Shavkat Rahmon ijodining asosiy pafosi – mustamlaka iskanjasidan qutulish, barcha turkiy xalqlarning o‘zaro yaqinlashishi va qudratli turkiy madaniyatning barpo bo‘lishi ruhidir. Shoir bir umr vatanining ozod bo‘lishini orzu qildi, shunga intildi. She’rlarida o‘zgalarga bo‘ysunmaslik, millatining hurligi, erkin yashash, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish g‘oyalari bo‘y ko‘rsatib turadi.
Shavkat Rahmonning har bir she’ri yangilik bo‘lardi. U qaysi mavzuda neki yozmasin, boshqalarnikiga o‘xshamagan, yangi fikr, yangi tuyg‘u beradigan xislat topar edingiz. She’rlari odamni uyg‘otar edi.
Haqiqiy she’r muhabbatdan tug‘iladi, deydilar. Shavkat Rahmonning she’rlari ham – muhabbat mevasi. Ammo bu biron qizga xushtor bo‘lganlik sababli ishq izhor qilib yozilgan bayt-g‘azallar emas, balki eng avvalo ona vatan muhabbati, erk va erkinlikka oshuftalik, loqaydlik, hissizlikka nafrat, dunyoi olamni musaffo ko‘rishga bo‘lgan tashnalik, shu yo‘lda yurib, bizlarni ham yoniga chorlash kabi ulkan muhabbat samaralari edi. Ammo ajabki, shoir hech bir she’rida vatanimni sevaman, deb aytmaydi. Uning yurtiga muhabbati qizg‘onish darajasida, Erkin Vohidov aytganidek, uni yotlar tugul, hatto o‘zidan ham rashk qilar edi. Shuning uchun ham Shavkat Rahmonning turli yillarda chop etilgan to‘plamlarni ko‘zdan kechirsangiz, ana shu qizg‘onish tuyg‘usi bo‘rtib sezilib turganini ko‘rasiz.
“Baxt so‘zi” degan she’rining nihoyasida Shavkat Rahmon shunday yozadi:
Bu so‘zni bir umr aytmay yashadim,
Har shodlik kelganda yurdim sekinroq.
G‘am so‘zin elimdan avvalroq aytdim,
Baxt so‘zin aytaman,
eldan keyinroq.
Shavkat Rahmon so‘zlarni juda avaylab, ehtiyot bo‘lib qo‘llaydi, har bir kalimaga muqaddas va nozik bir narsaday yondoshadi. Ayniqsa, ulug‘ tushunchalarni anglatadigan so‘zlarni. Unday so‘zlarni misralarga terib tashlay bermaydi. Chunonchi, u baxt so‘zini ishlatmaslikka qanday harakat qilsa, “vatan” kalomini ham shunday kam qo‘llaydi. Shavkat Rahmon “vatan” so‘zini hadeb tilga ola berishdan o‘zini tiyar edi, vatanini qizg‘ona-qizg‘ona suyar edi.
Ammo Shavkat Rahmon ijodi avj pallasiga chiqqan paytda vatan erkidan mahrum, mazlum edi. Vatanni hur, ozod ko‘rish uning idealiga aylandi, boshqa mavzular uning uchun o‘z qadrini yo‘qota bordi. Shavkat Rahmon she’riyati oldida Vatanni sevishini bayroq qilib ko‘rsatadigan, misralar orasida “VATAN” so‘zini bosh harflar bilan yozib, etagiga ikki-uch undov belgisini qalashtiradigan ba’zi qalamkashlarning tuyg‘ulari naqadar soxta, ojiz va xo‘ja ko‘rsinga ekani yaqqol ko‘rinib qoladi.
Shavkat Rahmon bir umr izlandi. Men uning yetmishinchi yillar avvalida O‘sh viloyat gazetasi sahifalarida bosilgan talay she’rlarini o‘qiganman. Ular katta yo‘l oldida turgan yosh ijodkorning hassos tuyg‘uli, dilbar she’rlari edi. U she’rlarni hatto hozir ham biron yosh shoir nomidan e’lon qilinsa, adabiyotda yangilik deb e’tirof etilishiga ishonaman. Ammo Shavkat Rahmon Moskvada, Oliy adabiyot kursida o‘qib yurgan chog‘ida ulardan voz kechdi. O‘sha turkumning so‘nggi she’rlaridan birida Shavkat Rahmon shu paytga qadar yozgan mashqlari bitilgan daftarni yoqib yuborganini, she’rlar alangasiga loqayd qarab o‘tirganini qalamga olgan edi.
Chunki bu paytga kelib uning dunyoqarashida o‘zgarish ro‘y berdi. Shavkat Rahmon shoirlik – nazmnavislik emasligini, she’r odamlar ardog‘ida yuradigan kimsa bo‘lish uchun yozilmasligini his etdi, shoir bo‘lish – kurashchilik degan yo‘lni tanlab oldi. Uning she’rlari matnida endi avvalgi nafis-muloyim ifodalar uchramay qo‘ydi, eng “dag‘al”, yurakning tubini tirnaydigan, jonni og‘ritadigan qirrali, salmog‘i toshday so‘zlar qo‘llana boshladi. Bu she’rlarda nafaqat bosqinchi yovlarga qarshi, balki ana o‘sha bosqinchilarning tovonini yalab kun ko‘rishidan huzurlanayotgan kimsalarga ham nafrat yog‘diriladi:
Atrofga qarama,
ko‘zga yosh to‘lar,
tuzilmay turiboq buzilgan olam.
Nechun Turonzamin chechakday so‘lar,
bu zamin bormidi bizlarda bolam?!
Erk qani,
er qani,
asil yer qani,
zaharga qorilgan achchiq dillar bor,
tuban bir halqada tinmay aylangan
o‘zlikdan bexabar qanjiq dillar bor…
Shoir, misralari dag‘allashib ketayotganini, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham shafqatsizlashib borayotgani aytib, buning sabablarini ham sharhlab o‘tadi:
Yashil shajar edim…
Qandoq sog‘indim…
ko‘zimni yashnatsa rubobiy ranglar.
Qaysi bir dunyoga buncha og‘rindim,
dilimni qaritdi besamar janglar.
Men jangchi emasdim,
men shoir edim,
nihoyat, shoirdan ko‘ra zobitman,
har nafas musulmon millatim dedim,
nafsiga kuyganlar keldi oqibat.
Haromni xush ko‘rgan maslakfurushlar
zig‘irday himmatin qilganda minnat,
yaproqday sarg‘ardim buyuk urushda
musulmon yo‘q edi,
yo‘q edi millat.
Bas,
qushlar sayrog‘i,
yaproqlari mo‘l
yashil shajar kabi turay mushakkal,
ilhomim haqida so‘ylasinlar xo‘b,
zaharli tilimdan to‘kilsin shakkar.
Rubobiy sabolar, ruhimdan esing,
qaytadan uyg‘onsin ilohiy tug‘yon.
…Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir,
bir yaproq qolmaptir shivirlayturg‘on.
Shavkat Rahmon she’riyatining gultoji deb hisoblanishga qaysi asari eng munosib, deb savol bersalar, men, bir o‘quvchi sifatida, “Turkiylar” she’rini ko‘rsatgan bo‘lar edim. Bunda shoirning ijodiy kredosi – turkiy birlik, turkiy dunyoning mushtarak rivojlanishi g‘oyasi aks etgan. Undan bir parchaga diqqat bersangiz:
Turkda bosh qolmadi… qolmadi dovlar.
xotin-xalaj qoldi motam ko‘tarib,
“Bizga tik qarama!”, buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.
Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zeru zabari,
“ters qarab o‘ling”, deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o‘zlarin qarg‘ab,
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
“tug‘ingiz”, dedi yov, “teskari qarab”,
yovlarga ters qarab tug‘ildi bari.
Tug‘ildi,
tug‘ildi,
tug‘ildi qullar,
qirqida qirilgan – imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.
…Mo‘minlar besh bora Allohni eslar
sajdaga bosh qo‘yib jallod toshiga.
O‘grilib sal ortga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,
bormi gul bag‘ringda jo‘mard nolalar?
Bormi bul tufroqda o‘zligin izlab
Osmon-u falakka yetgan bolalar?
Bor bo‘lsa,
alarga yetkarib qo‘ying,
bir boshga bir o‘lim, demagan – ermas,
shahidlar o‘lmaydi,
bir qarab to‘ying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
So‘nggi satr she’r nihoyasida besh bor qaytariladi, Shavkat Rahmonday so‘zga xasis shoir bu da’vatni besh bor takrorlaydi. Bu uning shu e’tiqodda qat’iy ekanining dalili. Va bu besh vaqt namozga ishora ham. Shoir yovga ters qarash – qo‘rqish, taslim va tobe bo‘lish ifodasi ekanini yaxshi anglaydi, bizga ham uqtiradi. Yovdan qochmaslik, uning qarshisida ortga burilgandan ko‘ra o‘lish, shahid ketishni ibodat kalimalariday takror-takror uqtiradi. Yov yuziga tik boqa olmay, ters qarash, qo‘rqoqlik – Turkistonni tanazzul botqog‘iga botirgan illat ekanini aytib kuyinadi.
Xo‘sh, “Yovga ters qaramaslik” motivi shoirda qanday paydo bo‘ldi?
Ruslarda, hamma yangi narsa – yaxshilab unutilgan eski narsadir, degan gap bor. Moziy qa’riga ko‘milib yotgan, unutilib ham ketgan, ammo juda zarur narsalarni topib, zargar singari qadriga yetish ham shoir uchun fazilat. Jahon adabiyoti tarixida o‘zga adib ijodidan chuqur ta’sirlanish, u qo‘llagan jo‘n bir tashbehning hech kim payqamagan xislatlaridan foydalanib, katta badiiy umumlashmalar chiqarishga misollar ko‘p. Bir ijodkor asarida uch berib, rivojlanmay qolgan g‘oyalarni boshqa bir adib avjiga chiqaradi. Bu jihatdan Shavkat Rahmonning ko‘ngil ko‘zi juda basir, hatto toshning gullayotganini ko‘rgudek o‘tkir edi:
(Balki tosh hoziroq
gullayotgandir,
ming rangli jiloda yashnab, o‘zgarib,
balki bu gullarni ko‘rmayotgandir
hatto shoirning ham o‘tkir ko‘zlari…).
Shu o‘rinda biz shoir ijodining fidoyi muxlislaridan uzr so‘rab, “Turkiylar” she’rining yakunida aytilgan “yovga ters qarama” degan asosiy motiv Shavkat Rahmondan oltmish yilcha muqaddam boshqa bir shoir tomonidan, pand-o‘git tariqasida bo‘lsa-da, aytib o‘tilganiga diqqat qaratmoqchi edik:
…Arg‘umoqni yomon deb,
Tulporni qaydan topasan?
Og‘a-inini yomon deb,
Tuqqanni qaydan topasan?
Sariq alak yomon deb,
Bo‘zni qaydan topasan?
Oqinlarni yomon deb,
So‘zni qaydan topasan?
Keyinini o‘ylamay,
Ne ish qilsang – pushmondir.
Hech kimni do‘st bilmagan
O‘z-o‘ziga dushmandir.
Boyni xudo urganda
Davlatiga mast bo‘lar.
Xonni xudo urganda
O‘z xalqiga qasd bo‘lar.
Qishni xudo urganda
Kunlar isib yoz bo‘lar.
Erni xudo urganda
Elliginda yosh bo‘lar.
Pichoq bersang, qinlab ber,
Qinlab bersang, chinlab ber.
Barakasiz boydan qoch,
Bu so‘zni talqinlab ber.
Ochilishib sirlashsang,
Ko‘kragingdan mung ketar.
Baring bo‘lsang ittifoq,
Qay dushmaning churq etar?
Bulut ketsa osmondan,
Kun ochilib yilt etar.
Ajaling yetib, kun bitsa,
Oltin boshing shilq etar.
Oq miltiqning milini
Otolmasang sunmagin,
Erkak bo‘lsang, dushmandan
Ikki ko‘zing yummagin.
Oshno bo‘lsang quv bilan,
Umring o‘tar dov bilan.
Yiqmaguncha qochmagin
Yuzlashganda yov bilan…
Bu – yaqinda tavalludining 150 yilligi nishonlangan ulug‘ qirg‘iz oqini To‘qtag‘ul ijodiga mansub “Nasihat” she’rining bir qismi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz (biz ta’kidlab ham qo‘ydik), To‘qtag‘ul “Erkak bo‘lsang, dushmandan Ikki ko‘zing yummagin”, deb qat’iy buyuradi.
Bu – g‘alati hukm, kutilmagan badiiy yechim. Axir, bizning mehribon yaqinlarimiz murosa qilib kun ko‘rishni hayotning shioriga aylantirgan, “dushmanning yuzi qursin, betiga qarama, qurib ketsin”, deb tayinlar edilar-ku? To‘qtag‘ul esa, uning aksini aytadi, dushmandan ko‘z yumma, deydi. Bu – yovdan qo‘rqmaydigan, yov bilan yuzlashganda ortga tisarilmaydigan odamning gapi. Yov qarshisida yoldor bo‘lishga, jasur, jo‘mard bo‘lishga chorlaydi To‘qtag‘ul.
To‘g‘ri, To‘qtag‘ul yov deganda bosqinchilarni emas, shaxsiy g‘animni, nari borsa, kambag‘allar nonini tuya qilib yurgan muttahamlarni ko‘zda tutgan. U yashagan davr, oqinning boshidan o‘tgan voqealarning hayotiy mantig‘i shunday. To‘qtag‘ul raqibdan cho‘chimaslikni, hatto to‘dalashib, guruhlashib yovlashishganda ham qo‘rqmaslik, yov oldida yerga qaramaslik, ortga burilmasdan, unga ikkala ko‘zni ochib tik qarashni, uni mahv etib, yiqmaguncha tinchimaslikni uqtiradi.
Shavkat Rahmon esa yov qarshisida ikki ko‘zingni yumma, yovga ters qarama, degan shu motivni yangi, yuksak bosqichga ko‘tardi. Shavkat Rahmon aytayotgan yov – butun turkiylarni, “musulmon millat”ni qirgan, talagan, tul va yesir qilgan, zo‘rlagan, qul qilgan beomon, makkor g‘anim. Shoir ana shu g‘addor yovga ters qaragan odam – musulmon emas, deb uqtiradi. Zero, chin musulmonlik – qazo (o‘lim)ga rozilik. O‘limni bo‘yniga olgan odamga esa… yovdan qo‘rqish chikora!
Albatta, savol berishlari mumkin: “Shavkat Rahmon ispan shoirlarini tarjima qilgan, hatto ispan tilini o‘rgangan ham, shundoq bo‘lgach, masalan, Lorkadan ta’sirlangan desangiz, boshqa gap, ammo boyagi motivni To‘qtag‘uldan ta’sirlanmay turib, uning o‘zi kashf etgan bo‘lishi ham mumkin-ku”, deb.
Bu shunday, ammo Shavkat Rahmon nafaqat Lorkaning, balki To‘qtag‘ul ijodining ham oshuftasi edi. U 1990-yilda oqinning bir hafta davomida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan yubileyi tantanalarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida qatnashgan, o‘sha kunlarda To‘qtag‘ul ijodiga juda qiziqib qolgan edi. Toshkentga qaytgach, To‘qtag‘ulning ko‘p she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi ham (afsuski, homiy yo‘qligi bois, u chop etilganicha yo‘q).
Tarjima qilish – muallif ijodidan eng ko‘p ta’sirlanishga olib keladi. Mutarjim har bir she’r, undagi har bir misra va misralarga tizilgan har bir so‘z ustida mulohaza qiladi, mushohada yuritadi. To‘qtag‘ul she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girarkan, Shavkat Rahmon ular ichidan o‘z ruhiy olamiga, grajdanlik pozitsiyasiga, badiiy yo‘nalishiga eng muvofiqlarini tanlab olgani, ana shunga asos beradigan o‘rinlarni yanada bo‘rttirib tarjima qilgani, shu bilan birga, taxayyul olamiga chaqin kabi ta’sir qilib, shuurini yoritgan ayrim motivlarni keyinchalik o‘z ijodida ham qo‘llab, ularni kuchaytirib, yangi bosqichga olib chiqqani tabiiy. Chunki Shavkat Rahmon To‘qtag‘uldan salkam bir asr keyin yashagan, yangi davrning yangicha shoiri edi.
So‘z san’ati tarixida bunday misollar ko‘p. Zero, adabiyot badiiy boyliklarni, xuddi, bir xazina kabi to‘plab, ularning har biriga yangicha jilolar baxsh etish orqali tobora rivojlanib boradigan jarayondir. Bunda muhimi, avvalgi bir san’atkor yaratgan biron narsani yana o‘sha tarzda yoxud undan oshmaydigan badiiy tarzda qaytarib, takrorlamasdan, u asarda anchayin bir detal sifatida namoyon bo‘lgan topilmaning pinhon fazilatlarini payqab, uni sayqallab, yangi ijtimoiy yoki badiiy ruh baxsh etish. Yuqorida biz ko‘rib chiqqan birgina motiv (“Erkak bo‘lsang, dushmandan Ikki ko‘zing yummagin” a “Yovga ters qaragan musulmon emas!”) misolida ham Shavkat Rahmonning novator shoir ekani ayon ko‘rinadi.
“Turkiylar” she’rining badiiy va ijtimoiy yukini to‘lig‘icha talqin etish esa, albatta, boshqa bir maqolaning vazifasi.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 9-10-son