Italiya kinematografiyasining jahon kinosanoatida o‘ziga xos o‘rni bor. Biz Bernardo Bertoluchchi, Mikelanjelo Antonioni, Serjio Leone, Franchesko Rozi kabi italyan kino arboblarini yaxshi bilamiz. Ular orasida mahoratli rejissyor Federiko Fellini alohida mavqega ega. Fellini faqat va faqat kino uchun dunyoga kelgan. Hammaga ayonki, kino ustalarining ishiga ko‘pincha, “Oskar” mukofoti yoki boshqa kinofestivallar mukofotlari bilan baho berishadi. Bu – darhaqiqat yaxshi mezon. Shu nuqtai nazardan Federiko Fellinining ijodi baholansa, u juda ko‘p marotaba “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan kinoijodkor ekani oydinlashadi.
Federiko Fellini 1920 yil 20 yanvarda Italiyaning Rimini shaharchasida Urbano Fellini va Ida Barbianilar oilasida dunyoga kelgan. Federiko bolaligida juda ko‘p betob bo‘lardi. Shifokorlar unga “yurak yetishmovchiligi” deb noto‘g‘ri tashxis qo‘yganlar. Bolakay ota-onasining u haqida qayg‘urishlarini juda yaxshi ko‘rganligi bois ko‘pincha, ularga o‘zini bemor qilib ko‘rsatardi…
Federikoga kollejda o‘qitiladigan fanlarning hech biri yoqmasdi. U ko‘p vaqtini tomoshalar uchun niqob va liboslar tayyorlashga, qo‘g‘irchoqlarni turli ranglar bilan bo‘yashga sarflar edi. Ayniqsa, Riminiga gastrol safari uchun tashrif buyurgan tsirkchilarning tomoshalari bolakayning hayotida yorqin iz qoldiradi va keyinchalik yaratgan filmlarining ko‘pchiligida tsirk mavzusi asosiy o‘ringa ko‘tariladi. Federiko 12 yoshida tsirkchilar truppasiga qo‘shilib uydan qochib ketganligi haqida gaplar mavjud. Biroq, keyinchalik Fellini bolalikdagi xotiralarini yodga olar ekan, har doim voqealarni bo‘rttirib aytib berishni yaxshi ko‘rganligini tan oladi. U bir muddat Rim universitetining huquqshunoslik fakultetida ham o‘qigan. Aytish joizki, u universitetda huquqshunoslikka qiziqqanligi uchun emas, balki armiyada xizmat qilishni istamaganligi uchun o‘qigan ekan.
Shunday qilib, u 1937 yili Florentsiyaga keladi va reportyorlik bilan shug‘ullana boshlaydi. “Febo” firmasiga karikaturist bo‘lib ishga kiradi. Keyinroq Rim shahrida chiqadigan gazeta va jurnallarga rasmlar chizib, reklamalar uchun matnlar tayyorlaydi. 1938 yildan 1942 yilgacha antifashistik ruhdagi “Mark Avreliy” hajviy jurnalida qariyb yetti yuzta asari e’lon qilinganidan so‘ng, unga stsenariy yozish taklifi tushadi. 1943 yili Fellini hayotidagi asosiy voqea sodir bo‘ladi. U Rim radiosi uchun tayyorlagan Chiko va Polina ishqu muhabbatiga oid ajoyib eshittirishini ekranga ko‘chirish taklifini oladi. Ana shu voqea Fellinini kinematografiya sohasiga olib kirdi. U rejissyor Roberto Rosselini taklifiga ko‘ra, eshittirishni kinostsenariyga aylantiradi. Filmni suratga olish asnosida dilbar aktrisa Juletta Mazinaga ko‘ngil qo‘yadi va u bilan umrining oxirigacha birga yashaydi. Ular farzand ko‘rmaganlar. Shu bois Fellini o‘zi yaratgan filmlarini “mening farzandlarim”, deya ataydi.
Urush yillari. Rimga ittifoqchilar qo‘shini kirgan. Fellini oldida do‘sti Roberto Rossellini kelib, nemis fashistlari tomonidan otib tashlangan ruhoniy Morozini haqida film olish niyatida ekanligini aytadi. Fellini ushbu filmning stsenariysini yozib beradi. Film “Rim – ochiq shahar” nomi bilan katta muvaffaqiyat qozondi va shu bilan kino san’atida neorealizmga asos solindi. 1950 yili Fellini Alberto Lattuada bilan hamkorlikda o‘zining ilk filmi “Varete chiroqlari”ni yaratadi. 1952 yili “Oq shayx” nomli film stsenariysini yozadi. Film rejissyori Mikelanjelo Antonioni bo‘lishi kerak edi, lekin u bunday stsenariy asosida film yaratishdan bosh tortgach, Fellinining o‘zi rejissyorlik qiladi. Lekin bu film muvaffaqiyat qozonmaydi. Ammo “Onajonisining o‘g‘iltoylari”, “Shahardagi ishq” filmlari kino muxlislari va munaqqidlar tomonidan yaxshi kutib olindi. “Onajonisining o‘g‘iltoylari” Venetsiya kinofestivalining “Kumush arslon” mukofotini oldi, so‘ngra 1953 yili eng yaxshi original stsenariy nominatsiyasi bo‘yicha “Oskar” mukofotiga tavsiya qilindi.
Felliniga haqiqiy muvaffaqiyatni 1954 yilda ekranga chiqqan “Yo‘l” filmi olib keldi. Filmdagi bosh rolni rafiqasi ijro etishini xohlagan Fellini besh yil davomida tasvirga tushirish ishlarini boshlash uchun prodyuser topa olmagandi. “Yo‘l” – daydi tsirk artistlari haqidagi g‘amgin film bo‘lib, unda qo‘pol polvon va har doim o‘zi bilan birga olib yuradigan yordamchisi sodda, oqko‘ngil qishloq qizi hamda quvnoq dorboz taqdirlari haqida hikoya qilinadi. Rejissyor filmning aksariyat qismini tabiat qo‘ynida tasvirga tushirgan. Bosh rollarni rafiqasi Juletta Mazina va aktyor Entoni Kuinnlar ijro etishgan. Film nafaqat Felliniga, balki aktyorlarga ham olamjahon mashhurlik olib keldi. Juletta Mazina bugungi kunda ham “Yupka kiygan Chaplin” deb yodga olinadi. Film barcha qiyinchilik va chekilgan azoblar evaziga rejissyorga ellikdan ortiq turli mukofotlar keltirdi. Rejissyor mazkur filmda realizmdan chekinib, ramziy rivoyatlarga o‘tdi, bu bilan kino sohasida katta burilish yasadi. Filmda Ezgulik va Yovuzlik o‘rtasidagi murosasiz kurash mistika orqali o‘ta ta’sirchan talqin qilingan. 1957 yili Fellini Mazina bilan hamkorlikda navbatdagi filmi “Kabiriya tunlari”ni yaratdi. Mazkur filmda haqiqiy muhabbatni orzu qiluvchi islovotxonadagi ayol hayoti gavdalantirilgan. Mazina qahramoni o‘zining soddaligi, ishonuvchanligi va hamisha to‘g‘ri so‘zligi, hayotga bo‘lgan cheksiz ishonchi sababli tomoshabinlar, tanqidchilarning ko‘nglini zabt etdi. Film Felliniga rejissyorlik ishi, Mazinaga esa aktyorlik mahorati uchun ko‘plab mukofotlarni keltirdi. Uch yil ichida Fellinining ikkinchi filmi eng yaxshi xorijiy film nominatsiyasida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi.
1960 yilda suratga olingan “Shirin hayot” filmini hanuzgacha kino muxlislari hayrat bilan tilga olishadi. Bu film ko‘pchilik ruhoniylar, Vatikan aholisi tomonidan rad etildi. Matbuotda filmni “jirkanch hayot”, deya tanqid ostiga oldilar. Ammo ko‘p o‘tmay, bu film Italiya kinosida yangi davrning ramzi sifatida tilga olinadigan bo‘ldi. Marchello Mastroyannining bosh rolga taklif etilishi filmning muvaffaqiyatini ta’minladi. Ma’lum vaqtdan so‘ng film Kann festivalining “Oltin palma novdasi” mukofotini qo‘lga kiritdi. Filmni taqiqlash to‘g‘risidagi shov-shuvlar tomoshabinlar qiziqishini orttirib yubordi va kartina katta mablag‘ to‘pladi.
Aslida Fellinining har bitta filmini kino san’atida katta hodisa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, 1963 yilda yaratilgan “Sakkiz yarim” nomli filmni olaylik. Bu film rejissyorning o‘z kechinmalari haqida bo‘lib, unda Gvido ismli rejissyorning ijodi va hayotida yuz bergan inqiroz, uning ichki kechinmalari, haqiqat yo‘lida chekkan iztiroblar kurashlari haqida hikoya qilinadi. “Sakkiz yarim” filmi bir qator sovrinlar, jumladan, “Oskar” va Moskva kinofestivalining asosiy mukofotini qo‘lga kiritdi. 1965 yili Fellini o‘zining ilk “Juletta va arvohlar” rangli filmini yaratdi. Stsenariy Mazina uchun maxsus yozilgan bo‘lib, unda xiyonatkor er tufayli aziyat chekayotgan ayol qismati ochib berilgan. Ushbu filmdan so‘ng rejissyor barcha filmlarini rangli tasmalarga tushira boshladi. 1967 yili Federiko og‘ir xastalikka chalinadi, bir yildan so‘ng “O‘lim ruhi” filmini suratga oladi.
Rejissyor 1969 yili Petroniy romani motivi asosida qadimgi Rim to‘g‘risida “Fellini-Satirikon”, 1972 yili zamonaviy Rim to‘g‘risida “Fellinining Rimi” nomli kartinalar yaratdi. Zamonaviy Rim to‘g‘risidagi film Kann festivalining mukofotiga sazovor bo‘ldi.
1974 yili Fellini “Oskar” taqdimotida eng yaxshi xorijiy film nominatsiyasi bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritgan to‘rtinchi va so‘nggi kartinasi “Amarkord”ni suratga oldi. Mazkur filmda rejissyor yana bolalikdagi unutilmas taassurotlarini o‘zida aks ettiruvchi tsirk mavzusiga qaytdi.
Fellini 1980 yillarga kelib, filmlariga prodyuser topa olmay, televideniye uchun reklama roliklarini tayyorlash bilan shug‘ullana boshlaydi. Rejissyor ijodining so‘nggi yillarida “Federiko Fellini Kazanovasi” (1976), “Orkestr repetitsiyasi” (1978), “Ayollar shahri” (1980), “Kema hamon suzmoqda…” (1983), “Jindjer va Fred” (1986), “Intervyu” (1987) filmlarini yaratdi.
1990 yili Fellini o‘zining so‘nggi kartinasi “Oy ovozi”ni tasvirga tushirdi. Bosh qahramon rolini italiyalik komik aktyor Roberto Benini ijro etdi.
Federiko Fellini 1993 yil mart oyida kino san’atiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun so‘nggi bor faxrli “Oskar” mukofoti bilan taqdirlandi. Shu yili 74 yoshli Federiko Fellini insult xastaligidan vafot etdi. Rejissyorning sadoqatli rafiqasi va ilhom parisi Juletta Federiko vafotidan so‘ng atigi besh oy umr ko‘rdi.
Federiko Fellini rejissurasining o‘ziga xos tomonlarini bevosita neorealizm yo‘nalishi va uning filmlarda qay tarzda aks etganligi bilan bog‘liq holda ko‘rish mumkin. Ikkkinchi jahon urushidan so‘ng, Italiya kinosida “Neorealizm” yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Neorealizm aslida tanqidiy realizmning yangi shakli bo‘lib, u fashizm tazyiqidan ozod bo‘lgan mamlakat hayoti sharoitida yuzaga keldi. Avvaliga ushbu yo‘nalishda yaratilgan filmlar urush va urushdan keyingi yillarni aks ettirgan. Mazkur filmlar qisqa va lo‘nda, sun’iy go‘zallikdan butkul xoliligi bilan ajralib turardi. Odatda oq-qora ranglarda tasvirga tushiriladigan neorealizm filmlari xalqning haqiqiy yashash sharoitini namoyish etadi. G‘arib qishloqlar, shahar xarobalari, jaziramada tosh yo‘llardan yurib borayotgan, ishi va uylaridan ajralgan odamlar va hokazo. Detallarning aniqligi real hayotning asl ko‘rinishini ochib berishga hizmat qiladi. Neorealizm filmlarida professional aktyorlar bilan bir qatorda havaskorlarning rol o‘ynashi ham ko‘p kuzatiladi. Rejissyorlar adabiy italyan tilidan voz kechib, voqea sodir bo‘layotgan hududning shevalaridan foydalanganlar. Bularning bari neorealizm davri filmlariga o‘zgacha hayotiylik baxsh etgan.
Fellini rejissurasi uning ilk filmlaridanoq neorealizm yo‘nalishining boshqa vakillari ijodidan farq qiladi. Uning filmlari qahramonlari odatiy emas. Ulardagi indviduallik bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Filmlarda syujetdan ko‘ra yorqin detallarga ko‘proq ahamiyat berilgan. Sirk va buffonada mavzulari ham ilk filmlaridayoq ko‘zga tashlangan. Fellini ijodi insonlarni bir-birini tushunishga, yolg‘onlar girdobidan qutulib, hayot mazmunini qidirishga undashi bilan o‘ziga xos. “Yo‘l” filmi ekran yuzini ko‘rgach, Italiyada tanqidchilar muallifning neorealizmdan og‘ib universalizmga o‘tib ketganligini, filmning satiradan ko‘ra ko‘proq ertakka o‘xshab qolganligini aytib Fellinini kuchli tanqid ostiga oldilar. Bunga javoban rejissyor: “Men o‘zimni ma’lum bir cheklovlardan, ya’ni boshi, o‘rtasi va finali bor voqealardan ozod qilishga harakat qilyapman. Menimcha, film o‘zining ritmi va o‘lchamiga ega doston bo‘lmog‘i kerak”, deydi. Fellini o‘z filmlarida yangidan-yangi ifoda vositalarini kashf qilib kino san’ati tilini metaforalar bilan boyita oldi. Fellini ijodining so‘nggi yillarida ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritish bilan bir qatorda tomoshabinlar orasidagi mashhurligini yo‘qotib bordi. Tanqidchilar rejissyor ijodida o‘z-o‘zini takrorlash va reallikdan chetlashish holati kuzatilayotganini ta’kidladilar. Fellini filmi namoyishi bo‘layotgan bo‘m-bo‘sh kinoteatrda: “Mening tomoshabinim o‘ldi” – deb aytgan edi. Shunga qaramay, Federiko Fellini uzoq yillik mashaqqatli mehnati bilan kino san’atida o‘chmas iz qoldira oldi. U yaratgan filmlar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan, betakror rejissurasi esa, yosh kino rejissyorlar uchun hanuzgacha dasturul amal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shoqahhor Salimov,
Muzaffar Karabayev
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 6-son