G‘iyosuddin al-Koshiy (1380-1429)

G‘iyosiddin al-Koshiy. Rassom L.V.Kaydalov

Jamshid ibn Mas’ud ibn Mahmud G‘iyosuddin al-Koshiy (ko‘proq G‘iyosuddin al-Koshiy ismi bilan mashhur) — XIV-XV asrda o‘z fanining bilimdonlari — riyoziyotchilar, tabiblar va hunarmandlari bilan shuhrat qozongan Koshonda tug‘ilgan. Uning bobosi Mahmud ibn Yah’yo ibn al-Hasan al-Koshiy ham o‘qimishli bo‘lib, 1411 yilda Sherozda riyoziyot va astrologiyaga oid risola — Iskandarning (Amir Temurning nabirasi) goroskopini tuzgan.

G‘iyosuddin Koshiyning tavallud yili noma’lum bo‘lsa-da, u yoshlik yillarini Koshonda o‘tkazib, riyoziyot va falakiyot ilmiga qiziqib, qadimgi Gretsiya, Eron va Markaziy osiyolik mashhur olimlarning asarlarini tarjima qilib, ularga sharhlar yozgan. U tabobat, mantiq, huquqshunoslik, adabiyot fanini yaxshi bilgan. Keyinchalik Koshiy Hirotga kelib, Shohrux saroyida xizmat qilgan va unga atab «Elxon zij»ini takomillashtirish uchun «Xoqon Ziji» («Ziji Xoqoniy dar takmili «Ziji Elxoniy») nomli astronomik asarini bitgan. Uning bu asari o‘z davridagi astronomiya sohasidagi eng yetuk asarlardan hisoblangan.

Qozizoda Rumiyning maslahati bilan Ulug‘bek 1416 yili al-Koshiyni Samarqandga taklif etgan va u hayotining so‘nggi yillarigacha Samarqandda yashab, taxminan 1429 yilda vafot etgan.

Jamshid Koshiy XIV-XV asrning riyoziyot va falakiyot ilmining buyuk allomalaridan biri sifatida ajoyib riyoziyot qomusi — «Miftoh al-hisob» («Hisob kaliti») asari bilan Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida, shuningdek, Markaziy Osiyoda mashhur edi. Ushbu asarda sistemali ravishda bayon etilgan o‘nli kasrlar ta’limoti al-Koshiyning yuqori ilmiy yutuqlaridan biri edi.

Riyoziyot fanida taqribiy hisob usulini rivojlantirish borasida ham al-Koshiyning xizmati kattadir. Ushbu masalaga u «Risola al-muhitiya» («Doira haqida risola»)sini bag‘ishladi va bu bilan o‘rta asr matematikasi rivojiga muhim hissa qo‘shdi. Asarda 17 aniq o‘nli belgiga ega «L» sonining taqribiy ma’nosi asliyat uslubi bilan ko‘rsatib berilgan.

Mirzo Ulug‘bek o‘zining «Ziji Ko‘ragoniy» asarining muqaddimasida Koshiy mazkur asar ustida ish boshlagan ilk daf’ada vafot etdi, deb ma’lumot beradi. Koshiy arab tilini juda yaxshi bilgan va Ulug‘bek «Zij»ining muqaddimasini arabchaga ag‘dargan. Bu haqda muqaddima so‘nggida shunday deyiladi: «Mavlono sulton Ulug‘bek ibn Sulton Shohrux ibn Sulton Temur Kuragonning «Zij»i tugatildi. U buni Samarqandda kuzatgan. Arabchaga mavlono va allomalar shayxi, alloma Sayyid G‘iyosuddin Jamshid ag‘dardilar». Demak, bundan ko‘rinadiki, Jamshid Koshiy Samarqanddagi astronomik kuzatishlar tugamasdan oldin qazo qilgan bo‘lsa ham, «Zij»ni rejalashtirish va uning nazariy qismining tuzilish ishlarida ishtirok etgan va uni arabiylashtirgan. Koshiy Ulug‘bekka «Zij»ni yaratish, rasadxona qurish sohasida maslahatlar berganligi va bu ishlarda ishtirok etganligi tabiiy holdir. Chunki Nasiriddin Tusiyning «Ziji Elxoniy»sini mukammallashtirib, «Ziji Xoqoniy»ni yozgan Koshiyga «zij»larning jumboqlari avvaldan ma’lum edi. Pokistonlik olim Abbos Rizviy aytganidek, «Koshiyning astronomiya va astronomik asboblarni, qadimgi va yaqin o‘tmishdagi astronomlar, ayniqsa, Marog‘a va Sheroz rasadxonalari astronomlari ishlarining yaxshi bilganligi uni nodir bir shaxsga aylantirgandi».

Koshiy hijriy 814 (1411-1412) yilda al-Chag‘miniyning «Falakiyot haqida qisqartmalar» asariga va 1413 yilda esa XIII asrning ikkinchi yarmidagi samarqandlik olim va falakiyotchi Shamsuddin Muhammad Samarqandiyning «Ashkol at-ta’sis fi-l-handasa» («Handasa ilmida shakllar asosi») geometrik risolasiga o‘z sharhlarini tuzib chiqqan.

Koshiyning fors tilida otasiga yottan maktublarida Ulug‘bek va uning astronomik maktabi haqida qimmatli ma’lumotlar uchraydi.

Masalan, Koshiyning 1421 yillar atrofida Koshonga yuborgan maktubida Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosudtsin Koshiyning o‘zi va Samarqand maktabining boshqa olimlarining ilmiy faoliyatlariga oid qiziqarli ma’lumotlar hamda rasadxona qurilishiga doir lavhalar mufassalligi bilan diqqatga sazovordir.

G‘iyosuddin xatida Samarqand Markaziy Osiyoning madaniy markazi sifatida Koshondan afzalligini, Ulug‘bekni esa ko‘zga ko‘ringan davlat arbobi va hukmdorgina emas, balki yirik olim ekanini tasvirlab o‘tadi. Muallifning Ulug‘bek hakida keltirgan ushbu dalillari boshqa tarixiy manbalarda uchraydigan Ulug‘bek haqidagi ma’lumotlarni, ayniqsa, uning yetuk alloma ekanligini anchagina to‘ldiradi.

Samarqandda 1420 yilda qurilgan madrasa ilm-fanning nufuzli markazi bo‘lib, unda Ulug‘bekning o‘zi ma’ruzalar o‘qigan. Maktub yozilgan paytida Ulug‘bek 26—27 yoshlarda bo‘lgan va o‘ta qiziqish bilan falakiyot va riyoziyot fanlari bilan shug‘ullangan. Koshiy o‘z maktubida Ulug‘bekni falakiyot sohasidagi favqulotda qobiliyatini qayd etib, uning «Nasiriddinning xotiranomalari» («Tazkira»)sidan va «Shoh tuhfasi» («Tuhfa»)dan o‘qigan ajoyib ma’ruzalarini eslatib o‘tadi. G‘iyosuddin Ulug‘bekning beqiyos xotirasi haqida yozarkan, u oftobning uzunligini darajalari va daqiqalarigacha bo‘lgan aniqliqda yoddan hisoblay olishini ta’kidlab o‘tadi. U Ulug‘bekning madrasalarda va saroyda o‘tkaziladigan katta ilmiy kengashlardagi bahslarda faol ishtirok etishini va shu munosabat bilan Ulug‘bekning ustozi Qozizoda Rumiyning ismini ham tilga oladi va uni eng ma’rifatli olim deb ajratib ko‘rsatadi. G‘iyosuddin maktubida Ulug‘bekning huquqshunosliqdagi ajoyib bilimlarini ta’kidlaganki, bu haqda shu vaqtgacha faqatgina taxminlar qilingan, xolos.

Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Alouddin al-Buxoriy 1447 yili Abu Xanifa an-No‘mon ibn Sobit ibn Zutaning (767 yilda vafot etgan) asariga yozilgan «Sharh ala-l-fiqh al-akbar» («Buyuk fiqh»ga sharh»)ini Ulug‘bekka bag‘ishlangani bejiz emas. Maktubdan yana shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Abu Rayhon Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» Ulug‘bek va uning atrofidagi hamkorlari — Qozizoda Rumiy, G‘iyosuddin Koshiyning o‘zi va boshqalar uchun doim kerak bo‘ladigan kitob hisoblangan. Mazkur ma’lumotlar Samarqand maktabining buyuk olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosi bilan bog‘liqligidan guvohlik beradi.

Maktubda rasadxona devoriga o‘rnatilgan quyosh soati haqida ma’lumot keltiriladi. Vaholanki, Ulug‘bek asarlarida bunday soat mavjudligi haqida bevosita ta’kid yo‘q. Demak, G‘iyosuddinning bu ma’lumotlari M. T. Qori-Niyoziyning Ulug‘bekka bag‘ishlangan «Ulug‘bekning astronomik maktabi» asaridagi shunday soat bo‘lganligi haqida taxminini tasdiqlaydi.

Maktubning forscha matni eron olimi M. Tabotaboiy (Eron, 1940), turk olimi Oydin Sayiliy tomonidan ingliz va turk (Anqara, 1960), amerikalik olim E. Kennedi tomonidan ingliz (Rim, 1960), arab olimi Ahmad Sa’id Damardosh tomonidan arab (Misr, 1963), tojik olimlari G‘. Sobirov va N. Boboyev rus (Dushanbe, 1973), shuningdek, Toshkentda rus (1979) va o‘zbek (1996) tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Bundan tashqari, Koshiyning «Sullam as-samovat» («Osmonlar narvoni»), «Nuzhat al-hadoyiq» («Bog‘lar sayri»), «Risola al-vatar alh-jayb» («Xorda va sinuslar haqida risola») kabi asarlari ham bizgacha yetib kelgan va bu asarlar Movarounnahr ilmiy-adabiy muhitiga salmoqli o‘rin egallagan.

Koshiyning Hirot va ayniqsa Samarqanddagi ilmiy tadqiqotlari va uning matematika va astronomiya sohasida erishgan yutuqlari Temuriylar davrida Xurson va Movarounnahrda madaniy rivojlanish va turli yurtlardan kelgan olimlarning erkin ilmiy faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilganligining yana bir muhim dalilidir.

t.f.n. D. Yusupova