Begoyim Xolbekova. O‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimalar tarixidan

O‘zbek adabiyoti jahondagi eng qadimiy adabiyotlardan biri hisoblanadi.

“O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari”ning 2003 yilda nashr etilgan birinchi jildi (tuzuvchilar – professorlar Nasimxon Rahmon va Hamidulla Boltaboyev) so‘zboshisida o‘zbek adabiyotining (umuman, qadimgi turkiy adabiyotning) ilk davri to‘g‘risida fikr yuritilib, milodning V asridan boshlab adabiyotda alohida burilish yuz bergani ta’kidlanadi va shu sababli o‘zbek yozma adabiyotini X asrdan – “Qutadg‘u bilig”dan boshlab emas, balki milodning boshlaridan o‘rganish lozim, degan mulohaza bildiriladi. Bu ham, shubhasiz, o‘zbek adabiyotining jahondagi qadimiy adabiyotlar sirasiga kirishini tasdiqlab turibdi.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, o‘zbek adabiyoti namunalaridan ingliz tiliga qilingan tarjimalar tarixini o‘rganish asnosida, ikki jihatga e’tibor qaratishni joiz deb hisobladik.

Birinchidan, adabiyotimiz namunalarini ingliz tiliga, nafaqat ingliz tiliga, balki boshqa tillarga ham tarjima qilish shu paytgacha rejali yo‘sinda olib borilmagan, aslida, bu yerda rejani talab qilish ham o‘rinsiz, tarjima ham ijod, ijodni esa rejaga solish mushkul. Aksar hollarda, biron adib yoki shoirning yubileyi yoki adabiyot kunlari, umuman olganda, biron sabab bilan tarjimalarga qo‘l urilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” fondini tashkil etish to‘g‘risidagi 2010 yil 26 fevraldagi qarorida uyushma oldiga “…xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy an’ana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy ma’naviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz munosib namunalarining xorijiy tillarga tarjima qilinishini hamda Internetda keng targ‘ib etishni” muhim vazifa qilib qo‘yadi. Bunday mo‘tabar hujjat ijodkorlarni ilhomlantirishiga, adabiyotimizning badiiy pishiq asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishda katta ahamiyat kasb etishiga shubha yo‘q.

O‘zbek adabiyoti namunalarining ingliz tiliga qilingan ilk tarjimalari, tabiiyki, Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq. Buyuk mutafakkirning “Lison ut-tayr” dostoni Ye.Fittsjerald tomonidan inglizchaga tarjima qilinib, 1899 yilda AQShnng Boston shahrida nashr etilgan edi. Xuddi shu asarning nasriy bayoni kanadalik tarjimon Garri Dik tomonidan o‘zbek tarjimashunos olimi N.Qambarov hamkorligida ingliz tiliga o‘grildi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” risolasi Robert Deveruks tarjimasida 1966 yilda AQShda kitob holida bosilib chiqqan bo‘lsa, buyuk shoirning “Sab’ai sayyor” dostoni amerikalik professor V.Firman tomonidan inglizchaga tarjima qilindi. 1988 yilda O‘zbekiston “Vatan” jamiyati Alisher Navoiy hikmatlarini Margaret Bettlinning inglizcha tarjimasida lotin alifbosida chop etgan. 1961 yilda Toshkentda nashr qilingan “O‘zbekiston gapiradi” nomli inglizcha to‘plamga Alisher Navoiyning g‘azallari, ruboiylari, hikmatlaridan namunalar hamda “Farhod va Shirin” dostonidan parcha kiritilgan.

Sohibqiron Amir Temur qalamiga mansub janr jihatidan hujjatli, tarixiy, badiiy, avtobiografik asar deb baholanishi mumkin bo‘lgan “Temur tuzuklari” ham ingliz tiliga qilingan dastlabki tarjimalardan hisoblanadi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov o‘zining “Ma’naviyatimiz tarixida “Temur tuzuklari”ning tutgan o‘rni” maqolasida ushbu yodgorlik haqida teran mulohaza yuritar ekan, uning asli turkiy tilda yozilgan qahramonlik dostonidek o‘qilishiga urg‘u beradi, mohiyat va ma’noning behad quyuqligi “Alp Er To‘nga” dostonini va tosh bitiklardagi Bilga Xoqon va Kultegin tarixlarini eslatadi, deydi. Hajmi kichik bu asarning ma’no, mohiyat-mazmuni ba’zi ko‘p jildlik romanlarga ham sig‘masligini aytadi. “…Olti asr davomida, – deb yozadi adib, – O‘zbekiston tuprog‘ida paydo bo‘lgan eng ulug‘ tarixiy, adabiy va lisoniy yodgorliklarning oldingi qatoridan “Temur tuzuklari” o‘rin olishga munosibdir. … “Temur tuzuklari” o‘zbek adabiyotida bundan olti asr burun realizmni boshlab bergan avtobiografik asar(ta’kidlar bizniki – B.X.) sifatida yuksak darajada qadrlanishi va maktab darsliklariga kiritilishi kerak”.

Chindan ham, ushbu nodir avtobiografik asarda Sohibqiron siymosi, sajiyasi, ruhiyati, tabiati, boy shaxsiyati, insoniyligi, to‘laqonli obrazi yorqin ko‘rinib turadi. Uni adabiyotimizda Cohibqiron siymosi namoyon bo‘lgan dastlabki asar deyish mumkin.

Adabiyotimizni boyitgan, yurtimizni dunyoga tanitgan “Temur tuzuklari” XVSh asrdayoq ingliz olimlarining diqqatini o‘ziga tortgan edi. Ingliz sharqshunos olimi Mayor Devi Hindistonda xizmatda bo‘lgan vaqtida “Temur tuzuklari”ning Abu Tolib al-Husayniy tomonidan forschaga qilingan tarjimasi bilan tanishadi va Buyuk Britaniyaga qaytgach, asarni ingliz tiliga o‘girib, uni Jozef Vayt degan olim tayyorlagan forscha matni bilan bir muqovada 1783 yilda Oksfordda nashr etadi. Ushbu nashr “Temur tuzuklari”ning dunyo bo‘ylab tarqalishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

O‘zbek adabiyotini dunyoga keng yoyilishida Zaxiriddin Muhammad Bobur yaratgan “Boburnoma” ham muhim qimmat kasb etgan. Vashington universiteti magistranti Dilbarxon Ahmedova “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2008 yil 15 avgust sonida e’lon qilingan “Boburnoma” ingliz tilida” nomli faktlarga boy maqolasida ushbu nodir asarning ingliz tiliga tarjimalari haqida batafsil ma’lumot beradi. Yosh tadqiqotchining yozishicha, “Boburnoma”ning birinchi marta ingliz tiliga tarjima qilinib nashr etilishi 1826 yilda yuz bergan, uni ingliz sharqshunoslari J.Leyden bilan V.Erskinlar amalga oshirishgan. Asarning ikkinchi tarjima qilinishi ingliz olimasi Annetta Beverij nomi bilan bog‘liq. 1900 yilda Buyuk Britaniyalik taniqli sharqshunos H. Beverij Haydarobodda “Boburnoma”ning bir nusxasini qo‘lga kiritadi va uni faksimile shaklida 1905 yilda Londonda e’lon qiladi. Uning rafiqasi bo‘lgan Annetta Beverij xonim ana shu faksimile nusxasidan inglizchaga tarjima qilish borasida uzoq mehnat qilgan. “Tarjimon deyarli har bir sahifada ko‘plab turkiy so‘zlarni qavs ichida yoki qavssiz berib ketish bilan birga, – deb yozadi Dilbarxon Ahmedova, – ingliz o‘quvchilariga notanish so‘z-iboralar, tushunchalarga erinmay batafsil izohlar ilova qiladi, ism va joy nomlari talaffuzini saqlashga urinadi”. 880 sahifalik asar “Boburnoma” ingliz tilida: “Bobur esdaliklari” degan sarlavha bilan ikki jild hajmida Londondagi “Luzak End Ko” nashriyotida 1922 yilda bosilib chiqadi. Ushbu tarjima keyingi yillarda yana uch (Yangi Dehlida – 1970, noshirlar Nirmal D.Jeyn bilan S.K.Mehra; Pokistonda – 2002, noshir – Niyoz Ahmad; Hindistonda – 2006, noshir – Dilip Xeyro) nashr etildi.

“Boburnoma”ning uchinchi marotaba tarjima qilinishi 1993 yilda ro‘y berdi. AQShning Harvard universitetida yiliga bir marta chiqadigan “Turkiy tadqiqotlar jurnali”ning 18 sonida “Zaxiriddin Muhammad Bobur Mirzo. “Boburnoma” nomida asliyat nusxasi, forscha tarjimasi va U.Takeston tomonidan amalga oshirilgan inglizcha tarjimasi birgalikda chop qilindi.

Oradan uch yil o‘tib, ya’ni, 1996 yilda mazkur tarjima ikkinchi marta turli miniatyuralar va xaritalar bilan boyitilib, “Boburnoma: shahzoda va imperator Boburning esdaliklari” degan sarlavha bilan Vashington D.S. shahrida Artur M.Sakler Galereyasi Smisoniyan instituti tomonidan chop etilgan. 2002 yilda Nyu-Yorkdagi “The Modern Library” nashriyoti esa “Boburnoma”ni uchinchi marta nashrdan chiqardi.

U.Takeston asarning ikkinchi nashriga ilova qilgan maqolasida, “Boburnoma” matni va tarjimalari tarixi, uni o‘rganilish jarayonlari xususida so‘z yuritadi. Dilbarxon Ahmedova tarjimonning Bobur shaxsi va sulolasiga nisbatan adolatsiz nomlanishlari haqidagi o‘rinli mulohazalariga e’tiborni qaratadi va U.Takeston maqolasidan quyidagi parchani keltiradi: “Tarix Boburni nafaqat Markaziy Osiyolikdek (ya’ni, turkistonlikdek – D.A.) o‘zligidan ayirdi, (balki) Bobur va uning avlodlariga, Boburni ranjitishi aniq bo‘lgan “mug‘ullar”, ya’ni, mo‘g‘ul, mongol nomini berish bilan uning temuriy bo‘lishdek o‘zligini ham o‘g‘irladi. (ta’kid bizniki – B.X.) U.Takestonning fikricha, yevropaliklar Bobur xonadoni va mo‘g‘ullar orasida qandaydir bog‘liqlik borligini bilganlari holda, bu bog‘liqlik qandayligining aniq tagiga yetmay turib, sulolaga nomuvofiq mo‘g‘ul(mogol, mogul, mag‘ol va h.k.) nomli variantlarni berib, bu so‘zni “ulug‘lik” so‘ziga muqobil sifatida ishlatganlar”.

Dilbarxon Ahmedova o‘z maqolasida, U.Takestonning tarjimasi hozirgi ingliz tiliga o‘girilganligi bilan ham diqqatga sazovordir, degan fikrni bildiradi. Bunga qo‘shilish kerak. Shuningdek, tarjimonning nashrga Bobur hayotining xronologiyasi, qisqacha diniy-siyosiy terminlar lug‘ati hamda bibliografiyasini ilova qilgani haqida yozadi.

1958 yilda Moskvada ingliz tilida “Uzbek poetry”(“O‘zbek she’riyati”) nomida ko‘p asrli o‘zbek she’riyatining muxtasar antalogiyasi nashr etildi. Nazarimizda, bu nashr antologiya sifatida inglizchaga tarjima yo‘sinidagi ilk qadamdir. Kitobga o‘n to‘rtta o‘zbek shoiri (3 shoir mumtoz adabiyot, 11 shoir zamonaviy she’riyat vakillaridan)ning ijodidan namunalar kiritilgan edi. Kitob adabiyotshunos olim Izzat Sultonning “A few words on Uzbek poetry” (“O‘zbek she’riyati haqida bir necha so‘z”) nomli so‘zboshisi bilan ochiladi. Unda olim ko‘p asrlik o‘zbek she’riyati haqida ingliz o‘quvchilari uchun yangilik bo‘lgan ma’lumotlar berib o‘tadi. Xususan, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” nomli didaktik asari, Yassaviy, Qutb, Xorazmiy, Durbek, Atoyi kabi shoirlar ijodi, Lutfiyning “Gul va Navro‘z” dostoni borasida fikr yuritadi. Buyuk tafakkur sohibi, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Xazoin ul-maoniy” (muallif maqolada “Chordevon” deb yozadi) kabi kitoblariga kiritilgan dostonlar va g‘azallar, Zaxiriddin Muhammad Bobur asarlari, shuningdek, zamonaviy o‘zbek shoirlari: Hamza, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Mirtemir, Zulfiya, Mirmuhsin, Asqad Muxtor, Mamarasul Boboyev, Quddus Muhammadiy hamda ulardan keyingi avlod vakillari ijodi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalar ham maqolani mazmunli qilgan, boyitgan. Har bir muallif haqida qisqacha biografik ma’lumotlar berilganligi kitobning qimmatini yanayam oshirgan.

Mazkur antologiyaga Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidan parcha hamda uch g‘azali va hikmatlari kiritilgan. Shuningdek, Muqimiy va Furqatning g‘azallari ham mumtoz she’riyat namunalari sifatida kitobdan joy olgan.

Kitob tuzuvchilari ingliz kitobxonini zamonaviy o‘zbek she’riyatining atoqli namoyandalari ijodi bilan kengroq tanishtirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Tarjima uchun, asosan, shoirlarimizning ma’lum va mashhur she’rlari tanlab olingan. She’rlarni (albatta, rus tili orqali o‘girilgan, deb hisoblash kerak – B.H) V.Ievleva, D.Rotenberg, O.Moiseenko singari tarjimonlar ingliz tiliga o‘girganlar. Ushbu antologiya ingliz o‘quvchisiga o‘zbek she’riyatining olis yo‘llari haqida yaxshigina tasavvur berishi bilan qadrlidir.

Amerikalik turkshunos olima, tarjimon, Vashington universiteti professori Ilza Sirtautas butun dunyoda o‘zbek adabiyotini, tilini, madaniyatini targ‘ib etibgina qolmay, balki adabiyotimiz namunalarini nemis va ingliz tillariga tarjima qilish bilan ham shug‘ullanib keladi. Olimaning 1980 yilda Visbaden shahrida nashr etilgan “Chrestomathy of Modern Litrerary Uzbek” (“Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tili xrestomatiyasi”) kitobi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan qimmatli majmuadir. Kitob o‘zbek tilini o‘rganuvchilarga mo‘ljallangan esa-da, tilning materiali adabiyot ekanligidan, muallif o‘z kitobiga qisqa-qisqa xalq ertaklaridan namunalar, Oybek, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Hamid G‘ulom, Said Ahmad, Pirimqul Qodirov, Saida Zunnunova, Shukrullo, O‘lmas Umarbekov kabi taniqli adiblar qalamiga mansub asarlardan parchalarni asliyatda beradi va ulardagi so‘zlar, iboralar, idiomatik birikmalar, timsollarning inglizcha ekvivalent tarjimalarini havola qiladi. Kitobda 128 sahifa glossariylar berilganligi ham diqqatga sazovordir.

O‘zbek adabiyotining fidoyisi bo‘lgan Ilza Sirtautas xonim keyingi paytlarda o‘zbek she’riyati namoyandalari ijodidan qator tarjimalarni amalga oshirdi. Jumladan, u Abdulhamid Cho‘lponning “Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman…”, Erkin Vohidovning “Barcha shodlik senga bo‘lsin…” kabi she’rlarini, Abdulla Oripov va Muhammad Ali kabi shoirlarning turkum she’rlarini ham inglizchaga tarjima qildi.

Ilza Sirtautas o‘zi va shogirdlari bilan ingliz tilida nashrga tayyorlagan kichik o‘zbek hikoyalaridan iborat kitobga “Qor qo‘ynida lola” (Cho‘lpon), “Mening o‘g‘rigina bolam” (G‘afur G‘ulom), “Bemor”, “Anor” (Abdulla Qahhor), “Shiroq” (Mirkarim Osim), “Ot”, “Sarob” (Said Ahmad), “Qo‘llar” (Saida Zunnunova), “Soat”, “Dutor” (O‘lmas Umarbekov), “Surat” (O‘tkir Hoshimov), “Baliq ovi” (Qamchibek Kenja) kabi va boshqa hikoyalarni jamlagan.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “O‘z-o‘zingni anglab yet” essesi amerikalik olim Hasan Paksoy tomonidan inglizchaga o‘girildi va, dastavval, AQShda chiqadigan “Aacar bulletin” jurnalida e’lon qilindi.

Shuningdek, muallifning Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan yozilgan “Amir Temur haqida so‘z” (“Some words about Amir Temur”) nomli maqolasi Vashingtonda chiqadigan “Sentral Eysha monitor” (“Markaziy Osiyo ko‘zgusi”) jurnalida J. Nasafiy tarjimasida nashr etildi.

O‘zbek adabiyoti namunalarining ingliz tiliga tarjima qilinishiga nazar tashlash mobaynida shu narsaga ishonch hosil qilish mumkinki, ham mumtoz, ham zamonaviy ma’noda, o‘zbek adabiyoti purmazmun, zalvorli asarlarga boydir. Uni keng targ‘ib etish, nafaqat ingliz, balki jahonning boshqa tillariga ham tarjima qilish hamisha dolzarb muammolardan bo‘lib qolaveradi.

Begoyim Xolbekova,
tadqiqotchi
«Sharq yulduzi» jurnalining 2010 yil 4-sonidan olindi.