Nega shunday, suv biz uchun eng zarur narsa,
suvsiz hayot bo‘lmaydi, lekin shu bilan birga
suv deyarli qadrlanmaydi, vaholanki, hech qanday foyda keltirmaydigan olmoslarning
qadr-qiymati juda baland.
Adam SMIT
Iqlim sharoiti Skandinaviyaning tog‘li hududlarinikidan ham og‘ir bo‘lgan Sharqiy Afrikaning inson qadami yetmas yerlarida qadimgi odamlar qarorgohlarining izlari topilgani ma’lum. Jazirama sahro, tirik jon ko‘rinmaydi. Gohida ibtidoiy odamlarning mo‘jazgina qabilasi dag‘al ishlov bergan toshlar uchraydi. Birdaniga qumda chig‘anoqlar qatlamining aniq izlari ko‘zga tashlanadi. Demak, qadim zamonlarda bu yerlar dengiz bo‘lgan.
Darhol tasavvuringizda yon-atrofi yashil o‘rmonlardan iborat, chig‘anoqlar yig‘ilgan qirg‘oq va suvi yaltirab turgan ko‘l paydo bo‘ladi. Qadimgi odamlar o‘z makonlarini ichimlik suvi bo‘yiga qurganlari tabiiy hol…
Inson o‘zining qora qit’adagi ilk vatanini tark etib, yalang oyoq holda sayohatini boshlaganida, asosan, daryo va dengizlarning qirg‘oqlari bo‘ylab yurgan. Xaritaga ko‘z tashlar ekansan, ulkan osmon jismining bepoyon hududlariga ko‘chib borgan ajdodlarimiz uchun tabiat tomonidan belgilab berilgan yo‘llarni aniq ko‘ramiz. Suv yo‘llari — inson yo‘llari.
Nil daryosining o‘rta va quyi oqimida inson tomonidan yaratilgan voha paydo bo‘ldi. Ikki tarafidan sahroning issiq nafasi ufurib turgan bu voha daryo bo‘ylab minglab chaqirimga ilon izi bo‘lib cho‘zilgan. Bu, Buyuk Sahrolar o‘lkasining bor-yo‘g‘i yuzdan uch qismi, biroq aynan shu yerda odamlar yashashi mumkin edi. Qadimgi misrliklarning hayotida daryoning ahamiyati shunchalik muhim bo‘lganki, ular uchun yil daryoning holatiga bog‘liq uch mavsumdan iborat deb qabul qilingan: yilning boshlanishi yozga, ya’ni Nil toshishi vaqtiga to‘g‘ri kelgan, so‘ng ekinlarning o‘sishi mavsumi va nihoyat, suv sathi eng past bo‘lgan mavsum — yig‘im-terim mavsumi kelgan. Yil boshlanishida daryodagi suv sathining balandligi to‘kin-sochinlik bo‘lish-bo‘lmasligidan darak bergan.
Sajdalarning eng qadimiysi, bu suv manbasiga sajda qilish bo‘lsa kerak. Yuzlab, minglab diniy e’tiqodlar o‘zgardi, lekin suv manbasi yonida qurbonlik keltirish an’anasi saqlanib kelmoqda. Kuzda qurib qoluvchi va bahorda qayta tug‘iluvchi oqim — hayotning jo‘shib qaynashi va davom etishining timsoli sifatida qabul qilinadi.
Bizning kunlargacha ham ba’zi narsalar yetib kelgan. Baland tog‘larning muzliklaridan boshlanuvchi, «Shiva xudosining taralmagan jamalaklari» orasidan o‘tib, quyiroqda tinchiydigan muqaddas daryo — Gang ming yillardan beri beqiyos darajada e’zozlanadi. Hindiylarning mana man degan ruhoniylari uchun Gang daryosini ziyorat qilish ularning hayotlaridagi eng oliy maqsad bo‘lib kelgan. Muqaddas daryo suvlarida tahorat qilish — poklanish va yangilanish, uning suvini ichish — buyuk sharaf, o‘z xokini daryo suv bilan aralashtirib yuborish uchun o‘limidan so‘ng daryo qirg‘og‘ida kuydirilishi — har bir hindiyning muqaddas orzusi. Qariyalar, o‘lim arafasida, o‘zlarini Gang qirg‘og‘iga olib borishlarini iltimos qilishadi.
Kimda kim, tongda hindiylarning Gang daryosida tahorat qila turib chiqayotgan quyoshni qo‘llarini ko‘targan holda qutlaganini va Himolay qorlari ortiga botayotgan quyoshni Nepal tog‘laridagi Budda ibodatxonasidagi qo‘ng‘iroqlar bongi kuzatib qolishini kuzatgan bo‘lsa, u hayot beruvchi kuchlarga bo‘lgan doimiy murojaatga guvohlik qilgan bo‘ladi.
Shunday taomil va marosimlar borki, ularni yo‘qolib ketgan dinlarning aks-sadosi deb qabul qilish kerak, ularga ishonishingiz yoki ishonmasligingizdan qat’i nazar, farqi yo‘q. Masalan, G‘arbning xristian jamiyatida chaqaloq cho‘qintirilayotganida unga suv sachratiladi, bu poklanish udumi. Txay xalqlari marhumning barmoqlariga suv tomizishadi; nikoh marosimi vaqtida kelin va kuyovning qo‘llariga muqaddas ko‘zadan suv quyishadi. Bratsk GESidan quyiroqda esa yana bir qiziq udum mavjud — nikohlari rasmiylashtirilgan kelin-kuyovlar buyuk daryoga guldasta in’om etishadi.
Dastlab muqaddas va foydali degan tushunchalar bir-birlariga chambarchas bog‘liq edilar. Inson suvning tabiatdagi uzluksiz almashinuvi aralasha boshlaganidan so‘ng muqaddas degan tushuncha ikkinchi darajali bo‘lib qoldi, foyda esa — taxmin qilinadigan foyda — mutlaq bo‘lib qoldi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni cho‘qintirayotgan, marhum qo‘llarini namlayotgan yoki nikoh guldastasini daryoga in’om etayotganlar taomilning birlamchi mazmuni haqida o‘ylamay qo‘ydilar, bu marosimlar «go‘zal va qadimiy» va xo‘jako‘rsin marosimlarga aylandilar. Suv, bitmas-tuganmas boylik manbai sifatida qabul qilina boshladi va bu manbani xohlagancha o‘zgartirish va tahqirlash mumkin bo‘lib qoldi.
Bunday munosabatning qismati aksariyat hollarda ayanchli bo‘ldi. Qadimgi tamaddunlarning gullab-yashnashiga sabab bo‘lgan kanallar oxir-oqibat aynan shu hududlarning zavoliga aylandi. Tog‘ suvlari yuvib tushgan tuzlar dengizlarga yetib borolmay tuproqda cheksiz miqdorda yig‘ila boshladi, natijada sho‘rlangan tuproqda hech narsa bitmaydigan bo‘ldi. Besamar sug‘orilayotgan dalalarda sizot suvlarining miqdori benihoya ortib ketdi va ulkan hududlar botqoqqa aylanib qoldi. Odamlarning ochko‘zligi va omiligi Dajla va Frot daryolari oralig‘idagi hosildor yerlarni abgorlikka duchor qildi. Bir vaqtlar muqaddas bo‘lgan daryolar hozirgi kunga kelib qo‘ng‘ir rang, qaqshagan hududlardan oqib o‘tayapti, Bobilning mashhur osma bog‘lari tuz tufayli so‘lib, ma’suda Nineviya botqoqlarda qolib ketdi.
Daryo bo‘yida gullagan tamaddunlarning ayanchli taqdiri Nil vohasini ancha vaqt chetlab o‘tayotgan edi. Daryoning toshishi yerni sug‘orar, tuzlar esa yer osti suvlarida erib, qaytib daryoga oqib tushardi. Bu, bizning zamonimizgacha, ya’ni texnik mahorat va ishbilarmon nodonlarning sa’y-harakatlari tufayli Nil tarixidagi eng katta o‘zgarish sodir etilmaguncha davom etdi.
Inson suvning tabiatdagi aylanishlariga aralashar ekan, u bir vaqtning o‘zida geologik jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Daryoda to‘g‘on bunyod qila turib biz na faqat suv yo‘lini, balki dengiz qirg‘oqlari va shelflarni yangilovchi loyqa va balchiqlar yo‘lini ham to‘samiz, natijada, daryo oqizib keladigan qum va cho‘kmalar bo‘lmagani tufayli qirg‘oqning mustahkamligi yo‘qoladi va dengiz uni yutib yuboradi. Shu bilan birga, suv omborlarida keragidan ortiq balchiq yig‘iladi va ularni ishdan chiqaradi.
Shunday qilib, ming yillardan beri inson va daryoning o‘zaro hamkorligiga eng a’lo namuna bo‘lib kelgan Nil bugungi kunga kelib, suv zaxiralariga uquvsizlarcha munosabatimizning yaqqol misoli sifatida namoyon bo‘layapti. Har yili sahroning million-million tonna qumi Nilda qurilgan Asvon to‘g‘onidan yuqorirog‘ida barpo etilgan suv omborining tubiga tushadi. Daryoning bir maromda nafas olishiga chek qo‘yildi. Suv ko‘tarilishi vaqtida u bilan oqib keluvchi oziqabop cho‘kmalardan mahrum bo‘lgan dalalarning unumdorligi yildan-yilga kamayib ketayapti. O‘z hosildorligi bilan mashhur bo‘lgan daryo deltasining maydoni qisqarayapti. Daryoda inson organizmiga xavfli bo‘lgan, ichak va gijja kasalliklarini tarqalishiga sabab bo‘luvchi lichinkalar tobora ko‘payib bormoqda. Sizot suvlar sathining ko‘tarilishi yer sho‘rlanishiga olib kelmoqda; ba’zi joylarda yer yuzini tuzlar xuddi qirovga o‘xshab qoplagan. Hatto Buyuk piramidalar ham xavf ostida.
Nil fojiasi yer kurrasining boshqa hududlarida qaytarilmoqda. Daryolarni bamisoli kishanlamoqdalar, daryo va inson o‘rtasidagi azaliy aloqalar uzilmoqda. Zambezi daryosini Karib to‘g‘oni bilan to‘sganlaridan so‘ng Mzi-oa-tunya sharsharasi yuqorisidagi vohada istiqomat qiluvchi bantu xalqlari katta xavf ostida qolgan edi. Sababi mis konlari uchun elektr energiyasi zarur bo‘lib qoldi, bu oq tanli afrikaliklarning turmush darajasini ko‘tarishi kerak edi. Avvallari bu o‘lkalarda yuqumli ichak kasalliklari deyarli uchramasdi, to‘g‘on qurilganidan keyin ikki yil o‘tar-o‘tmas bantu xalqlari, birinchi navbatda yosh bolalarning qariyb 99 foizi yuqumli kasallikka duchor bo‘ldilar. Dalalarni sug‘orish va elektrostantsiyalar qurilishi uchun Grand-Kanon orqali oquvchi Kolorado daryosining yo‘lini to‘sdilar, Tinch okeanga oqib borishi kerak bo‘lgan cho‘kmalar yarim yo‘lda, suv omborlarining tubida qolib ketdi, natijada okean suvining ko‘tarilish-pasayish kuchlari bir vaqtlar o‘ta hosildor bo‘lgan qirg‘oqlarni yemira boshladi.
Suvga chanqoq dalalar sug‘orilayotgan hududlarda Bobil va Nineviya fojiasi takrorlanyapti. Hind daryosining havzasida yiliga bir yarim ming kvadrat kilometr maydonga teng bo‘lgan haydaladigan yer yo‘qotilayapti — sug‘orish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bilan birga, aynan shu vohada, odamlarning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida, sug‘oriladigan yerlar maydoni ikki baravar ko‘paytirilishi rejalashtirilgan; sanoat korxonalari tomonidan suvdan foydalanish esa o‘n baravarga ortishi lozim.
Yog‘ingarchiliklarning miqdori ko‘paymaydi. Yer yuzidagi hayot dengizlar dunyoga keltiradigan bulutlar orqali zaminga yomg‘ir, qor ko‘rinishida tushuvchi qirq ming kubokilometr suvga bog‘liq. Bu ne’mat ham bir tekis taqsimlanmaydi. Kurramizning ko‘pgina mamlakatlarida yashovchi odamlarni tashnalik, qurg‘oqchilik ko‘lankasi ta’qib etadi. O‘ttizga yaqin eng qashshoq davlat yil sayin keskinlashayotgan suv tanqisligidan aziyat chekadi. U yerdagi odamlar faqat xo‘jalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan suvga yetishish uchun juda ko‘p mehnat qilishlari kerak bo‘ladi. Ayollar quyosh tig‘i ostida suv olib kelish uchun bir necha chaqirim piyoda yurishlariga to‘g‘ri keladi.
Sanoati rivojlangan mamlakatlar, suv tanqisligi nima ekanligini bilmay turib, beparvolarcha shunday «ajoyib» texnologiyalar o‘ylab topganlarki, natijada bir tonna qog‘oz ishlab chiqarish uchun uch yuz ming litr, bir tonna azotli o‘g‘it uchun olti yuz ming litr, bir tonna plastmassa uchun esa birato‘lasiga million litrdan ortiq suvni sarflab yuboradilar. Biz, rivojlangan texnikamiz ulkan miqdorda suvni isrof qilishi haqida deyarli o‘ylamaymiz.
Xo‘jalikni shu tarzda yuritishimiz sababli, yer usti suvlari — daryo, ko‘l va suv omborlariga qamab qo‘yilgan suvlar — odamlar tashnaligini qondirish va yerlarni sug‘orish uchun yetmayotganligi aniq bo‘lib qoldi. Yer osti suvlarini tortib chiqarishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Yer osti suvlarining hajmi dunyodagi barcha daryo suvlarining hajmidan olti ming marta ko‘proq. Lekin yer osti suvlari juda sekin yangilanadi. Agar ulardan oqilona foydalanilmasa, ularga ham xuddi daryolarga bo‘lganidek vahshiyona munosabatda bo‘linsa, oxir zamon yetib kelishi muqarrar. Suvsizlikdan qiynalayotgan ba’zi mamlakatlarda, masalan, Hindistonda yer osti suvlari sathining tushib ketishi odamlarni tashvishga solayapti — suvning sarflanishi suv kelishidan ko‘proq.
Erdagi har bir odam uchun to‘g‘ri keladigan suv miqdorining borgan sari kamayib ketishi yetmaganday ichadigan suvimizning tarkibi ham yomonlashgan.
Yaqindagina, tog‘da, muzlik chekkasida hosil bo‘lgan irmoqdan suv icha turib, Linney o‘z yo‘lboshchisi bilan Norvegiya tog‘lari bo‘ylab qanday sayohat qilganini tasavvur qila olar edik. Sayohat davomida chanqoqlarini bosish uchun yo‘lboshlovchi pichog‘i bilan muzlikda kichkinagina chuqurcha o‘yar edi va suv o‘sha yerga yig‘ilardi. Ularga hamroh bo‘lgan vrach eslaydi: «Biz to‘ygunimizcha ichdik, suv juda shirin edi, keyin irmoqda yuvindik, tog‘dan oqib tushayotgan suv shunday tiniq ediki, qo‘llarimizni uning tubidagi toshlardan ajratib bo‘lmas edi».
Lekin, quyiroqda tog‘lar tugaganidan so‘ng, suv biz yaratgan texnologiyaga qo‘shiladi va u orqali o‘tganidan so‘ng industrial jamiyat tomonidan chiqarilgan zahar-zaqqumni qabul qiladi va tarqatadi. Kimyo sanoati yiliga mingga yaqin yangi birikmalar ishlab chiqaradi; bu birikmalarning ba’zilari zaharli xususiyatga ega va ular suv almashinuvida ishtirok etadilar. Azotli o‘g‘itlar ko‘llardagi barcha tirik organizmlarni o‘ldiradi, kislotali yomg‘irlar esa hayotning boshlang‘ich unsurlarini bo‘g‘adi. Hozirgi kunga kelib Yevropa daryolaridagi suv tarkibida avvalgi, ya’ni industrializatsiya rivojlanmagan davrga qaraganda o‘n baravar ortiq oltingugurt mavjud.
Rivojlangan mamlakatlarda biron-bir ifloslanishdan holi bo‘lgan suvning o‘zi qolmagan. Faqatgina tog‘larning baland cho‘qqilarida, daryolar tizimining boshlanishida toza va shaffof suvni uchratish mumkin.
Bir necha asrlar avval Reyn daryosi (Reyn, bu «toza» degani) o‘z nomini bemalol oqlay olar edi. Tiniq oqim tubida rang-barang shag‘al — afsonaviy «Reyn oltini» tovlanar edi. Endi bu Reyn oltini yalang‘och qiyaliklardan oqib tushgan cho‘kindi, sanoat va maishiy chiqindilar ostida. Daryo etagida yashovchi gollandlarning ichayotgan suvlari hojatxona va sanoat qurilmalaridan qayta-qayta o‘tib kelgan.
Eng katta suv havzalari ham ifloslanishdan saqlab qolinmadi. Amerikaning buyuk ko‘llaridan biri – Eri ko‘li, oltmishinchi yillarning o‘rtalaridan beri deyarli o‘lik hisoblanadi. Bar vaqtlar baliqqa boy Azov dengizi chiqindixonaga aylanib bo‘lgan. Baykal ko‘li o‘zining tiniqligi va tozaligi (suv ostida qirq metrgacha bo‘lgan narsalar tiniq ko‘rinadi) bilan mashhur, bunga sabab – boshqa suv havzalarida yashay olmaydigan endemik infuzoriya, aynan shu infuzoriya ko‘l suvini tozalaydi, bugunga kelib kurramiz uchun noyob hisoblanuvchi bu organizm xavf ostida – ko‘lga oqizilayotgan sanoat chiqindilarining miqdori yil sayin ortib bormoqda.
Oqava suvlarning hajmi o‘n baravarga oshgan. Tog‘-tog‘ chiqindilar tufayli ifloslanayotgan yer osti suvlarining hajmi ortib borayapti. Qayta-qayta tozalangandan keyin ham ichayotgan suvimiz tarkibida baribir 20 foizgacha zararli birikmalar qoladi. Bu barqaror va zararli birikmalarning aksariyatini odamlarning o‘zi yaratadi.
Ichimlik suvi tanqis bo‘lgan ko‘pgina rivojlaanayotgan mamlakatlarda misli ko‘rilmagan halokat sodir bo‘lishi mumkin. Qishloqda yashovchilarning faqat beshdan biri nisbatan toza suv ichadi, yettidan biri sanitariya talablariga javob bera oladigan hojatxonadan foydalanadi. Daryolarda kasal tug‘diruvchi bakteriyalar g‘ij-g‘ij.
Er kurrasida suvsizlikdan nobud bo‘layotganlardan ko‘ra iflos suv ichib halok bo‘layotganlarning soni ko‘proq. Kasalliklarning sakson foizi ifloslangan suv yoki antisanitariya tufayli. Faqat ichburug‘ning o‘zidan yiliga olti million bola nobud bo‘layapti, sababi – ifloslangan suv iste’mol qilish. Vabo, terlama, dizenteriya va gijja millionlarning yostig‘ini quritayapti. Quyosh tizimidagi suvi bor yagona sayyora – suvlari tahqirlanuvchi sayyoraga aylanib qoldi. Norvegiya tog‘larida hukm suruvchi sokinlikda qadimgi zakovatni aniq eshitayotgandek bo‘layapmiz:
«Buloqning tiniq suvini tahqir qilayotgan kimsa – o‘zini tashnalikka mahkum etadi».
Bu so‘zlarni qadimgi yunon shoiri miloddan besh yuz yil avval yozgan edi.
Daryolarni ifloslantirayotgan inson bir vaqtning o‘zida okeanni ham ishdan chiqarayapti. Bizning industrial jamiyatimiz yerdan oladigan va keyinchalik o‘zidan nari qilishga intilayotgan narsalarning oxirgi bekati okeandir.
Noma’qulgarchilikni qila turib, okean, bizning yuqori texnologiyalarga ega bo‘lgan jamiyatimizdan ellik million kattaroq va muayyan muvozanatga ega bo‘lgan murakkab tizim ekanligi haqida o‘ylamaymiz. Biroq, inson hech ikkilanmasdan okean kimyosini o‘zgartirib yotibdi. Qit’alardan oqib tushayotgan hamda yomg‘ir bilan osmondan tushayotgan birikmalar okeanning moviy qa’ridagi oqimlar yordamida suv bilan aralashib ketayapti. Okean aytarli darajada talofat ko‘rmagan bo‘lsa-da, baribir, insonning aybi bilan suvga tushayotgan begona moddalar tirik organizmlar uchun xavfli.
Dengizda neft to‘kilgan joylar tubini tekshirgan tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, u yerdagi baliqlarning uvuldiriqlari halok bo‘lar va ixtiofauna siyraklashar ekan. Sayyoramizdagi kislorodning o‘ndan yetti qismini ishlab chiqaruvchi fitoplanktonlar faoliyati xavf ostida. Bir hujayrali organizmlar zaharlanganlaridan keyin ulardan oziqlangan boshqa, murakkabroq jonzotlar ham zararlanadi. Ayniqsa uzoq muddat ta’sir etuvchi radioaktiv izotoplar xavfli, ular dengiz mavjudotlari tomonidan birinchi navbatda iste’mol qilinadilar, natijada organizm to‘qimalaridagi radiatsiya zichligi minglab marotabaga ortadi. Oziqlanish tizimi tarkibiga kirib olgan izotoplar yuzlab, minglab yillar davomida turli organizmlarda sayohat qilib yurishlari mumkin.
Sanoat chiqindilari, go‘yoki yashirincha, o‘zimizdan soqit qilgan sanoat chiqindilari, yana o‘zimizga qaytib kelayapti. Dengiz suvidagi pufakchalar atmosfera havosi bilan to‘qnash kelganida yoriladi va yuqoriga na faqat tuz kukuni, balki dengizga tashlangan chiqindilarning aksariyat qismi ham ko‘tariladi. Dengiz yuzasidan havoga ko‘tarilayotgan minglab tonna zarrachalarning bir necha yuz tonnasi bulutlar orqali qor-yomg‘irga aralashib qaytib yerga tushadi.
Endi, sevimli Norvegiya tog‘lari bo‘ylab kezib yurganingizda noxush fikr miyangizni doim parmalaydi: muzlik chetidan tomchilayotgan, tog‘dan oqib tushayotgan jilg‘a suvi siz o‘ylagandek toza emas, ko‘rinishi toza bo‘lsa-da, baribir biron bir kimyo zavodi yoki gaz-neft konidan chiqqan zaharli zarrachalarni shu suv bilan qo‘shib ichamiz.
«Inson yerga xarobalar ko‘rinishida belgi qo‘yadi, uning hokimiyati qirg‘oqda tugaydi», – XIX asr boshida Bayron shunday yozgandi.
Endi okean ham xarobalar maydoniga aylanib qolishi mumkin. XX asrning oltmishinchi yillarida ovlanayotgan baliqlar salmog‘ini ko‘paytirib ocharchilik muammosini hal qilish mumkin deb o‘ylardik. Tadqiqotchilar baliq to‘dalarining ummon bo‘ylab kezish yo‘llarini aniq aytib bera boshladilar, baliqchilar uchun eng takomillashgan ov qurollari ixtiro qilindi.
Va birdaniga bu yangi bilimlar, fan va texnika mo‘jizasi bo‘lgan takomillashgan ov qurollari yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ma’lum bo‘lib qoldi. Bar qator mamlakatlarning (Yaponiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va hokazo) kemalari okeanlarda kezib yurishadi, ular yetib bormagan dengizning o‘zi yo‘q, baliqni kim tezroq ovlash bo‘yicha musobaqa o‘ynashadi. Avtomatik asboblar baliq to‘dalarining kattaligi va suzib yurgan joylarini aniqlab beradi, EHM kemalari baliqlar yig‘ilgan hududlarga yo‘naltirib turadi. To‘rlarga o‘rnatilgan gidrofonlar baliqlarni chaqiruvchi signallarni to‘xtovsiz chiqarib turishadi; kichik suv osti kemalari nasoslar yordamida qisqichbaqalarni inlaridan so‘rib chiqarishadi.
Texnikasi rivojlangan mamlakatlar dengizda yirtqichlarga xos ov qilishadi, ularning dahshatli shiori bor: biz ovlamasak, boshqalar ilib ketishadi… Natijada seld va tunets baliqlarining salmog‘i ancha kamaydi. Bu kabi vahshiyona siyosatdan birinchi navbatda qashshoq davlatlarning aholisi aziyat chekadi, chunki ularning asosiy yemishi – baliq.
Biroq, dengizga nisbatan faqat bilimlar bilan qurollangan holda emas, balki mas’uliyat bilan munosabatda bo‘linsa, dengiz o‘z saxiyligini ko‘rsata oladi. Qirg‘oqqa yaqin suvlarda baliq va ustritsa ko‘paytiruvchi, dengiz o‘tlarini o‘stiruvchi fermalar barpo qilishi mumkin, yirtqich baliqlardan esa, texnikaning kuchi aynan shu yerda kerak bo‘ladi, ultra tovush yordamida himoya qilishadi. Eng asosiysi, bu kabi xo‘jaliklarning faoliyati dengiz hayotini boshqaruvchi qonunlarga muvofiq bo‘lishi va o‘ta nozik muvozanatni buzmasligidadir.
Azaldan dengiz inson uchun tuz manbai bo‘lib xizmat qilib kelgan. Tuzsiz baliqchining ovlagan balig‘ini, ovchining o‘ljasini va cho‘ponning qoramolini uzoq muddat saqlab bo‘lmas edi. Dengiz qirg‘oqlarida loy bilan suvalgan chuqurliklar talaygina uchraydi – qadimda dengiz suvini yig‘ib, keyin bug‘latilardi va bu chuqurliklarda inson uchun o‘ta zarur bo‘lgan tuz kristallari hosil bo‘lar edi.
Bugungi kunga kelib bilamiz, dengiz suvida faqat tuz emas, balki juda ko‘p metallar, shu jumladan odamlar tomonidan benihoya qadrlanadigan oltin ham bor ekan. Agar materiklar yuzasiga okeanda erigan boyliklarni to‘shab chiqishni iloji bo‘lganda, qalinligi ellik metrga teng qatlam hosil bo‘lar edi.
Dengiz suvlari ostida marganetsning bitmas-tuganmas zahiralari mavjud. Undan tashqari temir, mis, nikel, kobalt va boshqa noyob metallar ham talaygina. Ularni birinchi bor aniqlaganlarida kosmosdan tushgan tuhfa, ya’ni osmondan tushgan meteorit parchalari deb o‘ylaganlar. Endi okean tubidagi yoriqlardan magma chiqishi va geyzerlar qaynashini, tub qa’ridan ajralib chiqqan metallar oqimlar yordamida okean tubiga yoyilishini bilamiz. Tinch okeani tubining har bir kvadrat metrida o‘n kilogrammdan ellik kilogrammgacha konkretsiya borligi aniqlangan. Qit’alardagi ruda konlari bir kunmas bir kun tugaydi, okean tubida esa doimiy ravishda yangilanib turuvchi konkretsiyalarning zahiralari mavjud.
Hozirgi kunga kelib yirik korporatsiyalar kelajakda konchilik ishlarini dengiz tubida amalga oshirishga hozirlik ko‘rmoqdalar. Dengiz tubini chuqurlashtiruvchi ulkan ko‘chma qurilmalar yoki maxsus nasoslar yordamida marganets konkretsiyalarini qazib olish usullarini ishlab chiqish uchun milliardlab dollar sarflashayapti. Masofada boshqariladigan o‘ziyurar qurilmalar dengiz tubida harakatlanib, u yerdagi materiallarning kimyoviy va spektrometrik tarkibini o‘rganadi va tadqiqot natijalarini maxsus kemalarga uzatadi. Bu kemalar, o‘z navbatida, qazilmalarni qazib oluvchi qurilmalarni eng boy zaxiralari mavjud yerlarga jo‘natadi. Lekin qudratli texnika qisqa muddat ichida nozik dengiz muhitini vayron qilib qo‘yish ehtimoli ham yo‘q emas.
Odamlar energiya manbalarini ham okean tubidan qazib olmoqchi. Neft qazuvchilar chuqur dengiz qa’riga tushib olib, o‘sha yerga burg‘ilash qurilmalarini o‘rnatishmoqchi. Qazib olingan neftni quruqlikka to‘lqin va shamolni pisand qilmaydigan ulkan suv osti kemalari olib chiqadi.
Biroq neft energetika tarixidagi kichik bir lavha. Suvning o‘zidagi bitmas-tuganmas energiyani o‘zlashtirish uchun bizning texnologiyamiz qachon kalit topadi – noma’lum, lekin topishi aniq, chunki kurramizdagi uglevodorodlar zaxirasi cheksiz emas. Bunda gap qandaydir megavatt yoki gigavattlar haqida ketmaydi. Okean oqimlarining quvvati oldida materikdagi GES mo‘rilarining guvullashi bamisoli chivinning chiyillashidek bo‘lib qoladi. Energiyaning yana bir ulkan manbai, bu qirg‘oq to‘lqini, suv ko‘tarilishi va pasayishida vujudga keluvchi kuchli oqimlar va daryolarning dengizga quyilish joylaridagi suv tarkibida tuz miqdori farqlanishi bilan bog‘liq. Suvning pastki va yuqori qatlamlaridagi haroratning farqlanishi yigirma darajadan ortiq bo‘lgan tropik kengliklarda issiqlik stantsiyalari ishga tushgan.
Agar biz bir necha o‘n yillik davomida o‘z ehtiyojlarimizni jilovlay olsak va havo bilan suvni me’yoridan ortiq oltingugurt, karbonat kislotasi, neft va atom chiqindilari bilan ifloslanishiga yo‘l qo‘ymay tursak, ishonamanki, fan toza energiyaning cheksiz zaxiralariga yo‘l topib beradi.
Qadimgi Tir va Sayda bandargohlari suv ostida qolib ketdi. Hayot qaynagan dahalar, bug‘doy va sharob quyilgan ulkan xumlarga to‘la omborlar, ibodatxona va ko‘ngilxushlik uylari uzra sukunat hukm suradi.
Bir kunmas bir kun shovqin-suronga to‘la hozirgi shaharlar ham suv ostida qolib ketadi. Okean uzra o‘z hukmini o‘tkazayotgan gomo texnikuslarning ulkan hududlari okeanning bir bo‘lagiga aylanib qoladilar – xuddi Sayda va Tir bolalari qumdan yasagan qal’alar singari to‘kilib tushadilar.
Biz muqarrar falokatni tezlatib yuborishimiz mumkin. Aftidan yaqinlashtirayapmiz ham. Neft, gaz va ko‘mir ko‘rinishida o‘tgan davrlardan qolgan o‘simliklarni yondirib va hozirgi o‘rmonlarni kesib biz atmosferani karbonat kislota bilan shu darajada to‘yintirayapmizki, okean buni qayta ishlab ulgurmayapti. Olimlarning xavotiri yil sayin ortib bormoqda — tobora qalinlashib borayotgan karbonat kislotali qatlam issiqlikning kosmosga bemalol uchib ketishiga yo‘l qo‘ymayapti, natijada Yerdagi harorat ko‘tarilayapti va materiklardagi katta muzliklar eriy boshladi. Anarktikadagi harakatlanuvchi muzliklar dengizga sirg‘alib tushadigan bo‘lsa suv sathi besh va undan ortiq metrga ko‘tarilishi mumkin. Olimlar tomonidan shunday xaritalar tuzilgan, ularda suv ostida qolib ketishi mumkin bo‘lgan shahar va mamlakatlar belgilangan.
Muzliklarning jadal yemirilishi barcha qit’alardagi qirg‘oqlarning suv ostida qolishiga olib keluvchi qudratli kuch – tsunamilar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi va olamni suv bosishi boshlanadi – bu odamzodning tabiatga qarshi qilgan jinoyatlariga tabiat tomonidan berilgan javobdir.
Shunday bo‘ladiki, tog‘lar ulkan palaxsa qiyalik bo‘lib dumalab tushadi. Yillar sayin uning asosi asta-sekin yemirilib boradi, oxir oqibat yengilgina turtki – shamolning birdan kuchayishi yoki ko‘klamda qor erishidan hosil bo‘lgan jilg‘aning tomchilari bahaybat tosh ko‘chishiga sabab bo‘ladi. Biz hanuzgacha bilmaymiz, inson hayoti uchun zarur sharoitlarni yaratib beruvchi havo, dengiz va dengiz bo‘yi hududlariga nisbatan nomaqbul munosabatimizga tabiat qachongacha chidab beradi. Bilganimizda esa kech bo‘lishi aniq.
BILIM DARAXTIDA BILIShIMIZ ShART BO‘LMAGAN MEVALAR BORMI?
Tinib tinchimas izlanishlarimiz oxirgi o‘n yilliklar davomida bilimlarimiz doirasini insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan tezlikda va hajmda kengaytirayapti. Egallangan bilimlar va texnik rivojlanish nuqtai nazarida biz bobolarimizdan ular xuddi tosh asridan o‘zib ketganchalik ilgarilab ketdik.
Bir vaqtlar Gyoteni xavotirga solgan muammo – bilimlarimizning foydali yoki zararli ekanligi – yangicha ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Bilim daraxtida bilishimiz shart bo‘lmagan mevalar bormi? Fan hatlab o‘ta olmaydigan muayyan chegara bormikan – olg‘a yurishni eplay olmasligimiz sababli emas, balki biz bilishimiz shart bo‘lmagan narsalar mavjudligi uchun? Rivojlangan fan va rivojlangan texnologiyaga ega bo‘lgan jamiyat o‘z ildizini qurituvchi qurolni o‘z qo‘ynida asrab yurmayaptimi?
Atom qa’ridagi kosmik kuchlar haqidagi orttirilgan bilimlar bizning qo‘limizga shunday qurol berib qo‘ydiki, arzimagan ehtiyotsizlik tufayli to‘rt milliardlik evolyutsion taraqqiyotga nuqta qo‘yishimiz mumkin bo‘lib qoldi. Bu qurbonlik gulxani na faqat hozirgi hayotni, balki tug‘ilib ulgurmagan avlodlarni ham batamom yo‘qqa chiqaradi.
Shu paytgacha har bir individiuumning o‘limi degan tushuncha, albatta, uning urug‘i va shu urug‘ga mansub bo‘lgan alohida shaxs yashashiga qat’iy ishonch bilan uyg‘unlashgandi. Hayot va o‘limning mazmuni hayot oqimida tomchi ekanligimizni anglashdan iborat edi. Yadro qurolining soyasida doimiy tahlikada yashash bunday ishonchni puchga chiqardi. Fan va texnika bizni shu sayyoradagi tariximiz va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan batamom yo‘q qiluvchilarga, tabiat impulslariga o‘ta zid bo‘lgan harakatlarni amalga oshiruvchilarga aylantirdi. Boshqa, yadroviy bo‘lmagan usullar yordamida ham biz o‘zimizning vaqt o‘lchovlarimizga ko‘ra sekinlik bilan, lekin vaqtning geologik yil hisobi nuqtai nazarida juda tez sur’atlarda tabiatni va hayotni tashkil etuvchi negizlarni vayron qilayapmiz.
O‘tgan ming yilliklar davomida tabiatni xonavayron qilishimiz natijasida sodir bo‘lgan ma’shum halokatlar biz uchun go‘yo saboq bo‘lmaganday sayyoramizning yashil xazinasi bo‘lgan tropik o‘rmonlarni bo‘g‘ishni davom etayapmiz. Qadimgi tamaddunlarning taqdiri qanday bo‘lgani yodimizdan ko‘tarilganga o‘xshaydi va biz o‘tgan davrlardan meros bo‘lgan gumusni palapartish sovurayapmiz. Soyasida maysadan yashil gilamlar to‘shalgan, barglarining shamolda shildirashi bamisoli kuchli oqimdek bo‘lgan daraxtzorlar sahroga aylanib qolayapti.
Nafsimizni qondirish maqsadida materiyani bir ko‘rinishdan boshqasiga o‘zgartirar ekanmiz, bu jarayonda hosil bo‘luvchi ikkilamchi zaharli moddalar shamol va suv yordamida atrof-muhitni ifloslantirayapti va zaharlayapti. Daryolar ifloslanadimi, ularni yaratuvchi yomg‘irlar zaharlanadimi va nihoyat suvning so‘nggi manzili bo‘lmish dengizlar ekologik halokat bo‘sag‘asida bo‘ladimi – farqi yo‘q, suv o‘zining tabiatdagi aylanishini to‘xtatmaydi. Suv o‘zi bilan zaharni va oziqlantiruvchi moddalarni ham, kasal tug‘diruvchi chiqindilarni va o‘g‘itlovchi cho‘kindilarni ham olib kelishi mumkin. Suv oqimlari va okean bir necha milliard yildan so‘ng, Quyosh portlashi natijasida tugaydilar. Lekin hozirgi hayot uchun toza suv kerak. Hujayralarni yuvib turuvchi suv zaharlansa hayotni muvofiqlashtiruvchi kimyoviy jarayonlar ham buziladi.
Mayli, o‘zimizni yadro quroli bilan halok qilmasak ham, baribir, zaharlangan, ifloslangan va xarobaga aylangan sayyorada asta-sekin bo‘g‘ilib nobud bo‘lishga mahkum etilishimiz xavfi bor.
Balki, haqiqatan ham tabiatning yurak urishini to‘xtatishga tayyor bo‘lgandirmiz? Bilim daraxtidan achchiq mevalarning yana qanchasini uzib olishimiz mumkin? Hayajondan titray-titray o‘zimga o‘zim savol beraman: hayotning o‘ta maxfiy sirlarini oshkor qilganimizda yana qanday natijalarga erishamiz va ularni tadbiq qilishimiz yana qanday kulfatlar keltirishi mumkin? Biz sun’iy hayot yarata olmaymiz, faqat organik xomashyoni sintez qilishni eplay olamiz. Agar sun’iy hayot yaratish masalasini hal qila olsak qay darajada qudratli bo‘la olamiz va bu qay darajada fojiali bo‘lishi mumkin?
Bilishimiz va foydalanishimiz shart bo‘lmagan bilim mevalari bormikan degan savolda hech qanday ma’no yo‘q. Bizning genlarimizda yengib bo‘lmas intilish – izlanish mavjud. Bizning tafakkurimiz doim yangi bilimlarga chanqoq va bunga qarshi hech narsa qila olmaymiz. Insonlar uchun eng asosiy so‘z – «nega» va bu so‘z izlovchi va ikkilanuvchilarning shioridir. Egallagan bilimlarimiz va biz haqiqat deb biluvchi tushunchalarimiz aynan shu so‘z tufayli. «Nega» degan so‘z cheksiz koinotdagi kichik sayyorada, biz uchun ajratilgan davr mobaynida, insoniyatni olg‘a yetaklaydi.
Biz xavf-xatarga to‘la bilimlarimiz bilan yashashimizga to‘g‘ri keladi. Hammasi bilimlarimizni qanday tadbiq qilamiz va ixtirolarimiz nima maqsadlarga xizmat qiladi?–degan savollarga beradigan javoblarga bog‘liq.
«Nauka i jizn» jurnalining 1989 yil, 11-sonidan olindi.
Ruschadan Soqi Muzaffarov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son