Madaminbek (1892-1920)

Madaminbek, Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li (1892, Marg‘ilon yaqinidagi So‘kchilik qishlog‘i — 1920.14.5, Farg‘ona vodiysidagi Qorovul qishlog‘i) — Turkistonda sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyandalaridan biri (1918—20), Muvaqqat Farg‘ona hukumati raisi (1919—20).

Boshlang‘ich maktabda savod chiqargach, mahalliy boylar va ruslarning savdo do‘konlarida ishlagan. Birinchi jahon urushi arafasida podshoga qarshi faoliyati uchun politsiya tomonidan qo‘lga olinib, 14 yilga Sibirdagi Nerchinsk degan joyga katorga qilingan (1914). 1917 yil fevral inqilobidan keyin Madaminbek ozodlikka chiqqan. «Sho‘roi Ulamo» tashkilotining rahbarlari uni Marg‘ilon shahar mirshablari boshlig‘i lavozimiga tavsiya qilishgan.

Turkistonda bolsheviklar hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallagach, Farg‘ona viloyati harbiy komissari K. Osipov uni Marg‘ilon militsiyasi boshlig‘i etib tayinlaydi. Biroq sovet rejimining siyosati Madaminbekni ozodlik uchun kurashga undagan. 1918 yil mart oyining boshlarida u o‘z militsionerlari bilan bolsheviklarga qarshi kurashuvchilar safiga o‘tgan. Madaminbek 1000—1500 yigit to‘plab, Marg‘ilon va Toshloq atroflarida qizil askarlarga qarshi dastlabki janglarni boshlagan.

1918 yil yanvarda Madaminbek qo‘l ostida 16000 kishidan iborat qo‘shin bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil kuzida ularning soni 30000 kishidan ortib ketgan. Madaminbek xalq orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o‘z siyosiy boshqaruv usulini o‘rnatgan. Andijon uyezdidagi Oyimqishloq (hozirgi Andijon viloyati Jalolquduk, tumani)da bo‘lgan Farg‘ona vodiysi qo‘rboshilarining qurultoyida (1918 yil noyabr) milliy ozodlik hapakati qatnashchilarining Oliy bosh qo‘mondoni etib saylangan.

1918 yilning oxiridayoq mustaqil harakat qilishga urinayotgan yirik qo‘rboshilarning faoliyatini Madaminbek boshqarishga muvaffaq bo‘ldi. Madaminbek yigitlari o‘rtasida harbiy intizom kuchli edi. Uning yigitlari qizil armiyaga qarshi jang qilish bilan bir qatorda bosqinchi va talonchilardan iborat ayrim mahalliy kichik to‘dalarga qarshi ham shafqatsiz kurashganlar.

http://n.ziyouz.com/images/madaminbek.jpg

Madaminbek 1919 yil 2 sentyabrda Jalolobodda K. Monstrov bilan ittifoq tuzgan. 1919 yil sentyabr — oktyabrda uning qo‘shini Jalolobod, O‘sh va Marg‘ilonni qizil askarlardan ozod qilgan, biroq Andijon uchun bo‘lgan janglarda yengilgan. Madaminbek Buxoro amiri Sayd Olimxon va Xiva xonligining amaldagi hukmdori Junaydxon bilan qizil armiyaga qarshi birgalikda kurashish uchun muzokaralar olib borgan. Afg‘oniston va Turkiyaga o‘z vakillarini jo‘natgan. Rossiyaning Qashqardagi sobiq konsuli Uspenskiy va Buyuk Britaniyaning bosh konsuli P. Eserton orkali Yevropa davlatlari va AQShdan bolsheviklarga karshi kurash olib borish uchun iqtisodiy va harbiy yordam olishga intilgan. Pomirning Ergashtom (Irkeshtom) ovulida bo‘lgan yirik anjumanda (1919.22.10) Madaminbek boshchiligida Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzilgan. Madaminbek hukumat boshlig‘i bo‘lish bilan bir qatorda Oliy bosh qo‘mondon etib ham saylangan.

Sovet rejimi va bolsheviklar milliy ozodlik xarakatiga qarshi kurashish uchun Rossiya markazidan doimiy ravishda Turkistonga yangi-yangi qizil askar qismlari tashlangan. 1920 yil yanvar oyining o‘rtalariga kelib Farg‘ona vodiysida jangovar tashabbus vaqtinchalik qizil armiya qo‘liga o‘tgan. Madaminbek vaqtdan yutish uchun 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i N. A. Veryovkin Roxalskiy bilan Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahrida yarash bitimini imzolagan (1920.6.3). Madaminbek bilan birga sovet hokimiyati tomoniga uning o‘nlab qo‘rboshilari va 3500 ta yigiti ham o‘tgan. Sovet qo‘mondonligi tomonidan muzokaralar o‘tkazish uchun qo‘rboshilar orasiga yuborilgan Madaminbek Xolxo‘ja Eshon buyrug‘i bilan qirg‘izlarning Qorovul otlog‘i atrofida xiyonatkorona o‘ldirilgan (1920.14.5). Uning qabri hozirda Qirg‘iziston Respublikasi hududi — Olay vodiysidagi Shig‘ay qishlog‘ida.

Madaminbek sovet rejimi davrida «bosmachi» sifatida nohaq qoralanib, uning faoliyati soxtalashtirilgan. Madaminbekning serqirra faoliyati haqida O‘zbekiston, Italiya, Germaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Qahramon Rajabov.

Adabiyotlar:

Ibrohim Karimov. Armonda qolgan Madaminbek (1992)

Qahramon Rajabov. Biz bilgan va bilmagan Madaminbek (2002)

Alisher Ibodinov. Qo‘rboshi Madaminbek, Toshkent, 1993

O‘zbekistonning yangi tarixi. 2-kitob [O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], Toshkent, 2000

Ibrohim Karimov. Madaminbek, Toshkent, 2002