Sadriddin Ayniy (1878-1954)

XIX asrning so‘nggi choragida tug‘ilib, XX asrning o‘rtalariga qadar yashab ijod etgan Sadriddin Ayniy o‘zbek va tojik adabiyotlari taraqqiyotiga muayyan hissa qo‘shgan zullisonayn yozuvchidir. U mansub bo‘lgan yozuvchilar avlodi xalq va jamiyat hayotidan uzoqlashib qolgan mumtoz Sharq adabiyotiga yangi to‘lqin berishga, uni yangi tarixiy davrning g‘oyalari bilan boyitishga intildi. Shu ma’noda Sadriddin Ayniy va uning qalamkash birodarlari XX asrning 10-yillarida yangi tipdagi o‘zbek va tojik adabiyotiga poydevor qo‘ydilar.

Sadriddin Ayniy 1878 yili Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumaniga qarashli Soktare qishlog‘ida tug‘ildi. O‘n bir yoshida ota va onasidan yetim qoldi. Ma’rifatparvar otasi qo‘lida dastlabki ta’limni olgan Sadriddin Ayniy 1890—1899 yillarda Buxorodagi madrasalarda tahsil ko‘rib, o‘z davriga yarasha puxta bilim egalladi. Kalkutta, Bog‘chasaroy, Ufa, Orenburg, Qozon singari shaharlarda nashr etilgan gazeta va jurnallar bilan tanishish, ayniqsa, Fitratning Turkiyada bosilib, Buxoroga yashirin ravishda yuborilgan —”Munozara”, “Sayyoh hind qissasi” singari asarlarini mutolaa etish bo‘lajak yozuvchining dunyoqarashida inqilobiy o‘zgarishlarni vujudga keltirdi. U amirlik tuzumining chiriganini, mamlakatni boshqarish usulini yangilash, demokratik islohotlar o‘tkazish va xalq ommasini ma’rifatlashtirish zarurligini sezdi. Sadriddin Ayniy ana pgu tarzda yosh buxoroliklar harakatiga kelib qo‘shildi va o‘zbek jadid adabiyotining yorqin namoyandalaridan biriga aylandi.

Sadriddin Ayniy o‘smirlik yillarida turmush tebratish uchun jismoniy mehnat bilan ko‘proq shug‘ullangan bo‘lsa, ijtimoiy ongida ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli keyinchalik aqliy mehnat yordami bilan kun kechira boshlaydi. Chunonchi, u tatar maktabida tarjimon bo‘lib xizmat etadi. Shu asnoda muayyan malaka hosil qilgan Sadriddin Ayniy do‘sti Mirza Abdulvohid bilan birga uning hovlisida maktab ochadi. 1909 yilda esa “Tazhib us-sibiyon” (“Bolalar tarbiyasi”) degan o‘qish kitobini yaratadi. Yosh muallimning bu dastlabki pedagogik ishlari o‘sha davr uchun katta voqea bo‘lgani sababli qattiq qarshilikka uchraydi.

“Imtihonlar boshlangan pallada, — deb yozadi u tarjimai holida,— katta mullalar ig‘vo boshlab, bolalarni kofir qiladi, deb bizning maktabimizga qarshi chiqdilar, ular amirga murojaat qilib, maktabimizni yoptirdilar va amirga qarashli bo‘lgan kishilar bu bilan ham qanoatlanmay, Mirza Abdulvohidni olomon qilib o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Ular Buxorodan qochib ketdilar, men bir muncha vaqg yashirinib yurdim”. Bunday ta’qiblar uzoq davom etdi. 1917 yil Fevral inqilobidan so‘ng esa Sadriddin Ayniy faol ijtimoiy harakatdan uzoqlashganiga qaramay amir tomonidan yetmish besh tayoqlik jazoga hukm qilinadi.

Sadriddinning badiiy ijodga qiziqishi talabalik yillarida boshlangan. U dastlab, Sifliy (Past), Muhtojiy va Jununiy (Telba), o‘n sakkiz yoshida esa “Ayniy” taxallusi bilan ijod qila boshladi.

Sadriddin Ayniyning 1917 yilga qadar yaratgan asarlari u qadar ko‘p emas. U garchand inqilobga qadar bo‘lgan davrda “Oyna”, “Ulug‘ Turkiston”, “Al-isloh”, “Hurriyat” “Sadoi Turkiston”, “Taraqqiy” singari gazeta va jurnallarda o‘z she’rlari va maqolalari bilan yosh ijodkor sifatida qatnashadi, vaqt o‘tishi bilan jiddiy hayotiy mavzularga qo‘l urishga, davrning qon tomirini topishga intiladi. Chunonchi, 1896—1904 yillarda “Guli surx”, “Bazm” singari katta mazmundan xoli she’rlarni yozgan bo‘lsa, keyinchalik yaratgan “Yoshlarga murojaat”, “Hasrat”, “Na o‘ldi, yo rab!”, “Moziy va hol”, “Erni yana sotmang” singari she’rlarida jadid adabiyotining nafasi ufurib turadi. “Ustoz Ismoilbek janoblari” degan marsiyada esa Sadriddin Ayniy jadidchilik harakatining otasi Ismoil G‘aspirali vafoti munosabati bilan musulmon Sharqi o‘zining buyuk rahnamolaridan biridan mahrum bo‘lganini aytadi.

Sadriddin Ayniy 1917 yilga qadar kechgan ijodida, boshqa jadidlar singari maqolanavislik (publitsistika) bilan ham samarali shug‘ullandi. Uning “Oyna” jurnalida chop etilgan “Har bir millat o‘z tili ila faxr etar” degan maqolasi muallifning 1915 yildayoq Turkiston xalqlari o‘rtasida o‘zbek tilining mavqeini ko‘tarish vazifasini o‘z oldiga qo‘yganini namoyish etdi. U shu davrda nazariy xarakterdagi ishlar bilan band bo‘lib qolmay, fors-tojik tilida “Buxoroi sharif”, o‘zbek tilida “Turon” gazetalarini nashr etishning tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi.

“Ushbu ikki gazeta, — deb yozgan edi Sadriddin Ayniy, — Italiya va Bolqon muhorabasi asnosida nashr bo‘lg‘onlaridan har bir narsadan xabarsiz Buxoro aholisini tarihdan, siyosatdan, jug‘rofiyadan, Ovro‘poning umumiy ahvolidan, musulmonlarning halokat chuquriga tushayotganlaridan xabardor qildilar. Yoshlar boshiga adabiyot, qalam va o‘qimoq fikrlari tushdi. Otalar eslariga bola tarbiyasi va o‘qitmoq hollari keldi”.

Sadriddin Ayniyning dastlabki ijodiy faoliyati to‘g‘risida so‘z borar ekan, 1909—1910 yillarda tuzilgan “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) jamiyatini chetlab o‘tish mumkin emas. Sadriddin Ayniy ishtirokida tuzilgan bu jamiyat o‘z oldiga, birinchidan, keng xalq ommasi orasida maorif va turli adabiyotlarni tarqatish, ikkinchidan, isrofgarchilikka, maishatparastlikka va boshqa nojo‘ya urf-odatlarga qarshi kurash, uchinchidan esa hukumatga qarshi keng tashviqot ishlarini olib borish vazifasini qo‘ygan. Agar 1909 yili Fitrat Turkiyaga shu jamiyat yordami bilan tahsil olish uchun yuborilganligini eslasak, uning 10-yillar hayotidagi katga roli yanada oydinlashadi.

Xullas, Sadriddin Ayniy bu davrdagi ijodi va tashkilotchilik faoliyati bilan o‘zbek jadidchilik harakati va jadid adabiyotining shakllanishida muhim ahamiyatga molik ishlarni amalga oshirdi. Uning bu boradagi xizmatlari Sadriddin Ayniy ijodiy faoliyatining munavvar sahifalaridan birini tashkil etadi.

f.f.d. N. Karimov
«Ma’naviyat yulduzlari» kitobidan.

Maqolalar

O‘zbek ziyolilari: Sadriddin Ayniy (1878-1954)
O‘zbek she’riyatidan: Sadriddin Ayniy (1878-1954)
Tojik she’riyatidan: Sadriddin Ayniy (1878-1954)
Olmos. Ayniy domlaning nisholdasi (2005)

Sadriddin Ayniy kitoblari

Sadriddin Ayniy. Qisqacha tarjimai holim. Toshkent, 1960
Sadriddin Ayniy. Asarlar. 8 jildlik. 2-jild: Doxunda (roman). Toshkent, 1964
Sadriddin Ayniy. Eski maktab (qissa). Toshkent, “Yosh gvardiya”, 1982
Sadriddin Ayniy. Sudxo‘rning o‘limi (qissa). Toshkent, “O‘qituvchi”, 1982