Umarali Normatov. Sokin ko‘ngil rozlari

O‘tgan asr 60-yillarining oxirlari, zilziladan so‘ng Talabalar shaharchasi biqinida universitet domlalari uchun qurilgan binodan oilamizga ajratilgan xonaga yaqindagina ko‘chib borganmiz. Shu orada qadrdonim Mahmud Sa’diy to‘ladan kelgan o‘rtabo‘y bir yigitni boshlab keldi. «Tanisangiz kerak, talabangiz Tog‘aymurod Mengnorov, jurnalistika fakultetida o‘qiydi, hikoyalar yozadi», deya tanishtirdi hamrohini. Darhol tanidim, u o‘qiydigan guruhga «Estetika va adabiyotshunoslik asoslari»dan dars berganman. Esladim: bu yigit darslarda doimo xayol surib, nimanidir pichirlaganday o‘zi bilan o‘zi ovora jimgina o‘tirar, darsda biror marta ham savol berganini, bahs-munozaralarga aralashganini bilmayman. Nihoyat, sinov vaqti keldi, biletda qo‘yilgan savollar bo‘yicha shunaqa bulbuligo‘yo bo‘lib gapira ketdiki, lol bo‘lib qoldim, hatto men ko‘rmagan, tavsiya etmagan asarlarni ham o‘qigani ma’lum bo‘ldi. «Uka, shuncha narsa bilar ekansiz, nega seminar darslarida biror kalima ham so‘z aytmadingiz?» desam, «Xarakterim shunaqa» deb qo‘ya qolgandi.

Mehmonlarni ichkariga taklif qildim. Stol tevaragida choyxo‘rlik, qizg‘in gurung boshlandi. Mahmudjonning taklifi bilan Tog‘ay Murod «Zarang tayoq» deb atalgan yangi hikoyasini o‘qidi. Hikoyada keksayib qolgan cho‘pon va uning o‘g‘li haqida gap borar, ota qo‘lidagi zarang tayoqni kimga topshirishni bilmay xunob, zamona yoshlari, jumladan, o‘g‘li «podachi» bo‘lishdan or qiladi, bu hol qariyani iztirobga soladi. Talaba yoshidagi havaskor yozuvchidan bunday tayyor asar kamdan-kam hollarda chiqadi. Hikoyadagi o‘ta hayotiy, tabiiy, ta’sirchan lavhalar Mahmudjonni ham, meni ham o‘ylatib qo‘ydi, har ikkimiz ham u haqda iliq gaplar aytdik. Tog‘ay Murod esa maqtov so‘zlarimizga parvo ham qilmay, shunday bo‘lishini bilganday indamay o‘tirardi. Oradan ko‘p o‘tmay hikoya qaysidir jurnalda chiqdi. Asar matni keyinchalik yozuvchining «Momo yer qo‘shig‘i» qissasiga biroz o‘zgartirishlar bilan kiritildi.

Odatdagidek, gurung oxirida dasturxonga osh tortildi. Devzira guruchdan manqalda tayyorlangan qip-qizil farg‘onacha palovdan tatib ko‘rgach, «Palov pishirishni asli farg‘onaliklarga chiqargan», deb qoldi Tog‘ay Murod. Men ham o‘z navbatida «Tandir kabobni esa surxondaryoliklarga chiqargan», deb javob qildim. Kulishdik. «Surxondaryodan bo‘lsam ham choyxona palovni xush ko‘raman, asli ajdodlarimiz farg‘onalik-da», deya ilova qildi u. Bu gap chinmi yoki shunchaki ko‘ngil uchun hazil tariqasida aytildimi — bilolmay qoldim. Oradan chorak asr o‘tib yozilgan «Otamdan qolgan dalalar» romanidagi eng nurli siymo «Farg‘onachi Jamoliddin»ni muallif diliga yaqin olib, chin samimiy ehtirom bilan tasvir etadi. Bu personaj Tog‘ayning ajdodlaridan bo‘lsa ajab emas.

Shu-shu, Tog‘ay Murodning matbuotda chiqqan har bir asarini kuzatib, o‘qib boradigan bo‘ldim. U adabiyotga shoshilmay sekingina kirib keldi, ilk mashqlaridan to el og‘ziga tushgan «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi chiqqunga qadar o‘n yilcha vaqt o‘tdi. Har gal unga duch kelganimda «Nega matbuotda kam ko‘rinasiz?», deb so‘rasam, hamisha «O‘qiyapman, o‘rganayapman, durustroq narsa yozishga tayyorlanayapman» degan javobni olardim. Bunday jiddiy tayyorgarlik izsiz ketmadi. Birin-ketin «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar» e’lon qilindi, bu asarlarning har biri adabiy hayotimizda katta voqea bo‘ldi. Hamkasb munaqqidlar qatori men ham bu qissalar haqida ko‘nglimdagi gaplarni aytganman, yozganman.

Tog‘ay bosiq, vazmin ko‘rinsa-da, ta’bi o‘ta nozik, kuyunchak odam edi. Sal narsaga birdan lovillab ketardi. Yozuvchilar uyushmasidagi majlislardan birida «Momo yer qo‘shig‘i» xususida iliq gaplar bilan birga qissa biroz tarafkashlik bilan yozilgani, muallif o‘zi suymagan qahramoniga jamiki salbiy illatlarni yopishtiraverganini aytuvdim, zalda o‘tirgan Tog‘ay shartta o‘rnidan turib bunday e’tirozga qo‘shilmasligini bildirdi. Shundan keyin anchagacha ko‘cha-ko‘yda unga duch kelganimda hatto salomimga alik ham olmay yurdi.

90-yillarning boshlari bo‘lsa kerak, yangi bitgan hovlimizga kutilmaganda Tog‘ayning o‘zi tanho holda kirib keldi. O‘sha kezlari shaharda tarqalgan grippdan aziyat chekib endigina o‘zimga kela boshlagan, dilimga yaqin suhbatdoshni qo‘msab yotgan edim. Boz ustiga, Tog‘ayning oradagi ginaxonlikni unutib xonadonimizga kirib kelishi ko‘nglimni tog‘day ko‘tarib yubordi. Odatdagidek non-choy, Tog‘ay xush ko‘radigan devzira guruchdan o‘choqda tayyorlangan farg‘onacha palov… Eng muhimi, tun yarmigacha davom etgan ham maroqli, ham dardu hasratlarga to‘la hazin suhbat. Tog‘ay meni o‘ziga yaqin olib dilidagi jamiki dardu dunyosini to‘kib soldi. O‘sha kuni men Tog‘ayni yangidan kashf etgandek bo‘ldim. U haqdagi avvalgi tasavvurlarim go‘yo ost-ust bo‘lib ketdi. «Domla, Ma’sumaga uylanganimdan xabaringiz bor, — deya, eng aziz, nozik dil rozini ocha boshladi. — U alomat ayol, yaxshi yozuvchi. Dunyoda onamdan keyin meni tushunadigan, qadrimga yetadigan zot shu! Turmushimiz joyida. Faqat birgina armonimiz — tirnoqqa zormiz. Shifokorlarga qaratdik. Ikkimiz ham soppa-sog‘. Ollohning o‘zi bermasa iloji yo‘q ekan…»

Darhol «Oydinda yurgan odamlar» xayolimdan o‘tdi. Qoplon timsolida Tog‘ay o‘z dardu dunyosini tasvirlagan ekan-da, degan o‘yga bordim. Shu haqda so‘z ochgan edim, Tog‘ay «E, domla, «Oydinda yurgan odamlar»ni to‘yimizdan besh yil burun yozganman. Oldindan qilingan bashoratmi, intuitsiya karomatimi yoki peshonaga bitilganimi, qarang, o‘zim yaratgan Qoplonning kuni o‘zimning boshimga tushib o‘tiribdi…»

Tog‘ay qayta qurish, oshkoralik davri alg‘ov-dalg‘ovlari, ma’naviy hayotdagi evrilishlar, ijodkorlar davralaridagi behuda dahanaki janglar xususidagi hasratlaridan chang chiqardi. Ikki-uch yozuvchi-shoirdan boshqasi — barcha-barchasi unga begona, u menga go‘yo g‘animlar qurshovida qolgandek tuyuldi o‘sha topda. «Qaysi davraga kirsam, ijod o‘rniga g‘iybat, men bunaqa davralardan o‘zimni chetga olib yuradigan bo‘lib qoldim», deya hasratlariga yakun yasagandek bo‘ldi.

Biroz sukutdan keyin, yana qizishib so‘zida davom etdi: «G‘animlarimning da’vosicha, go‘yo men etnograf, shunchaki baxshi qalamkash emishman. «Denovdan nariga chiqolmaysan, naryoqda nimalar bo‘layotganini ko‘rmaysan, jahon adabiyotidan bexabarsan, modernizm nima, absurd, ong oqimi nima — bilmaysan, Nitshe, Freyd, Kafka, Joys, Kamyuga tishing o‘tmaydi», deya tashlansalar bo‘ladimi menga, bu «bilag‘on» nodonlar. Ishoning, Umarali aka, men Nitsheni, Freydni, Kafka, Joys, Kamyularni, modernizm adabiyotini ulardan kam emas, ortiqroq bilaman. Nitshe «Zardusht»ini, Kafka «Jarayon»ini, Kamyu «Begona»si bilan «Vabo»sini bir emas, bir necha bor o‘qib chiqqanman, Joysning «Uliss»ini ham «Inostrannaya literatura»da ruscha tarjimasi chiqmasdan burun qo‘lyozmasini topib o‘qiganman, hatto uni o‘zbekchaga tarjima qilishni ko‘nglimga tugib qo‘yganman. Bu oliftalarning moderncha mashqlari taqliddan nariga o‘tmaydi, yozganlari tarjimaga o‘xshaydi. Men ularga haqiqiy «o‘zbekona modern», «o‘zbekona absurd», «o‘zbekona ong oqimi» qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman…»

Sirtdan o‘ta bosiq, tabiatan sokin ko‘ringan bu yigitning qalbida shunchalar dard, iztiroblar borligidan ogoh bo‘lib hayratda qoldim.

Zamonaviy jahon falsafasi, adabiyoti, ularning ulkan namoyandalari, men eshitgan, eshitmagan, o‘qigan, o‘qimagan asarlar haqida shu qadar to‘lib-toshib gapirdiki, ko‘plar nazarida «etnograf, baxshi qalamkash» bo‘lib ko‘ringan bu o‘g‘lonni teran fikrlaydigan zamonaviy yetuk bir faylasuf, zabardast zamonaviy mutafakkir adib qiyofasida ko‘rib ich-ichimdan quvondim. Bu beorom qalb sohibi, mutafakkir ijodkor yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda albatta badiiy kashfiyotlar yaratajagiga ishonch hosil qildim. Adibning galdagi «Otamdan qolgan dalalar», «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» asarlari mendagi mana shu ishonchni to‘la oqladi, deb dadil ayta olaman.

Har ikki asarda yozuvchining o‘z asri, zamonasi, zamondoshlari haqidagi o‘y-mushohadalari, qalb iztiroblari to‘la-to‘kis ifodasini topgan. Tog‘ay Murod tanqidchilikda ko‘proq an’anaviy baxshiyona yo‘nalishdagi yozuvchi sifatida talqin qilinadi. Buning uchun muayyan asos bor, albatta. Til, ifoda, ohang tarzi qadim dostonlarni yodga soladi. U folklor tajribalariga tayangan holda milliy nasrimizda yangicha betakror uslub ixtiro etdi. Biroq uning adabiyotimizdagi eng katta badiiy kashfiyoti, meningcha, Shaxs talqinidagi yangilikdadir. Bu borada o‘zi sevib o‘qigan, o‘rgangan Kafka, Joys, Kamyu bisotlaridan o‘tgan nimalardir bor. Shaxs tabiati, baxti, baxtsizligi, qismati talqinida Tog‘ay XX asr jahon modern adabiyotining eng muhim xususiyatlariga hamohang yo‘llardan bordi. Shaxsni ijtimoiy mavjudot sifatida anglashdan butunlay chekinmagan holda, uning qismatidagi sirli-sehrli, ilohiy, tushunish, tushuntirish mushkul bo‘lgan sir-sinoatlar, tug‘ma tabiiy omillarning o‘rnini favqulodda bir mahorat bilan ochib berdi, inson ruhiyatining g‘aroyib nag‘malarini, qon-qoniga singib ketgan aqidalar uni ne-ne ko‘ylarga solishini, mana shunday odamlarning fikrlash yo‘sinidagi — tafakkur oqimidagi jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatdi va badiiy teran tahlil etdi.

Men ushbu xotiralarni qog‘ozga tushirishga hozirlik ko‘rayotgan kezlarim jahon adabiy hayotida g‘aroyib bir voqea sodir bo‘ldi. Biz shu paytga qadar ulkan yozuvchi-adiblarning tug‘ilgan, buyuk asarlarining dunyoga kelgan sanalarini yubiley sifatida nishonlashga odatlanganmiz. Bu galgisi o‘zgacha bo‘ldi: irlandiyaliklar 2004 yil 16 iyun kuni «Uliss» romanida tasvir etilgan voqelarning 100 yilligini ulkan bayram sifatida nishonladilar. Televideniyening Bi-Bi-Si kanali ayni romanda aks ettirilganidek, o‘sha kuni ertalab soat 8dan tungi 3ga qadar Dublin ko‘chalaridan, asar voqealari yuz bergan manzillardan, qahramonlari yurgan so‘qmoqlardan reportajlar berib bordi. Bu noyob asar, uning muallifi qismatiga oid ma’lumotlar bilan tanishtirildi. Roman o‘z vatanida ham o‘tgan asrning 60-yillariga qadar qadrlanmagani, tahdidu ta’qiblarga duchor bo‘lgani, romanni anglash nihoyatda qiyin kechgani va, nihoyat, yangi zamon oqillari «Uliss» keyingi yuzyillikda ingliz tilida yaratilgan eng yaxshi asar degan xulosaga kelganligi ta’kidlandi. Joysning jahon adabiyoti tarixidagi eng muhim kashfiyoti shundan iboratki, u «Uliss»ga qadar mavjud bo‘lgan adabiy qoliplarni buzib, insonning asl fikrlash tarzi suratini chizib berdi. Akademik Dmitriy Lixachev so‘zlari bilan aytganda, «Uliss» daho insonning fikrlash tarzi, tafakkur mevasidir. Inson zakovatini o‘rganish sari qo‘yilgan katta qadam, inson va hayotning yangicha madhiyasidir.

Men teleekran qarshisida shu reportaj, maroqli suhbatlarni tomosha qilar ekanman, 80-yillar sharoitida, «Uliss» romani hatto rus tilida chop etilmagan kezlari — Tog‘ay Moskvada ta’lim olib yurgan chog‘lari bu asarni qo‘lyozma holida topib o‘qib-o‘rgangani, uni o‘zining ona tiliga tarjima etishga ahd qilgani, matbuotdagi bir intervyusida kitobxonlarga bu haqda va’da berganini esladim. Bilmadim, Tog‘ay Murodga qadar yana qaysi o‘zbek ziyolisi, adibi «Uliss»ni o‘qigan, astoydil o‘rgangan ekan… O‘sha kuni Tog‘ay xonadoniga — uning vafodor turmush o‘rtog‘i Ma’suma Ahmedovaga telefon qilib «Uliss» tarjimasi taqdirini surishtirdim. Ma’sumaning aytishicha, Tog‘ay haqiqatan ham «Uliss» romanidan kattagina qismini — yuz sahifasini tarjima qilgan ekan. Afsus, qo‘lyozmaning taqdiri noma’lum: yo tarjima tarjimonga yoqmay yo‘q qilingan, yoki qayergadir tashlab qo‘yilgan.

Joys, Kafka, Kamyu singari XX asrning buyuk siymolari ijodi, shoh asarlariga astoydil qiziqish adibning ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirgani ayon. Qarang, «Jarayon», «Uliss» voqealari tor bir makon — Praga, Dublin shaharlari hududida yuz bergani singari, «Otamdan qolgan dalalar»da asosan bir jamoa xo‘jaligi, «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romanida esa kichik bir shaharcha doirasidagi hodisalar qalamga olinadi. Kafka, Joysdagi kabi Tog‘ay Murod romanlarida ham asosan bosh qahramonning ruhiy sarguzashtlari, qalb iztiroblari tahlili asarlar asosini tashkil etadi. «Jarayon»dagi kabi totalitar rejimning begunoh odamlarni jinoyatchiga chiqarish mexanizmi zo‘r mahorat bilan aks ettiriladi. Boz ustiga Tog‘ay o‘z asarlarida Kamyu tasvirlagan Sizifning tosh dumalatishdan iborat azobli, behuda-besamar faoliyatini eslatadigan qahramonning ma’nisiz o‘tgan hayot yo‘lini teran tahlil etish yo‘lidan boradi. «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani esa boshdan-oyoq Joys tajribasini esga soladigan, personajning ichki monologi — asov tafakkur oqimi ifodasiga qurilgan. Biroq biror o‘rinda ham na «Jarayon»ga, na «Uliss»ga oshkora taqlid yo‘q. Muallifning o‘z so‘zlari bilan aytganda, sof «o‘zbekona modern», «o‘zbekona absurd», «o‘zbekona ong oqimi»…

Qisqasi, Tog‘ay Murodning keyingi yirik asarlarida XX asr jahon adabiyotining nodir namunalari bilan shu xil mushtarak jihatlar bisyor. Dadil aytish mumkin: Tog‘ay Murod shunchaki «mahalliy» qalamkash emas, yangi jahon adabiyoti mezonlari bilan yondashganda ham barkamol romanlar yaratgan yetuk zamonaviy san’atkordir.
Tog‘ay Murod o‘z sha’nini, qadrini, darajasini bilgan, har qanday kamsitishlarga murosasiz, ammo maqtovlarga aslo uchmaydigan g‘ururi baland so‘z san’atkori edi. Hech qachon uning o‘zgalardan o‘zi haqida maqtov, shirin so‘z kutib yaltoqlanganini ko‘rgan emasman. Aksincha, maqtovlardan qochib yurardi. «Otamdan qolgan dalalar» romanining Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamasiga maqtov so‘zlar aytilishini bilib atay kelmagan edi. Roman haqida «Xalq so‘zi»da maqolam chiqqanda, mening qalamimga mansub uning ijodiy portretiga oid mo‘jazgina ishim «XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi» darsligiga kiritilganida, nihoyat, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»dagi «Eng muhim muammo» sarlavhali suhbatimda «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani xususida ko‘pchilikka ma’qul tushgan yangicha kuzatishlarimni aytganimda — biror marta ham, o‘zga adiblar singari menga telefon qoqib minnatdorlik bildirgani yo‘q. So‘nggi kitobi «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romanini ham avtografsiz jiyani orqali berib yuborgan edi. Mening u haqda yozganlarim unga ma’lummikan, ma’lum bo‘lsa, ma’qul tushganmikan degan o‘yda yurardim. Tog‘ay vafotidan keyin Ma’sumaxon mening har bir chiqishimdan u xabardor ekanini, «Umarali aka meni oliy o‘quv yurti darsligiga ravo ko‘ribdi», deya benihoya minnatdor bo‘lganini, hatto «Otamdan qolgan dalalar» haqidagi maqolam chiqqan «Xalq so‘zi»ning bir do‘kondagi hamma sonlarini sotib olib avaylab saqlagani haqida gapirib berdi. Bilamanki, ko‘nglidagi minnatdorlik tuyg‘ularini menga oshkor etishga g‘ururi yo‘l bermagan.

Shu kunlargacha Tog‘ay Murod to‘g‘risida yozgan narsalarim saviya-darajasi o‘zimga ayon, ular har jihatdan Tog‘ay Murod badiiy kashfiyotlari darajasida emasligini sezib turaman. Lekin Tog‘ay Muroddek g‘aroyib siymo, noyob iste’dod egasi yozganlarimdan mamnun bo‘lgani, bu dunyodan mening kamtarona ishlarim uchun minnatdor holda ketganligidan kechikibroq bo‘lsa-da, xabardor bo‘lish men uchun katta baxt!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 30-sonidan olindi.