2001 yilning dekabr oyi boshlarida Tayvanning sobiq rahbari Li Denxuey oroldagi barcha aholini G.Chan yozgan “Xitoyning umidsiz kelajagi” kitobini o‘qishga da’vat qildi. Unda kommunistik Xitoyning ertangi kuni haqida mulohazalar bildirilgandi. Buni ikkovimizdan birimiz Gongkongda sotib olgandik. Kitob erkin savdoda edi (mamlakat yo‘nalishining yorqin timsoli edi bu: davlat bitta — tuzum ikkita). G.Chan — kelib chiqishi Xitoydan bo‘lgan amerikalik, yigirma yildan ortiq Shanxaydagi amerika kompaniyasida ishlagan. Hozirgi Xitoyda mavjud bo‘lgan jiddiy muammolar kitob muallifini bu davlat inqirozga uchraydi, uning 5-6 yilgina umri qoldi, degan fikrga olib kelgan.
Lekin Xitoyda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganlarimiz G.Channing bashorati haqiqatdan juda yiroq ekanligiga yaqqol dalil bo‘la oladi. Yalpi ichki mahsulotning yiliga 9 foizga qadar o‘sishi, milliardlab chet el investitsiyalari, minglab qo‘shma korxonalar Xitoy mamlakatiga va uning taraqqiyotiga nisbatan ishonch tuyg‘usini uyg‘otardi.
Pekin — bu XX asrdagi Xitoy, Shanxay va Guanchjou esa — XXI asrdir. (Chekka o‘lkalarda XIX, hatto XVIII asrga duch kelish mumkin bo‘lsa ham!) Eskirgan imoratlar o‘rnida o‘nlab ko‘p qavatli uylar qad rostlamoqda va bunday o‘zgarish butun-butun mavzelar miqyosida olib borilmoqda. O‘n yilning nari-berisida Xuanpu daryosi qirg‘og‘ida yangi zamonaviy shahar bunyod etildi.
Xitoyga borib Moskva aeroportlarining mo‘jazligini payqab qolasan. Qisqa muddat ichida Pekinda yangi yirik aeroport, Shanxayda ulkan Pudun aeroporti, Guanjouda eng katta — Osiyoda misli yo‘q aeroport bunyod etildi. Guanchjouda Osiyodagi eng ulkan metro qurildi. Pekinda oltita halqa yo‘l mavjud. Pekinda, Shanxayda, Guanchjouda katta yo‘llar aeroportni deyarli shahar markazi bilan tutashtiradi. Agar bundan o‘n yillar muqaddam Xitoy shaharlari ko‘chalarining ko‘pchiligida chet el avtomashinalari yurgan bo‘lsa, endi ular qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarilgan mashinalar bilan to‘la.
Yana Xitoy Moskvadan shunisi bilan farq qiladiki, agar Moskvada har qadamda militsionerga duch kelsangiz, Xitoyda bu holni uchratmaysiz. Ha, bu yerda ham bezorilar, o‘g‘rilar, boshqa jinoiy unsurlar bor. Biroq Xitoyda chet el fuqarolariga tajovuz yo‘q, ularni o‘ldirish hollari uchramaydi. Bu borada bizga birgina voqea ma’lum: bundan bir necha yil ilgari Nankinda nemis firmasi vakili oilasi — ota-ona va ularning ikki farzandi o‘ldirilgan edi. Qotillar ishsiz dehqonlar bo‘lib chiqqan. Ular tezda qidirib topilgan va sud hukmi bilan otilgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligida Germaniyaning favqulodda va muxtor elchisidan bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqea yuzasidan rasman kechirim so‘ralgan. Rossiyada chet el fuqarolari o‘ldirilishi kamyob hodisa emas, biroq biz bunga o‘xshash hodisalardan keyin biror marta uzr so‘ralganini eslay olmaymiz. Xitoy haqiqatan ham chet el investitsiyalaridan, sayyohatchilaridan, talabalaridan manfaatdordir, shu boisdan ham chet el fuqarolari bu mamlakatda daxlsizdirlar va har jihatdan ularga qulaylik yaratilgan.
Nima uchun milliardlab dollarlar Xitoy tomon oqadi, nima uchun bu mamlakatda minglab chet el tadbirkorlari ish yuritadilar? Chunki bu yurtda siyosiy mo‘tadillik bor. U davlat va partiya tarkibidan tiklangan qat’iy hokimiyat ustuvorligiga tayanadi. Hokimiyat bozor erkinligini jinoyat axlidan himoya qiladi. Qisqa muddatda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olgan xitoylik tadbirkor biz bilan suhbatda, Xitoyda “qo‘riqchi ham, panoh ham” yo‘qligini aytdi. “Panoh” deganda u reket tajovuzidan saqlanishni nazarda tutgan edi.
Nima uchun Xitoyda ro‘yobga chiqqan narsa Rossiyada amalga oshmadi? Birovlar buni arzon ishchi kuchining ko‘pligi bilan, boshqa birovlar — xitoyliklarning o‘ta mehnatsevarligi bilan, uchinchilar esa ularning milliy xarakteri, mentalitetidagi alohida xususiyatlar bilan tushuntirmoqchi bo‘ladilar. Bizning nazarimizda, bu shu bilan izohlanadiki, xitoyliklar yangilanish modelini tanlash jarayonida mamlakatlarining o‘ziga xosligini hisobga olganlar va xitoylik bo‘lib qolish ahdidan voz kechmaganlar, illo amerikalik yoki boshqa bo‘lishga intilmaganlar. Mamlakat rahbariyati aholi hisobini ham, iqtisodiy darajaning dastlabki holatini ham, tabiiy boyliklar taqchilligi-yu, savodli kadrlar tanqisligini ham e’tibordan soqit qilmagan. Shu boisdan yagona markazlashgan rahbarlik — avtoritar tizim zarur bo‘lgan. Avtoritar tizim o‘z-o‘zidan taraqqiyotni ta’minlay olmaydi, biroq Xitoyda u izchil yangilanish dasturi bilan uzviy bog‘langan holda hayotga joriy etilgan. Xitoy rahbariyati shuni yaxshi anglagandiki, modernizatsiyalash — qisqa muddatli ish emas, balki uzoq davom etadigan jarayondir.
Xitoydagi islohotlar muvaffaqiyatini mamlakatning gullab-yashnashi uchun so‘zda emas, amalda jon kuydiruvchi yakdil fikrlar jamoasi ta’minlar edi. Bu ishlar boshida o‘tkir tafakkur sohibi Den Syaopin turardi. U atigi bir necha oygina frantsuz zavodlaridan birida ishchi bo‘lib ishlagan va Moskvadagi Kominternning lenincha maktablarida saboq olgan, biroq muhimi, o‘nlab yillar partiya ishlarida faoliyat ko‘rsatib katta tajriba orttirgandi. U shuni yaxshi anglardiki, siyosat, fan, san’at bilan shug‘ullanishdan oldin oziq-ovqat, turar joy, kiyim-kechakka ega bo‘lish lozim. Shu boisdan Xitoydagi islohotlar iqtisodiyotdan, qishloqlardagi muhtojlikni bartaraf qilishdan boshlandi. Islohotlar jarayoni Xitoy kompartiyasida qotib qolgan aqidalardan, markscha tafakkurdan voz kechishga, kadrlarni yangilashga qaratilgan tub g‘oyaviy qayta qurishlardan boshlandi. Millatlarning sa’yi harakati demokratiya va insonparvar sotsializm borasidagi samarasiz bahslar botqog‘iga emas, ijodiy bunyodkorlik maqsadi sari yo‘naltirildi.
Xitoy islohotlarining uslubiyati — bosqichma-bosqichlik va milliy shart-sharoitni hisobga olishdan iborat. Bu — inqilobdan farq qiluvchi “islohotning oltin halqasidir”: islohotlarning kechish jarayonini odamlar layoqatiga muvofiqlashtirgan holda unga ko‘niktirib borishdir.
Xitoy kompartiyasi rahbariyatida islohotga qarshi chiquvchilar, “aqidaparastlar” ko‘p edi. Biroq Den Syaopin qishloq xo‘jaligini qayta qurish sohasidagi o‘zining aniq dasturini bayon etib, ularning e’tiborini qozona bildi va ular butun Xitoy aholisi tub manfaatlarini himoya qiluvchiga qarshi fikr-mulohaza aytishdan ojiz qoldilar. Rahbarlik lavozimlariga “aqidaparastlar” o‘rniga ularga qaraganda yosh, murakkab iqtisodiy vaziyatlarni chuqur idrok eta oluvchi kadrlar keldi. Odatdagidek, ular bir jihatdan, katta amaliy tajribaga ega, boshqa jihatdan, nafaqat Xitoyda, balki xorijda ham, ko‘proq G‘arbda ta’lim olgan kishilar eli.
Guanchjouda dunyoning hech bir yerida yo‘q hodisaning shohidi bo‘ldik. Orolning 22,5 kv.km maydonga ega Panyue qismida 2000 yildan boshlab universitetlar shahri bunyod etilmoqda va u o‘zida o‘quv binolari, laboratoriyalar, talabalar uchun yotoqxonalar, o‘qituvchilar uchun yashash uylarini mujassam qilgan. Xitoyning ko‘plab shaharlarida, asosan chekka o‘lkalarida oliy o‘quv yurtlarining yangi binolari qurilishi jadal bormoqda.
Bugun Xitoyning kommunistik partiyasi 80-yillar boshidagi “yo‘lboshchi” emas, tamomila boshqachadir. Tashkiliy tamoyillarga ko‘ra va o‘z-o‘zidan tushunarliki, Xitoyning o‘ziga xos shart-sharoitini hisobga olgan holda, u hamon kommunistik bo‘lsa-da, nazariy asoslariga ko‘ra XKP sotsila-demokratik partiyalarga ko‘proq yaqindir. Bu o‘rinda mulkka bozor iqtisodiyoti tartib-qoidalariga, chet el kapitali va boshqalarga nisbatan bo‘lgan munosabat shakllarini esga olish kifoya.
“Madaniy inqilob” yillarida Xitoyda “hamma sohani ishchilar sinfi boshqaradi” degan shior hukmron edi. Uni bugun faqat istehzo bilan eslashadi. Partiya va davlat idoralari xodimlaridan keyin hozirgi Xitoy jamiyatida ziyolilar tobora ko‘proq salmoqqa ega bo‘lib bormoqda. Bu, avvalo, ularning moddiy ahvoli keskin yaxshilanib borayotganligida ko‘rinadi — masalan, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari endilikda 1000 yuandan 8000 yuangacha moyana (ko‘p narsa stajga va saviya darajasiga bog‘liq) oladi, ya’ni bu 125 dan 1000 dollargacha demakdir. Oziq-ovqat sifati, mahsulotlarning va kiyim-kechakning arzonligiga ko‘ra bu pul Rossiyadagiga qaraganda ancha barakalidir. Xitoydagi o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar maoshi ularning Rossiyadagi hamkasblarinikidan ancha baland. Falsafa instituti professori 2000 yuan, ya’ni 250 dollar maosh oladi. (Rossiyadagi akademiya instituti xodimining ish haqi 100 dollardan oshmaydi.)
Ziyolilarning yashash sharoitlari tubdan yaxshilandi. Ko‘plab o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar yangi uy-joylarga ega bo‘ldilar. Biz bir necha o‘qituvchilarning uylarida bo‘ldik — ularning umumiy maydoni 120 dan 200 kv.metrgacha bo‘lib, hamma zamonaviy qulayliklar mavjud. Prezident Putin hammavaqt ipotekaning foydasi haqida gapiradi, biroq Rossiyadagi bankning qashshoq professorga ipoteka krediti berishini tasavvur qilib bo‘ladimi? Javob o‘z-o‘zidan ayon. Xitoyda ipoteka ziyolilar vakillariga nisbatan juda yaxshi faoliyat ko‘rsatadi. Ularning moyana darajasi, staj va yoshini hisobga olgan holda, 10 yildan 20 yilgacha, ko‘proq imtiyozli, bozor baholaridan past shartlarda kreditlar berishadi. Bitta misol: Sian xorijiy tillar institutida. 2003 yilda — o‘qituvchilar va xodimlar uchun 24 qavatli uy, 2005 yilda yana 5 ta turar joy: 32 qavatli, 18 qavatli va 3 ta 8 qavatli uy bunyod etilgan. Bunday turmush qulayliklari oliy o‘quv yurti va akademiya ziyolilari uchun bo‘ldi, o‘rta maktab o‘qituvchilari, shifokorlar va boshqalar uchun ham yaxshi sharoitlar yaratildi.
Xitoyda ilmiy tadqiqotlar uchun katta e’tibor qaratilgan, Xitoy fanlar akademiyasi, Xitoy muhandislik akademiyasi va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi institutlari uchun mablag‘ sezilarli darajada oshirilgan. Shu boisdan Xitoy fanining yaqin orada jiddiy yuksakliklarga ko‘tarilishi shak-shubhasiz.
Xitoy iqtisodiyotining an’anaviy sohasi, avvalo yengil sanoat tufayli qaddini rostladi. U dunyoning 80 foizini ichki kiyim bilan ta’minlaydi. Biroq u bugungi kunda og‘ir sanoatdagi yutuqlari bilan qanoatlanib qolayotgani yo‘q va bu boradagi yangi texnologiyani o‘zlashtirgan holda jahon iqtisodiyoti sari intilmoqda. Xitoy Rossiya olimlarining teran tadqiqotlari natijalarini amalda qo‘llashga katta qiziqish bilan yondashmoqda.
Xitoyliklar xalqaro voqealar haqida haqiqiy axborotga egadirlar. Mamlakatda “Axborot yangiliklari” haftanomasi eng ommaviy va ko‘p nusxada chiqadigan gazeta sanaladi. Unda chet el agentliklari, radiostantsiyalari va ro‘znomalari xabarlari hamda maqolalari tarjimalari sharhlarsiz yoritiladi, kitoblardan parchalar, harbiy ta’lim, fan, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalardagi yangi ma’lumotlar bosiladi. So‘nggi sahifada chet el nashrlari muxbirlarining Xitoy haqidagi fikrlari (ba’zan achchiq, ko‘ngilga o‘tirmaydigan), shuningdek, Tayvanning bu mamlakatga munosabatiga doir maqolalar bosiladi.
Xitoyda mafkura borasida erkinlik mavjud, faqat “to‘rtta asosiy tamoyilni” tanqid tig‘iga olish mumkin emas: mamlakat taraqqiyotining sotsialistik yo‘nalishi, kommunistik partiyaning rahbarlik roli, marksizm-leninizm va Mao Szedun g‘oyalari hamda xalq demokratik diktaturasi. Boshqa barcha masalalarni muhokama qilish mumkin. Xitoy hukumati qoshida kamtarona taraqqiyotni o‘rganish markazi nomi bilan strategik tahlil vazirligi faoliyat ko‘rsatadi va u to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat rahbariyatiga chiqish huquqiga ega. Unda 250 dan ortiq yuqori malakali mutaxassislar ishlaydi, ularning ko‘pchiligi turli yoshdagi professorlardir. Markazqo‘mning siyosiy byurosi yetakchi olimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib turadi va bu uchrashuvlarda uning a’zolari mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga doir turli masalalar bo‘yicha maslahatlashadilar.
Marksizm-leninizm va Mao Szedun g‘oyalari o‘zining ustuvor rolini «Den Syaopin nazariyasiga xos “uch karra vakolat» g‘oyalari»ga o‘rnini bo‘shatib bermoqda. Ulardan keyingisi butun xalq, ishlab chiqarish va madaniyatning ilg‘or kuchlari manfaatlarini yoqlovchi partiyaning bosh yo‘nalishini belgilaydi. Marksizm-leninzm va Mao Szedun g‘oyalari tobora o‘tmishga chekinib, tarixiyligi jihatdangina ahamiyatli bo‘lib qolmoqda.
Xitoyda turli toifadagi kitobxonlar didiga mo‘ljallangan minglab markaziy va joylardagi gazeta-jurnallar chop etiladi. Davlat tasarrufiga kiradigan, lekin rasmiy bo‘lmagan nashrlar paydo bo‘ldi, ular jamiyatning har kungi hayoti haqida, ilgari qalamga olinmagan mavzular, masalan, jinoyatlar, ko‘cha hodisalari, korruptsiya, kinoyulduzlar, sport sohasidagi siymolar haqida jonli, qiziqarli ma’lumotlar, hikoyalar berib boradi.
Bu yerda telestudiyalar Rossiyadagidan ko‘ra ko‘proq tarmoqqa ega. 12 ta umumdavlat kanallari (bittasi ingliz tilida) mavjud. Seriallarning son-sanog‘i yo‘q. Biroq ular Rossiya televideniyesidagi kabi kriminal mavzularni yoritmaydi. Ular, asosan, ishlab chiqarish, oila turmushi muammolariga bag‘ishlangan; shuningdek tarixiy mavzular — qadim o‘tmishdan tortib kommunistik partiyaning hokimiyatni qo‘lga olish uchun intilgan Gomindanga qarshi olib borgan kurashlarini yoritgan teleseriallar ham juda ko‘p. Xitoy ommaviy axborot vositalari vatanparvarlik, milliy qadriyat, o‘z mamlakatidan iftixor tuyg‘ularini tarbiyalashda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Xitoy televideniyesida axborot berish tarzi quyidagicha: avval asosiy vaqtni egallovchi mamlakat ichkarisidagi yangiliklar, keyin — xalqaro mavzuga oid ko‘rsatuvlar namoyish etiladi.
Mana, necha yildirki, Pekinning Tyananmin markaziy maydonida har kuni davlat bayrog‘ini ko‘tarish va tushirish tantanasi o‘tkaziladi, unda faxriy qorovul saf tortadi. Biz Xitoyga safarimiz fazoga kosmik kema ikki kosmonavtni olib chiqqan paytga to‘g‘ri keldi. Bu fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada jo‘shdirib yubordi.
Albatta, hozirgi Xitoy taraqqiyotini faqat yorqin ranglarda berish unchalik o‘rinli emas. Mamlakat kompartiyasining Xu Szintao boshchiligidagi yangi rahbariyati shunday ijtimoiy muammolarga duch kelmoqdaki, ularning muvaffaqqiyatli yechimi mamlakat kelajagi bilan uzviy bog‘liqdir. Iqtisodiy muammolarning aksariyati, ayniqsa, aholining uchdan ikki qismi yashaydigan qishloqlarda uchraydi: dehqonlar va shaharliklarning daromadlari o‘rtasidagi farq juda katta, dehqonlarning yerlarini shahar qurilishi uchun to‘xtovsiz ravishda tortib olish davom etmoqda. Yersiz qolish va juda kam daromad ommaviy ko‘chishlarga sabab bo‘lmoqda. Oqibatda, ko‘plab qishloqlarda faqat chollar, ayollar va bolalargina qolmoqdalar. Mahalliy hokimiyatlar tomonidan amalga oshiriladigan boshboshdoqliklar va ortiqcha soliqlar aholining noroziligiga sabab bo‘ladi, ayrim hollarda bu norozilik mahalliy partiyalar binosini yoqish va boshqa g‘alayonlartarzida namoyon etilmoqda.
Bu borada boshqa o‘ta muhim muammolarni ham ko‘rsatish mumkin. Bular ishsizlar va yarim ishsizlar sonining ko‘payib borayotganligi, davlat sektoriga qarashli ko‘plab korxonalarning zararga ishlashi, korruptsiyaning avj olib ketganligi, naqd pul taqchilligi, shahar va qishloq, dengiz bo‘yi va g‘arbiy mintaqalar rivojlanishi o‘rtasidagi ulkan farq, energiya manbalarining jiddiy yetishmovchiligi va shu kabilarda ko‘zga tashlanadi. Biroq ulkan aholiga ega, rivojlanish darajasi Rossiya sharoiti singari noqulay tarzdagi mamlakat qisqa tarixiy muddatda o‘zini tiklab olishdan tashqari, dunyoning ikkinchi kuchli davlatiga aylana bildi ham.
Keyingi uch yil ichida yangi rahbariyat inqiroz holatlarini bartaraf etuvchi qator choralarni ko‘rdi. O‘n birinchi besh yillik (2006-2010 yil) butunlay “marketlashtirishga” qo‘yilgan ortiqcha ruju va bu yo‘ldagi xatolarni to‘g‘rilashga yo‘naltiriladi. Albatta, mavjud muammolarni besh yil ichida hal qilib bo‘lmaydi, buning uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ladi.
“Literaturnaya gazeta”ning 2006 yil 1-7 fevral sonidan olindi.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 2-son