So‘fiy Olloyor o‘zbek mumtoz adabiyotida tasavvuf adabiyoti an’analarini izchil davom ettirib, o‘ziga xos maktab yaratgan adib, shoir va mutafakkirdir. Shoir 1644 yilda Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida Olloquli (Temiryor) xonadonida dunyoga kelgan.
So‘fiy Olloyor dastlab Shayxlar qishlog‘idagi masjid qoshidagi maktabda, so‘ng Buxorodagi madrasalarda ta’lim olgan. Madrasani tugatgandan keyin Jo‘ybor shayxlari qo‘lida tahsil ko‘rgan. So‘ng So‘fiy Olloyor ma’lum bir muddat Buxoroda Abdulazizxon saroyida soliq yig‘uvchi bo‘lib ishlagan. Lekin tabiatan rahimdil, ko‘ngilchan So‘fiy Olloyor bu ishda ko‘p ishlamadi. Boylik orttirmadi. Ilm olishga, tasavvufni chuqur o‘rganishga, badi-iy ijodga qattiq kirishib ketadi. Tinmay ijod etadi. Bunga ham qanoat qilmay o‘zidan bir pog‘ona yuqori turgan mashhur mutasavvuf shayx Habibullohga shogird tushadi. O‘n yildan keyin shayxlik martabasiga ko‘tariladi.
Mutasavvuf shoir bu davr ichida “Maslak ul-muttaqiyin”, “Sabot ul-ojizin”, “Murod ul-orifin”, “Siroj ul-ojizin”, “Mahzan ul-muti’in”, “Najot ut-tolibin” kabi diniy-falsafiy asarlar yaratdi. So‘fiy Olloyorning bu asarlarida Qur’oni Karim oyatlari, Hadisi Sharif hikmatlari va tasavvuf g‘oyalari ajib bir tarzda uzviy bog‘lanib ketgan. Faylasuf shoir ojizlarga, yo‘ldan ozganlarga hidoyat va najot yo‘lini ko‘rsatib beradi. Toliblarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Insofu adolatni, halollik va to‘g‘rilikni, oriflik, oshiqlik, xilvat va uzlatni to‘lib-toshib kuylaydi, nafs va xudbinlikni qattiq tanqid qiladi. Dunyo lazzatlaridan voz ke-chib, o‘zni Haqning inon-ixtiyoriga toshpirish falsafasini ilgari suradi. Markaziy Osiyoda keng tarqalgan Yassaviya — Jahriya tariqati g‘oyalari uchun kurashdi.
So‘fiy Olloyor she’rlarida dunyoviy ishq-muhabbatni ham to‘lib-toshib vasf etgan. Shoir g‘azallarida qo‘llanilgan badiiy-tasviriy vositalar kishini maftun qiladi:
Ko‘rk uchun tushti ziloli la’la mushkin xattu xol,
Tutti suhbat Xizr ila Kavsar qirgog‘inda hilol.
Nargisi masting xumori bodadin gulgunmudir?
Yo budurkim lolazor ichra tushan vahshi g‘izol…
So‘fiy Olloyor dunyoviy ishq mavzusida bitgan she’rlarida ijtimoiy mazmundagi fikrlarini ham bayon etadi. Shoirning quyidagi baytlari fikrimizni to‘la tasdiqlaydi:
Hech ishim ro‘yi zamin ichra kifoyat bo‘lmadi,
Baxti kajimni so‘rog‘in berdi Qof arqosida.
Qo‘l sunub olguncha tegdi davr ayog‘i o‘zgaga,
Ko‘z yumub ochkuncha umr o‘tti jahon g‘avg‘osida…
Shoir g‘azallarida mahbubaning ma’naviy latofatini alohida shukuh bilan tarannum etadi. Ularda tasvir etilgan mahbuba mavhum ilohiy pari paykar, huru g‘ilmon emas, siz bilan biz yashab turgan haqiqiy dunyodagi go‘zal qiz siymosi. So‘fiy Olloyorning g‘azallarini dunyoviy adabiyotning yaxshi namunalari qatoriga qo‘yish mumkin.
So‘fiy Olloyorning “Sabot ul-ojizin” deb nomlangan asari falsafiy-didaktik adabiyotning eng yaxshi namunalaridan biridir. Unda pir bilan shogirdlar o‘rtasidagi munosabatlar xususida fikr yuritilgan. Ustozning shogirdlari oldidagi vazifalari, aksincha shogirdning pir odtsidagi burchlari haqida bayon qilingan:
Kerak murshid bergan monandi ummon,
Muborak botini pur durri marjon.
Jaholat dashtidin kim kelsa suvsab,
Aning tohir suvidan bo‘lsa serob.
Agar bo‘lsa kase, kim tolibi dur,
Cho‘mub botinga jaybin aylasa nur…
Asarda komil insonni tarbiyalab yetishtirish asosiy masala qilib qo‘yilgan. Muallifning fikricha, inson ma’lum e’tiqodga ega bo‘lishi zarur. E’tiqodsiz, aniq maqsadsiz kishi behuda umr kechirgan bo‘ladi. Umri zoye ketadi. Unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish darkor.
So‘fiy Olloyor inson fe’lidagi salbiy jihatlarni qanchalik iztirob bilan tasvirlasa, ijobiy tomonlarni shunchalik zavq-shavq bilan kuylaydi. Odamlarni ochiqko‘ngillikka, shirinso‘zlikka, rahmdillikka, mehr-oqibatga, saxovatga da’vat etadi:
Ochuq qo‘llik, kushoda yuzli bo‘lg‘il,
Muruvvatlik, muloyim so‘zli bo‘lg‘il.
Muloyim til bilan beharbu bezarb,
Birovni keltirurlar sharqdan g‘arb,
Suchuq tildir ajib ganji muazzam,
Ato qilgon hech bo‘lmag‘ay kam…
So‘fiy Olloyor o‘zbek adabiyoti tarixida tasavvuf ta’limotini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan shoirdir. U o‘z she’rlarida so‘fiylikning axloqiy masalalarini keng targ‘ib qildi. Odam faqat shu yo‘l bilan haqiqat va komillikka erishadi, degan falsafani olg‘a surdi. So‘fiy Olloyor asarlarini fors, arab tillarini puxta bilgan holda sodda o‘zbek tilida yozdi. Shuning uchun shoir asarlari xalq ommasi orasida keng tarqalgandir. Shoir asarlari Toshkent, Qozon, Boku, Istambul va boshqa shaharlarda toshbosma yo‘li bilan bir qancha marta bosilib chiqqan.
f.f.n. I. Suvonqulov, fals. f.n. M. Qodirov