Hozirgi vaqtda musiqashunos Teodor Greyg Levin faqat musiqa olamidagina emas, balki ko‘pgina sohalarda, madaniyat olamida ham mashhurdir. Gap shundaki, uning tadqiqotlari butun boshli bir yo‘nalishga asos solmoqda. Bu fanga aniq ta’rif berish hozircha mushkul. Olimning tadqiqotlarini an’anaviy “musiqashunos”, “folklorshunos”, “sharqshunos-musiqashunos”, “musiqalog” yoxud “etnomusiqalog” singari an’anaviy qoliplar bilan tavsiflab bo‘lmaydi. Bu tushunchalardan farqli o‘laroq, Ted Levin joriy etilayotgan ilmiy uslubini “uchinchi yo‘nalish” yoki “uchinchi yo‘l” deb atagan ma’qulroq.
Madaniyatshunoslik, etnopsixologiya, antropologiya sohalariga yo‘naltirilgan tor yondashuvlarga qaraganda u tanlagan yo‘l tabiiyligi, hayotga yaqinligi bilan ajralib turadi. Olim mavhum uslubiy yo‘riqlarni chetlab o‘tgan holda musiqaning o‘zidan kelib chiqadi, musiqa to‘g‘risidagi fikr musiqa madaniyatining ajralmas tarkibiy qismi ekanligi haqidagi qoidaga amal qiladi. Musiqiy tafakkur esa musiqiy risola, kitob, ma’ruza, tadqiqot tarzida zuhur etishi mumkin va juz’iy nazar, butkul nazariya yoki kontseptsiyani ifodalaydi. Biroq ular musiqiy tafakkurning faqat muayyan bir qismidir xolos. Uning boshqa, nihoyatda katta qismi bo‘lsa aysbergning suv osti bo‘lagi singari ko‘zdan pinhon, inson mentalitetiga singib ketgan bo‘lib, yashirin, lekin albatta mavjud bir borliq sifatida yuzaki qarashda nazarga tushmaydi. Bu borliqning ich-ichiga kirish, mohiyatiga yo‘l topish nihoyatda mashaqqatli. Zero musiqani qalbdan idrok etmoq uchun o‘sha madaniyatga mansub bo‘lmoq darkor. Faqat uzoq vaqt davom etadigan ko‘rish, eshitish va psixologik kuzatish jarayonidan so‘nggina bu mentalitetning tabiatini his qilmoq, undan keyingina voqea-hodisa mohiyatiga mos so‘z va ifodalar topmoq mumkin. Bu hollarning barchasida tadqiqotchining shaxsi, uning salohiyati, bilim doirasi, rang-barang va turli-tuman faktlarning yagona o‘zagini topa olish qobiliyati hal qiluvchi omildir.
Bunday yondashuvda tadqiqotga mavzu tanlash pirovard maqsad emas. Masalaning yechimi, uning janrini (maqola, dissertatsiya, monografiya va h.k.) oldindan belgilab olish g‘oyat mushkul va keragi ham yo‘q. Bu holda tadqiqotchining o‘ljasini sotib, foyda olish ustida bosh ham qotirib o‘tirmaydigan ovchiga o‘xshatish mumkin. Chinakam ovchi uchun o‘lja emas, ov jarayonining o‘zi, undan olinadigan zavq-shavq, shaydoyilik muhim. Maqsad bitta ruhiy ehtiyojini qondirishdan iborat xolos.
Uzoq mintaqa musiqasi, dunyoning bu chekkasidagi madaniyatni o‘rganayotgan olim uchun ushbu zamin kishilarining musiqa olami, qanday hollarda ohanglardan zavqlanishini bilish muhimdir. Musiqaning ichki mexanizmi, tabiati, ijrodagi odatlari, kishilar kuy-qo‘shiq haqida o‘yga berilganida fikr-xayolidan nimalar kechishi, bu murakkab ruhiy jarayonda mashshoqning o‘rnini, tinglovchilar bilan muloqotini, boshqa so‘z bilan aytganda, asl an’analar muhitida musiqa qanday yashayotganini o‘rganish zarurdir.
Ted birinchi kitobi “Xudoning yuz ming shaydosi” (Markaziy Osiyoga musiqiy sayohat)ni 1966 yilda chop etdi, tez orada tadqiqot mutaxassis va ziyolilarning e’tirofiga, shov-shuvlarga sazovor bo‘ldi. Musiqa ilmida esa bunday hodisa kamdan-kam uchraydi. Hozirgacha bu kitob uch marta nashr etilib, umumiy adadi 50 ming nusxadan oshib ketdi. Matn oddiy, hammabop tilda yozilgan, ayni choqda fikrlar lo‘nda va chuqur. Muallif bo‘lar-bo‘lmasga ilmiy kalimalarni tiqishtirishdan qochib, qimmatli faktlar, xulosalarni qiziqarli tilda bayon etishga erishgan. Bu esa asarning o‘qishli bo‘lishiga olib kelgan. Natijada tadqiqotni talaba ham, musiqadan uzoqroq odam ham, musiqa mutaxassisi ham birday ishtiyoq bilan o‘qiydi. Kitob mazmunini gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, albatta. U keyingi vaqtlarda tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otayotgan bizning mintaqa madaniyatining noma’lum jihatlarini yoritgani uchun ham maroq bilan o‘qiladi.
Ayni choqda Levin ko‘p yillardan buyon yangi kitoblar ustida ham ishlayapti. So‘nggi paytda Tedning e’tibori Mo‘g‘uliston va Tuva musiqasiga qaratilgan. Bu tadqiqot hozircha shartli ravishda “Tog‘lar kuylaydigan o‘lkada” deb nomlangan va tamomila yangicha yozilmoqda.
Markaziy Osiyo, jumladan, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Shahrisabz, Termiz, Xo‘jand, Toshkent, Boysun, Buyuk ipak yo‘lidagi qadimiy madaniyat o‘choqlaridir. Endilikda bu yerga butun jahondagi sayyohlar kelmoqda. “Xudoning ming bir shaydosi” kitobida muallif o‘z oldiga faqat boy me’moriy va badiiy merosigina emas, balki betakror musiqiy xazinasi bilan mashhur bo‘lgan bu qadimiy zamin madaniyati haqida qiziqarli, ayni choqda, ishonarli hikoya qilib berish, kitobxonlarda mintaqa musiqasiga qiziqish uyg‘otish va namunalar tinglash (kitobga SD disk ilova etilgan) imkoniyatini berish vazifasini qo‘ygan. Bu ishning uddasidan chiqish uchun, eng avvalo, muallifning o‘zi materialni “hazm” qilishi, uning mohiyatini teran anglab yetmog‘i lozim edi.
Mo‘g‘uliston va Tuva haqidagi kitob ham, garchi turli sohalardagi zamonaviy ilmiy izlanishlarga monand bo‘lsa-da, maqsadning mutlaqo boshqacha va noyob ekanligi, ya’ni insonning tabiat, musiqa olami bilan o‘zaro bog‘liqligi, u bilan uyg‘unlashib qo‘shilib ketishini ko‘rsatish vazifasi qo‘yilganligi bilan ajralib turadi. Musiqa tabiat ohanglari bilan qay yo‘sinda uyg‘unlashib ketadi, “tabiatni tinglash” deb ataydigan hodisaning sir-asrorini ochish mumkinmi, inson ohang vositasi orqali tashqi dunyo bilan qanday muloqot qiladi – bu va shu singari ko‘plab savollarga zaminning qaysi mintaqasi madaniyatidan aniqroq va to‘g‘ri javob topish mumkin? Ted Levin turli xalqlarning musiqiy an’analarini chog‘ishtirib, Sharqiy Sibir va Mo‘g‘ulistonnni, Tuva, O‘qutiston va Xakasiya mintaqasini tanladi. Bu yerlarda eski “xumay” ya’ni bo‘g‘izdan kuylash (ichki ovoz) uslubi hamon yashab kelmoqda. Bu noyob hodisani o‘rganish uchun mazkur mintaqada ajoyib imkoniyat bor. Zero, bu yerda an’anaviy musiqa hali – hozirgacha ijro etilmoqda. Unga talab katta. U zamon bilan hamnafas yashamoqda. Tadqiqotchi bu olamga kirisha olsa bas.
Biroq, asosiy mushkulot ham xuddi shunda. Bu musiqa ijodkorlari qalbiga yo‘l topish oson emas. Bu o‘rinda uzoq vaqt davomida sabr-toqat bilan ehtiyotkorona ishlash talab etiladi. Mazkur zaminning baxshi va shomonlari tadqiqotchining samimiyligiga ishonsagina o‘zi uchun eng muqaddas bo‘lgan san’atining nozik sirlarini oshkor etishi mumkin, xolos. Bundan o‘n besh yigirma yillar muqaddam Ted baxshilar qalbiga yo‘l izlab, nechog‘li mashaqqat chekkanini yaxshi eslayman. U O‘qutiston va Tuvaning og‘ir ob-havo sharoitida imkon boricha uzoqroq yashashga, mahalliy aholi bilan qiyinchiliklarni baravar tortishga, qo‘lidan kelganicha ularning og‘irini yengil qilishga intilar edi. Shu tariqa davomli muloqotlar do‘stlikka aylanardi.
Musiqa olamiga chuqur kirib borgan olim “xumay” usulini o‘rganib oldi, xonandalar bilan jo‘rovoz bo‘lib kuylaydigan darajaga erishdi. U keyinroq Amerikada bo‘g‘izda kuylash usuli ishqibozlarini to‘plab, “Uyg‘un xor” (har biri ikki xil ovoz berish qobiliyatiga ega bo‘lgan sakkiz ijrochidan iborat) ansambl tashkil etdi Bu ansambl bilan Parijda kontsertlar berdi, tuvalik xonandalarning boy mamlakatlarga safarlarini uyushtirdi. Guruhning Amerika safari nihoyatda muvaffaqiyatli o‘tdi.
Ilgarilari Ted o‘zbek musiqachilariga ham ana shunday g‘amxo‘rlik qilganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. U 90-yillar boshida an’anaviy musiqamizning AQShdagi kontsertlarini uyushtirishga bosh-qosh bo‘lgandi. O‘zbekistonlik ijrochilar bu yerda ilgarilari ham kontsertlar berishgandi. Biroq ular, odatda, rasmiy hay’atlar tarkibida borishgandi. Ommaviy kontsertlar bo‘lsa o‘shanda ilk bor o‘tkazildi. Bunda reklama, bilet sotish va oldindan belgilangan dastur asosida kontsert namoyish qilish ishi barcha qoidalarga amal qilgan holda tashkil etildi. Ted bu tashabbusini AQSh Osiyo jamiyatining qo‘llab-quvvatlashiga muvaffaq bo‘ldi. Bu jamiyat Osiyo san’atini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadigan notijorat tashkilot edi. Jamiyatning o‘n qavatli hashamatli binosi Manxettenning nufuzli yerida joylashgan bo‘lib, zo‘r kontsert zallariga ega. Madaniy dasturlar, jumladan, bizning dasturimizning muvofiqlashtiruvchisi Beata Gordon edi. Barcha rahbarlik ishi bo‘lsa, Tedning zimmasiga tushdi, O‘zbekistondan bo‘lsa, kamina tashkilotchilik qildi.
Kontsert arafasida Ted bilan Vashingtondagi Smitsoniyan institutining ko‘magida “Buxoro Markaziy Osiyoning musiqa chorrahasi” nomli CD diski hamda “Markaziy Osiyo musiqa ustalari” audiokassetasini tayyorladik. O‘sha paytlari audiokassetalar keng tarqalgan bo‘lib, kompakt-disklar endigina bozorga kirib kelayotgan edi. Umuman, ancha mo‘jaz bu audiokassetaga Turg‘un Alimatov, Munojot Yo‘lchiyeva va Qahhor baxshi ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yozilgandi. Ted bankdan qarz ko‘tarish hisobiga disk va kassetani chiqardi. O‘shanda uning to‘ng‘ich qizi tug‘ilgan bo‘lib, mablag‘ masalasida ancha qiyin ahvolga tushib qolgandi. Biroq bu vaziyat uning bizga beg‘araz yordam ko‘rsatishiga zig‘ircha ham ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. U kasseta va disklarni sotishdan tushgan pul bilan qarzni uzishni mo‘ljallab, bila-ko‘ra tavakkalga qo‘l urdi. Tavakkal qilib yanglishmagan ekan disklar va kassetalar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Kontsert o‘tkazishga ajratilgan mablag‘ kamligi bois, ijrochilarni tanlashga alohida talabchanlik bilan yondoshildi. Bunda, eng avvalo, ijrochilarning yuksak professional mahorati va imkoniyatlari hisobga olindi, albatta. Turg‘un Alimatov, uning o‘g‘li, doirachi Ilhom Ikromov, xonanda Munojot Yo‘lchiyeva, uning ustozi va sozandasi Shavkat Mirzayev, raqqosa Dilafro‘z Jabborova va muqobil o‘laroq, o‘zining antiqa uslubi bilan katta muvaffaqiyat qozongan qashqadaryolik Qahhor baxshi guruh ishtirokchilari bo‘lishdi.
Ijrochilar va ularning dasturini tanlashdan tashqari, o‘ziga xos matbuot xabarnomasini tayyorlash mening chekimga tushdi. Amerika musiqashunosligining o‘ziga xosligiga ilk bor duch kelganim uchun ham bor-yo‘g‘i to‘rt sahifalik axborotnomani tayyorlash uchun o‘nlab variantlar tayyorlashga to‘g‘ri keldi. Bu yerda mutlaqo boshqacha mezonlar, qarashlar mavjud edi. Keng va boy ma’lumot berish bu yerda birinchi o‘rinda turadi. Eng avvalo, psixologik jihatdan qiziq “kalit” topish lozim edi, so‘ng matnni mantiqan oddiy va hammabop bayon etishga erishish talab qilinardi. Bu ishni Tedning o‘zi bemalol uddalay olardi. Shunday bulsa-da, u bu vazifani menga topshirdi. Chunki u meni Amerika talablari bilan yaqindan tanishtirish niyatida edi. Yillar davomida bizda shakllangan ifoda ulubi, majoziy til amerikaliklarga mutlaqo yot. Shu boisdan Amerika tinglovchilari mentalitetiga yoqib tushadigan to‘g‘ri yo‘lni topish uchun ko‘p izlanishga to‘g‘ri keldi. Tedning bunday tutumini va nihoyatda talabchanlik qilganining boisini keyinchalik, o‘zbek musiqasi haqida ma’ruza o‘qish uchun meni Amerika universitetlariga taklif eta boshlaganlaridan keyingina tushunib yetdim.
Ted, shuningdek, Turg‘un aka, Munojot va boshqa ijrochilar bilan ham jiddiy shug‘ullandi, ularni kontsertga tayyorladi. Natija esa zo‘r bo‘ldi! AQShdagi kontsertlardan keyin Munojot bilan Shavkat Mirzayev Parijga uchib ketishdi. Ularning Parijda muvaffaqiyat qozonishlariga ham Ted sababchi buldi. U Frantsiyadagi tanish-bilishlariga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘llab-quvvatlovchi guruh tashkil qilishni iltimos qildi. So‘ng Munojotning katta kontsertini uyushtirish uchun Ted Parijga maxsus uchib bordi, xonandani tanishtirish marosimida nutq so‘zladi.
Yillab ko‘rsatgan shunday jonbozligi tufayli Ted o‘z kishimizga aylandi. Bu uning grajdanlik va insoniy fazilatlariga berilgan eng yaxshi bahodir. U do‘st olishnigina emas, berishni ham bilishi lozimligini doim esda tutadi, niyatlari samimiy ekanligini o‘z faoliyati davomida isbotlaydi. Zero, ana shundagina qalbga ham, kasbning siru asroriga ham yo‘l topish mumkin. Kitob, tadqiqot misoli bir daraxt, uning teran tomirlari tabiiy sharoitdan, muhitdan oziq oladi.
Kitob uzoq vaqt davomida yaratiladi. Kunlab, oylab xotira daftariga turli-tuman, katta-kichik voqea-hodisalar, dalillar, ko‘rilgan-kechirilganlar tushirib boriladi, qoralamalar qilinadi. Kitob pishib yetilishi, muallif yozmasdan turolmaydigan holga tushishi kerak. “Qo‘l qalam istar, qalam esa qog‘oz…” Pushkin ilhom holatini ana shunday aniq ta’riflagan. Faqat bizning zamonamizda qalam va qog‘oz o‘rnini kompyuter egallagan, xolos. Bu beqiyos, ko‘pincha mashaqqatli mehnat, ruh va idrokning shijoati hech qanday qoliplarga sig‘maydi. Maqsad shunchaki bir asar yozish emas, balki xalqlar va elatlar tabiati bilan muloqotga kirishishning asriy, o‘ziga xos siru asrorini o‘quvchiga yetkazishdir. Ted menga o‘z kitobini hadya etarkan, “Biz dunyodan o‘tamiz, lekin do‘stligimiz tarixi mangu qoladi…” deya dastxat yozgani bejiz emas. “Do‘stligimiz tarixi” deganda u hamkorlikdagi ishimiz natijasi bo‘lgan kitobni ko‘zda tutgan edi.
Darhaqiqat, munosabatlarimizning go‘zal bir tarixi bo‘lganidek, uning g‘alati muqaddimasi ham bor. Ted amaliyot o‘tash uchun Toshkentga kelgan edi. Dastlab uning turish-turmushi va xulq-avtorida diqqatimizni tortgan narsa tashqi ko‘rinishi bo‘ldi. Biz uning kichik yozuv mashinasida o‘n barmog‘i bilan nihoyatda tez yoza olishini, turli texnika vositalarini miridan-sirigacha bilishini va, albatta, ishchanligini ko‘rib qoyil qolgandik. U vaqtni ish va hordiq deb ikkiga bo‘lib o‘tirmasdi. Tedning ichki dunyosi, g‘oyaviy qarashlari, to‘g‘risini aytganda, avvaliga bizni biroz hadiksiratdi. Biz nuqul bahslashardik. Bu ikki dunyo erkin demokratiya bilan markscha-lenincha dunyoqarashning ibtidoiy shakldagi ziddiyati ifodasi edi. Keyinchalik oradan ancha yillar o‘tgach, men uni AQShda inson huquqlari kamsitilayotganiga oid dalillar bilan mot qilishga uringanimni eslab, kulishib yuradigan bo‘ldik. Lo‘nda qilib aytganda, biz o‘sha vaqtlari kasbda do‘st bo‘lsak-da, g‘oyaviy jihatdan o‘zaro raqib edik. Mening qat’iy e’tiqodim yillar o‘tib, asta-sekin erib bordi.
Tedning bir ishidan keyin biz bir umrga do‘st bo‘lib qoldik. Bu ish menga ruhiy jihatdan qattiq ta’sir qilgan edi. Amaliyotni o‘tab, yurtiga qaytib ketgach, Ted Toshkentga yana kelish uchun nimalar qilmadi deysiz. U goh sayyohlar guruhini kuzatib kelar, gohida tarjimonlikka yollanar, xullas, yurtimizga kelish uchun har qanday ishni qilishga tayyor edi. Bir gal u ukasi biolog Endryus (Andrey) bilan ta’tilini o‘tkazish uchun Toshkentga keldi. Endryus ham ruschani juda yaxshi biladi. Ted bu paytlari keksa Galina Longinovna Gerus-Kozlovskayaning muxlisiga aylangandi. Anna Axmatova bu ayolga vaqtida “Shahrizoda” deb nom bergan Galina Longinovna haqiqatan faqat tashqi qiyofasi jihatdangina emas, balki ko‘p tillarni bilishi, ajoyib suxandonligi bilan ham Shahrizodaga o‘xshardi. U Pasternak, Stanislavskiy, Maksim Gorkiy, Gerbert Uels kabi ko‘pgina mashhur shaxslar bilan uchrashib, hamsuhbat bo‘lgan edi. U ko‘rgan-bilganlarini, xotiralarini shunday berilib hikoya qilardiki, kishi beixtiyor bu ayol Pushkin, Lermontov, Mayakovskiylarning sarguzashtlariga bevosita shohid bo‘lgan bo‘lsa kerak deb o‘ylardi. Galina Longinovna Tedni shunchalik maftun etgandiki, u ukasi bilan butun ta’tilini bu ayolning suhbatiga bag‘ishladi. Ted kun bo‘yi uy va hovlini supurib-sidirar, antiqa ovqatlar pishirar, oqshomlari bo‘lsa, fleytada kuylar chalib berardi. Meni Galina Longinovna bilan aynan Ted tanishtirib qo‘ydi. Keyinchalik bu go‘zal ayol butun oilamizning yaqin do‘sti bo‘lib qoldi. U bilan bo‘lgan muloqotlardan ko‘nglimiz bahra olar, dunyoqarashimiz kengayar, birorta kitobdan topib bo‘lmaydigan yangi ma’lumotlar olar edik.
Betinim ilmiy ish oralig‘ida Ted uchun jismoniy mehnat va sport hordiq chiqarish vositasi edi. Bu borada uning tengi yo‘q. Ko‘p sohalarda u qobiliyati va bilag‘onligi bilan bizni hayratga solar edi. Masalan, hali talabalik chog‘laridayoq Ted Kanadada kichkinagina tomorqa sotib olib, u yerga uycha qurgan, bo‘sh vaqt topdi deguncha bog‘chasini obod qilish bilan shug‘ullangan.
Shaxsning bunday uyg‘un kamol topishining sababi oila va ma’lumotidir. Tedning otasi Jozef Levin Sikago universitetining professori bo‘lib, kompyuter ishiga asos solgan mashhur matematik olimlardan biridir. Onasi Maliy Levina bo‘lsa Minnesota universiteti va kolleji o‘qituvchisi, pianinochi. U o‘g‘lini royal chalishga o‘rgatib, musiqa qobiliyatini rivojlantirgan, uning Gorovits singari mashhur san’atkor bo‘lib yetishishini orzu qilgan. Ted skripka chalishni mustaqil o‘rgangan. Tedning mutloq eshitish qobiliyati bor, xotirasi tug‘ma. Biroq vaqt o‘tishi bilan undan Gorovits chiqmasligi ma’lum bo‘ldi. Uning qobiliyati boshqa sohada yuzaga chiqdi. Markaziy Osiyo va Afg‘oniston madaniyati bo‘yicha mutaxassis, pedagog, professor Mark Slobin tirishqoq talabani o‘ziga jalb qildi. Tedga eng kuchli ta’sir ko‘rsatgan o‘qituvchi opera san’ati mutaxassisi, Amerika musiqashunoslik maktabining rahbari Gerold Pauers bo‘ldi. Sharq madaniyatlari orasidan, ayniqsa, Hindiston uni juda qiziqtirardi. U Hindistonda ancha yashab, haqiqiy gurudan (ustozdan) musiqa sabog‘i ham olgan. Ustozlarining fotihasini olgan Ted Toshkent konservatoriyasiga amaliyot o‘tash uchun kelgan edi.
U oldiniga bu yerdagi turmush tarziga ko‘nika olmay yurdi. Maishiy qiyinchiliklar emas, balki asosan begona, soxta qarashlar unga xalaqit berardi. Biroq bularga e’tibor bermay, aql-idrokini ishga solib asosiy masalaga kirishdi musiqa qozonida qaynay boshladi. Sozandalar bilan do‘stlashdi. Ted bor pulini sayohatga, plastinka va kitoblar sotib olishga sarflardi. Kitob va plastinkalar arzon edi. Biroq Ted musiqa va musiqa ustalari bilan muloqotga berilgani uchun kitob o‘qishga vaqt topolmasdi. Oqshomlari bo‘lsa u yozuv mashinkasida maqolalarini yozar, kundalik daftariga qaydlarini tushirar edi. Rus tilini yaxshi bilgan Ted o‘zbekchani ham tushunadigan bo‘ldi. Vataniga qaytgach, u kitob yozishga kirishdi. Olim “Inson uchun eng qimmatli narsa vaqt, uni oqilona sarflash kerak” deb takrorlashni xush ko‘rardi. O‘zi ham shunga rioya qiladi.
Toshkentda yashab turgan Ted ko‘p sayyohat qildi, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Farg‘onada bir necha martalab bo‘ldi. Bu o‘lkalar musiqasining o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshi o‘rgandi. Musiqaga samimiy, beg‘araz ishtiyoqi tufayli ko‘p do‘stlar va hamfikrlar orttirdi. Keyinchalik ham imkon topdi deguncha O‘zbekistonga kelib turdi. Natijada Prinston universitetida “Hozirgi O‘zbekiston musiqasida Buxoro Shashmaqomi an’analari” nomli dissertatsiyani himoya qildi. Dissertatsiyada qator printsipial xulosalar qilindi, biroq sovet musiqashunosligi ularni tan olmadi.
Eng avvalo, Ted Levin, maqom improvizatsiya degan fikrni inkor etdi. 70-yillarda ko‘pchilik hind musiqasi bilan shug‘ullanar edi. Aksariyat olimlar, jumladan, Pauers hind musiqasi tabiatiga improvizatsiya xos degan fikr tarafdori edilar. Shundan kelib chiqib, maqom hind ragasiga turdosh deb qaralardi. Ted bo‘lsa, maqomlar uzoq vaqt davomida shakllangan, saralangan va ma’lum qoida tusiga kiritilgan matndir degan qarashni ilgari surdi. Bir tomondan qaraganda, kuy va ohanglar notaga tushirilmagani uchun musiqa qolipga solinmagandek ko‘rinadi. Biroq nota yozuvining yo‘qligi maqomning o‘zi yo‘q degan ma’noni bildirmaydi. Bu holda musiqani asrab, avlodlarga yetkazishning boshqa yo‘li mavjud ekanligini inobatga olmoq darkor. Haqiqatan ham o‘zbek maqomlari “ustozdan-shogirdga” o‘tish yo‘li bilan asrlar mobaynida sozandalar xotirasida saqlanib kelmoqda. Keyinchalik Ted bu masalaga modallik tushunchasini kiritdi. Garchi Pauers modallik haqidagi ulkan tadqiqot muallifi bo‘lsa-da, Tedning maqom tabiati haqidagi fikrlari uni shunchalik qiziqtirib qoldiki, 70-yillar oxirida uning o‘zi maqomlarni tadqiq qilishga kirishdi. Dushanbada sharqning afsonaviy sozandasi Barbadning 1400 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda Pauers qilgan “Xalqaro Segoh to‘g‘risida”gi ajoyib ma’ruza ko‘pchilikning yodida. U strukturalizm tahlil uslubiyatini ishlab chiqdi. Kichik Osiyodan tortib Markaziy Osiyo-yu, Hindistongacha bo‘lgan mintaqalardagi Segohlarning umumiy modelini tuzdi, birlashtiruvchi va original jihatlarni konkret misollar asosida isbotladi.
Tedning dissertatsiyasida yana bir dadil fikr o‘rtaga tashlandi. Unga ko‘ra, tom ma’nodagi Shashmaqom hashamatli saroy san’ati, rasman unga davlat maqomi berilgan, yapon musiqasidagi imperatorlar saroyida rasm etilgan Gagaku singari asrlar bo‘yi o‘z uslubini qat’iy saqlab kelmoqda.
Levinning uchinchi tezisi klassifikatsiyaga ziddir. U maqomlar o‘zbek-tojik variantidan iborat emas, aksincha Xorazm, Buxoro va Farg‘onaToshkent musiqasining uslubiy tafovutlari bor degan fikrni yoqladi.
Dissertatsiya faktlar, nozik kuzatishlarga boyligi, xulosalarning asosli ekanligi bilangina emas, balki o‘z pafosi, bayonining harorati bilan ham ajralib turardi. Tadqiqotning har bir kalimasida jonli musiqa ohanglari jo‘sh urib turgandek tuyuladi.
O‘z faoliyatining boshidayoq Ted maqom bo‘yicha mutaxassis bo‘lib qolishning o‘zi yetarli emasligini yaxshi tushungan edi. Maqomotni ilmiy tahlil qilish uchun u musiqani ijrochi o‘laroq qalbdan his etmog‘i lozim edi. Natijada olim dutorda maqom kuylari ijro eta oladigan darajaga erishdi. U maqomlarning ayrim yo‘llarini biladi. Tadqiqot mavzusi bilan bu qadar chuqur shug‘ullanish uning boshqa qiziqishlarini so‘ndirgani yo‘q, aslo. Ted 70-yillarning oxirlaridan boshlab asosan to‘rt musiqiy yo‘nalish: bo‘g‘izdan kuylash mintaqasi bo‘lgan O‘rta Osiyo; Mo‘g‘uliston va Tuva; gruzin musiqasi va Stravinskiydan keyingi rus avangard musiqasi bilan shug‘ullana boshlagandi. Ted Stravinskiy asarlarida foydalangan asl musiqa manbalarini rus xalq qo‘shiqlarini tahlil qilib chiqdi. Keyinroq u folklorshunos Dmitriy Pokrovskiy bilan Stravinskiy asarlaridagi xalq qo‘shiqlarining prototiplarini izladi. Xullas, turli mintaqalar, turli folklor an’analari, turli mentalitetlar bir olim tomonidan o‘rganildi.
Izlanish borasida Ted tinim bilmaydi. 80-yillarning oxirida u Turkmaniston sahrolari, Zarafshon daryosi irmoqlari, Yagnob muzliklari tomoniga safar qildi. Bu yerlarda vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek tuyuladi, qadimiy musiqa ohanglarini eshitish va yozib olish mumkin. Yagnobliklar tilida qadimiy so‘g‘d tili elementlari saqlanib qolgan yagona elatdir. Yo‘l yo‘qligi sababli bu yerga tamaddun ne’matlari deyarli kirib bormagan. Bir so‘z bilan aytganda bu makondagi zamonaviy qishloqlarda allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan narsalar saqlanib qolgan.
Oldiniga kitob yozish niyati yo‘q edi. Asosiy maqsad musiqiy material to‘plashdan iborat bo‘lgandi. Ted safarga hozirlanar ekan, o‘sha zaminning o‘ziga xos xususiyatlari bayon etilgan kitoblarni ko‘p o‘qidi. Natijada u yerning musiqasini eshitmasdanoq, uning shuurida bu musiqaning asosiy xususiyatlari to‘g‘risida muayyan tasavvur shakllanib ulgurdi. Shuning uchun ham kuy-qo‘shiqlarini eshitish, o‘z tasavvurini real ohanglarga chog‘ishtirish juda qiziq bo‘ldi. Ted kuy-qo‘shiqlarning originalligiga tan berdi, haqiqiy san’at hech qanday qoliplarga sig‘masligiga yana bir bor ishonch hosil qildi.
Bu vaqtga kelib u musiqashunoslik hayotidan tobora uzoqlashib borayotgan edi. Ted bu tor qoliplardan qochishga harakat qildi. Universitetda u musiqashunoslarga emas, boshqa soha talabalariga dars bera boshladi, ularga musiqaning afzalliklarini tushuntirdi. “Musiqashunos – ma’naviy madaniyatning musiqa sohasidagi yo‘lboshlovchisidir”, deydi olim musiqaning mohiyatini tushuntirarkan. Ted mutaxassislar ilg‘ashi mumkin bo‘lgan murakkab masalalarni ham ommabop va oddiy hamda qiziqarli qilib tushuntirib bera oladi. Shuning uchun ham turli mutaxassislikka o‘qitayotgan talabalar Tedni yaxshi ko‘rishardi.
Izlanishlarining originalligi, yuksak ilmiy salohiyati tufayli esa Ted musiqashunoslikda taniqli siymo bo‘lib qoldi.
Biroq, shuni ta’kidlash darkorki, Ted yangi tipdagi musiqashunosdir, uni bu sohaning oldingi olimlariga qiyoslash mumkin emas. Tedning ish uslubiyoti faqat kabinetda o‘tirib ishlash bilan cheklanmaydi. Kitob tahliliyotchisi bo‘lish bilan bir qatorda Levin, ayni choqda, menejer ishbilarmon, futurolog hamdir.
Zamonaviy, korchalon mutaxassis sifatida Ted o‘z ishi (xuddi boshqa istalgan bir ish kabi) moliyaviy masalaga bog‘liq ekanini yaxshi biladi. Mablag‘ undirish, pul topish uchun u turli darajadagi korchalonlar bilan muzokaraga kirisharkan, ularni ishontira oladi, oqilona yo‘llar izlab topadi. Ammo faoliyat doirasi nechog‘li keng bo‘lmasin, Ted doim musiqashunos bo‘lib qolaveradi. U musiqashunoslik ijtimoiy fan ekan, musiqashunos ijtimoiy faol bo‘lishi kerak, uning faoliyatiga ijtimoiy ehtiyoj bo‘lishi darkor, deb hisoblaydi.
Musiqa asoslarini bilishning o‘zi hozirgi musiqashunos uchun yetarli emas. Bugungi kunda nazariya musiqani tinglovchiga yaqinlashtirish vositalaridan biridir. Bu o‘rinda qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish kerak emas. Ko‘r-ko‘rona yodlab olingan duo singari haddan tashqari ilmiylashtirilgan, hayotdan uzilgan ta’limot ham musiqaning sehrli hissiyot olamiga kirishiga yordam bermaydi. Bu yerda ilmning vazifasi jadal o‘zgarayotgan voqelik, ijtimoiy ong va, albatta, musiqani hisobga olgan holda san’atning ob’ektiv rivojlanish qonuniyatlarini yechishdan iborat. Hozirgi xonanda yoki sozanda bir mavsumning o‘zida Nyu-York, Tokio, Rim, Toshkent, Berlin yoxud Dushanbada kontsert berarkan, o‘z dasturiga muxlislarining qanday munosabatda bo‘lishiga befarq bo‘lolmaydi, albatta. Turli-tuman mentalitet va an’analar musiqaga oshno bo‘lishga, ijrochi bilan tomoshabinning o‘zaro muloqotiga, fikr olishuviga to‘sqinlik darkor. Bu jarayonda musiqashunosning roli, ayniqsa, muhim. Musiqashunos milliy, ijtimoiy va yosh tafovutlari o‘rtasiga qo‘yilgan ko‘prik vazifasini bajaradi. Musiqashunos o‘z fikrini naqadar go‘zal, donolarcha, tashbehlarga boy va o‘z vaqtida ayta olsagina, musiqa haqidagi so‘z musiqiy madaniyatning tarkibiy qismiga aylanadi.
Tedning faoliyati XX1 asrda talab qilinayotgan mezonlarga to‘la javob beradi. Bir tomondan, Ted juda oddiy, moslashuvchan, ziyoli, ikkinchi tomondan esa, shunchaki ma’lumot to‘plash bilan cheklanmaydi, balki u to‘xtovsiz harakatda, izlanishda. Yuqorida nomlari tilga olingan ko‘pgina sozandalar singari, uning uchun bilib olingan narsalarning endi qizig‘i yo‘q, bu bosib o‘tilgan bosqich, xolos. Olimning fikr-o‘ylari, xatti-harakatlarida g‘ayritabiylik oqilonalik bilan ajabtovur bir tarzda uyg‘unlashib ketgan. Aslida, u hamma narsani oldin o‘ylab va rejalashtirib olgan. Biroq istiqbol yaqqol ko‘rinib turgan holatda ham u to‘satdan boshqa narsaga qiziqib qolishi, o‘z izlanishlari yo‘nalishini o‘zgartirib yuborishi hech gap emas. Bir narsaga ishtiyoqmand bo‘ldimi, o‘z niyatini ro‘yobga chiqarish uchun u hech narsadan qaytmaydi.
1991 yilning yozida birgalikda Yagnobga qilgan safarimiz chog‘ida xuddi shunday bo‘lgandi. Bu o‘lka sir-asrorga to‘la, afsonaviy mamlakatga o‘xshardi, nazarimizda. Qo‘limizda yo‘l topish uchun ikkita xarita bor edi.
Bir o‘qituvchi himmat ko‘rsatib, bu xaritalardan birini bizga hadya qilgandi. Ikkinchi xarita bo‘lsa Pentagondan olingandi. Biroq, har ikkala xarita nomukammal bo‘lib chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay bu xaritalarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritdik ( so‘ng Ted bu xaritani o‘z kitobiga kiritdi). Baribir safar juda qiziq o‘tdi. Muzlikka tomon ketarkanmiz barcha eski qishloqlardan o‘tdik. Biroq, deyarli hech kimni uchratmadik, chunki aholi allaqachonlar vodiyga ko‘chib o‘tgan ekan. Ammo bu joylarning siru asrorlarini oshkor etishi mumkin bo‘lgan kishini uchratishimizga ishonardik. Nihoyat, bu atrofda obro‘li kishilardan bo‘lgan mulla Nurboboni uchratib, quvonchdan boshimiz ko‘kka yetdi.
U bilan til topishish oson bo‘lmadi. Nurbobo Yagnobning savodli, ilm-ma’rifatli kishilaridan ekan. Bir vaqtlar Yagnobda ziyoli kishilar ko‘p bo‘lgan. Qalin qor tushgani uchun har yili olti-etti oy Yagnob tashqi dunyodan mutlaqo ajralib qoladi. Bunday kezlari erkaklar kitob ko‘chirish bilan shug‘ullangan. Shu kasb-kor tufayli qishloqdagilar yoppasiga savodxon bo‘lganlar. Masjid qishloqning madaniy markazi bo‘lgan. Sovet hokimiyati bu yerda faqat 30-yillarning o‘rtalariga kelibgina, ya’ni boshqa qishloqlardan ancha keyin o‘rnatilgan.
O‘shandan buyon ko‘p o‘zgarishlar bo‘lgan. Ko‘chki bahonasi ostida butun aholini majburan vodiyga ko‘chirishgan. O‘t ob-havo sharoitiga ko‘nikolmay ko‘pchilik o‘lib ketgan. Mahalliy aholi juda kam qolgan. Nurboboning o‘zi ham Zafarobodda yashab, paxtakorlik qilar ekan. Lekin singlisini ko‘rish uchun Yagnobga tez-tez kelib turarkan. U oppoq soqollari ko‘ksiga tushgan, 80 yoshdan oshgan nuroniy, biroq hali tetik qariya, bir sakrab otga minadi.
U qishloqda har sohada, jumladan musiqa borasida ham mo‘tabar ustozlardan hisoblanadi. Lekin, to‘g‘risini aytganda, o‘ttiz yildan oshibdiki, qo‘liga soz olmagan. Oradan shuncha yil o‘tgach, bizning yonimizda o‘tirib, qo‘liga do‘mbirani oldi, o‘tgan-ketganlarni eslab, xo‘rsinib qo‘ydi. Ko‘z yoshlarini artdi, so‘ng ko‘pdan beri g‘amgusoru mehr ko‘rmagan yosh boladay entikib, beg‘ubor jilmaydi. Biroq, qalbini ochishga rag‘bat ko‘rsatmadi. Biz ham buni his qilib turardik.
Lekin harnechuk til topishdik. Bu voqea shunday yuz berdi. Mehmonnavozlik yuzasidan bizlarning sharafimizga Nurbobo 70 yoshdan oshgan ukasiga qo‘y so‘yishni buyurdi. Men tarjimon sifatida bu haqda Tedga aytdim, o‘zimni bo‘lsa ishtaha qitiqlay boshlagan edi. Ted biroz o‘ylab turdi-da, bunday deb javob qildi: “Mullaga aytgin, qo‘zini so‘yguncha meni so‘ysin”. U so‘zma-so‘z tarjima qilishni so‘radi. Nurbobo hayron qoldi. U hayratlanib: “Mana haqiqiy e’tiqodli odam, xudoning sevgan bandasi!” – deb xitob qildi. So‘ng atrofdagilarga dedi: “Bunday kishilarga yordam qilmaslik gunohi azim!” Shundan keyin bobo bizdan ayrilmadi, doim birga bo‘ldi, oxirida esa ketishimizga ham ruxsat bergisi kelmadi.
Safarimiz qariyotgan edi. Yo‘l tayyorgarligini ko‘rayotgan bir pallada tog‘lar ortidan vertolyot kelib qoldi. Men ko‘ylagimni silkiy boshladim. Vertolyot qo‘ndi, biroq u yerga yetib borguncha yarim soat kerak edi. Nurboboning otiga narsalarimizni yukladik. Bobo, ukasi, singlisi va yo‘lboshchimiz Normurod bizni vertolyot yonigacha kuzatib borishdi. Vertolyotchilar Yagnobga kartoshka va ko‘ziqorin olib ketish uchun tez-tez kelib turarkan. Bu yerda tuproqqa o‘g‘it solinmaydi, shu bois hosil tabiiy va toza bo‘ladi. Qolaversa, yagnobliklar uchun kartoshka savdosi yagona tirikchilik manbai.
Vertolyotda hammamiz vodiyga, Anzobga uchib bordik. Bu yerda bizni kolxoz raisi kutib oldi. Ammo Nurboboning bizdan hanuz ayrilgisi kelmasdi. U gapga tushib ketar, kuylar, yagnob-tojik tillarida she’rlar o‘qir, hikoyalarining keti uzilmasdi. Nurboboning turgan-bitgani xazina ekan.
Boshqa bir vaziyatda ham Tedning fe’li namoyon bo‘lgandi. Yagnobga ketayotganda Shahriston qishlog‘ida biz to‘satdan shomonlarga duch keldik. Bu qishloqda xotinlar ham, erkaklar ham, deyarli har ikki kishidan biri baxshilik yo‘lida davolash bilan shug‘ullanar ekan. Oldiniga baxshilar bizni yaqinlashtirishmadi, begonasirashdi, qochib yurishdi. Biroq biz ularning ko‘nglini topishdan umidvor edik. Bir necha bor ularning huzuriga bordik, biroq kimdir simsiz telefon orqali ularga darhol xabar berar va har gal topolmay qaytardik.
Hech kutilmaganda omadimiz chopdi. Bir kuni yomg‘ir sharros quyib turgan paytda tentirab yurganimizni ko‘rib, rahmi kelgan Mehriniso degan bir ayol yonimizga keldi, mashinaga o‘tirib, ohistagina so‘z boshladi. Pirovardida, u keyingi hafta uchrashuvni tashkil qilishga va’da berdi. Xullas, Mehriniso dugonalarini o‘z kasbining siru sinoatlarini bizga ko‘rsatishga ko‘ndiribdi. Shu tariqa bir-birimizni tushuna boshladik. Bunda haydovchimiz Abdurahmon ham jonbozlik ko‘rsatdi. Biz davolash jarayoni va undagi irim-sirimlargacha batafsil yozib olishga harakat qilardik. Sibirdagi shomonlar o‘z hunarini yaщirib o‘tirishmaydi, ular hamma narsani ochiq-oydin so‘zlab berishadi, kerak bo‘lsa, tomoshabinlarga oshkora namoyish qilishadi. Ularning osiyolik hamkasblari bo‘lsa, bu ishni pinhona qilishadi. O‘ amaldorlardan qo‘rqishgani uchun, yoki kasbi taqozosi ko‘ra shunday qilishadi. Shuning uchun ham “ko‘ch” marosimini, uning musiqiy ohanglarini, so‘zlarini yozib olar ekanmiz, bizning iltimosimizni yerda qoldirmagan baxshilarning samimiyligiga tan berdik. O‘zuvlarimizni shu yerning o‘zidayoq tahlil qilar, e’tiqodga oid so‘zlarni shaharlar, noaniq aralashgan kalimalarni aniqlar, usullarning izchilligi, mantiqiyligini tekshirar edik.
Evropada o‘sha kezlari musiqa bilan davolash usuli rasm bo‘lgandi. Shu mavzuda biz to‘plagan boy material bilan bemalol arzon obro‘ orttirish mumkin edi. Avstriya va Germaniyadagi ko‘pgina noshirlar bu sohadagi ma’lumotlar uchun katta pul to‘lashga tayyor edilar. Osiyodan noyob materiallar to‘plagan Ted Levin mo‘may daromad olishi turgan gap edi. Biroq, bunday qilish asosiy maqsadga xiyonat bo‘lardi. Olim tamagirlikni xayoliga ham keltirmadi. Uning uchun eng muhimi – tadqiqot edi. U ikkinchi darajali maqolalar, manfaatlar ustida bosh qotirmasdan, asar ustida uzoq va jiddiy ishladi. Kuzatish, umumlashtirish, qayd qilish, hissiyotga berilmay aql-idrok bilan ishlashga tayyor olim Ted bu e’tiqoddan hech qachon chekingani yo‘q. “Xudoning yuz ming shaydosi” kitobi dunyo yuzini ko‘rgach, Ted mashhur bo‘lib ketdi. Biroq, bundan avval ham u barcha uchun kerakli inson edi. Do‘stlari, shogirdlari, maslakdoshlari uning suhbatini intiqlik bilan kutishardi. Lekin kitob chiqqach, Tedning faoliyatiga dunyoning narigi chekkasidagi hamkasblari ham qiziqib qolishdi.
Zamonamizning atoqli violanchel ijrochisi Yo Yo Ma bilan tanishuv ana shunday ro‘y berdi. “Xudoning yuz ming shaydosi”ni o‘qigan bu jahonshumul sozanda ayni mavzu ustida bosh qotirayotgan, ruhan yaqin odami topilganidan benihoya shod bo‘ldi. Ularni qiziqtirgan masalaning mohiyati “jahon musiqasi” deb atalgan turfa, jonli jarayondan xiyla uzoqlashib ketgan qarash ya’ni musiqani xos va ommabop deya ikkiga bo‘lib qaraydigan nuqtai nazar eskirib qolganligidan iborat edi. Yo Yo Ma Markaziy Osiyo haqida Ted yozgan narsalarni maroq bilan o‘qidi. Hindiston, Xitoy, Yaponiyaga qaraganda hali ancha noma’lum bo‘lgan Markaziy Osiyo madaniyati ma’naviy jihatdan nihoyatda boydir. Mintaqalararo Buyuk Ipak yo‘lining o‘q nuqtasidagi buyuk tamaddunlar o‘zaro ro‘baro‘ keladi. Muallif fikrlashining originalligi, dalilligi, yangiligi, masalaga o‘zgacha yondashuv kitobni qiziqarli qilgan omillardir. Tayyor andozalardan qochib, bu madaniyatning o‘ziga xosligini idrok etish yo‘lidan borilganligi asarning o‘ziga xosligini, pirovardida, muvaffaqiyatini ta’minlagan.
Etakchilik, pir-ustozlik, payg‘ambarlik da’vo qiladigan boshqa mualliflardan farqli o‘laroq, Levin, qadimiy muqaddas qadamjolarga yo‘l olgan ziyoratchini eslatadi. Tazarru, o‘zini anglash yo‘lida tashlangan har bir qadam muallifni kashfiyotlarga, binobarin, haqiqatga yetaklaydi.
Boshqa jihatdan qaraganda, bu hayotning quvonch va tashvishlari, hazil va mutoyibalari, g‘ayritabiiyliklari to‘g‘risida qilingan erkin va samimiy xikoyadir. Bu holat Yo Yoga maqul edi. U tanishish, bevosita suhbatlashish uchun Tedni izlay boshladi. Musiqachining o‘zi juda tavozeli kishi bo‘lib, milliy, an’anaviy ruhda tarbiya olgan. Yo Yo Ma asli xitoy, lekin Frantsiyada tug‘ilgan. Parij konservatoriyasini violanchel sinfi bo‘yicha tamomlagan, keyingi vaqtda Nyu-Yorkda istiqomat qiladi. U o‘z ma’naviy olamida yashaydigan romantik bir kishi. Bundaylar haqida ko‘pincha “u bu dunyoning odami emas” deyishadi. Gorovits, Bernstayn, Rastrapovich kabi buyuk siymolar bilan bir qatorda turishga loyiq bu musiqachini amerikaliklar, ayniqsa, yoshlar yaxshi ko‘rishadi va qadrlashadi.
Yo Yo Ma bilan Ted fe’l-atvori turlicha bo‘lgani uchun oshnolashgunlariga qadar biroz vaqt o‘tdi. Keyin bir-birini yaxshi tushunadigan bo‘lib qolishdi. Ikkovlon “Buyuk Ipak yo‘li” deb nomlangan ulkan loyiha ustida bosh qotira boshlashdi. Bu loyiha Yaponiya–Venetsiya–Parij–Nyu-York va Vashingtonda musiqa festivallari o‘tkazishni ko‘zda tutardi. Yakunlovchi kontsert Amerika Prezidentining qarorgohi – Oq uy oldidagi bog‘da o‘tkazilishi va unda Buyuk Ipak yo‘lining jahonga mashhur yulduzlari kuy-qo‘shiq ijro etishi nazarda tutilgan.
Asrlar davomida to‘plangan kuy-qo‘shiqlarni ijro etishgina emas, ayni choqda yangi repertuarni ham tayyorlash festivaldan ko‘zda tutilgan maqsadlarning biridir. Shu maqsad yo‘lida joylardagi iste’dodli bastakorlarga buyurtma berishga qaror qilindi. Ular zamonaviy vositalar yordamida yevropa va mahalliy musiqani mumtoz darajada uyg‘unlashtirishlari maqsad qilingan.
Bundan to‘rt yil muqaddam Ted bastakorlarga buyurtma berdi. O‘zbekistondan vatandoshlarimiz Mustafo Bafoyev va Dmitriy Yanov-Yanovskiy, Tojikistondan Tolib Shohidiy va Alisher Latifzoda, Ozarbayjondan Farangiz Alizoda va Javonsher Kuliver, Erondan Keyxon Ko‘lxo‘r, Mo‘g‘ulistondan Bi Sharovlar bu sharafga noil bo‘lishdi. Dastlabki sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bu loyihaning boshqa bir muhim jihati uning mutaxassislar, g‘aroyibot ishqibozlariga emas, balki hozirgi kun musiqa muxlislariga mo‘ljallanganidir. Tashkilotchilarning kuzatishicha, klassik musiqa eshitishni xush ko‘radigan tinglovchilar bor. Ularning didi konservativroq. Biroq, buning sababi shundaki, ular ko‘p hollarda o‘z musiqiy his-tuyg‘ular olamini yangi taassurotlar bilan boyitish imkoniyatidan mahrumlar. Yangilik tomon dadil intiladiganlarni “uchinchi yo‘l” ishqibozlari deyishadi. Ted bu o‘rinda o‘zbekcha “yangi yo‘l” kalimasini ishlatadi. Biroq bu yo‘l qaror topishi uchun yo‘lboshlovchi lozim. Bizning musiqachilarimiz ayni yo‘lboshlovchilik vazifasini o‘taydilar.
Bugungi kontsert marosimlariga ko‘pincha yangi bir jihat tinglovchilar bilan muloqot joriy etilmoqda. Yo Yo Ma ham kontsertning muayyan bir o‘rinda tomoshabinlar, ko‘pincha yoshlar bilan muloqotga kirishadi. Sozanda eng oddiy detallardan boshlab, tinglovchini asta-sekin musiqaning nozik jihatlarini anglash tomonga yo‘naltiradi.
Masalan, Yo Yo Ma amerikalik tinglovchilarni violonchelga o‘xshash mo‘g‘ul torli musiqa asbobi marinxur bilan tanishtiradi. Bu soz garchi tovushiga ko‘ra yevropalik og‘aynisiga o‘xshasa-da, uning o‘z tembri, o‘z ohangi, betakror jilolari bor. Qiyoslash, taqqoslash jarayonida ulardan har birining o‘ziga xos jihatlari oydinlasha boradi. Yangi materialni bu tariqa tushuntirish tinglovchini maftun etadi, endi u marinxur haqidagi ma’lumotlarni izlab qoladi.
Boshqa musiqa uslublarini tanishtirishda ham sozanda ana shu usulni qo‘llaydi. Bu ishning muayyan bir andozasi yo‘q. Umumiy tamoyil musiqani havola etishning yangi yo‘llarini tinimsiz izlashdan iborat. Kashfiyot bevosita zalda o‘tirgan tinglovchilar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
San’atda nazariyabozlik qilish, rejalashtirish, noyob loyihalar taklif etish mumkin endilikda bu bilan hech kimni hayratga solib bo‘lmaydi. Yo Yo Ma bilan Ted Levin o‘rtaga tashlagan g‘oya bo‘lsa juda oddiy, tabiiy va nihoyatda dolzarbdir, undan ko‘zda tutilgan maqsad esa turli madaniyatlarga mansub kishilarni yaqinlashtirishdan iborat. Biroq ishga jiddiy yondashgan barcha qatnashchilar o‘z iste’dodini, mahoratini to‘liq namoyon qilgan taqdirdagina loyiha muvaffaqiyat qozonishi mumkin, xolos. Ishning moddiy jihati ham muhim. Bu o‘rinda loyiha asoschilarining nufuzi ko‘p narsaga bog‘liq. Ijodiy loyihalarni moliyaviy ta’minlashning butun jahonda mavjud sistemasiga ko‘ra mablag‘ o‘z sohasida muayyan mavqega ega bo‘lgan kishilargagina ajratiladi. Yo Yo Ma bilan Ted Levinning bilimdon mutaxassisligi, ijodiy imkoniyatiyu qudrati bu ish muvaffaqiyatining garovidir. Bu ishda tavakkalchilik ham bor, albatta. Omad boqmay qo‘yishi ham ehtimoldan holi emas. Yo Yo Ma bilan Tedning hamkorligida tinglovchilar o‘rtasidagi yuksak obro‘-e’tibor bilan ishbilarmonlik, keng aql-idrok, musiqa olamidagi eng yangi ma’lumotlarga egalik kabi fazilatlar uyg‘unlashib ketgan. Ularning o‘zaro do‘stligi, bir-birini to‘la tushunishlari va bir-biriga ishonchi bu fazilatlarini yanada ko‘paytiradi.
Musiqashunosning fe’l-atvori uning tashqi qiyofasi va qiziqishlarida ham ko‘zga tashlanadi. Ted bilan ilk tanishuvdayoq ko‘zga tashlanadigan narsa o‘z ustidan istehzo qila olishidir. U bir vaqtlar Leninning haykalchalari va suratlarini yig‘ish bilan shug‘ullangan edi. Ted qayerda bo‘lmasin, qishloqdami yoki shahar vokzalidami “dohiy”ning haykaliga ko‘zi tushsa bas, darhol suratga olardi. Bu haykallarning ko‘pchiligi badiiyatdan yiroqligi bilan izohlanish mumkindir ehtimol. Ana shu nusxalarni to‘plash esa, bema’nilik ustidan kulish. Shunisi xarakterliki, Ted bu ishni qayta qurish zamonidan ancha ilgari boshlagan edi. U, hatto o‘z familiyasi ustidan kulishga qodir inson. O‘zbekistonga kelganidan keyin u o‘z ismini o‘zbekchaga “tarjima qilib”, “Xudoybergan”ga aylandi, familiyasidagi uchinchi harfni “n”ga almashtirdi. Shu tariqa u hazillashib “Xudoybergan Lenin” deya imzo chekib yurdi. Rasmiy uchrashuvlarda unga ruscha murojaat qilishsa, u hech kutilmaganda o‘zbekcha javob qaytarardi. Shu bilan o‘rtadagi sovuqchilik, ehtiyotkorona muomala barham topardi, qo‘yardi. O‘sha zamonlarda ajnabiylarga ehtiyotkorona muomala qilish qoida tusiga kirgan edi. Biroq Ted nopisandlik bilan qilingan muomalaga toqat qilolmas, inglizcha rasmiy diplomatik tilga o‘tardi.
Ted kiyinishda ham goho go‘yo to‘porilik qilar paxtalik kamzul kiyib, galstuk taqib yurardi. Amerikada qanday xohlasang shunday kiyin hech kimning ishi yo‘q. Sovet Ittifoqida bo‘lsa, bu g‘alati, ayniqsa, paxtalik kamzul stalincha qatag‘onlar zamonini eslatadi. Xorazmga borganimizda Tedga po‘stin va cho‘gurma hadya qilgandik. Ted ularni Yevropada kiyib yurdi.
Ted mohir oshpaz. Xitoy taom san’atini, o‘zbekcha va hindcha ovqat pishirishni biladi. Taom tayyorlashda mohir oshpazlardek aniq va chaqqon ishlaydi. U yigirma daqiqadayoq dasturxon tuzab tashlaydi. Talabalarini uyida o‘zbekcha jihozlangan mehmonxonasida ko‘rpachada o‘tirib qarshi oladi. Qo‘lda palov yeyishni o‘rgatadi, ko‘k choyning lazzatiyu foydasini tushuntiradi. Hissiyotchanligi, xushfe’lligi uchun Ted o‘zidan kichiklar qalbiga tez yo‘l topa oladi, ularning muammolarini tez ilg‘ab, yordam berishga shoshiladi.
Do‘stlar, sozandalar bilan munosabatda ham Ted hamisha samimiy, ko‘ngli ochiq. Zero sozandalar ham nimasi bilandir bolalarga o‘xshashadi soxtakorlikni, g‘arazni tez fahmlaydilar. Millionerlar bilan muloqotda ham Ted doimo samimiy. Zotan, ruhshunos uchun samimiylik va ko‘ngli ochiqlik qalb kalitidir.
Olimning o‘z vaqtini behuda, zoye ketkazmasligi haqida yuqorida aytgan edik. Ishga mukkasidan ketgan Ted oilasidan alohida yashaydi, uning rafiqasi boshqa joydagi universitetda dars beradi. Biroq Ted haftada bir marta 300 kilometr yo‘l bosib, xotini va qizini ko‘rib keladi. Ted minnatdorlik va uzoq vaqtlar yaqinlaridan ayriliqda qolgani uchun uzr so‘rash ma’nosida o‘z kitobini ularga bag‘ishlagan. U hatto uzoq yo‘lda ham bekor ketmaydi. Mashina rulini boshqarib ketarkan, musiqa eshitadi, yig‘ilgan audiomateriallarni tahlil qiladi. Yo‘l uni yangi faktlar yig‘ishdan, kitob o‘qishdan chalg‘itsa-da, uning shuuri doim ish bilan band bo‘ladi.
1988 yili Amerikaga ilk bor kelganimizda bizning ishimizni oqilona uyushtirish bilan bevosita Tedning o‘zi shug‘ullandi. O‘n kun mobaynida to‘xtovsiz ishladik, mashg‘ulotlar bir daqiqa ham to‘xtamadi. Undan keyingi o‘n kun mobaynida esa Ted maza qilib dam olishimiz uchun barcha ishni qildi – biz kambag‘allarning oqshomgi qovoqxonalariyu tabiiy, saranjom-sarishta xo‘jaligi bo‘lgan dehqon(marmom)lardan tortib, hashamatli saroylari, kemalariyu, samolyotlari bo‘lgan millionerlarning mehmoni bo‘ldik. Biroq serhasham saroylarni ko‘rsatarkan, Ted istehzo bilan: “Bu yerda nima istasang bor, faqat birorta kitob yo‘q” derdi va bor gap ayon bo‘lardi, qo‘yardi.
Amerika fuqarosi va o‘zbek zaminining oshiftasi bo‘lgan Ted Levinning qiyofasi, faoliyatining qirralari qisqacha ana shunday. Uning beg‘araz yordami, harakati tufayli o‘zbek musiqasi dunyoga borgan sari ko‘proq tanilmoqda va muvaffaqiyat qozonmoqda. Tedning O‘zbekiston musiqa yulduzlari qatoridan joy olishining sababi ham shunda.
Yaqinda elektron pochta orqali Teddan maktub oldim. U keyingi rejalar to‘g‘risida savollarimga javob yo‘llagandi. Oldingi maktublariga hecham o‘xshamaydigan bir holat meni hayratga soldi. Ted fikran men bilan so‘zlashayotgan bir pallada maktubimni olganini yozgan edi. U garchand mistikaga ishonmaydigan ashaddiy realist, amaliyotchi bo‘lsa-da, bu hol unga qattiq ta’sir ko‘rsatgan. Maktub ham, aftidan, shu holat ta’sirida bo‘lsa kerak, odatdagicha qisqa emas, batafsil yozilgan bo‘lib, har bir satridan harorat ufurib turardi. Bu g‘ayriodatiy holning sababi meni makubning oxirini, Ted “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasidagi rahbarlik ishidan so‘ng, nihoyat Tuva haqidagi kitobni bitkazish uchun universitetga, ilmiy ishga qaytmoqchi ekanligi to‘g‘risida yozgan satrlarni o‘qiganimda tushunib yetdim. Ikki yil oldin Ted bila-ko‘ra turib bu ishni to‘xtatgan, chunki o‘ylagan rejalarini ro‘yobga chiqarish va, albatta, pul ishlash imkoni paydo bo‘lgan edi. Biz olim biznes bilan shug‘ullanishdan voz kechmasligi to‘g‘risida ko‘p fikrlashganmiz. Chunki bu ish o‘z niyatlarini amalga oshirish imkonini beradi, bundan tashqari, kishi birovning qo‘liga qaramaydigan bo‘ladi. Pul osmondan tushmaydi. U yaxshi niyatlar qog‘ozda qolib ketmasligi, o‘ylagan rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur. Ochilib ketgan paytlari Ted undan yaxshi biznesmen chiqishi mumkinligi haqida gapirib qolardi. Darhaqiqat, Teddagi kuch-g‘ayrat, til topisha olish xususiyati, vaqtni tejay bilish, o‘zining va sherigining kuch imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olish qobiliyati unga, shubhasiz, muvaffaqiyat keltirgan bo‘lardi. Biroq musiqashunos-tadqiqotchilik ishiga muhabbat boshqa narsalardan ustun bo‘lgani uchun Ted o‘z kasbiga sodiq qoldi.
Maktubni o‘qib bo‘lgach, xayolga toldim. Ikkalamiz charchagan holda kamin oldida ohista musiqa tinglab o‘tirganimizni esladim. Men oromkursida, Ted bo‘lsa gilam ustida chordona qurib o‘tirardik. Sukut uzoq vaqt davom etdi. So‘ng Ted kutilmaganda hozir shu pallada o‘zining boy emasligiga ehtimol ilk bora afsuslanayotganini aytib qoldi. Agar pulim ko‘p bo‘lganida turli gilamlarni sotib olgan, ularning rangi, naqshidan zavqlangan, so‘ng esa hammasini bolalar uyi va talabalarga hadya qilgan bo‘lardim, dedi u. “Gilam inson yuksak dunyo bilan bevosita birlashadigan san’atning mahsuli, dedi u. Shu mo‘jazgina parchada qanchadan-qancha yo‘l birlashib ketgan, ularning boshi ham, oxiri ham cheksiz!” Ted gilamning bo‘yoqlari, ajoyib gullaridan uzoq zavqlandi. Gilamni nuqul bir xil ish uy ishi bilan shug‘ullanadigan ayollar to‘qisa-da, unda olamning turfaligi aks etishini yodga oldi. Shuning uchun ham bu qo‘li gul to‘quvchilarning qo‘shig‘iga loqayd qolib bo‘lmaydi. Bu qo‘shiqlarda ham tasavvurga sig‘maydigan nafosat, go‘zallik o‘z ifodasini topgan. Bunday go‘zallik ichida yashagan insondan baxtlirog‘i bormikan?! Bu suhbatni eslarkanman, ko‘pincha yonimizda, shundoq biqinimizdagi go‘zallik va nafosatni ko‘rmasligimiz, his qilmasligimiz, hayajonlanmasligimizdan afsuslandim. Maktubni qayta-qayta o‘qirkanman, faqat go‘zallik olami ichida yashaydigangina emas, balki bu go‘zallikdan dunyoning narigi chekkasidagi notanish kishilarni ham bahramand qilishga intiladigan inson bilan do‘st bo‘lish imkonini bergani uchun menda taqdirdan benihoya minnatdorchilik tuyg‘usi jo‘sh urib ketadi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 6-son