‘rishga ko‘nikmagan ekanman. Doimiy savol “qani” o‘rniga dabdurustdan “Ko‘rsatma berasizmi, yo‘qmi?” deb qoldi. Men “yo‘q” dedim. “Turilsin! Qo‘llar orqaga olinsin!” Orqamdan temirning shaqillashi eshitildi, bilaklarim temir qo‘lkishan bilan siqildi. Agar tavsiflab bersam, muhim davlat sirini oshkor etgan bo‘lmasam kerak, buning ustiga uning tuzilishi ilgari men kinolarda ko‘rgan qo‘lkishanlarga mutlaqo o‘xshamaydi.
Qo‘lkishanning o‘rtasi to‘rtburchak yassi qulf bo‘lib, yuzasi sakkizu sakkiz, qalinligi ikki santimetr keladi. Qulfning ikki chetiga ikki suriluvchi hilol shaklida qisqich o‘rnatilgan bo‘lib, orasi yaqinlashadi va uzoqlashadi. Yaqinlashadigan uchi tishli bo‘lib, yaqinlashganda qisqichning bir tishi ikkinchisi orasiga kiradi va bilakni bilaguzuk kabi o‘rab oladi. Orqaga olingan ikki qo‘l qimirlamagan holda bilaguzuklar qo‘shilib qulflanganday bo‘ladi. Qo‘llarni bo‘shatish uchun beixtiyor harakat bo‘lganida — qo‘llarning keskin harakatida qisqichning tishlari faqat bir tomonga yurib, keyingi oraliqqa shiq etib kiradi. Bundan “bilaguzuk”ning aylanasi qisqaradi va birozdan so‘ng kaft va barmoqlar pufakday shishib ketadi.
Qo‘lkishan kuniga uch marta besh-o‘n daqiqaga — ovqatlanish va hojat chiqarish uchun yechiladi. Uxlashda qo‘llar oldinga o‘tkazilib kishanlanadi. Kishanlash va uni yechish nazoratchining vazifasi hisoblanib, bu jarayonda uning mahbusga munosabati va o‘z xarakteri namoyon bo‘ladi. Nazoratchilardan biri kishanlashda qattiq og‘riq-azob beruvchi harakatlar qilishni yoqtirardi. Bu hollarda ko‘proq chap qo‘lim azob berardi. Boshqa bir nazoratchi esa, aksincha, kishanlashda o‘zini go‘yo aybdorday tutardi, hatto bir marta “Shunday ish qilishga majburmiz” degan edi (bunday deyishga, hatto mahbus bilan gaplashishga uning huquqi yo‘q edi). U bu gapni men “bilaguzuk“ni unchalik tarang qilmasligini iltimos qilganimda aytdi va agar “bilaguzuk” bo‘sh qo‘yilsa, liqillab turilgan joyini chaqa qilishini tushuntirdi. U har gal qisqichni qulflashdan oldin eng beozor holatni tanlardi. Qo‘lkishanning o‘ziga xos tuzilishiga, kishanning biror joyi qichishsa qashishga yoki burni oqsa artishga imkon bermasdi, bu esa yahudiy burjua millatchisi uchun ham eng zarur insoniy ehtiyojdir.
Qo‘lkishan bilan taqdirlanib kameraga jo‘natildim. Bu jarayon tug‘ilgan tuyg‘u aqldan ozdiradigan darajada edi — mening mashaqqatli, jon sug‘urib oluvchi, ammo ko‘nika boshlangan hayotimga qo‘lkishan suqilib kirgan edi. Kishanlashning o‘zi xavfli-xavotirli edi, axir meni qochib ketmasin, deb qo‘limga kishan urmadilar-ku! Qo‘lkishan azob berishning qo‘shimcha bir vositasi, qo‘lkishan urilgan kishining tuyg‘usi yerga urilishi, uning hech kim emasligi nishonasi edi.
Qo‘lkishanni o‘limga hukm qilinganlarga taqilishini eshitganim bor edi, bu o‘rinda qo‘lkishanni men jarimachilar va ularga xos erksizliklarga mahkum ekanligimni tasdig‘i sifatida qabul qildim.
O‘zimning ojizligimni his qilish hamda qo‘pol zo‘rlikka qarshilik tuyg‘usida birdan boshimni devorga ura boshladim. Yugurib kelgan nazoratchilar birgalikda hayajonimdagi portlashni to‘xtatishdi va menga: “Nima, devorni teshmoqchimisan? Ehtiyot bo‘l, pastga tushib ketasan” — dedilar. Bir qavat pastda kartserlar joylashgan edi…
Tergovchi go‘yo mening jinoiy niyatlarim zaminining asosini topganday yo‘l tuta boshladi: “Yahudiylarni ta’qib etishadi: ishlatmaydi, turmushini og‘irlashtiradi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Albatta, bunga qarshi kurashish kerak! Kurashning yagona yo‘li — terror, yahudiylarni tazyiq qilishning tashkilotchilari bo‘lish rahbarlarni o‘ldirish, bu tergovchi menga tan oldirishi kerak bo‘lgan ko‘rsatma edi. Bu tazyiqlar MKdan boshlanganini siz o‘zingiz aytingiz. Demak, ushbu yo‘riqlarni beruvchilar bilan kurashmoq kerak”. Davomida, u meni ham rozi bo‘lishim kerak bo‘lgan uncha murakkab bo‘lmagan mantiqiy xulosani o‘rtaga tashladi: ushbu yo‘riqlarning mualliflari mas’ul rahbarlar ekan, demak, terrorchi shifokorlarning zarbasi aynan o‘shalarga qarshi yo‘naltirilgan. Men bunday talqinlarni ochiq tuhmat sifatida keskin rad qildim va yana o‘z kameramga dabdala bo‘lgan holda qaytarildim.
Har gal tergashdan keyin biron-bir o‘rinda xol qo‘yib qo‘ymadimmi, deb tungi so‘roq-surishtirishlarni miridan-sirigacha xayolimdan qayta o‘tkazdim. Boshqa mahbuslarga ziyon yetkazadigan biron-bir so‘z aytib qo‘ygan-qo‘ymaganimni ham o‘ylardim.
Menimcha, doimiy xavfsiraganim aljirashlar, sotib qo‘yishlar mening ko‘rsatmalarimda yo‘q edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak tergovchi qiziqib: “Mana siz do‘stlaringizni himoya qilyapsiz, balki ular sizning haqingizda nimalar deyotgani o‘qib eshittirilsa, sizga qiziq bo‘lar?” deb bir necha bor g‘ulg‘ula solgandir. O‘rtoqlarim bergan ko‘rsatmalarda, afsuski, menga nisbatan shubha qo‘zg‘ovchi joylari bo‘lishi ehtimol. Keyinroq, erkinlikka chiqqanimizda M.S.Vovsi va V.N.Vinogradovlarga ularga nisbatan o‘ylab chiqarilgan jinoyatlarga iqror bo‘lganliklarini so‘zlab berdilar. M.S.Vovsining menga aytishicha, undan nemis josusi bo‘lganligini ham bo‘yniga olish talab etilganida u yig‘lab turib shunday degan ekan: “Nima kerak o‘zi sizlarga, axir men Amerikaning ham, Angliyaning ham josusi bo‘lganligimni bo‘ynimga oldim-ku, bu kammi? Nemislar Dvinskda oilami butunlay qirib tashlashgan…” Javoban so‘kish eshitgan, talab kuchaygan: “O‘ professor, o‘ maraz, yetar shuncha ezmalanganing. Endi nemis josusi bo‘lganingni tan ol!” M.S.Vovsi nemislarning ham josusi bo‘lganligini e’tirof etib imzo chekadi (uning aytganlarini men deyarli so‘zma-so‘z keltirdim). Boshqalardan ham taxminan shunday talab qilingan va ular buni bajarishgan.
Bunday tan olishlarning fojiasi o‘ylab chiqarilgan jinoyatlarga shaxsiy javobgarlik bilangina chegaralanib qolmasdi. Jinoyat “tashkilot ichida” sodir etilishi nazarda tutilgani (58—11-modda) bois, ishtirokdoshlarini nomini sotish lozim edi. Shuning uchun bo‘yniga olgan kishi tergov jarayonining aybdor maqomli ishtirokchisigina emas, balki fosh qiluvchiga ham aylanardi.
Biz bo‘shatilganimizdan keyin 1952 yilning yozi yoxud kuzida (hali ommaviy qama-qama boshlanmasdan) qamalgan ayol Kreml kasalxonasi shifokori S.E.K. qamoq vaqtida boshidan kechirgan eng og‘ir vaziyatni so‘zlab berdi: “M.S.Vovsi, V.N.Vinogradovlar bilan yuzma-yuz qilishganda, bemorlarni davolashda sen bizning zararli topshiriqlarimiz va tavsiyalarimizni bajargansan, deb o‘zlariga qarshi ko‘rsatma berishga undaganlar. “Men ularga: Miron Semenovich, Vladimir Nikitovich, nimalar deyapsizlar? Qanaqa zararli topshiriqlar beribsizlar, qaysi kasalga zararli tavsiyalar qilgansizlar-u, men uni bajargan ekanman?! — dedim. Shu so‘zlardan keyin M.S.Vovsi va V.N.Vinogradovlar menga yopishib ketishdi: “Yig‘ishtiring bunaqa gaplarni! Bari esingizdan chiqib ketdimi? Eslatib qo‘yamiz”. Ushbu uchrashtiruv ishtirokchisi bo‘lmish V.X.Vasilenko esa o‘zini ancha bosiq tutdi. Men xuddi jinnilar orasiga tushib qolganday bo‘ldim”. So‘zlar ekan (uning gaplarini aynan keltirdim) S.E.K. titrardi, doim ochiq yuradigan chehrasida o‘sha yuzma-yuz qilishni eslash dahshati namoyon bo‘ldi. Shunday qilib “yorilganlar” ayblovchi guvohlarga aylanardi. Bu jiddiy, juda jiddiy masala: ruhiy va jismoniy siquvga bardosh bera olmaganlarga qanday munosabatda bo‘lmoq kerak! Qamoqdan chiqqanimda bu borada mening aniq javobim bor edi. Ha, ularni ayblash juda bo‘lmaganda tanbeh berish o‘rinli. O‘sha damlarda men “yorilganlarga” duch kelsam o‘zimni qanday tutishimni hali yaxshi bilmas edim. So‘nggi kezlarda o‘zimdagi bunday ikkilanishlarni yenganday bo‘ldim. Turfa kishilarga bir xil o‘lchov qo‘yish, favqulodda vaziyatlarda bir xil xatti-harakat talab qilish ularning shaxsiy o‘ziga xosliklarini hisobga olmaslikka olib kelardi.
Rostdan ham, kishi tankka duch kelib, unga qarshi yengish uchun intilishi, ayni o‘sha kishi sichqonni yoki shpritsni ko‘rganda o‘takasi yorilishi mumkin-ku! Mening bir mashhur olim do‘stim bor edi, o‘sha agar meni qamashganlarida yarim soatdayoq pishib yetilib, talab qilingan hamma narsaga qo‘l qo‘yardim, deb tan oldi. Xalq orasida 1937-38 yillarda mahbuslarni qattiq qiynashgani haqidagi qo‘rquv asorati hali tarqamagan edi. Masalan, V.N.Vinogradovning aytishicha, qiynoqlar boshlanmasdan oldinroq barcha qo‘yiladigan ayblarga, hatto Angliya va Frantsiya josusi aybloviga ham iqror bo‘lishga shay bo‘lgan. Qamoqdan bo‘shatilganidan o‘n besh yil o‘tgach ajoyib shifokor, oqko‘ngil professor M.S.Vovsi og‘ir kasalga — oyoq sarkomasiga giriftor bo‘ladi va uning oyog‘ini kesib tashlash zarurati tug‘iladi (shundan keyin u tez orada vafot etdi). Operatsiyadan keyin uni ko‘rgani bordim. U biroz hayajonli ko‘rinardi: “Hozirgi holatimni o‘sha vaqtdagi holatim bilan qiyoslab bo‘ladimi? Hozir oyog‘imdan ajradim-u, lekin insonlikda qoldim, u yerda men insonlikdan chiqqandim”, — dedi u menga. Oyoqdan ajralish, shishning avj olishi kabi ayanchli holatni arzimas bir narsa deb qabul qilish uchun qanday ichki fojiani boshdan kechirish kerakligini tasavvur qilasizmi!
Hozir tergov chog‘idagi xatti-harakatlarimni sinchiklab qayta chig‘iriqdan o‘tkazar ekanman, butun jismoniy imkoniyatlarim va qat’iyatlarimni qanchalik safarbar qilmayin, baribir, oxirigacha sabot bilan tura olmadim deb o‘ylayman.
Bir kuni tergovchi agar hamma narsaga iqror bo‘lmas ekanman, meni boshqalar qo‘liga topshirishiga to‘g‘ri kelishini (boshqa qattiqqo‘lroq kishiga, shekilli) ma’lum qildi. Bir kuni qiynoqqa tortilgan kishining bo‘kirishi va zolim qamoqxona xodimining so‘kinishi qo‘shni xonadan eshitildi. Bechoraning dod-voyi, vaqti-vaqti bilan sillasi qurigan kishining xirillashiga ulanib ketardi. Tikilib turgan tergovchi oldida o‘zimni beparvo tutishga urindim (buni qanday eplay olganim menga qorong‘i), ertasiga meni tergovga olib kelganlarida esa, bezgak tutganday titrab, butun irodamni to‘plab, kutilayotgan qiynoqlarga dosh berishga chog‘landim. Tergovchi ahvolimni payqadi, hatto muloyimlik bilan shifokorni chaqirishni taklif etdi. Men rad qilib dedim: “Siz meni qiynamoqchisiz-ku axir, shifokorning nima keragi bor?” U kesatdi: “To‘ydan oldin nog‘arami?” Bildimki, loaqal shu bugun meni qiynoq kutmayapti. Goh-gohida bo‘lgani kabi (yashirmasam ham bo‘ladi) ko‘zimdan yosh oqdi, biroq sobitligimga bu yoshlar hech vaqt zahmat yetkazmagan.
Qamoqda yakka o‘tirish qanchalik og‘ir kechganligi tafsilotini bayon qilib o‘tirmayin, biroq men o‘z-o‘zimga kameramdan tashqaridagi olamni eslab turishni, o‘sha olamni to‘laligicha aqlim xotirasida, ko‘nglim xotirasida mahkam ushlashni, o‘sha olamda erkinlik chog‘imda menga ardoqli narsalarni esimdan chiqarmaslikni asosiy vazifa qilib olganimni ta’kidlamasligimning iloji yo‘q.
Men uchun tushlikdan so‘nggi va kechqurungi og‘ir sukunat bag‘rida qo‘llarim kishanlangan holda qimirlamay vaqt o‘tkazish iztirobli edi. Bu iztirobdan qutulish darkor edi, men uni topdim. Xayolan umumiy patologiya kursi mundarijasini (aynan, umumiy patologiya, patologik anatomiya emas, chunki tibbiy institutlarda bunday kurs o‘qitilmagani uchun men bu sohaga anchadan beri ma’lumot to‘plab yurardim) tuza boshladim. Xususan, urushgacha patologik jarayonlar tanlab joylashishi mexanizmi muhim umumpatologik muammo borasida kitob uchun (afsus, yozilmay qolib ketdi) materiallar to‘plab qo‘yilgandi. Ko‘z oldimda auditoriyani tasavvur qilib, umumpatologiya kursi bo‘yicha o‘zimning ilmiy tajribalarimdan misol keltirib, bir tizimga tushirilgan kursni o‘qishni boshladim. Afsus, o‘sha paytda xayolimga kelgan ajoyib fikrlarni yozib qo‘yishning imkoni bo‘lmadi, keyinroq esa ularni tiklashning iloji bo‘lmadi. Zehnimning bu mashg‘uloti meni oxir-oqibat qismat (bu oldindan tayin qilingan) haqidagi og‘ir o‘ylardan xoli qilibgina qolmay, faqat tanadan tashkil topgan insonni emas, insoniy o‘zligimni saqlab qolishga yordam berdi…
“Bu qanaqa ko‘rsatma o‘zi? Itga suyak tashlagandek… Boshqalardan o‘rnak olsangiz bo‘lmaydimi — ular hayotini saqlab qolishmoqda. Sizni esa hatto ochiq sudga ham qo‘yib bo‘lmaydi…” shunday gaplar bilan tergovchi menga ta’na qilib turardi. Bu gaplardan qachondir “oq xalatli qotillar” ustidan ochiq sud bo‘lishini va bunda ularning ko‘pchiligi avvalgi yirik jarayon ishtirokchilari bo‘yinlariga dahshatli ayblovlarni olib otilib ketganlari va o‘limidan keyin oqlanganlari kabi hodisa takrorlanishini bilib oldim.
Yana bildimki, ular meni tavba qilishimga ham, afsus chekishimga ham umid bog‘lamaydilar. Bu esa menga quvvat baxshida qilardi. Chunki qamalishimdan ancha oldin nozik va jasur umr yo‘ldoshim Sofya Nikolayevnani xohishi bilan kelgan qarorimga xiyonat qilmaganimni anglatardi. Tergovchi g‘ururimga tegish uchun qilgan intilishlariga men befarq edim. Zotan, men obro‘li kishilar hurmatini qadrlar va bu xislatni qamoqda ham saqlash bilan birga o‘z-o‘zimga hurmatni ham asrab qolishni istardim. Yakka o‘tirgan hollarimda Rileevning Petropavlovsk qal’asida qalay tovoqqa tirnab yozgan quyidagi misralar bilan boshlanuvchi to‘rtligini tez-tez eslardim: “Qamoq menga sha’n keltirar, keltirmas sitamlar…” Aytganday, Rileev Lefordda bo‘lganida tovoqqa yoza olishiga gumonim bor, chunki bir kuni bir parcha sovunga bir so‘zni o‘yib yozmoqchi bo‘ldim (bu so‘z tergovchi bilan navbatdagi uchrashuvda biron-bir vajni eslatishi kerak edi), shu zahoti eshik ochilib nazoratchi sovunni talab qildi. O‘yilgan so‘zni shoshilinch o‘chirishga to‘g‘ri keldi…
Moskva Davlat xavfsizligi idorasini to‘laligicha chulg‘ab olgan fitnalarni fosh qilish g‘oyasiga fidoyilikdan tergovchi ham xoli emasdi. To‘g‘rida, katta boshliqlar “shifokorlar ishi” kabi keng miqyosli fitnani fosh etgan bo‘lsa, nega endi u ham o‘z xizmat holati amaliga mutanosib kichik bo‘lsa ham o‘z fitnasini fosh etmasin!
Bir marta “fitnachilardan” biri, mening borligimni unutib qo‘yib, 1-shahar kasalxonasidagi shifokorlar ishini fosh etish chizmasini berilib chiza boshladi. Ajoyib manzara edi bu? Ko‘z oldiga uni tinglayotgan auditoriyani hamda katta boshliqlar vakillarini aniq keltirib, u taxminan quyidagi gaplarni tez-tez ayta boshladi: Markazga bosh shifokor, barcha iplar unga ulanadi…” deb bir qismi qamalib ulgurgan 1-shahar kasalxonasi xodimlari tomon iplar chizildi. Jazavaga tushgan, hech narsani ko‘rmay qolgan tergovchi xayolidagi ko‘rsatkichni u fosh qilgan fitna chizmasiga qadar va tasavvuridagi auditoriyani hayratga solardi. Haqiqiy ijodiy jazava edi bu! Ahvolim, holatim motamsaro bo‘lishiga qaramay, qah-qah urib kulishdan tiyina olmadim. Mening kulgum unga ham o‘tdi, beixtiyor jilmayib keyin baralla kula boshladi, biroq tezda o‘zini bosib, to‘xtab qoldi. Ushbu qisqagina sahna parchasi menga ko‘p saboq bo‘ldi, unga keng bo‘lmasa ham harholda 30-40 yillar siyosiy jarayonining dahshatli dramaturgiyasi sirlari tug‘ilishi haqida yetarlicha taassurot tug‘dirdi.
Menga taqilgan terroristik faoliyatimga dalil sifatida tergovchi bir kuni G.M.Malenkov sha’niga “Xudo jazosini bersin” degan ayg‘oqchi tomonidan yetkazilganini aytdi (bayonnomada u kerakli darajada ya’ni “qahr-g‘azab bilan” yoki “shunday bir dahshatli vajohat bilan” kabi iboralar orqali sifatlanganiga shubhalanmasa ham bo‘ladi). Bu ifoda nari borsa so‘kish, haqorat sifatida talqin qilinishi mumkin-ku axir, degan savolimga tergovchi: “Xudo jazolashi uchun o‘lish kerakmi axir. Demak, siz o‘rtoq Malenkovga o‘lim tilagansiz”, — dedi ajablangan bir qiyofada.
Bir kun (fevral oxiri, mart boshlari bo‘lsa kerak) mening ixtiyoriy tarzda iqror bo‘lishim muhlati kun sayin emas, soat sayin qisqarib borayotgani haqida ogohlantirib, quyidagilarni ham bildirdi: “Men sizga dushman emasman, — dedi-yu, shu zahoti, lekin do‘st ham emasman, deb qo‘ydi. Bilib qo‘yishingizni istardimki, tergov jarayoni ketishini shaxsan o‘rtoq Stalinning o‘zi kuzatib bormoqda va u sizning ko‘rsatmalaringizdan mutlaqo rozi emas. Mana shularni hisobga olsangiz oling, olmasangiz o‘zingizdan ko‘ring”.
Stalinga havola qilishiga ishonqiramadim, zotan, “shifokorlar ishi”da mening mavqeim shunchalik emasligini sezardim. XX s’ezdning yopiq majlisida N.S.Xrushchev o‘qigan ma’ruzadan keyingina Stalinning “shifokorlar ishi”ga, xususan, tergov uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatmalarni berishda oyoq tirab turib olganlarga e’tibor berishni tavsiya qilganligi tasdiqlandi. Biroq o‘sha chog‘da men tergovchining bildirishini po‘pisa deb tushungan edim.
Kechqurungi surishtirishlarning birida tergovchi men unga bugun jinoiy mahbus sifatida emas, balki ekspert sifatida kerakligimni aytib, qator savollar berdi: “Cheyn-Stoks nafasi nima? Bunday nafas qay hollarda uchraydi? Undan qutulishning yo‘llari qanaqa? Cheyn-Stoks nafasi xastaligiga yo‘liqqan kishi sog‘ayib ketishi mumkinmi? Men bu kasallik mohiyatini tushuntirdim. Fiziologik jihatdan go‘daklarga xosligi, kattalarda esa miya shishi, miyaga qon quyilishi oqibatida bosh miya va nafas olish markazlari shikast topganida sodir bo‘lishini, jumladan, uremiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nafasga emas, balki uni keltirib chiqaruvchi sababga ta’sir etmoq muhimligini hamda bu juda dahshatli alomat bo‘lib, unga duchor bo‘lgan kishi ko‘pincha o‘lishi mumkin (men “muqarrar” so‘zi o‘rniga “mumkin”ni ishlatdim)ligini ham tushuntirdim. Tergovchi barcha aytganlarimni qoldirmay yozib olishidan, uning tergovidagi mahbuslardan birining kasallik tarixi bilan bog‘liq ekanligini payqadim. Shundan so‘ng tergovchi juda bir og‘ir kasalni davolash uchun qaysi yirik mutaxassisni tavsiya qila olishimni so‘radi. Yirik rutbadagi mutaxassis shifokorlardan qaysi birlari hali ham erkinlikda yurganligidan xabarim yo‘qligini aytib, tergovchini qiyin bir ahvolga tushirib qo‘ydim, chunki men qattiq tutumli qamoqxona devorlaridan tashqarida bo‘layotgan hodisalardan xabardor bo‘lishim mutlaqo man etilgan edi.
Tergovchi ham savolini takrorladi, men endi quyidagicha javob qildim: “Vinogradov zo‘r shifokor, biroq u sizlarda. Vovsi ham ajoyib shifokor-u, uyam sizlarda. Eng yaxshi yo‘yimchi Etniger ham sizlarda.
Katta tibbiy tajriba egasi Vasilenko ham sizlarda. Qo‘li yengil aka-uka shifokor Koganlarning biri o‘lgan, ikkinchisi sizlarda. Agar nevropatolog kerak bo‘lsa, eng yirik davolovchi nevropatolog deb Grinshteynni bilaman, biroq u ham sizlarning qo‘lingizda. Otolaringolog zarur bo‘lsa Preobrajenskiy va Feldmanlarni tavsiya qilardim-u, ularning ikkalasi ham sizlarda-da”. Juda og‘ir kasalni davolash uchun yirik mutaxassislar nomini aytib tavsiya qilar ekanman, men “u sizlarda” degan qisqa so‘zni qo‘shish bilan, erkinlikda qolganlar nomini menga aytsangiz, ulardan qaysi biri malakali davolovchi ekanligini o‘z bilgimcha aniqlashim mumkin demoqchi edim. Tergovchi o‘ylanib turib-turib bir necha kishining ismi sharifini tilga oldi, biroq men ularning birortasiga ham (garchi ularning ikki nafari fanda nomlari jaranglab eshitilsa ham) hibsdagi shifokorlar saviyasiga yaqinlashadigan bir tavsif bera olmasdim. Tergovchi hayron bo‘lib qoldi, nomi tilga olinganlarning biri, tibbiy fanlar akademiyasining akademigi ekanligini ro‘kach qilib bahsga kirishmoqchi ham bo‘ldi. Men unga, siz akademikni emas, balki bilimdon, tajribali shifokorni tavsiya etishimni so‘rayapsiz-ku, akademik bilan bilimdon shifokor aynan bir narsa emas, shuning uchun ham nomi tilga olinganlardan faqat bir nafarini, uni ham ayrim nuqsonlardan ko‘z yumib tavsiya etishim mumkin, dedim…
Ozodlikka chiqqach, Stalinning kasalligi haqidagi gazetalarda e’lon etilgan axborotlarni o‘qib, o‘sha savollar menga nega berilganligini tushundim. (Yana shuni ham bildimki, ekspert sifatida qamoqda bo‘lgan professorlar M.S.Vovsi va A.M.Grinshteynlar ham jalb qilinib, Stalinning davolovchi shifokorlar saviyasiga taxminan men bergan bahoga yaqin baho berishgan ekan).
Ixtisoslik nuqtai nazaridan yuqori malakali “oq xalatli qotillar” aniqlagan ekspertiza hodisalari rivoji asnosida o‘z tasdig‘ini topdi. 5 martda og‘ir bemor olamdan o‘tdi va “o‘lish zarurati” shu yo‘sinda tasdiqlandi. O‘sha kezlarda bu o‘lim meni va ko‘plab boshqalar hayotini saqlab qolganligini bilmas, hatto xayolimga ham keltirmas edim…
Martning dastlabki kunlariga nisbatan hech narsa o‘zgarmaganday ko‘rinardi: o‘sha — qo‘lkishan, o‘sha tergashlar, biroq tergash biroz o‘zgargan — tergovchi sal yalqovlashganmi, so‘roqlaridagi hayajon miqdori kamayganday, meni divanga o‘tirib olib mudragani-mudragan va aybdorday uyg‘onib jilmayib qo‘yadigan nazoratchiga tashlab chiqib ketadigan odat chiqardi. Men ham mizg‘ib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmasdim.
Xullas, “vijdonan iqror bo‘lish”ni sug‘urib olish davom etayotgan esa-da, bu jarayonning shashti pasaygan edi.
To‘qqizinchi mart kuni (bu sanani yaxshi eslab qolganman) to‘satdan kunduzi so‘roqqa chaqirib qolishdi, meni boshqa bir xonaga stol yonida notanish polkovnik hamda o‘sha jonga tekkan tergovchim o‘tirgan xonaga olib kirishdi. Qiyofasi menga sovuq ko‘ringan polkovnik og‘zini ochib gap boshlaganidanoq tashqi qiyofasi ichiga mosligi ayon bo‘ldi: so‘roqlari so‘kinishga boy, ko‘zlarida insoniyatga nafrat o‘ti yonardi.
Polkovnik so‘roqlariga javob berar ekanman, har qanday shifokorlar ishida xatolar uchrashi, ayrim hollar, ya’ni bu xatolar ehtiyotsizlik oqibatida bo‘lgan juda kam uchrovchi holatlar hisobga olinmasa, xato va kamchiliklar hech qanday sud tashkilotlari ishtirokisiz ochiq klinik-anatomik konferentsiyalarda muhokama qilinishini aytdim. Bunday xatolar ko‘pchilikda, hatto juda malakali jarrohlarda ham amalda uchrab, bu haqda ochiq-oydin gapiriladi, hatto ish yorib ko‘rishgacha boradi. Klinitsist va patologoanatom orasidagi munosabat haqidagi bergan jo‘ngina axborotimga u: “Biz ularga hali ko‘rsatib qo‘yamiz,” degan dag‘dag‘a bilan javob berdi. Kimga va qanaqa qilib ko‘rsatishini u aytmadi.
Polkovnik surishtirishining asosiy mavzui mening G.M.Malenkovga munosabatim edi (o‘sha vaqtda, Stalin vafotidan so‘ng birdaniga u SSSR ministrlar soveti raisi etib saylanganini mening unga salbiy munosabatim ahamiyati polkovnik ko‘z o‘ngida keskin o‘sib ketganligini bilmas edi). Ayg‘oqchilik daraklari yangi “eng birinchi” sha’niga menga nafi kam bo‘lgan ma’lumotlarni yetkazgan edi. Men ham buni keskin inkor etmadim. Tariximizning davomi mening aytganlarim bashorat tarzida ekanligini ko‘rsatdi, ammo o‘sha damlarda men bashoratchilik bilan shug‘ullanishni istamasdim. Shunday ulug‘ rutbali kishi sha’niga mening aytganlarim maqtov emasdi axir. O‘sha zamon o‘lchoviga ko‘ra bu gaplar davlat jinoyati hisoblanib, polkovnik qo‘lida u juda katta qurol edi. Shuning uchun ham davlat xavfsizligi polkovnigi bilan mening “suhbatim” hech kutilmagan natijaga olib kelgan edi: qo‘lkishanimni yechishni buyurdi.
U men bilmagan narsalarni bilardi: bugun Stalinni dafn etishmoqda, “shifokorlar ishi” ketishi susayib, “oq xalatli qotillarni ayblash” shamolda tarqagan tutunni eslatmoqda. Shunday ekan, menga qandaydir ayb taqash zarur edi. Shukrki, bu mo‘ljal ham tagi bo‘sh chiqdi.
Polkovnik bilan “suhbat”dan so‘ng tergovchi tergash davom etishini aytgan bo‘lsa-da, uning ilgarigi vajohati va shashtidan hech narsa qolmagan edi, u xuddi o‘zagi sug‘urib olinganday, bo‘shashgan bir holda ishlar edi. Tungi tergashlarda uzoq vaqt yo‘qolib ketar, tongga yaqin kelib, naridan-beri yarim betlik bayonnomani to‘ldirgan bo‘lardi. Bularning hammasi ish shunchaki, xo‘jako‘rsinga ketayotganidan darak berardi. Bunday bayonnomalarni o‘qish ham zerikarli edi…
Kechqurun 14 martda kameramga nazoratchi kirdi, meni tergovchim xonasiga emas, bir qavat pastga olib borib, sinchkov tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi, keyin yana astoydil “qora qarg‘a” shakliga kiritishdi, bir ozdan so‘ng men o‘zimni Lubyanka qamoqxonasining ichki hovlisida ko‘rdim, u yerdan meni boksga olib borib joylashtirdilar.
Boks nima ekanligini o‘quvchimga tushuntirmoqchiman va umid qilamanki, ularning bu tanishishi ushbu satrlar bilan cheklanib qolgay.
Boks — bu oddiy bir shkaf bo‘lib, dolan bo‘ylab so‘roqqa yoki boshqa bir ehtiyojga kuzatib borilgan mahbusni shu dahlizdan olib yuruvchi boshqa mahbuslar bilan uchrashtirmaslik ehtiyoti qilinib olib borib tiqib qo‘yadigan joy. Har yerning o‘z an’anasi bor. Lefortda bunday uchrashuv ehtimolini nazoratchi barmoqlarini shaqillatib bildirsa, Lubyankada esa, belbog‘ining temir to‘qasiga kalitni urib qo‘yadi. Ishorat turiga qarab mahbuslar o‘zi qaysi qamoqda ekanligini bilib oladilar. Ushbu shaqillatish va taqillatish qamoq dolanlaridagi mozor sukunatini buzuvchi yagona narsadir.
Boksda o‘tirar ekanman, telefon jarangini, keyin navbatchi mening nomimni tilga olganini eshitdim. Keyin boksning eshigi ochilib, meni dolanga undan lift bilan yuqori qavatga olib chiqishdi.
Xonada eshikning qarshisidagi yozuv kursisida fuqaro kiyimida, baqaloq, sochi oq, ayni paytda generalligi seziladigan kishi o‘tirardi. U avvalroq so‘roq vaqtida qisqa muddat qatnashganligi bois, men uni tanidim. Chap tomondagi sandalda befarq bir ko‘rinishda tanish polkovnik — 9 marta meni tergagan polkovnik o‘tirardi. Xona ichida tergovchi ham borligini keyinroq ko‘rdim.
Ohang va shakl jihatidan, mutlaqo kutilmagan bir tarzda general menga salom berdi:
— Assalomu alaykum, Yakov Lvovich!
Men “Vaalaykum” deb alik oldim, salom va uning shaklidan xursand bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq hayron bo‘ldim. Bunday mahkamalarda hozirgiga o‘xshagan salom biron-bir dahshat nishonasi ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun generalning ham achinib, ham sinovchan nazarini ehtiyot qarashi bilan qarshi oldim, hamda uning navbatdagi iborasiga ham diqqat qildim: “Professor nega bu ahvolda?” Birinchi navbatda menga nisbatan “professor” so‘zini ishlatishi ta’sir qildi. Ko‘rinish masalasiga kelsak, professorning ahvoli ulug‘vorlikdan ancha yiroq edi: sochim qirtishlab olingan, oriqlab ketgan yuzimda burnimdan boshqa narsa qolmaganday edi (keyin bilsam qamoqda o‘n to‘rt kilo ozibman), shalvirab turgan shimimni yagona tugma ushlab turadi. Savol polkovnikka qaratilgan bo‘lsa ham, hayajondan o‘zimni tuta olmay javobni men berdim: “Ko‘rinish, qiyofa? Yahudiy terroristiga xos cho‘chituvchi bir qiyofa bo‘lsa kerak”. Menga javob bergan bo‘lib, general quyidagilarni aytdi: “Yakov Lvovich, tergovda bo‘lgan narsalarni unuting. Tergov — bu tergov, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin”. Men uning gaplarida kechirim so‘rash borligini ilg‘adim. “Endi bor gapni ochiqcha aytavering, aslida nima bo‘lgan edi. Aytgan gaplaringiz uchun hech qanday javobgarlik bo‘lmasligiga kafillik beraman”. To‘xtamasdan, hech narsa bo‘lmaganligini, ya’ni halol sovet kishilari, Sovet hukumati va uning ishlariga sodiq kishilardan boshqa hech narsa bo‘lmaganligini, agar biron narsa bo‘lgan bo‘lsa ham bu tibbiy olimlarni millat jihatidan sun’iy ravishda qatlamlarga ajratish va yahudiy tibbiyotchilarini tazyiq qilish hodisasini meni va menga o‘xshaganlarni yahudiy burjua millatchiligida ayblash bo‘ldi. Vovsi borasidagi savolga, Miron Sergeevichni bir necha o‘n yildan beri bilganim uchun uning minozidan kelib chiqilsa, hech qanday siyosiy arbob bo‘la olmasligini aytdim. Buning ustiga Vovsi Ulug‘ Vatan urushi yillarida Qizil Armiyaning bosh terapevti bo‘lganligi, harakatdagi qo‘shinda dunyoda ilk bor terapevt xizmatini tashkil qilishning o‘zi uning kimligini ko‘rsatib turibdi. Xullas, men Vovsini antisovet terroristik tashkilot boshchisi sifatida hech ham ko‘z oldimga keltira olmasdim. S.M.Mikoelsning tug‘ishgan ukasi va Miron Sergeevichning amakivachchasi M.S.Vovsi ham go‘yo bu “tashkilot”ga a’zo emish.
Men hibsdagi, Vinogradov, Vovsi, Vasilenko, Etniger, aka-uka Koganlar, Grinshteyn, Preobrajenskiylar bilan ko‘p yillik tanish ekanligim hamda ularning barchasi tom ma’noda haqiqiy shifokorlar ekanligi, ulardan birortasi aqldan ozgan bir holatda ularga taqilgan jinoyatni sodir etishi mumkinligini, biroq ularning barchasi bir vaqtda aqldan ozib, ushbu jinoyatga qo‘l urgan, deb o‘ylagan kishining o‘zini aqlan sog‘lom deb bo‘lmasligini aytdim.
“Ma’ruzam” qancha cho‘zilganini bilmadim, biroq men faqat o‘zimni emas, sovet tibbiyotini, sovet fanini, umuman, sog‘lom idrokni himoya qilganligimni bilaman. Hibsga olinganlar bo‘yinlariga olganligiga qaramay, mazkur mahbuslar o‘z bemorlarini terror yo‘li bilan nobud qilganliklari haqidagi ayblov to‘laligicha uydirma, bo‘hton ekanligini, ya’ni generalning o‘zi aytganidek, “tergov paytida hamma narsa bo‘lishi mumkinligini” tasdiqlashga intildim.
Barcha gaplarimni tinglab, general menga so‘nggi savolini berdi:
“Amerika masalasi-chi? Bu haqda o‘zaro gap-so‘zlar bo‘lgandir?”
Gap mening Amerikaga ketish niyatim bor-yo‘qligida ekanligini sezdim-u, ko‘zlarimga yosh keldi. Javobim qisqa bo‘ldi: “Men kommunistman, butun umrimni o‘z mamlakatimga bag‘ishladim, qizlarim komsomol, hech qanaqa Amerika-pamerika yo‘q mening xayolimda”.
Menga deganlarimning hammasini yozib berish taklif etilgach, general anchadan beri loqayd bir qiyofada o‘tirganday ko‘ringan polkovnik tomon o‘girilib, yakun yasaganday bo‘lib dedi: “Hammasi ravshanday”. Uning javobi ham: “ha, ravshan” bo‘ldi. Xonadan chiqayotib uning yonidan o‘tar ekanman: “Mana endi… qandaydir qo‘lkishanlarmi-ey…”
Uning bu yo‘sindagi kechirim so‘rashiga men: “Nima ham qilardik, har kimning o‘z texnikasi bo‘lar ekan. Masalan, menda mikroskop…”
…Qolgan voqealar tushimdagiday.
Shiplari past, qiziq bir shakldagi keng bir xonada paydo bo‘ldim. O‘rtada karovat — qamoqqa xos ashqol-dashqollari bilan stol va stul. Bu odatiy bir kamera emas, balki shoshilinch jihozlangan yerto‘la bo‘lib ko‘rindi. Stol ustida bir necha toza qog‘oz, qalamuch va siyohdon. Generalning taklifiga ko‘ra o‘zaro suhbatimizni batafsil yozishim kerak edi, biroq kechgan tun hodisalaridan toliqqan va hayajonlangan holimda dabdurustdan o‘tirib “ma’ruza” yozishga madorim yo‘q edi. Nazoratchidan garchi tutumga mos kelmasa ham, biroz mizg‘ib olishga ruxsat so‘radim. Izn berildi, biroq undan foydalanish iloji bo‘lmadi: hayajon horg‘inlikni bosib qo‘ydi.
Bor qog‘ozlarni birpasda to‘ldirib tashladim, qog‘oz miqdori mening ilhomim ko‘lamini hech ham hisobga olmagan ekan. Yana qog‘oz so‘ragandim — malol keldi, zero bu yerlarda bayonnoma hukmlarning lo‘ndaligiga ko‘nikma hosil bo‘lib bo‘lgan. Yozilgan qog‘ozlarimni hammasini nazoratchiga berdim, qog‘ozlarim taqdiri menga qorong‘i.
Meni endi tezlik bilan bo‘shatishadi, deb o‘yladim, biroq ertasiga meni yana “qora qarg‘a” shakliga kiritib, eski qadrdonim — Lefort qamog‘i kamerasiga tiqishganida mening ahvolimni ko‘rsangiz edi! Nahotki, “organ” shu darajadagi ixtirochi bo‘lib, bo‘lgan voqealar sahnalashtirilgan bo‘lsa! Ularning mushuk-sichqon o‘yinini yoqtirishi va o‘yin mushuk g‘alabasi bilan tugaydigan turli ijodiy rang-barang qilg‘iliqlari borligi ayon edi. Yo‘g‘-e, deb o‘yladim, hammasi juda ham sidqidildanga o‘xshaydi. Lekin Lefort mintaqasida iqlim ancha yumshagani ravshanlashgani bilan ham baribir g‘ulg‘ula meni tark etmadi.
Muhimi, tergash-surishtirish to‘xtatildi. Avval boshida ko‘nikilgan soatlarda kutdim, biroq yotar palla keldi hamki, meni hech kim bezovta qilmadi. O‘zimcha, qo‘shni etigining taraq-turug‘i bilan yechilishi va gumburlatib otilishini har kecha eshitib, so‘ng bemalol uyquga ketadigan hardamxayolga o‘xshab qolganligimni sezdim. Zehnim Lubyankaga keltirilishimning davomi bo‘lishini anglardi, biroq hanuz tashqi olamdan uzib tashlangan holda saqlardilar. Oxiri qanday tugashi haqida har qancha o‘ylamay, hech vaqt fikrimga to‘liq oqlanishni yo‘latmas edim, zero Lefort qamog‘i tutqunlaridan bu hanuz hech kimga nasib etmagandi, buning ustiga, o‘sha zamon — Stalin zamonasi o‘lchoviga binoan men uncha toza hisoblanmasdim: Malenkovni so‘kkanman (Xayriyatki, Stalinni emas, bo‘lmasa peshonamdan otishlari naqd edi), yahudiylarga ba’zan munosabat noto‘g‘ri bo‘lganligini tasdiqlaganman… Shuning uchun ham yakun sifatida ko‘z o‘ngimga surgun, nimagadir Gurev shahriga — surgun qilinishi kelaverardi. Bir masalada qat’iy qarorga kelib qo‘ygandim: agar chetga chiqarib yuborish bilan mamlakat ichida surgun qilinishlardan menga tanlash imkoniyati berilsa, men ichkaridagi surgunni tanlardim, chunki vaziyat o‘zgargandan keyin o‘z mamlakatimda odatiy hayotga qaytishim imkoniyati bo‘lardi. Vaziyat o‘zgarishi masalasida menda hech qanday ikkilanish yo‘q edi. Stalin zamonasining allambalo bir alg‘ov-dalg‘ov alomatlari yuzaga chiqib qolgan, jinoyatchi sodir etmagan jinoyatlari uchun samoviy orzular og‘ushida o‘z-o‘ziga jazo tanlardi.
To yigirma birinchi martgacha shu alfozda davom etib, o‘sha kundan esa meni Lubyankaga ko‘chirish qayta boshlandi. Bu gal meni birvarakayiga o‘n-o‘n ikki kishi o‘tirgan katta xonaga olib kirishdi. O‘tirganlar orasida faqat o‘sha tanish polkovnik, ko‘kragiga “Faxriy chekist” nishoni taqilgan harbiy kiyimi bilan ajralib turar, qolganlari odmi kiyimda edilar. Polkovnik yig‘ilishni, agar uni jo‘n bir yig‘ilish turiga kiritish mumkin bo‘lsa, olib borardi. U ko‘proq bamaylixotir suhbatga o‘xshab, barcha a’zolar hech qanday cheklovsiz ishtirok etib, fikr bildirishi mumkin edi, muhimi shundaki jinoyatchi hisoblanish ham bundan istisno emas. Men general huzurida, surishtirish va tergash jarayonida aytganlarimni takrorladim.
Yig‘ilishdagi (o‘sha kezlarda men bilmay buni sud deb o‘ylagan ekanman) muhit meni ajablantirdi, binobarin, bu yerda meni ayblashmas, balki menga uqtirishardi. Oradan ancha-muncha vaqt o‘tgandan so‘nggina bu sud emas, balki davlat komissiyasining MGB ichida o‘ylab chiqarilgan “shifokorlar ishi”ni qayta ko‘rib chiqish yig‘ilishi ekanligini fahmladim. Menimcha, sovet fuqarolarining turmush maromini, jumladan, ularning konstitutsiyada kafolatlangan fuqarolik haqlarini tiklash bo‘yicha SSSRning yangi hukumatining ilk tadbirlaridan biri mana shu edi. Garchi bu g‘ayriodatiy yig‘ilish yakunida hech qanday qaror, ko‘rsatma qabul qilinmagan bo‘lsa-da, men yig‘ilishdan ketishda o‘zimni ayblanuvchi deb his etmadim, baribir. Oxirida bo‘lsa ham polkovnikka bir savol berishdan tiyina olmadim: Men Sovet jamiyatiga to‘laqonli fuqaro sifatida qayta olarmikanman?” Javobi o‘ylantiradigan, tagdor bo‘lib chiqdi: “Bu sizga bog‘liq, sizning kechayotgan hodisalarga qanday qarashingizga bog‘liq”. Ushbu yig‘ilishdan so‘ng yana meni kameramga qaytarishdi.
Kitob o‘qib o‘tirgan ekanman (nomi-yu muallifi esimda yo‘q) kameraga o‘qday otilib nazoratchi kirdi va lash-lushlarimni tezlik bilan yig‘ishtirishimni talab etdi. Qayerga, nimaga va qanchaga ketayotganimdan u mutlaqo bexabar edi, meni bo‘shatib yuborishlari haqidagi fikr uning o‘yiga sig‘mas edi. Qolgan-qutgan yemak-ichmaklarimni olsammikin, degan savolimga u: “Olaver, olaver, borgan joyingda asqotadi”, deb javob berdi.
Yakkalik kameram bilan ayrilish ajib bir tuyg‘u hosil qildi. Bu yerda butun boshli umr majmuasi jam bo‘lganday edi: og‘ir kechinmalar, turli taassurotlar bilan bir qatorda ostonadan hatlab chiqsam meni nima kutayotgan ekan degan xavotir — bular hammasi yig‘ilib bir unsurga — noaniq bir nimaga aylanganday, bu yerda ko‘nglimning bir qismi cho‘kib qolayotganday.
Yana o‘sha Lubyanka hovlisi, o‘sha tanish kiraverish va qo‘limda tugunim bilan o‘tirganim boks-chulan. Telefon jiringi va undan so‘ng navbatchining mening ismimni tilga olishini eshitaman.
Eshik ochiladi, qovog‘i soliq, cho‘tir kapitan kuzatuvida liftda yuqoriga ko‘tarilaman va yolg‘iz o‘zim (kapitan eshik ortida holida) hayhotday xonaga kiraman. Bu yerda meni sochiga oq oralagan baqaloq general kutib oladi. U “Salom, Yakov Lvovich” deb menga qo‘lini uzatdi. Qo‘l qisishdik, shunisi o‘zi men uchun juda katta gap, umidli gap edi.
— Ahvollar qalay, Yakov Lvovich? — deb so‘raydi general.
— Meni vaziyatimdagi kishi ahvoli qanaqa bo‘lardi? — deb savoliga savol bilan javob berdim.
General menga qandaydir dardkashlik bilan, hatto qiziquvchanlik bilan tikilganday bo‘lib, xonada u yon-bu yon yurib, so‘ng menga murojaat qildi:
— Xo‘sh, sizning ishingiz bo‘yicha tergov to‘xtatilib, to‘liq oqlanganingiz hamda bugunoq bo‘shatilishingizni bildirish uchun taklif qildim.
Yig‘lab yubordim…
— Tezda uyingizda bo‘lasiz, sizni kuzatib qo‘yishlarini buyurdim, — dedi general va davom etib, — turli qog‘ozvozlik, rasmiyatchilik uchun bir yarim soatlar vaqt ketadi. Pastda telefon bor, qo‘ng‘iroq qilib uyingizdagilar sizni kutib olishini aytib qo‘ysangiz ham bo‘ladi…
Erkinlikda o‘zimni qanday tutishim, ya’ni qamalish va qamoqda bo‘lgan vaqtimda bo‘lgan narsalar haqida churq etmasligim kerakmasmi degan ma’noda savol berdim va shunday javob oldim: “G‘ayriqonuniy va asossiz ravishda qamalgan inson o‘zini qanday tutsa, shunday tutasiz”. Shunday deb u xayrlashdi va menga tilak tiladi (mazmuni hozir esimda yo‘q). Men esa, o‘sha sepkilli kapitan kuzatuvida Lubyanka dolanidan so‘nggi bor yo‘l yurdim. O‘zimga-o‘zim bir narsalar deb valdiradimmi yoki yuzimda qandaydir bir narsa aks etganidanmi, harholda mening kuzatuvchimning metinday qimir etmas yuzida ham jilmayishga o‘xshash narsa ko‘rindi…
Qo‘limda 1953 yil 3 aprel sanasi qo‘yilgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ma’lumotnomasi. Uning matnini to‘liq keltiraman:

MA’LUMOTNOMA

1898 yilda tug‘ilgan fuqaro Yakov Lvovich Rapoportga berilgan shu haqdakim, u 1953 yilning 3 fevralidan 1953 yilning 3 apreligacha SSSR Davlat xavfsizligining sobiq vazirligida tergash ishlari yuzasidan bo‘ldi.
RSFSR jinoiy-protsessual kodeksining 5-moddasiga binoan Ya.L.Rapoport ishi bo‘yicha tergov to‘xtatildi.
Ya.L.Rapoport hibsdan to‘liq oqlanib, ozod qilindi.

SSSR IIV (MVD) bo‘lim boshlig‘i A.Kuznetsov.

Miyamga yarq etib urildi: “…Davlat xavfsizligining sobiq vazirligi-da! Taqdirimda kutilmagan va keskin o‘zgarishlarga olib kelgan ulkan o‘zgarishlar bo‘libdi-da, qamoqdaligimda! Bir zumda shularni angladim-u, biroq bu o‘zgarishlar tani menga qorong‘iligicha qolaverdi.
Ma’lumotnomani o‘qib chiqqanimdan keyin hibsga olinishimda tortib olingan pasportim, fan doktori diplomim, professorlik attestatim hamda partiya biletimni qaytarib berishdi. Partbiletim hatto ma’lumotnomadan ham ko‘proq ozodligim ramzi edi. U meni faqat jinoiy boqimdangina emas, partiyaviy, ijtimoiy-siyosiy nazardan ham oqlanganim guvohi bo‘la olardi.
“Qog‘ozbozlik tizimi” bo‘sh kelmadi: “barcha hujjatlarim bilan ham meni qaytadan o‘sha boksga jo‘natishdi. Bo‘layotgan hodisalar hujjatli, aniqligiga qaramay, meni oxiriga borib hamma narsa oyog‘i osmondan kelsa, biror zo‘r chiqib oqimni orqaga o‘zgartirib yuborsa nima qilaman, degan shubha qiynardi…
Katalogimning xonasi ikki bor ochildi, ikki gal otilib chiqishga shay edim, biroq eshik yana yopilardi. Birinchi marta narsalarim solingan tugun berishdi, ikkinchisida, tugunda ko‘zoynakning g‘ilofi bor-yo‘qligini bir tashvishli ovoz bilan surishtirishdi va uni hech qayerdan topilmayotganini ham aytishdi. Rostdan ham, bir tiyinga ham qimmat g‘ilof bo‘lgan edi, biroq u topilguncha meni ushlab turishlaridan cho‘chib, menimcha, g‘ilof bo‘lmagan edi, dedim. Ha, chindan ham, bu yerlarda tartib bor…
Toqatsizlanardim. Generalning bir yarim soat vaqt ketadi degan va’dasiga orqa qilib (undan ko‘p vaqt kechgan edi) mushtim bilan, hatto oyog‘im bilan eshikni taqillata boshladim. Eshikni ochgan askariy kishi, sizdan olib qo‘yilgan qiymatli narsalaringizni qaytarishga ham ancha vaqt ketadi, dedi. Avval fahmlamadim. Keyin bilsam, gap obligatsiya qog‘ozlari va ordenlari ustida ekan. Qaytarilgan mukofotlardan Lenin ordenini darhol pidjagimga taqib oldim, niyatim: xotinim ko‘rgan zahoti, ma’lumotnomani o‘qib chiqmasdanoq ozod bo‘lganimga qanoat hosil qilsin. Ko‘kragimda Lenin, cho‘ntagimda boshqa ordenlar bilan yana boksga qaytdim. Harholda, bu joy dunyoga kelganidan buyon menga o‘xshagan mahbusni ko‘rmagan bo‘lsa kerak.
…Moskva bo‘ylab tungi yo‘l yurish mazkur yurishning taassurotlarini ifodalashga ojizman. Qayg‘uli sir-asrorlari afsona va dahshatlariga to‘la narigi dunyoning tubsiz-cheksiz ummon girdoblaridan, qaytib kelmas yerdan qayta kelganday, qayta tug‘ilganday. O‘sha kezdagi holatimga kuchli hayajonli portlashgina mos kelardi, lekin unday bo‘lmadi, faqat tungi Moskvaning kishilar siyraklashib qolgan tanish binolari, ko‘chalari tomoshasidan va Gorkiy ko‘chasidagi nurli reklamadan mayin bir lazzat oldim. Hamma narsa joyiga tushganida, hozir Mossovet maydoni, undan sal keyin Pushkin haykalini ko‘rishim tayinligidan xushnud edim.
Meni olib ketishayotgani yo‘q, balki o‘zim ketyapman, mana, xohlasam, mashinani to‘xtatib undan tushib qolishim mumkin degan fikr ham o‘tib turdi. Lekin men yolg‘iz emasdim, ikki kuzatuvchim bo‘lib, ular begunoh azob tortgan professorga bir izzat-e’tibor belgisiday edi. Mening yo‘ldoshlarimdan biri keksaroq polkovnik orqa o‘rindiqda o‘tirar va yuragini qo‘li bilan ushlab og‘riqdan shikoyat qilardi, men esa achinib, maslahat berdim…
Mashina Novopeschanaya ko‘chasiga burilib, temir darvozadan o‘tib hovliga kirdi va to‘xtadi. Uchalamiz mashinadan tushib, kiraverishdagi telefondan xotinimga sog‘ qaytganligimni bildirib qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldim. Ammo qaytganligimni dastlab xotinim emas, balki to‘rtinchi qavatdan, men pod’ezdga kirishim bilan, Toisi laqabli qora itchamiz xursand hurib, uyga butun kelganligimni hamda “shifokorlar ishi” tugatilganini ma’lum qildi.
Paltom tugmalarini yechib oldimni ochib yubordim, maqsad ko‘kragimda Lenin ordeni borligini xotinimga ko‘rsatish edi, u ko‘rdi…
Kuzatishib kelgan polkovnik qo‘ng‘iroq qilib olishga ruxsat so‘radi, men esa uning gaplarini beixtiyor eshitishimga to‘g‘ri keldi.
— O‘rtoq general, — deb hisob berdi u, — Yakov Lvovichning uyidan qo‘ng‘iroq qilyapman.
Generalning savoliga javob berdi shekilli:
— Ha, ko‘zyoshlari ham, xursandchilik ham… — dedi.
Va nihoyat xotinim ikkalamiz qolgandagina o‘z uyimdaligimga qanoat hosil qildim. Bemalol u xonadan bu xonaga shunchaki yurishim, istasam oshxonaga yoki vannaga kirishim mumkin edi. Men ozod, erkin ekanligimni tuydim. Xotinim yotishim kerakligini aytdi (tun og‘ib qolgan edi), biroq hayajonim shu darajada ediki, uyqu to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emasdi, go‘yo uyqu erkinligim ustidan zolimlik qiladiganday.
Vannaga kirib soqol olishni istab qoldim, garchi buning zarurati bo‘lmasa-da, o‘z soqol olish asbobim, o‘z sochig‘im, o‘z oynamdan foydalanish ishtiyoqi shunday qildirdi. Bu men uchun ozodlik ramzi edi.
Xotinim to‘satdan so‘rab qoldi: “Iosif Vissarionovich o‘lganidan xabaring bormi?” Hech kutilmagan bu savol keyingi chog‘larda meni qurshab olgan zulmatni yarq etib yoritib yuborgan yashinday mening va menga o‘xshaganlarning taqdiridagi o‘zgarishni ravshan qilib yubordi. Davlat xavfsizligi vazirligi nima uchun sobiqligini va bunday o‘zgarishlar sovet xalqi hayotida yakka emasligi hamda bu evrilishlar barchasi bir kishining o‘limi bilan bog‘liqligini angladim.
Ushbu fojia, ushbu qismat mening hayotimni asrab qolganligi haqidagi fikr miyamga urildi. Biroq bu fojia avvalroq qayoqda edi, axir minglab kishilar bunga yeta olmadi-ku, degan o‘y ham keldi.
To‘rtinchi aprel tongida radiodan men hech qachon unuta olmaydigan quyidagi xabarni eshittirishdi:

SSSR Ichki ishlar vazirligi bildirishi

SSSR Ichki ishlar vazirligi Sovet davlati arboblariga qarshi terroristik, josuslik va zararkunandalik ishlarida ayblangan shifokorlar guruhining dastlabki tergov materiallarini sinchiklab tekshirib chiqdi. Tekshirish natijasida professor M.S.Vovsi, professor V.N.Vinogradov, professor M.B.Kogan, professor B.B.Kogan, professor P.I.Egorov, professor A.I.Feldman, professor Ya.T.Etniger, professor V.X.Vasilenko, professor A.M.Grinshteyn, professor V.F.Zelenin, professor B.S.Preobrajenskiy, professor A.A.Popova, professor V.V.Zakusov, professor A.Shershevskiy, shifokor G.I.Mayorovlar sobiq Davlat xavfsizligi vazirligi tomonidan noto‘g‘ri va hech qanday qonuniy asossiz (mazkur ish bo‘yicha) hibsga olinib tergovga jalb etilganliklari ma’lum bo‘ldi.
Tekshirish shuni ko‘rsatdiki, nomi tilga olinganlarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar soxta hamda tergov xodimlari tayangan hujjatli ma’lumotlarning esa tagi bo‘shdir. Aniqlandiki, davlat xavfsizligi vazirligi tergov bo‘limi xodimlari tomonidan mahbuslardan olingan ularning aybini tasdiqlovchi ko‘rsatmalar sovet qonunlarida qat’iyan man etilgan tergov usullarini qo‘llash bilan olingandir.
Ushbu ishni tekshirib chiqqan SSSR Ichki ishlar vazirligi maxsus tergov komissiyasi xulosasiga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha hibsga olingan M.S.Vovsi, V.N.Vinogradov, B.B.Kogan, P.I.Egorov, A.I.Feldman, V.X.Vasilenko, A.M.Grinshteyn, V.F.Zelenin, B.S.Preobrajenskiy, A.A.Popova, V.V.Zakusov, A.Shershevskiy, G.I.Mayorov va boshqalar ularga qo‘yilgan terroristik, zararkunandalik, josuslik ayblovlaridan RSFSR jinoiy kodeksining 4- va 5-moddalar bo‘yicha mutlaqo oqlanganlar va hibsdan ozod etilganlar. Tergovni noto‘g‘ri yo‘l bilan olib borgan aybdorlar hibsga olinib, jinoiy javobgarlikka tortilganlar.
Mana shu tarixiy bir bildirish ostida “Pravda” gazetasida uchta kichik xabar bosilgan edi. Ularning sarlavhasiga e’tibor bering: “Michurin bog‘larida bahor”, “Ona-Er bo‘ylab sayohat”, “Ishchilar o‘z saviyalarini ko‘tarmoqdalar”. Bu xabarlardan keyin, gazeta sahifasining eng tagida “SSSR Oliy Sovet Prezidiumida” rubrikasi ostida quyidagi bildirish bosilgan edi:
“SSSR Oliy Soveti Prezidiumi o‘zining 1953 yil 20 yanvardagi shifokor L.F.Timashukning Lenin ordeni bilan mukofotlanishi borasidagi farmonini, hozirgi paytda yuzaga qalqib chiqqan voqealarga suyangan holda noto‘g‘ri deb hisoblaydi va uni bekor qiladi”.
Jurnal nashr sahifalari chegaralanganligi bois, men o‘sha kunlar, mening umrimdagi eng baxtli kunlar hamda undan keyingi kunu oylar faqat mening emas, balki ko‘pchilikning taqdirida muhim va qiziqarli voqea-hodisalar haqida to‘lib-toshib batafsil bayon qilishimga imkon bermaydi. Biroq bir hodisa, “shifokorlar ishi”ning so‘nggi nuqtasi bo‘lmish hodisani, ya’ni ushbu ishni boshlab bergan, faqat xudoning shafqati tufayligina ishni oxiriga yetkaza olmagan kishilardan birining qismati bilan bog‘liq hodisani ushbu maqolaga qo‘shmasligimning imkoni yo‘q. Buning uchun men 1954 yilning 23 iyulida markaziy gazetalarda chop etilgan bir xabarni ko‘chirib beraman, xolos.

SSSR OLIY SUDIDA

1954 yilning 2—7 iyul kunlari SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi o‘zining sud yig‘ilishida RSFSR Jinoyat kodeksining 58-7-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblanuvchi M.D.Ryuminning ishini ko‘rib chiqdi. Sud tergovi aniqlashicha, sobiq Davlat xavfsizligi vazirligida avval katta tergovchi, keyinroq maxsus muhim ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan chog‘ida Ryumin, o‘zining mansabparastlik hirsini amalga oshirish uchun sovet xalqining yashirin dushmani sifatida harakat qilib, tergov ma’lumotlarini soxtalashtiradi va tuhmatdan tashkil topgan ish yaratadi. Hamda shunga asosan qator sovet fuqarolarini, jumladan, ko‘zga ko‘ringan tibbiyot xodimlarini hibsga oladi.
Sudda guvohlar bergan ko‘rsatmalarda Ryumin sovet qonunlari tergov jarayonida qo‘llashni man qilgan usullar bilan mahbuslarning o‘zlariga va o‘zgalarga qarshi Vatanga xoinlik, zararkunandalik va josuslik qilganliklari haqida ko‘rsatma berishga zo‘rlangan.
Keyingi tergov surishtirishlaridan ma’lum bo‘ldiki, bo‘yniga mazkur ayblovlarni olgan mahbuslar faoliyatida hech qanday jinoiy ishlar bo‘lmaganligi uchun bu ishga tortilgan fuqarolar to‘liq oqlandilar.
Ryuminning zararkunandalik faoliyati nihoyatda xavfli ekanligi hamda uning jinoyatlari oqibatlari og‘irligini hisobga olib, SSSR Oliy Sudining Harbiy Kollegiyasi Ryuminni oliy jazoga — otishga hukm qildi.
Hukm ijro etildi.

Baxtiyor O‘rdabek tarjimasi.

“Drujba narodov” jurnalining 1988 yil 4-sonidan olindi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 12-son