Turdi Farog‘iy (XVII asr)

XVII asrda yashab ijod qilgan Turdi Farog‘iy o‘zbek adabiyoti tarixida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan shoir va mutafakkirlardan biridir. Shoir o‘z she’rlarini ko‘p hollarda “Turdi” nomi, ba’zan esa “Farog‘iy” taxallusi bilan yozgan. “Farog‘” Jizzax hududidagi qishloqlardan birining nomi bo‘lish ehtimoli bor.

Turdi Farog‘iyning hayoti va ijodi haqida tarixiy manbalarda aniq ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Bu to‘g‘rida asosan uning bizgacha yetib kelgan sanoqli she’rlari bo‘yicha fikr yuritish imkonimiz bor, xolos. Turdi ijodini o‘rganishga A Fitrat, O. Sharafuddinov, H. Yoqubov kabi olimlar katta hissa qo‘shdilar. Shoirning A Majidiy tomonidan topilgan va 1924—25 yillarda nashr etilgan she’rlar qo‘lyozmasi 30-yillardagi qatag‘onda yo‘qolib ketgan bo‘lib, uni qaytadan topish va ilmiy muomalaga kiritish 1959 yili ushbu satrlar egasiga nasib etdi[1]. Shoir asarlari qo‘lyozmasining qayta topilishi uning asarlari matnlarini to‘g‘ri o‘qish va qayta nashr etishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu qo‘lyozma hozir Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida — 1407 raqam bilan saqlanmoqda.

Turdi taxminan XVII asrning 40-yillarida tug‘ilib, Buxorodagi Ashtarxoniy hukmdorlardan Nodir Muhammad va uning o‘g‘illari — Abdulazizxon hamda Subhonqulixonlar davrida faoliyat ko‘rsatgan. U bir she’rida o‘z o‘gmishini eslab:

Ahli davlatlar bilan yoru harif, hamdush edim,
Hoyu-xuyi bazmlarda shahd no‘shono‘sh edim,
Xush zamonlar yuz qazoni boshida sarxush edim…[2]

deb yozishidan anglanildiki, u oldin o‘tgan bir zamonlarda amaldorlar safida qaynoq va suronli hayot kechirgan, yuz urug‘ining ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblaridan bo‘lgan. Shu bilan birga u o‘zi ham shu urug‘ga mansub bo‘lgani ehtimolldan uzoq emas.

Turdi o‘zbek va fors tillarini yaxshi bilardi. U qarigan chog‘larida yozgan “Dar mazammati sipohigari” degan she’rida o‘zining asosiy kasb-kori sipohiylik (“harbiylik”) bo‘lganini, shu kasbi bilan uzoq yillar davomida nimalarnidir tama’ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxir-oqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus-nadomat bilan ma’lum qiladi.

Lekin harbiylik bilan bir qatorda Turdi o‘z zamonasining eng o‘qimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega bir kishi bo‘lib yetishgan edi. Uning jamiyatda tutgan mavqei esa o‘z atrofida yuz berayotgan voqea va hodisalarga faol aralashishni taqozo etgan. Aftidan u oddiy askar emas, balki qo‘shin boshliqlaridan biri, ba’zan biron siyosiy guruhning rahbari bo‘lgan yoki biron shunday guruhga yon bosgan.

XVII asr Buxoro siyosiy hayotidagi eng muhim voqea Ashtarxoniylardan Nodir Muhammadning taxtga chiqishi, oradan ko‘p o‘tmay o‘g‘li Abdulazizxon hukmdorlikni undan tortib olishi, bu ahvol bilan kelisha olmagan kichik o‘g‘li — Subhonqulixonning esa akasiga qarshi uzoq yillar davomida kurash olib borishi va nihoyat 1680 yilda o‘z maqsadiga erishuvi bo‘lgan edi. Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, raqibi — Abdulazizxonni Madina shahriga ketishga majbur etish bilan birga Turdi kabi unga yaqin turgan kishilarni ham quvg‘in ostiga oladi.

Subhonqulixon davrida zulm va jaholat avj olib, ayrim urug‘ va aymoqlarning manfaatlariga katta ziyon yetgan, mulklari tortib olingan, poraxo‘rlik kuchaygan. Ilm, madaniyat ham orqaga ketgan. “Tarixi Muqimxoniy” asari muallifi Yusuf Muhammad Munshi xabar berishicha, u 2000 bayt she’r yozgan jiyani shoir Qosim Sultonni ham vaqti kelganda ayamaydi — o‘ldirtiradi[3]. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mamlakatda qattiq noroziliklar yuz berib, bu pirovardida yangi hukmdorga qarshi uyushgan xalq qo‘zg‘olonlariga aylanadi. Turdi shubhasiz, xalq tomonida turib, bu harakatlarda ishtirok etadi.

Lekin bu qo‘zg‘olonlar Subhonqulixon tomonidan ayovsiz ravishda bostirildi. Turdining shundan keyingi hayoti Xo‘jand tomonlarda, muhtojlik va uzluksiz ma’naviy tushkunliqda kechgan. Uning Xo‘jand hokimi Oqbo‘tabiy dargohidan ketib, Jizzax hokimiga muge’ bo‘lib yashagan vaqtida yozgan turkiy muxammasi buning yorqin dalilidir. Uning bizgacha yetib kelgan she’rlarining katta qismi shu davrda yaratilgan. Turdi taxminan 1699—1700 yillarda vafot etgan.

Turdining adabiy merosi 18 she’rdan iborat bo‘lib, ulardan 12 tasi Sharq she’riyatining g‘azal, 5 tasi muxammas va bittasi fard turiga oiddir. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon to‘g‘risidagi mashhur hajviyani tashkil etadi. biroq shu merosi bilan ham Turdi o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixidan muhim o‘rin egallagandir.

Diqqat bilan nazar tashlansa, Turdi ham o‘z ijodini boshqa shoirlar kabi an’anaviy ishq mavzuidan boshlagani, bu sohada o‘zigacha mavjud ijodiy tajribani puxta egallagani seziladi. Shoirning:

Turkona xirom ayladi ul sho‘xi diloro,
Dil mulkini bir go‘shai chashm ayladi yag‘mo —

matlai bilan boshlangan ishqiy g‘azali lirikaning yaxshi namunalaridan deb baholashga loyiq. Yana diqqatga sazovor tomoni shundaki, Turdining lirik g‘azallari boshqa shoirlarnikidan o‘zining nihoyatda ixchamligi, ya’ni 3—4—5 baytdan iboratligi bilan ajralib turadi. Turdining tasavvufiy she’rlari ham g‘oyat go‘zal va falsafiy teran mazmunga boy.

Turdi o‘zining tasavvuf bilan bog‘liq qarashlarini “Burun” radifi bilan yozilgan turkiy muxammasida shunday bayon etgan:

Lobaqodur qalbiy, qalbing bog‘lama iqbolinga,
Bo‘lma g‘arra oriyat dunyo-vu mulku molinga,
Yod etib go‘ru qiyomat, yig‘la doim holinga,
Bur nazar mo-u manidin, yonib o‘z ahvolinga,
Ibrat ila boq, ko‘zung tufroqqa to‘lmasdan burun.

Lekin Turdi g‘azallarining aksariyati hali hech kim qalamga olmagan, o‘tkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-axloqiy mavzularga bag‘ishlangan. Ayniqsa shoirning quyidagi g‘azalida yurtni boshqarayotgan beklarga murojaat qilib, ularni keng fe’lli, o‘zaro ittifoq bo‘lishga, bir-birini qabilachilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirishi, uni o‘z davrining eng yuksak fikrli, vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi bo‘lganidan dalolat beradi:

Tor ko‘ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bo‘li o‘zbek yurtidur, tenglik qiling,

Birni qipchoqu xitoyu birni yuz, nayman demang,
Qirqu yuz ming son bo‘lub, bir xon oyinlik qiling.

Bir yaqodin bosh chiqarib, barcha bir to‘ng‘a kirib,
Bir o‘ngurlik, bir tirizlik, bir yaqo-englik qiling…

XVII asr sharoitida Buxoro xonligida turkiy, xususan, o‘zbek urug‘lari o‘rtasida o‘zaro nizolar kuchaygan bo‘lib, shoir ularning bir-biridan uzoqlashib, mamlakatning esa mayda bo‘laklarga bo‘linib ketishini ularning o‘zlari uchun ham g‘oyat xatarli deb bilar, buning oldini olishga intilar edi. Shu bilan birga u xonlikning boshqarishda ishlayotgan, “o‘zbekman!” deb talonchilik bilan shug‘ullanayotgan vakillarini dinsizlikda ayblashi, muttaham, bebosh sifatida fosh etishi achchiq hayotiy haqiqatga asoslangan edi.

Turdining shoh asari, albatta Subhonqulixon to‘g‘risidagi hajviy muxammasidir. Shoir fikricha, Subhonqulixon davlat tepasiga kelishi bilan butun mamlakatda ahvol yomon tomonga o‘zgargan, osoyishtalik o‘rnini tartibsizlik, adlu karam o‘rnini o‘zaro nifoq egallagan.

Turdi yozishicha, Subhonqulixonning aybi shundaki, u taxtga o‘ltirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning o‘rniga o‘z atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr-mulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yig‘a boshlagan. Subhonqulixon va uning beklariga xos nuqsonlarni fosh etishda Turdining hajviy qalami satrdan-satrga, banddan-bandga tobora o‘tkirlasha boradi. Shoir bu shoh haqida:

Bid’atu zulm ani xilqatu asli zoti…
Fuqaro bo‘ldi bu shoh asrida ko‘zi zoru nahif,
Zulmdan bo‘ldi raiyat elikim xoru zaif —

deb yozsa, uning beklariga:

Ey yuzi qora, ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar beklar…
Edingiz barchangiz itdek fuqaroni etini;
G‘asb ila molin olib, qo‘ymadingizlar bitini…

deb xitob qiladi. Subhonqulixon faoliyatida ham ayrim ijobiy tomonlar bo‘lib, Turdi esa ulardan butunlay ko‘z yumadi. Masalan: u shohlik bilan bir qatorda tibbiyot masalalari bilan izchil shug‘ullangan va o‘z davrida “Tibbi Subhoniy” degan asarni yozgan. Biz 1972 yili Afg‘onistonda bo‘lganimizda, Balxga yaqin Dehdodi qishlog‘i masjidida Subhonqulixonning katta kutubxonasi bo‘lgani haqida ma’lumotga ega bo‘lgan edik.

To‘g‘rirog‘i, Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida qattiqqo‘l, johil shoh timsolini yaratishga harakat qilgan va bunga erishgan. Bunda Subhonqulixon obrazini biz to‘la tarixiy real shaxs sifatida emas, balki adabiy tip sifatida baholamog‘imiz zarur. Bu hajfiy asari bilan Turdi o‘zbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir yuksaklikka ko‘tardi.

Turdi Shayx Sa’diy g‘azaliga bog‘lagan muxammasida esa o‘z ulug‘ salafi asarida insonparvarlik g‘oyalarini yanada chuqurlashtirdi. Sa’diy bu g‘azalida shunday yozgan edi:

Nest on lolaki, dar bodiyaho jilvagarand,
Kushtagonandki, az xok bar ovarda sarand.

Mazmuni:

Sahrolarda jilva qilayotgan narsalar lola emas,
Balki so‘yilgan odamlardirki, tufrog‘dan bosh chiqarib turibdilar.

Turdi bu bayt oldiga quyidagi uch satrni qo‘shib, yangi band yaratgan va Sa’diy g‘azallarini to‘ldirgan:

Bargi har toza gule shohidi maddi nazarand,
Varaqi safhai manzur zi ahli basarand.
Xo‘shklab, dog‘ va dil tashna ba xuni jigarand.
Nest on lolaki, dar bodiyaho jilvagarand,
Kushtagonandki, az xok bar ovarda sarand.

Mazmuni:

Gulning har bir yaprog‘i kishi diqqatini o‘ziga tortadi,
Uning har bir gulbargi esa ziyrak kishilarga manzur bo‘ladigan bir varaqdir.
U gullar labi qurigan, dili dog‘, jigarining qoniga tashnadirlar.
Sahrolarda jilva qilayotgan narsalar lola emas,
Balki so‘yilgan odamlardirki, tufrog‘dan bosh chiqarib turibdilar.

Turdi muxammasining yana bir qimmatli tomoni shundaki, uning shu muxammasi tufayli Sa’diyning boshqa qo‘lyozmalarda yo‘q bir g‘azali bizgacha yetib kelgan. Biz 1996 yili Sherozda bo‘lganimizda, u yerdagi “Sa’diy markazi” ilmiy xodimlari ham bu g‘azalni ulug‘ shoir asarlarining Eron nashrlaridan topib bera olmadilar.

Turdi o‘z she’rlarida Sharq she’riyatidagi badiiy san’atlardan mahorat bilan istifoda etgan holda, birinchi o‘ringa hayotiy mazmunni qo‘yadi, ko‘p o‘rinlarda uning she’riy uslubiga falsafiy tafakkur xosdir.

U o‘z ijodida hamma vaqt fikrni o‘tkir va tiniq holda, katta bilim va tushunchalar asosida, o‘ziga va o‘z orzulariga, o‘z asarlarini jamiyat hayotini o‘zgartiraolish kuchiga qattiq ishonib qalam tebratgan.

Shuning uchun uning adabiy merosi bizning davrimizda ham katta ma’no kasb etib, kishilarimizning tarbiyasida muhim o‘rin tutmoqda va xalqimizning chinakam ma’naviy mulkiga aylangandir.

f.f.d. A. Hayitmetov

_______________

[1] Biz bu haqda birinchi marta “O‘zbekiston madaniyati” gazetasining 1959 yil 1 iyul sonida, so‘ng “O‘zbek tili va adabiyoti masalalari” jurnalining 1961 yil 2-sonida axborot bergan edik. — A. H.

[2] Turdi. She’rlar. Toshkent, 1971. 34-sah. Nashrga tayyorlovchi A. Hayitmetov. Bundan keyingi she’riy misollar ham shu nashrdan olindi. — A. H.

[3] H. Yoqubov. Turdi Farog‘iy. Adabiy merosi. (Qarang: “O‘zbek alabiyoti tarixi”. III tom. Toshkent, 1978, 215—226-sah.).