Atoqli adib Chingiz Aytmatov ijodi o‘zbek teatri solnomasida alohida sahifani tashkil etadi desak, xato bo‘lmaydi. Zero, yozuvchi qalamiga mansub mashhur qissayu romanlar yurtimiz teatrlarida qayta-qayta sahnalashtirilib, rejissyor va aktyorlarning charxlanishi, sahna poetikasining taraqqiy etishiga xizmat qildi. Shuningdek, Aytmatov asarlaridagi falsafiy g‘oyalar, teran mushohadalar, umuminsoniy tuyg‘ular o‘zbek teatr san’atining ijodiy ufqlari, mavzu va janr doirasini kengaytirdi.
Chingiz Aytmatovning o‘zi hech qachon dramaturglikka da’vo qilmagan va bu yo‘nalishda “Fudziyamaga ko‘tarilish” nomli birgina pesa yaratgan, xolos. Ammo bu adib teatrga qiziqmagan, degan xulosani bermaydi. Aksincha, Aytmatov jahon sahna san’atining eng yaxshi namunalaridan xabardor, atoqli rejissyoru aktyorlar bilan hamsuhbat edi. Yozuvchi dramaturgiyada faol emasligi haqida to‘xtalar ekan, anchayin keskin, achchiq mulohazalar bildiradi: “Rostini aytsam, pesa yozgim kelmayapti, ehtimol, kelajakda yozarman. Proza bilan shug‘ullanaman. Dramaturgiya, teatr esa… Nima desam ekan? Garchand mening teatr bilan munosabatlarim iliq bo‘lsa-da, bu borada ko‘p murakkabliklar bor. Hozirgacha pesa yozish niyatim bo‘lmagan. Chunki, o‘z mehnating mahsulini o‘tkazish uchun eshikma-eshik kirib, asabni buzish, bekorga vaqt sarflashning hojati yo‘q deb hisoblayman. Ayrim yozuvchilar dramaturgiyadan shu bois uzoqlashib ketdilar. Men ham yozmayapman, yozishni istamayman ham… ” (Chingiz Aytmatov. “Men dramaturg emasman…” // “Teatr” jurnali, 2005 yil 6-son, 25-bet).
Biroq yozuvchining baxti shundaki, u pesa yozmay turib ham haqiqiy dramaturgga aylandi. Uning deyarli barcha asarlari teatrlarda sahnalashtirilib, katta muvaffaqiyat qozondi.
Ma’lumki, nasriy asarni sahnaga moslashtirish, ya’ni instsenirovka qilish oson ish emas. Kitob sahifalaridagi rang-barang obrazlar, quyma tasvirlar, go‘zal tashbehlaru ohorli jumlalarni ixcham dialoglarga joylash, muallif g‘oyasi va uslubini saqlagan holda asarning dramaturgik shaklini yaratish instsenirovka muallifidan jiddiy izlanish va salohiyatni talab qiladi. Ayniqsa, Chingiz Aytmatovdek yirik adiblar ijodiga murojaat qilish har qanday rejissyor uchun ham katta mas’uliyatdir.
Mamlakatimizda adib asarlarini sahnalashtirish borasidagi ilk tajribani 1964 yil atoqli rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev boshlab bergan. Shoir va dramaturg Hamid G‘ulom tarjimasi asosida sahnalashtirilgan “Sarviqomat dilbarim” spektakli yoshlarga xos ehtiros, go‘zal va samimiy muhabbat, pokiza tuyg‘ularni lirik-dramatik shaklda ifoda etib, tomoshabinlarga o‘zgacha estetik zavq baxsh etadi.
“Sarvqomat dilbarim”ning ilk sahnasida cho‘qqilari ufqqa tutashib ketgan bepoyon Tyan-Shan adirlari, dovondan tinimsiz qatnovchi avtomobillar shovqini, alqissa, jonsarak bir muhit namoyon bo‘ladi. Ushbu tasvirlarni rassom sahna dekoratsiyalarida mahorat bilan aks ettiradi, adib tasvirlagan betakror peyzaj xuddi jonli naturadek tomoshabin ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladi.
Xuddi qissada bo‘lganidek, spektaklda ham dovon ramziy topilma. Ya’ni, Ilyos o‘z maqsadi, baxtiga erishishi uchun shu dovondan o‘tishi lozim. Biroq taqdirning turfa chigalliklariga uchragan yigit yonidagi baxti – Asalni yo‘qotadi, xato kilganini anglab yetganida esa kech bo‘ladi. Spektaklda Ilyos obrazini taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov ijro etgan. Aktyorning kechinmaga boy, ehtirosli ijrosi, yoshlikning beg‘ubor haroratini qalban his qilishi, lirik-dramatik mahorati tomoshabinlarda ijobiy taassurot qoldiradi.
Oradan bir yil o‘tib, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida “Momo yer” qissasi sahna yuzini ko‘radi. Asarni O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la instsenirovka qiladi. Rejissyor A.Rahimov, kompozitor Ilyos Akbarov qissaning go‘zal poetikasini musiqiy ohanglarga ko‘chiradi. Bosh qahramon To‘lg‘anoy obrazini mahoratli aktrisa O‘zbekiston xalq artisti Tursunxon Ja’farova kuchli ehtiros va ichki dard ila ijro etgan. Butun umr urushning dahshatli qutqusi, og‘ir zarbalariga sabru matonat ila dosh berib, hayotga, yashashga bo‘lgan ilinjini saqlab qololgan ayolning kuchli irodasi va botiniy kechinmalari spektaklning bosh g‘oyasini belgilaydi. Spektaklning turli o‘rinlarida yangraydigan Ona yer leytmotivi bashariyatni birdamlik, vijdon bedorligiga chorlovchi go‘zal topilma bo‘lib, urushga qarshi isyon, alamu nafrat bilan yo‘g‘rilgan. Bamisoli o‘z bag‘rida bo‘layotgan ofatu talotumlardan zada bo‘lgan Yer tilga kirib, nola qiladi, dard-hasratini To‘lg‘anoyga so‘zlab beradi.
1986 yili Hamza nomidagi (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama) teatrda taniqli rejissyor Rustam Hamidov Chingiz Aytmatovning mashhur “Asrga tatigulik kun” romanini sahnaga qo‘yadi. Shu vaqtgacha dunyoning turli teatrlarida sahnalashtirilgan va har safar turfa munozaralarga sabab bo‘lgan romanning o‘zbek sahnasida talqin qilinishi katta madaniy hodisa edi. Chunki ramziy umumlashma va metaforaga nihoyatda boy, qadim afsona va rivoyatlar asosiga qurilib, bir millat taqdiri misolida butun insoniyatning dolzarb muammolarini aks ettirgan asar bamisoli sahnaga sig‘maydigandek taassurot uyg‘otardi. Aslida ham shunday. “Asrga tatigulik kun” ning dunyo teatrlaridagi turfa talqinlari shundan shahodat beradiki, ko‘p ijodiy jamoalar roman voqeligini to‘laligicha sahnaga moslashda muammolarga duch kelishgan, shu bois mavzular orasidan muayyan bittasini tanlab olish yoxud g‘oyaviy maslakka xizmat qiluvchi syujet liniyalaridan biriga ko‘proq e’tibor qaratish orqali sahnaviy talqinni yuzaga keltirishgan. Rejissyor Rustam Hamidov ham aynan shu yo‘ldan borib, asosiy e’tiborni bosh qahramon Edigey taqdiri bilan bog‘liq voqealarga qaratib, epik jihatdan qamrovdor, publitsistik ruhga yo‘g‘rilgan spektakl yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Rejissyor badiiy tasavvurini jonlantirishda O‘zbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonovning ijro salohiyati hal qiluvchi omil bo‘lganini qayd etmoq lozim. Edigey uning talqinida sabr-bardoshli, irodasi mustahkam, vijdoniga sodiq, el-ulus dardida yashovchi jonkuyar inson sifatida namoyon bo‘ladi. Edigey – Zikir Muhammadjonovning boshqa personajlar bilan muloqoti, hayot, qismat, tiriklik va atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi falsafiy mushohadalari, o‘y-kechinmalari chinakam teatr muhiblarini befarq qoldirmaydi. Zikir Muhammadjonovning ijrosiga muallif Chingiz Aytmatovning o‘zi ham yuqori baho bergan. U o‘z kitobini aktyorga sovg‘a qilib, “Eng yaxshi Edigeyga” deb dastxat yozgan (Mnogogrannыy talant. // “Narodnoye slovo” gazetasi, 1992 yil, 21 yanvar).
Spektakl ijodkorlari romandagi bosh g‘oyani mujassam etgan manqurt haqidagi afsonaga alohida ahamiyat qaratganlar. Manqurt rolini taniqli aktyor Yodgor Sa’diyev, jafokash Nayman onani benazir aktrisamiz Sora Eshonto‘rayeva ijro etgan. Ushbu sahna orqali insonning xotirasi, o‘zligidan mahrum bo‘lishi naqadar dahshatli ekani, bu fojianing umuminsoniyatga daxldorligi ochib beriladi.
Spektaklning badiiy va g‘oyaviy yukini Edigey bilan tengma-teng tortuvchi yana bir qahramon – Qazongap obrazini O‘zbekiston xalq artisti To‘ychi Oripov talqin etgan. Kimsasiz cho‘lu biyobonda do‘sti bilan qolib ketgan Qazongapning ruhiy kechinmalariyu, botiniy tug‘yonlarini aktyor jo‘shqinlik va ehtiros ila ko‘rsatib beradi.
Ta’kidlash lozimki, fikriy qoloqlik, mahdudlik, o‘zlikni unutish, tubanlik, jaholat, asriy qadriyatlardan yiroqlashish va yana qator illatlarga qarshi isyon ruhi bilan yozilgan romanning o‘zbek teatridagi sahnaviy talqini istibdoddan xalos bo‘lish, o‘z yorug‘ kelajagini qurish arafasida turgan xalqimiz uchun san’at ahlining o‘ziga xos da’vatidek yangradi.
Mahoratli rejissyor, O‘zbekiston san’at arbobi Olimjon Salimov Farg‘ona viloyati musiqali drama teatrida faoliyat boshlagan kezlari dastlab Chingiz Aytmatovning “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qissasini sahnalashtirgan. Ijodiy jamoa bilan endi tanishayotgan rejissyorning bunday murakkab, falsafiy asarni tanlashi bir tomondan ancha-muncha bahs uyg‘otgan bo‘lsa, boshqa jihatdan aynan shu tanlov uning ijodiy salohiyatini to‘la-to‘kis namoyon etdi. Asli bu qissa teatr bilan murosa qilolmasligiga muallif Chingiz Aytmatovning o‘zi ham iqror bo‘lgandi: “Rostini aytganda, bu asarim hech ham teatrbop emas. Sahna uchun eng zaruri – harakat, qissada esa harakat deyarli yo‘q. Voqea ochiq dengizda, kichik bir qayiqning ichida sodir bo‘ladi. To‘g‘ri, rejissyor dialoglarga urg‘u berishi mumkin, lekin dialogni o‘n daqiqa, bordi-yu, judayam zo‘r chiqsa, yarim soat eshitish mumkin, so‘ng u tomoshabinning joniga tegib ketadi” (To‘rt yilga cho‘zilgan… uch kun. Chingiz Aytmatov bilan suhbat. // “Sovet O‘zbekistoni san’ati” jurnali, 1987 yil, 7-son, 21-b).
Darhaqiqat, qissada voqealar bayoni, tasviriy ifoda kuchli bo‘lib, teatr va dramaturgiyaga xos shiddat, o‘tkir intriga uchramaydi. Shu bois rejissyor Olimjon Salimov epik voqeani sahna tiliga ko‘chirishda teatrning shartli unsurlaridan foydalandi, qissa uchun ohorli, amaliy yechim o‘ylab topdi. Bu xususida Olimjon aka o‘zining “Kasbim rejissyor” nomli kitobida shunday yozadi: “Pesaning asosiy yechimi sahnadagi qayiqni harakatga keltirish bilan bog‘liq edi. Sahna o‘rtasida qayiqni faqat old tomoni o‘rnatiladi. Uning qolgan qismi deb, tomoshabin o‘tirgan tomon faraz qilinadi. Xuddiki, bu xatarli dengiz safariga, spektakl qahramonlari bilan birga tomoshabinlar ham chiqishgan. Men buning uchun har bir tomosha zali eshigiga qayiqqa chiqish ko‘prikchalari qo‘ydirgan edimki, tomoshabinlar bu ko‘priklardan o‘tishardi, bu esa ulardan ancha hushyorlik va diqqatni talab qilardi va, albatta, ularning xayolidan, nimaga men bu ko‘prikdan o‘tyapman, degan fikr kechishi kerak edi” (Salimov O. Kasbim rejissyor. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 22-b).
Ko‘rinib turibdiki, rejissyor shu orqali teatr va tomoshabin o‘rtasidagi “to‘rtinchi devor”dan voz kechadi, tomoshabinni voqeaning kuzatuvchisi emas, bevosita ishtirokchisiga aylantiradi. Shuningdek, tomosha zaliga kiraverishda sahna devorlariga eshkaklar suyab qo‘yilgan bo‘lib, bamisoli spektaklga kelayotgan odam shular yordamida qayiqda suzishi va asar qahramonlariga hamroh bo‘lishi lozim. Natijada tomoshabin o‘zi sezmagan holda voqealar oqimiga sho‘ng‘iydi, kitobda bayon etilgan hodisalar xuddi real kechmishdek ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladi.
Spektakl markazida turuvchi qahramonlardan biri – O‘rxon bobo obrazini O‘zbekiston xalq artisti Solijon Ahmedov gavdalantiradi. Aktyorning his-hayajonga boy ijrosi, lirik va dramatik holatlarni teran his qilib, qahramon dardu iztiroblarini goho dardchil monologlar, gohida esa ma’noli sukutlar orqali ifodalashi spektaklning badiiy salmog‘ini oshiradi. Alqissa, qayiq ichida o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan, biroq beshafqat taqdirning achchiq yozg‘iriqlariga qarshi basma-bas kurashib, baribir uning izmiga qarshi borolmagan to‘rt qahramon – Kirisk, Emrayin, Milxun va O‘rxon bobo timsolida tomoshabinni falsafiy mushohadaga chorlovchi spektakl yaratiladi. Muxtasar qilib aytganda, Aytmatov qissasi sahnada yana bir bor inkishof etiladi.
Yaqinda poytaxtimizda Qirg‘iziston Respublikasining Bobur nomidagi O‘sh Davlat Akademik o‘zbek musiqali drama teatri mehmon bo‘ldi va keng jamoatchilikka “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”ning yana bir talqinini taqdim etdi. Sahnalashtiruvchi rejissyor va instsenirovka muallifi Tojivoy Isroilov asarni o‘ziga xos shaklda talqin etgan. Sahna markazida qayiq va unda to‘rtovlon uzoq safarga otlangan, dengiz shitob bilan chayqalmoqda, ahyon-ahyonda chag‘alaylar ovozi quloqqa chalinadi. Sahnaning butun kengligi dengiz tasviri bilan tutashib ketgan, go‘yo teatrning o‘zi cheksiz bir ummon, tomoshabin ham ilkis harakat qilsa, suv domiga g‘arq bo‘ladigandek real vaziyat, holat mujassam. Shunday teatral muhitda tevarak-atrofdan uzilib, bir yarim soat bo‘lsa-da, ro‘yo dunyoning haqiqatlariga sho‘ng‘imaslik ilojsiz.
Spektaklda qissaning eng ta’sirchan tasvirlari, muallif izohlari parda ortidan o‘qib eshittiriladi. Natijada voqelik yanada quyuqlashib, tomosha badiiyati ortadi. Yashashdan birin-ketin umidini uzgan qahramonlarning dengizga sho‘ng‘ishi, kemada yolg‘iz qolgan Kirsning azobli monologi spektaklning avj pardalarini belgilaydi.
Chingiz Aytmatovning “Oq kema”si, shubhasiz, jahon adabiyotidagi nodir hodisalardan biri. O‘z vaqtida adabiy jamoatchilikni larzaga solgan asar mohiyatidagi azaliy mavzu – ezgulik va yovuzlik, adolat va razolat, go‘zallik va badbinlik, vijdon va nafs o‘rtasidagi kurash talqini hech qaysi zamonu makonda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Shu bois mazkur asarga teatr ijodkorlari ham qayta-qayta murojaat qilaveradi. Xususan, yurtimiz teatrlarida “Oq kema” bir necha bor sahnalashtirilgan bo‘lib, shulardan eng muvaffaqiyatlilari haqida so‘z yuritishni lozim topdik.
1983 yilning ayni kuzagida hozirgi Yosh tomoshabinlar teatrida taniqli rejissyor, O‘zbekiston san’at arbobi Mahkam Muhamedov sahnalashtirgan “Oq kema” spektaklining premerasi bo‘ladi. Taqdimotga muallif Chingiz Aytmatovning shaxsan o‘zi tashrif buyurgani katta voqeaga aylandi. Boisi, adib o‘z asarlari asosida qo‘yilgan barcha spektakllarni ham tomosha qilishga fursat topolmagani ayni haqiqat. O‘sha damlarni rejissyor Mahkam Muhamedov shunday xotirlaydi: “Ochig‘i, Chingiz Aytmatovdek vaqti tig‘iz insonning spektaklga kelishiga hatto premera kuni ham ko‘pchilik ishonmagandi. Tomosha zalida bo‘sh o‘rin yo‘q, hamma hayajonda. Ammo Chingiz To‘raqulovichdan darak bo‘lmayapti. O‘sha paytlar Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan rahmatli O‘lmas Umarbekov xavotirga tusha boshladi. Ittifoqo, spektakl boshlanishiga chamasi o‘n daqiqa qolganida, teatr ro‘parasiga oppoq “Volga” kelib to‘xtadi. Undan xuddi avtomobil rangiga monand oq kostyum-shim kiygan Chingiz Aytmatov rafiqasi bilan tushib keldi. Quvonchdan yorilay dedik. Adib biz bilan yonma-yon o‘tirib, spektaklni tomosha qildi. Keyin parda ortiga o‘tib, kaminani va aktyorlarni birma-bir tabrikladi, esdalik uchun suratga ham tushdik. Spektakl muallifga ma’qul bo‘lganidan boshimiz osmonga yetdi”.
Rejissyor qissaning falsafiy olamiga kirib, turfa ramz va majozlarga boy spektakl yaratadi. Voqealar markazida turuvchi qahramon – Bola obrazini taniqli aktrisa Yodgora Ziyomuhamedovaga ishonib topshiradi. Bir qarashda bu kutilmagan tanlov edi. Hammani tabiiy savol qiziqtirardi, nahot, teatrda bolani o‘ynaydigan biror aktyor topilmagan bo‘lsa? Yodgora Ziyomuhamedovadagi samimiyat, bolalarcha beg‘uborlik rejissyor e’tiborini tortadi. U ba’zan quvnoq, ba’zida hazin nigohi, shirali va dardchil ovozi, ma’noli sukutlari bilan tomoshaning chinakam kamerton ijrochisiga aylanadi. Shuningdek, spektakldagi asosiy qahramonlar – Mo‘min chol (Ergash Rahimov), O‘rozqul (Shuhrat Ziyomuhamedov), Saydahmad (Lutfulla Sa’dullayev), O‘rozqulning do‘sti Ko‘katoy (Tursunboy Mahmudov)ni gavdalantirgan aktyorlar ham o‘z mahoratini namoyon etib, qissaning badiiy olamini ochib beradi.
Asli “Oq kema”ning Yosh tomoshabinlar teatrida qo‘yilishi teatrning ijodiy qiyofasi, mazmun-mohiyati, repertuar siyosati va g‘oyaviy yo‘nalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bolalar teatridagi didaktika, pand-nasihat o‘rnini endilikda falsafiy yondashuv, intellektual spektakllar egallay boshladi. Bu esa yosh tomoshabinlarning tafakkuri, dunyoqarashini o‘zgartirdi, natijada teatrning ijodiy qudrati, ta’sir quvvati yanada ortdi.
Keyinchalik “Oq kema” Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida rejissyor Ne’mat Pardayev tomonidan sahnalashtiriladi. Voha teatrining spektaklida ham asarning ijtimoiy zalvori – shaxs va jamiyat, inson va tabiat mavzusiga chuqur e’tibor qaratilgan. Ya’ni, rejissyor bola tasavvurida charx urayotgan ikki dunyo – ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni asosiy planga qo‘yadi, bolaning pokiza fikratida yashayotgan oliy timsol – shoxdor ona bug‘uning mahv etilishi orqali manfur va nobakor tuzumning bor illatu kirdikorlarini fosh etadi.
Ayniqsa, spektakl g‘oyasi va rejissyor maslagini yuzaga chiqarishda sahnalashtiruvchi rassom Viktor Mixaylichenko bilan hamkorlikda ishlangan stsenografik yechim muhim o‘rin tutdi. Sahnada chor-atrofi yog‘och bilan o‘ralgan, qo‘ylar qamaladigan qo‘rani eslatuvchi doira shaklidagi dekoratsiya namoyon bo‘ladi. Spektakl finalida shu qo‘ra olov ichida qoladi, bamisoli bola tasavvuridagi jamiki razolat, yovuz tutumlar yonib, kunfayakun bo‘ladi. Shartli san’at hisoblangan teatrda bunday realistik tasvirning ko‘rsatilishi voqelikni yanada bo‘rttiradi, dramatizmni kuchaytiradi.
Yaqinda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ushbu qissa yana bir bor sahna yuzini ko‘rdi. Asarni sahnalashtirish uchun Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Olma-ota davlat akademik drama teatrining rejissyori, professor Abubakr Rahimov taklif etildi.
Xo‘sh, bu galgi “Oq kema” avvalgilaridan qay jihati bilan farqlandi? Nazdimizda, biz eslagan talqinlarning birinchisida falsafiylik, ikkinchisida ijtimoiylik aks etgan bo‘lsa, ushbu tomoshada ikkala xususiyatni ham uyg‘unlashtirishga harakat seziladi.
Sahna to‘rt tarafdan dov-daraxt bilan qoplangan. Bu bamisoli yasharish, yangilanish, hayot zavqiga ishoradek. Shu tasvirga zid ravishda qurigan to‘nkalar namoyon bo‘ladi. Bunisi endi razolat, jaholat, zulmu zo‘ravonlik ramzidek taassurot uyg‘otadi. Sahnalashtiruvchi rassom Baxtiyor To‘rayev shu peyzajga monand oq ranglarga urg‘u beradi, sahnani xuddi mo‘jazgina sayyoraga mengzab, oqlikka burkaydi. Hatto tabiatan yashil daraxtlar ham oq-ko‘kish tusga kiradi. Oq rang bu – poklik, go‘zallik, mehru muhabbat, bir so‘z ila aytganda, dunyodagi jamiki ezgu fazilatlar timsoli. Qissa va spektaklning “Oq kema” deb nomlanishini ham shu bilan izohlash mumkin.
Bu galgi spektaklda yo‘l qo‘yilgan jiddiy nuqson Aytmatov qissasidagi insoniyatning eng oliyjanob fazilatlarini o‘zida mujassam etgan ramziy obraz – shoxdor ona bug‘ga nihoyatda jo‘n va sxematik yondashuvda ko‘rinadi. Aktrisa Madina Muxtorovaning bug‘u libosida sahnaga chiqishi va didaktik ohangda so‘zlashi Aytmatov tagmatnlaridagi falsafa-yu tashbehlarni yo‘qqa chiqaradi. Ona bug‘u haqidagi ko‘hna rivoyat qissaning eng avj pardalarini belgilab berishi, boz ustiga asarda ko‘tarilgan umuminsoniy g‘oyalarni ifoda etishini nazarda tutsak, ushbu timsolning ramziy yechimini topish lozim edi.
Taniqli rejissyor, O‘zbekiston san’at arbobi Mansur Ravshanov ijodida ham Chingiz Aytmatov asarlari alohida o‘rin tutadi. Rejissyor Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida adibning “Momo yer” va “Qizil durrali nozik niholim” (“Sarvqomat dilbarim”) qissalarini o‘ziga xos talqinda sahnalashtiradi. Har ikki spektakl ham badiiy jozibasi, yorqin koloriti, shakl va uslubi bilan madaniy jamoatchilik e’tirofini qozonadi. Ayniqsa, “Momo yer” spektaklida O‘zbekiston xalq artisti Gulnora Ravshanova ijro etgan To‘lg‘anoy obrazi teatr hayotida unutilmas voqea bo‘lgan edi. Bundan bir necha yil muqaddam Milliy teatrda yosh rejissyor G‘afur Mardonov ushbu asarni monospektakl sifatida sahnaga qo‘ydi. To‘lg‘anoy obrazini gavdalantirgan O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova butun ruhiy quvvati, his-tuyg‘ularini qahramoniga singdirib, urush yillari ma’naviy jasorat ko‘rsatgan ayol siymosini mohirona tasvirlaydi.
Istiqlol davrida yaratilgan sahna asarlari orasida Qarshi shahridagi “Eski machit” teatr-studiyasining “Nayman ona nidosi” spektakli alohida voqea bo‘ldi. “Asrga tatigulik kun” romanidagi manqurt haqidagi afsona asosida tojikistonlik rejissyor Farrux Qosimov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl noodatiy shakli, falsafiy yechimi, ramziy topilmalari bilan muxlisu mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirdi.
Sahna o‘rtasida moyjuvoz, yoshlik sururidan sarmast Jo‘lomon (aktyor Isoq To‘rayev) uni aylantirib, bor quvonchu shodligini to‘kib soladi. Onasi keltirgan taomni huzur bilan tanovul qilarkan, butun vujudida yigitlik shavqi, ehtirosi jo‘sh uradi. Daf’atan sahnadagi sokin muhit o‘rnini shovqin-suron, qiy-chuv egallaydi, qo‘lida arqon o‘ynatgan bir gala manqurtlar Jo‘lomonni ona bag‘ridan yulqib olib, o‘z saflariga tortadi. Nayman onaning ko‘zlariga dunyoi dun qorong‘i bo‘ladi, u har qancha faryod chekmasin, farzandini qutqarib qololmaydi.
Spektaklda ushbu voqealar dramatik ziddiyat, o‘tkir konflikt, psixologik ijro va falsafiy stsenografiya orqali ko‘rsatiladi. Dastlab pokiza xayollarni ifodalagan moyjuvoz endi manqurtlar topinuvchi, e’tiqod qiluvchi maskan tusini oladi.
Jo‘lomon rolini talqin etgan taniqli aktyor Isoq To‘rayev qahramonidagi murakkab holatni aniq ko‘rsatib bergan. Uning nigohida manqurtlik fojiasining bor dahshatu illati aks etadi. Mazkur spektakl Bishkek shahrida Chingiz Aytmatov asarlari bo‘yicha o‘tkaziladigan nufuzli teatr festivalida oliy mukofot – Gran-priga sazovor bo‘lgan. Aktyor Isoq To‘rayevning xotirlashicha, spektaklning videonusxasi muallifga ham yuborilgan va adib e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Chingiz Aytmatov ijodining hali anglanmagan, mohiyat-asroriga yetilmagan jihatlari ko‘p. Ularni inkishof etish va keng ommaga yetkazishda eng ta’sirchan va yuksak san’at – teatrning alohida o‘rni bor.
Shohrux Abdurasulov,
O‘zRFA San’atshunoslik instituti tayanch doktoranti
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 7-son