“HALI SOATIM BOR”
Tanishlarimdan biri ishga shoshilayotib, soatini uyda unutib qoldiradi. U Granovskiy ko‘chasidan ketar ekan, yo‘lkada turgan past bo‘yli qariyaga ko‘zi tushadi. “Marhamat qilib, soat necha bo‘lganini aytib berolmaysizmi?” — so‘raydi ayol. “Xudoga shukur, hali soatim bor”, — deb qariya vaqtni aytadi. Va boshini ko‘tarib qaraydi. 1937 yilda otib tashlangan keksa bolshevikning qizi bo‘lgan bu ayol qarshisidagi kishini tanib, hayratdan dovdirab qoladi. Qariya 30-yillarda Sovet hukumatini boshqargan va 40-yillarning oxirida VKP (b) Siyosiy byurosi a’zolarining nomi sanalgan paytda ismi har doim Stalindan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan Molotov edi.
SSSR yoki KPSS tarixiga bag‘ishlangan yirik tadqiqotlarda Molotov nomi siyrak bo‘lsa-da, uchrab turadi. Hatto Katta Sovet Qomusining oxirgi nashrida unga bag‘ishlangan kichik maqola ham berilgan. Ammo so‘nggi yillarda men suhbatlashgan ko‘pgina yoshlar loaqal uning nomini ham bilmasligini aniqladim. Shuning uchun ham chuqur mulohazali amerikalik jurnalist Xedrik Smitning quyidagi fikrlarini o‘qiganimda, garchi bir qadar hayron qolgan bo‘lsam-da, unchalik ajablanmadim. U “Ruslar” deb nomlangan kitobida shunday yozadi:
«Sovet Ittifoqida kechgan tarixiy voqealarni rus yoshlariga qaraganda g‘arbdagi odamlar yaxshiroq bilishini ko‘pincha unutib qo‘yamiz. Taniqli sovet estrada artisti Arkadiy Raykin bilai bog‘liq kichik bir hodisa bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Qish kunlaridan birida yurak xuruji tufayli uni kasalxonaga yotqizishadi. Bir kuni aktyorni ko‘rgani o‘n sakkiz yoshli nabirasi keladi. Kutilmaganda palata yonidan Stalinning tirik qolgan safdoshlaridan biri, o‘tmishda Ministrlar Sovetining Raisi va tashqi ishlar ministri bo‘lgan Vyacheslav Molotov o‘tib ketayotganini ko‘rgan Raykin hayratdan lol qolib, karavotdan sakrab turib ketadi.
— Bu — uning o‘zi! — xitob qiladi Raykin.
— Kim? — so‘raydi nabirasi; yo‘laqdan o‘tib ketayotgan kishini u mutlaqo tanimas edi…
— Molotov, — g‘o‘ng‘illaydi Raykin.
— Molotov deganingiz kim? — so‘raydi yigitcha ajablanganini yashirib o‘tirmasdan.
O‘rta yoshlardagi bir olimning e’tirof etishicha, bunday tarixiy savodsizlik yoshlar orasida yaqin kechmishda o‘tgan yovuzlar yoki qahramonlar o‘rniga g‘arbdagi “rok-muzika” yulduzlariga sajda qilishni avj oldirdi»?[1]
Albatta, keksa avlodga mansub kishilar Molotovni yaxshi eslashadi. Ayni zamonda, ular ham sobiq Bosh vazirning keyingi yigirma-o‘ttiz yil ichida hayoti qanday kechganligini, hattoki tirik yoki marhumga aylanganini deyarli bilishmasdi. Shuning uchun ham ular 1930—1941 yillarda Xalq Komissarlar Sovetining Raisi bo‘lib ishlagan Molotov 97 yoshida vafot etgani haqida 1986 yilning oxirida SSSR Ministrlar Soveti e’lon qilgan qisqa xabarni katga hayajon bilan o‘qidilar. Bu xabar Molotov vafotini bildirishdan tashqari, uning nomi siyosat maydoniga qaytganini ham anglatar edi.
Molotov bolsheviklar partiyasiga 1906 yilda kirgan va chamasi, umrining oxirida eng keksa partiya a’zosi bo‘lib qolgan edi. 70-yillarning oxirida mamlakatda Faro Rizel Knunyants eng keksa partiya a’zosi hisoblanardi. Bu ayol sotsial-demokratlar harakatiga 1903 yilda qo‘shilgan edi. U 1980 yilda 97 yoshida vafot etdi. 1983 yilda — 1904 yildan KPSS a’zosi bo‘lgan Timofey Ivanovich Ivanov 99 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. 1985 yilda ana shu yoshda Anna Nikolayevna Bichkova olamdan o‘tdi, u partiyaga 1906 yilda qabul qilingandi. Mana, endi Molotov ham vafot etdi.
Molotov partiyaning eng keksa a’zosi sifatida oz yashaganiga qaramay, ko‘p yillar Lenin davridan beri MK a’zosi bo‘lgan yagona siyosiy arbob hisoblanib keldi. Ana shu yillarda faoliyat ko‘rsatgan MK a’zolarining juda oz ismgina tabiiy ajali bilan vafot etdi. Ko‘pchiligi otildi yoki turma va lagerlarda halok bo‘ldi. Molotov esa ana shu kishilarning mahv etilishiga katta hissa qo‘shgan edi.
LENIN DAVRIDAGI FAOLIYaTI
Molotovning haqiqiy familiyasi Skryabin. Bolshevik gazetalarda bosilgan har xil kichik xabar va maqolalari turli taxalluslar ostida e’lon qilingan. Faqat 1919 yilda ishchilarning xo‘jalik faoliyatida qatnashishiga doir risolaga u “Molotov” taxallusini qo‘yadi. Shundan boshlab bu nom familiyaga aylanib ketdi.
Ko‘pchilik negadir, Molotov dvoryanlar oilasidan chiqqan deb, o‘ylaydi. Aslida unday emas. U 1890 yilning 9 martida Vyatka guberniyasidaga Kukarka qishlog‘ida tug‘ilgan, kelib chiqishi Nolinsk shahridan bo‘lgan meshchan Mixail Skryabinning uchinchi o‘g‘li edi. Molotovning o‘ziga to‘q otasi o‘g‘illarini yaxshi o‘qitgan. Vyacheslav Qozondagi bilim yurtini bitirib, hatto musiqiy ma’lumot ham olgan edi. Bu davrda Rossiyada dastlabki inqilob ro‘y bergan, qozonlik yoshlarning ko‘pchiligi keskin o‘zgarishlar tarafdori edi. Molotov to‘garaklardan biriga kirib, marksistik adabiyotlarni o‘rgana boshlaydi. Bu yerda u boy savdogarning o‘g‘li, yirik mulk merosxo‘ri bo‘lishiga qaramay, 1905 yilda Qozondagi bolsheviklar guruhiga kirgan Viktor Tixomirnov bilan do‘stlashadi. Tixomirnovning da’vati bilan Molotov ham 1906 yilda ana shu guruhga qo‘shiladi. 1909 yilda Molotov qamoqqa olinadi va Vologdaga surgun qilinadi. Surgun muddati tugaganidan keyin u Peterburgga kelib, Politexnika institutiga o‘qishga kiradi. 1912 yilda poytaxtda birinchi ochiq bolshevik gazeta “Pravda” nashr etila boshlaydi. Uning tashkilotchilaridan biri Tixomirnov bo‘lib, u gazeta xarajatlari uchun katta mablag‘ ajratgan edi. Tixomirnov gazeta ishiga Molotovni ham tortadi va u matbuotda maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. Keyinroq, 30-yillarda Molotov do‘stining qizi — balet raqqosasi I.Tixomirnovaga har jihatdan homiylik qilgani ma’lum.
Urush arafasida partiya yetakchilarining ko‘pchiligi qamalgani yoki xorijga ketib qolgani tufayli Rossiyadagi juda ko‘p bolshevik tashkilotlar rahbarsiz qolgan edi. 1915 yilning kuzida Petrogradda A.Shlyapkikov boshchiligada MKning Rus byurosi qayta tuziladi. Bir yildan keyin uning safiga yigirma olti yoshli Molotov ham a’zo bo‘ladi. Fevral inqilobi davrida u ko‘zga ko‘rinarli siymo bo‘lib qolgan edi. U 1917 yilning martida “Pravda” tahririyati va Petrograd Soveti ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylanadi.
Ammo bu yillarda Molotov partiya rahbarligida faqat ikkinchi o‘rinlarni egallab keldi. Unda notiqlik iste’dodi ham, katta iroda va inqilobiy jo‘shqinlik ham yo‘q edi. Shuning uchun u 1917 yildagi qaynoq inqilobiy harakatlarda va fuqarolar urushi davrlarida deyarli ko‘zga ko‘rinmadi. Ammo Molotov itoatgo‘yligi, sabr-bardoshi, tirishqoqligi bilan doim ajralib turardi. Bundan tashqari, u oliy texnika ma’lumotiga ega edi. 1918 yilda Molotov Shimoliy hududlarda Xalq Xo‘jaligi Kengashini boshqardi. Hudud tarkibiga sobiq Rossiyadagi 7 guberna va Kareliya Mehnat kommunasi kirardi. 1919 yilda u Volga bo‘yidagi xo‘jalik va sovet tashkilotlarini tiklash ishlariga rahbarlik qildi. 1919 yilning yozida Molotov “Qizil yulduz” tashviqot kemasida safar qilib, N.K.Krupskaya bilan tanishadi. Lenin bilan esa 1917 yilning aprelida uchrashgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Molotov bilan mahalliy rahbarlar o‘rtasida keskin ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Shu tufayli uni Volga bo‘yidan chaqirib olib, Ukrainaga jo‘natishadi. Bu yerda ham u uzoq ishlamaydi. 20-yillarda RKP(b)ning markaziy apparati anchagina kengayib ketgan edi. Zero, bir partiyali tizim shuni taqozo qilardi. Buning ustiga, 1919 yil martda Ya.M.Sverdlov vafot etdi. U partiya apparatining yagona va murosasiz rahbari bo‘lib kelgani ma’lum. Shundan keyin MK Kotibiyatining kollegial asosda ishlaydigan markazini tuzishga qaror qilindi va 1920 yilda N.N.Krestinskiy, Ye.A.Preobrajenskiy va L.P.Serebryakovlardan iborat MK Kotibiyati saylandi. Ularning hammasi Trotskiyga tarafdor edilar. “Kasaba munozarasi”dan keyin Lenin Kotibiyat tarkibini butunlay yangilashga qaror qildi. Ammo bu ish Trotskiy guruhi RKP(b)ning X s’ezdida mag‘lubiyatga uchragandan keyingina amalga oshirildi. Yangi Kotibiyat va MKga Molotov ham saylandi. Endi u faqat MK kotibigina emas, Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod ham edi. Molotov kotibiyatda idora ishlarining mohir ustasi sifatida tanildi, ammo unda hamon mustaqillik va obro‘ yetishmas edi. Lenin undagi o‘ta rasmiyatchilikni mutlaqo yoqtirmasdi, bu illat esa RKP(b) tarkibiga keyin qo‘shilgan ko‘pgina yordamchi bo‘limlarda ishlayotgan xodimlar faoliyatiga xos umumiy nuqson hisoblanardi. 1922 yilning ko‘klamida Kotibiyatni qayta tuzish, huquq va vazifalarini kengaytirish hamda unga Siyosiy byuro a’zolaridan birini boshliq qilib tayinlashga qaror qilindi. Zinovev va Kamenev Stalin nomzodini ilgari surdilar. Lenin bu taklifga rozi bo‘ldi.
STALIN BILAN YoNMA-YoN
MKning yangi Kotibiyati XI s’ezddan keyin Stalin, Molotov, va Kuybishevdan iborat qilib belgilandi. Endi Bosh kotib bo‘lib qolgan Stalin faqat sadoqati uchungina Molotovga yon bosmagani ma’lum. Stalin Molotovning ishchanligi va rasmiy intizomga qattiq amal qilishini qadrlardi. U birinchi o‘rinlarga intilmas edi, ishchi va dehqonlar orasida esa umuman ko‘rinmasdi. Ammo unda Stalin toqat qilolmaydigan son-sanoqsiz idoraviy yumushlarni qoyillatib bajarish layoqati bor edi. Idora ishlarini xush ko‘rmaydigan birinchi avlodga mansub bolsheviklar Molotovga, “orqasi tosh” degan haqoratomuz laqab berishgan.
V.I.Leninni dafn etish marosimida Molotov Siyosiy byuro a’zolari va a’zolikka nomzodlar qatorida tobutni ko‘tarib borgan. “Pravda” muxbirlari 1924 yil 28 yanvarda shunday yozishgandi: “Soat 4. Stalin, Zivovev, Kamenev, Molotov, Buxarin, Rudzutak, Tomskiy va Dzerjinskiy o‘rtoqlar tobutni ko‘tarishdi va, Qizil Maydon bo‘ylab yurib, Vladimir Ilich jasadini mavzoleyga olib kirishdi. Oldinda bayroqdorlar borishardi”.
20-yillarda biz Molotovni deyarli har doim Stalin yonida ko‘ramiz. U dastlab trotskiychilarga, so‘ng zinovevchilar va “birlashgan” muxolifatchilarga qarshi faol kurashdi. S’ezdlarda u, odatda, tashkiliy masalalar bo‘yicha doklad qilar, maqolalari bilan “Pravda” gazetasida tez-tez qatnashar, ketma-ket “Partiya amaliyoti masalalari”, “Partiya va Lenin da’vati”, “Inqilob davrida Lenin va partiya”, “Partiyaning qishloqdagi siyosati” singari risolalar chiqarib turardi. Molotov hech qachon agrar masalalar bilimdoni bo‘lmaganiga qaramay, 1924 yildan boshlab MKning qishloq ishlari Komissiyasiga rahbarlik qildi. 1928—1929 yillarda Siyosiy byuroning to‘la huquqli a’zosi sifatida “o‘ng og‘machilar”ga qarshi kurashda hech ikkilanmasdan Stalinni qo‘llab-quvvatladi.
Moskva partiya tashkilotining o‘ng qanotiga, ayniqsa, uning yetakchisi N.A.Uglanovga qarshi murosasiz kurashda u katta jonbozlik ko‘rsatdi. Partiyaning XV s’ezdida Molotov dehqonlardan g‘allani majburiy ravishda tortib olishni rasman qoralagan hamda bunday tadbir “Sovet davlatining buzilishiga” olib keladi deb ta’kidlaganiga qaramay, bir oydan keyin mutlaqo boshqa yo‘lga o‘tib oldi va g‘alla tayyorlashda favqulodda choralar ko‘rishga qarshi chiqqan VKP(b) Moskva shahar qo‘mitasi plenumi qarorini keskin tanqid qildi. Molotov bu o‘rinda ham “xo‘jayin” izidan bordi. 1928 yilda u Markaziy Komitetning kotiblaridan biri bo‘lib qolgani holda VKP(b) Moskva shahar qumitasi (MShQ) birinchi kotibligiga saylangandi. “Moskovskaya pravda” gazetasida uning rahbarlik faoliyatiga doir qiziqarli dalillar keltirilgan: Molotov haqiqatan ham Moskva shahar qo‘mitasining birinchi kotibi sifatida ish boshlagandan keyin bir yuz yigirma kun ichida Moskva partiya tashkiloti rahbariyatini deyarli “ag‘dar-to‘ntar” qilib, poytaxt kommunistlarini “dohiy” atrofida “birlashtirishga” erishadi. MShQdagi oltita bo‘lim mudiridan to‘rttasi ishdan bo‘shatiladi, poytaxtdagi oltita raykom kotibidan faqat ikkitasigina partiyaviy ishni davom ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Avvalgi saylov bilan qiyoslaganda, MShQ byurosi tarkibi 60 foiz yangilanadi. Moskva partiya tashkilotiga saylangan 157 a’zodan faqat 58 tasigina eski tarkibdan qolgan edi. MShQ tarkibidan Buxarin, Ryutinlar chiqarib yuborildi, ularning o‘rnini Kaganovich singari sadoqatli stalinchilar egalladilar. Poytaxt partiya tashkilotidagi “qaltis tugun”ni uzib tashlash haqida Stalin bergan topshiriq muvaffaqiyatli bajarildi[2].
Ishchanligiga qaramay, so‘xtasi sovuq, hech qanday hissiyotga berilmaydigan Molotov Stalinning barcha topshiriq va ko‘rsatmalarini so‘zsiz ado etar edi. Stalin ham bu sadoqatni qadrlagan. A.I.Rikov iste’fosidan keyin bo‘shab qolgan Xalq Komissarlar Soveti Raisi lavozimiga Stalin aynan Molotov nomzodini taklif qildi va uni Sovet hukumati boshlig‘iga aylantirdi. VKP(b) MK; va MKKning 1930 yil dekabrdagi majlisida Molotov nutq so‘zlab, shunday degan edi:
“Hozir yangi lavozimga tayinlanishim munosabati bilan o‘zim va ishlarim haqida bir-ikki og‘iz so‘zlamasdan o‘tolmayman… Kommunist sifatida Lenin boshlagan ishlarni munosib davom ettirishdan boshqa yuksak maqsadim yo‘q. Men qisqa muddat Lenin bilan birga ishlashga muyassar bo‘ldim. So‘nggi yillar ichida bevosita Leninning eng yaxshi shogirdi o‘rtoq Stalin rahbarligidagi bolsheviklar maqtabidan ta’lim olib, ishlab kelmoqdaman. Men bu bilan faxrlanaman. Shu paytgacha partiya xodimi sifatida ishlagan edim. Sizlarni ishontirib aytamanki, o‘rtoqlar, Sovnarkom ishiga ham partiya xodimi sifatida, partiya va uning Markaziy Komiteti irodasini bajaruvchi rahbar sifatida o‘taman”.
Birinchi va ikkinchi besh yilliklar davrida sovet sanoatini yaratishdagi asosiy og‘irlik xalq komissarlari va ularning yetakchi yordamchilari zimmasiga tushtan bo‘lsa-da, Molotov ham ko‘p ishlarni bajardi. Ammo u hamma bilan chiqishib ketavermasdi, ayniqsa, Og‘ir sanoat komissari G.K.Orjonikidze, xalq komissari S.S.Lobov va boshqalar bilan tez-tez ziddiyatlarga borib turardi. Ammo Stalin deyarli hamma vaqt Molotovga yon bosardi. Molotovning intilish va sadoqati bilan birga bo‘yi pastligi ham Stalinga yoqar edi. Pakana va cho‘tir bu diktator yirik gavdali, hushqomat, ko‘rkam odamlarga toqat qilolmasdi. Shoir O.Mandelshtamning Stalinga bag‘ishlangan va keyinchalik o‘z boshiga yettan mashhur she’ridagi:
Tegrasi serta’zim dahochalardir,
Beayov mahv etar ularni bir-bir, —
misralarida Mandelshtamning bevasi guvohlik berishicha, Molotov nazarda tutilgan.
“Osip Molotovning yoqasidan chiqib turgan qiltiriq bo‘yni va kichkina boshini nozik ilg‘ab olgan edi”, deb yozadi u xotiralarida[3].
MOLOTOV QAMOQ SIRTMOG‘IDA
1930—1931 yillarda o‘tkazilgan kollektivlashtirish, boy hamda o‘rtahol dehqonlarni ko‘plab surgun qilish davrida Molotov cheksiz huquqlarga ega bo‘lgan favqulodda vakil sifatida mamlakatning turli hududlariga xizmat safariga yuborildi. Ayniqsa, uning 1932 yilda Ukrainada bo‘lib, janubiy viloyatlarda g‘alla tayyorlashga rahbarlik qilishi mudhish oqibatlarga olib keldi.
1931 yil dekabri oxirida Ukrainaga kelgan Mologov UKP(b) MK Siyosiy byurosi majlisida nutq so‘zlab, g‘alla tayyorlash rejasining bajarilishi mutlaqo qoniqarsiz ekanligini, hatto u barbod bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U “maxsus choralar” ko‘rish va “sinfiy dushmanlarga nisbatan bolsheviklarcha hushyorlikni” kuchaytirishni talab qildi. Har qanday sharoitda rejani bajarish talabi jazo choralari qo‘llashni bildirardi. G‘alla tayyorlashni nazorat qilish maqsadida 1932 yil oktyabrda Molotov Ukrainaga yana keldi. Uning bevosita ishtirokida bir qancha zo‘ravonlik tadbirlari amalga oshirildi. Molotov ishtirok etgan Ukraina Siyosiy byurosining navbatdagi majlisida reja bajarilmayotgani uchun mahalliy partiya tashkilotlari aybdor deb topildi. Ayni zamonda, g‘allani topshirishdan bosh torttan yakka xo‘jaliklarga nisbatan ogohlantirish, jarima solish va sudga tortish kabi ma’muriy choradar qo‘llashga qaror qilindi. Maxsus ko‘rsatmaga muvofiq, yerlarni tortib olish va viloyat hududidan haydab chiqarish tartibi belgilandi. Shundan keyin Molotov ishtirok etgan Ukraina Siyosiy byurosining 17-18 noyabrdagi maxsus majlisida qarzdor kolxozlarga nisbatan ayovsiz choralar qo‘llash tavsiya etildi. Qatag‘on choralarini joriy etishda Kaganovich komissiyasi Shimoliy Kavkazda ishlab chiqkan “boy” tajribalardan foydalanildi. Qishloq kommunistlari orasida ommaviy tozalash o‘tkazish mo‘ljallandi[4]. Molotov amalga oshirgan “agrar siyosat” minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lib, minglab qalblarni jarohatladi. Ammo g‘alla tayyorlash kampaniyasining oqibatlari juda dahshatli chiqdi. Ukraina millionlab odamlarni domiga tortgan mudhish ocharchilik iskanjasiga tushib qoldi.
Qilmish-qidirmish deganlaridek, 1936 yilda Stalin, Yejov, Yagodalar rahbarligida Zinovev — Kamenev guruhi ustidan “ochiq” sud jarayoniga tayyorgarlik ishlari borayottan kunlarda Molotovning boshida ham qora bulutlar aylanib qoldi. U bilan Stalin o‘rtasida mazkur masalada kandaydir kelishmovchiliklar bor edi. Bu haqda bir vaqtlar Ispaniyada ishlagan va naqd o‘lim kutayotganini sezib, SSSRga qaytishdan voz kechgan yirik sovet razvedkachisi, NKVD ning sobiq generali Aleksandr Orlov (Lev Feldbin) 1953 yilda AQSh da bosilib chiqqan kitobida yozgan edi[5]. U AQShda ham amerika hukumatidan yashirinib yashadi va Stalindan keyin yana yigirma yil umr ko‘rishga muyassar bo‘ldi. A.Orlov shunday guvohlik beradi:
“Trotskiychi—zinovevchi markaz”ning sud jarayoniga doir rasmiy hisobotlarida “markaz” o‘ldirishni rejalashtirgan arboblar qatorida biron joyda ham Molotov familiyasi tilga olinmaydi. Holbuki, Molotov mamlakatda Stalindan keyin birinchi o‘rinda turar va sovet hokimiyatining boshlig‘i edi. Sudlanuvchilar Stalin, Voroshilov, Kaganovich, Jdanov, Orjonikidze, Kosior va Postishevlarga qarshi “terrorchilik hujumlari tayyorlashganligiga” iqror bo‘lishar, ammo Molotov har gal bunday yovuz niyatlardan chetda qolardi. Bu yerda hech qanday sirli narsa yo‘q. Tergov boshlangandayoq NKVD xodimlariga qamoqqa olinganlardan Stalin hamda boshqa barcha Siyosiy byuro a’zolariga nisbatan terrorchilik hujumlari tayyorlanganini tasdiqlashga erishish vazifasi topshirilgan edi. Ana shu ko‘rsatmaga muvofiq Mironov Reyngoldni keksa bolsheviklarga qarshi guvohlik berishga ko‘ndiradi va u… muxolifatning sobiq a’zolari Stalin, Molotov, Voroshilov, Kaganovich, Kirov va boshqa dohiylarni o‘ldirmoqchi bo‘lganligini tasdiqlaydi. SSSRda yuqoridagi familiyalar qat’iy belgilangan tartibda sanalishi lozim edi, bu esa har bir “dohiy”ning partiya rahbariyatidagi mavqeini ko‘rsatardi; ana shu tartibga muvofiq Reyngoldning ko‘rsatmalarida Molotov tabiiy ravishda Stalindan keyin tilga olingandi. Ammo bu ma’lumotnoma tasdiqlash uchun Stalinga taqdim etilganda, u o‘z qo‘li bilan Molotovni o‘chirib tashlaydi. Shundan keyin tergovchilarga Molotov nomini biron-bir ma’lumotnomaga kiritmaslik haqida topshiriq beriladi.
Bu holat NKVD rahbarlari orasida turli shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Mantiqan olib qaraganda, Molotovni ham fitna ishtirokchisi sifatida qamoqqa olish va sudda Zinovev, Kamenevlar qatoriga o‘tkazish uchun buyruq berish lozim edi. Tergovchilar orasida Molotov uy qamog‘iga olingan degan gap tarqaladi. NKVDda Yagodani hisobga olmaganda, deyarli hech kim Molotov ne sababdan Stalinning g‘azabiga duchor bo‘lganini bilmas edi. Shu paytlarda keng tarqalgan ovozalarga ko‘ra Molotov keksa bolsheviklar ustidan o‘tkazilayottan bu sharmandali sud jarayonini to‘xtatishga da’vat etgan. Bu, albatta, Stalinga yoqmagan edi.
Tez orada Molotov dam olish uchun janubga jo‘nab ketadi. Bu kutilmagan safar ham NKVD rahbarlari tomonidan yomon alomat rivojlanib borayotgan dramaning oxirgi sahnasi sifatida qabul qilinadi. Stalin o‘z odatiga ko‘ra Xalq komissari yoki Siyosiy byuro a’zosini xizmat vazifasini bajarish paytida qamoqqa oldirmasligi hammaga ma’lum edi. Yon-atrofidagi safdoshlaridan birontasini qamoqqa olishdan oldin Stalin ularni dam olishga jo‘natar yoki falonchi yangi mansabga tayinlangani haqida gazetada e’lon chiqartirardi. Buni yaxshi bilgan NKVD rahbarlari Molotovni qamoqqa olish haqidagi buyruqni kuta boshladilar. “Organ”da uni ta’tildan keyin Kremlga emas, Lubyankaning ichki turmasiga jo‘natiladi degan qat’iy ishonch ustuvor edi.
Stalin deyarli olti hafta hayot va o‘lim oralig‘ida ushlab turgandan keyingina Molotovni “kechirish”ga qaror qiladi. Harqalay, Molotov unga zarur edi. Stalin yig‘ib olgan malakasiz, bilimi past Siyosiy byuro a’zolari orasida Molotov alohida ajralib turardi. U favqulodda darajada ishchan edi. Mamlakatni boshqarishdagi og‘ir idoraviy ishlardan u Stalinni xalos qila bilardi. Bundan tashqari, Siyosiy byuro a’zolari orasida Stalindan tashqari faqat Molotovgina o‘zini tom ma’noda eski bolshevik deb hisoblashga haqli edi, chunki u inqilobgacha partiya tarixida sezilarli iz qoldirgandi.
Molotov ta’tildan keyin Xalq Komissarlar Sovetining Raisi sifatida xizmat vazifasini bajarishga kirishdi. NKVDning yuqori mansabdorlari bu yangiliqdan hayratda qoldilar. Bu — Stalin bilan Molotov vaqtincha bo‘lsa-da, yarashuvga erishganlishni ko‘rsatardi”[6].
OMMAVIY QATAG‘ONLARNING FAOL IShTIROKChISI
Yuqoridagi qaltis vaziyatdan keyin Molotov qatag‘on tadbirlariga qarshi e’tiroz bildirmadi, aksincha, 1937—1938 yillardash ommaviy qirg‘inlarni tashkil etishda faol ishtirok etdi.
1935 yilda SSSR Xalq Komissarlari Sovetiga a’zo bo‘lgan 25 komissardan qatag‘on yillarida faqat Mikoyan, Voroshilov, Kaganovich, Litvinov va Molotovgina omon qolgan edi. 1938 yilning boshida Xalq Komissarlari Soveti a’zosi bo‘lgan 28 rahbardan yigirmatasi qatag‘onga uchradi. Molotov bu dahshatli xunrezlikning oddiy kuzatuvchisigina emas edi. Qirg‘in g‘ildiragini aylantirishda u Stalin, Yejov va Beriyaga yaqindan yordam berdi. Aynan Molotov MKning fevral-mart plenumida (1937 yil) katga nutq so‘zlab, butun partiyani “buzg‘unchilar” va “josus”larga qarshi murosasiz kurashga da’vat qildi, ya’ni “cho‘ntagida partiya biletini solib olib, partiya yo‘nalishi va manfaatlarini yoqlaymiz deb ayyuhannos soladigan “buzg‘unchi”larni fosh etishga chorladi. Bu nutq “Yapon-nemis trotskiychi ayg‘oqchilarning buzg‘unchilik, diversiya va josuslik faoliyatini fosh etish saboqlari” nomi bilan alohida kitobcha tarzida bosilib chiqdi. Molotov Stalindan keyin qamokqa olinganlar ro‘yxatiga imzo chekar ekan, ba’zi familiyalar qarshisiga haqoratomuz so‘zlar bitib qo‘yishdan tap tortmas edi. U SSSR Xalq Komissarlar Soveti mahkamasidagi ko‘plab qamoqqa olishlarning tashabbuskoridir. Uning talabi bilan G.I.Lomov, K.V.Uxanov, shuningdek, Ural va Sverdlov obkomining birinchi kotibi I.D.Kabakov hamda ko‘plab oblast’ ijroiya qo‘mitalari raislari hibsga olindi.
Sudlar, “troyka”lar avj olib ketgan ommaviy qatag‘on ishlarini ko‘rib ulgura olmas edi. Bu “jarayon”ni soddalashtirish va tezlashtirish utun Molotov har bir shaxs ishini alohida ko‘rib o‘tirmasdai umumiy ro‘yxat bo‘yicha sudlash va jazolash haqida “ixtirochilik taklifi”ni ilgari surdi.
Qamoqqa hukm qilinganlar ro‘yxatini tasdiqlash paytida Molotov ayrim familiyalar qarshisiga “VMN” (“vыsshaya mera nakazaniya”) — “otishga hukm qilinsin” deb yovuz belgi qo‘ygan holatlar ham bor. Shu bilan birga, yuqorida ta’kidlaganimizdek, Molotov qo‘li bilan boshqa keskin yozuvlar ham bitilgan. Masalan, Stalinning “Lomovga qanday chora qo‘llaymiz?” degan so‘roviga u hech ikkilanmay: “Ablah Lomovni zudlik bilan qamoqqa olish kerak”, deb javob qaytargan.
Ilgari “Spartak”ning mashhur o‘yinchisi bo‘lgan Nikolay Starostin o‘z xotiralarida Molotov tarjimai holida juda kam uchraydigan bir hodisani keltiradi: Beriya aka-uka Starostinlarga qarshi sportchilar orasida terrorchilik tashkiloti tuzgan degan soxta ayb qo‘zg‘atadi. Ammo ko‘z ko‘rmagan, quloq eshshmagan voqea yuz beradi: Molotov ularni qamoqqa olish haqidagi bayonnomaga imzo chekmaydi. Kamyob hodisa — Beriya mo‘ljalini amalga oshirolmaydi[7].
Ommaviy qatag‘on yillarida oddiy kommunistlar hamda ko‘plab mashhur fan va madaniyat arboblari qamoqqa olingan yoki nohaq ta’qib etilayotgan kishilarni himoya qilishni so‘rab faqat Stalinga emas, Molotovga ham, Kalininga ham ko‘plab murojaat qilishgan. Ayniqsa P.L.Kapitsa taniqii sovet olimlarini himoya qilish uchun ko‘p uringan. Uning Molotovdan boshqalarga qilgan aksari murojaatlari yaxshi natija bergan. Ammo yirik sovet matematigi, akademik N.N. Luzinga nisbatan matbuotda keng avj oldirilgan bema’ni hujumlarni to‘xtatishni so‘rab Molotovga qilgan murojaati esa quyidagi imzo bilan Kapitsaga qaytarilgan: “Keraksizligi uchun fuqaro Kapitsaga qaytarilsin. V.Molotov.”[8]
Molotov bilan buyuk rus olimi I.P.Pavlovning yozishmalari ham nihoyatda g‘alati. Yozishmalarga S.M.Kirovning o‘ldirilishi va ommaviy qatag‘onlar kampaniyasining boshlanib ketishi sabab bo‘lgan. 1934 yil 21 dekabrda yozilgan xatida I.P.Pavlov o‘ziga xos dadillik bilan mamlakatda bo‘layotgan dahshatli hodisalarni ro‘yirost ochib tashlaydi: “Sizlar tajriba o‘tkazayapsizlar… barcha madaniy qatlamlarni va butun madaniy hayot go‘zalligini yo‘q qilib o‘tkazilayotgan bu tajriba juda qimmatga tushadi (masalaning butun mohiyati shunda). Biz aslo kamaymayotgan terror va zo‘ravonlik zug‘umi ostida yashadik va yashayapmiz.” Rus olimining izchillik va murosasizlik ruhidagi axloqiy e’tiqodi Molotovning chalkash va g‘ayriilmiy mavhum so‘zlar bilan to‘lib- toshgan mirquruq javobiga to‘g‘ri keladi. U “muvaffaqiyat bilan barpo etilayotgan sinfsiz sotsialistik jamiyat” haqida, “ozod mehnat” va “yangi dunyo dushmanlariga qarshi kurashdagi qiyinchiliklar”ga qaramasdan yaratiladigan chinaqam yuksak madaniyat” haqida safsata sotadi[9]. Molotov ana shu ruhda davlat manfaatlarini ro‘kach qilib, Leningradda amalga oshirilayotgan ko‘p sonli qatag‘onlarni oqlaydi. I.P.Pavlov aynan ana shu nohaqliklarga qarshi muntazam norozilik bildirib kelayotgan edi.
Shuni ham aytish kerakki, ko‘plab qamoqqa olingan va nohaq ta’qibga uchraganlar yordam so‘rab Molotovga tinimsiz murojaat qilishardi. Ular orasida o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagani uchun ayovsiz qiynoqlarga duchor bo‘lib, umidsizlikka tushgan V.E.Meyerxoldning maktubi ham bor. Ochig‘ini aytganda, bu xat ham boshqa minglab maktublar kabi egasiga yetib bormagan yoki javobsiz qoldirilgan edi.
Ma’lumki, N.S.Xrushchev 1938 yilda Ukraina Kompartiyasi MKning Birinchi kotibligiga saylangan davrda bu respublikadagi barcha partiya va davlat arboblari butunlay yo‘q qilingandi. Molotov va Kaganovichlar Ukrainadagi bu qatag‘on kampaniyasining bosh dirijyorlari va rahbari edilar. 30-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab Molotov hech shubhasiz, davlatdagi ikkinchi shaxsga aylangan va nihoyatda katta hokimiyat egasi edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin horijga ketib qolgan iqtidorli sovet sozandasi Yuriy Yelagin 1952 yilda “San’atning bo‘ysundirilishi” nomli kitobini e’lon qiladi. Yelagin Vaxtangov teatriga Molotovning tashrifini batafsil hikoya qiladi:
“1938 yilning kuzida, yangi mavsum boshlangan kunlarning birida, men odatdagidek, kechki spektaklga yo‘l oldim. Bu paytlarda deyarli bo‘sh bo‘ladig‘an Vaxtangov ko‘chasida harbiy etik va oddiy palto kiygan kishilar ohista yurib, o‘tgan-ketganlarni diqqat bilan kuzatishayotganini sezib qoldim. Yaqinda qurib bitkazilgan hukumat lojasiga kiriladigan katta eshik oldida bir necha avtomobil turardi.
…Odatda kulgi, hazil-huzul arimaydigan yechinish joyidagi sukunat va jiddiy vaziyatdan hayron qoldim. Men yechindim va skripkamni qo‘lga olib, ichkariga kiriladigan eshikka qarab yurdim.
— Hujjatlarinshzni ko‘rsating, o‘rtoq, — past, ammo nihoyatda qat’iyatli tovush eshitildi. Shundagina eshik oldida turgan ko‘k kostyum va harbiy galifedagi kishiga ko‘zim tushdi. U ichkari kirayotganlarni to‘xtatib, hujjatlarini tekshirayotgan edi. Noroziligimni ichimga yutib, teatr guvohnomasini galife kyygan kishiga uzatdim. U hujjatga sinchiklab uzoq tikildi, fotosurat bilan tashqi qiyofamni chog‘ishtirib ko‘rdi va sekin:
— O‘ting, — deb orkestr tomonga, teatrdagi yetti yillik xizmatim davomida har kuni kechqurun bemalol kelib-ketadigan joyimga o‘tishga ruxsat berdi. Bunday muomalaga o‘rganmagan ba’zi artistlar ochiqchasiga norozilik bildirishdi.
— Nega men o‘z teatrimda hujjat ko‘rsatishim kerak? — dedi artist Shuxmin galifeli kishiga. — Men shu yerda yigirma yildan beri ishlayman. Bu yerdagi it ham meni taniydi. Sizni esa tanimayman, umrimda birinchi marta ko‘rib turishim.
— Hujjatingizni ko‘rsating, — yanada sekin va qat’iy gapirdi galifeli kishi. — Aks holda slektaklda qatnashish uchun ichkariga qo‘yilmaysiz za progulchi sifatida ishingiz sudga oshiriladi.
… Men o‘z o‘rnimga o‘tayotganimda, devor yonida turgan notanish shaxs yo‘limni to‘sdi.
— Sizga bu yerda nima kerak, o‘rtoq? — Bu savolni men emas, u berayotganidan g‘alati bo‘lib ketdim.
— Men orkestrda soz chalamai, — javob berdim. — Skripkani sozlashim zarur.
— Hali erta, o‘rtoq, — dedi notanish shaxs. — Joyni bo‘shatib qo‘ying.
Spektakl boshlangandan keyin bu notanish ayol burchakda, har birimizning harakatimizni sinchiklab kuzatib, kontrabas yonidagi stulda jim o‘tirdi. Musiqali chiqishlar oralig‘idagi tanaffus paytlarida biz orkestr to‘sig‘iga borib sahnani kuzatishni yaxshi ko‘rardik. Kimdir yana shunday qilmoqchi bo‘ldi. Ammo notanish ayol yashin tezligida stuldan sakrab turdi va qiziquvchan do‘stimizning yo‘lini to‘sib, qisqa, ammo keskin: — Joyingizga borib o‘tiring, o‘rtoq, — deb buyurdi.
Shu kuni spektaklimizni ko‘rish uchun yangi hukumat lojasiga Molotov mehmon bo‘lib kelgan edi”[10].
Faqat Stalin emas, Molotov ham 1937 yilda mamlakat bo‘ylab kent miqyosda o‘tkazilayotgan qatag‘ondan yaxshi xabardor edi. D.A.Volkogonov guvohlik berishicha, SSSR Oliy sudi raisining o‘rinbosari V.Ulrix Vishinskiy bilan birga sud jarayonlari va hukmlar haqida Stalinga (ko‘pincha Molotov va Yejov ishtirokida) muntazam ma’lumot berib turgan. Ulrix 1937 yil davomida “josuslik — terrorchilik va diversiyachilik faoliyati” uchun jazoga tortilganlarning umumiy soniga doir “axborot”ni har oyda taqdim etib borgan[11].
1937 yilda Moskvada arxitektorlarning Birinchi Butunittifoq s’ezdi bo‘lib o‘tadi. S.E.Chernishevning guvohlik berishicha (u Molotov huzuriga borgan s’ezd delegatlari tarkibida bo‘lgan), arxitektorlardan biri SSSR da xorijiy mutaxassis sifatida ishlagan nemis me’mori Ernst May tomonidan qurilgan binoni tanqid qila boshlaydi.
— Chiqarib yuborganimizga afsuslanaman, — ta’kidlaydi Molotov. — O‘n yilga qamash kerak edi.
Xullas, 30-yillarda Molotov mamlakatda katta hokimiyat egasi edi. Uning 50 yoshga to‘lgan kuni — 1940 yil mart oyida yuksak hukumat mukofotlari va qizg‘in tabriklar bilan keng nishonlandi. Mamlakatdagi yirik sanoat shahri Perm Molotov nomi bilan ataldi. SSSR xaritasida uchta Molotovsk, ikki Molotovobod, Molotov burni va Molotov cho‘qqisi paydo bo‘ldi. Bunga yana “Molotov nomidagi” minglab kolxozlar, muassasalar va institutlarni ham qo‘shish lozim.
MOLOTOV – RIBBENTROP PAKTI
30-yillarda Molotov ham Siyosiy byuro a’zosi, ham Xalq Komissarlar Sovetining raisi sifatida tashqi siyosatga bog‘liq turli masalalar bilan faol shug‘ullandi. U Tashqi ishlar komissari M. M Litvinovning fikri va takliflariga hamisha qo‘shilavermasdi. Molotov bilan Litvinov orasidagi munosabatlar haqida Tashqi ishlar xalq komissarligining mas’ul xodimi Ye.A.Gnedin shunday guvohlik beradi:
“Poupning Amerikada bosilgan “Litvinov” kitobida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan mulohazalar bor, go‘yo Litvinov o‘zining vorisi sifatida “do‘sti” Molotovni Xalq komissarligi lavozimiga taklif qilgan emish. Litvinov bizga Molotov bilan munosabatlari to‘g‘risida hech qachon gapirmagan bo‘lsa-da, ular o‘rtasida sovuqlik borligini bilar edik. Litvinov fitnalar ustasi va terror homiylaridan biri bo‘lgan Molotovni hurmat qilmas va ochiqchasiga yoqtirmasdi. Sovnarkom Raisi bilan Tashqi ishlar komissari o‘rtasidagi ziddiyat, indallosini aytganda, markaziy diplomatik mahkamadagi ahvolga soya solib turardi. Yosh mutaxassislar Tashqi ishlar xalq komissarligidagi maosh boshqalarnikidan pastligini aytib, norozi bo‘lib yurishardi”[12].
1939 yilning mayida Litvinov Tashqi ishlar xalq komissarligidan olinib, o‘rniga Molotov tayinlandi. U Sovet hukumatining boshlig‘i lavozimida ham qoldirildi. Stalin atrofidagilar orasida faqat Molotov SSSR bilan Germaniyaning yaqinlashuviga tarafdor edi. 1937 yilda SSSRning Germaniyadagi savdo raisi D.V.Kandelaki Stalin va Molotov nomidan Gitlerning maslahatchisi, ministr Shaxt bilan SSSR va Germaniya o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash borasida muzokara olib borgan. Bu muzokaralarda Tashqi ishlar vazirligi chetlab o‘tilgan edi. Shuning uchun Molotovning Tashqi ishlar xalq komissari etib tayinlanishi Germaniya bilai muzokaralarga taklif o‘rnida qabul qilindi. G‘arb demokratiyasi uchun Stalin tomonidan Litvinovning almashtirilishi mutlaqo kutilmagan hodisa edi. Bu haqda AQShning Moskvadagi elchisi Ch.Bolen keyinchalik shunday xotirlaydi: “… Biz, elchixonadagilar, nima yuz berayotganini yaxshi bilmas edik. Britaniya elchisi Vilyam Sids bizga Litvinov almashtirilishidan bir necha soat oldin u bilan gaplashganini va bo‘lajak o‘zgarishlar haqida loaqal biron-bir imo-ishora sezmaganini aytdi. Dipkorpusning boshqa xodimlari ham shunday fikrda edi.”[13]
Tashqi ishlar xalq komissarligi mas’ul xodimi A.Roshchin Litvinov vazifasidan olingandan keyingi vaziyat haqida quyidagilarni yozadi:
“V.M.Molotov Tashqi ishlar xalq komissari etib tayinlanganligi haqidagi xabar e’lon qilingan kunning o‘zidayoq menga ko‘ng‘iroq qilishib, mahkamaga tez yetib kelishni buyurishdi. Men idoraga kelganimda qabulxonada bo‘lim mudiri va boshqarma boshliqlari, partkom a’zolari yig‘ilgan ekan. Hamma xavotirlangan holda kabinetga chaqirishlarini kutib o‘tirardi, ichkarida esa ishlarni eski rahbardan qabul qilib, yangisiga topshirishi lozim bo‘lgan hukumat komissiyasi majlis o‘tkazmoqda edi.
Xalq komissari kabinetiga ikkinchi bo‘lib meni chaqirishdi. Majlislar stolida G.M.Malenkov, V.M.Molotov, M.M.Litvinov, L.P.Beriya, V.G.Dekanozovlar o‘tarishardi. Malenkov harbiylarga xos enli kamar taqilgan yashil gimnastyorka kiygan edi. Litvinov esa idorada har doim kiyib yuradigan ko‘k kitelida edi. Molotov bilan Beriya fuqarolar kostyumi kiygan edilar. Hozirgina Tashqi ishlar komissari o‘rinbosarligiga tayinlangan Dekanozov davlat xavfsizlik xizmati ofitseri formasida edi. Litvinov meni komissiya a’zolariga tanishtirdi.
Menga savollar bera boshlashdi. Ayniqsa, Beriya faollik ko‘rsatdi. Molotov bilan Litvinov jim o‘tirishardi. Malenkov qo‘lini kamar ichiga tiqib, kabinetda yurib turar va onda-sonda savol berib qo‘yardi. Dekanozov esa, mamlakatning bunday yuksak martabali rahbarlari huzurida o‘zini ancha noqulay his qilib o‘tirardi. U kiprigi yumilmaydigan ko‘zlarini tikib, sukutga cho‘mgandi.
Beriyaning savollariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qarash lozim edi.
Keyinchalik M.M.Litvinovning nega ishdan olingani ma’lum bo‘ldi.
V.M.Molotov Tashqi ishlar komissarligining 1939 yil iyulida bo‘lgan majlisida bu haqda shunday gapirib o‘tdi: “O‘rtoq Litvinov partiya yo‘nalishini, VKP(b) MK yo‘nalishini mazkur idorada o‘tkazishni xohlamadi. Avvaliga Tashqi ishlar komissarligini… bolsheviklar yo‘lidan bormadi, desak xato bo‘ladi, ammo kadrlar tanlash va ularni tarbiyalashda bolsheviklarga zid ish yuritildi, jumladan, o‘rtoq Litvinov partiya hamda Sovet hukumatiga mutlaqo begona va dushmanlik ruhidagi odamlarni himoya qilib keldi, shu bilan birga bu idoraga yangi kelgan xodimlarga partiyaviy munosabatda bo‘la olmadi.”[14]
1937-1938 yillardagi ommaviy qatag‘on va terror davrida ko‘p diplomatlar, elchixona xizmatchilari, Tashqi ishlar komissariati xodimlari yo‘q qilingan edi. Bunday qama-qamalar 1939 yilning boshida kamaydi. Ammo Litvinov ishdan olinib, o‘rniga Molotov tayinlanishi bilanoq, yana qatag‘on avjiga chiqdi. Litvinovning ishdan bo‘shatilgani 1939 yil 3 mayda e’lon qilingan edi, 4 mayda esa bir guruh unga yaqin xodimlar, jumladan, Litvinovning kotibi bo‘lib ishlagan P.S.Nazarov qamoqqa olindi. 1939 yil iyunda Tashqi ishlar komissarliga partiya majlisida so‘zlagan Molotov Nazarovni italyan josusi deb e’lon qildi. Bu xodimlarning hammasi 50-yillarda to‘liq oqlandi[15]. Hibsga olinganlar orasida Tashqi ishlar komissarligining matbuot bo‘limi mudiri Ye.A.Gnedin ham bor edi. U Lubyanka turmasidan Molotov nomiga katta ariza jo‘natadi. Gnedinning xorijda e’lon qilingan[16] xotiralarida quyidagilarni o‘qish mumkin: “Eslashning o‘zi o‘rinsiz, ammo men shu paytda ham ishonchimni yo‘qotmagan edim. Sovnarkom Raisi nomiga keskin shaklda yozilgan murojaatnomam tergovning borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi deb umid qilgandim. Molotovning o‘zi bu ishga aralashayotganidan xabarsiz edim, turmadan chiqarilgan ariza qayerdadir ro‘yxatdan o‘tadi, o‘qiladi, deb o‘ylagandim. Keyinchalik bildimki, bizning turma va lagerlardan yuborgan ariza va shikoyatlarimiz hech qanday rol o‘ynamas ekan. Moskvaga qaytganimdan keyin Molotov kotibiyatining sobiq xodimi menga gapirib berdiki, u aybsiz qamalgan kishilarning shikoyatlarini o‘qimasligidan tashqari, ularni idoraga kelgan xatlar ro‘yxatiga kiritmaslik haqida ko‘rsatma bergan ekan. Bizni boshidayoq chiqitga chiqarishgan, aybsizligimiz haqidagi shikoyatlarimiz makulaturaga jo‘natilar ekan.”[17]
Tashqi ishlar komissarligi majlisining 1939 yil 23 iyuldagi qaroridan: “O‘rtoq Molotov boshchiligidagi yangi rahbariyat ishga kelishi bilan komissariatda bolsheviklarcha tartib yo‘lga qo‘yildi. Qisqa muddat ichida Tashqi ishlar xalq komissarligini yaroqsiz, shubhali va dushman unsurlardan tozalash bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.”[18]
Litvinov ishdan olinganini eshitgan Germaniya jadal ishga kirishib ketdi. Gitler zudlik bilan german elchisi Shulenburgga Moskvadagilarning ko‘ngliga “qo‘l solib ko‘rish” haqida ko‘rsatma berdi. Ko‘p o‘tmasdan nemis tomonining tashabbusiga ko‘ra Verner fon Shulenburg Molotov va uning o‘rinbosari V.Potyomkin bilan uchrashdi. Germaniya elchisi Molotovga Gitler Sovet Ittifoqiga nisbatan munosabatini o‘zgartirmoqchi ekanini bildirdi va Sovet hukumatidan german-sovet muzokaralarining yangi turini boshlash imkoniyatlari qandayligini surishtirdi. Molotov mujmal javob berib, Berlin takliflarini o‘rganib chiqish uchun vaqt zarurligini ta’kidladi. Щz navbatida u Shulenburg oldiga bir qancha savollar, jumladan, Germaniya Uzoq Sharqqa da’vogarlik qilayotgan yanonlarni qo‘llashdan voz kechish talabini quydi. Bu xususda Gitler bilan Ribbentrop bir to‘xtamga kelishi zarur edi. Tabiiyki, SSSR bilan Germaniya munosabatlari Moskvadagi barcha diplomatlarning diqqat markaziga chiqdi. AQShning shu paytdagi elchisi Bolen keyinchalik “Tarix guvohi” kitobida shunday yozadi:
“Moskvadagi diplomatik korpus ari uyasiga aylanib qoldi — hamma voqealar qanday rivojlanishini muhokama qilardi. Sovet-german kelishuvi naqadar xavfli ekanini biz ko‘rib turardik. Molotov ochiqdan-ochiq inglizlar va frantsuzlarga bosim o‘tkazish yo‘li bilan ularni sovet g‘arbiy chegaralarini muhofaza etishga ko‘ndirmoqchi deb qaraydiganlar ham bor edi. Boshqalar esa Stalinning asl niyati Germaniya bilan yaqinlashish degan qatiy xulosaga kelgan edilar.”[19]
1939 yildan beri Shulenburg huzurida sadoqatli va yaqin ayg‘oqchisi bo‘lgan Ch.Bolen ham shu fikrda edi.
1939 yilning iyunida Moskvada biron-bir jiddiy muzokara yoki muhim voqea ro‘y bermadi, ammo Moskva bilan Berlin o‘rtasidagi maxfiy tayyorgarlik qizg‘in bormoqda edi.
Nihoyat, 1939 yilda yozning avj pallasida Moskvada o‘tkazish mo‘ljallanayotgan mudofaa paktini muhokama qilish maqsadida britan va frantsuz delegatsiyasi dengiz orqali Leningradga yetib keldi. Bu ingliz-frantsuz delegatsiyasiga frantsuz generali va keksa ingliz admirali rahbarlik qilar, ammo ularga katta vakolatlar berilmagan edi. Stalin ular bilan muzokara o‘gkazishni Mudofaa xalq komissari K.E.Voroshilovga topshirdi. Hatto Ch.Bolen bu delegatsiyaning tarkibi va SSSRga kelishi uchun shuncha uzoq yo‘lni bosib o‘tgani ham Angliya bilan Frantsiya bu muzokaralarga jiddiy qaramaganini ko‘rsatadi, deb ochiqchasiga tan oladi. Ayni zamonda xuddi shu iyul oyida Molotov bilan Shulenburg o‘rtasidagi muzokaralar jonlanib ketadi, ular o‘zaro til topilsa, yig‘ilib qolgan ba’zi bir muammolarni muzokaralar chog‘ida yechish mumkin degan xulosaga keladilar. Avgustning boshlarida Ch.Bolen ayg‘oqchisining ma’lumotlariga tayanib, SSSR va Germaniya o‘zaro shartnomani imzolash arafasida turgani haqida o‘z hukumatini ogohlantiradi. Amerika hukumati bu haqda Angliya va Frantsiya hukumatini xabardor qiladi, ammo bu yangilik mazkur davlatlarning siyosiy pozitsiyasiga ham, Moskvadagi delegatsiyaga berilgan ko‘rsatmalarga ham zarracha ta’sir ko‘rsatmaydi. Muzokaralar hali ikki-uch oy davom etadi, deb taxmin qilgan Bolen yanglishgan edi, albatta. Stalin bilan Gitler o‘rtasidagi shubha-gumonlarga 19 avgustda nuqta qo‘yyladi va 23 avgustda Ribbentrop Moskvaga keladi deb e’lon qilinadi. Bolen guvohlik beradi:
“Olti yil davomida Gitler va natsizmga dushmanlik ruhida olib borilgan katta targ‘ibotlardan keyin voqealarning bunday keskin burilib ketishi ko‘pchilikka zilzila ro‘y bergandek ta’sir ko‘rsatdi. Shoshmashosharlik holati hatto Ribbentropni Moskvada kutib olish marosimida ham sezildi. Ruslarda natsistlarning bayrog‘i yo‘q edi. Nihoyat, svastika belgisi tushirilgan bayroq fashizmga qarshi filmni suratga olayotgan “Mosfilm” studiyasidan topildi. Sovet orkestri natsistlar gimni kuyini jadal o‘zlashtirdi. Ribbentrop aeroportga qo‘ngandan keyin bu gimn “Internatsional” bilan birga chalindi. Qisqa tantanadan keyin Ribbentropni Kremlga olib ketishdi va darhol muzokaralar boshlandi. Tungi soat ikkida o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risidagi Sovet-german pakti imzolandi[20].
Muzokaralarni Siyosiy byuro a’zolari bilan maslahatlashib o‘tirmasdan shaxsan Stalin bilan Molotovning o‘zi olib bordi. Hatto anglo-frantsuz delegatsiyasi bilan hamon muzokaralarni davom ettirayotgan Voroshilov ham bu haqda ogohlantirilmadi.
Shartnomaning Sovet Itgifoqi nomidan Molotov imzolagani ma’lum. Shuning uchun ham u norasmiy ravishda “ Molotov-Ribbentrop pakti” deb nomlanadi. Mazkur shartnomaga doir maxfiy qarorlarga ham Molotov va Ribbentrop imzo chekdilar. Shulardan biriga muvofiq Litva hududi SSSR ta’sir doirasiga kiritildi. O‘ta shoshmashosharlik bilan yana Sharqiy Yevropa va Boltiq bo‘yidagi “ta’sir doiralari” xususida bir necha maxfiy qarorlar imzolandi. Bu qarorlarning asl nusxalari sovet diplomatiya arxivlarida saqlanmagan. Ular, ehtimol urush boshlangandan keyin yo‘qotib yuborilgan bo‘lishi mumkin. 1939-1941 yilning boshlarida ro‘y bergan voqealar ana shu rasman tasdiqlangan qarorlarga tayanganiga shubha yo‘q. Bonnda ham ularning asl nusxalari topilgan emas. Ammo u yerda g‘arb tarixchilari tomonidan haqiqiy deb tan olingan asl nusxa kopiyalari mavjud. 1989 yilning may-iyun oylarida Moskvada bo‘lib o‘tgan SSSR xalq deputatlarining birinchi s’ezdida M.S.Gorbachev german kantsleri G.Kol bu nusxalarni Sovet hukumatiga taqdim etganini ma’lum qildi. Shunga muvofiq, Xalq deputatlari s’ezdida 1939—1940 yillardagi sovet-german munosabatlariga bog‘liq barcha masalalar majmuini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzildi.
SSSR xalq deputatlarining ikkinchi s’ezdida komissiya dokladiga muvofiq “Bir-biriga hujum qilmaslik haqida 1939 yilda tuzilgan sovet-german shartnomasining siyosiy va huquqiy jihatlariga baho berish” to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Unda mazkur qaror xalqaro vaziyat qaltis holatda turgan bir paytda SSSRni yaqinlashib kelayotgan urush xavfidan asrab qolish maqsadida tuzilgani qayd etildi. 1939-41- yillarda Germaniya bilan tuzilgan maxfiy qarorlarni esa s’ezd sovet tashqi siyosatiga xos insonparvarlik tamoyillaridan chekinish deb baholadi. Bu qarorlar sovet xalqidan, butun partiya va VKP(b) MK dan yashirin holda Stalin va Molotov tomonidan o‘zboshimchalik bilan tuzilgani alohida ta’kidlandi[21].
1939 yil 31 avgustda chaqirilgan SSSR Oliy Sovetining navbatdan tashqari sessiyasida Molotov hammani hayratda qoldirib, mazkur shartnoma haqida doklad qildi. Sessiya bu shartnomani bir ovozdan ma’qulladi, keyingi kuni — 1 sentyabrda esa Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Germaniya Polshaga bostirib kirdi, bir kundan keyin esa Angliya bilan Frantsiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi.
1939 yil 17 sentyabrda sovet xalqi yana Molotovning nutqi orqali Qizil Armiya G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorussiya tuprog‘iga kirganidan xabar topdi. Ana shu nutqda Molotov to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Polsha davlatining layoqatsizligi va yaroqsizligi” haqida gapirdi.
1939 yilning 28 sentyabrida Molotov Germaniya bilan tuzilgan yana bir “SSSR bilan Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik va chegaralar haqida german-sovet shartnomasi”ga ham qo‘l quydi.
Yangi shartnomani ratifikatsiya qilish uchun Moskvada yana SSSR Oliy Sovetining sessiyasini chaqirish lozim topildi. 31 oktyabrda Molotov mazkur seesiyada nutq so‘zladi. Nutqdagi ikki jihatni alohida qayd etish zarur. Natsistlar va fashistlar ideologiyasi haqida gapirar ekan, Molotov shunday deydi: “Barcha mafkuraviy tizimlar kabi gitlerizm mafkurasini ham qabul qilish yoki rad etish siyosiy qarashlarga bog‘liq. Ammo har qanday kishi yaxshi biladiki, mafkurani kuch bilan yo‘qotib bo‘lmaydi, uni urush bilan mahv etish mumkin emas. Shuning uchun ham “gitlerizmni yo‘qotish” qabilida urush olib borish bema’nilikdan tashqari jinoyat hamdir.”[22]
Ana shu tarzda Molotov “gitlerizmni yo‘qotish” uchun urush ochgan Angliya va Frantsiyani mazax qiladi. Albatta, ikki yil o‘tgach, bu so‘zlar butunlay unutiladi, chunki Sovet Ittifoqi faqat Vatan uchun emas, aynan gitlerizm va fashizmni ham yo‘qotish uchun urushga kiradi — bu asosiy maqsad Stalin tomonidan ochiqjan-ochiq e’lon qilinadi.
Nutqning boshqa bir o‘rnida Molotov yana shunday deydi:
“Polshadagi hukmron doiralar o‘z davlatining “mustahkamligi” va o‘z armiyasining “qudrati” haqida ko‘p maqtangan edilar. Holbuki, Versal shartnomasining majruh bolasi bo‘lgan va polyaklardan boshqa millatlarni ezish hisobiga yashab kelayotgan Polsha uchun dastlab german armiyasi tomonidan, so‘ng Qizil armiya tomonidan berilgan qisqa zarbaning o‘zi yetarli bo‘ldi.”
Molotovning bu mulohazalari 1939 yilning sentyabrida qahramonlarcha kurashgan va bugun Ikkinchi jahon urushi yillarida gitlerchilar hujumi va okkupatsiya rejimiga qarshi mardona tura olgan polyak xalqining or va nomusini haqorat qiladi. Bu so‘zlar yaqin kunlargacha Polsha bilan munosabatlarga sovuqlik solib keldi…
1939 yilning 9 sentyabrida nemis qo‘shinlari Polsha poytaxti Varshavaga kirishi munosabati bilan Molotov SSSRdagi german elchisi Shulenburg orqali nemis davlatiga o‘z tabrigini yo‘lladi. 1940 yil aprelda nemis askarlari Norvegiya va Daniyaga bostirib kirgani haqidagi xabar Moskvaga yetib kelganda Molotov Shulenburgga muvaffaqiyat tilab, yana maktub jo‘natdi. 1940 yilning mayida nemis qo‘shinlari Belgiya, Gollandiya va Lyuksemburgga bostirib kirganda ham nemis elchixonasi yuqoridagi mazmunda tabrik maktubi oldi. Aynan Molotov 1939 yilning kuzida Kareliya va Karel bo‘ynidagi ayrim yerlarni va Leningrad atrofidagi yerlarini almashtirish borasida fin hukumati bilan muzokaralar olib bordi. Muzokaralardan natija chiqmagach, Molotovning toqati toq bo‘ldi. U fin delegatsiyasiga tahdid ohangida: “Biz, fuqaro odamlar, kelishuvga erisha olmadik. Endi so‘z askarlarga beriladi”, — deb po‘pisa qiladi.
Fashistlar Germaniyasi SSSR bilan tuzilgan shartnoma va bitimlarning barcha moddalarini bajarishga judayam e’tibor beravermas etsi. Nemis qo‘shinlari Finlandiya va Ruminiyada paydo bo‘ldi. Bu hol SSSR da notinchlik uyg‘otdi va Stalin 1940 yilning kuzida muzokaralar uchun Molotovni Berlinga yubordi. U reyxskantselyarda Gitlerning qo‘lini siqishga erishgan yagona sovet siyosiy lideri bo‘lsa kerak. Ammo Berlindagi muzokaralar natijasiz tugadi. Sovet rahbariyatini tashvishlantirayotgan muammolar xususida Gitler muzokara olib borishni xohlamadi. Buning o‘rniga u SSSRni “antikomintern pakti”ga qo‘shilish va Britaniya imperiyasini bo‘lib olish yuzasidan muzokaralar olib borishga da’vat etdi. Molotov quruq ko‘l bilan Moskvaga qaytib keldi. Ayni zamonda Berlindagi sovet elchisi Molotov jo‘nab ketgandan keyin yuz bergan voqealar va shov-shuvlar haqida maxsus doklad tayyorlab Kremlga yubordi. Unda jumladan, quyidagi xushomadona gaplar bor edi: “O‘rtoq Molotov Gitlerga juda yoqdi”.
Diplomatik kanallar orqali ham Molotov Germaniya SSSRga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida muhim ma’lumotlar olgan. Ammo yangi xvdq komissari Stalinning g‘azabiga duchor bo‘lmaslik uchun bu ma’lumotlarni oqibatsiz qoldirdi. Germaniya hujum boshlagandan keyin Kremlga Molotov huzuriga chaqirilgan elchi Shulenburg urush ochilganini rasman e’lon kdlganda, Molotov ayanchli ahvolda birgina jumlani ayta oldi: “Biz nima yomonlik qilgan edik?”
MOLOTOV URUSh YILLARIDA
Aynan Molotov 1941 yilning 22 iyun kuni soat 12 da radio orqali qisqacha nutq so‘zlab, mamlakat aholisini Germaniya SSSRga qarshi hujum qilgani va urush boshlanganidan xabar berdi. Molotovning nutqi: “Bizning ishimiz haq. Dushman majaqlab tashlanadi. G‘alaba biz tomonda”, — degan so‘zlar bilan tamomlanardi. Shu davrga bag‘ishlangan barcha xotiralarda Molotov nutqini eshitgandan keyingi holat tasviri batafsil yoritilgan. Ko‘pchilik nega Stalin emas, Molotov so‘zladi, deb hayratga tutpgan. Ammo bosh qotirishga fursat qolmagan: urush boshlangandi.
1941 yilning 6 mayidan boshlab Stalin SSSR Xalq Komissarlar Soveti Raisligini o‘z qo‘liga olgan va Molotov unga o‘rinbosar bo‘lib qolgandi. U ilk bor tuzilgan va urush boshlangani tufayli mamlakatdagi barcha hokimiyatni o‘zida mujassamlashtirgan Daatat Mudofaa Qo‘mitasida (DMQ) ham Stalinga o‘rinbosar bo‘lib o‘tgandi. DMQda Molotov zimmasiga asosan diplomatik vazifalar — Buyuk Britaniya, AQSh va boshqa davlaglarning siyosiy rahbarlari bilan muzokaralar olib borish yuklatilgan edi. Hali DMQ tuzilmasdan avval — urush boshlangandan bir necha kun o‘tgandan keyin, Molotov Buyuk Britaniya hukumatining elchisi Krippsni Kremlga chorlagan va suhbat chog‘ida urush ketayotgan hozirgi og‘ir sharoitda “ma’lum siyosiy asoslarga tayangan shartnomalar tuzishni” kutib o‘tirmasdan o‘zaro yordam berishga kirishish lozim degan fikrni ta’kidlagan edi. 1942 yilda Molotov anglo-sovet harbiy shartnomasini rasmiylashtirish uchun Londonga bordi. Ana shu maqsadda u Vashingtonda ham bo‘lib, Ruzvelt hamda harbiy va diplomatik vakillar bilan uchrashdi.
Molotov faqat bir martagina DMQ a’zosi sifatida bevosita harbiy ish bilan shug‘ullangan. 1941 yil oktyabrda nemis qo‘shini mudofaani yorib o‘tib, Vyazma yaqinida sovet armiyasining yirik qismlarini qurshab olgandan keyin DMQ topshirig‘iga muvofiq Gjatsk va Mojaysk rayonlariga Molotov va Voroshilov yuboriladi. Stalin vahimaga tushib qolgan, buning ustiga hali ham harbiylarga to‘la ishonmas edi. Stalinning topshirig‘iga ko‘ra Molotov bilan Voroshilov mavjud ahvol haqida aniq ma’lumot to‘plashi va Moskvaga bevosita xavf solib turgan nemis qo‘shinlarini to‘xtatish choralarini ishlab chiqishi lozim edi. Bu safar chog‘ida Molotovdan foyda kam bo‘ldi. Aniq takliflar A.M.Vasilevskiy rahbarligidagi Genshtab ofitserlari guruhidan chiqdi.
Urush yillarida paydo bo‘lgan yangi qurol turlarining faqat rasmiy emas, ba’zan norasmiy nomlari ham bor edi. Jumladan, sovet reaktiv tizimlari askarlar orasida “Katyusha” degan nom olgandi. Urushning dastlabki haftalaridayoq tanklarga qarshi suyuq yoqilg‘i solingan butilkalar ishlatila boshladi. Ularni kimyoviy xizmat polklari va diviziyalari benzinga turli moddalar aralashtirib tayyorlar edi. Keyin uni mamlakat ichkarisidan o‘q-dori zaxirasi sifatida yubora boshladilar. U turli artellarda, hatto limonad tsexlarida ishlab chiqarilar edi. Nemislar bu butilkalarga “Molotov kokteyli” deb nom berishdi. Sovet Armiyasida bu nom ishlatilgan emas, ammo u G‘arbda haligacha yashab kelmoqda. G‘arb matbuotida namoyishlar va politsiya bilan to‘qnashuvlar chog‘ida namoyishchilar va qo‘zg‘olonchilar askarlar yoki politsiyachilar ustiga “Molotov kokteyli” solingan butilkalarni uloqtirishgani haqidagi xabarlar tez-tez ko‘rinib turadi. Askarlarni bunday qurol bilan ta’minlash haqidagi taklif Molotovdan chiqqan emas. Ammo tankka qarshi ishlatiladigan bunday butilkalarni ko‘plab ishlab chiqish haqidaga qarorga DMQ o‘rinbosari Molotov imzo chekkan. Uning norasmiy nomi ana shundan kelib chiqqan bo‘lsa kerak. G‘arbda nashr etilgan Vilyam Stivensonning urush yillaridagi g‘arb razvedkachilari haqida yozilgan “Qo‘rquvni bilmaydigan odam” nomli kitobida ta’kidlanishicha, 1943 yilda Molotov bir tomonlama sulh tuzish maqsadida nemis qo‘mondonligi bilan muzokara o‘tkazish uchun front chizig‘idan o‘tib, 300 kilometr ichkariga kirib boradi. Bunday fakt bizga noma’lum.
Molotov ittifoqchilar 1943 yilda Texronda, 1945 yilda Yalta va Potsdamda o‘tkazgan barcha konferentsiyalarda ishtirok etdi. Ularda harbiy harakatlarni muvofiqlashtirish va urushdan keyin Germaniya, Polsha, Bolqon yarim orolini tiklash kabi masalalar muhokama etildi. Urush tamom bo‘lishidan oldin AQSh, SSSR, Buyuk Britaniya va Xitoy urushdan keyin barqaror tinchlikni saqlash uchun davlatlar tashkilotini tuzish haqida qaror qabul qildilar. Bu boradagi muzokaralar 1944—1945 yillarda ham davom etdi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Ustavini ishlab chiqish bilan yakunlandi…
URUShDAN KEYINGI DASTLABKI YILLAR
Urushdan keyingi dastlabki yillarda SSSRning tashqi siyosatini himoya qilish Molotovning asosiy faoliyatiga aylandi. Aslini olganda, shaxsiy fazilatlarga ko‘ra u diplomatik faoliyatga unchalik loyiq odam emas edi. Molotov BMT ishlarida qatnashish uchun Nyu-Yorkka bir necha marta safar qildi. Uning Bosh Assambleyadagi nutqlari ham aynan o‘ziga, o‘z fazilatlari va odatlariga o‘xshagan — puxta, ammo quruq, zerikarli bo‘lardi. U davrlarda BMTda AQSh va uning tarafdorlari ko‘p ovozga ega bo‘lgani uchun Molotov aksari hollarda “veto” huquqidan foydalanishga majbur bo‘lardi. Shu munosabat bilan u BMT doiralarvda “Janob, Yo‘q” degan laqab orttirgandi. “Yo‘q” so‘zini Molotov ko‘p marta ishlatgan edi. Uning xizmat vazifasiga NKVD (MGB) bilan razvedka masalalarida aloqa o‘rnatish ham kirardi.
Tabiiyki, Siyosiy Byuro a’zosi sifatida Molotov urushdan keyingi barcha qatag‘onlar: “Leningrad ishi”, Yahudiy antifashist komiteti a’zolarining qamoqqa olinishi, undan sal oldin — SSSRdaga ko‘plab xalqlarning o‘z milliy o‘lkalaridan haydab chiqarilishi kabi vahshiyliklar uchun javobgarlardan biri edi. Uning xotini Polina Semyonovna Jemchujina ham ana shu qatag‘onlar qurboniga aylangandi.
Polina Jemchujina hali yosh qizaloqligidayoq — 1918 yilda partiya safiga kirgandi. Bir necha yildan keyin u Ukraina partiya obkomlaridan birida xotin-qizlar bo‘limini boshqara boshladi. 20-yillarnint boshlarida Moskvada bo‘lib o‘tgan xotin-qizlar s’ezdida Jemchujina ham qatnashadi, Ammo bu yerda u og‘ir kasallanib, shifoxonaga ushib qoladi. S’ezdni o‘tkazishga mutasaddi bo‘lgan Molotov bemor delegatni ko‘rgani boradi. Keyin ham u bir necha marta bemor huzuriga keladi, Jemchujina esa sog‘ayib chiqqandan keyin Ukrainaga qaytmasdan Moskvada qoladi va MK kotibi Molotovning uy bekasiga aylanadi. Tez orada ularning qizi Svetlana tug‘iladi.
Kremlda Polina Jemchujina Stalinning xotini Nadejda Alliluyeva bilan qalin dugona edi. Yosh ayollar tez-tez uchrashib turishar va bir-birlaridan sirlarini yashirmas edilar. Shuning uchun ham Stalin bilan xotini orasidagi munosabatlar yomonlashib borayotgani Jemchujinaga ma’lum edi. 1932 yildagi mash’um noyabr kunida — Voroshilov uyidagi kechki ziyofat paytida Stalin Nadejda Alliluyevani qattiq haqorat qiladi, xafa bo‘lgan ayol Voroshilov kvartirasidan chiqib ketadi. Izma-iz chikqan Polina Jemchujina dili og‘rigan Nadejdani tinchlantirish uchun ko‘p harakat qiladi. Erta tongda Nadejdaning jonsiz jasadini yotog‘idan topishadi. U qo‘lidagi to‘pponcha bilan o‘z miyasiga o‘q uzgan edi. Hammadan oldin chaqirilgan Orjonikidze va xotini Zinaida hamda Molotov Polina bilan yetib keladi. Shundan keyingina Stalinni uyg‘otib, Nadejda Sergeevna o‘z joniga qasd qilganini bildiradilar.
Kekchi va shubhalanuvchi Stalin uchun Polina Jemchujina shu paytdayoq non grata shaxsga aylangandi. Ammo Stalin sabr qilish va o‘z tuyg‘ularini yashirishga usta edi. 30-yillardagi “tozalash”lardan Jemchujina omon chiqdi. Boz ustiga, u 30-yillarda Xalq Komissarlari Soveti mahkamasida mas’ul lavozimlarni egalladi. Bir qancha muddat Oziq-ovqat sanoati komissari o‘rinbosari, Baliq sanoati xalq komissari, Kosmetika sanoati boshqarmasi boshlig‘i kabi vazifalarda ishladi. U VKP (b)ning XVIII s’ezdida MK a’zoligiga nomzod etib saylandi.
Jemchujina yahudiy millatiga mansub edi. Vatan urushi davrida mamlakatimizda Yaxudiy antifashist komiteti tuzildi, Molotovning xotini uning rahbarlaridan biriga aylandi.
1948 yilda BMT qarori hamda SSSRning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan Yaqin Sharq Isroil davlati tuzildi. Sovet Ittifoqi u bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan birinchi mamlakat edi. Ko‘p o‘tmay, Moskvaga Isroil davlati elchisi Golda Meir keldi. O‘z-o‘zidan ayonki, Moskvada Isroil elchixonasi o‘tkazgan turli xil qabul marosimlarda Yahudiy antifashist komitetining a’zolari qatnashishi lozim edi. Golda Meir bilan Polina Jemchujina ko‘p marta uchrashib, suhbatlashishgandi.
Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Polina Jemchujinaning tug‘ishgan singlisi fuqarolar urushi yillarida Rossiyadan ketib qolgandi. Polina 1939 yilgacha u bilan xat yozishib turardi. Molotov biron zaruratga ko‘ra anketa to‘ldiradigan bo‘lsa, “xorijdagi qarindoshlari” degan joyga albatta Isroilda yashayotgan xotinining singlisi va jiyanlarini yozishga majbur edi. Isroil bilan Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar, afsuski, uzoq davom etmadi. 1948—1949 yillarda “vatansiz kosmopolitlar”ga qarshi uyushtirilgan mash’um kampaniya anjiga chiqdi. Yahudiy ziyolilariga qarshi ommaviy qatag‘onlar boshlandi va deyarli barcha yahudiy jamoatchilik hamda milliy tashkilotlari tutatildi. Ana shunda Stalin uchun bir paytlar xotinining qalin dugonasi bo‘lgan Polina Jemchujinadan o‘ch olish imkoniyati tug‘ildi. Stalinning taxminicha, u juda ko‘p narsalardan xabardor edi. Albatta, unga birinchi o‘ringa boshqa ayblar qo‘yildi.
P.S.Jemchujina “Vatanga xiyonat qilish”, “xalqaro sionizm bilan aloqa” va hokazolarda ayblandi. Uni qamoqqa olish masalasi Siyosiy byuroda muhokama qilindi. Beriya o‘z idorasi qo‘lga tushirgan ma’lumotdarni bayon qilgandan keyin Siyosiy byuroning barcha a’zolari Jemchujina qamalishi uchun ovoz berishdi. Molotov betaraf qoldi, ammo noroziliq bildirib so‘zga chiqmadi.
Uyiga qaytan Molotov xotiniga Siyosiy byuroning qarorini bildirib, yaqin kunlarda u qamoqqa olinishini aytdi.
— Sen ham shu tuhmatga ishondingmi? — g‘azablanib baqirdi Polina Semyonovna.
— U yerda nihoyatda ishonarli hujjatlar ko‘rsatildi, — javob berdi ezilgan va dovdirab qolgan Molotov…
Ertasi kuni Jemchujina qamoqqa olinadi. Isroil Kompartiyasi MK Bosh kotibi S.Mkkunis o‘z xotiralarida Molotov bilan bir uchrashuvni shunday eslaydi:
“… 1955 yilda men Molotov bilan g‘alati holatda uchrashgan edim… Shamollab, Kuntsevodaga Kreml kasalxonasida davolanayotgandim… Kasalxona binolaridan birida tasodifan Molotovni ko‘rib qoldim. Shu paytgacha uni bir marta Parijda tinchlik tarafdorlari s’ezdida so‘zlaganda ko‘rgan edim… Endilikda, Kuntsevoda, Molotov ham xuddi men kabi bemorlar pijamasini kiygan bo‘lsa-da, ammo dimog‘dorligi yo‘qolmagan, yuz ifodasi sovuq va jiddiy edi. Uni ko‘rgach, yoniga borib dangal so‘radim: “Nega siz Siyosiy byuro a’zosi bo‘laturib o‘z xotiningizni qamalishiga yo‘l quydingiz?” U menga sovuq nazar solib, kim ekanligimni so‘radi. “Men Isroil Kommunistik partiyasining Bosh kotibi bo‘laman. Shuning uchun faqat sizdan emas, siz orqali Markaziy Komitetdan so‘rayapman: Nima uchun xotiningiz Polina Jemchujinaning qamalishiga qarshilik qilmadingiz?” — dedim. Uning yuzidagi bironta muskul ham qilt etmadi, po‘latdek sovuq nigohini o‘zgartirmasdan quruqqina javob berdi: “Sababi, men Siyosiy byuro a’zosiman, partiya ingizomiga bo‘ysunaman… Men xotinimni qamoqqa olish haqida qaror chiqargan Siyosiy byuroga bo‘ysundim…”[23]
MOLOTOV TA’QIB OSTIDA
1949 yilda Stalin tez-tez kasallikka chalinadigan bo‘lib qoldi, yuzaga kelgan zarur muammolarni uning o‘rinbosari Molotov Siyosiy byurodagi boshqa a’zolardan so‘rab ham o‘tirmasdan o‘zicha hal qilaverar edi. 1949 yil dekabrda Stalinning 70 yillik yubileyi nishonlanadigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan Siyosiy byuro a’zolarining hammasi “buyuk dohiy va murabbiy”ni ulug‘lovchi risolalar e’lon qilishi lozim edi. Molotov bu imkoniyatdan birinchi bo‘lib foydalandi. Bir necha oydan keyin Molotovning ham 60 yoshlik to‘yi nishonlandi. Uni to‘rtinchi Lenin ordeni bilan taqdirladilar (bungacha u 1943 yilda Sotsiadistik Mehnag Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan va 1946 yilda SSSR Fanlar Akademiyasining faxriy a’zoligiga saylangandi). Mamlakat xaritasida yana Molotov nomi bilan atalgan bir qancha shahar va qishloqlar paydo bo‘ldi. Endiliqda Molotovsk shahriga aylangan sobiq Nolinskda — Skryabinlar yashagan uyda Molotovning uy-muzeyi ochildi.
G‘arb kuzatuvchilari hamon Molotovni sovet partiya va davlat pog‘onasida Stalindan keyingi ikkinchi shaxs hisoblasalar-da, aynan ana shu kezlarda u dohiyning g‘azabiga duchor bo‘lgan edi. Xotinining qamoqqa olinishi Stalin unga ishonmay qo‘yganini bildirardi. Kutilmaganda Molotov Tashqi ishlar vaziri lavozimidan bo‘shatiladi. Bu mansabga demagogik nutqlar ustasi sifatida dong taratgan A.Ya.Vishinskiy tayinlanadi. U 30-yillarda “xalq dushmanlari” ustidan “namunali” va “ochiq” tarzda o‘tkaziltan soxta sud spektakllarida SSSR prokurori sifatida qatnashib, notiqlik mashqini obdon egallagan edi. Endi Vishinskiy nutqlari BMTning Bosh Assambleyasi minbaridan yangray boshladi. Albatta, Molotov Siyosiy byuro a’zosi va Ministrlar Sovetida Stalinning o‘rinbosari sifatida qolaverdi. Ammo Stalin borgan sari unga mas’ul topshiriqlarni bermay qo‘ydi. Bora-bora Stalin o‘z dala hovlisida o‘tkaziladigan va odatda, tun yarmigacha davom etib, muhim davlat masalalari muhokama etiladigan tushlik va kechki ziyofatlarga Molotovni chaqirmay qo‘ydi.
Xrushchevning eslashicha, Siyosiy byuro a’zolari Molotovni qo‘yarda-qo‘ymay birga olib borishar, bundan esa Stalin norozi bo‘lardi. Nihoyat, Stalin Molotovni umuman o‘z huzuriga yo‘latmaslikni buyurdi. Bir kuni Stalin Xrushchev oldida Molotov horij safarlari davrida “amerika imperializmi josusiga aylangan” degan gumonini ochiq bildirgan. Hatto u Vishinskiy orqali Molotov Amerikaga borgan paytda o‘zini qanday tutgani bilan qiziqqan va go‘yo muhim dalil bo‘ladigandek, unga maxsus vagon ajratilganmi-yo‘qmi, deb so‘ragan. Qamoqqa olingan odamlarning ko‘pchiligini Molotovga, shuningdek, Kaganovich, Voroshilov va Mikoyanga nisbatan soxta ko‘rsatmalar berishga majbur qila boshlaganlar. Shunga qaramay, Molotov XIX partiya s’ezdida Stalinning xohishiga ko‘ra, kengaytirilgan (36 a’zo va nomzodlar) MK a’zoligiga saylangan, hatto u qisqacha nutq so‘zlab, s’ezdni ochib bergan. Partiya ishlariga doimiy rahbarlik qilish uchun Stalin Prezidium byurosini saylashni taklif etgan va unga to‘qqiz kishining familiyasini kiritgan. Bu familiyalar orasida Molotov tilga olinmagan. Yuqori doiralarda Molotovga tamom bo‘lgan odam sifatida qaray boshlaganlar. Stalin XIX s’ezddan keyin partiyaning yuqori bo‘g‘inlarida yana terrorchiliqdan iborat “tozalash” o‘tkazmoqchi bo‘lgani va Molotovni ko‘plab kadrlarni qatag‘on etish yo‘lida “kurbonlikka” mo‘ljallagani ochiq sezilib turardi. 1952 yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan Plenum haqida K.Simonov o‘z xotiralarida yozadi: “Stalin nutqidagi muhim nuqta shundan iborat ediki, u ayrim rahbarlardagi jasorat va qo‘rqoqlik, qat’iyat va taslimchilik mayllari haqida gapirdi. Bu boradagi barcha mulohazalarini u mana shu zalda o‘tirgan ikki Siyosiy byuro a’zosini nazarda tutgan holda ochiqchasiga bayon etdi.
Dastlab u qatiyatsizlik, subutsizlik, taslimchilik haqidagi barcha shubha va gumonlarini Molotov ustiga yog‘dirdi. Bu shunchalik kutilmagan tarzda ro‘y berdiki, dastlab men o‘z quloqlarimga ishonmay qoldim… U Molotov haqida shafaqatsizlik bilan uzoq gapirdi… Uiga shu qadar ko‘p ayblar qo‘yildiki, agar Stalin tez orada vafot etmaganda Molotovning partiya safida qolishi aslo mumkin emas edi.”[24]
Keyinchalik 70-yillarda Yu.Idashkinning “Sizni qamoqqa olib, yo‘q qilib yuborishlari mumkin edimi?” — degan savoliga Molotov: “Ha, men hamma narsaga tayyor edim!” — deb javob qaytaradi. Ammo shu o‘rinda ham u Stalinni ayblamaydi, aksincha fikrini o‘ta rasmiy tarzda ifodalaydi: “Inqiloblar qurbonsiz bo‘lmaydi!”[25]
STALIN VAFOTIDAN KEYIN
Stalin jismonan holdan toyib borar va buni yaqin safdoshlari yaxshi bilib turishardi. Shunga qaramay, uning vafoti butun mamlakatnigina emas, oliy partiya rahbariyatini ham larzaga soldi. Sal kam xudo darajasida ko‘rila boshlagan bu odamning miya tomirlari torayishi yoki yurak faoliyatidagi nuqsonlar tufayli o‘lishi mumkinligiga ishonish qiyin edi. “Dohiy”ning zarurligiga o‘rganib qolgan xalq va partiya oldida Stalin vafot etishi bilanoq “Endi kim boshqaradi?” degan savol ko‘ndalang bo‘lib turardi. Boshqalarga qaraganda Molotovning nomi ko‘proq tilga olina boshladi va bu tabiiy ham edi. N.S.Xrushchev keyinchalik yozilgan xotiralarida urushdan ilgari rahbarlikka kelgan odamlar orasida Stalindan keyin faqat Molotovgina dohiy bo‘la oladi degan fikr keng tarqalganligini yozadi. Xrushchev buni Molotovning partiyadagi yuksak mavqeidan tashqari, u Stalindan keyin eng mashhur partiya va davlat arbobi ekanligi bilan izohlaydi.
Albatta, u paytda hech kim Stalin bilan Molotovni taqqoslashni o‘ylagan emas. Esimda, Uraldagi ishchi posyolkalaridan birida o‘qituvchilik qilib yurganimda, Stalin vafotidan bir kun keyin mahalliy o‘qituvchilar yig‘ilgan edik. Ular urush va front ichkarisida zahmat chekkan kishilar edi. Kasbdoshlardan biri anchagina ichib olgandan keyin: “Endi kim uchun jangga kiramiz? Stalin uchun o‘lishga tayyor edik. Endi-chi? Molotov uchunmi? Yo‘q, Molotov uchun o‘lishni xohlamayman”, — deb yig‘lagan edi. Sobiq askarlar va ofitserlar orasida Molotov nomi u darajada mashhur emas edi. Tez orada shu paytlarda asosiy o‘rin hisoblangan SSSR Ministrlar Soveti Raisi lavozimini G.M.Malenkov egallagani, Molotov, Beriya, Bulganin va Kaganovich unga o‘rinbosar etib tayinlangani e’lon qilindi. Malenkov, Molotov va Beriya Stalinni dafn etish marosimida nutq so‘zladilar. Barcha rasmiy axborot vositalarida “dohiy”larning familiyalari quyidagicha: Malenkov, Beriya, Molotov, Voroshilov, Xrushchev, Bulganin, Kaganovich, Mikoyan tartibida sanaldi. Motam mitingida Molotov shunday dedi: “Biz so‘nggi o‘ttiz yil ichida o‘rtoq Stalin rahbarligi ostida yashadik va ishladik deb haqli ravishda ayta olamiz. Biz Lenin bilan Stalinning shogirdlarimiz. Stalin so‘nggi nafasiga qadar bizga bergan ta’limni hech qachon unutmaymiz…
Kuyosh nuridek porloq buyuk kommunizm ta’limotidan ilhomlanib, xalq baxt-saodati uchun kurashgan o‘rtoq Stalinning hayot yo‘li hammamiz uchun jonli va hayotbaxsh namuna bo‘lib qoladi.”[26]
Molotov yangi saylangan tor doiradagi KPSS MK Prezidiumining tarkibiga kiritildi va yana SSSR Tashqi ishlar ministri etib tayinlandi.
Stalin vafot etishi bilanoq, ayrim kishilarni oqlash va qamoqdan chiqarish ishi boshlanib ketdi. Chamasi, birinchilardan bo‘lib kinostsenariyachi, Stalinning qizi Svetlana Aliluyeva bilan munosabatlari uchun urush yillarida qamoqqa olingan A.Ya.Kapler ozodlikka chiqarildi. Stalin bu nikohga qarshi edi. U 1953 yil 6 martda qamoqdan bo‘shatildi. Yana bir necha kundan keyin Molotovning xotini Polina Jemchujina ham ozod etildi. Stalin dafn etilgan 9 mart Molotovning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri kelgan edi. Mavzoley minbaridan tushib kelayotgan Xrushchev bilan Malenkov uni tug‘ilgan kuni bilan ohista tabriklar ekan, “Qanday sovg‘a olishni xohlaysiz?” deb so‘rashdi. “Polinani qaytaringlar”, — dedi Molotov sovuq ohangda va ularning yonidan o‘tib ketdi. Iltimos shu zahotiyoq Beriyaga yetkazildi. Beriyaning o‘zi ham Molotovning xotinini qamoqda ushlashdan naf yo‘qligini tushunar edi. Jemchujina ayni shu qunlarda Moskvaga keltirilgandi. 1949 yilda uni bir necha yillik surgunga jo‘natishgandi. Ammo 1953 yil yanvarda uni bir guruh yahudiy vrachlari va allaqachon olamdan o‘tib ketgan Mixoels qatorida “fitnachi sionistlar” ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yishgandi. U qiynoqlar ostida so‘roq qilingan. 9 yoki 10 martda uni Beriyaning kabinetiga chaqirishadi. U hali Stalin vafot etganini bilmas va yanada og‘ir kunlarni kutmoqda edi. Beriya dabdurustdan o‘rnidan turib, o‘z mehmonini quchoqlaydi va “Polina! Sen haqiqiy kommunist ayol ekansan!” deb xitob qiladi. Jemchujina hushidan ketib, polga yiqiladi. Uni tez hushiga keltirishadi, bir oz dam olgandan keyin kiyintirib, tug‘ilgan kunga eng munosib sovg‘a sifatida Molotovning dala hovlisiga olib borishadi.
Beriyani qamoqqa olish masalasida Molotov Xrushchev bilan Malenkovni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular barcha ehtiyot choralariga amal qilgan holda boshqa ishonchli rahbarlar bilan maxfiy ravishda maslahatlashadilar. Keyingi yilda MK Plenumlaridan birida Malenkovga qarshi hujum uyushtirilib, uni qishloq xo‘jaligiga yomon rahbarlik qilishda ayblashgan paytda Molotov Xrushchev va Bulganin tomonida turdi. Stalin hayotining so‘nggi yillarida aynan Malenkov Siyosiy byuroda qishloq xo‘jaligi ishlarini nazorat qilar edi. Shuningdek, Molotov Malenkovni og‘ir industriyani rivojlantirishga e’tibor bermaganlikda ham ayblaydi. Natijada Malenkov SSSR Ministrlar Soveti Raisligidan bo‘shatiladi, bu lavozimga N.A.Bulganin tayinlanadi. Ammo Molotov bilan Xrushchev o‘rtasidagi hamkorlik uzoqqa bormaydi. Ular qarashlari va ish uslubi jihatidan tamomila boshqa-boshqa odamlar edi.
XRUShChEVGA QARShI KURASh
1954 yil oxirlab qolganda mamlakat va partiyani boshqarayotgan yangi rahbariyat orasida Xrushchevning mavqei kuchayib ketgan edi. Faqat rahbariyat uslubi emas, uning mazmuni ham butunlay o‘zgarib ketdi; KPSS MK Prezidiumida yangi tashabbus va takliflar qizg‘in muhokama qilinadigan bo‘ldi. Xrushchevning rahbarlik roli faqat ichki masalalardagina emas, tashqi siyosatda ham yetakchilik qila boshladi. Bu esa hamon KPSS MK Prezidiumi a’zosi, tashqi ishlar ministri bo‘lib kelayotgan Molotovni nihoyatda g‘azablantirar edi. Qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirish masalasi muhokama qilingan paytdayoq Molotov bilan Voroshilov bu tadbirga qarshi chiqdilar. Ular qishloq xo‘jaligini rejalashtirishga doir yangi loyihani ham qattiq tanqid qilgan edilar. Molotov Iosif Broz Titoni butunlay “oqlash”ga ham qarshi turdi, bu taniqli rahbarni u har nechuk “fashist” sanamasa-da, “revizionist” hisoblar edi. Shuning uchun ham Yugoslaviya bilan munosabatlarni yaxshilash borasidagi muzokaralar tashqi ishlar vazirligi ishtirokisiz o‘tdi. Molotov Xrushchev bilan Bulganinning Yugoslaviyaga qilgan safarida qatnashmadi. Molotov Yaponiya va ayniqsa Avstriya bilan munosabatlarni yaxshilash hamda bu davlatlararo shartnomalar tuzilishiga ham ko‘p jihatdan xalaqit berdi. Holbuki, Avstriyani mustaqil davlat deb e’lon qilish va daxlsizligini ta’minlash masalasida buyuk davlatlar o‘zaro bitimga erishgan edilar. Shunga qaramay, Avstriyaning ma’lum bir qismida, jumladan, Venada sovet askarlari joylashgan edi, Molotov esa SSSR Avstriyadan chiqib ketsa “imperialist”larga katta yon bosgan bo‘ladi, deb hisoblardi.
Avstriya sotsial-demokratlarining yetakchisi, bo‘lajak kantsler Bruno Krayskiy o‘z xotiralarida yozishicha, munozaralardan birida Molotov avstriya liderlariga quyidagilarni takror-takror ta’kidlaydi: “Shartnoma yuzasidan yana o‘ylab ko‘ringlar. Sizlarga mamlakatdagi barcha hokimiyatni topshiramiz, sovet qo‘shinlarini olib chiqib ketamiz va sovetlar qo‘lidagi barcha boshqaruv tizimlarini tugatamiz. Siz to‘la ozod va mustaqil bo‘lasizlar, ammo biz mamlakatning ma’lum bir qismini ushlab turamiz.”[27]
1954 yilda Avstriyada 46 ming kishidan iborat sovet qo‘shini bor edi. Molotov mamlakatdan 41 ming askarni olib chiqib ketib, 5 mingini qoldirishni mo‘ljallagandi. Bundan boshqa muammolar ham bor edi. Agar Molotovning so‘zi o‘tganda, ehtimol, hozirgacha Avstriyada sovet askarlari turgan bo‘lardi. Xrushchev bilan Bulganin yon berdi va Molotov chekinishga majbur bo‘ldi. U Xrushchev bilan Bulganinning 1955 yilda Hindiston va Birmaga qilgan safarida ham ishtirok etmadi. Molotovning tashqi siyosat borasida tutgan eskicha yo‘li 1955 yilda MK Plenumida tanqid qilindi.
Uning nazariya sohasidagi faoliyati ham shubha ostiga olindi. SSSR Oliy Soveti sessiyalaridan birida Molotov mamlakatimizda “sotsialistik jamiyat asoslari” qurildi deb fikr bildirgan edi. Bu mulohaza MKning boshqa a’zolari e’tiroziga uchradi. Ular “sotsializm asoslari” SSSR da 30-yillardayoq o‘rnatilgan, 50-yillarning boshida esa sotsialistik jamiyatning o‘zi qurilib bo‘ldi, deb da’vo qildilar. Bu foydasiz quruq bahsda, aslini olganda, Molotov haq bo‘lsa ham, u muxoliflaridan yengildi va o‘z xatolarini tan olib matbuot orqali uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. “Kommunist” jurnalida uning tahririyatga yo‘llagan maktubi e’lon qilindi.
“…SSSR Oliy Sovetining 1955 yil 8 fevraldagi sessiyasida SSSR da sotsialistik jamiyat qurilishi masalasida ilgari surilgan va Sovet Ittifoqida faqat sotsializm asoslarigina barpo etilgai degan xulosa kelib chiqadigan mulohazamni nazariy jihatdan xato va siyosiy jihatdan zararli deb hisoblayman”[28]
…Xrushchevning KPSS XX s’ezdida “Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari to‘g‘risida” so‘zlagan nutqidan keyin Bosh kotib va Molotov o‘rtasidagi kelishmovchiliklar yanada chuqurlashib ketdi. Bu safar uni Malenkov, Kaganovich va Voroshilovlar qo‘lladi. “Pravda” gazetasida Bosh muharrir bo‘lib ishlagan D.T.Shepilov XX s’ezdtsan keyin o‘z kabinetiga qilingan bir qo‘ng‘iroqni yaxshi eslab qolgan:
— O‘rtoq Shepilovmi?
— Ha, bu men.
So‘zlayotgan kshni bir oz duduqlanar, g‘azabini zo‘rg‘a bosib turgani ochiq sezilardi.
— “Pravda”da Stalinni so‘kishni bas qiling.
Darrov tanidim: bu V.M.Molotov edi.
— Men Stalinni so‘kayotganim yo‘q. XX s’ezd qarorlarini bajaryapmai.
— Sizdan yana so‘rayman: Stalinni so‘kishni bas qiling.
— O‘rtoq Molotov, — e’tiroz bildirdim. — Yana takrorlashim mumkin: men XX s’ezd qarorlarini bajaryapman. Siz norozimisiz? Unda masalani MK Prezidiumi oldiga qo‘ying”.[29]
KPSS MK Prezidiumida bo‘layotgan kelishmovchiliklardan mamlakatdagi oddiy kommunistlar, ayniqsa, oddiy fuqarolar deyarli xabarsiz edi. Ammo bu hol mas’ul xodimlar uchun sir bo‘lmay qolgandi, ko‘plab g‘arb diplomatlari ham buni bilar va turli xil taxminlarni o‘ylab topardilar. Bunday ziddiyatlar Stalinning Gruziyadagi muxlislariga ham ma’lum edi. 1956 yil martda XX s’ezd qarorlari va shaxsan Xrushchev bilan Bulganinga qarshi ochiq namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Norozilik ishtirokchilari “Yo‘qolsin Xrushchev!” yoki “Yo‘qolsin Bulganin!” degan yozuvlar bilan birga “Molotov SSSR premer-ministrligiga saylansin!”, “Molotov — KPSS yetakchisidir!” kabi shiorlarni ham ko‘tarib olgan edilar. Ma’lumki, bunday namoyishlar harbiylar kuchi bilan bostirilgan. S’ezddan keyin Molotov o‘z xizmat vazifalarini amalda bajarmay qo‘ygan edi…
1956 yil aprelda Angliyaga safar qilgan sovet hukumati delegatsiyasi tarkibiga Molotov kiritilmadi. Bundan oldin u Xrushchevning Xitoyga qilgan safarida ham qatnashmagan edi. 1956 yil o‘rtasida Yugoslaviya prezidenti Iosif Broz Titoning SSSRga qiladigan tashrifiga bor-yo‘g‘i bir kun qolganda Molotov tashqi ishlar ministri lavozimidan bo‘shatildi. Buni Yugoslaviya uchun ulkan “sovg‘a” deb hisoblagan xorijiy kuzatuvchilar katta shov-shuv ko‘tardilar. Ammo Molotov SSSR Ministrlari Sovetining Raisi o‘rinbosarligida qolgan va Tito sharafiga o‘tkazilgan barcha tantanali marosimlarda qatnashgan, hatto nutq ham so‘zlagan edi. U KPSS MK Prezidiumi a’zosi sifatida ham o‘z joyida qolgan edi.
1956 yil oktyabrda Polshada ro‘y bergan siyosiy tanglik va Vengriyadagi dramatik voqealar Molotovning fikrlari to‘g‘riligini qo‘rsatgandek bo‘ldi. Tito so‘zlagan katta nutqda Sovet Ittifoqining tashqi siyosati va shaxsan Xrushchevga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlar Xrushchevni juda noqulay ahvolga solib qo‘ydi. Tito barcha sovet rahbarlarini stalinchilar va SSSRda stalinizmni saqlab qolishga urinuvchilar deb atadi. Bu hol apparatdagi ba’zi xodimlar o‘rtasida Molotovning mavqei kuchayishiga ta’sir ko‘rsatdi. 1957 yil yanvarda Xrushchevning iste’foga chiqishi va Molotovning ko‘tarilishi haqida mish-mishlar yurib qoldi. To‘g‘ri, Molotovning iste’fosi haqida ham ko‘p taxminlar bor edi.
1956 yilda SSSRda g‘alla hosili mo‘l bo‘ldi. Xrushchev bundan qishloq xo‘jaligida to‘g‘ri siyosat yurgizganini isbotlash maqsadida foydalandi. Mehnatda o‘rnak ko‘rsatgan kolxoz va sovxozlarni orden bilan mukofotlashga qaror qilindi. Katta ro‘yxatda Stalin nomidagi kolxoz va sovxozlar birinchi o‘rinda turar edi. Molotov nomidagi xo‘jaliklar ikkinchi o‘rinda. Xrushchev nomidagi xo‘jaliklar uchinchi o‘rinda. Lenin nomidagilar esa to‘rtinchi o‘rinda turar edi. Lenin nomidagi xo‘jaliklar Stalin nomiga qaraganda ikki baravar kam edi.
Xalqaro ishlardan chetlashtirilgan Molotovning partiyadagi mavqei hamon baland edi. Asta-sekin uning atrofiga norozilik kayfiyatida yurgan MK a’zolari yig‘ila boshladi, ularning aksariyati KPSS M.K Prezidiumi tarkibiga kiritilgan kishilar edi. Xrushchev o‘zining ma’muriy islohotlarini amalga oshirish uchun sanoat ministrligi o‘rniga oblast va mintaqaviy sanoat boshqarmalarini tashkil qila boshlagandan keyin norozilar soni ko‘payib ketdi. Bunday qayta qurish ko‘p ministrlar va ministrliklardagi mas’ul xodimlarga xush kelmadi, chunki ularning ko‘pchiligi mahalliy xalq xo‘jaligi kengashlari va boshqarmalariga rahbarlik qilish uchun Moskvani tark etishlari zarur edi. Ko‘pchilik obkom kotiblari ham SSSR da uch-to‘rt yil ichida go‘sht ishlab chiqarishni uch baravar ko‘paytirish haqida Xrushchev ilgari surgan shiordan norozi edilar. Molotov va uning guruhi bularning hammasidan foydalandi. Bu haqda Moskvadagi ba’zi diplomatlar o‘z hukumatlarini ogohlantirgan ham edi.
1957 yil 22 aprelda Lenin tug‘ilgan kun munosabati bilan “Pravda” Molotovning “Lenin haqida” nomli katta maqolasini bosib chiqardi. Uni o‘qigan har qanday kishi MK Prezidiumining a’zosi bo‘lgan Molotov 1917 yilda Lenin bilan tanishgan va bevosita u bilan birga ishlagan yagona kommunist ekanini osonlikcha anglab olishi va xulosa chiqarishi mumkin edi. Maqolada Stalinning jinoyatlari “xatolar” tarzida talqin qilingandi. U yozadi: “Katta va murakkab tarixiy vazifalarni bajarish paytida ayrim kamchiliklar, ba’zan og‘ir xatolar bo‘lishi bizga ma’lum…”
Molotovning ta’kidlashicha, partiya “Lenin bayrog‘i ostida” hamisha to‘g‘ri siyosat olib borgan.
Ayni zamonda Xrushchevga qarshi muxolifatchilarning mutlaqo maxfiy ravishda o‘tkazilgan uchrashuv va suhbatlari davom etgan. MK kotibligiga Molotovni saylash ko‘zda tutilgan. Xrushchev partiya yetakchiligi vakolatini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, qishloq xo‘jaligi ministri yoki boshqa qandaydir bir o‘ringa o‘tkazishni mo‘ljallashgan. Agar Xrushchev Prezidiumdagi ko‘pchilikka bo‘ysunmasa, uni qamoqqa olish ham nazarda tutilgan edi. Ammo voqealar mutlaqo boshqacha tus olib ketdi.
Molotov bilan Xrushchev o‘rtasidagi hal qiluvchi to‘qnashuv 1957 yil iyunda KPSS MK Prezidiumining majlisida bo‘lib o‘tdi. Molotov guruhi a’zolari ko‘pchilik edi, ularga Kaganovich, Malenkov va Voroshilovdan tashqari N.A.Bulganin, M.G.Pervuxin, M.Z.Saburov, D.T.Shepilovlar ham qo‘shilgandi. Molotov baribir pand yedi. Xrushchevni yoqlovchilar talabi bilan chaqirilgan MK plenumida uning tarafdorlari ko‘p emas edi. U I.A.Serov rahbarlik qilayotgan DXQ sidan ham, G.K.Jukov qo‘mondonligidagi armiya quchlaridan ham foydalanmadi. KPSS MK ning ko‘pgina a’zolari Molotov hokimiyatga kelgandan keyin partiya va davlat apparati orasida yana qatag‘onlar boshlanib ketadi deb cho‘chigan edi. KPSS MK iyun Plenumida Molotov guruhi to‘la mag‘lub bo‘ldi, hatto ko‘p tarafdorlari ham uning faoliyatini qoralovchi qarorni yoqlab ovoz berdilar. Ovoz berish paytida faqat Molotovning o‘zi betaraf qoldi. Plenum Molotov, Kaganovich, Malenkov va Shepilovlarni Prezidium tarkibidan va KPSS MK a’zoligidan chiqardi. Bu partiya tarixida MK o‘z Prezidiumi (Siyosiy byurosi) qaroriga bo‘ysunmagan va uni bekor qilgan yagona hodisa hisoblanadi. Molotovning siyosiy yo‘li amalda tamom bo‘lgan edi.
UChINChI DARAJALI IShLARDA
Iyun plenumidan keyin Molotov va uning yaqin safdoshlarini qamoqqa olish xavfi tug‘ildi. Ammo Xrushchev bunga jur’at etolmadi, hatto u “fraktsioner”larni partiya safidan chiqarmaslikni talab qildi. Molotov — nisbatan kam masuliyatli lavozimga — SSSR ning Mo‘g‘ulistondagi elchiligiga tayinlandi. Bu ish Molotovdan juda katta mehnat talab etmasdi. Avvalgi yillarda u siyosatdan tashqari marksizm-leninizm nazariyotchiligiga ham da’vogar edi. Endi nazariy masalalar ustida bemalol bosh qotirish imkoniyati tug‘ildi. U Moskvadagi barcha voqealarni ziyraklik bilan kuzatib borar va ularni Ulan-Batordagi sovet elchixonasiga har zamonda tashrif buyuradigan xorijiy xodimlarga sharhlab berishdan tortinib o‘tirmasdi. Jumladan, u SSSRning tashqi siyosatini ma’qullagan holda, MTSlarni shoshma-shosharlik bilan tugatilishi va MTSlar ixtiyoridagi barcha texnikani kolxozlarga sotib yuborish noto‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlaydi. Bu masalada u deyarli haq edi, MTSlarni bu qadar shoshma-shosharlik bilan tugatilishi mamlakatdagi kolxozlarga zarar yetkazgani ma’lum.
1958 yilda Mo‘g‘uliston hukmron xalq-revolyutsion partiyasining navbatdagi s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Ulan-Batorga Prezidium a’zosi, KPSS MK kotibi N.G.Ignatov rahbarligidagi sovet delegatsiyasi tashrif buyurdi. Sovet delegatsiyani Molotovni o‘z tarkibiga kiritmadi. Ignatov umume’tirof etilgan qoidalarga zid o‘laroq, Mo‘g‘ulistondagi yangi sovet elchisi Molotov bilan uchrashmadi hamda uni Mo‘g‘uliston rahbarlari va MXDP yetakchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvga taklif etmadi. Boshqa sotsialistik davlatlardan Ulan-Batorga kelgan delegatsiyalar ham sovet elchixonasini e’tiborsiz qoldirdilar. Faqat Yugoslaviyaning Moskvadagi elchisi, Mo‘g‘ulistonda ham Yugoslavnya Kommunistlar ittifoqi vakolatlarini bajarishga vakil qilib yuborilgan Vxshko Michunovich Molotov huzuriga tashrif buyurdi. Ular bir necha soat Moskvadagi umumiy do‘stlari hamda xalqaro ahvol xususida gaplashib o‘iirdilar. Molotov Ulan-Bator havosiga o‘rganib qolganini, ammo xotini bu yerda o‘zini yomon his qilayotganini aytdi.
Molotov s’ezdning ilk majlislarida qatnashdi, ammo Ignatovga so‘z berilgan paytda zaldan chiqib ketdi. U esa KPSS va Sovet Ittifoqi erishgan yutuqlar haqida gapirar ekan, Molotov boshchiligidagi partiyaga qarshi guruhning tor-mor etilganini ta’kidlab o‘tdi va Molotov haqida keskin tanqidiy fikrlar bildirdi. Bu hol Molotovni SSSR elchisi sifatida hurmat qiladigan mo‘g‘ul rahbarlarini ranjitdi, ular KPSS ichidagi nizolar yetakchi mo‘g‘ul partiyasining yig‘ilishida muhokama etilishini xohlamas edilar. Ignatovning nutqi boshqa kommunistik partiyalar delegatsiyalariga ham ma’qul bo‘lmadi. Sovet delegatsiyasini Ulan-Batordan jo‘nab ketayotgan paytda kuzatuvchilar orasida, tabiiyki, Molotov ham bor edi. Ammo Ignatov uning yonidan namoyishkorona indamay o‘tib ketdi va boshqalar bidan ham qo‘l berib xayrlashmadi.
Mo‘g‘ulistonga kelgan turli xitoy delegatsiyalari esa Molotovga butunlay boshqacha munosabatda bo‘ldilar. Xitoyliklar Ulan-Batorda ulkan elchixona binosini qurgan edilar, uning oldida sovetlarniki kichik uychaga o‘xshab ko‘rinardi. Xitoy arboblari imkoniyat tug‘ildi deguncha Stalinning shogirdi va safdoshi sifatida Molotovga hurmat-ehtirom ko‘rsatar edilar.
Ba’zan Molotov Moskva bilan kelishib o‘tirmasdan diplomatik tashabbus ko‘rsatadigan holatlar ham bo‘lib turardi. Xrushchev ham yaqinginada o‘ziga xavfli raqib bo‘lgan “surgun”dagi bu rahbar bilan hadeb o‘chakishishni xohlamas edi. 1958 yilda Xrushchev bilan Titoning orasi buzilib qolganda ham shunday bo‘lgandi. Yugoslaviya to‘la mustaqilligini saqlab qolish uchun sotsialistik lager tarkibiga kirmadi, oqibatda, SSSR bilan Yugoslaviya munosabatlariga yana sovuqlik tushdi, Yugoslaviya kommunistlari Ittifoqining dasturi loyihasi sovet matbuotida keskin tanqid qilindi. Shartnomaga muvofiq Yugoslaviyaga qarzga berilayotgan asbob-uskunalar, jihozlar to‘xtatildi. Ana shu munozaralar jarayoni qizg‘in ketayotgan bir paytda Yugoslaviyaning Moskvadaga elchisi Ulan-Batordan oddiy pochta orqali yuborilgan va Molotov tomonidan imzolangan samimiy tabrik telegrammasi oladi: Sizga (elchi nazarda tutilmoqda — R.M.) va Siz bosh bo‘lgan jamoaning barcha a’zolariga, — deyiladi telegrammada, — tinchlik va sotsializm uchun kurashayotgan xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lida sog‘liq va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”.
Bu Birinchi may bayrami munosabati bilan Yugoslaviya elchixonasiga yuborilgan yagona telegramma edi. Boshqa sovet diplomatlari va mamlakatdagi oddiy fuqarolardan elchixonaga qutlovlar kelmadi. Yugoslaviya elchisi V Michunovich ham Molotovga diplomatik yo‘l bilan emas, oddiy Moskva telegrafi orqali qisqa javob telegrammasi yubordi[30].
1960 yil aprelda V.ILenin tug‘ilgan kunning 90 yilligiga tayyorgarlik ketayotgan paytda Molotov “Kommunist” jurnali tahririyatiga “Vladimir Ilich Lenin haqida” nomli katta maqola yubordi. Bu maqola jurnalda bosilmadi.
Nihoyat, Xrushchev Molotovni Xitoy chegaralaridan uzoqroq joyga jo‘natishga qaror qildi. Ayni shu kunlarda SSSR FA muxbir a’zosi V.S.Emelyanov boshqa ishlari va vazifalari ko‘payib ketgani uchun BMT huzuridagi Xalqaro atom agentligi sovet hamraisligi lavozimidan bo‘shatishlarini so‘rab murojaat qilgan edi. Bu agentlikning shtab kvartirasi Venada joylashgandi. SSSR Ministrlar Sovetining qaroriga muvofiq Molotov ana shu agentlikdagi Sovet vakolatxonasiga boshliq etib tayinlandi. Ayni zamonda, umumiy rahbarlik Yemelyanov zimmasida qoldirildi. Molotovning Mo‘g‘ulistondan Avstriyaga borishiga to‘g‘ri keldi.
Xrushchev Amerikaning yangi prezidenta Jon Kennedi bilan Venada uchrashgan chog‘ida taklif etilganlar orasida oltin dastali pensne taqqan, ohista harakat qiladigan qariyani ham uchratish mumkin edi. Bu Molotov bo‘lib, u Xrushchev bylan sovuq qiyofada salomlashdi. Xrushchev ham unga iltifotsiz javob berdi va yonidan indamay o‘tib ketdi.
1961 yilning yozida SSSR da KPSS ning navbatdan tashqari XXI s’ezdiga tayyorgarlik avj oldirildi. Xalq orasida keng muhokama etish maqsadida KPSSning yangi Dasturi e’lon qilindi. Matbuotda, odatdagidek, Dastur loyihasini to‘la ma’qullovchi yoki unga juz’iy qo‘pshmcha va o‘zgartirishlar kiritish taklif etilgan maqolalargina bosilar edi. Molotov xdm bu munozaralarda qatnashishga qaror qildi. S’ezd boshlanishidan oldin u KPSS MKga Dastur loyihasini batafsil tahlil qilingan tanqidiy malohazalarini jo‘natadi. Molotov uni xato va “revizionistik” hujjat deb ataydi. Uning tanqidiy fikrlari bosib chiqarilmaydi. Molotov maktubidagi ayrim mulohazalarni P.A.Satyukov va P.N.Pospelovlarning s’ezddagi nutqlaridan bilib olsa bo‘ladi. Ammo ular bu fikrlarni o‘zgartirib talqin etgan bo‘lishi mumkin. Molotovning KPSS Dasturiga qarshi fikr bildirganidan Xrushchev qattiq darg‘azab bo‘ldi. Ana shu tufayli u o‘zining hisobot dokladiga Molotov, Malenkov, Kaganovich va boshqa “fraktsionerlar”ning “partiyaga qarshi” guruhini tanqid qilishga qaratilgan maxsus bo‘lim kiritgan edi. Boshqa delegatlarning nutqida ham Molotov keskin tanqid qilindi. Bu gal Stalin, Molotov va dohiyning boshqa yaqin safdoshlari qilgan jinoyatlar haqida yopiq majlisda emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq s’ezd minbaridan turib gapirildi. Ko‘pchilik s’ezd delegatlari Molotov va uning siyosiy maslakdoshlari partiyadan chiqarilishini talab qildilar. Ular boshlang‘ich partiya tashkilotlari tomonidan partiya a’zoligidan chiqarildilar.
1962 yil fevralda Moskvadagi Sverdlovsk rayon partiya qo‘mitasi Molotovni antipartiyaviy fraktsionerlik faoliyati va ommaviy qirg‘inlardagi faol ishtiroki uchun KPSS safidan chiqardi. Molotov KPSSning MShQga partiya a’zoligida qoldirishni so‘rab ariza jo‘natdi. Shahar qo‘mitasi byurosi yig‘ilishida shu davrdagi MShQ birinchi kotibi P.N.Demichev unga shunday savol berdi: “Sizdan inson sifatida so‘raymiz: nima uchun siz aybsiz odamlar ro‘yxatiga qo‘l qo‘yib, ularni otishga jo‘natgansiz?” Molotov: “Bu ish xato bo‘lgan deb hisoblayman”, — deb javob qaytardi[31].
Sobiq sovet rahbarlari nafaqaga jo‘natildi. Molotov nomi bilan ataluvchi shahar va qishloqlar 1957 yildayoq asl holatiga qaytarilgan edi. Mamlakatda “Molotov” nomi bilan ataladigan bironta tashkilot yoki muassasa qolmadi.
A.I.Ajubeyning xotirlashicha, XXII s’ezddan keyin Polina Semenovna Jemchujina Xrushchevning kabuliga kirishga muvaffaq bo‘ladi. “Erini partiya a’zoligiga tiklash haqidagi iltimosiga javob sifatida Nikita Sergeevich unga Kosior, Postishev va Ukrainadagi boshqa mas’ul rahbarlarning xotinlarini otish haqida Molotov imzo chekkan hujjatni ko‘rsatib, undan Molotovni partiyaga tiklash lozimmi yoki sudga tortish kerakmi, deb so‘raydi.”[32]
MOLOTOV NAFAQADA
1961 yilda Molotov Moskvaga qaytib keldi. Partiyadan haydalganidan keyin u ko‘p imtiyozlaridan mahrum bo‘lgandi. Ammo ularning bir qismi xotini uchun saqlab qolindi. Molotov xotini va oz sonli boshqa oila a’zolari bilan Granovskiy ko‘chasidagi xonadonida, yozda esa imtiyozli kishilar uchun Jukovkada qurilgan dala hovlisida yashay boshladi. Uning oldiga qarindoshlaridan boshqa odam deyarli kelmas edi.
Bir kuni Stalinning qizi Svetlana Alliluyeva ularni yo‘qlab keldi. Bu haqda Alliluyeva “Faqat bir yil” kitobida xotirlaydi:
“Men qarib, rangi ketib qolgan Molotovni kichik xonadonida — Xrushchev o‘rnini Kosigin egallagan paytda uchratdim. Molotov odatiga ko‘ra kam gapirib, bosh silkitib o‘tirdi. Ilgarilari u otamning oddida shunday o‘tirganini ko‘p ko‘rganman. Endi esa u xotinining gaplarini ma’qullab bosh silkitardi. Bu ayol hamon baquvvat, ruhan tetik edi. U partiya safida qolgan, endilikda yoshlik yillaridagi kabi konditer fabrikasidagi partiya majlislarida qatnashardi. Butun oila stol atrofida yig‘ildi. Polina menga shunday dedi: “Otang chinakam daho edi. U mamlakatimizda beshinchi kolonnani yo‘qotdi, urush boshlanganida partiya bilan xalq bir safda turdi. Endi inqilobiy qat’iyat yo‘q, hamma joyda opportunizm. Italyan kommunistlari nima qilayotganiga qara! Sharmandalik! Hammani urush bilan ko‘rqitib qo‘yishdi. Faqat Xitoydan umid bor. Faqat u yerda inqilobiy ruh tirik!” Molotov ma’qullab, boshini tebratardi. Qizi bilan kuyovi taqsimchadan ko‘z uzmay jim o‘tirishdi. Yangi avlodga mansub bu yoshlar qattiq xijolatda edilar. Ota-onalari, ularning nazarida, muzliklar orasidan chiqib qolgan dinozavrlarga o‘xshardi.”[33]
Bu suhbat Xitoyda “madaniy inqyuyub” avjiga chiqqan yillarda bo‘lib o‘tgan. 1963—1967 yillarda ular bir-biriga ohista suyangan holda Arbat tor ko‘chalarida qizg‘in suhbatlashib sayr etishni xush ko‘rishardi. Bir necha yildan keyin P.S.Jemchujina vafot etdi. Dafn marosimini u partiya hisobida turadigan konditer fabrikasi uyushtirdi. Marosimda raykom partiya vakillari ham qatnashdi. Motam mitingida Molotov so‘zga chiqdi. Bu uning nafaqaga jo‘natilgandan keyingi birinchi va oxirgi nutqi edi. U marhuma bosib o‘tgan yo‘l haqida gapirar ekan, partiya va Sovet hukumati 30-40-yillarda amalga oshirgan ulkan ishlarga urg‘u berib o‘tdi. Ammo Molotov xotinining qamoqqa olinib, surgunga jo‘natilgani hamda shu yillardagi jinoyatlarni tilga olmadi.
60-yillariing o‘rtalarida Molotov xotiralar yozishga kirishdi. U uyida ishlar, ayni zamonda muntazam ravishda Davlat kutubxonasidagi professorlar zaliga qatnar edi. Albatta, Molotov “faxrli” akademiklar ro‘yxatidan allaqachonlar chiqarib tashlangan bo‘lsa ham, professorlar va akademiklar zaliga kirish huquqi saqlanib qolgandi. Bu zalda, odatda, xorijliklar ham o‘z ilmiy-tadqiqotlari yoki kitoblari ustida ishlar edilar. 1968 yilda Molotovning yoniga bir frantsiyalik talaba qiz o‘tirib qoladi. Yosh ayol qiziqsinib tez-tez qarayotganini sezgan qariya uning yonidan o‘tib ketayotib, kichkina qog‘oz parchasini qoldiradi. Unga: “Molotov — Stalinning o‘ng qo‘li”, deb yozilgan edi.
O‘z xotiralarining 1905—1917 yillardagi inqilobiy harakatlarga bag‘ishlangan dastlabki qismini yozib tugatgan Molotov “Yunost” jurnalining bosh muharriri, yozuvchi Boris Polevoyga qo‘ng‘iroq qiladi. Aynan mana shu jurnalda 1967 yilda A.I.Mikoyan xotiralarining inqilobga bag‘ishlangan birinchi qismi bosilgan edi. Boris Polevoy Molotov xotiralarini qabul qilishga shoshilmaydi. U bir necha kundan keyin qo‘ng‘iroq qiling deb paysalga soladi. Molotov ikkinchi marta Polevoyga qo‘ng‘iroq qilganda, u jurnal bu xotiralarni bosib chiqarolmasligini aytadi va ularni marksizm-leninizm institutiga yuborishga da’vat etadi. Molotov bu taklifni qabul qilgan-qilmaganligi noma’lum. Ammo uni bilgan kishilarning hammasi u o‘z xotiralarida aslo tavba-tazarru qilmagani va qarashlarini zarracha o‘zgartirmaganiga, aksincha, o‘z o‘tmishini oqlash uchun har qanday imkoniyatdan foydalanganiga shubha bildirmaydilar.
Molotov o‘z kvartirasida kasbi tarixchi bo‘lgan qizi Svetlana bilan birga turadi. Unga qo‘riqchi ajratilmagandi. Moskvada va mamlakatda xohlagan joyiga emin-erkin borib-kelishi mumkin edi. U kutubxonadan tashqari turli ko‘rgazmalar va kontsertlarga tushib turardi. Ayniqsa, Molotov teatrga tez-tez borardi. Ayrim asarlarni juda yoqtirardi. Masalan, u Vaxtangov teatrida qo‘yilgan Korneychukning “Front” pesasini bir necha marta ko‘rgandi. Asar qahramanlaridan biri: “Men Molotovga xat yozdim” der edi.
Molotov Taganka teatrida Jon Rid asari asosida sahnalashtirilgan “Dunyoni titratgan to‘qqiz kun” spektaklini ko‘rish uchun bir necha marta borgan. Uning bir ko‘rinishida ayni shu kezlarda KPSS MK tomonidan ishdan olinib, nafaqaga chiqarilgan Xrushchevga qarshi imo-ishoralar bor edi. Molotov Jukovkadagi imtiyozli chorbog‘chilar uchun qurilgan kichkina kinoteatrga ham juda ko‘p tushib turardi. U yerda ommaviy ekranlarga chiqarilmaydigan har xil xorshshy filmlar ham namoyish qilinardi. Tomoshabinlar orasida Molotovni yaxshi biladigan “sobiq” xodimlar ham ko‘p bo‘lardi. Ammo ular unga e’tibor berishmasdi.
Molotov jamoat arboblari va jurnalistlarning birontasi bilan uchrashmasdi…
O‘ziga xayrixoh odamlar qatoriga u alban diktatori Anvar Xo‘jani qo‘shar edi. Xo‘ja Tiranada bosilib chiqqan xotiralarida sovet arboblari bilan uchrashuvlarini hikoya qilar ekan, faqat Molotovning nomini ehtirom bilan tilga oladi. To‘g‘ri, u Molotovni shaxs va siyosiy arbob sifatida kuchsiz siymo deb atasa ham, Stalindan keyingi rahbarlar orasida faqat u hurmatga sazovor deb hisoblaydi.
Tabiiyki, Molotov hayotida kutilmagan uchrashuvlar ham bo‘lib turgan. Taniqli sport sharhlovchisi Nikolay Ozerov bir kuni o‘z mashinasida ketayotgan edi. Nogahon u yo‘l chetida turgan tanish qiyofali qariyani ko‘rib qoladi. Yaqin kelgach, bu kishi Molotov ekanini biladi va uyiga eltib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Sobiq vazir uyi oldida mashinadan tushar ekan: “Meni Nikolay Ozerovning o‘zi mashinasida olib keldi desam, nevaralarim ishonmaydi”, — deb minnatdorchilik bildiradi…
Ko‘p moskvaliklar uning yonidan loqayd o‘tib ketishardi. Kichik yoshdagilar gazeta va jurnallardagi suratini ko‘rmagani uchun uni deyarli tanimas edilar. Kattalar esa tanishlariga gapirib qolishardi: “Bilasizmi, bugun Molotovni ko‘rdim. Juda qarib qolsayam, hali tetik. Uni hech kim qo‘riqlamas ekan.” Ammo boshqa hodisalar ham uchrab turardi. Bir kuni Pushkin maydonida Molotovning yoniga qari bir kampir kelib, baland ovozda uki jallod va qotil deb haqorat qila boshlaydi. Molotov hech qanday javob bermasdan, yelkasini siqib jo‘nab qoladi. Boshqa safar Jukovkadagi magazinda odamlar pomidor uchun navbatda turishardi. Molotov ham ularga qo‘shiladi. Ayollardan biri shu zahoti navbatdan chiqib, “jallod bilan bir safda turishni xohlamayman” deb e’lon qiladi. Molotov indamay magazindan chiqib ketadi. Soljenininning birinchi xotini N.Reshetovskaya ham uni shu yerda ko‘rgan edi. Soljenitsin shu kunlarda Jukovkada Rostropovichning dala hovlisida yashab turardi. U xotiniga tanbeh beradi: “Nega unga hech narsa demading? Men bo‘lganimda, oldiga borib: “Siz Molotovmisiz? Men Soljenitsin bo‘laman. Qon oqib turgan mana shu qo‘llaringiz bilan dunyoda qanday yashab yuribsiz?” deb aytgan bo‘lardim.”
Xorijda vafot etgan yozuvchi A.Yakobson 60-yillarda Molotov bilan Jemchujinani Arbatda uchratib qoladi. Shirakayfroq bo‘lgan Anatoliy ko‘chada hamma eshitadigan qilib: “Do‘sting Ribbentrop qanday yashayapti?!” — deb qichqiradi. Yuzi toshdek qotgan Molotov sharpadek o‘tib ketadi.
MHATda qo‘yilgan “Po‘lat qutovchilar” spektakli premerasida Molotovni ko‘rgan tomoshabinlar dastxat yozib berishini so‘rab teatr dasturini uzata boshlaydilar. Molotov jonlanib ketadi. Ammo kutilmaganda foyeda turgan yoshgina ayol: “Nima qklayapsizlar o‘zi? Bu odam jallod-ku! Minglab odamlarni qirgan!” deb qichqiradi. Molotovning atrofidagi odamlar bir zumda tumandek tarqalib ketadi. U esa boshini egib, teatr eshigiga qarab yuradi. Yana bir kuni — qish paytida uyga mashinada kelgan Molotov sirg‘anib ketmaslik uchun ohista yurib, o‘z pod’ezdiga yaqinlashadi. Ikki baland bo‘yli kishi nogoh qarshisidan chiqib qoladi. Ulardan biri — yigirma yilga yaqin qamoqda bo‘lgan iste’dodli kuruvchi-muhandis Georgiy Ivanovich Menshikov Molotovni tanib qolib to‘xtaydi va: “Haliyam sudralib yuribsanmi, qonxo‘r?” — deb xitob qiladi.
To‘qson to‘rt yoshga kirgan Molotov uchun bunday haqoratlarga chidash og‘ir edi. Ammo tarix yana bir marta hammaning ustidan kulib, dogmatizm va stalinizm g‘oyalari mamlakatda naqadar kuchli ekanini namoyish etdi.
Markaziy Komitetning oktyabr Plenumi bo‘lib o‘tgan 1964 yildayoq Molotov Kosigin bilan Brejnev nomiga ariza yo‘llab, partiya safiga tiklashni so‘ragan edi. Xrushchev davrida “jabr ko‘rgan” minglab odamlardan shunday arizalar tushgandi. Ularning hammasi, jumladan, Molotovning murojaati rad etildi. Bir necha yildan keyin Molotov o‘z iltimosini takrorlaydi. Bu paytda — 60-yillarning oxirida Stalinni oqlash uchun tayyorgarlik ketayotgan bo‘lib, Stalin nomi, ba’zan Molotov nomi ham qo‘shilgan holda gazeta va jurnallarda tez-tez ko‘rinib turardi. Ammo Stalin oqlanmay qoldi va Molotovning arizasi inobatga olinmadi. Bu borada u ko‘p martalab murojaat qilgani aniq. 1984 yilda MK Bosh kotibligiga K.U.Chernenko saylangan paytda Molotov partiyaga tiklashlarini so‘rab yana Siyosiy byuroga murojaat qiladi. Bu paytda Siyosiy byuroda mavqei baland bo‘lgan A.A.Gromiko uning arizasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ortiqcha munozara bo‘lishini xoxlamagan Siyosiy byuroning boshqa a’zolari yon bosadilar: Molotov partiyaga tiklanadi. Mazkur holat Tashqi ishlar vazirligi xorijiy jurnalistlar uchun o‘tkazgan matbuot konferentsiyasida rasman tan olinganiga qaramay, partiya matbuotida bu haqda hech qanday xabar berilmaydi. 1984—1986 yillarda endi partiya a’zosi bo‘lgan Molotovning nomi avvalgiga qaraganda tez-tez matbuotda tilga olina bopshaydi. Uning siymosi ekranlarda paydo bo‘ladi. Jumladan, 1985 yilda ekranlarga chiqqan va asosiy qahramonlari Stalin bilan Brejnev bo‘lgan hashamdor “G‘alaba” kinofilmida Molotov obrazi ham bor.
1986 yil iyulda “Moskovskiye novosti” gazetasida (tahririyat a’zolari hamon avvalgidek edi) to‘qson olti yoshli Molotov bilan suhbat e’lon qilinadi. Molotovning Jukovkadagi dala hovlisiga borgan jurnalist Klara Abramiya yozadi:
“Bizni taklif etishgan kabinetning hamma devorlari kitob tokchalariga to‘la. Ish stolida “Anti-Dyuring” va “Tinch Don” turibdi, “Anti-Dyuring”ning ochiq sahifasida qalam izlari ko‘rinadi. Fiqrlarimni avvaldan sezgandek, o‘z kun tartibi haqida hikoya qila boshladi… Ertalab 6.30 da o‘rindan turish, 20 daqiqa ochiq havoda badantarbiya. Nonushtadan keyin bir soatcha o‘rmonda sayr etish, so‘ng gazeta o‘qish. Ikki soatlik hordiq va yana ish stolida mashg‘ulot. Kitoblar, kitoblar. O‘qish uchun olti soat vaqt ajratiladi.
— Hamma voqealardan xabardorman, — deydi Vyacheslav Mixaylovich. — Hayotimizda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan xursandman. Afsuski, yoshim va sog‘lig‘im bu ishlarda faol ishtirok etishga yo‘l qo‘ymaydi. Yosh ulg‘aygan sari jamiyatga ko‘proq foyda yetkazishni xohlab qolar ekansan… Men baxtli keksalikka erishdim. Yuz yil yashashni orzu qilaman…”[34]
Molotov yuz yoshga yeta olmadi. Yuqoridagi suhbatdan keyin bir necha oy o‘tgach, u vafot etadi. G‘arb gazeta va jurnallarida shu munosabat bilan ko‘plab maqolalar e’lon qilindi. Sovet matbuotida esa faqat kichik bir xabar bosildi: “SSSR Ministrlar Soveti chuqur qayg‘u bilan bildiradiki, 1986 yil 8 noyabrda uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng ittifoq miqyosidagi shaxsiy pensioner, 1906 yildan beri KPSS a’zosi, 1930 yildan 1941 yilgacha SSSR Xalq Komissarlar Sovetining Raisi, 1941 yildan 1957 yilgacha SSSR Ministrlar Soveti Raisining byrinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan V.M.Molotov 97 yoshida vafot etdi.”[35]
Molotov Novodevichevo qabristoniga dafn etildi. Motam marosimida qarindosh-urug‘lari va ayrim do‘stlari, muxlislari ishtirok etdilar. Ular orasida bironta ham muxbir yo‘q edi.
1984 yilda nemis jurnali “Der Shpigel” Vyacheslav Molotov bilan Rudolf Gess taqdiridagi o‘xshashliklar haqida kichik bir maqola e’lon qildi. Gess ham to‘qson yoshdan ortiq umr ko‘rgan edi. U ham natsistlar partiyasida Gitlerdan keyingi ikkinchi shaxs hisoblangan, antifashistlarga qarshi terrorning asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘lgan. Gyoss Molotov — Ribbentrop paktini tayyorlashda hamda 1940 yilda Molotov bilan Gitler olib borgan muzokaralarda faol ishtirok etgan. Jurnalda Molotov bilan Ribbentropning kulimsirab qo‘l ushlashib turgan surati ham bosilgan edi. Gess ham yuz yoshga yetishni orzu qilgani ma’lum, ammo u 93 yoshda vafot etdi. Bu odamlarning taqdirida jiddiy farqlar ham mavjud. Gess 1941 yilda qamoqqa olingan, dastlab ingliz qamoqxonalarida, 1946 yildan keyin esa harbiy jinoyatchi sifatida Berlindagi Shpandau turmasining bir kishilik hujrasida saqlandi. Ochig‘ini aytganda, uni qo‘riqlash uchun ketgan xarajatlar Jukovkadagi jihozlangan dala hovlida yashagan Molotovni “ta’minlash”ga qaraganda o‘n marotaba ortiq edi. Afsuslanadigan joyi shundaki, aksari yaxshi odamlarga uzoq umr ko‘rish nasib etmaydi, ko‘pgina yomon odamlar esa, aksincha, o‘ta yashovchan bo‘ladi.
Ruschadan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil 4-son
_______________________
[1] Smit X. Ruslar. Nyu-York, 1976. 195-196-b.
[2] Qarang: Bukov K, Samorodov A. O‘ng qo‘l. “Moskovskaya pravda”, 1989, 6 aprel. Molotov V. Sotsializm uchun kurash. M., 1935, 76-b.
[3] Mandelshtam N.Ya. Xotiralar. Parij, 1970, 167-b.
[4] Bu haqda qarang: Zelenin Ye.I. Yangi kollektivlashtirish davri yakunidagi ba’zi “oq dog‘lar” haqida. Istoriya SSSR, 1989, №2, 12-13-b.
[5] Bu kitobning ayrim boblari “Ogonyok” jurnalida (1989, №46-52) bosilkb chiqqan.
[6] Orlov A. Stalin jinoyatlarining maxfiy tarixi. Nyu-York — Quddus — Parij, 1983, 154-159-b.
[7] Qarang: Vaynshteyn A. Aka-uka Starostinlar ishi. Moskovskiye novosti. 1989, 29 yanvar.
[8] “Keraksizligi uchun fuqaro Kapitsaga qaytarilsin.” Shaxsiy arxivdan olingan uch maktub. Sovetskaya kultura. 1989, 14 yanvar.
[9] “Tiyiqsiz o‘zboshimchalikka qarshi norozilik bildiraman.” Akademik I.P.Pavlov bilan V.M.Molotov yozishmalari. Sovetskaya kultura, 1989, 14 yanvar.
[10] Yelagin Yu. San’atning bo‘ysundirilishi. Nyu-York, 1952, 101-b.
[11] Qarang: Volkogonov D. Yuksalish va fojia. Oktyabr, 1988. №12. 117-b.
[12] Gnedin Ye. SSSR bilan fashistlar Germaniyasi o‘rtasidagi munosabatlar tarixidan. Nyu-York, 1977, 34-35-b.
[13] Bohlen C. Witness to History. NY. 1973. P. 64.
[14] Roshchin A. Tashqi ishlar komissarligi urush arafasida. Mejdunarodnaya jizn, 1988. №4, 124-12-b.
[15] Qarang: Nazarov Z. “Mejdunarodnaya jizn” jurnali tahririyatiga maktub. Mejdunarodnaya jizn. 1988. №1, 116-b.
[16] Ye.A.Gnedin xotiralaridan ayrim parchalar “Novыy mir” jurnalida (1988, №7. 17.3- 209-b.) bosilgan.
[17] Gnedin Ye. Falokat va qayta tug‘ilish. Amsterdam, 1977. 291-b.
[18] Roshchin A. Ko‘rsatilgan asar. 126-b.
[19] Bohlen C. Witness to History. NY. 1973. P. 74.
[20] Bohlen C. Witness to History. NY. 1973. P. 82.
[21] “Pravda”, 1989, 28 dekabr.
[22] SSSR Oliy Sovetining 1939 yil 31 oktyabr — 2 noyabrdaga navbatdan tashqari sessiyasi. Stenografik hisobot. Moskva, 1939. 9-b.
[23] Ko‘chirma “Zamon va biz” nashridan olindi (Quddus — Parij — Nyu-York). 1979, №48, 161-162-b.
[24] Simonov K. Avlodim ko‘zi bilan. M., 1989, 241-242-b.
[25] Idashkin Yu. Bizga tanish siymo. V.M.Molotov bilan suhbat. “Literaturnaya Rossiya”, 1988, 22 iyun.
[26] “Pravda”, 1953, 10 mart.
[27] Ko‘chirma “Der Spiegel”dan olindi. 1986, №36. 5. 149-150 b.
[28] “Kommunist”, 1955, №14. 127-128-b.
[29] Tarix va zamonaviylik masalalari. “Davra bahsi”, Voprosы istorii KPSS 1989, №2. 50-b.
[30] Michunovich V. Moskvada ishlagan yillarim. 446-447-b.
[31] Bukov K., Samorodov L. O‘ng qo‘l. “Moskovskaya pravda”. 1989, 6 aprel.
[32] Ajubey A. O‘sha o‘n yil. Znamya, 1988, № 6, 96-b.
[33] Aliluyeva S. Faqat bir yil. Nyu-York, 1970, 353-b.
[34] Abramiya K. Molotov huzurida mehmonda. “Moskovskiye novosti”. 1986, 6 iyul.
[35] “Izvestiya”, 1986. 11 noyabr.