Amir Temur hazratlarining hayratomuz sirli uzuklari haqida bu kunga kelib yangi ma’lumotlar ayon bo‘ldi. Chunki bu qimmatbaho durdona O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklaridan biri bo‘lib, tarix zarvaraqlarida tengsiz, misli ko‘rilmagan topilmadir. Shu bois, ushbu maqolada ana shu mashhur uzuk haqida fikr yuritamiz. Ba’zi bir xorijiy mamlakatlarda e’lon qilingan tarixiy ma’lumotlarda Amir Temur tamg‘asi zarb qilingan bu nodir buyum Avstriya yoki Italiyadagi muzeylardan birida tarixiy yodgorlik sifatida saqlanib kelinayotganligi taxmin qilinadi.
Afg‘onistonning atoqli tarixshunos olimlari — akademik Inoyatillo Shahroniy, Nurilloxon Tolqoniy, Abdulhamid Muboriz va Ustod Xalillo Xaliliy janoblarining dariy tilida chop etilgan maqolalarida ham ushbu sirli uzuk tilga olinadi. Ularning qo‘llarida bo‘lgan birlamchi hujjatlar tahlili bo‘yicha sohibqiron Amir Temurning ushbu uzugi haqida mufassal ma’lumotlar beriladi.
Ushbu maqola orqali O‘zbekistonning ilmiy jamoatchiligi va Amir Temur jamg‘armasi mas’ul xodimlarini ushbu mavzuga diqqat-e’tiborlarini qaratmoqchiman. Shoyad bu yodgorlik bo‘yicha tegishli ilmiy izlanishlar olib borilsa va xalqimizga ushbu noyob, bebaho buyum haqida batafsil ma’lumotlar berilsa.
Afg‘onistonda chop etilgan Abdulhamid Muboriz va Ustod Xalillo Xaliliylarning maqolalarida ushbu uzuk hozir qayerda, qaysi mamlakatda yoxud qaysi shaxsiy kollektsiyada ekanligi mavhum bo‘lib qolayotganligi ta’kidlanadi. Afg‘onistonning madaniyat vaziri muovini lavozimida ishlab kelgan Abdulhamid Muborizning “Tarix dahasidagi asosiy qonun” kitobida yozilishicha, 1973 yili 27 mayida Afg‘onistonning sobiq podshohi Muhammad Zohirshoh Rim shahridan jiyani Muhammad Dovudga maktub yo‘llab, topilmani qaytarishni iltimos qilgan ekan:
“Oliyqadr Muhammad Dovudxon janobi oliylariga!
Nihoyat samimiy qizg‘in salomlarni Sizga yo‘llab, barcha arkoni davlatlaringiz bilan Sizga sog‘liq-salomatlik, uzoq umr va kelajak ishlaringizda ulkan yutuq, omadlar tilab, qon-qarindoshlaringiz nomidan quyidagi iltimosnoma bilan murojaat etaman. Albatta, kaminangizning hurmat va iltimosini bajo etgaysiz. Mening ish joyimda Sulton Husayn Bayqarodan qolgan bir dona nodir qo‘lyozma va bir dona qimmatbaho uzukni menga yuborsangiz bas deb umid qilaman. Menga boshqa mulku davlat kerak emas”.
Ushbu maktubdan darak topgan “Ark” saroyining bosh qo‘mondoni general Muhammad Ziyo yuqorida nomi qayd etilgan nodir qo‘lyozma va uzukni pinhona olib, Avstriyaga jo‘naydi va u yerdan siyosiy boshpana so‘rab, shu mamlakatda qoladi. Nurillo Tolqoniyning so‘zlariga qaraganda: “Ushbu uzuk Avstriyadagi muzeylardan biriga katta mablag‘ evaziga sotilgan”. Boshqa olimlar Zohirshoh janoblarining o‘zlari Italiyadagi muzeylardan biriga ushbu noyob topilmani sovg‘a qilib yuborgan degan fikr-mulohazalarni ham bayon etishgan.
Bu taxminlarning qaysi biri haqiqatga to‘g‘ri kelishini hozircha hayot bo‘lgan 91 yoshli Muhammad Zohirshoh janoblari aniqlik kiritishi mumkin.
Afg‘onistondagi “Majallai Oryona” jurnalining 1333 hijriy-shamsiy yil, 9-son, 13-15-betlaridagi marhum Ustod Xalillo Xaliliyning “Sulton Husayn Bayqaro oromgohi” degan maqolasida ushbu uzuk sobiq Afg‘oniston podshohi Muhammad Zohirshoh janoblariga hadya qilinganligi to‘g‘risida mukammal ma’lumot berilgan.
Hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlari shaharlaridan birida ilmiy-tidqiqot olib borayotgan tarixshunos olim, akademik Inoyotillo Shahroniy janoblarining ta’kidlashlaricha, bu uzuk sohibqiron Amir Temurga tegishli bo‘lib, uning gardishida quyidagi so‘z “Rosti-rusti” “Kuch adolatdadir” iborasi borligini va boshqa belgilarni tahlil etadi. Aynan shu so‘zlar sohibqironga tegishli ekanligi tarixiy ma’lumotlar o‘z aksini topganligi hammaga ma’lum. Bu olimning fikricha, aslida bu uzuk ilk bor turk xoqoni O‘g‘uzxonga tegishli bo‘lgan. Ushbu bebaho durdona turk xoqonligi sulolalaridan avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tib, IX asrda Xolid Binni Barmak qo‘liga kelib tushganligi haqida ham rivoyat bor.
Aytishlaricha, turk shahzodalaridan biri Bag‘dod shahriga safar qilib, Xolid binni Barmakning huzuriga kirishga izn so‘raydi. Podshohning ijozati bilan uning qabuliga qadam qo‘yadi. Xolid binni Xolidning soniga bog‘langan, uni barcha xavf-xatardan, taomiga zaharli moddalar aralashtirilganligi va boshqalardan ogoh qiluvchi moslama darhol tebrana boshlaydi. Podshohning amri bilan ushbu shahzoda hibs etilib, tintuv o‘tkaziladi, qo‘riqchilar uning qo‘lidagi uzukni musodara qilishadi. Uzuk tahlildan o‘tkazilganda qimmatbaho brillianti borligi, gavharning tagida esa maxsus zahar saqlanadigan chuqurcha o‘yilganligi aniqlanadi. Xolid Binni Barmakning moslamasi va shahzodaning qo‘lidagi uzuk bir xil sehrli kuchga ega ekanligi tadqiqotlardan keyin ma’lum bo‘ladi. Bu ikki jism o‘z egalariga tashqi va ichki xavf-xatar yoki taomga zaharli moddalar aralashtirilgan bo‘lsa, darhol ogoh etuvchi belgilarni namoyon qilish xususiyatiga ega bo‘lgan.
Bu g‘aroyib uzuk bilan Husayn Boyqaro barmoqlaridan olingan uzuk bir xil xususiyatlarga ega ekanligi Xalillo Xaliliy maqolasida ishonarli ochib beriladi. U mazkur uzuk Husayn Bayqaro maqbarasidan topilganligini hamda ayni bir buyum ekanligini taxmin qiladi.
1965 yilda Hirot shahrida Xo‘ja Abdulla Ansoriyning tavallud topganligi ming yilligini nishonlash munosabati bilan o‘tkazilgan jahon xalqaro qo‘lyozmalar ilmiy konferentsiyasida Sulton Husayn Bayqaro va Mir Alisher Navoiy qabrlarini ochib, tegishli tadqiqotlar o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Shu qarorga asosan Rizo Moil Hiroviy, alloma Ustod Xalillo Xaliliy, akademik Salohiddin Saljuqiy va boshqa bir qancha xorijiy ekspertlar ishtirokida qabrlar ochilib, tadqiqotlar olib borildi. Shunda Husayn Bayqaro jasadining o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ida g‘aroyib uzuk topiladi. Olimlar uni o‘rganishni boshlaydilar. Ustod Xalillo Xaliliy bu noyob topilmani o‘z qo‘li bilan Muhammad Zohirshohga tuhfa qiladi. Mazkur dalillarga asoslanib, shuni xulosa qilish mumkinki, bu ajoyib-g‘aroyib topilma sohibqiron Amir Temurdan uning avlodlariga meros bo‘lib o‘tgan.
Sharqshunos Turg‘un Fayziyevning “Husayn Bayqaroning sirli o‘limi” asarida shunday yozadi: “Tarixchi Xondamirning yozishicha, Sulton Husayn Bayqaroning jasadi o‘zi qurdirgan madrasa gumbazi ostiga dafn etilgan. Madrasa Musallo yoniga qurilgan bo‘lib, o‘zining salobatli va muhtashamligi bilan kishini lol qoldiradi. Biroq XIX asrda, Afg‘oniston amiri Abdurahmonxon zamonida ingliz mushovirlari “Ruslar Hirotni zabt etmoqchi, binobarin, baland va ulkan minoralar ularning zambaraklariga nishon bo‘lishi muqarrar” deb minoralarni buzib tashlashni maslahat beradilar. Shundan so‘ng mahalliy hukmdorlar madrasa minoralarining ostiga dinamit qo‘yib portlatadilar. Natijada bir necha osoriatiqa yodgorliklar kultepaga aylanadi. Jumladan, Sulton Husayn Bayqaro qurdirgan madrasa ham vayronaga aylanadi. Bayqaro qabri vayronalar orasida, ochiq maydonda qolib, bir oz yerga cho‘kkan, ustiga o‘rnatilgan marmar tosh “Sangi haft qalam” esa bir tomonga og‘ib qolgan.
Sulton Husayn Bayqaro maqbarasi qoshiga qo‘yilgan “Sangi haft qalam” marmar toshi haqida “Piri Hirot” asarida quyidagi jumlalar yozilgan: “Sangi haft qalam” jahondagi xattotlik san’atining bebaho durdonalaridan bo‘lib, Husayn Bayqaro tomonidan shaxsan o‘z qabriga atab buyurtirilgan qabr toshi edi. Bu qabr toshini sangtarosh nodir xattotlik bezaklari bilan bezashga yetti yillik umrini sarflagan. Ammo taqdir taqozosi bilan 1496 yil Bayqaroning suyukli farzandi Shoh G‘arib Mirzo vafot etadi va bu qabr toshi yodgorlik sifatida shahzodaning qabriga qo‘yiladi. Sulton Husayn Bayqaroning buyrug‘i bilan o‘sha mohir sangtarosh tomonidan tamoman yangi qabr toshi yasaladi va u vafotidan so‘ng qabriga o‘rnatiladi.
Bu qisqa maqola nihoyasida yana shuni ilova qilamiz. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining aytishiga ko‘ra, ushbu tarixiy uzuk bugungi kunda Amerikada Nyu-York shahridagi “Metropoliten” muzeyining “Islom bo‘limi”da saqlanayotganligi haqida ma’lumotlar bor. Shunga asoslanib, Muhammad Ali ushbu shaharga borganda, muzeyga qadam ranjida qiladilar, ammo bir tasodif tufayli shu bo‘lim ta’mirlash uchun yopilgan bo‘lib, uni ko‘rolmaydi.
Bunday nodir yodgorlik va qo‘lyozma asarlar qayerda saqlanishidan qat’i nazar, tariximiz, madaniyatimiz iftixori, buyuk Turon-Turkiston xalqlarining boy merosi hisoblanadi.
Boshqa bir ma’lumotlarga qaraganda, sohibqironning qo‘llarida bo‘lgan zarhal qilich hanuzgacha Eron mamlakatining Mashhad shahridagi muzeyda, salobatli sovut kiyimlari esa Turkiyada, “Temur tuzuklari” va Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” qo‘lyozmasi Frantsiyadagi muzeylardan birida ekanligi qayd qilingan.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 2-son