Yusuf Qorabog‘iy (1563-1647)

Markaziy Osiyoning XVII asrdagi ijtimoiy va ilmiy tafakkurining yirik namoyandasi Ibn Muhammadjon Yusuf al-Qorabog‘iy al-Muhammad Shohiy aslida ozarbayjonlik bo‘lib, o‘zining buyuk salaflari asarlaridagi ba’zi ilg‘or an’analarni davom ettira olgan ijodkordir. Sharq manbalarida olimning hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar uchraydi. Ammo ular yetarli emas. Mualliflar uning vafot etgan yilini va ba’zi asarlarini sanab o‘tish bilan cheklanadilar, xolos. G‘arbiy Ovro‘po adabiyotida esa Qorabog‘iy va uning ijodi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Yusuf Qorabog‘iyning barcha asarlari Samarqand va Buxoroda yozilgan. U haqdagi dastlabki ma’lumot rus olimi, professor A. A. Semenov tadqiqotlarida uchraydi.

Ozarbayjonlik A. A. Aminzoda o‘zining monografiyasida Qorabog‘iyga maxsus bob ajratgan. A. A. Semenovning kichikroq asarida Qorabog‘iy tarjimai holiga oid ma’lumotlar keltiriladi va uning “Risolai botiniyyasi”ning muxtasar tarjimasi berilgan. “Ozarbayjon falsafasi tarixidan ocherklar”da Yusuf Qorabog‘iyga butun bir bob bag‘ishlangan. Bu yerda u ozarbayjon faylasufi va fiqhshunosi sifatida talqin etiladi.

Faylasuf 1563 yilda Qorabog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Ustozi Mirzajon Sheroziy bilan Markaziy Osiyoga kelganda (1585) u 23 yoshda bo‘lgan. 1579 yili 16 yoshlik Yusuf Shirvonga keladi. Bu vaqtlarda Shirvondagi siyosiy vaziyat og‘ir edi. U yerdagi siyosiy notinchliklar tufayli bo‘lsa kerak, Qorabog‘iy Sherozga jo‘naydi va Habibulla Mirzajon al-Sheroziy al-Bog‘naviydan ta’lim ola boshlaydi. O‘sha vaqtdagi ijtimoiy ilmlarni, xususan, fiqh, falsafa, tasavvufni chuqur o‘rganadi. Bu fanlar yuzasidan tadqiqotlar olib boradi. Qorabog‘iy ustozi Sheroziy vafotidan so‘ng (1587) Samarqandning taniqli siymolaridan “Kubraviyya” tariqatining faol targ‘ibotchilaridan bo‘lgan Xalilullo Badaxshiy bilan aloqa bog‘ladi. Keyinchalik Qorabog‘iy Badaxshiyning sodiq shogirdiga aylanadi. Bu davrda tasavvuf adabiyoti rivojlandi, uning yangi namoyandalari paydo bo‘ldi, bu yangi avlod o‘z salaflarining an’analarini davom ettirib, boyita bordilar.

Xalq orasida Qorabog‘iyning obro‘-e’tibori oshib ketdi. Bu narsa olimning g‘oyaviy-siyosiy, ijodiy raqiblarining hasadini qo‘zg‘atdi. Ular ig‘vo qilib Qorabog‘iyni Buxorodan ikki chaqirim masofada joylashgan Sepulon degan yerga badarg‘a qildirdilar. Qorabog‘iy umrining so‘nggi yillarini shu yerda o‘tkazadi.

Qorabog‘iy asarlarini o‘rganish va tahlil qilish uning g‘oyat keng ma’nodagi alloma va chuqur bilimli faylasuf ekanligini ko‘rsatadi. U aniq fanlardan xabardor, tibbiyotni bilgan, boshqa ko‘pgina fanlardan risolalar yozgan. Olimning asarlarida mashhur mutafakkirlar va tabiatshunoslardan Arastu, Platon, Pifagor, Suqrot, Anaksagorlarning nomlarini tez-tez uchratamiz. Sharq olimlaridan Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Baxmanyor, G‘azzoliy, Tusiy, Taftazoniy kabilar qatorida as-Sullamiy, Ibn Ammuna, Abul Hasan al-Koshiylarning ismlarini o‘qiymiz.

Olimning “Risolai botiniyya” risolasida insondagi nafsoniy kuchlar, odamdagi ruhiy olam haqida hikoya qilingan. Bu asar “Etti jannat” nomi bilan ham mashhurdir.

“Risolai hilvatiyya” asari arab tilida yozilgan bo‘lib, olti qismdan iborat. Hilvatlar esa o‘z navbatida “to‘xtalish”larga bo‘lingan. Bu asarda muallif borliq bilan bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p falsafiy muammolar haqida so‘z yuritgan. Asar davomida o‘zidan oldin yashab o‘tgan mashhur allomalar bilan u yoki bu masala haqida munozaralar qilgan.

“Fi ta’rifil ilm” asarida ilmning hikmati haqida fikr yuritgan. Qorabog‘iyning “Risolai fi bayonil juz la yatajazza” asari olimlar o‘rtasidagi falsafiy munozaralarni yoritishga bag‘ishlangan.

Qorabog‘iyning “Mafatih” asarida esa diniy urf-odatlar, huquqiy qoidalar va ularni bajarish masalalari xususida bahs yuritilgan. Shuningdek, Qorabog‘iy Davoniy, Qazviniy, Taftazoniy, Shahobiddin Suxravardiy kabi olimlarning asarlariga sharhlar yozgan, mantiq, arab tili, riyoziyot, lug‘atshunoslik, diniy masalalarga oid qator risolalar ijod etgan.

Qorabog‘iy ilmiy faoliyatdan tashqari she’riyat bilan ham qiziqqan, uning nomi o‘sha davr shoirlari orasida tez-tez yodga olib turiladi. Qorabog‘iy asarlarining ko‘pchiligi, aniqrog‘i, 24 ta risolasining qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi FAning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining fondida saqlanadi.

Keyingi yillarda Markaziy Osiyoning XVI—XVII asrlardagi falsafa tarixini tadqiq etish, xususan, Qorabog‘iy merosini o‘rganish sohasida ancha ish qilindi.

fal. f.d. M. Nuriddinov