Viktor Shklovskiy. Chaplin va Eyzenshteyn

Jahon kinematografiyasining ikki buyuk namoyandasi, ovozsiz kinoning yirik darg‘alari – Charli Chaplin (1889–1977) va Sergey Eyzenshteyn (1898–1948)ijodi hech shubhasiz, umuminsoniyatga daxldlor hodisalardir. Har ikki san’atkor oq-qora tasvirdagi unsiz nigohlar ila millionlab san’at muhiblarini o‘ziga rom etdi, goho quvnoq epizodlar, gohida esa hazin dard bilan yo‘g‘rilgan filmlari kurrai zaminni hayratga soldi. Vaqt o‘tib ovozli kino paydo bo‘ldi, rangli filmlar ekranga chiqdi, shunda ayrim davralarda “ovozsiz kinoning umri tugadi, endi Chaplinu Griffitlar, Pudovkinu Eyzenshteynlarning lentalarini yoqib yuborsa ham bo‘laveradi”, qabilidagi gap-so‘zlar quloqqa chalindi. Yo‘q, ular adashishdi, ovozsiz kinoning shuhrati, maqomu martabasi kundan-kunga ortaverdi, “Buyuk diktator”, “Katta shahardagi yong‘inlar”, “Oltin vasvasasi”, “Kichkintoy”, “Daydi”, “Gongonglik xonim” (Charli Chaplin filmlari),“Aleksandr Nevskiy”, “Ivan Grozniy”, “Yashasin, Meksika!”, “Potyomkin Bronenosetsi”(Sergey Eyzenshteyn filmlari) singari kartinalar klassik darajaga yetdi.
Chaplin va Eyzenshteynning ilk tanishuvi 1930 yilga to‘g‘ri keladi, o‘shanda sobiq Ittifoq rejissyorlari AQShga ijodiy safar bilan tashrif buyurgan edi. Bu kezlarda Chaplin allaqachon o‘z ijodining cho‘qqisiga chiqqan, Eyzenshteyn esa “Potyomkin Bronenosetsi” va “Oktyabr”nomli filmlarini suratga olgandi. Rus kinorejissyorining okean ortiga kelishidan yana bir maqsadi Teodor Drayzerning “Amerika fojiasi” romanini ekranlashtirish edi, biroq Paramount Picture kinokompaniyasi film stsenariysini inkor etadi.Ehtimol amerikaliklar o‘zlarining buyuk romanini o‘zga millat vakili kino qilishidan xavfsirab, shunday qarorga kelgandir? Shunday bo‘lsa-da, Eyzenshteyn yurtiga quruq qo‘l bilan qaytmaydi, u o‘z stsenariysi asosida Kaliforniya shtatidagi oltin talvasasi bilan bog‘liq juda qiziq hujjatli manbalarga asoslangan “Zutterning oltinlari” nomli filmni suratga oladi.
Sergey Eyzenshteyn Chaplin ijodini doimo yuksak baholab, uni ustoz sifatida hurmat qilgani sir emas. O‘z navbatida Charli ham Eyzenshteynni yirik kinorejissyor sifatida e’tirof etgan, xususan uning “Ivan Grozniy” nomli filmini tomosha qilgach, o‘z taassurotlarini shunday bayon qiladi: “Men ikkinchi jahon urushidan so‘ng Eyzenshteynning “Ivan Grozniy” filmini ko‘rib chunonam hayratga tushdim, ushbu kartina tarixiy janrning oliy namunasi edi. Rejissyor moziy sahifalarini poetik ko‘lamda ifodalaydi va fikrimcha bu talqinning qoyilmaqom shaklidir. Boisi tasvirlanayotgan davrning umumiy manzarasi, holatu raftori shundoqqina ko‘z o‘ngimizda jonlanadi. Nazarimda, san’at asari tarixiy dalilu manbalarni ilmiy traktatlardan ko‘ra yaxshiroq saqlay oladi va “Ivan Grozniy” filmi ayni haqiqatga ishonchimni yanada mustahkamladi”.
Quyida e’tiboringizga havola qilinayotgan taniqli rus munaqqidi, adabiyotshunos, kinoshunos olim Viktor Shklovskiy (1893–1984)ning maqolasida Chaplin va Eyzenshteynning ilk tanishuvi, ijodiy olami o‘ziga xos yo‘sinda ifodalangan bo‘lib, bu har ikki san’atkor haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitmog‘i shubhasiz.

LOS-ANJELESDAGI QABUL

Amerika bo‘ylab sayohatga chiqqan Sergey Eyzenshteyn shu vaqtgacha Chap­linni filmlari orqali yaxshi tanir va hurmat qilardi; Moskvada esa u Meri Pikford va Duglas Ferbenks bilan uchrashgan edi.
Eyzenshteyn Duglas bilan Nyu-Yorkda qayta yuz ko‘rishdi. Bu palla Amerikada “g‘aroyib” qonun hukm surardi: spirtli ichimliklar butunlay taqiqlab qo‘yilgandi. O‘sha kezlari aroq, ayniqsa, vinoni baland narxga pullab yurgan lo‘ttivozlarning paytavasiga qurt tushgandi.
Tabiiyki, Duglas Ferbenks ancha-muncha ko‘zga ko‘rinib qolgan Sergey Mixaylovichdek rejissyorni bor rasm-rusumini o‘rniga qo‘yib, yuksak darajada kutib olishni xohlardi. Biroq, Eyzenshteyn Amerikaga kirishdan avval hukumat rahbarlari bilan uchrashib, biror qoidaga xilof ish tutmaslikka va’da berganini aytdi; modomiki mast qiluvchi ichimlik­larga ruxsat yo‘q ekan, erka ko‘nglining bedodliklarini jilovlab, shu taomilga-da rioya qilmoqni istardi.
– Unda Los-Anjelesga yo‘l oldik. Bizni Charli kutmoqda – dedi Duglas daf’atan. – Bu shahar – kinoning poytaxti!
Mehmonlar yo‘lga tushdi. Poyezd shamoldek guvillab uchib borar, qumli dashtlaru yassi adirlar sekin-asta ortda qolardi. Eyzenshteyn o‘z kupesida odatdagidek kitob mutolaasi bilan band edi.
Bizning kinematograflar Los-Anjelesga “Birlashgan artistlar” tashkilotining a’zolari sifatida tashrif buyurishdi. Bu tashkilotga Duglas Meri Pikford bilan birga asos solgandi.
Mehmonlar keng va shinam kabinetga kirib kelishdi. Devor bo‘ylab uzun yozuv stoli joylashgan edi. Bu Duglasning ish stoli bo‘lib, ustida turfa eskizlar to‘plami, rang-barang fotosuratlar qalashib yotardi, katta-kichik predmetlar orasida ayniqsa, bronzadan yasalgan ikkita leopard haykalchasi yaqqol ko‘zga tashlanardi.
Chap tarafda kichkina eshik ko‘rinadi: u ochiq turibdi. Bu eshikdan kirilsa, sharqona ruh ila jihozlangan mehmonxonani ko‘rish mumkin. Markazdagi alvon kursida Ferbenks o‘tiribdi. Biroq hamma intiqib kutayotgan Chaplindan hozircha darak yo‘q.

Tuyqus yuqoridagi eshikni kimdir taqillatdi va ohista ichkariga qadam qo‘ydi. Xonada misli Savaof ma’budini yodga soluvchi, qop-qora sochli, qaddi-qomati kelishgan kimsa paydo bo‘ldi. Bir qarashda uni Chaplinga o‘xshatish ham, o‘xshatmaslik ham ilojsiz edi.
Kinoixlosmandlarga ayonki, Chaplin mashhurligu muvaffaqiyat bobida ancha-muncha hamkasblaridan ildamlab ketgan. Shu kezlarda u “Katta shahardagi yong‘inlar” nomli filmini suratga olish ishlarini yakunlagan edi.
Shu payt chor atrofdagilardan biri tantanali ovozda tanishtirdi:
– Charlz Spenser Chaplin!
Aktyorlar o‘z yelkasida turfa qismatlarni ko‘tarib yuradi: ular hayotni o‘ynaydi; ba’zan qoyilmaqom, ba’zan qoniqarsiz… Ba’zida obrazlar dunyosiga shu qadar sho‘ng‘ib ketishadiki, o‘zlari va yaqinlari uchun yashashga fursatlari yetmaydi, shafqatsiz vaqt ijodkor ustidan hukmini o‘qib qo‘yaqoladi.Chaplinning peshonasiga shunday yoziq bitilgandi. Xullas bugungi ijodiy, qizg‘in uchrashuv chinakam mashhur va zakiy ikki san’atkor: Londonning tashlandiq, gadoytopmas ko‘chalarida ulg‘aygan Charli Chaplin va Riga osmonida porlagan bolakay Sergey Eyzenshteyn o‘rtasidagi do‘stlikning ibtidosini boshlab berdi. Stol atrofida turfa taqdirga ega ikki ajoyib shaxs yuzma-yuz o‘tirardi: qizig‘i, ularning dahosini ham, nasl-nasabini ham bir-biriga mengzab bo‘lmasdi.
Chaplin Eyzenshteyndan to‘qqiz yosh katta edi. U qashshoq oilada tug‘ildi, bolaligi murakkab sharoitda, xoru zorlikda kechdi. Ammo butun umr yuksak maqsadlarni ko‘zladi, shu yo‘lda astoydil va muttasil harakat qildi.
U o‘qirdi, biroq kam narsa bilardi, aniqrog‘i, bilganlari ham negadir tarqoqdek, sochma illyuziyadek taassurot uyg‘otardi. Chaplin o‘z esdaliklarida allanechuk istehzo bilan shunday yozadi: “Nazarimda, yer yuzidagi har bir inson nimanidir o‘rganishga jiddu jahd bilan intiladi. Va men ham o‘shalardan biriman. Eng muhimi, bilimga talpinishim, xayrixohligim mutlaqo beg‘araz. Afsuski, ko‘pchilikning ilmga rag‘bati, muhabbati haqiqiy bo‘lmaydi, ular zohiran nodonligini niqoblash uchun o‘zlarini bilgich qilib ko‘rsatadi. Men esa bo‘sh vaqtim bo‘lishi hamono kitob do‘konlariga yo‘l olaman” (Charlz Chaplin. “Mening tarjimai holim” kitobidan).
U shunchaki vaqt o‘ldirish yoki yengil-elpi mulohazalar uchun kitob o‘qimasdi. Ehtimol u barcha kitoblar orasida “Injil”ni yaxshiroq bilardi. Shuningdek, u Shopengauerning barcha uch jildlik asarlarini mutolaa qilishga tutinardi, ammo mana qirq yildirki, buning uddasidan chiqolmasdi.
U Uitmenni o‘qirdi, biroq uning ijodi bilan murosa qilolmasdi: boisi Uitmen mutlaqo boshqa Amerikada tug‘ilib, o‘sgandi.
Charli kinoda Qirol Lirdek hukmdor edi, faqat undan farqli o‘laroq baxtli edi. U ikki mamlakat – AQSh va Buyuk Britaniyaga badarg‘a qilingan qirollardek hur va ozod yashardi.
Eyzenshteyn va Chaplin ilk bor uchrashgan mazkur kun 1930 yilga to‘g‘ri keldi, bu vaqtda Chaplin olamshumul shuhrat qozongan “Parijlik ayol”, “Oltin vasvasasi”, “Sirk” kabi filmlarini suratga olib bo‘lgandi. U o‘z dahosining cho‘qqisiga chiqqan, ayni ijodiy yetuklikdan sarmast yurardi: yuqoridagi kinoasarlardan so‘ng u “Piligrim”ni ham boshlagan va mazkur film ham xuddi avvalgilaridek kulgili sarguzashtlarga boy bo‘lmasligi mumkin emasdi. Eyzenshteyn esa “Ish tashlash”, “Potyomkin Bronenosetsi”, “General chegarasi”, “Oktyabr” singari filmlar yaratgandi. Ikkovi ham bir-birini yaqindan tanib oldi, ikkovi ham o‘z davrining avj nuqtasida uchrashganiga shubha qilmasdi va eng muhimi, ikkovi ham kinematografiya­ni kuchli muhabbat bilan sevardi.

ChAPLIN VA EYZENShTEYN KATTA EKRANDA

Biz barchamiz Chaplinni ekranda qanday ko‘ringan bo‘lsa, shundayligicha qabul qilamiz: melanxolik, kichik jussali, beo‘xshov kiyingan va xuddi sudralib yuruvchidek arang qadam tashlovchi odam.
U qachonlardir eski-tuski qalashib yotgan bozordan o‘zining mashhur kostyumini xarid qildi, vaholanki, bu kostyum o‘sha paytlar urfda emasdi. Biroq qahramonimiz uchun bu muhim hisoblanmaydi, unga nimadir yoqib qoldimi tamom, albatta, sotib oladi.
Umuman Chaplinning kiyinish uslubi o‘ziga xos. Yodingizda bo‘lsa, Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” asari qahramoni doimo kalta shim kiyib yuradi, Chaplin esa aksincha, uzun shimni ma’qul ko‘radi.
Chaplin ingichka hassaga tayanib yuradi, aslida hassasiz ham yashash mumkin, ayniqsa, ekrandagi Chaplinning yoshida bu mutlaqo oson vazifa. Uning hassasi ortiqchadek, xuddi dabdaba uchundek taassurot uyg‘otadi.
Uning kostyumi tamomila “chaplinona” edi: bosh kiyimi, shimi, boshmoqi – barchasi haqiqiy masxarabozning libosini yodga solardi: biroq shunchaki masxaraboz emas.
Agar ta’bir joiz bo‘lsa, bu liboslar qirolning toji va ridosidan kam emasdi!
Chaplin tez orada boyib ketdi. Ajoyib kino tarixchisi Yeji Teplitsning qayd etishicha, uning har bir filmi kurrai zaminni hayratga solar va qariyb 300 millionga yaqin auditoriyani qamrab olardi.
“Katta shahardagi yong‘inlar” filmida Chaplin ikki xil qiyofada namoyon bo‘ladi: qashshoq va badavlat Chaplin. Kambag‘al Chaplin ulug‘ aktyorning chinakam dahosini mujassam etadi: unda Charlining botiniy olami, ruhiyati ko‘rinib turadi.
Charli o‘zining sertashvish bolaligi va “Kichkintoy” nomli filmini hech qachon unutmaydi. Ushbu kartinani u Jekki Kugan bilan hamkorlikda suratga olgandi. Film voqealari Chaplinning qashshoqligu muhtojlikka to‘la murg‘ak kunlarini kinotasmalarda jonlantiradi: katalakdek hujrada aka-ukalari bilan och-nahor hayot kechirgan aktyorning bolaligi filmga ko‘chib o‘tgandek bo‘ladi.
Charli kino atalmish “dunyocha” da erkin parvoz qilardi, uning munosib zamondoshi Sergey Eyzenshteyn esa “Potyomkin Bronenosetsi” nomli mashhur filmini yaratish xayoli bilan yashardi.
Sergey Eyzenshteynning “Potyomkin Bronenosetsi” filmi – Ittifoq kinosining buyuk kashfiyoti. Tabiiyki, kartina bunday rutbaga osonlikcha erishmagan. Film qay taxlit dunyoga keldi, qanday qilib durdona kinoasarga aylandi?
Shuhrat pillapoyalari sari dastlabki qadamni avvalo rejissyor qo‘ydi (S.Eyzenshteyn nazarda tutilmoqda – Tarj.), u suratga olish jarayonida kinematografiyaning eski qonuniyatlariga ko‘r-ko‘rona yondashishdan voz kechib, yangi tajribalarni sinovdan o‘tkazdi.
Shu vaqtgacha asosan harbiy xronikada ishlab kelayotgan mahoratli kino­operator Eduard Tisse Eyzenshteyn bilan yonma-yon turib ijod qildi.
Tisse tom ma’noda operator-strateg edi.
U barcha tasodiflarni maqsadga bo‘ysuntirib, film g‘oyasini ochishga safarbar etdi.
Eyzenshteynning atrofida ajoyib ijodkorlardan iborat fidoyi jamoa yig‘ilgan edi: masalan, Grigoriy Aleksandrov – kinotasmalarni yaxshi biladi, harakatlarga moslashuvchan, chopqir, mohir sportchi va irodali inson. Hatto xatoga yo‘l qo‘ysa-da, iste’dodu g‘ayratiga shubha uyg‘onmaydi.
Film direktori – Yakov Bliox. Bliox chinakam tashkilotchi edi, tez va maqbul qaror qabul qilardi.
Kinofabrikani M.Kapchinskiy boshqardi. U dastlab armiyada xizmat qildi, askarlar qo‘mitasiga rais ham bo‘ldi, shundan so‘ng birinchi Moskva davlat kinofabrikasiga direktor lavozimiga tayinlandi.
Kinofabrika film suratga olish uchun zarur asbob-uskunalar bilan to‘la jihozlangan, faqat rejissyorning “Motor!..” – deya ish boshlashi qolgandi, xolos.
Film stsenariysi haddan tashqari katta edi, hatto aytish mumkinki, hajman bunday stsenariyning mavjudligiga aql bovar qilmasdi, buning sababi shundaki, film syujeti kadrlar bo‘yicha, an’anaviy yo‘sinda batafsil aks ettirilgandi. Uni dastlab moviy ko‘zli, yoshgina Nina Agajanova ismli qiz qog‘ozga tushirdi.
Ammo stsenariy muallifi masalasida aniq to‘xtamga kelish ancha qiyin kechdi. O‘shanda, da’vogarlarning soni o‘ndan ortiq edi. Biz kabi “Bronenosets” ning tug‘ilishiga guvoh avlod esa Agadjanovani haqiqiy muallif deb tan oldik va hanuzgacha shu fikrda sobitmiz.
Albatta, stsenariy filmga aylanguniga qadar ancha-muncha o‘zgarishlarga yuz tutdi, xususan, qog‘ozda yo‘q ayrim epizodlar qo‘shildi, rejissyor ko‘rimlari, topilmalari bilan boyib, o‘zgacha shaklda ekranga ko‘chdi. Kino bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar olib borgan olim M.Shtraux shunday xotirlaydi: “Kunlarning birida frantsuzlarning “Illyustrason” jurnalida e’lon qilingan qiziq bir suratga ko‘zim tushdi. Rassom vayrona bo‘lgan Odessa zinapoyalarini mahorat bilan tasvirlagan, hatto manzara xunuk bo‘lsa-da, suratda tomoshabin nigohini tortuvchi nedir joziba, ajib tilsimot mujassam edi. G‘arb jurnalistlarining topqirligiga qoyil qolib, suratni Eyzenshteynga ko‘rsatdim va bu noyob kartina rejissyor tasavvurini bamisoli yashindek chaqnatib yubordi”. Filmda zinapoyalar uzra bazo‘r harakatlanayotgan, atrof-javonibdagi befarq insonlardan yozg‘irayotgan nogiron ayol tasviri ko‘rsatiladi, bu tom ma’noda intellektual rejissyorlarga xos ramziy, favqulodda ohorli epizod, nazarimda, Eyzenshteyn mazkur lavhani yaratishda Shtraux ta’kidlagan suratdan ilhomlangan ko‘rinadi.
Umuman, Eyzenshteyn filmning har bir epizodiga jiddiy ahamiyat qaratdi va yakunda ajoyib kartina yaratdi. O‘z vaqtida “Potyomkin Bronenosetsi”ning “barcha davrlarning eng yaxshi filmi” deya e’tirof etilishi ham bejiz emas.

Rus tilidan Shohrux Abdurasulov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 10-son