Asliyat asarlarida bo‘lgani singari tarjimachilik ham o‘zining olis va yaqin tarixida yorqin namoyandalariga ega. Bu, avvalo, tarjima qilinayotgan asarning qiymati va ahamiyatliligi bilan shartlangan bo‘lsa, ikkinchidan, tarjimon malakasi va iste’dodi ayricha rol o‘ynaydi. Goho shunday ham bo‘ladiki, tarjima sifati asliyatnikidan o‘tib tushadi. Bu, shubhasiz, tarjimonning mahorati va tajribasiga bevosita bog‘liq. Ana shunday “asliyatdan o‘tkazib” tarjima qilgan ijodkorlardan biri, hech shubhasiz, Mirziyod Mirzoidov edi. Oldindan aytib qo‘ya qolaylik: uzoq yillardan beri televideniye ekranidan tushmay kelayotgan “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi”, “Qushday yengil bo‘ling…”, “Ishdagi ishq”, “Qaroqchi chollar” singari el qalbiga o‘chmas iz solgan filmlarni eslashning o‘zi kifoya. Ammo Mirziyod Mirzoidovning badiiy asarlar tarjimasi borasida qilgan mehnati, chekkan zahmatiga o‘lchov yo‘q deyish mumkin.
Mirziyod Mirzoidov nisbatan qisqa – bor-yo‘g‘i 50 yilgina umr ko‘rdi. U 1930 yilda Toshkent viloyatining Yunusobod qishlog‘ida tavallud topdi. Otasi Mirzoid Mirhamidov 1941 yilda vafot etgach, yosh Mirziyod jamoa xo‘jaligi tashkilotchilaridan biri, sohibkor bog‘bon Mirhamid bobo qo‘lida tarbiyalandi. O‘rta maktabni 1947 yilda kumush medal bilan bitirgan Mirziyod O‘rta Osiyo Davlat universiteti – SAGU (hozirgi Milliy universitet)ning filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘qishni bitirgach, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotiga ishga kirdi, bu maskanda bo‘lajak tarjimon muharrir va katta muharrir lavozimida faoliyat olib bordi.
1965 yilda Mirziyod Mirzoidov Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilindi.
Mirziyod Mirzoidov o‘sha vaqtlarda A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarini qayta-qayta mutolaa qilar edi. Ijodiy qalami charxlanishiga asosan mana shu ikki kitob katta ta’sir ko‘rsatganini Mirziyod aka faxrlanib gapirar edi. A.Qahhor, Oybek, H.Olimjon singari o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandalari bilan shaxsan tanishligi va ular asarlarini qunt bilan o‘rganishi uning tarjimachilik salohiyati tinmay ortib borishida muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, A.Qahhor, M.Ismoiliy, A.Oxundiylarning tarjima sohasidagi mahoratlari o‘rta avlodga mansub Mirziyod akaning ijodi gurkirab o‘sishiga omil bo‘ldi va ko‘p o‘tmay uning o‘zi ham respublikamizdagi tarjimachilik maktabining yetakchi namoyandalaridan biriga aylandi. Agar “Ellada qahramonlari”, L.Panteleev, G.Belixning “Shkid respublikasi” kabi asarlari tarjimalarini M.Mirzoidov faoliyatining boshlang‘ich pallalari deb oladigan bo‘lsak, G.Sevuntsning “Tehron” (2-kitob), V.Varmaning “Jhansiy malikasi”, Onore de Balzakning “Gobsek”, A.S.Shishkovning “Sarkash daryo” (1-kitob) asarlari tarjimalari uning ijodiy muvaffaqiyatlari cho‘qqisini tashkil etadi.
Aytib o‘tganimizdek, M.Mirzoidovning badiiy film tarjimalari uning ijodida alohida o‘rin tutadi. Film qahramonlarini o‘z tilida gapirtira olish mahorati u tarjima qilgan filmlarda yaqqol namoyon bo‘ldi. Tarjimon jami o‘n ikki film, to‘rt pesa, to‘rt telespektaklni rus tilidan ona tilimizga o‘girdi. To‘liq bo‘lmagan ro‘yxatda M.Mirzoidov qalamiga mansub o‘ttizga yaqin roman va qissa nomlarini o‘qish mumkin. Turgenev, Gorkiy, Sholoxov, Fadeev, Artur Konan Doyl, Mustay Karim asarlari Mirziyod Mirzoidov tarjimasida o‘zbek madaniyatining merosiga aylangani aslo mubolag‘a emas.
M.Mirzoidov 1980 yil 6 aprelda olamdan o‘tdi. Zahmatkash ijodkorning jonli, to‘laqonli, shu bilan birga o‘ta muvofiq tarjimalari o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘lib qoldi. Sanjar Siddiq, Mirzakalon Ismoiliy, Abdulla Qahhor kabi yirik ustozlar boshlab bergan tarjimachilikning shonli yo‘lini muvaffaqiyatli davom ettirgan va rivojlantirgan eng yorqin ijodkorlardan biri, shubhasiz Mirziyod Mirzoidov bo‘ldi.
Aslida, chinakam tarjimon tanlangan asarning so‘zlarinigina ona tiliga o‘girib qo‘ymaydi, balki uning ruhi ham kitobxon qalbiga yetib boradigan darajada ifoda etilishiga harakat qiladi. Shu ma’noda o‘zbekcha tafakkurga xos so‘zlar nafaqat milliy badiiy asarlarda, ayni chog‘da tarjima asarlarda ham uzukka ko‘z qo‘yganday yarashib turadi. Ayni chog‘da bu hol tarjimonning mahorati, kuzatuvchanligi va sinchkovligini ko‘rsatadi. Tarjima san’ati sir-sinoatini o‘rganmoq istagidagi yoshlar uchun ustozlar mahorati ibrat maktabi vazifasini o‘taydiki, ayni o‘rinda so‘z yuritilayotgan mutarjim Mirziyod Mirzoidov qalamidan chiqqan asarlar shu jihatiga ko‘ra ham qimmatlidir.
Ustoz tarjimonning so‘zni tanlab-tanlab, saralab-saralab ishlatishi, kam qo‘llaniladigan, ammo ma’no nozikligiga ega iboralardan o‘rinli foydalanishiga quyida e’tiboringizga juz’iy qisqartirishlar bilan havola etilayotgan I.S.Turgenevning “G‘olib sevgi qo‘shig‘i” asari tarjimasida ham ishonch hosil qilish mumkin.
“Vskore on vstupil v brak s Valeriyey” jumlasidagi “vstupil v brak” iborasini bugun ko‘pchilik, ehtimol, “nikohdan o‘tdi” yoki “nikohlandi” tarzida ona tilimizga o‘girishi mumkin. Holbuki, so‘zlashuvimizda ikki yoshning umr yo‘llarini bog‘lashi maishiy turmushdan kelib chiqqan holda go‘zal ibora bilan ifodalanadiki, tarjimon ham bu o‘rinda ayni iborani qo‘llaydi: “Ko‘p o‘tmay u Valeriya bilan bir yostiqqa bosh qo‘ydi”.
“Pochtennaya vdova prolila neskolko slyoz pri mыsli o razluke s lyubimыm detiщem” jumlasidagi onaning iztirob va quvonchlarini tarjimon “marjon-marjon yosh to‘kdi” tarzida o‘giradi. Bu bir jihatdan munis ona uchun tanlov naqadar og‘ir bo‘lganini, u muttasil shu haqda o‘ylab, alamini tinmay ko‘z yoshdan olganini ko‘rsatsa, boshqa jihatdan obrazliligi bois kitobxon tasavvurida holatni yorqinroq namoyon qiladi.
Asar qahramoni Mutsiy ona shahriga qaytib kelganida “ko‘zlari ilgarigidan ko‘ra kirtaygandek ko‘rinardi”. Bu jumla rus tilida “…glaza kazalis uglublyonnee prejnego” shaklida ifodalangan. Holbuki, uzoq safar mashaqqatlarini boshidan kechirgan kishi har qancha tetik ko‘rinishga urinmasin, yo‘l azobi – uyqusizlik, horg‘inlik, charchoq ko‘zlarida aks etadi. Binobarin, o‘zbek tarjimoni ayni ma’nolarni to‘kis ifoda eta oladigan inja so‘zlarimizdan “kirtaymoq”ni topa bilgan.
Badiiy asar tilning ifoda imkoniyatlari bor bo‘yicha aks etadigan noyob vositadir. Turli sabablar bilan gohida unutilganday tuyuladigan, xira tortgan so‘zlar ham agar muvaffaqiyatli qo‘llanilsa, badiiy asarda yaraqlab ketadi. Ona tilimizda bittagina so‘zning o‘nlab ma’nodoshlari borligi esa ijodkorga katta imkoniyat beradi. Masalan, “G‘olib sevgi qo‘shig‘i”da shunday jumla bor: “Fabiyu pochudilos, chto na tyomnom litse Mutsiya melknulo dva belыx pyatnыshka…” Bolaligidan qoracha bo‘lgan, ustiga-ustak, sahro va dengiz osha sayohat qilgan Mutsiyning yuzi, malayyalik malayning ilmu amali tufayli, yanada ajabtovur ko‘rinishga kiradi. Buni M. Mirzoidov “Fabiyning nazarida, Mutsiyning qopato‘ri yuzida ikkita oppoq dog‘ milt etib ko‘ringandek bo‘ldi…” tarzida ona tilimizga o‘giradi. Xullas, tarjima ham ona tili boyligini munosib aks ettiruvchi vosita ekani M.Mirzoidovdek tarjimonlar mehnati bilan yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Amir Fayzulla,
Otabek Safarov
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son