Mirzo Muhammad Haydar Dug‘lot (1499-1551)

Mirzo Muhammad Haydar Dug‘lot — Markaziy Osiyoning XVI asrdagi atoqli muarrixi, adibi va davlat arbobi bo‘lib, mashhur “Tarixi Rashidiy” asarining muallifi sifatida tarix sahifalaridan mustahkam o‘rin olgan. Adabiyotda ko‘pincha Mirzo Haydar ismi bilan ataladi. Uning ota ajdodlari XIV—XVI asrlarda Mo‘g‘ulistonda hukm surgan nufuzli dug‘lot amirlaridan bo‘lib, Chig‘atoy xonlari tomonidan in’om etilgan imtiyozlarga va tarxonlik unvoniga ega bo‘lganlar, Koshg‘ar viloyatining hokimligi vorisiy tarzda ularning ixtiyoriga topshirilgan edi.

Mirzo Haydarning otasi Muhammad Husayn Mo‘g‘uliston xoni Sulton Mahmudxon (1487—1503) bilan yaqin munosabatda bo‘lib, 1493 yili uning singlisi Xo‘b Nigor xonim (Yunusxonning kichik qizi)ga uylagan va ko‘ragon (xon kuyovi) unvonini olib, 1495 yili O‘ratepa viloyati hokimligaga tayinlangan. Shu bilan birga bir necha yil Toshkentda Sulton Mahmudxon huzurida yashagan va Mirzo Haydar bu shaharda hijriy 905 (1499 yil, avgust — 1500 yil, iyul) yili tavallud topgan. Yunusxonning o‘rtancha qizi Qutluq Nigor xonim Zahiriddin Muhammad Boburning onasi ekanligi bilan Mirzo Haydar Boburga qarindosh bo‘la (xolavachcha)dir.

1503 yili Sulton Mahmudxon Axsida Shayboniyxon lashkari bilan jangda mag‘lubiyatga uchragach, Muhammad Husayn O‘ratepani tashlab Qorateginga, u yerdan Kobulga Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga boradi. 1506 yili Bobur Xurosonga ketgan vaqgida Muhammad Husayn hukumatni egallashga qasd qilgan kishilar bilan birlashadi. Ammo bu urinish natijasiz chiqadi. Bobur qaytib kelgach, garchi gunohidan o‘tgan bo‘lsa-da, Muhammad Husayn endi bu yerda turolmaydi va Farg‘onaga jo‘naydi. 1509 yili u Shayboniyxon buyrug‘i bilan qatl etiladi.

Otasini Shayboniyxon qatl etgan vaqtda 9 yashar bola — Mirzo Haydar o‘z murabbiysi Mavlono Muhammad bilan Buxoroda, Ubaydullaxon nikohida bo‘lgan opasi huzurida edi. Shayboniyxon uni ham qatl etish uchun Buxoroga maxfiy odamlar yuboradi. Buni payqagan murabbiy Mavlono Muhammad turli hiylalar bilan ularni chalg‘itib, darvesh kiyimida bolani shahardan olib chiqib ketadi. Ular Badaxshonga, Mirzoxon (1507—1521) oldiga keladilar. Buni eshitgan Bobur Mirzoxonga xat yozib, uning viloyati Shayboniyxon xavfidan emin emasligini aytib, bolani Kobulga yuborishni talab qiladi.

Mirzo Haydar Kobulda 1509—1512 yillarda Bobur saroyida istiqomat qiladi. Undan 17 yashar katta bo‘lgan Bobur Mirzo Haydarga otalarcha g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi, tarbiyalaydi, bilim, hunar o‘rgatadi. Boburning ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi haqida Mirzo Haydar o‘z asarida chuqur minnatdorlik bildirib, bir necha bor eslab o‘tadi.

1512 yili Mirzo Haydarning amakisi, Mo‘g‘uliston xoni Sulton Sayyidxon uni Boburdan so‘rab oladi. Mirzo Haydar avval Andijonga, Sayyidxon huzuriga, so‘ngra esa Sayyidxon Koshg‘arda ham o‘z hukmronligini o‘rnatgach, u bilan birga Koshg‘arga jo‘naydi va to Sayyidxon vafot etguniga qadar (1533) uning xizmatida bo‘ladi. Sayyidxon unga, “Tarixi Rashidiy”da aytilganidek, “butun lashkar va davlat ishlarini boshqarishda va barcha boshqa ishlarda cheksiz ishonch bildirib, barchasini topshirib qo‘ygan”. Hatto o‘z o‘g‘li Abdurashidni tarbiya qilishni ham Sayyidxon Mirzo Haydarga ishongan edi.

Hayotining ko‘p qismi xuddi Boburnikidek tinimsiz safarlar va harbiy yurishlarda o‘tganligiga qaramay, Mirzo Haydar o‘z davri uchun yuqori darajada bilim olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Chunonchi Mirzo Haydarning chuqur bilimli, barcha hunarlardan xabardor, yuksak qobiliyatli ekanligini Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da qayd qilib o‘tgan: “Otasini Shayboniyxon o‘lturgandan so‘ng Kobulga kelib mening mulozimatimda uch-to‘rt yil turib, so‘ng ijozat tilab Koshg‘arga (Sulton Sayyidxon) qoshig‘a bordi… Bu tarihda (ya’ni, “Boburnoma” yozilayotgan 1525—1530 yillar orasida) deydurlarkim, toyib bo‘lub, yaxshi tariqa paydo qilibtur. Xat va tasvir va o‘q va paykon va zihgir — har nimaga iliki chaspondur. Tab’i nazmi ham bordur. Manga arzadosht qilib erdi, inshosi ham yomon ermas” (“Boburnoma”, Toshkent, 1960, 68-bet).

Haqiqatan ham “Tarixi Rashidiy”ni o‘qir ekanmiz, muallif Mirzo Haydar o‘zining hayotiy-falsafiy mulohazalari, o‘z davri ma’naviy-madaniy tushunchalari haqida so‘zlaganida aytib o‘tgani — o‘zi o‘qigan oltmishdan ortiq asarlarni nazarga olsak, aytish mumkinki, tarixnavisning bilim doirasi o‘z davrining yuksak ma’rifatli, bilimli kishilari qatorida bo‘lgan. Chunonchi mazkur asarlar mazmuniga ko‘ra, Mirzo Haydar tanish bo‘lgan quyidagi sohalarni sanab o‘tish mumkin: tarix, adabiyot va she’riyat nazariyasi (aruz, muammo, insho san’ati), jug‘rofiya, astronomiya, tasavvuf, fiqh, Islom dini tarixi, falsafa, arab grammatikasi va hokazo. Asarda keltirilgan Temuriylar, ayniqsa, Alisher Navoiy doirasidagi adabiy-ma’naviy hayot haqidagi ma’lumotlar esa mukammalligi bilan Mirzo Haydarning o‘zi ham shu davr ilmiy-madaniy va adabiy an’analari bo‘yicha tarbiya olganligini bildiradi.

Sulton Sayyidxon xizmatida ekanligida Mirzo Haydar Badaxshon, Kofiriston, Tibet, Kashmirlarga bir necha harbiy yurishlarni boshqargan.

Sulton Sayyidxon 1533 yili vafot etdi. Uning o‘g‘li Abdurashidxon taxtga o‘tirgach, u dug‘lot amirlarini davlat ishlaridan chetlata boshladi. Dastlab u ko‘p yillar davomida Sulton Sayyidxon qoshida davlatning ikkinchi shaxsi hisoblanib, ulusbegi mansabini egallab turgan Mirzo Haydarning amakisi Sayyid Muhammad Mirzoni qatl etdi. Bu vaqtda Tibetda harbiy yurishda bo‘lgan Mirzo Haydar bundan voqif bo‘lib, Mo‘g‘ulistonga qaytishga jur’at qilolmay bir qancha vaqt Badaxshonda yurdi, so‘ng u yerdan Lohurga, Boburning o‘g‘li Komron Mirzo huzuriga, 1539 yili esa Agraga, Humoyun xizmatiga bordi, uning Sherxon bilan harbiy to‘qnashuvlarida qatnashdi. 1551 yili noma’lum kishilar tomonidan uyushtirilgan suiqasd natijasida halok bo‘ldi.

Ba’zi adabiyotlarda qayd etilishicha (Ch. A. Storiyning fors adabiyoti tarixiga oid asarida) Mirzo Haydarning “Jahonnoma” nomli turkiy tilda nazm bilan bitilgan asari ham bor. Muallif turkiy va forsiy tillarda she’rlar yozganligi “Tarixi Rashidiy” ning o‘zida keltirilgan she’riy parchalardan ham ko‘rinadi hamda Mirzo Haydarning Bobur aytganidek “ta’bi nazmi ham bo‘lganligi”ni isbotlaydi.

“Tarixi Rashidiy”ga kelsak, uni Mirzo Haydar Kashmirda ekanligida 1541—1546 yillar orasida yozgan. Asarning muqaddimasida aytilishicha, uni yozishdan maqsadi Mo‘g‘uliston mamlakatining 1347 yili taxtga o‘tirgan Tug‘luq Temur davridan to muallif zamonigacha to‘liq tarixini yaratishdir. U aytadi: “Mo‘g‘ullar islom dinini qabul qilgandan so‘nggi davr haqida kichkinagina bo‘lsa ham bir tarixiy asar yo‘q”.

“Tarixi Rashidiy” ikki qismdan iborat. Muallif ularni “daftar” deb ataydi. Birinchi daftarda Mo‘g‘uliston va Koshg‘arda hukm surgan Chig‘atoy xonlari tarixi ulardan birinchi bo‘lib islom dinini kabul qilgan Tug‘luq Temurxondan boshlab to 1533 yili taxtga o‘tirgan Abdurashidxon tarixi izchil ravishda yoritilgan.

Ikkinchi daftar 1541—1542 yillarda yozilgan. Unda tarixiy voqealar va muallifning o‘z sarguzasht-kechinmalari esdaliklar janrida bayon etilgan. Esdaliklar XV asr oxirlariga oid voqealardan boshlanib, 1542 yilgacha, ya’ni Mirzo Haydar Kashmirni zabt etib, shu yerda muqim turib qolgan vaqtigacha davom etadi.

Asarning birinchi qismi ikkinchisidan to‘rt yil keyin yozilgan. Muallif o‘z esdaliklarini yozar ekan, ko‘p hollarda voqeabandlik taqozasicha, o‘tgan davrlar tarixini eslatib o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Bunday tafsilotlar davom etaversa, maqsadni ifodalash chalkashib ketishi muqarrar edi. Shuning uchun muallif ko‘pincha esdaliklar orasida “bu haqda birinchi daftarda so‘zlaymiz” deyish bilan cheklanib, esdaliklarni davom ettiraveradi va oradan bir qancha vaqt o‘tgach, haqiqatan ham birinchi daftarni yozib, qariyb 200 yillik Mo‘g‘uliston tarixini yoritadi.

Asarning birinchi qismini yozishda Mirzo Haydar Alouddin Atomalik Juvayniyning “Tarixi jahongo‘sho” va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarlariga tayangan. Chunonchi sohibqiron Amir Temurning Movarounnahrda mustaqil davlat barpo etishi, uni tashqi tazyiqlardan himoya etishda Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur (1360 yillar), keyinroq esa asli dug‘lot amirlaridan bo‘lib, hokimiyatni qo‘lga olgan Kamariddinga qarshi yurishlari butunlay “Zafarnoma”dan olinadi. Bunday hollarda muallif “Zafarnomadan naql”, deb o‘quvchini ogohlantiradi. Juvayniyning “Tarixi jahongo‘sho”sidan olingan ba’zi parchalar oldidan ham shunday ogohlantirish beriladi. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari ham Mirzo Haydar uchun manba xizmatini o‘tagan.

Bulardan tashqari, Mirzo Haydar yoshi yuzlarga borib qolgan odamlar, otasidan eshitganlari, amakilari va boshqa ishonchli zamondoshlarining hikoyalaridan ham manba sifatida foydalanadi. O‘z davri tasavvuf namoyandalarining risolalari, adabiy asarlardan ham parchalar keltiradi.

Ammo “Tarixi Rashidiy”ning ikkinchi daftarini yozishda muallif asosan o‘z esdaliklariga tayanadi, ularni garchi ayrim-ayrim sarlavhalar ostida ma’lum voqealarga bag‘ishlab yozsa ham, esdaliklar uslubini saqpaydi. Bunda u bo‘lasi va tarbiyachisi Boburning “Boburnoma”siga taqlid qiladi. Balki, aytish mumkinki, “Boburnoma” Muhammad Haydarning ham esdalik uslubida asar yozishiga timsol-o‘rnak bo‘lgan. Biroq Bobur o‘z asarini o‘zbek tilida yozgan bo‘lsa, Mirzo Haydar forsiy tilda yozadi. Ammo asar matnida ba’zi o‘rinlarda keltirilgan turkiy parchalar muallifning ona tili turkiy til ekanligidan dalolat beradi.

“Tarixi Rashidiy”ni chuqur o‘rganib, uni “Boburnoma” bilan solishtirgan V. V. Bartold yozgan edi: “Mirzo Haydarning asari ko‘p hollarda uning xolavachchasi Boburning yodnomalarini eslatadi. Uning tarixiy ma’lumotlari xuddi Boburnikidek haqqoniyligi va betarafonaligi bilan ko‘zga tashlanadi, jug‘rofiy tavsiflar esa joylarni aniq va ravshan tasvirlaydi”. Bartold yana xulosa qilib aytadiki, garchi “Tarixi Rashidiy” mayda tafsilotlarning izchilligi, voqealar kechgan sanalarning aniqligi borasida “Boburnoma”dan keyinda tursa ham, biroq unda Mo‘g‘uliston tarixiga oid shunday ma’lumotlar keltiriladiki, ularni boshqa tarixiy manbalardan topib bo‘lmaydi”.

V. V. Bartoldning fikrini davom ettirib aytadigan bo‘lsak, “Tarixi Rashidiy”ning ma’lumotlari, tadqiqotchilar aniqlaganidek, “Boburnoma”ning bizgacha yetib kelmagan yoki o‘z vaqtida yozilmay qolgan ayrim kambud joylarini to‘latishga ham yordam beradi. Undan tashqari “Boburnoma”da bayon qilingan voqealarning jug‘rofiy kengligi Boburning o‘zi bosib o‘tgan joylar — Movarounnahr, Xuroson, Kobul, Badaxshon, Hindiston doirasida ifodalansa, Mirzo Haydar esdaliklarida bu yerlardan tashqari yana uning o‘zi yurgan joylar: Mo‘g‘uliston, Koshg‘ar, Tibet, Kashmirlar tasvirlanadi. Binobarin, har ikki asarni bir-biriga qiyoslab o‘rganish, ulardagi tarixiy ma’lumotlar doirasini kengaytiradi va har ikkala asarning ham tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini oshiradi.

Asarning “Tarixi Rashidiy” deb atalganligiga Mirzo Haydar uch sababni ko‘rsatadi:

  1. Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurni Islomga keltirgan Shayx Arshaduddin nomini abadiylashtirmoq uchun.
  2. “Haq yo‘l”, “To‘g‘ri yo‘l” ma’nosini anglatuvchi “Rushd” so‘zini ta’kidlamoq uchunki, Islomni qabul qilgan Tug‘luq Temur o‘z tobe’larini ham shu yo‘lga boshlagan.
  3. Asar yozilayotgan vaqtda Mo‘g‘ulistonda hukm surib turgan Abdurashidxon nomini eslatmoquchunki, garchi u o‘z tarbiyachisiga yomonlik istagida bo‘lib, do‘stlik va’dalarini unutgan bo‘lsa-da, uning otasi Sulton Sayyidxonning muallifga qilgan yaxshiliklarini qadrlash uchun.

Mirzo Haydar o‘z asarida Markaziy Osiyoning hozirgi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, janubi-sharqiy Qozog‘iston hamda Sharqiy Turkiston hududlariga to‘g‘ri keladigan o‘lkalar haqida yozar ekan, bu joylarda yashovchi o‘zbek, qozoq, uyg‘ur, qalmoq kabi xalqlarning siyosiy, xo‘jalik sohalariga, madaniy hayot va bir-birlari bilan aloqalariga oid ko‘plab ma’lumotlar keltiradi. Tibet, Kashmir, Badaxshon hududdariga bo‘lgan harbiy yurishlarni yoritganida, bu mamlakatlar haqida ham tarixiy, etnografik, jug‘rofiy ma’lumotlar beradi.

“Tarixi Rashidiy”da bulardan tashqari Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiylar doirasidagi Hirot madaniy-adabiy muhitiga, Movarounnahrda Ulug‘bek, Xoja Ubaydulloh Ahror davridagi ilmiy-ma’naviy hayotga oid, tasavvuf namoyandalari va ularning risolalariga oid ishonchli va qiziqarli ma’lumotlarni uchratish mumkin.

“Tarixi Rashidiy”ning qo‘lyozma nusxalari bir muncha keng tarqalgan. Undan Mirzo Haydardan keyinroq yozilgan Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Hindiston tarixiga oid asarlarni barchasida foydalanilgan.

XVIII—XIX asrlarda “Tarixi Rashidiy” Muhammad Sodiq Koshg‘ariy va Muhammad Niyoz ibn Abdulg‘afurlar tomonidan turkiy tiliga tarjima qilingan.

Ovro‘poliklardan bu asarga birinchi bor 1840 yilda V. Erskin e’tibor berib, undagi ma’lumotlarni o‘z asariga jalb etgan. Undan so‘ng asardan G. Elliot foydalangan. Sharqshunos S. D. Ross 1895 yili “Tarixi Rashidiy”ni ingliz tiliga tarjima qilib, nashr etdi. Bu nashrga V. V. Bartold kattagina taqriz ham yozgan. Xullas, “Tarixi Rashidiy” ma’lumotlari o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qalmoq va boshqa Markaziy Osiyo xalqlariga, ularning o‘tmishdagi aloqalariga, iqtisodiy, siyosiy-madaniy hayotiga, shu mintaqaning jug‘rofiy sharoitiga oid tarixiy tadqiqotlarning deyarli barchasidan foydalanilib kelinmoqda (Bu haqda to‘laroq ma’lumot uchun: Mirzo Muhammad Haydar. Tarixi Rashidiy, “Fan” nashriyoti, Toshkent. 1996, 710-719-betlarga qaralsin).

O‘zbekiston FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida asarning rus tiliga tarjimasi bir necha forsiy original nusxalari asosida bajarilib, ilmiy izohlari bilan 1996 yilda nashrdan chiqarildi.

t.f.d. A. O‘rinboyev