Normurod Norqobilov. Buyuk Xitoy devoriga bo‘ylashgan – Kanpirak

Mazkur maqolani qoralashimga aksariyat vatandoshlarimizning Buyuk Xitoy devoriga “mahliyo” bo‘lgani holda qadimda xuddi o‘shanday mudofaa inshootlari yurtimizda ham mavjud bo‘lgani va uning qoldiqlari bugungi kunga qadar saqlanib qolganligidan butunlay bexabarligi va shuningdek, ayrim hamyurtlarimizning bu yodgorlikka nisbatan o‘ta loqaydliklari turtki bo‘ldi.
Ma’lumki, quyoshli O‘zbekiston – jahon tsivilizatsiyasining qadimgi markazlaridan biri hisoblanadi. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston xalqi tomonidan boy hamda o‘ziga xos madaniyat yaratilganligi bugungi kunda bashariyatga ayon haqiqat. Shu jumladan, ikki daryo oralig‘idan o‘rin olgan qadimgi manzilgohlarni tashqi hamladan ihotalash niyatida tiklangan mudofaa inshootlarining takomili hamda xususiyati ijtimoiy rivojlanish darajasining muhim ko‘rsatkichi sifatida doimo tilga olib kelinadi. Dunyoda qadim Xitoy devorini bilmagan va u haqda ma’lum bir tasavvurga ega bo‘lmagan odam kam topiladi. Kamina xizmat yuzasidan xitoylik sayyohlar bilan ko‘p bora uchrashganman va ular o‘z qadriyat va qadimiyatlari bilan haddan ziyod faxrlanishlariga shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganman. Ammo ularning aksariyati qadim devorlar tizimi faqat Xitoyga xosdek fikr yuritadi. Tabiiy, shunda har qanday kishining o‘z vatani tarixi, ko‘hna obidalari hamda devorlar tizimi bilan maqtangisi, aniqrog‘i, g‘ururlangisi keladi. Ana shunda, haqli bir savol o‘z-o‘zidan yuzaga qalqiydi: “Xo‘sh, bizda xuddi Buyuk Xitoy devoridek olis ufqlar sari cho‘zilib ketgan ko‘hna devorlar bo‘lganmi?” Agar siz, sinash uchun, ayni shu savol bilan kishilarga murojaat qilib ko‘ring, ko‘pchilik yelka qismoqdan nariga o‘tmaydi yoxud ko‘hna Xiva devorlarini ro‘kach qilishadi. Biz esa qadim shahar devorlarini emas, ma’lum bir voha yoxud mamlakatlar sarhadini belgilab, ular mudofaasini ta’min etuvchi devorlar tizimini nazarda tutmoqdamiz.
Kamina ona yurtni qadamma-qadam kezib chiqqan kishi sifatida ko‘hna Xorazm diyoridagi qadimiy mudofaa devorlariga juda ko‘p bor duch kelganman va ular tarixi va o‘ziga xosligi to‘g‘risida zangori ekran orqali ko‘p va xo‘p hikoya qilganman. Men o‘sha kezlaridayoq qadimgi voha devorlariga, ya’nikim ularning mavjudligi va tarixiga juda-juda qiziqardim. Bir kuni, chamasi, bundan to‘qqiz yilcha muqaddam, navoiylik taniqli jurnalist Rahim aka Maqsudov menga qo‘ng‘iroq qilib qoldi va fe’liga xos bosiqlik bilan dedi: “Eshitishimcha, sizni ko‘hna voha devorlari juda qiziqtirar ekan. Shuning uchun vaqt topib, bizning Qiziltepa tumaniga bir kelib ketsangiz”. Navoiy viloyati bo‘ylab qilingan navbatdagi safarimizda birinchi qilgan ishimiz Rahim Maqsudovni qidirib topish bo‘ldi. U kishi bizga ortiqcha bir so‘z demay, tumanning shimoli-sharqiy, janubi-g‘arb tomonidagi mavzelarda mahobatli tarzda ko‘kka bo‘y cho‘zgancha, past-baland va uzuq-yuluq holda olis-olislarga cho‘zilib ketgan qadimiy devor yoniga boshlab keldi. Qulochini keng yozgancha, faxr-iftixor bilan dedi: “Sizni qiziqtirayotgan qadimiyat mana shu! Bu qadimiyat tarixchi olimlarimiz tomonidan “Kanpirak devor”, yerli aholi tarafidan esa “Kampirdevol” deb ataladi. Bu istehkomning farqli jihati, bir necha o‘nlab emas, bir necha yuzlab kilometrga cho‘zilib ketgan…”
Biz, mo‘jizaga duch kelganday, yuzlab kilometrga cho‘zilib ketgan qadim devorning past-baland qoldiqlarini zo‘r qiziqish bilan o‘rganib, zo‘r ishtiyoq bilan tasvirga ola boshladik. Tarixchi va arxeolog olimlar bilan hamkorlikda ko‘hna Xorazm hududidagi qal’a va qo‘rg‘onlarni ko‘zdan kechiraverib, ancha-muncha pishib ketgan emasmizmi, Rahim Maqsudov ko‘magida tagzamini shag‘al aralash tuproqdan iborat bo‘lmish bu devorning eni, ko‘p emas, kam emas, o‘n uch metrdan ziyodligini, asosi paxsadan, ayrim o‘rinlari esa to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi yirik xom g‘ishtlardan ko‘tarilganligini aniqlashga muyassar bo‘ldik. “Eni o‘n uch metr bo‘lmish devorning balandligi o‘n besh-yigirma metr bo‘lishi tabiiy hol, – dedi Rahim Maqsudov bu haqdagi savollarga javoban, so‘ng esa alohida jiddiyat bilan: – Bu Kanpirak devori O‘rta Osiyo mudofaa istehkomlari me’morchiligining eng nodir namunalaridan biri sifatida o‘rganilmoqda. Bu inshoot qadimshunos olimlarimiz tomonidan “voha devori” deb ham ataladi”, dedi.
Voha devori.
Xo‘sh, bu atama nimani anglatadi?
Bu – Kanpirak devori ma’lum bir shahar yoki qal’a mudofaasi uchun emas, balki butun voha mudofaasi maqsadlari yo‘lida xizmat qilganini va, o‘z navbatida, o‘zining me’moriy-qurilish uslubi jihatidan jahonga mashhur Xitoy devoriga o‘xshab ketishi bilan o‘ziga xos me’moriy obidalar sirasiga kirishini anglatadi. Endi uning yuzaga kelish tarixiga to‘xtalar bo‘lsak, bu inshoot o‘troq aholi yashaydigan vohalarni ko‘chmanchi qabilalar hujumidan himoya qilish maqsadida barpo etilgan. Va nechun u “Kanpirak devor” deb ataladi? Bu savolga Rahim Maqsudov quyidagicha izoh beradi: “Kanpirak devor” iborasi “qazilgan choh” degan ma’noni anglatadi. Ammo talaffuzda “n” bilan “m” almashuvi kuzatiladi. “Pir” bo‘g‘ini esa qadimgi payrya – aylana, o‘rov ma’nosini, “Kanpir” so‘zining o‘zi esa “xandaqli devor” degan ma’noni bildiradi. “Devor” so‘zi keyinchalik, ya’ni “kanpir” so‘zi o‘zining tub ma’nosini yo‘qotib bo‘lgandan so‘ng qo‘shilgan. Kanpirak devor!”
Kanpirak devori yurtimiz hududida yagona bo‘lmagan, arxeolog va tarixchi olimlarimiz fikriga ko‘ra, ilk o‘rta asrlardayoq ularning soni beshta bo‘lgan ekan. Birinchisi, qadimgi Buxoro vohasidagi barcha shahar va qishloqlarni o‘z bag‘riga chirmab olgan Kanpirak devor. Ammo bu o‘rinda bir-biriga zid ma’lumotlarga duch kelish ham mumkin. Tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asariga nazar solsak, mazkur istehkom 782–831 yillarda barpo etilganligi aytiladi. Ammo o‘ninchi asrda yashab o‘tgan arab tarixchisi va sayyohi Mas’udiy bu fikrni inkor etib, mazkur inshoot Sug‘d hukmdorligi paytida, ya’ni V–VI asrlarda barpo etilgan deydi. Shunga ko‘ra, tarixchi olimlarimiz ko‘pgina qadimiy inshootlar bir necha martalab qayta tiklanish pallalarini boshdan kechirishini nazarda tutib, o‘z qarashlarini arxeologik olimlar izlanishlari bilan mustahkamlab, Narshaxiy bergan ma’lumotda istehkomning qayta tiklanish davri tilga olingan degan fikrni ilgari suradilar. Chunonchi, Mas’udiy qaydnomasida tilga olingan dastlabki ko‘hna devor Narshaxiy yozgan Kanpirak devorga nisbatan kichikroq maydonni egallagan. Bu devorning uzunligi esa 336 kmni tashkil etgan. Bu borada Rahim Maqsudov shunday deydi: “Buxoro Sug‘diga qarashli Karmanadan cho‘l hududi bo‘ylab hozirgi Kogon tuman markaziga qadar, shuningdek, shimoli-g‘arb, shimol va shimoli-sharq tomondan Buxoro vohasi ushbu mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Bu devor shimoli-g‘arbda Varaxsha (Jondor tumani), undan Subuktepa, Bo‘rontepa (Romiton), Xo‘jaqultepa (Peshko‘), sarhadlari bo‘ylab o‘tib, Shofirkon kanalining chap qirg‘og‘i bo‘ylab o‘tgan va Abu Muslimtepaga borib tutashgan. Va shuningdek, Hazora darasi bo‘ylab yana bir ko‘tarma devor Konimex vohasini kesib o‘tgan va Karmana tumani markazida Qoratovga borib taqalgan. Mana shu sxemaga qarab, mazkur Kanpirak devorning necha yuz chaqirimga cho‘zilganini o‘zingiz tasavvur qilib olavering…”
Kanpirak devori shunchaki devor tizimi emas, uning yo‘nalishi bo‘ylab, har bir farsax (6–8 km.) masofada shahar yoki qishloqlar, jumladan, rabotlar bunyod etilgan. “Mazkur manzilgohlar nechun bunyod etilgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy, – deydi Rahim Maqsudov. – Bundan shu narsa ayon bo‘ladiki, qadimgi ajdodlarimiz shunchaki devor ko‘tarmagan, balki har bir toshu kesakni, har bir g‘isht hamda changal loyni reja asosida ishlatgan, oqibatda, mudofaa devorining tarkibiy qismi bo‘lmish bu manzillar ham turarjoy, ham chegara qo‘rg‘onlari vazifasini o‘tagan. Bundan tashqari, devor bilan o‘rab olingan har bir qo‘rg‘on va hudud uchun maxsus darvozalar, shuningdek, qo‘rg‘onlar orasidagi masofaning har bir chaqirimida harbiy burjlar bunyod etilgan. Burjlardan kunu tun soqchilar arimagan. Bundan shu narsa ko‘rinib turibdiki, Kanpirak devori, xuddi Xitoy devori kabi, ko‘p tarmoqli, qudratli mudofaa istehkomi sifatida faoliyat ko‘rsatgan”.
Shu o‘rinda, burjlar to‘g‘risida xiyol to‘xtalar bo‘lsak, burjlar mudofaa inshootlarining o‘ta muhim elementlaridan biri bo‘lib, mudofaa devorlari perimetri bo‘ylab, odatda, devordan baland bo‘lgani holda tashqariga turtib chiqqan qurilmadir. Shunga ko‘ra, burjlar hech qachon bir xil tipda bo‘lmagan, joylashish tarhiga qarab, ular turli ko‘rinishda: to‘g‘ri burchak, kvadrat va oval shaklida bo‘lgan. Tarhi yarim oval shaklidagi burjlar esa eng qadimgi tiplarga kiradi. Kanpirak devordagi burjlar qanday shakl-shamoyilga ega bo‘lgan, chamasi, bu hali olimlarimiz tomonidan to‘la-to‘kis o‘rganilmagan. Ammo olimlarimiz, arxeologik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Kanpirak devorning ilk bosqichi – V asrning oxiri va VI asrning birinchi yarmi bilan bog‘liqligini to‘la isbotlab berishdi. Bu esa, tabiiyki, quyidagi savolning yuzaga kelmog‘iga sabab bo‘ladi: mazkur istehkom bunyod etilgan davrda tarixiy jarayon qanday bo‘lgan, negaki, bu kabi istehkomlar sababsiz yuzaga kelmaydi va ularning bunyod etilishida voqelik hamisha muhim sabab rolini o‘ynaydi.
Bu savolga javobni tarixchi olimlarimiz Q. Rajabov, B. Qandov, I. Shaymardonov va O. Normatov qalamiga mansub “Jahon tarixining muhim sanalari” kitobidan qidiramiz. Ushbu kitobning 47–48-betlarida shunday deyiladi: milodiy eraning V asrida O‘rta Osiyo, Sharqiy Turkiston, Afg‘oniston hamda Shimoliy Hindistonning katta qismida qudratli Eftaliylar davlati tashkil topadi. Bu davlat ayrim manbalarda Oq xunlar davlati deya tilga olinadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikricha, eftaliylar Sirdaryo vodiysida istiqomat qilgan, dastlabki hayoti ko‘chmanchi chorvador qabila tarzida bo‘lgan, keyinchalik esa janub tomonga yo‘nalishgan. Bu davlat eftaliylar, eftalitlar, xaytallar, abdallar, ye-da kabi turli nomlar bilan atalgan Eftaliylar qabilalari ittifoqiga asos solgan. 420–579 yillarda faoliyat ko‘rsatgan Eftaliylar turkiy davlatining poytaxti avval Buxoro yaqinidagi Poykend va Varaxsha shaharlari, so‘ngra Hindistondagi Shakala shahri (hozirgi Sialkat) bo‘lgan. Oltinchi asrning boshlari va o‘rtalarida Eftaliylar davlati uchun eng katta xavf Eron Sosoniylar davlati hamda Buyuk Turk xoqonligi tomonidan tug‘dirilgan. Oxir-oqibat, milodiy eramizning 563–567 yillar orasida Buxoro ostonasida turklar bilan eftaliylar o‘rtasidagi jangda eftaliylar mag‘lubiyatga uchragan. Eftaliylar davlati 579 yilda butunlay barham topgan. Bu kabi tarixiy jarayonlar mudofaa inshootlarini yuzaga kelmog‘iga muhim turtki rolini o‘ynamay qolmagan, albatta.
Kanpirak devorining yana bir muhim tarixiy jihati – u Buxoroning V–VI asrlardagi chegaralarini to‘la aniqlab beruvchi yagona inshoot sifatida g‘oyatda qadrlidir. Tarixchi olimlar ta’biri bilan aytganda, bu ulkan hudud o‘z davrida eng an’anaviy, mumtoz davlatchilik kurtaklari mavjud bo‘lgan yirik madaniy o‘lka sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Va shuningdek, Kanpirak devori ham yagona bo‘lmagan, “Jahon tarixining muhim sanalari” kitobida qayd etilishicha, yurtimiz hududida ular soni bir nechta bo‘lgan. Fursatdan foydalanib, ularni birma-bir sanab o‘tamiz: ikkinchi Kanpirak devori VIII–IX asr boshlarida tiklangan bo‘lib, uning uzunligi 120 km tashkil etgan va u qadimgi Sug‘d diyorida qomat kerib turgan. Uchinchi Kanpirak devori esa, hozirgi O‘ratepa, Zomin va Jizzaxni o‘z ichiga olgan qadimgi Usrushona vohasida qad ko‘targan. To‘rtinchi Kanpirak devori Farg‘ona vodiysi g‘arbida VIII asr oxiri va IX asr boshlarida barpo etilgan. Toshkent vohasining shimol tarafida bunyod etilgan Beshinchi Kanpirak devori esa Xo‘jakentdan Sirdaryogacha cho‘zilgan. Xullas, VIII–IX asrlarda, ya’ni O‘rta Osiyoda arablar hukmronligi davrida Buxoro, Sug‘d va Usrushona vohalari tevaragidagi barcha Kanpirak devorlari bir-biriga tutashtirilib, yagona mudofaa tizimi vujudga keltirilgan. Tag‘in eslatib o‘tamiz, qadimiy Kanpirak devorlari ko‘chmanchi qabila va elatlarning o‘troq dehqonchilik vohalariga bosqinchilik, talonchilik yurishlariga qarshi to‘siq hosil qilish uchun barpo etilgan va mazkur mudofaa tizimining yo‘nalish chiziqlari Buxoro, Markaziy Sug‘d, Usrushona, Toshkent va G‘arbiy Farg‘ona vohalari bo‘ylab o‘tgan. Gapning qisqasi, qadimda yurtimizni tevaraklab, uning mudofaasini ta’minlab turgan Kanpirak devorining nechog‘liq uzunligini, mana, o‘zingiz bemalol tasavvur qilib olavering.
Bu ko‘hna devor qoldiqlari joylarda hozir ham mavjud.
Mazkur istehkomning ma’lum bir qismlarini Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida va shuningdek, boshqa hududlarda ham uchratish mumkin. U ba’zi joylarda ko‘hna devor, ba’zi o‘rinlarda esa tepalik shaklida hali-hanuz ko‘kka bo‘ylanib turibdi. Biroq o‘ta achinarli jihati shundaki, bu noyob tarixiy obidaga qiziquvchilar deyarli yo‘q desak ham bo‘ladi. Bu borada Rahim Maqsudov achinish bilan shunday degandi: “Olisdagi Xitoy devorining nafaqat mavjudligini, balki uning tarixini, kimlar tomonidan qachon va nima sababdan bunyod etilganligini misoli besh qo‘lday bilamiz-u, lekin tarixiy qadriyati va ahamiyati undan aslo kam bo‘lmagan osor – Kanpirak devorini bilmaymiz, aniqrog‘i, bu tarixiy obidaga nisbatan juda loqaydmiz. Chamamda, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deb shuni aytsalar kerak. Buning aksi o‘laroq, biz tevarakka hamisha teran nigoh bilan boqishimiz kerak. Buning uchun esa ko‘p kitob o‘qimog‘imiz lozim. Boisi, kitob aqlni peshlabgina qolmay, idrokni charxlaydi. Ana shunda, tevaragimizdagi obidalarga ko‘hna devor yoxud oddiy tepalik deb emas, Vatanimiz tarixining oltin sahifasi sifatida qaraymiz va loqaydlik illatidan qutulamiz…” Yana bir gap, bu yoqda ona tabiat ham tek qarab turgani yo‘q – zimdan o‘z amalini qilmoqda, ya’nikim tuproqdan bunyod etilgan qadimiyatni qayta tuproqqa aylantirish ilinjida oddiy yomg‘irni jalaga, yelni bo‘ronga, tungi shudringni qorga o‘girib, asrlar davomida bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Biroq ming yillikning ancha narisida yashab o‘tgan va ushbu tarixiy inshootni tiklash ishida qatnashgan me’morlarimiz haqiqatan ham o‘z ishining ustalari bo‘lishgan. Tabiat harchand urinmasin, Kanpirak devorining ayrim qismlari haligacha qilt etmay turibdi. Agar u yolg‘iz tabiat izmiga tashlab qo‘yilmay, e’tiborga olinsa, Vatanimiz tarixining yana bir oltin sahifasi o‘z sir-asrorini bayon etgan bo‘lardi.
Endi yana moziyga qaytamiz-da, hikoyamizni davom ettiramiz. Odatda, mavjud narsalar vaqti-vaqti bilan o‘z mavqei va ahamiyatini yo‘qotganday, ko‘hna obidalar ham bu jarayonni o‘z boshlaridan kechirib turadi. Bu tarixiy hodisa Kanpirak devoriga ham begona emas, u o‘rta asrda ilk bor bir muddatga o‘z mavqeini yo‘qotgan. Buning sababini tarixchi A. Otaxo‘jayevning “Ilk o‘rta asrlar Markaziy Osiyo tsivilizatsiyasida turk-sug‘d munosabatlari” kitobidan qidiramiz. Tarixchi olim bu holatni quyidagicha izohlaydi: turk xoqonligi davrida xoqonlikning zodagonlar qismi cho‘l-dasht hududlarida yashagan esa-da, xoqonlik mahalliy sug‘diy aholi hamda ko‘chmanchilar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik aloqalarini o‘rnatish, savdo-sotiqni rivojlantirishdan juda manfaatdor bo‘lgan. Turk xoqonligi davrida hozirgi O‘zbekiston va O‘rta Osiyo hududida mavjud bo‘lgan o‘n beshga yaqin katta-kichik davlatlarning mustaqilligi cheklanib, ular xoqonlikka rasman bo‘ysundirilgan va yillik boj-xirojlar to‘lattirilgan. Bu katta-kichik davlatlar, ya’ni Buxorxudotlar posholigi, Vardonxudotlar podsholigi, Samarqand Sug‘di va boshqalar Sug‘d konfederitsiyasi bo‘lib uyushgan va Buyuk Turon xoqonligi tarkibiga kirgan. Xoqonlik savdo-sotiqdan, ayniqsa, ipak savdosidan katta foyda ko‘rgani sabab Sug‘d savdogarlariga katta imkoniyatlar yaratilgan, ularga dunyoning eng uzoq o‘lkalarida ham savdo manzilgohlari qurib berilgan. Bu tarixiy jarayon paytida, turgan gap, Kanpirak devoriga ehtiyoj sezilmagan va vaqtinchaga, ya’ni arab bosqiniga qadar u o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.
Xullas, VII asrning choragi va VIII asrning boshlarida tarix g‘ildiragi bejo aylanib, Turon hududiga yana bir siyosiy kuch – arablarning istilochilik yurishlari boshlandi. Xuroson noibi Qutayba ibn Muslim (660–715)ning dastlabki urinishlaridan so‘ng, VIII asr boshlarida Movarounnahr, jumladan, Buxoro ham bosib olinadi va shahar aholisini islomlashtirish boshlanadi. Bu davrda islomga kirgan madaniy voha aholisi va islom dinini qabul qilmagan cho‘l-dasht ko‘chmanchi ahli o‘rtasida qarama-qarshilik kuchayib, Kanpirak devoriga yana ehtiyoj tug‘iladi va u tiklanadi. Ammo IX asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda somoniylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelgach, mazkur inshoot tag‘in soyada qoladi va o‘z ahamiyatini to‘la yo‘qotadi.
Qissadan hissa shundaki, yurtimizdagi mangulikka daxldor qadimiy arxeologik obidalar tariximizning tilsiz guvohi sifatida xalqimizning boy o‘tmishi haqida hikoya qilib, bu zaminning naqadar muqaddas ekanligi hamda bu yurt qadimiy tsivilizatsiya vatani bo‘lganini olamga ko‘z-ko‘z qilib kelmoqda. Bu esa barchamizning zimmamizga nurli O‘zbekiston tarixini yanada teranroq o‘rganish, tiklash va moziyning hali ochilmagan sirli sahifalarini ochishdek sharafli vazifani yuklaydi. Biz Kanpirak devorini tarix sahifalaridagina emas, balki ona zamin ko‘ksida muqaddas tarixiy obida sifatida mangu saqlab qolmog‘imiz lozim.