Har bir ovoz sohibi, har bir iste’dod egasining Xudo tomonidan belgilab berilgan ma’lum bir vaqt manzili bor. Undan bir qadam ham nari o‘tib bo‘lmaydi.
Muslim Magomayev
Jahon musiqa san’ati va madaniyati haqida so‘z ketganda biz ko‘plab noyob ovoz sohiblari, kompozitorlar, mohir cholg‘uchilar, estrada xonandalari, opera janrining ijrochilari nomlarini faxr bilan tilga olamiz. Tabiiyki, ularning jahon madaniyati va san’atida tutgan o‘rni, qoldirgan madaniy merosi, taqdiri, kechmishlari, orzu-o‘ylari, intilishlari, qo‘ying-chi, ruhiy olami bilan bog‘liq neki bo‘lsa, barchasi haqida bilgimiz keladi. Biroq insonni bilish, uni anglash juda murakkab. Ayniqsa, uni yaqindan tanimasang, suhbatidan bahramand bo‘lmasang… bunday paytda u haqida yozib qoldirilgan ba’zi ma’lumotlargagina tayanasan, xolos.
O‘z davrining mashhur opera xonandasi Muslim Magomayev shuhrat qozongan paytlarda biz ancha yosh bo‘lganmiz. Bizdan yoshi kattalar u haqida yonib-jo‘shib gapirishar, bola bo‘lganimiz bois, ularning fikrlari bizga unchalik qiziq emasdi. Yillar o‘tib, musiqa olami, qo‘shiqchilik san’ati, bu san’at bo‘stonida o‘chmas iz qoldirgan san’atkorlar hayoti haqida qog‘oz qoralashga ehtiyoj sezilganda, garchi o‘zimiz ko‘rmagan va bilmagan bo‘lsak-da, mashhur kishilar ijodi turfa xil olami bilan ohangrabodek o‘ziga tortaverar ekan.
1942 yilning 17 avgustida Boku shahrida Magomet (ruscha ifodasi, asli Muhammad) va Oysha Magomayevlar xonadonida dunyoga kelgan go‘dakka Muslim deb ism qo‘yishdi. Bu oila san’atkorlar oilasi bo‘lib, Muslimning otasi rassom, onasi esa – teatr aktrisasi edi. Uning ota tomonidan bobosi Abdul Muslim Muhammad mashhur kompozitor, Ozarbayjon filarmoniyasida ishlar, milliy musiqa san’atining atoqli namoyandalaridan biri edi. Yosh Muslim bolaligidanoq san’atning hayratangiz dunyosiga oshno bo‘lib voyaga yetdi. O‘sha paytlardayoq Karuzo, Ruffo, Shalyapin kabi buyuk opera ijrochilari san’ati namunalarini tinglab kamol topdi.
Xalqda “sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi”, “suyak suradi”, “qonida bor”, degan naql va iboralar bejiz aytilmas ekan. Zero, Muslim Magomayev qonida ota-bobolarining qoni oqar, u o‘z hayotini, qismatini san’atsiz tasavvur eta olmasdi. Uning otasi ikkinchi jahon urushida g‘alabaga ikki kun qolganda Berlin ostonalarida halok bo‘lgan, onasi asosan Vishniy Volochyok shahridagi teatrda xizmat qilar, shu bois Muslimning tarbiyasi bilan asosan amakisi Jamom Magomayev shug‘ullanar edi. Yosh Muslim konservatoriya qoshida ochilgan musiqa maktabida o‘qib yurgan kezlaridayoq Boku Konservatoriyasining professori, violonchel sozi mutaxassisi V.S.Anshelevichning nazariga tushadi. U Muslimga musiqa nazariyasidan saboq berish bilan birga ovoz sozlashni, uni to‘g‘ri ishlata bilish sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatadi. “Sevilya sartaroshi” asaridagi Figaro partiyasini ijro eta boshlaganida Muslim Magomayev endigina 15 yoshga to‘lgan o‘spirin yigit edi. O‘shanda Boku shahridagi dengizchilar madaniyat uyida bo‘lgan kontsertda Muslim ham ishtirok etadi. Bu uning sahnadagi ilk chiqishi edi.
Muslim Magomayev musiqa maktabini tugatgach, Boku konservatoriyasining vokal bo‘limiga o‘qishga kiradi va uni 1968 yilda tugatadi. Uning ovozi tiniq, yorqin, o‘ta jarangdor va shirali edi. Masalan, rus xalq qo‘shiqlari, F.I.Shalyapinning “Piter bo‘ylab” nomli mashhur qo‘shig‘i uning ijrosida yuqori pardalarda jaranglardi. Shuningdek, Sh. Gunoning “Faust” operasidan Mefistofel ariyasini kuylab, nafaqat xonandalik, balki aktyorlik mahoratini ham to‘la namoyon etoldi. “Sorrentoga qaytish”, “So‘zlang, qizlarjon”, “Granada” va boshqa bir qator qo‘shiqlar ijrosi esa uning ovozi texnik jihatdan mukammal va imkoniyatlari cheksizligini ko‘rsatdi. Muslim Magomayev aktyorlik san’atini ham yaxshi egallagandi. Yu.Entinning multfilmidagi Sishka va Atamansha singari qahramonlarga va V.Livanovning “Bremen musiqachilari” filmidagi qahramonlarga u favqulodda yuksak mahorat ila ovoz berdi. Shuningdek, aktyorlarga xos o‘ktam tashqi qiyofaga, o‘ziga xos mimikaga ega ijodkor edi. Bashang, ko‘rkam, adl va alp qomati, teran nigohlari bilan tomoshabinlarni o‘ziga maftun etardi.
1962 yili Kreml saroyida Ozarbayjon san’ati kunlarida yakuniy kontsert tomoshasi bo‘lib o‘tadi. Muslim Magomayevning ana shu tomoshadagi ishtiroki uning butun dunyoga mashhur bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi desak, mubolag‘a emas. 1963 yilning 10 noyabrida P.I.Chaykovskiy nomidagi kontsert zalida uning ilk yakkaxon kontsert dasturi namoyish etilib, muxlislar e’tiborini qozondi. Shu yildan boshlab Ozarbayjon opera va balet teatrining solisti sifatida faoliyat olib boradi. 1964-1965 yillar orasida u o‘z mahoratini va tajribasini orttirish maqsadida Milandagi La Skala teatriga qarab yo‘l oladi.O‘sha kezlari nihoyatda mashhur bo‘lgan “Sog‘inch”, “Sevilya sartaroshi” asarlaridagi qo‘shiqlarni yuksak darajada mahorat bilan ijro etadi. 1966-1969 yillarda Parij shahridagi mashhur “Olimpiya” teatrida gastrol safarini katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazadi. Uning yorqin iste’dodini payqagan “Olimpiya” teatrining rahbari Bryuno Kokatriks u bilan bir yilga shartnoma tuzish taklifini o‘rtaga tashlaydi. Ammo Muslim Magomayev davlat miqyosida o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida ishtirok etishi va boshqa mulohazalarga ko‘ra bu taklifni rad etadi.
1969 yilda Sopot shahrida o‘tkazilgan festivalda u birinchi mukofotga loyiq topiladi. Uning ko‘pmillion nusxada “Oltin disk” gramplastinkasi sotuvga chiqariladi. Muslim Magomayevga xos keng diapazonli bariton ovoz endi butun dunyo bo‘ylab tarala boshlaydi. Ko‘pming kishilik stadionlarda o‘tadigan kontsertlar, izi uzilmas gastrol safarlari, televideniye va radiodagi muntazam chiqishlar uning nomini yanada mashhur qilib yuboradi.
1970-yillar san’atkorning ijodi avj olgan davr bo‘ldi. Uning kontsert repertuaridan 600 dan ortiq asarlar o‘rin olgan edi. Shuningdek, “Nizomiy”, “Muslim Magomayev kuylaydi”, “Notadagi Moskva” filmlarida suratga tushadi. 20 dan ziyod qo‘shiqlarga, o‘nlab badiiy film va sahna asarlariga kuylar bastalaydi. E’tiborli jihati shundaki, u qaysi xalq tilida kuylamasin, rus, italyan, olmon, ozarbayjon tillarida qo‘shiqlar aytmasin, ulardagi ohangdorlik va koloritni, jozibani, milliy xususiyatlarni yaxshi anglab, ijroga singdirib yuborardi. Shu bilan birga nutqining ravonligi, so‘zlarni dona-dona talaffuz qilishi, sahnada o‘zini tuta bilish madaniyati bilan u jahon tomoshabinlarining mehrini qozona olgan edi. Muslim Magomayev umrining so‘nggi yillarini Moskvada o‘tkazadi. Katta opera va balet teatrining mashhur xonandasi Tamara Sinyavskayaga uylanadi. Musiqadan tashqari, bolaligidanoq shug‘ullanib kelgan mashg‘ulotlari – surat chizish, haykalchalar yasashga beriladi. 2007 yilda eng so‘nggi “Xayr, Boku” (S.Esenin she’ri) qo‘shig‘ini yozadi.
2008 yilning 25 oktyabri. Atoqli opera xonandasi, yorqin ovoz sohibi, betakror ijodkor Muslim Magomayev o‘zi “Xudo tomonidan belgilab berilgan ma’lum bir vaqt manzili bor”, deya e’tirof etganidek, yurak xastaligi tufayli 66 yoshida so‘nggi manzil sari yuz tutadi.
Matluba Temur qizi tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son