Umarali Normatov. Til ilmining shoiri

http://n.ziyouz.com/images/ayyub.jpg(Tilshunos olim, murabbiy Ayyub G‘ulomov tavalludining 100 yilligiga)

Milliy universitet filologiya fakultetida xizmat qilgan men tengi domlalar bu tabarruk zotga – zamonaviy o‘zbek tilshunosligi ilmiy maktabiga asos solgan allomaga erkalik qilib “Ayyub aka” deb murojaat etardik. Talabalik yillarimni ham qo‘shganda Ayyub aka bilan 35 yillik umrimiz shu dargohda o‘tdi. Sohamiz boshqa – u kishi tilshunos, men esa adabiyotshunos, u kishi o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, kamina esa hozirgi o‘zbek adabiyoti kafedrasi domlasi, so‘ng mudiri bo‘lsam-da, u bilan deyarli har kuni uchrashib turardim. Turli yig‘in, kengashlarda, qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tadigan anjumanlarda birga ishtirok etar, ko‘pincha yonma-yon o‘tirardik. O‘tgan asr 60-70-yillari universitet domlalari uchun ajratilgan yangi mahallada hovli-joy qurib birga hammahalla bo‘lib yashash nasib etdi. Domlaning umr yo‘ldoshi Saidaxon bilan mening rafiqam bir maktabda muallimalik qildilar, o‘g‘lim Boburjon bilan Ayyub aka va Saidaxonlarning suyukli farzandi Ravshanjon bir maktabda o‘qib, bolalikdan og‘a-ini do‘st tutingan edilar, bu do‘stlik rishtalari hozirga qadar davom etadi…

Nihoyatda ko‘rkam, adlqomat, ozoda, saranjom-sarishta, chehrasidan nur yog‘ilib turadigan bardam-sog‘lom bu zot yuz yil yashasa kerak, deb yurardim. Unday bo‘lmadi. Butun umri, ilmiy-pedagogik faoliyati mustabid tuzum bosimi, talotumlari, mafkuraviy-siyosiy tazyiqi ostida kechgan bu benazir olim asl maslagi, orzu-intilishlari, dardu alamlari, hasratlarini ichiga yutib-yutib, hatto eng yaqinlariga ham ularni oshkor etmay, etolmay 70 yoshga yetmay birdan cho‘kib qoldi, og‘ir yurak xastaligiga uchradi, 72 yoshida olamdan o‘tdi. Domlamiz oramizdan ketishi bilanoq, universitet, mahalla, til ilmi, qolaversa, mening hayotimda tiklab-tuzatib bo‘lmas bir kemtiklik, o‘pirilish yuz berdi.

Milliy tilshunosligimiz safida biri biridan qolishmaydigan yetuk allomalar ko‘p, ammo men bilganlar, yaqindan muloqotda bo‘lganlar orasida Ayyub aka bittagina, u benazir, betakror, unga yaqin keladigan boshqa hamsuhbat tilshunos olimni, murabbiyni ko‘rmadim, topmadim.

Domlaning auditoriyada, minbarda o‘zini tutishi, chaqqon xatti-harakatlari, dars o‘tish, ma’ruza o‘qish, so‘zlash tarzi, darslik, o‘quv qo‘llanma, ilmiy asarlarining betakror ifoda tarzi hammani birdek maftun etar, u kishini shaxsan tanimagan, ko‘rmagan, uning nutqini, ma’ruzalarini tinglamaganlar ilmiy asarlari, o‘quv darslik qo‘llanmalarini bir qayta o‘qib ko‘rsinlar-a, ularda bu zotning shaxsiyati, so‘zlash tarzi, ohangini baralla tasavvur etishlari mumkin.

Olimning bundan 60 yil muqaddam 1954 yili chop etilgan “Fe’l” risolasidan mana bu parchani o‘qib ko‘ring-a. (U bizga ma’ruza o‘qigani ilk bor kirganida, shu havo rang muqovali kitobcha qo‘lida borligi yodimda, lekin u ma’ruza chog‘i biror marta ham kitob sahifalariga qaragan emas). Risola dabdurustdan mana bunday boshlanadi:

“Fe’l harakat yoki holatni ifodalovchi so‘z turkumidir. Fe’llardagi bu leksik xususiyat ularning ikki to‘daga ajralishiga asos bo‘ladi: harakat fe’llari va holat fe’llari. Fe’ldan anglashiladigan bu harakat va holat odatda shaxs yo predmet bilan bog‘langan bo‘ladi” (3-bet).

Hech qanaqa “kirish”siz fe’lga berilgan lo‘nda ta’rif, barchaga birdek tushunarli, harakatdagi jumlalar…

Kitobning oxirrog‘idan yana bir misol:

Tush fe’li: odatda ravishdoshning ikkinchi turi bilan birikadi… Ma’nosi: harakatning jo‘nalish yo‘li; tugallik, ma’noning kuchayishi: qarol bolaning egni tutday to‘kildi, yenglari uzilib tushdi, qorni to‘ymagani ustiga kiyimning dardi bo‘lib, bola bechora gulday so‘lib tushdi (folklordan).

Chiq fe’li: bu ham ravishdoshning ikkinchi turi bilan birikadi. Ma’nosi: ishning bajarilishi, uzoq davom etganligi: romanni o‘qib chiqdi, rasmlarni ko‘rib chiqdi, bola kasallandi, bu kecha yig‘lab chiqdi. Bu apparatni kim o‘ylab chiqargan? (81-bet).

88 sahifalik risola boshdan-oxirigacha ayni shu tarzda, shu ohangda, shu usulda bitilgan… Shu satrlarni bugun qayta mutolaa qilayotgan chog‘imda domlamizning oltmish yil burun universitet auditoriyasida fe’l turkumi mavzusida o‘qigan g‘oyat maroqli ma’ruzasidagi holati, xatti-harakatlari shundoqqina ko‘z oldimda gavdalandi, so‘zlash yo‘sini, ohangi baralla eshitilib turdi.

Men Ayyub akaning so‘zlash, yozish tarzi, ifoda usulini unga zamondosh adiblardan Abdulla Qahhor uslubiga o‘xshataman. Adib asarlarida, xususan, hikoyalarida har bir so‘z o‘z joyida, gap tuzilishi sodda, aniq, pishiq-puxta, gapda birorta ham ortiqcha unsur yoki kemtik – chala-chulpa holatni topolmaysiz. Jimjimador, yaltiroq, bezakdor jumlalarsiz, oshkora his-hayajon, oh-vohlarsiz ham sodda, lo‘nda jumlalar orqali adib nishonga bexato uradigan teran ma’nodor matnlar tuza oladi, ularda o‘quvchi dilini o‘ziga mahliyo etadigan sirli-sehrli ohang baralla yangrab, eshitilib turadi. Men bilgan tilshunoslar orasida faqat Ayyub aka ilmiy asarlaridagina shunday shoirona ruh, jozibador ohang bor!

Ayyub aka nihoyatda intizomli shaxs bo‘lgan. Biror tasodif bo‘lib qolmasa, uning universitetga borishi va qaytishi vaqti aniq tayin edi. U yurganda qaddini adl tutib bir maromda odim tashlar, bu maromini aslo buzmas, belgilangan maromdan tez ham, sekin ham yurmas edi. Universitetga yayov borish yoki qaytish muddati hech qachon 20 minutdan oshmas edi. Men ham imkon qadar uning shu tartib-rejimiga qarab ish tutar edim. Endi eslab ko‘rsam, o‘sha 20 minutlik borib-kelishlarimiz hech mahal behuda o‘tmagan ekan. O‘sha chog‘lardagi gurunglarimizning har biri muayyan mavzuga bag‘ishlanardi.

Ayyub aka o‘z sohasi bilan cheklanmay, adabiyot, adabiyotshunoslikdagi yangiliklardan muntazam xabardor bo‘lib borar edi. Milliy adabiyot bu yoqda qolib, rus va jahon adabiyotidagi, jumladan, “Literaturnaya gazeta”, “Novыy mir”, “Drujba narodov”, “Inostrannaya literatura” sahifalaridagi yangiliklarni, bahs-munozarlarni muntazam kuzatib, o‘qib borardi. Bir gal “Literaturnaya gazeta” sahifalarida ketayotgan “Liriklar va fiziklar” mavzusidagi bahs ustida so‘z ochib, bahslashayotgan azamatlar Sharq tarixini, Sharq adabiyoti va fanini yaxshi bilmaydi-da. Ozod, Matyoqub, Norboy, Siz shu bahslarda qatnashib bizda olimlar shoiru, shoirlar olim bo‘lganligini, bu an’ana hozir ham davom etayotganligini, loaqal, Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Fitrat, Oybek, Shayxzoda, Izzat Sultonlar misolida ko‘rsatsalaring bo‘lmaydimi, deya ta’na qildi. So‘zi tasdig‘i uchun yana ko‘plab misollar keltirdi.

Domla o‘sha kezlari faol ijod etayotgan adabiyotshunos munaqqidlarning aqida, saviya, darajasini yaxshi bilar, ularga odilona baho berardi. Gurunglarimizdan birida L.Qayumovning Hamza haqidagi salmoqdor kitoblari haqida so‘z ochib, uning yutuq va kamchiliklari ustida batafsil to‘xtaldi. Bugun eslab ko‘rsam, o‘shanda aytgan ko‘p mulohazalari yodimdan ko‘tarilibdi, ammo bir jumla – mana bu gapi esimda qolibdi: “Lazizxon Hamza hayoti va ijodini sinchkovlik bilan ikir-chikirlarigacha teshiribdi, Hamzaga daxldor bo‘lsa, uyi tokchasida yotgan ignani ham kitobiga kiritibdi”. Topib aytilgan qahhorona lo‘nda, obrazli gap, kitobga berilgan odilona baho!

O‘zgalarga, safdoshlariga baho berishda domla nihoyatda ehtiyotkor, talabchan bo‘lgan. Ozod akaga, uning o‘zi aytganiday, sirtdan befarqroq qarasa-da, aslida, uni nihoyatda hurmat qilar, qadrlar, universitet sport zalida voleybol mashqlarida bir komandada birga muntazam qatnashar, ammo ilmiy munozaralarda ko‘p hollarda dilidagini oshkora aytavermasa-da, ichida uning yonini olardi. Bir gal adabiyot gazetasida Ozod akaning bir chiqishi munosabati bilan keskin ruhdagi tanqidiy maqola bosildi. Yo‘l-yo‘lakay, shu haqda so‘zlashib bordik. Oxirida u “Haq gapni aytishda yozuvchilardan Abdulla Qahhor bitta edi. Hozir tanqidchilar ichida bu borada Ozod bitta! Ozod akangizga ayting, o‘zini ehtiyot qilsin. Yuqoridan shapkasini ol desa, quyida kallasini oladiganlar borligin unutmasin”, dedilar.

80-yillar boshlarida bo‘lsa kerak, universitetdan birga qaytish chog‘i “O‘tkan kunlar” romanining til, imlo xususiyati, xususan, 1926 yilgi nashrida so‘zlardagi –gan, -ga, -kan, -lik kabi qo‘shimchalarning –g‘an, -g‘a, -qan, -liq ga aylantirilgani, bu hol asar mutolaasida bugungi kitobxon uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani ustida so‘z ochib, nega shunday bo‘lgani sababini so‘radim. Faqat bu romanda emas, adibining 20-yillari matbuotda chiqqan boshqa asarlarida, publitsistik maqolalarida ham shunday hol ko‘zga tashlanadi. Qiziq, Qodiriyning 1914-1920 yillar oralig‘ida, keyinroq 30-yillarda bitgan asarlarida bu hol kamdan-kam uchraydi. Afsuski, muayyan sabablarga ko‘ra, adib asarlarining asl qo‘lyozma nusxalari saqlanmagan, asliyatda qanday ekanligini bilmaymiz. Eshitishimcha, 20-yillar boshida qabul qilingan imlo qoidasiga ko‘ra -gan, -ga, -kan, -lik kabi qo‘shimchalarni -g‘an, -g‘a, -qan, -liq shaklida yozish nazarda tutilgan ekan. Bu qoida lotin alifbosiga o‘tilgunga qadar amalda bo‘lgan… Shunisi ham borki, yozuvchi iborasi bilan aytganda, roman matnida bu qoidani buzib qo‘yadirgan hollarga har qadamda duch kelamiz: bir sahifaning o‘zida -gan, -ga, -kan, -lik qo‘shimchalari bilan bitilgan so‘zlar ham yondosh holda kelaveradi. Demak, bu borada izchillik bo‘lmagan.

Darhaqiqat, lotin alifbosiga o‘tilganidan keyin, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, asl holatga -gan, -ga, -kan, -lik shakllariga qaytildi. O‘sha qoida amalda bo‘lgan davrda chiqqan asarlardagi holat keyingi nashrlarida o‘zgartirildi. Oybek, A.Qahhor, G‘.G‘ulom, H.Olimjonlar avvalgi imlo qoidalari bo‘yicha chiqqan asarlari matnini keyingi nashrlarida yangi qoidaga moslashtirganlar. Qodiriyning “Jinlar bazmi”, ayniqsa, “Uloqda” hikoyalari ham 1936 yilgi nashrida ham uslub, ham imlo jihatidan jiddiy tahrir qilingan.

Afsus, adib “O‘tkan kunlar”ni yangi sharoitda yangi imlo qoidasiga o‘z qo‘li bilan moslashtirishga ulgurolmay dunyodan o‘tib ketdi. Romanining 1925 yilda chiqqan birinchi bo‘limiga ilova qilingan “Uzr” sarlavhali izohnomasida u afsus-nadomat bilan asarning “imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi”, deb yozadi. “Ro‘manning ikkinchi bo‘limini bunday xatolardan sof bo‘la olishiga va’da bera olmasligini” ham pisanda qilib o‘tadi.

Shu haqida so‘z ochganimda Ayyub aka: “Darhaqiqat, 20-yillarda siz tilga olgan Til va imlo qurultoyidan boshlab to yangi lotin yozuviga o‘tgunga qadar ayni shu til va imlo masalasi tevaragida qizg‘in bahs-munozaralar davom etgan, – deya so‘zini davom ettirdi. – Yana bir necha bor ayni shu masalaga bag‘ishlangan qurultoy, muhokama majlislari bo‘lib o‘tdi, matbuotda qizg‘in munozaralar davom etdi. “Chig‘atoy gurungi” a’zolari bu harakatning boshida turgani bois, garchi gurung 1922 yili tarqatib yuborilgan bo‘lsa-da, ular ilgari surgan g‘oyalar harakatda davom etaverdi. Chig‘atoychilar ona tilimizni arab, fors tillari ta’siridan xalos etishga, ayni paytda, uni bostirib kelayotgan rus va boshqa Ovropa tillari tahdididan asrash, himoya qilish, umumturk tillariga xos qadriyatlarni tiklash, turli usutuvor sheva boyliklarini muomalaga olib kirish yo‘lidan bordilar. Bu borada goho haddidan oshish hollari ham bo‘lgan. Bahslar chog‘i imlo bobida bir xulosaga kelish qiyin kechgan. Boya siz eslatgan “O‘tkan kunlar” matnidagi “tuzatish” – tahrirlar ana shunday o‘zboshimchalik oqibati ekani ayon. O‘sha yillari vaqtli matbuot, nashriyot tahririyatlarida Qodiriy aytgan “imlochilar” ayni shu yo‘sinda faoliyat olib borganlar.

Bu muammoni shu holda qoldirib bo‘lmaydi. Bu – Qodiriydek so‘z san’atkoriga, “O‘tkan kunlar”dek benazir asarga, qolaversa, jonli adabiy tilimizga zug‘umdan boshqa narsa emas. Muhimi, romanning ilmiy akademik nashrini tayyorlash, asar matnini Qodiriyga yarashmaydigan shu xil sun’iylik, dag‘allik, har xilliklardan xalos etish kerak. Zarurat tug‘ilsa, bu ishga bosh qo‘shishga men tayyorman…”

Azizlar, yuqorida keltirilgan Ayyub akaning so‘zlari matnini aynan tiklashga, ochig‘i, qurbim yetmadi, faqat nutq mazmunini bor holicha qog‘ozga tushirishga urindim, xolos. Buning uchun Sizlardan uzr so‘rayman. Afsus, bu orada Ayyub aka betob bo‘lib qoldi, ancha vaqt davolandi, avvalgi holiga qaytmadi, oxiri, olamdan o‘tdi… 90-yillarga kelib sho‘ro zamonida jiddiy tahrir, qisqartirishlar bilan chiqqan “O‘tkan kunlar” o‘rniga 1926 yilgi nashri asl nusxa namunasi sifatida qayta chop etildi, shundan beri u qayta-qayta chop etilayotir. Adib hayotligida lotin alifbosida bosilgan 1933 yilgi nashrida bu borada ancha-muncha tahrir, tuzatishlar bor edi. Bu nashr negadir hozirga qadar e’tibordan chetda qolib kelayotir…

Kishiga taskin beradigan jihati shundaki, qodiriyshunoslik bugun balog‘at yoshiga ko‘tarilgan, Qodiriy armonini, Ayyub akadek til ilmi shoirining takliflarini yuzaga chiqarish, “O‘tkan kunlar”dek noyob romanning ilmiy-akademik nashrini tayyorlashga qodir zukko adabiyotshunos, matnshunos, tilshunoslarimiz bor, endigi butun umidimiz ulardan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-son