Ossuriya kabutari

Bag‘doddan 90 km. uzoqlikda ko‘hna Vavilonning qoldiqlari mangu qo‘nim topgan. Shahar degan maqomni allaqachon yo‘qotgan bo‘lsa-da, mazkur yodgorlik hali ham uning shonli tarixidan mujda berib turibdi. Uning asoschisi — moziy malikalaridan biri Semiramida hisoblanadi. Semiramida — tarixiy shaxs, ammo uning hayoti afsonalar bilan uyg‘unlashib ketgan. Bu haqda yunon mualliflari — Ktesiy, Diodor va boshqalarning ijod mahsullarida ham qadim-qadimda o‘zini buyuk, deb hisoblagan hukmdorlar, tafakkur bobida tengsiz darg‘alar xususida ko‘p narsalarni bilib olish mumkin.

Ammo XX asrgacha o‘tgan zamonlarning tarixiy qiyofalaridan biri — Semiramidaning hayoti va yashash tarzi sir edi. Mashhur olim Karl Lemann-Xauptning 1910 yilda olib borgan izlanishlari bu boradagi ba’zi qorong‘uliklarga oydinlik kiritib, qaysidir fazilatlari bilan bizning To‘marisga o‘xshashib ketadigan Semiramida shaxsi haqida ayrim qirralarni ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Mo‘ysafid vaqt esa mazkur hayratlanarli voqealarga, boy tarixga guvohdir.

Qadimgi Ossuriya

O‘tgan zamonlarda, afsona va miflar haqiqat bilan qorishib ketgan paytlarda Tigr daryosining yuqori oqimida Ossuriya degan davlat qad rostlagandi. Miloddan avvalgi IX asrda uni shoh Nin boshqargan va o‘zini sharaflab qurdirgan poytaxtga Nineviya nomini bergan edi. U usta sarkarda va jangchi bo‘lgani uchun Osiyoning Hindistondan tash­qari katta qismini davlati tarkibiga qo‘shib olishga erishib, qo‘l ostidagi hududlarda qat’iy harbiy tartib o‘rnatgandi. Ninning eng yaqin vaziri va qo‘mondoni hamda oqil maslahatchilaridan birining ismi Onn edi.

Navbatdagi urushda Onn betakror go‘zallik egasi, sohibjamol yetim qizni uchratgach, o‘zi bilan olib ketib, unga uylandi. Nineviyada bo‘lgan to‘y dabdabali o‘tdi. Kelin ommaga Semiramida deya tanishtirildi. Yunon tarixchilarining fikricha, uni kabutarlar tarbiyalab, katta qilishgan ekan. Bunday taxminlar Semiramida ismining etimologiyasi bilan ko‘proq bog‘liq, desak xato bo‘lmaydi. Chunki mazkur nom shumerchadan tarjima qilinganda, «kabutarning dunyoga kelishi» ma’nosini beradi. Xullas, kelgindi kelinning Onn bilan turmushi baxtli boshlandi. Ham husnda tengsiz, ham aqlda o‘tkir Semiramida Onnga o‘z maslahatlari bilan katta yordam berishdan tashqari, Xiyapt va Xidasp ismli egizaklarni dunyoga keltirdi.

Shoh bilan uchrashuv

Mana shunday quvonchli damlarda Nin qo‘shni mamlakat — Baqtriyaga qarshi yurish boshlaydi. Katta armiyaga ega bo‘lgan ossur hukmdori poytaxt Baqtra shahri (o‘rab olingan qal’a)da, ayniqsa, qattiq qarshilikka duch keldi. Shunda u barcha vaziru vuzarolari, shu jumladan, Onnni ham harbiy kengashga chaqirdi. Semiramidani harbiy safarga o‘zi bilan birga olib chiqqan vazir turmush o‘rtog‘ining maslahatlari asqotib qolar, deya uni ham yig‘inga olib keldi. Haqiqatan ham keyinchalik yosh kelinning pistirmalar qo‘yish bo‘yicha bildirgan g‘oyalari, buning ustiga o‘z tashabbusi bilan bir guruh tajribali askarlar ko‘magida raqib minoralaridan birini ishg‘ol qilishi Ninni qoyil­ qoldirdi, o‘ziga nisbatan shohda sevgi uyg‘otdi. Unga chin dildan oshiq bo‘lgan hukmdor esa, Onnga Semiramidaning evaziga o‘z qizi Suzanni taklif etdi. Yordamchisi esa bu taklifni rad etsa-da, Ninga qarshi chiqqani uchun ko‘zini o‘yib olish jazosi bilan qo‘rqitilgachgina turmush o‘rtog‘ini qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi. Baribir, oradan bir necha kun o‘tib, Onn qatl ettirildi.

Semiramida esa shohning amri vojib bo‘lgani uchun unga turmushga chiqishga noiloj, rozi bo‘ldi. Ularning turmushidan Niniy ismli o‘g‘il dunyoga keladi. Nin ancha qarib qolgan bo‘lsa ham rashk o‘tida yonar, Semiramidani begona ko‘zlardan jon-jahdi bilan himoya qilardi. Hatto malika tashqarida yuzini niqob bilan berkitib yurishga majbur qilinar, uni ochishga faqat haramda ishlaydiganlar oldidagina ruxsat berilardi. «Ossuriyada hamma ayol chiroyli, — degan edi u. — Lekin, ularning eng suluvi ham Vavilon malikasi go‘zalligi oldida javohir qarshisidagi durchaga o‘xshab qoladi. Demak, uning jamolini ko‘rish unga qul bo‘lishdir».

Agar biror kishi Semiramidaning niqobsiz chehrasini ko‘rsa, u so‘zsiz o‘limga mahkum etilardi. Bu hol malikaga yoqmas, bundan tashqari, u sobiq eri Onni hali unutmagan, u sovg‘a qilgan kabutar shaklidagi taqinchoqni ham yechmagan edi.

Ayol makri

Barkamolligi va dilbarligi tufayli zimdan ko‘plab tarafdorlar yig‘ishga erishgan Semiramida o‘zining ayyorona rejasini amalga oshirishga kirishdi. Ninni o‘zining boshqaruvchilik bobidagi mahoratini sinovdan o‘tkazish bahonasi bilan aldab, taxt va hokimiyatni bor-yo‘g‘i besh kunga so‘rab olgan malika birinchi kuniyoq vazir va harbiy qo‘mondonlarni o‘ziga og‘dirib oldi. Toj va imtiyozlardan foydalanib, islohot hamda bir qator va’dalar bilan xalqning ishonchiga kirdi. Ninni esa, zindonga tashlattirdi.

Yangi yil yaqinlashgani sayin Ossuriyada o‘yin-kulgular bayramga ulanib ketardi. Odatga ko‘ra, shu yil boshida qurbonlikka atalgan qo‘chqor olomon ichiga tashlanar, odamlar esa uni burda-burda qilib tashlardi. Uning o‘rniga keltirilgan qo‘zichoq esa keyingi bayram uchun boqishga tantanali tarzda topshirilardi. Bu — eski yilni kuzatib, yangisini kutib olishga o‘ziga xos ramziy ishora edi. Navbatdagi bayramda Semiramida ana shu hayvonning so‘nggi vazifasini bu safar shoh Nin bajarishini e’tirof etdi. «Qo‘zichoq» sifatida uning o‘g‘li Niniy tanishtirildi. Sobiq shoh mana shunday tarzda shaf­qatsiz o‘lim topdi.

Semiramidaning egizak o‘g‘illari taqdiri haqida esa hozirgacha hech qanday ma’lumot yo‘q.

Buyuk ishlar…

Hokimiyatni aldov va makr yo‘li bilan qo‘lga olgan Semiramida yuritayotgan siyosatdan norozi bo‘lgan muxolif kuch paydo bo‘lib, mansabdor va oddiy odamlarni unga qarshi qayrashga kirishdi. «Hech bir ayolning Ossuriya o‘g‘lonlarini boshqarishga haqqi yo‘q», — dedi ular. Shunday qilib, malikaning dushmanlari ham ko‘paya boshladi. Bu esa malikani nozik vaziyatni biroz bo‘lsa-da, yumshatishga xizmat qiluvchi g‘oyalaridan birini amalga oshirishga undadi. U bahaybat, mustahkam qal’a, ko‘plab minora va shinaklar bilan himoyalangan Vavilon shahrini barpo etishga kirishdi.

Yunon solnomachisi Diodot qoldirgan ma’lumotlarga qaraganda, yangi loyi­hani qurdirish uchun butun imperiyadan 2 mln. usta va ishchilar jalb qilingan.

Ma’lum vaqtda bunyod etilgan yangi shahar devorlarining perimetri 66 km.ni tashkil etar, uning ustida oltita otliq bemalol yura olardi. Vavilon 250 ta minora bilan o‘ralib, Yevfrat daryosi uning o‘rtasidan oqib o‘tar, suv ustiga 900 ta ko‘prik qurilgandi. Ko‘priklarning har ikki tomoni so‘ngida maxsus qal’alar qad rostlagan bo‘lib, ular yer osti yo‘llari orqali malika saroyi bilan tutashib ketgan edi. Qolaversa, 30 km.lik qirg‘oqbo‘yida ajoyib yashash joyi vujudga keldi.

Epik chekinish

Aytgancha, Vavilon minoralari qoldiqlari ostidan bir qator qazilmalar, xususan, afsonaviy osma bog‘larning ham izlari topilgan. Uzoq vaqtgacha yuksak namunadagi mazkur bog‘bonchilikning mualliflaridan biri Semiramida deb hisoblanardi. Afsuski, unday emas. Mo‘jizaviy bog‘lar Ossuriya malikasi sharafiga emas, balki bir necha yil keyin yashab o‘tgan boshqa bir ayol uchun barpo etilgan. Osma daraxtzorlarni Midiya shohi Navuxodonosor sevimli xotini Amitis uchun bag‘ishlagan. O‘zi bosib olgan shahar va davlatlarning kulini ko‘kka sovurib, uni tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborishga odatlangan Navuxodonosor Vavilonning go‘zalligiga tan berib, yuqoridagi dahshatli odatidan voz kechishga majbur bo‘ladi.

Buyuk sarkarda

Semiramidaning hisobida bir qator ulug‘vor binolar, jumladan, Ninning xotirasi uchun qurdirgan xonaqoh (mavzoley) ham bor. U hukmronlik qilgan yillarida bir qator janglarda o‘zi bevosita ishtirok etdi. Midiya, Armaniston, Misr va Efiopiyaning katta qismini bosib olishda o‘zi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. Misrda bo‘lgan payti Amon (Quyosh xudosi) kohinidan o‘z kelajagi haqida so‘raganida, u o‘g‘li qo‘lidan o‘lim topishini bashorat qiladi. Urushlardan charchagan Semiramida Baqtrada biroz dam olib, Hindistonga yangi yurish uchun tayyorgarlik ko‘radi.

… va buyuk inqiroz

Navbatdagi harbiy tayyorgarlik uchun uzoq yillar sarflandi. Juda katta sonli armiyani to‘plashga erishganiga qaramay Semiramida bu safar muvaffaqiyat qozona olmadi. Otlarga bog‘langan aravalar hindlarning bahaybat fillariga dosh berolmadi. Shalpangquloqlar yordamida mezbonlar «mehmon»larni ayab o‘tirmay, yanchib tashlashdi. Semiramidaning o‘zi esa hayot bilan vidolashishiga oz qoldi. Kamon o‘qining qo‘li va beliga yetkazgan jarohati bilan bir amallab Hind daryosini kechib o‘tib, dushman changalidan bazo‘r qutuldi.

Malikaning sog‘ayishi uni xursand qilmadi. O‘z qarorgohida haramdagilar bilan til biriktirgan o‘g‘li Niniy onasiga qarshi bosh ko‘tardi. Malika farzandi uchun hech narsani ayamay evaziga biror narsa talab qilmaganini bir necha bor ta’kidlasa-da, Niniy o‘z qaroridan voz kechmadi. Bir vaqtlar otasining azobli o‘limiga sababchi bo‘lgani haqida homiylaridan eshitgan Niniy volidasining ko‘ksiga tig‘ sanchdi. O‘shanda Semiramidaning yoshi 62da edi.

42 yil davomida hukmdorlik qilgan Vavilon asoschisining o‘limiga ko‘pchilikning ishongisi kelmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham uning barhayotligi haqidagi afsonalar hali ham bordir. Ulardan birida aytilishicha, Semiramida o‘lmagan, balki kabutarga aylanib, osmonu falakka parvoz etgan.

Saidjon Maxsumov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.