Bugunimiz o‘tmishga aylanayotgani kabi o‘tmishda ham xuddi hozirgi davr cingari kun, oy, yillar silsilasida ajdodlarimiz umrguzaronlik qilgan. Har qaysi davrning o‘z buyuk shaxslari bo‘lganki, ular olamshumul kashfiyotlari bilan insoniyat tarixida iz qoldirishgan. Hayotdagi qaysi sohani olib qaramaylik, uning ilk asoslari qaysidir zamonda yaratilgan bo‘lib, asrlar osha takomillashgan va bugungi darajasiga yetgan. Quyida shunday ixtirolardan ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Vaktsinalar to‘g‘risidagi kashfiyot ingliz dorishunosi va jarrohi Eduard Jenner faoliyati bilan bog‘liq. U Yevropa aholisi o‘rtasida keng tarqalgan qora chechak kasalligining oldini olish uchun 1796 yilning 14 mayida ilk bor sakkiz yashar Jeyms Fipsni emladi. Natijada bola tanasida bu kasallikka qarshi immunitet hosil bo‘ldi. Shunday qilib, dunyoda dastlabki emlash tajribasiga qo‘l urildi. Oradan bir asr vaqt o‘tib, frantsuz mikrobiologi va kimyogari Lui Paster emlashning ilmiy asoslarini tavsiya etdi. Olimning aniqlashicha, turli yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi organizmga zaiflashgan yoki o‘lgan mikroblarning tushib qolishi bilan bog‘liq bo‘lib, ular tanani zaharlaydi, hech bo‘lmaganda, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Paster ularga qarshi preparatlarni vaktsina deb nomladi, protsedura, ya’ni davolash tadbirlarini esa emlash, deb atashni taklif qildi. Ana shu kashfiyotning samarasi o‘laroq, immunologiya faniga asos solindi.
Natijasi: Jennerning kashfiyotidan so‘ng emlash bilan bog‘liq ishlar taraqqiyot bosqichiga chiqdi. XX asrning o‘zida Amerika, Osiyo, Afrikada 500 million odamning yostig‘ini quritgan qora chechak bunga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Faqat 1980 yildagina Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qora chechak ustidan qozonilgan g‘alabani rasman e’lon qildi. Poliomiyelit, qizamiq, bo‘g‘ma, ko‘kyo‘tal, qizilcha va boshqa yuqumli kasalliklar ham o‘tmishda qoldi. Sil, quturish, qizilcha va boshqa yuqumli xastaliklarning xavflilik darajasini kamaytirishda emlashning foydasi katta. Hozirgi vaqtda olimlar saraton, OITS kabi oxiri o‘lim bilan tugaydigan dardlarga qarshi emlash olib borish mumkinligi xususida ham bosh qotirishmoqda.
Neft tarkibidagi foydali birikmalar birinchi bo‘lib, Rossiyada aniqlangan. Uni boy aka-uka zavodchi Dubininlar va amerikalik kimyogar Silliman kashf qilishdi. XVIII asr o‘rtalarida ular bir-biridan mutlaqo bexabar holatda neft tarkibidan yoritish maqsadiga xizmat qiluvchi kerosin ajratib olish mumkinligini isbotlashdi. 1877 yilda esa taniqli rus kimyogari Dmitriy Mendeleev neftni qayta ishlashda parchalanish jarayonini kuzatdi. Aynan shu vaqtda yana bir taniqli rus kimyogari Vladimir Markovnikov «qora oltin»dagi uglevodorodlarning yangi sinfi – naftenlarni kashf qildi. Uning safdoshi L.Gurevich neft va neft mahsulotlarini tozalashning fizikaviy-kimyoviy asoslarini ishlab chiqdi va bu usullarni takomillashtirishning ahamiyatini ham ko‘rsatib berdi. 1918 yilda kimyogar olim Nikolay Zelinskiy neft cho‘kmalaridan katalitik usulda benzin olish haqidagi taklifini o‘rtaga tashladi. Olim Sergey Nametkin neft tarkibini guruhlash haqidagi g‘oyani ilgari surgan bo‘lsa, Vladimir Shuxov neft quvurlarini yaratish, neftni saqlash va qayta ishlash uchun asbob-uskunalar zarur ekanini ta’kidladi. 1861 yilda dunyo bo‘yicha neft va neft qoldiqlarini qayta ishlash usuli bilan shug‘ullanuvchi sanoat shahobchasi vujudga keldi. 1879 yilda esa Bokuda ilk bor neft quvuri ishga tushirildi.
Natijasi: neft insoniyat hayotida muhim ahamiyatga ega. Ana shu mahsulot tufayli biz avtomashinada istagan manzilimizga boramiz, samolyotda uchamiz, sintetik tolali kiyimlarga egamiz, bo‘yoqlardan foydalanamiz, kir yuvish vositalari tufayli mushkulimizni oson qilamiz. Hozirgi vaqtda taraqqiyotning yuqori bosqichiga erishgan insoniyat energiya manbaining neftga muqobil variantlarini o‘ylab topgan bo‘lsa ham bu mahsulot hamon odamzot ehtiyojlari ro‘yxatida 48 foizlik ko‘rsatkichni ishg‘ol etmoqda.
Atom energiyasi. 1896 yilda frantsuz fizigi Anri Bekkerel fotoplastinkalarning qorayishiga qarab, uran tuzining jismlar ichiga kuchli darajada kira olish xususiyatiga ega ekanini va ko‘rinmas nurlar chiqarishini aniqladi. Bu hodisaga “radioaktivlik” deb nom berilgandan so‘ng D.Mendeleev davriy jadvalidagi eng og‘ir elementlarning deyarli hammasi shunday xususiyatga egadir, degan xulosaga kelindi. Oradan ikki yil o‘tib, Nobel mukofotini olishga sazovor bo‘lgan Per Kyuri va Mariya Skladovskaya uran mineralidan toriy elementini “yo‘lda qoldiradigan” poloniy va radiy ajralib chiqishini, bu moddalarda radioaktivlik juda yuqori ekanini isbotlashdi. 1911 yilda britaniyalik fizik Ernest Rezerford atomning yadroviy modelida radioaktiv nurlanish hosil bo‘lishini aytib, zamondoshlarini hayratda qoldirdi. Shu tariqa XX asrning 30-yillarida sun’iy radioaktiv moddalar yaratishga asos solindi.
Natijasi: 1945 yilning 16 iyunida AQShning Nyu-Meksiko shtatida atom bombasi sinovdan o‘tkazildi. 1945 yilning avgustida “Kichkintoy” atom bombasi Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan bo‘lsa, uch kun o‘tib, Nagasaki aholisi ham bu baloga giriftor bo‘ldi. Har ikkala portlatish yadro qurolini sinovdan o‘tkazishning birinchisi va oxirgisi bo‘ldi. Bu esa insoniyat tarixiga mudhish voqea sifatida yozildi. Yaponiya hukumati ana shu ko‘rgulik tufayli ikkinchi jahon urushi nihoyasiga yetganini tan oldi. Atom bombasi qanday musibatlar keltirganini ko‘rib tursa ham, ikki gegemon mamlakat – sobiq ittifoq va AQSh yadroviy poygaga kirishdi. Keyinchalik ular safiga Buyuk Britaniya, Frantsiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Shimoliy Koreya davlatlari ham qo‘shildi. Qurolning bu turi bir necha daqiqa ichida Yer yuzini yakson qilishini bilgan davlat rahbarlari “yadroviy xavfsizlik”ning oldini olish uchun ham bu harakatga qo‘shildilar. 1984 yilda ro‘y bergan Chernobl halokati tarix sahifasiga insoniyatning atom energiyasidan ehtiyotsizlik bilan foydalanishdagi xatoliklaridan biri sifatida bitildi. Hozirgi vaqtda esa atom elektrostantsiyalari energiya olishning eng qudratli manbai hisoblanadi.
Poliyetilenning kashf qilinishi nemis kimyogari German Shtaudin faoliyati bilan bog‘liq. U polimerlarning kovalent bog‘lanish bilan birikuvchi katta molekula va atomlardan iborat ekanini isbotladi. XX asrning 30- yillarida Sergey Lebedov va Boris Bizov sintetik kauchuk olish texnologiyasini yaratdilar. Keyinchalik nemis kimyogarlari Karl Voldemar Sigler 40-yillarda Kayzer ilmiy tadqiqot institutida ishlar ekan, ko‘mir sanoatidagi ikkilamchi mahsulot – etilendan foydalanish muammolari ustida izlandi. 1952 yilda u past bosimdagi poliyetilenni olishga muvaffaq bo‘ldi. Kimyogarlarning bu ishlanma bo‘yicha tadqiqotlari besamar bo‘laverdi. Ammo kutilmaganda kolbadan polimer emas, dimer (ikki molekuladan iborat etilen birikmasi) – alfa-buten sirg‘alib tushdi. Bu voqea olimlarni esankiratib qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, talabalardan birining probirkani yaxshilab yuvmagani oqibatida uning devoriga yopishib qolgan nikel tuzi tufayli laboratoriya ishi shu tariqa yakun topgan. Qizig‘i shundaki, nikel tuzining o‘zi hech qanaq
a o‘zgarmasdan turib reaktsiyada katalizatorlik vazifasini o‘tagan. Bu holatni ko‘rgan professor Sigler muvaffaqiyat o‘z qo‘lida ekanini anglab yetdi. Ushbu metal tuzi ishtirokida poliyetilenni yuqori bosim va katta haroratsiz, ya’ni bir qadar arzonlashgan holatda ishlab chiqarish mumkin ekan. 1953 yilda Karl Sigler o‘zi ko‘pdan beri orzu qilgan triyetilalnominiy va galogenid metall aralashmasidan iborat universal katalizatorni topishga muvaffaq bo‘ldi. Siglerning bu kashfiyoti haqida eshitgan “Montekatini” kompaniyasi xodimi italyan kimyogari Julio Natta neftni qayta ishlash natijasida hosil bo‘ladigan qo‘shimcha mahsulot – propilenni kashf qildi. Uning universal katalizator bilan bog‘liq tajribalari barcha molekulalari bir xil shakldagi propilenni hosil qilishga yordam berdi.
Natijasi: Sigler va Natta olib borgan tadqiqotlar polimer moddalar olish imkoniyatlari naqadar cheksiz ekanini ko‘rsatibgina qolmay, yangi sintetik materiallarning vujudga kelishini ham ta’minladi. Yelim chelak, tog‘ora, stul, stol va boshqa shu kabi mahsulotlar o‘sha tadqiqotlarning ilk ko‘rinishi – poliyetilen shaklida bo‘lgan. Undan tayyorlanayotgan idishlar, qadoqlar oshqozon-ichak kasalliklaridan odamlarni xalos etmoqda. Tanganing ikkinchi tomoni ham borligini unutib bo‘lmaydi. Foydalanilgan paketlarning ekologik muhitni buzayotgani sir emas. Olimlar foydalanishga yaroqsiz holga kelgan polimerlarning bakteriya manbai ekanini ham e’tirof etmoqdalar.
Elektr tokining kelib chiqishi qaysi davrga borib taqaladi?
XVIII asrning boshida ingliz olimi Stiven Grey narsalar bir joydan ikkinchi joyga o‘tganda elektr hodisasi kuzatilishini isbotladi. Aynan shu vaqtda boshqa bir ingliz olimi Robert Simmer o‘zining ipakdan to‘qilgan chulkisidan foydalanish jarayonida bir-birini o‘zaro to‘ldiruvchi musbat va manfiy zaryadlar harakatlanishini tan oldi. Simmerning fikriga ko‘ra, jismlar bir-biriga ishqalanganda, ularda zaryadlar to‘planadi. Bir xil belgidagi zaryadlar o‘zidan harakatni qanchalik qochirsa, xilma-xil belgidagi zaryadlar aksincha bir-biriga tortish kuchi vositasida bog‘lanadilar va buning natijasida jismlar betaraf narsaga aylanadi. 1785 yilda Sharl Kulon zaryadlarning o‘zaro bog‘lanish qonuniyatlarini o‘rgandi. Bu kashfiyot matematik usullarda qabul qilinishi kerak bo‘lgan elektrlashtirish jarayoniga katta yo‘l ochdi. Qisqa vaqt ichida minglab zaryadlar yig‘indisi – jismlar o‘zaro harakatlanuvchi elektr zaryadlaridan iborat ekani haqidagi nazariya paydo bo‘ldi. Taniqli ingliz fizigi Jozef Tomsonnning 1897 yilda manf
iy zaryadlardan hosil bo‘luvchi zarrani elektronlar deb atashi ana shu nazariyaning to‘g‘riligini yana bir karra isbotladi. Angliya qirolichasi uning bu xizmatini munosib taqdirlab, olimga lord unvonini berdi. Keyinchalik bu unvonga atom tuzilishiga doir tadqiqotlar olib borgan Ernest Rezerford, Frederik Soddi va boshqalar ham sazovor bo‘lishdi.
Natijasi: XIX asr elektrotexnik taraqqiyot davri bo‘ldi. Bu asrda yaratilgan elektr batareyalari, elektromagnitlar, lampochka, telegraf, telefon, elektr dvigateli, elektr generator, elektr transporti (tramvay, trolleybus, metro) hozirga qadar insoniyatga xizmat qilib kelmoqda. XX asrda har bir xonadonga elektr nuri kirib keldi. Hozirgi zamonni esa nursiz tasavvur qilish mutlaqo mumkin emas. Maishiy asbob-uskunalarning ishlashi, ko‘cha va uylarning yoritilishi elektr nuri tufaylidir.
Kompyuter texnikasining tug‘ilishi matematika fani bilan bog‘liq. XVII asrning 70-yillarida buyuk ingliz fizigi, astronomi va matematigi Isaak Nyuton matematik tahlil asoslarini ilmiy jamoatchilikka havola etadi. 1673 yilda taniqli nemis faylasufi va matematigi Gotfred Vilgelm Leybnits barcha zamonaviy kompyuterlar uchun asos bo‘ladigan ikkiyoqlama sanoq sistemasini o‘ylab topdi. 1936 yilda ingliz matematigi, mantiqshunosi va kriptografi Alan Matison Myuring matematik masalalarni hisoblash texnikasi vositasida avvaldan yechish mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Natijasi: hozirgi vaqtda nafaqat korxona va tashkilotlar, balki xonadonlarda ham bu zamonaviy texnikadan keng miqyosda foydalanilmoqda. Uning yordamida matn terish, film tomosha qilish, musiqa tinglash, hisob-kitobni bajarish, o‘ynash, do‘stlar bilan muloqotda bo‘lish, butun dunyo bo‘ylab sayohatga chiqish mumkin. Kompyuter kirib bormagan xizmat turi yo‘q. Olimlar jamiyatning borgan sari kompyuterlashtirish bobida yuqori darajaga chiqishini bashorat qilmoqdalar.
Hulkar To‘ymanova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.