Insoniyat tarixida har kanday ijtimoiy hodisada ma’lum bir ramziy belgilar, tafovutlar aks etgan. Ramziy belgilar ma’lum jamiyat guruhlarining etnik, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy hayotini ifodalagan.
Turkiy xalqlarning Xun davri geografik holati ramziy belgilar bilan ifodalangan, ya’ni: sharq tomon — moviy rang orqali aks etgan, g‘arb — oq rang bilan ifodalangan, janub — qizil rang, shimol — qora rang ramziy belgisi hisoblangan. Bu ramziy belgilar turkiy xalqlarning etnik xususiyatlarida, ma’naviy hayotida, ijtimoiy munosabatida o‘z ifodasini topgan; ramziy belgilar orqali tabiat hodisalariga munosabat bildirilgan, bugungi kunga kelib diniy e’tiqodlarda ham ramziy ifodalar qorishib ketganligini ko‘ramiz.
Turkiy xalqlarning ramziy belgilari Xitoy, Rim, Vizantiya, Tibet, arab, hind, fors, turkiy yozma manbalarda yoritilgan, shuningdek, bu ramziy belgilar xalq og‘zaki adabiyotida, udumlarda, etnografik xususiyatlarda o‘z aksini topgan. Xun imperiyasi davrida sariq rang boshqa ranglarga nisbatan ajratib olingan, ijtimoiy hayot ma’nosida sariq rang davlat ramzi sifatida xunlar bayrog‘ida aks etgan. Shukingdek, bayroq o‘rtasida timsoh (nak)ga o‘xshash hayvon tasviri ifodalangan, bayroq bo‘yi esa eniga nisbatan uzun bo‘lgan.
G‘arbiy Xun imperiyasining bayrog‘i ham sariq rangda bo‘lib, bayroq ichida biror belgi ko‘rsatilmagan. Bu esa ular bayrog‘ida tamg‘a belgisi ko‘rsatmaslik, sharqiy Xun imperiyasiga nisbatan mustaqil sub’ekt ekanligini isbotlaydi.
* * *
Qadimgi turkiy davrda ramziy xususiyatlar ifodalangan ranglar yanada rivojlangan, shamanlik (xamlar, qamlar) dini bilan uzviy bog‘lanib ketgan, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotning barcha sohalarida o‘z aksini topgan. Turkiy qavmlarda bo‘ri bilan bog‘liq ilohiy, ijtimoiy, etnik tushunchalar kengaygan. Bo‘ri — turkiy qavmlarning etnik jihatdan ma’naviy hayotiga rahnamo hisoblangan. Shuningdek, qator yirtqich hayvonlarga, qushlarga nisbatan shamanizm ruhidagi qarash ham kechgaygan. Bunga ko‘ra, hayvon va qushlarga nisbatan etkik, shaxs nomlarini qo‘llash hanuzga qadar davom etmoqda.
Islomdan ilgari qadimgi turk davrida Buyuk turk xoqonligi davlati o‘zining ramziy ifodasini aks ettirish uchun ma’lum ramziy belgilar qabul qilgan. Bu belgilar qadimgi turk davlatining bayrog‘ida o‘z ifodasini topgan. Ushbu yashil bayroq o‘rtasiga bo‘ri boshi tasviri tushirilgan, bayroq eni bo‘yiga nisbatan uzunroq bo‘lgan.
Milodiy to‘rtinchi asrda Balamir tomonidan tuzilgan Ovrupodagi Xunlar davlatining bayrog‘i oq rangli bo‘lib, eniga nisbatan bo‘yi uzunroq edi. Bayroq o‘rtasiga qanoti yozilgan burgut tasviri tushirilgan, burgut quyrug‘i bilan qo‘ndirilgan, uning boshi ustida turkiy bo‘rk bo‘lib, bu bo‘rk burgut boshiga kiydirilmagan, aksincha, muallaq holda tasvirlangan.
Buyuk turk xoqonligining Hazar xonligida ham mustaqil bayroq bo‘lgan, bo‘yi uzunroq, eni qisqaroq o‘lchovga ega, rangi to‘q yashil, bayroqning birinchi yarmida besh qirrali beshta yulduz, yulduzlarning old tomonida yassi qalpoq tishlagan qush tasviri tushirilgan.
* * *
Oq xunlar yoki Kushonlar (miloddan avval III asr. milodning V asrigacha davom etgan) davlati Rim imperiyasi bilan raqobatda bo‘lgan. Kushon imperiyasining bayrog‘i oq rangli bo‘lib, bayroqning old tomonida besh qirrali och sariq tusdagi yulduz tasvirlangan, bo‘yi uzun va eni qisqa bo‘lgan.
Eftalitlar (V—VI asrlar) Kushonlar imperiyasining davomi sifatida oq xunlar davlati deb yuritilgan. Eftalitlar bayrog‘i ham oq rangli bo‘lib, bayroqning old qismiga besh qirrali och sariq yulduz tasviri tushirilgan.
To‘qquz o‘g‘uz yoki Qadimgi Uyg‘ur davlati sakkizinchi asrning o‘rtalarida buyuk turk xoqonligi yemirilgach, merosxo‘r sifatida tashkil topdi. To‘qquz o‘g‘uzlar bayrog‘i to‘q sariq rangda bo‘lgan, bayroq ichida ikki kishining boshi tasvirlanib, birining boshiga tumoqqa o‘xshagan bo‘rk kiydirilgan, ikkinchisi tegarakli qalpoq kiyib, bu qalpoq popukli edi.
Idiqutlar yoki Uyg‘ur davlati Turfonda to‘qqizinchi asr yarmida tashkil topgan. Bu davlat to‘qquz o‘g‘uzlar imperiyasining davomi bo‘lgani uchun bayroq tasviri ham o‘zgarmay, meros sifatida davom etgan.
Oltoy, Mongoliya, Janubiy Sibirda 545 yilda buyuk turk xoqonligi tuzilgach, turkiy qavmlar ittifoqiga kirgan (abar) avarlarda turk qag‘an (xoqon)ligiga nisbatan dushmanlik paydo bo‘lgandan so‘ng, avarlar Sharqiy Ovrupoga, so‘ng Bolqonga, Markaziy Ovrupoga surilib, 565—803 yillar davomida Ovrupoda avar xoqonligini tuzgan. Yashil rangli bayroqqa ega bo‘lgan, bayroq o‘rtasida orqaga qarab o‘q-yoy otayotgan kishi otda chopib ketayotgan holatda tasvirlangan. Ulug‘ turkiy olim Mahmud Koshg‘ariy bu holatni Iskandar Zulqarnaynning Turonni bosib olayotgan davridagi turkiy qavmlarga nisbat bergan.
Turk xalqlari islom dinini qabul qilgandan so‘ng davlat bayroqlarida ayrim o‘zgarishlar yuz bergan.
Qoraxoniylar, saljuqiylar, xorazmshohlar davlatlarining bayroqlariga qadimgi turk xoqonlari davlatlari bayrog‘iga nisbatan quyidagi o‘zgarishlar kiritilgan.
Qoraxoniylar davlati milodning 860-yillarida yog‘mo, qarluq, chigil turkiy qabilalari ittifoqi asosida Balasag‘unda (Balig‘ sag‘unda) Satuq Bug‘roxon tomonidan tashkil etildi. Bu davlatning ramziy ifodasi — bayrog‘i qizg‘ish-qo‘ng‘ir rangli bo‘lgan, bayroqda tug‘ shaklidagi o‘q tasvnrlanib, quyidan yuqoriga qarab lotincha «M» harfi kabi uchta shakl ketma-ket aks etgan, quyida birinchi «M» shakli yirik bo‘lib, yuqoriga qarab ikki «M» shakli kichrayib borgan.
* * *
Chingizxonning nabirasi Botuxon tomonidan 1236 yilda tashkil qilingan Oltin O‘rda davlati 1502 yilgacha hukm surgan. Oltin O‘rda davlati bayrog‘iga (Chingizxon merosxo‘ri sifatida) oq rang tanlangan, bayroq o‘rtasida yarim oy belgisi, yarim oy ostida lotincha «M» tasvirlangan.
Arab xalifaligining yemirilishi natijasida 963 yildan 1183 yilgacha G‘aznaviylar davlati barpo bo‘ldi. G‘aznaviylar davlatining bayrog‘i, ya’ni ramziy belgisi to‘q yashil rangda bo‘lib, uning yuqori qismida och kulrang yarim oy belgisi tasvirlangan, shuningdek, yarim oy ostiga tovus tasviri berilgan, bayroq bo‘yi uzunroq, eni qisqaroq shakldadir.
Turkiy qavmlarning yirik davlatlari — o‘tuz qabilalarining buyuk turk xoqonligi hamda to‘qquz o‘g‘uzlar davlati bilan bir qatorda Inju o‘kuz (Sirdaryo)ning quyi oqimida joylashgan Yangikent shahrida sakkizinchi asrda o‘g‘uzlar davlati tuzilgan edi. Inju o‘kuzda tuzilgan turk-o‘g‘uz davlatiga Saljuqbek asos solgan, bu davlatning bayrog‘i to‘q yashil rangli bo‘lgan, bayroq o‘rtasiga qanotini ikki tomonga yoygan ikki boshli burgut tasviri tushirilgan. Burgut oldida o‘qlangan yoy tasviri ham berilgan. Saljuqiylar davlati 1040 yilda tashkil topib, 1157 yilda yemirildi.
Xorazmshohlar davlati Saljuqiylar imperiyasining tarkibida yuzaga keldi. Xorazmshoh Otsiz davrida u mustaqil davlat bo‘ldi. Tekish hamda Muhammad Xorazmshoh davrida esa buyuk davlatga aylandi. Xorazmshohlarning bayrog‘i qora rangli bo‘lib, bayroq ichida boshqa tasvir mavjud emas.
* * *
Temuriylar bayrog‘i o‘rtasida Osiyo, Ovrupo hamda Afrika qit’alari ramzi bo‘lgan uch doira tasviri berilgan, bayroq to‘q havorang, doiralar kul rang bo‘lib, biri-biriga yondosh holda tasvirlangan. Bu ramziy ifoda Temuriylar imperiyasi uch qit’ani o‘z ta’siriga olganligi ifodasi edi. Shunga ko‘ra, uch doiraning qo‘shilgan shakli tasvirlangan.
Boburiylar imperiyasi Hindistonda 1526 yilda tuzilgan, 1858 yilda inglizlar tomonidan yemirildi. Bu imperiya 332 yil mavjud bo‘ldi. Bobur avlodlari davlatining bayrog‘i bo‘yi uzun, eni qisqaroq bo‘lib, bayroq chap eni tomonidan o‘ng enining oxiriga qarab kengayib ketgan, uchburchak sariq rangda bo‘yalgan, bayroqning qolgan qismi esa qizil rangda tasvirlangan.
Usmonli Turk imperiyasi XIV asrda barpo bo‘lgan. Turkiya davlatining asoschisi Usmon edi, shuning uchun Usmonli Turk imperiyasi deb yuritilgan. Turkiyaning tarixiy bayrog‘i bo‘yi ikki metr, eni bir metr bo‘lib, qizil rangli bayroqning o‘rtasida yarim oy va sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. 1922 yilda Turkiya bayrog‘i to‘q qizil rangda tasvirlanib, yarim oy va besh qirrali yulduzga almashtirilgan.
* * *
Xiva xonligi XVI asrning birinchi yarmidan boshlab o‘zbek elatiniig qo‘ng‘irot urug‘i tomonidan tuzilgan. Qadimiy an’ana tarzida Xiva xonligi bayrog‘i uchun jigarrang tus qabul qilingan, bayroq bo‘yi ikki metr, eni bir metr, o‘rtasida yarim oy va besh qirrali yulduz tasvirlangan, bayroq hoshiyasi yupqa yashil yo‘l bilan ifodalangan.
Buxoro xonligi o‘n sakkizinchi asrning yarmida Hakimbiy va uning o‘g‘li Rahimbiy tomonidan tashkil qilingan. Buxoro xonligi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bayrog‘i shaklini qabul qilgan, shunga ko‘ra, yashil rangli bo‘lib, yarim oy va besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Qo‘qon xonligi o‘n sakkizinchi asrning o‘n birinchi yili Shohruhbiy tomonidan tuzilgan, xonlik bayrog‘iga an’anaviy sariq-malla rang qabul qilingan, bayroq o‘rtasida yarim oy va besh qirrali yulduz tasviri berilgan.
Turkiston o‘lkalarida islom dini qabul qilingandan so‘ng tashkil topgan turkiy davlatlar o‘zlarining milliy davlat bayroqlaridan tashqari payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning yarim oy va yulduz tamg‘ali yashil tug‘ini ham ko‘targanlar.
* * *
1917 yili Qo‘qon shahrida Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzilgandan so‘ng, jamoatchilik tomonidan milliy bayroq masalasi ko‘rib chiqilgan. Kadimgi turkiy xalqlarda mamlakatning sharq tomoni — yashil, janubi — qizil, g‘arbi — oq, shimoli esa qora rang orqali ifodalanishiga ko‘ra, bu ranglar milliy bayroqda aks etishi lozim deb hisoblangan. Shuningdek, Turkiston o‘lkalari islom mamlakati sifatida milliy bayroqda islom belgisi bo‘lishi shart deb belgilangan. Yana, bir qator Turkiston o‘lkalarida tashkil topgan davlatlarning milliy bayroqlarida aks etgan ramziy belgilar ham uchrashi inobatga olinishi lozim bo‘lgan.
Shu aytilgan mulohazalarga ko‘ra, Turkiston muxtoriyati hukumati quyidagi bayroqni milliy ramz sifatida qabul qilgan. Milliy bayroq hajmi: bo‘yi ikki metr, eni bir metr. Bayroq to‘rt xil rang bilan, to‘rt cheti ensiz yashil moviy rangda ifodalangan, uning uch tomonidan uch yo‘l birlashtirilib, bu uch yo‘l navbatma-navbat jigar rang bilan berilgan; yana uchta yo‘l tutashtirilgan holda navbatma-navbat oq rangda ifodalangan. Shuningdek, bayroqning sopi bilan birlashtirilgan tomonidan yashil rangli yo‘ldan so‘ng yarmiga qadar qizil rangda tasvirlangan, bu qizil rangli qismida yarim oy yoki hilol tasvirlanib, hilolning bag‘rida besh qirrali yulduz oq rangda ifodalangan. Bayroqning qizil rangli qismidan keyingi bo‘lagi ham besh yo‘ldan iborat bo‘lib, bu besh yo‘l: jigarrang — oq rang — jigarrang — oq rang — jigarrangda berilgan. Islom dini qabul qilinguniga qadar Turkistonda tashkil topgan davlatlarning bayroqlari o‘rtasida yoki bayroq sopida bo‘riboshi tasviri bo‘lgan. Shunga ko‘ra, Turkiston muxtoriyati bayrog‘ining sopi ustiga bo‘ri (kurt) boshi tasviri o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Turkiston bayrog‘i bilan bir qatorda Muhammad alayhissalomning islom ramzi hisoblangan bayrog‘i ham yonma-yon ko‘tarib yurilgan. Shunga ko‘ra, Turkiston fidoyilari yashil bayroq ko‘tarib kurash olib borganlar (Turkiston Muxtoriyati bayrog‘i «FT», 1990 yil, 10-son muqovasida berilgan).
Turkistonning barcha tarixiy davrlarida tashkil topgan davlatlarda milliy bayroqdan tashqari tug‘lar ham bo‘lgan. Tug‘lar harbiy bo‘linmalarda, bekliklarda qo‘llanib, har qaysi harbiy qism hamda bekliklarning maxsus tamg‘alari bilan ifodalangan. Harbiy qismlarda tug‘ tutuvchi bo‘lib, uni tug‘soba, tug‘dor deb ataganlar. Tug‘soba, tug‘dor harbiy qismlarning boshlig‘i hisoblangan. Tug‘lar harbiylar hamda bekliklarning ixtiyoriga ko‘ra turli rangda bo‘lgan.
Turkiy xalqlarning qadimiy davrlardan to asr boshlarigacha bo‘lgan bayroqlari haqida atroflicha, ko‘p va xo‘b hikoya qilishga burchlimiz. Kelgusi yilgi maqolalarda bu mavzuga yana qaytamiz.
“Fan va turmush” jurnali, 1991 yil, 12-son