Olamni ko‘rish ishtiyoqi meni Falastin va Misrga ravona bo‘lishimni taqozo etardi. Biroq, men bu bilan kifoyalanib qololmas edim. Qizil dengizni u chekkasidan bu chekkasigacha o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, yaqindan tanishish dilimdagi ezgu niyatga aylangandi. Men bir yilcha istiqomat qilganim shahri azim Qohiradan chiqdim-da, karvon yo‘li bilan naqd 32 soat yurib, Suvayshgacha yetib keldim, bu yerda ko‘p eshkakli kemaga o‘ltirdim, u meni 17 kun deganda Makkadan yarim kunlik masofada joylashgan Jidda bandargohiga eltib qo‘ydi. Bu yerda o‘zim kutmagan holda hamda Qizil dengiz darg‘asining va’dasiga zid o‘laroq, agar qul bo‘lmasa, nasroniyning oyog‘i tegishi mumkin bo‘lmagan ushbu muqaddas Muhammad sarzaminiga qo‘nishimga to‘g‘ri keldi. Jiddada men 34 kun bo‘ldim, shundan so‘ng choqqina kemaga o‘ltirdim, u meni Arabiston sohillari bo‘ylab Bob-al-Mandab qo‘ltig‘i yaqinidagi Mokaga eltib qo‘ydi. So‘ngra Gobesh mamlakati, yosh habashlar saltanatining poytaxti Gonderga yetib olishim uchun u yerdan Massova oroli va Arkikoga o‘tib ketmoqchi edim. Biroq ona-malika ig‘vosi natijasida u yerdagi barcha portugallar ular Goadan olib kelgan iyezuit-patriarx bilan birgalikda qirib tashlanganligi yoki quvib yuborilganligi boisidan u yer katoliklar uchun xatarli bo‘lib qolganligidan xabar topdim, hatto mamlakatga kirib olmoqchi bo‘lgani uchungina bir sho‘rlik kaputsin Suakenda boshidan judo qilingandi. To‘g‘ri, o‘zimni yunon yoki armani qiyofasiga solib, men bunday xatardan saqlanib qolar edim, bordi-yu, shoh meni tanib qolgudek bo‘lsa, men unga biron-bir narsada asqotar, agar pulim bo‘lganida sotib olgan qullarimni ishlatish uchun menga yer ham bergan bo‘lardi. Biroq, meni uylanishga majbur qilardi, yaqinda u yerga yunon tabibi qiyofasida kirib olgan bir ruhoniyni xuddi shunday qilishga majbur etishgandi, keyin esa men umrbod mamlakatdan chiqib ketolmas edim.
Bu va bundan keyin hikoya qilib berishim mumkin bo‘lgan ba’zi mulohazalar menga o‘z rejamni o‘zgartirishimga turtki berdi. Men hind kemasiga o‘tirdim, qo‘ltiqdan suzib o‘tdim va yigirma kun deganda Buyuk Boburiylar saltanati — Hindistonning Surat bandargohiga yetib keldim. Bu paytda u yerda Shoh Jahon hukmronlik qilardi. U Jahongir Mirzoning o‘g‘li, shoh Akbarning nevarasi edi. Akbarning otasi Humoyun va undan oldingi ajdodlar shajarasi bo‘yicha Shoh Jahon Amir Temurning o‘ninchi avlodi hisoblanadi. U fotihlik g‘alabalari bilan zo‘r shuhrat qozondi va o‘zining yaqin qardoshlaridan, mo‘g‘ullar shohining yolg‘iz qiziga uylandi. Hindlar mamlakati Hindistonning ayni paytdagi o‘zga yurtlik hukmdorlarini shu nom bilan atashardi; biroq turli mansablar, hatto qo‘shindagi oliy mansablarni har doim ham mo‘g‘ul irqidagi shaxslar egallayvermas edilar, aksar hollarda turli mamlakatlardan kelgan, asosan forslar, goho arablar va turklar hamda boshqa elat vakillari shu nom bilan atalar edi. Ayni vaqtda esa mo‘g‘ul bo‘lish uchun oq yuzli ajnabiy va musulmon bo‘lish kifoya qilardi, qora rangli hindular, majusiylar va Ovro‘podan kelgan “farangi“ nasroniylarni ularga qo‘shmas edilar.
Bu yerga kelganimdan so‘ng yetmish yoshni urib qo‘ygan Shoh Jahonning to‘rtta o‘g‘li va ikki qizi borligini bildim. Bir necha yil muqaddam u to‘rttala o‘g‘lini ham to‘rtta eng yirik viloyat, yoki qirollikka navobzoda ( vitse-qirol yoki gubernator) qilib qo‘ygandi. Mening kelishimdan bir yil avval u qattiq betob bo‘lib qolgan, tuzalishiga umid qolmagan ekan. Bu hol taxtga da’vogarlik qiluvchi to‘rttala aka-uka o‘rtasida nizo paydo bo‘lishiga olib keldi va ular o‘zaro jangga kirishib ketishdi, urush besh yilcha cho‘zildi. Sakkiz yil saroyda bo‘lganim boisidan ayrim muhim voqealarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim va ularni qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha tasvirlashga ahd qildim. Avval taqdir, qolaversa, qaroqchilar bilan to‘qnashuvlar oqibatida bisotimda arzimagan mablag‘ qolishi, Suratdan Agra va Dehligacha bo‘lgan qirq olti kunlik yo‘ldan uzluksiz davom etgan sayohatga ketgan xarajatlar tabib sifatida boburiylar xizmatiga kirishimga majbur etdi, bir oz o‘tgach esa boshqa bir sarguzasht meni Osiyoning allomasi, “baxshi“ yoki otliq sarbozlar sarkardasi lavozimini egallab turgan, saroydagi eng qudratli va nufuzli sobiq amirlardan biri Donishmandxon xizmatiga boshlab keldi.
Shoh Jahonning to‘rttala o‘g‘lidan to‘ng‘ichini Doro der edilar, ikkinchi o‘g‘lining ismi Sulton Shujo bo‘lib, “shijoatli sulton“ ma’nosini anglatardi, uchinchisining ismi Avrangzeb, ya’ni “taxt bezagi“, to‘rtinchi — kenjasining ismi Murodbaxsh, ya’ni “yaxshi niyatlarga yetish“ edi. Ikki nafar qizidan to‘ng‘ichini Begim Sohib, ya’ni “bosh malika“, kichigini Ravshanoro Begim — “yuzidan nur yog‘ib turadigan malika“ der edilar. Mamlakatda shahzoda va malikalarga ana shunday dabdabali ismlar qo‘yish urf edi. Masalan, Shoh Jahonning go‘zallikda misli yo‘q xotini Arjumand Begim Toj Mahal, ya’ni “saroy toji“ deb atalgan va uning xotirasiga tiklangan, jahonning yetti mo‘jizasidan biri sanalgan, Misrning tosh uyumlaridan iborat ulkan va beso‘naqay ehromlaridan farqli o‘laroq, ajoyib san’at namunasi bo‘lgan qasrga ham aynan shu nom berilgan. Uzoq vaqt taxtda hukmronlik qilgan, kayfu safodan boshi chiqmagan Jahongir Mirzoning xotini ham avval Nur Mahal, ya’ni “saroy nuri“, so‘ngroq esa Nur Jahon Begim — “jahon nuri“ deb atalgan. Ovro‘poda bo‘lganidek, shahzoda va malikalarni xonlik yo mulklar nomi bilan emas, yuqoridagidek sifatlar bilan atalishining sababi shunda ediki, davlatning barcha yeri podshoga qarar edi. Hindistonda nomi zodagonlarga beriladigan xonlik va mulklar bo‘lmagan. Barcha zodagonlar maosh bilan ta’minlanganlar, bu maoshni ular naqd pul sifatida yoki yerlardan keladigan daromad turida olganlar, podshoh esa o‘z xohishiga qarab bu maosh va daromadni belgilagan, oshirgan, qisqartirgan va zarur paytlarda bekor qilgan. Shu bois amirlar ham quyidagidek laqablarga ega bo‘lganlar: deylik, biri Roz Andozxon bo‘lsa, boshqasi Sofe Chakanxon, yana biri Barq Andozxon yoki Diyonatxon, Donishmandxon, Fozilxon va hokazo (bular “chaqmoq chaquvchi”, “dushman saflarini yoruvchi” , “sodiq xon”, “olim xon”, “fazlu karamda tengsiz” degan ma’nolarni anglatgan).
Doroning yaxshi fazilatlari ko‘p edi: u xushmuomala, topqir, bag‘oyat odobli va haddan ortiq saxiy edi, biroq shu bilan birga o‘ziga ortiq darajada bino qo‘ygan bo‘lib, o‘zini hamma ishda ustasi farang deb bilardi, biron-bir kishining maslahatiga muhtoj bo‘larman degan narsani xayoliga keltirmasdi. Unga maslahat bermoqchi bo‘lganlarning ortidan rosa mag‘zava ag‘darardi, shuning uchun ham unga eng sodiq hisoblangan kishilar ham uning og‘aynilari ig‘vosi haqida Doro huzurida og‘iz ochishga jur’at eta olmasdilar . Bundan tashqari, u judayam qiziqqon edi, hattoki eng yuqori martabali amirlar yoki xonlarni ham ayab o‘tirmasdi — ularga do‘q urar, haqorat qilar va qattiq xafa qilib qo‘yardi, biroq qanchalik tez g‘azabga minsa, yongan poxoldek shunchalik tez shashtidan qaytar edi. Garchand u komil musulmon bo‘lib, diniy rasm-rusmlarni mukammal ado etsa-da, shunga qaramay shaxsiy hayotida majusiylar bilan majusiydek, nasroniylar bilan nasroniydek muomala qilar edi. Uning huzurida mudom panditlar, ya’ni hind ulamolari yoki majusiy olimlarni ko‘rish mumkin edi; u ularga xiyla katta miqdorda nafaqa to‘lardi, ular esa, aytishlaricha, mamlakat diniga zid keluvchi o‘z g‘oyalarini uning miyasiga singdirishga harakat qilar edilar; bu haqda men hindlar yoki majusiylar dini to‘g‘risida so‘z ketganda gapirib o‘tarman. Yaqin vaqtlardan buyon u katolik rohiblar peshvosi bo‘lmish ota Byuzening suhbatlarini maroq bilan tinglamoqda ekan, katolik peshvoning nutqi unga juda yoqib qolganmish. Biroq, ayrim kishilarning gapiga qaraganda, u mutlaqo dinga ishonmas emish va uning bu boradagi barcha xatti-harakatlari shunchaki ermak va o‘yindan iborat emish, yana ba’zilarning aytishicha, uning qo‘shinida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi nasroniylarni o‘zi tomon og‘dirib olish va xususan, saltanatga o‘lpon to‘lovchi majusiy hukmdorlar, ya’ni rojalarning mehrini qozonib, zarur hollarda ularni o‘z tarafdori sifatida saqlab qolish uchun ataylab qilingan yo‘l, siyosat emish. Nima bo‘lganda ham bu uning ishida unchalik qo‘l kelmadi, aksincha, keyinchalik biz shu narsaning guvohi bo‘ldikki, Avrangzeb uni kofirlikda ayblab, sho‘rlik shahzodaning boshini tanasidan judo qildi.
Sulton Shujo ham fe’l-atvorda deyarli Dorodan farq qilmasdi, lekin u xiyla pishiq va mahkam edi, nozik damlarda o‘zini yaxshi tutar, sir boy bermasdi, fitna uyushtirganda ishni xamirdan qil sug‘urgandek bajarardi, sovg‘a-salomlar vositasida u do‘stlarni zimdan o‘zi tomon og‘dirib olishga usta edi. Xususan, Jessomseng va boshqa shu kabi martabali roja va amirlarga nisbatan shunday yo‘l tutgandi. Biroq u aysh-ishratga qattiq ruju qo‘ygandi, uning son-sanoqsiz xotinlari bor edi, ularning muhitiga tushib olib, tun va kunlarini ichkilikbozlik, qo‘shiqbozlik va o‘yinbozlikda o‘tkazardi; u xotinlariga qimmatbaho kiyim-kechaklar olib berar, ularning nafaqalarini o‘z ixtiyori bilan oshirar va qisqartirar edi. Uni bu muhitdan sitib olib chiqishga uringanlarga aslo shafqat qilmasdi. Buning oqibatida uning ko‘plab ishlari hal etilmay, uzoq vaqtlargacha galga solinib kelar, odamlarning undan ko‘ngli qolib, yuzko‘rmas bo‘lib ketar edilar.
Garchand Shoh Jahon va uning barcha og‘a-inilari turklar diniga mansub bo‘lsalar-da, Sulton Shujo forslar diniga o‘tgan edi. Islom bir qancha mazhablarga bo‘linadi; mashhur “Guliston“ning muallifi Shayx Sa’diy ham o‘zining bir qit’asida bu haqda eslatib o‘tgan: “Men — darvishman va mayparastman, mening tayinli bir dinim yo‘q desa bo‘ladi, meni barcha yetmish ikki mazhab biladi.” Lekin bular ichida ikkitasi asosiysi hisoblanardi; ularning tarafdorlari bir-biriga qon dushman sanaladi. Birinchisi — turklar mazhabi bo‘lib, forslar ularni Usmonli deb atashadi va ular xalifa Usmon tarafdorlaridir, chunki turklar uni Muhammad (s. a. v.)ning haqiqiy va qonuniy vorisi, buyuk xalifa yoki Qur’oni Karimni tafsirlash hamda fiqh ilmida uchraydigan qiyin masalalarni hal etish huquqiga ega bo‘lgan yagona avliyo deb biladilar. Ikkinchisi — forslar mazhabi bo‘lib, turklar ularni “shialar”, “rofeiylar”, “alimardoniylar” (ixtilofchilar, bid’atchilar, Ali maslakdoshlari) deb ataydilar, zero turklardan farqli o‘laroq, ular men hozirgina eslatib o‘tganim ushbu vorislik va yagona avliyo hokimligini butunlay Muhammad (s. a. v.)ning kuyovlari Aliga mansub beradilar. Davlat manfaati nuqtai nazaridan Sulton Shujo aynan shu mazhabga o‘tgan edi, chunki barcha forslar — shialar payt topildi deguncha, uning tarafiga o‘tishiga umid bog‘lagan edi, zero shia tarafdorlarining o‘zlari yoki ularning farzandlari Boburiylar saroyida eng qudratli kishilar hisoblanar va davlatdagi eng muhim lavozimlarni egallab olgan edilar.
Avrangzeb Doro kabi o‘tkir zehn egasi, ajoyib suxandonlik qobiliyati sohibi sifatida ajralib turmasa-da, undan ko‘ra mushohadaliroq edi, odamlarni yaxshi bilardi, kimdan qanday ish chiqishini to‘g‘ri baholardi, kimga va qachon saxovat ko‘rsatish bobida sinchkov edi. U o‘ziga yetgancha quv, ayyor va shu qadar surbet ediki, uzoq vaqtgacha o‘zini tarkidunyo qilgan darvish qiyofasiga solib yurdi. U o‘zini taxtu toj bilan sira ishi yo‘qday, birdan-bir orzusi — tinch hayotdan, toat-ibodatda bo‘lishdan va savob ishlar qilishdan iboratday qilib ko‘rsatardi. Ayniqsa, Dakan viloyatining navobi etib tayinlangandan keyin u saroyda o‘zgalar ustidan fitnalar uyushtirishga yeng shimarib kirishib ketdi. Lekin u bu ishlarni g‘oyat hushyorlik bilan, deyarli hech kimga bildirmay bajarar edi. U otasi Shoh Jahon bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgandi. To‘g‘ri, Shoh Jahon Doroni qattiq hurmat qilsa-da, taxt boshqarishga qobiliyatli deb hisoblagan holda Avrangzebga nisbatan xayrxohligini ham yashirmasdi. Otasining Avrangzebga xayrxohligi Doro qalbida kuchli rashk olovini yondirar va u do‘stlari huzurida o‘qtin-o‘qtin shunday so‘zlarni aytib yuborishdan o‘zini tiyolmay qolardi: “Barcha aka-ukalarim ichida men bitta mana shu namozchidan qo‘rqaman“.
Aka-ukalarning kenjasi bo‘lmish Murod Baxsh u qadar epchil va u qadar mushohadakor emas edi. Uning o‘ylagani nuqul kayf-safo, mayxo‘rlik, shikor va kamondozlik edi. Shunday bo‘lsa-da, uning ham o‘ziga yarasha fazilatlari yo‘q emasdi. U judayam sipo va qo‘li ochiq yigit edi. U sir yashirishni gunoh deb bilar, saroydagi fisqu fasodlardan nafrat qilar va men faqat bilagim kuchi va shamshirim tig‘iga ishonaman deb ochiq-oydin maqtanib gapirardi. Darhaqiqat, u g‘oyat jasur edi, agar bu jasurlik kuchli iroda bilan omuxta bo‘lib ketganida edi, u barcha akalaridan ustun kelib, butun Hindistonga hukmdor bo‘lar edi.
Qizlariga kelsak, Begim Sohib g‘oyat go‘zal va aqlli edi, otasi uni jonidan yaxshi ko‘rardi. Hatto shunday mish-mishlar yurardiki, azbaroyi qizini yaxshi ko‘rganidan ota telba bo‘lish darajasiga yetganmish. Hatto otaning o‘zi ham iqror bo‘lib, mullalar hukmiga ko‘ra, o‘zi ekkan daraxtning mevasini yeyishga muyassar bo‘lgan yagona padar men bo‘laman, derkan. Qiziga ishongani shunchalikki, dasturxonga tortiladigan taomdan tatib, uni nazorat qilishni unga topshirgandi. Qiz eng muhim ishlarda ham otasini o‘zi uchun manfaatli bo‘lgan tomonga og‘dirishga muvaffaq bo‘lar edi. Begim Sohib g‘oyat boy edi, ishlarni bitirishdan tashvish-tadoriklar uchun unga har tomondan sovg‘a-salomlar yomg‘irday yog‘ar edi, azbaroyi qo‘li ochiqligidan qiz ham saxiylik bilan boyliklarini xarajat qilar edi. U Doroga qattiq mehr qo‘ygan edi, doim uning tarafini olar va har gapda uni oshkora qo‘llab-quvvatlar edi. Bu esa Doroning muvaffaqiyat qozonishiga va uning otasi bilan do‘stona munosabatini barqaror saqlashga imkon tug‘dirar edi, zero zarur paytlarda Begim Sohib shu akasini qo‘llab-quvvatlar va har bir narsadan uni ogoh etib turardi. Lekin bunga sabab ular ikkalasining oilada to‘ng‘ich farzandlar bo‘lgani ham emasdi, bunga sabab shu ediki, Doro singlisiga, agar shoh bo‘lsam, seni o‘zim bosh bo‘lib turmushga chiqaraman, deb va’da qilardi. Chunki Hindistonda deyarli hech qachon bunday qilmaydilar, zero malikaning eri albatta muqarrar qudratga ega bo‘ladi va uning har bir harakati tojni egallashga bo‘lgan intilish deb gumon qilinaveradi. Bundan tashqari, shohlar o‘z qonlarini shunaqa yuqori qadrlaydilarki, qizlariga munosib juftni topishga har doim ham muvaffaq bo‘lavermaydilar.
Begim Sohibning haramda saqlanishi va boshqalar bilan teppa-teng qo‘riqlanishiga qaramay, bu malikaning ishqiy nayranglari haqida ikki og‘iz gapirib o‘tishni o‘zim uchun joiz deb hisoblayman. Roman yozadigan bironta yozuvchi uchun mavzu tayyorlayotibdi degan ta’nadan aslo cho‘chimayman. Bu bizlardagi oliftanamo va kulgili sarguzashtlarga o‘xshash ishqiy nayranglarga aslo o‘xshamaydi. Bular ortidan har doim dahshatli va mudhish hodisotlar sodir bo‘ladi.
Aytishlaricha, malika mansabi yuqori bo‘lmagan, ammo xushro‘y va xushqomat bir yigitni haramga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Birtalay hasadgo‘y va rashkchi xotinlar orasida u bu ishni sir saqlay olmagan. Bu gap tezda Shoh Jahonning ham qulog‘iga borib yetgan va qizini ko‘rgani kelish bahonasi bilan oshiq-ma’shuqlarni to‘satdan tutib olishga ahd qilgan. Shoh Jahonning qo‘qqisdan paydo bo‘lishini kutmagan malika sho‘rlik yigitni kattakon qozonga solib yashirishga ulgurgan, xolos, biroq bu ishni u otasi sezib qolmaydigan darajada uddaburonlik bilan bajarolmagan. Shoh Jahon shovqin solib, do‘q-po‘pisa qilmagan, balki, odatdagidek uzoq gap sotib o‘tiravergan, oxirida esa qiziga, juda kirlanib ketibsan, yaxshilab cho‘milib olmasang bo‘lmaydi, degan. Tezda o‘choqqa o‘t yoqib, suv isitishni amr qilgan. Haram og‘asi sho‘rlik yigit tamom bo‘lgani haqida ishora qilgandan keyingina xonadan chiqib ketgan.
Birmuncha muddatdan so‘ng qiz boshqa bir nayrang ko‘rsatgan. Nazirxon ismli bir fors yigitni o‘ziga kori zamon, ya’ni bizdagi ish yurituvchiga o‘xshash mansabga tayinlagan. Bu yoshgina amir saroy a’yonlari ichida ham o‘n gulidan bir guli ochilmagan bag‘oyat sipo va xushro‘y yigitlardan bo‘lgan. Uni hamma birday yaxshi ko‘rar ekan. Hatto Avrangzebning tog‘asi Shoh Hayotxon uni malikaga uylanishni taklif ham qilgan ekan. Biroq Shoh Jahon bu taklifga aslo ro‘yxush bildirmagan. Shu bilan bog‘liq ayrim sirli nayranglardan voqif bo‘lgach esa, u Nazirxondan xalos bo‘lishga qaror qilgan va buni zudlik bilan ijro etishni buyurgan. U, go‘yoki hurmat yuzasidan yigitga pon manzirat qilgan, mamlakatdagi odatga ko‘ra, pon tezda chaynalishi lozim edi. Pon — bu orasiga dengiz chig‘anog‘i kukunlari sepilgan xushbo‘y yaproq bo‘lib, chaynaganda og‘izni qip-qizil qilib tashlar va yoqimli hid taratar edi. Yosh a’yon ponning zaharlab qo‘yilganini xayoliga ham keltirmagan; u mahfildan mamnun va xurram bir holda chiqqan va o‘z taxtiravoniga o‘ltirgan, biroq zahar shunchalik kuchli bo‘lganki, uyga uning jonsiz jasadigina yetib kelgan1 .
Ravshanoro Begim Sohibdan go‘zal ham, aqlli ham hisoblanmas edi, lekin u judayam quvnoq va dali-g‘uli edi, ishratga esa Begim Sohibdan kam ko‘ngil qo‘ymagandi. U Avrangzebga haddan tashqari sodiq bo‘lganidan Begim Sohib va Doroning dushmaniga aylangandi. Shu sababdan ham uning mablag‘i unchalik ko‘p emasdi, ishlarda u qadar ko‘p ishtirok etmasdi, biroq haramda istiqomat qilar ekan, o‘ziga yarasha fahmu farosatga ega bo‘lganidan ayg‘oqchilari orqali ko‘plab muhim sirlardan voqif bo‘lib turar va bu haqda Avrangzebga zimdan xabar yetkazar edi. Fitna-fasodlar boshlanishidan bir necha yil muqaddam qarshimda balog‘at yoshiga yetgan, uylangan, taxtga da’vogarlik qilib turgan, bir-biriga qarshi tish qayrab, zimdan adovatda bo‘lgan to‘rt birday shahzodani ko‘rib, Shoh Jahon ular bilan nima qilishini bilmay qoldi, oxirida nima bo‘lishini oldindan sezgandi, o‘z hayoti ko‘ziga omonatday ko‘rinib ketdi. Ularni Gvaliorda hibsda saqlash oson ish emasdi (bu yerdagi qal’aga kirib borish g‘oyat qiyin bo‘lib, unga odatda shahzodalarni qamaydilar, sababi, qal’a tik qoyali tog‘ ustida joylashgan, gornizon saqlash uchun unda oziq-ovqat va suv yetarli edi). Shahzodalar ancha qudratli bo‘lib olishgandi, har birining o‘z hovli-joyi bor edi, shuning uchun ularni o‘zidan chetlashtirish, o‘zlari kelib chiqqan biron-bir viloyatni boshqarishga imkon bermaslik ham odob yuzasidan hisoblanmasdi. Shu bilan birga u shahzodalarning qal’a ichida mustahkam o‘rnashib olib, mustaqil podshochalar sifatida nayranglar ko‘rsatishlaridan hayiqar edi, ammo baribir oxiri shunday bo‘ldi ham. Lekin saroyda doimiy qolib ketishsa, otalarining ko‘z o‘ngida bir-birlarini so‘yib tashlashdan ham toymasliklarini o‘ylab, ularni chetlashtirishga ahd qildi. Shoh Jahon Sulton Shujoni Bangol qirolligiga, Avrangzebni Dakanga, Murod Baxshni Gujarotga jo‘natdi, Doroga esa Kobul bilan Mo‘ltonni berdi. Dastlabki uchala shahzoda o‘z viloyatlariga mamnun holda jo‘nab ketdi, u yerda o‘zlarini chinakam shohlarday tuta boshlashdi, o‘lkaning barcha daromadlarini o‘z foydalariga olib qola boshlashdi hamda fuqaro va qo‘shinlarni tutib turish bahonasi bilan ko‘plab qo‘shinga ega bo‘lib olishdi. Doroga kelsak, o‘g‘illar ichida to‘ng‘ichi bo‘lganligi va taxtga birinchi da’vogar hisoblanganligi uchun u saroydan uzoqlashmadi va aftidan, bu Shoh Jahonning niyatlariga mos kelar edi. O‘lganimdan keyin vorisim shu bo‘ladi, deb u Doroga katta umid bilan qaramoqda edi. Shoh Jahon hatto uning nomidan buyruqlar chiqarishiga ruxsat ham bergandi va o‘zinikidan xiyla quyiroq turadigan bir taxtga ega ham qilib qo‘ygandi, shuning uchun saroyda ikkita podshoh o‘tirgandek tuyulardi. Biroq ikki hukmdorning murosa bilan yashashi g‘oyat mushkul edi, shu bois garchi Doro unga har doim chuqur izzat-ikrom ko‘rsatsa-da, Shoh Jahon unga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lardi. Xususan, u zaharlab qo‘yishlaridan qo‘rqardi, Avrangzebning fe’lini bilganligi va uning davlatni boshqarishda ancha qobiliyatliligini hisobga olganligi uchun, u, aytishlaricha, Avrangzeb bilan bevosita munosabatda bo‘lar ekan. To‘rt shahzoda va ularning otalari Shoh Jahon haqida aytmoqchi bo‘lgan gaplarim mana shular edi, bundan keyingi voqealar mohiyatini anglash uchun bu gaplarni aytib o‘tishim zarur edi.
* * *
Ikkala malika haqida gapirmasdan o‘tish imkonini topolmadim, chunki ular fojiada ishtirok etuvchi eng muhim shaxslar sirasidan edi. Kustantaniya va boshqa ko‘plab joylarda bo‘lgani kabi Hindistonda xotin-qizlar yirik voqea-hodisalarda aksar bosh rolni o‘ynaydilar, holbuki, ko‘pincha bunga e’tibor qilmaydilar va mazkur voqea-hodisalar sababini boshqa joylardan qidirish ustida bosh qotiradilar. Bu barcha voqealarga aniqlik kiritish uchun gapni uzoqdan boshlash va nizolargacha Golkonda hukmdori Avrangzeb bilan vaziri Amir Jumla o‘rtasida birmuncha muddat nimalar bo‘lganini hikoya qilish kerak bo‘ladi. Butun hikoya qahramoni va Hindiston podshohi bo‘ladigan Avrangzebning fe’l-xo‘yi va zakovati mana shundanoq yaqqol ko‘ringusidir. Avrangzebning shoh bo‘lishi uchun Amir Jumla qanday asos yaratganini ko‘rib chiqaylik.
Birinchi zarba
Avrangzeb Dakanda bo‘lgan vaqtida Go‘lko‘nda hukmdorining vaziri va uning qo‘shini qo‘mondoni, hozirgina aytganimdek, butun Hindistonda mashhur fors Amir Jumla edi. U oliy nasabli bo‘lmasa-da, katta ish tajribasiga, ajoyib zakovatga va qobiliyatga ega buyuk sarkarda edi, u na faqat ushbu boy hokimlikdan ulkan boylik to‘plagandi, balki kemalardagi savdo-sotiqlardan keluvchi daromadlardan ham xazinasini to‘ldirib yuborgandi. Kemalarni har tomonga tijorat uchun tarqatib yuborardi, uning ijaraga qo‘ygan odamlari jonini jabborga berib ishlardi va shuning natijasi o‘laroq, behisob olmos xazinasi jamg‘argandi, uning olmoslari qop-qop bo‘lib, hammaning og‘ziga tushgandi. Uning g‘oyat qudratli va boobro‘ bo‘lib ketishiga yana bir sabab: lashkardan tashqari, u ajoyib shaxsiy qo‘shinga ham ega edi, ko‘p sonli “farangiylar”, ya’ni qo‘mondonlari nasroniy bo‘lgan zambarakli bo‘luklari bor edi.
Xullas, ayniqsa Karnatak saltanatiga bostirib kirgandan va u yerdan qadimgi majusiylik ehromlarini talagandan keyin u birdaniga boyib, kuchayib ketdi. Bu Go‘lko‘nda sultonining yuragida hasad o‘tini gurillatib yubordi va zimdan unga qarshi tish qayray boshladi. Xususan, Amir Jumlaning hali ham ko‘hliligini yo‘qotmagan mahdi ulyo — bosh malika bilan don olishib yurishi haqidagi mish-mishlar sultonning qattiq g‘azabini keltirmoqda edi. Biroq sulton dilidagi niyatini hech kimga bildirmadi, qo‘shini bilan Karnatakda turgan amirning qaytishini sabr bilan kuta boshladi.
Biroq malika va amir o‘rtasida bo‘lib o‘tgan alohida hangomalar tafsilotini so‘zlab berishganida u o‘zini tutib turolmadi, ochiqchasiga so‘kishga, do‘q urishga va g‘azabini sochishga kirishdi. Bundan tezda amirni ogoh etishdi, chunki saroyda uning xotinining ko‘plab qarindosh-urug‘lari bor edi va bu qarindosh-urug‘lariyu do‘stlari yuqori mansablarni egallab olgan edilar; sultonning onasi ham ko‘p o‘tmay bundan voqif bo‘ldi. Shu bois amir o‘sha vaqtda sulton huzurida bo‘lgan yolg‘iz o‘g‘li Mahamat Ashirxonga maktub yo‘lladi va shikormi yo boshqa bironta bahona bilanmi — qanday qilib bo‘lmasin saroyni tark etishni va huzuriga kelishni buyurdi. Mahamat Amirxon buyruqni bajarishga bir necha bor urinib ko‘rdi, biroq, sulton uning ustidan shunday nazorat o‘rnatgan ediki, bironta ham urinishi naf bermadi. Bu amirni qiyin ahvolga solib qo‘ydi va o‘ta qat’iy chora qo‘llashga undadi. Buning oqibatida sulton toji bilan birga hayotidan ham mahrum bo‘lish xavfi ostida qolgandi. Darhaqiqat, o‘zini tuta bilmagan shoh hukmdorlik ham qila olmaydi.
Amir Jumla o‘sha vaqtda Go‘lko‘ndadan o‘n besh-o‘n olti kunlik masofadagi Davlatobodda turgan Avrangzebga maktub yo‘lladi va “mening el yuz-ko‘zida ko‘rsatgan ulkan xizmatlarimga qaramay, Go‘lko‘nda sultoni men va mening xonadonimni yo‘q qilishga bel bog‘ladi”, deya ogoh etdi. “Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bunday adolatsizlik meni qanotingiz ostiga olishingizni iltimos qilib murojaat etishga majbur etayotir. Agar maslahatlarimga quloq solishni istasangiz va menga ishonsangiz, sultonni ham, saltanatni ham oyog‘ingiz tagiga keltirib tashlayman”. “Buning uchun Siz, — deb yozgan edi u maktubda, — o‘zingiz bilan sara qo‘shinlaringiz ichidan to‘rt-besh ming suvoriyni olishingiz va katta dovonlar osha Go‘lko‘nda tomon harakat qilishingiz taqozo etiladi. Yo‘l bo‘yi muhim ish yuzasidan sultonni Bog‘nagarda tutishga shoshilayotgan Shoh Jahonning elchisi kelayapti, degan ovozani tarqatasiz. Sultonni ogoh etish uchun Siz murojaat qiladigan dastlabki dabir (saroy a’yoni) mening ittifoqdoshim, gumashtam, menga jonini fido qilgan sodiq odam; faqat tezroq harakat qilish chorasini ko‘ring, men ishni shunday tashkil etamanki, Bog‘nagar darvozasiga yetib kelganingizda Sizni hech kim tanimaydi. Odatga ko‘ra sulton maktubni olish uchun chiqib kelganda Siz uni, so‘ngra butun xonadonini ham osonlik ila qo‘lga olishingiz va ular bilan o‘zingiz xohlagandek muomala qilishingiz mumkin; buning oson tomoni shundaki, u odatda istiqomat qiladigan Bog‘nagardagi uy na qal’a devori, na handaqlar, na istehkomlar bilan muhofaza qilingan”. Yana shuni qo‘shimcha qildiki, bu tadbirni u o‘z hisobidan amalga oshiradi va yurish chog‘ida shahzodaga kuniga ellik ming rupiya taklif etadi.
Bunday qulay fursatni poylab o‘tirgan Avrangzeb temirni qizig‘ida bosishga qaror qiladi. U darhol yo‘lga otlanadi va tadbirni shu qadar muvaffaqiyat bilan amalga oshiradiki, Bog‘nagarga Shoh Jahonning elchisi sifatida hech kimga bildirmay yetib keladi. Bu soxta elchining yetib kelganligi haqida ogoh etilgan Go‘lko‘nda sultoni mehmonni odatga ko‘ra, izzat-ikrom ila qarshi olgani boqqa chiqadi va baxtga qarshi g‘animining qo‘liga tushadi-qo‘yadi. Oldindan ko‘zda tutilganidek, o‘n-o‘n ikki g‘ulom gurji uni hibsga olishga tutinganida uning ahvoliga achingan bir amir chidab turolmaydi va Jumlaning tarafdori va arzandasi bo‘lishiga qaramay, xitob qiladi: “A’lo hazrat, ko‘rmayapsizmi, axir bu Avrangzeb-ku! Keting bu yerdan, sizni qo‘lga olishadi!” Qattiq qo‘rqib ketgan sulton shartta iziga qaytadi-da, to‘g‘ri kelgan bir otga irg‘ib minadi va bu yerdan ikki chaqirimcha narida joylashgan Go‘lko‘nda qal’asi tomon yelday uchib ketadi. Rejasi barbod bo‘lganini ko‘rgan Avrangzeb amirning o‘z qo‘shini bilan unga hamla qilmasligini bilib, sarosimaga tushmadi, u zudlik bilan sulton uyini egallab oldi, u yerdagi barcha qimmatbaho va chiroyli narsalarni o‘mardi, biroq sultonning barcha xotinlarini egasiga qaytarib yubordi (bunga butun Hindistonda qat’iy rioya qilinadi), keyin esa qal’ani qamal qilishga kirishdi. Ammo zarur qurol-aslahalar olib kelinmaganligi boisidan qamal ikki oydan ko‘proq vaqtga cho‘zilib ketdi, oxirida Avrangzeb Shoh Jahondan qamalni to‘xtatish va Dakanga qaytishi haqida buyruq oldi. Shunday qilib, garchi oziq-ovqat va qurol-yarog‘lar yo‘qligidan qal’a ayanchli ahvolda qolgan bo‘lsa-da, u o‘z tadbiridan voz kechishga majbur bo‘ldi. Avrangzebning haddan tashqari qudratli bo‘lib ketishidan xavotirlanib, Doro va Begim Sohib Shoh Jahon unga shunday buyruq berishga undashini shahzoda yaxshi bilar edi. Biroq u zarracha afsuslanmadi va Shoh Jahonning buyruqlarini bajarish vojib, dedi xolos.
Darvoqe, o‘z yo‘l xarajatlari evaziga mo‘maygina mablag‘ni imi-jimida qo‘lga kiritgancha u ketdi; u hatto o‘g‘li Sulton Mahmudni sultonning katta qiziga uylantirib ham qo‘ydi, sulton esa uni o‘ziga valiahd qilishga va’da berdi, xamir uchidan patir sifatida Romgir qal’asi va tevarak-atrofidagi yerlarni in’om qildi. Bundan tashqari u bundan keyin saltanatda zarb qilinadigan barcha kumush tangalarning bir tomonida Shoh Jahon muhri tushirilishi uchun sultonning roziligini olishga va Amir Jumlaning o‘z xonadoni va mol-mulki, qo‘shini va zambaraklari bilan ketishi uchun ruxsatni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu ikki buyuk inson qisqa vaqt ichida birgalikda katta ishlarni amalga oshirishdi: yo‘l-yo‘lakay ular Bijapurning eng kuchli va muhim qal’alaridan biri Bidarni qamal qildilar va qo‘lga kiritdilar. U yerdan ular Davlatobodga yo‘l olishdi. Davlatobodda ular shu qadar qil o‘tmas do‘stga aylanishdiki, Avrangzeb ham, amir ham bir kunda ikki bor ko‘rishmasa turolmaydigan bo‘lib qolishdi. Ularning ittifoqi ishni olg‘a siljitib yubordi va Avrangzeb hukmronligi uchun poydevor yaratdi.
Bu a’yon shunday ustamonlik bilan ish tutdiki, uni Shoh Jahon huzuriga bir necha bor chaqirishdi, nihoyat u g‘oyat qimmatbaho va ulug‘ sovg‘alar bilan Agraga yo‘l oldi va unga o‘z xizmatlarini taklif etdi, shohni Go‘lko‘nda sultoni, Bijapur sultoni va portugallar bilan jang boshlashga undadi. Boshlamasi uchun dunyoda tengi yo‘q katta olmos — Ko‘hi Nurni in’om etdi. Bu bilan u Go‘lko‘nda toshlari Qandahor qoyalaridan ko‘ra qimmatliroq ekaniga shama qildi (o‘sha vaqtlarda Shoh Jahon bu shaharga qarshi yurish qilishni diliga tugib qo‘ygandi) Hindistonni Komorin burnigacha zabt etish uchun aynan Go‘lko‘nda tomonga qarab harbiy harakatlar boshlash lozim edi.
Amirning olmosi Shoh Jahonning ko‘zini qamashtirdimi, yo‘qmi, yoki ba’zilarning haqiqatga yaqin e’tirof etishlaricha, Doroni jilovlab turish uchun qo‘shinini harbiy yurish holatiga o‘tkazishni ma’qul topdimi, buni aytish qiyin: Doro haqiqatan ham hokimiyatni ko‘proq qo‘lga olgan edi, u hatto Shoh Jahon qattiq sevadigan, Hindiston tarixidagi eng buyuk davlat odami deb ataydigan vazir Sa’dullaxonni hech bir hadik-padiksiz haqorat qilishga ham jur’at etgandi. So‘nggi vaqtlarda Doro hatto uni zaharlashga ham farmon bergandi, bunga sabab, vazir uning tarafini olmagandi, balki Sulton Shujo tomonga og‘ib ketgandi. Yoki yana shuning uchun bo‘lsa kerakki, Sa’dullaxon unga haddan tashqari qudratli va Shoh Jahon o‘limidan keyin toj taqdirini hal etish qobiliyatiga egadek ko‘rinib ketgandi. Yana bir — so‘nggi sabab shu bo‘lishi mumkin ediki, na o‘zi fors, na fors fuqarosi, balki tagi-zoti hind bo‘lgan Sa’dullaxon to‘g‘risida hasadgo‘ylar turli-tuman mish-mishlar tarqatgan edilar, emishki, uning turli joylarda ko‘plab pathan harbiy dastalari bormish, ularga yaxshi maosh to‘lanarmish, jangga har lahzada tayyor turarmish, chunki uning o‘zi podshoh bo‘lmoqchi yoki taxtga o‘z o‘g‘lini o‘tqazmoqchi emish, xullas, oxir-oqibatda mo‘g‘ullarni quvib yuborib, xotinining ajdodi bo‘lgan pathan xalqiga taxtni qaytarib olib bermoqchi emish. Shundaymi, yo‘qmi, harholda Shoh Jahon Amir Jumla boshchiligida qo‘shinini Dakanga yuborishga qaror qildi.
Ko‘rilayotgan tadbirning muhimligini hisobga olgan va bu mamlakatga qo‘shin yuborish Avrangzebning mavqeini mustahkamlashni anglatishini tushungan Doro bu qarorga qattiq qarshilik ko‘rsatdi va yurishning boshlanishiga xalaqit berish uchun bor kuchini sarfladi. Biroq Shoh Jahonning qarorida mahkamligini ko‘rgach, istasa-istamasa rozi bo‘lishdan o‘zga chora topolmadi. Faqat bir shart bilangina shunday qilindi, ya’ni Avrangzeb Davlatobodda faqat mamlakat hukmdori sifatida qoladi va harbiy ishlar va qo‘mondonlik qilish bilan shug‘ullanmaydi, amir bosh qo‘mondon sifatida mutlaqo mustaqil ish tutadi va sodiqlikka garov sifatida butun oila ahlini saroyda qoldiradi. Amir bu so‘nggi shartga zo‘rg‘a rozi bo‘ldi, biroq Shoh Jahon undan Doroning gapiga ko‘nishni so‘ragani va ko‘p o‘tmay unga xotini va bola-chaqalarini orqasidan jo‘natib yuborishga va’da bergani uchun u, nihoyat, xo‘p dedi va ajoyib qo‘shin bilan beto‘xtov qaydasan Dehli deya Avrangzeb sari yo‘l oldi, Bijapur sarzaminiga kirib bordi va kuchli Kamiani qal’asini qamal qildi.
Shoh Jahon qattiq betob bo‘lib qolganida Hindistondagi vaziyat taxminan ana shunday edi. Bu o‘rinda uning betobligi haqida gapirib o‘tirmayman, kasallik xususiyatiga ham daxl qilmayman, faqat shuni aytmoqchimanki, bu kasallik yetmishdan oshgan chol uchun u qadar munosib emasdi, chunki bu yoshdagi odam kuchini sarflash emas, balki ko‘proq uni saqlab qolish haqida o‘ylashi kerak.
Bu kasallik butun Hindistonda tashvish va hayajonga sabab bo‘ldi. Doro davlatining har ikkala poytaxti — Dehli va Agrada qudratli qo‘shin to‘pladi, Bangolda Sulton Shujo, Dakanda Avrangzeb va Gujaratda Murod Baxsh ham shunday qildilar. Barcha to‘rt aka-uka atroflariga o‘z ittifoqdoshlarini to‘pladi, to‘rttalovi to‘rt tomondan turib maktublar yozar, va’dalar qilar va ig‘volar tarqatar edilar. Bunday maktublardan talayini qo‘lga tushirgan Doro xatlarni Shoh Jahonga ko‘rsatdi va tevaragida katta to‘polon ko‘tardi; hukmdorni qolgan aka-ukalariga qarshi gijgijlatish uchun singlisi Begim Sohib fursatdan foydalanib qoldi, biroq Shoh Jahon Doroga ishonmadi, uni zaharlab qo‘yishidan qo‘rqib, dasturxonga tortiladigan taomlarni o‘ta diqqat bilan kuzatib borishni buyurdi. Hatto, aytishlaricha, bu haqda Avrangzebga maktub ham yo‘llagan emish. Bundan xabar topgan Doroning fig‘oni falakka chiqib, g‘azabidan o‘t bo‘lib yondi. Bu orada Shoh Jahonning betobligi cho‘zilib ketmoqda edi va uning o‘lgani haqida mish-mishlar tarqalgandi. Saroyda birdan tartibsizlik boshlanib ketdi, do‘konlar bir necha kungacha yopib qo‘yildi va to‘rttala shahzoda har biri o‘z tomonidan ochiq-oshkora tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Nafsilamrini aytganda, ularning urushga tayyorgarlik ko‘rishi bejiz emasdi: ularning barchasi rahm-shafqat kutib o‘tiradigan palla emasligini, yo hayot, yo mamot uchun shay bo‘lish kerakligini, yo shoh bo‘lish yoki o‘lib ketish lozimligini juda yaxshi bilardi; ular shu narsani ham bilar ediki, yengib chiqqan boshqa barcha aka-ukalaridan voz kechadi, o‘z vaqtida ularning otalari Shoh Jahon ham o‘z aka-ukalariga nisbatan shunday qilgandi.
Sulton Shujo badavlat Bangolda ko‘plab rojalar, yoki hokimlarni xonavayron qilib, katta xazina to‘pladi va boshqa viloyatlardan behisob miqdordagi mablag‘ni so‘rib oldi, katta qo‘shini bilan harbiy yurishga birinchi bo‘lib odim tashladi. Barcha fors amirlar yordamiga umid bog‘lagan holda (chunki u ularning mazhabiga o‘tgan edi) hammaga Shoh Jahon o‘ldi, uni Doro zaharlab qo‘ydi, endi men otam o‘limi uchun intiqom olgani ketmoqdaman, xullas, Doro taxtini egallamoqchiman, deya ovoza qilgancha shiddat bilan Agra tomonga qarab yurdi. Bu bilan u Shoh Jahonni maktub bitishga, maktubda uning olg‘a qarab yurishini taqiqlashini, kasalligi jiddiy emasligi, u allaqachon tuzala boshlaganini aytishga majbur qildi. Biroq, Sulton Shujoning saroyda do‘stlari bor edi, ular Shoh Jahonning kasali xatarli ekanini aytishgani uchun uning o‘lganiga amin bo‘lishgani, bordi-yu, agar hukmdor tirik bo‘lsa, u uning oyog‘ini o‘pishga va farmonlariga quloq solishga tayyor ekanini bahona qilib, olg‘a qarab yurishda davom etdi.
U bilan ketma-ket va qariyb bir vaqtda katta shovqin ko‘targan va Agraga borishga tayyor bo‘lgan holda Dakan tomondan Avrangzeb ham qo‘shin tortib yo‘lga tushdi.
Shoh Jahon tomonidan ham, Doro tomonidan ham unga o‘shanday taqiqlovchi maktubni yetkazishadi, Doroning maktubida qo‘shimcha tarzda do‘q-po‘pisalar ham bor edi. Biroq u ham Sulton Shujo qanday yo‘l tutgan bo‘lsa, shunday yo‘l tutadi va o‘shanday javob qaytaradi. Lekin moliya tomondan siqilib qolganini va shaxsiy tasarrufidagi askarlarning nochorligini ko‘rib, u ikkita hiyla o‘ylab topadi va ularni ustalik bilan amalga oshiradi — biri Murod Baxshga, ikkinchisi Amir Jumlaga nisbatan qo‘llangandi.
Murod Baxshga u chiroyli qilib shoshilinch maktub yo‘llaydi, maktubda uning samimiy va qiyomatlik do‘sti ekanini, taxtga aslo da’vo qilmasligini, umr bo‘yi darveshona hayot kechirib kelayotganini aytadi. Lekin Doro davlatni boshqarishga noqobil odam, kofir-majusiy, barcha bosh amirlar jinidan yomon ko‘radigan nusxa, Sulton Shujo esa forsiy, taqvodor, binobarin, Hindistonning dushmani va gulchambar tojiga nomunosib, demak, qisqa qilib aytganda, faqat u, ya’ni Murod Baxsh tojga da’vogarlik qilish uchun chinakam asoslarga ega, uni saroyda kutib turishibdi, uning shon-shavkatini yaxshi bilgan saroy ahli uning tarafida bo‘ladi. Shaxsan Avrangzebning o‘ziga kelganda esa, bordi-yu, taxtga chiqqudek bo‘lsa, Murod Baxsh unga saltanatning bir burchagida tinchgina yashashi, qolgan umrini toat-ibodatda o‘tkazishiga imkon beraman deb va’da qiladi, Avrangzeb unga borib qo‘shilishga, maslahatlari, do‘stlari bilan unga yordam berishga, Doro va Sulton Shujo bilan olishuv uchun butun qo‘shinini uning ixtiyoriga topshirishga tayyor ekanini bildiradi. Hozircha unga yuz ming rupiya jo‘natadi (bizning pulda taxminan ellik ming ekyuga to‘g‘ri keladi) va uni do‘stligi garovi sifatida qabul qilishini so‘raydi. Unga yana Surat qal’asini qanday qilib tezda egallashni maslahat beradi, unga ma’lum bo‘lgan davlat xazinasi qayerda joylashganini aytadi.
Unchalik badavlat va qudratli bo‘lmagan Murod Baxsh Avrangzebning takliflarini va unga yuborilgan yuz ming rupiyani zo‘r sevinch bilan qabul qildi. U Avrangzebning maktubini barchaga ko‘rsatdi, yoshlarni qo‘lga qurol olishga va uning tarafiga o‘tishga da’vat etdi, yirik savdogarlardan esa uni pul bilan tezroq ta’minlashni qattiq turib talab qildi. U jiddiy ravishda o‘zini hukmdor deb hisoblay boshlagandi, hammaga tog‘-tog‘ va’dalar berardi va pirovardida ajabtovur qo‘shinini jangga shay qilishga muvaffaq bo‘ldi, undan Surat qal’asini qamal qilish uchun, garchi axta bo‘lsa-da, jasoratli jangchi Shoh Abbos boshchiligida uch ming odamni ajratib oldi.
Avrangzeb Go‘lko‘nda sultonining qizini olib bergan to‘ng‘ich o‘g‘li Sulton Mahmudni hamon Kaliani qal’asini qamal qilib turgan Amir Jumla huzuriga yubordi va uning oldiga, Davlatobodga yetib kelishini astoydil iltimos qildi, unga aytadigan haddan tashqari muhim gapi borligini aytdi. Nima gapligidan shubhalangan Amir Davlatobodga borishdan bosh tortdi, Shoh Jahon o‘lmaganini, bu borada ishonchli dalillari borligini ochiq-oshkora ma’lum qildi. Bundan tashqari uning butun oila ahli Agrada, Doroning qo‘lida turibdi, shu boisdan ham u Avrangzebga yordam ham berolmaydi, o‘zini uning tarafdori deb e’lon ham qilolmaydi. Hech narsaga erisholmay va amirdan qattiq xafa bo‘lib, Sulton Mahmud Davlatobodga qaytib ketdi.
Biroq Avrangzeb esankirab qolmadi va amir huzuriga yana odam yubordi, lekin Sulton Mahmudni emas, ikkinchi o‘g‘li Sulton A’zamni yubordi, u otasining maktubini eltib berdi va o‘zining halimligi va do‘stlik borasidagi ishonchli so‘zlari bilan amirni shunday avrab tashladiki, amir tan berishga majbur bo‘ldi. Kaliani qamalini tezlashtirib, u imtiyozli shartlar bilan qamaldagilarni taslim bo‘lishga undadi, qo‘shinining sara askarlarini oldi-da, jadal sur’atlar ila Sulton A’zam bilan birga ketdi.
U yetib kelgach, Avrangzeb uni “bobo”, “bobojon” deb suyib-erkalab qarshi oldi, yuz bora bag‘riga bosib, quchoqladi, so‘ng bir chetga olib bordi-da, “Ishonchli odamlarim keltirgan gaplarga qaraganda, modomiki amirning oila ahli saroyda, Doro yonida ekan, tavakkal qilishi va uning (Avrangzebning) foydasiga oshkora biron tadbir qo‘llashi to‘g‘ri kelmaydi, ammo bir oz hiyla yordamida bartaraf etib bo‘lmaydigan u qadar katta qiyinchiliklar yo‘q”, — dedi u. “Sizga, — deb so‘zida davom etdi u, — bir qarashda g‘alati tuyuladigan bir rejani taklif etsam, biroq, garovda turgan xotin va bola-chaqalaringizdan xavotir olganingiz uchun men ularning xavfsizligini ta’minlash vositasi sifatida sizni xo‘jako‘rsinga hibsga olishimga va zindonga solishimga izn berishingizni taklif etaman. Shubha yo‘qki, hamma buni jiddiy deb o‘ylaydi, to‘g‘ri-da, sizdek odamni shunchaki havas uchun zindonda o‘tiradi, deb kimning ham xayoliga kelardi. Shu bilan birga sizning qo‘shin va zambaraklaringizdan ham foydalanib qolaman, chunki siz buni qulay deb topgaysiz. O‘zingiz ilgari ko‘p marotalab taklif qilganingizdek, siz menga birmuncha pulni qarzga berib turishingiz mumkin, shularning barchasiga ega bo‘lgach, nazarimda, men baxtimni sinab ko‘ra olar edim va biz birgalikda choralar ko‘ra olar va mening nima qilishim kerakligini atroflicha fikrlab olar edik. Agar siz undan tashqari o‘zingiz to‘la xo‘jayini bo‘ladigan va sizni mening o‘z o‘g‘lim Sulton Mahmud yoki Sulton A’zam qo‘riqlaydigan Davlatobod qal’asiga olib borishim uchun izn bersangiz, olam guliston bo‘lar edi. Bunga Doro nima deyishi, xotiningiz va bola-chaqalaringizni tahqirlash uchun unda qanday asoslar bo‘lishi mumkinligini tasavvur etolmaysiz”.
U Avrangzebga qilgan do‘stona sajdasidanmi, yoki olgan buyuk va’dalaridanmi, yoxud yonginasida tish-tirnog‘i bilan qurollanib olgan Sulton A’zam va ukasining gapiga kirgani uchun unga xo‘mrayib qarab turgan Sulton Mahmuddan qo‘rqqanidanmi (uning taklifini rad etgani uchun bo‘lsa kerak, u kirib kelganida go‘yo urmoqchi bo‘lgandek Sulton Mahmud hatto bir oyog‘ini ko‘tarib qo‘ygan edi) — har qalay, amir Avrangzebning barcha istaklarini bajarishga rozi bo‘ldi va zindonga tushish borasidagi rejani ma’qulladi. Shunda Avrangzeb uzoqlashishi hamon uning to‘pchiboshisi viqor bilan amirga yaqinlashdi-da, Avrangzeb nomidan orqasidan yurishga amr etdi va xona eshigini qulflab, ishonchli posbon qo‘yib qo‘ydi; o‘sha vaqtda Avrangzeb qo‘l ostida bo‘lgan barcha askarlar uy atrofida saf tortgan edi.
Amir Jumlaning hibsga olingani haqidagi ovozalar tarqalar-tarqalmas darhol katta g‘alayon boshlandi. Garchi sodir bo‘lgan voqeadan hayratga tushgan bo‘lishsa-da, u o‘zi bilan olib kelgan barcha odamlar uni ozod etishga qaror qilishdi va posbonni o‘ldirib, zindonni buzib tashlash uchun qo‘llarida qurol bilan yugurib kelishdi; bunday qilish ularga cho‘t emas edi, chunki bunday keskin tadbir uchun Avrangzeb yetarlicha qo‘shin to‘plamagandi va Amir Jumla ismining o‘ziyoq barchani zir titratib yuborardi. Biroq bu yerdagi barcha ishlar xo‘jako‘rsinga bo‘layotganidan g‘alayonlar tezda tinchlantirildi, bunda amirning qo‘shin boshliqlariga ustalik bilan tushuntirishlari va Avrangzebning hozir bo‘lishi kifoya qildi. Avrangzeb ikkala farzandi bilan o‘sha yerda turgan bo‘lib, goh unisi, goh bunisi bilan gaplashar va o‘zini o‘ta jiddiy tutmoqda edi. Nihoyat, ularga in’om etilgan sovg‘a-salomlar va va’dalar ham o‘z ishini qilgandi; natijada amirning barcha qo‘shini va hatto Shoh Jahon qo‘shinining katta qismi bu yerda zo‘r anglashilmovchilik bo‘lganini va yo‘lboshchilaridan mahrum bo‘lishganini ko‘rib, Avrangzeb tomonga o‘tishdi; Shoh Jahon o‘lganligi yoki o‘lim to‘shagida yotganligi, ular maoshining oshganligi va hoziroq uch oy oldin to‘lanishi haqidagi va’da xabari ham ta’sir ko‘rsatdi.
Amirning barcha ot-aravalari, hatto tuyalari va chodirigacha qo‘lga olgan Avrangzeb Suratni qamal qilish va uni zabt etishni jadallashtirish maqsadida harbiy yurishni boshlab yubordi, chunki Murod Baxsh juda qiyin ahvolga tushib qolgandi: uning eng sara qo‘shini mana shu qamal bilan band edi, ammo ular shunaqangi qarshilikka duch kelishdiki, bunaqasini u kutmagandi. Biroq bir necha kunlik yurishdan keyin Avrangzeb navob qal’ani topshirganidan xabar topdi; u Murod Baxshga tabriknoma yo‘lladi va shu bilan birga unga Amir Jumla voqeasini bayon etdi, saroyda uning yetarlicha miqdorda kuchi, mablag‘i va aloqalari borligini, hech nimadan kamchiligi yo‘qligini, to‘g‘ri Brampur va Agraga borajagini va uni yo‘lda kutib turajagini aytdi va tezroq bo‘lishini iltimos qildi.
To‘g‘ri, Murod Baxsh Surat qal’asida o‘zi mo‘ljallaganchalik mablag‘ni topmadi: bunga sabab yo u rostdanam shu miqdordagi mablag‘ bo‘lmagan (unga shunday deyishgan) yoki, ba’zilar aytganidek, navob ularning bir qismini o‘zlashtirib yuborgan. Biroq u yerda topgan o‘sha ozgina bisot unga Suratning buyuk xazinasidan boyib olish payida xizmatga kirgan askarlarga haq to‘lashda yordam berdi. To‘g‘risini aytish kerak, bu qal’ani olish bilan judayam maqtanishga unda asos yo‘q edi, chunki uning mustahkam istehkomlari yo‘q edi; shunday bo‘lsa-da, qamal bir oydan ziyodroq vaqtga cho‘zildi; agar mina qo‘yib portlatishni o‘ylab chiqargan gollandlar bo‘lmaganida, qal’a hech qachon qo‘lga kirmasdi ham. Mina portlab, devorning katta bo‘lagi o‘pirilib tushdi, bu qamaldagilarni hang-mang qilib qo‘ydi va taslim bo‘lishga majbur etdi. Bu shaharning olinishi Murod Baxsh rejasiga yordam berdi; Murod Baxsh Suratni olibdi, u devorni kavlab, mina qo‘yibdi (bu ishni yaxshi bilmagan hindlar ozmuncha hayratga tushmadilar) va u yerdan katta xazina topib olibdi, degan ovoza har tomonga yoyildi. Bu barcha shov-shuvlar va dastlabki yutuqlarga qadimiy (Avrangzebning qator maktublari va yirik va’dalari ham shuni tasdiqlaydi), o‘tkir zehnli, o‘ta jasoratli va o‘z xo‘jasi manfaatlariga g‘oyat sodiq axta Shoh Abbos Murod Baxsh Avrangzeb bilan haddan tashqari apoq-chapoq bo‘lmasligi va u bilan qo‘shilib ketishga u qadar shoshmasligi kerak, degan fikrda edi. Buning o‘rniga, u bilan muzokaralar olib borishi, Agraga uning bir o‘zi kirib borishi uchun imkon tug‘dirishi lozim. Boz ustiga Shoh Jahonning betobligi haqida ishonchli xabarlar kelib turardi va ish qanday tus olishini oldindan ko‘rish mumkin edi. Daromadlari durustgina bo‘lgan katta hududda hukmronlikni ta’minlovchi ajoyib maskan bo‘lmish Suratni mustahkamlash mumkin bo‘lardi. Ehtimol, vaqti kelib hatto Brampurni ham egallashga muvaffaq bo‘lisharmidi. Brampur g‘oyat muhim yo‘l bo‘lib, Dakanga kirish darvozasi vazifasini o‘tardi.
Biroq qo‘shin, aslahalar va pulning yetarli miqdorda emasligi munosabati bilan Avrangzebning qator maktublari va to‘xtovsiz undovlari, shuningdek, ko‘r-ko‘rona takabburlik va ortiq darajada hukmron bo‘lish istagi Murod Baxshning bu barcha mulohazalarni bir chaqaga olmaslikka, Ahmadobod shahridan chiqib ketishga, Gujaratni tark etib, Avrangzeb ikki-uch kundan beri uni kutib turgan uchrashuv joyiga shoshilinch yetib kelishi uchun tog‘ va o‘rmonlar osha olg‘a siljishga undadi.
Ikkala qo‘shinning birlashishi sharafiga katta tantana va o‘yin-kulgilar tashkil etilgandi, shahzodalar bir-birlarinikiga tashrif buyurishdi. Avrangzeb Murod Baxshga va’dalarni qalashtirib tashladi, o‘zining do‘stligiga minginchi marta ishontirib, tag‘in tantanali ravishda ont ichib aytdiki, u zinhor saltanatga da’vogarlik qilmaydi, uning umumiy dushmani bo‘lmish Doroga qarshi kurashda unga yordam ko‘rsatish, muntazir turgan taxtga uni mindirish, vassalom. Shu ko‘rishuv va do‘stlik isbotidan keyin har ikkala qo‘shin olg‘a siljidi, buning ustiga Avrangzeb butun yurish davomida Murod Baxshga o‘zining do‘stligi va sadoqatini ifodalashda davom etdi, ko‘pchilik orasida ham, o‘zaro suhbatlarda ham unga “hazrat” deb murojaat qildi. Natijada Murod Baxsh shu narsaga uzil-kesil amin bo‘ldiki, Avrangzebning unga nisbatan do‘stona tuyg‘usi behad va samimiy. Go‘lko‘ndadagi bir oz oldingi voqealarni eslash va saltanatni egallash uchun hamma narsadan voz kechishga tayyor odamning darveshona yashash va o‘lishga qodirligini tushunish o‘rniga, uning og‘zidan itoatkorlik va ehtirom tuyg‘ularining tumtaroqli izhori tushmayotgandi.
Birlashgan ikkala qo‘shin ancha katta dastani tashkil etdi, bu saroyda zo‘r shovqin-suron ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi, nafaqat Doroni, balki Avrangzebning zehn kuchi va qat’iyatini va Murod Baxshning jasoratini o‘chirish g‘oyat qiyin bo‘ladigan yong‘inning alanga olishini oldindan ko‘ra bilgan Shoh Jahonni ham o‘ylatib qo‘ydi. Sog‘lig‘im yaxshilanayapti, har biringiz o‘z viloyatingizga qaytib keting, o‘tgan ishga salavot, hammasini esimdan chiqardim, deb u behuda maktub ustiga maktub yozardi. Bu maktublar ularning olg‘a tomon siljib borishlariga aslo xalaqit bermasdi; Shoh Jahonning betobligi hamon xatarli bo‘lgan va buni tasdiqlaydigan odamlar, yetarli miqdorda mavjudligi uchun ular hamon o‘jarlik qilishdan tiyilishmayotgandi, bu xabarlarni Doro ataylab yozayotibdi deb o‘ylashayotgandi.
Farmonlarini nazar-pisand qilmayotgan o‘g‘illarini ko‘rib turgan, har biri o‘z qo‘shiniga bosh bo‘lib, Agra tomon shitob ila harakat qilayotgani haqidagi xabarlardan soat sayin voqif bo‘lib turgan sho‘rlik shahanshoh Shoh Jahon nima qilsin?
Boz ustiga, bemor bu odam olgan har bir nafasidan urush hidi anqib turuvchi, aka-ukalarini ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q Dorodek odamning qo‘lida bo‘lsa. Bunday ahvolda u nima ham qila olardi? Xazinani Doroga topshirishdan, undan Doroning bemalol tasarruf etishiga imkon berishdan, Shoh Jahonning bilishicha, Doroni yoqtirmaydigan o‘zining eng ishonchli va keksa lashkarboshilarini chaqirib olishdan, ularni Doro uchun o‘zining pushtikamaridan bo‘lgan, Dorodan ming karra ortiq yaxshi ko‘radigan farzandlariga qarshi jangga otlanishga da’vat etishdan o‘zga iloji qolmaydi. U zudlik bilan Sulton Shujoga qarshi lashkar yuborishi lozim, chunki u boshqalardan ko‘ra ko‘proq ilgarilab ketgandi, tobora yaqinlashib kelayotgan Avrangzeb va Murod Baxshga qarshi boshqa qo‘shinni yuborish chorasini ko‘rmog‘i zarur.
Sulton Shujoga qarshi yuborilgan qo‘shinga Doroning to‘ng‘ich o‘g‘li Sulaymon Shayx qo‘mondon qilib tayinlangandi. U yigirma besh yoshlardagi xushbichim, aqlli va yaxshi xulq-atvorli shahzoda bo‘lib, ochiqko‘ngilligi va saxovatliligi uchun uni hamma, ayniqsa, Shoh Jahon juda yaxshi ko‘rardi. Dorodan ko‘ra o‘shani valiahdlikka ko‘proq munosib bilib, ko‘plab boyliklar bilan sarafroz etgandi. Shu bilan birga Sulton Shujoning Bangaliyaga qaytib ketishini Shoh Jahon afzal deb bilardi. Qonli jang boshlash Shoh Jahonning o‘zi uchun ham yaxshi oqibatlarga olib kelmasdi, chunki bunday tavakkalli ish tufayli farzandlaridan biri bilan vidolashishi turgan gap edi, shuning uchun shahzodaga hamroh qilib butun Hindistonning eng boy va qudratli rojalaridan biri Jessing ismli keksa rojani yuboradi. U o‘zining epchilligi bilan butun saltanatda nom qozongandi. Faqat sira iloji qolmagandagina jangga kirishish va Sulton Shujoni nima qilib bo‘lmasin, chekinishga undash, Shoh Jahonning kasali tuzalib, Avrangzeb va Murod Baxsh ustidan g‘alaba qozonilguncha o‘z kuchlarini saqlash haqida yashirincha farmon berilgandi.
Biroq, ayni kuch-quvvatga to‘lgan, qandaydir yirik jasorat bilan o‘zini ko‘rsatish ishtiyoqida yongan Sulaymon Shayx jang qilishni xohlardi. Sulton Shujo esa Avrangzeb jangda g‘alaba qozonib, davlat poytaxtlari Agra va Dehlini egallab olishidan qo‘rqardi. Shu bois Jessing jang oldini olishga nochor qoladi. Qo‘shinlarning bir-biriga ko‘zi tushishi hamonoq ular jangga shay bo‘ldilar va birmuncha muddat o‘tar-o‘tmas salom-alik ma’nosida bir-biriga qarab zambaraklardan o‘t ochishdi. Men bu jang tafsilotlarini bayon qilib o‘tirmayman: tafsilot u qadar uzun bo‘lmay, maroqli ham emasdi; bundan keyin kattaroq janglar haqida to‘xtalishimizga to‘g‘ri keladi va o‘shalardan mayda janglar tafsilotini bilib olish mumkin bo‘ladi. Birinchi to‘qnashuv har ikkala tomon uchun ham g‘oyat shafqatsizlarcha va qattiq kechganini aytib o‘tish kifoya qilar deb o‘ylayman. Biroq, oxirida Sulaymon Shayx Shujo ustiga shunaqangi qat’iyat va shiddat ila hamla qildiki, uning qo‘shinlarini tumtaraqay qilib yubordi, askarlar chekinishga majbur bo‘lishdi va so‘ngra qocha boshlashdi. Agar Jessing va dastlabki sarkardalardan biri, g‘oyat jasoratli kishi, ammo rojaning eng qilo‘tmas do‘sti, uning chizgan chizig‘idan bir enlik ham chiqmaydigan pathan Dalilxon Sulaymon Shayxni astoydil qo‘llab-quvvatlashni istaganlarida edi, taxmin qilishlaricha, Shujoning qo‘shini yer bilan yakson qilingan va uning o‘zi asir tushgan bo‘lar edi. Biroq, rojaning rejasida uni o‘ldirish to‘g‘risida gap yo‘q edi, aynan teskari farmoyish bergan Shoh Jahon ham buni rejasiga kiritmagandi. Boz ustiga, Jessing o‘ta nozik siyosatdon bo‘lib, o‘z hukmdorining pushtikamaridan bo‘lgan farzand qoniga qo‘lini bo‘yashni zinhor istamasdi.
Shujoning chekinishga imkoni yetarli edi va hatto ko‘p odam yo‘qotmagandi ham. Shunday bo‘lsa-da, jang maydoni hamda bir qancha zambarak Sulaymon Shayxning qo‘lida qolganidan saroyda Sulton Shujo tor-mor etilibdi, degan mish-mish yashin tezligida tarqaldi. Bu Sulaymon Shayxning nufuzini juda ko‘tarib yubordi va Sulton Shujo birdaniga hammaning nazaridan tushib ketdi, ilgari unga xayrxoh bo‘lgan forslar undan qattiq sovidi.
Shujo ortidan bir necha kun ta’qib qilganidan keyin saroydan har kuni xabar olib turgan, Avrangzeb va Murod Baxshning shiddat bilan yaqinlashib kelayotganidan xabar topgan Sulaymon Shayx Shujoni ta’qib qilishni to‘xtatdi. Uning otasi Doro dangalchi odam ekanini va ko‘plab maxfiy dushmanlari borligini u yaxshi bilardi, chunonchi zudlik bilan Agraga qaytishni lozim topti, bu yerda aftidan Doro Avrangzeb va Murod Baxsh bilan jangga kirishishi kerak edi. Bunda yaxshi qarorga kelish ham amrimahol edi, zero, u o‘z vaqtida yetib kelguday bo‘lsa, Avrangzebning g‘alaba qozonolmasligiga hech kim shubha qilmasdi. Uning hech qachon jang qilishga yuragi betlamasdi deyishdan ham toyishmasdi, chunki kuchlar o‘rtasidagi tafovut haddan tashqari katta edi. Biroq Doroning mudhish taqdiri bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.
Jamna daryosi Ganga daryosi bilan tutashgan joy — Ollohobod yaqinida shu voqealar sodir bo‘lib turganida Agradagi vaziyat mutlaqo o‘zgacha tus olgandi. Avrangzebning Brampur yaqinida daryodan kechib va tog‘lardagi g‘oyat og‘ir yo‘llardan yurib o‘tgani haqidagi xabar saroyni hang-mang qilib qo‘ydi. Uning Bias daryosidan kechib o‘tishiga xalaqit berish uchun shoshilinch ravishda bir qancha dastalar yuborildi, bu orada esa butun qo‘shin jangga shay turardi.
Shu maqsadda qo‘mondon sifatida ikki eng nufuzli va qudratli a’yon tanlandi. Shulardan biri Kozimxon edi, u mashhur sarkarda bo‘lib, Shoh Jahonga g‘oyat sodiq edi, biroq, Doroni unchalik xush ko‘rmasdi. Nima qilib bo‘lsa ham Shoh Jahonga yoqish uchun u o‘z ixtiyoriga qarshi ish tutdi, Shoh Jahon Doroning qo‘l ostida ekanini u ko‘rib turardi. Ikkinchi a’yon Jessomseng bo‘lib, qudrat borasida Jessingdan aslo qolishmasdi. U Akbar zamonida yashagan Roja Ranaga kuyov bo‘lar edi va shu qadar qudratli ediki, sal bo‘lmasa rojalarning sultoni deb hisoblanardi.
Ularning yo‘lga tushishi oldidan Doro ularga katta do‘stona iltifot ko‘rsatdi va ajoyib sovg‘alar in’om etdi. Biroq ularning jo‘nab ketishidan ilgari Shoh Jahon roja Jessing Sulaymon Shayx bilan birgalikda Sulton Shujoga qarshi yo‘lga tushganida nimalar deganini ularga sirli ravishda shipshib qo‘yishga ulgurdi. Shu bois ular yurish davomida fursatni qo‘ldan bermay bir necha marta Avrangzeb va Murod Baxshga choparlar yubordi va orqaga qaytib ketishni maslahat berishdi; biroq, barcha urinishlar behuda ketdi: ular yuborgan choparlar qaytib kelmadilar, qo‘shin esa shu qadar shiddat bilan olg‘a intilar ediki, uni daryodan uncha uzoq bo‘lmagan tepaliklar ustida kutilmaganidan ancha ilgariroq ko‘rishdi.
Bu voqealar yozning ayni jazirama issiq kunlarida bo‘lib, daryoni sayoz joylaridan kechib o‘tish mumkin edi, shu bois Kozimxon va roja zudlik bilan jangga shaylana boshlashdi; bundan tashqari Avrangzebning bu shaxtidan shu narsani anglashdiki, u bularning ustiga hamla qilmoqchi; biroq hali uning barcha qo‘shini yetib kelmagan edi, shuning uchun u ularni bir necha zambarak o‘qi bilan qarshi oldi, bundan maqsad: ularning o‘zi daryodan kechib o‘tib, na faqat Kozimxon qo‘shinining suvga borish yo‘lini kesib qo‘yishlari mumkin edi, balki, uning qo‘shini dam olib, qulay joyni egallab olishi hech gap emasdi, shunga xalaqit berish uchun birmuncha muddat ularning diqqatini chalg‘itib turish lozim edi. Darhaqiqat, uning qo‘shini mutlaqo betartib holda yetib keldi, yo‘l ularni shunaqangi qoqib tashlagan, issiqdan shunaqangi sillalari qurigan ediki, agar ularga daf’atan hamla qilishganda va suvdan chetlatilganda bormi, u albatta ortiqcha qarshiliksiz yanchib tashlangan bo‘lar edi. Bu birinchi to‘qnashuvda men yo‘q edim, biroq, hamma shu gapni aytardi, keyinchalik Avrangzeb qo‘shinida to‘plarda xizmat qiluvchi frantsuzlar ham menga shularni hikoya qilib berishgan edi. Biroq, Doro qo‘shini olgan buyruqqa binoan Avrangzebning daryodan kechib o‘tishiga xalaqit berish maqsadida qirg‘oqda qolish bilan cheklanib qo‘ya qoldi.
Avrangzeb qo‘shiniga atigi ikki-uch kungina dam olishga imkon berdi va mudom g‘animining diqqatini chalg‘itishga harakat qilib, uni daryoni kechib o‘tishga tayyorlab bordi. Keyin u juda qulay joyda o‘rnashib olgan to‘plarini ishga soldi va otishma panasidan suvga tushishga buyruq berdi. Kozimxon va roja ham g‘animni haydab yuborish va daryodan kechib o‘tishga xalaqit berishga harakat qilib, o‘z tomonlaridan to‘plarni ishga solishdi. Avvaliga jang g‘oyat qizg‘in va shiddatli kechdi, chunki, Jessomseng haddan tashqari jasorat ko‘rsatmoqda edi. Kozimxonga kelsak, u yaxshi sarkarda va botir kishi bo‘lsa-da, biroq, ushbu holatda o‘z shavkatini to‘la namoyish eta olmadi; ayrimlar hatto uni sotqinlikda ayblashdi, o‘q-dori va zambarak o‘qlarini tunda qum ostiga berkitib qo‘ydi, deb gap tarqatishdi, chunki, to‘plar ikki-uch bor gumburlagandan keyin jimib qolgan edi. Nima bo‘lganda ham, hali aytganimday, jang shiddatli kechdi va g‘animning daryoni kechib o‘tishiga yo‘l qo‘yishmadi. Daryo o‘zanidagi xarsangtoshlar kechuvni qiyinlashtirardi va qirg‘oq ham ayrim joylarda g‘oyat tik va baland edi. Biroq, Murod Baxsh suvga shu qadar shiddat bilan otildi va shunaqangi jasorat ko‘rsatdiki, unga qarshilik ko‘rsatishning iloji qolmagandi. U daryoni kechib o‘tdi va uning orqasidan qo‘shinning talay qismi ham ikkinchi qirg‘oqda paydo bo‘ldi. Shunda Kozimxon chekinishga majbur bo‘ldi, Jessomseng esa shaxsan katta xavf ostida qolgandi, chunki u barcha dushmanlarga qarshi bir o‘zi jang qilishi lozim edi. Agar uning rajput askarlari favqulodda qat’iyat ko‘rsatishmaganda, u joyidan bir qadam ham jilolmagan bo‘lardi — rajput askarlari deyarli bitta qolmay uning tevaragida jon bergandi. Bu jangda uning xatar ostida qolganini shu bilan izohlash mumkinki, u bir amallab dushmanlardan xalos bo‘lgach, katta talafot ko‘rganidan Agraga borishdan voz kechib, o‘z mulklariga qaytib ketdi. U o‘zi bilan jangga olib ketgan yetti-sakkiz ming rajput askarlaridan juda nari borsa besh yo olti yuz qolgan edi, xolos.
O‘zlarini rajput, ya’ni rojaning zuryodlari deb atovchi bu qavm avloddan-avlodga faqat harbiy ish bilan shug‘ullanib keladi. Ular bo‘ysunuvchi rojalar rajputlarga yer berishadi, shu shart bilanki, farmon berilgan vaqtda ular har doim jangga kirishishga tayyor bo‘lmoqlari lozim. Modomiki, rojalar ularga meros bo‘lib qoluvchi yer berar ekan, ularni majusiy zodagonlar deb atash mumkin. Ular katta af’yunxo‘rlardir, ular yutgan af’yun miqdorini ko‘rib, o‘zim necha bor hayratga tushganman, to‘g‘ri, ular bunga bolalikdan o‘rganadilar. Jang kunlarida ular ikki baravar ko‘p af’yun yutishadi: bu giyohvandlik moddasi ularni ruhlantirsa kerak yoki, aniqrog‘i, mast qilsa, xavfni sezmaydigan, karaxt qilib qo‘ysa kerak, chunki ular jangga qochish nimaligini bilmay, sherday tashlanadilar va sabot bilan jang qilayotgan rojalari oyog‘i ostida jon beradilar. Ularga faqat tartib-intizom yetishmasdi, jasorat deganlari oshib-toshib yotardi; af’yundan boshlari xumday shishgancha o‘lishga qasd qilgan odamlarday jang oldidan bir-birlari bilan quchoqlashishlarini ko‘rish kishiga zo‘r lazzat bag‘ishlaydi.
Buyuk Boburshoh, o‘zi majusiylar dushmani bo‘lgan holda, xizmatida ko‘plab rojalarni saqlagani sababi ham shunda edi; bordi-yu, ular musulmon qavmidan bo‘lganda ham qo‘shinda ular xizmatidan foydalanar ekan, ularni boshqa amirlar bilan bir safga qo‘yardi. Jessomseng yengilib qochgandan keyin uning xotini, Rananing qizi o‘z erini qanchalik sovuq qarshi olganini tasvirlamasdan o‘tolmayman. Erining yaqinlashib kelayotganini, jang maydonida uning nechog‘li matonat bilan jang qilganini, bisotida bor-yo‘g‘i to‘rt-besh yuz odam qolgan va ortiq turishga bardoshi yetmay chekinishga majbur bo‘lganini so‘zlab berishganida, xotini uni qarshi olish va ko‘nglini ko‘tarish uchun birovni yuborish o‘rniga quruqqina qilib qal’a darvozasini yopib qo‘yishni va bu ablah odamni ichkariga qo‘ymaslikni buyurdi. U mening erim emas, men uni ko‘rishni istamayman, buyuk Rananing kuyovi bu qadar tuban bo‘lishi mumkin emas, debdi. Bunday aslzodalar xonadoniga kirib kelgach, u bu xonadon shavkatidan ibrat olmog‘i lozim edi, xullas, u yo yengishi, yo o‘lishi kerak edi. Zum o‘tmay uning miyasida boshqa o‘ylar charx uradi: u gulxan yoqishga amr etadi, meni aldashayapti, mening erim jangda halok bo‘lgan, bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas, men o‘zimni tiriklay o‘tda kuydirmoqchiman, deydi. Bir oz o‘tgach, u qarorini tag‘in o‘zgartiradi, g‘azabga minadi, erini qarg‘ishlarga ko‘mib yuboradi. Xullas, sakkiz yo to‘qqiz kunni u ana shunday tutaqib o‘tkazadi, to onasi kelmaguncha erini qal’a ichkarisiga kiritmaydi. Onasi kelib, uni bir oz tinchlantiradi va yupantiradi, roja birpas dam olib olsin, yangitdan qo‘shin to‘plab, Avrangzebga qarshi jang qiladi va qanday qilib bo‘lmasin, o‘z sha’nini tiklaydi, deb va’da beradi. Shu munosabat bilan bu mamlakat xotin-qizlarining jasorati haqida fikr yuritish mumkin; bunga men shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, eri o‘lgandan keyin xotinlarning o‘zini tiriklay olovda yoqqanini bir necha bor o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Biroq, yana shu narsani ta’kidlaymanki, nomus haqida jamoatchilik fikri, inon-e’tiqodi, udumi, umidi va tushunchasidan ko‘ra kuchliroq hech narsa yo‘q.
Daryo bo‘yida sodir bo‘lgan voqealardan xabar topgach, Doroning Kozimxondan shunaqangi g‘azabi keldiki, agar u qo‘li ostida bo‘lganida, hech shubhasiz, shartta kallasini olgan bo‘lardi. Birinchi va asosiy aybdor sifatida Amir Jumladan ham qattiq g‘azablandi, chunki Avrangzebga odamlarni, pullarni va to‘plarni u bergan edi-da, Doro uning o‘g‘li Muhammad Amirxonni o‘ldirishga, uning xotini va qizini bozorga, ya’ni fohisha xotinlar sotiladigan bozorga yuborishga ahd qildi. Agar Shoh Jahon juda uddaburonlik va yumshoqlik bilan uni g‘azabdan tushirmaganida u bundan beshbattarini ham qilishdan toymasdi. Shoh Jahon aytdiki, Amir Jumlaning qo‘lidan bunday ahmoqlik kelishi va oilasi manfaati deb Avrangzeb bilan do‘st bo‘lishi mumkin emas. Shubhasiz, Avrangzeb o‘zining ablahona ayyorliklari bilan uni aldagan va u tuzoqqa tushgan.
Avrangzeb va Murod Baxshga kelsak, birinchi to‘qnashuvning yaxshi yakunlanishi ularning kayfiyatini shu qadar ko‘tarib va ular qo‘shinini shu qadar ruhlantirib yubordiki, ular o‘zlarini shu damdan hech qachon yengilmas va har qanday to‘siqni bemalol bartaraf etishga qodir deb biladilar. O‘z askarlarini yanada ruhlantirish uchun Avrangzeb Doro qo‘shini ichida unga sodiq sarbozlardan o‘ttiz ming nafari bor deb baralla maqtana boshladi; keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, bu quruq gap emas, borib turgan haqiqat ekan.
Murod Baxshi, ayniqsa, jang desa o‘zini tomdan tashlardi, iloji boricha tezroq olg‘a yurishni istardi, biroq uni shaxtidan qaytarish uchun Avrangzeb bu ajoyib daryo qirg‘og‘ida qo‘shin birmuncha muddat dam olishi zarur derdi, bu orada o‘zining barcha do‘stlariga xat yozadi-da, saroydagi ahvol va ishning qandayligini yaxshilab bilib oladi. Shu bois u bir necha kun dam olgandan keyingina Agra tomonga yo‘l oldi, iloji boricha qunt bilan va o‘z vaqtida choralar ko‘rishni yaxshilab dilida pishitib olish uchun u g‘oyat sekin harakat qilmoqda edi.
Avrangzeb va Murod Baxshning niyatlarini yaqqol ko‘rib turgan va ularni orqaga qaytarishga umid yo‘qligini tushungan Shoh Jahon haddan tashqari qiyin ahvolga tushib qoldi va nima qilishini bilmay boshi qotdi. Katta musibatni oldindan ko‘rgan holda u Doro qizg‘in tayyorlanayotgan bu hal qiluvchi jangga xalaqit bermoqchi bo‘ldi. Xo‘sh, xalaqit berish uchun u nima ham qila olardi? Kasallikdan keyin u g‘oyat zaiflashib qolgandi va men ilgari ham aytganimdek, o‘zi unchalik ishonmaydigan Doroning butunlay qo‘l ostida ekanini tushunardi. U Doro nimani istasa, hammasiga “xo‘p” deb turishga, undan bor kuchini va davlat mablag‘larini ayamaslikka va barcha lashkarboshilar unga bo‘ysuninglar deb farmon berishga majbur edi. Hamma tezlik bilan qurollandi. Bilmadim, Hindiston hech qachon bunday ajoyib qo‘shinni ko‘rganmikan. Chamamda, unda kamida yuz ming suvoriy va saksonta to‘p bilan yigirma mingdan ortiq piyoda askar bor edi, tinch vaqtda bo‘lganidek, urush vaqtida ham qo‘shinni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan behisob xizmatkorlaru savdogarlar bu hisobdan tashqari. Menimcha, ko‘p hollarda ularni ham jangchilar qatoriga qo‘shar edilar. Uch yuz yoki to‘rt yuz ming nafar odami bo‘lgan bunday ulkan qo‘shin haqida ko‘p kitoblarda aytilgan. Garchi bu qo‘shin g‘oyat mukammal va harakatchan, Avrangzebnikidaqa qo‘shindan ikki yoki uch baravarini ham tariqday tirqiratib yuborish darajasida kuchli bo‘lsa-da (holbuki Avrangzeb qo‘shinida bor-yo‘g‘i o‘ttiz besh-qirq ming nafar odam bor edi, ular ham eng jazirama issiq vaqtdagi harbiy yurishlardan so‘ng qattiq sillasi qurigandi, to‘plari ham Doro to‘plariga qaraganda xiyla kam edi), shunga qaramasdan (ajablanarli joyi ham shunda edi) Doroning g‘alaba qozonishiga deyarli hech kim ishonmasdi. Gap shundaki, nufuzli amirlarning ko‘pchiligi unga nisbatan adovatda edi va u ishonadigan eng yaxshi askarlar Sulaymon Shayx qo‘shinida edi. Uning do‘stlari ichidan eng sodiqlari va hushyorlari va Shoh Jahonning o‘zi ham uning jangga kirishidan xavotirlanishlari boisi ham shunda edi. Shoh Jahon kasalligiga qaramasdan Avrangzebga qarshi jangga o‘zi borishini taklif qildi, bu sulh ishiga va Shoh Jahon manfaatlariga yaxshi yordam berishi tayin edi, chunki Avrangzeb va Murod Baxsh hech qachon o‘z otalariga qarshi jang qilishga jur’at etisholmasdi, bordi-yu, bunga jur’at qilganlarida ham oxiri baxayr bo‘lmasdi: imkoniyatlar haddan tashqari nomutanosib edi va barcha asosiy amirlar Shoh Jahonga shu qadar sodiq edilarki, agar qo‘shin tepasida uning o‘zi turganini ko‘rishgudek bo‘lsa, jon olib-jon berib jang qilishlariga zarracha shubha yo‘q edi. Hatto Avrangzeb va Murod Baxsh lashkarboshilari ham bu hukmdorni sevar va hurmat qilar edilar, chunki ulardan ko‘pchiligini Shoh Jahonning o‘zi tarbiyalab o‘stirgan bo‘lib, aytish mumkinki, butun qo‘shin uning shogirdlari hisoblanardi. Ular ichidan birontasining ham unga qarshi qilich yalang‘ochlab chiqishiga hech kimning ko‘zi yetmasdi.
Bundan tashqari Doroga shunday maslahat berishgandi: bordi-yu, ularning ko‘rsatmalariga rioya qilishni istamaydigan bo‘lsa, u, jilla qurmaganda, shoshilmasin, harbiy harakatlarni paysalga solib tursin va ularga kelib qo‘shilish uchun kelayotgan Sulaymon Shayxga fursat bersin. Bu ham yomon maslahat emasdi, chunki shahzodani hamma sevardi, u doim g‘alaba bilan qaytardi va ilgari aytganimdek, Doro ixtiyorida nechtaki sodiq xizmatkor va jasur jangchilar bo‘lsa, barchalari uning qo‘shinida edi. Biroq, Doro hech kimning taklifini eshitishni istamadi, u tezroq jang boshlana qolsayu, Avrangzebga qarshi bir o‘zi jang qilsa — faqat shuni o‘ylardi, xolos. Balki, agar u o‘z taqdirini o‘zi hal qilishga qodir va o‘z rejalarini muvaffaqiyatli ado etishga ko‘zi yetgudek bo‘lsa, bu uning sha’ni va shaxsiy manfaati uchun yomon bo‘lmasligi ham mumkin edi. Uning miyasida taxminan shunday fikrlar charx urar va ulardan ba’zilarini hatto ochiq-oshkor aytardi ham. U Shoh Jahonni o‘z qo‘lida tutib turgan va uni istagan ko‘yiga sola oladigan hukmdor qiyofasida ko‘rib turardi. Shu bilan birga Shoh Jahonning butun xazinasi va davlat qo‘shini uning hukmi ostida edi. Sulton Shujoni endi chalajon hukmdor deb hisoblasa bo‘laverardi, qolgan ikkala ukasi o‘zlarining zaif va holdan toygan qo‘shini bilan o‘zlarini uning qo‘liga topshirib qo‘yishgandi. Bordi-yu, Doro jangda yutib chiqqudek bo‘lsa, ular undan qutulib chiqa olishmasdi va Doro o‘sha zahoti barcha davlat ishlarini butunlay qo‘lga olardi. Doro aynan shu narsaga jon-jahdi bilan intilmoqda va hech kim unga qarshilik ko‘rsatish va yoki undan saltanatni tortib olishga jur’at qilolmasdi. Bordi-yu, Shoh Jahon jangga kirgudek bo‘lsa, barcha ishlar joy-joyiga tushadi-qoladi, aka-ukalar o‘z viloyatlariga qaytishadi, butunlay sog‘ayib ketgan Shoh Jahon yana davlat tizginini qo‘lga oladi — xullas, hamma narsa yana o‘zining oldingi holatiga qaytadi. Bordi-yu, u Sulaymon Shayxni kutib turadigan bo‘lsa, Shoh Jahon uning uchun nomaqbul bo‘lgan qandaydir rejalar tuzishi yoki Avrangzeb bilan birgalikda nimadir qilishi mumkin. Agar bu holda jangda yutib chiqqudek bo‘lishsa, uning xizmati har qancha ulug‘ bo‘lmasin, baribir, Sulaymon Shayxning shunchalik baland obro‘-e’tiboriga qaramay, g‘alabadan kelgan barcha shon-shuhrat tag‘in shu Sulaymon Shayx nomiga yozilgan bo‘lur edi. Shuncha shon-shuhrat va muvaffaqiyatdan g‘ururlanib ketgan, ayniqsa, Shoh Jahon va amirlarning ko‘pchiligi o‘rtasidagi do‘stligi va ularning marhamatiga suyangan Sulaymon Shayxga qarshi biron-bir chora ko‘rishga ularning qanday haddi sig‘ardi? Uning oz bo‘lsa-da, o‘zini qo‘lga ola bilishiga, otasini hurmat qilishiga kim kafolat bera oladi? Uning bu manmanligi oxir-oqibatda nimalarga olib kelmaydi?
Mana shu mulohazalar Doroni atrofdagilarning maslahatiga quloq solmaslikka va o‘z yo‘lidan qaytmaslikka undardi. Binobarin, u zudlik bilan yurishni boshlash haqida qo‘shinga farmon berdi. Xayrlashgani bu paytda Agra qal’asida turgan Shoh Jahon huzuriga keldi. Bechora qariya o‘g‘lini quchib, yig‘lab yubordi, biroq o‘zini qo‘lga olib, baribir qat’iy ohangda shunday dedi: “Xo‘p, Doro, modomiki o‘z bilganingcha ish tutmoqchi ekansan, bora qol, xudo o‘zi senga yor bo‘lsin. Biroq, gaplarim esingda bo‘lsin: bordi-yu, jangni boy bersang, huzurimga oyoq bosma”. Bu gap o‘g‘liga zarracha ta’sir qilmadi, u tez chiqib ketdi, otga o‘tirdi. Agradan yigirma chaqirimcha naridan Chambil daryosi kechuvini egallash uchun yo‘lga tushdi. Biroq, u o‘ziga yetgancha ayyor va aqlli edi. Hamma narsani miridan-sirigacha yetkazib turadigan ayg‘oqchi va xos odamlari behisob edi. Bu kechuv g‘oyat og‘irligini uning o‘zi ham bilar edi, chunonchi, undan kechib o‘tishga urinmay, ehtiyotkorlik yuzasidan bu fikridan qaytdi. U kechuv yaqiniga borib joylashdi, chunki Doroning o‘rdasidan uning chodirlari kaftdagidek ko‘rinib turardi. Ie, u nimalar qilyapti, o‘zi? U Shempet ismli qo‘zg‘olon ko‘targan rojalardan biri bilan muzokara olib borardi, unga sovg‘a-salomlar in’om qilar va agar u uning yerlaridan o‘tishga imkon bersa, yanada ko‘proq berar edi. Bu yerlarga yetib olsa, daryoni bemalol kechib o‘tsa bo‘ladigan joy borligini u bilardi-da, Shempet rozi bo‘ldi va o‘z mamlakatining tog‘ va o‘rmonlari osha o‘tadigan yo‘lni ko‘rsatishini aytdi. Avrangzeb o‘sha kuni tundayoq shovqin-suronsiz o‘rdasini oldi, Doroning ko‘zini shamg‘alat qilish uchun bir nechta chodirni qoldirdi. Kechasiyu kunduzi shoshilinch yo‘l bosib, to Doro bundan xabar topgunga qadar daryoning narigi tarafiga o‘tib oldi. Shunday qilib, Doro o‘zining daryodagi joyini tark etishga, istehkomini tashlab ketishga va dushmanini ta’qib qilish uchun olg‘a harakat qilishga majbur bo‘ldi. Unga xabar qilishlaricha, Jamna daryosigacha yetib olish va u yerda hech bir qiyinchiliksiz qulay joylashib olish, suvdan foydalanish, kuchlarini yaxshilab joylashtirib olish va Doroni kutib turish uchun Avrangzeb shiddat bilan Agra tomon ketib borardi. U Agradan besh chaqirimcha narida o‘rda qurib oldi, bir vaqtlar u Samongir deb atalardi, hozir esa Fotihobod, ya’ni g‘alaba joyi nomi bilan mashhur edi. Birmuncha muddatdan so‘ng Doro ham o‘sha daryoning sohilidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda, Agra bilan Avrangzeb qo‘shini o‘rtasida o‘rda qurdi.
Uch-to‘rt kungacha har ikkala qo‘shin jangga kirishmay, bir-biriga yuzma-yuz turdi. Bu orada Shoh Jahon Doroga bir necha maktub yo‘lladi, Sulaymon Shayx yaqindaligini, shoshmaslikni, Agraga yaqinroq kelishni, qulay joyni egallashni va mahkam o‘rnashib olishni, Sulaymonni kutishni aytdi. Biroq, Doro unga, uch kun ichidayoq Avrangzeb va Murod Baxshning qo‘l-oyog‘idan bog‘lab oyog‘ingiz tagiga keltirib tashlayman, undan keyin ularni nima qilsangiz o‘zingiz bilasiz, deb javob qaytardi. Uzoq kutib o‘tirmasdan u qo‘shinlarini joy-joyiga qo‘ydi-da, jangga hozirlik ko‘ra boshladi.
Suvoriylar yo‘lini to‘sish uchun u birinchi qatorga bir-birini zanjir bilan bog‘lab, to‘plarni terib qo‘yishni buyurdi. Zambaraklarning ortidan ko‘plab salt tuyalarni safladi, ularning old tomonidan kattaligi ikki pilta miltiqcha keladigan mayda to‘plarni bog‘lattirdi (bu bizning sollar chetiga palaxmonlarni o‘rnatib qo‘yishimizga o‘xshab ketardi), tuyada o‘tirgan odamlar tushmasdan bu to‘plarni o‘qlay va o‘qdan bo‘shata olardi. Bu tuyalar ortidan katta miqdordagi pilta miltiqchilar saf tortgandi. Qolgan qo‘shin asosan qilich, o‘q-yoy bilan qurollangan sarbozlardan iborat edi, ular, odatda, mo‘g‘ullar kabi qurollangan edi (ya’ni shu ma’nodaki, hozirgi tushunchamizda — musulmon diniga kirgan oq tanli odamlar: forslar, turklar, arablar va o‘zbeklar edi) yoki odatda qilich va nayza bilan qurollangan oddiy rajputlar edi. Mana shu jangchilardan tashqari yana, mening nazdimda, uch turlik dasta tuzilgandi. O‘ng qanot o‘ttiz ming mo‘g‘ulga qo‘mondonlik qiladigan Xalilulloxonga topshirildi. U bu paytda mening og‘am bo‘lgan Donishmandxon o‘rniga buyuk baxshi, ya’ni barcha suvoriylarning bosh lashkarboshisi bo‘ldi. Donishmandxon bu mansabni o‘z ixtiyori bilan rad etdi, u Shoh Jahonning Doroga qarshi turishlarini har doim ochiq-oydin qo‘llab-quvvatlagani va Shoh Jahon bundan mamnun bo‘lgani uchun Doro uni yoqtirmaganidan shunday qilgandi. Agar o‘z ixtiyori bilan ketmasa, Doro uni zo‘rlab haydab yuborishidan xavfsirardi. Chap qanot roja Chatresal va roja Romsinh Rutle bilan birgalikda juda taniqli va jasur sarkarda Rustamxon Dahniyga topshirildi.
Avrangzeb bilan Murod Baxsh ham o‘z navbatida qo‘shinlarini deyarli mana shu tartibda joylashtirishgandi, biroq, o‘ng va so‘l qanotlarda turgan ayrim amirlarning qo‘shinlari orasiga ular bir qancha kichik dala to‘plarini yashirgan edilar. Aytishlaricha, bu Amir Jumla o‘ylab topgan hiyla bo‘lib, maqtovga sazovor desa bo‘lardi. Boshqa harbiy hiylalar o‘ylab topilmagandi, faqat onda-sonda tayoq uchiga bog‘lab qo‘yilgan granataga o‘xshash “bann” uloqtiruvchilar qo‘yib chiqilgandi. “Bann”larni uzoqdan suvoriylarga qarab uloqtirilar, otlarni qattiq cho‘chitib yuborilar, goho yarador qilib, o‘ldirar ham edi. To‘g‘risini aytganda, bu suvoriylar juda tez harakat qilar va yoydan shiddat bilan o‘q yog‘dirar edi. Pilta miltiqdan ikki marta o‘q uzilgunga qadar suvoriy kamondan olti martagacha paykon yo‘llashga ulgurardi. Suvoriylar saf-saf, to‘da-to‘da bo‘lib, alohida qo‘mondon rahbarligi ostida zich holda turardi. Ayniqsa, shamshirga navbat kelganida yana ham jipslashib ketar edi. Biroq, umuman olganda, bizning yaxshi qurollangan qo‘shinlarimizga nisbatan bu qo‘shinni u qadar maqtagulik deb bo‘lmasdi. Bu haqda men keyinroq yana so‘z yuritaman.
Barcha qo‘shinlar joy-joyiga qo‘yib bo‘lingach, har ikki tomondan to‘plar otishmasi boshlandi. Ularda jangni, odatda, to‘plar boshlab beradi. Keyin paykonlar ucha ketdi, biroq to‘satdan shunaqangi sharros yomg‘ir yog‘a boshladiki, jang to‘xtab qoldi. Yomg‘ir tingach, yana to‘plar gumburlay ketdi va shu asnoda ulkan tseylon filida Doro paydo bo‘ldi. U butun qo‘shin bo‘ylab hamlaga o‘tishga buyruq berdi. O‘zi esa kattakon suvoriylar to‘dasi o‘rtasida to‘g‘ri dushman to‘pchilari ustiga qarab harakat qila boshladi. To‘plar uni shiddat ila qarshi olar, uning atrofidagilarni tutday to‘kar edi, bundan nafaqat u qo‘mondonlik qilayotgan to‘dadagi suvoriylar, hatto orqadan kelayotgan suvoriylar ham sarosimaga tushib qoldi. Biroq, Doroning hamon filda o‘tirganini, chekinishni xayoliga ham keltirmayotganini, qo‘li bilan imlab hammani uning ortidan olg‘a qarab harakat qilishni ko‘rsatayotganini ko‘rib, suvoriylar o‘zlarini o‘nglab olishdi. Har kim safda o‘z o‘rnini egalladi va Doro ortidan olg‘a siljiy boshladi. Biroq, u dushman to‘pchilariga yanada yaqinroq borganida to‘plardan ikkinchi marta o‘qlar uzildi va yana suvoriylarni to‘zg‘itib yubordi, ko‘plar orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Lekin Doro sarosimaga tushmadi, mahkam turgancha odamlarini olg‘a undab, vaqtni boy bermasdan qo‘li bilan olg‘a qarab tezroq harakat qilish lozimligini ko‘rsata boshladi. Shiddat bilan harakat qilgancha u to‘plar safini yorib o‘tdi, zanjirlarni uzib, to‘plarni ajratib tashladi, o‘rtaga kirib bordi va tuyalar, piyodalar, yo‘lda kim to‘g‘ri kelsa barchasini qochishga majbur qildi, bu bilan ortidan kelayotgan suvoriylarga ajabtovur yo‘l ochib berdi. Shunda dushman suvoriylari bilan shiddatli jang boshlanib ketdi. Avvaliga u tomondan ham, bu tomondan ham o‘qlar yomg‘irday yog‘di, Doroning o‘zi ham paykonlar otar edi. Biroq, nafsilamrini aytganda, paykonlar aytarli ish bermayotgandi, deyarli o‘ndan to‘qqiz qismi havoda ko‘zdan yo‘qolar, nishonga borib tegish o‘rniga yerga sanchilib, sinar edi. Dastlabki to‘p gumburidan keyin dushmanlar bir-biriga yaqinlashadilar va nihoyat navbat qilichbozlikka yetadi, saflar aralash-quralash bo‘lib ketadi, qo‘l jangi boshlanib, har ikki tomon jon olib-jon berib olishadi. Doro hamon fil ustida mahkam o‘tirgancha dalda berar, qichqirar va har tomonga qarab ishoralar qilar edi. Nihoyat u shiddat bilan shunaqangi olg‘a intiladiki, dushman suvoriylarini tumtaraqay qilib chekinishga va orqaga qochishga majbur etdi.
O‘sha yerdan sal narida fil ustida bo‘lgan Avrangzeb ham bu tartibsizlikni ko‘rib, bor kuchi bilan ahvolni yaxshilashga urindi, biroq, befoyda. Doroning tazyiqini to‘xtatishga harakat qilgancha u o‘zining eng yaxshi suvoriylar dastasini oldinga surdi, biroq bir necha muddatdan so‘ng bu dasta ham tirqirab ketib, chekinishga majbur bo‘ldi. Avrangzebning bunga xalaqit berish uchun qilgan barcha urinishlari zoye ketdi. Biroq uning jasorati va qat’iyatiga e’tibor qilmay ilojimiz yo‘q: u butun qo‘shinning parokanda bo‘lganini va qocha boshlaganini ko‘rib turardi, qattiq turib jang qilayotgan askarlarining soni mingtadan ko‘p emasdi (ba’zilarning menga aytishicha, ular besh yuztacha edi, xolos), yo‘lning nobopligi, ayrim joylarda jarliklar va o‘nqir-cho‘nqirliklar bo‘lishiga qaramay, Doroning ustiga bostirib kelmoqchi bo‘layotganini ham ko‘rib turardi, — shunday bo‘lishiga qaramay, u matonatini yo‘qotmadi, chekinish haqidagi fikrni xayoliga ham keltirmay, mahkam turardi. Atrofida jipslashgan o‘zining eng yaxshi sarkardalarini ismi bilan chaqirib, ularga “Dalerona!” deb qichqirardi. Bu — “Bardam bo‘linglar, do‘stlarim!” degan ma’noni berardi. “Xuda he!” (“Xudo bor!”) qo‘shimcha qilardi yana, — qochishingizdan umidingiz nima? Dakan viloyatimiz qayerdaligini bilmaysizmi yo? Xuda he! Xuda he!” Hech qanaqangi bahona bilan uning qochishga ahd qilmayotganiga ishonchlari komil bo‘lgan sarkardayu askarlariga u, agar o‘z jasoratu qat’iyat ko‘rsatishga yuragingiz bo‘lmasa, filimning oyog‘ini zanjirband etib, tushovlab qo‘yinglar, deya buyruq berdi (shunaqasi ham bo‘lar ekan-da!).
Bu orada Doro haqiqatan ham uzoqda bo‘lishiga va o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar yurishga xalaqit berayotganiga ham qaramay, Avrangzeb ustiga bostirib kelishga harakat qilardi. Tepaliklar va vodiylar suvoriylarga to‘lib ketgandi, garchi ular tartibsiz holda bo‘lsa-da, qarshilik ko‘rsatishga muvaffaq bo‘layotgandi. Shu bilan birga shu tariqa harakat qilgancha u g‘alaba qozonishi va jangni o‘z foydasiga hal etishi hech gap emasdi. Avrangzeb esa o‘zining kamsonli askarlari bilan bu tazyiqqa bardosh berolmasligi tobora ko‘proq ayon bo‘lmoqda edi. Biroq Doro o‘z afzalliklaridan foydalana olmadi. Avrangzebning qiyin vaziyatdan qutulib chiqishiga va Doroning vaqtincha g‘alaba qozonishiga, mana, nimalar sabab bo‘lgandi:
Doro chap qanot qattiq tartibsizlikka giriftor bo‘lganini ko‘rdi, unga Rustamxon va Chatresal o‘ldi, Ramsinh Rutle esa juda oldinga ketib qoldi, dushman saflarini yorib o‘tdi va o‘ziga yo‘l ochib oldi, biroq chor atrofdan qurshovga tushib, katta xavf ostida qoldi, deb xabar qilishdi. Shu narsa Doroning Avrangzeb ustiga to‘g‘ri bostirib borishi va chap qanotga yordam berish uchun harakat qilish niyatidan qaytardi. Juda shiddatli jang boshlandi, biroq oxir-oqibatda qarshisidan uchraganlarni ag‘dar-to‘ntar qilgancha va dushmanni qattiq sarosimaga solgancha g‘alaba ham qildi; shunday bo‘lsa-da, u mudom qarshilikka duch kelmoqda va u ushlanib qolmoqda edi. Ramsinh Rutle esa hayratomuz darajada matonat va mardlik bilan jang qilardi, u Murod Baxshni yarador qildi va unga shu qadar yaqin bordiki, uning fili ayillarini kesib tashlab, o‘zini yerga uloqtirishga hozirlik ko‘ra boshladi. Biroq Murod Baxshning shavkati va tolei uning niyati amalga oshishiga yo‘l qo‘ymadi. Shu kuni hech kim Murod Baxshdek shu qadar jasorat bilan jang qilmadi. Ramsinh Rutlening rajputlari yarador qilgan va iskanjaga olgan Murod Baxsh ustiga vahshiylarcha bostirib borganlarida ham u aslo cho‘chimadi, bir qadam ham ortga chekinmadi va qulay fursatlardan shunaqangi ustalik bilan foydalandiki, garchi egariga yonma-yon o‘tqazib olgan yetti yoki sakkiz yashar o‘g‘lini qalqon bilan himoya qilishga majbur bo‘layotganiga ham qaramay, u Ramsinh Rutleni kamonidan nishonga ola bildi va u jon berib, yerga quladi.
Doro bu mudhish xabardan juda tez voqif bo‘ldi, biroq shu bilan birga unga shunday xabarni ham yetkazishdiki, Murod Baxsh katta xavf ostida qolgan, rajputlar o‘z sohiblarining o‘limi uchun qasos olish niyatida sherdek olishmoqdalar. Garchi bu tomondan yo‘lning g‘oyat og‘irligini, yo‘lda esa unga qarshilik ko‘rsatayotgan va kechiktirib qo‘yayotgan kichik-kichik to‘dalar mudom uchrab turganini bilsa-da, u Murod Baxsh tomon harakat qilish ahdidan qaytmadi. U ilgariroq Avrangzeb ustiga bostirib bormay, xatosini to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan bu eng yaxshi reja edi; biroq uning baxtiqaroligi deymizmi yoki eng mudhish sotqinlik deymizmi, yo bo‘lmasa ilgari hech misli ko‘rilmagan eng katta xatolikmi, nima bo‘lganda ham aynan shu narsa Doroning to‘la tor-mor etilishi va o‘limiga sabab bo‘ldi.
Doro va qo‘shinning chap qanoti jon-jahdi bilan va hatto muvaffaqiyatli olishib turgan bir vaqtda o‘ng qanotda o‘ttiz ming mo‘g‘ul lashkariga qo‘mondonlik qilayotgan Xalilulloxon, go‘yo jangda ishtirok etmayotgandek, bir chetda qo‘l qovushtirib turardi. Holbuki tashqi yordamsiz ular Avrangzebning butun qo‘shinini tor-mor etishga qodir edi. U zaxiraga qo‘yilgani va qo‘lida favqulodda holatdagina jangga kirishishi haqida buyruq borligi bahonasi ostida o‘z sarbozlaridan birontasiga ham kamondan o‘q uzishga imkon bermayotgandi. Biroq yuragining tubida saqlab kelayotgan haqiqiy sabab esa Doroning uni botush (mo‘g‘ullarning oyoq kiyimi) bilan bir necha bor urishga buyruq berib, haqoratlangani edi. Agar o‘sha yaramas shu qo‘l qovushtirib turishi bilan cheklanib qo‘ya qolganida ham bir nav edi: shu bilan Doro jangda yutib chiqishi ham mumkin edi. Biroq uning g‘azabi va o‘ch olishga tashnaligi juda dahshatli tus oldi: Xalilulloh o‘zining asosiy dastasidan ajralib chiqdi-da, ozsonli a’yonlari hamrohligida shiddat bilan Doro ustiga qarab ot soldi. Doro Murod Baxsh ustiga bostirib borishga hozirlik ko‘rib turgan bir vaqtda u kishi ovozi yetgulik masofa qolganda ovozining boricha hayqira boshladi: “Muborakbod, Hazrat! Alhamdulilloh, Siz g‘alaba qozondingiz! Hazratim, endi fil ustida o‘tirganingiz nimasi? Shuncha vaqt hayotingizni xavf ostiga qo‘yganingiz yetmaydimi?! Muborak chakmoningizni tilka-pora qilgan paykonlardan birontasi badaningizga tekkanda biz nima qila olar edik? Bu qo‘shinda sotqinlar ozmunchami? Xudo haqi, pastga tushing-da, tezroq otga mining. Endi bu qochoqlarni ta’qib qilish qolgan, xolos. Ularning qo‘ldan chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymaylik!”
Yolg‘onni fosh etishga va fildan tushib, undan ko‘z uzmay turgan qo‘shin nigohidan bir lahza pana bo‘lgudek bo‘lsa nimalar bo‘lishiga ozgina farosati yetganda edi, u g‘addor sotqinning o‘sha zahoti boshini olishga buyruq bergan bo‘lar edi. Biroq oqko‘ngil shahzoda bir makkorning gapiga kirib, shirin so‘zlardan erib ketdi. Juda samimiy va to‘g‘ridek bo‘lib ko‘ringan maslahatga quloq solgancha u fildan tushdi va otga mindi. Biroq oradan chorak soatcha vaqt o‘tdimi-yo‘qmi, u Xalilullohning makrini anglab qoldi va yo‘l qo‘ygan xatosidan pushaymon bo‘la boshladi. U, qani o‘sha sotqin, o‘ldiraman uni, deya ko‘zi bilan yon-atrofni qidira ketdi, biroq sotqin allaqachon juftakni rostlab qolgan bo‘lib, fursat boy berilgan edi. Ishonasizmi, qo‘shin Doroning fil ustida yo‘qligini ko‘rib, uni o‘ldiga chiqardi va butun qo‘shinni dahshat chulg‘adi. Har kim endi qanday qilib Avrangzeb qo‘lidan qutulib chiqishu jon saqlashni o‘ylar edi. Nimasini ham aytay? Hammasi birvarakay oyog‘i osmondan bo‘lgandi, hamma har tomonga tumtaraqay qochar edi. Hozirgina g‘olib bo‘lganlar to‘satdan mag‘lubga, tashlandiqqa aylanib, jonini saqlashga majbur bo‘layapti! Xullas, fil ustida chorak soatgina chidab o‘tirgan Avrangzeb Hindiston taxtini egallagan, fil ustidan bir ozgina oldin yerga tushgan Doro esa taxtdan ag‘darilgan va dunyodagi eng baxtiqaro shahzodaga aylangan edi. Arzimagan bir harakat tufayli jang natijasi va buyuk saltanatning kelajagi hal bo‘lgan-qo‘ygan edi.
Bu hayratomuz ikki ulkan qo‘shin goho odamni tong qoldirar edi, ammo qo‘rquv va sarosimalik degani shunday bir baloi azim bo‘lar ekanki, bir xurujga solsa uni hech narsa bilan to‘xtatishning iloji bo‘lmay qolarkan. U bamisoli to‘g‘onni buzib yuborgan toshqin daryoga o‘xsharkan. Yo‘lida uchragan hamma narsani yuvib, o‘pirib, buzib, oqizib ketarkan…
…Bunday kutilmagan muvaffaqiyatdan ruhlangan Avrangzeb o‘zidagi bor jasoratni, epchillikni, ayyorlikni ishga sola ketdi — temirni qizig‘ida bosish uchun jonini jabborga bera boshladi. Xalilulloh zumda uning qoshiga yetib keldi va uning xizmatiga tayyorligini bildirdi. Avrangzeb unga zo‘r iltifotlar ko‘rsatdi va ko‘p va’dalar berdi, biroq Xalilullohning taklifiga darrov xo‘p deyishdan oldin uni darhol Murod Baxsh huzuriga olib bordi. Albatta, Murod Baxsh uni quchog‘ini keng ochib qarshi oldi. Avrangzeb esa jang chog‘ida ko‘rsatgan shavkati va matonati uchun Murod Baxshni ko‘klarga ko‘tarib maqtadi, Xalilulloh oldida uni davlatpanoh deb atab, g‘alabaning bosh sababchisi sifatida alqadi. Xalilullohning o‘zini esa chinakam fuqaro va saltanat mulozimi deb sharaflagan bo‘ldi. Shundan so‘ng u kechasiyu kunduzi ter to‘kib mehnat qila boshladi, barcha amirlarga maktublar yozib, bugun biriga, ertaga boshqasiga yordam qo‘lini cho‘zib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlar edi. Uning amakisi, Doroning eski va kuchli dushmani Shoh Jastxon ham bir vaqtlari haqoratlangani uchun boplab o‘chini oldi — u ham Doroni xumordan chiqquncha haqorat qildi. Holbuki, butun Hindistonda o‘zining xushnavisligi va gapga chechanligi bilan mashhur bo‘lgani boisidan, hamma joyda Doroga qarshi harakat qilishga uringan holda, ko‘plab fitnalarni uyushtirib berdi va Avrangzebning muvaffaqiyatlarini ta’minlab turdi. Biroq Avrangzebning ayyorligi va riyokorligini aytib o‘tish kerak: u nimaniki qilsa, nimaiki bitim tuzsa, nimaiki va’da bersa — go‘yo bu narsalar Avrangzeb uchun emas va uning nomidan ham emas, uning birdan-bir niyati — darveshona yashash, bu ham bo‘lsa faqatgina Murod Baxsh uchun. Murod Baxshning aytgani aytgan, degani degan, Avrangzeb uning oldida hech kim emas, hammasini Murod Baxsh qilayapti, u davlatpanoh bo‘lishi kerak, vassalom.
Sho‘rlik Doroga kelsak, u o‘zini yo‘qotgan ko‘yi Agraga shoshiladi, ammo Shoh Jahon huzuriga borishga jur’at qilolmaydi. Jang oldidan xayrlasha turib unga shafqatsizlarcha aytgan so‘zlarini eslaydi: “Bilib qo‘y, Doro, bordi-yu, yengilgudek bo‘lsang, oldimga qaytib kelma!” Shunday bo‘lsa-da, keksa Shoh Jahon mahramlaridan birini uning huzuriga yo‘llab, Doroni yupatishni, uni jonidan yaxshi ko‘rishini aytishni buyuradi. Uning yengilganidan afsus qilayotganini, biroq ruhi cho‘kmasligini, hali hammasi qo‘ldan ketmaganligini, unda Sulaymon Shayx boshliq yaxshi qo‘shini borligini eslatadi. U to‘g‘ri Dehliga borishi kerakligini, u yerda davlat otxonasidan mingta ot olishini, qal’a dorug‘asi esa pul va fillar berishini tayinlaydi. Xullas, iloji boricha uzoqqa ketmasin, Shoh Jahon unga maktublar yozib turadi va Avrangzebning boplab ta’zirini berib qo‘yadi va hokazo, va hokazo. Menga aytishlaricha, Doro bu paytda o‘zini shunaqangi ezilgan va yo‘qotib qo‘ygan ediki, mahramga bir og‘iz bir nima deb javob qaytarishga ham, bironta odamni Shoh Jahon huzuriga yo‘llashga ham majoli yetmaydi. Bir necha choparini Begim Sohibga yuboradi-da, xotini, qizi va nabirasi Safo Shayxni olib yarim tunda jo‘nab ketadi. Ba’zi gaplarga qaraganda, unga ko‘pi bilan uch yuz yo to‘rt yuz odam hamroh bo‘lib ketgan. Doro Dehli tomonga ketaversin, biz Avrangzebning qanday epchillik bilan o‘z ishlarini to‘g‘rilaganini ko‘rish uchun Agrada tura turamiz.
Doro va uning tarafdorlari Sulaymon Shayxning g‘olib qo‘shiniga umid bog‘lashi mumkinligini Avrangzeb yaxshi bilardi. Shuning uchun bu qo‘shinni undan tortib olishga yoki juda bo‘lmaganda uni safdan chiqarishga ahd qildi. Shu maqsadda u roja Jessinga va Sulaymon Shayx qo‘shinining bosh sarkardasi Dalilxonga ketma-ket maktublar yo‘llaydi. Maktublarda endi Doroning askarlariga ishonch qolmaganini, jangni boy bergach, Doro qo‘shinsiz bir o‘zi Dehliga qochib ketganini, u qo‘ldan chiqib ketishi mumkinligini va uni tutish uchun hamma joyga buyruqlar tarqatilganini aytadi. Shoh Jahonga kelsak, u shunday holatdaki, uning sog‘ayib ketishiga hech qanday umid qolmagan. Bundan keyin qanday ish tutish lozimligi ustida yaxshilab o‘ylab ko‘rishni taklif etadi: bordi-yu ular aqlli odamlardek, uning omadidan ibrat olib, u bilan do‘st tutinishsa, Sulaymon Shayxni qo‘lga olishsin-da, uning huzuriga olib kelishsin.
Jessing nima qilishini bilmay ikki o‘t orasida qoldi. U hamon Shoh Jahon va Dorodan qo‘rqar, undan ham ko‘proq qo‘li shahzoda qoni bilan bo‘yalishidan cho‘chirdi. Ertami-kechmi, garchi Avrangzebning o‘z qo‘li bilan bo‘lsa ham, shunday baxtiqarolik albatta yuz berishi mumkinligini bilardi. Bundan tashqari, u Sulaymon Shayxning qo‘lga tushishdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘radigan darajada botirligini ham bilardi. Pirovardida qalin do‘sti bo‘lmish Dalilxon bilan maslahatlashib, u shunday to‘xtamga keladi: bir-birlariga sadoqatda bo‘lishga yana bir ont ichishib, u uni sabrsizlik bilan kutayotgan Sulaymon Shayx chodiriga yo‘l oladi. Doroning tor-mor etilganidan u ham voqif bo‘lib, Jessingga bir nechta odam yuborgan edi. Jessing unga hamma gapni ochiq-oydin so‘zlab berdi, Avrangzebning maktubini, uni tutish haqidagi farmonni ko‘rsatdi va uni xatardan ogoh etdi, Dalilxonga yoki Dovudxonga yoki qo‘shin ichidan boshqa birontasiga ishonish uchun hech qanday asos yo‘qligiga e’tibor qaratdi. Do‘st sifatida unga iloji boricha tezroq Srinagarga yetib olishga harakat qilishini maslahat berdi, chunki qiyin ahvoldan chiqib ketish uchun bundan yaxshiroq chora yo‘q. Odam oyog‘i yetishi qiyin bo‘lgan yerda joylashgan bu yurt rojasi Avrangzebdan xavotir olmaydi va uni quchog‘ini keng ochib kutib oladi. U yerda bundan keyin ish qanday tus olishini ko‘radi va zarur bo‘lganda tog‘dan bemalol tushib kelaveradi. Bu gaplardan yosh shahzoda rojaga endi suyanib bo‘lmasligini va hayoti xavf ostida qolganini anglaydi, boz ustiga Dalilxon butunlay rojaga sodiq edi, chunonchi bu maslahatni qabul qilishdan o‘zga chorasi qolmagani unga kunday ravshan bo‘ladi. U zudlik bilan yuklarni ulovlarga ortishga va toqqa qarab ravona bo‘lishga farmon beradi. Mansabdorlar, saidlar kabi unga ko‘proq sodiq bo‘lgan ayrim odamlar uning ortidan borishni o‘zlari uchun vojib deb biladilar, bunday qarordan qattiq taajjubga tushgan boshqalar esa roja bilan qolishadi. Biroq roja va Dalilxon uning karvoniga hujum qilish uchun odamlarini yuborishi ajabtovur roja tomonidan sodir etilgan o‘ta ablahlik va beqiyos shafqatsizlik edi. Boshqa buyumlar bilan bir qatorda oltin rupiyalar ortilgan filni ham tortib olishadi. Bu hujum shahzodaga hamrohlik qilgan kamsonli to‘dani butunlay esankiratib qo‘yadi. Ko‘plar karvonni tashlab, izlariga qaytib ketadilar. Buni ko‘rib, dehqonlar ham uning odamlariga hujum qiladilar, bor bud-shudlarini talab, ayrimlarini hatto o‘ldiradilar. Shunga qaramay, shahzoda xotini va bolalari bilan bir amallab toqqacha yetib keladi. Srinagar rojasi uni g‘oyat izzat-ikrom ila kutib oladi, bu yerda unga hech narsa xavf sola olmasligiga ishontiradi, hatto bu yurtga o‘zingiz hukmdor bo‘lib qo‘ya qoling, men o‘zim sizni himoya qilaman va qo‘limdan kelgancha koringizga yarayman, deydi. Bu orada Agrada shunday voqea yuz beradi.
Samongir jangidan uch yo to‘rt kun o‘tgach, Avrangzeb Murod Baxsh bilan birga to‘g‘ri qal’adan bir milcha naridagi bog‘ darvozasi tomon yo‘l oldi. O‘sha yerdan Avrangzeb o‘zi qattiq ishongan chaqqon mahramlaridan birini Shoh Jahon huzuriga yuboradi. Otam bilan salom-alikdan keyin unga sodiqligimni va muteligimni yaxshilab anglat, bo‘lib o‘tgan ishlardan qattiq afsusdaligimni bildir, deb tayinladi. Yana, Doroning manmanligi va makri tufayli shunday keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lganimni va hukmdorning sog‘lig‘i haqidagi xushxabardan sevinchdan terimga sig‘may ketganimni, bu yerga esa Shoh Jahondan amru farmonlar olgani kelganimni ayt, dedi. U mahramning barcha gaplarini diqqat bilan tingladi, garchi ish haddan tashqari chigallashib ketganini ko‘rib tursa-da, o‘g‘lining oshkora sevinch bilan ifoda etgan itoatkorligini qabul qildi. Avrangzebning ichimdagini topligi va quvligini va hukmdor bo‘lishdan pinhoniy ishtiyoqini yaxshi bilgan holda u uning o‘zigayu muloyim so‘ziga aslo ishonmaslik kerakligini tushunardi. Shu bilan birga yon berishni ma’qul topdi. Eng ishonchli usul bilan harakat qilish, tadbirkorlikni namoyon etish, o‘zini shahar bo‘ylab taxtiravonda olib yurish, majburlab el ko‘ziga ko‘rinib turish, o‘zining barcha amirlarini to‘plash o‘rniga (hali ham vaqt kech emasdi), u ayyorlikda ustasi farang Avrangzebni qo‘lga tushirishga harakat qilardi. O‘g‘lini tushirmoqchi bo‘lgan tuzoqqa oxirida Shoh Jahonning o‘zi ilinib qoldi. U Avrangzebga mahramini yubordi. Bu bilan u Doroning ahmoqona qiliqlarini va hatto noqobilligini yaxshi bilishini anglatmoqchi edi. Mahramidan Avrangzebni avvalgiday yaxshi ko‘rishini, bunga zarracha shubha bo‘lishi mumkin emasligini aytdi. Shuning uchun iloji boricha tezroq huzuriga yetib kelishini, chigalliklarni birga hal qilishini so‘radi, hammadan ham suyukli o‘g‘lini bir karra bag‘riga bosib, quchishga intiq ekanligini alohida ta’kidladi. O‘z tomonidan Avrangzeb Shoh Jahonning so‘zlariga juda ham ishonmaslikni, boz ustiga, o‘ziga dushman deb bilgani Begim Sohib tunu kun otasining qoshidan jilmay, uning qulog‘ini pishitib turishini fahmlardi. Qal’aga kirgudek bo‘lsa, uni tutib olishlaridan va shu bilan hamma ish uning zarariga hal bo‘lishidan qo‘rqardi. Darhaqiqat, aytishlaricha, aynan shu qarorga kelishib olishgandi ham, shu maqsadda haramdagi semiz-semiz oqsoch xotinlarni tish-tirnog‘igacha qurollantirib qo‘yilgandi, Avrangzeb ichkariga qadam qo‘yishi bilan hammalari unga tashlanishi kerak edi. Nima bo‘lganda ham Avrangzeb tavakkal qilishni istamadi, lekin har ehtimolga qarshi erta-indin otamning huzuriga yo‘l olaman, deb gap tarqatdi. Biroq tayinlangan kun kelishi bilan uchrashuvni ertaga qoldirib, vaqtni cho‘zgani-cho‘zgan edi, bu kun endi qachon kelishini hech kim aniq ayta olmasdi. U zimdan fitna uyushtirishda davom etmoqda va barcha bosh amirlarni o‘z rejasini amalga oshirishga ruhlantirmoqda edi. Nihoyat, uning rejalarini amalga oshirish uchun hamma narsa zimdan shay etib qo‘yildi deganda, birdaniga hammaning og‘zi lang ochilib qoldi: Shoh Jahon bilan muzokaralar olib borish bahonasida Avrangzebning qal’aga yuborilgan jasur va uddaburon katta o‘g‘li Sulton Mahmud hammani surib, eshik tagida qo‘riqchilikda turgan posbonga tashlandi, oldindan qo‘yib qo‘yilgan talay odamlar fursatni boy bermay ichkariga otilib kirdilar-da, qal’a devorlarini egallab oldilar.
O‘zining tuzoqqa ilinganini ko‘rib Shoh Jahon dong qotib qoldi, birovga qazigan chohga o‘zi qulagandi, Avrangzeb esa qal’ani egallagandi. Aytishlaricha, Sulton Mahmudning ruhini ko‘tarish uchun zudlik bilan unga odam yuborgan, unga taxtni va’da qilgan va agar menga sodiq qolsa yordam beraman, uni hukmdor qilaman deb Qur’on nomi bilan qasam ichgan. Fursatni boy bermay tezda xosxonamga yetib kelsin deb amr qilgan. Bu ishi bilan u xudoning marhamatiga va abadiy shon-shuhratga sazovor bo‘lishini aytgan: Sulton Mahmud bobom Shoh Jahonni zindondan ozod qilgan deb umrimning oxirigacha aytib yuraman degan. Haqiqatan ham, bordi-yu, shunday ish qilishga Sulton Mahmudning jur’ati yetgudek va Shoh Jahon ochiq shaharga chiqib jangga otlangudek bo‘lganida, hech shubhasiz, barcha nufuzli amirlar uning ortidan borgan bo‘lardi. Shunda Avrangzebning bevosita o‘z otasiga qarshi kurashishi uchun jur’ati ham, shaxti ham yetmagan bo‘lardi, boz ustiga undan hamma, ehtimolki, Murod Baxsh ham yuz o‘girardi.
Shoh Jahonning xatosi shundan iborat ediki, jangdan va Doroning qochib ketganidan keyin u qal’adan chiqmadi. Biroq Shoh Jahon go‘yo juda oqilona ish tutdi deguvchi odamlarni uchratdim. Bu masala siyosatchilar orasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi va shu fikrlarni qo‘llab-quvvatlovchi xulosalar bayon etildi. Masalan, shunday der edilar: qiziq, voqealar haqida hech qachon uning qanday anjom topganiga qarab hukm chiqarmaydilar; ko‘p hollarda ahmoqona tadbirlar muvaffaqiyatli tugallanadi, shuning uchun ham hamma uni ma’qullaydi; bordi-yu, Shoh Jahonning rejasi amalga oshganida edi, u yorug‘ olamdagi eng aqlli va uddaburon odam sanalgan bo‘lardi; biroq u tuzoqqa tushib, Begim Sohibday bir ayolning gapiga kirgan soddadil, ishonuvchan cholga aylanib qoldi. Bu ayol esa o‘ziga juda ham bino qo‘yib yuborgan, hammani oyoq uchida ko‘rsatardi. Chunonchi, u bilan ko‘rishgani Avrangzeb o‘z oyog‘i bilan keladi, qarabsizki, qush o‘zi qafasga kelib qo‘nadi, deb ishongandi. Juda bo‘lmaganida Avrangzeb hech qachon qal’ani olishga jur’at qilolmaydi va bu uning qo‘lidan kelmaydi ham derdi. Xuddi shu odamlar astoydil ta’kidlar edilarki, Sulton Mahmud yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan birdan-bir xato eng savobli va noyob bir ish yordamida tojni egallab olishdek imkoniyatdan foydalana olmaganidir: buning uchun bobosi Shoh Jahonni ozod qilishi, bu bilan oliy hakamlik huquqini adolatli ravishda qo‘lga kiritishi kerak edi. Buning o‘rniga u keyinchalik yorug‘ olam bilan vidolashgani Gvaliorga bosh olib ketdi. Nima bo‘lganda ham Sulton Mahmud (Shoh Jahon uni aldashidan va qal’a ichida hibsga olishidan qo‘rqdimi yoki o‘z otasi Avrangzeb ishonchini oqlamaslikka jur’at etmadimi) bu haqda eshitishni ham, bunday yo‘l tutishni ham istamadi. U hukmdorning xosxonasiga kirishdan bosh tortdi, Shoh Jahon ustiga bostirib borishga otamdan buyruq olganim yo‘q deb sovuqqina javob berdi, xolos. Faqat otam bemalol qaytib kelishi va men qiblagohimning oyog‘ini poybo‘s qilishim uchun barcha qal’a darvozalarining kalitlari bilan qaytib kelishdan o‘zga choram yo‘q deb iqror bo‘ldi. Ikki kuncha vaqt o‘tdi, Shoh Jahon hamon kalitlarni berishga qaror qilmayotgandi. Bu vaqt ichida Sulton Mahmud o‘z odamlari bilan kechasiyu kunduzi qal’a ichida hech qayoqqa jilmay turaverdi. Kichik eshik tagiga qo‘ygan odamlarining asta-sekin qochib ketayotganini ko‘rgach, nihoyat, Shoh Jahon kimga suyanishini bilmay, kalitlarni topshirdi. Agar chindan ham aqlli bo‘lsa, Avrangzeb huzurimga kelsin, men unga g‘oyat muhim gaplarni aytmoqchiman, deb farmon berdi. Biroq uning o‘zi tushunib turardiki, Avrangzeb bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yadigan anoyilardan emas. Aksincha, buning o‘rniga u o‘sha zahoti mahrami E’tiborxonni qal’a dorug‘asi etib tayinladi; u esa tezlik bilan Shoh Jahonni Begim Sohib va boshqa barcha xotinlari bilan birgalikda eng to‘rdagi xonalarga qamab qo‘ydi. Birov bilan gaplashmasligi, xat olib-xat bermasligi va hattoki ruxsatsiz xonasidan chiqmasligi uchun bir qancha eshiklar qurdirdi.
Bu orada Avrangzeb Shoh Jahonga maktub bitdi, uni muhrlashidan oldin hammaga ko‘rsatib chiqdi. Maktubda u harholda anchayin sovuqqonlik bilan xabar qilar ediki, go‘yoki unga ishonchli manbalardan quyidagilar ma’lum: Shoh Jahonning Avrangzebga azbaroyi hurmati balandligi va Doroga nisbatan nafrati zo‘rligiga qaramay, baribir u Doroga oltin rupiyalar ortilgan ikki filni yuborgan, bu bilan uning sog‘ayib ketishi va urushni qaytadan boshlashi uchun yordam bermoqchi bo‘lgan. Shunday qilib, Avrangzeb emas, balki Doro uni ozod bo‘lish imkoniyatidan mahrum etdi deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Shoh Jahon o‘z boshiga tushgan barcha musibatlar uchun gunohkor hisoblangan Dorodan xafa bo‘lishi kerak. Agar Doro bo‘lmaganida, u, ya’ni Avrangzeb, birinchi kuniyoq uning huzuriga kelgan va ota o‘z farzandidan kutishi mumkin bo‘lgan barcha farzlarni ado etgan bo‘lar edi. Binobarin, uning afvlarini inobatga oladi va barchasiga chidashni iltimos qiladi. Doroning riyokorona rejalarini amalga oshirish imkoniyatlaridan mahrum etgan zahoti uning o‘zi zudlik bilan haram eshiklarini ochish uchun yetib keladi. Bu yozishma munosabati bilan shu gaplarni eshitishimga to‘g‘ri keladiki, Shoh Jahon haqiqatan ham Doro jo‘nab ketgan tundayoq oltin rupiyalar ortilgan ikki filni jo‘natgan va Ravshanoro Begim bu haqda Avrangzebni voqif etishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari unga qurolli ayollar hujum qilajagidan ogohlantirgan. Avrangzeb hatto Shoh Jahonning Doroga yo‘llagan bir qancha maktubini qo‘lga kiritgan.
Ba’zilar esa menga bular bari uydirma ekanini aytishdi. Avrangzeb barchaga namoyish qilgan maktub esa xalqning ko‘ziga cho‘p suqishdan, barcha aybni Shoh Jahon va Doroga to‘nkab, suvdan quruq chiqishga urinishdan boshqa narsa emas. Chunki uni bunday yo‘l tutishga ular majbur qilganlar. Xullas, bu ishlarni oxirigacha to‘kis aniqlashning sira iloji yo‘q. Nima bo‘lganda ham Shoh Jahonning hibsga olinganini ko‘rgach, deyarli barcha amirlar Avrangzeb va Murod Baxsh huzuriga bosh egib borishdan o‘zga chora topmaganlar. Bundan o‘zini tiyishga yoki o‘z davlatpanohi manfaatiga biron-bir tadbir ko‘rishga jur’at qiladigan bitta ham mard topilmagani kishini taajjubga soladi. Holbuki, Shoh Jahon tufayli ular shunday darajalarga yetishishgandi, Shoh Jahon ularni botqoqqa botib ketishdan saqlab qolgandi, bo‘yinlarini qullik zanjiridan soqit etgandi. Sulton suyagini xorlamas deganlariday, saroy sharoitida yuksak sharaf va beqiyos sarvat sohibi etib qo‘yish tez-tez uchrab turadigan holdir. To‘g‘ri, Donishmandxon va shunga o‘xshash ayrim zotlar biron-bir tarafga o‘tmay, xolisligicha qolgan edi, ammo ulardan boshqa barcha akobirlar Avrangzeb tomoniga o‘tib ketgandilar.
Biroq shu narsani ham yoddan chiqarmaslik kerakki, avval aytib o‘tganimdek, ular shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishgandi. Hindistondagi holat Frantsiya va boshqa nasroniy davlatlardan farq qilar edi. Bizlarda saroy a’yonlarining katta-katta xususiy mulklari bo‘ladi, bular talay daromad keltirib, ma’lum vaqtgacha o‘z mablag‘lariga tirikchilik qilish imkoniyatini ta’minlaydi. Hindistonda esa a’yonlarga faqat nafaqa to‘lanadi, avval ta’kidlaganimdek, hukmdor uni istalgan vaqtda bekor qilishi ham mumkin, shunda ular birdaniga gadoga aylanib qolar, go‘yo ular hech qachon bo‘lmagandek, bir chaqaga olishmas va ular bir chaqa qarz ham ola olmas edilar.
Shu tariqa Shoh Jahon va barcha amirlar xavfidan emin bo‘lib olgach, Avrangzeb xazinasidagi pullardan keragicha oldi va so‘ngra amakisi Shoh Jastxonni shahar dorug‘asi qilib qoldirib, Murod Baxsh bilan birgalikda Doro ortidan quvib ketdi.
Qo‘shin Agradan chiqishi kerak bo‘lgan kunda Murod Baxshning o‘z do‘stlari, ayniqsa, uning mahrami Shoh Abbos ortiqcha mulozimat va ehtiyotkorlik riyokorlikning odatdagi belgisi ekanligini yaxshi bilar edilar. Ular Murod Baxshga, modomiki, u davlatpanoh ekan va Avrangzebning o‘zi shunday deb turgan ekan, Avrangzeb Doro ortidan bir o‘zi ta’qib qilaversin, Murod Baxsh esa o‘z qo‘shini bilan Agra va Dehli yaqinida qolaversin, deb maslahat berishdi. Bordi-yu, u shu maslahatga kirsa, u Avrangzebni ancha qiyinchilikka duchor qilib qo‘ygan bo‘lur edi; biroq koshkiydi Murod Baxsh Avrangzebni yomon ko‘rsa. Avrangzebning bu borada ham omadi chopgan edi: Murod Baxsh uning Qur’onni o‘rtaga qo‘yib ichgan ontlariga chippa-chin ishongan edi va ular birgalikda Dehli ustiga yurishni davom ettirdilar.
Ular Agradan 3-4 kunlik yo‘l naridagi Mathura shahriga yetib kelganlarida bir narsaning hidini olgan Murod Baxshning do‘stlari tag‘in unga tazyiq o‘tkazishga harakat qila boshladilar, Avrangzebning niyati buzuqligini va shubhali xatti-harakatlar qilayotganini uqdira boshladilar. Ular aytishdiki, har tomondan shu haqdagi xabarlar kelib turibdi va shu kuni Murod Baxsh hech bir ish bilan Avrangzebning chodiriga bormasin. Undan ko‘ra, zarbaning tezroq kelib tushishidan ogoh bo‘lmoq kerak: shu kuni sog‘lig‘i yomonlashib qolganini bahona qilib, chodirga borishdan o‘zini tiygani ma’qul. Shunda Avrangzeb o‘zi uni ko‘rgani keladi va yonida odamlari kamroq bo‘ladi. Biroq har qancha uqdirganlariga qaramay, Murod Baxsh birontasining gapiga ishonmaydi, unga berilgan yaxshi maslahatlarning birontasi ham qulog‘iga kirmaydi. Qaytanga Avrangzeb bilan do‘stligidan xursandligining namoyishi sifatida o‘sha kuni shomdayoq unikiga ravona bo‘ldi va u bilan ovqatlangani o‘sha yerda qoldi. U kelishi bilan uning yo‘liga ko‘zini to‘rt qilib o‘tirgan Avrangzeb uni quchoqlab qarshi oldi. U bilan birga oldindan tayyor qilib qo‘yilgan Minka va Avrangzebga sodiq uch-to‘rt sarkarda ham bor edi. Azbaroyi unga mehri oshganini bildirish niyatida erkalabgina ro‘molcha bilan uning yuzini silab qo‘ydi, ter va changini artgan bo‘ldi, og‘zidan esa “olampanoh, onhazrat” kabi so‘zlar bir nafas tushmasdi. Ko‘p o‘tmay kechki ovqat tortiladi, ular yeb-ichadilar, suhbat qizigandan-qizib ketadi, gapirilmagan gaplar qolmaydi. Nihoyat, ajoyib sheroz sharobi keltiradilar, yonida boshqa kobuliy musallaslar ham bor edi, xullas, sharobxo‘rlik boshlanib ketadi. Shunda o‘zini ashaddiy musulmon deb bilgan va sharobga qo‘lini ham urmagan Avrangzeb dasturxondan turib ketadi, Murod Baxshga Minka va boshqa sarkardalar bilan bemalol ko‘ngilxushlik qilishda davom etishini aytadi, yotmoqchi bo‘lgandek, asta u yerni tark etadi. Ichkilikni jonidan yaxshi ko‘rgan Murod Baxshga may juda yoqib qoladi va bo‘kib ichadi. Ichib-ichib, uxlab qoladi. Ayni shu narsa kerak edi. Uning miriqib uxlab olishiga imkon bermoqchiday, xizmatdagi barcha mulozimlarni tezda chetlatadilar, Murod Baxshning shamshiri va xanjarini olib qo‘yadilar. Ko‘p o‘tmay uni uyg‘otgani Avrangzebning o‘zi keladi. U xonaga kiradi-da, oyog‘i bilan bir tepadi. Murod Baxsh ko‘zini ochib qaraydi, Avrangzeb kutilmaganda do‘q ura boshlaydi: “Bu qanaqasi?! Bu qanday sharmandalik! Hukmdor degani ham shunaqa beg‘am bo‘ladimi? Shunaqa ham ichadimi? Men to‘g‘rimda, sen to‘g‘ringda nima deb o‘ylashmaydi odamlar? Yo‘qoting bu yerdan bu yaramas ichkilikbozni! Oyoq-qo‘lini bog‘lab qo‘yinglar-da, to o‘ziga kelmaguncha eshikdan chiqarmanglar!” Aytilgan so‘z — otilgan o‘q; Murod Baxsh ming qichqirmasin, o‘zini urmasin, befoyda; besh-olti odam unga tashlanadi-da, oyoq va qo‘llariga kishan soladi. Yaqin-atrofda turgan uning akobirlaridan ayrimlari bundan xabar topadilar va shovqin ko‘tarib, kuch bilan ichkariga kirishga harakat qiladilar, biroq Murod Baxshning bosh sarkardalaridan biri va to‘pchiboshi, allaqachon sotilib ketgan Olloquli do‘q urib, ularni to‘xtatib qoladi va tezda daf bo‘lishni aytadi. Katta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan dastlabki g‘alayonni tinchitish uchun butun qo‘shin bo‘ylab zudlik bilan odamlar tarqatiladi. Ular, biz hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turdik, hech gap bo‘lgani yo‘q, faqat Murod Baxsh ko‘proq ichib qo‘ydi-da, to‘polon ko‘tardi, hatto Avrangzebning o‘zini ham so‘ka boshladi, mast va quturgan Murod Baxshni uyga qamab qo‘yishga to‘g‘ri keldi, ertaga ertalab mastligi tarqagach, u tashqariga chiqadi, deya xaloyiqni ishontirishga urinar edilar. Shu bilan birga tun bo‘yi bosh sarkardalar va qo‘shindagi boshqa zobitlarga sovg‘alar ulashib chiqildi, ularning maoshlari oshirildi, ularga ko‘pdan-ko‘p va’dalar berildi, chunki shunga o‘xshash gaplar bo‘lishini anchadan beri kutishardi. Ertasigayoq hamma deyarli tinchib qoldi, keyingi tunda esa sho‘rlik shahzodani fil ustiga o‘rnatilgan usti yopiq kajava — “amboriy”ga qamashdi-da, to‘g‘ri Dehliga daryo o‘rtasida joylashgan mo‘jazgina eski qal’aga olib ketishdi.
Shu tariqa qattiq tashvishga tushgan mahram Shoh Abbosdan boshqa barcha odamlar tinchlangach, Avrangzeb Murod Baxshning butun qo‘shinini qabul qilib oldi va katta-katta dovonlar osha Lohur tomon ketib borayotgan va o‘sha yerda mahkam o‘rnashib, o‘ziga tarafdorlar to‘plashni maqsad qilgan Doroni ta’qib qila boshladi. Biroq Avrangzeb shu qadar shitob bilan ta’qib qilmoqda ediki, Doro biron-bir chora ko‘rishga ulgurmadi va undan nari Mo‘lton tomon harakat qilishga majbur bo‘ldi. Biroq bu yerda ham tuzukroq hech narsa qilolmadi, qattiq jaziramaga qaramay, u tunu kun yo‘l yurardi. Uning shoshgani shunchalikki, goho qo‘shinga dalda berish uchun ikki-uch chaqirim oldinda borardi. Ko‘pincha boshqalar qatori bemaza suvdan ichishga, bir burda qotgan non bilan qanoat qilishga, yo‘l o‘rtasida qo‘shinini kutgancha va oddiy askardek qalqonini boshiga qo‘yib, daraxt tagida yotgancha kutib turishga majbur bo‘lardi. Bunday tezkor ta’qib oqibatida Doro Avrangzebga duch kelmaslik uchun Mo‘ltonni ham tark etishga majbur bo‘ldi — u raqibiga qarshilik ko‘rsatishdan mutlaqo ojiz edi. Mahalliy siyosatdonlar turli fikrlarni bayon etar edilar, masalan, aytishardiki, Lohurdan ketar chog‘ida agar Doro maslahatga kirib, Kobul xonligida yashiringanda edi, u yerda afg‘onlar, forslar va o‘zbeklarga qarshi mo‘ljallangan o‘n ming jangchiga ega bo‘lar edi. Avrangzebni jinidan yomon ko‘radigan, Hindistondagi eng keksa va qudratli amirlardan biri Mahobatxon aynan shu qo‘shinga boshchilik qilardi. Bundan tashqari, Doro Fors va Movarounnahr darvozalari tagiga borib olgan bo‘lardi. Butun qo‘shin va puli toshib yotgan Mahobatxonning o‘zi ham Doro tomonga o‘tar edi, shu tariqa u ham Movarounnahrdan, ham Forsdan yordam olish mumkin edi. Bir vaqtlar forslar Humoyunni undan pathanlar shohi Zohirxon tortib olgan taxtga o‘tqazganda shunday bo‘lgan edi. Biroq hamma balo shunda ediki, Doro yaxshi maslahatga kiradigan odamlar sirasidan emasdi. Buning o‘rniga u Sind tomonga yo‘l oldi va Hind daryosining o‘rta qismida joylashgan kuchli va mashhur Tatabaqar qal’asiga tashlandi.
Uning shu yo‘ldan ravona bo‘lganini, Kobul tomon yurmaganini ko‘rib sevingan Avrangzeb ortiq ta’qib qilishni zarur deb topmadi. U o‘zining ko‘kaldosh ukasi Mirbobo boshchiligidagi yetti yoki sakkiz ming odamni uning izidan yuborish bilan qanoatlanib qo‘ya qoldi. Avrangzeb Agradagi voqea takrorlanib qolishidan cho‘chib, shartta burildi-da, o‘shanday shitob bilan orqaga yo‘l oldi. Jessing yoki Jessomseng kabi rojalardan bir qanchasi Shoh Jahonni qal’adan ozod etishga yoki Srinagar rojalari bilan birga Sulaymon Shayxning tog‘dan tushib kelishga, va nihoyat, Sulton Shujoning Agraga juda yaqin kelishga harakat qilishidan xavotirda edi. Uning haddan tashqari shoshqaloqlik qilgani oqibatida mana bunday voqea sodir bo‘lgandi.
Mo‘ltondan Lohurga qaytayotganida va odatdagi shitob ila harakat qilib borayotganida u unga qarama-qarshi tomondan yaxshi qurollangan to‘rt yo besh ming rojput hamrohligida kelayotgan roja Jessingni ko‘rib qoldi; qo‘shinni o‘zidan ortda qoldirib kelayotgan Avrangzeb bu rojaning Shoh Jahonga g‘oyat sodiqligini bilardi. Bu imkoniyatdan foydalanib, rojaning uni qo‘lga olishi, Shoh Jahonni qal’adan ozod qilishi va davlat to‘ntarishi qilishidan naq yuragi yorilayozdi; ayni damda bunday qilish haddan tashqari oson edi. Aslida esa rojaning bunday niyati bor-yo‘qligi noma’lum edi, chunki u shunchalik shitob bilan kelayotgan ediki, Avrangzeb undan mutlaqo bexabar edi va uni hali Dehlida turibdi deb taxmin qilayotgan edi. Biroq qat’iyat va o‘zini yo‘qotmaslikda gap ko‘p ekan! Avrangzeb hayajonga tushmay va hech bir hadik-padiksiz to‘g‘ri roja tomon yo‘naldi va uni uzoqdan ko‘riboq qo‘li bilan imlab chaqirarkan, shunday deb qichqirdi: “Salomat bo‘ling, roja jiy! Salomat bo‘ling, bobo jiy!” Roja yaqin kelgach, u dedi: “Men seni sabrsizlik bilan kutayotgandim. Hammasi tamom bo‘ldi, Doro o‘ldi, u bir o‘zi qoldi, men uning orqasidan Mirboboni jo‘natdim, u qochib ketolmaydi”. So‘ng azbaroyi iltifot yuzasidan bo‘ynidagi dur marjonni oldi-da, uni rojaning bo‘yniga taqib qo‘ydi. Undan tezroq ajralish niyatida va iloji boricha muloyim bo‘lishga harakat qilib (Avrangzeb uning tezroq ko‘zidan nari bo‘lishni xohlayotgandi), u rojaga dedi: “Roja, tezroq Lohurga bor, mening qo‘shinim charchagan. Tezroq borgin-da, o‘sha yerda meni kutib tur: u yerda biron korihol bo‘lishidan qo‘rqaman, seni shaharga hokim qilib tayinlayman, hammasini sening qo‘lingga topshiraman. Sening men uchun, Sulaymon Shayxga qilgan ishlaring uchun sendan minnatdorman. Dalilxonni qayerda qoldirding? Men undan o‘ch olaman. Qani, tezroq bo‘l! Xudo seni o‘z panohida asragay. Xayr”.
Tatabaqarga yetib kelgach, Doro aqlli, jasur va shavkatli mahramini qal’a dorug‘asi qilib tayinladi, pathan va sayyidlardan iborat ajoyib o‘rdusini va portugallar, inglizlar, frantsuzlar va olmonlardan iborat katta miqdordagi to‘pchi “farangiy”larni qoldirdi. Ular Doroning katta va’dalariga uchib, unga kelib qo‘shilgan edilar, ular agar ish baroridan kelsa va Doro hukmdor bo‘lsa, biz, “farangiy”lar, bitta qolmay amirlarga aylanamiz, deb umid qilgan edilar. Doro u yerda xazinasining katta qismini ham qoldirgandi: uning xazinasida oltin ham, kumush ham to‘lib-toshib yotardi. Uning o‘zi esa u yerda bir necha kun turgach, ikki yoki uch ming odam bilan Hind daryosining quyi oqimi bo‘ylab Sindga yetib keldi va Kach rojasining mulklarini shiddat bilan kesib o‘tib, Gujaratdagi Ahmadobod darvozasiga yaqinlashdi. U yerda dorug‘a Avrangzebning qaynotasi Shoh Navozxon edi. Uning qarshilik ko‘rsatishiga qodir ajoyib harbiy o‘rdasi bor edi. Biroq, u to‘satdan qo‘lga tushib qolganidanmi, yoki jasorati yetmadimi (zero, uni haqiqiy jangchi deb atash qiyin edi: u ko‘proq maishatni sevuvchi, g‘oyat sertakalluf va sipo odam edi), harholda qarshilik ko‘rsatib o‘tirmadi, aksincha, u Doroni juda izzat-ikrom bilan qarshi oldi va shundan keyin u bilan shunaqangi chiqishib oldiki, Doro oqko‘ngilligiga borib unga ishonib qo‘ya qoldi, unga o‘z rejalarini bayon qildi va hattoki unga kelib qo‘shilish uchun to‘plangan do‘stlari va roja Jessomsengdan olgan maktublarni ko‘rsatdi. Shundan so‘ng ko‘plar nima degan bo‘lsa, o‘sha bo‘ldi, do‘stlari esa Shoh Navozxon, albatta, sizni sotib qo‘yadi, deb yozgan edilar.
Doroning Ahmadobodda ekanidan xabar topgach, hech kim Avrangzebchalik taajjubga tushmagan bo‘lsa kerak, chunki u Doroning puli ko‘pligini va o‘zidan norozilarning ko‘plari unga albatta borib qo‘shilishlarini bilar edi. Agra va Shoh Jahondan judayam yiroqlab ketib, Doroga qarshi Ahmadobodga borish xatardan xoli emas, bu viloyatlarda istiqomat qiluvchi allaqanday Jessomseng, Jessingga o‘xshash rojalar yerida tuzoqqa tushib qolishim mumkin deb hisoblardi. Bundan tashqari u Sulton Shujo katta qo‘shin bilan kelayotganini, hozir u Ollohobodda ekanligini, Srinagar rojasi esa Sulaymon Shayx bilan birgalikda tog‘dan tushish taraddudida ekanini bilib qoldi. Shunday qilib, u yana kalavasini yo‘qotib qo‘ydi va qayoqqa qarab yo‘l olishini bilmasdi. Oxirida u yaxshisi Doroni Shoh Navozxon bilan tinch qoldirishga va Gangani kechib o‘tib, Ollohobodga kelib qolgan Sulton Shujoga murojaat qilishga qaror etdi.
Sulton Shujo Kachhul deb atalgan kichik bir qishloqqa kelib qo‘ndi va yo‘l ustida joylashgan katta ko‘lni band qilib oldi. Avrangzeb undan bir yarim chaqirimcha narida, Agra tomondan oqib keluvchi uncha katta bo‘lmagan irmoq bo‘yida joylashgandi. Avrangzeb yetib kelgani hamon ertasi kuniyoq bu urushga xotima berishga shoshilib, karvonini irmoqning narigi sohilida qoldirgancha Shujoning huzuriga yo‘l oldi. Shujoni qo‘lga olish uchun qilgan sa’y-harakatlarini ta’riflashga so‘z yetishmaydi. Oilasi bexavotir joyda bo‘lgan, Dorodan endi zarracha hadik olmay qo‘ygan Dakan asiri Amir Jumla jang kunining o‘zida yetib keldi va o‘zining barcha harbiy mahoratini namoyish etdi. Biroq Sulton Shujo mahkam o‘rnashib olgani va yaxshi to‘plarga ega bo‘lgani boisidan Avrangzeb qo‘shinni yorib o‘tish yoki uni suvdan chekinishga majbur etishga qodir emas edi, aksincha zarbaning zo‘ridan uning o‘zi bir necha bor chekinishga majbur bo‘ldi. U qiyin ahvolga tushib qolgandi. Sulton Shujo na vodiy ichkarisiga chuqur kirib borishni, na egallab turgan qulay joyidan jilishni istardi. U faqat himoyaga o‘tishni afzal bildi va bu oqilona tadbir edi. Avrangzebning u yerda uzoq qola olmasligini, jazirama issiq tufayli albatta daryo tomon qaytib borishga majbur bo‘lishini oldindan bilardi, shunda unga orqadan kelib zarba berish osonroq bo‘lar edi. Avrangzeb ham buni yaxshi tushunardi va shu bois juda shoshmoqda edi, biroq shu yerda yana bir qiyinchilik paydo bo‘ldi.
Shu asnoda unga xabar keltirishdiki, u bilan yuzaki kelishuvchilikka borgan roja Jessomseng uning karvoni va xazinasini talon-toroj etib, to‘satdan hujumga o‘tgan. Bu xabar uni hang-mang qilib qo‘ydi, buning ustiga shu paytgacha mish-mish bo‘lib kelayotgan g‘alayon uning qo‘shinini qamrab olgan edi, ko‘plar to‘g‘ri kelgan tomonga qocha boshlagan edi.
Biroq u o‘zini yo‘qotmadi, agar iziga qaytsa, xuddi Doro bilan bo‘lgan jangdagidek, hamma narsadan mahrum bo‘lishini angladi, nima qilib bo‘lsa-da, endi bardosh berishga va iloji boricha uzoqroq jilmay turishga qaror qildi. Bu orada uning qo‘shini qattiq xavotirga tushib qolgandi. Paytdan foydalangan Shujo shiddat bilan hujum qilardi. Avrangzeb filining filboni kamon o‘qidan halok bo‘ladi, uning o‘zi ustiga esa kamonlardan paykonlar yomg‘irday yog‘ardi. Avrangzeb ham bo‘sh kelmayotgandi, biroq fil vahimaga tushib chekina boshlaydi. U shunaqangi nochor ahvolga tushib qolgan ediki, ana-mana yerga cho‘k tushib, yotib oladigandek. Agar shu yaqin orada jon olib-jon berib jang qilayotgan Amir Jumla qo‘llarini baland ko‘targancha: “Dakan, Dakan, qani Dakan?!” deb qichqirmaganda, uning holi nima kechishini yolg‘iz xudo bilardi. Avrangzebning taqdiri qil ustida turardi. Uning omon qolishiga hech bir umid yo‘q edi. Biroq omad degan narsa hamma narsadan ustun bo‘larkan. Sulton Shujoning peshonasiga esa Doro kabi majaqlab tashlanish va bazo‘r jon saqlab qolish yozilgandi. Xuddi shu kuni Avrangzebning g‘olib chiqishi va Hindiston hukmdori bo‘lish taqdiri azal tomonidan belgilab qo‘yilgandi.
Samongir jangini va Doroning tor-mor etilishiga sababchi bo‘lgan arzimagan voqeani eslaylik-a. Sulton Shujo ham xuddi o‘shanday xatolik, to‘g‘rirog‘i, xuddi o‘shanday xoinlik qurboni bo‘ldi. Ayrimlarning aytishicha, dushman tomonga sotilgan uning bosh sarkardalaridan Olloberdixon xuddi Xalilulloxon yo‘lini tutib, o‘shanday nayrang ishlatdi. Ba’zilar, buni u ataylab qilgani yo‘q, deyishdi, balki Avrangzeb qo‘shinining sarosimaga tushganini ko‘rib, bu bilan Sulton Shujoni tabriklash uchun sarkarda unga yaqin kelib tilyog‘lamalik qila boshlagan va: “Muborak bo‘lsin, Zafar muborak bo‘lsin!” deb qichqira boshlagan. Biroq Avrangzebning asli tolei balandligi va Sulton Shujoning omadi qaytganligini tan olgan holda voqea rivojini kuzataylik. Dorodan ko‘ra farosatliroq bo‘lgan Sulton Shujo ham o‘shanday xatolikka yo‘l qo‘ydi: u hali fil ustidan tushar-tushmas uning ko‘zdan yo‘qolganini ko‘rib, butun qo‘shin sarosimada qoldi, yo xoinlik sodir etildi, yoki Sulton Shujo asir tushib, o‘ldirildi, degan xayolda har tomonga sochilib keta boshladi. Avrangzeb qo‘shini shu qadar zo‘r g‘alabaga erishdiki, Sulton Shujo uchun yolg‘iz jonini asrab qolish ham chinakam baxtga aylandi.
Bu xabarni eshitib, Jessonseng boriga baraka, degancha o‘z mulklariga yetib olish uchun Agra tomon yo‘l oldi. Agrada esa Avrangzeb jangni boy berdi, Amir Jumla bilan birgalikda asirga olindi va Sulton Shujo ularni asir qilib olib yuribdi, degan mish-mishlar tarqalgandi. Ish shu darajaga borib yetgandiki, shahar dorug‘asi va Avrangzebning amakisi Shoh Jastxon Jessomsengni shahar darvozasi oldida ko‘rib, o‘zining ham kuni bitganiga ishonch hosil qilganidan zahar to‘la piyolani og‘ziga olib borgan. Agar xotinlari unga tashlanib, piyolani tortib olishmaganida, uning zaharlanib o‘lishi tayin edi. Aytishlaricha, agar Jessomseng bir oz topqirlik ko‘rsatib, Agrada birmuncha vaqt turganida, oz-moz do‘q-po‘pisalar va va’dalar qilib, Shoh Jahonni qal’adan olib chiqa olganida, hammasi ko‘ngildagidek bo‘lar edi, buning ustiga butun Agra Avrangzebning yengilganiga ishonch hosil qilgan edi. Biroq aslida nima gapligini yaxshi bilgan Jessomseng uzoq qolishga va biron-bir chora ko‘rishga botina olmadi. U shaharni kesib o‘tdi-da, shosha-pisha mulklari tomon ot solib ketdi.
Agradagi vaziyatdan va Jessomsengning Shoh Jahonni ozod etishi mumkinligidan xavotir olgan Avrangzeb butun qo‘shini bilan tezda Agraga qaytib keldi, Sulton Shujoni ta’qib etib, vaqtni boy berishni ham istamadi. Buning ustiga Sulton Shujo qochish chog‘ida ko‘plab odamlardan mahrum bo‘lganini eshitdi. U endi ko‘proq o‘z mavqeini tiklashga zo‘r berdi va buning uddasidan chiqdi ham. Chunki Sulton Shujoning hamon kuchli dushman ekanini, qo‘li nihoyatda ochiqligini, Ganganing har ikkala tomonidagi rojalar uni qo‘llab-quvvatlashlarini, o‘zi esa Ollohobodda mahkam o‘rnashib olganini bilardi. Ganga kechuvi esa Bangaliyaga olib kiradigan o‘ziga xos darvoza bo‘lib, qudratli istehkomiga ham ega edi.
Shunda Avrangzeb o‘ziga yaqin masofada joylashgan ikki shaxsga ko‘proq e’tibor qila boshladi, bular to‘ng‘ich o‘g‘li Sulton Mahmud va Amir Jumla edi. Biroq u kimki o‘z hukmdoriga katta xizmatlar ko‘rsatsa, ko‘pincha surbet bo‘lib ketishini, hukmdor undaylardan qarzdor bo‘lib qolishini, ularning xizmatini hech bir mukofot bilan to‘ldirib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. O‘g‘lining o‘zini bemalol tutayotganini va kundan-kunga dimog‘dor bo‘lib ketayotganini ham ko‘rib turardi. Ayniqsa, Agra qal’asini egallagandan keyin Shoh Jahon miyasiga kelishi mumkin bo‘lgan barcha rejalarning oyog‘ini osmondan keltirgandi. Amir Jumlaga kelsak, Avrangzeb uning farosati, sabr-bardoshi va shavkati, kuchini juda yaxshi bilardi. Ammo u aynan shu narsadan xavotir qilardi. Amirning g‘oyatda badavlatligini, shon-shuhrati zo‘rligini, barcha ishlarda asosiy dastak ekanini va Hindistondagi eng abjir odam ekanini bilgan holda Avrangzeb o‘g‘li Sulton Mahmud kabi amirning ham zo‘r rejalari borligiga shubha qilmasdi. Bu har qanday odamni shoshirib qo‘yishi mumkin edi, biroq Avrangzeb unaqa anoyilardan emasdi, u bu ikkala uddaburonni shu qadar odob, shu qadar muloyimlik bilan kovushini to‘g‘rilab qo‘ydiki, unisi ham, bunisi ham shikoyat qilishga biron-bir bahona topolmay qoldi. U ikkalasini ham kuchli qo‘shin bilan Sulton Shujoga qarshi jo‘natib yubordi. Amir Jumlaning qulog‘iga: “Hindistondagi eng yaxshi Bangaliya davlati abadiy seniki bo‘ladi, sen o‘lganingdan keyin u o‘g‘lingga qoladi, bu menga qilgan xizmatlaring uchun mening senga mukofotim bo‘lsin, Sulton Shujoga faqat sen bas kela olasan, uni gumdon qilishing bilan seni amirulumaro qilib ko‘taraman”, deb shipshib qo‘ydi. Sulton Mahmudga esa bunday dedi: “Bilib qo‘y, sen farzandlarim ichida to‘ng‘ichisan, sen o‘zing uchun o‘zing jang qilishing kerak. Sen ko‘p ishlar qilding, biroq eng katta va eng kuchli dushmanimiz Sulton Shujoni qo‘lga olmasang, bu ishlaring bir pul”. Shunday so‘zlar bilan u har ikkalasiga odatdagi in’omlar, ya’ni qimmatbaho sarpolar, otlar va yaxshi jihozlangan fillar berib, oq yo‘l tilab qoldi. Shu bilan birga g‘oyat mehribonlik ila Amir Jumlani yakkayu yagona o‘g‘li Mahamat Amirxonni qoldirib ketishga ko‘ndirdi. Garchi ko‘ngil tinchligi va tarbiya uchun deb aytilgan bo‘lsa-da, aslida uning sadoqatiga garov qatorida edi. Sulton Mahmudni Agrada xotini — Go‘lko‘nda shohining qizini qoldirib ketishga ko‘ndirdi. Bunday katta yurishda uni olib ketish ortiqcha yuk bo‘lishi uqdirildi.
Sulton Shujo Quyi Bangoliya rojalarining unga qarshi bosh ko‘tarishidan doim xavotirlanib yurardi, u ularni judayam siqib qo‘ygandi. Hammadan ham Amir Jumlaga ro‘baro‘ bo‘lishdan yuragi bezillardi. Bu xabarni eshitishi bilanoq u Bangoliya yo‘lini bog‘lab qo‘yishlaridan va amirning Gangani Ollohoboddan quyida yoki yuqorida kechib o‘tishidan xavotir olib, dast o‘rnidan turdi. U Banoras va Patnaga inib keldi, u yerdan odatda Bangoliya xonligining eshigi deb ataluvchi kichikkina Munger shahriga yo‘l oldi. Munger shahri tog‘ va o‘rmonlar oralig‘ida joylashgan dara hisoblanadi. U shu yerda qo‘nib, yaxshilab joylashib olishni ma’qul topdi, xavfsizlikni ta’minlash uchun shahar va daryodan toqqa qadar katta handaq qazishni buyurdi (men bu handaqni bir necha yil keyin shu yoqlarga yo‘lim tushganda ko‘rdim). Shu yerda Amir Jumlani kutib turishga va u bilan kechuvda jang qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Biroq Amir Jumlaning Ganga bo‘ylab ohista tushib kelayotgan qo‘shini dushmanni chalg‘itish maqsadida shunday qilganini, o‘zi qo‘shin ichida yo‘qligini, daryoning o‘ng sohilida joylashgan tog‘lardagi rojalarni o‘zi tomonga og‘dirib olganini, u va Sulton Mahmud ikkalasi uning yo‘lini to‘sish uchun to‘g‘ri Rajmahal tomon yo‘l olayotib, sara qo‘shini bilan dovonlar osha ularning mulklaridan o‘tib borayotganini eshitib, hayratdan dong qotib qoldi. Shu tariqa u o‘z istehkomidan tezroq jo‘nab ketishga majbur bo‘ldi. Lekin u shu qadar tez harakat qildiki, Ganganing chap tomoni keskin burilgan joyida oqim bo‘ylab katta ilmoq hosil qilishga muvaffaq bo‘ldi, nima bo‘lganda ham u Amir Jumladan bir necha kunga ilgarilab oldi va Rajmahalga birinchi bo‘lib keldi. U yerda o‘rnashib olishga ulgurdi, chunki uning Mungerdan ketganini bilgan amir chap tomonga qayrildi va Gangaga olib boruvchi juda yomon yo‘llardan yurib ketdi. Og‘ir to‘plar va karvoni bo‘lgan qo‘shinning daryo yoqalab yetib kelishini shu yerda kutishga qaror qildi. Qo‘shin yetib kelishi bilanoq u Sulton Shujo ustiga hamla qildi, Sulton Shujo besh-olti kungacha yaxshigina himoyalanib turdi. Biroq to‘xtovsiz o‘t ochib turgan amir to‘plari uning g‘ovak tuproq, qum va shox-shabbadan yasalgan istehkomini dabdala qilib tashlayotganini ko‘rib va endigina boshlangan yomg‘irgarchilik faslida bu istehkomda uzoq turib bo‘lmasligini tushunib, u ikki katta zambarakni tashlagancha tun qorong‘iligida chekinishga majbur bo‘ldi. Bironta pistirmaga duch kelib qolishdan qo‘rqib, amir uni ta’qib qilishga kirishmadi va tong otishini poylay boshladi, biroq Shujoning baxtiga tong chog‘i yomg‘ir yog‘ib qoldi va uch kungacha bir dam tinmadi, shu bois amir nafaqat Rajmahaldan chiqa olmadi, balki u yerda qishlab ham qolishga majbur bo‘ldi. Iyul, avgust, sentyabr va oktyabr — mana shu to‘rt oy davomida bu yerlarda yomg‘ir shunaqangi qattiq yog‘adiki, bu paytda qo‘shin hech qayoqqa jilolmaydi.
Shunday qilib, Sulton Shujo qochib qolish va o‘zi xohlagan joyni tanlash imkoniga ega bo‘ldi. Qo‘shinini mustahkamlash. Quyi Bangoliyadan bir qancha to‘p va tuprog‘ining serhosilligi uchun bu yerga ko‘chib kelgan portugallardan bir qanchasini olib kelishi uchun vaqti bemalol edi. Shuni aytish kerakki, u shu viloyatda istiqomat qiluvchi portugal rohiblariga haddan ortiq darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatar, hammalaringizni boyitib yuboraman va istagan joyingizda cherkov qurishingizga ruxsat beraman deb va’dalar qilardi. Ular shubhasiz sidqidildan xizmat qilishga tayyor edilar: ishonch bilan aytish mumkinki, Bangol xonligida asli Portugaliyadan kelib chiqqan yoki duragay bo‘lgan sakkiz yoki to‘qqiz ming farangiy oilasi istiqomat qilardi.
Men ko‘rsatib o‘tgan sabablar bilan gerdayib ketgan Sulton Mahmud o‘z haddidan oshib, qo‘shinga qo‘mondonlik qilishni talab etar va Amir Jumla mening buyruqlarimga bo‘ysunsin deb talab qilardi. O‘qtin-o‘qtin otasi Avrangzebga nisbatan ham g‘ururga to‘la so‘zlar og‘zidan chiqib ketar, u menga tojni berishi kerak der, Amir Jumlani esa ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi. Buning natijasi o‘laroq ota va bola o‘rtasida uzoq vaqtgacha sovuqlik hukm surdi. Oxirida uning xulqidan otasi norozi bo‘layotganini bilgach, amirning uni hibs etishidan qo‘rqib, bir nechta a’yoni bilan Sulton Shujoning oldiga ketdi. U Shujoga zo‘r va’dalar berdi va sodiqligiga ont ichdi. Biroq Shujo bu Avrangzeb va Amir Jo‘mlaning nayranglaridan biri ekanligidan qo‘rqib, unga ishonishga jur’at etmadi va muhim qo‘mondonlik lavozimi bermadi. Bundan Sulton Mahmudning Shujodan shunaqangi hafsalasi pir bo‘ldiki, bir necha oydan keyin qayoqqa borishini bilmay, undan ketishga qaror qildi va Amir Jumla huzuriga qaytdi. Amir uni iliq qarshi oldi, sen haqingda Avrangzebga yaxshi gaplar yozaman va bu gaplarni esidan chiqarib yuborishi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman, dedi.
Kezi kelganda shu narsani ta’kidlashni istar edimki, Sulton Mahmudning bu barcha kirdikorlari kerak bo‘lsa o‘g‘lining jonini ham qurbon berishga tayyor Avrangzebning sa’y-harakatlari va qilmishlari tufayli sodir bo‘lgandi. Avrangzebga Sulton Shujo yo‘q bo‘lsa-yu, o‘g‘lini xavfsiz joyga jo‘natib yuborsa — faqat shu kerak edi. Nima bo‘lganda ham uning xatti-harakatlaridan qattiq g‘azabda ekanini aytdi va “tezda Dehliga qayt” deb unga juda keskin ma’noda xat yozdi. Shu bilan birga uning Dehligacha yetib kelolmasligi uchun oldindan taraddud ham ko‘rib qo‘ydi. Shu tariqa Sulton Mahmud Gangadan o‘tar-o‘tmas, poylab turgan kishilar uni qo‘lga olib qamab qo‘ydilar. So‘ng, odamlarning fikricha, hech qachon qaytib chiqa olmaydigan Gvalior zindoniga olib ketishdi. Bu bilan Avrangzeb katta qiyinchilikdan forig‘ bo‘ldi va ikkinchi o‘g‘li Sulton A’zamga: davlatni boshqarish shunchalik nozik ishki, davlat boshlig‘i hatto o‘z soyasiga ham ishonmasligi kerak, aql-farosat bilan ish tutmasang, akangning holiga tushishing hech gap emas, deb tushuntirdi. Men otasi Jahongirga qarshi ish tutgan Shoh Jahon; yoki yaqinginada Shoh Jahonga qarshi ish tutgan odamlardan emasman, dedi. Yana shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz joizki, agar o‘g‘li bundan keyin o‘zini yana qadimgiday tutadigan bo‘lsa, Avrangzebning undan gumon qilishiga va xafa bo‘lishiga o‘rin qolmaydi. Sodiqlik borasida qul ham uning oldida ip esholmasa kerak. Hatto Avrangzebning o‘zi ham kamtarlik va xoksorlikda o‘g‘li A’zamga yetolmasdi. Shu bilan birga men shunday aqlli odamlarni ko‘rdimki, ular bu ishlar bejiz emas, balki buning zamirida, uning otasi misolida ko‘rganimizdek, g‘oyat nozik va pinhoniy siyosat yotibdi deb ta’kidlar edilar. Buni kelajak ko‘rsatadi, hozir esa hikoyamizni davom ettiramiz.
Bangaliyada shu voqealar sodir bo‘lib turar, Amir Jumlaga qarshi kurashaman deb Sulton Shujo nuqul Ganga, biron anhor yoki daryoning u sohilidan bu sohiliga kechib o‘tish bilan ovora ekan (mamlakatda bunday oqar suvlar to‘lib-toshib yotibdi), Avrangzeb Agra ostonasidan hech qayoqqa jilmadi.
Nihoyat, Murod Baxshni ko‘rgani Gvaliorga yo‘l olgandan keyin u Dehliga yetib keldi va chinakamiga va oshkora tarzda hukmdorlik vazifasini ado etishga kirishib ketdi. U saltanatning barcha ishlarini qo‘lga oldi va hammadan ham Doroni tutish borasida ko‘proq bosh qotira boshladi. Ilgari aytib o‘tganimdek, Doro uning uchun ko‘plab qiyinchiliklar tug‘dirayotgandi. Biroq katta tole va Avrangzebga xos epchillik ko‘p o‘tmay uning joniga ora kirdi. Bu mana bunday bo‘lgandi.
Boriga baraka deb o‘z mulklariga ravona bo‘lgan Jessomseng kuchli qo‘shin to‘pladi va Doroga: “Tezroq Agraga yetib kel, yo‘lda men senga kelib qo‘shilaman” deb maktub yozdi. Ko‘p miqdorda qo‘shin to‘plagan (to‘g‘risini aytganda, bu ko‘proq qalang‘i-qasang‘ilar olomoni edi) va agar u Agraga yaqinlashsa, uni Jessomseng bilan birga ko‘rgan eski do‘stlari albatta unga kelib qo‘shilishiga umid bog‘lagan Doro zudlik bilan Ahmadobodni tark etadi va tezda Agradan yetti-sakkiz kunlik masofada joylashgan Ajmerga keladi. Biroq Jessomseng o‘z va’dasida turmadi. Ishga roja Jessing aralashdi. U o‘zi bilan Avrangzeb o‘rtasidagi munosabatni yaxshilashni, Jessomsengni butunlay Avrangzeb guruhiga jalb qilishni yoki juda bo‘lmaganda uning o‘zini yo‘q qilish va boshqa rojalar o‘rtasida g‘alayon chiqarishga qodir bo‘lgan uning rejalariga xalaqit berishni istar edi. U katta xavfga ishora qilib va Doro ishidek manfur ishni qo‘llab-quvvatlab, bir necha marta maktub yozdi. Maktubda avval yaxshilab o‘ylab ko‘rish lozimligini, zero u o‘zi va oilasini halok etishga tavakkal qilayotganini anglatdi, chunki Avrangzeb hargiz uni kechirmaydi, Jessing ham Jessomseng kabi oddiy bir roja, shu bois rojputlar qonini asrab qolish haqida o‘ylab ko‘rishi kerak. Bordi-yu, u rojalarni o‘z tomoniga og‘dirishni o‘ylayotgan bo‘lsa, u bunga xalaqit beradigan odamlarga duch keladi. Xullas, bu barcha hindular, ya’ni barcha majusiylarga daxldordir, ularni katta xatar kutib turibdi, agar bu xatar olov olgudek bo‘lsa, uni hech qachon o‘chirish imkoni bo‘lmaydi. Bordi-yu, Doroga o‘z ishini o‘zi hal qilishiga imkon bergudek bo‘lsa, Avrangzeb butun o‘tmishni esdan chiqaradi, unga qo‘lga kiritgan hamma bisotini in’om qiladi va zudlik bilan unga Gujarat hokimligini topshiradi, bu esa viloyatning uning mulklariga yaqinligi tufayli unga haddan tashqari ko‘p qulayliklar yuzaga keltiradi: u bu yerda mutlaqo osoyishta va o‘zi xohlagan muddatga xavfsiz yashay oladigan bo‘ladi. Jessing hamma jihatdan uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Xullas, roja Jessing Jessomsengni o‘z mulklariga qaytib kelishga ko‘ndirdi, bu orada Avrangzeb o‘z qo‘shini bilan Ajmerga yaqinlashib keldi va Doro o‘rdasi qarshisida joylashib oldi.
Barcha umidlari chilparchin bo‘lgan bechora shahzoda Doro nima ham qila olardi? U, butun qo‘shinim bilan Ahmadobodga eson-omon qaytib kelishim amrimahol, deb o‘ylaydi. Buning uchun ayni jazirama yozda o‘ttiz besh kun yo‘l bosishi talab etilardi, u suv taqchilligidan qiynalgan bo‘lardi, mudom rojalar do‘stlari yoki Jessomseng ittifoqdoshlari mulklaridan o‘tishiga to‘g‘ri kelardi; undan ko‘ra kamroq aziyat chekkan Avrangzeb qo‘shini uni ta’qib etishi turgan gap edi.
Undan ko‘ra shu yerda o‘lganim afzal, dedi u o‘ziga-o‘zi. Garchi kuchlar mutlaqo noteng bo‘lsa-da, tavakkal qilamiz va yana bir karra jang qilamiz. Biroq qanday qilib? Undan nafaqat hamma yuz o‘girgandi, hatto ishongan odami shoh Navozxon ham uni albatta sotadi va uning harbiy rejalarini Avrangzebga yetkazadi. To‘g‘ri, jang chog‘ida Shoh Navozxon o‘lib ketgandi. Menga ko‘pchilik odamlar aytganidek, u Doro qo‘lidan o‘lgan yoki (ko‘proq ehtimol tutilgani) Avrangzeb qo‘shin ichidagi Doroning xufiya tarafdorlari tomonidan o‘ldirilgan edi. Biroq Shoh Navozxonning o‘limidan Doroga qanchalik foyda bor? Undan ko‘ra avvalroq do‘stlar maslahatiga quloq solgani va Shoh Navozxonga ishonmagani ma’qul edi.
Jang soat to‘qqiz-o‘nlarda boshlandi; Doroning tepalik ustida qulay joylashgan to‘plari uzluksiz o‘t ochar edi, biroq aytishlaricha, unga xoinlik qilishlari shu darajaga yetgan ediki, otilgan har bir o‘q paxtavand ekan. Bu jangning boshqa tafsilotlarini aytib o‘tirishga hojat yo‘q, bu aslida jang bo‘lmay, turgan-bitgani yer bilan yakson qilish edi. Faqat shuni aytayki, jang boshlanishi hamon Jessing Doroga juda yaqin joyda paydo bo‘lgan va unga: “Tezroq qochib qol, bo‘lmasa asir tushasan”, degan gaplarni aytgan. Butunlay o‘zini yo‘qotgan shahzoda qochishga majbur bo‘lgan, shoshgani va sarosimaga tushgani shunchalikki, hatto yuklarini ortishga ham ulgurolmagan. U yerdan xotini va boshqa oila a’zolarini olib chiqish amrimahol bo‘lib qolgan.
Shu narsa shubhasiz ediki, agar roja Jessing bir ozgina shoshganida ham Doroning qutulib qolishiga imkon bo‘lmasdi. Biroq Jessing har doim shoh xonadoniga hurmat ko‘zi bilan qarar edi yoki o‘ta didli siyosatdon bo‘lishi o‘laroq, kelajak haqida o‘ylar, shahzoda qoniga qo‘lini bo‘yashni istamasdi.
Sho‘rlik shahzoda ikki mingdan sal ko‘proq odami bilan ayni yoz jaziramasida chodirsiz va yuklarsiz Ajmerdan qariyb Ahmadobodgacha cho‘zilgan barcha rojalar mulklaridan o‘tishga majbur bo‘ldi. Boz ustiga, bu joylardan “kuliylar, ya’ni Hindiston aholisi ichida eng yovuz dehqonlar va eng katta qaroqchilar tunu kun uning ortidan ta’qib qilar, askarlarni shunaqangi shafqatsizlarcha o‘ldirar edilarki, asosiy to‘dadan ikki yuz qadamcha ortda qolgan odam zumda qip-yalang‘och holatga tushishi yoki ozgina qarshilik ko‘rsatib o‘lib ketishi” muqarrar edi. Shunga qaramay, Doro bir-ikki kun ichida shaharga kirib borish, hordiq chiqarish va yana bir karra uncha-muncha qo‘shin to‘plash niyatida Ahmadoboddan bir kunlik masofadagi joygacha yetib oldi. Biroq mag‘lublar va baxtsizlarni omadsizlik ta’qib qilgani-qilgan ekan.
Ahmadobod qal’asida u qoldirgan dorug‘a Avrangzebdan do‘q-po‘pisalar va shu bilan birga va’dalar to‘la maktub oldi: u butunlay mardligini yo‘qotib, sotqinlik yo‘lini ixtiyor etdi. U Doroga, yaqinlashma, darvozalar yopiq bo‘ladi va hammamiz tish-tirnog‘imizgacha qurollanganmiz, deb maktub yozdi. Men mutlaqo tasodif bilan shahzodaga duch kelib qolishimdan uch kun burun u menga “orqamdan yuring” dedi, chunki uning tabibi yo‘q edi. O‘sha kundan bir kun avval kechqurun unga bu xabarni keltirishganida u shu qadar xushhol ediki, tunda kuliylar meni o‘ldirib ketishlaridan xavotir olib o‘z karvonsaroyiga kirishimga ruxsat berdi. Zodagon odamlar o‘z xotinlaridan rashk qiladigan Hindistondek joyda bunday bo‘lishiga ishonish qiyin edi. Men shahzodaning xotinlariga shu qadar yaqin joyda turardimki, nomahramlar nigohidan to‘sib turuvchi arqonlar (hatto o‘zining eski-tuski chodiri ham yo‘q edi-da) mening aravam charxlariga bog‘lab qo‘yilgandi. Yo‘l-yo‘lakay bu tafsilotlarni bayon etishim sababi shu ediki, uning nechog‘li nochor ahvolga tushib qolganiga e’tiboringizni jalb etmoqchiman, xolos. Xotinlar bu noxush xabarni eshitishlari bilan (eslatib o‘tmoqchimanki, bu tong chog‘ida bo‘lgandi) ular birdaniga, uvvos solib yubordilar va shu qadar achinarli va mungli yig‘lay boshlashdiki, beixtiyor mening ko‘zlarimga ham yosh to‘ldi. Hammamiz sarosimaga tushib qoldik, hamma bir-biriga qarardi, hech kim nima qilishini, qayoqqa bosh urishini bilmasdi. Shundan keyin tezgina tirik murdaday Doro kirib keldi va hali u, hali bu odamga, hatto oddiy askarga qarab murojaat qila boshladi. Qarasaki, hamma tushkunlikka tushgan, uni tashlab ketmoqchi bo‘lib turibdi. Xo‘sh, u nima bo‘ladi? Qayoqqa boradi? Hayallamasdan yo‘lga tushmoq kerak, vassalom. Shu voqeadan ham ahvolning nechog‘li nochorligini o‘zingiz fahm qilavering. Mening aravamni tortib borayotgan uch yirik gujarat ho‘kizimdan bittasi kecha o‘lib qolgandi, ikkinchisi so‘nggi nafasini olayapti, uchinchisining esa qimirlashga ham majoli qolmagan (chunki men Doro bilan bo‘lgan mana shu uch kun mobaynida chidab bo‘lmas issiq va changda tunu kun yo‘l bosmoqda edim). Shunday bo‘lsa-da, u har qancha aytmasin va farmon bermasin, o‘zi uchun, bir oyog‘idan yaralangan xotinlaridan biri uchun va men uchun na ot, na ho‘kiz, na tuya topa olgandi. Xullas, mening baxtimga, u meni shu yerda qoldirishga majbur bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, ikki fil va to‘rt yoki besh suvoriy hamrohligida uning ketishini ko‘rib, ko‘zlarim yoshlandi. Aytishlaricha, fillarga oltin va kumush ortilgan ekan. Eshitishimcha, Doro hech ilojini topolmay Tatabaqarga yo‘l olibdi, holbuki bisotidagi odamlar bilan yoz jaziramasidan bir qultum ichimlik suvsiz bepoyon sahroni kesib o‘tishi amrimahol ekan. Darhaqiqat, u bilan birga ketganlarning ko‘pchiligi va xotinlaridan bir nechtasi tashnalikdan, yomon suvdan, charchoqdan va ochlikdan o‘lib ketibdi yoki bo‘lmasa kuliylarga talanibdi. Shularga qaramay, u jon-jahdi bilan harakat qilib, Kach rojasi yerlariga yetib boribdi. Sho‘rlik, bundan ko‘ra uning o‘zi ham o‘lib keta qolgani durust edi.
Kach rojasi avvaliga uni yaxshi qarshi olibdi, kuchi boricha yordam berishga va’da qilibdi, buning evaziga Doro qizini rojaning o‘g‘liga erga berishi lozim bo‘libdi. Biroq ko‘p o‘tmay Jessing bu rojaga ham ta’sirini o‘tkazibdi va Doro bir qulay kunda, bu vahshiy roja bilan oralariga sovuqchilik tushganini va bu yerda qolish xatarli ekanini his qilgach, tezgina qaydasan Tatabaqar deb yo‘lga otlanibdi.
Mening janobi kuliydan yoki qaroqchilardan qanday ajralib qolganimni, qanday qilib ularda hamdardlik uyg‘otganimni, uncha ko‘p bo‘lmagan bisotimning katta qismini qanday saqlab qolganimni, o‘zi zo‘r berib maqtanib yurganim tibbiyot bilimim tufayli ular bilan do‘stlashganimni, mendan ko‘proq qo‘rqib ketgan va o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygan aravakashim va xizmatkorim meni dunyodagi eng zo‘r tabib deya maqtashganini, Doroning odamlari ketish oldidan bisotimdagi eng yaxshi narsalarimni qanday tortib olganlarini aytib o‘tirmasam ham bo‘ladi. Meni yetti-sakkiz kun tutib turishdi-da, birdan insofga kelib qolgan kuliylar menga bitta ho‘kiz berdilar-da, Ahmadobod minoralari ko‘rinib turadigan joygacha eltib qo‘ydilar. Bir necha kun o‘tgach, nihoyat, men tasodifan Dehliga borayotgan bir amirni uchratib qoldim va bir amallab Dehligacha yetib oldim. Yo‘lda o‘qtin-o‘qtin Doroning sho‘rlik qo‘shinlari qoldiqlari bo‘lmish odamlar, fillar, ho‘kizlar, tuyalar va otlarning jasadlari uchrar edi. Biroq ularni batafsil hikoya qilishni ma’qul topmadim.
Bu yerda Doro Tatabaqar tomon siljib borar ekan, Bangaliyadagi urush hamon davom etar va kutilmaganidan ko‘proq muddatga cho‘zilmoqda edi. Sulton Shujo jon-jahdi bilan harakat qilar va Amir Jumlaga qarshi bor vositalarni ishga solar edi. Bangaliyadan Agragacha uzoqligini bilib, Avrangzeb bundan ortiq tashvish qilmayotgandi, u Amir Jumlaning zakovati va shavkatiga ishonardi. U ko‘proq deyarli Agra darvozalariga yaqinroq joylashgan Sulaymon Shayxdan xavotir olardi (Agradan tog‘largacha ko‘pi bilan sakkiz kunlik yo‘l edi), Avrangzeb uni bir yoqlik qilishning uddasidan chiqolmayotgandi. Sulaymon Shayxning rojalar bilan tog‘dan tushib kelayotgani haqidagi mish-mishlar unga tinchlik bermayotgandi. Uni u yoqdan aldab olib kelish g‘oyat qiyin edi. Endi Avrangzeb uni qanday qo‘lga olganini bir ko‘raylik-chi.
U roja Jessomsengni Srinagar rojasiga maktub yo‘llashga va agar u Sulaymon Shayxni tutib bersa, ko‘pdan-ko‘p va’dalar bilan qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirishga undadi. Bir vaqtning o‘zida u gapga kirgisi kelmasa, urush bilan qo‘rqitishini talab etdi. Srinagar rojasi, bunday ablahlik qilganidan ko‘ra taxtimdan voz kechib qo‘ya qolaman, deb javob qaytardi. Uning bu qat’iyatini ko‘rib, Avrangzeb yurishga otlanadi, to‘g‘ri tog‘ etagiga yaqinlashadi, xarsanglarni olib tashlab, yo‘lni kengaytirish uchun talay toshyo‘narlarni ishga soladi. Biroq bu roja uchun mutlaqo qo‘rqinchli emasdi. Bu tomondan xavf qilmasa ham bo‘lardi: Avrangzeb har qancha toshni qo‘pormasin, baribir, oldin aytganimdek, tog‘lardan qo‘shin yurib o‘tolmasdi, toshlarning o‘zi bir yo‘la to‘rtta Hindistonni ofatlardan saqlab qola olardi. Oxiri Avrangzeb hech bir natijasiz qaytib ketishga majbur bo‘ldi.
Bu vaqtda Doro o‘zining Tatabaqar qal’asiga yaqinlashib keladi. Ikki yoki uch kunlik yo‘l qoldi deganda qal’ani anchadan beri qamal qilib turgan Mirbobo uni dabdala qilib tashlagani haqidagi xabarni eshitadi. Men buni keyinchalik o‘sha yerda bo‘lgan bizning frantsuzlardan va boshqa farangiylardan bildim. Bir parcha et yoki guruchning qiymati osmon baravar bo‘lib ketgan, boshqa zaxiralar qiymati ham shunga qarab baholanar edi. Shunga qaramay, dorug‘a hamon bo‘sh kelmas, Mirbobo sa’y-harakatlariyu Avrangzebning do‘q-po‘pisalari ustidan kulgancha misli ko‘rilmagan ehtiyotkorlik, jasorat va sodiqlikni namoyon etmoqda edi, bu esa dushmanni tahlikaga solmay qo‘ymasdi, albatta.
Frantsuzlar va u yerda bo‘lgan boshqa farangiylardan men mana shu gaplarni ham eshitdim. Bunga qo‘shimcha qilib aytishdiki, Mirbobo Doroning yaqinlashib kelayotganini bilgach, ikki baravar saxiylik ko‘rsata boshlagan va shu tariqa askarlar ruhini ko‘targan. Askarlar ham qanday qilib bo‘lmasin, dushman safini buzib, qamalni olib tashlash va Doroni ichkariga kiritish uchun oldingidan ham ko‘ra ko‘proq jasorat ko‘rsatishgan. Josuslar yordamida dushman qo‘shini ichida Doroning katta qo‘shin bilan yaqinlashib kelayotgani haqidagi mish-mishni tarqatadi, natijada bundan vahimaga tushib qolgan dushman askarlari agar Doro chindan yetib kelgudek bo‘lsa, darhol uning safiga qo‘shilishga tayyor bo‘ladi. Biroq Doroning juda omadi qaytgan edi, u qo‘llagan biron-bir tadbir sira ko‘ngildagidek chiqmayotgandi. Kamsonli askarlar to‘dasi yordamida qamalni olib tashlashning iloji yo‘qligini ko‘rgach, u Hind daryosidan kechib o‘tib, Fors mamlakatiga yetib olishga qaror qildi. Holbuki, ichimlik suvi bo‘lmagan va sahro yo‘lidan iborat bu masofani bosib o‘tishning o‘zi bo‘lmasdi. Bundan tashqari butun yo‘l bo‘ylab na forslarni, na boburiylarni tan oladigan mayda rojalar va pathanlar yashar edilar. Biroq xotini uni bu niyatidan qaytardi: uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qilish ular naslining ulug‘ligiga putur yetkazadi — nahotki, u xotini va qizining fors shohi cho‘rilariga aylanishini istasa? Bunday sharmandagarchilikdan ko‘ra o‘lib ketgan ming marta afzal. Naql qilishlaricha, bir vaqtlar Humoyunning xotini shoh cho‘risi bo‘lgan ekan.
Shunday qiyin ahvolga tushib qolgan Doro shu orada Jionxon degan qudratli pathan yashashini eslab qoldi. Shoh Jahon uni bir necha marta fil oyog‘i tagiga tashlashni buyurganida, Doro uni ikki marta o‘limdan saqlab qolgandi. U Tatabaqar qal’asi qamalini olib tashlashga qodir yordam olish umidida uning oldiga borishga ahd qildi. Bunda u Tatabaqar xazinasidagi pullarini olishni, so‘ngra esa Qandahor orqali o‘tib, Kobul xonligigacha yetib borishni ko‘zda tutgandi. Bu yerda u qudratli va jasur dorug‘a, mahalliy xalq juda yaxshi ko‘radigan, Doro yordamida mansabga o‘tirgan Mahobatxonga katta umidlar bog‘layotgandi.
Uning nabirasi Safo Shayx, garchi hali juda yosh bo‘lsa-da, uning niyatini tushundi-yu, bu pathanning yeriga qadamingizni bosmang, deya xudoni o‘rtaga qo‘yib yolbora boshladi. Xotini va qizi ham shunday qilishdi, u bir qaroqchi va isyonkor bo‘lsa, uni albatta sotib qo‘yishini aytishdi. Qamalni olib tashlashga intilish befoydaligini, undan ko‘ra tezroq Kobulga yetib olish zarurligini uqdirishdi. Bu — bo‘ladigan ish, buning ustiga Mirbobo uni ta’qib qilish va Kobulga yetib olishiga xalaqit berish uchun qamalni tashlab ketmaydi.
Asli baxtiqarolikka tug‘ilgan Doro bu maslahatlarni rad etdi, u hech kimning gapini eshitishni istamadi. Uning aytishicha, dovon og‘ir va xatarlidir (haqiqatan ham shunday edi) va barcha odamlar shuncha yaxshiliklardan keyin Jionxon qanaqasiga sotqinlik qilishi mumkin deb uqdirmoqda. Yo‘q-yo‘q deyishlariga ham qaramay, u Jionxon sari ravona bo‘ldi. Ahmoq odamga ishonmaslik kerakligini Doro joni qil ustida qolgandagina anglab yetdi.
Doroning ortidan ko‘plab odamlar kelayotgan bo‘lsa kerak deb o‘ylagan bu muttaham avvaliga uni tantanali qabul qildi, sirtdan zo‘r hurmat ko‘rsatib, g‘oyatda do‘stona tarzda kutib oldi, askarlarini fuqarolari orasida joyladi va iloji boricha izzat-ikrom bilan yaxshilab mehmon qilishni buyurdi. Biroq uning bisotida atigi ikki-uch yuz odam borligini bilgach, o‘zining asil holatiga qaytdi. U Avrangzebdan biron maktub-paktub olgani yoki qaroqchi va talonchilardan asrab-avaylab olib kelgani oltin-kumush ortilgan bir qancha ho‘kizlarni ko‘rib, nafsi hakalak otib ketdimi, nima bo‘lganda ham bir kuni ertalab hamma o‘zini bexavotir his qilgancha dam olib turganda bu xiyonatkor tun bo‘yi har tomondan qurolli odamlarni to‘plab Doro va Safo Shayxga tashlanib qoldi. Himoya qilmoqchi bo‘lgan bir qancha odamlarni o‘ldirdi, yuklarni va xotinlarning qimmatbaho taqinchoqlarini tortib oldi; keyin Doroning qo‘l-oyoqlarini bog‘ladi-da, filning ustiga bog‘lab qo‘ydi, orqasidan jallodni mingashtirib, agar ozod qilishlarini so‘rab, qarshilik ko‘rsatgudek bo‘lsa, boshini olishni buyurdi. Mana shunday mudhish bir holatda uni Tatabaqarni qamal qilib turgan qo‘shinga olib bordi va Mirbobo qo‘liga topshirdi. Mirbobo esa aynan shu sotqin hamrohligida uni Lohurga, u yerdan Dehliga jo‘natdi.
Ular Dehli darvozasiga yetib kelganlarida Avrangzeb uni Gvaliorga jo‘natishdan oldin shahar ichidan sazoyi qilib olib o‘tish kerakmi yoki yo‘qmi degan masala ustida o‘ylay boshladi. Ba’zilar bunday qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak, to‘polon kelib chiqishi, uni qutqarib qolishlari mumkin deyishdi, qolaversa bu shoh xonadoni uchun zo‘r haqorat hisoblanadi. Yana ba’zilar buning teskarisini aytishdi, uni shahar ichidan sazoyi qilib olib o‘tish kerak, Avrangzebning qudrati cheksizligini odamlar ko‘rib qo‘ysin, buning chindan ham Doro ekaniga hamma ishonch hosil qilsin, deyishdi. Chunki ayrim amirlar bunga ishonmayotgandi. Qolaversa, unga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lganlarning so‘nggi umidlarini ham puchga chiqarish ko‘zda tutilgandi. Keyingi gapni aytganlarning maslahati joiz deb topildi. Doroni filga o‘tqazishdi, uning yonidan nabirasi Safo Shayxni bog‘lashdi, orqa tomondan jallod o‘rniga Bahodurxon o‘ltirdi. Bu ilgarigidek kajavasi zardo‘zi mato bilan qoplangan, o‘rindiqlari mahobatli Seylon yoki Pegu fillaridan emasdi. Bu keksa, sharti ketib, parti qolgan, qirchang‘i, iflos, kajavasi ochiq, yopqisi titilib ketgan fil edi. Doroning bo‘ynida odatda shahzodalar taqadigan na yirik dur marjoni, na jimjimador, sallasi va choponi bor edi, birdan-bir kiyimi oq bo‘zdan tikilgan yaktagu oddiy xizmatkorlar o‘raydigan isqirt sholdan iborat edi. Nabirasi Safo Shayx ham xuddi shunday libosda edi. Mana shunday tahqirli bir holatda xalq uning Doro ekaniga to‘la amin bo‘lishi uchun shahar bo‘ylab katta bozorlar, savdo qizib turgan ko‘chalardan olib o‘tishdi.
Men bo‘lsam, avvaliga biz qandaydir xunrezlik guvohi bo‘lamiz deb o‘ylagandim va ularni shu alfozda shahardan olib o‘tishga kimning yuragi dov berdi ekan deb hayratga tushgandim, chunki bu ishni bajarayotgan odam juda yomon qo‘riqlanayotgandi-da. Doroni oddiy xalq yaxshi ko‘rardi, ayni paytda o‘z otasi Shoh Jahonni, o‘g‘li Sulton Mahmudni va ukasi Murod Baxshni zindonda saqlayotgan Avrangzebning shafqatsizligi va bedodligidan g‘azablanib, ovozining boricha qichqirmoqda edi. Men hamma narsaga tayyor turardim va ikki baquvvat mulozim bilan yaxshi bir otda ikki do‘stimni yonimga olib, Doro o‘tishi kerak bo‘lgan katta bozorga yo‘l oldim. Biroq qo‘liga qilich olishga jur’at etadigan bironta ham odam bo‘lmadi. Faqat bir necha darvesh va bozordagi gadolargina otda hamrohlik qilib borayotgan iflos pathanni ko‘rib, uni bo‘ralab so‘ka ketdilar, sotqin deya unga toshlar otdilar. Darhaqiqat, barcha ayvonu do‘konlar achchiq ko‘zyoshi to‘kayotgan odamlarga limmo-lim edi, Jionxon sha’niga aytilgan so‘kish va haqoratlar, faryodlar, shikoyatlar havoni to‘ldirgandi; xullas, hamma — erkagu ayollar, o‘smiru bolalar (hindlar judayam ko‘ngilchan bo‘ladilar) ko‘zyoshi to‘kar va chuqur hamdardlik bildirar edilar. Biroq hech kim qilich yalang‘ochlab chiqmadi. Shu tariqa shahardan olib o‘tishgandan keyin Doroni Haydarobod deb ataluvchi uning bog‘iga joylashtirishdi.
Eng avvalo Doroni olib o‘tayotganlarida butun xalq ko‘zyoshi to‘kkanini, uni hibsga olgan pathanga la’natlar aytganini, toshlar otib uni sal bo‘lmasa o‘ldirib qo‘yayozganini Avrangzebga oqizmay-tomizmay yetkazishdi. Isyon ko‘tarilib, katta xatar yuzaga kelishi aniq edi. Shuni nazarda tutib, Doroning taqdirini hal etish uchun yangi mashvarat chaqirildi: ilgari qaror qilinganidek, uni Gvaliorga jo‘natilsinmi yoki hech qayoqqa yubormay shu yerning o‘zida tinchitib qo‘ya qolishsinmi. Ayrimlar kuchli qo‘riqchilar bilan uni Gvaliorga jo‘natib yuborilgani ma’qul degan fikrda to‘xtaldilar; Garchi Doroning azaliy dushmani bo‘lsa-da, Donishmandxon shunday qilish tarafida edi, biroq Ravshanoro Begim azbaroyi akasiga nafrati zo‘rligidan Avrangzebni Doroni shu yerda o‘ldirib qo‘ya qolishga astoydil undardi, chunki Doroni Gvaliorga olib borish xatarli edi. Doroning eski dushmanlari Xalilulloxon va Shoh Jastxon ham shu fikrni qo‘llab chiqdilar; Forsdan qochib kelgan, ilgari Hakim Dovud deb atalgan, keyin katta amir Taqarubxon bo‘lib olgan tilyog‘lama tabib ayniqsa shunga joni koyirdi. Bu zahartabiat odam davlat manfaati uchun uni darhol o‘ldirish kerak, buning ustiga Doro musulmon emas, kofir, butparast, dahriy, men uning gunohini bo‘ynimga olganim bo‘lsin, deb tomoq yirtib qichqirardi. Darhaqiqat, u gunoh va qarg‘ishlarni bo‘yniga oldi, chunki ko‘p o‘tmay uning ustidan o‘lim hukmi chiqarildi: hukm shunday ijro etildiki, yaramas itday o‘lib ketdi. Oxirida Avrangzeb mana shu maslahatlarga kirdi-da, Doroni o‘limga hukm qildi. Safo Shayxni esa Gvaliorga olib ketishdi.
Bu mudhish qatl ijrosini Shoh Jahon tarbiyalagan va, aytishlaricha, qachonlardir Doro kaltaklagan Nazar ismli qulga yuklashdi.
Bu jallod o‘ziga o‘xshash uch-to‘rt qotil hamrohligida Doroni zaharlab qo‘yishlaridan xavotir olib, uning qarshisida paydo bo‘ladi, bu paytda u Safo Shayxga sho‘rva qaynatish bilan ovora edi. Uzoqdan Nazarga ko‘zi tushishi bilan u o‘g‘liga qarab: “O‘g‘lim, ana, bizni o‘ldirgani kelishayapti!” deb qichqirdi va unga qoldirishgan yagona qurol — jajjigina oshxona pichog‘ini qo‘liga oldi . Jallodlardan biri o‘sha zahoti Safo Shayxning qo‘l va oyoqlariga yopishdi; keyin birgalashib Doroni yerga ag‘darishdi va Nazar uni so‘yib bo‘lguncha taglariga bosib turishdi. Tanadan ajratilgan boshni beto‘xtov qal’aga, Avrangzebga olib ketishdi, u boshni barkashga qo‘yishni va suv olib kelishni buyurdi. So‘ng ro‘molcha so‘radi va bosh obdon yuvilib, qonlari artilgach, Avrangzeb uning haqiqatan ham Doroning boshi ekaniga ishonch hosil qildi-da; “Oh badbaxt, oh badbaxt, buni oldimdan tezroq yo‘qoting, uni Humoyun dahmasiga dafn etsinlar”, — deb yig‘lay boshladi.
Kechqurun haramga Doroning qizini keltirdilar, uni Avrangzebdan talab qilib olgan Shoh Jahon va Begim Sohib huzuriga eltdilar. Doroning xotiniga kelsak, u Lohurdayoq o‘z joniga qasd qilib bo‘lgan edi, eri bilan ikkalasining musibatini oldindan ko‘rgan holda zahar ichib qo‘ygandi. Safo Shayx Gvaliorga olib ketilgandi. Nihoyat, bir necha kundan keyin Avrangzeb huzuriga mashvaratga Jionxonni chaqirishdi, unga turli-tuman sovg‘alar in’om etishdi va jo‘natib yuborishdi; biroq u o‘z mulklaridan uzoqlashmay turiboq undan haqli ravishda o‘ch olindi: uni o‘rmonda o‘ldirib ketishdi. Bu yovuz inson agar shohlar shunday iltifot ko‘rsatgudek bo‘lsalar, agar ular bundaylarning foydasiga yon bosgudek bo‘lsalar, baribir ular sotqinlardan doim qattiq nafrat qilishlarini va ertami, kechmi, buning uchun albatta jazolashlarini bilmas edi.
Tatabaqar dorug‘asi chorasiz qolgan Doroning buyrug‘iga ko‘ra qal’ani topshirishi kerak edi, biroq u o‘zi qo‘ygan shartlar asosida, albatta. Lekin buning tagida yana bir shart yotardi, ya’ni unga berilgan va’da haqqoniy deb topiladi. Lohurga yetib kelishi bilan sho‘rlik mahram va uning bir qancha odamlari Lohur dorug‘asi Xalilulloxon tomonidan o‘ldirilgan edi. Bunga taslim bo‘lish shartlariga rioya qilinmagani sabab bo‘lgandi, bundan tashqari shunday xabarlar kelgandiki, go‘yo u oltin tangalarni zimdan bizning farangiylarimizga ayamay ulashib, to‘g‘ri Sulaymon Shayx huzuriga jo‘nashga tayyorgarlik ko‘rgan emish.
Doroning butun xonadonidan faqat Sulaymon Shayx qolgandi. Agar dastlabki paytdagidek roja mahkam turib bersa, uni Srinagardan aldab olib chiqish oson bo‘lmasdi. Biroq roja Jessin bilan olib borilgan xufiya muzokaralar, Avrangzebning va’da va do‘qlari, Doroning o‘limi, shuningdek tog‘dagi rojalarning va qo‘shinlarining sotib olinishi va Avrangzeb buyrug‘i va uning hisobiga u bilan urushishga tayyorlanishlari — bularning barchasi nihoyat qo‘rqoq hukmdorning sadoqatini darz ketkazdi va undan nima talab qilinsa, shunga rozi bo‘lishga majbur etdi. Bundan oldindan ogohlantirilgan Sulaymon Shayx ovloq joylar va kimsasiz tog‘lar orqali katta Tibetga qochdi, biroq tezda uning izidan tushgan rojaning o‘g‘li uni toshbo‘ron qilishga buyruq berdi, sho‘rlik shahzoda yaralandi, qo‘lga olindi va Dehliga keltirildi, bir vaqtlar Murod Baxsh yotib chiqqan mo‘jazgina Salimgir qal’asida zindonband etildi.
Fursatni o‘tqazmay, Avrangzeb Doroga nisbatan qo‘llangan tartibga rioya qilgan holda hamma uning haqiqatan ham Sulaymon Shayx ekaniga ishonch hosil qilishi uchun uni a’yonlar hozirligida saroyga keltirishga amr qilindi. Tan olishim kerakki, ayni holdagi manzaralar meni haddan tashqari o‘ziga rom qilib qo‘ygandi. Eshikdan kiraverishda uning oyoqlaridagi kishanlarni yechishdi, aftidan oltin suvi yugurtirilgan qo‘l kishanlariga tegishmadi. Bu barvasta qomatli, xushbichim va kelishgan yigit kirib kelganda ko‘pgina amirlar ko‘zyoshi to‘kishdan o‘zlarini tiyib turolmadilar. Shuningdek, parda ortidan berkinib tomosha qilishga ruxsat olgan saroy xonimlari ham yig‘lab yubordilar. Aftidan Avrangzebning o‘zi ham Sulaymon Shayxning ahvoliga qattiq achinmoqda edi, u unga muloyim so‘zlar bilan murojaat qilib, yupata boshladi, qo‘rqma, biz senga hech nima qilmaymiz, aksincha, sen bilan yaxshi muomala qilishadi, xudoning marhamati keng, hargiz umidsizlikka tushma, garchand men otangni o‘ldirishga buyruq bergan bo‘lsam, bunga uning o‘zi sababchi bo‘ldi, dindan chiqib, kofirga aylandi, dedi. Shundan so‘ng shahzoda mamlakat odatiga ko‘ra unga ta’zim qildi, qo‘llarini yergacha tushirdi va keyin boshidan iloji boricha teparoqqa ko‘tardi, unga qarab g‘oyat qat’iy ohangda, agar menga og‘u berish buyurilgan bo‘lsa, podshohim hoziroq jonimni olib qo‘ya qolsinlar, men bundan g‘oyat minnatdor bo‘lurmen, dedi. Biroq Avrangzeb barcha a’yonlar oldida va’da berdiki, uni og‘u ichishga majbur qilmaydi, bu tomondan xotirjam bo‘laversin va qayg‘uga tushmasin.
Shunday qilib, yigit yana bir karra unga ta’zim qildi va shundan so‘ng Avrangzeb tomonidan oltin rupiyalar ortilgan filga taalluqli bir qancha savollar berdi.
Og‘u deganlari Gvaliordagi boshi oldirilishini istamagan shahzoda mahbuslar uchun ichimlik bo‘lib, bir kecha suvda saqlangan ko‘knorni qirib tayyorlanadi. Buni ertalablari berishadi, to katta bir kosani simirmaguncha mahbusga ovqat yeyish man etiladi. To‘g‘rirog‘i, ochdan o‘lib ketishga majbur qilishadi. Mahbus qoq suyak bo‘lib ozib ketadi, asta-sekin quvvatidan ham, aqlidan ham judo bo‘lib boradi. Og‘u uni uyquchi va garang qilib qo‘yadi. Aytishlaricha, xuddi shu yo‘l bilan Safo Shayxni, Murod Baxshning o‘g‘lini va Sulaymon Shayxning o‘zini narigi dunyoga jo‘natganlar.
Murod Baxshning o‘ziga kelsak, uni boshqacharoq, undan ko‘ra azobliroq usul bilan o‘ldirishgan: Avrangzeb qaraydiki, zindonda yotgani bilan hamma uni juda yaxshi ko‘rayapti, uning shavkatiyu, jasoratini tarannum etib shoirlar she’rlar yozayapti. U og‘u yordamida uni narigi dunyoga jo‘natishni munosib topmadi. Uning o‘limiga shubha bilan qarash qachonlardir g‘alayon chiqishiga sabab bo‘lishidan qo‘rqdi. Aytishlaricha, unga quyidagicha ayb qo‘yilgan.
Murod Baxsh Ahmadoboddalik paytida urushga tayyorlanar ekan, bir boy sayyidni o‘ldirgan, barcha boy savdogarlardan qarzga va zo‘rlab pul olgan edi. O‘sha sayyidning bolalari haqiqat qilishlarini va otalarining xuniga Murod Baxshning boshini to‘lashlarini talab qilib, saroy mashvaratiga shikoyat bilan kelgan edilar. Amirlardan birontasi ham buni inkor etishga jur’at qilolmagandi, chunki sayyidlar, ya’ni Muhammad payg‘ambarning avlodlari edi, ularni hamma hurmat qilar edi; bundan tashqari ular Avrangzebning niyatini juda yaxshi bilar edilar. Avrangzeb uchun ham bir qadar haqiqat yuzasidan bu bir yaxshi bahona bo‘ldi. Shunday qilib, ularning otalarini o‘ldirgan odamning boshi uzoq paysalga solib o‘tirilmay, ularga topshirib yuborildi va marhum sayyidning farzandlari zaruriy farmoyishlar bilan tezda Gvaliorga jo‘nab ketishdi.
Endi Avrangzebning oyog‘ida Sulton Shujodan boshqa zirapcha qolmagandi, u hamon Bangaliyada turardi. Biroq uning ham Avrangzebning kuchi va omadiga tan berishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Unga qarshi Amir Jumla tasarrufiga shu qadar turli-tuman qo‘shin turlari berildiki, ular oxiri Sulton Shujoni hammayoqdan, Ganga daryosining har ikkala sohili tomonidan va daryoning dengizga quyilish joyidan barcha orolchalardan qurshab oldilar. Sulton Shujo Dakkaga qochishga majbur bo‘ldi. Fojia dengiz bo‘yidagi Bangoliyaning bu so‘nggi shahrida poyoniga yetdi.
Dengizga tushish uchun kemasi bo‘lmagan va endi qayoqqa qochishini bilmagan bu shahzoda to‘ng‘ich o‘g‘li Sulton Bankni majusiy va butparast Arakon yoki Mug‘ shohi huzuriga yuboradi. Undan birmuncha muddat uning mamlakatida yashirinib turishga ruxsat berishini, shamollar fasli boshlanganda esa Mug‘ga o‘tib olishi uchun kema berib turishini so‘rashni tayinlaydi. U Makkaga jo‘namoqchi, u yerdan Turkiyagami yoki Erongami o‘tib ketmoqchi ekanini aytadi. Shoh javoban uning aziz mehmon bo‘lishini va qo‘lidan kelgancha unga yordam berajagini aytadi. Sulton Bank Dakkaga farangiylar boshqaradigan ko‘plab zambaraklar bilan qaytib keladi va (men aytayotgan odamlar qochoq portugallar va qalang‘i-qasang‘i nasroniylar edi, ular butun Quyi Bangaliya bo‘ylab talon-toroj va bosqinchilikdan boshqa ishga yaramay, ana shu shoh xizmatiga kirgan edilar). Sulton Shujo butun oila a’zolari — xotini, uchala o‘g‘li va qizlari bilan ana shu kemaga o‘tiradi. Ularni juda yaxshi kutib olishadi, ularga bu mamlakatda yashash uchun kerak bo‘ladigan barcha narsalar shohning o‘zi tomonidan muhayyo etiladi. Bir necha oy o‘tadi, shamollar fasli boshlanadi, garchi sulton tekinga emas, pulga so‘ragan bo‘lsa-da, kema haqida gap-so‘z bo‘lmaydi. Sulton Shujoning bisotida hali oltin rupiyalar, kumushlar va qimmatbaho javohirlar talaygina edi. Boyliklari shu qadar ko‘p ediki, ba’zi taxminlarga ko‘ra uning o‘limiga bevosita yoki bilvosita aynan shu boylik sababchi bo‘lgan edi. Bu kabi talonchi shohlar insof degan narsani bilmaydilar, ular so‘zlarining ustidan chiqmaydilar. Ular ayni damda faqat o‘z nafslarini o‘ylaydilar, qo‘polliklari va qaysarliklari o‘zlarining boshiga balo bo‘lib qaytishini xayollariga ham keltirmaydilar. Ularning qo‘lidan omon chiqish uchun yo juda ham kuchli, yoki ularning baloyi nafsini qo‘zg‘otib yubormaslik uchun hech vaqosiz bo‘lish kerak. Sulton Shujoning tezroq kema berishlarini so‘rab qilgan harakatlari zoye ketmoqda edi — ish oldinga siljimayotgandi, aksincha, shoh unga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘layotgandi, nega meni ko‘rgani kelmayapti, deb tirnoq ostidan kir qidirmoqda edi.
Bilmadim, balki Sulton Shujo shohni borib ko‘rishni o‘zi uchun ravo ko‘rmagandir, yoki uyiga qamab, meni tutib oladi, boyligimni talaydi, o‘zimni Amir Jumlaga topshiradi deb qo‘rqqandir. Chunki Amir Jumla Avrangzeb nomidan uni tutib bergan odamga katta miqdordagi pul va boshqa turli imtiyozlar va’da qilgandi. Nima bo‘lganda ham u shohni ziyorat qilgani bormadi. Buning o‘rniga o‘g‘li Sulton Bankni yuborib qo‘ya qolgandi. Sulton Bank shoh saroyiga yaqinlashar ekan, saxiyligini namoyish qilmoqchi bo‘lib, yo‘l-yo‘lakay yarim rupiyalik, hatto bir rupiyalik oltin, kumush pullarni sochqi qilib boradi. U shohga ko‘plab parcha va noyob zargarlik buyumlarini olib keladi. Otasi Sulton Shujo nomidan kechirim so‘raydi, uning betobligini sabab qilib ko‘rsatadi va shohga kema va bergan va’dasini eslatadi. Biroq bundan hech narsa chiqmaydi, aksincha, besh yo olti kundan keyin shoh uning qizlaridan birini xotinlikka so‘rab, odam yuboradi. Sulton Shujo bunga zinhor rozi bo‘lmas edi va bu bilan vahshiy shohning qattiq g‘azabini qo‘zg‘aydi. Nima qilmoq kerak? Yilning qulay fasli oxirlab bormoqda. Ularning holi nima kechadi endi? Qanday tadbir ko‘rmoq kerak? Tavakkal qilsinmi yo? Nihoyat, miyasiga shunday bir fikr keladiki, buning oxiri pushaymonlikdan boshqa narsa keltirmaydi.
Garchi Arakan shohi majusiy bo‘lsa-da, uning davlatida ko‘plab musulmonlar yashardi. Ayrimlari uning qanoti ostidan panoh topgan edi, lekin ularning katta qismi men ilgari aytib o‘tganim farangiylar tomonidan asir olingan qullar edi. Sulton Shujo imi-jimida mana shu musulmonlarni o‘ziga og‘dirib oladi va unga ergashib Bangoliyadan kelgan ikki-uch yuz nafar jon bilan vahshiy shoh ustiga bostirib kirishga, qurollarni ishga solishga, hammani qirib tashlab, o‘zini Arakan shohi deb e’lon qilishga azmu qaror etadi. Bu oqil odamning emas, balki johil odamning miyasiga kelgan g‘oyat tavakkalli tadbir edi. Mening ko‘plab o‘sha yerda bo‘lgan musulmonlar, portugallar va gollandlardan eshitganim va so‘rab bilganlarimga ko‘ra, tadbir muvaffaqiyatli yakun topishi mumkin edi. Biroq hujum uyushtirish ko‘zda tutilganidan bir kun oldin sir fosh bo‘ladi. Bu Sulton Shujo ishini uzil-kesil yo‘qqa chiqaradi va uning o‘limiga sabab bo‘ladi, zero, u hech bir ilojini topolmagach, Pegu orqali qochib jon saqlashga urinadi. Biroq yo‘ldagi o‘rmonlaru tog‘liklar, nariroqqa borib yo‘lning umuman yo‘qligi tufayli bunday qilishga imkon bo‘lmaydi. Buning ustiga uning ortidan shunchalik zudlik bilan ta’qib etishadiki, uni o‘sha kunning o‘zidayoq qo‘lga olishadi. U mardonavorlarcha himoyaga o‘tganini, kishi aqli bovar qilmas darajada ko‘p vahshiylarni qirib tashlaganini har kim ham yaxshi tushunadi. Biroq shu qadar ko‘p odamlar yopirilib keladiki, u bunga bardosh berolmay, jang maydonini tashlab qochishga majbur bo‘ladi.
Unchalik oldinga ketib qolmagan Sulton Bank ham otasi kabi sherday olishadi, biroq oxiri unga otilayotgan toshlardan biri tegib, yaralanadi, darhol unga tashlanib, asir oladilar va ikkala ukasi, singillari va onasi bilan birga olib ketadilar. Sulton Shujoga kelsak, u haqda quyidagilarni bilishga muvaffaq bo‘ldik: xotinlaridan biri, mahrami va yana ikki odami bilan u tog‘ cho‘qqisigacha yetib kelgan, o‘sha yerda boshiga yana bir tosh kelib tekkan va yerga qulagan, biroq uni darhol yerdan ko‘tarishgan, mahrami uning boshini salla bilan bog‘lagan va hammalari o‘rmonga yashirinishgan.
Men bu haqda o‘sha yerda bo‘lgan kishilardan uch yo to‘rt xildagi tafsilotni eshitdim, ayrimlar uni jasadlar orasidan topib olishdi, der edilar, biroq uni yuzidan yaxshi taniyolmaganlar. Men golland savdo boshqarmasi boshlig‘ining bu gaplarni tasdiqlaydigan xatini ko‘rdim. Biroq unga nima bo‘lganini to‘la aniqlash qiyin edi, mana shu noma’lumlik Dehlida bizni tez-tez tashvishga tushishimizga sabab bo‘ldi: goh u Go‘lko‘nda va Bijapur shohlari qo‘shilmasiga Maslipatamga yetib kelgan deb xabar berishar, shoh Pegu yoki Siam shohidan olgan qizil yalovli ikki kema bilan Surat yaqinidan o‘tib ketdi, deb uqdirar edilar. Yana birovlar esa u Forsda yoki Sherozda, undan keyin esa hatto Kobul xonligiga qarshi hozirlik ko‘rib Qandahorda yuribdi, degan gaplarni aytar edilar. Avrangzebning o‘zi esa bir kuni hazil qilibmi yo boshqacha o‘ydami, nihoyat Sulton Shujo hoji bo‘lmoq niyatida Makkaga ketgan, deb aytgan. Hozir ham uning Qustantaniyadan ko‘p pul bilan Forsga qaytib kelgan degan gapga ishonadiganlar talaygina topiladi. Biroq bu barcha mish-mishlarning asossizligi gollandlarning xatlaridan yaqqol ayon bo‘ladi. Bundan tashqari men bilan birga Bangoliyadan Maslipatamga o‘tgan uning mahramlaridan biri, hamda Go‘lko‘nda shohi xizmatidagi men ko‘rgan uning to‘pchiboshchisi meni ishontirib aytishdiki, Sulton Shujo allaqachon o‘lib ketgan. Lekin ular menga shundan ortiq bir narsa deyishni istashmadi. Nihoyat yaqinda, men hali Dehlidalik vaqtimda Eron va Ispaniyadan kelgan bizning frantsuz savdogarlarimiz bu joylarda Sulton Shujo haqida hech narsa eshitishmabdi. Bundan tashqari menga aytishdiki, u yengilganidan birmuncha vaqt keyin uning xanjari, qilichi topilgan. Shunday qilib, xulosa chiqarish mumkinki, bordi-yu, u jangda o‘ldirilmagan bo‘lganda ham keyinchalik yo qaroqchilar, yo bu mamlakat o‘rmonlarida to‘lib-toshib yotgan yo‘lbarslarmi, fillarmi, shu kabi yirtqich hayvonlar hamlasidan o‘lib ketgan. Nima bo‘lganda ham, mana shu ishdan keyin uning butun oilasini, xotinlari va farzandlarini zindonga tashlaganlar, ularga juda qo‘pol muomalada bo‘lganlar. Darvoqe birmuncha muddatdan keyin ularni ozod qilishgan va yumshoqroq muomala qila boshlashgan. Shoh uning to‘ng‘ich qizini olib kelishni amr etgan va uni xotinlikka olgan. Bu vaqtda Sulton Bankning bir qancha mulozimlari men aytib o‘tganim musulmonlar bilan birgalikda avvalgisiga o‘xshash bir fitna uyushtirish dardiga tushib qolishgan, biroq uni amalga oshirish kuni yetib kelganida fitnachilardan biri shirakayf holda hammadan oldin harakatga tushib, ishning pachavasini chiqargan. Bu voqea bo‘yicha menga minglab latifaomuz hikoyalarni aytishdiki, qaysi biriga ishonishni bilmasdim. Shular barchasi ichidan eng ishonarlisi shuki, azbaroyi Shujoning bu badbaxt oilasidan darg‘azab bo‘lgan shoh undagi hamma jonni qilichdan o‘tkazishga amr etgan, hech kim tirik qolmagan, hatto u uylangan to‘ng‘ich qiz ham, aytishlaricha, ikkiqat bo‘lishiga qaramay, shafqatsizlarcha halok etilgan. Sulton Bank va ukalarining boshini o‘tmas bolta bilan chopib uzganlar, ayollarni uyga qamab qo‘yishgan va ular ochlikdan o‘sha yerda o‘lib ketishgan.
Taxtu tojni egallash maqsadida to‘rt aka-uka o‘rtasida boshlangan urush ana shu tariqa barham topgan. U besh yo olti yil, ya’ni taxminan 1655 yildan 1660 yoki 1661 yilgacha davom etgan. Avrangzeb qudratli saltanat egasiga aylanib, tinchgina hukmronlik qila boshlagan.
Amir Fayzulla va Fayzi Shohismoil tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 8-son