Jahon tasviriy san’ati tarixiga nazar tashlansa, unda shunday beqiyos go‘zalliklar va ularni ifoda etishning rang-barang shakllari borki, zamoni va makonidan qat’i nazar, ularni yaratgan har bir ijodkorning shaxsi bugungi kun nigohida ulug‘vorlik kasb etib turadi. Asil san’atning bahosini biladigan, uning siru asrori, mohiyatini anglashga talabgor kishi nomi tarix sahifalarida, asarlari ardoq bilan san’at uylari, muzeylarning bebaho mulki sifatida saqlanib kelayotgan musavvir ahlining bosib o‘tgan ijod yo‘li alohida ilm ekanligini yaxshi tushunadi.
Impressionizm XIX asr so‘ngida yuzaga kelgan muhtasham ijodiy oqim sifatida dunyoning ko‘plab mo‘yqalam sohiblari ijodini birlashtirib turadi. Ayniqsa, uning ibtidosi frantsuz tasviriy san’atida boshlanib, Van Gog, Pol Gogen, Edgar Dega, Edvard Mane, Kamil Koro, Gyustav Kurbe, Per Renuar, Klod Mone, Pol Sezann, Anri de Tuluz-Lortek, Jorj Syora singari o‘nlab mashhur farang rassomlari ijodida kamolotga yetganini e’tirof etish kerak. Ushbu oqim namoyandalari klassitsizm va romantizm an’analaridan chekingan holda rang-tasvir olamida taassurot qoldirishning yangi bosqichiga o‘tishdi. Eduard Mane bu yo‘lni boshlab bergan dastlabki ijodkorlardan bo‘ldi. Mane yoshlik chog‘idayoq tasviriy san’atga o‘zgacha nigoh bilan kirib kelgan, yangicha qarashlari bilan zamondosh musavvirlarning aksariyatini hayratga solgan bo‘lsa, yana ko‘plarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Bugun Eduard Mane asarlari o‘z mavzusi va ifoda uslubi bilan alohida mavqe kasb etib, o‘z bahosini topib kelayotgan san’at hisoblanadi.
Eduard Mane 1832 yil 23 yanvarda Parijda dunyoga kelgan. 1883 yili oyog‘i kesilib, og‘ir operatsiyani boshidan o‘tkazadi va ko‘p o‘tmay 51 yoshida olamdan ko‘z yumgan. Shu yarim asrlik hayot yo‘li davomida Mane mustahkam iroda bilan yashab, ijod qildi. Sababi, u navqiron yoshida revmatizm kasalini orttirgan va umr bo‘yi oqsoqlanib, og‘riqdan azob chekib o‘tgan. Uning bu dardi molbert qarshisida betinim ishlashi uchun to‘sqinlik qilgan, biroq, u doim ijod ishqini qanoatlantirish uddasidan chiqib kelgan. Umrining aksariyat qismi shifoxonada, shaharma shahar kezishlarda kechgan bo‘lsa ham rassom o‘z kasbi a’molidan sira tingan emas. Imkon boricha sermahsul bo‘lishga intilgan va bunga erishgan ham.
Mane musavvirlikni emas, musavvirlik Maneni tanlagan, ya’ni tasviriy san’at tabiatan in’om etilgan yo‘l edi. Uning otasi boshqa zodagon oilalari kabi o‘g‘li Eduardning mansabdor bo‘lishini istagan va yurist kasbini egallashi uchun majburlab ham ko‘rgan. Ammo, bundan biron ish chiqmagach, 1850 yilda uni o‘z davrining taniqli rassomi Tom Kurtyurga shogirdlikka beradi. Ungacha bo‘lgan yillarda bo‘lajak rassom Luvrdagi asarlardan ta’sirlanib, izlanib yurgan. Dengiz kemachilik maktabida o‘qishga rozi bo‘lgan, imtihondan yiqilib, “Guvr va Gvadelupa” yelkanli kemasida ishlab, Braziliyaga safari davomida ko‘rgan-kechirganlari – ekzotik tabiat manzaralari, janub ayollarini etyudlarda qoyilmaqom tasvirlagan. U ishlagan rasmlar Eduardning chindan ham rassom bo‘lishiga otasining shubhalarini yo‘qotgandi. Rassom ayni Kurtyur ustaxonasida o‘qiyotgan davrida Frantsiya tasviriy san’atida yetakchilik qilayotgan burjua mavzusi, klassik-romantik an’analarni inkor qila boshlaydi. Tanqidiy qarashlari tufayli Tom Kurtyur bilan munosabatlari yomonlashib, uning ustaxonasidan haydaladi. Otasining harakatlari bilan yana qaytadi.
Uning akademizmga zid usulda ishlangan “Balkon”, “Finjondagi piva”, “O‘tloq ustida nonushta”, “Olimpiya” kartinalari ayni shu damlarda yaratildi. Ushbu asarlar matbuot va ko‘plab rassomlar ahli tomonidan tanqid qilindi, shuning barobarida uning yangicha qarashlari Edgar Dega, Pol Sezann, Klod Monelar tomonidan qattiq himoya qilindi.
1856–58 yillarda Manening nufuzi ortib, turli salonlar uning asarlariga talabgor bo‘ladi. 1859 yilda izlanishlaridan qanoatlanib, ilk bor ishlarini har yili Parij salonida o‘tkaziladigan nufuzli ko‘rgazmaga taqdim etadi. “Mayxo‘r” nomli realistik usuldagi kartinasini katta umid bilan ko‘rgazmaga topshiradi. Kurtyur bu safar ham uning asariga salbiy munosabat bildirgach, uning ustaxonasini butunlay tark etadi. U bilan aloqalari uzilib, o‘zi alohida ustaxona ijaraga oladi. 1870–71 yillarda Frantsiya-Prussiya urushida qatnashadi. O‘sha og‘ir damlarda ham ijodini qo‘ymay port manzaralarini ishlaydi.
Musavvirning “Mayxo‘r” kartinasi keyinchalik shuhrat qozongan asarlaridan bo‘lib, unda mavzu ortiqcha bo‘rttirishlarsiz, realistik shaklda aniq va yorqin tasvirlangan. May ixlosmandi bo‘lgan ob’ekt – erkak o‘tirgan holda aks ettiriladi, uning yonida may quyilgan finjon va yerda bo‘shagan may shishasi bor. Kartinaga biron kinoya yoki tagma’no singdirilmagan. Holatning o‘zini ifodalashda fon, yarim ton texnikasini qo‘llamay, figurani fondan yengil nur-soya bilan ajratgan. Soya tushirishda ham farqli yo‘l tutilib, figura singari aynan bir xil shaklda ifodalanmagan.
1977 yilga kelib, rassom natyurmort va portret janrlarida asarlar yaratishga e’tibor qaratadi. Uning orginal uslubining shakllanishida XVI asrning mashhur rassomi Diyego Rodriges de Silva Velaskesning ijodi ta’siri sezilarli darajada bo‘lib, Mane bu ispan musavvirining asarlariga katta qiziqish bilan qaragan.
Muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Manening izlanishlari yuzaga chiqib bordi. U asar uchun yangi-yangi mavzular axtaradi. “Tyuilri bog‘idagi musiqa” asari, “Ota-ona portreti”, “Gitarerro” asarlari yaratilgach, uning ijodi matbuot sahifalarida e’tirof etila boshladi. Ishlarining salonlarga qabul qilinishi Eduardga nufuz va mablag‘ olib keladi.
Darvoqe, Mane ijodidagi yangi qarashlarni dastavval ko‘rgan va doimo uning g‘oyalari va tutgan yo‘lini qo‘llab-quvvatlaganlardan biri frantsuz adabiyotining yirik namoyandasi Emil Zolya bo‘lgan. U Eduard Mane ijodiga katta qiziqish bilan qarab, hamisha asarlariga munosabatini bildirib borgan. Uning “Tasviriy san’atning yangi yo‘li: Eduard Mane” ocherki rassom ijodi xususidagi mulohazalardan iborat. Rassomning o‘zi ham 1868 yilda yozuvchining mashhur portretini ishlagan. Kartinada inter’er aks etgan bo‘lib, asosiy planda yozuvchi o‘tirgan holatda yon tomondan tasvirlanadi. Qo‘lida ochiq kitob. Yon tomonida kitoblar, qalam-qog‘ozlar, jurnal va boshqa predmetlar. Adib yuzida viqor va mamnunlik kayfiyati aks etgan. Fon qoramtir bo‘lib, devorda va figuraning orqa qismida oq-qora rangdagi reproduktsiya kartinalar aniq tasvirlangan. Bu reproduktsiyalar orasida rassomning “Olimpiya” asari ham bor. Bu Zolyaning ijodiy olami va shaxsi haqida umumiy tasavvur beruvchi talqindir.
Impressionistlar Maneni o‘zlarining g‘oyaviy yo‘lboshchisi deb biladilar. Ammo rassomning ishlarini bir yo‘nalish doirasida o‘lchab bo‘lmaydi. Uning asarlarida realizmning erkin shakli uchraydi. Bu akademizm urf bo‘lgan davr san’atidagi yangi to‘lqin edi. Mane ijodida tasvir studiyadan plener (ochiq maydon)ga chiqdi. Edvard Mane ko‘proq peyzaj fonida insonni, uning timsolida tabiat go‘zalligini ifodalashni afzal ko‘radi. “Arjantey”, “Qayiqda”, “Dengiz sohilida” asarlari shular jumlasidan. Mane Venetsiyaga safaridan so‘ng taassurotlari asosida impressionistik kartinalar turkumini yaratadi. Impressionistlar esa Mane asarlari va uslubidan katta taassurot olgan va uning yangicha qarashlarini takomilga olib chiqqan.
“Foli-Berjerdagi bar” asari Mane ijodining cho‘qqisi deb e’tirof etiladi, unda klassitsizm va impressionizmning o‘ziga xos sintezini kuzatish mumkin. Asarda tasvirlanishicha, asosiy plandagi ayol tasviri ortida unga qarama-qarshi qo‘yilgan noaniq, fantastik ko‘zgu. Unda aks etib turgan intererda omma yorug‘lik va biroz yorqin bo‘lmagan buyoqlarda ifodalangan. Asosiy ob’ekt ortida unga teskari qora libosli ayol ko‘zgu tomonga qaragan va old qismida ichimlik idishlari va meva to‘ldirilgan vazalar ishlangan. Ushbu kartinada Manening sevimli mavzulari – harakatdagi omma, portret, natyurmort va rang effektlari uyg‘unlashib ketgan.
“Olcha tutgan bola”, “Ispan gitarachisi”, “Ko‘cha qo‘shiqchisi”, “O‘tloq ustida nonushta”, “Fleytachi”, “Imperator Maksimillianning qatli”, “Emil Zolya portreti”, “Teador Tyure portreti”, “Ustaxonada nonushta”, “Hordiq”, “Parij operasidagi bal-maskarad”, “For Gamlet rolida”, “Nana”, “Arjantey”, “Musavvir” singari asarlarida Manening ijodkorlik qiyofasi yorqin namoyon bo‘ladi. Uning asarlari nafaqat shakl va uslub, balki mavzu va fikr jihatdan ham o‘ziga xosdir. Rassomning o‘zi aytganidek, “Ranglar – bu did va sezgi bilan bog‘liq ishdir. Nimanidir tasvirlashni qalban istashingiz shart. Busiz hech qanday ma’no chiqarib bo‘lmaydi”.
Eduard Manening asarlari bugun dunyoning ko‘plab nufuzli muzeylarida bebeho boylik sifatida saqlanib kelinmoqda.
Samandar Egamberdiyev,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti talabasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son