Aktyorlik san’atidagi barhayot o‘rin (Rimma Ahmedova)

Rimma Ahmedovaning nomi hozirgi o‘rta yosh va undan kattaroq san’at muhiblariga yaxshi tanish. Agar o‘zbek aktyorlik san’atida Rimma Ahmedovaning faqat u bilangina barhayot o‘z o‘rni bor edi desam, haqiqatga bir oz yaqinlashgan bo‘laman. Bilmadim, harqalay, menga o‘tgan va o‘tmagan aktrisalarimiz ichida Rimma Ahmedova degan hodisa eng mahobatlisi bo‘lib tuyuladi. Chunki u hech qachon tomoshabin ortidan yurmadi, ergashmadi, balki aksincha, hamisha ergashtirdi, undan balandroq yurdi. Biz odatda aktyorlikni ishontirish san’ati deymiz, sahnadagi xatti-harakati, qiliqlari va gapiga tomoshabinni ishontira olgan aktyorni haqiqiy san’atkor deymiz. Bu qanchalar to‘g‘ri, bilmadim, axir ko‘zboylog‘ich yoki lo‘ttiboz ham kishilarni ishontiribgina maqsadiga erishadi. Aktyor, nazarimda, albatta hissiyot dunyosi bilan birga tafakkurga ham moyil, fikrga, mushohadaga undovchi fikrli va fahmli shaxs bo‘lmog‘i lozim. Bunga yana qalbidan sizib chiqadigan dard ham qo‘shilsa, aktyor ishining halol ijrosi shu. Bu o‘ylar mening ko‘z o‘ngimda Rimma Ahmedova san’ati namoyon bo‘layotgani uchun hayolimga kelayapti.

1942 yilning 4 avgust kuni suronli urush pallasida tavallud topgan aktrisaning ijod yo‘li Toshxo‘ja Xo‘jayev va Aleksandr Ginzburg kabi atoqli rejissyorlarning teatrdagi so‘nggi yillari va yosh rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning yangi ish boshlagan davriga to‘g‘ri keldi. Undagi iztirobning qudratini his qilgan rejissyorlar aktrisani gohi mehr uchun azobga duchor etilgan Kor¬deliya (“Qirol Lir”) yoki alamkash Tie (“O‘g‘irlangan umr”) va yoki jafokash Tannozxon (“Tarix tilga kirdi”) yoki yana dardli nidosiga biron kimsa quloq tutmayotgan bechora Sharqiya (“Ko‘k eshik ortidagi ayol”) yoxud yaqin kishisi baxti uchun o‘zini baxtsizlikka duchor etgan Xonzodabegim (“Yulduzli tunlar”’) qiyofasiga kiritdilar. Aktrisaning o‘zi bir vaqtlar “Parvoz” spektaklidagi Sanam obrazini qanday tasavvur etib, qanday talqin qilganini eslab, matbuotda e’lon etilgan bir suhbatida quyidagi fikrni bayon etgan edi: “Sanamning biror kimsaga yorilib, yuragini o‘rtagan adadsiz dardlarini to‘kib solishga oriyati yo‘l qo‘ymaydi. …Shu bois u uzoq fursat o‘zini-o‘zi yozg‘irib, tahqirlab, o‘zi bilan o‘zi kurashib yashaydi. Bu obrazni men ana shunday his etdim va shu asnoda talqin qildim”. Darhaqiqat, o‘zining ham dardlarini to‘kib solishga aktrisaning oriyati yo‘l qo‘ymasdi…

U bu obrazlarda ochildi, sochildi, ammo bahor bo‘lib emas… chunki u bahoriy yoshida xazon hidini ufurardi. Uning kulgisida, shodon qiyqiriqlarida ma’yuslik bor edi. Taqdir uning ovozigagina emas, ijodiy qismatiga ham mahzunlik bitgan ekan…

O‘tgan asr 80-yillari ikkinchi yarmida san’atga noshudlarcha rahbarlik qilish oqibatida 25 kishi Hamza nomidagi Akademik teatrdan “Yosh gvardiya” yoshlar teat­riga (hozirgi O‘zbek Davlat drama teatri) o‘tdi. Otaxon teatrning yetmish yillik pastu baland tarixida bir halqa uzildi. Ikkiga bo‘linib, ikki teatr bo‘lib yashay boshladi. Rimma Ahmedova ham boshqa teatrga o‘tib yangitdan ish boshladi. Biri-biridan turfa, biri-biriga zid obrazlarda jonlandi. Biroq shunda ham o‘z mohiyatidan, tabiat unga baxshida etgan munis, o‘ychan, hamisha istig‘forga moyil o‘zligidan ayrilib ketolmadi. Ketolmasdi ham. Zero, uning hayotdagi ham, san’atdagi ham borlig‘i shu…

Mastura satang Hamza dramaturgiyasidagi barcha ayollar ichida mypakkabpog‘i. Uni bir og‘iz so‘z bilan xarakterlash mushkul. Mastura Hamza “ayollari”ning eng ziddiyatlisi, eng jafokashi, xo‘rlangan va haqoratlanganidir. Bu ayol dunyoga kelibdiki, ezilganning toptalganini ko‘radi. Inchunin, paranji ortidagi ayolning dunyo-dunyo armonlari, o‘tli “oh”larini eshitadi. Hamdard bo‘lib, og‘riqlariga davo topolmagach, uyin-kulgi, vaqti xushlik, iltifotli hamxonalik bilan ularga malham bermoqchi bo‘ladi. Shu bilan o‘zi ham tirikchilik qiladi. Ayolning ko‘ngilxushlik qilishida haqsizlikka qarshi ojizalarning tug‘yonini, xufiya isyonini ko‘radi: “Biz bu ko‘chalarda ko‘ngil gadosi bo‘lib yuribmiz… Mening qo‘limdan besh yuzga yetib xufiya­si, satangi, akabachchalari chiqdi. Yigirmaga yetib har yurtdan qiz qochirdim. Hammasi zo‘rlik bilan erga tegib, ko‘ngilsiz bo‘lganlar… Hozirda yurtimizning yarmidan ko‘pi akabachchalik bo‘lsa, qolgani o‘ynashlik. Nima qilsin, yaxshi ko‘rganiga tegmaganidan k­eyin noiloj xilvat topib o‘ynaydi yoki satanglik, akabachchalik bilan o‘zini yupatadi… Qunduzdek yigitlarni chimmatning orqasidagi ko‘z ko‘rmaydimi? Shunday bo‘lgandan keyin xotin-qizda hech gunoh yo‘q. Xo‘p qiladi, ajab qiladi”.

Garchi shu ishonch bilan Mastura o‘zini yupatsa-da, ko‘nglining bir chetida xavotiri bor: jamiyat har qancha buzg‘un-buzuq bo‘lmasin, biroq axir Xudo bor. Ollohning kalomi esa, gunohkorlar ichra gunohkor bo‘lmoqni emas, balki muslim bokira bo‘lmoqni taqozo etadi. Masturaning ko‘nglidagi xavotir shundan. Shu bois, qo‘shmachilikdan kelayotgan daromadni qo‘yib, do‘ppi tikadi, shundan pul to‘plab, bir kuni, albatta haj safariga borishni, “…qilmishlari uchun qora bo‘lgan yuzlarini Baytullohga surishni” orzu qiladi. Shulardan keyin ham Masturani oddiygina ayol deb bo‘ladimi?

Rimma Ahmedovaning Bahodir Yo‘ldoshev ishlayotgan teatrga o‘tib, o‘ynagan eng zalvorli roli ana shu Mastura satang bo‘ldi va obrazning ayni o‘sha yechimida yallachi ayol qiyofasiga kirdi. U o‘zigacha avval turli atoqli aktrisalar tomonidan talqin etilganidek ko‘zlari dunyoga, odamlarga qahrli, sovuqqon boquvchi, diydasi qotgan ayol bo‘lib emas, balki har bir so‘zi ortida og‘rig‘i bor, qilayotgan ishidan ikkilanib, ichki iztiroblarda o‘rtanayotgan dardmand hamshira bo‘lib gavdalanadi. Uni sahnada ko‘rib qoralay olmaysan kishi. Aksincha, hayot bu qadar shafqatsiz bo‘lmasa, deya hamnishinlik tuyasan.

Zotan, bu holatni, chorasizlikni o‘z boshidan biron kun bo‘lsa-da, o‘tkarmagan kimsa, shunday talqin va ijroga erishmog‘i mumkin emas…

Rimma opa Masturadan keyin o‘tgan yillar ichida yana bitta rol o‘ynadi. Ovrupo dramaturgiyasidan olingan “Oilaviy mojaro” (o‘zbekcha tarjimada “Aldagani xotin yaxshi”) pesasida Rimma Ahmedovaga davru davroni o‘tgan fohisha ayol roli tegdi. Taqdirning o‘yinini qarangki, endi aktrisa Mastura yallaning anchagina beparda va suyuqoyoq ovrupolik egachisini o‘ynamog‘i kerak edi. O‘ynadi ham. O‘ynagandayam, butun tomoshaxonadagilarni o‘ziga mahliyo qilib, kuldirib, ko‘zdan yosh chiqarlik darajada kuldirib o‘ynadi. Sahna harakati, sahnadoshlar bilan munosabatga kirishuvi – bari katta ustalarga xos. Ha, u katta usta bo‘la oldi. Garchi vaqtidan ancha keyin uning mahorati, xizmatlarini rasman tan olib, unvon berilgan bo‘lsa-da, Rimma Ahmedova o‘zbek, balki jahon teatr san’atining o‘ziga xos namoyandalaridan bo‘lib muxlislar xotirasiga kirdi.

Teatrdan tashqari Rimma Ahmedova o‘ttiz yildan ortiq davr mobaynida dublyajga bordi, radio, televideniyeda jiddiy ishlar qildi. Kinofilmlarda ham suratga tushdi. Ayniqsa, o‘tgan asrning 80-90-yillari televideniyeda namoyish etiladigan biror o‘zbek tilidagi film yo‘q ediki, uning ovozini eshitmasangiz. Eshitganingiz sari quloqqa xush yoqadigan, jarangdor, xushohang, sohir ovoz. Yanayam aniqrog‘i, dardchil xushohang ovoz. Dardchil jarangdor. Ha, ha, dardchil jarangdor. Shunday ovoz bo‘ladi. Bu faqat unda bor edi. “Urush va tinchlik” filmidagi jajji Natasha Rostovaning bal uzra yugurib, otasining sakrab o‘ynashiga barchaning diqqatini jalb etib, shodon qichqirishlarida dardchil jarang bor. Bu hayotning katta taloto‘plari, murakkablik­lari oldida hademay dovdirab qoladigan pokiza qizchaning ovozidagi hadikli jarang edi.

Uni eshitishdan biz hamisha yoqimli hislar tuyamiz. U Rimma Ahmedova ekanini hamisha unutamiz. Bu hamisha uning mahoratiga, ovoz jozibasiga bizning o‘ziga xos tashakkurimiz bo‘ladi. Buni san’atkorning dublyaj san’atiga fidoyiligi, o‘z ustida doimo ishlashi deya balandparvoz bo‘yoqlarga berilishning hojati yo‘q. Agar shu paytgacha shunday yozib kelgan bo‘lsak, bu bizning jindek erkaligimiz, jindek xushomadimiz, jindek muhabbat va jindek soddaligimiz (shaytonlikdan o‘zing asra!) edi, chamasi. Dublyaj Rimma opa uchun hunar edi. Axir 1000 dan ortiq sanoq hunarmandning hisobi emasmi?! U shuncha filmda ovoz bergandi. Kichik oilasining katta tashvishlariga ep bo‘lguvchi rizq bir cheti shundan edi. U bizni ovoz jozibasi bilan hayratga solgan ekan, buning zamirida asli azbaroyi rizqini halollab topish uchun bo‘lgan sa’y-harakati ham bor edi. Unga, uning ovoziga berilgan baholar va hamisha dublyajga taklif qilinishi esa mehnat-mashaqqatiga yarasha haloli edi. Balki ana shu halollik uning falsafasi ham bo‘lgandir. Demakki, Onalik falsafasi taqozosi bilan ham bo‘y ko‘rsatgan katta san’ati…

U hamisha og‘ir, vazmin, kamtarin, kamgap edi. Xuddi hamisha faylasuf bo‘lganday. Nazarimda, u umrining so‘nggi davrlarida ko‘p narsaga faylasuf nigohi bilan qarardi. Dunyo ishlarini faylasufona mushohada etardi. Rimma Ahmedova hayotining oxirgi kunlarigacha shunday yashadi. Bu yorug‘ olamdan ham oltmish to‘rt yoshida – 2006 yilning 13 noyabrida xuddi o‘shanday sassiz, unsiz, jimgina ko‘z yumdi.

Shuhrat Rizayev

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 8-son