Dahshatli filmlar qiroli (Alfred Xichkok)

Jahon kinematografiyasining eng mashhur siymolaridan biri bo‘lgan bu ijodkor shaxsi, hayoti, uning yaratgan asarlaridagi murakkablik, sirlilik va mavhumlik kishini beixtiyor mulohazaga chorlaydi. Uning asarlarini o‘qib, filmlarini ko‘rar ekansiz, muallifning mazkur fikrlari qalbingizni larzaga soladi: “Mutolaa davomida qachonlardir sodir etishni istab, lekin jur’at qilolmaganingiz jinoyatni boshdan kechirasiz. Shunday ekan, o‘quvchim, kitobni oching va istalgan sahifani o‘qing! Dahshat tuyg‘usi hammamizga yetadi”.

Aslida inson hayot va o‘lim oralig‘ida yashaydi. Mana shu ikki eshik orasida o‘zini anglashga, ruhiy manzilini topishga intiladi. Shu jihatdan qaraganda, Xichkokning asarlari qalbingizni tub-tubiga kirib borib, sizni so‘roq qiladi, o‘zingiz anglamagan yuksakliklarga olib chiqadi. Bunda baxt va baxtsizlikning, hayot va o‘limning eng yorug‘, yorqin ranglarini ko‘rasiz. U o‘z kitoblarining birini “Meni maftun qilgan o‘lim”, keyingi to‘plamini esa kutilmagan tarzda “Iblis haqida gaplashamiz” yoki “O‘lim xaltasi” deb nomlaydi. U bir umr qalbni tug‘yonga soluvchi hodisalar, tuyg‘ular, inson qismatidagi fojialarga e’tibor qaratib, o‘z asarlarida shularni muhrlagan.

Alfred Xichkok dunyo kinosining eng mashhur rejissyorlaridan biri edi. U 1920-1970 yillar davomida 50 dan ortiq filmlar yaratdi.

Muxlislar uni Alfred Jozef Xichkok, Xich – sirlilik, mavhumlik dahosi, janob Alfred Xichkok sifatida taniydilar.

Serqirra ijod sohibi 1899 yil 13 avgustda Londonning sharqiy chekkasidagi Leytonstoynda dunyoga keldi. Xichkokning ajdodlari na adabiyotdan va na san’atdan xabardor odamlar edi. Bobosi o‘z imzosini bir amallab qo‘ygan bo‘lsa, buvisi umrida qo‘liga qalam ushlamagandi. Lekin shunga qaramay, Xichkokning bobosi uning otasi Uilyamga nisbatan juda qattiqqo‘l edi. Uilyam oila qurgach, farzandlarini ham shunday qattiqqo‘llik bilan tarbiyaladi. Kichkintoylar, akasi Uilyam, opasi Ayln va Xichkoklar har tun o‘ringa yotishdan oldin kunduzgi gunohlarini avf etishni so‘rab, ibodat qilishardi. Alfred Xichkok shu sababdanmi, murg‘aklikdan boshlab yuragining bir chetida aybdorlik hissini tuyib yashardi. U bolaligida indamas, hurkak bo‘lib o‘sdi. Na bir do‘st orttirdi, na ko‘cha changitib o‘ynadi. Kun bo‘yi uyga qamalib olib kitob o‘qirdi. Xichkok endigina 5 yoshga to‘lganida, dars saboqlarini yaxshi o‘zlashtirishini istagan otasi uni ariza bilan mahalliy politsiya mahkamasiga jo‘natadi. Arizani o‘qigan xizmatdagi politsiya ofitseri yosh, murg‘ak Xichkokni darhol bir necha daqiqaga qamoqxonaga qamab qo‘yadi. Afsuski, bu qayg‘uli natijaga olib keladi. Garchi otasi bu xatti-harakati bilan unga insonlar yomon qilmishlari uchun jazolanishlarini uqtirmoqchi bo‘lsa ham, bu qattiqqo‘llik go‘dakda o‘zining dahshatli asoratini qoldirgandi. Keyinchalik u bu haqda o‘ylaganda, butun vujudini qaltiroq, qo‘rqinch bosardi. Oqibatda u butun hayoti davomida politsiyani eshitganda vahimalanadigan bo‘lib qoladi. Keyinchalik ayrim filmlarining syujetida ham bu vahima butun dahshati bilan aks etadi. Onasi Emma Jeyn Xichkok ham eridan qolishmaydigan o‘ta o‘jar va qaysar ayol edi.

Xichkok yolg‘iz qoldi deguncha rasm chizishga va xaritada qiziqarli o‘yinlar o‘ylab topishga mukkasidan ketardi.1910 yildan boshlab u ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lib turadigan qattiqqo‘l, makkor ikkiyuzlamachilar va ularning badxulq, bezori ko‘cha bolalarining vahshati bilan to‘lgan muqaddas Ignatius kollejiga qatnay boshladi. Bu yerda u ma’ruzalarni qoldirmay tinglar, bo‘sh qoldi deguncha Shekspir, Dikkens, Skott asarlarini o‘qirdi. Keyinchalik bu ro‘yxat Uaylt, Bayron, Chestertonlar nomi bilan to‘ldirildi. Biroq Xichkokning tafakkurida katta burilish yasagan muallif Edgar Allan Po bo‘ldi. Mistifikatsiya va dahshatli jarayonlarni parodiya qilish ustasi bo‘lgan Poning asarlarini bir umr yod bo‘lish darajasida o‘rganib chiqdi. “Aminmanki, Po jahon adabiyotida alohida o‘ringa ega. Unda ikki shaxs – romantik va real tuyg‘ular vakili yashaydi”, deya e’tirof etgandi u. Xichkokning o‘zi ham misoli ikki o‘t orasida yashardi. Dunyosining bir tarafida iblislar, boshqasida esa mehr farishtalari hukmronlik qilardi.

Bilimga chanqoq bo‘lgan va intilishdan sirayam to‘xtamaydigan Alfred 1913-15 yillarda Poplerdagi London graflik kengashining injenerlik mahorati va kemachilik sanati maktabida chizmachilikdan tahsil oladi. Uni tamomlagach, 1915 yilda dastlabki faoliyatini elektr kabel ishlab chiqaruvchi Xenley telegraf kompaniyasida baholovchi vazifasidan boshlaydi. Bu qiziquvchan ijodkorni kino olami o‘zining sehrli bag‘riga chorlay boshladi. Ishdan bo‘sh paytlari Xichkok kino seanslarini qoldirmay tomosha qiladi. U kino san’atiga oid gazeta, kitoblarni mutolaa qiladi, shu bilan birga o‘z iqtidorini charxlash uchun London universitetida chizmachilikdan saboq oladi.

Tinib-tinchimaydigan, tirishqoq Xichkok tez orada atrofdagilarning ishonchini qozona boshlaydi va ishiga bo‘lgan qat’iyati, muloyimligi, o‘tkir fahmu farosati, qobiliyatini namoyon qiladi. U hamkasblarining karikaturalarini chizar, oxiri dahshatli, qo‘rqinchli, fojeali yakun topadigan hikoyalar yozar va ularga Xich nomi bilan imzo qo‘yardi.

Xenleyning ijtimoiy uyushma jurnali “Xenley” bo‘lajak san’atkorning rasmlari va hikoyalarini nashr eta boshladi. Natijada Xichkokning reklama bo‘limidagi obro‘si ortdi. U jurnal sahifalaridagi reklamalarni suratlar bilan bezatuvchi dizayner bo‘lib ishlayotganidan baxtiyor edi.

1919 yilda Xichkok gazetalarning birida kino san’atiga oid xabarni o‘qib qoladi. Unda Buyuk London yaqinidagi Islingtonda mashhur “Paramont” deb nomlangan Gollivud kompaniyasi tomonidan yangi studiya qurilayotgani yozilgandi. Yangi mahalliy studiya bunyod etilayotganligi uni behad quvontirib yuboradi. Mazkur studiya homiyligidan umidvor bo‘lgan Xichkok o‘zining birinchi pantomimali syujetini kashf etadi. Yigitdagi qat’iyat, dadillikni ko‘rgan Islington studiyasi uning tasvirlarini bosib chiqarishdan tashqari, studiyaning tasvirlar bo‘yicha dizayneri etib yollaydi. Studiya bir necha oy ichida 20 yoshli Xichkokka to‘liq shtatli lavozim taklif qiladi. Shunday qilib, u beqaror kino olamiga Xenleydagi barqaror faoliyati bilan kirib keladi. Mustahkam iroda, o‘ziga bo‘lgan ishonch va yangi loyihalar yaratish istagi Xichkokning kinostsenarist, rejissyor yordamchisi, mohir dizayner bo‘lib shakllanishiga yordam beradi. Bu yerda Xichkok film montajini boshqarayotgan Almani Revilleni uchratadi. “Har doim xotiningga ayt” (1923 yil) komediyasi namoyish etilayotgan bir vaqtda film rejissyori to‘satdan kasal bo‘lib qoladi. Hayot sinovlarini chapdastlik bilan yengib, hech qachon taslim bo‘lmaydigan, irodali ijodkor bunga aralashib, filmni mahorat bilan nihoyasiga yetkazadi. U 1925 yilda o‘zining ham Italiyada, ham Germaniyada namoyish etiladigan ilk rejissyorlik ishi bo‘lmish “Oromgoh – 1926 yil” filmini yaratishga kirishadi. Rejissyor go‘zal va dono Almanini o‘ziga yordamchi sifatida ishga oladi. Filmni suratga olish davomida ular o‘rtasida muhabbat yuzaga kelib, sevishganlar 1926 yil 12 fevralda turmush quradilar. Almani nafaqat rafiqa, balki unga hayoti davomida yaxshi do‘st va yordamchi bo‘lib qoldi. U Xichkokning ko‘plab filmlariga stsenariylar yozar va u bilan fikrdosh edi. Xichkoklar oilasi izlanishdan, yangidan-yangi filmlar yaratishdan sira to‘xtamasdi. Ular ish kunlari Londondagi kvartiralarida yashab, dam olish kunlarini “Shemli Grin” dagi dala hovlilarida o‘tkazishardi. 1928 yilda shiringina qizaloq – Patrisiya tug‘ildi.

30-yillar davomida Xichkok suratdan surat yarata boshladi. Va Mak Gufin atamasini kashf qildi. Ayni shu yillarda Xichkok kino sanati rivojini yuksak bosqichga ko‘tardi, dovruq qozondi. Shu vaqtda mashhur rejissyor Devid Selznik uni Gollivud dunyosiga olib kirdi. Xichkok o‘zining yangi prodyusseri bilan hamkorlikda ishlay boshladi.

U “Judayam ko‘p narsani biladigan odam” (1934 yil), (“Sirli agent” (1936 yil), “39 qadam” – (1935 yil), “Qo‘poruvchilik” – (1936 yil), “Yosh va begunoh” – (1937 yil), “Yo‘qolgan xonim” – (1936 yil) filmlarini suratga oladi va ular katta muvaffaqiyat qozonadi.

Xichkok o‘z filmlarida tomoshabinni hayratga solishda sirlilik, mavhumlikdan foydalanishni afzal ko‘rardi. Ajablanarlisi shundaki, rejissyor tomoshabinga qo‘rqinchli, dahshatli zarbalar bilan “tajovuz” qilardi. Diqqat bilan yurak hovuchlab, hayajonlanib kutayotgan tomoshabinga kutilmagan, favqulodda lavhalar taqdim etardi.

Rejissyor goh to‘satdan avtobus haydayotgan, yo bino yonidan o‘tib ketayotgan, goh hovli ichida, goh rasmda paydo bo‘lib qolgan holatlarda namoyon bo‘lardi. Bu o‘ta shiddatli tasvirlar Xichkok nomining ramziy yorlig‘i edi.

Jimi Styuart bilan birgalikda “Judayam ko‘p narsani biladigan odam” filmida bosh rolni ijro etgan Doris Dey faxr bilan shunday deydi: “Xichkok juda ajoyib, buyuk rejissyor va haqiqiy do‘st. Menga u bilan ishlash g‘oyat maroqli edi”.

1955 yilda Xichkok Angliyaga – uyiga qaytgach, “Shemley prodakshins”da ish boshladi. Va televideniyeda “Alfred Xichkok” mualliflik ko‘rsatuvini tashkil qildi. Bu mashhur teleshou 1955 yildan to 1965 yilga qadar davom etdi. Xichkokning bu ko‘rsatuvi mamlakat kino san’ati va kinodramaturgiyasining rivojiga katta hissa qo‘shdi.

Uning eng mashhur, dahshatli va qo‘rqinchli, shov-shuvli “Telba” filmi 1960 yili ekran yuzini ko‘radi. Psixoanaliz ta’limoti otasi Zigmund Freyd falsafasi asosiga qurilgan bu film Xichkokka olamshumul shuhrat va katta moddiy imkoniyatlar olib keladi. “Paramaunt” kompaniyasi filmga 800000 dollar sarflagan bo‘lsa, kino ekranlarga chiqqach, 40 million dollar daromad keltiradi. 1979 yili Amerika kino instituti Beverli Xilton mehmonxonasida Xichkok sharafiga o‘tkazilgan tantanali marosimda unga “Butun hayoti davomidagi faoliyati uchun” mukofotini topshiradi. O‘shanda u nihoyatda g‘amgin, o‘zini yomon his qilgan, hatto tadbir boshlanishida “o‘z vidolashuv marosimi”da qatnashishni xohlamayotganligini aytgandi.

Alfred 1980 yili shon-shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarildi. Unga Angliya qirolichasi tomonidan ritsarlik unvoni berildi. An’anaga muvofiq mazkur mukofotga sazovor bo‘lganlar uni Londonda qabul qilib olishardi. Lekin Xichkokning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli unga Britaniya konsuli general Tomas Eston mukofotni topshirish uchun studiyaga keladi.

Xichkok 1980 yili 29 aprel tongida Koliforniya shtati, Bel Eyrdagi uyida uyqusida jon taslim qildi.

Mohinur Siddiqova tayyorladi

Jahon adabiyoti, 2013 yil, 8-son