Fitrat XX asr o‘zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakili. U qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, o‘tkir tilshunos, betakror dramaturg va shoir, jangovar publitsist, noshir va jurnalist, talantli davlat va jamoat arbobi edi.
Abdurauf Fitrat o‘z tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tug‘ildi (S. Ayniy uni 1886 yilda dunyoga kelgan deydi, hozirgi darsliklar va ilmiy tadqiqotlarda ham shu sanani takrorlashadi). Fitrat — Abduraufning taxallusi bo‘lib, “tug‘ma iste’dod” ma’nosini beradi.
Otasi Abdurahimboy savdo bilan shug‘ullangani bois chet ellarga chiqar, dunyo ahvolidan boxabar, o‘qimishli va taniqli odam edi. Onasi Bibijon, adabiyotshunos, Fitrat oilaning to‘ng‘ich farzandi edi. U boshlang‘ich tarbiyani diniy maktabda, so‘ng mashhur “Mirarab” madrasasida oldi. Fors va o‘zbek tillarining mukammal bilimdoni bo‘lmish Fitrat arab tilini ham chuqur egallab, shaharda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga, ayniqsa, jadidchilik harakatlariga qiziqib qaradi. O‘zining aytishicha, avval jadidlar harakatiga qarshilik qildi, keyin uning mohiyatini anglab yetgach, bu harakatga qo‘shildi, hatto ashaddiy targ‘ibotchilaridan biriga aylandi. Jadidlar maslahati va yordami bilan bir guruh yoshlar, jumladan Fitrat Istambulga o‘qishga yuboriladi. U 1909—1913 yillarda Turkiyada tahsil oldi. Turkiyadagi hayoti Fitratning dunyoqarashi, siyosiy ongi va adabiy didini o‘zgartirib, o‘stirib yubordi. Turkiston xalqi hayotiga Turkiyadagi o‘zgarishlar (bu paytda u yerda “Yosh turklar inqilobi” voqeasi bo‘lgan edi) va ilg‘or mamlakatlar nuqtai nazaridan qaray boshladi: diniy xurofotlarni keskin tanqid qilishga, hatto dinni, maktab-maorifni va Turkistondagi idora usulini isloh etish g‘oyasi bilan nafas oldi. Fitrat 1909 yilda Istambulda “Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan munozarasi” kitobi bosilib chiqdi. Amir asarni Buxoroda bosilishga ruxsat bermagach, Istambulda nashr ettirgan edi. Asar forscha yozilgan, uni Hoji Muin o‘zbekchaga aylantirdi va “Turkiston viloyatining gazeti”da bostirdi (1911 y.). 1913 yilda esa asar alohida kitob holida chiqdi, unga Behbudiy kirish so‘zi yozdi. “Hibis qilish, o‘ldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi, — deb yozadi Fitrat, — u zamonlarda kitob yozishning o‘zi “kofir”lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari bo‘lg‘on Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir so‘zboshi yozdim va shuning bilan go‘yo, tanqidning unga emas, ma’murlariga oid bo‘lg‘onini ko‘rsatdim”.
Kitob Buxoroda ijtimoiy ongning jonlanishiga katta turtki bo‘ldi, hatto hukumat tomonidan ta’qib qilinayotgan jadid maktablarining ko‘plab ochilishiga, maktab-ta’lim ishlarining jonlanishiga yordam berdi. Axir undagi “Islom mamlakatlari nega vayrona va xarobazor qolishi kerak. Buning sababi nimada?”, “Bu bechoralarning nega yeyishga noni yo‘q?” kabi jidtsiy savol va mulohazalar xalq ongiga ta’sir etmasdan iloji yo‘q edi.
Fitrat adabiyotning hamma janrlarida qalam tebratdi va o‘z orzu-armonlari, ezgu tilaklarini targ‘ib eta boshladi. U 1910 yilda Istambulda “Sayha” (“Bong”) degan she’rlar to‘plamini bostirdi. U ham fors tilida edi. “Hind sayyohining qissasi”ni ham forschada yozdi va 1912 yilda Istambulda nashr ettirdi.
Fitrat Turkiyadan kaytgach, Buxoro, Samarqanddagi qizg‘in adabiy jarayon, madaniy, maorif ishlariga va siyosiy harakatlariga faol aralashib ketdi. Jadidchilarning bir guruhi maorif-ma’rifat orqali xalq ahvolini yaxshilashga intilishsa, ikkinchi guruhi davlat tizimini isloh etish, qayta qurish orqaligina xalq va yurt ahvolini o‘nglash mumkin, degan siyosiy yo‘ldan yurishga intildi. Shu maqsadda 1917 yil fevral inqilobidan keyin yosh buxoroliklarning inqilobiy partiyasi tuzildi. Markaziy Qo‘mita a’zolari orasida Fitrat sarkotib sifatida va Fayzulla Xo‘jayev a’zo sifatida ishtirok etishdi. Partiya Amirni islohga da’vat etdi va u qog‘ozda ko‘p xayrli ishlar qilishga va’da berdi, amalda o‘z bilganidan qolmadi. Fitrat matbuot orqali ham o‘z g‘oyalarini targ‘ib etishga intildi. Samarqandda 1917 yil aprelidan “Hurriyat” gazetasi chiqa boshlagan edi, avval unga Mardonqul Shohmuhammadzoda, keyin 27—28-sonlariga Fitrat muharrirlik qildi. 1917 yil Oktyabr to‘ntarishi munosabati bilan shu “Hurriyat” gazetasida Fitratning “Rusiyada yangi balo bosh ko‘tardi — bolshevik balosi!”, degan qaydi bosildi (o‘sha gazetaning 1917 yil 49-sonida).
Qo‘qon muxtoriyati tuzilganda (1917 y. noyabr) Fitrat Samarqandda edi. Shu yerdan unga vakil-a’zo qilib saylandi. O‘zining “Hurriyat” gazetasida bu voqeani Fitrat yuraqdan quvvatlab maqola e’lon qildi: “Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik. Qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi. Og‘zimiz qoplandi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi, sharafimiz yemruldi. Nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To‘zimli turdik. Sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo‘ysundik. Butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshuntirduk, imonlarimizga o‘rab saqladuk. Bu — Turkiston muxtoriyati.
Mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytganda, yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yig‘ilg‘onda, yurtlarimiz yondurulg‘onda, dindoshlarimiz osulg‘onda ongimiz yo‘qoldi. Miyamiz buzuldi. Ko‘zimiz yog‘dusiz qoldi. Biror narsani ko‘rolmadik. Shul chog‘da tushkun ruhimizni ko‘tarmak uchun, shul qop-qora dunyoning uzoq bir yeridin oydin bir yulduz yalqillab turar edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘rar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati!” (“Hurriyat”, 1917, 5 dekabr).
Fitrat 1921 yilda Buxoroga kelib davlat ishlarida faol ishtirok edi. Bir qancha mas’ul vazifalarda ishlab, Buxoroning rivoji uchun qo‘lidan kelgan yordamini berdi. Ammo F. Xo‘jayev boshchiligidagi Buxoro hukumati rahbarlarining millatning taraqqiyoti uchun olib borayotgan keng ko‘lamdagi yaxshi ishlari Maskovga yoqmadi. Maskov Buxoro hukumati tarkibi boy, savdogarlardan iborat bo‘lib qolgan, degan aybni qo‘yib, hukumat a’zoligidan besh kishini, jumladan Fitratni ham chaqiradi (1923 yil 12 iyun Plenumi). Fitrat Maskovga ketishga majbur bo‘ladi. U yerda Sharq tillari institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi (1923—1924). Shu yillar unga professorlik unvoni berildi.
Fitrat Maskovdan qaytib kelgach, Buxoro, Samarqand, Toshkent universitetlarida dars berdi, O‘zbekiston Davlat ilmiy-tadqiqot institutida til va adabiyot institutida, O‘zbekiston Fanlar qo‘mitasida ishladi. Bu yillari u she’rlar, p’esalar bilan birga nihoyatda ko‘p va teran ilmiy asarlar yozdi. Ammo Fitratning millatparvarligi bolsheviklar va Sho‘ro hukumati rahbarlariga yoqmas edi. Uni A. Qodiriy, Cho‘lpon, Botu, U. Nosirlar bilan birgaliqda millatchiliqda ayblash tobora avj oldi. Fitrat “Men o‘zbek millatchisi bo‘lgan zamonlarda (millatparvari demoqchi. — S. M.) har vaqt Sho‘ro hukumatiga kommunistik firqasiga xayrixoh bo‘lib turdim”, deb yozgan edi. Afsuski xalq ideali va baxt-saodati, haqiqat, adolat, maorif, fan, madaniyat va millat taqdiri uchun tunu kun mehnat qilgan bu ulug‘ zotni shu partiya, shu Sho‘rolar hukumati aksilinqilobchi, millatchi, “xalq dushmani” deb aybladi, 1937 yil aprelda hibsga oldi va 1938 yil 4 oktyabrda A. Qodiriy, Cho‘lponlar bilan birga vahshiylarcha otib tashladi. Ularni otish haqidagi hukm bir kun keyin, ya’ni 1938 yil 5 oktyabrda chiqqan. 1957 yilda Sobiq Ittifoq Oliy sudining harbiy kollegiyasi 1938 yil 5 oktyabrdagi hukmni bekor qildi va Fitratni aybsiz deb topdi.
Fitrat ko‘pqirrali va sermahsul ijodkordir. Bu — uning oz va soz lirikasi, ko‘pqirrali dramaturgiyasi, jangovar publitsistikasi va katta hajmdagi chuqur ilmiy-tadqiqotlaridir. Uning ijodiy ishlari va ijtimoiy faoliyati xalqni jaholat, turg‘unlik, g‘aflatdan uyg‘otish, ilm-ma’rifatga chorlash, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda milliy mustaqillikka chorlashga qaratilgan edi. U o‘zbekning o‘zligini tanishi, ota-bobolari kabi ulug‘vor kashfiyotlar qilishga, birlashgan, kuchli, qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilg‘or madaniy mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodining mohiyati xalqning qalb qo‘zini ochishga va mehnat, yaratish, o‘qish-unish, kurashga da’vatdan iboratdir. U ilk to‘plami “Sayha”ning kuchi Fayzulla Xo‘jayev ta’kidlaganidek, “Buxoro mustaqilligi g‘oyasi yorqin milliy shakdda birinchi bor ifodalab berilishida edi”. Shu tufayli bu to‘plamning Buxoroda bosilishiga amir Olimxon qarshilik qiladi. To‘plam Vatanga muhabbat, xalqning g‘am-g‘ussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan:
Ham mohi mangu osoyishi, izzu sharafi man,
Ham Ka’bai man, qiblai man, chamani man.
(U — mening osmondash osoyishta oyim, izzatim, sharafim,
U — mening Ka’bam, sajdagohim, jonu tanimdir).
Fitratning “Uchqun” degan to‘plamining chiqqanligi to‘g‘risida xabar bosilgan (1923 yil), lekin u topilmagan. Respublika matbuotida va “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida (1922 yil), boshqa manbalarda uning talaygina she’rlari bosilgan. Garchand Fitrat fors, arab tillarini yaxshi bilsa-da, o‘z she’rlarida iloji boricha ularni ishlatmaslikka va sodda o‘zbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat o‘z badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayligi va keng imkoniyatlarini targ‘ib qildi. “Bir oz kul!”, “Ishqimning tarixi”, “Yana yondim…”, “Qor” kabi she’rlari soddaligi va tuyg‘u, kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibali-dir. “O‘qituvchilar yurtiga” she’rida elni ma’rifat, haqiqat yo‘liga yo‘naltirish va jaholatga qarshi kurashga da’vat etadi:
Orqadoshlar, to‘planaylik jahpning uyin yiqqali,
El ko‘zin olg‘on qorong‘u pardalarni yirtqali.
Fitratning “Sharq” she’rida Sharqni, yurtini talagan, oyoqosti qilgan, erkiyu boyligini o‘g‘irlagan bosqinchilarga cheksiz nafrati ochiq aytiladi.
Fitratning mashhur she’rlaridan biri “Mirrix yulduziga” deb nomlanadi. Bu she’r uning boshiga ko‘p kulfatlar soldi, uni millatchi deb ayblashda yana bir qo‘shimcha dastak bo‘lib xizmat qildi. She’rda Fitrat yulduz bahonasida Allohga murojaat etib, bolsheviklarning, bosqinchi rus askarlarining vahshiyliklarini fosh etadi va yurtdoshlarini ularga qarshi ozoddik kurashiga da’vat etadi:
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar,
O‘rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar;
Qardosh etin qo‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o‘ksuz yo‘qsulning qonin
Gurunglashib, chog‘ir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O‘z qopchig‘in to‘ldirgani buzganlar?
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uvchi hoqonlar?
Bormi senda qorin, qursoq yo‘lida
Elni, yurtni, borin-yo‘g‘in sotqonlar?
Shu misollarning o‘ziyoq Fitrat she’riyatining milliy uyg‘onish va inqilobiy ruhdagi haqqoniy, mardona yo‘nalishda ekanligidan dalolat beradi. Fitratning “Sayyoh hindi” (“Hind sayyohining qissasi”) nasriy asari 1912 yilda bosildi. Asarda jahon xalqlari, ilg‘or mamlakatlar fuqarosi ko‘zi bilan Buxoro, umuman Turkistonning davlat tuzumiga, tartib-qoidasiga, maorifiga nazar tashlab, ulardagi ibratli jihatlarni qo‘llab-quvvatlab, illatlarini esa beayov fosh etadi. Asarni Buxoroni, umuman Turkistonni erk yo‘liga olib chiqish dasturi deyish mumkin. “Umaro” bobida Fitrat amaldorlar “hukmronlik otiga minib, bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafkatsizlarcha poymol etdilar”, “Hammaga ma’lumki, har bir millatning taraqqiyoti uchun ilm asosiy sababdir” deydi.
Fitrat tijorat va boy bo‘lishni targ‘ib etadi, ammo boylikka sajda qilish, iymon-e’tiqodni, insofni yo‘qotishni qoralaydi. Asarda xalqni birlashishga, zavod-fabrikalar qurishga, tijoratni rivojlantirishga chaqiradi.
Bu ko‘chirmani keltirishimizning boisi yana shundaki, Fitrat 1920 yilda “Chin sevish” va undan uch yil keyin “Hind ixtilochilari” fojiasini yozadi. Bunda ingliz bosqinchilaridan Hindistonni ozod qilishga kirishgan yoshlarning jasorati ko‘rsatiladi. Bu g‘oya “Chin sevish”da ham bor edi. “Chin sevish” Fitratning siyosiy-falsafiy yo‘nalishdagi kuchli asaridir. Fitrat tasavvuf, naqshbandlik, yassaviychilik to‘g‘risida risola, maqolalar yozgan. “Chin sevish”da bularning ta’siri seziladi. Fitrat Ovro‘poning davlat tuzumi, fan-texnika sohasidagi barcha yutuqlarini o‘rganish, o‘zlashtirish tarafdori. Ammo u yerda mehr-shafqatlilikni bir chekkaga surib, butun choralar bilan foyda ketidan quvishni, pul, oltinga sajda qilishni qattiq tanqid qiladi. Asardagi juda ko‘p o‘rinlar qizil imperiyaga ham qarata aytilgan tig‘li so‘zlar edi: “Qur’onni hayvon tepkisidan qutqarishdek buyuk”, “cho‘chqani masjiddan haydash” kabi ezgu ish lozim, “ular talovidan qutulmoq uchun birlashmoq” kerak va “Masjidda namoz uchun yig‘ilganlar — siyosiy yig‘in yasag‘on bo‘lib, to‘pga bog‘lanar, er bilan xotin o‘zaro ko‘proq gapirganda hukumatga qarshi bo‘lib, dorga osilar. Bu kun, ustidangina shu o‘lkaga qaraganda yiqilg‘on shaharlar, yondirilgan qishloqlar, talangan uylar, kesilg‘on boshlar, osilg‘on gavdalar, to‘kilgan qonlardan boshqa bir narsa ko‘rmaymiz…” Fitrat pesasi hatto “Yirtqichlaridan elimizni qutqaramiz!” degan nido bilan tugaydi. Fitratning “Abulfayzxon” (1924 y.) tragediyasi garchand XVIII asrda yashagan Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon hayoti hakida hikoya qilsa-da, aslida o‘sha “bosmachilik” davri — xalq ozodligi kurashi davriga hamohang edi. Fitrat zulm, adolatsizlik, zo‘rovonlik mamlakat va xalqni xarob qiladi, adolatsiz shohning qismati ham fojia bilan tugaydi, “podsholik qon bilan sug‘oriladigan bir yog‘ochdir!” deydi.
Fitrat “Arslon” va yana bir nechta pesalar yozgan, afsuski ularning ko‘pchiligi o‘z vaqtida bosilmay yo‘qolib ketgan. U diniy mavzuda ilmiy risola, pesalar, hikoyalar yozdi. “Qiyomat” (1924 y.), “Shaytonning tangriga isyoni” (1924 y.), “Ro‘zalar” “Me’roj”, “Zaynabning iymoni”, “Oq mozor”, “Qiyshiq eshon”, “Zayd va Zaynab” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Fitrat zo‘r adabiyotshunos, kuchli nazariyachi va o‘tkir tilshunos. Uning “O‘zbek tili grammatikasi” (“Sarf”, “Nahv”, 1924—30 yillarda olti marotaba nashr etildi), “Tojik tili grammatikasi” (1930 y.) va til haqidagi o‘nlab maqolalari ulkan olimligidan guvohdir. “Adabiyot qoidalari”, “Aruz haqida” kitoblari hozir ham ilmiy-nazariy qimmatini yo‘qotmagan. Fitratning “Eski o‘zbek adabiyoti namunalari”, “XVI asrdan so‘nggi o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Chig‘atoy adabiyoti” kabi yirik tadqiqotlari va Umar Hayyom, Firdavsiy, Yassaviy, Navoiy, Muhammad Solih, Bedil, Mashrab, Turdi, Furqat, Muqimiy, Nodira to‘g‘risidagi kitob va maqolalari shu davr o‘zbek adabiyotshunosligida bir voqea, bir davr bo‘lib tarixga kirdi. Uning o‘zbek musiqasi tarixi, shaxmat to‘g‘risidagi maqola, kitoblari qomusiy ilm egasi ekanligini tasdiqlaydi. “Tilimiz” maqolasida bitta “bil” o‘zagidan 98 ta so‘z yasash mumkinligini va turkiy tilning so‘z boyligi fors, arab tillariga nisbatan ko‘proq ekanligini isbotlab, lekin hozir o‘z mavqeiga ega emasligini, “eng baxtsizligini” ta’kidlaydi. Fitrat ulug‘, betakror ijodkor edi.
O‘zR FA muxbir a’zosi S. Mamajonov
«Ma’naviyat yulduzlari» kitobidan.
Abdurauf Fitrat haqida maqolalar
O‘zbek she’riyati: Abdurauf Fitrat (1886-1938)
O‘zbek ziyolilari: Abdurauf Fitrat (1886-1938)
Biografiya: Abdurauf Fitrat (na russkom yazыke)
Biography: Abdurauf Fitrat (in English)
Sirojiddin Ahmad. Fitrat va Murodiy (2009)
Begali Qosimov. Abdurauf Fitrat (1886-1938)
Ozod Sharafiddinov. Abdurauf Fitrat
Rauf Parfi. Fitrat she’riyati
Tohir Malik. Fitrat
Mutavakkil Burxonov. Nurli siymolar (1991)
Abdulhamid Cho‘lpon. «Chin sevish» (1920)
Vadud Mahmud. «Chin sevish» (1921)
Vadud Mahmud. «Hind ixtilolchilari» (1923)
Abdurauf Fitrat maqolalari
Abdurauf Fitrat. Buxoro vaziri Nasrullohbey parvonachiga ochiq maktub (1910)
Abdurauf Fitrat. Johilona taassubg‘a misol (1917)
Abdurauf Fitrat. Muxtoriyat (1917)
Abdurauf Fitrat. Siyosiy hollar (1917)
Abdurauf Fitrat. Buxoro ulamosi (1917)
Abdurauf Fitrat. «Sho‘royi islomiya»ning xatosi (1917)
Abdurauf Fitrat. Musulmonlar, g‘ofil qolmang! (1917)
Abdurauf Fitrat. Buxoroda inqilob (1918)
Abdurauf Fitrat. Angliz va Turkiston (1918)
Abdurauf Fitrat. Turkistonda ruslar (1918)
Abdurauf Fitrat. Buxoroning holi (1918)
Abdurauf Fitrat. Yopishmagan gajjaklar (1919)
Abdurauf Fitrat. Sharq siyosati (1919)
Abdurauf Fitrat. Tilimiz (1919)
Abdurauf Fitrat asarlari
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 1-jild: She’rlar, nasriy asarlar, dramalar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 2-jild: Ilmiy asarlar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 3-jild: Dramalar, maqolalar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2003
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 4-jild: Darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy maqola va tadqiqotlar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2006
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 5-jild: Ilmiy risolalar. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2010
Abdurauf Fitrat. Chin sevish. She’rlar, dramalar, maqolalar. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1996
Abdurauf Fitrat. Oila yoki oila boshqarish tartiblari. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2000
Abdurauf Fitrat. Muxtasar Islom tarixi. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2004
Abdurauf Fitrat. O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. Toshkent, “Fan”, 1993
Abdurauf Fitrat. Qiyomat. Toshkent, 1967
Abdurauf Fitrat. Amir Olimxonning hukmronlik davri, Toshkent, 1992
Abdurauf Fitrat. Bedil, Toshkent, 1996
Abdurauf Fitrat. Adabiyot qoidalari, Toshkent, 1995
Abdurauf Fitrat. Aruz haqida, Toshkent, 1997
Abdurauf Fitrat. Najot yo‘li, Toshkent, 2001
Abdurauf Fitrat haqida kitoblar
Hamidulla Boltaboyev. Fitrat va jadidchilik. Toshkent, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007
Hamidulla Boltaboyev. Abdurauf Fitrat — adabiyotshunos. Toshkent, “Yozuvchi” nashriyoti, 1996
Begali Qosimov. Maslakdoshlar. Behbudiy, Ajziy, Fitrat. Toshkent, “Sharq” 1994
Begali Qosimov. Milliy uyg‘onish, Toshkent, 2002
Aliyev A., Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat. Toshkent, 1984
Fidoyilar. Toshkent, 1990
G‘aniyev I., Fitrat, e’tiqod, ijod. Toshkent, 1994
G‘aniyev I., Fitratshunoslik. Buxoro, 1994
Boltaboyev H., Fitratning ilmiy merosi. Toshkent, 1996
Qurbonova M., Fitrat — tilshunos. Toshkent, 1996
Ergasheva M., Abdurauf Fitrat — buyuk huquqshunos. Toshkent, 2001
“Abdurauf Fitrat” (hujjatli film)