Marat Hasanov. Turkiston muxtoriyati: haqiqat va uydirma (1990)

Turkiston muxtoriyatining bayrog‘i

Ko‘hna Turkiston tuprog‘i asr boshpariga kelib, ne-ne zulmlarni ko‘rmadi, ne-ne balolarni boshidan kechirmadi. Haq-huquqi poymol etilgan, qullik zanjiri ostida qolgan bobokalonlar har safar milliy ozodlik, farzandlar istiqboli uchun kurashib keldi. Yaqin paytlargacha ular kurashi «millatchi», «turkparast», «islomparast», «vatan xoini» degan yorliqlar niqobi ostida talqin etildi. O‘tgan 73 yil mobaynida esa xalq nomidan ne-ne adolatsizliklar, g‘ayriinsoniy ishlar qilib kelinganligining bugun guvohimiz. Bizda qayta qurish, demokratiya va oshkoralikning yo‘q darajadaligini shundan ham bilish mumkinki, mustaqillik Deklaratsiyasi e’lon qilingan hozirgi sharoitda ham 1917 yildayoq mustaqil hukumat tuzgan, shu yo‘lda jon fido etgan bobolar faoliyatiga siyosiy baho berilmadi. Buning sabablari ko‘p, shulardan biri — o‘z o‘tmishiii bilmaslik; bu bilimsizlik esa nafaqat siyosiy arboblarga, oddiy jurnalxonga ham sharaf keltirmaydi. Quyidagi maqolani e’lon qilish ila, Turkiston muxtoriyati tarixining ko‘p yillar xalqdan (nafaqat xalqdan!) yashirib kelingan sahifalari bilan tanishtirishni davom ettiramiz. (O‘tgan sonlarga qarang: «FT». 7-son — «Turkiston muxtoriyati maromnoma va nizomnomasi»; 8-son — «Muxtoriyatning tugatilishi»).

Turkiston o‘lkasiga muxtoriyat maqomi berish g‘oyasi Oktyabr inqilobiga qadar tug‘ilgandi. Bu g‘oya tarafdorlari safida xalqchil kayfiyatdagi ziyolilar, mehnatkash deqqonlar bor edi.

1917 yilning sentyabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Ulamo» qurultoyida muxtoriyat g‘oyasi birinchi marta rasmiy ravishda tilga olindi. Unda 500 dan ko‘proq kishi qatnashdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «nafaqat Turkiston viloyatlaridan, shuningdek O‘rol va To‘rg‘ay viloyatlaridan ham delegatlar ishtirok etdi». «Ulug‘ Turkiston» ro‘znomasida keltirilishicha, delegatlarning «ko‘pchiligini muhtaram mullalar, mudarrislar va mansabdorlar, ya’nikim ko‘pchilik aholi qo‘llab-quvvatlagan, xalq foydasiga ishlayotgan kishilar tashkil etadi».

4 kun davom etgan qurultoy ishida sotsial-iqtisodiy va siyosiy mazmundagi bir qator masalalar ko‘rildi. Ular bo‘yicha qabul qilingan qarorlardan 1917 yilgi fevral inqilobi shabadalari turkistonliklarning ma’rifatli qatlamlarini ijtimoiy-siyosiy faollikka ilhomlantirgani yaqqol ko‘rinadi. Jumladan, «hozirdayoq Ta’sis majlisiga nomzodlar ko‘rsatishiga qaror qilindi. Chunki «u yerda Rusiyadagi jamiki musulmonlarning taqdirlari hal bo‘ladi».

Qurultoydagi eng muhim voqea shu bo‘ldiki, «Janobi Muhammad xoja Eshon va mulla Sodiq xoja Eshonning boshqaruvning tuzilishi haqidagi ma’ruzalarini eshitib, qurultoy ahli Turkiston muxtoriyatini ta’sis etishga bir ovozdan (ta’kid bizniki. — M.H.) qaror qildi.»

Qabul qilingan hujjatlar o‘lkaning istiqboldagi ijtimoiy-siyosiy tuzilishi rejalarini o‘zida to‘liq aks ettiradi. Jumladan Turkiston federatsiyasining oliy organi — majlisi mab’uson (parlament)ga «Turkiston o‘lkasida yashovchi barcha xalqlar mutanosib vakillik majburiyati asosida 5 yil muddatga umumiy, barobar, yoshirun va bevosita saylov usuli ila saylanadur». Shuningdek, «Turkiston majlisi mab’usonining qonunlari Rusiya jumhuriyatining asosiy qonunlari va shariat talablari bilan kelishilgan bo‘lmog‘i lozim». «Umumdavlat masalalarini hal etish uchun Turkiston majlisi mab’usoni Rusiya jumhuriyati oliy hukumatida ham o‘z vakillariga ega bo‘ladi». Turkiston federatsiyasi, shuningdek, pul zarb etish huquqi, o‘z militsiyasi va harbiy qo‘shinlariga ega bo‘ladi. «Tinch paytda federatsiyaning xorijiy davlatlar bilan chegaralarini qo‘riqlash uchun» o‘z qo‘shinlariga ega bo‘lish zarur. Urush paytda tashqi chegaralarni qo‘riqlash Rusiya jumhuriyati hukumati tomonidan amalga oshiriladi va bu holda Turkiston federatsiyasi qo‘shinlari qo‘monda munosabatlarida butunlay Rusiya jumhuriyati hukumati ixtiyoriga o‘tadi».

Mulkchilik, yer va suv masalalarida, bugungi kun nigohi bilan qaralsa, e’tiborga loyiq qarorlar qabul qilindi. Qurultoy yer qo‘mitalari tuzilishiga salbiy munosabat bildirdi, «Turkiston yer va suvlari umumxalq majlisi boshqariluvida, ya’ni Turkiston xalqlarining o‘z ixtiyorida bo‘lishi lozim», deyildi.

Agar Turkiston muxtoriyatining maromnomasiga (yaqinda jurnalda berilgan) diqqat bilan razm solsangiz, yuqoridagi qarorlardan tashqari, bu muhim hujjatda ham bugungi kun uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan fikrlar borligini ko‘rasiz:

—  «Muxtoriyatli o‘lkalar doxiliy masalalar (idoriy, moliyaviy, shar’iy, madaniy, adliy va maorif ishlar(i)da mustaqildur».

—  «Hurriyati vijdon (vijdon erkinligi) tom ma’nosi-la ijro qilinub, aholidan hech kim dini, mazhabi va e’tiqodi uchun ta’qib va tazyiq qilinmas».

_  «Har kim o‘z fikrini, xayolini so‘ylamakda, matbuot va boshqa vositalar ila nashr va e’lon qilmoqqa ixtiyorlidur».

— «Jam’iyat yoki bir ittifoq yasamoq uchun hech kimdan ruxsat so‘ramoqqa ehtiyoj yo‘qdur».

—  «Posport usuli bitirilub, xoh mamlakat doxilinda, xoh xorijinda o‘lsun, har kim xohlagan yerig‘a hech kimdan so‘ramasdan ketmoqg‘a haqlidir».

—  «Firqa barcha solig‘larni bitirub va barham berub, faqat yer, suv va tijorat daromadlari va boshqa shar’iy yo‘llardan solig‘ puli olmak tarafdoridur».

—  «Dorilfunun va boshqa oliy maktablar jumlasi doxiliy (ichki) ishlarda ixtiyoriy va tadrisotda (dars o‘tishda) ozod (mustaqil) bo‘lurlar».

Maromnomada keltirilgan bu kabi chinakam halqchil ruhdagi fikrlar, haqiqiy mustaqil davlat barpo etish g‘oyalari hali ko‘pchilikda fikr uyg‘otadi, degan umiddaman. Shu bois ko‘p to‘xtalib o‘tmadik, endi yana voqealarga qaytsak.

Millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari I. V. Stalin va Sovnarkom Raisi V. I. Lenin imzo chekkan ikki hujjat e’lon qilindi: «Rossiya xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi» (1917 yil 15 noyabr) va «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» murojaatnomasi (3 dekabr). Birinchisida jumladan shunday satrlar bor: «Xalq Komissarlari Soveti Rossiya millatlari haqidagi masala bo‘yicha o‘z faoliyatiga quyidagilarni asos qilib olishga qaror qildi… 2. Rossiya xalqlarining ajralib chiqish va mustaqil davlat tashkil etishgacha bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi. 3. Barcha milliy va milliy-diniy imtiyozlar va cheklanishlarni man etish.» Ikkinchisida, murojaatnomada shunday so‘zlar yozilgandi: «O‘z milliy hayotingizni erkin va hech qanday to‘siqsiz barpo eting. Siz bunga haqlisiz. Bilingki, sizning huquqlaringiz Rossiyadagi barcha xalqlarning huquqlari kabi inqilob va uning organlari, ishchi, askar va dehqon deputatlari Sovetlarining butun kuch-qudrati bilan qo‘riqlanadi».

Bugungi kunda aytilaverib, yozilaverib siyqasi chiqib ketgan, boshqa tomondan, shuncha yillardan buyon amalga oshmagan va oshishi ham amri maholga o‘xshab ko‘rinadigan bu so‘zlarni yana takrorlashga ne hojat? Bunga alohida e’tiborni tortishni-chi?

Hojati bor. Ikki sababga ko‘ra. Birinchidan, Turkiston o‘lkasi Sovetlarining 3-s’ezdi tomonidan saylangan (1917 yil 15—22 dekabr) hukumat V. I. Leninga va Petrograd Sovnarkomiga yuborgan maxsus telegrammasida «Sizning barcha dekretlaringizni hayotga tatbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani» va shu munosabat bilan «bizning to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizga tayanishini so‘rashini alohida ta’kidlaydi. Ikkinchidan, bu va’dalar amalda bajarilmadi. Mazkur s’ezd saylagan hukumatning chaqirig‘ida markazning yuqorida aytilgan ikki hujjati haqida lom-mim deyilmagan. Bu paytda Turkiston mustaqilligi ifodasi bo‘lgan muxtoriyat g‘oyasi oddiy tushunchadan konkret ishga aylangan edi.

1917 yilning 12 noyabrida Toshkentda «Sho‘roi Ulamo» rahbari Sherali Lapin boshchiligida turli musulmon guruhlarining birlashgan maslahat yig‘ini (s’ezd) bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi masalalardan biri «Turkistonda hukumat tuzish haqida»gi masala edi. Uni kun tartibiga kirishining sababi bor. Bundan uch-to‘rt kun avval omma o‘rtasida katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan bu tashkilotning ko‘zga ko‘ringan faollaridan biri Shoahmedov Petrograddan qaytib, musulmonlar o‘z mustaqil davlatini tuzishi mumkin, degan xabar keltirgan. Qabul qilingan rezolyutsiyada shunday deyiladi: «Hokimiyatning askar, ishchi va dehqon deputatlari Soveti qo‘liga o‘tishi munosabati bilan Turkiston o‘lka musulmonlari s’ezdi Butun Turkistonning 98 foizini tashkil etuvchi 10 million jon musulmonlar Rusiya inqilobi va’da etgan ozodlik, tenglik va birodarlik asosida milliy-madaniy o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega deb topadi». Bu kunlarda o‘z hukumatini tuza boshlagan Turkiston o‘lkasi Sovetlarining 3-s’ezdiga munosabat esa quyidagicha bo‘ldi: «Hokimiyatning mahalliy aholi manfaatlaridan uzoq va tasodifiy bo‘lgan kishilar — faqat harbiy, ishchi-dehqonlar qo‘lida to‘planishi demokratik printsiplarga to‘g‘ri kelmaydi va mahalliy aholini xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi asosida turmush kechirishga kafolat bera olmaydi». Shuningdek, quyidagi mulohazalar ham aytildi: «Musulmonlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘llari va ularning umumbashar taraqqiyogiga erishuvi Qur’on va shariatda ko‘rsatilganidan boshqacha bo‘lishi mumkin emas, shunday ekan musulmonlar inqilob tufayli erishgan huquqlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida Rusiyada mavjud siyosiy partiyalarning birortasiga qo‘shila olmaydi va ularning siyosiy kurashida qatnasholmaydi».

«Sho‘roi Ulamo» rahbari Sherali Lapinga Turkiston o‘lkasi Sovetlarining 3-s’ezdida nutq so‘zlash imkoni berildi. U o‘z so‘zida «Musulmonlar rus inqilobining o‘z taqdirini o‘zi belgilash haqidagi va’dasiga ishonadi, lekin ular buni Ta’sis majlisidan kutadi», dedi. U, shuningdek, «agar o‘lkada faqat bir inqilobiy demokratiya hukm surar ekan, musulmonlar bu hol bilan kelishmaydi», deya alohida ta’kidladi. Sovetlar s’ezdiga yana shu narsa aytildiki, «musulmonlar butun hokimiyatni talab qilishi mumkin edi, biroq kelgindi unsurlarga yon berib, ularning vakillarini hukumatga kiritadi». Notiq ogohlantirdi: «Hukumatni boshqacha tashkil etishda musulmonlar qatnashmaydi». Chunki «musulmonlar yo‘li mustaqil — u Qur’on va shariat qoidalari tomonidan kursatilgan, shu bois ular biror bir rus siyosiy partiyalariga qo‘shilolmaydi, biroq mamlakatni Ta’sis majlisiga olib boradigan barcha xalq tashkilotlariga suyanuvchi hukumatni qo‘llab quvvatlaydi».

Lapin nutqini muhokama etish chog‘ida mensheviklar o‘lka Soveti tarkibiga musulmonlar s’ezdi delegat qilib yo‘llagan vakillarni kiritishni taklif etishdi. Biroq bu taklif mensheviklarning siyosiy raqiblari tomonidan bo‘lib o‘tayotgan s’ezd tarkibida o‘z mavqeini kuchaytirish sifatida baholandi va yo‘qqa chiqarildi. Undan tashqari s’ezd rezolyutsiyasida ochiqdan-ochiq bunday deyildi: «Hozirgi paytda musulmonlarni o‘lka oliy inqilobiy hukumati organiga kiritish mahalliy aholining askar, ishchi va dehqon deputatlari Sovetiga munosabatining butkul noaniqligi, mahalliy aholi orasida proletar sinfiy tashkilotlarining yo‘qligi tufayli nomatlubdir».

1917 yilning 26 noyabrida Qo‘qonda, sobiq xonlik poytaxtida, 50 ming kishilik aholisi, 382 masjidi, 40 madrasasi, 6 ming nafar diniy xizmatchisi va 11 banki bo‘lgan bu shaharda mashhur 4-o‘lka musulmonlari Favqulodda s’ezdi ish boshladi. O‘lka pochta-telegraf mahkamasi xizmatchilarining cho‘zilib ketgan ish tashlashi tufayli s’ezdga taklifnomalar joylarga kech yetib bordi va mo‘ljallangan muddatdan bir kunga kechiktirildi. 25 noyabr kech soat 7 da «Sho‘roi Islomiya» tashkilotining Qo‘qondagi qarorgohida s’ezdoldi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi masalalar orasida o‘lkaning boshqaruv shakli, Turkistonning «Kazak qo‘shinlari, tog‘li Kavkaz va erkin sahroi xalqlar janubi-sharqiy Ittifoqi»ga kirishi masalasi, Turkiston musulmonlari Sovetini qayta saylash, joylardan kelgan vakillar ma’ruzalarini tinglash, Turkiston Ta’sis majlisini o‘tkazish, militsiya tuzish, moliyaviy ishlar va boshqalar bor edi. Ertalab soat 12 da s’ezd tashkiliy byurosi va o‘lka musulmonlar sovetining a’zosi, Peterburg dorilfununi huquqshunoslik sho‘basining bitiruvchisi Mustafo Cho‘qayev s’ezdni ochiq deb e’lon qildi. Mandat komissiyasi a’zosi Norbo‘tabekov s’ezdga qatnashuvchilar soni bilan tinishtirdi: Farg‘onadan — 151, Sirdaryo viloyatidan — 22, Samarqand viloyatidan — 21, Kaspiy ortidan — 7, Buxorodan — 4 kishi. Oxir-oqibatda ular soni 203 nafarga yetdi. Delegatlardan tashqari «Sho‘roi Islom», «Sho‘roi Ulamo», musulmon askarlari kengashi, o‘lka yahudiylari tashkiloti va buxoro yahudiylari vakillari ishtirok etdi.

Mana, orada necha o‘n yillar o‘tyapti, hatto XX asr tugab ham boryaptiki, mening ko‘plab tarixchi hamkasblarim ushbu s’ezdga «millatchilar yig‘ini» yorlig‘ini yopishtirib kelishadi. Aslida esa qanday? Mening nazarimda to‘liq ma’noda bunday deyish vijdonsizlik, ikkiyuzlamachilik, munofiqlikdan boshqa narsa emas. Axir, demokratik kayfiyatdagi bir qator milliy ziyolilar vakillari s’ezdda shunday fikrlarni bayon etdiki, ularni tor dunyoqarashli millatchi sira aytolmagan bo‘lur edi. Jumladan ulug‘ o‘zbek ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy s’ezd hay’atiga nomusulmon guruhlari vakillaridan ham kiritilishini taklif etdi. S’ezd ishida siyosiy fikrlar plyuralizmi yaqqol ko‘rindi. Qo‘qonlik Mahmudov shunday dedi: «Hay’atga saylov viloyatlar va alohida diniy hamda milliy guruhlar bo‘yicha emas, balki bilimdon, zukko va ishbilarmonligiga ko‘ra o‘tkazilishi kerak». Muzokaralardan so‘ng 13 kishi saylandi: M. Cho‘qayev, U. Xo‘jayev, Yu. Og‘ayev, Akayev, Gernfeld, A. Mahmudov, Shoahmedov, Kishchinboyev, Kamol qozi, Abdul Badin, O‘razayev, Tillayev, Karimboyev. S’ezd 3 kun davom etdi. Unda vaqtli hukumat tuzilib, injener M. Tanishboyev bu hukumatga bosh bo‘ldi.

S’ezdda Turkistonning istiqboldagi siyosiy tuzumi tuzilishi to‘liq ishlab chiqildi. Jumladan 27 noyabr kuni yarim kechada — soat 24 da qabul qilingan rezolyutsiyada shunday deyiladi: «S’ezd Turkistonda yashovchi millatlarning irodasini ifodalab, Ulug‘ Rusiya inqilobi va’da etgan o‘z taqdirini o‘zi hal etish negizida, Federativ demokratik Rusiya jumhuriyati asosi uzra, Turkistonni territoriya jihatdan muxtoriyat shaklida belgilashni topshirdi». Shuningdek, «Turkistonda yashovchi milliy ozchilik huquqlari har tomondan muhofaza etiladi».

28 noyabrda bo‘lajak davlat tuzilmasining nomi «Turkiston Muxtoriyati» deb belgilandi. Turkiston Ta’sis majlisi chaqirilguncha butun hokimiyat Turkiston Vaqtli Kengashi va Turkiston xalq boshqaruvi (Kengashi) qo‘lida bo‘lishi s’ezd tomonidan ma’qullandi. Vaqtli Kengash a’zolari soni (32 kishi) ilgari Turkistondan Butunrusiya Ta’sis majlisiga yuborilgan delegatlar soniga qarab belgilandi.

54 kishilik xalq boshqaruvi Kengashi tarkibiga shahar boshqaruvlari s’ezdidan 4 vakil kiritildi. 54 o‘rindan 18, ya’ni uchdan bir o‘rin o‘lkadagi turli yevropali millatlar tashkilotlari vakillariga ajratildi. Ular, garchi, barcha aholining 7 foizini tashkil etsa ham. Muxtoriyatchilarning qanchalik demokratik kayfiyatdagi kishilar bo‘lganini ular taklif etgan saylov sistemasidan ham ko‘rish mumkin. U Turkistondagi har bir yirik etnik guruhning oliy hukumat organida mutanosiblik printsipi bo‘yicha qat’iy o‘rin olishi asosida tuzildi. Xususan, «Turkiston Ta’sis majlisiga Saylovlar» nizomiga muvofiq, musulmon va nomusulmon, ya’ni ikki kuriya bo‘lishi ko‘zda tutildi. Musulmonlarga — uchdan ikki qism, nomusulmonlarga uchdan bir qism o‘rin ajratildi. Umuman esa 234 kishi saylanishi mo‘ljallandi.

Janubi-sharqiy ittifoqqa kirish masalasi murakkab masala edi. S’ezdda ishtirok etayotgan demokratik kayfiyatdagi ziyolilar kazaklarni sobiq chor hokimiyati, podshoh rejimi ramzi sifatida yaxshi bilishar, ayniqsa qozoq va qirg‘iz qabilalari vakillari ilgari kazaklar amalga oshirgan vahshiyona qirg‘inlarni unutmagan edi. Biroq uzoq davom etgan bahslardan so‘ng bu ittifoqqa kirishga qaror qilindi. Bu o‘rinda strategik manfaatlar umumiyligidan tashqari, ittifoq vakillarining «ocharchilik paytida o‘lkaga bug‘doy yetkazib berish, uni paxta, jun va manufaktura yoki tayyor mahsulot narxida ayirboshlash uchun shartlashish»ni taklif etgani muhim rol o‘ynadi. Bu, aholisi ocharchilikka yaqinlashgan Turkiston uchun zarur edi.

S’ezd qabul qilgan bu qarorning siyosiy ahamiyati region sarhadlaridan tashqariga chiqdi. Bu hol inglizlarning harbiy, siyosiy va iqtisodiy yordamiga tayangan Janubi-sharqiy ittifoq va general A. M. Kaledin mo‘ljallagan g‘ayrisovet zanjirining yana bir halqasi vujudga keldi, degan so‘z edi. Shu oylarda Sovet hokimiyatining raqiblari o‘z manfaatlari yo‘lida ustomonlik bilan ish tutib, regiondagi muayyan qatlamlarning o‘z milliy davlatini yaratishi yo‘lida murakkabliklar keltirib chiqardi.

«Ulug‘ Turkiston» ro‘znomasi 1917 yilning noyabr oyidayoq turli siyosiy partiyalarning muxtoriyatchilar tarafdorlarini siyosiy kurashga jalb etishga urinayotganiga e’tiborni qaratib, ilgari muxtoriyat g‘oyasiga keskin qarshi bo‘lgan «Kurer» va «Turkestanskoye slovo» ro‘znomalari o‘z munosabatini to‘satdan o‘zgartirgani, «o‘z manfaatlarini amalga oshirish uchun musulmonlarni sovet hokimiyati bilan kurashga jalb etayotganipni alohida qayd etgan edi.

1917 yil 13 dekabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan voqealar ham bu kuzatishning to‘g‘riligini isbotlaydi. Turkiston Muxtoriyatining vaqtli hukumati shu kunni musulmonlarning Mavludi sharif bayramini «mustaqillik va hurriyatni mustahkamlash maqsadida milliy jamg‘arma uchun umumxalq xayr-ehsoni kuni» deb belgilash haqida qaror qildi. Hukumat rahbarlari qo‘l qo‘ygan murojaatnoma «Turkistonning barcha fuqarolari — musulmon, rus, yahudiy, ishchi, askar, dehqonlar»ga qaratilgan chaqiriq edi. «O‘lkada yashovchi barcha qabila va xalqlar, shahar va zemstvo kengashlari, siyosiy, jamoat, kasaba tashkilotlari va uyushmalar, barcha davlat, jamoat va xususiy muassasalarni Turkiston xalq hokimiyati atrofiga jipslashishga va unga yuklangan og‘ir vazifalarni hayotga tatbiq qilmoq uchun yordam berishga chaqiradi… Shunday vaqt keldiki, endi kishanlardan qutulgan Turkiston o‘z yerining egasi bo‘ladi va o‘z tarixini o‘zi yaratadi. Oldimizda turgan vazifalarning jiddiyligi va ulug‘vorligini anglab, ishimizning haqligiga chuqur ishongan holda, biz bu mehnatlarimizga Ollohning rahmati yog‘ilishini tilaymiz va ishga kirishamiz».

Oxir-oqibatda Eski shaharda miting va namoyish o‘tkazishga qaror qilindi. Yangi shaharda o‘tkazish esa man etildi. Bu bilan, o‘sha paytda chiqadigan «Nasha gazeta»ning yozishicha, shahar Kengashi «keng musulmonlar ommasining fitnachi aksilinqilobiy rus burjuaziyasi qo‘lida ko‘r-ko‘rona qurolga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zda tutdi». Shu maqsadda 13 dekabr tonggi soat 5 da Toshkent O‘rdasidagi harbiy qismlar Eski shaharga o‘tadigan hamma asosiy yo‘llarni to‘sdi.

Ertalabki Toshkent bayram tusini oldi. Bu kun islom olamidagi yirik bayramlardan Muhammad alayhissalom mavludi kuni edi. Turli ko‘cha va torko‘chalardan yig‘ilib kelgan musulmonlar Shayxantohur masjidi tomon yo‘naldi. Soat 12 da bu yerda ko‘p ming kishilik xaloyiq yig‘ildi, hukmron koalitsiyadagi partiyalar yo‘lboshchilari va Sovnarkom a’zolari ham namoyishga kelib qo‘shildi. Shuningdek, bayrog‘iga «Turkiston o‘lkasiga muxtoriyat berilsin!» degan shior yozilgan yirik guruh — shaharning rus aholisi jamoatchiligi delegatsiyasi erta tongdan Eski shahar tomon yurdi. Ular harbiylar tomonidan o‘tkazib yuborildi. 9 daqiqada O‘rda ko‘prigi tomon 2—3 ming kishilik guruh yaqinlashdi, harbiylar qon to‘kilishini istamay ularni ham o‘tkazdi. Yig‘ilganlar orasidan kimlardir sobiq Vaqtli hukumatning Turkiston qo‘mitasi harbiy komissari Dorerni qamoqdan ozod qilishga chaqirdi. Namoyishdan ajralib chiqqan katta guruh O‘rdadan o‘tib shaharning rus aholisi yashaydigan qismida joylashgan qamoqxonadan Dorer va polkovnik Bek-Ivanovni ozod qildi. Kaufman xiyoboni (hozirgi Amir Temur xiyoboni)ga tomon mashinada olomon o‘rovida qaytishayotganda askarlar avval miltiq, keyin pulemyotdan o‘q uzadi, eskishaharlik 16 kishi halok bo‘ladi. Dorer va Bek-Ivanov sudsiz otib tashlanadi.

Bo‘lib o‘tgan fojea haqida darhol Petrogradga xabar beriladi. Xabarda jumladan shunday deyiladi: «Qo‘qonda reaktsion burjuaziya sinfi tomonidan tayyorlangan s’ezdda printsipda Turkiston o‘lkasi muxtoriyati o‘rnatilgan edi» va «Turkiston proletar ommasi tomonidan tan olinmagan muxtoriyat hukumati o‘lkadagi ayrim shaharlarda muxtoriyat o‘rnatishga butun kuchi bilan tayyorlanmoqda. Mazkur dekabrning 13-da Muhammad mavludi kuni Toshkentda muxtoriyat o‘rnatildi». O‘sha paytda O‘lka Sovnarkomi raisi bo‘lib ishlagan F. Kolesov markazdan yo‘l-yo‘riq berishlarini so‘radi.

Markazning munosabati 27 dekabrda I. V. Stalinning Markaziy Rada bilan o‘zaro munosabatlar haqidagi ma’ruzasida, bunday yo‘l-yo‘riq so‘ragan regionlar, jumladan, Turkistonga nisbatan shunday bo‘ldi: «Xalq Komissarlari Kengashi javoban aytadi: siz joylarda o‘zingiz hukumatsiz, yo‘l-yo‘riqlarni o‘zingiz ishlab chiqishingiz kerak».

26 dekabrda I Favqulodda musulmon ishchi va askar deputatlari s’ezdi chaqiriladi. Unda ko‘rilgan masalalar orasida V. I. Lenin bilan muxtoriyat masalasida uchrashish uchun vakillar yuborish ham bor edi. Biroq s’ezd telegramma yuborishga qaror qildi: «Turkiston I Favqulodda musulmon ishchi va askar deputatlari s’ezdida qabul qilingan rezolyutsiyani yo‘llab, Sizdan Rossiya demokratik jumhuriyati oliy hokimiyati sifatida Turkiston xalq Komissarlari Kengashiga o‘lka hokimiyatini Turkiston Vaqtli muxtoriyat hukumatiga topshirish uchun farmoyish berishingizni so‘raymiz. Bu, Turkistonni ulkan halokatga keltirishi mumkin bo‘lgan beboshlik, ikkihokimiyatchilikning oldini olish uchun zarur». Saylanganlarning mo‘tabar vakilligi muxtoriyat foydasiga edi, albatta. Ular ortida o‘lkaning minglab emas, millionlab aholisi turardi.

O‘lka hukumati rahbariyati esa Qo‘qondagi voqealarni diqqat bilan kuzatibgina qolmay, ularga ta’sir etishga harakat qildi. Masalan, bu s’ezdda so‘z olgan bolshevik P. Poltoratskiy Turkiston o‘lka kengashlari s’ezdi bo‘lishi, unda Turkiston muxtoriyati masalasi ko‘rib chiqilishi haqida xabar berib, yana shunday dedi: «Biz kambag‘allar muxtoriyatiga qarshi emasmiz, biroq biz boylar muxtoriyatiga qarshimiz. Biz muxtoriyat uchun kurashdik va hokimiyatni o‘z-o‘zimiz uchun emas, ishchi sinfi va kambag‘allar manfaati uchun burjuaziya qo‘lidan oldik. Biz hokimiyatni rus burjuaziyasi qo‘lidan uni musulmon burjuaziyasi qo‘liga topshirish uchun olganimiz yo‘q. Hokimiyatni biz Ishchi va askar deputatlari kengashi uchun oldik. Biz musulmonlarni o‘z tomonimizga jalb etish uchun ishladik va ishlayapmiz».

P. Poltoratskiy so‘zidan so‘ng s’ezd maxsus qaror qabul qildi. Unda: «1) Turkiston o‘lkasi xalq komissarlari kengashi barcha aholi, ayniqsa musulmonlar xohish-istaklarining ifodachisi emasligini; 2) Turkiston o‘lkasi xalqlari irodasi ikki s’ezdda muxtoriyat e’lon qilinganida ifodalangani; 3) Turkistonda yagona hukumat organi umumiy musulmonlar s’ezdida va uni to‘ldirgan musulmon ishchi, dehqon va askarlar s’ezdida tashkil bo‘lgan Turkiston muxtoriyati hukumatigina ekanligi e’tiborga olingani» qayd etildi. Mazkur s’ezd «Turkiston xalq komissarlari kengashiga hokimiyatni darhol Turkiston muxtoriyati hukumati va Xalq kengashiga topshirsin deb istak bildirdi, chunki ushbu s’ezd muxtor Turkistondagi barcha demokratik qatlamlardan tashkil tolib, butun proletariat o‘y-fikrlarining ifodachisidir».

S’ezd tomonidan muxtor hukumatni qo‘llab-quvvatlash va V. I. Lenin nomiga telegramma yuborish haqida qaror qabul qilingach, P. Poltoratskiy va unga tarafdor bo‘lgan deputatlar majlislar zalini tark etdi.

Turkiston muxtoriyatining davlat sifatida tashkil etilishiga tarafdor bo‘lganlarni Musulmonlar butunrossiya kengashining «Milliy Sho‘ro» ijroqo‘mi qo‘llab-quvvatladi. U 1917 yil may oyida Musulmonlar I butunrossiya s’ezdida tashkil etilib, rahbari A. Salikov o‘z faoliyatida quyidagi qarashlarni targ‘ib etdi: «Deyarli barcha musulmonlar o‘rtaholdir va oramizda yirik boylar yo‘q. Musulmonlar o‘rtasidagi sinfiy tafovutlar uncha ko‘p emas», «bizning ustunligimiz shunda», chunki «sinfiy tafovutlar siyosiy hayotni juda keskinlashtirib yuboradi… Bu hol millatning kuch-qudratini bo‘lib tashlaydi», shu bois «Bizning shior — musulmonlar, birlashingiz».

Bu paytda Toshkentda, voqealarni butunlay nazorat qilib bo‘lmay qolganligini, chamasi, tushunib yetib, Turkiston muxtoriyati hukumati va uni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar jamg‘arma hisobidagi barcha pullarni musodara qilish ishi yaqinda «mag‘lub» bo‘lib qaytgan P. Poltoratskiyga topshirishga qaror qilindi. Bu tadbir juda kuchli reaktsiya uyg‘otdi. Muxtoriyat vazirlari kabineti va uni qo‘llab-kuvvatlovchi sarmoyador doiralar o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqib, bosh vazir Tanishboyevni lavozimidan chetlatish bilan tugadi. Uning o‘rniga tayinlangan Mustafo Cho‘qayev «musulmonlar manfaatini muhofaza qilish ishida» qat’iy chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishga va’da beradi.

Hukumat ilgari o‘z ommaviy axborot vositalarini yaratib, o‘zbek tilida «El bayrog‘i» nomli, rus va qozoqchada ham ro‘znoma nashr etgandi. Keyin u moliya ishlarini yaxshilash uchun 30 million so‘mlik zayom chiqaradi. Hukumat o‘z milliy armiyasini yaratishga kirishadi. Tarixchi P. Aleksenkov 1931 yilda chiqqan «Kokandskaya avtonomiya» kitobida yozishicha, uning soni atigi 60 kishidan iborat bo‘lgan, askarlarga bir necha antisovet kayfiyatidagi rus zobitlaridan iborat guruh ta’lim bergan. Hukumat tomonidan xalq militsiyasi boshlig‘i lavozimiga chor imperiyasi davrida qamalib chiqqan Ergash tasdiqlanib, uning taxminan 4 ming yigiti bor edi, biroq ular yaxshi qurollanmagandi.

1918 yil yanvarining boshlarida Qo‘qondan Toshkentga telegramma yo‘llandi. Unda Toshkentda musulmonlar s’ezdi o‘tkazilishi munosabati bilan Turkiston xalq komissarlari kengashi s’ezdini 25 yanvargacha qoldirish, bu s’ezdga qo‘shilishga imkon berish so‘ralgandi. I. Tobolin bu taklifni rad etdi. Nima uchun, degan savol tug‘iladi. Nazarimda, Toshkentda bu paytga kelib Qo‘qondagi voqealarga salbiy munosabat shakllanib bo‘lgandi. Bunda «Janubi-sharqiy ittifoq» bilan shartnomali munosabatlar masalasi bo‘yicha yuqorida eslatib o‘tilgan qaror mash’um rol o‘ynagai.

Ziddiyatlar kuchayishiga o‘lka hukumatining noqulay ahvolda qolgani — Moskvaning muxtoriyat masalasi bo‘yicha tutgan nuqtai nazari aniqlashgani sabab bo‘ldi. Bu, Germaniya bilan urushni tugatish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar chog‘ida ro‘y berdi. Muzokaralar «Tinchlik haqida»gi dekretdan kelib chiqadigan printsiplarga ko‘ra olib borilib, 6 modda asos qilib olindi. Shulardan birida aytilishicha, «urushgacha siyosiy mustaqillikdan foydalanmagan milliy guruhlar u yoki bu davlatga mansubligi yoki referendum yo‘li bilan mustaqil davlat bo‘lishi masalasini erkin hal etish imkoniyatiga kafolat beriladi». So‘nggi moddada alohida ko‘rsatildiki, mustamlakachilik masalalari ushbu shartlar asosida hal etiladi. Moddalarning birida mazkur sarhadlardan qo‘shinlarni olib chiqib ketish sharti ko‘zda tutildi.

Turkiston muxtoriyati hukumati O‘lka kengashining bo‘lg‘usi IV s’ezdida qatnashib, markazning bu va boshqa hujjatlari asosida darhol ish yuritishni talab qilishi mumkinligi kundek ayon edi. 1918 yil yanvarida o‘tkazilgan bu s’ezdda I. Tobolin muxtoriyatni darhol hayotga tatbiq etish avvalo qo‘shinlarni olib chiqish sharti sababli mumkin emas, dedi. Muxtor yoki hatto mustaqil mamlakatni barpo etish uchun zarur ishlarni bajarishga va’da berdi. Xullas, nima qilishsa qilishdiki, mutoriyat masalasini hal etishni noma’lum muddatga cho‘zishdi. Bolshevikparning o‘zi turkistonliklarga adolatsiz munosabatda bo‘lishayotganini tan olishgan. Masalan, davlat arbobi D. Manjara: «Ko‘pgina ruslarning, hatto rahbar o‘rtoqlarning kallasidan ulug‘ davlat shovinizmi ruhi mustahkam o‘rin olgan», degan.

Muxtoriyat hukumati s’ezd nomiga telegramma yo‘llab, 20 martda Ta’sis majlisi o‘tkazish mo‘ljallanayotgani, deputatlikka uchdan bir o‘rin nomusulmon (evropalik) vakillarga ajratilgani, kamchilikni tashkil etgan millatlar huquqi ta’minlanishi, o‘lkada demokratik printsiplarni hayotga tatbiq etishga kirishilajagini uqtirdi.

O‘rni kelganda e’tiborga loyiq bir voqea xususida to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Sotsial-revolyutsionerlar partiyasi MK a’zosi, Butunittifoq ta’sis majlisiga Farg‘onadan deputat etib saylangan V. Chaykin Turkiston musulmon deqqon va ishchilari s’ezdi topshirig‘iga ko‘ra, telegraf orqali markazdagi hukumat a’zolaridan birining vositachiligida Stalindan milliy ozchilik manfaatlari vakili sifatida Turkistonda hokimiyatni mahalliy ishchi va deqqonlar qo‘liga o‘tishini g‘oyaviy zarur deb hisoblaydimi, deb so‘raydi. Stalin javob beradi: «Sovetlar o‘z ichki ishlarida muxtordir va ular tegishli real kuchlarga tayanib harakat qiladi. Shu bois Turkistondagi mahalliy proletarlar markaziy sovet hokimiyatiga Turkiston Sovnarkomi harbiy qismlaridan begona kuchlarga tayanganlarni tarqatib yuborish haqida arz etib murojaat qilishi lozim emas, balki agar mahalliy proletar va deqqonlarda kuch topilsa, uni shu kuch bilan tarqatilsin».

Ayni paytda Qo‘qonda, muxtoriyatchilar va aholini qirg‘in qilishda ishtirok etganlarning xotirlashicha, «g‘alati» voqealar yuz bera boshladi. Shaharda amaldagi hokimiyat qo‘lida bo‘lgan Qo‘qon ishchi va askar deputatlari sovetining plenumi bo‘lib, unda muxtoriyatchilardan darhol qurolsizlanish va harbiy qismlarini tarqatib yuborishni talab etuvchi qaror qabul qilindi. Shu masala bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ishlab chiqilib, uni amalga oshirish uchun maxsus guruh belgilandi.

Muxtoriyatchilar Sovetlarning bu reja ni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymadi. Tunda shahardagi asosiy harbiy ob’ekt — qal’aga (sobiq xon o‘rdasi harbiy qarorgohga aylantirilgan — Red.) hujum uyushtirildi, lekin uni egallay olishmadi. Shu tunda bir necha rus ofitserlari — muxtoriyatchilar tarafdorlari shahar telefon stantsiyasiga kelib, telefon tarmog‘ini uzib tashladi. Biroq Qo‘qon Revkomi Toshkentdan shoshilinch yordam so‘rab ulgurgandi. Toshkentdan javob keladi: Farg‘onada harbiy holat e’lon qilinadi. Bunga ko‘ra, «qurolli va qurolsiz miting, namoyishlar» man etildi. «Bu qarorni buzganlar, — deb yozildi o‘lka hukumati hujjatida, — pulemyot va miltiq o‘qi bilan qarshi olinadi». O‘lka hukumati Qo‘qonga harbiy qo‘shin yuborishga o‘sha paytda imkoni yo‘q edi. Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahri dumasi raisi Doriomedovning qarshiligiga qaramay, shahar harbiy drujinasi qo‘mondiri K. Osipov mahalliy sovetlar gapiga kirib, 13 fevral tunida 120 askar (ba’zi ma’lumotlarda — 140) 4 zambarak, 4 pulemyot bilan Qo‘qonga keldi, qal’aga joylashdi.

Ertasi kuni Osipov askarlarining uchdan birini qoldirib, qolganlari bilan Turkiston muxtoriyati hukumatini qamoqqa olishga urinib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Kuchlar teng bo‘lmaganidan hech narsa qilolmadi, aksincha o‘qqa tutildi. Shu kunlarda muxtoriyatchilar qal’ani olishga shiddatli harakat qilishdi. Oldinda bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan aholi, uning ortidan yaxshi qurollangan milliy askarlar (hammasi 10 mingga yetgan) borgan. Muxtoriyatchilar tarafida o‘limga boruvchilar harakat qilgani ma’lum. Kafanga o‘ralgan bu kishilar g‘azavotda qatnashib, shahid bo‘lsalar, jannat darvozalari bizga ochiladi, degan e’tiqod bilan jangga kirishgan.

Qal’aga yashirinib olgan osipovchilar ahvoli tang edi, shunga qaramay zarbalarga dosh berib turdi.

Ushbu sharoitda Turkiston muxtoriyati rahbarlari Revkomni muzokara olib borishga taklif etdi. Muxtoriyatchilar shartlari quyidagicha edi: shaharni birgalnkda boshqaruvchi organ tuzish, albatta, tarkibida muxtoriyatchilar vakillari ortiq bo‘lishi kerak; qal’ani bu organ nazoratiga topshirish. Militsiyadan boshqa hammani qurolsizlantirish, o‘lka hukumatining shariatga zid dekretlarini man etish va boshqalar. Boshqacha aytganda shart qo‘yuvchilar shunday demoqchi bo‘lishdi: «Taslim bo‘ling, bizda kuch va qurol ko‘proq, bizga yordam uchun kazaklar kelib qoladi. Biz qal’adagi tinch aholining qirilishini istamaymiz, taslim bo‘ling». Revkom delegatsiyasi bularni rad etdi.

17 fevralda muzokaralar davom etdi. Bu, o‘z konferentsiyasiga yig‘ilgan Musulmon ishchi va askarlari s’ezdi vakillarining M. Cho‘qayev kabinetiga tazyiqi tufayli bo‘ldi. Ular qon to‘kilishini istamasliklarini aytishdi, hukumat ular bilan kelishishga majbur bo‘ldi. Ayni paytda hukumatdan Qo‘qon Revkomi bilan qar qanday aloqani butkul uzish va jangovar harakatlarni boshlashni talab etayotgan kuchlar bilan ham hisoblashmay bo‘lmasdi. Aftidan shu kuchlar ta’sirida harbiy vazir M. Chanishev ultimatum yuboradi: «Kuchli qo‘zg‘olgan ommani tutib turish imkoniyatiga ega emaslikdan, agar soat 4 gacha qal’a topshirilgani yoki boshqa tinch sharoitlar haqida e’lon qilinmasa, xalq intizom to‘g‘onini buzib yuboradi… Men yevropalik va arman tinch aholisi uchun javob berolmayman».

Biroq Musulmon ishchi va deqqonlar konferentsiyasi qatnashchilari ultimatumni qaytarib olishni talab etishdi va Chanishev bunga ko‘nishga majbur bo‘ldi. 18 fevralda muzokaralar qayta tiklandi. Shu chog‘da «Sho‘roi ulamo» va unga tarafdor bo‘lganlar bunga qarshi chiqdilar. M. Cho‘qayev kabineti tugatildi, Cho‘qayev yaqin kishilari bilan qochib ketdi. Harbiy vazir M. Chanishev qamoqqa olindi. Ergash Qo‘qon xoni deb e’lon qilindi.

18 fevralda bo‘lgan bu to‘ntarishning ertasiga Turkiston o‘lkasi harbiy komissari Ye. Perefilev shahar temir yo‘liga 11 eshelon piyoda, otliq va artilleriya qismlari bilan kirib keldi. Qo‘qon osmonini qora bulutlar qopladi.

Shunday qilib, 1918 yilning fevralida to‘ntarish yuz berdi. 19 fevralga o‘tar kechasi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon Qo‘qonga kela boshladi. Toshkentdan ular bilan birga Turkiston o‘lkasi harbiy komissari Ye. Perfilev keldi. Rus qo‘shinlari Ko‘qonni uch tarafdan qurshovga oldi. Artilleriya to‘plari to‘liq jangovar holatga keltirib qo‘yildi.

19 fevral kuni 10 dan 15 daqiqa o‘tganda Ergashga ultimatum yuborildi: qurolni tashlab, taslim bo‘lish aytildi. Javob berish muddati 1:00 da tugar edi, 12 dan 45 daqiqa o‘tganda javob olindi — Ergash shartlarni bajarmasligini aytdi.

Perfilev barcha 12 ta zambarakdan Qo‘qon aholisi ustiga o‘t ochishni, shu jumladan yondiradigan snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Tinch aholini to‘pga tutish kunduz soat birdan boshlanib, qorong‘u tushguncha davom etdi. Harbiy komissarning aytishicha, shu kuni eski shahardan bir guruh vakillar kelib shunday deyishgan: «Musulmonlar sizlarga shuning uchun ham urush e’lon qiladiki, siz ular talabiga javoban ularga qarata o‘t ochdingiz!» Perfilev: «Men bu urushdan cho‘chimayman», degan va shu zahoti shahar tomon 9 zambarak o‘qi otilgan. Artilleriyaning vayron etuvchi o‘qlari masjidlarni ham kunpayakun etgan. «Nasha gazeta» yozishicha, Perfilev «masjidlarni to‘plar yordamida vayron qilishga to‘g‘ri keldi», deb tan olgan.

Kelgusi kuni — 20 fevral tongida vayron etilgan shaharga piyoda qo‘shinlar va «Doshnoqtsutyun» jangovar qismlari kirdi. O‘sha kungi fojealar shohidlaridan birining hikoya qilishicha, «janglar sekin-asta yangi shahardan eski shahar tomonga o‘tgan», «ruhoniylar tomonidan qo‘zg‘otilgan, muxtoriyatchilar tomonidan yo‘llangan mutaassir olomon har bir bino, har bir ombor, har bir savdo korxonasi va karvonsaroyni keskin kurashsiz topshirmadi. Ergashning qurolli otryadlari eski shaharni o‘rab olib, aholining tarqab ketishiga yo‘l qo‘ymadi».

Ingliz razvedkachisi Blekkerning aytishicha, o‘sha fojeali kunlarda Qo‘qonda 3000 kishi halok bo‘lgan, shahar esa «portlovchi moddalar bilan bombardimon etilishi tufayli tag-tugi bilan vayron qilindi». Shohidlardan birining aytishicha, «shaharda ko‘p sonli yong‘inlar boshlandi. Uylar, manufakturali, don-dunli omborlar yonardi. Shahar uch kun yong‘in ostida qoldi». Mana shunday qirg‘in barotdan keyingina kuchlar ustunligi sovet tomonida bo‘ldi. Ergashning omon qolgan yigitlari va zo‘rg‘a jon saqlagan qo‘qonliklar dahshatga tushgan holda shahardan qochardi.

Muxtoriyatchilar tor-mor etilgach va Ergash yigitlari bilan Qo‘qonni tark etgandan so‘ng, eski shahardan muzokaralarni davom ettirish uchun vakillar kelgan. 22 fevralda tinchlik shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, barcha shahar fuqarolari qurollarini hukumatga topshirishi, sovet hokimiyati va uning mahalliy organlarini tan olishi kerak. Sovet hokimiyatining Turkistondagi rahbari Kolesov maxsus qaror chiqarib, unda «Qo‘qonda ro‘y bergan aksilinqilobiy g‘alayonning barcha rahbarlari qonundan tashqarida» deb e’lon qildi, mol-mulki esa musodara etildi. Qo‘qon aholisiga ularni tutib berish majburiyati yuklandi. Shuningdek, aholi vayron etilgan temir yo‘l va telegraf aloqasini tiklashda ishlatiladigan bo‘ldi.

Turkistonni yagona, mustaqil davlat holida ko‘rishni istagan muxtoriyatchilar orzusi ulug‘ rus shovinizmi, muhim tarixiy burilish daqiqalaridagi ichki ixtiloflar va o‘sha paytdagi Sovet hukumati rahbarlarining, xususan «xalqlar otasi» Stalinning g‘alamislarcha tavsiyasi (o‘tgan songa qarang.— Red.) qurboni bo‘ldi.

Bu ulkan fojelardan so‘ng Turkiston o‘lkasining sovet rahbariyati keskin tanqid ob’ektiga aylanganidan jurnalxonlar yaxshi xabardor bo‘lishmasa kerak. Avvalo, undan ham «yuqoridagilar» tanqididan boshlashga to‘g‘ri keladi. Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahri hokimi V. Doriomedov 1918 yil martidayoq shunday degan edi: «Xalq komissarlari Petrograd Sovetining safsatabozlik va ikkiyuzlamachilikdan iborat siyosati bir tomondan barcha xalqlarga Rossiyadan ajralib chiqish, to‘liq holda o‘z taqdirini o‘zi belgilashni taklif etib, keyin, ekilgan urug‘ yetilgan paytda mana shunday qonli qirg‘in uyushtiradi».

Toshkentda qozoq tilida chiqib turgan «Birlik tug‘i» ro‘znomasi Turkiston Muxtoriyati Vaqtli hukumatining tugatilishini shunday sharhladi: «Yaqinda u (hokimiyat.— M.X.) Qo‘qon ko‘chalarini insonlarning qoniga bo‘yadi. Musulmonlar yashaydigan eski shaharni yer tekislab tashladi, minglab beayb va behimoya musulmonlarni o‘ldirdi, ularning mol-mulkini talon-taroj etdi… biroq bularni u oddiy emas, qizil bayroq hamda ozodlik va inqilob shiorlari ostida amalga oshirdi».

O‘lka rahbarlari bu voqeaning siyosiy ahamiyatini qanday baholashdi ekan, degan savol tug‘iladi. Undan printsipial xulosalar chiqarib olinmadi. Toshsovetning 23 fevraldagi majlisi bunga misol. Perfilev amalga oshirgan operatsiya yakunlari muhokama qilindi. Ma’ruzadan keyin so‘zga chiqqanlardan menshevik-baynalmilalchilar fraktsiyasining yetakchisi X. Vaynshteyn Turkistondagi bolsheviklar siyosatini fosh etib tashladi: «Biz uning nomi bilan bayroq ko‘tarib chiqqan sinfiy kurash qayerda qoldi? Biz ruslar va sartlar, armanlar, forslar o‘rtasidagi nizolar haqida eshitdik. Sinfiy kurash o‘rniga, shunday qilib, biz milliy kurashga ega bo‘lib o‘tiribmiz». «Biz ma’ruzadan,— dedi u o‘z so‘zida davom etib,— faqat monarxiya hukumati qo‘llab-quvvatlagan va sotsializmning yovuz dushmani bo‘lgan milliy nizolarnigina sotsialistik hukumat hukmronligida gullab-yashnaganini ko‘rib turibmiz». Shuningdek, «Chor hukumatigina jur’at etgan usullarni qo‘llagan hukumat (ta’kidlar bizniki — M.X.) rus kishilari hayotini saqlashga ojizligi ma’lum bo‘ldi». Vaynshteyn mahalliy aholi muxtoriyatni istamas edi, degan bayonotni rad etib, aytdiki, Perfilev uchun «Musulmonlarning zambaraklardan o‘qqa tutilgach, bo‘yinsinishga tayyorliklarini bildirgani asosdir. Biroq ular xuddi shunday tarzda Kuropatkinga (chor armiyasi generali — Red.) mute ekanliklarini bildirishmaganmidi? Shunday tarzda fikrlayotgan va harakat qilayotgan o‘rtoq Perfilev bu holda Kuropatkin demakdir!» Oxirida Vaynshteyn «Qizil gvardiyachilardan tortib to otryadlarning boshchilarigacha, inqilob qizil bayrog‘ida qora dog‘ hosil bo‘lishida aybdor barchani qattiq javobgarlikka tortish uchun darhol komissiya chaqirishni» talab etdi.

O‘sha paytdagi hukumat rahbari bolshevik I. Tobolin u bilan bahsga kirishdi. U mensheviklarni «rus inqilobining shallaqilari» deya haqorat qilib, «bunday damda va bunday kurashda shafqatsizlik haqida gapirishning o‘zi kulgilidir», dedi. U talonchilik va zo‘ravonli faktlarini «sharmandali» deya baholab, ayni paytda «bunchalik uyushgan omma tarixda misli ko‘rilmagan holdir, mana shunday bosib olish ro‘y bermagan bo‘lardi» dediki, bu fikr «har qanday vositalar bilan maqsadga erishish shu maqsadni oqlaydi» degan qadimgi bosqinchilik shioridan o‘zga narsa emas. «Doshnoqtsutyun» nomli maxsus arman askarlari otryadlarining Qo‘qondagi vahshiyliklarini tekshirish uchun maxsus tergov komissiyasi tuzish haqidagi taklif Tobolin tomonidan «u yozma ravishda berilmagani tufayli» rad etildi. Buning ustiga quyidagi rezolyutsiya qabul qilindi: «Qo‘qon voqealari haqidagi ma’ruzani tinglab, inqilobiy jangchilarni aksilinqilob bilan kurashdagi qat’iyligi va g‘ayrati uchun tabrik etilsin». Bu, yuz bergan «noxush hodisa» (intsident) tahlilini bevosita jangchilar chaqirilgan tashkilotlarda ko‘rib chiqishga qaror qilindi.

Turkiston muxtoriyatining tugatilishi bu masalani kun tartibidan olib tashlamadi. 1918 yilning aprelida RSFSRning millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissari I. Stalin bilan I. Tobolin o‘rtasida telefonda suhbat bo‘ldi. Stalin millatlarning o‘z taqdirini o‘zlari belgilashi masalasi ko‘rilayotgani munosabati bilan, o‘lka hukumatlariga «musulmonlar orasida ish olib borishni kuchaytirish, musulmon proletariatini musulmon burjuaziyasidan ajratib olish va musulmon Sovetlari tuzishini taklif etdi. Tobolin bu suhbatdan shunday xulosaga keldiki, «markaz bizdagi ahvol haqida yomon (noto‘g‘ri — M.X.) tasavvurga ega», chunki «musulmonlar mutlaqo uyushmagan deyish mumkin emas, hamma joyda mahalliy aholi vakillari bor, Turkiston o‘lka Sovetlarining 3 va 4 s’ezdlari esa muxtormyat masalasini bizning partiya ruhida allaqachon hal etdi, 15 aprelgacha o‘tkaziladigan 5 s’ezd esa milliy masalaning amaliy hal etilishini ko‘rib chiqadi».

Bir necha kun o‘tgach, O‘rta Osiyo Favqulodda komissari P. Kobozev nomiga Toshkentga I. Stalin qo‘l qo‘ygan radiogramma keladi. U jumladan shunday deydi: «Joylardagi ba’zi Sovetlar… har qanday muxtoriyatni butunlay inkor etib, milliy masalani qurol bilan hal etishni afzal bilishibdi, biroq bu yo‘l Sovet hokimiyati uchun yaroqsizdir», chunki u «ommani yuqori milliy-burjua doiralari atrofida jipslashtiradi, bu yuqori doiralar esa o‘zlarini vatanni qutqaruvchilar, milliy himoyachilar qilib ko‘rsatadiki, bunday hol Sovet hokimiyatining mo‘ljaliga mutlaqo kirmaydi». Stalin «muxtoriyatni inkor etish emas, balki tan olish Sovet hokimiyatining navbatdagi vazifasi» ekanini alohida ta’kidlaydi.

«O‘tgan yilning noyabr va dekabrida Volgabo‘yi tatar va boshqirdlarida, Turkiston o‘lkasida vujudga kelgan muxtoriyatchi-burjua guruhlari davom etayotgan inqilob tomonidan muttasil fosh etib kelinayotgani» hamda «ularni o‘z ommasidan butunlay ajratib olish va Sovetlar atrofida jipslashtirish» uchun bo‘lg‘usi xalqlar otasi shuni talab etdi: «Ulardan muxtoriyatni olib, oldindan uni turli burjua sarqitlaridan tozalab, burjuadan Sovet muxtoriyatiga aylantirilsin». Shuningdek, Stalin Ta’sis s’ezdiga saylovlar asosi va muxtoriyat poydevori xalqlarni «ayrim milliy otryadlarga» bo‘lishga emas, tegishli birlashmalar atrofiga jipslashtirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Bu bilan, ko‘rinib turibdiki, millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash haqidagi qog‘ozdagi gaplar amalda umuman rad etildi.

Shu yil aprelning ikkinchi yarmida Turkiston O‘lka Sovetlarining 5 s’ezdi bo‘lib o‘tdi. S’ezd delegatlarining yarmi, bolsheviklar gazetasi «Pravda»da yozilishicha, «bir necha million musulmon aholisi» vakillari edi. Moskvadan V. Lenin va I. Stalin imzosi bilan telegramma keladi: «Sovetlar asosidagi sizning o‘lka muxtoriyatingizni Sovnarkom qo‘llab-quvvatlaydi». 30 aprel kuni P. Kobozev taklif etgan RSFSR tarkibida Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik jumhuriyati tashkil etish haqidagi deklaratsiya deputatlar tomonidan qabul qilinadi. S’ezd saylagan Markaziy Ijroiya Qo‘mitasiga 11 mahalliy millat vakili saylanadi. Milliy ishlar bo‘yicha, adliya, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash komissariatlarini boshqarishga mahalliy millat vakillari saylanadi. Moskvadan yana bir «ruxsat» keladi: «O‘rtoq Lenin bilan shaxsan kelishuvga muvofiq, TurkMIQ dekretlarning o‘lka sharoitlariga keskin zid keladigan ba’zi moddalarini o‘zgartirish huquqiga ega». Yana, maxsus qaror chiqarilib, unda «Turkistonda burjua-muxtoriyatchilik harakatida qatnashib, noto‘g‘ri tushungan va javobgarlikka tortilgan shaxslar afv etilishi» ta’kidlanadi.

Biroq, bular ijobiy mazmunga ega bo‘lishiga qaramay, Turkiston Muxtoriyatining Vaqtli hukumati o‘z oldiga qo‘ygan chinakam xalqchil, demokratik o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan vazifalar oldida hech narsa emas edi. Buning ustiga Sovetlar shunday ishlarni amalga oshira boshlashdiki, ularni chorizm bosqinchilari ham qilmagan edi: vaqflar tugatildi, diniy maktablar yopildi, qozixonalar bartaraf etildi va boshqa shunday xalqning g‘azabini keltiradigan tadbirlar ko‘rildi.

Boshqacha bo‘lishi ham qiyin edi, ayniqsa o‘zini «Turkiston Lenini» deb atagan Tabolin hukumatga rais bo‘lgach, shunday bayonotlar bilan chiqib turgandan keyin: «Qadimgi ibora bor: «Shoh! Afinaliklarni yodda tut!» Biz o‘z-o‘zimizga aytishimizga to‘g‘ri keladi: «Jumhuriyat! Farg‘onani yodda tut!» — endi tezroq va birinchi galda Farg‘onani tugatish kerak, jonimizga tekkan muxtoriyatchilar uyasini supurib tashlash va shaharlarni qishloqlarga aylantirish, ularni baravarlash, aksincha qishloqlarni shaharlarga aylantirish lozim».

Bunday yondoshuvlarning Farg‘ona aholisi uchun qanday tugaganligini Butunrossiya MIQning Turkkomissiya va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo‘yicha a’zosi F. Goloshekin bergan shahodatdan ham ko‘rish mumkin. U TKP MKning 1919 yil 28 noyabridagi majlisida so‘zlab, «u yerdagi (Farg‘onadagi — M.H.) partiya, sovet va iqtisodiy hayotda faqat beboshlik va dahshat hukm surmoqda», deb ta’kidlaydi. Uning fikricha, bosmachilik umuman «Sovet hokimiyati va bizning otryadlar tomonidan yuzaga keltirilgan», Farg‘onadagi partiya a’zolari esa «talonchilik va pora olish» bilangina mashg‘ul.

Mazkur muallif o‘sha yilning dekabr oyida «Izvestiya SIK Turkrespubliki» nomli ro‘znoma muxbiri bilan suhbatda aytadi: Farg‘ona aholisining kayfiyati «avalgidan qam tushkun», bunga sabab «mas’ul organlarning noto‘g‘ri, ko‘pincha jinoyatkorona siyosatidir. Sovet hukumati bayrog‘i ostida hammayoqda bedodlik va shaxsiy manfaat yo‘lida o‘z mavqeidan foydalanishga intilish hukm surmoqda, bu esa yevropali aholi ichida imtiyozli guruhlarni tashkil etdi. Musulmon ommasiga muayyan ishonchsizlik bor. Musulmonlarga quyi irq sifatida qarashlar umumiy nomaqbul siyosat va yevropaliklar ochiq-oydin olayotgan imtiyozlarning naqdligi bilan qo‘shilib, yuqori darajada tang sharoitni yuzaga keltirdi va musulmonlar ommasida norozilik uyg‘otdi». So‘ngra Goloshekin ochiqdan-ochiq ta’kidladi: «Evropaliklar bilan musulmonlar o‘rtasida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra tug‘ilgan qarama-qarshilik, Sovet hokimiyatining Farg‘onadagi vakillari tomonidan uzoqni ko‘zlamay olib borilgan siyosat, aytish mumkinki, bosmachilik rivojlanishining asosiy omili bo‘ldi».

Muallifi taniqli harbiy mutaxassis, Turkfront shtabi xodimi N. Berezin bo‘lgan boshqa hujjatda qam ta’kidlanishicha, «Qo‘qon muxtoriyatidan to Turkiston Markaz bilan qo‘shilguncha bo‘lgan davr katta sharhlarga muhtoj emas — u bosmachilikning shu qadar keng quloch yozishiga imkon berdiki, biz buni ko‘rdik. Hokimiyatning harakatlari o‘z mohiyatiga ko‘ra sof ravishda mustamlakachilik xarakterida bo‘lib, faol millatchilik oqimlarining rivojlanishiga beixtiyor imkon berdi».

Muxtoriyat achchiq saboqlari qisqacha bayon etganda mana shulardan iborat. Lekin turli arxivlarda, hali o‘rganilmagan Turkomissiya xulosalarida o‘lkamizning XX asr tarixidagi bu ulkan hodisaning yoritilmagan tafsilotlari serob. Beshigidayoq nobud etilgan Turkiston Muxtoriyati Vaqtli Hukumatining faoliyati butun o‘lka tarixida ilk marta demokratiya g‘oyalarini — parlament faoliyati va boshqalarni o‘z paytida hayotga tatbiq etishga uringan, xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash haqidagi deklaratsiyasiga ishongan va oxir-oqibatda Markaz uni (boshqa xalqlarni ham) aldagan, ayni paytda o‘sha paytda ham demokratik an’analarga ega bo‘linmaganligi pand bergan ediki, bugungi kunda bular saboq bo‘larli voqealardir.

Marat Hasanov,

O‘zbekiston FA Tarix institutining bo‘lim mudiri, tarix fanlari nomzodi.

“Fan va turmush” jurnali, 1990 yil 9-11-sonlar