XVII asrda Yevropa san’ati antik va Uyg‘onish davri an’analari zaminida kamolga yetdi. San’atda inson bosh mavzu qilib olindi. Uning jismi, o‘y-xayollari, his-tuyg‘u, orzu-istaklari, ruhiy kechinmalari san’atkorlar asarlarida teran talqin etildi. Insonning qiyofasini yanada xaqqoniy ko‘rsatish, uning ruhiy holatini, turmush past-balandliklarini tasvirlash shu davr asarlari uchun muhim yo‘nalish bo‘lib qoldi. Hayotdagi ziddiyatlar, murakabbliklar, undagi ichki kurashlar rassom va xaykaltaroshlar nazaridan aslo chetda qolmadi. Ozodlik va tenglik g‘oyalari baralla kuylandi. San’at turlari va janrlari orasidagi nisbatlar ham birmuncha o‘zgardi. Mavjud badiiy an’anaviy syujetlar bilan birga hayotiy voqealar aks etgan asarlar ham keng ko‘lamda hayotga kirib kela boshladi. Bu davrda Barokko, Rokoko, Klassitsizm kabi uslublar bir-biri bilan doimiy munosabatda bo‘lib, birining ta’siri boshqa birida o‘z aksini topdi. Bu o‘zgarish va ta’sirlar, eng avvalo, u yoki bu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tuzumi, tarixiy sharoiti bilan uzviy ravishda bog‘liq edi. Shu boisdan ham XVII asrda Italiya, Ispaniya, Frantsiya, Gollandiya va Flandriyada milliy badiiy maktablar vujudga keldi.
Bu davrda flamand san’ati rangtasvirda realistik san’atning yangi qirralarini kashf etdi va jahon san’ati tarixida yangi sahifa ochdi. Cherkov san’atning asosiy buyurtmachisi sifatida yangi qurilayotgan, ta’mirlanayotgan kichik va katta ibodatxonalarni katta-katta devoriy suratlar bilan bezattirdi va mehroblar uchun yirik suratlar ishlatdi. Bu suratlar o‘zining chuqur dramatizmi va ta’sirchanligi bilan ommani o‘ziga jalb etishi hamda cherkov g‘oyalarini targ‘ib etishi nihoyatda zarur edi. XVII asrda Flamand san’ati uslub va mavzular rang-barangligini belgilashda muhim rol o‘ynadi. Diniy-mifologik va dunyoviy mavzuda ko‘plab suratlar ishlandi. Bu davrda flamand san’ati o‘zining gullagan davrini boshidan kechirdi.
Flamand rangtasvir san’atining yo‘lboshchisi, Yevropa san’atining buyuk vakili Rubens 1577 yili 28 iyunda Germaniyada tug‘ildi. U yoshlik yillarida ota-onasi bilan Flandriyaga ko‘chib kelib, shu yerda lotin maktabida o‘qidi, so‘ngra rassom Otto van Veey ustaxonasida musavvirlik san’ati sirlarini egalladi. Rubensning rassom bo‘lib yetishishida uning Italiya bo‘ylab qilgan safari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Musavvir Italiyada buyuk san’atkorlar asarlari bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, Mikelanjelo, Leonardo da Vinchi, Titsian, Veroneze va Karavajo singari mo‘yqalam sohiblarining ijodi uning ijodiy faoliyatiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazdi. Rubens ularning ijodini qunt bilan o‘rgandi. 1608 yil Rubens Antverpenga qaytib kelgach, ijodga mukkasidan ketib, turli mavzularda asarlar yarata boshladi. Bu esa tez orada rassom nomini ommaga keng tanitdi. Buyurtmachilarning tobora ko‘payishi natijasida u o‘z ustaxonasini yaratish imkoniga ega bo‘ldi. Rubens o‘z atrofiga bir qancha iste’dodli yoshlarni to‘plab graverlar maktabini tashkil etdi. Musavvirning ilk ijodi 1610 yillarga to‘g‘ri keladi. Rubensning asarlari dinamik jo‘shqin, ichki kuch-qudratga to‘laligi bilan kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Uning mifologik va allegorik mavzudagi asarlari ham o‘ziga xos. Ular hajm jihatidan katta, yorqin rangli, dekorativ, his-hayajonli, obrazlari esa to‘laqonli, ulkan, zabardast, kuch-quvvatga to‘la. Musavvir qaysi mavzuga qo‘l urmasin, o‘z qahramonlarini jismonan baquvvat etib gavdalantirganiga guvoh bo‘lamiz. “Vakxanaliya”, “Levkipp qizlarining o‘g‘irlanishi”, “Sherlar ovi” asarlari shular jumlasidandir. 1620 yili Rubens ijodining eng gullagan davri bo‘ldi. U yaratgan asarlar his-tuyg‘uga boyligi bilan ajralib turadi. Turfa xil ranglar asarlarining ta’sirchanligini belgilovchi asosiy vosita va omillardan biri bo‘lib qoldi. Shu yillarda yaratgan uning dastlabki “Persey va Andromeda” asari diqqatga sazovordir. Qadimgi grek afsonalaridan olingan syujet asosida ishlangan bu asar o‘zining obrazli plastik yechimi hamda qahramonlarning psixologik holatining yorqin bo‘yoqlarda ifodalanishi bilan tomoshabin diqqatini o‘ziga rom etadi. Uning qirolicha Mariya Medichi hayotiga bag‘ishlangan tarixiy mavzudagi turkum asarlari san’at tarixida muhim voqealardan bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Lyuksemburg saroyini bezash uchun mo‘ljallangan bu suratda Frantsiya qirolichasining hayoti to‘laqonli yoritilishi bilan birga real ko‘rinishlar noreal obrazlar bilan uyg‘unlashtirilib, sintez holatda tasvirlangan. 1609 yil oktyabrda Rubens mashhur gumanist Yan Brantning qizi Izabella Brant bilan turmush qurib, sevimli rafiqasi Izabellaga bag‘ishlab bir nechta asarlar yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Uning mashxur asarlaridan biri “Izabella portreti” fikrimizning tasdig‘idir. Izabellaning mungli nigohi va ochiq chehrasidan unig sof qalbli, nafosatli ayol ekani yaqqol ko‘rinib turibdi.
1630 yillar musavvir ijodining so‘nggi davri bo‘lib, endilikda Rubens kichik hajmdagi asarlar ishlashga ko‘proq e’tibor bera boshladi. Shu davrda yaratilgan asarlari mazmunan chuqur, ularning kompozitsiyasida xotirjamlik ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Shu yillarda u oddiy xalq hayotiga ko‘proq murojaat qila boshladi. Tabiat manzaralarini tasvirladi, o‘z yaqinlarining portretlarini chizdi. Ayniqsa, ayoli va farzandlari tasvirlangan qator kompozitsiyalar yaratdi. Rubensning qishloq hayotiga oid talay asarlari ham e’tirofga loyiq. Xushchaqchaq, serzavq dehqonlar hayoti “Dehqonlar raqsi” asarida g‘oyat jo‘shqin va ta’sirli gavdalantirilgan.
Buyuk musavvir ijodiy faoliyati davomida “Venera bayrami”, “Dehqonlarning daladan qaytishi”, “Levkipp qizlarning o‘g‘irlanishi”, “Persey va Andromeda”, “Sevgi bog‘i”, “Izabella Brant portreti”, “Avliyo Ieronim”, “Vakxanaliya”, “Sherlar jangi” kabi ko‘plab nodir va o‘lmas asarlarini yaratdi. Sirasini aytganda, Rubens ijodi Yevropa san’ati tarixida muhim o‘rin tutadi. Uning keyingi taraqqiyotini Rubens ijodi ta’sirisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Flamand rangtasviri ravnaqi ham Rubens ijodi bilan chambarchas bog‘liq. Ko‘pgina flamand rassomlari uning ijodidan ta’sirlandilar, ilhomlanadilar va uni davom ettirdilar. Uning ko‘plab shogirdlari, izdoshlari flamand rangtasviri shuhratini yanada oshirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Shahnoza Qosimova, san’atshunos
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son