O‘zbek adabiyotida tarjima bilan shug‘ullanmagan ijodkorning o‘zi yo‘q bo‘lsa kerak. Birgina farqi, ayrim qalamkashlar faqat tarjima orqali tanilgan bo‘lsa (Qodir Mirmuhamedov, Nizom Komilov), yana bir toifa ijodkorlar adabiy merosining yarmini tarjima tashkil etadi (Cho‘lpon, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir). Va nihoyat, yana bir toifa adiblar borki, ularning qalamiga mansub asarlar orasida tarjimalar ko‘p bo‘lgani bilan, afkor omma ularni mutarjim deb emas, “sof milliy ijodkor” sifatida taniydi (Habibiy, Said Ahmad).
G‘afur G‘ulomni uchinchi toifaga mansub ijodkorlardan desa bo‘ladi. Garchi tarjimalari ham anchagina bo‘lsa-da, ular o‘tnafas shoir G‘afur G‘ulomning she’r va poemalari, mashhur qissa va hikoyalari, otashin publitsistikasi soyasida qolib ketgani chin.
G‘afur G‘ulom tarjima sohasiga o‘tgan asrning yigirmanchi yillari ikkinchi yarmidan kirib keldi. Bayroqdor shoir Vladimir Mayakovskiyning “Vo ves golos” poemasini “Hayqiriq” nomi bilan 1930 yilda o‘zbek tiliga o‘girib chop ettirdi. Hodi Toqtoshning bevaqt vafoti munosabatidan dilgirlik shoirni 1932 yilda uning she’rlar kitobini tarjima qilib elga yetkazishga da’vat etdi. O‘sha yili atoqli venger shoiri Antal Gidashning “Qichqiringiz” she’rlar to‘plamining o‘zbekcha tarjimasi ham G‘afur G‘ulom qalamiga mansub.
G‘afur G‘ulomning ko‘pgina qahramonlari bilan g‘arb adiblari yaratgan qahramonlar o‘rtasida ajib bir uyg‘unlik bor. Chunonchi, “Shum bola”da Mark Tvenning “Tom Soyerning sarguzashtlari” asaridagi lavhalarni eslatadigan manzaralar tasvirini kuzatish mumkin. Biroq bu lavhalar mutlaqo o‘zbekcha qiyofa, o‘zbekcha ruh bilan namoyon bo‘lganki, kishi xayolini beixtiyor, jahon adabiyotining xuddi shu tarzda: biri-biridan o‘rganib, biri-biridan ibrat olib taraqqiy etgani haqidagi mulohazalar egallab oladi.
G‘afur G‘ulom o‘zbek tilining imkoniyatlariga cheksiz ishongan, bu tilda ifodalab bo‘lmaydigan fikr va tuyg‘u yo‘q, deb hisoblagan. Atoqli sharqshunos olim, ulkan mutarjim Shoislom Shomuhamedovning xotirlashicha, u kishi Sa’diyning “Guliston” asarini o‘girayotganida har bir naql oxirida kelgan, Sa’diyga xos quyma misralar, aforizmlarni tarjima qilishda qiynalgan va “mana buni tarjimada berib bo‘lmasa kerak”, deya G‘afur G‘ulomga maslahat solganida, ustoz adib Shoislom akaga qarab, “O‘zbekmisan?” deb so‘rar ekan. “Ha…”, der ekan Sh.Shomuhamedov ajablanib. “O‘zbek bo‘lsang, topasan. Top!” derkan qat’iy qilib G‘afur G‘ulom.
Ammo shunday asarlar ham bo‘ladiki, boshqa tilga tarjima qilinganida uning faqat dastlabki, yuzada ko‘rinib turgan ma’nosigina aks etadi. Chunki tillararo muvofiqliklarga qaraganda nomuvofiqliklar muqarrar suratda ko‘p bo‘ladi, so‘zning obrazga aylanishi esa har bir tilda ayricha, faqat o‘ziga xos tarzda kechadi. Asarga jilo berib turgan so‘z o‘yinlari tarjima asarlarda aksar hollarda tushib qoladi.
Mutafakkir shoir Mirzo Abdulqodir Bedil asarlariga purma’nolik ayniqsa xos. G‘afur G‘ulom Sharq shoiri sifatida Bedildan ko‘p ta’sirlangan, buni u o‘z asarlarida ham bir necha marta ta’kidlab ko‘rsatgan, Bedil adabiyotga olib kirgan ko‘pgina obrazli ifodalar uning asarlari matniga ham ko‘chib o‘tgan. Chunonchi, yorug‘ dunyo, olam degan ma’nodagi “xonai xurshid” tashbehi uning she’riyatiga Bedildan ko‘chib o‘tgan. Bedil o‘z davrida “malikush shuaro” bo‘lib tanilgan va keyingi asrlarda “Abulmaoniy” – ‘‘ma’nolar otasi’’ deb ham e’zozlangan shoirdir. Biroq G‘afur G‘ulom Bedil asarlarini tarjima qilishga uncha rag‘bat ko‘rsatmagan. Bedilga xos fikr teranligini, bir misrada bir necha ma’no qavatlanib kelishini yana to‘laligicha qayta tiklash amri maholligini his etgani sababli, uni faqat asliyatda o‘qish lozim deb hisoblagan. Bu ham, shoir tarjimalariga oid tadqiqotlar olib borgan Abdulla Matyoqubov va Narzulla Jo‘rayevlar to‘g‘ri ta’kidlaganlariday, kitobxon oldidagi mas’uliyat, Bedilga samimiy ixlosning bir zuhuri edi.
G‘afur G‘ulomning tarjimalari janr nuqtai nazaridan, uning original ijodi kabi, xilma-xil. Ular orasida ulkan roman (Mushfiq Kozimiyning “Qo‘rqinchli Tehron” asari)dan tortib, bir necha baytlik g‘azalgacha, o‘tkir siyosiy ahamiyatga molik she’rdan tortib, lirik dramagacha bor. Asarlari G‘afur G‘ulom tarjimasida o‘zbek tilida bosilib chiqqan adiblarning nomi ellikka yaqin, ular dunyoning o‘nlab tillarida yaratilgan.
G‘afur G‘ulomning o‘n ikki jildlik “Mukammal asarlar to‘plami”ning sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi jildlari tarjimalardan tashkil topgan bo‘lib, bu uch jildning umumiy hajmi 1600 sahifadan oshadi. Holbuki, ushbu “Mukammal asarlar to‘plami”ga “Qo‘rqinchli Tehron” romanining tarjimasi kabi yirik nashrlar kiritilmagan.
Badiiy tarjimaning “tabdil” deb atalgan bir turi bor. Tabdil – badal degan o‘zakdan olingan bo‘lib, almashtirish, o‘rniga bir narsa qo‘yish demak. 1940 yilda, Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik qizg‘in ketayotgan bir paytda G‘afur G‘ulom “Farhod va Shirin” dostinini hozirgi tilga tabdil qilib, chop ettirdi va mutafakkir shoir asarlarini xalqqa yanada yaqinlashtirishga katta hissa qo‘shdi. Chunki Alisher Navoiy asarlari tili oddiy kitobxon uchun birmuncha murakkab bo‘lib, orada o‘tgan to‘rt yarim asrlik davrda tilimizda ancha-muncha o‘zgarishlar yuz bergan edi. Mana, dostondagi bir bob boshlanmasi:
Bu xoro uzra tez etkan qalamni
Yuziga buyla naqsh etti raqamni.
Ushbu bayt “Bu qattiq tosh ustida o‘z qalamini charxlab olgan kishi o‘sha tosh ustiga quyidagi gaplarni naqsh qildi” deya sodda, o‘quvchiga oson tushunarli til bilan taqdim etilgan. Albatta, o‘n ming misradan ortiq bo‘lgan bu doston tabdili ustida G‘afur G‘ulomning mehnati, uning talqini va umuman tarjimashunoslik ilmida tabdil hodisasi alohida tadqiq etilishi, o‘ziga xos jihatlari batafsil o‘rganilib chiqilishi darkor.
G‘afur G‘ulom Ro‘dakiyning “Qarilikdan shikoyat”, Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisidagi pahlavon” dostonidan boblar, Sa’diyning “Guliston” asarining she’riy qismini, Jomiy va Foniy g‘azallarini, Bedilning ikki ruboiysini, shuningdek I.Krilov masallarini, A.Griboyedovning “Aqllilik balosi”dan parchani, Pushkinning talay she’r va poemalarini, T.Shevchenko, A.Tolstoy, A.Fet, A.Maykov, N.Nekrasov, Jambul va Sulaymon Stalskiy, A.Surkov, Lohutiy, I.Bexer, V.Mayakovskiy, I.Frenkel, L.Xyuz, A.Tvardovskiy, M.Tursunzoda, A.Kuleshov, K.Simonov she’rlarini, o‘nlab turli xalqlarning qo‘shiqlarini o‘zbekchalashtirdi.
Vilyam Shekspirning “Otello” tragediyasi, Lope de Veganing “Qo‘zibuloq qishlog‘i”, Fridrix Shillerning “Vilhelm Tell” dramalari G‘afur G‘ulom tarjimasida sahna yuzini ko‘rgan. Shu bilan bir qatorda V.Katayevning “Soldat frontdan qaytarkan”, B.Lavryonovning “Dengizdagilar sharafiga”, Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi”, G.Mdivanining “Front bo‘ylab buyruq”, B.Slivkoning “Mushfiqiy” pesalarini ham o‘zbekchalashtirgan. Ammo hali bu ro‘yxatga qo‘shilmagan yana o‘nlab poemalar, teatr va radiopostanovkalar uchun turli yillarda tarjima qilingan drama asarlari ham behisob. Bularning barchasiga xos bo‘lgan bir jihat, ta’bir joiz bo‘lsa, G‘afur G‘ulomning “o‘girmachilik uslubi” shundayki, ushbu tarjimalar tili sodda, ifodasi jaydari va o‘zbekona. G‘afur G‘ulom hech bir o‘rinda tarjima tilini zo‘riqtirmaydi, murakkab va gajakdor iboralar bilan o‘zbek o‘quvchisini qiynamaydi, fikrni erkin va sarbast turib taqdim etadi.
Zuhriddin Isomiddinov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son